Odatdagidek uyidan barvaqt chiqib sud binosi tomon yo‘l olarkan, Pergolez ko‘chasi bo‘ylab o‘zidan oldinroqda ketayotgan kishining quyushqondan tashqari xatti-harakatlari inspektor Ganimarning e’tiborini tortdi. Bu yo‘lovchining egnidagi kiyimlari juda nochor, dekabr oyi boshlanganiga qaramasdan poxol shlyapani boshiga bostirib kiyib olgan. O‘ttiz yoki qirq metr yurgach to‘xtar, shimini to‘g‘rilar, botinkasining ipini bog‘lar yo bo‘lmasa egilib yerdan nimanidir olardi. Va har safar bir bo‘lak apelsin po‘chog‘ini yashirincha yo‘lak chetiga qo‘yardi. Balki bu g‘alati odamning o‘ylab topgan o‘yini yoki bolalarga xos ermak bo‘lib, hech kimni qiziqtirmasligi mumkin. Lekin Ganimar shunaqa kuzatuvchan, ziyrak, hamma narsaga e’tibor beradigan, toki mantiqiy javob topmaguncha tinchimaydigan kishilar jumlasidan. Shu bois Ganimar bu ajabtovur odamning izidan tushdi. Notanish yo‘lovchi Grane Armee ko‘chasiga burilgach, yo‘lning narigi chetidan borayotgan bolaga sirli bir ishora qilganini payqab qoldi inspektor. Yo‘lovchi to‘xtadi va shimining poychasini to‘g‘riladi. Shu joyga bir bo‘lak apelsin po‘chog‘i bilan belgi qo‘ydi. Xuddi shu lahzada yo‘lning narigi chetidagi bola o‘zi yaqinlashgan uy devoriga bo‘r bilan xoch rasmini chizdi va uni aylana ichiga oldi. Ular shu tariqa yo‘lda davom etishdi. Bir daqiqadan keyin yana to‘xtashdi. Poxol shlyapa egasi yerdan igna to‘g‘nog‘ich topib oldi va bu joyga ham bir bo‘lak po‘choqni yashirib qo‘ydi, bola esa o‘sha yerdagi uy devoriga xoch chizib, uni doira ichiga oldi.
“Yupiter haqiga qasam ichaman!– o‘yladi inspektor va uning yuzida shaytoniy bir kulgu zuhur etdi.– Bu juda qiziq va ko‘p narsa va’da qiluvchi holat… Bu ikkovi nima qilmoqchi o‘zi?”
G‘aroyib juftlik Fridland va Forburg – Sent-Onore ko‘chalaridan o‘tishdi, lekin diqqatga molik bir holat ro‘y bermadi. Vaqti-vaqti bilan ular qo‘shaloq belgi qo‘yishar va buni go‘yo beixtiyor bir harakat bilan bajarardilar. Shunga qaramay shlyapali odam uy devoriga xoch belgisi chizilganiga ishonch hosil qilmaguncha apelsin po‘chog‘i bilan belgi qoldirmasdi. Bundan ko‘rinadiki: g‘aroyib yo‘lovchilar o‘rtasida qandaydir kelishuv bor, inspektor bunga qiziqib qoldi.
Bove maydonchasida shlyapali erkak o‘ylangancha biroz to‘xtab turdi. Keyin xayolida qandaydir ayyorlikni o‘ylab, shimining poychalarini ikki marta ko‘tarib tushirdi. Shundan so‘ng bola ichki ishlar boshqarmasini qo‘riqlab turgan soqchi ro‘parasiga o‘tirdi-da, ikkita kichkina xoch shaklini chizdi. Yelisey saroyiga yaqinlashganda ular o‘sha holatni yana takrorlashdi. Faqat yo‘lak bo‘ylab u yoqdan bu yoqqa yurib turgan soqchi oldida endi ikkita emas, uchta xoch chizib qoldirilgan edi.
–Jin ursin! – g‘uldiradi Ganimar hayajondan rangi bo‘zarib va sirli nayrangbozlarning harakatini kuzatarkan azaliy dushmani Lyupen uning yodiga tushdi.
–Jin ursin, bular nimaning alomati o‘zi?
Ikkalasining ham yoqasidan bo‘g‘ib olgisi keldi. Lekin u yetarlicha aqlga ega bo‘lib, chuqur o‘ylamasdan bir ishga qo‘l urmasdi. Keyin notanish odam sigaret chekdi, bola ham labiga sigaret qistirib, tutatib olish uchun uning oldiga keldi. Ular bir-ikki og‘iz gaplashib olishdi. Bola yashin tezligida nimanidir unga oshirdi. Inspektorga bu revolver bo‘lib tuyuldi.
Keyin ular shoshilgancha Syuren ko‘chasi bo‘ylab ketishdi. Inspektor ularning diqqatini tortmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan kuzatib borarkan, haligi g‘aroyib juftlikning uchinchi va to‘rtinchi qavatlaridan boshqa qavatlardagi derazalari yog‘och eshiklar bilan berkitilgan eski bino darvozasi ortiga o‘tib ketganlarini ko‘rib qoldi. Yuqoriga ko‘tarilib ochiq turgan eshikka ko‘zi tushdi. Shovqinga biroz quloq tutib turgach, nafasini ichiga yutib, ehtiyotkorlik bilan ichkariga qadam qo‘yarkan, stullar bilan polni urib taqillatayotgan haligi ikkovini ko‘rdi. Shu lahza qo‘shni xonadan kimdir chiqib keldi. Bu 28-30 yoshlardagi ko‘rinishidan ruslarga o‘xshash bakenbardli va mo‘ylovdor, ko‘zoynak taqib olgan kishi edi. Egnida smoking.
–Xayrli tong, Ganimar, – do‘stona salomlashdi u va inspektorga sirli bo‘lib tuyulgan odam bilan bolaga qaradi. – Rahmat sizga do‘stlarim, muvaffaqiyatli chiqqan ish uchun mening tabrigimni qabul qilinglar. Mana sizga va’da qilingan mukofot, – shu so‘zlarni aytarkan, ularning qo‘liga yuz frankli bitta banknot tuqazdi. G‘aroyib juftlik pulni olib xonadan chiqdi. Ularning ortidan eshik yopildi.
