Migeni. Chumchuqning halokati (hikoya)

Oxiri chumchuq ham dilgirlik kasaliga mubtalo bo‘ldi. Bu hech kimning xayoliga kelmagandi. Ammo-lekin uning o‘ziga ma’lum edi.
O‘sha chumchuq nazardan qolgan yurtda dunyoga keldi. Bahor fasli bu zaminda yam-yashil giyohlar, o‘t-o‘lan o‘rniga itqo‘noq, chaqirtikanak, daraxtlar o‘rniga daqqiyunus davridagi vahshiy hayvonlarning muguzlari o‘sib chiqar edi… Ayting-chi, tabiati mana shunaqa zaminda (tabiat deyishga odamning tili bormaydi-ya!) kim dilgirlik kasaliga yo‘liqmaydi?
O‘zingizga ma’lum, chumchuq degan parrandaga ko‘p narsa kerak emas, biroq tabiat chindanam – chindanam tili bormaydi kishining shunday deyishga – shu beozorgina, jimitday qushchalarga ana shu ozgina narsani ham ravo ko‘rmaganiga nima deysiz?!
Mendan, boyoqish chumchuq bu tomonlarga qayoqdan kelib qoldi, deb asti so‘ramang, bu xuddi odamzod nega koinotning aynan shu nuqtasida paydo bo‘lgan, deb so‘rash bilan barobar – axir biz hamma narsani bilavermaymiz-ku… Bilganlarimiz nari borsa taxmin va xomxayol.
Shuning uchun aytyapman-da: bu chumchuqvoy maysalar o‘rniga chaqirtikan, daraxtlar o‘rniga almisoqdan qolgan vahshiy darrandalarning muguzlari o‘sib chiqqan yurtda yashashga ko‘niksin.
Lekin kunlarning birida mana shu chumchuq shunaqa muguzda o‘tirgan ekan, chaqirtikanaklarga tikilaverish joniga tegibdi, muguzdan muguzga uchib o‘taverishdan bezor bo‘libdi. Oxiri alamiga chidayolmay, ko‘rmay ham, kuymay ham, degandek ko‘zlarini chirt yumib olibdi. Aloha… paq etib dilgirlik kasaliga yo‘liqqan qushga aylanib qopti. Dilgir odamni nima uchundir intelligent deb atash rasm bo‘lgan. Bundan chiqdi dilgir chumchuq ham intelligent bo‘ladi-da! Odamlarning tushunchasidagi intelligentlik xususiyati shu choqqacha bitta-yarimtasiga baxt keltirganini bilmayman… Mana shu tariqa muguz tepasida o‘tirgan shaydoyi dilgir chumchuq ko‘ngliga “lop” etib o‘zini o‘ldirish fikri kelgan. U donishmandlarga xos istehzo bilan tevarak-atrofga nazar tashlabdi, uning mitti ko‘zlarida qat’iy qaror ifodasi zuhur etib turardi. U uch-to‘rt bor chirqillabdi, so‘ng bir nafas o‘tgach, yana so‘nggi bor, xuddi bir nimani iltijo qilayotgandek zorlanib, uzoq chirqirabdi. Bamisli bu oxirgi iltijosi bilan qayg‘u-hasratlarini ifoda etmoqchi bo‘layotgandek… so‘ng, qanotlarini yoyib, birdan yuqoriga otilibdi va o‘sha yuksaklikdan o‘tkir va chayir chaqirtikanaklar ustiga o‘zini tashlabdiyu, to‘ppa-to‘g‘ri xanjar tig‘idek tikanga ko‘ksi bilan sanchilibdi.
Qisqasi, chumchuq chaqirtikanakka sanchilgancha turaveribdi. Uning behol va momiq qanotlari bilan ipakdek patlarini shamol yulqilab, sanchilib qolgan nashtar tegrasida parrakdek chir aylantirib o‘ynaydi. Shamolning kuchini bilasiz-ku!
“Bu bemaza voqeadan nima foyda?” – deya menga qichqiradi kimdir. O‘, qadrli soddadil kitobxon do‘stim! Biz yashayotgan dunyoda hayotiy, axloqiy va mahdudona bemazagarchilik kammi? Har qadamda yuz bermaydimi, yanglishmasam?! Ertakdan nima kutmoqchi bo‘layapsan? Hech kimga zarra qadar zarar keltirmaydigan allaqanday g‘ayritabiiy narsalar deb menga jahl bilan iddao qilishing shartmi?

