Lion Izmaylov. O‘yindan o‘t chiqdi (hajviya)

Bu ahmoqona hazillarning menga nima keragi bor? Bu yumor menga nimaga kerak? Kim mendan hazillashishni so‘rayapti, boshimga g‘alva orttirishni kim iltimos qilyapti?
Sheremetevo aeroportida kim mening tilimni qichitdi, deb so‘rash kerak. Bojxona oldida xotinimga dedim: “Quloq sol, granatalar jomadonimga sig‘mayapti, bir juftini sen olvolaqol”. Axir men ular eshitsin uchun aytdim, ular eshitishdi ham.
Ikki soat hammani titratishdi, ayniqsa meni. Militsiya, xavfsizlik xizmati. Reysni olti soatga kechiktirishdi. Men ularga jangovar granatalarni emas, mevani nazarda tutganligimni qancha tushuntirishga urinmay foydasi bo‘lmadi… Dum-dumaloq, limonga o‘xshash meva-ku axir… Tfu, senga! Uni yeyishadi. Barcha pastalarni siqib chiqarishga majbur qilishdi. Yarimta olib ketayotgandim – ko‘zimni oldida tekshirish uchun ichishdi. Itga ham berishdi. U keyin vangillab qo‘shig‘ini boshladi, yig‘ladi.
Yo‘lovchilar bularning hammasi men tufayli ekanligini bilishgach, kaminani o‘n ming metr balandlikdan, samolyot bortidan uloqtirishga harakat qilishdi. Axir men hazillashdim! Kimdir kulsa ham koshki edi.
Endi aeroportda jim ketaman, og‘zimniyam ochmayman, o‘zimni kar-soqovdek tutaman.
Shu menga kerakmidi?

Bu yoqda, ishxonamizda esa yig‘ilish bo‘ldi. Xoldingimizning prezidenti keldi. Korxonamiz jamoasi bilan uchrashdi. Direktorimiz bilan prezidiumga chiqishdi. Ular kursilarga o‘tirishayotganda men ham ularning yonida bo‘lishimga to‘g‘ri keldi. Direktorimiz o‘tirayotganda, chidab turdim, xolding prezidenti o‘tirayotganda esa ortiq chidolmasligimni his qildim, qitmirligim tutdi. U hammaga “O‘tiringlar”, dedi va o‘zi ham kursiga cho‘ka boshladi. O‘zimni tutolmadim, kursini olib qo‘ydim. Prezident yiqilayotib, stol yopqichini ushlab tortgandi, suv idish va stakan boshiga tushib, jaranglab ketdi. Hamma kulib yubordi. U menga pastdan, yonboshlab yotgan holda qarab:
– Nima, siz jinnimisiz? – deb so‘radi.
– Nima, bilinyaptimi? – dedim.
– Bir qarashdayoq, – deydi.
Xo‘sh, meni kim majbur qildi? Asosiysi, o‘zimiznikilar bilishadi, hech kim oldimdagi stulga o‘tirmaydi, bu esa, qayerdan bunday aqlli chiqib qoldi?
Men ishdan haydasa kerak deb o‘ylovdim.
– Yo‘q, – deydi, – ishdan bo‘shatmayman, unday qilsam hazilni tushunmas ekan, deyishlari mumkin.
Bir gal futbolda o‘tirgandim. Atrof xuddi otxonadagidek, ya’ni, hamma yoqda MHSK ishqibozlari. O‘yinning eng qiziq paytida “Spartak” – chempion, deb baqirishim shartmidi?
Aytsam ishonmaysiz, atrof birdan suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi. Hammasi go‘yo qotib qolishdi, ya’ni butun stadion baqir-chaqir, mening atrofimda esa o‘lik sukunat!
Ichimda ikkigacha sanadim va shartta polga yotdim. Xuddi shu damda ular menga tashlanishdi. Hammasi! Birdan! Ustimda shunaqa uyum paydo bo‘la boshladi-ki… Men o‘rindiqlar ostidan siljib juftakni rostladim, u yerda militsiya yana yarim soat ola tayog‘i bilan dag‘dag‘a qildi.
O‘zingiz ayting, shu menga kerakmidi? Buning ustiga o‘zim “Lokomotiv”ning ishqiboziman.
Endi qarang, ikki yigit bilan qurilishda o‘tiribmiz, ichyapmiz. Shisha bor, bodring, pomidor. Oldimizda o‘ra, ichida tsement, to‘g‘ri quruq tsement. U tarafdan bir erkak keldi.
– Maktabga qanday borsam bo‘ladi? – dedi.
Men ahmoqqa, hech narsadan hech narsa yo‘q, shu kerakmidi?.. Hatto shu atrofda maktab borligini bilmasdim.
– Bu yoqqa kel, hozir tushuntiramiz, ko‘rsatamiz qayoqqa borishni, – dedim.