–Uzr, yoshulli, – kechirim so‘radi navqiron kishi,– siz bilan gaplashmoqchi edim… –Ganimarning taajjublanib turganini ko‘rib so‘zdan to‘xtadi u. – Siz nima gapligini tushunmadingizmi? Men bo‘lsam, sizni o‘ta aqlli deb hisoblagandim! Siz bilan uchrashish niyatida edim… Ayting-chi, endi nima qilsam bo‘ladi? – Yo‘q, yo‘q, yoshulli, yanglishasiz. Agar sizga xat yozganimda yoki qo‘ng‘iroq qilganimda, hech shubhasiz, oldimga kelmasdingiz… Lekin sizni olib kelish uchun bir polk askar kerak bo‘ldi. Siz bilan yolg‘iz uchrashish niyatida ularni jalb qilib, apelsin po‘chog‘i va devorlarga chizilgan xoch belgilari yordamida e’tiboringizni tortishimga to‘g‘ri keldi. Siz hamon sarosimadamisiz? Yo‘g‘-e, meni tanimadingizmi? Men – Lyupenman… Arsen Lyupen. Xotirangizni titkilab ko‘ring… Nahotki, bu nom sizga hech narsani anglatmayotgan bo‘lsa?
– Yaramas malun! – dedi tishlangancha Ganimar.
Arsen Lyupenning peshonasi tirishdi va dedi:
–Jahlingiz chiqayaptimi? Ha, men buni ko‘zlaringdan payqab turibman. O‘sha Dagrival ishi tufaylida-a? Lekin bu suhbatimizga soya solmasligi kerak emasmi? Avallari sira bunday bo‘lmasdi. Ishontirib aytamanki, bundan keyin…
– Sen qabih odamsan! – g‘azab sochdi Ganimar.
– Men esa quvonchdaman! “Bu uchrashuvlar yoshulli Ganimarning ham quvonchiga sabab bo‘ladi”, deb o‘ylagandim. Axir biz juda uzoq vaqt uchrashmadik.
Ganimar hamon o‘zini o‘nglab ololmagan va sarosimalangancha atrofiga alanglardi, keyin Lyupenga qaradi, o‘zini chimchilab ko‘rdi va tushundiki, tushida emas, o‘z dushmanini hushida ko‘rib turardi.
– Gapir, – dedi u. – Vaqtimni olma, bekor qolgan vaqtim yo‘q.
– Bu juda soz, – javob qildi Lyupen. Gaplashib olamiz. Suhbat uchun bu yerdan tinchroq joyni topolmagan bo‘lardik. Bu qadimiy uy gertsog Rishelega qarashli. Gertsogning o‘zi bu yerda yashamaydi, rassom va bezakchi sifatida menga tashlab ketgan. Tinch joy. Men sobiq vazir mse Debreyl nomida yuraman. Tushundingizmi? Odamlar e’tiborini tortishni xohlamayman…
– Bu safsatalarga meni ishondi deb o‘ylaysizmi? – uning so‘zini bo‘ldi Ganimar.
– Juda soz. Gapni qisqa qilaman. Siz shoshilmoqdasiz, meni kechiring. Sizni uzoq ushlab turmayman… Besh daqiqa va tamom. Shunday qilib boshladim… Sigaret chekasizmi? Yo‘qmi?
U stolga o‘tirarkan barmoqlari bilan uni cherta turib hikoyasini boshladi:
– 17 oktyabr 1599 yil. Kuzning iliqqina kuni… Eshityapsizmi? Bilmadim, Genrix IV hukmronligi to‘g‘risida va Pont-Nef qurilishi haqida sizga gapirib berishning hojati bormikan? O‘ylaymanki, Frantsiya tarixidan xabardor emassiz, bu hikoyam bilan sizni chalg‘itaman, xolos. Kecha tunda yuk kemasida suzib kelayotgan bir odam Pont-Nef ko‘prigi ostidan o‘tayotib chap sohildan nimadir suvga tashlab yuborilganini payqagan. Nimanidir Sena daryosi tubigi tashlab yuborishgan. Kema bortidagi it o‘zini suvga otib, daryodan qandaydir tugunni ko‘tarib chiqqan. Haligi kishi tugunni olgan, itni suvdan chiqargan va tugun ichida nima borligini aniqlash uchun kayutaga kirgan. Topildiq uni qiziqtirib qolgan va u menga odam yuborgan. O‘sha kuni ertalab men tugundagi sirli narsaga ega bo‘ldim va ba’zi bir narsalarni aniqladim. Mana ular.
U stol ustidagi gazeta bo‘laklariga ishora qildi. O‘sha yerda katta shisha siyohdon bo‘lib, unga bog‘lab qo‘yilgan bir bo‘lak sharduz ko‘rinib turardi. Shisha siniqlari, g‘ijimlangan karton, latta bo‘laklari ham bor. Va nihoyat, stol ustida qizil rangdagi bir parcha shohi matoh.
– Ko‘ryapsizmi, bizning topildig‘imizni, yoshligimning do‘stu hamrohi, – dedi Lyupen. – Shubha yo‘qki, it tugunni suvdan olib chiqayotganda narsalarning bir qismi tushib qolgan, aks holda bu topishmoqni osongina yechsa bo‘lardi. Ammo o‘ylaymanki, masalaning tubiga yetish uchun shularning o‘zi ham yetarli. Faqat bunga sizning aqlingiz va qobiliyatingiz bo‘lsa bas. Sizni qiziqtirayaptimi bu ish?
Ganimar holatini o‘zgartirmadi. U masxaraomuz so‘zlar bilan Lyupen ustiga tashlanishga tayyor edi, ammo o‘zini bosdi.
–Shunisi ayonki, biz bir xil fikrlaymiz, – dedi Lyupen inspektorning sukutiga e’tibor bermay. – Men mana bu narsalarga tayanib, o‘z fikrimni qisqagina bayon etmoqchiman. Kecha soat to‘qqiz bilan o‘n ikki oralig‘ida yosh va latofatli bir ayol pichoq bilan yarador qilingan va ko‘zoynakli yosh, g‘oyat kelishgan hamda sport bilan shug‘ullanadigan janob tomonidan bo‘g‘ib o‘ldirilgan. Ana shu janob bilan haligi ayol yemakxonada o‘tirib, uchta ekler yegan va kofe ichgan.
Ganimar sigareta chekdi va Lyupenning yengidan ushladi.
