Loyga tushib ketib, kiyimlaringni iflos qilsang hechqisi yo‘q, tozalashga bersang, dog‘-dug‘larini ketkazib chinni-chiroqdek qilib berishadi. Ammo lekin erkaklik hamiyatingga dog‘ tushmagan bo‘lsa bas u yaramasni na yuvib bo‘ladi, na qirtishlab bo‘ladi, o‘zingni qaynab turgan qozonga otsang ham foyda yo‘q. E’tirof etishim kerakki, hamma ayb o‘zimda, chunki avval boshdanoq qizchaga kanadek yopishib oldimda. To‘g‘ri, akasi qanday odam ekanligini eshitganimdan keyin, o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qoldim. Lekin g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgandi. Kunlardan bir kuni biz u bilan qorong‘i go‘shada quchoqlashib, o‘pishib turgandik, qizning o‘ziyam xuddi zulukdek labimga yopishib olgandida, birdan: «Voy o‘lay, akam kelayotganga o‘xshaydi!» deb shivirlasa bo‘ladimi. Shunda bir tuyog‘imni shiqillatib qoldimku! Ishqilib, xudoning o‘zi asrasin, deb o‘ylayman. Singlisi bilan aylanishib qolganimni ko‘rsami ko‘rishi ham gapmi! hatto gumonsirasa ham ishim pachava. Holimga maymunlar yig‘lashi turgan gap. Oyog‘imni qo‘lga olgancha qochib keta turib, orqamdan:
— To‘xta! Hoy, vijdonsiz, hayvon!—degan ovozni eshitdim.
Oyog‘im o‘z-o‘zidan yurishdan to‘xtadi qoldi. Xuddi qoqqan qoziqdek, orqamga qarashga ham yuragim betlamay turardim. «Qoch, qochib qolsangchi, yigitcha, deb o‘zimni-o‘zim shoshirdim, kelyapti u, kelyapti». Lekin oyoqlarim joyidan jilmasdi. Qadamlar yaqinlashayotganini eshitib turibman. Ular yaqinlashgan sari jonim tovonimga tushib borardi. Lekin biron-bir narsa qilishga ojiz edim.
— Qani, bu yoqqa qarab, turq-tarovatingni ko‘rsatchi!
Qayrilsam o‘sha! Qo‘llari cho‘ntagida. Xuddi qo‘ng‘izni oyog‘i bilan ezg‘ilashdan oldin yaxshilab ko‘rib olmeqchi bo‘lgandek, boshdan-oyog‘imgacha sinchiklab ko‘zdan kechirib chiqdi. U baqrayib qarab turardi, mening esa qo‘rqqanimdan o‘takam yorilay derdi. «To‘g‘ri tur,— deya uqtirardim o‘zimga-o‘zim,— chumchuq pir etsa, yuraging shir etmasin!» Lekin bari foydasiz edi.
— Isming nima, kallavaram?
— Ahmad.
— Xuddi o‘zi.
— Hecham unday emasda, og‘ajon. Men siz o‘ylagan
Ahmad emasman!
— Uchir ovozingni!— dedi u.— Singlimni yo‘ldan
urgan palid sen ekansanda.
Shundagina qizcha qandaydir Xurshid, Qizil yuz Faruk, Muzaffar Jingalak hamda Rifat Ayiq haqida gapirgani esimga tushib qoldi. Uz oyog‘imdan ilib o‘tiribmana, o‘shalardan birortasining otini aytib, suvdan quruq chiqib ketish lozim edi.
— Yo‘q, men men emas, og‘ajon.
— Sen, eshaksan! Shunday qilib, ona suti og‘zidan ketmaganligini ham nazarda tutmagansan? Hozir dabdalangni chiqarmasam yurgan ekanman! Bir tepsam, Salanjakdan to‘ppa-to‘g‘ri dengizga uchib ketasan, mishiqi.
— Qo‘lingdan keladi, og‘ajon. Uchib ketishim turgan gap, og‘ajon. Seni deb o‘limga tik qarashga ham roziman, faqat.
— Uchir ovozingni! Ortimdan yur!
— Rahm qiling, axir, men o‘z yo‘lim bilan uyga ketyapman, og‘ajon. Agar kechikkuday bo‘lsam uydagilar xavotirlanishadi.
— Hechqisi yo‘q, xavotirlanaverishsin!
