Mana, sizlar, odam nima yaxshiyu nima yomonligini bilmaydi, hamma gap muhitda, muhit yemiradi, deysizlar. Men o‘ylaymanki, butun gap tasodifda. Mana, men o‘zim to‘g‘rimda gapirib beray.
Barchamizning hurmatimizga sazovor Ivan Vasilevich, shaxsiy kamolotga erishish uchun avvalo odamlar yashab turgan sharoitni o‘zgartirish zarur, degan mavzuda oramizda bo‘lib o‘tgan suhbatdan so‘ng ana shunday gap boshladi. Aslida, hech qaysimiz, nima yaxshiyu nima yomonligini odam o‘zi bilmaydi, deganimiz yo‘q, ammo Ivan Vasilevichning suhbat oqibatida tug‘iladigan fikrlarga shu tariqa javob berish va ana shu fikrlar bahonasida o‘z hayotida sodir bo‘lgan voqealarni hikoya qilish odati bor edi. Ko‘pincha hikoyaga berilib ketib, hikoya qila boshlashiga typtki bo‘lgan sababni unutib qo‘yar, zotan, samimiyat bilan haqqoniy hikoya qilar edi.
U hozir ham shunday qildi.
– Men o‘zim haqimda so‘zlayman. Butun hayotim, muhit tufayli emas, mutlaqo boshqa narsa tufayli, o‘zgacha emas, xuddi shunday bir yo‘sin kasb etdi.
– Nima sababdan? – deb so‘radik biz.
– Bu uzundan-uzoq qissa. Tushunib olishlaringiz uchun, juda ko‘p narsani gapirib berishim kerak bo‘ladi.
– Bo‘lmasa gapirib bera qoling-da.
Ivan Vasilevich o‘yga tolib, bosh chayqadi.
– Ha, – dedi u. – Butun hayotim bir kecha yoki to‘g‘rirog‘i, bir tong oqibatida o‘zgarib ketdi.
– Nima bo‘lgan edi o‘zi?
– Gap shuki, men birovni qattiq sevib qolgan edim.
Ko‘p martalab sevib qolganman-u, ammo bunisi eng kuchli sevgi edi. O‘tib ketgan gap; uning qizlarigacha allaqachon uzatilgan. Bu B… edi, ha, Varenka B… – Ivan Vasilevich uning familiyasini aytdi. U ellik yoshida ham g‘oyatda barno edi. Ammo yoshligida, o‘n sakkiz yasharligida latofatli: bo‘ydor, xushqomat, nazokatli, salobatli, ayniqsa, savlatli edi. Boshini sal orqaga tashlagan ko‘yi, o‘zini go‘yo boshqacha ko‘rsatishi mumkin emasdek, qomatini hamisha odatdan tashqari tik tutar, bu esa ozg‘inligiga, hatto suyaklari ko‘rinib turishiga qaramay, xushqomat, ko‘rkam bu qizga qandaydir shohona qiyofa baxsh etardiki, maftunkor sho‘x ko‘zlari ham, dudoqlari ham hamisha xushchaqchaq, yoqimtoy jilmayib turmasa, butun vujudining malohati bo‘lmasa, ana shu vajohati kishini hayiqtirishi mumkin edi.
– Ivan Vasilevich ta’rif-tavsifini keltirishini qaranglar-a.
– Qanchalik ta’riflab-tavsiflagan bilan, sizlar uning qanday ekanligini tasavvur eta olishlaringiz mumkin bo‘lgan darajada tavsiflab berish qiyin. Ammo gap bunda emas: men gapirib bermoqchi bo‘lgan narsa qirqinchi yillarda yuz bergan edi. O‘sha vaqtlarda men viloyat universitetining studenti edim. Bilmadim, bu yaxshimi, yomonmi, o‘sha vaqtlarda bizning universitetda hech qanday to‘garaklar yo‘q, hech qanday nazariyalar bo‘lmas, biz shunchaki yosh-yalanglar edik, yoshlikka xos hayot kechirardik: o‘qirdik, xushchaqchaqlik qilardik. Men juda quvnoq, sho‘x yigit edim, badavlat ham edim. Uchqur yo‘rg‘am bor edi, oyimqizlar bilan tepalikdan yaxmalak otardim (hali konki rasm bo‘lmagan edi), o‘rtoqlarim bilan aysh qilardim (biz u vaqtlarda shampanskoyedan boshqa narsa ichmasdik; pulimiz bo‘lmasa – hech narsa ichmay qo‘ya qolar, ammo hozirgilarga o‘xshab araq ichmasdik). Ko‘nglimni xushlaydigan asosiy narsalarim – kechalar va ballar edi. Yaxshigina raqsga tushardim, qiyofam ham badburush emas edi.
– Be, kamtarlikni qo‘ysangiz-chi, – deya uning gapini bo‘ldi hamsuhbat ayollardan biri. – Axir biz sizning portretingizni ko‘rganmiz-ku, siz ko‘rkam kishi bo‘lgansiz.
– Ko‘rkam bo‘lsam bo‘lgandirman, biroq gap bunda emas. Gap shundaki, o‘sha qizni qattiq sevib qolgan kunlarim maslenitsa[1]ning oxirgi kuni, xushfe’l, mehmonnavoz badavlat kamerger chol – guberniya peshvosining[2] uyida o‘tkazilgan balda bo‘lgan edim. Mehmonlarni uning o‘ziga o‘xshagan xushfe’l, sochiga brilyant feronerka taqqan, duxoba ko‘ylakli, xuddi Yelizaveta Petrovnaning portretlaridagidek oppoq, lo‘ppi, qarimsiq yelkalari va ko‘ksi ochiq xotini qabul qilmoqda edi. Bal juda g‘aroyib: aylana boloxonali zal ajoyib, musiqachilar – ishqiboz pomeshchikning o‘sha vaqtda ta’rifi ketgan krepostnoylari kutardi, bufetda shampanskoye deganingiz daryo bo‘lib oqib turibdi. Zotan, shampanskoyega o‘ch bo‘lsam ham ichmadim, negaki, sharobsiz ham ishqdan mast edim, ammo yiqilib qolgudek bo‘lib raqsga tushdim – kadrilga ham, valsga ham, polkaga ham, albatta, endi barchasiga imkoni boricha Varenka bilan birga tushdim. U pushti belbog‘li oq ko‘ylakda, nafis oq qo‘lqop kiygan, qo‘lqopi turtib chiqqan ozg‘in tirsaklariga yetib borayozgan, oyoqlariga oq selon shippak kiygan edi. Mendan mazurkani ilib ketishdi: qilig‘i sovuq injener Anisimov – bu ishini haligacha ham kechira olmayman – uni kirib kelishi bilanoq taklif qilib qo‘ygan ekan, men esa qo‘lqopimni olib chiqish uchun sartaroshxonaga kirib, kechikibroq kelgan edim. Xullas, men mazurkaga u bilan emas, ilgari uncha-muncha mulozamat qilib yurganim bir nemis qiz bilan tushdim. Ammo o‘sha kecha unga nisbatan ancha takallufsizlik qildim, deb qo‘rqaman, u bilan gaplashmadim, unga qaramadim, men pushti belbog‘li oq ko‘ylakdagi bo‘ydor, xushqomat kimsaning qaddini, uning nimpushti tus olib porlab turgan, kulgichli yuzi va yoqimtoy, mas’um ko‘zlarinigina ko‘rardim. Yolg‘iz mengina emas, unga hamma ham qarar, hamma havas bilan boqar edi, bularning barchasini yo‘lda qoldirib ketgan bo‘lsa-da, erkaklar ham, ayollar ham unga suqlanib boqar edilar. Suqlanmaslik mumkin emasdi.