–A-ha, bu sizga yoqmadi inspektor. Jinoyat qidiruv ishlari faqat politsiyaga taalluqli, boshqalar uchun bu imkonsiz deb o‘ylaysiz-da?! To‘g‘ri emas, azizim! Siz, Lyupen faqat aldashga qodir deb o‘ylaysizmi? Mening xulosalarim juda hayrotomuz va juda oddiy, – dedi u va stol ustidagi narsalarni navbatma-navbat qo‘lga olib hikoyasini davom ettirdi.
–Aytganimday, bu voqea kech soat to‘qqizdan keyin ro‘y bergan. Mana, gazetaning kechgi soni. Uning tepasida esa “Kechki nashr” deb yozilgan. Mana bunga qarang. Sariq qog‘oz izlarini ko‘rdingizmi? Bu odatda obunachining manzili yoziladigan, narsa o‘rash uchun ishlatiladigan qog‘oz bo‘lakchasi. Gazetaning kechki soni qoidaga ko‘ra, soat to‘qqizdagi pochta bilan keladi. Men: “kelishgan erkak” degandim. Mana bu shisha sinig‘iga qarang, bu yerda bor-yo‘g‘i bir xil shisha. Demak, bu lornet (dastali ko‘zoynak, izoh bizniki), mana dastasining izi ham bor. Yuqori tabaqa kishilaridan bo‘lak kim lornet olib yuradi. Olifta kiyingan erkak pishiriqlar do‘koniga kirgan. Karton bo‘laklari pirojniy qutisiniki. Mana, ekler kremidan qolgan izlar ham bor.
Ana shu paketni qo‘ltiqlab olgan bizning lornetli yosh aslzodamiz qandaydir ajoyib bir xonim bilan uchrashadi. Bu xonimning ajoyibligi shundaki, u alvonrang sharf o‘rab yurardi. Ayol bilan uchrashgandan keyin – bizga hozircha noma’lum sabablarga ko‘ra – unga pichoq uradi va so‘ngra mana shu sharf bilan bo‘g‘ib o‘ldiradi. Diqqat bilan qarasangiz, inspektor, sharfda qoramtir-qizg‘ish dog‘ borligini ko‘rasiz. Mana bu joyiga pichoqni artgan, bu joyini qonli panjalar g‘ijimlagan. Jinoyat sodir etilgach, qotil izini yo‘qotishga uringan. U cho‘ntagidan gazetani ( darvoqe, xuddi shu gazetada ot sporti haqidagi xabarlar bosiladi) va ipni oladi. Bu uning sportga qiziqishini ko‘rsatmaydimi? Keyin u sharfni qaychi bilan qirqadi. Sharfning ikkinchi bo‘lagi murdaning qo‘lida qoladi. Sharfdagi qonli izlar, hech shubhasiz, qurbon bo‘lgan ayolniki. Keyin ularni karton bo‘lagiga o‘raydi, hozir Sena tubida yotgan pichoqni ham uning ichiga soladi. Tugunchani ip bilan bog‘lab, kema o‘tayotgan paytda suvga tashlab yuboradi. Umuman, hammasi – shu! Fu! Og‘ir ish. Nima dedingiz?
U hikoyasi qanday taassurot qoldirganini bilish uchun Ganimarga qaradi. Inspektor hamon jim edi.
Lyupen kuldi.
– Ko‘rib turibman, bu voqea sizni hayratga solyapti va zardangizni qaynatyapti. Siz: “Qanday shayton chalib Lyupen qotilni o‘zi topmasdan va undan katta pul undirmasdan bu ishni menga tiqishtiryapti?” deb o‘zingizga savol berayapsiz. O‘rinli savol. Lekin, masalaning bitta “lekini” bor. Gap shundaki, mening vaqtim yo‘qroq.
Hozirgi paytda ishim boshimdan oshib-toshib yotibdi: Londonda, keyin Lozanada qulfbuzarlik ro‘y bergan, Marselda yosh bola o‘g‘irlangan. Buning ustiga ayni paytda bir qizning hayoti o‘lim xavfi ostida turibdi. Umuman, aytadilar-ku, baxtsizlik qo‘sha-qo‘sha yuradi deb. Shularni o‘ylab: “Bu ishni qadrdon do‘stim Ganimarga topshirsam-ku bo‘ladi, hammasini u aniq va osongina hal qiladi. Qarang, men unga qanday yordam beryapman! Bu ishda Ganimar o‘zining nimalarga qodirligini namoyish etadi!” dedim o‘zimga-o‘zim. Va ertalab soat sakkizda yigitlarni safarbar etdim. Va mana, siz mening huzurimda turibsiz!
Lyupen o‘rnidan turdi, inspektorga yaqinlashdi va dedi:
– Bo‘lgani – shu. Endi sizga hammasi ma’lum. Jasadni darhol topa olasiz. Taxminimcha, u birorta kontsert zalining o‘yinchisi yoki qo‘shiqchisi. Jinoyatchi esa mening taxminimcha, daryoning chap sohilida, Pont-Nef ko‘prigi yaqinida yashaydi. Va nihoyat, sizga manavi ashyolar. Ular sizning ixtiyoringizda. Ishni boshlang. Faqat men mana bu bir bo‘lak sharfni olib qolaman. Agar sizga uning zarurati bo‘lsa, jasad bo‘ynida qolgan qismini olib kelarsiz. Bugun 29 dekabr, soat 10. Roppa-rosa to‘rt hafta kutaman. Bemalol ishonavering, hech qayoqqa ketmayman. Qo‘rqmang, qasam ichib aytaman-ki, bular hammasi jiddiy ish, yoshligimning do‘sti-hamrohi. Hazil qilayotganim yo‘q. Sha’nim haqi, so‘z berman.
Endi boravering. Ha, darvoqe, agar o‘sha odamni qo‘lga olish zarurati tug‘ilsa, ogoh bo‘ling, u chapaqay.
Ko‘rishguncha xayr, do‘stim, omad sizga yor bo‘lsin!
