Lev Tolstoy. Birinchi bo‘zagar (dramatik komediya)

BIRINChI BO‘ZAGAR

yoxud
Iblischa nima qilib non burdasiga
erishgani haqida

Dramatik komediya

Er haydayotgan chamasi 40-45 yoshli dehqon yomg‘ir ilinjida bot-bot osmonga ko‘z tashlab qo‘yardi. U peshin bo‘lib qolganini xayolidan o‘tkazdi-da, otini abzaldan bo‘shataturib uni erkaladi:
– Chu-chu, jonivor, chiqaqol, rosa charchading-a, biroz damingni ol, ko‘m-ko‘k maysalarni mazza qilib chimdib ye, – dedi, keyin o‘zicha shivirladi, – men esa oxirgi jo‘yakni tortib olay, so‘ng tamaddi qilarman.
Dehqon yuz-qo‘lini chayib, salqin joyda birpasgina mizg‘ib olishni diliga tugdi, quduq tomon ketaturib, uydan biroz suvi qochganroq burda nonni o‘zi bilan olvolganini o‘ylab sevindi. Chunki shuni yeb to‘ysa, uyga borishning hojati bo‘lmaydi. Demak, Xudoning madadi bilan kuchga to‘lib, yerni barvaqtroq haydab tugatadi. Bugunga rejalagan ish bitadi.
Shu dam dala chetida o‘sib turgan quyuq buta orqasidan sakragancha iblischa chiqib, vaysay ketdi:
– Ha, munchalar bu mo‘min, xokisor bo‘lmasa… Xudoni og‘zidan qo‘ymay eslagani-eslagan-a! Shoshmay tur, dehqon, hali sen tilingga shaytonni olishingni bir majburlay… – dedi-yu, asta borib dehqonning nonini o‘g‘irlab, yana buta orqasiga yashirindi, nima sodir bo‘lishini kuzatdi.
Dehqon otini sirtmoqdan bo‘shatib, o‘tloqqa qo‘yib yubordi-da:
– Parvardigorim, marhamatingni ayama, – dedi shukronalik bilan va chetroqda qoldirgan kamzulini olib cho‘ntagiga qo‘l solayotib, yegulikni berib yuborgan xotinini duo qildi. Lekin cho‘ntagidan nonni topolmay, boshqa cho‘ntaklarini tekshirdi. Non yo‘q edi. Hayron bo‘lib, u yoq, bu yoqni titkiladi. Topolmagach atrofga nazar soldi. Kun bo‘yi hech bir zot ko‘rinmaganligi, agar qush-push olgan bo‘lsa nonning uvoqlari bo‘lishi kerakligi haqida o‘yladi. Birpas ajablanib joyida turib qoldi. Dehqonning ahvolini nonni tagiga bosib olib kuzatayotgan iblischa buta ortidan boshini ko‘tarib: “Ana, endi meni tiliga oladi-yov!” deya quvondi. Zavqlanib ketdi. Ammo dehqon pinagini ham buzmay: “Ha, mayli, nima bo‘lsa bo‘ldi. Ochlikdan o‘lmasman. Bironta ochqab zoriqqan olgandir-da. Roziman, yeb to‘ysa osh bo‘lsin, salomat bo‘lsin…” deb to‘shagini tekislab duo o‘qidi-da, yotib zumda uyquga ketdi. Buni ko‘rgan iblisning jazavasi tutdi. Alamidan yelka osha bir tupurib, so‘kindi:
– Voy, sen la’nati dehqon-ey! G‘azablanish o‘rniga “mayli, osh bo‘lsin!” degani ortiqcha… Yo‘q, buni men o‘zim tomon ag‘darolmasman, – deganicha buta orqasidan yig‘lagudek bo‘lib chiqdi. U Bosh shayton yoniga nima deb borishini bilmay yer tepindi. Axir uni boshlig‘i har gal jahl bilan so‘kadi, boshqa iblislardan ibrat ololmayotganini yuziga soladi. Haqiqatdan ham, boshqa iblislar savdogaru mullalarni, to‘ralaru boyvachchalarni o‘zlarining komlariga tushira olishgan. Bu esa shuncha tirishsa ham shu ishni eplay olmayotganidan fig‘oni oshib ketdi. Turgan joyida jarga qulagandek g‘oyib bo‘ldi-yu, qo‘rqa-pisa do‘zaxga yo‘l oldi.
Manziliga yetib kelganida, Bosh shayton to‘rdagi taxtida, uning poyi­da esa oldidagi supachasiga yozuv-chizuv anjomlarini yoyib xattot kotib o‘tirganini ko‘rdi. Ikki tomonda soqchilar terilgan. O‘ng tarafda turqi-yu sirti bir-biridan farqli beshta iblischa, so‘l tomondagi eshik yonida darbon tik turardi. Bitta po‘rim turqli iblis Bosh shaytonning qarshisida hisobot berardi:
– Uch yil mobaynida men 263753 ta odamni o‘zimning yo‘limga tushira oldim. Endi ular mutlaqo mening ixtiyorimda.
Bosh shaytonning mamnunligi sezildi:
– Juda yaxshi. O‘taver, – deb buyurdi unga.
Po‘rimsifat iblis o‘ng tomonga o‘tib safga qo‘shildi. Bosh shayton xattotga qaradi:
– Toliqdim, – dedi-da, savol tashladi, – Hali ish ko‘pmi? Kimdan hisobot olindi, kimdan olinmadi?
Kotib barmoqlari bilan sanab, o‘ng tomonda turgan iblislarga ishora qildi. Ular birma-bir ta’zim qilishdi. Kotib hisobotlarni o‘qiy boshladi:
– Boyonlar bilan shug‘ullangan mana bu iblis 1836 tasini o‘ziga qaratib olibdi. Savdogarlar bilan shug‘ullangan mana bu iblis esa 9643 tasini boplab yo‘ldan uribdi. Endi bunisi ruhoniylardan 1517 tasini avrab olishga erishibdi. Rohibalar orasida targ‘ibot qilgan bu iblis 112 tasini o‘ziga qaratib qaytdi. Mana bu iblis esa qozi kalonlardan 3423 tasini o‘zining yo‘liga solishga ulguribdi. Xotin-xalajlardan 263753 tasini hozirgi iblis ovlab qaytibdi. Ya’ni, juvonlardan 186315 ta, qizlardan 17438 ta. Odamlarning faqat ikki toifasining qalblarini o‘zimizga qaratib olishimiz qoldi. Bu halol, vijdonli sarkorlaru, mehnatkash dehqonlar. Ular bilan shug‘ullangan iblislarni chaqiraymi?
Hisobotni diqqat bilan tinglagan Bosh shayton bosh chayqadi:
– Ishini eplay olmagan ikki iblisni, demak, yo‘q qilish vaqti kelibdi-da, – deb darbonga qaradi. – Qani, bu ikkisi kirsin-chi!
