Lu Sin. Telba xayollar (hikoya)

Aka-uka X…lar — hozir nomlarini aytib o‘tirmay — ilgari o‘rta maktabda birga tahsil ko‘rgan paytimizda mening qadrdon do‘stlarim edi. Keyin har kim har yoqqa sochilib ketdi, oradan yillar o‘tgach, asta-sekin oramizdagi aloqa ham uzildi. Yaqinda ularning biri og‘ir dardga mubtalo bo‘lganini favqulodda eshitib qoldim: ona yurtimga borayotib, do‘stlarimnikiga birrov kirib o‘tdim-u, faqat akasini uchratish nasib etdi, ayni o‘sha akasi gapirib berdi ukasining xastaligini.
«Bizni ko‘ray deb, bekorga ovora bo‘libsiz shuncha yo‘l bosib. U allaqachon tuzalib, hozir N. shahriga davlat xizmatiga ketdi». Keyin xoxolab kulib yubordi-da, ukamizning xasta ahvolini qadrdon og‘aynilarga aytib qo‘ysak ziyon qilmaydi, degancha, kundalik shaklida yozilgan ikkita daftarni topib chiqdi. Ularni olib uyga qaytdim-u, yozuvlarni ko‘zdan kechirganimdan so‘ng, bemor «vasvas» kasaliga yo‘liqqan ekan, degan xulosaga keldim. Voqealar chalkash, biri bog‘dan, biri tog‘dan, biri-biriga qovushmagan so‘zlar esa qalashib yotardi; yozilgan oyi ham, kuni ham ko‘rsatilmagan, siyoh rangi va dastxatning har xilligidan uzoq vaqt yozilganini bilish mumkin edi. Epaqaga keladigan, bir-biriga sal bog‘lasa bo‘ladigan joylarini terib-terib oldim-da, shifokorlar e’tiboriga havola etish uchun uni kitob shakliga keltirdim. Lekin bironta so‘ziga ham tegmadim, garchi zarurati bo‘lmasa ham faqat ism-familiyalarni o‘zgartirdim, chunki unda tilga olingan odamlarning bari qishloqda yashaganlari sababli ularni hech kim tanimas edi. Sarlavhasiga kelsak, sarlavhasi ham o‘zgartirilmadi, kundalik muallifining o‘zi tuzalganidan so‘ng uni shunday deb nomlagan ekan.

I

Ettinchi yil, to‘rtinchi oy, ikkinchi kun.
Bugun tunda hammayoq sutday oydin.
Oyni ko‘rmaganimga ham o‘ttiz yildan oshdi, qarangki, bugun ko‘rishim bilan dilim yorishib ketdi. O‘ttiz yil borliqni zulmat bosib turganini hozir tushundim. Ammo juda ehtiyot bo‘lmoq kerak. Aks holda Chjao hovlisidagi it… Nega u menga olayib qaradi?
Qo‘rqayotganim bejiz emas…

