Mark Tven. Gubernatorlikka saylovlar (hikoya)

Bundan bir necha oy muqaddam mustaqillar partiyasi buyuk Nyu-York shtati gubernatori lavozimiga mening nomzodimni ko‘rsatishdi. Boshqa ikki partiya mister Styuart A. Vudford va mister Jon T. Gofman nomzodini ko‘rsatishdi. Biroq bu janoblarga qaraganda menda muhim ustunlik — dog‘ tushmagan obro‘ borligini bilardim. Ikkalasining ham bir paytlari andishali odam bo‘lgan davri allaqachon o‘tib ketgan, bunga ishonch hosil qilish uchun gazetalarni varaqlashning o‘zi kifoya qiladi. Keyingi yillarda ularning turli xil illatlarga botib ketgani shundoqqina ko‘rinib turibdi.

Men bu nomzodlarga nisbatan o‘z afzalligimdan huzur qilib ich-ichimdan quvonardim-u, ammo allaqanday noxush fikr xuddi loyqa suv kabn tiniq baxtimni bulg‘ayotgandek bo‘lardi, chunki mening nomimni ana shu muttahamlar nomi bilan birga yozib qo‘yishadi-da! Bu fikr menga tinchlik bermay qo‘ydi. Uylab-o‘ylab ana shular to‘g‘risida buvimga xat yozdim. Buvim tezda javob yoza qoldilar. Mana, uning maktubi:

«Sen umring bino bo‘lib biror marta ham vijdonsizlik qilmagansan. Biror marta ham! Vaholanki, gazetalarni shundoqqina varaqlasang mister Vudford bilan mister Gofmanning qanaqa odam ekanligini bilib olasan. O‘zing o‘ylab ko‘r, ular bilan oshkora kurash olib borish bilan o‘z obro‘yingni yerga urishing mumkinmi?»

Xuddi shu narsa menga tinchlik bermasdi. Tuni bilan o‘ylab chiqdim. Nihoyat endi ahdimdan qaytmaslikka ahd qildim. Nonushta qilib o‘tirib gazetalarni ko‘zdan kechirar ekanman, to‘g‘risini aytganda meni dovdiratib qo‘ygan quyidagi maqolani o‘qib qoldim:

«Soxta guvohlik. — Mister Mark Tven endi gubernatorlikka nomzod sifatida xalq oldida so‘zga chiqib, 1863 yilda Vakavaka shahrida (Koxinxin oblasti) qanday qilib o‘ttiz to‘rtta guvoh tomonidan qasamini buzganlikda ayblanganini balki aytib bersa kerak? Mish-mishlarga qaraganda, mahalliy kambag‘al beva ayol va uning himoyasiz bolalaridan g‘aribona kun kechirishga yarab turgan yag‘ona narsasi — bir necha banan daraxti bo‘lgan bir parcha yerini tortib olish maqsadida soxta guvohlik bergan. O‘z manfaati va shuningdek, mister Tven o‘ziga ovoz berishiga shunchalik umid bog‘layotgan saylovchilari manfaati uchun bu voqeani tushuntirib berishi kerak. Bunga yuragi dov berarmikan?»

Buni o‘qib esim og‘ib qoldi. Qo‘pol, sharmandali bo‘hton! Umrim bino bo‘lib Koxinxinda bo‘lmaganman! Vakavaka qayerda ekanini umuman bilmayman. Banan daraxtini kengurudan farq qilsam o‘lay agar! Nima qilishni bilmay qoldim. G‘azabim junbushga kelsa ham, bari bir, mutlaqo ojiz edim.

Oradan bir kun vaqt o‘tib ketibdi-yu, men hech nima qilolmadim. Ertasi kuni ertalab o‘sha gazetada mana bunday satrlar paydo bo‘lib qoldi.

«Juda qiziq! — Shuni aytish kerakki, mister Mark Tven Koxinxindagi o‘zining soxta guvohligi masalasida g‘ing demayapti!»

(Bu gazeta butun saylov kampaniyasi mobaynida mening nomimni «Razil Qasamxo‘r jinoyatchi Tven», deb yuritdi.)

Keyin boshqa gazetada mana bunday maqola paydo bo‘ldi:

«Bilishni istar edik! — Gubernatorlikka yangi nomzod o‘zi uchun ovoz berishga yuragi dov bergan o‘z hamshaharlariga bitta kichkinagina masalani tushuntirib bermasmikan: Montandagi barakdosh o‘rtoqlarining ko‘pincha har xil mayda-chuyda buyumlari yo‘qolib turgani, bular dam mister Tvenning cho‘ntagidan, dam uning «chamadon»idan (lash-lushlar o‘ralgan gazeta) topilgani to‘g‘rimi? O‘rtoqlari nihoyat mister Tvenning foydasini ko‘zlab unga nasihat qilishganini, a’zoi badaniga qora moy surtib parga ag‘anashga va shu yo‘sinda yog‘ochga minib ko‘chada yurishga majbur etishgani, keyin tezroq bu yerdan tuyog‘ini shiqillatib qolishni maslahat berishgani rostmi? Mister Mark Tven bunga nima deb javob beradi?»

