Ko‘mir ortilgan. Ikkinchi toifali kayut-kompaniya bo‘m-bo‘sh, elektr chirog‘i behuda charaqlab yonib turibdi. Odatda kechqurunlari bu yerda qartabozlar yig‘ilishardi, bugun esa hammasi mehmonxonada, qirg‘oqda tunashadi, kemada yolg‘iz o‘zim qoldim.
Ezgu niyatim ushalgandan buyon besh yil o‘tdi: men Yevropaga xizmat safariga yuborilgan edim. Esimda o‘shanda kemamiz Saygonda to‘xtagan edi, men ko‘rgan va eshitganlarimdan bag‘oyat hayratlanardim. Mening kundaligim kun sayin uzundan-uzoq, yangi-yangi yozuvlar bilan to‘lib borardi, ular hatto keyinchalik gazetada bosilib chiqqan va o‘quvchilarga manzur bo‘lgan edi. Mening bolalarcha yozilgan tumtaroq ocherkim turfa jihatdan xabardor ommada favqulodda taassurot qoldirganini eslasam, hali-hamon badanim uvishib ketadi. O‘shanda menga hamma narsa: o‘simliklar va hayvonlar, me’morlik yodgorliklari va mahalliy urf-odatlar g‘aroyib tuyulardi. Lekin hozir kundaliklar uchun mo‘ljallangan daftarimga hech narsa yozilmagan, top-tozaligicha qolayapti. Ma’lum bo‘lishicha, Germaniyada o‘tkazilgan yillarim meni hech narsadan hayratlanmaslikka o‘rgatgan ekan. Balki rap umuman bunda emasdir.
Gap shundaki, bundan besh yil muqaddam u hakda hech narsa ma’lum bo‘lmagan G‘arbga jo‘natilgan, endi esa tag‘in Sharqqa, o‘z vataniga qaytayotgan kishi hech avvalgiga o‘xshamasdi. Fanlarni yetarli darajada o‘zlashtirmagan bo‘lsam-da, azob-uqubatning neligini boshdan kechirdim. Inson tuyg‘ularining naqadar omonat ekanligini, bu jihatdan o‘zim ham mustasno emasligimni angladim. Bizning oniy va bir lahzalik taassurotlarimiz kimni ham qiziqtira olardi deysiz? Kecha sizga nimasi bilandir o‘ta maroqli tuyulgan narsani bugun unutib yuborasiz. Kundaliklar tutganimning sababi shu emasmikan? Ha, buning boisi hech shubhasiz, shunda deb o‘ylayman.
Brindizini tark etganimizga yigirma kundan oshgan edi.
Yo‘lovchilar odatdagidek bir-biri bilan tanishishga ulgurishgan, ular iloji boricha ushbu og‘ir va tinkani quritadigan sayohatning yengil kechishini o‘ylasharkan, bir-biriga dalda berishardi. Men esa tobim yo‘qligini bahona qilib, kayutamga bekinib oldim. Qalbim iztirob chekayotganligi ko‘pchilikka aralashishga monelik qilardi. Ko‘nglimni chulg‘agan g‘ashlik menga na Shvetsariyaning tog‘ manzaralarini, na Italiyaning diqqatga sazovor joylarini ko‘rish imkonini berardi. Men butun dunyodan, hatto o‘zimdan ham nafratlanardim, shu bois muttasil toqat qilib bo‘lmaydigan mashaqqatlar changalida ezilardim. Lekin og‘riq asta-sekin ko‘ngil tubiga cho‘kkanday, eza boshlardi. Baribir, nima bilan band bo‘lmayin, o‘qiymanmi yoki qandaydir osori atiqani ko‘zdan kechiramanmi, vujudimda bot-bot oynadagi xira tasvir yoki uzoqdan qaytayotgan aks-sado yanglig‘ o‘tmish hasrati qalqib chiqardi.
Menga ushbu azob-uqubatlardan xalos bo‘lish nasib etarmikan? Aytishlaricha, she’r o‘qish qalb jarohatiga malham bo‘larmish, ammo mening dardimga uning davo bo‘lishi gumon, chunki jarohatim o‘ta yangi va o‘ta chuqur. Bugun kemada sukunat hukmron, katta styuardi1 chiroqni uchirguncha birmuncha vaqtim bor. O‘z hayotiy qissamni qog‘ozga tushirishga urinib ko‘raman.
Menga juda yoshligimdanoq jiddiy tarbiya berishardi. Otam vafot etgandan keyin ham meni erkalashgan emas. Tug‘ilib o‘sgan viloyatimizda boshlang‘ich maktabda, keyinchalik Tokiodagi tayyorlov kurslarida va nihoyat, universitetning huquqshunoslik fakultetida — hamma yerda Ota Toyotaro ilg‘or o‘quvchilar qatorida edi. Onam meni, o‘zining eng aziz jigargo‘shasini hayotining mazmuni deb bilardi, binobarin, tamoman tabiiyki, mening yutuqlarim unga tasalli berardi.
O‘n to‘qqiz yoshimda bakalavr diplomini oldim, mengacha shu universitet mavjud bo‘lgandan buyon hech kim bunday sharafga muyassar bo‘lolmagandi.
Meni vazirlik xizmatiga qabul qilishdi. Tokioda joylashib olgach, onamni ham viloyatdan o‘z xonamga ko‘chirib keltirdim, bizlar uch yil birga yaxshi yashadik. Rahbariyat qadrimga yetardi, shuning uchun xodimlardan kimnidir Yevropaga yuborish zaruriyati tug‘ilganda bunday tanlov mening chekimga tushgandi.
O‘z xizmat mavqeimni va moddiy ahvolni yaxshilash, mustahkamlash menga qanot bag‘ishladi. Shu boisdan o‘sha paytda yoshi endigina ellikdan o‘tgan onamdan uzoqda yashash ham qalbimga uncha qutqu solmadi. Shunday qilib, jonajon uyimni qoldirib, uzoq Berlinga jo‘nab ketdim.
Men shuhratparastlikka chulg‘angan cheksiz xayollar, mehnatga hamisha shaylik tuyg‘usi bilan birmuncha taraqqiy etgan Yevropa davlatlaridan birining poytaxtida paydo bo‘ldim. Uning shukuhi meni hayratga soldi. Shunda suronli voqealar girdobida gangib qolgan edim.
Unter den Linden – «Jo‘kalar ko‘lankasida» deyilganda kishi xayolida sokin, tinch go‘sha jonlanganday bo‘ladi. Lekin kamon o‘qiday tekis ushbu shoh ko‘chaga chiqib ko‘ring-chi!
Undagi xiyobonlarning har ikkala tomonida kezayotgan xonimlar o‘z xushtorlari bilan tarallabedod qilib yurganini ko‘rsangiz! Vilhelm davridagi jasur zobitlarning askariy bashang kiyimlarga, ayollarning parijcha liboslarga burkanib yurishlari kishi nigohini sehrlardi. Asfaltlangan tosh yo‘llarda esa turfa yengil aravalar shovqin solmay o‘tib turardi. Gumbazli uylarning peshtoqlariga yetgulik sachrayotgan favvoralar to‘satdan sevalagan yomg‘ir tomchilaridek balandga o‘rlardi. Uzoqda, Brandenburg darvozalari manzarida yam-yashil boqqa kiraverishdagi G‘alaba Ilohasi haykali qad ko‘tarib turardi. Har qadamda nigohim g‘aroyib suratlarga qadalar, ularni ilk bor tomosha qilayotgan kishi qalbiga qandaydir qutqu solardi. Men ushbu tilsimlar hukmiga berilmaslikka jazm etdim.