Mazurkaga, chunonchi, rasman u bilan tushmagan bo‘lsam-da, ammo aslida doimo qariyb u bilan raqsga tushdim. U tortinmasdan butun zal orqali to‘ppa-to‘g‘ri menga qarab kelardi, men uning taklif qilishini kutib o‘ltirmasdan sapchib o‘rnimdan turardim, fahmliligim uchun u tabassum bilan minnatdorchilik bildirardi. Bizlarni uning oldiga olib borganlarida u mening salohiyatimni idrok etmasa, qo‘lini boshqaga uzatib, ozg‘in yelkalarini qisgan ko‘yi o‘kinch va taskinini izhor etgandek menga jilmayib qo‘yardi. Mazurka muqomlari vals yo‘sinida ijro etiladigan kezlarda men u bilan uzoq valsga tushardim, u esa hansiray-hansiray jilmaygan ko‘yi menga: Encove[3], – derdi. Men ham qayta-qayta valsga tushardim, tanamning og‘irligini ham sezmasdim.
– Iya, nega sezmas ekansiz, o‘ylaymanki, belidan quchganingizda o‘zingizning tanangizni emas, uning tanasini ham juda yaxshi his qilgan bo‘lishingiz kerak.
Ivan Vasilevich birdan duv qizarib, jahl bilan qichqirib yuborayozdi:
– Ha, siz, hozirgi yoshlar shundaysizlar-da. Sizlar tanadan boshqa hech narsani ko‘rmaysizlar. Bizning zamonamizda bunday emasdi. Uni nechog‘li qattiq sevsam, u men uchun shu qadar havoyi bo‘lib borardi. Hozir sizlar oyoq, to‘piq va yana nimalarnidir ko‘rasizlar, sevib qolgan ayollaringizni fikran yechintirib ko‘rasizlar; men uchun esa, Alphonse Karr aytganidek – yaxshi yozuvchi edi – mahbubamning uzorida hamisha libos bo‘lar edi. Biz, yechintirish u yoqda tursin, Nuhning qobil farzandiga o‘xshab, yalang‘och tanni ko‘zdan yashirishga tirishardik. Be, siz tushunarmidingiz…
– Uning gapiga quloq solmang. Shundan keyin nima bo‘ldi? – dedik birimiz.
– Ha. Shu tariqa yakkash u bilan raqsga tushib, vaqt o‘tib ketganini ham payqamabman. Musiqachilar endi, bilasizlar, bazmning oxiriga borganda shunday bo‘ladi, horg‘inlikka xos allaqanday zo‘r bilan hamon o‘sha mazurka ohangini davom ettirmoqda, mehmonxonalarda qarta stollarida o‘ltirgan otaxonlar va onaxonlar kechki ovqatni kutib o‘rinlaridan turmoqda, malaylar nimalardir ko‘targan holda o‘qtin-o‘qtin chopib o‘tmoqda edilar. Soat ikkidan oshgan. G‘animat daqiqalardan foydalanib qolish kerak edi. Men yana uni tanladim-da, biz yuzinchi marta zal bo‘ylab aylana ketdik.
– Shunday qilib, ovqatdan keyingi kadril meniki-ya? – dedim men, uni joyiga kuzatib ko‘yarkanman.
– Albatta, agar meni olib ketib qolishmasa, – dedi u jilmayib.
– Men yo‘l qo‘ymayman, – dedim.
– Yelpig‘ichimni bering, – dedi u.
– Bergani ko‘zim qiymayotibdi, – dedim men, arzongina oq yelpig‘ichni uzatarkanman.
– Mana oling, achinib yurmasligingiz uchun, – dedi u, yelpig‘ichdan patcha yulib olib menga berarkan.
Men patni oldim, butun zavq-shavqim va minnatdorchiligimni nigohim bilangina izhor qilishim mumkin edi. Men xursandgina, mamnungina emas, baxtiyor, devonavor, xushko‘ngil edim, men – men emas, yomonlikdan bexabar va yaxshilikkagina qodir allaqanday samoviy jon egasi edim. Patni qo‘lqopimga yashirib, undan uzoqlashishga ojiz holda turib qoldim.
– Qarang, otamdan paqsga tushishni so‘rayotibdilar, – dedi, ostonada mezbon beka va boshqa xonimlar bilan turgan bo‘ydor, xushqomat, kumush epoletli polkovnik otasini ko‘rsatib.
– Varenika, bu yoqqa keling, – degan baland ovozini eshitdik brilyant feronerkali, yelizavetavor yelkali mezbon bekaning.
Varenka eshik tomon bordi, orqasidan men ham bordim.
– Otangizni o‘zingiz bilan bir aylanib kelishga ko‘ndiring, ma chere[4]. Qani, mumkin bo‘lsa, Pyotr Vladislavich.
Varenkaning otasi juda ko‘rkam, bo‘ydor, tarovatini yo‘qotmagan chol edi. Yuzi o‘ta qizg‘ish, a la Nicolas oqish mo‘ylabi buralgan, bakenbardlari ham mo‘ylabiga tutasha kelgan, chakka sochlari oldinga taralgan, xuddi qiziga o‘xshab uning ham chaqnoq ko‘zlari va lablarida o‘shanday yoqimtoy xushchaqchaq tabassum o‘ynab turar edi. Qaddi-qomati xushbichim, harbiychasiga qalqib turgan, bir nechagina orden bezagan keng ko‘ksi o‘mrovdor, yag‘rindor, oyoqlari tik, uzun edi. U nikolaycha taomildagi xizmatiga ixlosmand eski harbiy boshliqlardan edi.
Biz eshikka yaqinlashganimizda, polkovnik raqs tushish esidan chiqib ketganini aytib, ko‘nmadi-yu, ammo harqalay jilmaygancha, qo‘lini chap tomonga yozib, qilichini kamarbandidan chiqardi-da, sertavoze yigitga berdi, o‘ng qo‘liga ag‘darma qo‘lqopini kiyib: – Hammasi qoidaga binoan bo‘lishi kerak, – dedi jilmayib, so‘ng qizining qo‘lini tugib, nim burilgancha zarb yangrashini kutib turdi.
Mazurka ohangi boshlangan ondayoq bir oyog‘i bilan sho‘x depsinib, ikkinchisini ko‘tardi-da, bo‘ydor, vazmin gavdasi goh ohista va muloyim, goh sershovqin va jo‘shqin tarzda, oyoqlarini bir-biriga urgan, tapir-tupir tepingan holda zal bo‘ylab aylana ketdi. Qaddi jozibali Varenka uning yonida sezilar-sezilmas suzib borar, oq selon shippak kiygan jajji oyoqlari ayni vaqtda odimlarini uzaytirar yoki qisqartirar edi. Butun zal ikkovlarining harakatlarini kuzatardi. Men ularga havas bilan boqibgina qolmasdan, zavq-shavqdan mehrim tovlanib borardi. Menga, ayniqsa, otasining tagidan tasma tortilgan etigi, buzoq terisidan tikilgan, yangi rasm bo‘lgandek tumshug‘i uchli emas, eskicha – tumshug‘i chorburchak, poshnasiz etigi yoqardi. Aftidan, etikni batalon etikdo‘zi tikib bergan. “Sevikli qizini yasantirish va kiborlar olamiga olib chiqish uchun u yangicha etik sotib olmay, qo‘lbola etik kiyib yurarkan”, deb o‘ylardim men, shu tariqa etigining o‘sha chorburchak tumshuqlari menga juda ham yoqardi. Uning bir vaqtlar ajoyib tarzda raqsga tushganligi ko‘rinib turar, ammo endi vazminlashib qolgan, oyoqlari ijro etishga uringan o‘sha barcha chiroyli va shaxdam qadamlarga uncha qovushib kela qolmas edi. Ammo u harqalay ikki karra aylanib keldi. Oyoqlarini chaqqonlik bilan kerib, yana juftlashtirgach, garchand zalvorliroq bo‘lsa-da, bir tizzasi bilan cho‘kkalaganidan so‘ng, qizi unga ilashib qolgan ko‘ylagini tuzata-tuzata jilmaygan ko‘yi atrofidan xirom bilan aylanarkan, hamma baralla qarsak chalib yubordi. Otasi o‘rnidan bazo‘r turib, qizini mehribon, muloyim yo‘sinda qo‘llari bilan quloqlaridan bosib tutgancha peshanasidan o‘pdi-da, uni men bilan raqsga tushayotibdi, deb o‘ylab, men tomonga yetaklab keldi. Uning kavaleri men emasligimni aytdim.