II

Bugun oy chiqmadi; angladimki, yaxshilikka olib kelmaydi bu. Ertalab ehtiyot bo‘lib ko‘chaga chiqdim. Chjao Guyvenning qarashlari bejo: yo mendan qo‘rqyapti, yo menga qasd qilmoqchi. Qolgan yetti-sakkiz kishi ham men haqimda shivir-shivir gaplashishyapti. Payqab qolishimdan cho‘chib, qo‘rqib turishibdi. Ko‘chada kimni ko‘rsam, hammasi o‘zini g‘alati tutyapti. Ayniqsa, bittasi judayam yovuz: menga ko‘zi tushishi bilan og‘zining tanobi qochib kuldi. Tepa sochim tikka bo‘lib, titrab ketdim, badanimni sovuq ter bosdi, bildimki, hammasi til biriktirishibdi.
Biroq men qo‘rqmay, go‘yo hech narsa sezmaganday yo‘limda ketaverdim. Oldimda borayotgan bir to‘da bolakaylar ham meni yanishyapti. Ular ham xuddi Chjao Guyvendek olazarak, yuzlari cho‘yanga o‘xshash qorayib ketgan. O‘ylanib qoldim: bu bolalarga nima yomonlik qilibmanki, meni buncha yomon ko‘rishsa? Oxiri chidolmadim va «Hey, maqsadlaring nima?» deya baqirib berdim, ammo ular ura qochishdi.
Yana o‘yladim: bundan yigirma yil avval Gu Szyuning eski kirim-chiqim daftarini tepkilaganimni aytmasa, Chjao Guyvenga nima yomonlik qilibman, yo‘lda uchragan anovi odamlarga nima yomonlik qilibman. Janob Gu Szyu ancha xafa bo‘lgan edi. Chjao Guyven, garchi uni tanimasa ham, lekin, hoynahoy, shu gap qulog‘iga yetganu, Gu Szyuning tarafini olgan: yo‘ldagi odamlarni menga gijgijlagan ham o‘sha. Ammo bolalar-chi? Axir, ular u paytda hali dunyo yuzini ham ko‘rmagan edilar-ku; nega menga bugun bu qadar g‘alati, yeb qo‘ygudek tikilishdi. Yo mendan qo‘rqishdi, yo tagimga yetishmoqchi. Shularning bari yuragimga vahim solyapti, hayronman, ayni paytda juda xafaman.
Tushundim. Har qalay, ota-onalari gap o‘rgatishyapti ularga!

III

Tun bo‘yi uxlolmadim. Nimaiki narsa bo‘lmasin, faqat sinchiklasanggina tagiga yetasan.
Axir, bu odamlarning bo‘yniga kunda osgan — uyezd boshlig‘i yuziga tarsaki urganlar — pomeshchiklar, xotinlarini tortib olganlar — uyezd mirshablari, ota-onalarini nobud qilganlar — sudxo‘rlar-ku, lekin aftu basharalarini kecha tanib bo‘lmasdi, quturib ketgan edilar.
Ayniqsa, ko‘chada ro‘baro‘ kelgan ayol o‘zini g‘alati tutdi: o‘g‘lini savalab, «Men senga ko‘rsataman hali! Seni yemagunimcha qo‘ymayman!» deb baqirdi-ya. Shunday deb turib, menga bosim tikilib qoldi. Qo‘rqib ketganimni hamma sezdi. Bir guruh odamlar so‘yloq tishlarini ko‘rsatib, beibo xoxolab kulishdi. Chen Beshvoy yonimga yugurib keldi-da, meni uyga sudrab ketdi.