Berlinga yetib kelganimdayoq, kerakli manzillarga otlandim, eshiklardagi qo‘ng‘iroqchalarni bosarkanman, pruss amaldorlariga tavsiyanomalarni uzatarkanman, ushbu mamlakatga kelishdan maqsadim nima ekanligini umumiy tarzda anglatardim. Meni ular samimiy kutib olishar, ortiqcha sarsongarchilikka o‘rin qoldirishmas, yordam ko‘rsatishga va’da berishardi. Baxtimga vatanimdayoq nemis va frantsuz tillarini o‘rgangan edim, men o‘zimni ularga tanishtirishga ulgurmasdan mendan nemis tilini qayerda va qachon, unda shunday yaxshi gapirishni qanday o‘rganganimni so‘rashardi.
Rasmiy ruxsatnomaga ega bo‘lgach, xizmat burchlarimdan bo‘sh vaqtda mahalliy dorilfununda siyosatshunoslik bo‘yicha ma’ruzalarga qatnaydigan bo‘ldim.
Oradan ikki oy o‘tgach, uzil-kesil Berlinda joylashib oldim va butun vujudim bilan ishga sho‘ng‘ib ketdim. Birinchi darajali ahamiyatga molik masalalar yuzasidan hisobotlar tuzar va ularni vatanimga yuborardim. Qolgan yumushlarning barchasini sinchiklab qog‘ozga tushirardim, unaqa yozuvlarning son-sanog‘i yo‘q edi. Men go‘llarcha dorilfununda ma’ruzalar tinglab, siyosatchiga aylanib ketsam kerak, deb taxmin qilardim. Lekin siyosatshunoslik kursini bitirgach, o‘ylab qarasam, ma’lumot olishni yana davom ettirishim kerak ekan. Ko‘nglimni xunob qiladigan o‘y-xayollardan so‘ng men huquqshunoslikka doir ikki-uchta dasturni tanladim, o‘qish haqini to‘lab qo‘ygach, mashg‘ulotlarga qatnay boshladim.
Uch yil xuddi tushdagiday o‘tib ketdi. Lekin ertami-kechmi, kishining boshiga qandaydir sinovlar tushishi muqarrar. Yoshligimdayoq otamning o‘git-nasihatlariga og‘ishmasdan rioya qilardim, ayni zamonda onamning xohish-irodasiga ham bo‘yin egar edim. Tirish-qoqlik bilan o‘qirdim, meni g‘oyat qobiliyatli bola deb maqtaganlarida o‘zimni baxtiyor his etardim. Bundan tashqari, meni departament (mahalliy ma’muriyat) boshlig‘i maqtaganda ham quvonib ketardim. Biroq u xolda ham, bu holda ham men yuqoridan belgilangan ko‘rsatmalarni beixtiyor ijro etadigan itoatkor bir kimsa sifatida qolardim.
Lekin buni qarangki, yigirma besh yoshga kiribman, dorilfunun muhiti, ayniqsa, undagi hurfikrlilik ta’siridan bo‘lsa kerak, menda daf’atan qandaydir botiniy norozilik tug‘ila boshladi. Borgan sayin avvaliga murdadek qotib qolgan haqiqiy Menim zuhur etish asnosida ushbu Men ilgarigi xotirjamlik kayfiyatimni kunpayakun qila boshladi. Mendan na dunyo taqdirini hal etishga qodir siyosatchi, na qonunni miridan-sirigacha biladigan, uni hurmat qiladigan huquqshunos chiqishini tamoman angladim. Onamning mening jonli qomus bo‘lishimni istagani haqida gapirmasa ham bo‘ladi, na chora, departament boshlig‘i mendan ibrat olsa arziydigan qonunshunos chiqishiga intilar edi. Birinchisida balki o‘zim ham jozibali biror narsani fahmlagandirman, biroq ikkinchisini tamoman bema’ni deb hisoblardim.
Shu paytgacha men hatto eng arzimas topshiriqlarni ham zo‘r hafsala bilan bajarardim, lekin endi-chi, boshlig‘im uchun hujjatlar tayyorlarkanman, ularning huquqiy jihatdan nozikligini hisobga olmasdan ishlarni g‘arov butog‘ini qilich bilan chopganday palapartish yuritishardi. Dorilfununda adabiyot va tarix darslarida o‘zgacha mazmun borligini ko‘rib, huquqshunoslikdan tinglayotgan ma’ruzalardan hafsalam pir bo‘ldi.
Biroq boshliq meni har qanday kuyni bemalol ijro etsa bo‘ladigan cholg‘u asbobi deb bilardi. Mening yangicha fikr tarzim va mustaqil o‘ylarim uning uchun muhim emas edi. Mana shunaqa qaltis yo‘lga kirgan edim. Endi esa undan chiqib bo‘lmasdi.
Berlinda vatandoshlarimning xiyla katta bir guruhi tahsil olardi, lekin men ular bilan munosabat o‘rnatmagandim, ular qo‘rqoq oldin musht ko‘tarar qabilida yo‘l tutib, mening sha’nimga bo‘htonlar yog‘dirishga o‘tishdi, balki ular mantiqan shunday qilishga haqlidirlar. Ular meni manman deb o‘ylashardi. Axir men ular bilan pivo ichmas, bilyard o‘ynamas edim, shu bois mendan nafratlanishar, ustimdan kular edilar. Gapning nafsilamrini aytganda, ular mening haqimda mutlaqo tasavvurga ega emasdi. Men hali o‘z-o‘zimni tushunmay garangman, ularning meni tushunishiga yo‘l bo‘lsin! Qalbim nemu1 yaproqlariga monand bo‘lib, unga salgina tegib ketilsa bas, darhol o‘z qobig‘imga o‘ralib qolaman. Meni bolalagimdayoq kattalarning ko‘rsatmalariga rioya qilishga o‘rgatishgandi. O‘qishdagi muvaffaqiyatlarim ham xizmat sohasida olg‘a siljishim ham alohida irodaga molikligim oqibati emasdi. Sabr-toqat va tirishqoqligim faqat atrofdagilarni emas, balki o‘zimni ham chalg‘itardi. Shunchaki boshqalar men uchun tanlagan yo‘ldan borardim.
Menda buyruqlarni inkor etish va qat’iyat ko‘rsatish uchun jasorat yetishmasdi. Men mudom tashqi dunyo bilan to‘qnashishdan dahshatga tushardim. Xayolimda go‘yo oyoq-qo‘llarim bog‘lab qo‘yilganday. Uyda doimo menga favqulodda qobiliyatga egaligimni uqtirishardi, shunday qilib, o‘zimning favqulodda qobiliyat egasi ekanligimga ishonardim. Ammo paroxod Iokogama bandargohini tark etdi deguncha bunday ishonchdan asar ham qolmagan edi. Ko‘zlarimda yosh tirqirardi, bu hol men uchun tamoman tasodif ekanligini sezib turardim. Faqat keyinchalik butun borlig‘imning shu zayl zuhur etganini angladim.
Men aslida shunday edimmi yoki faqat onajonim bergan tarbiyaning samarasimikan? Shunisi borki, bu uncha muhim emas, muhimi shundaki, men hamisha kulgi ostida qolar edim, darvoqe, ojiz va ayanchli kishilar ustidan kulish odobdanmikan!
Men qahvaxonada aftu-angori bo‘yalgan, mushtariylarni ustamonlik bilan jalb qilayotgan o‘ta bashang kiyingan xotinlarni kuzatardim. Lekin ularning birortasiga ham yordamlashishga yuragim dov bermasdi. Boshiga tsilindrsimon shlyapa kiygan, pensne taqib, oliftalik qilayotgan, so‘zlarni aslzoda prussaklarga o‘xshab nazokat bilan talaffuz etayotgan ishratparast ayollarning birortasiga ham og‘iz ocholmaganman. Hattoki o‘zimning dovyurak vatandoshlarim bilan munosabat o‘rnata olmadim, binobarin, ularning zaharxandalari va dilsiyohliklariga toqat qilardim. Endi bilsam, buning hammasi keyinchalik boshimdan o‘tgan bir qissaga zamin tayyorlagan ekan.
