Ko‘p bor Mozambik tunlarida
birga bo‘lgan boqiy do‘stim
Simon Kimga bag‘ishlanadi.
Admiral Aniseto de Medeyros mana necha kunki restoran eshigini qoqadi, – zal ko‘ziga xotiralarida gavdalangandan ko‘ra kichikroq bo‘lib ko‘rindi. Stollar yig‘ishtirilgan, stullar to‘ntarib qo‘yilgan, pol xlorli eritma bilan artilgan, tinchlik va osoyishtalik.
Zal ichkarisidan: – Restoran yopiq, – degan ovoz eshitildi.
O‘n besh yoshlardagi yigitcha zalning polini artardi. Admiral restoran yopiqligini bilishi va aynan shu sababli ham bu yerda ekanligiga ishora qilib qo‘lini ko‘tardi. Unda restoranga mijozlar yo‘qligida nazar tashlash istagi bor edi, biroq buni ovoz chiqarib aytmadi. Hali to‘ntarib qo‘yilmagan stulni ko‘rib, bamaylixotir o‘tirdi.
– Janob?
Restoran yopilganligi tushunarli, aniq qilib aytilganiga qaramay, zalning o‘rtasida yastanib o‘tirib olgan chaqirilmagan mehmonning surbetligidan ochiqchasiga jahli chiqqan yigitcha, iflos lattaga qo‘lini artar ekan, uning yoniga keldi.
– Fernandoga Admiral Medeyros keldi deb ayt…
Bu so‘zlar xotirjam va nim tabassum bilan aytilganiga qaramay, yigitchaning muomalasi tuyqusdan o‘zgardi. Ehtimol, admirallik unvoni o‘z ta’sirini o‘tkazgandir. Yigitcha chelagini ag‘darib yuborishiga sal qoldi, hovliqqanicha zaldan yugurib chiqib ketdi.
Admiral yolg‘iz qoldi. Atrofni ko‘zdan kechirdi, uning nigohida quvonch bilan qayg‘u qo‘shilib ketgan edi. Yilda yo ikki yilda bir, balki ikki marta kelib turgan bu zalda qancha vaqtini o‘tkazgan ekan-a … Doimo o‘tirishlar tonggacha cho‘zilib ketar, ammo bu bir zumda o‘tganday tuyulardi.
Shunga qaramay, bu joy nima uchundir, unga o‘z uyidan ham qadrliroq tuyulardi. Balki moviy fayans qoplangan mana shu devorlar bu yerda jaranglagan kulgilar, suhbatlar, dil izhorlari haqidagi xotiralarni o‘zida saqlagani uchundir? Albatta, u bunday emasligini bilardi va bu ishonch unga haddan tashqari shafqatsizlikdek tuyulib ketdi.
– Admiral…
Ellik yoshlar atrofidagi bu odamning ovozidan ko‘pdan tanish bo‘lgan samimiy ohanglar eshitildi. U Medeyrosning oldida turar, avvalgidan sal to‘lishgan, yuzida quvonch aks etardi. U yosh buqaday baquvvat, zuvalasi pishiq, bo‘yni yo‘g‘on, qo‘l-oyoqlari kalta, favqulodda chaqqon harakatlari bilan ajralib turardi. Kirib kelgan kishining ismi Fernando Pimenta bo‘lib, umrining ilk damlaridan hayotga baxtiyor nigoh bilan qarardi. U xususiy restoraniga ega bo‘lib, ishlarini yo‘lga qo‘yib olgandi. O‘z mijozlarini va oshxonasida pishiriladigan taomlarni xush ko‘rardi, oqshomlari ostonada o‘tirib olib, sigareta chekishni yoqtirardi.
– Biror nima yeysizmi, admiral? Dorada krevetkalardan qolgan…
Medeyros rad qildi. Ovqatlanishni xohlamayotgandi. Ayniqsa, bu yerda. Bu xoinlikdek tuyuldi. Aftidan, Fernando ham shu haqida o‘yladi shekilli, admiral ishora bilan taklifini rad etishidan oldinroq, qo‘l harakati bilan afsusda ekanligini bildirdi.
– Ha. Yo‘q. Albatta. Balki qahvadir. Ha, qahva. Har ikkimizga, – o‘ylanib turib, bir qarorga keldi admiral.
U hali gapini tugatishga ulgurmay, Fernando g‘oyib bo‘ldi. Yigitchaning oshxonadan ketishiga ruxsat berayotgani, restoranni o‘zim berkitaman, degani eshitilib turardi. Idish-tovoqlarning jarangi eshitildi, qahva avtomati vishillab bug‘ chiqardi. Aniseto de Medeyros qahvaning hidini sezib jilmaydi. U kelganidan xursand edi.
Fernando stolga qahva quyilgan finjonlarni qo‘yib o‘tirdi, admiral unga nigoh tashlab:
– Mozambikni sog‘inib ketdim, – dedi.
– Men ham, – javob qaytardi restoran xo‘jayini.
Ularning hech biri hech qachon Mozambikda bo‘lmagan va shunga qaramay, har ikkisi ham haqiqatni gapirardi. Baham ko‘rilgan tuyg‘udan yerto‘lada saqlangan yaxshi mayni maydalab ichganday lazzatlanishib, bir muddat sukutga cho‘mdilar.
– U yoqqa qaytishimizga ko‘zim yetmaydi, – dedi admiral.
– Mening ham, – javob qaytardi Fernando va mehmonga bolalarcha nigoh tashlab qo‘ydi, – u butunlay ketdi, deb o‘ylaysizmi? – deb so‘radi.
Admiral yuzini burishtirdi – go‘yoki, hech narsa aniq emas, biroq hech nimani inkor qilib ham bo‘lmaydi. Keyin nigohini qahvali finjonga qaratib, qo‘shib qo‘ydi.
– Mana Fernando, Da Kosta o‘tgan yili vafot etgandan keyin, biz ham yetim bo‘lib qoldik.
– Admiral, bilasizmi, menga eng muhimi nima yetishmayotganini?
Admiral do‘stiga tikilib, gapini oxirigacha yetkazishini so‘rab, bosh irg‘ab qo‘ydi.
– Yangi voqealar! Kim ularni bizga aytib beradi?
Admiral sal bo‘lmasa yig‘lab yuborishini his qildi. Mana shunaqa gaplar. Aynan shu narsa uni Fernandoning yoniga, uning restoraniga boshlab keldi. Uning o‘zi unga hech ham tinchlik bermayotgan narsani ifoda qila olmayotgan edi, nihoyat bu gap aytilgach, bo‘g‘ziga bir nima tiqilganini sezdi. Kim endi ularga yangi voqealarni aytib beradi? Mozambik haqidagi hikoyani kim yakunlaydi? Aniseto de Medeyros ma’yus turardi.
– Bilaman, Fernando, – pichirlab dedi u va yig‘lab yubormaslik uchun shahd bilan qahvani ichib tugatdi.
Ma’nisiz, hech narsani anglatmaydigan nigohlar bilan ancha vaqtgacha jim o‘tirdilar. Ko‘z oldilarida bir xil manzaralar namoyon bo‘lardi. Xotiralarida bir xil tovush yangrardi. Mozambik yana ular bilan birga, ularning yonginasida edi.