Eshikdan boshini egib amaldorlaru mansabdorlar orasida tashviqot olib boruvchi iblis xaxolab, qo‘llarini ishqalab kirib keldi-da, Bosh shaytonning qarshisida turib hisobot bera ketdi:
– Mening ishlarim zo‘rdan zo‘r, ya’ni mixdek! Shunday o‘ljaga erishdimki, dunyo yaralganidan beri bunday muvaffaqiyatni ko‘rmagan. Gap hisobda emas, – u Bosh shayton gapini qiziqib tinglayotganidan ruhlanib so‘zida davom etdi. – Ularning soni unchalik ko‘p emasku-ya, atigi 1350 ta odam, ammo zo‘r yigitlar. Ular shundayki, hatto biz iblislarga dars berishga qodir. Firibgarlik, qallobliklari bilan bizlardek fitnachi, ayyor, shum mavjudotlarni xijolatda qoldirib ketishlari hech gap emas. Ularga yangi usulni o‘rgatdim.
– Xo‘sh, qanday ekan u usul? – qiziqdi Bosh shayton.
– Zo‘r usul, – zavqlanib gapira ketdi iblischa. – Avvallari amaldorlaru mansabdorlar qozilarga qaramlikda odamlarni aldab-suldab tirikchilik qilar edilar. Men endi qozilarga bog‘lanmay, mustaqil ish yuritish usulini o‘rgatdim. Ya’ni, kim ko‘proq pul, mablag‘ bersa, u haqmi, nohaqmi, bundan qat’i nazar, o‘shaning ishini bajarish kerakligini uqtirdim, yo‘lini ko‘rsatib berdim. Endi ular har bir ishni nohaqlik, adolatsizlikdan foydalanib ayyorlik bilan shunday amalga oshiradilarki, tagiga hech bir zot yetolmaydi. Hatto biz, iblislar ulardan dars olishimizga imkon yaratiladi.
Bosh shaytonning bu javobdan ham mamnunligi sezildi:
– Durust! Joyingga o‘t… – deb darbonga ikkinchi iblisni olib kirishni buyurdi.
Qo‘lida burda non tutgan iblischa Boshliqning qarshisiga keldi-da, uning oyog‘iga yiqilib hiqqilay boshladi:
– Endi bunday yasholmayman, meni boshqa ishga o‘tkaz…
– Qaysi ishga?! – vag‘illadi Boshliq. – Nimalar deb valdirayapsan? Tur, aniqroq gapir. Hisobot ber-chi, shu hafta ichida nechta dehqonni o‘zingga qaratding?
Iblischa yig‘lab yubordi, birontasini ham avray olmaganini aytdi. Uning javobini eshitgan Bosh shayton hayqirib yubordi:
– Nima?! Qayerlarda sang‘ib yurding, nahot bironta ishni bajarolmading?
Iblischa dag‘-dag‘ titrab javob qildi:
– Sang‘iganim yo‘q. Kuyib-pishib urindim, – deya, bo‘lgan voqeani so‘zlab, qo‘lidagi burda nonni ko‘rsatdi-da, nadomat bilan qo‘shib qo‘ydi. – Hamma dehqonlar bir go‘r. Barchasining og‘zida Xudoning nomi, yuragi esa mehru ezgulikka to‘la.
Boshliqning ko‘zlarida nafrat chaqnadi:
– Bunday xabaru bo‘sh qo‘l bilan menga ro‘para bo‘lishga qanday jur’at qilding? Qayerdagi burda nonni vaj qilyapsan? Ustimdan kulyapsanmi? A?! Do‘zaxda tekinxo‘r bo‘lib yashamoqchimisan? Boshqa safdoshlaring yugurib-elib harakat qilmoqda. Ular 10000, 20000, hatto 200000 ta o‘lja bilan kelishyapti. Sen esa burda nonni menga pesh qilasan! Tekinxo‘r! Shoshmay tur, adabingni bermasammi?!
Iblischa zirillagancha unga yalina ketdi:
– Meni qatl etma, bir og‘izgina gapirishga ruxsat ber! Boyvachcha boyonlaru savdogarlar, xotin-xalaju qizlar, hattoki dindor rohibalar bilan ishlayotganlarga oson. Chunki boyvachcha boyonlarga suvsar telpagu qimmatroq mulk va’da qilinib ko‘rsatilsa kifoya, shu ondayoq xuddi og‘a-inilarga aylanib, barcha istagingga ko‘nishadi. Savdogarlar-ku pul, sarmoyani ko‘rdi deguncha bo‘yniga arqon solingandek yo‘lingga tushadi, qo‘yadi. Xotin-xalajga kiyim-kechak, latta-putta, zebu zar va’da qilinsa ketingdan ergashmay qolmaydi. Dehqon ahli esa batamom boshqa toifadagi odamlar… Erta tongdan to kech tungacha mehnat qilish bilan ovora. Eslagani, hamisha dilida tuygani Parvardigor! Qani, shunday sharoitda ularning yoniga yaqinlashib ko‘r-chi! Bulardan meni ozod qil, azoblanib ketdim. Sening g‘azabingga ham chidash qiyin…
– Aldama! – qichqirdi Bosh shayton, – yalqovsan, dangasasan. Sherik­laringni menga ro‘kach qilma! Ular xilma-xil nayranglarning ustasi. Ayyorlikni ulardan o‘rganolmadingmi? Burda nonni o‘g‘irlashdan nariga o‘tolmabsan, hayf senga… Dehqon zoti senga qolsa, umuman qo‘limizdan chiqib ketadi-ku! – u qoshini chimirib biroz o‘ylandi-da. – Mayli, bu gal senga imkon beraman. Yaxshilab miyangni ishlatib, nima qilishning yo‘lini top, – dedi.
Iblischa ko‘zlarini g‘iltillatib Boshlig‘iga yalindi, hech qanday yo‘l topolmasligini, g‘aflatga tushib, endi azobga chiday olmasligini aytgan edi, Boshlig‘ining battar g‘azabiga uchradi. U iblischani darra bilan savalashni buyurdi. Soqchilar uni ayamay ura ketishdi, dod-voyiga, chinqirishlariga parvo qilmay kaltaklashdi. Boshliq esa jahl bilan qattiqroq azob berishni buyurib o‘tirardi. Iblischa birdan bor ovozda baqirib yubordi:
– Bo‘ldi, bo‘ldi, urmanglar… O‘ylab topdim… Topdim…
Bosh shayton soqchilarni to‘xtatdi:
– Xo‘sh, nimani o‘ylab topding?
Iblischa ramaqijon ahvolda bazo‘r o‘rnidan turdi-da:
– Menga ruxsat ber, dehqonga xizmatkor bo‘lib yollanay, lekin nima ishni o‘ylab topganimni hozir aytolmayman, – dedi.
Boshliq unga sinchkovlik bilan tikildi:
– Ruxsat! Ammo yodingda tut, agar uch yil mobaynida shu burda nonga loyiq bo‘lolmasang, senga eng oliy jazoni qo‘llayman, ya’ni ilohiy cho‘qintirish suviga tashlashni buyuraman.
Iblischa seskanib tushdi va uch yil mobaynida dehqonlarni o‘z yo‘liga solib olishga va’da berdi. Uni ishonqiramay tinglar ekan Boshliq uch yil ichida o‘zi doim nazoratiga olishini aytib, ish boshlashi kerakligini buyurib, chiqarib yubordi.
Shunday qilib, Iblischa odam turqiga kirib oldi. O‘zi bilgan o‘sha dehqonga uchrab, unga xizmatkorlikka yollandi. Kunlar, oylar, hatto yillar o‘tardi. Mehnati bilan iblis xo‘jayini dehqonning olqishiga sazovor bo‘lib, xizmatkor nomi bilan yonida yurdi.