Uyga sudrab keldi… Uyimdagilar ham go‘yo meni tanimaganday loqayd tutishdi o‘zlarini: xuddi anovilardek, begona odamlardek talmovsirab tikilishdi menga… Kabinetga kirishim bilan, tovuq yo o‘rdakni qafasga qamaganday, eshikni qulflab olishdi. Nima gapligini tushunmay, hayronman.
Bundan bir necha kun oldin Bo‘rixona qishlog‘idan bir ijarachi kelib, hosil unmaganidan nolidi; qishloqdagilar o‘zaro til biriktirib, yovuz bir hamqishloqlarini o‘ldirganlarini ham akamga gapirib berdi; keyin quvvat bo‘ladi deb, o‘sha o‘lgan odamning yuragi va jigarini qovurib yeyishibdi. Gapga aralashmoqchi bo‘lgan edim, o‘sha zahoti ijarachi ham, akam ham menga qarab-qarab qo‘yishdi. Ko‘zlari xuddi ko‘chadagi odamlarnikiga o‘xshash bejoligini ham faqat bugun payqabman.
Shu fikr xayolimga kelishi bilan vujudimni qaltiroq bosdi.
Modomiki, ular odam yeya olar ekanlar, demak meni ham yeb qo‘yishlari mumkin-da.
Sal o‘ylab ko‘ringlar, axir! «Emagunimcha qo‘ymayman» deb baqirgan anovi ayol, qop-qora bashara, so‘yloq tishli kimsalarning xoxolab kulishi, akam bilan ijarachining gaplari — bularning bari byojiz emas. Ayolning so‘zi — og‘u, ko‘chadagilarning kulgisi — tig‘, oppoq, o‘tkir, yirtqichlarnikidek qarsillab turgan tishlari esa odamlarni yeyishga ataylab moslanganga o‘xshaydi.
Taxminimcha, Gu Szyuning kirim-chiqim daftarini tepkilaganimdan keyin, meni yovuz emas, deyishning o‘zi ham qiyin bo‘lsa kerak. Har qalay, hozirlik ko‘rishyapti nimagadir, ammo nimaga — bilmayman. Qiziq, biron kishidan sal ranjidimi, darrov yovuzga chiqarishadi uni. Akamning nasihati esimda: u bir marta, eng yaxshi odamga ham gap qaytarsang, darrov yuzingga tashlanadi: lekin eng bema’ni odamga, agar uning valaqlashiga chidasang, kim yaxshi—sen yaxshisan, «qanchalar dono va oqil odam ekan, boshqalarga o‘xshamaydi» deya seni maqtaydi, degan edi. Xullas, ularnyng haqiqiy niyatini bilolmay dog‘daman, buning ustiga, axir, gap odamxo‘rlik haqida boryapti-ya.
Nimaiki narsa bo‘lmasin, faqat sinchiklasanggina tagiga yetasan. Ilgari zamonda odamlarni ko‘p yeyishgan: sal-pal bo‘lsa ham tarixdan eslayapman buni. Yanayam aniqroq bilish uchun tarix kitobini ochdim, kitobda kuni ko‘rsatilmagan, ammo har-sahifasida «insonparvarlik», «adolat», «axloq», «yaxshilik» degan so‘zlar qalashib yotibdi. Uxlolmadim, bari bir, yarim kechada kitobni yana diqqat bilan o‘qiy turib, misralar orasida «odamxo‘rlik» degan bitta so‘z hadeb takrorlanaverganini birdan ko‘rib qoldim.
Bu so‘z, bamisoli hiringlab, ta’na bilan menga ko‘zini lo‘q qilib turganday edi. Menam odamman, meni ular yeyishmoqchi!