U oldinga ikki qadam bosdi va tsement o‘raga gursillab tushdi. U yoqdan turib baqirdi, haqorat qildi. Biz ichib bo‘ldik, gazakni yeb tugatdik hamki u hamon baqirardi. Endi ketmoqchi bo‘lganimizda… Biz uni o‘radan bunchalik tez chiqadi deb o‘ylamagandik. Qarasak, biz tomonga nimadir kelyapti, hamma yog‘i kulrang. Men-ku biz uch kishimiz qochib qolamiz deb o‘ylagandim. Yo‘q, qocholmadik. O‘sha kishi uchovimizniyam o‘raga otdi. U tsement o‘raga faqat menigina tashlamaganiga xursand bo‘ldim.
Biz keyin uning bir o‘zi o‘radan qanday qilib bunchalik tez chiqqanligi haqida o‘yladik. Biz uch kishi bo‘lsak ham ertalabgacha qolib ketdik. Ehtimol, yigitlar yarim kechasi men bilan mojaro qilib, maktabni qayerdaligini ko‘rsatishni talab qilganliklari uchun qolib ketgandirmiz.
Mayli, davom etamiz. Tanishim Seryojaga “Eshit, uyingga qo‘ng‘iroq qildim, go‘shakni qandaydir erkak oldi va senikidan boshqacha ovozda javob qaytardi” deb aytishni menga nima keragi bor edi?
Men shunchaki hazillashuvdim, u bo‘lsa uyiga telefon qilib o‘tirmay birdan bostirib bordi va qo‘ng‘iroqniyam bosmay ichkariga kirdi. Vannaxonada maykali erkakka duch keldi. Uni o‘ldirib qo‘yay dedi. Axir, xotini xuddi shu vaqtda chilangar chaqirishini men qayerdan bilibman. U vannaxonada suv jo‘mragini tuzatayotgan edi. Ana shundan keyin ikki oygacha hech narsa tuzatmay yotdi. Tanishim Seryoja ham ikki oycha ishlamadi, qancha tergov ostida yurgan bo‘lsa, shuncha ishlamadi.
Menga bu hazil nimaga kerak edi?
O‘tgan yili kun bo‘yi har soatda notanish erkakka qo‘ng‘iroq qilish va “Stanislav Sigizmundovichni mumkinmi?” deb so‘rashning menga nima keragi bor edi?
Kechga borib u butunlay vahshiylashdi. Go‘shakka “Bu yerda Stanislav ham, Sigizmundovich ham yo‘q! Militsiyaga shikoyat qilaman!” deb baqirdi.
Tungi o‘n ikkida esa unga oxirgi marta qo‘ng‘iroq qildim va dedim:
“Kechirasiz, Stanislav Sigizmundovichman. Aytingchi, menga hech kim qo‘ng‘iroq qilmadimi?”
Men o‘zim, onam, katta buvim va boshqa qarindoshlarim haqida qanday so‘zlarni eshitganimni tasavvur qilasizmi? Uning yuzini tasavvur qilasizmi?
Endi, yarim yilga telefonimni uzib qo‘yishganda mening yuzimni tasavvur qiling.
Bilmadim, kimgadir hazil yashash uchun yordam beradi, ammo menga emas.
Xotinim bilan do‘stlarimiznikiga mehmonga bordik. Ayoli uyda ekan, eri hali ishdan qaytmabdi. Men o‘ylanib qoldim.
– Kelinglar, – dedim, – u bilan hazillashamiz. Xotinim oshxonaga berkinadi, men trusikda go‘yo sening o‘ynashingdek shkafga berkinaman. U keladi, sen qo‘rqib ketgandek deysan: “Eh! Keldingmi? Men bunchalik erta kelishingni kutmagandim”. Bu gaplardan keyin shkafda g‘imirlab qo‘yaman. U shkafda begona odam borligini payqaydi. Tashlanadi, eshikni ochadi, shunda men unga “Hazil! Do‘stim!” deyman. Rosa kulgi bo‘ladi-da.
Xuddi shunaqa qildik. Er keldi, xotin qo‘rqib ketdi, kelishilgan gapni aytdi, men g‘imirlab qo‘ydim. U shkafga tashlandi, eshikni ochdi, u yer esa qorong‘i, yarimyalang‘och erkak turibdi, men gapirib ulgurmadim, basharamga qarab tepdi! Shunda xotinim oshxonadan chiqdi. “E-e, hali guruh bo‘lib kelibsizlar-da!” deb baqirdi va yana tepdi, bu gal peshonamga.
Ehtimol, kim uchundir kulgili bo‘lgandir, ammo men uchun emas. Xotinlarimiz-ku kulib ichaklari uzilay dedi, men bo‘lsa og‘riqdan ingradim.
Bunaqa hazildan faqat zarar yetadi, xolos.