Ikkovlon uning qaytishiga va ularni mahv etishga izn berdilar. Ular go‘yoki vafot etgan ikki do‘stlarini kamtarona dasturxon atrofiga taklif qilgan edilar. Do‘stlar, o‘tmishdagi bayram noz-ne’matlarining yoqimli hidlari zalga asta-sekin tarqalayotgan paytdagi damlarini buzib qo‘yishdan cho‘chib uzoq vaqt sukut saqladilar. O, o‘tmishning bahri-dilingni ochadigan iliqligidan rohatlanib, shu alfozda o‘tirish va sukut saqlash qanchalar zavqli!
Ular har doim Fernandonikida, xo‘jayin saranjon-sarishtalik bilan uzun qog‘oz dasturxonlar to‘shaydigan, yog‘och stollardan biri atrofida to‘planar edilar. Hech qachon tungi soat o‘ndan avval kelmasdilar. Oldindan maxsus kelishishmagan, biroq kechki payt bejiz tanlanmagan – bu vaqtga kelib restoran bo‘shab qolar, keyinroq yopilar va qosh qoraygan sari bu joy faqat bizniki, degan tuyg‘u paydo bo‘lardi. Buning ustiga, kechani Fernandosiz tasavvur qilib bo‘lmasdi, u esa faqat shu paytga kelib bo‘shardi.
Oshxona eshigi har doim lang ochiq turadigan bu eski restoran ularga yoqardi – dengiz mahsulotlaridan tayyorlanadigan taomlarning iliq, yoqimli hidlari zalga kirib borar, may shishalari ochilayotganda uzoq xo‘rsinishlarday tovush chiqarardi.
Ular bu yerda yiliga bir yoki ikki martadan ko‘p uchrashmasdilar. Hech qanday aniq sana belgilangan emas edi, barchalari bo‘sh bo‘lganlarida to‘planaverardilar. Aytish joizki, to‘rtovlon bir vaqtning o‘zida jonajon shaharlarida bo‘lishlari kamdan-kam uchrardi.
Faqat uchrashuv kuni belgilansa bas, qolgani o‘rnatilgan tartibda ketaverardi. Admiral Medeyros qo‘ng‘iroq qilib, stolga buyurtma berardi. Bu uning zimmasidagi majburiyat edi. Shu daqiqadan boshlab Fernando faqat belgilangan uchrashuv quvonchi bilan rohatlanib yashardi. Mazali baliqlarni g‘amlab, do‘stlarini qanday gazak va taomlar bilan hayratga solishni o‘ylardi. Ular kelganlarida eshikni xo‘jayinning o‘zi ochar va ustki kiyimlarini yechishga yordam berardi. Qo‘llarini siqib, so‘nggi marta qachon to‘planishgani, qanday taomlar bilan mehmon qilinganlari, qanday may ichganlarini eslashga harakat qilar edi. Charm qoplangan zil-zambil va beso‘naqay stullarga o‘tirishlari hamonoq, Fernando qadahchalarga biror bir o‘tkir ichimlik quyar va yong‘oqlar keltirardi. Ular qadahlarni urushtirishar, buyurtma berishardi, so‘ng xo‘jayin chiqib ketar, ular esa kechki ovqatga o‘tirar edilar.
Fernando ularga keyinroq, ish kuni tugagach, qo‘shilardi. Uningsiz suhbat qovushmas, ikkilamchi mavzular tilga olinar, asosan u tayyorlagan taomlarga munosib baho berilardi.
Admiral Aniseto de Medeyros, kontr-admiral Da Kosta va kapitan Manuel Passeolar dengiz maktabida tanishgandilar. U paytlarda ular yosh dengiz zobitlari edilar – oq qo‘lqoplar kiyib, harbiylarga xos qaddilarini rostlar, ko‘zlari chaqnar, o‘zini dengizga to‘liq bag‘ishlashga doim tayyor turardilar. Hayot ularning har biriga kutilmagan sovg‘alarni tayyorlagan edi. Birinchi bo‘lib g‘olibona nigoh kapitan Manuel Passeoda so‘ndi. Subordinatsiyaga rioya qilmaslik bilan bog‘liq qandaydir hodisa. O‘zidan katta lavozimdagi kimsa bilan tortishuv. Maktabni tamomlashga bir yildan ortiqroq vaqt qolgan edi, harbiy dengiz floti bilan xayrlashishga to‘g‘ri keldi, lekin dengiz bilan emas – bunday qarorga kelishiga jasorati yetishmadi. “Savdo floti” – bu so‘zlarni u oldiniga nafratlanib aytib yurdi – keyinchalik u bor kuchini sarflaydigan joyga aylandi. O‘rtoqlari, ustidan kulib, “suv transporti xodimi” deb atashardi. Kontr-admiral Da Kosta uylandi. Bir necha yildan keyin xotini asab kasalligining kam uchraydigan turi bilan og‘rib qoldi. Eri yonida bo‘lishi kerak edi. Da Kosta borgan sayin dengizga kamroq chiqa boshladi, keyin uni butunlay quruqlikka o‘tkazishlarini so‘radi. Uni Lissabon aslahaxonasidagi lavozimga tayinlashdi, ya’ni u haqiqiy “dengiz bo‘rilari”ning tushunchasi bo‘yicha, qumga ko‘milib olgan baliqqa aylandi. Faqat admiral de Medeyrosgina o‘z vazifasiga, dengiz o‘tlari-yu dengiz ko‘pigiga bo‘lgan yengib bo‘lmas mayliga sodiq qoldi. Biroq ajablantiradigan joyi shunda ediki, sayohatu safarlarga to‘la hayotining so‘ngida u omadsizroq do‘stlaridan ortiqroq biror narsani bilmasligini ahyon-ahyonda his qilib turardi.
Shunday qilib, ularda, Fernandoning restoraniga to‘planganlarida, kimdir so‘z olishi va biror-bir voqeani gapirib berishi odat tusiga kirgan edi. Bu xuddi tunda dengizga chiqishga o‘xshardi, hammalari birgalikda, maxsus ust-boshsiz, unvonlarsiz, bir to‘lqinda chayqalishar, sayohatlarning mast qiluvchi havosidan to‘yib nafas olishar edi. Bir so‘z bilan aytganda, hayotda xayolingga ham kelmaydigan narsalar bo‘lardi.
Oxirgi marta ular ikki yil burun – 1978-yilning ajoyib iyun oqshomlaridan birida yig‘ilishgan edi. Kontr-admiral Da Kostada, bir yildan keyin uni olib ketgan xastalik alomatlari sezilib turardi, rangi zafaron tus olgan va sillasi qurigan, jon taslim qilayotgan mitti jonivorga o‘xshab qolgan edi.
U ichkariga kirganida yuzida muhrlangan chuqur charchoq izlari do‘stlarini lol qoldirdi, biroq u kasalligi to‘g‘risida lom-mim demadi va hech kim uni savollar bilan bezovta qilmadi.