– Be, baribir, endi u bilan siz aylanib keling, – dedi otasi muloyimgina jilmayib, qilichini kamarbandiga taqarkan.
Odatda shishadan tushgan birinchi tomchidan so‘ng undagi suyuqlik sharillab quyilgani kabi qalbimdagi Varenkaga bo‘lgan sevgim dilimdagi seva olishdek pinhoniy salohiyatimga bus-butun erk baxsh etdi. Men o‘shanda o‘z sevgim bilan bor jahonni quchgan edim. Men yelizavetavor qomatli, feronerkali mezbon bekani ham, uning erini ham, mehmonlarini ham, malaylarini ham, hatto menga o‘shshayayotgan injener Anisimovni ham sevardim. Xonaki etik kiygan, qiziga o‘xshab yoqimtoy jilmayadigan otasiga nisbatan o‘shanda ko‘nglimda qandaydir shavqli, samimiy tuyg‘u tug‘ilgan edi.
Mazurka tugadi, mezbonlar mehmonlarni ovqatga taklif qildilar, ammo polkovnik B. ko‘nmay, ertaga barvaqt turishi kerakligini aytib, mezbonlar bilan xayrlashdi. Men, qizini olib ketib qolsa-ya, deb qo‘rqqan edim, ammo u onasi bilan qoldi.
Ovqatdan so‘ng men u bilan va’da qilingan kadrilga tushdim, o‘zimni behad baxtiyor sezayotgandek bo‘lishimga qaramay, baxtiyorligim oshgandan-oshib borardi. Biz sevgi to‘g‘risida hech bir gaplashmas edik. Men na undan, hatto na o‘zimdan u meni sevish-sevmasligini so‘rardim. Menga uni sevishimning o‘zi kifoya edi. Men bir narsadangina – nimadir baxtimga raxna solib qo‘ymasin, deb qo‘rqardim.
Uyga qaytib kelib, yechingach, yotib uxlashni o‘ylarkanman, bu narsaning mutlaqo imkoni yo‘q ekanligini ko‘rdim. Qo‘limda uning yelpig‘ichidan olingan pat va butun boshli qo‘lqopi qolgan edi. Buni u jo‘nab ketayotganida, men avval onasini, keyin uni karetaga chiqarib qo‘yayotganimda bergan edi. Men bu buyumlarga qarab, ko‘zimni yummasdanoq, uning ikki kavalerdan birini tanlab, mening salohiyatimni payqagach, “G‘urur dersiz, a?” degan yoqimli ovozini eshitgan paytimni va u quvonch bilan menga qo‘lini uzatgan onni yoki kechki ovqat vaqtida shampanskoye quyilgan bokalni lablariga tegizarkan, menga yer ostidan erkalovchi nazar tashlagan daqiqalarini ko‘z o‘ngimda ayon tasavvur etaman. Biroq hammadan ko‘proq uni otasi bilan birga, uning atrofida xirom qilib, o‘zidan ham, otasidan ham faxrlangan va quvongan ko‘yi, havas bilan boqayotgan tomoshabinlarga tikilgan kezlarini tasavvur etaman. Menda beixtiyor ravishda otasi va qiziga nisbatan bab-barobar mehribon, samimiy tuyg‘u paydo bo‘ldi.
U vaqtlarda marhum akam bilan yolg‘iz turardik. Akam umuman kiborlar dunyosini yoqtirmas, ballarga bormas, xuddi shu paytda esa nomzodlik imtihoniga tayyorlanmoqda, juda to‘g‘ri hayot kechirmoqda edi. U uxlayotgan ekan. Yuzini yostiqqa qo‘ygancha, paxmoq ko‘rpadan boshi yarim ochiq holda yotganini ko‘rarkanman, unga mehrim tovlanib achindim, men bahramand bo‘lgan ulkan baxtdan bexabarligidan va mahrum qolayotganligidan achindim. Qo‘lida sham bilan kutib olgan krepostnoy malayimiz meni yechintirib qo‘ymoqchi edi, unga javob berib yubordim. To‘zg‘igan paxmoq sochi bilan uyqu bosgan yuzi menga yoqimli ta’sir qildi. Shovqin ko‘tarmaslikka tirishib, oyoq uchida xonamga o‘tib bordim-da, o‘rnimga o‘ltirdim. Yo‘q, men behad baxtiyor edim, uxlay olmas edim.
Qolaversa, o‘t yoqilgan xonalarda issiqlab ketdim, mundirimni yechmay dahlizga o‘tib shinelimni kiydim, tashqari eshikni ochdim-da, ko‘chaga chiqdim.
Baldan soat to‘rtlardan oshganda chiqqan bo‘lsam, to uyga yetib kelib o‘ltirgan ko‘yim yana ikki soat vaqt o‘tganki, xullas, tashqariga chiqqanimda tong oqarib qolgan edi. Ob-havo maslenitsaga juda bop, tuman tushgan, yo‘llarda pilchillab qolgan qor erimoqda, hamma tomlardan chakillab suv tommoqda edi. B. lar o‘sha kezlari shahar yoqasidagi bir tomonida sayrgoh, ikkinchi tomonida qizlar instituti joylashgan katta yalanglik yaqinida yashar edilar. Men huvillagan tor ko‘chamizdan o‘tib, katta ko‘chaga chiqib bordim; u yerda piyoda o‘tkinchilar, o‘tin ortilgan chanalari ko‘chaning toshigacha botib borayotgan kirakashlar uchray boshladi. Yaltiroq do‘g‘a ostida nam boshlarini bir maromda chayqab ketayotgan otlar ham, chipta yopingan ko‘yi chanalari yonida bahaybat etiklari bilan shalp-shulp odimlab borayotgan kirakashlar ham, ko‘cha bo‘ylab tuman qo‘ynida juda baland ko‘rinayotgan uylar ham – barchasi menga juda yoqimli va ma’nodor tuyulardi.
Ularning uylari joylashgan yalanglikka chiqib borganimda etakda sayrgoh tomon ketayotgan qandaydir kattakon qora sharpani ko‘rdim va o‘sha yoqdan kelayotgan fleyta hamda baraban tovushlarini eshitdim. Qalbim uzluksiz kuylab turar, ahyon-ahyonda qulog‘imga mazurka ohangi eshitilib qolardi. Ammo bu allaqanday o‘zgacha, qahrli, noxush musiqa edi.
“Bu nima bo‘ldi ekan?” deb o‘yladim men va yalanglik o‘rtasidan tushgan sirg‘anchiq yo‘l bo‘ylab tovush kelayotgan tomon qarab ketdim. Yuz qadamcha yurgach, tuman osha ko‘pdan-ko‘p odamlarning qora sharpalarini ilg‘ay boshladim. Soldatlar bo‘lishi kerak. “Mashq shekilli”, deb o‘yladim va oldimda nimadir ko‘tarib ketayotgan yag‘ir kalta po‘stinli, fartukli temirchi bilan birga yaqinroq bordim. Bir-birlariga yuzma-yuz qator safga tizilgan qora mundirli soldatlar miltiqlarini oyoqlari yoniga qo‘ygancha qimirlamay turardilar. Ularning orqasida turgan barabanchi bilan fleytachi yakkash o‘sha yoqimsiz, chinqiriq kuyni takrorlardi.
– Ular nima qilishyapti? – deb so‘radim temirchidan.
– Qochgan tatarni tirqiratishyapti, – dedi jahl bilan temirchi safning etak tomoniga tiqilarkan.
