Sharqiy shtatlardan menga xat yo‘llagan oshnamning iltimosi bilan men Saymon Uiler degan ochiqko‘ngil bir ezma cholni ko‘rgani bordim-da, mendan oshnamning oshnasi Leonidas. U. Smayli haqida biron yangilik olib kelishimni so‘raganini aytib, uni gapga soldim va bu qanday natija berganini quyiroqda aytaman. Ko‘nglimning allaqayerida hech qanday Leonidas U. Smayli yo‘q, bu bir afsona, do‘stim bunday nusxa bilan hech qachon tanish bo‘lmagan, men Uiler choldan u haqda so‘ray boshlaganimda, bechora chol o‘zining boshqa bir tanishi, xudo urgan Jim Uilerini eslab ketishi va uzundan-uzun, miyaning qatig‘ini chiqarib yuboradigan, keraksiz ezma-churuk xotiralarini ipidan ignasigacha hikoya qilib jonimni olishidan umid qilgandir, degan g‘ira-shira gumon bor edi. Agar uning maqsadi shu bo‘lsa, ochig‘ini aytay, u niyatiga yetdi.
Men Sulaymon Uilerni Farishta degan xarob bir konlar shahrining puturi ketgan qovoqxonasida pechka yonida mudrab o‘tirgan holda uchratdim va semirib og‘irlashganini, tepakalligini, beozor aftidagi ko‘ngilchanligi va soddaligi odamni o‘ziga og‘dirishini payqab ulgurdim. U uyg‘onib, men bilan salomlashdi. Men unga do‘stlarimdan biri yaxshi ko‘rgan bolalik o‘rtog‘i Leonidas U. Smayli to‘g‘risida bir xabar topib kelishni topshirganini aytdim, Xudo kalomining yosh va’zxoni, ruhoniy hazrati oliylari Leonidas U.Smayli, mish-mishlarga qaraganda, bir vaqtlar Kalaverasning Farishta degan shahrida yashagan ekan. Agar Leonidas U. Smayli hazrati oliylari haqida biron bilgan gaplaringiz bo‘lsa, menga aytib bersangiz, men, siz, mister Uilerdan, g‘oyat minnatdor bo‘lardim, deb qo‘shib qo‘ydim yana.
Saymon Uiler meni shosha-pisha qovoqxonaning burchagiga o‘tqazdi, so‘ng kursi bilan oldimni to‘sdi va unga o‘tirib oldi-da, o‘ta zerikarli hikoyasini boshlab yubordiki, men uni quyida keltiraman. U biron marta ham kulmadi, biron marta ham xo‘mraymadi, eng birinchi jumlasini qay yo‘sin boshlagan bo‘lsa, o‘shanday mayin ohangini biron marta ham o‘zgartirmadi, biron marta bo‘lsa-da, hayajonga berilmadi; uning bitmas-tuganmas hikoyasi boshdan-oxirigacha odamni hayron qoldirar darajada jiddiylik va samimiylik ruhi bilan sug‘orilgan edi, shundan bildimki, u bu voqeada hech qanday kulgili yo qiziq narsa ko‘rmas, unga aslo hazil aralash qaramasdi, o‘z qahramonlarini yulduzni benarvon uradigan olg‘irlar deb hisoblardi. Men u qanday xohlasa, shunday hikoya qilishga qo‘yib berdim, hech gapini bo‘lmadim.