Bir kuni bug‘doy hosili yig‘ilib, xizmatkor aravadan kurab berayotgan donni dehqon o‘lchov qopiga solib, omborga olib kirib to‘karkan, so‘radi:
– Necha chirpit bo‘ldi?
Xizmatkor eshikka chizilgan belgiga qarab:
– Yigirma olti chirpit, yigirma yettinchi chirpit ham sig‘ib qoladi, – deb qo‘shib qo‘ydi.
Dehqon ombor to‘lib, endi barcha hosil sig‘may qolishini ko‘rib, xizmatkorga bug‘doyni yoyib qo‘yishni buyurdi-da, o‘zi o‘lchov qopni yelkasiga tashlab ketdi. Xizmatkor xo‘jayini hali-beri kelmasligini bilib, boshidagi telpakchasini yechgan edi, shoxlari dikkayib ko‘rindi. Keyin etigini yechib oyoqlariga dam berarkan, tuyoqlariga ko‘z tashlab qo‘ydi va borib ostonaga o‘tirib o‘ylay ketdi. “Mana, uchinchi yil ham poyoniga yetib, hisob-kitob qilish vaqti yaqinlashyapti. Bug‘doyning ko‘pligidan eplash qiyinroqqa o‘xshaydi. Endi dehqonga o‘ylab qo‘ygan ishimni o‘rgatishim shart. Ana o‘shanda Bosh shayton mug‘ombirlikka usta ekanligimni ko‘rib qo‘yadi. Burda nonning haqini shunaqa qilib to‘lab qo‘yadiki hali…” Shu damda birdan yoniga yaqinlashib kelayotgan qo‘shniga ko‘zi tushdi-yu, shosha-pisha telpagini kiyib, etigini oyoqlariga ildi. Kirib kelgan qo‘shni dehqonni so‘radi. Xizmatkor xo‘jayini xirmonda bug‘doy yoyayotgani, hosil esa omborga sig‘mayotganini aytdi. Qo‘shni havas bilan gapira ketdi:
– Xo‘jayiningni omadi bor ekan. Hosil mo‘lligidan omborga sig‘­mayapti deysanmi? Biz, barcha dehqonlar, hayratdamiz. Kimdir unga bu ishlarni rosa o‘rgatyaptimikin deb ham o‘ylayapmiz. O‘tgan yilining jazirama yozida u botqoq yerlarda ekin-tikin qilib, hosil yig‘di. Qolgan dehqonlarning bug‘doyi issiqdan kuyib-qurib nobud bo‘ldi. Bu yili esa yog‘ingarchilikda ekkan urug‘larimiz nishini ko‘rsatishga ulgurmay yerda chirib ketdi. Xo‘jayining shunchalar bilimdon, farosatli ekanki, bug‘doyini tog‘da yetishtirdi-ya?.. Yana g‘aram-g‘aram hosil oldi. – U bir hovuch donni oldi-da, bir-ikkitasini tishlab ko‘rib, hayratdan bosh chayqadi.
Shuning ustiga qo‘lida qop bilan dehqon ularning yoniga keldi:
– Iye, hamsoya, xush kelibsan, – deb so‘rashdi.
– Xizmatkoring bilan u yoq-bu yoqdan suhbatlashib turgandik, – dedi zavq bilan qo‘shni. – Qanday qilib sen bir yilda o‘n yil yotvolib yesang ham tugamaydigan hosil olasan deb hayron bo‘layotganimiz, lol qolayotganimizni aytayotgandim.
Dehqon xaxolab kulib yubordi-da, xizmatkoriga ishora qildi:
– Mana shu xizmatkorim Potap balo ekan. O‘tgan yili yer haydashga jo‘natsam, u botqoqlikda jo‘yaklar ochib, bug‘doy urug‘larini o‘sha yerga sochib qaytibdi. Rosa urishgandim o‘shanda. Hali natijasini ko‘rasiz deb, meni tinchitishga urindi. Chindan ham natijasi zo‘r chiqdi. Hamma yerlar qurg‘oqchilikdan aziyat chekkanida, men mo‘l hosil oldim. Bu yili dehqonlar ko‘p yog‘ingarchilik bo‘lgani uchun dalalarda ishlay olmadilar. Potap esa tog‘ni mo‘ljallab, o‘sha yerlarga urug‘ sochdi. Mana, yana mo‘l hosil oldim… – keyin qo‘shib qo‘ydi, – bunday bilim, farosatga qanday erishgansan deb so‘rasam, ko‘p yurt kezishga to‘g‘ri kelgan-da, xo‘jayin, deb javob qildi. Bor gap shu…
Qo‘shni uni hayratga to‘lib tingladi-da, biroz jim turib:
– Qaniydi, hammamizga shunday maslahatlar beruvchi vafodor xizmatkor bersa edi Parvardigor, – dedi.
Xizmatkor uning Xudoni eslaganini eshitib, dir-dir titrab ketdi, ko‘zlari nafratdan chaqnab, o‘zini chekkaga oldi. Qo‘shni yana o‘ylanib turdi, xijolat chekayotgani sezildi-yu, jur’at qilib kalovlanib dehqonga qaradi:
– Xursandman, do‘stim, sening yoningga bir iltimos bilan kelgandim, – dedi.
– Ayt, do‘stim, qanday iltimos ekan? – so‘radi dehqon mehrga to‘lgan nigohini undan uzmay.
Hamsoya boshini quyi solib:
– Hosilingdan nimchorakkina bera olasanmi, shuni so‘ragani chiqqan edim. Bola-chaqam yegulikka qiynalib qoldi, – dedi-da, shu zumdayoq shoshib qo‘shib qo‘ydi. – Qarzga… Yanagi yilgi hosilimdan albatta qaytaraman…
– Voy, hamsoya, shu ham muammo bo‘ldimi? Nega iymanib so‘raysan-a?! Dangal “ber” demaysanmi-ya?! Qancha kerak bo‘lsa ol, – xursand bo‘ldi dehqon va qo‘shib qo‘ydi, – qarz-parz degan gapni og‘zingga olma…
Xizmatkor egasining biqinini turtdi:
– Berma…
Dehqon unga parvo qilmadi, qo‘shnisiga yuzlandi:
– Olaver, istaganingcha ol, do‘stim, – dedi ochiq ko‘ngil bilan.
Qo‘shni qop olgani uyiga shoshib chiqib ketdi. Xizmatkor chetga o‘girilib to‘ng‘illab qoldi: “Bu dehqon avvalgi fe’l-atvoridan qaytmadi-qaytmadi-ey. Kimga nima kerak bo‘lsa beraveradi, beraveradi. Yana “men birovlarga bersam, menga Yaratgan Egam beradi”, degani ortiqcha. Bunday gaplarini eshitsam bor vujudim qaqshab ketadi”. Qo‘shni qaytib keldi, dehqon uning qopini xursand bo‘lib to‘ldirayotganini ko‘rib, xizmatkor o‘rnida tik tura olmadi, g‘ashi kelganidan chekkaga o‘tib depsina boshladi. Dehqon esa qilgan yaxshiligidan ko‘ngli to‘libmi, kayfiyati ko‘tarilib, ostonaga joylashib olib, xizmatkorini chaqirdi:
– Sen nega g‘ijinyapsan? Nega muhtoj, yaxshi odamga so‘ragan narsasini berish kerak emas? Vaqti kelib Parvardigor unga ham karomatini ko‘rsatar, nasibasini, rizqini albatta ikki qo‘llab berar, – dedi.