Men ham o‘sha tarafga qarab, saf o‘rtasidan men tomonga qarab kelayotgan qandaydir dahshatli narsani ko‘rdim. Men tomonga yaqinlashayotgan – beligacha yalang‘ochlanib, ikki soldatning miltig‘iga bog‘langan va ular olib kelayotgan odam edi. Uning yonida kelayotgan shinel va furajka kiygan bo‘ydor harbiyning qaddi-qomati menga tanishdek ko‘rindi. Jazolanuvchi pilchillagan qorni shalp-shulp bosgancha ikki tomondan tushayotgan kaltaklar zarbidan butun tanasi siltangan ko‘yi men tomon kelmoqda; goh chalqanchasiga ketar – bunda miltiqqa bog‘lab olib kelayotgan unter-ofitserlar uni olg‘a qarab niqtashar, goh munkib ketar – bunda esa unter-ofitserlar uni yiqilib tushmasligi uchun orqaga siltashar edi. Undan bir qadam ham ortda qolmay, sollanib, qat’iy odimlagancha bo‘ydor harbiy kelmoqda edi. Bu – qizning otasi, o‘sha qizg‘ish yuzli, oqish mo‘ylabli va bakenbardli kishi edi.
Har bir kaltak tushganda jazolanuvchi xuddi taajjublanayotgandek iztirobdan bujmaygan yuzini zarba tushayotgan tomonga burar, oppoq tishlari tirjaygancha, yakkash, allaqanday so‘zlarni takrorlar edi. Men bu so‘zlarni u juda yaqinlashib kelganidagina eshitdim. U gapirib emas, piqillab: “Birodarlar, shafqat qilinglar”, – derdi. Ammo birodarlari shafqat qilmas edilar, kelayotganlar xuddi ro‘paramga yetganda, qarshimda turgan soldatning shaxd bilan oldinga bir qadam tashlab, kaltakni g‘izillatib tushirgancha tatarning yag‘riniga shalpillatib achchiq urganini ko‘rdim. Tatar oldinga qarab siltandi, ammo unter-ofitserlar uni tutib qoldilar, xuddi shunday zarba yag‘riniga berigi tomondan borib tushdi, yana narigi tomondan kelib, yana berigi tomondan borib tushdi. Polkovnik uning yonginasida kelmoqda, goh oyoqlari ostiga, goh jazolanuvchiga ko‘z tashlab, lunjlarini ko‘pchitgancha nafas olar, so‘ng do‘rdaygan lablaridan acta-sekin nafasini bo‘shatar edi. Kelayotganlar men turgan joydan o‘tib ketgach, saf osha jazolanuvchining yag‘rinini ko‘rib qoldim. Bu shu qadar olachipor, yashil, qip-qizil, g‘ayritabiiy narsa ediki, u odam bolasining yag‘rini ekanligiga ishongim kelmadi.
– Yo parvardigor, – deb yubordi yonimda turgan temirchi.
Sazoyi yiroqlasha boshladi, qoqilib-surinib, g‘ujanak bo‘lib ketayotgan odamga hamon o‘sha-o‘sha ko‘yi ikki tomondan zarba tushar, hamon o‘sha-o‘sha ko‘yi baraban dupurlar, fleyta chiyillar, hamon o‘sha-o‘sha ko‘yi bo‘ydor, xushqomat polkovnik jazolanuvchining yonida keskin odimlab borar edi. Birdan polkovnik to‘xtab, shaxd bilan soldatlardan biriga yaqin keldi.
– Men senga chalg‘itishni ko‘rsatib qo‘yaman, – degan qahrli ovozini eshitdim uning. – Yana chalg‘itasanmi? Chalg‘itasanmi?
Men tatarning yag‘riniga kaltakni zalvorsizroq tushirgani uchun u past bo‘yli, irvoqqina hurkak soldatni ag‘darma qo‘lqopli baquvvat qo‘li bilan urganini ko‘rdim.
– Yangi xivichlardan keltiringlar! – deya qichqirdi u alanglagancha va meni ko‘rib qoldi. Go‘yo meni tanimaydigandek shiddat va g‘azab bilan shumshayib, shartta burilib oldi. Men shu qadar izza bo‘lib ketdimki, xuddi g‘oyatda bir yyatli qilg‘iliq ustida qo‘lga tushib qolgandek yerga qarab, uyga jo‘nashga oshiqdim. Butun yo‘l bo‘yi goh quloqlarim ostida barabanning dupurlashi va fleytaning chiyillashi yangradi, goh: “Birodarlar, shafqat qilinglar”, degan so‘zlar eshitilib turdi, goh: “Yana chalg‘itasanmi? Chalg‘itasanmi?” deb qichqirayotgan polkovnikning kibrli, qahrli ovozi kelayotgandek bo‘ldi. Bu orada yuragimda qariyb ayon-oshkor, o‘qchitib yuborgudek hasrat paydo bo‘lgan ediki, keta turib bir necha marta to‘xtab qoldim, nazarimda, ana o‘sha ko‘rganlarim oqibatida ko‘nglimni chulg‘agan o‘sha barcha dahshatni qaytarib tashlay-qaytarib tashlay degudek bo‘lmoqda edim. Uyga qanday yetib borib, yotib qolganimni ham eslolmayman. Ammo ko‘zim ilinishi bilan yana barchasi qulog‘imga kirib, ko‘zimga ko‘rinib, sapchigancha o‘rnimdan turib ketardim.
“Aftidan, u men bilmaydigan bir narsani biladi, shekilli, – deb o‘yladim men polkovnik to‘g‘risida. – Agar men u bilgan narsani bilganimda, ko‘rgan narsamni tushungan bo‘lardim, bu narsa meni qiynamagan bo‘lardi”. Ammo nechog‘li o‘ylamay, polkovnik biladigan narsani hech tushunolmadim, faqat kechga yaqin, shunda ham, oshnamnikiga borib, u bilan o‘lardek ichib mast bo‘lib kelganimdan keyingina uyquga ketdim.
Xo‘sh, meni o‘shanda ko‘rganlarini yomon ish deb topgan, deya o‘ylarsizlar? Mutlaqo unday emas. “Modomiki, bu ish shu qadar ishonch bilan amalga oshirilgan, uni barcha zarur deb bilgan ekan, binobarin, ular men bilmaydigan qandaydir narsani bilganlar”, deb o‘ylardim men va bu narsani bilib olishga urinardim. Ammo nechog‘li urinmay – bu narsa nimaligini keyinchalik ham bilib ololmadim. Bilib ololmaganimdan keyin ilgari orzu qilganim harbiy xizmatga kirolmadim, harbiydagina emas, hech qayerda xizmat qilmadim, ko‘rib turganlaringizdek, hech qayerga yaramadim.
– He, sizning qay tariqa hech qayerga yaramaganingizni yaxshi bilamiz, – dedik birimiz. – Yaxshisi, ayting-chi: agar siz bo‘lmaganingizda qanchadan-qancha odam hech qayerga yaramagan bo‘lardi?
– Be, bunisi endi mutlaqo bema’ni gap, – dedi samimiy o‘kinch bilan Ivan Vasilevich.
– Xo‘sh, sevgingiz nima bo‘ldi? – deb so‘radik biz.
– Sevgimmi? Sevgim shu kundan e’tiboran zavolga yuz tutdi. Ko‘pincha qiz odatdagidek yuzida tabassum bilan o‘yga tolgudek bo‘lsa, darhol polkovnikning maydonda yurganini eslardim-da, qandaydir noqulay va noxush ahvolga tushardim, shu tariqa u bilan kam-kam uchrashadigan bo‘lib qoldim. Sevgim ham shu tariqa barham topdi. Ana, dunyoda shunday ishlar bo‘ladiki, buning oqibatida odamning hayoti o‘zgarib, boshqa yo‘riqqa tushib ketadi. Holbuki, sizlar bo‘lsalaringiz… – deya hikoyasini tugatdi u.