Inspektor hushini to‘plab olishga ulgurmay, Lyupen ortiga o‘girildi va xonadan chiqib ketdi. Inspektor uning ortidan otildi va angladiki, eshik unga ma’lum bo‘lmagan qandaydir usul yordamida qulflanib qolgan edi. U uydan chiqqunicha yigirma daqiqa o‘tdi. Arsen Lyupenni qamoqqa olish to‘g‘risida endi o‘ylab o‘tirish befoyda. Buning ustiga hozir qamoqqa olishni istamasdi ham. Lyupen uni ruhlantirib yubordi va inspektor o‘zining sobiq dushmaniga nisbatan yangi bir hissiyot tuydi. Qo‘rquv, ko‘rolmaslik, qoyil qolish hammasi aralashib ketgandi. U ishiga yo‘l oldi va yo‘l bo‘yi bo‘lib o‘tgan voqeani mulohaza qildi. Qizil sharf voqeasi uni qiziqtirib qo‘ygandi. Bu juda qiziq va odatdan tashqaridagi voqea bo‘lib tuyulardi. Arsen Lyupenning xulosalari qat’iy mantiqqa asoslangani bilan inspektorni qoyil qoldirdi.
– Yo‘q, u hazillashmayapti, – dedi o‘ziga-o‘zi.
***
Ganimar Sohilbo‘yi Orfevrdagi politsiya mahkamasiga qadam qo‘yganida ham bo‘lib o‘tgan voqea to‘g‘risida o‘ylardi.
– Siz shefni ko‘rdingizmi?–so‘radi undan inspektorlardan biri.
– Yo‘q.
– Sizni yo‘qlashtirgan edi.
– Shundaymi?
– Yaxshisi, uning huzuriga boring.
– U qayerda o‘zi?
–Berni ko‘chasida. U yerda tunda qotillik ro‘y bergan.
– Jabrlanuvchi kim ekan?
– Anig‘ini bilolmadim. Qanaqadir qo‘shiqchi qiz?
–Voy, xudoyim-ey! – g‘uldiradi Ganimar.
O‘ldirilgan qiz san’at sohasida dunyoga tanilgan va Jenni Safir degan sahnaviy nom olgan qo‘shiqchi edi. U odatdagi uylarning birida, ikkinchi qavatdagi kichkina xonada yashardi. Politsiyachi katta inspektorni yuqoriga boshlab chiqib xonani ko‘rsatdi. Ikki xonali kvartira allaqachon hukumat namoyondalari va mse Dyudui boshchiligidagi jinoyat qidiruv organi xodimlari bilan to‘la edi.
Ganimar xonani taaajjub ichra ko‘zdan kechirdi, keng va yumshoq divan ustida qo‘liga qizil sharf bog‘langan yosh ayolning jasadi yotardi. Uning ko‘ksida pichoq zarbidan qolgan va qoni qotgan ikkita yara, yuzida dahshat ifodasi.
Xirurg tekshiruvni tamomladi va dedi:
–Birinchi xulosa aniq. Unga ikki marta pichoq urilgan, keyin sharf yordamida bo‘g‘ilgan. O‘lim bo‘g‘ish oqibatida ro‘y bergan.
– O, xudoyim-a! – yana g‘o‘ldirab qo‘ydi Ganimar Arsen Lyupenning gaplarini eslab.
– Lekin bo‘ynida barmoq izlari ko‘rinmaydi, – luqma tashladi izquvarlardan biri.
– Uni sochiq yoki qo‘l ro‘molcha yordamida bo‘g‘gan bo‘lishi ham mumkin, – taxminladi vrach.
– Albatta, shunday bo‘lgan, – bu fikrga qo‘shildi shef va qo‘shimcha qildi: o‘sha sharfdan foydalangan bo‘lishlari ham mumkin. Ko‘rayapsizmi, qo‘li sharfning bir bo‘lagi bilan bog‘langan, ikkinchi bo‘lagi uni bo‘g‘ish uchun ishlatilgan shekilli.
– Lekin nima uchun sharfning faqat bir bo‘lagi qolgan? – so‘radi magistrat a’zosi. –Ikkinchi bo‘lagi qayerda?
– Ikkinchi bo‘lagida qon izlari qolgan bo‘lsa, qotil uni o‘zi bilan birga olib ketgan. Qarang, u sharfni qaychi bilan shoshilinch tarzda kesgan.
– Yo parvardigor! – g‘uldiradi Ganimar. – Lyupen, hatto jinoyat sodir bo‘lgan joyni ko‘rmasdan ham hammasini biladi.
– Jinoyat nima uchun ro‘y bergan? – so‘radi magistrat a’zosi. –Bu yerda hamma narsa ag‘dar-to‘ntar qilingan. Bu haqda siz biror fikr bildirmoqchi emasmisiz, mse Dyudui.
– Men xizmatkor ayolning tushuntirish xatiga asoslanaman. Yaxshi qo‘shiqchi sifatida tanilgan bu qiz ikki yil avval Rossiyadan saroy a’yonlaridan biri sovg‘a qilgan ajoyib zumrad toshni olib kelgan. Jenni hech qachon uni taqmagan bo‘lsa-da, bunday sovg‘adan juda faxrlanib yurgan. U hatto o‘ziga shu toshga uyqoch ism ham tanlagan –Safir. Agar biz jinoyat ana shu zumrad tufayli ro‘y bergan deb xulosa chiqarsak, haqiqatga yaqin borgan bo‘lamiz.
– Xizmatkor ayol bu toshning qayerda saqlanishidan xabardor bo‘lganmi?
– Yo‘q, buni hech kim bilmagan. Xonadagi tartibsizlikdan ko‘rinadiki, jinoyachi toshning qayerdaligidan xabarsiz bo‘lgan.
– Xizmatkor ayolni so‘roq qilamiz, – xulosa qildi magistrat a’zosi.
Mse Dyudui o‘girilib qarab bosh inspektorni ko‘rib qoldi.
–Horg‘in ko‘rinasiz, Ganimar. Nima gap? Birovdan shubhangiz bormi?
– Yo‘q, shef.
-Afsus. Biz bu ish yuzasidan shov-shuv ko‘tarsak departamentda shuhrat qozongan bo‘lardik. Bu eng noyob jinoyatlardan biri. Biz zudlik bilan jinoyatchini topishimiz zarur.
– Bu oson kechmaydi, shef.
– Topishimiz kerak. Quloq soling, Ganimar. Oqsoch ayolning aytishicha, Jenni Safir hayotdan lazzat olib yashashni yaxshi ko‘rgan. Bot-bot mehmon qabul qilgan. O‘sha kecha u kontsert zalidan o‘n bir yarimda erkak kishi bilan qaytgan. Yarim tungacha birga bo‘lishgan. “U aslzodalardan. Menga uylanish niyatida”, der ekan Jenni. Aslzoda odam deganlari o‘ta ehtiyotkor va sezgir kishi bo‘lgan. Shunchalik ehtiyotkor ekanki, darvozabon oldidan o‘tayotib paltosining yoqasini ko‘tarib, shlyapasining chetlarini tushirib olarkan. U kelishidan oldin Jenni Safir oqsoch ayolni jo‘natib yuborarkan. Ana shu odamni qidirishimiz kerak.