Qisqasi, uning ortidan ergashdim. Xiyobonga, undan so‘ng parkka chiqdik. Agar u meni dabdala qilish niyatida bo‘lsa, shahar boshqarmasi oldidan olib o‘tib yurmasdi, deb o‘ylayman o‘zimcha. Usha yerning o‘zidayoq, ya’ni tutib olgan joyida surobimni to‘g‘rilab qo‘ya qolardi. Darvoqe, boshga tushganni ko‘z ko‘rar, deb o‘ylayman. U miq etmasdi, men ham yurak yutib bir nima demasdim. Maktabda yuz metrga yugurishda birinchi edim. Payt poylab turib, bir qochib beraman, shamolni daladan top, deyaver. Tutishga tutolmaydiku, lekin ish pachava bo‘ladida. Keyin payimga tushishi aniq. Qahvaxonaga bosh suqolmaysan. Qahvaxonasiz mening ham holim xarob, deyavering. Qari otam beradigan sarmoya yarim oyga ham yetmaydi, u yog‘iga o‘zim qarta o‘ynab topishim kerak. Mayli, deb o‘ylayman, nima bo‘lsa bo‘ldi, ishqilib, tezroq bu azob-uqubatdan qutulsam bo‘lgani. O‘limni kutish o‘limning o‘zidan ham dahshatliroq ekanligi ma’lumku.
Parkka yaqinlashdik, kirarmikin, deb o‘ylovdim, yo‘q, kirmadi. Yo‘lni Tunusbog‘i tomon burdi. Mana, Tunusbog‘ini ham ortda qoldirib, —voh, ona-jon!—to‘g‘ri qabristonga yo‘l boshladi! Xuddi buzoqday bo‘g‘izlaydi, biror tirik zot eshitmaydi. U devor tagidan, qo‘sh fonus o‘rtasidan qorong‘iroq joy topdida, yana menga tikilib qoldi.
— Erkakmisan?
— Soyayi davlatlarida, og‘ajon!
— Sen erkak emassan, haromi! Erkaklar andishali odamlarning singlisiga ilakishib yurmaydi. Nomusli qizlarni sharmanda qilmaydi.
— Olloning rahmi kelsin, nahotki, men, og‘ajon. Men hech kimning singlisiga osilmaganman. Hatto chumoliga ham ozor bermayman-ku.
Og‘aynilarim gapga chechanligimni yaxshi bilishadi. Lavashangroq odamlarni boplab qo‘lga tushiraman, keyinchalik, ko‘zlari moshdek ochilgandan keyin boshimdan suv o‘girnb ichishadi. Qarasam, la’natining qo‘llari avvalgidek cho‘ntagida. Ulardan birini chiqarishi Turgan gap. Faqat qaysi birini? O‘nginimi? Chapinimi? Chiqarishga chiqaradi-yu, lekin qachon? Jonim tovonimga tushib ketdi. Pichoqni ko‘riboq juftakni rostlab qolmaslik uchun ham, otning kallasidek yurak kerak.
— Seni Betyul bilan Kadikida kinoda, keyin, Anadoluxisarada avtobusda ko‘rishibdi-ku.
— Kim ko‘ribdi, og‘ajon? Hammasi yolg‘on, aldasam til tortmay o‘lay.
— Birovlarni yolg‘onchiga chiqaradigan bo‘lsang, miyangdan darcha ochib qo‘yaman, unda dodingni xudoga aytaverasan!— dedi u jahl bilan.
— Men aytmoqchiydimki, og‘ajon, kim ko‘rgan bo‘lsa Ham adashtirganga o‘xshaydi, xudo haqqi, rost aytyapman, na Kadikida, na Anadoluxisarada bo‘lmaganmiz, kinoga ham bormaganmiz.
— Uzingga o‘xshagan akangmi, ukangmi bormi?
— Yo‘q, og‘ajon,— deb javob qildimu, o‘zim boshimni egib oldim.— Ota-onamning yakkayu-yolg‘iziman. Mana, uyga ham kechikdim.
— Mishiqi! Xotinlarga o‘xshab titrab-qaqshashiga o‘laymi, uyga kechikkanmish! Mendan ham qo‘rqmaysanmi? Mening kimligimni eshitmagan ko‘rinasan, itvachcha?