Bir kuni kechqurun Tirgartenda sayr qilgim kelib qoldi. Bog‘dan chiqib, jo‘kalar ko‘lankasi bo‘ylab ketdim. O‘zim yashayotgan Monbiju ko‘chasiga o‘tish uchun eski cherkov oldidan Klostershtrassega chiqishim kerak edi. Chiroqlar ummoniga cho‘mgan jo‘kalar ko‘lankasidan so‘ng ayvonlarida yuvilgan kiyimlar osilgan, ikkala tomonida uylar cho‘zilib ketgan tor va qorong‘i ko‘chalarga kirib qoldim. Eshigi oldida paxmoq soqolli yahudiy spirtli ichimliklar sotadigan joydan o‘tgach, ikki zinapoyali ulkan bino oldidan chiqib qoldim, ulardan biri balandga, boshqasi quyiga, temirchining yerto‘lasiga olib borardi. Har gal ushbu uch yuz yillik tarixga ega g‘aroyib binoni ko‘zdan kechirarkanman, qandaydir vujudimni ezuvchi tuyg‘u paydo bo‘lardi.
Daf’atan, cherkovning qopqalari oldida ho‘ngrab yig‘layotgan qizni ko‘rib qoldim. Uning qiyofasi o‘n olti-o‘n yetti yoshli qizni eslatardi. Boshiga tashlab qo‘ygan sharf tagidan oltinsimon sochlari chiqib turardi. U juda odmi, ammo toza kiyingan edi. Qadam tashlab tovushini eshitib, orqasiga o‘girildi, uning go‘zal chehrasini faqat shoirlar ta’riflay olishi mumkin. Yorqin, ko‘m-ko‘k ko‘zlarida xazinlik aks etardi, uzun kipriklaridan betinim yirik yosh tomchilari tirqirar edi. Butun vujudimni larzaga keltirish uchun uning birgina nigohi kifoya edi.
Ajabo, shunday bemahalda uni shu yerga kelish va ho‘ngrab yig‘lashga qanday g‘am-anduh majbur etdiykan? Mendagi beqiyos shafqat hissi odatiy qo‘rqoqligimni yengishga va uning yoniga borishga undadi.
— Nega yig‘layapsiz? Kechirasiz, men xorijlikman, ammo sizga qandaydir yordam ko‘rsatishim mumkindir balki? – deya so‘radim o‘zimning jasoratimdan hayratlanib.
U menga ajabtovur qarab qo‘yarkan, nigohimdan samimiy achinishni uqib olganday bo‘ldi.
– Siz yaxshi odamga o‘xshaysiz. Mening onamday berahm emassiz. – U bir zum yig‘lashdan to‘xtadi, lekin dam o‘tmay, yana chiroyli chehrasida ko‘z yoshlari miltiray boshladi.
— Iltimos, menga yordamlashing! Sharmandalikdan xalos bo‘lishga yordam bering! Onam meni uning injiqliklariga qarshilik ko‘rsatayotganim uchun uradi… Otam o‘ldi. Ertaga uni dafn etish kerak, bisotimizda pul yo‘q. – Qiz yig‘layotgani tufayli so‘zlari o‘qtin-o‘qtin uzilib turardi. Uning alamli qiyofasi menda cheksiz shafqat uyg‘otdi.
– Men sizni uyingizga kuzatib qo‘yaman. Iltimos, faqat tinchlaning. Biz ko‘chadamiz axir, kishilarning diqqatini tortmasligimiz lozim.
Menga quloq osarkan, u soddalarcha boshini yelkamga qo‘ydi. Keyin, birdan nimadir yodiga tushdi-yu, xijolat tortib, sapchib tushdi, yot ko‘zlardan xavfsirab, ilgarilab ketdi.
Men uning ortidan borardim. Bizlar kattakon uyning qopqasidan ichkariga kirdik, to‘rtinchi qavatga chiqiladigan uydim-chuqur zinapoya orqali ko‘tarildik va boshni egibgina kirsa bo‘ladigan eshik oldida to‘xtab qoldik. Qiz zanglagan qo‘ng‘iroq dastasini buragan edi, shu zahotiyoq eshik ortidan keksa kampirning xirillagan ovozi eshitildi.
– Kim u?
– Bu men, Elizaman.
U javob berishga ulgurmasdan eshik lang ochildi-yu, ko‘z o‘ngimda kampir paydo bo‘ldi. Oppoq sochlari, qachonlardir yoqimtoy bo‘lgan chehrasidagi ajinlar uning uqubatli hayot kechirganidan dalolat berardi. Egnida nimdosh paxmoq ko‘ylak, oyog‘ida yirtilgan shippak. Eliza menga bosh irg‘ab qo‘yarkan, xonadon bo‘sag‘asidan hatladi. Kampir esa shundaygina ko‘z oldimda eshikni taqillatib yopdi.
Men tamoman dovdiragan alpozda eshik oldida turardim. Kerosin chiroqning xira yorug‘ida eshik lavhasidagi «Ernst Vaygert, tikuvchi» degan yozuvni o‘qishga muvaffaq bo‘ldim. Bu, aftidan, marhum otasining nomi edi. Oradan ko‘p o‘tmay, ichkarida kampirning serzarda tovushi eshitildi, keyin ovoz bosilib, eshik ochildi. Iltifotsizligi uchun kechirim so‘rarkan, meni ichkariga kirishga taklif etdi.
Men oshxonaga kirib qolgandim. O‘ng tomonda pastdakkina deraza bo‘lib, unga oq chitdan parda tortilgan edi. Chap tomonda esa qandaydir noshud odamning qo‘li bilan qurilgan beo‘xshov kattakon g‘ishtin pechka joylashgandi. Yarim ochiq eshikdan oppoq choyshabga o‘ralgan marhumning jasadi yotgan karavot ko‘zga tashlanardi. Meni oshxonada u bilan yonma-yon joylashgan qiya shipli oshxonaga boshlab kelishdi. Uning shipi yo‘q hisobi bo‘lib, to‘sinlarga zich qilib yelimlangan varaqlar ship o‘rnini bosardi, mansardaning bir burchakda karavot turardi. O‘rtada ustiga chiroyli movut dasturxon yopilgan stol, uning ustida esa shunday vaziyatda birmuncha noo‘rin tuyilgan bir qancha kitoblar, suratli albomlar, gullar solingan tuvak bor edi.
Xijolatda qolgan qizgina stol yonida qotib turardi. U jozibaning o‘zginasi edi. Uning behad oppoq chehrasi chiroq yorug‘ida oq-qizg‘ish alomat kasb etardi. Nozik bilaklari oddiy kishilar toifasidan chiqqan qiznikiga o‘xshamasdi. Kampir xonadan chiqqanda qizgina tilga kirarkan, talaffuzidan o‘zining oddiy toifaga mansubligini namoyon etdi.
– Sizni bu yerga boshlab kelganligim balki noqulaydir. Sizning yaxshi odam ekanligingizni sezdim, buni yomonlikka yo‘ymasangiz kerak deb o‘ylayman. Axir siz ertaga otamni dafn etish bilan bog‘liq barcha tashvishni Shaumberg o‘z zimmasiga olganini bilmaysiz. U men ikki yildan buyon xizmat qiladigan «Viktoriya» teatrining xo‘jayini, shuning uchun men unga yordam so‘rab murojaat qildim. Lekin ma’lum bo‘lishicha, u birovning g‘am-alamidan foydalanish payida ekan. Iltimos, menga yordam bering. Qarzingizni o‘zimni ovqatdan qissam ham, kamtargina maoshimdan qaytaraman. Aks holda esa onam… – U yig‘lab yubordi, uning nigohi rad qilib bo‘lmaydigan yalinishni ifodalardi… U o‘zining jozibadorligini bilishi gumon edi.
Cho‘ntagimda bir necha kumush marka qolgan edi. Shuning uchun qo‘limdagi soatni yechib, stol ustiga qo‘ydim.
– Dastlabki xarajat uchun bu ahvolingizni birmuncha yengillashtiradi. Sudxo‘rga Monbiju ko‘chasi, uchinchi uyda yashovchi Ota degan ismni aytib qo‘ying, men uni sotib olaman.