Xizmatkorni yana titroq bosdi:
– Berishga berasan, qaytarib ololmaysan-da… Qarz berish – bu tog‘ etagiga sochib tashlash, qaytarib olmoq esa tog‘ cho‘qqisiga chirmashib chiqishdek zahmat. Qariyalar shunday deyishadi.
Dehqon qovog‘ini uydi:
– Hech qachon, hech kimga donni qarzga bera ko‘rma. Muruvvat, xayr-saxovat bilib, qaytarib olmaydigan qilib xolisanlilloh berishni odat qil. Uqdingmi?! Bizda don ko‘p, hech qayerga sig‘dira olmayapmiz…
– Ko‘p bo‘lsa nima qilibdi? Bu sening boyliging, daromading, zamirida betinim mehnating yotibdi, – norozilik bildirdi xizmatkor.
Dehqon unga tushuntirishga urindi:
– Yanagi yilning hosiligacha emas, bizga hatto ikki-uch yilga yetadigan zaxira bor-a… Qayerga va nimaga ishlatamiz hammasini? Zoriqqan, nochorlarga berish savob-ku, axir!
Xizmatkorning ovozi titradi:
– Qayerga bo‘lardi, bu bug‘doy ketidan men senga shunday davlat, boylik topish yo‘lini o‘rgatayki, o‘zinggina emas, olam hayratga tushishi mumkin.
Dehqon unga hayron bo‘lib qaradi:
– Bu nima deganing? Yana qanday ish qilmoqchisan?
Xizmatkor ko‘zini ayyorona qisib gap boshladi:
– Bir ichimlik tayyorlayman. Bu shunday ichimlikki, madori quriganga kuch ato etadi, qorni ochganni to‘ydiradi, uyqusizlikdan qiynaladiganni uxlatadi. Dilgir holatga tushganning kayfiyatini ko‘tarib, quvnoq qilib qo‘yadi. Jur’ati yo‘qroq kishini jasur pahlavonga aylantiradi. Ana shunday ichimlik qilish qo‘limdan keladi.
– Yo‘g‘-e! Lof ham evi bilan-da! – dehqon unga ishonqiramay qarab qo‘ydi.
– Lof deganing nimasi? Botqoqligu tog‘larda ekin qilamiz deganimda ham menga xuddi hozirgidek ishonmagansan. Endi qoyil qolib o‘tiribsan! Ichimlik tayyor bo‘lganida gapim qanchalar haqiqat ekanligini tushunib yetasan.
– Xo‘p, u aytganingni nimadan tayyorlamoqchisan? – so‘radi dehqon kulimsirab.
– Mana shu bug‘doydan-da! – bidirlay ketdi xizmatkor, rejasi amalga oshayotganini sezib.
– Bu sen taklif qilayotganing mabodo gunoh ish emasmi? – dehqonning gap ohangida xavotir paydo bo‘ldi.
– Ana xolos! – qiyqirib yubordi xizmatkor. – Qanaqa gunoh? Axir bu odamlarni quvontirib xursand qiladigan oddiy ichimlik-ku!
Dehqon unga sinchkov qarash qildi:
– Sen, Potap, bunday aql-zakovatga qanday erishgansan? Oddiygina, nodongina birovlarning qo‘lida mehnat qilib yuradigan xizmatkor bo‘lsang. Mana, qo‘limda ikki yildan ortiq ishlading, tinimsiz ishlading, bildim, ko‘p narsadan xabardorsan. Yana bir narsaga hayronman, shunchalar ishga, mehnatga berilganingdanmi, shu paytgacha biron marta na etigingni, na qalpog‘ingni yechganingni ko‘rdim. Yo vaqtingni shunchalar tejaysanmi? Ishbilarmonligingga qoyil qolaman, kimlar o‘rgatgan senga?
– E-e! Ozmuncha yurtlar kezdimmi, ozmuncha hayotni ko‘rdimmi, nimasini aytay? – ko‘zini olib qochib javob qildi xizmatkor.
Dehqon birpas xayol surib o‘tirdi-da, haligi gapga qaytdi:
– Bu sen aytayotgan ichimlik chindan ham kuch-quvvat beradimi?
– Iye, ko‘rasan, uning zo‘rligiga hali o‘zing tan berasan, – dedi xizmatkor zavqi toshib.
Dehqon qiziqayotgani bilindi:
– Buni nima qilib amalga oshirish mumkin?
Xizmatkor xo‘jayini uning kirdikorini sezib qolmasligi uchun o‘zini beparvo ko‘rsatishga urindi:
– Oddiy… Qiyin joyi yo‘q. Bitta qozon, ikki dona cho‘yan mo‘ri topilsa bas. Ish yurishdi deyaver.
Dehqon yana savol berdi:
– U ichimliging mazalikkinami o‘zi?
– Be! Mazasiga gap yo‘q! Bir marta tatib ko‘rsang, umrbod unga bog‘lanasan, qolasan.
Dehqonning ko‘zlari hayratdanmi, qiziqayotganidanmi olazarak bo‘lib qolganini ko‘rgan Potap quvonganidan ichiga sig‘may sakray boshladi. Unga ahamiyat ham bermay, dehqon qo‘shninikiga qozon so‘ragani chiqib ketganida u sevinganidan turgan joyida shaytonlab qoldi.
Shunday qilib, bir necha kun o‘tgach, omborning o‘rtasiga qozon o‘rnatildi, atrofi shuvaldi, unga jumrakli cho‘yan mo‘rilar payvandlanib yopishtirildi. Xizmatkor qozondagi suyuqlikni aralashtirish bilan ovora bo‘la turib, niyati amalga oshayotganidan o‘zida yo‘q quvonib, sak­rab-sakrab, eshilib o‘ynardi. U jo‘mrakdan sizilib tomchilab oqayotgan suyuqlikka jomcha tutib miriqib ho‘pladi-da, dehqonga qaradi:
– Ana, xo‘jayin, tayyor bo‘libdi, – dedi maqtanib.
Cho‘kkalab o‘tirib uning ishlarini diqqat bilan nazorat qilayotgan dehqon xuddi ajablanarli mo‘jizaning guvohi bo‘lgandek hayratga tusharkan:
– Bu qanday moslamaki, xamirdan suv, suyuqlik oqizib chiqarsa-ya?! Tag‘in tiniq, toza suv olyapsan bundan… – derdi.
– Bu suv emas, – irshaydi xizmatkor. – Xo‘jayin, bu o‘sha, men aytgan ichimlik.
– Juda tiniq-ku, – xo‘jayinning hayrati hamon bosilmas edi. – Men buning rangi qizg‘ish yoki sarg‘ish bo‘ladi deb o‘ylagandim, – dedi jomchaga tikilib.
– Sen buni bir hidlab ko‘r, – deya, Potap jomchani dehqonning burniga tutdi.