— Eshitmay o‘libmanmi! Allaqachon eshitganman, og‘ajon. Aytishlaricha, yaqinda— xudo qo‘lingni doim baland qilsin—tekinga vino berishni xohlamagan boqqolning boshiga butilka bilan boplab tushiribsan. Qahvaxonada aytishlaricha, boqqol qo‘rqib ketganidan uchastkada hamma aybni o‘z bo‘yniga olibdi. Hech qanday da’voim yo‘q, o‘zim aybdorman, uni yomon so‘zlar bilan so‘kkandim, debdi. Bizning bolalar:
«Agar biz shunaqa qiladigan bo‘lsak, uchastkada kunimizni ko‘rsatib qo‘ygan bo‘lishardi», deyishyapti. Qahvaxonadayam, Rifat Ayiqdan ham shunaqa deb eshitdim.
Bu maqtovlarni eshitib, u bir oz yumshaganday bo‘ldi.
— Bilsang, nima jin urib singlimni boshini aylantirib yuribsan, haromi? U bilan ko‘chama-ko‘cha sanqib yurganmishsan, hali qizni badnom qilmoqchimisan? Men uni tamaki fabrikasidan chiqarib oldim, xo‘sh, nima uchun? Unga ilakishishyapti! Bitta-yarimta itvachchani ichak-chovog‘ini boshiga salla qilishga to‘g‘ri keladi shekilli, unda javobgar bo‘lishdan boshqa gap yo‘q.
— Lekin men, og‘a, unaqa yigitlardan emasman, to‘g‘risini aytishim kerak. Bizning ahdimiz qat’iy.
Tilimga kelgan gapni valdirayverdim. Endi uning javob qilish gali edi, vaqtdan yutish uchun, yolg‘on-yashiqni to‘qiyverdim.
— Xudo xohlasa, litseyni eson-omon tugatib olsam, biz turmush quramiz, og‘a. Shunga ahdlashganmiz. U rozi, men ham. Ulay agar!
— Aldamayapsanmi?
Aftidan, ilgarigi shahdidan qaytganga o‘xshaydi, gardanini qashib qo‘ydi.
— Aldab o‘libmanmi,— dedim,
— nima deb o‘ylovding? Axir, sening qanaqaligingni bilaman-ku!
— Yoshing nechada?
— Litseyning ikkinchi sinfidaman, mening bo‘yimga qarab baho bermang, o‘n sakkizga kirganman, og‘a.
U yana gardanini qashib qo‘ydi.
— Nima ham derdim, agar gap shunday bo‘lsa, unda roziman.
To‘g‘risini aytsam, bu to‘nkadan xamirdan qil sug‘urganday qutulish yetti uxlab tushimga kirmovdi. Agar uning o‘rnida Muzaffar Jingalak bo‘lganda qarmoqqa ilinmasdi, quruq va’dalarga quloq solib o‘tirmasdi. Bu kallavaramga esa faqat bo‘yinturuq yetishmadi xolos: bo‘yniga bog‘la-yu, xohlagan tarafingga boshlayver. Shunaqa gaplar! U qanday qilib bozorga soliq solish yo‘lini topdiykin?!
Yuragim joyiga tushib, nafasimni rostlab oldim. Unga qasdma-qasdiga qo‘limni cho‘ntagimga tiqdim. Keyin lofni urib ketdim:
— Eshitganmisan yo‘qmi, bunisi menga qorong‘i, og‘a, otam kiyim-kechak tozalovchi. Har yili yozda. men uning qo‘lida ishlayman. Agar astoydil harakat qilsam, yaxshigina master bo‘lishim.mumkin. Faqat litseyni tugatib olsam bo‘lgani.
— O‘qishing qachon tugaydi?
— Agar omon-esonlik bo‘lsa ikki yildan keyin, og‘a.
— Agar master bo‘ladigan siyoqing bo‘lsa, o‘qish senga chikora, tirmizak?
Men tupugimni yutdim.
— Bilasanmi, chamalab ko‘rsam, bu ishda kosam oqaradigan emas. Shuning uchun amaldor bo‘lishga qaror qildim.
Til meniki, deb gapiraverdim. U shu zahoti gapimni bo‘ldi.
— Bo‘lmag‘ur gaplarni qo‘y, tirmizak! Masterovoy bo‘lishga ahd qildingmi, masterovoy bo‘lasanda Amaldor bo‘lsang, sendan nima foyda? Tinchgina ustaxonangga borib, otang bilan ishlayver, bizni ham unutma!
Ko‘ngillari yana nimani tusarkin. Axir, bu qipqizil o‘g‘irlikning o‘zginasi-ku! Xap, sanimi, deb o‘yladim
— Bajonidil,— dedim.