Qizning ko‘zlari cheksiz tashakkurni ifodalardi. Xayrlashayotib, men unga qo‘limni uzatgandim, u uni lablariga bosarkan, alamli ko‘z yoshlari tirqirar edi.
Eh, oradan ko‘p o‘tmay qandaydir shum taqdir uni huzurimga tashakkur izhor etgani boshlab keldi! U men kun bo‘yi yonida o‘tirib, Shopengauer va Shillerni o‘qiydigan deraza taxtasiga olib kelgan hashamatli gulchambarni qo‘ydi. Bu tashrif munosabatlarimizning ibtidosi edi, bundan vatandoshlarim ogoh bo‘lishdi. O‘sha ondayoq mening raqqosalar bilan dilxushlik qilayotganligim xususida mish-mishlar tarqalgan edi. Holbuki, o‘rtamizda beg‘ubor mehr bor edi, xolos.
Ulardan biri, mashhur fitnachi, nomini aytmayman, rahbariyatga mening teatrlarga tanda qo‘yib qolganligim haqida xabar bergan edi. Shusiz ham ko‘plarning aqli yetmaydigan ba’zi narsalarni sinchiklab o‘rganayotganligimdan zardasi qaynab turgan boshliq sira hayallamay elchixonani ogohlantirishga ulgurgan edi, oqibatda menga lavozim berishni rad etishdi. Elchi meni bu haqda xabardor qilarkan, agar vatanimga qaytishni istasam, menga yo‘l haqi to‘lashlari mumkinligini aytdi. Bordiyu, bu yerda qolsam, bundan buyon qandaydir yordam berishlari amri mahol edi.
O‘ylab olishga bir hafta muddat berishlarini iltimos qildim. Mulohazalarga berilarkanman, shu asnoda meni chuqur g‘amga botiradigan ikkita maktub keldi. Ularning ikkalasi ham qariyb bir paytda yuborilgan edi. Bittasi onamning qo‘li bilan, ikkinchisi esa uning, qadrdon onamning o‘limi to‘g‘risida qarindoshimning qo‘li bilan yozilgan edi. Onamning maktubini hikoya qilib berishga madorim yo‘q, ko‘zimdan selday oqayotgan yoshlar halal beradi.
Shu vaqtgacha Eliza ikkalamiz o‘rtamizdagi munosabatlar yot-begonalar tasavvuridagidan ko‘ra xiyla beg‘ubor edi. Otasining qashshoqligi tufayli Eliza yaxshi tarbiya ololmagandi. O‘n besh yoshida kam e’tibor beriladigan raqs to‘garagiga qabul qilingan. Keyinchalik ikkinchi darajali rollarni ijro etadigan «Viktoriya» teatriga ishga kirgan edi.
Raqqosalarning qismati achchiq bo‘ladi. Shoir Xakmnder ularni «zamonaviy cho‘rilar» deb atagan edi. Tinkani quritadigan mehnati evaziga arzimagan choychaqa oladi, kunduzi repetitsiya, kechqurun sahnada. Spektakllar uchun hashamatli liboslarga burkanadilar, kundalik hayotda ayanchli ahvolda yashashadi, ayniqsa, ota-ona, aka-uka yoki singillariga g‘amxo‘rlik ular zimmasiga tushganda, ularning aksariyati alaloqibat o‘ta tubanlashib ketishadi.
Eliza tabiatan xokisorligi va otasining jiddiyligi tufayli bunday qismatdan yiroq edi. U bolaligidan o‘qishga mehr qo‘ygandi. Lekin taassufki, uning qo‘liga chakana kitobfurushlar sotadigan o‘rtamiyona romanlar tushadi. Bizlar tanishganimizdan keyin men uning kitob o‘qishini kuzatib turadigan bo‘ldim, o‘shandan so‘ng uning shu sohadagi didi tobora o‘zgara boshladi, nutqi sayqal topa bordi. Hatto menga yozadigan maktublarida xatolar ancha kamaydi. Aytish joizki, bizning o‘rtamizda dastavval o‘qituvchi va talaba munosabatlari o‘rnatilgan edi. Meni xizmat joyimdan bo‘shatganlarini bilib olgach, uning chehrasida o‘zgarish yuz berdi. Men albatta, bunga qandaydir darajada u ham sababchi bo‘lganini yuziga solishdan o‘zimni tiygandim. Shunga qaramasdan, mening moliyaviy jihatdan qashshoqlashganimni bilib qolsa, muruvvat ko‘rsatmay qo‘yishidan xavfsirab, bu haqda onasiga hech narsa demaslikni iltimos qildi.
Tafsilotlarga berilib o‘tirmayman. Lekin aynan shu paytdan boshlab Elizaga nisbatan tuyg‘ularim muhabbatga aylana bordi-yu, munosabatlarimiz jiddiy tus oldi. Bu hol ayni kelajakdagi taqdirimni aniqlab olay degan eng qaltis paytda sodir bo‘ldi.
Ehtimol, birovlar meni yengiltak deb xayol qilishar, lekin men munosabatlarimizga jiddiy yondashardim. Eliza ham menga nisbatan shunday holatda bo‘lib, yuz berishi mumkin bo‘lgan ayriliq xususida og‘iz ochmasdi. Eh, u qanday suluv edi, uning yoqimli chehrasida qanday sarosima aks etayotganini ko‘rsangiz edi! Men esa hushimdan judo bo‘lib turardim.
Men elchiga o‘z qarorimni bildirishim kerak bo‘lgan kun kelgan edi. Agar men hozir, meni lavozimimdan chetlashtirganlarida vatanimga kaytsam, sharmandaligim xammaga ayon bulib, hech qachon qaddimni ko‘tarib yurolmaydigan bo‘laman. Lekin yashash uchun mablag‘im yo‘qligi tufayli bu yerda qolishning ham imkoni yo‘q edi.
Aynan shunday paytda azaliy do‘stim, vatanga birga qaytayotgan o‘rtog‘im Aidzava Kenkiti madadkor bo‘ldi. U graf Amakataning shaxsiy kotibi edi, u mening lavozimimdan bo‘shatilganimni bilib olgach, Tokio gazetalaridan birining noshirini mendan gazetaning xorijiy muxbiri sifatida foydalanishga ko‘ndirgan edi. Bu menga Berlinda qolib, siyosiy va madaniy hayot mavzularidagi reportajlar bilan yashash uchun mablag‘ topish imkonini beradi.
Menga arzimagan maosh belgilashdi, birmuncha arzongarov qahvaxonaga yaqin xonadonga ko‘chib o‘tdim, maoshdan maoshga zo‘rg‘a yetardim. Men yangi hayotga ko‘nikayotib, chor-nochor yurganimda Eliza haqqoniy rahmdillik namoyon etib, yordam qo‘lini cho‘zdi.
U onasini qanday ko‘ndirganini bilmayman, ko‘p o‘tmay men ularning uyida ijarada tura boshladim. Eliza ikkalamiz topgan-tutganimizni birga baham ko‘rib, hayot gashtini surib yashardik.
Ertalabki nonushtadan so‘ng Eliza odatda mashq qilishga otlanardi, ba’zan teatrda bo‘ladigan bo‘sh kunlarigina uyda qolardi. Men Kyonigshtrassedagi o‘zining tor ayvoni va uzunasiga cho‘zilgan zali bilan mashhur qahvaxonaga borib turardim. Shiftda osilgan chiroq yorug‘ida u yerdagi gazetalarni qarab chiqardim va meni qiziqtirgan axborotni yozib olardim. Ushbu qahvaxonaga muayyan biror mashg‘uloti bo‘lmagan yoshlar, o‘zining arzimas sarmoyasini foydasi bilan qarzga bergan chollar, ishlarini bitirib, bir oz dam olish uchun kirgan sarroflar ham qatnardi.
Bu yerda sovuq marmar stol yonida uzoq o‘tirib, nimalarnidir yon daftariga ko‘chirayotgan yaponning paydo bo‘lganligi ularga g‘alati tuyulardi. Ofitsiant ayol keltirgan bir finjon qahva shundayligicha qolib ketar, men esa hadeb uzun yog‘och taxtachaga osib qo‘yilgan ko‘pchilikning diqqatini tortadigan gazetalarga nigohimni qadab turardim.