Dehqon cho‘chibroq uni hidladi-da, bir seskandi:
– Bo‘yi muncha o‘tkir bo‘lmasa buning! Tatib ko‘ray-chi, – dedi-da, xizmatkorining qo‘lidan jomchani olib, yana iskadi.
– Shoshma-shoshma, – to‘xtatdi uni xizmatkor va qo‘lidan jomchani oldi-da, jo‘mrakning og‘ziga tutib, suyuqlikdan qo‘shdi. Asta ho‘plab tamshandi, keyin xo‘jayiniga tutdi, – ma, endi ich.
Dehqon ehtiyotkorlik bilan ichimlikka tilini tekkizib ko‘rdi, kichikroq qultum qildi, asta ho‘play boshladi va birdan jomchani ko‘tarib borini ichdi-yu, xizmatkoriga jomchani tutarkan:
– Yana quy-chi, kamligidan ta’mini unchalik aniqlay olmadim, – dedi kulimsirab.
Xizmatkor quvonchining cheki yo‘q edi. O‘zini tutolmay xaxolab kulishdan to‘xtamasdi:
– Ha, xo‘jayin, yoqdimi? – deya jomchani to‘ldirdi.
Dehqon ichdi-da, yon-veriga alanglab, qiyqirib yubordi:
– Ajoyib narsa-ku bu, a?! Qani, xotinimni tez chaqir bu yoqqa, – deb baqira ketdi. – Hoy, Mariya, shoshil, tezroq kel yonimga!
Xotini: “Buncha baqirmasang, nima bo‘ldi?” deb ichkaridan yugurib keldi. Dehqon unga jomchani uzatdi:
– Ma, mana buni ichib ko‘rgin-a! Axir bu biz kashf etgan, o‘zimiz yaratgan yangilik!
Ayol erining ko‘ngliga qarab, istab-istamay suyuqlikni hidladi-yu, bir seskanib tushdi va qo‘rqa-pisa so‘radi:
– Biron kor-hol bo‘lmaydimi?
Dehqon g‘azab bilan: “Ich!” deb baqirdi. Eridan hech qachon bunday muomalani ko‘rmagan xotin sarosimaga tushdi, lekin uning buyrug‘ini bajarib, jomchani ichib bo‘shatdi va birdan: “Muncha yaxshi! Muncha mazali bu!” deb qiyqirib yubordi. Xizmatkor unga hiylakorona ko‘z tashladi, shirakayf bo‘lib qolgan dehqon esa zavqlanib, maqtana ketdi:
– Xo‘sh, yoqdimi? Biroz sabr qilgin, nima bo‘lishini sezasan, – deya Potapga ishora qildi, – buning aytishicha, ichganing butun tanangdan bor charchoqni chiqarib yuborarmish… Yoshlarni qaritib… Yo‘g‘-ey! Qariyalarni yoshartirib, kuch berarmish! Mana, men atigi ikki jomcha ichdimu, hamma suyaklarimga jon kirganday bo‘ldi. Hali shoshmay tur, ikkalamiz har kuni bundan ichib tursak, rosa yosharib ketamiz. Qani, yonimga kel-chi, Mashajonim, – dedi xotinini bag‘riga bosib.
– Bor-ey, buni ichib, qip-qizil jinni bo‘lding, – jerkib berdi ayol.
Dehqon xotinining gapiga ahamiyat bermay, valaqlashdan to‘xtamasdi:
– Ha? Maza qilib ichib olding-ku! Potap ikkimizni bug‘doyni isrof qilyapsizlar deb rosa olib borib kelganding-a? Gapir endi, yoqibdiki ichyapsan…
Xotin eriga makkorona qarash qildi:
– Yoshartirar ekanu, yoqmaydimi? Sen ham juda quvnoq bo‘lib qolding. Menga shu yoqyapti. O‘ta mehribon bo‘lsang ham jiddiyliging menga unchalar yoqmasdi. Ana, xushchaqchaq bo‘lish mumkin ekan-ku! Qani, menga qo‘shil-chi… – deb qo‘shiq ayta boshladi.
Dehqon xotinining gapini tasdiqladi:
– Ana, hammamiz yosharyapmiz-ey!
Ayol birdan kuylashdan to‘xtadi:
– Hoy, er, qaynonamni chaqirish kerak, oxirgi paytda ko‘p narsadan norozi bo‘lib, urishgani urishgan. Yosharsa mehrli bo‘lib qolsa qaniydi, – dedi.
Dehqon anchagina mast bo‘lib qolgandi. U qizini imladi:
– Mashenkam mening, tezgina uyga kirib, onajonimni, o‘zingning suyukli buvijoningni bu yerga yetaklab kel. Hadeb pechkasida yotavermasin. Uni bir yoshartirvoray, – dedi-da, xotiniga jomchani tutdi. – Qani, yana bittadan ko‘taraylik-chi!
Xizmatkorning xursandligi ichiga sig‘masdi. Ketma-ket jomlarni to‘ldirib, maza qilib tarqatardi. Dehqon ichgan sari tili yechilib borar, vaysashdan to‘xtamasdi:
– Yuqoridan boshlab yoshartiryapti-ku bu, a? Tilimga ta’sir qildi, endi esa qo‘llarimga oqib boryapti, oyoqlarim ham jimirlab yosharyapti. Qara-ya, xotin, o‘zidan-o‘zi raqsga tushishga shaylanyapti, – dedi-da, o‘rnidan sapchib turib depsinib-depsinib raqsga tusha ketdi.
Erining hamisha kamtar, sipo, kamsuqum bo‘lib yashaganiga o‘rgangan ayol biroz hayrat og‘ushida turdi-da, o‘zi ham shirakayf bo‘lgani uchun xizmatkorni chaqirdi:
– Hay, Potapjon, bizning omilkorimiz, balalaykangni qo‘lga olib bir chal-chi! – deb qiyqirganicha erining yoniga tushib o‘ynay ketdi.
Xizmatkor quvonib, uning aytganini qildi, keyin negadir birdan kuy chalishdan to‘xtadi va hamon o‘yinga tushayotgan er-xotinga kulimsirab qaradi-da, o‘zicha ming‘illadi:
– Sen, Bosh shayton, shoshmay turgin-a… Burda non uchun menga hali shunday haq to‘laysanki! Mana, sodda, halol, pahlavondek dehqon qay ahvolga tushganini ko‘rib qo‘y…
Shu damda dehqonning ota-onasi kelib, farzandlarining ahvolini ko‘rib, joylarida qotib qolishdi. Ota birdan bor ovozda baqirdi:
– Nima balo, hammangni jin urdimi?! Odamlar mehnat qilish bilan ovora-yu, bu yerda ne sababdan o‘yin-kulgi bo‘lyapti?
Cholning gapiga parvo qilmay, kelini chapak chalib, “Xudoning oldida qildim men gunoh, faqat Xudoning o‘zi begunoh…” deb qo‘shiq aytishdan tinmasdan, davrada raqsga tushib aylanardi. Qari qaynona ham jahlini tiya olmay, kelinini urisha ketdi:
– Voy, yaramas-ey! Uy yig‘ishtirilmagan, hamma yer bir ahvolu, bu esa bunda…
Dehqon o‘zini mehribon ko‘rsatib, onasiga jom tutdi:
– Onajon, tinchlaning. Bizda bir narsa sodir bo‘ldi! Ajoyib narsa! Qarib qolganlarni yoshartiryapmiz. Ishonmaysizmi? Mana buni ichib ko‘ring-a?..