Rus tilidan Vahob Ro‘zimatov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 11-son
[1] Qishni kuzatish bayrami.
[2] Dvoryanlar o‘rtasida saylab qo‘yiladigan yetakchi vakil.
[3] Encove – yana (frants.).
[4] Ma chere – azizim, jonim (frants.).
* * * * * * * *
BALDAN SO‘NG
— Siz, kishi o‘zi yaxshi-yomonni ajrata olmaydi, hamma gap muhitda, kishini muhit xarob qiladi, deysiz. Men esam, hamma gap tasodifda deb o‘ylayman. Mana men o‘zim haqimda gapirsam…
Hamma izzat-hurmat qiladigan Ivan Vasilevich bilan ikkimizning oramizda kishining kamolga yetishi uchun eng avval odamlar yashaydigan muhitni o‘zgartish kerakligi to‘g‘risida bo‘lib o‘tgan suhbatdan so‘ng u kishi haligidek gap boshladi. Yaxshi-yomonni odamning o‘zi ajratolmaydi, deb hech kim aytgani ham yo‘q, ammo Ivan Vasilevichda gap vaqtida esiga kelib qolgan o‘z fikrlariga o‘zi javob berish va shu fikrlar munosabati bilan o‘z sarguzashtlaridan gapirib berish kabi odat bor edi. Aksari hikoya aytishga shunday berilib ketardiki, jon-dilidan chiqarib rost so‘zlashga qiziqib ketib, nima munosabat bilan gap boshlaganini ham butunlay unutib qo‘yardi.
Hozir ham u ana shu odatni qildi.
— Mening o‘zimga kelsangiz… butun hayotim muhitdan emas. balki butunlay boshqa bir narsadan shu tarzda bo‘lib ketdi.
— Nima sababdan shunday bo‘ldi? — deb so‘radik.
— Buning voqeasi uzoq. Buni tushuntirmoq uchun gapirib berishga to‘g‘ri keladi.
— Juda soz, gapirib bering…
Ivan Vasilevich o‘yga tolib, boshini irg‘adi.
— Shunday, — deb qo‘ydi u. — Bir kecha yoki to‘g‘rirorog‘i, bir erta butun hayotimni o‘zgartirib yubordi.
— Xo‘sh, nima voqea bo‘lgan edi?
— Shunday bo‘lgan ediki, men oshiqu beqaror bo‘lib qolgan edim. Men juda ko‘p marta oshiq bo‘lganman, ammo bu safargisi qattiq edi. O‘tgan gaplar. Uning hozir erga tekkan qizlari bor. Bu B… ha, B… Varenka edi, — Ivan Vasilevich uning familiyasini ham aytdi. — U ellik yoshida ham ajoyib jonon edi. Ammo yoshligida, o‘n sakkiz yoshida g‘oyatda suluv edi: qaddi-qomati kelishgan, latofatli, savlatli edi. Boshini salgina orqasiga tashlabroq, go‘yo boshqacha yura olmaydigandek doimo g‘oz yurardi. O‘zi xipcha, hatto suyaklari turtib chiqqan bo‘lishiga qaramay, go‘zalligi va qaddi-qomati kelishganligidan, bu yurishi o‘ziga allaqanday bir savlat baxsh etar edi. Agar hamisha tabassum qilib kulib turgan og‘zi va porlab turgan ajoyib shahlo ko‘zlari, butun yosh vujudidagi dilbarlik bo‘lmasa, savlati kishini cho‘chitar edi ham.
— Ivan Vasilevichning maqtashiga qoyil-e!
— Qanchalik ta’rifini qilsam ham baribir uni siz tushunadiganday qilib ta’riflab berishning iloji yo‘q. Ammo gap bunda emas: mening aytadigan voqeam qirqinchi yillarda bo‘lib o‘tgan. U vaqtlarda men o‘z provintsiyamizdagi universitetda o‘qir edim. Yaxshimi-yomonmi, har holda, universitetimizda o‘sha vaqtda hech qanday to‘garak va hech qanday nazariya degan gaplar yo‘q edi, bizlar yosh edik, yoshlarga xos yashardik, o‘qish va o‘yin-kulgidan boshqani bilmasdik. Men juda quvnoq va sho‘x bola edim, buning ustiga, davlatim ham bor edi. O‘ynoqi yo‘rg‘a otim bor edi, qizlar bilan minishib tepalikdan pastga chopishar edik (u mahalda konki rasm bo‘lmagan edi), o‘rtoqlarim bilan kayf-safo qilar edik. (U vaqtlarda shampanskoyedan boshqasini ichmas edik, pulimiz bo‘lmasa hech narsa ichmas edik, endigidek aroq ichmasdik.) Mening eng yaxshi ko‘rgan narsam bazmu ziyofat edi. Yaxshi tantsa qilar, xunuk ham emas edim.
Hamsuhbat xotinlardan biri uning gapini bo‘lib:
— O‘zingizni shunchalik kamsitmasangiz ham bo‘ladi. Biz sizning eski sernaqsh suratingizni ko‘rganmiz. Xunuk emas, aksincha, chiroyli edingiz.
— Chiroylikka chiroyli edim-a, lekin gap bunda emas. Gap shundaki, unga oshiqu beqaror bo‘lib yurgan choqlarimda, maslenitsa bayramining oxirgi kunida, guberniyamizning oqsoqoli ochiqko‘ngil, mehmondo‘st, keksayib qolgan, badavlat bir kamergerning uyida ziyofatda bo‘ldim. Mehmonlarni kutib olgan xotini ham eriga o‘xshash ochiqko‘ngil edi. Xotini jigarrang baxmal ko‘ylak kiyib, boshini inju qadalgan jiyak bilan tang‘ib olgan. Yelka va ko‘kraklari yoshlarnikiga o‘xshamasa-da, Yelizaveta Petrovnaning surati singari ochiq, oppoq momiqday edi. Bazm juda joyida bo‘ldi: hashamatli zal, o‘sha zamondagi havaskor pomeshchikning mashhur muzikachi va ashulachilari kelgan, dasturxon yasatilgan, shampanskiy daryo bo‘lib oqmoqda. Jon-dilim shampanskoye bo‘lsa-da, lekin ichmadim, chunki may ichmasam ham ishq o‘tida mast edim, lekin bearmon tantsa tushdim, kadrilga ham, valsga ham, polkaga ham tushdim, albatta, mumkin qadar Varenka bilan tushishga harakat qildim. U oq ko‘ylak kiygan, belida pushti kamar, qo‘lida nozik va ingichka tirsaklariga yetar-etmas oq charm qo‘lqop, oyog‘ida esa oq atlasdan boshmoq bor edi. Mazurka o‘yini boshlanganda badbaxt injener Anisimov uni taklif etib, mendan olib ketdi. Haliga dovur buning alami mendan sira chiqmaydi. Men qo‘lqop olay deb sartaroshxonaga kirib, andak kechikib qolibman. Shunday qilib, mazurkaga u bilan tushmasdan, avval bir oz yaxshi ko‘rib yurganim bir nemka bilan tushdim. Ammo bu kecha unga kamroq iltifot qildimmi, deb qo‘rqaman, u bilan gaplashmadim, unga qaramadim: ko‘zimga faqat oq ko‘ylakli, qomati kelishgan, baland bo‘yli, yuzlari kuldirgichli va qip-qizargan, husndor, ko‘zlari yoqimli qiz ko‘rinadi, xolos. Bir mengina emas, hamma ham unga qarardi, hammaning havasi kelardi, husni hamma xotinlarnikidan o‘tkir bo‘lsa ham erkagu xotin — hamma baravar unga tikilar edi. Havasing kelmasdan iloji ham yo‘q edi.