Gohida Eliza meni izlab qahvaxonaga kirardi. Shunday hollarda bizlar kunduz soat birga yaqin men va o‘sha jajji, nozikkina qiz ikkalamiz birgalikda uyga qaytardik. Goho ortimizdan g‘arazli qarab qo‘yishardi.
Universitetdagi ma’ruzalarga bormay qo‘ygandim. Endi bo‘lsa shiftdagi chiroqning xira yog‘dusida gazeta uchun kichik-kichik maqolalar yozardim, Eliza esa teatrdan kaytgach, yonginamda o‘tirib olar va menga havas bilan qarab turardi. Mening hozirgi ishim bilan qadimgi qonun va nizomlar haqida hikoya qilgan referatlar o‘rtasida hech qanday mushtaraklik yo‘q edi.
Gazeta mendan siyosiy yangilik haqida yorqin sharhlar, shuningdek, adabiyot va san’at sohasidagi yangi fikrlarni kutardi. Buni nechog‘lik uddalaganimni aytishim qiyin, ammo o‘zimning publitsistik maqolalarimda Byorns va Heynega, albatta, ko‘proq Heynega taqlid qilishga intilardim.
Oradan biroz muddat o‘tgach, birin-ketin Vilhelim I va Fridrix III vafot etdi. Men Yaponiyaga yangi imperatorning taxtga o‘tirishi, Bismarkning ag‘darilishi xususida batafsil axborot yuborishim kerak edi, qissasi, ishlarim dastavval faraz qilganimdan ko‘ra ko‘p edi. Shu boisdan ixtisosim bo‘yicha mo‘ljallangan kitoblarni o‘qib chiqishga ham bo‘sh vaqt topolmasdim. Kurslar tinglovchisi sifatida ro‘yxatda bo‘lsam ham, ma’ruzalarga bormasdim. Zotan ular uchun to‘lanadigan pulim ham yo‘q edi.
Mashg‘ulotlar orqaga surilardi. Lekin men Germaniyada boshqa Yevropa mamlakatlaridagiga nisbatan ancha yaxshi yo‘lga qo‘yilgan xalq maorifi sohasidagi bilimlarni xiyla teranlashtirdim. Muxbir bo‘lgandan buyon har kuni bir talay maqola va lavhalar, ko‘chirmalar olar edim. Talabalik yillarida orttirgan malakalarim qo‘l kelardi. Mening bizni o‘rab olgan dunyo haqida avvalgi, tamoman cheklangan tasavvurlarim misli ko‘rilmagan darajada kengaydi. Men bu bilan nemis gazetalaridagi bosh maqolalarnigina qarab chiqishdan nari o‘tmagan vatandoshlarimning ko‘pchiligidan xiyla farq qilardim.
Meydzi davri (1868-1911 yillar, o‘sha davrda tabaqalar tengligi haqida qonun qabul qilingan)ning yigirma birinchi yili qishi keldi. Markaziy ko‘chalarning xiyobonlarini qordan tozalab, qum sepishardi, yo‘llarning chekkalarida qortepalar qad ko‘targan edi. Lekin Klostershtrasse mavzeidagi ko‘chalar qordan xalos bo‘lmagan edi, muz parchalari bilan qoplangan o‘pqonlarni tozalashga to‘g‘ri kelardi. Ertalab uydan chiqarkanmiz, qor ustida muzlab, qotib qolgan chumchuqlarni ko‘rardik. Pechkamiz lovullab yonib turgan bo‘lsa-da, ammo tosh devorlardan sovuq kirardi. Ko‘chada esa izg‘irin suyak-suyaklarimizdan o‘tib ketardi.
Yaqinda Eliza shundaygina sahnada hushidan ketib yiqilgan ekan, uni hamrohlari uyga olib kelishdi. O‘shandan buyon tanida darmoni qolmay, har qanday yemakdan ko‘ngli aynirdi. Onasi bunday holat sabablarini sira adashmasdan aniqladi. Nahotki, Eliza chindanam homilador bo‘lsa? Mening shunday omonatgina holatimda-ya!
Yakshanba kuni ertalab hammamiz uyda edik. Eliza o‘ychan qiyofada pechka yonidagi oromkursida o‘tirardi. Go‘yo hamma narsa odatdagiday, ammo allaqanday g‘am-anduhdan uning qalbi alag‘da edi.
To‘satdan xonadonga kiraverishda notanish ovoz eshitildi, shu on Elizaning onasi menga kelgan xatni qo‘limga tutqazdi. Garchi unda pruss markasi va muhr uzra Berlin deb yozilgan bo‘lsa-da, men Aidzavaning xatini darhol tanidim. Konvertni hayajon bilan ochib, o‘qidim: «Kecha kechqurun vazir Amakata bilan keldim. U seni ko‘rmoqchi, darhol yetib kel. Bordi-yu, ishlaringni o‘nglash mumkin bo‘lsa, ana shu eng qo‘lay fursat. Muxtasarlik uchun kechir, o‘ta shoshib turibman».
Men xatni sarosimaga tushgan holda ko‘zdan kechirdim.
– Yaponiyadanmi? – so‘radi Eliza. – Aminmanki, xunuk xabar emas. – Aftidan, u xat gazetadan bo‘lib, mening hozirgi xizmatim bilan bog‘liq bo‘lsa kerak deb o‘yladi.
– Yo‘q, hammasi joyida, – javob berdim men. – Senga Aidzava haqida aytganim esingdami? U bu yerga vazir bilan kelibdi. Vazir meni qandaydir ish yuzasidan ko‘rmoqchi ekan. Demak, borishim kerak.
Eliza menga xuddi ona o‘zining yakka-yu yagona bolasiga qanday g‘amxo‘rlik qilsa, o‘shanday g‘amxo‘rlik qilardi. Gap vazir bilan uchrashuvga taqalgani uchun u darmonsizlikni yengib, o‘rnidan turdi, eng yaxshi oq ko‘ylakni tanladi, o‘zi avaylab saqlagan ikki qator tugma qadalgan frakni olib chiqdi, galstukni o‘z qo‘li bilan bog‘ladi.
– Mana, endi ko‘rinishing o‘zgacha. Qani, oynaga bir qarab qo‘y-chi. Negadir o‘ta ma’yussan, sen bilan birga borishimni xohlaysanmi? – U frakimdan tortib qo‘yarkan, ilova qildi:
— Hozir senga qarab turibman, ammo bu mening Toyotarom ekaniga ishongim kelmayapti. Sen boy va aslzoda odam bo‘lganingda ham baribir meni tashlab ketmaysan, shundaymasmi? Hatto onamning takliflari ushalmaganda ham.
– Qanaqa boylik va aslzodalik? – jilmaydim men. – Siyosiy mansabdan mosuvo bo‘lganim qachon edi. Vazir bilan uchrashuvdan ham foyda yo‘q, shunchaki ko‘pdan buyon ko‘rmagan azaliy do‘stim bilan ko‘rishaman.
Elizaning onasi men uchun dabdabali izvosh chaqirtirgan ekan, u qorni g‘irchillatib eshik oldiga kelganda men qo‘lqoplarimni kiyib, uncha yangi bo‘lmagan paltomni yelkamga tashlab, shlyapamni olib, xayrlashuv oldidan Elizani o‘pdim. Men izvoshga o‘tirib olganimda u qirov bosgan derazani lang ochib yubordi, uning tuzigan sochlari shiddatli shamolda hilpirardi.