O‘sha kecha ular Fernando tayyorlagan taomlardan huzur qilib totib ko‘rdilar. Restoran yopilgandan keyin esa, stullarni stol atrofidan surdilar, Fernando qahva va bir shisha olcha sharobi keltirdi, o‘tirganlarga bolalarcha qiziquvchanlik bilan boqib: “Xo‘sh, kim boshlaydi?” – deb so‘radi.
Kontr-admiral Da Kosta ko‘zlarini bir oz qisib, ishora bilan do‘stlarining diqqatini o‘ziga tortdi.
– Umuman olganda, bu hech qanday voqea ham emas, shunchaki sizlarga muhokama uchun taqdim qilmoqchi bo‘lgan savolim, – go‘yo o‘rnatilgan tartibga rioya qilmagani uchun o‘zini aybdordek sezib, dedi u.
– Agar falsafa so‘qiladigan bo‘lsa, ichkilik kamlik qilsa kerag-ov, – dedi kulib Medeyros.
Fernando peshtaxtadan shishani oldi va qadahlarni to‘ldirdi. Oraga jimlik cho‘kdi: hamma huzur qilishni oldindan sezib, jimib qoldi.
– Shunday qilib, sizlarga bundan besh oy burun amakivachchalarimdan biri bilan sodir bo‘lgan kichikroq bir voqeani aytib berishimga ijozat bergaysizlar. Oltmish ikki yoshida u kenja qizini turmushga uzatayotgan edi. Biz tog‘dagi qishloq – Magaduroga to‘yga taklif qilingan edik. Kelin kun sanar, so‘nggi hozirliklar davom etardi.
Kontr-admiral jimib qoldi; so‘lg‘in yuzlari uni kampirga o‘xshatib turardi.
– To‘y kuni, – yana gap boshladi u, – men tong saharda amakivachchamnikiga keldim. Biz birgalashib qahva ichdik. U kuyovning oilasi haqidagi taassurotlari og‘ushida edi – bu oila unikidan kattaroq, badavlatroq bo‘lib, Lissabondan to‘liq tarkibda kelishgandi. Tayinlangan vaqt yaqinlashganda, biz hammamiz nikoh marosimi o‘tadigan shaharning yuqori qismida joylashgan cherkovga yo‘l oldik. Biz ko‘tarilayotgan yonbag‘ir tik edi. Kun juda issiq, quyosh ayovsiz qizdirardi. Toqqa olib boradigan yo‘lda amakivachcham o‘zini yomon his qila boshladi. Uning oyoqlari darmonsizlikdan chalishib ketdi. Men uni ushlab qolishga ulgurmadim. U yerga qulab tushdi va bayramona kiyingan ko‘p sonli qarindoshlari orasida mening qo‘limda yurak xurujidan vafot etdi.
Kontr-admiral yana jimib qoldi, ehtiyotkorlik bilan maydan ho‘pladi – uning xuddi yovvoyilardek bir nechta shishani bo‘shatishga ko‘nikib qolgan do‘stlari, – yuz bergan bunday o‘zgarishni payqamasliklari mumkin emas edi.
– Tasavvur qilinglar-a, bayram motamga aylandi. Bunday bo‘lishi mumkinligiga hech kimning ishongisi kelmasdi. Kuyov bilan kelinning ko‘zlaridan alamli yoshlar to‘kilardi. To‘y bazmi bekor qilindi, sozandalarga javob berildi. O‘sha kuni ko‘pchiligimiz, odamlar ustidan bunday yovuz hazil qilgani uchun falakka la’natlar o‘qidik
– Ha, bundan battari bo‘lmaydi, – to‘ng‘illadi kapitan Passeo.
– Dahshatning o‘zi, – pichirladi Fernando.
– Xo‘sh, qanday masalani biz bilan muhokama qilmoqchi eding? – qiziqib so‘radi Medeyros.
Kontr-admiral ko‘zlarini sal qisdi va suhbatning boshida tashlangan xo‘rak yodlarida ekanligidan quvondi.
– Men bularning hammasi to‘g‘risida ko‘p o‘yladim. O‘sha kunning ikkinchi yarimidagi voqealar, mening nazarimda to‘g‘ri bo‘lmadi. O‘sha kunni bunday o‘tkazmasligimiz kerak edi. Biz hamma narsani bekor qildik va g‘amga botdik. Shundaylikka shundayku-ya. Biroq mening savolim bunday, nima uchun inson qalbi ikki qarama-qarshi tuyg‘ularni o‘ziga sig‘dira olmaydi, nima uchun ularning yonma-yon mavjud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi?
– Hech narsani tushunmayapman, – taajjublandi Fernando.
– Hozir tushuntiraman. To‘y davom ettirilsa to‘g‘riroq bo‘lmasmidi? Yoshlarni nikohlab, shu kunning o‘zida otalarini dafn etsa bo‘lmasmidi?
– Biroq bu qanday bayram bo‘lar edi? – gap qistirdi Medeyros.
– Men ham shu haqida aytayapman-da, – qizishib gapni ilib ketdi kontr-admiral. – Nima uchun inson bunga qodir emas? Axir, hayot bunga qodir-ku. U bizni ko‘p martalab sinaydi, o‘tdan olovga tashlaydi, yana hech qanday maqsad va rahm-shafqatsiz. Mana shuning uchun men bu aqlsizlikni yenga olishga qurbi yetadigan odam haqida o‘ylab qoldim. Quvonchda yig‘lash va g‘amda kulish. Biz ham o‘sha kunni shunday o‘tkazishimiz kerak edi. To‘yni davom ettirish, raqsga tushish, yoshlarga oq fotiha berish va o‘sha kunning o‘zida o‘tganga aza tutish. Taqdir shuni ravo ko‘rgan bo‘lsa, nima ham qilib bo‘lardi?
Do‘stlar birdaniga javob bermadilar. Har biri bunday to‘yni tasavvur qilishga o‘zicha harakat qilardi – ko‘z yoshlari va mushakbozlikning g‘ayrioddiy omuxtasi.
– Sen haqsan, – dedi, nihoyat Medeyros, – shunday qilinsa yaxshi bo‘lardi.
Gapi tugaganini va boshqa aytadigani qolmagani ishorasi sifatida, kontr-admiral bir stakan suv ichdi.
Fernando kremli shirinlikni olib kelish uchun bir zumga oshxonaga chiqib keldi.
– Shirinlik “qiyomat” deb nomlanadi, – e’lon qildi u, o‘z mehnati samarasini do‘stlari hukmiga havola qilar ekan.
– Nomini zap tanlabsanmi?! – kulib yubordi Passeo.
– Bunday fikr kallangga qayerdan kela qoldi? – qiziqib so‘radi Da Kosta.
– Hozir tushuntirib beraman, – quvlik bilan dedi Fernando, – Bu mening bugungi kechaga qo‘shgan hissam bo‘ladi. Avval tatib ko‘ringlar-chi…
Shirinliklar ustiga apelsin po‘stining xushbo‘y hidi keladigan qiyom surtilgan edi. Dastlab taxirroq ta’m sezilardi. Asta-sekin, ichimlikning qo‘shimcha ta’mi ustunlik qila boshlardi.
– Lekin bu ajoyib desert bilan qiyomatning qanday aloqasi bor? – dedi hayrati arimagan va yana shirinlikdan totgisi kelib turgan Da Kosta.