— Hazrati oliylari Leonide U…hm… hazrati oliylari… Le… Ha, bu yerda shunday bir odam bo‘lgan edi, Jim Smayli edi oti. Qirq to‘qqizinchi yilning qishida, ehtimol, elliginchi yilning bahorida bo‘lishi ham mumkin, negadir aniq eslolmayapman, lekin nimagadir bu voqea qishda yo bahorda bo‘lgan deb o‘ylashimga sabab,— yodimda, shahrimizda Smayli paydo bo‘lgan paytlarda hali katta tarnov qurib bitkazilmagan edi; har neki bo‘lmasin, ko‘rinishda aqlliroq bo‘lsa ham aslida sal g‘alatiroq edi: qachon qarasang ko‘ziga ko‘ringan narsadan garov o‘ynayverar, u bilan garov o‘ynashga qiziqqan odam topilsa bas, shunday odam topildi deguncha, o‘zi unga qarshi o‘ynardi. Nimadan bo‘lsa bo‘lsin, biron kishi garov o‘ynashga rozi bo‘lsa bo‘ldi, shartta uning qarshisiga o‘tirardi; ko‘ngli xohlaganini qilsin, faqat bahslashsa bo‘ldi, u hammasiga rozi edi. Lekin o‘zi juda omadli edi, o‘taketgan omadli, deyarli doim yutardi. U har doim o‘yinga shay va qulay paytni poylab turardi; qayerda qanday gap-so‘z chiqsa, Smayli shu yerda hoziru nozir, darrov garov o‘ynashni taklif qilar, u tarafmi, qarshi tarafmi, bundan qat’i nazar, xohlaganingizga rozi bo‘lardi. Poyga bo‘lsa ham oxir-oqibat, u tuzukkina pul ishlab olar yoki dabdala bo‘lib yutqazardi; it urishtirishsa ham, mushuk urishtirishsa ham xo‘roz urishtirishsa ham garov o‘ynardi; bularni ham qo‘yavering, devorga ikki qush qo‘nsa ham qaysinisi oldin uchib ketadi deb darrov garov o‘ynardi; ibodatga odamlar yig‘ilsa ham yana u hoziru nozir, bizning taraflarda Uokerdan yaxshi va’zgo‘y yo‘q, deb bahsini boshlardi. Tan olish kerakki, uning bu gapida ham jon bor edi, chunki o‘sha va’zgo‘y chindan ham yaxshi odam edi; e, bunisi hali holva, bironta qo‘ng‘iz qayoqqadir sudralib ketayotganini ko‘rib qolsa ham, shu ondayoq, shu qo‘ng‘iz ketayotgan manziliga tez yetib boradimi-yo‘qmi, deb garov o‘ynardi; agar garov o‘ynashga rozi bo‘lsangiz, u kerak bo‘lsa, Meksikagacha borar, qayerga borgani, yo‘lda qancha vaqt bo‘lganini aniqlamay qo‘ymasdi. Bu yerda o‘sha Smaylini biladigan bolalar ko‘p va ular ancha-muncha voqealarni aytib berishlari mumkin. Uning uchun hammasi oppa-oson, istagan narsangizdan garov o‘ynash yo‘lini topa olardi — shunaqangi taptortmas tavakkalchi edi. Bir ora va’zgo‘y Uokerning xotini xastalanib, yotib qoldi, juda uzoq yotdi. Endi oyoqqa turmasligi ayon edi; nimayam bo‘ldi-yu, bir kuni va’zgo‘y bu yerga qadam ranjida qilib qoldi, Smayli bo‘lsa shu ondayoq unga peshvoz kelib, xotinining sog‘ligi qalay, deb so‘radi; u: “xudoga shukur, hozir ancha yaxshi, beadoq karami uchun Tangri taologa shukronalar aytaman, — sog‘lig‘i yaxshilikka qarab ketdi, Uning marhamati bilan xotinim tez orada tuzalib ketadi”, dedi; Smayli bo‘lsa gapning orqa-oldini o‘ylab o‘tirmay: “Buni qarang-a, birga ikki yarim qo‘yib garov boylashamanki, u o‘ladi”, deb yuborsa bo‘ladimi qo‘rslik bilan.
O‘sha Smaylining bir baytali bor edi. Bizning bolalar uni “Sekin yursang — ko‘p yurasan” deyishardi, turgan gapki, bu hazillashib qo‘yilgan laqab, aslida u yaxshi ot edi, juda chopqir bo‘lmasa ham, ko‘pincha Jimga sovrinlar olib berar, lekin kasaldan chiqmasdi, bir bo‘g‘ma bo‘lsa, bir o‘pkasi shamollar, goho it o‘latiga uchrasa, goho yana nimadir bo‘lardi. Musobaqa chog‘larida oldiniga uni ikki yuz-uch yuz qadam bo‘sh qo‘yib, keyin boshqa otlarni quvib o‘tib ketar, ammo poyga nihoyalanay, deb qolganda, shunday qizishib ketardiki, uni tutib bo‘lmay qolar, u ham pishqirar, ham orqa oyoqlarda tikka turar, tuyoqlarini dupurlatar, old oyoqlarini bir chalishtirib, bir oldinga, bir o‘ngga, bir chapga silkitar, so‘ngra hammayoqni changga botirib, shunday shovqin ko‘tarardiki, qo‘yaverasiz. Marraga har doim, deyarli bir bosh oldin bo‘lsa ham birinchi bo‘lib yetib kelar edi.