– Ichgim kelsa quduq to‘la suv, – o‘g‘lini jerkib berdi kampir. Dehqon tixirlik bilan unga jomni hidlatishga uringandi, ona: – Nima baloning hidi kelyapti, jin-pin aralashtirildimi bunga? – deb burnini jiyirdi.
O‘g‘lining yoniga kelini qo‘shilib, uni qistay boshlashdi:
– Siz buni bitta ho‘plab ko‘ring! Juda yoqadi… G‘aroyib dori bu, axir. Sizga yomon narsani ravo ko‘rmaymiz-ku…
Kampir jomdan ko‘zini uzmay, biroz o‘ylandi-da, ichimlikka til tekkizdi. Bir seskandi va bolalariga ishonqiramay qaradi:
– O‘ldirib qo‘ymaydimi?
Kelin bidirlay ketdi:
– Onajon, bu sizni ham sog‘lom qiladi, ham kuch beradi, yana yoshartirib yuboradi.
Kampir ikkilanayotgani sezildi, ammo kelinining gapi rostligini tuydimi, nima bo‘lsa bo‘lar degandek, shartta ichimlikni no‘sh qildi. Asta atrofga ko‘z yugurtirdi. G‘alati holga tushayotganini angladi, yuziga qon yugurganini sezdi va birdan: “Muncha yoqimli, totli narsa ekan bu!” deb qiyqirib yubordi-da, choli tomon o‘girildi:
– Qani, otasi, siz ham ichib ko‘ring, maza qilasiz, tirilib ketgandek bo‘lasiz.
Chol “yo‘q” degandek bosh chayqadi. Kampir xizmatkorning majburlashi bilan ketma-ket bir necha jomni bo‘shatdi va iljayib hammaga bir-bir qarab qo‘ydi:
– Barcha tomirlarimni, oyoq-qo‘limni, ko‘ksimni, vujudimni qizdir­yapti. Osmonlarga parvoz qildirayotgandek meni! Bu qanday mo‘jiza? Chindan ham yosharayotgandekman, – deb g‘uldiradi qah-qah urib va sarmastligidan qiyqira boshladi. – Eh, cholim shu paytda yonimdan qayerga ketdi-ya! Ko‘rganida hozir yoshligim qaytib, avval qanday bo‘lganimni bir tomosha qilardi! – keyin o‘g‘li bilan keliniga tanbeh berdi. – Shunaqa ham raqsga tushadimi, nodonlar. Mana, o‘yin bunaqa bo‘ladi, – deb sakray ketdi.
Bir chekkada bularga qarab o‘tirgan chol asta o‘rnidan turdi. Qozon yoniga borib, jo‘mrakni ochib yubordi. Ichimlik sharillab yerga to‘kilib hamma yoqni shilpillatib yubordi. Dehqon otasining yoniga otilib kelib baqirdi:
– Nima qilib qo‘ydingiz, badkor?! Shunday boylikni yakson qildingiz-a?! Aljiragan chol! – deb, jo‘mrakdan tomchilayotgan ichimlikka jom tutib, hiqilladi, – hammasini to‘kib yuboribdi-yu, yaramas…
Chol jahl bilan o‘g‘lini koyiy boshladi:
– Hoy, ahmoq! Sen shuni maqtab, yaxshi narsa deyapsanmi? Bu yovuzlikning katta buvasi-ku! Xudo senga g‘alla degan halol boylikni rizq qilib, nasiba qilib, baraka qilib yaxshi niyat bilan ishlatishga bergan bo‘lsa-yu, sen yaramas, undan shaytoniy, gunohni ko‘paytiradigan ichkilik yaratib, yo‘ldan ozayotganingni ko‘rmayapsanmi, anglamayapsanmi? Bu ishingdan yaxshilik kutma. Ifloslikdan voz kech! Bo‘lmasa, o‘zing ham nobud bo‘lasan, el-yurt, odamlarga tuzatib bo‘lmas zarar yetkazasan. Buni Xudo kechirmaydi, shuni bilib qo‘y! Buni ichimlik deb o‘ylab, targ‘ib qilyapsanmi? Adashasan! Bu olov alangasi bir kun seni kuydirib yuborishidan qo‘rq! – dedi-yu, qozon tagidan yonib turgan payrahani olib, yerda oqib yotgan suyuqlikka tashladi. Zumda atrof lop etib yonib ketdi. Barcha dodlaganicha o‘zini olovdan olib qochdi. Xizmatkor shoshib dehqonning kulbasiga kirib pisib oldi.
Oradan uch-to‘rt kun o‘tdi. Dehqonning kulbasida yolg‘iz qolgan xizmatkor shoxlari-yu, tuyoqlarini yashirmasdan, mulohazaga berildi:
– Dehqon g‘alla ko‘pligidan qayerga sig‘dirishni bilmayapti. Ammo undagi mazani rosa tushunib yetdi. Axir, shuning uchun ichimlikni boshqatdan haydab oldik-ku, bochkalarga tinchgina, hech kimga bildirmay joylab ulgurdik. Endi uni bekordan bekor, tekinga birontaga berishimiz noo‘rin. Boboyni xo‘jayindan nari tutsam bas. Otasiga hech vaqo berishi shart emasligini unga o‘rgatdim. Ya’ni, kerakli ishni bajardim. Dehqonga tekinxo‘r, miyasi chalg‘igan qariyalarni atrofiga yig‘ib, yaxshilab ichirib, o‘zining tomoniga bo‘ysundirib olish yo‘lini o‘ylab topib, keyin ularning qo‘li bilan otaning chizgan chizig‘ini hayotdan umuman o‘chirib tashlash kerakligini eplab uqtirdim. Yaxshiki, u ko‘ndi. Endi mening ham vaqtim oxirlab qoldi. Boshlig‘im kelib ko‘rsa bo‘laveradi. Uyalmay ko‘rsataman.
Shu damda birdan yer ostidan Bosh shayton chiqib qoldi-yu, vajohat bilan uni so‘roq qila boshladi:
– Hoy! Muddat tugadi! Burda non yeyish haqiga erishdingmi? Vaqt kelishi bilan o‘zim ishingni tekshiraman degandim-a?! Mana, ro‘parangda turibman. Gapir! Hisobotingni ber!
Xizmatkor javobi tayyor ekanligidan o‘zida yo‘q xursand bo‘lib dedi:
– Dehqonlarning deyarli barchasini o‘z tomonimga og‘dirib oldim. Ishonmaysanmi? Hozir ko‘rasan… Birozdan keyin ular shu yerga to‘planishadi. Sen mana bu pech ichiga joylashib ol. Hangomani ko‘rib, rosa xursand bo‘lasan…
Bosh shayton: “Qani, ko‘ramiz!” dedi-yu, o‘choq ichiga kirib ketdi. Ozgina vaqt o‘tgach, xonaga dehqon boshchiligida bir gala chollar kirib keldi. Ular orasida dehqonning xotini ham bor edi. Barcha stol atrofida joylashib olgach, ayol dasturxon tuzarkan, muzlatilgan pay sho‘rva va har xil pishiriqlarni terib tashladi. Chollar xizmatkor Potapga savol tashladilar:
– Xo‘sh, mo‘jizaviy ichimlikdan ko‘proq tayyorladinglarmi? Necha chirpit bug‘doy haydaldi?