Xullas, mazurkaga u bilan tushmadim, ammo haqiqatda esa boshqa o‘yinlarning hammasiga u bilan tushdim. U ham uyalib-netib turmasdan, zaldan o‘tib to‘g‘ri mening oldimga kelardi, men ham uning taklif qilishini kutib o‘tirmay, sakrab o‘rnimdan turardim, shunda u hushyorlik qilganim uchun kulimsirab tashakkur izhor qilardi. Bizlarni bir-birimizga taqdim qilganlarida u mening ko‘nglimdagini bila olmay, qo‘lini menga emas, boshqaga uzatib, nafis yelkalarini qisar va achinganini hamda menga tasalli bermoqchi ekanini izhor qilmoqchi bo‘lib jilmayib qo‘yardi. Mazurkaga tushib aylanganimizda men uni anchagacha pirillatib aylantirib ketsam, u nafasini rostlayolmay harsillab qolardi-da, jilmayib, menga «Encore»[1], derdi. Men esam borgan sari chirpirak bo‘lib o‘z tanamni ham sezmay qolardim.
Mehmonlardan biri:
— Juda ham sezmay qolmagandirsiz, o‘z belingiznigina emas, balki uning belini ham quchganingizda xo‘p yaxshi sezgan chiqarsiz, deb o‘ylayman, — deb so‘z qotib qo‘ydi.
Ivan Vasilevich birdaniga qizarib ketib, zarda bilan aytdi: — Sizlar, endigi yoshlar shunday qilasizlar. Sizlar badandan boshqasini bilmaysizlar. Bizning zamonamizda bunday emas edi. Shaydo bo‘lgan sarim, men uning tanasini kamroq o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Sizlar oyoqlarni, to‘piqlarni va yana allaqayerlarnigina bilasiz, siz yaxshi ko‘rib qolgan xotiningizni yechintirasiz, mening uchun esa Alphonse Karr2 aytgandek, — ko‘p yaxshi yozuvchi edi-da, — mahbubamning egnida doim bronza rangda tikilgan kiyimlar bo‘lardi. Bizlar yechintirish u yoqda tursin, balki Nuhning nomusli o‘g‘lidek ovrotini bekitishga harakat qilar edik. Gapirib ham nima qildim, baribir tushunmaysizlar…
Ichimizdan kimdir:
— Uning gapiga quloq solmang. Xo‘sh, so‘ngra nima bo‘ldi? — dedi.
— Shunday qilib, ko‘proq u bilan tantsa tushib vaqtning o‘tganini ham bilmasdim. Muzikachilar charchaganlikdan, bilsangiz, bazm oxirida bo‘ladigandek, zo‘r berib mazurka kuyiga chalmoqdalar. Mehmonxonada karta o‘nnab o‘tirgan keksalar ham kechki ovqatni qilishga chiqdilar, xizmatkorlar ham u-bu tashib yugurib-elib qoldilar. Soat ikkidan oshgan: g‘animat damlardan foydalanib qolmoq kerak. Men uni yana topib oldim, nazarimda zalni yuz marta aylanib chiqdik-da. Uni joyiga oborib o‘tqazib qo‘yarkanman:
— Ovqatdan so‘ng kadrilga tushamiz-a? — dedim.
— Basharti meni «ilib» ketmasalar, albatta tushamiz, — dedi u ham kulimsirab.
— Hech kimni yo‘latmayman, — dedim men.
— Yelpig‘ichni bering, axir, — dedi u. Arzongina oq yelpig‘ichni unga uzatib:
— Bergim kelmayapti, — dedim.
— Berishga qizg‘ansangiz mana sizga, —dedi-da, yelpig‘ichdan bir pat yulib olib menga berdi.
Men patni oldim. Ammo xursandligim va tashakkurimni qarash bilangina bildira oldim, xolos. Shu damda men xursand va mamnun bo‘lish bir yoqda tursin, himmatim oshgan, o‘zimda yo‘q edim. O‘zimni yomonlikni sira bilmaydigan, faqat yaxshilik qiladigan allaqanday samoviy bir vujud deb fahmlardim. Patni qo‘lqopim ichiga yashirib qo‘ydim, uni tashlab ketishga madorim yetmay, yonida turib qoldim. U xo‘jayka va boshqa xonimlar bilan eshik oldida turgan baland bo‘yli, qomati kelishgan, yelkasida zarrin popuklari bor polkovnik otasi tomonga qo‘llari bilan ishorat qilib:
— Anov yoqqa qarang, dadam tantsa qil, deb so‘rayaptilar, — dedi. Shu vaqt boshini inju jiyak bilan tang‘igan, yelkalari Yelizavetanikiga o‘xshash xo‘jaykaning:
— Varenka, bu yoqqa keling, — degan ovozini eshitib qoldik.
Varenka eshik oldiga keldi, uning ketidan men ham bordim.
— Ma chere[2], otangizga ayting, siz bilan tantsa tushsinlar, — dedi-da, so‘ngra polkovnikka qarab. — Qani, Pyotr Vladislavich, marhamat qiling, — dedi xo‘jayka.
Varenkaning dadasi chiroyli, uzun bo‘yli, basavlat va tetik bir chol edi. Yuzi och qizil, a la Nicolas I[3] oppoq, xushmo‘ylov, oppoq bakenbardi mo‘ylovigacha tutashib kelgan, chakkasidagi sochlari oldinga qaratib taralgan. Chaqnab turgan ko‘zlari bilan lablari xuddi qizinikiga o‘xshab mayin kulib turardi. Jussasi kelishgan, harbiy kishilarnikidek ko‘tarilib turgan keng ko‘kragida bir-ikkita nishon. Yag‘rini keng, oyoqlari uzun va to‘g‘ri. Bu kishi Nikolay zamonasida mashq ko‘rgan eski sipohlarga o‘xshash askar boshlig‘i edi.
Biz eshik oldiga kelganimizda polkovnik, tantsa tushish esimdan chiqib ketgan, deb ko‘nmasdan turib edi, ammo har qalay, qo‘lini chap tomoniga tashlab kichkina qilichchasini qinidan sug‘urib olib, yonidagi yoshgina mulozimiga berdi-da, o‘ng qo‘lidagi charm qo‘lqopni tarang qilib tortarkan, kulimsirab, «Qoidasini o‘rniga qo‘ymoq kerak», dedi va qizining qo‘lidan ushlab, sal qayirib muzika maqomini kutib turdi.
Mazurka kuyi boshlanishi bilan bir oyog‘ini shaxdam tepib, ikkinchi oyog‘ini esa yoniga tashlab, tantsa tushib ketdi. Uning baland, savlatli gavdasi goho sekin va ravon suzib, goho oyoqlarini bir-biriga urishtirib, yer tepinib zalni aylana boshladi. Varenkaning xushqomati uning oldida girillab aylanar, uning mo‘jaz oppoq va mayin oyoqlari dam katta, dam mayda qadam tashlab, yeldek uchardi. Zaldagilarning hammasi ikkalasining har bir harakatini tomosha qilib turardi. Xususan, men zavqlanganimdan hayron bo‘lib tomosha qildim. Ayniqsa otasining betlik etigi, — yaxshi ukufa etik, lekin uchi cho‘zinchoq moda etik emas, balki uchi to‘mtoq, o‘kchasi past eski zamon etigi, menga juda yoqdi. Aftidan, uni batalondagi etikdo‘z tikkan bo‘lsa kerak. «Arzanda qizini yasantirmoq va to‘y-tomoshalarga birga olib yurmoq uchun moda etik kiymasdan, balki xonakisini kiyar ekan», — deb o‘ylovdim men, ammo to‘mtoq uchli etigi menga juda yoqdi. Uning bir mahallari juda yaxshi tantsa qilganligi ko‘rinib turibdi, ammo endi esa vazminlashib qolgan, chaqqonlik bilan qilmoqchi bo‘lgan chiroyli, ildam harakatlariga endi oyoqlari qovushmay turardi. Lekin shunday bo‘lsa ham u ikki marta juda yaxshi aylanib chiqdi. Oyoqlarini juda epchillik bilan ikki yoqqa kerib tashlab, so‘ngra yana juftlashtirib, garchi sal qo‘pollik bilan bo‘lsa ham bir tizzasi bilan cho‘kkalab o‘tirgach, qiz esa otasiga ilashib qolgan yubkasini rostlab, mayin jilmayib, uning atrofidan aylanib chiqqach, hamma baravariga qarsak urib yubordi. Otasi bir oz qiynalibroq o‘rnidan turdi-da, qizining boshidan muloyim va yoqimli quchoqlab peshonasidan o‘pgach, men bilan tantsa tushar, degan xayol bilan uni oldimga olib keldi. Shunda men, bu kishining jufti men emas, dedim.