Yana uning bir buldog kuchugi bor edi, mundoq diqqat bilan qarasang bir chaqaga ham arzimaydigan, faqat sandiroqlab, bo‘lar-bo‘lmasga har baloni iskab yurishgagina yaraydigan, itdayin bir it. Ammo o‘rtaga pul qo‘yishlari bilan, birdan yoningda hech avvalgisiga o‘xshamaydigan boshqa ko‘ppak paydo bo‘lib qoladi: pastki jag‘i kemaning quyrug‘iga o‘xshab oldinga turtib chiqadi, irlaganda tishlari o‘txonaning cho‘g‘lariga o‘xshab yaltiraydi. Boshqa it Endryu Jeksonning (o‘sha laychaning oti shunaqa edi) har qancha jig‘iga tegsa, tirnasa, tishlasa ham, loaqal qulog‘ini qimirlatib qo‘ymas, xuddi shuni tilab turganday, mamnun o‘tirardi. Qarshi tomon pulni ikki baravar, to‘rt baravar oshirsa ham qimir etmas, ammo hamma pul o‘rtaga tikildi deguncha, bir zumda anavi itning orqa oyog‘iga chang solardi-da, taqqa to‘xtab qolardi — bilasizmi, g‘ajimasdi, faqat chang solgancha, hatto bir yil o‘tsa ham, taslim bo‘lmaguncha shunday tishlab turaverardi. Smayli doim shu itini jangga solar va qimorda yutardi. Ammo bir safar orqa oyoqlari yo‘q itga duch keldi, bu itning oyoqlari g‘ildirak arra bilan kesib tashlangan edi. O‘yin uzoq cho‘zildi, hamma pullar o‘rtaga qo‘yilganda, Endryu Jekson o‘zi o‘rgangan joyiga chang solmoqchi bo‘lgandi, qarasa aldanibdi, anovi it mo‘ljallab turib, uning tumshug‘idan tishlab torta boshladi; u oldiniga hayron bo‘ldi, keyin esa butunlay ruhi tushdi, hatto u itni yengishga harakat ham qilmadi, shunday qilib obdon tepki yedi. U Smayliga bir qarab qo‘ydi, yurak-bag‘ri vayron bo‘lganini, bu yutqiziqda ayb Jimning o‘zida ekanligini aytmoqchiga o‘xshardi: axir nima uchun unga bunday orqa oyog‘i yo‘q itni ro‘para qiladi, orqa oyog‘i bo‘lmasa qayeriga chang solsin, u axir urushda faqat shunga o‘rgangan! Keyin u cho‘loqlanib, o‘zini bir chekkaga olib, yerga yotdi-da, o‘ldi-qo‘ydi. Yaxshi laycha edi, o‘sha Endro Jekson, agarda o‘lmasa, katta shuhrat qozongan bo‘lardi, nasli toza, aqlli ko‘ppak edi u. Men buni yaxshi bilaman, o‘zini ko‘rsatishi uchun unga loyiq tuzukroq bir voqea bo‘lmadi-da! Agar iste’dodi bo‘lmasa, bunday qiyin vaziyatlarda jang qilishni boshqa bironta it eplay olmaydi. Men bu so‘nggi olishuvni va u nima bilan tugaganini eslasam, har doim xafa bo‘lib ketaman.
Endi men sizga aytsam, o‘sha Smaylining kalamush ovlaydigan tozi itlari ham, xo‘rozlari ham, mushuklari va boshqa har turli maxluqlari ham behisob edi — siz nimadan garov boylashsangiz, u bularning hammasini sizga berib turishi mumkin edi.
Kunlardan bir kun u bir qurbaqani tutib olib, uyiga olib keldi va hammaga men buni tarbiyalayman, deb aytdi; rosa uch oy o‘zining orqa hovlisida qurbaqaga sakrashni o‘rgatishdan boshqa ish qilmadi. Buni qarang-a, u rostdan ham o‘rgatishni epladi. Orqasiga yengilgina chertsa, qarab tursangiz — xuddi tovadagi quymoqnonday, qurbaqa havoda ag‘darilardi, goho bir marta, agar yaxshi tezlik olsa, ikki marta umbaloq oshardi, so‘ngra hech nima bo‘lmaganday yana to‘rt changalida turar, bu ishda u mushukdan qolishmasdi.
