(Tahririyatga xat)
Hurmatli o‘rtoq muharrirlar va muhtaram harf teruvchilar! Ayollarlar uchun maxsus son nashr etayotganingizdan gazeta orqali xabar topib, mening kamtarona ovozimni ham qo‘shib qo‘yishingizni so‘rayman.
Bir oz suriling, muhtaram yozuvchilar! Menga ham kichkinagina joy ajrating-u, ayollar masalasi va teng huquqlilik xususida ma’lumot berishimga ijozat eting.
Bu qanaqasi, hurmatli o‘rtoqlar, ayollarning teng huquqliligi masalasi nima bo‘ladi? Bu jozibador shior nahotki unutilgan bo‘lsa? Darvoqe, nahotki undan nom-nishon qolmagan bo‘lsa?
Yaqindagina, o‘n sakkizinchi yili, katta zavq-shavq bilan tenglik haqidagi bu shior e’lon qilingan edi.
Lekin oradan besh yil ham o‘tmay, bu shior unutildi va tomoshabin oldida boshqacha manzara namoyon bo‘lmoqda. Qandaydir xonimcha bilan teatrga borasanmi yoki kinoga tushasanmi, teatr uchun ham, kino uchun ham kirish haqini to‘lab qo‘y. Agar xonimcha yoshgina singilchasini yetaklab olsa-chi, unda yosh singilchasi uchun ham cho‘ntak kavla. Yoshi bir joyga borib qolgan onasi ergashsa bormi, u kishi uchun ham pul chiqar, yaxshi yashayapsan-ku, axir. Darvoqe, garchi onaxonning ko‘zi xiralashib qolgan bo‘lsa-yu, hatto ko‘zoynak orqali ham hech nimani ko‘rmasa, unda, demak, pulim ko‘kka sovurildi, deya-ver.
Yoki masalan, xonimcha bilan tramvayga o‘tirding, deylik, chiptachiga tramvay uchun ham haq to‘lab qo‘y. Bir kishi uchun pul chiqarsang bormi, naq baloga qolasan va yig‘i-sig‘i hamda janjalga ro‘para bo‘lasan.
Bu qanaqasi, hurmatli o‘rtoq harf teruvchilar? Qanaqasiga bu teng huquqlilik bo‘lsin, axir? O‘z vaqtida qimmatli shior e’lon qilingan bo‘lsa-yu, kishi nima uchun azob-uqubat chekishi kerak?
Yana bir oz suriling, hurmatli va mo‘tabar yozuvchilar! Harflarni terish uchun sizlarni majbur qilayotganimdan jahlingiz chiqmasin, muhtaram harf teruvchilar, siz, ya’ni erkaklar uchun ham qayg‘urmoqdaman va harakat qilyapman, men sizga aytsam.
Xullasi kalom: o‘n sakkizinchi yili qimmatli shior e’lon qilingan edi, o‘n to‘qqizinchi yilda esa, paysalga solib o‘tirmay, shu shiorga mos keladigan umr yo‘ldoshini izlashga tushdim. Afsuski, bunday sohibjamolni topa olmadim.
Ba’zi xonimchalar shior ustidan shunchaki kulishar va bundayin shior ularga kerak emasligini aytishardi. Boshqalari esa, aksincha, aytishardiki, shior juda jozibali, lekin, nimasini aytasiz, ishga keladigan bo‘lsak – pulni cho‘zib qo‘y: kirish haqini ham to‘la, joy ham bo‘shat, obakidandon ham olib ber… Mana sizga shior!
Ikki yil axtardim va nihoyat, topdim.
Yana bir oz suriling, hurmatli yozuvchilar! Fabulani oxiriga yetkazishimga ijozat bering. Yirikroq harflar bilan tering, muhtaram harf teruvchilar.
Nima deyotgandim, ha, topdim. U bilan klubda tanishdim, o‘shanda u og‘zidan ko‘pik sochib ushbu shiorni himoya qilardi.
Albatta, bu xonimchani chiroyli deb bo‘lmasdi, lekin men uning tashqi ko‘rinishiga emas, balki ichkarisiga razm solardim.
Xonimchaning tashqi ko‘rinishi esa kamtarona edi – sochlari qirtishlab olingan va bir labi ozroq pastga osilib turar, bu esa uning yuziga ma’yuslik ifodasini berardi. Biroq yuz terisi qizil va sog‘-lom edi.
Yoniga kelganimda u og‘zidan ko‘pik sachratib, erkak kishi uning uchun pul sarflashiga hech qachon yo‘l qo‘ymasligini aytardi.
– Xonim, bu shunchaki gap, – deyman. – Kema cho‘ka boshlaganida xonimlar oldinga, erkaklar esa cho‘kaversin, suvga bo‘kib o‘lsin, shunday emasmi?
– Yo‘q, – deydi, – cho‘kishmi, birga cho‘kamiz.
– Unda, – deyman, – keling, tanishaylik.
Tanishdik. U bilan turli joylarga bordik. Haqiqatan ham o‘ziga haq to‘laydi va boshqa xonimlar haqida nafratlanib gapiradi.
U bilan ikki oy yurdim – axiyri rasman qo‘lini so‘radim.
– Ijozat eting, – deyman, – umr yo‘ldoshingiz bo‘lay. Siz, – deyman, – o‘zingiz uchun ishlaysiz, men – o‘zim uchun. Siz kirish haqini to‘laysiz, men ham o‘zim uchun to‘layman. Bu, – deyman, – juda jozibali va shiorga ham mos keladi.
U esa:
– Mayli. Faqat barcha to‘y xarajatlarini teng bo‘lamiz, – deydi.
– Marhamat, – deyman.
Shunday qilib, uylanib ham oldim, deng.
Yana bir oz suriling, muhtaram yozuvchilar! So‘zimni oxiriga yetkazyapman.
Shunday qilib, men may oyida uylandim. Iyun oyida esa rafiqamni turmushga chiqqan ayol sifatida ishdan bo‘shatishdi.
U esa uyga qaytib, kuladi, deng.
– Siz, – deydi, – mening erimmisiz, o‘zingiz boqasiz.
Uning ishxonasiga uchib bordim, ular esa eshitishni ham xohlashmaydi va shior xususida iljayishdan nariga o‘tishmaydi.
Hurmatli muharrirlar va muhtaram harf teruvchilar! Buyog‘i necha puldan tushdi? Men nima uchun aziyat chekishim kerak? Va endi qaysi gunohim uchun bu taviya bilan yashashim kerak?
Qimmatli shior qayoqda qoldi? Nahotki butkul unutilgan bo‘lsa?
Ruschadan Abduvohid Umr tarjimasi