U yoqimli jilmayib turib qilichchasini qiniga solarkan:
— Mayli, hechqisi yo‘q, endi siz tushib ko‘ring, — dedi.
Shishadan tushgan bir tomchi ketidan ichidagining hammasi sharillab to‘kilib ketganidek, mening ko‘nglimda ham Varenkaga bo‘lgan muhabbat qalbimdagi pinhona oshiqlik iqtidorini yechib yubordi. Shu choq men butun dunyoga muhabbat qo‘ydim. Inju jiyak tang‘igan xo‘jaykani, uning Yelizavetaniki singari ko‘kragini ham suyib qoldim, uning erini ham, xizmatkorlarini ham, hatto mendan koyigan injener Anisimovni ham suyib qoldim. Xonaki etik kiygan, qiziga o‘xshab muloyim kulgan otasidan esa shu on qandaydir mayin zavq olar edim.
Mazurka tugadi, mezbonlar mehmonlarni kechki ovqatga taklif qildilar, ammo polkovnik B. ertaga vaqtlik turishim kerak, deb xayrlashib chiqib ketdi. Men qizni ham olib chiqib ketar, deb qo‘rqib turgandim, lekin qizcha onasi bilan qoldi.
Kechki ovqatdan so‘ng, va’dalashgan kadrilimizga tushdik, baxtiyorligimning poyoni yo‘qday ko‘rinsa-da, baxtim borgan sari ochilayotganday bo‘lar edi. Bizlar muhabbatdan sira og‘iz ochmadik. Meni sevadimi, yo‘qmi deb o‘zimdan ham, undan ham so‘ramadim. O‘zimning uni sevganim kifoya edi. Men biron voqea bo‘lib, baxtimni qora qilmasaydi, deb xavotir olardim, xolos.
Uyimga qaytib kelgach, yechinib uxlamoqchi bo‘ldim, lekin ko‘zlarga sira uyqu kelmadi. Qo‘limda yelpig‘ichdan yulib olingan pat bilan qo‘lqopi qolgan edi: jo‘nab ketayotganida men avval onasini, so‘ngra esa, o‘zini aravaga o‘tqazayotganimda qo‘lqopini menga bergan edi. Men bu narsalarga qarab ko‘zimni yummasdan xayolimda uni ko‘rardim. Goho ikki yigitdan birini tanlab mening niyatimni bilmoqchi bo‘lib o‘ylanib turgan chog‘i ko‘zimga ko‘rinardi va «Mag‘rurlikmi? Hali shundaymi», — degan tovushlari qulog‘imga kiradi. Quvonib qo‘lini menga uzatgan chog‘i, kechki ovqat ustida goho shampanskoye qadahini lablariga tekkizib, mehribon ko‘zlari bilan menga yer ostidan qarab turgan chog‘lari ko‘zimga ko‘rinar edi. Lekin ko‘proq otasi bilan tantsaga tushgan chog‘i, otasining oldida xiromon yurishi, o‘ziga ham, otasiga ham mahliyo bo‘lib tomosha qilib turganlarga viqor bilan qarab turgan chog‘lari ko‘z o‘ngimdan ketmasdi. Shunda men nozik va mayin bir xayol bilan ota-bolani beixtiyor bir tan, bir jon deb his qilardim.
U vaqtda marhum akam bilan birga turardik. Akam kiborlar suhbatini yomon ko‘rar va bazmlarga bormas, kandidatlik imtihoniga tayyorlanayotganligidan tinch umr kechirmoqda edi. Akam uyquda edi. Men uning yostiqqa mukka tushgan va yarmisi jun odeyalga burkangan boshiga qarab juda achindim. Ko‘nglimdagi xursandligimni, mendagi baxtiyorlikni sezmaganligiga, menga hamdamlashmaganligiga achindim. Xizmatkorimiz krepostnoy Petrusha qo‘lida sham bilan meni kutib oldi. Kiyimimni yechib qo‘ymoqchi bo‘lgan edi, men unga ijozat berib, chiqarib yubordim. Uyqudan shishgan yuz-ko‘zlari, paxmaygan sochlarini ko‘rib ko‘nglim buzilib ketdi. Tovush chiqarmay, deb oyoq uchida yurib o‘z xonamga kirib, to‘shakka yotdim. Yo‘q, men haddan tashqari baxtiyor bo‘lganligimdan uxlayolmadim. Buning ustiga, uyning pechkasi yoqilgan ekan, uy juda isib ketdi. Mundirimni yechmasdan, asta yurib dahlizga chiqdimda, shinelimni kiyib, tashqari eshikni ochib, ko‘chaga chiqib ketdim.
Ziyofatdan soat beshga yaqin ketgan edim. Uyimga kelib birpas o‘tirgunimcha yana bir soat vaqt o‘tdi. Shunday qilib, ko‘chaga chiqqanimda kun yorishib qolgan edi. Havo ham bayram havosi, hamma yoqni tuman bosgan. Qorga yomg‘ir aralashib, ko‘chalar shilta bo‘lgan, barcha tomlardan tomchi chakillaydi. U mahalda B. lar shaharning bir chekkasida turishar edi. Yalanglikning bir tomoni sayilgoh, bir tomonida qizlar maktabi bor edi.
Men xilvat tor ko‘chamizdan yurib borib, katta ko‘chaga chiqdim. Qo‘chada menga piyodalar, yerga tegib borayotg‘an chanaga o‘tin ortgan aravakashlar uchray boshladi. Sirlangan do‘g‘a ostida ho‘l boshlarini solintirib, salmoqlab borayotgan otlardan tortib, boshiga chipta yopinib, arava yonida katta etikda shaloplab ketayotgan aravakashlar, tuman ichida baland bo‘lib ko‘ringan uylar ham menga juda yoqimli va ma’nodor bo‘lib ko‘rinar edi.
Ularning uylari oldidagi yalanglikka chiqqach, yalanglikning oxiridagi sayilgoh tomonda qandaydir ulkan qora bir narsani ko‘rdim, shu payt qulog‘imga nay bilan nog‘ora ovozi eshitildi. Yuragim hamon xonish qilmoqda, qulog‘imga goho mazurka kuyi kiradi. Lekin bu allaqanday rahmsiz, noxush muzika ovozi edi.
«Nima bo‘lsa ekan!» — deb o‘yladim va yalanglikning o‘rtasiga tushgan sirg‘anchiq yo‘ldan ovoz kelgan tomonga qarab yurdim. Yuz qadamcha yurgach, tuman orasidan qora kiyingan bir talay odamni ko‘rdim. Soldatlarga o‘xshaydi. Mashq qilayotgandirlar, —deb o‘yladim. Moy bosgan nimcha po‘stin ustidan fartuk tutgan va oldimda bir nima ko‘tarib kelayotgan temirchi ikkovimiz ularga yaqin keldik. Qora mundir kiygan soldatlar ikki saf bo‘lib, miltiqlarini yonlariga qilib, ikki yoqda qimirlamay turibdilar. Bularning orqasida nog‘orachilar bilan naychilar hamon o‘sha yoqimsiz va xunuk mashqlarini chalmoqdalar.