Yana u qurbaqaga zo‘r epchillik bilan pashsha tutishni ham o‘rgatdi — u qurbaqani bu mashqni takrorlashga shunchalik ko‘p majbur qildiki, endilikda pashsha tutish unga arzimagan ish bo‘lib qoldi: g‘ing‘illab uchayotganini ko‘rgan zahoti tutib olardi. Smayli, qurbaqalarga ma’lumot bermaymiz, yo‘qsa ular har narsaga qodirdirlar, der edi; men bunga ishonaman. Necha bora o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, u Daniel Uebsterni (qurbaqaga shunday ot qo‘ygandi) polga, xuddi mana shu yerga qo‘yar va: “Pashsha, Daniel, pashsha” deb qichqirardi va u sen kiprik qoqib ulgurmasingdan bir sakrab ustunga qo‘nib turgan pashshani tili bilan tutib olar, keyin yana polga bir parcha loyday shap etib tushardi, so‘ng xuddi hech nima bo‘lmaganday turar va xuddi hech nima qilmaganday hamma qurbaqalar qiladigan ishni qilardi — orqa oyog‘ining panjalari bilan boshini qashib o‘tirardi. Shuncha ko‘p qobiliyati bor bo‘lishiga qaramay, nihoyatda aqlli va kamtar edi, dunyoda boshqa bunday qurbaqani topish amri mahol. Yana tag‘in tekis yo‘lda uzoqqa sakrashlarini ayting: uning turidagi boshqa bironta maxluq unga tenglasholmaydi. Uzoqqa sakrashdan, odatda aytilganiday, chempion edi, Smayli, gap uzoqqa sakrashga kelganda, darrov qurbaqasini garovga qo‘yib so‘nggi tsentigacha o‘rtaga tikardi. Smayli o‘z qurbaqasi bilan o‘lguday faxrlanardi,— va bunga to‘la haqqi ham bor edi, chunki ko‘pni ko‘rgan-bilgan odamlar, biz dunyoda boshqa bunday qurbaqani ko‘rmaganmiz, deyishardi.
Smayli bu qurbaqani kichkina qafasga o‘tqazib, qo‘lida ko‘targancha garov o‘ynash uchun shaharda olib yurardi. Bir kuni shahrimizda ilgari hech kim ko‘rmagan bir kelgindi kishi uning qafas ko‘tarib yurganini ko‘rib, gapga tutdi:
— Qafasingizdagi nima u?
Smayli esa parvoyi falak shunday javob qaytardi:
— Balki to‘ti, balki, sa’va bo‘lishi mumkin, ammo bu to‘ti ham, sa’va ham emas, bor-yo‘g‘i, oddiygina qurbaqa.
Notanish kishi undan qafasni olib, unaqasi-bunaqasi aylantirib ko‘rdi.
— Gapingiz rost ekan, gap yo‘q. Ammo bu biron nimaga yaraydimi?
— Nima desam ekan, menimcha, bitta ishga juda asqotadi,— deydi Smayli xotirjam, vaqtichog‘liq bilan, — u Kalaverasdagi har qanday qurbaqadan oldinga sakrab ketadi.
Notanish kishi yana qafasni qo‘liga olib, unga razm solib qaradi, so‘ngra Smayliga qaytarib berdi va nazar-pisand qilmay odobsizlarcha:
— Nima qilasiz bo‘lmagan gapni gapirib,— deydi,— bu qurbaqaning hech qanday afzallik joyi yo‘q, biror bir qurbaqadan ustunligini ko‘rmayapman.
— Balki, siz ko‘rmayotgandirsiz,— deydi Smayli,— Balki, qurbaqalarni farqlay olmassiz, balki, umuman bilmassiz hamdir; balki, haqiqiy qurbaqavozdirsiz, balki, odamlar aytganiday, oddiy ishqibozdirsiz. Lekin, harholda, mening bu qurbaqa haqida o‘z fikrim bor va men qirq dollardan garov boylashaman, u Kalaverasdagi har qanday qurbaqani orqada qoldirib ketadi.