(O‘shandan beri bu gazeta mening nomimni «Tven, Montan o‘g‘risi» deb yuritdi.)

Endi men xuddi to‘shakning allaqayerida go‘yo zaharli ilon yashirinib olgan, degan shubha bilan adyolni ohisga ko‘targandek gazetani ochadigan bo‘lib qoldim.

Kunlarning birida ko‘zim quyidagi maqolaga tushib qoldi:

«Bo‘htonchi fosh etildi! — Fayz-Poyntlik Maykl O’Flanagan, uoterstritlik mister Kit Borns bilan mister Jon Allenning qasam ichib bergan guvohligiga qaraganda munosib nomzodimiz Jon T. Gofmanning marhum bobosi go‘yo katta yo‘lda qaroqchilik qilgani uchun osib o‘ldirilganligi haqidagi mister Tvenning surbetlarcha da’vosi hech nima bilan asoslanmagan qabih bo‘hton bo‘lib chiqdi. Ayrim odamlarning o‘z siyosiy yutug‘iga erishish yo‘lida istalgan qabihona nayrang ishlatishi, marhumlarni bulg‘ashi, ularning nomiga dog‘ tushirishi har bir vijdonli kishini g‘azablantiradi. Bu qabih bo‘hton marhumning hech qanday gunohi bo‘lmagan qarindosh-urug‘lari va do‘stlariga qanchalik ozor yetkazganini o‘ylaganingda tahqirlangan va jahl otiga mingan xaloyiqqa shu onning o‘zida bo‘htonchini ur-kaltak qilishni maslahat berging keladi. Aytgandek, bunisi unchalik ma’qul emas! Vijdonan azob cheksin! (Agar g‘azabga to‘lgan hamshaharlarimiz jahl ustida uni majruh qilib qo‘yganlarida ham har qanday sud maslahatchilari, har qanday sud ham ur-kaltak ishtirokchilarini ayblamagan va jazoga hukm qilmagan bo‘lardi.)»

Aftidan eng so‘nggi jumla xaloyiqqa o‘z ta’sirini o‘tkazgan bo‘lsa kerak, o‘sha kuni kechasi yotgan o‘rnimdan irg‘ib turib orqa eshikdan qochishga to‘g‘ri kelib qoldi. «Tahqirlangan va jahl otiga mingan xaloyiq» esa ko‘cha eshikdan uyimga bostirib kirib deraza va mebellarimni sindirishdi, ayrim buyumlarimni o‘g‘irlab ham ketishdi. Bari bir, barcha aziz-avliyolar nomini tilga olib qasam ichib aytamanki, men hech qachon mister Gofmanning bobosiga tuhmat qilmaganman. Bunisi yetmagandek, uning bor-yo‘qligini bilmaganman va hech qachon nomini ham eshitmaganman.

(Darvoqe, shuni aytish kerakki, yuqorida tilga olingan gazeta o‘shandan beri nomimni «Tven, Maqbaralar Murdori» deb yurita boshladi.)

Oradan ko‘p o‘tmay yana bir maqola e’tiborimni jalb etib qoldi:

«Mashhur nomzod! — Kecha kechqurun mustaqillar mitingida g‘azabli nutq so‘zlamoqchi bo‘lgan mister Mark Tven u yerga o‘z vaqtida yetib borolmadi. Mister Tvenning vrachidan olingan telegrammada uni yo‘lda yelib borayotgan ot urib yuborgani, ikki joyi mayib bo‘lgani, u nihoyat darajada azob chekayotgani va shu kabi uydirmalar yozilgan. Mustaqillar bu razil, soxta bahonani ro‘kach qilib o‘zlari nomzodlikka saylagan o‘taketgan muttahamning kelolmaganligi sababini go‘yo bilmaslikka olyaptilar. Ammo kecha kechqurun o‘larday g‘irt mast bir kimsaning mister Mark Tven istiqomat qilayotgan mehmonxonaga emaklab kirib ketganini ko‘rgan odamlar bor. Mustaqillar har qanday yo‘l bilan o‘sha hayvon Mark Tven emasligini isbotlashlari kerak. Nihoyat qo‘lga tushdi! Endi har qanaqa nayrang ham unga yordam berolmaydi. Butun xalq baralla: «Bu qanaqa odam? — deb so‘rayapti».

Ko‘zlarimga ishonmay qoldim! Mening nomim shunchalik jirkanch shubhaga olinganiga ishonmayman! Uch yildan beri ogzimga na pivo, na vino, umuman hech qanday spirtli ichimlik olmaganman.

(Aftidan vaqt o‘tishi bilan bularga ko‘nika boshladim, chunki shu gazetaning navbatdagi sonida o‘zimning saylov kampannyasi oxirigacha qoladigan «Mister Tven, aroqxo‘r», degan yangi laqabimni ushchalik kuyunmay o‘qidim.)