– Undan biror belgi qolganmi?
– Hech narsa. Ko‘rinib turibdiki, u yaramas juda aqlli, jinoyat qilishdan avval uni rosa pishiqtiradigan va hech qanday iz qoldirmaslikning yo‘lini biladigan odam. Uni qo‘lga olish bizning muqaddas burchimiz. Bu ishni sizga ishonaman, Ganimar.
– Nahotki, menga shef? – dedi inspektor, – yaxshi, o‘ylab ko‘ramiz… Biz o‘ylab ko‘ramiz… Men aytmoqchi emasdim… Faqat…
U juda hayajonlanardi. Bu holat mse Dyuduining ensasini qotirdi.
– Faqat, –davom etdi Ganimar, – qasam ichib aytamanki, shef, men qasam ichamanki…
– Nimaga qasam ichasiz?
– Hech narsaga… Biz o‘ylab ko‘ramiz, shef… O‘ylab ko‘ramiz…
Ganimar yolg‘iz qolarkan, uzoq vaqt o‘ziga kelmadi. So‘ngra shefiga ta’kidlagan o‘sha gapning davomini aytdi.
– Faqat osmon haqi qasam ichamanki, uni qo‘lga olish mening vazifam edi, axir bu ishning kalitini yaramas Lyupen menga tutqazgandi. O, lekin bunday qilolmayman!
Ganimar Lyupen tomonidan taklif etilgan masalani yechishga uzoq bosh qotirdi.
Endi hammasi uning aytganini tasdiqlab turibdi, shunga qarmay, Lyupen dalillar bo‘shlig‘idan qanday qilib bu darajada aniq xulosa chiqara oldiykin. Har holda agar Lyupen haq bo‘lsa, g‘alaba inspektorning qo‘lida.
Ganimar yemakxonada shosha-pisha tamaddi qildi-da, ko‘chaga chiqdi, ammo yo‘lda ajablangancha to‘xtab qoldi. U Lyupen tomonidan aldab olib borilgan o‘sha Syuren ko‘chasidagi chog‘roq uyning darvozasi oldida turardi. Bu yerga uni irodasidan tashqari qandaydir kuch yetaklab kelgan edi. Sirning kaliti shu yerda, faqat shu yerda. Taxminlar va ehtimollar aniq va haqiqatga shu qadar yaqin hamda shu qadar g‘aroyibu bexato ediki, xuddi bu o‘zining odatdagi xususiy ishiga o‘xshardi.
Inspektor barcha shubhalarga qo‘l siltab uyga kirdi-da, zina bo‘ylab yuqoriga ko‘tarildi. Xona eshigi ochiq edi. Haligi narsalar joy-joyida turardi. Inspektor shoshqin bir tarzda ularni cho‘ntagiga tiqdi-yu, chiqib ketdi. O‘sha lahzada inspektor qandaydir ko‘zga ko‘rinmas kuch ta’sirida fikrlar, beixtiyor harakat qilar, unga qarshilik ko‘rsata olmas va unga bo‘ysunardi.
Pont-Nef ko‘prigi yaqinida yashaydigan noma’lum kimsani qidirishdan avval oqshom payti ishlaydigan shiravorlar do‘konini topish kerak edi. Bu ko‘p vaqtini olmadi. Sen-Lazar vokzali yaqinidagi qandolat do‘konida unga daryodan topilgan tugundagiga o‘xshash karton quti berishdi. Buning ustiga sotuvchi qizlardan biri o‘sha oqshom mavsumiy paltosining yoqasini ko‘tarib olgan bir janob do‘konga kelganini va uning lorneti ham borligini ko‘rganini aytib berdi.
– Mana, muammoning kaliti, – xayoldan o‘tkazdi inspektor, – demak, u lornet olib yuradi.
Keyin inspektor matbuot tarqatuvchiga gazeta bo‘lakchasini ko‘rsatdi. U gazeta parchasi “Terf Illyustre”dan olinganini aniqlab berdi.
Ganimar tahririyatga kirib, obunachilar ro‘yxatini so‘radi. Pont-Nef ko‘prigidan uncha uzoq bo‘lmagan joylarda yashovchilarning nomlarini yozib olarkan, Lyupenning so‘zini eslab, chap sohilda yashovchilarni alohida belgiladi. Shundan so‘ng mahkamaga qaytib, bir guruh xodimlarni chorlab, ularga kerakli ko‘rsatmalar berdi. Xodimlardan eng so‘nggisi kech soat yettilarda xushxabar bilan qaytdi. Mse Prevale ismli “Terf” gazetasini oluvchi kishi Avgustchilar sohilidagi kvartirada yasharkan. Uning egnida mavsumiy paltosi bo‘lgan, darvozabonning xotinidan xat va gazetasini olib chiqib ketganicha yarim tunda qaytgan. Uning lorneti ham bo‘lgan. U ippodromning doimiy mijozi bo‘lib, o‘zining oti ham bor ekan. Otini gohida o‘zi minar, gohida ijaraga berarkan.
Qidiruv uzoq cho‘zilmadi, olingan ma’lumotlar esa Lyupen aytgan hikoyaning aynan o‘zi bo‘lib, izquvarlar bergan ma’lumotlar esa Ganimarni ham charchatdi, ham zeriktirib yubordi. Shuncha yil jinoyat qidiruv ishida ishlab bunchalik aniqlikka duch kelmagandi.
Bosh inspektor mse Dyudui huzuriga yo‘l oldi.
–Hammasi tayyor, shef, ruxsatnoma berasizmi?
–Nima?
–Qamoqqa olish uchun hamma narsa taxt deyapman, shef.
–Siz Jenni Safirni o‘ldirgan kishining ismini aniqladingizmi?
–Ha.
–Qanday qilib? Qay yo‘l bilan? Tushuntiring!
Ganimar biroz vijdoni qiynalayotganini sezdi, biroz xijolat tortdi. Shunga qaramay davom etdi.
– Mutlaqo tasodif, shef. Senaga tashlangan narsalar vositasida qotilni topdik. Tasodifiy bir holat tufayli suvga tashlab yuborilgan tugunchani topgan kishi uni menga olib kelgan edi.
