Mark Tven. Shlyapadagi sariyog‘ (hikoya)

Qish oqshomlaridan biri edi. Qishloq mag‘ozasi mudiri do‘konini bekitmoqchi bo‘ldi. Derazalarni yopayotib ichkarida yurgan odamga ko‘zi tushdi. U shkafdan bir funtcha sariyog‘ oldida, shlyapasiga soldi. «Bir boplayki, o‘g‘irlik qilganiga pushaymon bo‘lsin», deya ahd qildi mudir.
— Ha, Set?— dedi u eshikni ochib.
Set eshik tutqichini ushlab, tashqariga chiqishga shaylanib turardi.
— Qani, mundoq o‘tir-chi, borasan-da uyingga. Shunday sovuqda issiq xonaga ne yetsin.
Set nima qilishini bilmay qoldi. Juftakni rostlamoqchi bo‘lgandi, mudir yelkasidan tutib, pechka yoniga — yog‘ solingan bo‘chkalar orasiga o‘tqizib qo‘ydi.
— Xo‘-o‘sh, endi do‘konni ozgina isitamiz,— dedi u va pechkaning eshikchasini ochib, tarasha qaladi.— Yaxshilab isinib olmasang, sovqotib qolasan.
Set nogoh yog‘ning eriyotganini sezib, o‘rnidan irg‘ib turdi.
— Hali isiganing yo‘q, Set,— dedi mudir beparvo.— O‘tir, gurung qilamiz.
— Vux, juda isib ketdim…
— O‘tir bunday, shoshilib qayoqqa borasan.
— Mollarga qarashim… Yem solishim kerak, axir!..
— Shoshma, Set, mollarga boshqalar qarar. Bechora Set! U nima qilishini bilmasdi. Sariyog‘
erib, ko‘z va yuzlariga oqib tusha boshladi. Mudir esa hech narsa ko‘rmagandek gap sotar, pechkaga tarasha tiqardi.
— Ajoyib oqshom bo‘ldi-da!..— dedi u.— Set, nega shlyapangni yechmaysan? Isib ketibsan-ku. Ke, shlyapangni ilib qo‘yay.
— Yo‘-o‘q!— deya qichqirib yubordi Set.— Yo‘q! Men ketishim kerak! Meni chiqarib yuboring. Mazam qochyap-ti… Ketay, axir!..
Yog‘ boyoqishning bo‘yniga yetib kelgan, hatto tuflisi ichiga sizib tushmoqda edi. U bamisoli yog‘ to‘lg‘izilgan tog‘orada cho‘milardi.
— Nima derdim,— dedi mudir istehzoli jilma-yib,— ketmoqchi bo‘lsang, mayli, ruxsat.
Set o‘rnidan turgach, qo‘shimcha qildi:
— Set, xafa bo‘lma, ozgina ermak qildim-vaqtichog‘lik uchun. Shu bois sendan yog‘ puli olmayman. Xayr. Kep-tur.

Ingliz tilidan O‘roq Ravshanov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 6-son