– Qiyomat kuni Lissabonda nima bo‘lishi sizlarga ma’lummi? – quvlik bilan so‘radi Fernando.
Mehmonlar yo‘q, degan ma’noda bosh chayqadilar.
– Hech narsa, mutlaqo hech narsa bo‘lmaydi. Portugaliya har doim orqada yuradi. Dunyo jahannamga qulab, osmon yorilib ketadigan va otash oqimlari barcha tirik mavjudotlarni yo‘q qilib yuboradigan, qolgan dunyo vayron bo‘layotgan kuni ham Lissabonda hamma narsa o‘z joyida qoladi. Hatto shunda ham biz kech qolamiz, bir necha kun bizda odatiy hayot davom etadi, vaholanki dunyoning qolgan qismi vayronaga aylanadi.
Passeo va Medeyros jilmayishdi, bunga shirinlikning nima aloqasi borligini hali ham tushuna olmayotgan Da Kosta qovog‘ini uydi.
– Xo‘sh, nima bo‘libdi? – so‘radi u.
– Xech nima, – Fernando tomoshabinlar yuzidagi hayratni mamnunlik bilan sezib turgan sehrgardek quvlik bilan javob berdi – Qiyomat boshlanmaganligini biz qayerdan bilamiz? U allaqachon bizning atrofimizda-ku. Baxt lazzatini totib ko‘rish uchun bir necha kun qoldi. Ulardan imkon qadar foydalaning. Rohatlaning.
Mehmonlar kulimsirab, yana bittadan shirinlik oldilar va go‘yoki Fernando to‘g‘ri so‘zlaganini, Nyu-York, London, Parij va Tokio olov ichida qolganini hazilga olib, tasavvur qildilar.
Shu bilan suhbat sekin-asta o‘z poyoniga yetishi va uchrashuv yakunlanishi mumkin edi, biroq hali Passeoga so‘z navbati kelmagandi.
Gapirish navbati unga keldi; uning hamtovoqlari, o‘z shaxsiy hayoti bilan bog‘liq mashaqqat va armonlarni, barcha-barcha narsalarni unutib, hafsala bilan sigaretalarini tutatdilar va butun vujudlari quloqqa aylandi, ularning ko‘zlarida bolalarcha betoqatlikni uqish mumkin edi. Kapitan Passeo gapirishni boshlaganda, uning hikoyasi uzoq davom etishi ma’lum bo‘ldi. Muhimi, shu edi. Qolgani hisobga o‘tmaydi. Lissabon uyquda edi. Passeoning so‘zlari tamaki tutuni va do‘stlarining tabassumi bilan aralashib, restoran zali bo‘ylab suzib borardi.
– Meni uzoq vaqt dengiz bilan yaqinlashib, boyidikmi yoki qashshoqlashdikmi, degan savol qiynadi. Do‘stlar, sizlarga rostini aytadigan bo‘lsam, men uzoq vaqt, olamni bunchalik ko‘p kezish, barcha dengiz va okeanlarda suzish, odamni faqat qashshoqlikka olib boradi, deb hisoblaganman. Qalbimiz tubida siz ham, men ham sayohatlar so‘ngida qo‘llarimizda bir hovuch dengiz suvidan boshqa hech vaqo qolmaganini anglab yetamiz. Bizning qat’iyat va o‘jarlik bilan dengizda suzishga bo‘lgan intilishimiz ortida, balki qashshoqlashishning birgina sarkash istagi yashiringandir. Axir dengizda oltin bo‘lmaydi-ku. Na siz, na men dengizdan uni topganmiz. Men oddiy savdogarman. Kemam ochiq dengizda suzishga moslashtirilmagani bois, qanchalik cho‘chib, qirg‘oqqa yaqin suzishimga, pullash mumkin bo‘lgan barcha narsalarni tryumda tashiganimga qaramay, boyimadim, qo‘limda qanday tangalarni ushlamadim, deysiz – dunyoda mavjud bo‘lgan barcha turidan! – hatto shunda ham jonajon qishlog‘imdan chiqib ketgan kunimdan ko‘ra ham qashshoqroqman. O‘ttiz yil ichida men topgan va to‘plagan pullar qanday kelgan bo‘lsa shundayligicha ketdi. Biroq hayotimda barcha intilishlarimni oqlaydigan shunday narsa bo‘lgan edi-ki… O‘ttiz yil savdo-sotiq qilish, yugurib-elish va pora berishga arziydigan bir voqeaning qiymati… Mening kemamdan ham qimmatroq bo‘lgan. Agarda bugun mendan kimligimni so‘rasangiz, men sizlarga o‘z ismimni, yoshim nechadaligini, millatim va kasbimni ham aytmayman va shunday javob beraman: men Tigirka qizi tarixidan voqif kishiman. Mana shuning o‘zi yetarli.
Kapitan jimib qoldi. Bir qultum ichib, qadahni stolga qo‘ydi va tinglovchilarga qaradi. Ulardan hech biri hikoya aytilayotgan paytda gap qo‘shmadi. Ular kutishar va hayrat to‘la ko‘zlarida sabrsizlikni uqish mumkin edi. Na vaqtning kech bo‘lganini, na charchaganlarini his etardilar. Ular tingladilar.
– Tirikchilik uchun qanday yo‘l bilan pul topishim sizlarga ma’lum, – davom etdi Passeo. – Sizlar har doim menga nisbatan mehribon va marhamatli bo‘lgansizlar, meni o‘zlaringga yaqin bilgansizlar, vaholanki, sizning o‘zingiz mamlakat dengiz floti a’zolarisiz. Men savdogarman. Sotaman, sotib olaman, pul ishlayman. O‘ttiz yildan ortiqroq birorta bandargohni qoldirmasdan Mozambik qirg‘oqlari bo‘ylab suzib yuraman. Kemamning tryumlari bo‘shaydi va yana to‘ldiriladi. Yuklash, tushirish. Buning uchun menga to‘laydilar va men yo‘limda davom etaman.