Men «Kayzerxof» mehmonxonasi oldida izvoshdan tushgach, qorovuldan janob Aidzavaning qaysi xonada istiqomat qilayotganini bilib oldim-da, marmar zina orqali kerakli qavatga ko‘tarila boshladim. Bunaqa joylarda ko‘pdan beri bo‘lmagan edim. Hashamatli ustunlar, barqut divanlar va ko‘zgular bilan bezatilgan keng zalda paltomni yechib, yo‘lak bo‘ylab Aidzavaning xonasiga yo‘naldim. Eshiklar oldida biroz qadamimni sekinlatdim, nahotki bizlar uchrashsak? Universitetda o‘qib yurgan paytimizda u mening iste’dodligimni e’tirof etardi.
Mana bizlar baqamti bo‘lib turibmiz. So‘nggi uchrashgan vaqtimizdagidan ko‘ra u biroz to‘lishgan, salobat kasb etgandi. Lekin har doimgidek tetik va samimiy edi. Tafsilotlarga berilishga vaqt yo‘q edi, bizni vazir kutardi.
Vazir menga bir qancha hujjatlarni tarjima qilishni topshirdi. Men ularni oldimu xayrlashdim. Orqamdan kelayotgan Aidvaza menga birga nonushta qilishni taklif etdi.
Nonushta chog‘ida asosan u savol berar, men esa javob qaytarardim. U o‘z martabasini ancha mustahkamlagan edi, biroq bu jihatdan men hadeb qusurlarga yo‘l qo‘yardim. Men unga hayotimda yuz bergan mashaqqatlar haqida miridan-sirigacha so‘zlab berdim. U meni tinglarkan, hayratlanar, ammo hecham aybga yo‘ymasdi. Vatandoshlarimizning riyokorligi uni g‘azablantirar edi. Lekin men hikoyamni tugatgach, u jiddiy tortdi va birpasdan keyin meni tug‘ma irodasizligim uchun koyiy boshladi: menday o‘qimishli, iste’dodli odam mukkasidan o‘sha qizga berilib ketganmishman, o‘zimni vaqtni behuda o‘tkazishga mahkum etgan emishman.
Holbuki, ayni chog‘da graf Amakataga mening nemis tilini bilishimdan boshqa hech narsa kerak emasdi. Ishdan bo‘shatilishimning sababi unga ma’lum edi, binobarin, Aidzava men uchun iltimos qilishga urinmasdi ham. Uning taxminicha, bordiyu, graf o‘zini chalg‘itishga urinayotganlarini bilib olsa, bu yaxshilikka olib kelmaydi, agar men o‘z ishim bilan uning ishonchini qozonsam, o‘z qobiliyatimni namoyon etolsam, o‘shanda unga maqbul bo‘lishim mumkin, rap ayollarga taqalganda, shunisi ravshanki, bordiyu, o‘rtamizda samimiy sevgi mavjud bo‘lganda ham, baribir butun hayotingni qimorga tikib bo‘lmadi. Oddiy hayotiy haqiqat shundaki, men jur’at etib, hammasiga chek kuyishim lozim, vassalom. U menga ana shunday harakat dasturini taklif etgan edi.
Unga quloq solib o‘tirarkanman, meni shunday tuyg‘u cho‘lg‘ab olardi: go‘yo men to‘lqinlarga ishonib uzoq ufqdagi tog‘larga yetishga urinib, okeanda suzayotganday, ammo o‘sha tog‘lar qalin tuman bilan qoplangan, ularni ko‘rishni orzu qilmasa ham bo‘ladi. Ularga yetgan taqdirda ham intilayotgan narsaga erisha olasanmi?
Harchand qashshoq yashasakda, Eliza bilan kechayotgan hayot menga ajoyib tuyulardi, uning muhabbatini rad etolmasdim. Tabiatan ko‘ngil bo‘shligim tufayli biror qarorga kelmaslikni afzal bilardim. Shunga qaramasdan, bir payt do‘stimning maslahatlariga quloq osib, o‘tmishimga chek qo‘yishga va’da berdim. Umuman aytganda, jiddiy yo‘qotishlar tahdidi natijasida raqibimga qarshilik ko‘rsatishim mumkin, biroq do‘stim uchun nimadandir voz kecholmayman. Romlari ikki qavat derazali va lovullab yonib turgan kaminlik restoran issiq va shinam edi. Lekin ko‘chaga chiqdim deguncha sovuq shamol yuzga tikandek urilar, izg‘irin yupqa paltomdan o‘tib, yuragimni junjiktirib yuborar edi. Hujjatlar tarjimasini bir kechadayoq nihoyasiga yetkazdim. Shundan so‘ng men «Kayzerxof»ga tanda qo‘yib qoldim. Dastavval graf men bilan nuqul ishlarim xususida gaplashdi, lekin keyinchalik, bir kuni vatanimizda sodir bo‘lgan ayrim hodisalar to‘g‘risida rap ochildi, u bu jihatdan mening fikrlarim bilan qiziqdi. Shunisi borki, u boshqa bir gal yot mamlakatda vaqti-vaqti bilan yuz berib turadigan chigal voqealar haqida gapirarkan, qattiq kulib yubordi.
Taxminan bir soatdan so‘ng graf menga kutilmagan bir taklif bilan murojaat qildi:
– Ertaga men Rossiyaga jo‘nab ketayapman. Menga sherik bo‘lishni xohlamaysizmi?
Keyingi paytlarda Aidzava band bo‘lganligi uchun birinchi kun ko‘risholmadik. Shu boisdan bu taklif tasodifan mening chekimga tushgan edi. Shu yerda ham har doimgidek isnod keltiradigan ojizligim tutib ketdi: «Nahotki rad qilish mumkin bo‘lsa!» Vaholanki, bordi-yu, men hurmat qilgan kishi menga qandaydir iltimos bilan murojaat qilsa bas, shu zahotiyoq, rozilik bildiraman. Oqibatini o‘ylab ham o‘tirmayman. Bundan tashqari, men shoshqaloqlarcha biror qarorga kelgan bo‘lsam, aybimni yuvish uchun har qanday qiyinchilikka qaramay, hech shubhasiz, berilgan va’damning ustidan chiqaman.
O‘sha kuni men tarjima haqini ham, xizmat safari pulini ham oldim. Pulning bir qismini men Rossiyadan qaytgunimcha yashab turgin deb Elizaga berdim. U ertalab hakim huzurida bo‘lgan ekan, o‘zining odatiy kamqonligi sababli bunga ishonmagan bo‘lsa-da, hakim uning homiladorligini isbotlagan edi. Buning ustiga, teatrdan xabar keldi: Elizani ko‘pdan buyon teatrga bormaganligi uchun vazifasidan bo‘shatishgan edi. U bor-yug‘i bir oygina kasal bo‘lgan edi, bunday beshafqat qarorga kelganda boshqa sababni nazarda tutishgan bo‘lsa ajab emas.
Mening safarim Elizada g‘ayritabiiy xavotir uyg‘otgani yo‘q, u mening tuyg‘ularimning samimiyligiga mutlaqo shubhalanmasdi.
Temiryo‘l orqali mo‘ljallangan safar uncha uzoq emasdi, shuning uchun ko‘p narsa olish talab qilinmasdi. Ijaraga olingan qora kostyum-shimni, lug‘at va «Gota almanaxi»ning so‘nggi sonini joylashtirdim, xolos. Elizaning ahvolini inobatga olgan holda safarim sog‘lig‘iga ta’sir etishidan xavfsirab, uni barvaqt onasi bilan tanishlarinikiga borish ilojini qildim. O‘zim esa, xonadonning eshigini qulflab, kalitni kiraverishdagi etikdo‘zga berib qo‘ydim Xo‘sh, Rossiya safari haqida nima desam ekan? Tarjimon vazifasida daf’atan gunohlarga makon yerdan ajralib, bulutlar sari parvoz etibman. Vazirning mulozimlari bilan Peterburgga kelib, voqealar girdobiga sho‘ng‘ib ketibman. Saroyning hashamatli qiyofasi muzlar va qorlar saltanatiga ko‘chirilgan Parijga xos dabdabani eslatardi. Son-sanoqsiz shamlarning yog‘dusi zarrin pogonlar va yulduzlarning halqalarida charaqlardi. Jimjimador qilib yasatilgan kaminlar yonida o‘tirib olgan saroy xonimlari tashqaridagi izg‘irindan bexabarday, dabdabali yelpinishardi. Vazirning mulozimlari orasida frantsuz tilini birmuncha biladigan men ekanman, binobarin, mehmon va mezbonlarning o‘zaro suhbatini ta’minlashim uchun betinim nari-beri ivirsib yurishga to‘g‘ri keldi.