IV

Ertalab, endi ko‘nglim tinchib o‘tirgan edim, Chen Beshvoy kirib keldi. U dimlama baliq olib kiribdi: baliqning ko‘zlari oqish, o‘shshaygan, og‘zi esa xuddi anovi odamxo‘rlarnikidek vahshiyona yirilgan. Bir-ikki nimtasini yegandim: shilimshiq, baliqmi yo odam go‘shtimi, bilib bo‘lmaydi, ko‘nglim aynib ketdi.
«Chen boboy, — dedim unga,— akamga ayting, zerikib o‘ldim juda, bog‘ni aylanmoqchiman». Chen indamay tashqariga chiqib ketdi. Ammo tezda eshikni ochib qaytib kirdi.
O‘rnimdan jilmay, ularni kuzatyapman: nima qilishmoqchi meni? Bilaman, tashqariga chiqarishmaydi meni. Ana, bildinglarmy endi! Akam notanish bir mo‘ysafidni ergashtirib, sekingina kirib keldi. Cholning ko‘zlari yeb qo‘yaman deydi-yu, sezib qolishImdan cho‘chib, yerga qaraydi, ko‘zoynagi tagidan xufiyona qarab-qarab ham qo‘yadi. Akam: «Chamasi, bugun o‘zingni ancha yaxshi sezyapganga o‘xshaysan-a?» deb so‘radi. Men: «Ha» deb javob qaytardim. Akam: «Seni ko‘rib qo‘yishi uchun doktor Xeni taklif qildim», deya gapyda davom etdi. Aslida bu chol — libosini o‘zgartirgan jallodligini bilib tursam ham, «Mayli!» deb javob qaytardim! U o‘zini tomirimni sanayotganday qilib ko‘rsatib, aslida qanchalik semiz-oriqligimni aniqlamoqchi, shunda unga ham biron nimta tegsa kerak-da. Men mutlaqo qo‘rqmadim. Odam go‘shtini yemasam ham, bari bir, ulardan ancha dovyurak ekanman. Qo‘limni musht qilib tugdimu, cholga uzatdim, nima qilishini kuzata boshladim. Chol o‘tirib, ko‘zlarini yumib olgancha, ancha vaqt tomirimni paypasladi, ancha vaqt o‘ylanib qoldi, keyin iblisona ko‘zlarini baqraytirib: «Hech narsani o‘ylamasin, bir necha kun butunlay osoyishta boqinglar uni, shunda hammasi joyiga tushib ketadi», dedi.
«Hech narsani o‘ylamasin, bir necha kun butunlay osoyishta boqinglar uni!» Tushunarli: obdan semirgunimcha boqib turishmoqchi meni, ana shunda, qarabsizki, pichog‘i moyda ularning: ammo «hammasi joyiga tushib ketadi» deyishgani nimasi? Bu kimsalar shu qadar mug‘ambirki, o‘zlari odam yeyishmoqchi-yu, ayni paytda buni yana yashirmoqchi ham bo‘ladilar, ochiqchasiga ish tutishga cho‘chishadiyam — o‘lasizmi-kulasizmi bunisiga! O‘zimni tutolmay qah-qah kulib yubordim. Huzur qildim rosa. Qo‘rqmay, dangaliga kuldim o‘zim ham. Kutilmagan bu dangalligim va dovyurakligim ta’sir qildi shekilli, cholning ham, akamning ham rangi o‘chib ketdi. Ammo men qanchalik botirlanganim sari ular meni tezroq yeyishning payiga tusha boshladilar — dovyurakligim ularga ham yuqdi-qo‘ydi. Chol xonadan chiqdi-da, eshikdan xiyol narilab, akamga: «Keling, tezroq yeya qolaylik», deya shivirladi. Akam ma’qullagancha bosh irg‘adi. «Demak, sen ham o‘shalar bilan birga ekansan-da!» Bu yangilik favqulodga o‘xshab tuyulsa ham, ammo mantiqan to‘g‘ri edi. Meni yemoqchi bo‘lgan to‘da ichida akam ham bor ekan-a!
Akam — odamxo‘r!
Men esa — odamxo‘rning inisiman!
Meni yeb gumdon qilishadi-yu, odamxo‘r akaning ukasiligimcha qolaveraman, bari bir.
Keyingi bir necha kun ichida avvalgi taxminlarim bir oz o‘zgardi: deylikki, o‘sha chol niqob kiyib olgan jallod emas-u, ha, ana, chinakam tabib ham bo‘la qolsin, lekin, bari bir, u odamxo‘r. Ularning ilmidagi piri Lyu Shichjen, adashmasam, o‘zining «Ildizlar va giyohlar» degan kitobida odam go‘shtini qovurib yesa bo‘ladi, deb ochiq-oydin aytgan. Shunday ekan, qanday qilib bu Muttaham chol odamxo‘r emasman, deya oladi?
Bir qorindan talashib tushgan akamga ham bekordan-bekor gap tashlayotganim yo‘q. Qadimgi yozuvlar ma’nosini tushuntira turib, u o‘z og‘zi bilan «bolalarni almashlash va ularni yeyish» mumkin, degan edi. Bir marta qandaydir yomon odam haqida gap ketganda, akamning: «Uni nafaqat o‘ldirish, hatto go‘shtini qiymalab yeb, terisini tagingga solib yotishing kerak», deganini ham eslayapman. U paytda men yosh bola edim, azbaroyi qo‘rqib ketganimdan anchagacha yuragim dukurlab yurgan. Bir necha kun muqaddam biznikiga Bo‘rixona qishlog‘idan kelgan anovi ijarachi «bechoraning yuragi va jigarini yeyishdi» deb hikoya qilganda ham akamning hatto bir tuki qimirlamadi. Aksincha, u hadeb bosh irg‘ab ma’qullayverdi. Hoynahoy, u hozir ham xuddi ilgarigiday yovuz. Modomiki, u bolalarni almashlash va yeyish mumkin, deya hisoblar ekan, demak, unda istagan narsani almashlab, istagan kimsani yeyish ham mumkin-da. Men ilgari uning adolat haqidagi gaplarini eshitib, soddaligim qursin, unga ishonardim, endi bo‘lsa, garchi adolat haqida gap sotsa ham, lab-dahani nafaqat odam yog‘iga bulg‘angani, hatto yuragi ham odamxo‘rlik niyatiga to‘lib-toshganini yaxshi bilaman.