ChUMChUQ ARMONLARI

…Shoxda o‘tirgan taqdiridan norozi, horg‘in chumchuq parranda zotini yaratayotganda bor san’atini ishga solmagan tabiatga nafrat bilan tikiladi. U bulbuldan hazar qiladi. Narsalarni ko‘r-ko‘rona yaratish oqibati mening azob-uqubatlarim sababchisidir, deb o‘ylaydi chumchuq va bu fikrdan ozgina yengil tortadi. Ongining teran qatlamlaridagi faylasuf uyg‘onmoqda. (Buning hech ajablanarli yeri yo‘q: o‘z taqdiridan norozi bo‘lish darajasiga yetgan jon borki, tom ma’nodagi faylasufga aylanmasligining iloji yo‘q.)
Aql-idrokining teranligidan hayratlanayotgan chumchuq bulbuldek xonish qila olmasligidan shunchalar norozi ediki, azbaroyi, o‘zini yaratgan tabiatga qarshi isyon ko‘tarishga ham tayyor edi! Biroq faylasuf chumchuq isyonkor chumchuqni yengishga qodir! Beholgina “chiq-chiriq” qilgancha u shoxdan uy peshtoqiga uchib o‘tadi. O‘sha yerdan turib orsiz faylasuf yayrab-yayrab sayraydi: “Chiq-chiriq, chiq-chiriq, chiq-chiriq”.
Chumchuqlar ongi rivojlanib, inson ongining hozirgi darajasiga yetmagunicha bu qush shunaqa betayin, g‘alati kayfiyatda million yil yashashi ham mumkin. Bu tomonlarda yashayotgan bashar farzandlari, ungacha o‘zaro nifoq, hasad (chumchuqning bulbulga bo‘lgan hasadiga o‘xshash) va ichiqoralik illatlaridan xalos bo‘larsiz balki, million yil binoyidek muddat… Nima dedingiz? To‘g‘ri, abadiyat oldida bu million yil nima degan gap?!.