Elizani yodimdan chiqarmasdim. Ha, bordiyu, unutmoqchi bo‘lsam ham unutolmasdim, undan har kuni xat olardim! Uning yozishicha, men ketgan kuni yolg‘izlik va hasratdan forig‘ bo‘lish uchun kech tungacha tanishlarinikida o‘tiripti, uyga kelganida darmonsizlikdan to‘shakka ag‘darilipti va uxlab qolipti. Ertalab uyg‘onib, tushiga kirgan dahshatlarni o‘ylarkan, o‘rnidan turay deganda unga shunday g‘am-alam va sarosimadan voz kechish ham o‘rlapti. Uning birinchi maktubi umumiy tarzda shunday bitilgandi. Keyingi xatlari ham musibat alomatlari singari jaranglar, nuqul «oh-voh»dan boshlanardi.
«Oh, senga muhabbatimning teranligini endi tushunib yetibman! Sen vatanimda yaqin qarindoshim qolmadi deganding, shunday ekan, nega endi butunlay biznikiga ko‘chib kelishing mumkin emas ekan, payti kelib ahvolimiz yaxshilanar. Men senga shunday mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga intilardimki, sen o‘zingni bu yerda o‘z uyingdagidek his etarding. Bordi-yu, vataningga qaytishingga to‘g‘ri kelsa, onam va men sening ortingdan borardik. Lekin yo‘l pulini qayerdan olamiz? Ilgari xizmat ishlaring yurishib ketsa, shu yerda qolsak ham bo‘laveradi deb o‘ylardim. Ammo hozirgi, yigirma kunlik ayriliq shuni ko‘rsatdiki, sensiz hayot men uchun o‘ta mushkul ekan… Ahvolim atrofdagilarga ma’lum, onam bilan yolg‘iz qolish menga hecham mumkin emas, ikkalamiz bot-bot janjallashib kolamiz. U mening qat’iyatliligim oldida taslim bo‘ladi. Sen bilan men Sharqqa ketsak, onam o‘zining uzoq qarindoshlari yashaydigan Shtettin degan joyga ko‘chib ketish niyati bor. So‘nggi xatingda vazirning muhim ishlari bilan band ekanligingni yozibsan, shu yumushlaring bizga yo‘l puli yig‘ishga yordam berolmaydimi? Berlinga qaytishingga mushtoqu muntazirman».
Ushbu maktub birinchi bor meni yuz bergan vaziyat haqida jiddiy o‘ylashga majbur etdi. Mening dastlabki yengiltakligim zarracha bo‘lsin muruvvatga arzimaydi.
Men endi o‘zimning muammolarimni begonalar aralashuviga yo‘l qo‘ymasdan hal etishga qa’tiy qaror qildim. Ikkinchi darajali masalalar xususida rap borganda mustaqilo qarorga kelish qiyinchilik tug‘dirmasdi. Gap Eliza bilan mening o‘zaro munosabatlarimizga taqalganda bor jur’atim qayergadir g‘oyib bo‘lardi.
Shu asnoda vazir menga borgan sayin katta e’tibor bera boshladi. Axir hozir men uzoqni ko‘rolmaganim tufayli zarur ishlarni amalga oshirishdan nari o‘tolmasdim. Har bir soniya mening kelajagim uchun qanday ta’sir ko‘rsatishi xudoning o‘zigagina ayon, men uning xohish-irodasiga bo‘yin egishga qodirman, xolos. Elizaga bo‘lgan tuyg‘ularim sovib qoldimikan yo?
Meni birinchi bor vazirga tanishtirishganlarida uning ishonchini qozonish mushkul bo‘lsa kerak deb o‘ylagan edim. Lekin vaqt o‘tishi bilan men bunga erishdim. Aidzava «Yaponiyaga qaytgach, bizlar birga ishlaymiz» degan gapni bir necha bor takrorlagan edi. Bu vazir tuzgan rejaga ishora edimi, bilmasdim, nechog‘lik qalin do‘st bo‘lmaylik, lavozim axloqi yuzasidan Aidzava menga bu haqda ochig‘ini aytolmagandi. Men obdon o‘ylab olarkanman, o‘z-o‘zimga Aidzava mening Eliza bilan aloqani uzaman deb o‘ylamasdan bergan va’dam haqida vazirga aytdimikan, deya savol berdim.
Dastavval, endigina Germaniyaga qadam qo‘yganimda o‘z shaxsiyatimda qandaydir uyg‘onish his etganday bo‘ldim. O‘shanda men har qanday holda hech qachon begonalar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lmasligim kerak deya ont ichgandim. Ko‘rib turganingizdek bu oyoqlari bog‘langan, ammo qanot qoqish imkoni berilgan, o‘ziga bino qo‘ygan qushchaning holatini eslatardi. Shu bois bunday kishanlardan xalos bo‘lishga umidim yo‘q edi. Avvaliga departament boshlig‘ining, endi esa vazirning qo‘g‘irchog‘iga aylangan edim.
Vakolatxona bilan birgalikda amalga oshirilgan missiyamiz Yangi Yil arafasida nihoyasiga yetdi.
Vokzalda hamrohlarim bilan xayrlashib, izvoshga o‘tirib uyga jo‘nadim. Yangi yilda odatda berlinliklar uxlamaydi, kelgusi kun ertalab kamini to‘ldirishadi. Ko‘chalarda sukunat va izg‘irin hukmron, qotib qolgan qor yaraqlab turibdi. Izvosh Klostershtrassega burilib, kiraverish oldida to‘xtadi. Derazaning qanday ochilganini eshitdim, biroq uni izvoshda turib ko‘rib bo‘lmasdi. Izvoshchi safar xaltamni olib, yo‘lak tomon yo‘naldi. Shu on Eliza istiqbolimga yugurib chiqdi. U shodon qichqirarkan, hayratlangan izvoshchining ko‘z o‘ngida og‘ushimga tashlandi. U o‘zicha miyig‘ida to‘ng‘illab qo‘ydi, lekin nima deganini eshitmadim.
– Oh, nihoyat! Agar kelmaganingda naq o‘lardim!
Shu daqiqagacha men ikkilanib yurardim. Goho Yaponiyaga, goho muvaffaqiyatga bo‘lgan tashnalik sevgidan ustun tuyulardi. Lekin hozir uning meni o‘z og‘ushiga olishi barcha shubhalar tumanini tarqatib yubordi. Boshini yelkamga qo‘yib yig‘lardi, ko‘zlaridan quvonch yoshlari tirqirardi.
– Qaysi qavatga? – so‘radi izvoshchi zina orqali ko‘tarilarkan.
Eshik oldida bizni Elizaning onasi qarshi oldi, izvoshchi bilan hisoblashsin deya unga kumush tanga berdim. Eliza meni qo‘ltiqlab xonaga boshlab keldi. Ko‘zimga stol ustiga to‘shalgan oq mato tashlandi. Uni jilmayib ko‘rsatarkan, Eliza dedi:
– Ko‘rdingmi, qanday tayyorlanayapmiz!..
U qo‘liga bir bo‘lak matoni olganda uning yo‘rgak ekanligini
tushundim.
– Eh, naqadar baxtli ekanligimni tasavvur etolmaysan!
Bolamizning ko‘zlari senikidek qora bo‘ladi. Uning ko‘zlari senikidek bo‘lishini orzu qilaman. Kel, unga sening nomingni beraylik! Bu senga kulgili tuyulishi mumkin, albatta, ammo men sen bilan cherkovga boradigan o‘sha saodatli soniyani ko‘rishga mushtoqu muntazirman. – U jiqqa yosh ko‘zlarini menga qaratdi.