O‘sha kunlari menga juda ko‘p imzosiz xatlar kelib turdi. Odatda bunday xatlarning mazmuni quyidagicha edi:

«Siznikiga sadaqa so‘rab qelgan qashshoq kampirni tepib haydaganingiz sababini qanday tushuntirib berasiz?»

Yoki:

«Sizning ayrim nayranglaringiz hozircha faqat mengagina ma’lum.

Sizga bir necha dollarga sahiylik qilishga to‘g‘ri keladi, aks holda gazetalar sizning sodiq qulingizdan ko‘p narsalarni bilib olishi mumkin deb,

Xendi Endi».

Qolgan xatlar ham shu kabi mazmunga ega edi. Men bunday misollarni ko‘plab keltirishim mumkin edi-yu, lekin shularning o‘zi ham kitobxonga ortiqchalik qiladi, deb qo‘rqaman.

Shu orada respublikachilar partiyasining asosiy gazetasi meni saylovchilarni sotib olmoqchi bo‘lganimni «oshkor qildi», demokratlarning markaziy gazetasi esa jinoyatkorona ta’magirlik bilan pora olganimni «fosh etdi».

(Shunday qilib men yana ikkita: «Tven, saylovchilarni sotib oluvchi iflos firibgar» va «Tven, Qabih Tovlamachi», degan lahabga ega bo‘ldim.)

Keyin barcha gazetalar zimmamga tushgan hamma dahshatli aybnomalarga «javob» talab eta boshlagach, mening partiyam redaktor va rahbarlari bundan keyingi sustkashlik va sukut saqlashim siyosiy martabamga putur yetkazishni aytishdi. Ertasi kuni xuddi shuni isbotlash va meni histovga olish maqsadida gazetalarning birida mana bunday maqola paydo bo‘ldi:

«Mana bu odamga bir qarang-a! — Mustaqillarning nomzodi qat’iyat bilan sukut saqlashda davom etyapti. Albatta, u g‘ing deb og‘iz ocholmaydi. Serma’no sukut saqlashi unga yuklangan aybnomaning naqadar to‘g‘ri ekanini isbotlab turibdi. Endilikda u bir umrga sharmanda bo‘lib qoldi! Mana bu Razil Qasamxo‘r jinoyatchini, Montan o‘g‘risini, Maqbaralar Murdorini bir tomosha qiling-a! O‘zlaringizning «Araqxo‘r, Iflos Firibgar va Qabih Tovlamachilaringizga bir qarang-a! Yaxshilab ko‘rib oling-da, o‘zining jinoyatlari bilan shuncha laqabni orttirgan va aybnomalarning loaqal bittasini ham rad etish uchup og‘iz ochishga jur’at etolmagan shu ablah uchun ovoz berish-bermasligingizni ayting!»

Endi aftidan bo‘yin tovlash mumkin emasdi, shuning uchun ham o‘zimni xo‘rlangan sezib ana shu hamma bema’ni tuhmatlarga «javob» yozishga o‘tirdim. Biroq bu ishni tugatolmadim, chunki ertasiga gazetalardan birida yana dahshatli, qahr-g‘azabli bo‘hton paydo bo‘lib holdi. Unda go‘yo uyimning derazasidan qaraganda manzarani buzib turgani uchun jinnixonani barcha telbalar bilan birga yoqib yuborganim yozilgandi. Vahimaga tushib qoldim. Keyin amakimning boyligini o‘zlashtirib olish maqsadida unga zahar berib o‘ldirganlikda ayblashib, qabrni ochib ko‘rishni talab etishdi. Aqldan ozib qolamanmi, deb rosa qo‘rqdim. Lekin, bu ham kamlik qildi: meni yana tashlandiq bolalar yetimxonasining mutavallisi bo‘lgan paytimda aqldan ozgan va tishlari to‘kilgan qarindosh-urug‘larimni yetimxona ovqati bilan

boqqanlikda ayblashdi. Shundan keyin bir satr ham «javob» yozishga qo‘lim bormadi.

Nihoyat, menga dushman partiyaning sharmandali g‘alamisligi o‘zining eng cho‘qqisiga chiqdi: saylovoldi yig‘ilishi o‘tkazilayotgan paytda kimningdir g‘iybati bilan ranglari turlicha bo‘lgan to‘qqizta chuvrindi bola minbarga chiqib oyoqlarimga yopishib olishdi-da, baravariga: «Dada!» — deb baqirishdi.

Chidash berolmadim. Bayroqni tushirib taslim bo‘ldim. Nyu-York shtati gubernatori lavozimiga saylov kampaniyasida qatnashishga ojizlik qildim. Men o‘z nomzodimni ro‘yxatdan chiqarib tashlashni yozib jahl ustida mana bunday imzo chekdim:

«Sizga hurmat bilan, bir paytlari sof vijdonli kishi bo‘lgan va endilikda:

Razil Qasamxo‘r Jinoyatchi, Montan o‘g‘risi, Maqbaralar Murdori, Araqxo‘r va Iflos Firibgar —

Mark Tven».

Ruschadan Abduvoris Abdumajidov tarjimasi