Men bu mamlakatni yaxshi bilaman, buni eshitish sizga qanchalik hayratlanarli bo‘lmasin, uni sevaman. Uni holdan toydirayotgan qashshoqlik, korruptsiya, yashirin urushga qaramay baribir yaxshi ko‘raman. Mustaqillikning e’lon qilinishi men uchun hech narsani o‘zgartirmadi. Men bor-yo‘g‘i savdogarman va hech qachon bu mamlakat fuqarosi bo‘lishga da’vo qilmaganman. Istiqlol shakarqamish dalalarini yoqib yubormadi, keshyu yong‘og‘i zahiralarini payhon qilmadi. Savdo kemalarini to‘ldirsa bo‘ladigan narsalar hali bisyor va bu menga juda qo‘l keladi. Shakar, choy, yong‘oq. Beyradan Maputugacha, Mozambikdan Janubiy Afrikagacha. Shakar, choy, yong‘oq – u yoqdan-bu yoqqa olib boriladi. Faqatgina bu emasligini sezib turgan bo‘lsangiz kerak. Qurol ham tashiyman, buning uchun brilliant bilan hisob-kitob qilishadi. Janubiy Afrika zamini oltinu qimmatbaho toshlar bilan to‘lib-toshib yotgan bo‘lsa, qanday qilib uning boyliklariga befarq qarash mumkin. Ko‘ryapsizmi do‘stlar, men ham boshqa osiy bandalar kabi qaroqchi bo‘lmasam ham, bir muncha firibgarman. Bularning barchasi noqonuniy, lekin Mozambikda qonuniy narsa bormi o‘zi? Bundan tashqari, kema tryumida tashiladigan yo‘lovchilar ham bor. Mamlakatda yo‘llar yo‘q. Poyezdlar zo‘r-bazur harakatlanadi. Bo‘lganda ham unda ketishni Maputudan ish topish ilinjida Zambezi sohillarini tark etayotgan dehqonlarning hamyoni ko‘tarmaydi. Suv yo‘li hali-hamon eng arzon va ishonchli harakatlanish vositasi bo‘lib kelmoqda. Men ham barcha qilgan ishni qilaman: Beyradan bir necha kambag‘allarni kemaga olaman. Hukumat bunga ko‘z yumadi. Sirasini aytganda, men tryumlarda nima borligiga ortiqcha e’tibor qaratmasligi uchun hokimyatning og‘zini yopaman. Beyrada kapitan Passeo shunday xizmat ko‘rsatishi haqida yashin tezligida mish-mishlar tarqaldi. Shundan beri bortga bir necha nolegalni olaman. Ochig‘ini aytaman, bu menga yoqadi. Bu orqali men o‘zimning shunchaki savdogar emasligimni his qilaman. O‘zing bor-yo‘g‘i mayda savdogar bo‘la turib, falonchiman deb gerdayishing ahmoqlik ekanligini tushunaman, biroq shunday bo‘lsa ham… Xullas, o‘z qiymatiga ega bo‘lganlarning barini – erkaklar, ayollar, qurol, brilliantlar, pishiriqlar, shakarqamish poyasini o‘z manziliga yetkazishni zimmamga olganman.
Aniseto de Medeyros Passeodan ko‘zini uzmasdi. Passeo unga qadalgan nigohlar nayzasiga dosh berolmayotganday beixtiyor barmoqlarini qalin sochlari orasidan yurgizdi, bo‘ynini qashladi.
Admiral do‘sti nimadan xabardor bo‘lganiga tushuna olmasdan, uni nima hayratga solgani, nega yuzida dunyoning narigi chetiga borib kelgan kimsaday charchoq izlari muhlanganiga aqli yetmasdi. Passeo yana so‘zlay boshlaganida savollariga javob olishga shaylanib, nafasini ichiga yutdi.
…Men o‘sha tunda sodir bo‘lgan barcha narsani eslayman. Biz Beyra sohilida to‘xtadik. Kema Maputuga yo‘l olgandi. Tryumdan pishiriqlarning o‘tkir hidi taralardi. Noqonuniy yo‘lovchilar odatdagidan ko‘proq – yigirmaga yaqin erkak va ayol edi. Ularning barchasi Maputuda – shahar tegirmonida o‘z baxtini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan, yerdan tirikchiligini o‘tkaza olmagan bechora omadsiz dehqonlar. Erkaklar nari borsa son- sanoqsiz qurilishlarda ish topishi mumkin. Ayollarga esa hech narsadan umidvor bo‘la olmas edilar. Buni bilsalar-da, o‘z ilohlariga ularni juda tez yanchib tashlamasliklarini iltijo qilgan holda erlariga ergashadilar.
Beyra ancha ortda qoldi va men yordamchimga tryumni ochishni buyurdim. Bechora odamlarning sho‘r bosgan tryumda qamalib o‘tirishlariga yo‘l qo‘ya olmasdim. Ularni shaharda kutayotgan azob-uqubatlar, olatasir shovqin-suron oldidan so‘nggi tunda bahra olsinlar. Ular qo‘rqa-pisa palubaga ko‘tarilar ekanlar, hashamatli salonga kirib qolgan chuvrindilarga o‘xshab ketardilar.
Mexanikdan barcha narsa joyidaligini bilgach, o‘z kayutamga kirib yotdim. Ushbu tun menga kutilmagan sovg‘a tayyorlashini qayerdan ham bilibman deysiz?
Bir-ikki soatlardan so‘ng qichqiriqlardan uyg‘onib ketdim. Palubada janjal boshlangandi. Bunday holatlar ba’zan noqonuniy yo‘lovchilar va ulardan yana ozroq choy-chaqa undirmoqchi bo‘lgan komanda a’zolari o‘rtasida bo‘lib turardi. Shoshib kiyindim.
Yuqoridan qichqiriq ovozlari yanada balandroq kela boshladi. Zinalardan hatlab yuqoriga chopib borar ekanman, ayol kishining yurakni larzaga soluvchi kuchli chinqirig‘idan sal bo‘lmasa qulog‘im teshilayozdi. Men ikki xatlab palubaga chiqdim va to‘plangan olomonni yorib kirib hamma chetga chiqishini, bu olatasir nimani anglatishini tushuntirishlarini talab qildim, lekin kech bo‘lgandi.
Palubada bir ayol kishi yuztuban holda yotardi. Lablarim titrab ketdi. Men ayolni o‘rab olganlarning ma’nisiz, hissiz yuzlariga qarab hech nimani tushunmadim. So‘rab-surishtirdim. Matroslardan biri ko‘rgan-bilganlarini gapira ketdi.
Passeo o‘z hikoyasida davom etarkan, bir oz tin olib cheka boshladi, tinglovchilar jonlanib qoldilar, Fernando esa o‘rnidan turib ketdi. Kim suv ichadi? Kimga yana qavha? Shirinliklar-chi? Medeyros va Passeo stullarni stoldan uzoqlashtirib oyoqlarini uzatdilar. Da Kosta hojatxonaga yo‘l oldi. Lekin bir ozdan so‘ng ularning barchasi yana stol atrofida jam bo‘lishib, jon quloqlari bilan tinglashga tutindilar, Passeo esa o‘z hikoyasini davom ettirdi.
– Mana, u menga nimalarni so‘zlab berdi. Yarim tunda ayol erkak kishiga nima uchun tashlandi? – men baribir sababini aniqlay olmadim. Janjal bosilgandan so‘ng anglab bo‘lmaydigan voqea sodir bo‘ldi: erkaklar hammasi unga tashlandilar va do‘pposlay boshladilar. Dengizchilarim biron bir chora ko‘rishga ulgurishmagan, sanoqli soniyalarda ular ayolni o‘laksa qilib do‘pposlay boshladilar. Go‘yoki ularning barchasini birdan nafrat chulg‘ab olganday. Voqea qanday bo‘lganini so‘zlab berishni to‘rt martalab so‘radim. Janjal nimadan kelib chiqqanligining ajablanarli joyi yo‘q edi: rashk, qasos, xiyonat, yana nima ham sabab bo‘lishi mumkin …
Biroq barchasidan so‘ng qo‘rqoqlarcha, qabih, ahmoqona va shafqatsizlarcha bo‘lib o‘tgan Linch sudi… bu butunlay boshqa gap. Men lol qolgan edim, biroq chekinishni istamasdim. Barcha nolegal yo‘lovchilarni yig‘ib ta’zirini berdim, agar gap nimadaligini aytishmasa, ularni hukumatga topshiraman, deb qo‘rqitdim. Hatto ularning barchasini kemadan uloqtirib yuboraman, deb po‘pisa ham qildim. Hech narsa ta’sir qilmadi. Ba’zi ashaddiy surbetlari menga hatto ko‘z qirini tashlashni ham lozim ko‘rmadilar, boshqalari esa ortiqcha bezovtalanishga o‘rin yo‘qligi, marhuma bor-yo‘g‘i Tigirkaning qizi ekanligi haqida astagina g‘o‘ldirashdi. Kun kelib mening kemam suzuvchi tobutga aylanib qolishini tasavvurimga ham keltira olmagan bo‘lardim. Bu ayol boshqalar qatori tirikchilik vajidan ishlash uchun Maputuga ketayotgandi, menga ishonib mollar joylashgan iflos qoplar orasida ketishga rozi bo‘lgan edi. Men bo‘lsam birgina ayolni ham Afrikaning qoq markazida atigi bir tun davomida himoya qila olmaydigan oddiy savdogar bo‘lib chiqdim.