VI

Zimiston, kunduzmi yo kechami, bilmayman. Chjao hovlisidagi it yana akillayapti.
Arslondek yirtqichlik, quyondek qo‘rqoqlik, tulkidek ayyorlik.

VII

Men ularning yo‘lini bildim, oshkora o‘ldirishni istashmayapti va bunga jur’at ham etisholmaydi, gunohga botishdan qo‘rqib. Shu sababli ular o‘zaro til biriktirishib, o‘z oyog‘imdan ilinishimni ko‘zlab, hammayoqni tuzoq, to‘rga bostirib tashlashgan. Bir necha kun avval ko‘chada uchragan anovi erkaklar bilan ayollarni eslang, akamning g‘alati qiliqlarini o‘ylab ko‘ring, bir zumda hammasi ravshan bo‘ladi-qo‘yadi. Men uchun eng yaxshi yo‘li — arqon topib, to‘singa uni mahkam bog‘lab — osilib o‘lganim tuzuk, shunda ular gunohga botishmaydi, istaklari ro‘yobga chiqqaniga quvonib, xoxolab kulishadi. Bunisidan ham ko‘ra, qo‘rquvdan yoki g‘amdan ezilib o‘lgan yaxshi: unda u qadar semirgan bo‘lmayman-u, shundayam ular yuz bergan voqeani ma’qullab, qayta-qayta bosh irg‘ashlari mumkin.
Faqat bilganlari odam go‘shtini yeyish! Esimda, kitoblarda yozilishicha, sirtlon degan maxluq bor. Jirkanch maxluq, ayniqsa, ko‘zlari jirkanch. O‘laksa yeydi: chaynab-chaynab, katta so‘ngaklarni ham yutib yuboradi. Hatto o‘ylashga ham qo‘rqasan uni. Sirtlon — qashqirlar naslidan, qashqir esa itlar oilasidan. Chjao hovlisidagi it ham uch kundan beri menga bosim-bosim tikilib qo‘yadi, anavilar bilan til biriktirgani aniq. Ey, sen, chol, ko‘zingni yerga olganing bilan, bari bir, meni aldolmaysan.
Ayniqsa, akamga achinaman. U ham odam-ku, axir, nega zig‘ircha bo‘lsayam qo‘rqmaydi? Bu ham yetmaganday, meni yeyish uchun shu to‘daga qo‘shilganmi u? Nima o‘zi — odamxo‘rlikni gunoh deb hisoblamagan qadimgi odatmi bu, yoki ongly ravishda jinoyat qilib, butunlay vijdonini yo‘qotgan kimsaning ishimi? Men odamxo‘rlarni, avvalo akamni la’natlayman: ularni odamxo‘rlikdan qaytarishga urinaman va buni akamdan boshlayman.