– Kim?
–Uni olib kelgan kishi noxush holat ro‘y berishidan cho‘chib nomini aytishni lozim ko‘rmadi. Lekin sirning kaliti mening qo‘limda. Bu men kutganimdan ancha oson ro‘y berdi.
Inspektor bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berdi.
– Siz shunday ishni tasodif deysizmi? – ta’sirlanib gapirdi mse Dyudui. – Yana buni oson ko‘chdi deysiz-a! Axir bu sizning eng yorqin ishingiz!
Ganimar ishni nihoyasiga yetkazishga otlandi. Uning odamlari Avgustchilar sohili bo‘yidagi uyni o‘rab oldilar. Uy egasi u odamning yegulik olib kelish uchun ketganini ma’lum qildi. Ganimarning odamlari kutib turishdi. Kech soat to‘qqizlarga yaqin uy egasi inspektorga palto kiygan baland shlyapali kishini ko‘rsatdi. U sohil bo‘yi tomon tez-tez yurib kelardi. Ganimar qat’iyat bilan u tomonga yurdi.
–Bilishimcha, siz mse Prevalesiz?
–Ha. O‘zingiz kimsiz?
–Sizni qo‘lga olish uchun menda…
U so‘zini tugata olmadi. Qorong‘ulikdan bir to‘da odamlar chiqib kelishdi. Mse Prevale o‘zini binoga urdi-da, yelkasi bilan do‘kon eshigiga taqaldi.
– Keting! – qichqirdi u – men sizni tanimayman!
Mse Prevale o‘ng qo‘lida og‘ir trosni mahkam changallab turar, chap qo‘li bilan orqadagi eshikni paypaslardi, uning eshikni ochmoqchi bo‘layotgani aniq edi.
Ganimar Prevalening qandaydir yashirin yo‘l orqali qochib ketishidan qo‘rqib, unga yaqin bordi.
– Bas qiling, – qarshilik ko‘rsatishingiz befoyda, – dedi Ganimar va uning qo‘lidagi trosga qarab Lyupenning ogohlantirishini esaladi: “jinoyatchi chapaqay”. Ganimar birdan yerga egildi, Prevale chap qo‘li bilan pistoletni ko‘tarib ulgurmay unga tashlandi va mushti bilan jag‘iga zarba berdi. Prevale yerga quladi. Va ko‘p o‘tmay o‘zini qamoqda ko‘rdi.
Ganimar azaldan o‘z ishining mahoratli ustasi edi, ammo bu ishning tezkorlik bilan ochilishi unga shuhrat keltirdi.
Barcha ochilmagan jinoyatlar ham darhol Prevalening bo‘yniga ilindi, gazetalar esa bir-biridan o‘tkarib Ganimarni maqtardi.
Bu ish katta shovqin-suronga sabab bo‘ldi. Eng avvalo, Prevalening aslida Tomas Drekligi ma’lum bo‘ldi. Birgina shu faktning o‘zi hayratlanarli edi. Ammo uning xonasi ko‘zdan kechirilganda jinoyatga doir hech narsa topilmadi. Oradan sakkiz kun o‘tgach hamma narsa o‘zgarib ketdi. Shu paytgacha so‘roqlarga javob berishni istamay jim turgan Prevale, advokatning maslahati bilan tilga kirdi va ishonchli alibi ko‘rsatdi. Jinoyat ro‘y bergan paytda u Foli-Berjer teatrida o‘tirganligini aytdi. Haqiqatdan ham uning kostyumi cho‘ntaklaridan topilgan chipta va teatr dasturida o‘sha oqshom sanasi turardi.
– Alibi avvaldan hozirlab qo‘yilgan, – e’tiroz bildirdi sudya.
– Buni isbotlang, – talab qildi Prevale.
Shunda uni guvohlar bilan yuzma-yuz qilishdi. Qandolat do‘konida ishlaydigan qiz “tanigandayman” dedi. Berje ko‘chasidagi darvozabon ham Jenni Safir bilan keladigan odam “shu deb o‘ylagandim” dedi, lekin hech kim aniq gap aytishga jur’at qilolmadi.
Tergov ishlari boshi berk ko‘chaga kirib qolganligi sababli sudya Ganimarni chaqirib olib, unga ro‘y berayotgan qiyinchliklar haqida gapirdi.
– Boshqa imkonim yo‘q. Qo‘yilgan aybni quvvatlab turolmayman.
– O‘zingiz o‘ylang, sudya, agar Prevale gunohsiz bo‘lsa nima sababdan qo‘lga olinishiga qarshilik ko‘rsatdi?
– U qaroqchilar hujum qilayapti deb o‘ylagan, ayblanuvchi shunday ko‘rsatuv berayapti. Shuningdek, u Jenni Safirni umrida ko‘rmaganligini aytmoqda. Uning e’tirozlarida noo‘rin hech narsa ko‘rmayapmiz. Yo‘qolgan sapfirni, biz Prevalening xonasidan izladik, ammo topolmadik.
– Boshqa biror joydadir, – qat’iy turdi Ganimar.
– Mumkin, ammo bu uning aybdorligiga isbot bo‘lolmaydi. Sizga aytib qo‘yishim kerak, mse Ganimar. Qizil sharfning ikkinchi bo‘lagini topish kerak. Qancha tez topilsa shuncha yaxshi.
– Ikkinchi bo‘lagini?
– Ha. Agar qotil uni ushlagan bo‘lsa, barmoq izlari qolgan bo‘lishi kerak.
Ganimar indamadi. Necha kundirki, bu ishning oxiri “voy” bo‘lishi to‘g‘risida o‘ylardi. Sharfning ikkinchi bo‘lagini topish va uni sudyaga ko‘rsatish kerak, boshqa biror dalil yo‘q. Agar dalil keltira olmasa, Prevale ozodlikka chiqadi va Ganimar kulgiga qoladi. Baxtga qarshi sharfning ikkinchi bo‘lagi Lyupenda. Uni qanday qilib olish kerak?
Ganimar ayblov ishini qayta boshdan ko‘rib chiqdi, Prevalening hayotiga doir hamma narsaga aniqlik kiritish uchun odam yubordi. Ammo barchasi behuda edi.
28 dekabrda sudya uni odil sud saroyi yo‘lagida to‘xtatdi:
– Xo‘sh, mse Ganimar. Qanday yangiliklar bor?