Restoran eshigi taqilladi. Buyruq berilganday to‘rtovlon birdan cho‘chib tushdilar. Ikki sevishgan ichkariga qo‘yishlarini so‘rab, oynavand eshikni zo‘r berib taqillatar edilar. Fernando o‘rnidan sapchib turdi va imo-ishora bilan restoran yopiqligini bildirdi. Yigitcha ular uchun istisno qilishlari haqida yolvorib so‘raganda, xo‘jayin:
– Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Yopiq! – deb qichqirdi.
– O‘z so‘zlarini tasdiqlash uchun temir pardani tushirib qo‘ydi. Sevishganlar ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Fernando odamlarga tinchlik bermaydigan surbetlar haqida nimalarnidir javrab o‘z o‘rniga kelib o‘tirdi.
Atrofni sukunat qopladi va Passeo hikoyasini davom ettirdi.
– Ahvolim nihoyatda og‘ir edi. Maputu hukumati odamlariga bu jasad bilan ko‘rinishim haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi. Jasadni kemadan uloqtirib yuborishga jur’at qila olmadim. Lekin bu eng oqilona yo‘l bo‘lib, bunday vaziyatda ko‘plab kapitanlar aynan shunday yo‘l tutar edilar: hech narsani ko‘rmadim, hech nimani bilmayman, kema suzishda davom etaveradi. Qopni suvga tashlaysan – tamom-vassalom. Tevarak-atrofdagi odamlar bechora ayolga nisbatan shu qadar nafrat bilan yonmaganlarida balki men ham shunday qilgan bo‘larmidim. Ayoldan eng oddiy yo‘l bilan qutulish uchun ularning fikriga qo‘shilishim lozim edi, u bor-yo‘g‘i Tigirkaning qizi ekaniga roziligimni bildirgan bo‘lar edim. Fikrimcha, hamma xuddi shuni kutar, balki ularning ko‘pchiligi jasadni dengizga uloqtirishda menga bajonidil yordam ham bergan bo‘lardilar.
Bunday janjal Maputu ko‘chalarida sodir bo‘lganda edi, men unga mast-alastlar janjaliga e’tibor bermaganday qarardim, biroq bu mening kemamda sodir bo‘ldi. Dvigatelning bir maromdagi ovozi ostida birmuncha tinchlandim. Nazdimda, tun cho‘zilib ketganday bo‘ldi.
Yordamchim Zongadan ko‘mak so‘radim. Biz katta oq choyshab topib unga murdani o‘radik va biron so‘z demay, uni mashina bo‘limiga tushirdik.
Ushbu tun belgilangan jadval bo‘yicha, Mozambikning “badbo‘y brillianti” deb ta’riflanuvchi Maputudagi isqirt qahvaxonaning dengizga qaragan ayvonida o‘tirib, hayotimning so‘nggi kunlarini o‘tkazishni istagan maskanim – insonlar peshona teri bilan oziqlanib, evaziga shovqin-suron va ichimlikdan boshqa hech vaqo taklif eta olmaydigan mast-alast shaharga yetib keldik.
Port idorasiga kirdim, hujjatlarni rasmiylashtirdim va avval kelishilgan vaqtda dengizga chiqa olmasligimni bildirdim. So‘ng kemaga qaytib yo‘lovchilarni qo‘yib yubordik. Ularning ayanchli sharpalari tun qo‘ynida butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. Ismlarini o‘zlaridan boshqa hech kim bilmaydigan qiyofasiz nolegallar avvalgilari kabi shovqin-suron shahar qo‘yniga singib ketdilar, yeb to‘ymas Maputu orzu-umidlariga erishmoqchi bo‘lgan dehqonlar safidan yangidan yangi qurbonliklarni talab qilmoqda edi.
Ancha vaqtgacha tryumga tushishga yuragim betlamadi. U pastda yotardi. Nima uchundir bu ayol boshimga balo bo‘lishini ich-ichimdan his qilardim.
– Tigirkaning qizi degani nimani anglatadi? – Hikoyachining gapini bo‘ldi Fernando. Boshqa tinglovchilar ham shuni bilishni istar.
– U paytlarda bu haqida hech qanday tushuncham yo‘q edi. Lekin aniqlashga qat’iy qaror qildim. Yordamchim Zonga menga sigareta uzatdi va gap orasida yo‘lovchilardan biri marhumaning akasi Grekda oshpaz bo‘lib ishlashi haqida og‘iz ochganligini aytib qoldi.
Grekning kim ekanligini ta’riflashga hojat yo‘q edi. Bu joy Maputuning o‘pkasi, ha, iflos va dimiqqan bo‘lsa ham baribir nafas olish joyi, boshqacha qilib aytganda, doimo odamlar bilan liq to‘la bo‘lishiga qaramay, baribir o‘ziga tortuvchi quyi toifadagi qahvaxona. Har safar Maputuga kelganimda barcha dengizchilar singari u yerga kiraman.
Na bordel, na kazino deyish mumkin bo‘lgan bu muassasada har bologa duch kelish mumkin. Grekning o‘zi shop mo‘ylovli barzangi edi. Mozambik mustaqillikni qo‘lga kiritgandan so‘ng u ham bu yerdan ketishni istamadi. Bu yerlarga mehri tushib qolgan bo‘lsa kerak. Maputu ham usiz Maputu emasdi. Pastak stollar atrofida qanchadan-qancha kelishuvlar, ish yuzasidan uchrashuvlar bo‘lib o‘tar ediki, Grekka allaqachon Mozambikning faxriy fuqarosi unvonini berish vaqti kelgandi.
Men har qanday oq tanli singari, qora terga botib fayzsiz tungi tiqilinchni kuzatgan ko‘yi borar edim. Guyoki qurilishlarning biridan ish boshqaruvchi keladi-yu, ushbu ismsiz, o‘tmish va kelajaksiz, bir-biridan faqat terisining rangi bilan farqlanuvchi va shahar ohanrabosi tortgan bu odamlarni ishga qabul qila boshlaydi.