VIII

Ochig‘ini aytganda, ushbu dalillar ularga ham mutlaqo tushunarli bo‘lishi kerak.
To‘satdan bir odam kirib keldi: ko‘rinishidan yigirma yoshlarda, undan oshiqmas. Ammo aftu angoriga tuzukroq razm sololmadim. Og‘zining tanobi qochib, menga bosh irg‘aydi. Jilmayishi yasama. Men undan:
— Odamxo‘rlik — to‘g‘ri ishmi shu? — deb so‘radim.
U hamon jilmaygancha:
— Nega odam yeyish kerak ekan? — deya javob berdi.
Darrov tushundim, bu ham o‘sha to‘dadan, bu ham odam yeyish desa suyagi yo‘q. Botirligim yuz chandon oshib ketdi-yu, «To‘g‘rimi shu?» deb qistalang qildim.
— Qo‘ysangiz-chi, bunaqa gapni? Hazilkashmisiz deyman o‘zingiz ham… Havoning ochiqligini qarang.
Chindan ham havo ochiq, sutdek oydin edi.
— Yo‘q, bari bir, javob berasan sen: «To‘g‘rimi shu?»
U nima qilishini bilmay turdi. Nihoyat:
— Yo‘-o‘… — deya duduqlandi.
— Noto‘g‘rimi? Nega unda ular odam yeyishadi?
— Bo‘lmagan gap.
— Bo‘lmagan gap? Bo‘rixona qishlog‘ida ochiqchasiga yeyishadi, bu haqda istagan kitobingda yozib tashlangan.
Uning rangi o‘chib, basharasi cho‘yandek qorayib ketdi. Menga sinovchan tikilib:
— Yaxshisi, bu gaplarni qo‘ying, qaytaga o‘zingiz aybdor bo‘lib qolasiz! — dedi.
Ko‘zlarim olayib, sapchib o‘rnimdan tursam, haligi odamdan soya ham yo‘q. A’zoi badanimni ter bosib ketdi. Akamdan ancha-muncha yoshligiga qaramay, u ham to‘dadanligini sira kutmagandim. So‘zsiz, ota-onasi o‘rgatgan unga. O‘z navbatida u ham o‘z o‘g‘liga o‘rgatib qo‘ymaganmikan, degan xavotirdaman, shu sababdan bo‘lsa kerak, bolalar menga o‘qrayib qarashadi.
Bir-birlarini yeyishadi-da, o‘zlariniyam birov yeb qo‘yishidan qo‘rqib, bir-birlariga shubha bilan qarashadi…
Qaniki, ular yovuz fikrlaridan qaytsalar, o‘z yumushlarini qilib tinchgina uxlab, o‘ynab-kulib, yeb-ichib yursalar-ku, qanday dorilzamon bo‘lardi-ya. Buning uchun ko‘p narsa zarurmas, salgina istakning o‘zi kifoya. Ammo ular to‘da-to‘da bo‘lib olib, hammalari: otalaru, aka-ukalaru, eru xotin, do‘stu birodar, muallimu, o‘zaro g‘anim va bir-birini mutlaqo tanimaydiganlar ham — hammasi bir-birini bir-biriga gijgijlab, o‘lib qolsalar ham tinch yashaylik, deyishmaydi.