Yonimga kelib to‘xtagan temirchidan:
— Ular nima qilayotirlar? — deb so‘radim. Temirchi ko‘zlarini safning oxiridan uzmay:
— Qochgani uchun bir tatarni sazoyi qilyaptilar, — dedi.
Men ham temirchi qaragan tomonga qarab saf orasida menga yaqinlashib kelayotgan allaqanday dahshatli bir narsani ko‘rdim. Menga tomon kelayotgan narsa beligacha qip-yalang‘och va uni yetaklab kelayotgan ikki soldatning miltiqlariga bog‘langan bir kimsa ekan. Uning yonida shinel va shapka kiygan uzun bo‘yli harbiy bir odam kelardi. Bu kishining qiyofasi tanishdek ko‘rindi. Sazoyi qilingan bechora erigan qorni shilp-shilp bosib, har ikki tarafdan tushgan kaltak zarbidan gandiraklab, menga qarab kelmoqda. U kaltak zarbidan o‘zini orqaga tashlasa, uni miltiqqa bog‘lab yetaklab kelayotgan unter-ofitserlar oldinga itarardilar, oldinga tashlansa, yiqilgani qo‘ymasdan orqaga tortar edilar. Uzun bo‘yli, harbiy kishi keyinda qolmasdan gurs-gurs qadam tashlab bormoqda. Qizil yuzli, oq mo‘ylovli va oq bakenbardli bu odam uning otasi ekan.
Har kaltak tushganda sazoyi qilingan tatar go‘yo hayron bo‘lgandek, azobdan qiynalib burishgan yuzini kaltak tushgan tomonga burar va oppoq tishlarini g‘ijirlatar, hadeb bir narsalar deb g‘o‘ldirar edi. Uning nima deyayotganini yaqin kelganidagina payqadim. U gapirmas, balki piqillab yig‘lab: «Og‘alar, rahm qilinglar, og‘alar, rahmingiz kelsin», derdi. Ammo og‘alar rahm qilmasdilar, sazoyi qilingan mening ro‘paramga kelganda qarshimda turgan soldat oldinga shahdam qadam tashlab chiqib, kaltakni shig‘illatib tatarning orqasiga shunday soldiki, tatar oldinga munkib ketdi, lekin unter-ofitserlar uni ushlab qoldilar. So‘ngra shunday kaltak har tarafdan tusha berdi… Yonda ketayotgan polkovnik goh oyog‘i ostiga, goh sazoyi qilinganga qarab, lunjlarini shishirib pishillab bormoqda. Sazoyi men turgan joydan o‘tib ketganidan keyin, saflar orasidan uning yelkasiga ko‘zim tushib qoldi. Bu allaqanday ola-bula, ho‘l, qip-qizil g‘ayri tabiiy bir narsa edi. Buning odam tanasi ekanligiga ishonmadim. Yonimda turgan temirchi:
— Yo, parvardigor! —deb yubordi.
Ular bizdan uzoqlashib ketdi. Bukchayib, gandiraklab ketayotgan odamning ustiga hamon ikki tomondan kaltak yog‘ilmoqda. Nog‘ora bilan nay hali ham mashq qilishini qo‘ygani yo‘q, baland bo‘yli, gerdaygan polkovnik hamon sazoyi qilinganning yonida bormoqda. Polkovnik birdan to‘xtab, (soldatlardan birining oldiga yaqin keldi, shunda uning:
— Ha, ha, hali ayab uradigan senmi? — degan g‘azabli so‘zlari qulog‘imga kirdi.
Past bo‘yli, quti o‘chgan, darmonsiz soldat tatarning ko‘karib ketgan orqasiga sekinroq kaltak urgani uchun qo‘lqop kiygan baquvvat qo‘li bilan uning yuziga tarsaki tushirganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
Polkovnik:
— Boshqa tayoq keltiring! — deb baqirdi-da, atrofiga alanglab menga ko‘zi tushib qoldi. Meni tanimagandek bo‘lib, dahshat va g‘azab bilan xo‘mrayib, darrov yuzini mendan teskari o‘girdi. Men esam, juda uyat bir ish qilib qo‘yganday, o‘sal bo‘lib, nima qilarimni bilmay, yerga qaradim-da, tezroq uyga qaytdim. Yo‘l-yo‘lakay qulog‘imga goho nog‘oraning taraqlagan ovozi, nayning chiyillagan tovushi eshitilgandek bo‘lar edi, goho: «Og‘alar, rahm qilinglar!» degan so‘zlar eshitilib, goho esa polkovnikning: «Ha, ha, hali ayab uradigan senmi?!» deb g‘azab bilan baqirgan so‘zlari qulog‘im ostida shang‘illar edi. Yuragim ezilib, shunday g‘ash bo‘ldiki, yurolmay bir necha marta to‘xtab qoldim. Nazarimda bu manzaradan ko‘ngilga o‘rnashgan dahshatlar hali zamon meni yo‘q qilib yuboradiganga o‘xshardi. Uyimga qanday yetib borib, to‘shakka qanday cho‘zilganimni ham bilmayman. Biroq ko‘zimni yumishim bilan, ko‘rganlarim ko‘z oldimga kelib, eshitgan gaplarim qulog‘im tagida jaranglab, sakrab o‘rnimdan turdim.
Polkovnik to‘g‘risida men: «U men bilmagan bir narsani biladiganga o‘xshaydi, — deb o‘yladim. — Agar u bilganni men ham bilsam, u narsani tushungan bo‘lar edim, ko‘rganlarim esa meni bunchalik qiynamagan bo‘lar edi». Ammo men har qancha o‘ylamayin, polkovnikning bilganlarini bilolmadim, oshnamnikiga borib, xo‘p ichishib, mast bo‘lib kechqurungina andak uxladim.
Xo‘sh, sizlar nima deb o‘ylaysizlar, ko‘rgan voqeasini yaramas bir ish deb hukm qilgandir, deb o‘ylaysizmi? Hech unday emas. «Modomiki, bu ish shunchalik ishonch bilan qilinib, hamma uni zarur deb topar ekan, bas, ular men bilmagan bir sirni bilsalar kerak» deb o‘ylab, bu sirni bilishga urindim. Ammo qanchalik urinmayin, keyin ham hech bila olmadim. Buni bilmay turib istagim bo‘lgan harbiy xizmatga kirolmas edim, balki harbiy xizmatgina emas, hatto hech qanaqa xizmatga kirolmadim, mana endi hech narsaga yaramasligimni ko‘rib turibsiz.
— Qo‘ysangiz-chi, yarash-yaramasligingizni bilamiz, — dedi hamsuhbatlarimizdan biri, — yaxshisi, agar siz bo‘lmasangiz qancha odam hech narsaga yaramay qolardi, shuni ayting, — dedi.
Ivan Vasilevich bu gapdan qattiq xafa bo‘lib:
— Bu gaplar borib turgan ahmoqlik, — dedi.
— Xo‘sh, oshiqlik masalasi nima bo‘ldi? — deb so‘radik.
— Muhabbatmi? Muhabbat shu kundan boshlab susaya boshladi. Ma’shuqam har vaqtdagidek iljayib xayolga cho‘mgan choqlarida, yalanglikdagi polkovnik darrov yodimga tushib allaqanday bo‘lib ketardim, u bilan kamdan-kam uchrashadigan bo‘lib qoldim. Muhabbat ham shunday qilib barham topdi. Ana shunaqa gaplar bo‘ladi, odamning butun hayoti ham shunaqa qilib o‘zgarib boshqa yo‘lga tushib ketadi. Siz deysizki… — dedi-da, shu bilan gapini tamom qildi.
Yasnaya Polyana, 1903 yil, 20 avgust.
Ruschadan N.Alimuhamedov tarjimasi
[1] Frantsuzcha, tag‘in, degani.
[2] Azizim (frantsuzcha).
[3] Nikolay I nikiga o‘xshash (frantsuzcha).