Men Grekning oldiga kirdim. Xo‘jayin meni baland ovozda “Kapitanga salom!” deya quvonch bilan qarshi oldi. Uning qo‘lini qisdim, menga portugal romi quyilgan stakanni uzatdi. Bir qo‘tarishda ichdim. Uning men bilan gurunglashgisi borligini sezib turardim. Aytish kerakki, bizning u bilan ba’zi bir ishlarimiz bor edi, aftidan keltirib beradigan tovarlarimning narxi xususida yana gaplashmoqchiga o‘xshardi. Suhbatdan o‘zimni olib qochib, qayta kelishimni aytdim va oshpazni chaqirib berishini so‘radim. Grek ajablandi, shunday bo‘lsa ham meni stol yoniga o‘tqizdi, bir shisha pivo, ikkita stakan olib keldi va oshpazni chaqirishlarini buyurdi.
Oldimga yosh yigit keldi. Unga o‘tirishni taklif qildim, o‘tirdi. O‘zimni tanishtirib Beyra, Maputu va Janubiy Afrika oralig‘ida savdo kemasida qatnashimni aytdim. Ushbu tunda Maputuga yetib kelganimizni va kemamizda uning singlisi borligini aytdim. Shu payt u so‘zimni bo‘lib, bu uning tug‘ishgan singlisi emasligi, chunki onalari boshqa ekanligini aytib, aniqlik kiritdi. – Shunday ham deylik, – rozi bo‘ldim men lekin uning qondosh singlisi hozirda tirik emasligini, uni mening kemamda o‘ldirishganini aytdim. Yigit lom-lim demadi. Men yana takrorladim: o‘ldirishdi. U menga tikilib qoldi va pivodan ho‘pladi.
– Bu voqea qanday sodir bo‘lgani sizni qiziqtirmaydimi?
U hamon jim edi. Men bo‘lib o‘tgan voqea haqida gapira boshladim. Qotillik haqida lom-mim demasdi. Linch sudi to‘g‘risida ham. Ko‘plab odamlar unga birdan tashlangani, ularning g‘azab otiga mingani haqida so‘zladim. U jim edi. Oxir-oqibat, hammasini gapirib berganimdan so‘ng bu qadar xotirjam ekanligiga tushunolmay, unga tikilib qoldim. Shunda u menga tikilib, sekingina gap boshladi:
– Soz bo‘pti. Ha, u Tigirkaning qizi edi, – uning og‘zi nafratomuz qiyshaydi. Tomirimda o‘sha qon oqmaganida men o‘zim ham shunday qilgan bo‘lardim.
Ichim qizib borayotganligini his etdim. Tishlarimni g‘ijirlatib, qo‘llarimni musht qilgan holda uning ko‘ziga tik boqdim. Uni haqoratlagim, haydab solgim, unga qichqirgim keldi, biroq men hech narsaga ulgurmayoq, u o‘rnidan turdi va avvalgiday jim, hatto xayrlashmay, qo‘lini iflos va uvadasi chiqib ketgan lattaga artib bo‘lgach, chiqib ketdi.
– Xo‘sh, sen nima qilding? – dedi shoshilib admiral.
– Nahotki u hech narsa demagan bo‘lsa? Singlisi haqida-ya? – Fernando ham o‘zini tuta olmadi.
– Shu payt bu ishga nuqta qo‘yishga qaror qildim, – davom etdi Passeo. – Jasadni sohilga olib chiqaman va Maputuda dafn etaman. Men oxir-oqibat nima bo‘lishini tasavvur ham qila olmas edim. Xuddi ushbu tun qanchalik uzoq va g‘aroyib bo‘lishini bilmaganimdek. Biroq men Tigirka qizi kim ekanligini bilishim kerak edi. Nima bo‘lishidan qat’i nazar.
– Sen nima qilding? – so‘radi Medeyros.
Passeo javob bermadi. Do‘stlari u biroz tin olishi kerak deb o‘ylashdi, biroq sukut anchaga cho‘zilib ketganligi uchun bezovtalana boshladilar.
– Xo‘sh, keyin-chi, keyin nima bo‘ldi ? – dedi sabri chidamay Fernando.
Passeo jilmaydi va og‘ziga shirinlik bo‘lagini soldi.
– Kelasi safar aytib beraman, – dedi u qat’iy ohangda.
Bu gapdan so‘ng shunday to‘polon boshlandiki, asti qo‘yaverasiz! Bu haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas! Uni nima jin urdi o‘zi! Qanaqasiga kelasi safar bo‘lar ekan? Hoziroq gapirasan! Aqlga sig‘adigan ishmi bu: hikoyani shunday, o‘rtasida, eng qiziq joyida to‘xtatish! Passeo qat’iy turib oldi. Hikoyani keyingi safar yakunlashini, hozir esa kech bo‘lganligini takrorladi. Undagi qat’iyatini ko‘rgan do‘stlari chekinishga majbur bo‘ldilar.
– Sen u yerga qaytasanmi? – qiziqib so‘radi Medeyros.
– Ertadan keyin yo‘lga chiqaman, – javob berdi Passeo.
– Sen bilgan, ko‘rgan yoki o‘sha tunda boshdan kechirganlaringning qaytishingga aloqasi bormi?
– Ha. O‘sha tundan so‘ng endi Mozambiksiz yashay olmayman. Shu yerda Da Kostaning sabri chidamadi va bayramning qoq o‘rtasida yotib uxlashga yuborilayotgan boladay zorlana boshladi.
– Kim biladi, o‘sha xudo urgan mamlakatdan qaytasanmi-yo‘qmi? Voqea yakunini qayerdan bilamiz, axir?
– Unda bu Mozambik meni yutib yuborganligini anglatadi va orangizdan kimdir voqea yakunini bilish uchun u yoqqa ravona bo‘lishiga to‘g‘ri keladi.
– Siz dahshatli nusxasiz! – dedi Fernando xafa bo‘lgan bola singari tumshayib, – bu ham yetmaganday, beshafqatsiz. Sizlarni bo‘ktirib mast qilish kerak, ana shunda gap boshlagan bo‘larmidilaring.
Hamma kulib yubordi va qadahlarni oxirgi marta urushtirdilar. Barchalari qattiq charchagan edilar, gurungdagilar uy-uylariga tarqab, uxlash uchun yo‘l olishga qarshi emas edilar. O‘rnilaridan turayotib, har biri xayolan Mozambik bilan uchrashuv tayinladilar. Yarim-bir yildan keyin ular, albatta, to‘planishadi va ushbu hikoya davomini eshitishadi.
Stoldan sigareta qutilarini olar ekanlar, barchalari ular har doimgidek Fernandodan qancha to‘lash kerakligini so‘radilar, lekin u har doimgidek hech narsa kerakmas dedi, ularning jahli chiqa boshladi, shundan so‘ng ular bunday bo‘lsa, boshqa kelmasliklarini bildirdilar, biroq u hech narsani eshitishni ham istamadi. Ular do‘stiga quyuq minnatdorchilik bildirib, kiyinishdi va ko‘chaga chiqishdi. Lissabon ko‘chalari bo‘m-bo‘sh edi. Atlantika tomondan shamol esdi. Uylarning chiroqlari o‘chdi, shahar qorong‘ulik og‘ushiga cho‘mdi.