IX

Ertalab azondan akamni qidira boshladim: u hovlida, tevarak-atrofni tomosha qilayotgan ekan: orqasida to‘xtadim-da, g‘oyat xotirjamlik bilan, o‘ta muloyim ovozda:
— Aka, sizda bir gapim bor, — deb murojaat etdim.
— Marhamat, gapir, — dedi u shart o‘girilib, keyin bosh silkidi.
— Bor-yo‘g‘i uch-to‘rt og‘iz so‘z-u, tilim bormayapi. Yo‘q! Aka! Har qalay, jamiki yirtqichlar, avvaliga oz-ozdan bo‘lsa ham, odam go‘shtini totib ko‘rishgan. Keyinroq, e’tiqodlariga qarab, ayrimlari odamxo‘rlikdan voz kechishgan, butun fikru xayollarini kamolotga sarflab, oxir-oqibatda odamga, haqiqiy insonga aylanganlar, boshqalari esa hamon odamxo‘rlikka ruju qo‘yganlar. Xuddi qurt-qumursqaning o‘zi; bir xillari tadrijan baliq, qush, maymun va, nihoyat, odamga aylangan, boshqalari esa takomilga intilmay, hamon qumursqaligicha qolib ketgan. Lekin odamxo‘rlar shu qumursqaga qaraganda ham osmonu yer.
I Ya o‘z o‘g‘lini qovurib, Sze va Chjouning taomiga bergan, chunki qadim-qadimdan shu odam hukmron edi. Pangu osmonni yerdan uzgandan beri va I Yaning o‘g‘lini yeganlaridan; I Ya o‘g‘li voqeasidan to Syuy Silingacha; Syuy Silindan to Bo‘rixona qishlog‘idagi odamxo‘rlikkacha, kim biladi deysiz, bu orada qancha-qancha odamzod yeb tashlanganikin? O‘tgan yili shaharda bir jinoyatchi qatl etilganda, qandaydir simyon odam non burdasini marhumning qoniga bulg‘alab, maza qilib yalagan.
Ular meni yeyishmoqchi, siz, albatta, yolg‘izsiz, qo‘lingizdan hech narsa kelmaydi. Lekin nega ularning to‘dasiga qo‘shilib qoldingiz? Odamxo‘rlardan yaxshilik kutmang! Meni yeya olishar ekan, sizni ham yeb qo‘yishlari mumkin, keyin bir-birlarini yeyishadi. Ammo sal nafslarini tiyishsa-ku, odamlar o‘rtasida qanday osoyishtalik hukm surardi. Mayli, eng so‘nggi paytgacha ham hech narsa qilinmagan bo‘la qolsin, lekin, nahotki, kamolot sari intilishimizning iloji yo‘q, axir, ayting-chi, nahotki iloji yo‘q? Aka, bilaman, sizningcha buning sira chorasi yo‘q: hu anovi kuni ijarachi haqini pasaytirishni so‘raganda, siz unga rad javobi berdingiz.
Akam avvaliga sovuqdan-sovuq iljaydi, ammo gapirgan sarim aftu angori, gezarib, pinhona niyatlarini fosh etib tashlay boshlaganimda esa yuzi naq qorayib ketdi.
Tashqarida odamlar uymalashib turibdi: ular orasida Chjao Guyven ham itini yetaklab yuribdi. Ichkariga bo‘yinlarini cho‘zib, ostonaga suqilishadi. Bir xillarining qiyofasi, xuddi parda orqasidan ko‘ringanday, g‘ira-shira ko‘zga chalinadi: bir xillari esa ho‘ o‘sha galdagidek so‘yloq tishli, qop-qora yuzli. Ular lablarini qimtigancha miyiqda kulishyapti. Hammasi bir to‘dadanligini, hammasi odamxo‘rligini men bilaman. Lekin har xil fikrlashlarini ham bilib oldim: ayrimlari odamlarni yeyaverish kerak, deb hisoblashadi: ayrimlari esa odamni yeyish gunohligini bilib tursalar ham, bari bir, yegilari kelaveradi. Ammo bu pinhona niyatlarini boshqalar sezib qolishidan qo‘rqadilar, shu sababli ham men gapirganimda toqatlari toq bo‘lib, lablarini qimtib jilmayishadi.
— Yo‘qolinglar! Aqldan ozgan odamni tomosha qilishga uyalmaysizlarmi!
Ayni shu asnoda ularning yana bir mug‘ambirligini sezib qoldim. Insofga kelish xayollarida ham yo‘q, qaytaga meni telba deb biron-bir joyga gumdon qilishmoqchi. Ana shunda meni yeyishadi-yu, tuya ko‘rdingmi yo‘q, buning ustiga ularning yonini oladiganlar ham topilib qoladi. Ijarachi ham xuddi shunday hodisani gapirgan edi. Hammasi ular istagandek bo‘lyapti.
Chen Beshvoy g‘azabga to‘lgancha yonimga chopib keldi. Qanchalik ovozimni bo‘g‘ishni istasalar ham, bari bir, ularga qarata: «Tavba qilishlaringga haliyam kech emas, chin ko‘ngildan tavba denglar! — degim keladi. — Bilasizlarmi, kelajakda yer kurrasida odamxo‘rlikka o‘rin qolmaydi. Agar haq yo‘liga o‘tmasanglar, o‘zlaringni yeb bitirishadi. Ming-minglab tuxum ochsanglar ham, haqiqiy odamlar senlarni xuddi bo‘rini qirgan ovchidek qirib tashlaydilar. Xuddi qurt-qumursqadek ezib tashlaydilar!»
Chen Beshvoy to‘dani haydab yubordi. Akam ham qayoqqadir ketdi. Chen Beshvoy aldab-suldab meni xonaga kirishga ko‘ndirdi. Xonada zim-ziyo qorong‘ilik. Xari va to‘sinlar boshim ustidan birdan chayqalib, anchagacha qimirlab turdi va o‘zidan-o‘zi kattalasha boshladi…
Nimadir vujudimni toshdek bosdi, qimir etolmayman: ular o‘limimni kutishyapti. Kimdir meni bosib turganini his etdimu, jon holatda turishga urindim. Boshimga qilich kelsa ham ularga: «Hoziroq tavba qilinglar, chin ko‘ngildan tavba denglar! Bilasizlarmi, kelajakda odamxo‘rlarga o‘rin yo‘q…» demoqchi bo‘ldim.