— Men mardona so‘zni hurmatlayman. Agar sen mard bo‘lsang, so‘z berdingmi, uddasidan chiq. Litseyingni yig‘ishtirib, tezroq to‘yni qil. Bir oy muhlat beraman!
Po‘pisa qilayotganga o‘xshaydi-yu, lekin ovozi hamda ko‘z qarashida jiddiylik yo‘q.
— Bajonidil, og‘a- So‘zlaringizni yuragimga jo qildim
— Yuragingga jo qilasanmi yoki boshqa joyinggami bu sening ishing,— dedi u. Endi jo‘nab qol, qorangni ham ko‘rmay!
Osongina qutuldim shekilli To‘g‘rirog‘i, o‘zimcha, oson qutuldim deb o‘yladim Ertasiga kechqurun chol qovog‘idan qor yog‘ib keldi. Menga dam-badam qarab qo‘ygancha, boshini chayqab, olloga iltijo qilardi. Hammasi tushunarli. Ovqatlanib bo‘lganimizdan keyin yorildi.
— Nima gunoh qildim, dada?—deb so‘radim
— Yana nima qildim deydi-ya, padar la’nati! Birovning qizini yo‘ldan uribsan-ku. O‘g‘lim har xil tayin-taxsiri yo‘q, qalang‘i-qasang‘ilar bilan ilakishmasin, bizga o‘xshab har bir boshliqning oldida yetti bukilib yaltoqlanmasin deb, o‘qitib odam qilmoqchiydim U bo‘lsa izzatiga tupurib o‘tiribdi— Keyin kampiriga o‘girildi:—Men senga kaltaklab turmasang, odam bo‘lmaydi, degandimku Sen doim uning yonini olganing-olgan edi? Ana endi befahm eshakka aylanibdi-qo‘yibdi, urganing-so‘kkaning bilan bir mirilik foydasi yo‘q. Hammasi tamom! Uning akasi, manman degan shpana bugun ustaxonaga keldi Men biron buyurtmachi bo‘lsa kerak deb o‘ylab, izzat-ikrom bilan kutib oldim U bo‘lsa menga: «Mana shunaqa gaplar, otaxon, yo qizga yaxshilikcha uylansin, yoki do‘koningdan umidingni uzaver»,—dedi. Naq giribonimdan tutdi. Unga nima? Aytganini qilmay qo‘ymaydi. Politsiya uning mushugini pisht deyolmaydi-ku, menga yo‘l bo‘lsin.
O‘shandan beri qari tullak men tomonga qiyo ham boqmaydi, hatto gaplashmay qo‘ydi. Puldan ham siqa boshladi: qizni yedirib-ichiradigan ahmog‘ing yo‘q. Aksiga, qartada ham omadim chopmasdi. Buni qarang-a, qartalarga xol qo‘yib belgili qilib qo‘yilgan bo‘lsayam bari bir pand beradi! Yugurdakka: «Og‘ayni, ishim yurishmayapti, ish pachava, ozgina qarashvor!»—dedim-yigitcha moyanasidan tikdi. Bir marta, ikki marta qarz berdi, axir qachongacha bu hol davom etishi mumkin?! Bu orada qizning akasi bergan muhlat ham oxirlab qolgandi. Kunlardan bir kuni u ko‘chada giribonimdan bo‘g‘ib oldi. «Uylayapman»,— dedim jon holatda. Bu so‘zni aytishga ulgurmasimdanoq shunaqangi surobimni to‘g‘riladiki, keyinchalik oynaga qarab o‘zimni-o‘zim taniyolmay qoldim Mirshabxonaga sudradim, lekin guvohlarimiz yo‘qligi uchun hech ish chiqarolmay, ikki qo‘limni burnimga tiqib qolaverdim. Bir necha kundan keyin cholning ustaxonasidagi hamma oynalarni sindirib ketishdi. Kim? Qani topib ko‘r-chi! Katta komissar uni chaqirib, mening oldimda so‘roq qildi. U bo‘lsa yettita hamshishasini guvohlikka chaqirdi, ular uning kun bo‘yi Beshiktoshda bo‘lganligiga qasam ichishdi. U yana suvdan quruq chiqib ketdiyu
Avvallari, qahvaxonadagi qarta o‘yini tugashi bilan qizcha hoziru nozir bo‘lardi, keyin biz yarim soatcha biron-bir devor tagida sevgi nashidasini surardik. Hatto chaqirmasam ham, o‘zi kelaverardi Endi bo‘lsa akasidan qo‘rqqanidan qorasini ham ko‘rsatmay qo‘ydi, men bo‘lsam ahmoq bo‘lib qaqqayib turib-turib ketaman.