Devorlar bo‘ylab mushuklar pusib yurardilar. Yomg‘ir maydalab yog‘a boshladi. Uchta sharpa turli tomonga tarqalib ketdi. Fernando restoranning pardalarini oxirigacha tushirdi.
– U yana qaytadi deb o‘ylaysizmi?
Fernandoning ovozi admiral Medeyrosni xayol og‘ushidan olib chiqdi.
– Vaqt qanchalik o‘tsa, men shunchalik kamroq ishonaman bunga, – javob berdi admiral.
Fernando bosh irg‘adi. U ham Passeoni Maputuga yetib borgan va uni boshqa ko‘rmayman, deb o‘ylardi. Do‘stlar davrasi tarqab ketdi. Ajal Da Kostani olib ketdi. Passeoni hayot o‘z girdobiga tortib ketdi. Endi ular ikki kishi edi. Ammo endi ular nima qilishi mumkin? Navbat bilan bir-biriga voqealarni so‘zlashadimi? Biroq qanday hikoyalarni? Fernando faqatgina o‘zining mavzesida bo‘layotgan voqealarni bilardi, xolos. Ular ikki kishi qolganliklariga va Mozambik haqida ko‘proq bilish istaklarini ro‘yobga chiqara oladigan odam yo‘qligiga ko‘nikishlariga to‘g‘ri keladi.
– Fernando, bularning baridan nima qoldi, o‘zi? – deb so‘radi tuyqusdan Aniseto de Medeyros mahzun kayfiyatda.
– Nimadan? – tushunmadi Fernando.
– Uchrashuvlarimizdan-da. Biz bir-birimizga aytib bergan voqealardan. Bizning gurunglarimizdan. Men nafaqat so‘nggi uchrashuvni, Passeo gapirib bergan o‘sha Mozambik tunini nazarda tutmayapman. Oxirgisi, balki xotiramizda uzoq vaqt saqlanib qolar. Lekin boshqa uchrashuvlar-chi? Umuman, bu yerda kechirgan barcha lahzalarimiz-chi? Bugun ertalab, o‘sha lahzalar menga qanchalar yetishmayotganini his qilganlim uchun bu yerga qaytib keldim. Kelayotib, barchamiz haqimizda o‘yladim. Fernando, balki kulgili tuyular, biroq sizlar bilan o‘tkazgan onlar – men uchun hayotim davomidagi eng qadrlilaridan biridir. Albatta, faqat ulargina emas, lekin ular ham. Agar men uchun eng muhim narsani aytish lozim bo‘lganda, men o‘sha lahzalar haqida so‘z ochmay tura olmasdim. Tushunyapsanmi?
Fernando bosh irg‘adi. U ham xuddi shunday hislar og‘ushida edi. Biroq u javob berishga ham ulgurmay, admiral avvalgidan ham qayg‘uliroq ohangda gap boshlab qoldi:
– Xo‘sh, bularning barchasidan nima qoladi o‘zi? Hech narsa, Fernando, umuman hech narsa.
Tuyqusdan Fernandoning yuzi quvonchdan yorishib ketdi. Buni ko‘rib admiral hayron bo‘ldi:
– Nimaga xursandsan?
– Passeoni qaytarish qo‘limdan kelmaydi, – javob berdi Fernando. – Biz endi hech qachon to‘rtovlon to‘plana olmasligimizni bilganimiz uchun qayg‘udamiz. Taqdir hukmini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Lekin baribir, siz adashyapsiz, admiral. Bizning uchrashuvlarimizdan nima qoladi? Hech narsa, deb o‘ylaysizmi? Bunday emas. Mening ham arzimas kichik sirlarim bor. Shoshmay turing. Men sizga bir narsa ko‘rsataman.
U o‘rnidan turdi va oshxonaga kirib, yo‘q bo‘lib ketdi. Nimadir gumburladi, qulab tushdi, siljitilayotgan yashiklarning shovqini eshitildi, shundan so‘ng yana Fernando paydo bo‘ldi. U topografik xarita yoki suratlar saqlanadigan katta karton g‘iloflarni qo‘ltiqlab olgan edi. U admiralga yaqinroq kelishini so‘rab, ishora qildi, g‘iloflardan birini ochdi va undan bir o‘ram qog‘ozlarni chiqardi.
– Men dasturxonlarni saqlab qo‘yganman, – dedi u o‘ramni ochib tekislar ekan.
– Dasturxonlar? – tushunmadi admiral.
– O‘sha kechalari biz foydalangan qog‘oz dasturxonlar. Buni qarang. Ularning bari shu yerda. Men ularga hatto sanalarini ham yozib chiqqanman. Masalan, “1969 yil, 8 avgust”. Yoki mana yana “1978 yil, 3 iyun”. Bu oxirgisi. Ko‘p emas, albatta, lekin baribir nimadir bor.
Admiral lol qoldi. Avvaliga, Fernando dasturxonlarni to‘shay boshlaganda, asrab bo‘lmaydigan narsani saqlash istagi unga kulgili tuyuldi. Lekin keyin dasturxonlar ustida engashdi, barmoqlarini ular ustidan yurgazib, tomosha qila boshladi. Bu ular o‘rtasidagi do‘stlikning o‘ziga xos xaritasi edi. Sharobdan qolgan dog‘lar. Taqsimchalar va anjomlarning qo‘yilgan joylari. Unga ko‘ra xatto ulfatlarning har biri qayerda o‘tirganligini aniqlash mumkin edi. Hatto uning ko‘ziga do‘stlari va o‘sha oqshomlarda bo‘lib o‘tgan voqealar ko‘rina boshladi. Ana, kimdir bokaldagi mayni ag‘darib yubordi, hikoya bir muddatga uzildi. Mana, kimdir barmoqlari bilan ezg‘ilab yumaloqlagan va qog‘ozga yopishib qolgan non ushoqlari. Bir uyum dasturxonlar – bu uchrashuvlardan qolishi mumkin bo‘lgan eng hayajonli izlar-ku, axir.
U oxirgi dasturxonni avvalgilaridan uzoqroq ko‘rib chiqdi. Unga 1978 yil deb yozilgan edi. Fernandoning yordamida qayerda kim o‘tirganini aniqladi. Birgalikda kapitan Passeo joyini sinchiklab o‘rgandilar, buni maydan qolgan dog‘ bexato ko‘rsatib turar edi. Bu dog‘ni tushirgan kishi bu yerga boshqa qaytmasligini bilganmikan, deb o‘ylab qoldi admiral. Ular do‘stligining ashyoviy dalili kunday ravshan edi. Ularning barcha gurunglari haqidagi xotiralar shu yerda, ushbu urinib qolgan qog‘oz bo‘laklarida muhrlangan edi. Admiraldagi qayg‘u o‘rnini osoyishtalik egalladi. Ha, bu juda soz. Ular uchrashdilar, gurunglashishdi, galma-gal voqealarni hikoya qilishdi. Hayot izlarini dasturxonlarga muhrladilar. Bor-yo‘g‘i shu, xolos.
Rus tilidan Abdug‘afur Qosimov, Siddiqjon Xo‘jayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 3-son