Safardan so‘ng dam olayotgan bo‘lsa kerak deb bir necha kun grafnikiga bormadim. Undan biror kun meni taklif qilgan maktub kelishini o‘ylab, hech qayerga jilmasdan uyda o‘tirardim. U meni ochiq chehra bilan kutib oldi, Rossiyada qilingan ishlar uchun tashakkur izhor etdi. Keyin tuyqusdan mendan o‘zi bilan birga Yaponiyaga qaytish istagim bormi-yo‘qligini so‘radi. Mening savodxonligimni maqtarkan, tillarni bilish favqulodda bebaho boylik ekanligini e’tirof etdi. Mening ko‘pdan buyon Germaniyada ekanligimni bilgan holda bu yerda muayyan majburiyatlarim bo‘lishi mumkinligidan xavfsirardi, lekin bunaqa to‘siqlarning mavjud emasligini Aidzava orqali bilib olgan ekan.
Uning rejalariga qarshi borishga mening qurbim yetmasdi. Meni titroq bosdi, biroq Aidzava aytgan narsani rad qilishga jur’atim yetmadi. Bunday imkoniyatni boy berish menga umrbod vatandan judo bo‘lishni anglatardi va ayni zamonda men uchun pok nomimni qaytarish imkoniyatiga baravar edi. Men bir daqiqa shu yerda, ulkan g‘arb poytaxtida odamlar girdobida o‘lishimni tasavvur qilib ko‘rdim. Bunday istiqboldan yuragim orqaga tortib ketdi. Ma’naviy tiynatimga xos barcha mulohazalar g‘oyib bo‘ldi. Men roziman deb yubordim.
Bu mening pastkashligim edi, albatta. Uyga qaytgach, Elizaga nima deyman? Grafning huzuridan chiqqanimda butun vujudimni allaqanday g‘ulg‘ula chulg‘adi. O‘y-xayollarim chuvalib, tundagiday yo‘ldan adashib, oyog‘imni zo‘rg‘a sudrab borayotgandim. Yaxshiyamki, izvoshchi ortimdan qichqirishga ulgurdi, aks holda, naq g‘ildiraklar tagida qolib ketardim. Qanday qilib, Tirgartenga kelib qolganimni, misli ko‘rilmagan darmonsizlik va bosh og‘rig‘i xuruj qilib, terdan jiqqa ho‘l bo‘lib, o‘rindiqqa cho‘kib uxlab qolganimni eslay olmayman. Men dahshatli sovuqdan uyg‘onib ketdim. Atrofga qorong‘ulik cho‘kkan, paltom va shlyapamni qalin qor bosgan edi.
Soat o‘n ikkini ko‘rsatmoqda edi. Moabit rayoni Klostershtrasse ko‘chasidagi ko‘nka1 yo‘lini qalin qor qoplagan edi.
Brandenburg darvozalari yonidagi gaz fonuslari ko‘chani xira yoritardi. Men o‘rnimdan turishga o‘rinib ko‘rdim, ammo oyoqlarim akashak bo‘lib turishga imkon bermasdi. Ularni obdon ishqalashga to‘g‘ri keldi.
Klostershtrassega qanday yetib kelganimni eslolmayman. Tun yarim kechadan o‘tgan edi. Jo‘kalar ko‘lankasidagi qahvaxona va oshxonalar ochilgan bo‘lsa kerak, ammo men hech narsani payqamasdim. Qilingan xiyonatni his etish men uchun dunyoni zulmatga cho‘mdirgan edi.
Eliza hali uyg‘oq edi, shekilli. To‘rtinchi qavatdagi chiroq tun osmoni manzarida yulduz misol charaqlardi. Men zinadan qariyb emaklab ko‘tarildim, oyoqlarim zirqirardi, oshxona orqali o‘tib, xona eshigini lang ochib yubordim. Eliza bolalar kiyimini tikish bilan ovora edi. Men uyga kirib kelganda u qiyqirib yubordi:
– Senga nima bo‘ldi? Aft-angoring abgor bo‘pti-ku!
Haqiqatan ham meni ko‘rgan kishi dahshatga tushadigan ahvolda edi! Uyga kelayotib, yo‘lda tinimsiz qoqilar va gandiraklab yiqilardim, shu bois usti-boshim loyga botgandi. Shlyapam yo‘qolgan, boshimda sochlarim hurpayib ketgandi.
Elizaga nimanidir tushuntirishga uringanim esimda. Oyog‘imda zo‘rg‘a turardim, yiqilmayin deya stolga yopishardim, lekin gandiraklab, yerga ag‘darildim.
Bir necha kun to‘shakka mixlanishga to‘g‘ri keldi. Alahsirab, goh u yonimga, goh bu yonimga ag‘darildim, Eliza yonimda, hech qayerga jilmay o‘tirardi.
Endi tuzala boshlaganimda Aidzava kelib qoldi. Men undan nimani pinhon tutayotganimni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Lekin vazirga faqat mening kasalligimni bildirgan edi.
Birinchi bor Elizaga iqror bo‘lgan holda qaraganimda uning chehrasida yuz bergan o‘zgarish meni hayratga solgan edi. Men kasal bo‘lib yotganimda xiyla holdan toygan, uyqusizlikdan ko‘zlari qizarib, kirtayib ketgandi, yuzida qon qolmagan edi. Aidzavaning yordami tufayli kundalik xarajatlar uchun pulga muhtoj emasdik, lekin uning yordamiga tayanish Elizani xunob qilardi.
Keyinchalik u menga so‘zlab berganidek, men o‘sha mash’um kecha vazirning taklifini qabul qilganligimni Elizaga yetkazgan ekan. U bu haqda unga aytganida rangi-quti uchib, o‘rindiqdan sakrab: «Mening Toyotaram, xiyonat qilishga qanday jur’at etolding?» deb xitob qilgan va behush yiqilgan. Aidzava va onasi uni karavotga yotqizishgan. Aidzavaning menga hikoya qilishicha, u bir muddatdan so‘ng o‘ziga kelib, nigohini uzoqlarga qadaganicha joyida qotib turgan. U faqat mening ismimni aytib qichqirar va la’natlarkan, sochlarini yular va ko‘rpani g‘ajir ekan. Ahyon-ahyonda o‘ziga kelib, nimalarnidir izlagan. U onasining qo‘lidan hech narsani olmagan. Faqat yo‘rgakni opichlab, uni yuziga bosib, yig‘larkan.
Elizaning jazavasi borgan sayin susaydi. Lekin ayni damda ong-shuuri uchqunlari yo‘qola bordi, uning aqli go‘daknikiga tenglashib qolgandi. Ko‘rikdan o‘tkazgan hakim, uning tuzalishi amrimahol, nogahoniy ta’sir natijasida ruhiy kasallikka yo‘liqqanligini e’tirof etdi. Hakim uni Daldorfdagi asab kasalliklari shifoxonasiga yotqizishni tavsiya etdi, lekin Eliza bunga tish-tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatar, faqat o‘sha yo‘rgakni ko‘kragiga bosib, qo‘llari bilan avaylab silarkan, o‘zini xotirjam his etardi. Men kasalga chalinib yotganimda u yonimdan jilgan emas, lekin harakatlari bejo, o‘zi besaranjom edi. Goho nimanidir sezganday «dori, dori …» deya g‘udranib qo‘yardi.
Men oradan ko‘p o‘tmay uzil-kesil tuzalib ketdim. Men «joni uzilgan» ayolni quchgan holda dard-alam ichra ho‘ngrab yig‘lardim. Vazir bilan Yaponiyaga qaytish oldidan Aidzavaning maslahati bilan Elizaning kundalik sarf-xarajati va aqldan ozgan badbaxt ayoldan tug‘iladigan bola uchun alohida miqdorda pul berib qo‘ydim.
Ha, Aidzava Kenkiti — kamdan-kam uchraydigan do‘st, ammo men hali hamon undan nafratlanaman.
Ruschadan Poshali Usmon tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 12-son