Qari tullak esa butunlay ishini tashlab qo‘ydi, qora xayollarga berilib o‘tirar, ora-chora menga xuddi tirik odam emas, murdaga qaraganday qarab qo‘yardi. Keyin kampir bilan shivirlashib oldida, go‘yo tobut ustida sura o‘qiyotgandek:
— Uylanishingga to‘g‘ri keladi, boshqa iloji yo‘q,— dedi.— Lekin o‘qishni tashlamaysan. Seni odam qilishga ahd qildimmi, qilaman! Qizni uyga olib kelamiz, biz unga qarab turamiz. Taqdiri azalda yozilganidan qochib qutulolmaysan!—deya qayg‘uli xo‘rsindida, qo‘shib qo‘ydi:—Peshana ekan-da!
Men qarshilik qilgan bo‘lib, Et’emza kvartalida yashaydigan amakimnikida yashirinib tursam bo‘ladi, dedim. Shu vaqt onam sensiz menga hayot yo‘q, deb sarkashlik qilib qoldi. Darvoqe, shuni aytishim kerakki, men ham usiz kun kechirolmayman. Bechoragina, meni ta’minlash uchun ba’zi-ba’zida cholning cho‘ntagiga tushib turardi.
Olishuvimizdan uch hafta, ustaxonaning oynasini sindirib ketishganiga ikki hafta o‘tganidan keyich Betyul bilan to‘yimiz bo‘ldi. To‘yni biznikida, kamtarona, o‘zimiznikilar orasida qildik Qari tullak xalfasi bilan shogirdini chaqirdi, mening ikki-uch og‘aynilarim bo‘ldi. Kelinning akasi esa ichkilikboz hamda tomteshar sheriklarini boshlab keldi. To‘yda bir-ikkita ayollarni demasa, nuqul erkaklar yig‘ilishdi. U gurziday mushti bilan yelkamga bir tushirdi-da:
— Erkak bilan erkakdek, erkakchasiga bu ishni to‘g‘riladik,— dedi.— Yashavor
Shunda men o‘zimni tutib turolmadim-da, hechdan ko‘ra kech, deganlaridek, kimligimni ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldim:
— Sen bu ishni tashla — chapak chalib bo‘lding. Tilingni tiy!— Javob unga yoqib tushdi. Ayniqsa, «tiy» so‘zini ishlatganim.
— Mard yigitsan, qo‘lingni ber, o‘pib qo‘y!
— Nari tur! Yana bir gap: sheriklaringga ayt, qoralarini ko‘rsatmasinlar.
— Buyrug‘ing bosh ustiga, kuyovjon!
— Aroq ichishni bas qilinglar!
— Rosayam dovyurak yigitsanda, kuyov Aytganing bajo keltiriladi!
Uning bo‘yiga tenglashish uchun hatto oyoq uchida turdimda, shishib ketgan basharasiga tik qarab:
— Bemaza qiliqlaringni yig‘ishtir, o‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini olishni bas qil!— dedim.— Oilamizning nomus va obro‘-e’tiborini saqlamoq kerak. Mening xotinim, ya’ni sening singlingning ham izzat-nafsi bor. Ichkilikka pulni har hafta ustaxonada olasan.
Men qovog‘imdan qor yog‘ib, u bo‘lsa qo‘yday yuvosh tortib turardi. Albatta, boshqa vaqt bo‘lganda, kulimni ko‘kka sovurgan bo‘lardi-ya. Mehmonlar ham uning qo‘yday yuvosh tortib qolganiga qarab og‘izlarini ochgancha hayratlanishardi.
— Eshitaman, kuyov,—dedi u,— sen rostdanam dovyurak ekansan!
Mehmonlar dong qotgancha bizga ko‘zlarini paxtasini chiqarib tikilib qolishdi.
Ana o‘sha kundan keyin meni Ahmad Dovyurak, deb atay boshlashdi. Uskyudarga kelib, kiyim tozalovchi Ahmadni so‘rasang — hech kim bilmaydi. Ahmad Dovyurakni so‘rasang —hatto uch yoshli mishiqi ham mening oldimga boshlab boradi.
Hikoyat Mahmudova tarjimasi