Notanish kishi bir zum o‘ylanib, so‘ng ma’yus tortib xo‘rsinadi-da:
— Bo‘pti, men bu yerda yangi odamman va mening o‘z qurbaqam yo‘q, agar qurbaqam bo‘lganda siz bilan garov o‘ynardim,— deydi.
Shunda Smayli:— Buning hech zarari yo‘q, tirnoqchayam. Qafasni birpas ushlab tursangiz, men sizga bir qurbaqa tutib keltirib beraman,— deydi.
Mana shunday qilib notanish kishi Jimning puliga qirq dollar qo‘yadi, qafasni oladi va uni kutib o‘tiradi.
U anchagina kutib o‘tiradi va o‘ylaydi, keyin qurbaqani olib, og‘zini ochdi va kichik choy qoshiq bilan tomog‘iga tiqilguncha tolqon soldi va yerga o‘tqazib qo‘ydi. Smayli bo‘lsa botqoqlikka chopib borib, qulog‘igacha loy bo‘lgunga qadar tipirlay-tipirlay, axir bitta qurbaqani tutib keltirdi, notanish kishiga berdi va: — Mana sizga qurbaqa, xohlasangiz uni Danielning yoniga qo‘ying, old panjalari bir tekisda tursin, keyin men buyruq beraman,— dedi. Keyin buyruq berdi:— Bir, ikki, uch — sakranglar!
Shunda har kim o‘z qurbaqasini orqasidan turtib yubordi, yangisi epchillik bilan sakrab-sakrab jo‘nab qoldi, Daniel bo‘lsa bir silkindi, yelkalarini sal ko‘tardi, frantsuzcha uslubda qaddini ko‘tardi, ammo bundan bir ish chiqmaydi, u joyidan qo‘zg‘alolmasdi, toshday yerga qapishib oldi, langarga bog‘langanday u yoqqa ham, bu yoqqa ham siljiyolmasdi. Smayli hayron bo‘ldi, kayfiyati buzildi, nima bo‘lganini bilolmay garang edi.
Notanish kishi pulni olib ketishga chog‘landi, ketarkan, yelkasi osha Danielga o‘rtancha barmog‘i bilan ishora qilib — mana bunday — surlik bilan:
— Har qalay bu qurbaqaning boshqa qurbaqalardan ustunligini ko‘rmadim, uning hech qanday afzallik joyi yo‘q,— deb qo‘ydi..
Smayli gardanini qashib, Danielga engashib qararkan dedi:
— Hayronman, nima balo bo‘lib bu qurbaqa orqada qoldi, unga bir nima bo‘ldimikin? Nazarimda, shamollab qolgan-ov… U Danielni bo‘ynidan tutib baland ko‘tardi va: — Gapim yolg‘on bo‘lsa, meni it qopsin agar, buning og‘irligi besh funtga yetib qolibdi-ku,— qurbaqani oyog‘idan ko‘tarib bir-ikki silkitgan edi, hamma tolqonni qusib tashladi — bir qisimcha kelardi tolqon… Shunda u gap nimadaligini angladi, ko‘zi tinib, boshi aylandi…
Shu payt Saymon Uiler, hovli tomonda kimdir o‘zini chaqirayotganini eshitdi va kimga kerak bo‘lib qoldim, deya o‘rnidan turdi, ketaturib, u menga o‘girildi va:
Shu yerda dam olib o‘tira turing, men darrov qaytaman,—dedi.
Ammo men, ruxsatingiz bilan, tadbirkor daydi Jim Smaylining bundan keyingi tarixidan Leonidas U.Smayli hazratlari haqida biror yangi gap eshitishim amri mahol degan xulosaga kelib, uni kutib o‘tirmadim.
Eshik oldida men ezma Uiler bilan to‘qnash keldim, shunda u yoqamdan changallab, yana gapini davom ettirdi:
— Sizga aytsam, o‘sha Smaylining bir targ‘il sigiri bor edi, sigirining dumi yo‘q edi, bananning kesilgan butog‘iga o‘xshab ketardi, o‘sha…
Ammo sho‘ring qurg‘ur sigirning tarixini eshitishga mening xohishim ham, vaqtim ham yo‘q edi, shuning uchun xayr-xo‘shni nasiya qilib, jo‘nab qoldim.
Ruschadan Miraziz A’zam tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 11-son