Do‘stim ikkimiz Nyu-York yaqinidagi Salomanka bekatiga sal kechikib yetib keldik. Bekat sahnida yo‘lov-chilar g‘uj-g‘uj, odamga liq to‘la poyezdga chiqib olish uchun yelib-yugurishardi.
«Mendek mashhur yozuvchini ham shunday qisishadimi odamlar», deya o‘ylab, kassaga zo‘rg‘a yaqinlashdim. Chip-tafurush yigitdan xos vagonga ikkita chipta so‘radim. U: «Chipta yo‘q», deb, tuynukni qarsillatib yopdi. Qo‘yarmidim, bekat boshlig‘ini topib, undan xos vagondan joy olib berishni iltimos qildim.
— Joy yo‘q! Meni bezovta qilmang!—U orqasiga o‘girildi. Bu qilig‘i kaminaga og‘ir botdi.
— Men bilan bu ohangda gaplashishlariga sabab shuki,— dedim do‘stimga o‘zimni oqlamoqchi bo‘lib,— ular meni tanishmayapti. Tanimasni esa siylamas deydilar. Agar Mark Tvenligimni bilishganida…
— Tushingni suvga ayt,— dedi do‘stim gapimni bo‘lib.— O‘ylaysanki, agar ular kimligingni bilishsa, poyezddan senga yo‘q joyni topib berishadi.
Do‘stimning so‘zlari o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi. Yana o‘sha boshliq huzuriga kirdim va o‘zimni tanishtirdim:
— Men — Mark Tven…
— Sizga aytdim-ku,— deya gapimni bo‘ldi u,— boshqa bezovta qilmang!
Boshliq yana orqasiga o‘tirildi. Najot kutib atrofga qaradim va bir hammol meni kuzatib turganini sezdim. U vagon og‘asining qulog‘iga nimadir deb shivirlardi. Vagon og‘asi hovliqib menga yaqinlashdi.
— Yaxshimisiz? — dedi u takalluf bilan.
— Poyezdga chiqmoqchimisiz?
— Ha,— dedim xursand bo‘lib.— Lekin joy masalasi…
— E, u masala ham, o‘ziyam zo‘ridan. Tom, buyoqqa kel,— deya hammolni chaqirdi u.
— Bu kishining jomadonlarini bizning vagonga olib bor. Qani, ketdik.
Tom bizni xos bo‘lmaga joylashtirib, dedi:
— Agar xizmat bo‘lsa, bemalol.
— Xo‘-o‘sh, chiroq xira ekan, shuni boshqasiga almashtirsang,— dedim.
— Bir og‘iz so‘zingiz,— dedi hammol ta’zim bilan. Hammol chiqib ketgach, men hamrohimga g‘o‘daydim:
— Xo‘sh, do‘stim, endi nima deysan? Mening Mark Tvenligimni bilgach, ularning muomalasi o‘zgardimi, a? Mark Tvenning obro‘yini ko‘rib qo‘y!
Shunday deyishim bilan bo‘lma eshigi oldida hammol paydo bo‘ldi.
— Bilasizmi,— dedi u yaltoqlanib,— ko‘chadayoq ko‘-zimga issiq ko‘ringandingiz, janob Makkellan.
— Hm…— dedim yerga qarab.
Hammol kaminaning qo‘lidan tangani oldi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
— U seni Nyu-York hokimi janob Makkellan deb o‘yladi, shekilli,— dedi do‘stim qotib-qotib kular-kan.— «Ko‘chadayoq ko‘zimga issiq ko‘ringandingiz, janob Makkellan». Xo-xo-xo!..
Ingliz tilidan O‘roq Ravshanov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 6-son