PAShShA

Yuli kap-katta bo‘lib qoldi endi, unga pashsha o‘ldiraman deb xonama-xona yugurib-elish yarashmaydi. Birov ko‘rsa, esini yeb qo‘yibdi, deyishi turgan gap. Yaramas qo‘shnilar shuni kutib yurishibdi, shartta cherkovga topshirib yuborishadi. Esimdan chiqmaydi sira, uchinchi sinfda o‘qiyotgan mahal, muallima erta ko‘klamda bitta pashshani o‘ldirsang yozgacha o‘shandan tarqaladigan mingta zararkunandaning oldini olasan, degandi. Bitta o‘quvchi bola – u sinfda hammamizdan katta edi – muallimadan qanaqasini, erkaginimi urg‘ochisinimi, deb savol berganida boyoqish nima deyishini bilmay, tili kalimaga kelmay qolgan va oxiri ajratib o‘tirmasdan hammasini qirish kerak degan edi arang. O‘sha bahor stol, stul, devor, quti va javonlarga pashsha urgichlarning shaqillab urilishi bilan o‘tgandi: muallimaning topshirig‘i bilan bolalar pashshalarga qarshi urush e’lon qilishgandi. Har bir o‘quvchi ertalab maktabga kelganidan boshlanardi maqtanchoqlik: qayerda, nechta, qanday qilib o‘ldirganini aytib charchamasdi. O‘sha qirg‘in-barot “jang”larda qatnashgan Yuli boshqa “jangchi”lardan sira farq qilmasdi. Sinfdagi bolalardan faqat bittasi talofat ko‘rgandi: u pashshani o‘ldirishga o‘ldirgandiyu, lekin bilmasdan stakanni tushirib yuborgani uchun bir shapaloq yegandi.
Oromkursida kitob o‘qib o‘tirgan Yuli boshini ko‘tarib shiftda g‘ing‘illab uchayotgan pashshani kuzatadi, bir paytlardagidek sakrab turib uning ortidan yugurishdan o‘zini arang tiyadi. Nihoyat, u ko‘nglida jo‘sh urayotgan yovvoyi istakni butunlay yengadiyu, o‘zini qo‘lga olib, pashsha haqida do‘stona hayrixohlik bilan mulohaza yurita boshlaydi.
– Uni yoz faslining elchisi deb atayman bundan buyon, – deya xayolidan o‘tkazadi u, – vaholanki, ko‘klam xabarchisini haligacha ko‘rganim yo‘q. Hay, mayli, bo‘pti, bilaman. Qaldirg‘och bor-ku… Qiziq, mana shu pashsha qayerlardan uchib kelgan ekan-a?! E, shu yaqin atrofda go‘ng uyumi bo‘lsa kerak.
Qo‘shnilarining hovlisida kecha go‘ng to‘plab qo‘yilgani esiga tushdi.
– Ha, albatta, pashsha jon qo‘shnimizning hovlisidan uchib chiqqan.
Yuli pashshani ilk bor xayrixohlik bilan kuzatdi, deraza pardalarining tepasida uchayotgan hasharot unga yoqa boshladi. Pashsha, go‘ng uyumi, dilbar qo‘shni, bahor oqshomidagi shafaq – hammasi may oyidagi shahar hayotining tantanavor ohanglari bag‘riga singib ketdi.
Ammo tuyqus pashsha yuksak tog‘lardek tuyulayotgan shiftdan pastlay boshladiyu, Yulining nafasi ichiga tushib ketdi. To‘g‘ri qahvaga kelib tushsa-ya! U qahvaga qo‘shib pashshani ham ichib yuborayotganini ko‘z oldiga keltirib zardasi qaynadi. Pashshani yomon ko‘rib ketdi. Birpasda ta’bi tirriq bo‘lib odatdagidek fe’li aynidi. “Kimga kerak bu pashsha?.. Yorug‘ olamga kelib nima qilishi mumkin – hech narsa, – deya fikr yuritadi u. – Agar ular bo‘lmaganda edi, maktab o‘quvchilari bilan ustaning ishsiz qolgan shogirdlari bironta foydali ish bilan shug‘ullanishgan bo‘lardi… Shopengauer “Baxt – qiyinchilik va uqubatlardan qisqa muddatga bo‘lsin qutulmoq”, demaganmi… Jilla qursa ta’sirchan odamlarning ko‘ngli uchun Xudo shu pashshani yaratmasa edi. Mo‘r-malaxligini ayting yana! Chippa yopishib olsa – tamom, to shapaloqlab basharangga tushirmaguningcha ketmaydi. Xira, shilqim.
Pashsha – pashsha-da, maqsadiga erishish uchun boshqalarga xalal berayotgani bilan mutlaqo ishi yo‘q. Anovini qarang, qahva tepasida yerosti boyliklarini izlovchidek aylanishini-chi!.. Pashshalardan odamlarni xalos qiluvchilar qay go‘rga ketdi? Axir maosh olishadi-ku bunga! Deputatlar qayoqqa qarayapti? Shaharlarimizdagi yagona diqqatga sazovor narsa bo‘lib qoldi-ku pashshalar. Darhaqiqat, chet elliklarning tomosha qilishiga arziydi…”
Bu taxlit fikr-mulohazalardan Yulining asabi buziladi, beixtiyor qahva piyolasi uzra “shap” etib qo‘li bilan hamla qiladi, kaftini ohista ochadi: yo‘q, tutolmabdi, qani yana bir marta – o‘ppa! Daf’atan, shu lahzada ostonada pashshalarga urush ochilgan paytdagi sobiq safdoshi, hozir dorilfununda o‘qiydigan kursdoshi ko‘rinadi.
– Nima qilayapsan, Yuli? Pashsha tutayapsanmi?
– Hech nima qilayotganim yo‘q. Shunday, o‘zim o‘tiribman. Nima uchun yashayapmiz o‘zi, deb o‘ylayapman, – javob qiladi Yuli odati bo‘yicha.

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 11-son