– Qancha kerak bo‘lsa shuncha haydaldi. Shuncha hosil bekorga isrof bo‘ladimi, axir?
– Ish qilib, bu safargi ichimlik ham yaxshi chiqdimi? – so‘radi yana bitta chol.
– Ilgarigilardan ham zo‘r, – maqtandi xizmatkor.
Savol ketidan savol yog‘ila boshladi:
– Qani, Potap, bizlarga ayt-chi, o‘zi bu narsani qayerdan o‘rgangansan?
– Eh, dunyo kezsang ko‘p narsani o‘rganar ekansan… – qisqa javob qildi u.
– Ha-a, anchagina quvga o‘xshaysan sen bola, – dedi hayratlanib yana bittasi.
Dehqon barchaning e’tiborini ovqatga qaratar ekan, xotini katta xumda ichimlik keltirib stolga qo‘ydi-da:
– Xush kelibsizlar, endi marhamat qilib yeb-ichib o‘tiringlar, – dedi muruvvat ko‘rsatib.
Hamma birin-ketin jom ko‘tarib, og‘zilaridan suv oqqudek bo‘lib ichimlikni maqtay ketishdi. Anchagina ichishdi, ulab, tinmay ichishdi. Bosh shayton o‘choqdan chiqdi-da, yonida turgan xizmatkorga ko‘z tashlagandi, shaytoncha unga so‘z qotdi:
– Mana, endi nima bo‘lishini senga ko‘rsataman. Hozir ayolning oyog‘idan chalaman, u qoqilib tushib, qo‘lidagi ichimlikni to‘kib yuboradi. Bu bir burda nonni ayamagan mehridaryo dehqon bir qadahgina sharob to‘kilgani uchun qay ahvolga tushishini tomosha qil-a…
Dehqon xotiniga hammaga ichimlikdan yana quyib berishni buyurib:
– Avval hamsoyaga, keyin Mixaylo amakiga uzat, – dedi.
Ayol stol atrofida yurib, hammaga bir-bir bo‘zadan quyayotgan paytda xizmatkor uning oyog‘idan chaldi. U qoqilib, qo‘lidagi ichimlikni to‘kib yubordi-da, xizmatkorga vaysay ketdi:
– Seni shu damda qaysi kasofat bu yerga yaqinlashtirdi-ya!
Dehqon esa ovozi boricha xotiniga baqira ketdi:
– Hoy, sen maymoq ajina! Shundoq qimmat narsani to‘kib yubording-a?!
Eri hech qachon unga bunday qo‘pol muomala qilmaganini o‘ylab o‘ksigan xotin, andisha yuzasidanmi, “ataylab qilmadim-ku” deya uzr so‘radi. Ammo dehqonning vajohati qaynayotgani sezildi:
– Ataylabmasmish! Hozir o‘rnimdan turay, senga buni qanaqa qilib to‘kib yuborish mumkinligini ko‘rsatib qo‘yaman, – deb xizmatkoriga qaradi. – Sen ham, la’nati, nega stol tevaragida ivirsiysan? Ha, iblis olsin seni!
Ayol boshqatdan hammaga bo‘za quyish bilan ovora bo‘layotgan paytda, dehqon og‘zidan “iblis” so‘zini eshitib, xursandligidan shaytonlab qolgan xizmatkor o‘choq yoniga yaqinlashdi-da, boshlig‘iga:
– Nonini-yu, rizqini hech kimdan ayamay yashagan bu dehqon to‘kilgan ichimlik uchun suyukli xotinini do‘pposlashiga oz qolganini ko‘rding… Qalay? Qoyilmisan? Yana meni sening yoningga, iblisga yubordi-ya, – dedi zavqi toshib. Boshliq uni maqtab qo‘ydi. U esa gapida davom etdi:
– Bular xumni bo‘shatib olishsin, keyin nima bo‘lishini ko‘rasan. Hozircha ular shirinsuxan, bir-biriga xushomad qilyapti, tulkilar ularning oldida ayyorlik, mug‘ombirlikda ip esholmaydi, makkorlikning cho‘qqisiga chiqa boshlashadi…
Dehqon esa g‘irt mastligidan tili zo‘rg‘a aylanayotgan bo‘lsa ham gap berishdan tinmasdi:
– Hoy, qariyalar, senlarni to‘plaganim, maslahatingiz kerak… Nima qilay? Ahvolimni muhokama qilishga qurbingiz yetadimi? Chol otam uyimizda yashab qaridi. Men uni boqib, parvarishlab yaxshi qaradim. Endi esa u mendan norozi bo‘lib amakimnikiga ko‘chib o‘tdi. Uyning o‘ziga tegishli qismini amakimga bermoqchi. Sizlar aqlli odamlarsiz. Maslahatingizga muhtoj bo‘lib turibman. Masalan, Ivan Fedotichni olaylik, uni butun qishloq hurmatlaydi, birinchilarimizdan deydi. Haqiqatni aytay, seni o‘z ota-onamdan ham ziyoda deb bilaman. Mixaylo Stepanich esa qadrdon do‘st.
Chollar birin-ketin dehqonni maqtay ketdilar, unga bo‘lgan hurmat-e’tiborlarini izhor qila boshladilar. Bularning maqtovlarini eshitayotgan xizmatkor Boshlig‘ini turtdi:
– Ko‘ryapsanmi, hammasi yolg‘on gapiryapti! Aslida ular chekkada bir-birini rosa haqoratlab so‘kadi. Hozir esa xuddi tulkilarga o‘xshab, dumlarini likillatib, tilyog‘lamalik qilishyapti. Sababi – bo‘za, shu ichimlikning ta’siri.
– Tasanno senga! – dedi Bosh shayton. – Bularni o‘zimiz tomon og‘dirib olish oson kechadi. Bu ishni boplabsan.
– Shoshma, yana ichishsin, davomini tomosha qilamiz, – dedi xizmatkor mamnun jilmayib.
Ayol xum tashishdan charchamas, chollar esa bo‘za ichishdan tinmasdi. Birdan ularning o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kela boshladi. Chollarning biri: “Men nima istasam, shu bo‘ladi” degan gapni aytib, janjal ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. “Sen kim bo‘lib ketibsan?” dedi narigisi, uchinchisi boshqasini ahmoqdan olib ahmoqqa soldi. Haqoratga haqorat ulana ketdi. Kimdir kimnidir molga taqqosladi, kimdir cho‘chqa deb atadi. Shovqin-suron ko‘tarilganda dehqon jahl bilan bo‘kira ketdi:
– Nega hammang ovozing boricha vag‘illab, tomog‘ingni qiryapsanlar?! Ovqat yeb, qorinlaringni shishirgani kelgansanlar, shekilli… Zarur gap qolib, nima mojaroni ko‘taryapsanlar?!
Chollardan biri dehqonga o‘shqirdi:
– Ha? Kekkayib qolibsanmi?! Hozir burningni qulog‘ingga burab qo‘yaman-a?..