X

Yorug‘ jahonni ko‘rmayman, eshikni ochishmaydi: kuniga ikki marta ovqat berishadi… Cho‘p qoshiqni qo‘lga olishim bilan akamni o‘ylab ketaman: jajji singilchamning o‘limiga ham akam aybdorligini bilaman. Ko‘z o‘ngimdan hali-hali singilchamning qiyofasi ketmaydi. Qanchalar yoqimtoy va g‘amgin qiyofa. Axir, u bor-yo‘g‘i besh yoshda edi. Onam to‘xtovsiz ho‘ngrab yig‘lagan edi, shunday qilgan tuzuk, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Bir voqeani eslayapman, besh yoshdamidim yo kichikroqmidim, uy oldida, shabadada huzur qilib o‘tirganimda akam, agar ota yoki ona dardga chalinsa, o‘g‘il hatto jonini ayamay, tanini kesib, ota-onasiga hadya etishi zarur: ana shundagina u haqiqiy o‘g‘il yeanaladi, degan edi. Onam e’tiroz bildirmagandi. Ammo bir parcha go‘shtni yeyish mumkin bo‘lsa, unda butun odamni yesa ham bo‘laverarkan-da. Lekin onam bechoraning yig‘laganlarini eslasam, hali hanuz yuragim tars yorilib ketgudek eziladi. Chindan ham bu ishlar xo‘p g‘alati!

XI

O‘ylashga ham holatim yo‘q. Faqat bugun bilibman, qarang, men yashayotgan bu olamda to‘rt ming yil davomida odamlarni yeyishar ekan: singilcham o‘lganda butun ro‘zg‘or akamning qo‘lida edi, kim biladi, balki u bizga singlimning go‘shtidan yedirtirgandir.
Ehtimol, hech narsadan bexabar, men ham singlimning ikki-uch luqma go‘shtini yegandirman, endi bo‘lsa o‘zimga navbat keldi…
To‘rt ming yil odamxo‘rlik qilib kelganlar ichida yashab, haqiqiy inson topish qanchalar mushkulligini endi bilibman-a.

XII

Ehtimol, odam yemagan norasida bolalar bordir hali?
Bolalarni asrang!

Aprel. 1918 yil.

Ruschadan O‘ktam Usmonov tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 11-son.