– Afsuski, hech qanday.
– Unda men ishni to‘xtataman.
– Yana bir kun sabr qilsangiz.
– Nima o‘zgaradi bu bilan. Bizga sharfning ikkinchi bo‘lagi kerak. U sizdami?
– Men uni erta ertalab olaman.
– Erta?
– Ha, faqat menga uning topilgan bo‘lagini bering. U sizda bo‘lishi kerak?
– Sizning iltimosingizni qondirsam biror o‘zgarish bo‘ladimi?
– Agar shunday qilsangiz. Men sizga butun sharfni taqdim etardim.
– Juda soz.
Ganimar sudya bilan uning xonasiga bordi va bir bo‘lak qizil shohi sharfga ega bo‘ldi.
– Lyupen pand bermasa ertagayoq sharfning har ikkala bo‘lagini qo‘lingizga tutqazaman.
U Lyupendan shubha qilmasdi, faqat Lyupen nima sababdan uni uchrashuvga chorladi? Sharf unga nima uchun kerak edi? Shuni o‘ylab Ganimarning boshi qotdi.
Qiziqish va chidamsizlikdan sabri tugagan Ganimar tong otishi bilan Lyupen huzuriga yo‘l oldi. Bu paytda uning odamlari o‘sha mavzeni o‘rab olishgan edi.
– Agar men uchinchi qavatning derazasida ko‘rinsam yoki uy ichidan bir soat ichida chiqmasam uyga bostirib kirib, u yerdagi kishini qo‘lga olasizlar, deb topshiriq berdi u odamlariga.
So‘ngra cho‘ntagidagi pistoletini paypaslab qo‘yib, uy tomon yurdi.
Hamma narsaning avalgidek joy-joyida turganini ko‘rib Ganimarning hayrati oshdi. Derazaga bir ko‘z yugurtirib olib, xonalarni bir-bir qarab chiqdi. Jon asari yo‘q.
– Lyupen qo‘rqibdi, – deya ishonchsizlik bilan g‘uldiradi u.
– Bema’ni gaplarni gapirmang, – degan ovoz eshitildi ortidan.
Inspektor chaqqonlik bilan o‘girilib qarab, kombinzon kiyib olgan keksa ishchini ko‘rdi.
– Hayajonlanmang, – dedi ishchi, – men Lyupenman. – Ertalabdan beri ishlayotgan edim, endi nonushta qilishim kerak.
U ajabtovur jilmayish bilan Ganimarga qaradi va xitob qildi:
– O‘z vaqtida hozir bo‘ldingiz, yoshulli! Hayotingiz men uchun aziz. Sizni qanchalar sevishimni bilasiz-ku! Bu haqda fikringiz qanday? Hammasi o‘ylaganimdek bo‘lib chiqdimi-a?! Boshlanishidan menga ma’lum bo‘lgan ekan-da! Xo‘sh, bunday ishlarni qay darajada eplar ekanman? Qanday sezgir aql, Ganimar. Voqea qay darajada tiklandi! Qanday topqirlik! Hayrotomuz darajada ko‘ra bilish! Sizga sharf kerakmi?
– Ha, ikkinchi bo‘lagi. U sizdami?
– Albatta. Ikkovini birga qo‘yishingizni so‘rayman.
Ular qizil matohning ikkala bo‘lagini yonma-yon qo‘yishdi. Qirqimlar biri-biriga to‘la mos edi, rangi to‘g‘risida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi.
– Biroq, men o‘ylaymanki, bu yerga faqat sharf uchun kelmagansiz, – dedi Lyupen, – siz qon izlarini ko‘rmoqchisiz. Deraza oldiga boraylik, bu yer qorong‘u, Ganimar.
Ular qo‘shni xonaga o‘tib, deraza oldiga borishdi. Lyupen sharfni deraza tokchasiga yoyib qo‘ydi.
– Qarang, –dedi u Ganimarga boshi bilan imo qilib.
Inspektor sharf ustiga egildi. Besh panjaning izi aniq ko‘rinib turardi. Rad etib bo‘lmaydigan dalil. Qotil Jenni Safirning sharfiga iz qoldirgan edi.
– Bu chap qo‘lning izi, – dedi Lyupen. – Yodingizdami, sizni ogohlantirgan edim, meni jodugar deb o‘ylashingizni istamayman.
Ganimar shohi matoh bo‘lagini darhol cho‘ntagiga urdi. Lyupen ma’qullab bosh silkidi.
– Hammasi joyida, yoshulli. Meni juda mamnun etdingiz! Bu yerda hech qanaqa tuzoq yo‘qligini ko‘rib turibsiz… Men eski oshnam bilan yaqin bo‘lishni istagandim, xolos. Lekin sharfning sizdagi bo‘lagiga juda qiziqyapman, uni diqqat bilan bir ko‘zdan kechirsam… Qo‘rqmang… O‘zingizga qaytaraman… Faqat bir daqiqaga…
Lyupen sharfning ikkinchi bo‘lagini olib ko‘zdan kechira boshladi, Ganimar uning ming‘irlashiga quloq tutdi:
– Bunday ishlarni naqadar hayrotomuz bajarishadi ayollar! Siz oqsoch ayol bergan guvohlikning bor jihatiga e’tibor qildingizmi? Jenni Safir o‘ziga ko‘ylak va shlyapa tikib kiyishni mahorat bilan bajargan. Ko‘rinib turibdiki bu sharfni ham uning o‘zi tayyorlagan… Buni birdan payqadim. Men haqiqatdan ham juda qiziquvchanman, cho‘ntagingizdagi bo‘lakni diqqat bilan tekshirib. Uning uchida, po‘paklariga yaqin chetida bechora qiz o‘z qo‘li bilan tikib qo‘ygan kichkina tumorchani topgan edim. Bechora shu tumor baxt keltirishiga ishongan. Bu ta’siralanarli emasmi, Ganimar? Ammo kichkina tumorcha bizning xonimimizga unchalik foyda bermadi.
Inspektor hayratlangan ko‘yi Lyupendan ko‘z uzmay qarab turar, u esa davom etardi:
–Shunda men o‘z-o‘zimga: “Politsiyaning qo‘lidagi ikkinchi bo‘lakni tekshirib ko‘rish juda qiziq bo‘lardi”, deb o‘yladim. Mendagi bo‘lagida tumorcha bor edi va men o‘yladimki, “ikkinchi bo‘lagiga ham shunga o‘xshash narsani yashirib qo‘yishning nimasi yomon”. Siz nima deb o‘ylaysiz, qadrdon do‘stim? Masalan, sapfirga o‘xshash qimiatbaho tosh yashirilgan bo‘lsa-ya?