Dehqon uni do‘pposlash niyatida o‘rnidan qo‘zg‘alganda boshqa chol vaysay ketdi:
– Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan gaplar bo‘lyapti-ku! Yo‘qol, shayton olsin-ey seni! Sen bilan gaplashishni ham istamayman! Ketdim…
Dehqon uning etagidan mahkam tutdi, lekin chol u bilan olishib, uni savalay ketdi. Dehqon dodlab yordam so‘rashiga qaramay, hech kim unga yon bosmadi. To‘s-to‘polon ichida birdan qaysidir qariya: “Davom etamiz, bo‘za keltir!” deb baqirib qoldi. Dehqon xotiniga yana xum olib kelishni buyurdi. Bu ishlarni kuzatib zavqlanayotgan xizmatkor Boshlig‘iga qaradi:
– Bularning tanasida endi bo‘rining qoni qaynadi. Barisi yovuz, qahrli bo‘lib qolishdi. Avvalgi mehr-oqibat, soddalikdan asar ham yo‘q. Bo‘zaning ta’siri…
Bu paytda dehqonning otasi ko‘chadagi xodalarda turnaqator bo‘lib joylashgan qariyalar orasida o‘tirgan edi. Ularning yonida yastangan kenggina maydonda yigit-qizlar, yosh juvonlar zavqqa to‘lib o‘yin-kulgi qilish bilan yayrashardi. Dehqonning uyidan esa mast bo‘lib shovqin ko‘tarayotgan chollarning baqir-chaqiri tinmay eshitilar, ovozlar borliqni go‘yo boshga ko‘tarishga urinayotgandek tuyulardi. Shu payt darvozadan bir qariya gandiraklab chiqdi-da, o‘zini olomon ichiga otdi. Uning ketidan oyog‘ida zo‘rg‘a turgan dehqon chiqib, uni sudragancha yana ichkariga olib kirib ketdi. Bu holni ko‘rgan ota boshini chayqab xo‘rsindi, atrofdagilardan uyalganidanmi, norozi bo‘lganidanmi, uf tortib:
– E-e! Gunoh ustiga gunoh-a?! Qanday balo urdi bularni?! Kuni bilan halol mehnat qilib, kechqurunlari yuvinib-taranib, chiroyli, bama’ni bo‘lib, oila davrasida maza qilib dam olib, yayrab yurgan bularni qanday jin urdi? – deb xafa bo‘lib gapirayotganida uydan dod-voy eshitildi. Chol seskanib tushdi.
Birdan kayflari tarang qariyalar darvozadan birin-ketin otilib chiqishdi-da, davrada raqsga tushayotgan qizlarga yopisha ketishdi. Qizlar qo‘rqqanlaridan qiy-chuv qilib, chinqira boshlashdi. Bir qizning: “Karp amaki, tegmang, nima qilyapsiz?” degan yig‘loqi ovozi eshitildi. Janjaldan o‘zlarini olib qochayotgan yigitlar qizlarni himoya qilib, hammani naridagi tor ko‘chaga o‘tkaza boshladilar. Hozirgina gavjum, shodlikka to‘lgan ko‘cha zumda huvullab qoldi. Gandiraklagan chollar orasidan chiqib, dehqon otasiga yaqinlashdi, qo‘lini paxsa qilib unga o‘dag‘ayladi:
– Ha?! Ega chiqdingmi, ololdingmi? Qishloq qariyalari bor mol-mulk menda qoladi deb hukm chiqaradigan bo‘lishdi. Senga faqat otning tezagi tegarkan… Hamma narsa menga tegishli ekan, senga esa hech vaqo yo‘q! Tushundingmi? Hech vaqo… Ular hali senga bu hukmni yetkazishadi.
Mastlikdan oyoqlarida arang turgan chollar kalovlanib o‘z fikrlarini aytishga urinardilar. Biri: “Men-da, haqqoniy hukm chiqaradigan” desa, ikkinchisi: “Men har bir kishini bahsda yengib chiqaman” der, uchinchisi: “Eng zo‘ri menman” deb chiranar, to‘rtinchisi allanimalarni g‘uldirab, yonidagi cholga suyanib qolgandi. Hammalari gandiraklab tarqala boshlashdi. Dehqon esa uyining ostonasiga yetolmay qoqilib, gursillab yiqildi-yu, cho‘chqaning xur-xurlashiga o‘xshash tovush chiqarib jim bo‘ldi.
Ota chekkadan unga birpas domangir qarash qilib, quyi solingan boshini chayqab turdi-da, yonidagi qariyalarga qo‘shilib nari ketdi. Shu dam u avvalari bu o‘g‘lidan qanchalar g‘ururlanib, faxrlanib yashaganini, o‘zining keksalik gashtiga yetganligidan mamnun bo‘lganini o‘ylardi. Xira tortgan ko‘zlari yoshlandi. Nihoyatda katta va bebaho narsasini yo‘qotayotganini ang­lab, atrofdagilardan uyalmay ho‘ngrab yig‘lab yubordi…
Bo‘layotgan bu voqealarni kuzatib turgan Shaytonboshi mamnun xizmatkorga qaradi:
– Balo chiqding! Endi bularning tomirida to‘ng‘iz qoni gupiryapti. Cho‘chqalardan farqi yo‘q. Dehqonning loyga botib, xur-xurlab yotishini ko‘rgin-a! Ana, bo‘zaning karomati! Qoyil qoldirding meni, tasanno?! – deb shaytonchani maqtab qo‘ydi. Keyin birdan qiziqdi: – Aytgandek, bu ichimlikni qanday o‘ylab topding? Mabodo unga tulki, bo‘ri, to‘ng‘iz qonini qo‘shmaganmiding?
Xizmatkor kulib yubordi:
– Yo‘q, men faqat g‘alla hosilini ko‘paytirish kerakligini angladim, bu yog‘i endi senga ayon. Dehqonga o‘xshagan odamlarning ongi g‘alati ekanligini tushunib yetdim. Nonga arang bug‘doyi yetgan paytida ular saxiy, nihoyatda saxovatli bo‘lishar, o‘zini ayamasdan mehnat qilib yashash, halol topish kerakligini bilar ekan-da, boylik eshigidan mo‘ralab kirganida nima qilarini bilmay o‘zini yo‘qotib qo‘yar ekan… Nahotki, boylik odamni shunchalar o‘zgartirsa? Demak, harom hayvonlar qoni tomirida hamisha oqqanu, uning gupurib chiqishiga na iloj, na imkon bo‘lganga o‘xshaydi…
Bosh shayton uning yelkasidan qoqib qo‘ydi:
– Non burdasini olishga endi to‘la haqqing borligiga ishondim. Xursandman. Demak, dehqonlar toifasini ham o‘z tomonimizga ag‘darib oldik. Balli! Endi dehqonlar ham tamoman bizning qaramog‘imizda, iskanjamizda! Ishqilib shu zahar-zaqqumni ichmay qo‘yishmasa bas.
Ammo hovlida ota boshchiligida yig‘ilib turgan pok va sofdil qariyalarning dillari va tillari Parvardigorga murojaatda ekanligi, odamlarni najosatu, egri yo‘llardan saqlashini so‘rab qilayotgan nolalarini eshitgan bu ins-jinslar dag‘-dag‘ titrab, tuyoqlarini shiqillatgancha birdan qayergadir g‘oyib bo‘lishdi.

Rus tilidan Nodira Rashidova tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 1-son