Sochida dam oldik, men xotinim bilan, Volodya esa jazmani bilan. Plyajda o‘tiribmiz, yaxshi o‘tiribmiz, kabob yeyapmiz, vino ichyapmiz, ammo nimadir yetishmaydi. Qandaydir zerikarli. Plyaj radiouzeliga borib boshlovchi bilan kelishib qaytdim, o‘tiribmiz, ichyapmiz.
Qo‘qqisdan e’lon eshitildi: “Diqqat! Janob Vladimir Statsenko, xotiningiz, qaynonangiz va bolalaringiz kelishdi va sizni izlashyapti”.
Qiz qotib qoldi, Volodya boshini ushladi va yarimyalang‘och holda aeroport tomon intildi. Avval men uning ortidan chopdim va baqirdim: “Hazillashdim, bu hazil!”. Keyin u meni quvladi, o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Shuning uchun ertasi kuni xotini va qaynonasi haqiqatdan ham kelganda u sira e’tibor bermadi, yana hazillashishyapti, deb o‘yladi. Janjal, ajrashish. Ammo keyin hammasi joy-joyiga tushdi. Volodyaning jazmanini cho‘ktirib yuborishlariga oz qoldi. Men ikkita tishimdan ayrildim. Statsenko hozirgacha baxtli yashayapti, ammo meni ko‘rishniyam, eshitishniyam istamaydi.
Ammo hazil bois yurakdan yozildik-da.
Ha, mana bu holat-chi? Menga tanish artist bor, Petrov. Biz do‘stlarimiz bilan restoranga bordik. Men, albatta, oldindan tayyorgarlik ko‘rdim, bir parodiyachidan matnni suxandon ovozi bilan tasmaga yozib berishni so‘radim. Restoranda o‘tiribmiz, gazak qilyapmiz, radioda musiqa yangrab turibdi. Birdan suxandon e’lon qilayotganini eshitdik: “Rossiya federatsiyasi Prezidentining farmoniga binoan Petrov Sergey Afanasevich va yana falonchi-falonchilarga xalq artisti unvoni beriladi”.
Bizning Sergey Afanasevich irg‘ib turib, qichqirdi:
– Eshitdinglarmi?! Bu men haqimda! Eshitdinglarmi?
Biz dedik:
– Eshitdik, kar emasmiz-ku! Buni yuvish kerak. Xalq artisti berishdi.
U bo‘lsa xizmat ko‘rsatgan ham emasdi.
Hayajonlandi, baqirdi:
– Shampan vinosi hammaga! Ikra… konyak ham.
Biz sakkiz kishi edik.
Ertalabgacha maishat qildik. U hamma uchun to‘ladi.
Ertasiga men ta’tilga chiqdim va Antaliyaga jo‘nab ketdim. Eh, u rosa jirilladi. Hamma do‘stlariga pulni qaytarishni talab qildi. Uyimning atrofida bir oycha qorovullik qildi, meni qo‘qqisdan mashinada urib yuborishni xohladi. Yaxshiyamki, ikki oydan keyin unga haqiqatdan ham xizmat ko‘rsatgan unvoni berildi.
Men unga qo‘ng‘iroq qildim. “Yuvamizmi?” deb so‘radim va shartta go‘shakni qo‘ydim, bilamanki u hali oldingi o‘yin uchun ham hamma bilan hisoblasholgani yo‘q.
Bularning bari nimaga kerak? Nima uchun men do‘stim Slavikning tug‘ilgan kunida unga o‘tgan yilgi lotereya chiptasini sovg‘a qildim?
Ertasiga u xushyor tortgan va chiptani hozirgi lotereya yutuqlar jadvali bo‘yicha tekshirgan. Endi tasavvur qila olarmikinsiz, o‘sha chipta bo‘yicha Slavik uch million so‘m yutgan.
Avval u gangib qoldi, keyin kun bo‘yi to‘yib ichdi. Ikkinchi kuni xotiniga dedi:
– Men lotereyaga uch million so‘m yutdim, narsalaringni yig‘ishtir.
– Nima, chet elga ketamizmi?
– Yo‘q, narsalaringni yig‘ishtir va onangnikiga jo‘na.
Uchinchi kuni Slavik ishxonasiga keldi, boshlig‘ining jirkanch basharasiga tupurdi va ishdan bo‘shadi.
To‘rtinchi kuni u gazeta va lotereya chiptasi bilan yutuqni olish uchun bordi, u yerda unga bu chipta bo‘yicha kamzulning yengini, teshikkulchaning teshigini va o‘lgan eshakning qulog‘ini olishi mumkinligini aytishdi.
Beshinchi kuni men vaqtida kelib qolib uning bo‘ynidan sirtmoqni oldim, shundan keyin esa u o‘sha sirtmoqqa mening boshimni tiqishga urinib ko‘rdi.
Juda qiziq hazil bo‘ldi-da. Mana shunaqa gaplar.

Rus tilidan Habib Siddiq tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 11-son