U so‘zini tamomlaganda qo‘lida lojuvard tosh yaltirab ko‘rindi.
– A-ha! Aytmaganmidim sizga, yoshlikdagi qadrdon do‘stim?
U boshini ko‘tarib inspektorning ko‘zlarida yovvoyi bir ifodani ko‘rdi. Inspektor topildiqqa iztirob ichra qarab turardi.
–Yaramas, – g‘uldiradi inspektor, – haromi!
Yuzma-yuz turishardi ular.
– Uni menga bering, – buyurdi inspektor.
Lyupen unga sharf bo‘lagini uzatdi.
– Feruzani ham, – qat’iy talab qildi inspektor.
– Axmoqlikni yig‘ishtiring.
– Qaytarib bering yoki…
– Nima yoki, tentak! – hayqirdi Lyupen. – Nahotki, meni tekindan-tekinga yordam beradi, deb o‘ylagan bo‘lsangiz?
– Darhol qaytarib bering, – o‘z so‘zida turib oldi inspektor.
– Siz nimani ham bilardingiz, men to‘rt hafta davomida xuddi ohuday ehtiyotkorlik bilan harakat qildim, siz bo‘lsangiz… Qo‘ying, yoshulli. Toshni suv tagida qolgan deb hisoblang. O‘tiraylik! Sigaretga tobingiz qalay?
Ganimar o‘zining izquvarlari kelishini kutib Lyupenga g‘azab bilan qarab turardi. U turgan xona hovli tarafda edi, shunday bo‘lsa-da derazadan o‘zini ko‘rsatishni o‘yladi.
– Men sizni to‘nka deb hisoblaganda haq edim. Sharf qo‘lingizda edi, siz bo‘lsa uni paypaslab ko‘rishni ham xayolingizga keltirmagansiz. Qizgina nima uchun bu sharfni har doim bog‘lab yurgani to‘g‘risida o‘zingizga savol berib ko‘rmagansiz.
Lyupen ortiga o‘girilganidan foydalangan Ganimar o‘zini eshikka urdi. Ammo eshik qulf edi. Lyupen uning ortida xoxolab kulardi.
– Bugun ham sizning fahmingiz yetmadi. Menga tuzoq qo‘ydingiz, men bu haqda bilib qolishim mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmadingiz. Hatto eshikning qulfini tekshirib ham ko‘rmay ichkariga kirdingiz. Endi o‘zingizni nima deb o‘ylaysiz?
– Nima deb o‘ylayman? –qichqirdi Ganimar pistoletini chiqarib Lyupenga to‘g‘rilarkan.- Qo‘lingni ko‘tar! Mana men nima deb o‘ylayman!
Lyupen yelka qisdi.
– Hech o‘zgarmabsiz.
– Qo‘lingni ko‘tar!
– Uni chiqindixonaga tashlab yuboring.
– Nima?
– Qariya Katrin, sizning oqsochingiz, ko‘pdan beri mening xizmatimda. Siz kofe ichayotganingizda u pistoletingizdan o‘qlarni olib qo‘ygandi.
Ganimar pistoletni cho‘ntagiga solarkan Lyupenga vahshiyona nazar bilan qaradi.
– Xo‘sh, – dedi savolomuz ohangda Lyupen inspektorning ro‘parasida turib.
Ular bir-birlariga ancha vaqt tikilib qolishdi.
Ganimar o‘tmish tajribasidan bilardiki, Lyupen bilan olishish aqlsizlik. Qo‘lidan hech narsa kelmasligini his etdi inspektor.
– Siz sari ham boraylik, – davom etdi Lyupen, – Ganimarning jim turganiga e’tibor qilmay, – yaxshisi, bu ishni o‘z holicha qoldiring. O‘ylab ko‘ring, yoshlikdagi do‘stim. Agar shunday qilsangiz bu sizga shuhrat keltiradi. Xizmatda davom etish va qariganingizda yaxshi yashash imkonini beradi. O‘ylaymanki, siz bechora Lyupenni qamamaysiz va undan zumrad toshni tortib olmaysiz. Axir Lyupen hayotingizni asrab qoldi… Ha, mse! Bu qilgan ishingiz sizning shuncha yaxshilikka bildirgan minnatdorchiligingizmi? Prevalening chapaqayligini kim aytib berdi sizga? Men sizdan rozi emasman, Ganimar.
Shu gaplarni aytgancha, Lyupen xona bo‘ylab kezinardi. Eshik yaqiniga borib uni ochdi. Va Ganimar angladiki, u qochmoqchi. Dunyodagi hamma narsani unutib Ganimar unga tashlandi, lekin qorniga berilgan kuchli zarbadan uchib borib devor ostiga yiqildi. Yopilgan eshik ortidan Lyupenning kulgusi eshtildi.
***
Ganimar oradan yigirma daqiqa o‘tib, o‘zining odamlari bilan uchrasharkan, ulardan biri shunday ma’lumot berdi:
– Bundan biroz avval uydan bir ishchi chiqdi. Qo‘limga xat tuqazib: “Boshliqqa ber” dedi. “Qaysi boshliqqa?” deb so‘ragunimcha ishchi ko‘zdan yo‘qoldi.
– Xatni bering.
Ganimar xatni ochdi. Unda qalam bilan shosha-pisha tirnab yozilgan shunday so‘zlar bor edi:
“Bu haddan tashqari ishonuvchanlikka qarshi ogohlantirish, do‘stim. Har qanday gapga ishonavermaslik kerak, agarda suhbatdoshingiz, hatto Arsen Lyupen bo‘lsa ham. Sizning birinchi qilgan xatongiz shuki, pistoletda o‘q yo‘qligiga ishondingiz. Ikkinchisi, siz qariya Katrin meni sotibdi degan xayolga borib, uning sadoqatiga shubha qildingiz. U esa juda rostgo‘y va tartib-intizomli ayol. Bir kun kelib u bilan tanishishdan umidvorman. Hozircha sizga sadoqat bilan,
Arsen Lyupen”.
Rus tilidan Ne’mat Arslon tarjimasi