Leonardo da Vinchi. Hikoyatlar

ARSLON VA QO‘ZIChOQ

Bir kuni qafasda yotgan och arslonning oldiga endi oyoqlangan tirik qo‘zichoqni tashlashdi. Kichkintoy shunaqa go‘l va oqko‘ngil ediki, hayvonlar podshohidan hayiqish uning xayoliga ham kelmadi. Uni o‘zining onasi tasavvur qildi, shekilli, fahmsiz ishonch bilan dahshatli junbosh tarafga yurdi va katta ochilgan yorug‘ ko‘zlarida mehr-muhabbat va hayrat va beozor bir yuvoshlik bilan uning pinjiga kirib, mo‘ylovlarini iskab erkalandi.
Sher bunday oqko‘ngil ishonchdan qurolsizlandi va uni tilka-pora qilishdan tiyildi. U norozi po‘ng‘illay-po‘ng‘illay birinchi marta och uxlab qoldi.

QUMURSQA VA BUG‘DOY DONI

O‘rimdan so‘ng dalada qolib ketgan bug‘doy doni sabrsizlik bilan yomg‘irni kutardi. Eshik qoqib keladigan qora qishga qolmay tuproqqa chuqurroq kirib olishni o‘ylardi. Shoshib o‘tayotgan qumursqa uni ko‘rib qoldi. Topilmadan quvonib, o‘ylab ham o‘tirmay, og‘ir yukni ko‘tarib olib ini tarafga keta boshladi. Yukning og‘irligidan qiynalsa ham, kun yorug‘ida uyga yetib ulgurishi uchun to‘xtovsiz harakat qilardi.
— Nima uchun buncha zo‘r berasan? Meni shu yerga tashlab ket, — dedi bug‘doy.
— Agar seni tashlasam, qishda tamaddisiz qolamiz, — dedi qumursqa, og‘ir nafas olib. — Biz ko‘pmiz, har birimizning uyimizdagi zahirani ko‘paytirish majburiyatimiz bor.
Don o‘ylab shunday dedi:
— Men sening halol mehnatlaringni tushunaman, ammo sen mening holatimniyam tushun-da, aqlli qumursqasan, meni diqqat bilan bir eshit!
Bu gapdan ko‘nglida bir mamnunlik tuygan qumursqa bir muddat nafasni rostlab olish uchun yukini yerga tashlab o‘tirdi.
— Agar bilsang, — dedi don, — mening vujudimga hayotbaxsh bir kuch qamalgan va mening vazifam — yangi hayotni paydo qilish. Kel, ikkovimiz do‘stlarcha kelishib bir shartnoma tuzaylik.
— U qanday shartnoma?
— U shunday, sen meni iningga olib ketmaysan, shu yerga, qadrdon dalamga tashlab ketasan, — deb tushuntirdi don. — Roppa-rosa bir yildan keyin men seni mukofotlayman.
Qumursqa ajablanib ishonqiramay bosh chayqadi.
— Qadrdon qumursqa, menga ishon, haq rostni gapiryapman. Hozir mendan voz kechib, aytgan muddatgacha qoldirsang, evaziga bir don emas, yuz don olasan.
Qumursqa chakkasini qashlab: “Bir donga yuz don. Bu ertaklarda bo‘ladigan mo‘jiza-ku,” — deb mulohaza qildi.
— Sen uni qanday qilasan? — dedi u ko‘tarinki bir qiziqish bilan ishonqiramay.
— Menga ishon, — dedi don. — Bu hayotning siri. Endi esa kichkina chuqurcha kovla-da, meni ko‘m… Yozda shu joyga qaytib kel…
Shartlashilgan muddatda qumursqa dalaga keldi. Bug‘doy doni o‘z va’dasining ustidan chiqdi.

QOG‘OZ VA SIYoHDON

Yozuv stoli ustida bir uyum bir xil toza qog‘oz varaqlari yotardi. Bir kuni ulardan biri ilmoqli, aylana va chiziqchali, gajakli va nuqtali turli jimjimali shakllar bilan qoplanibdi. Kimdir peroni olgan-da, uni siyoh bilan ho‘llab, varaqni so‘zlar va rasmlar bilan to‘ldirgan, shekilli.
— Meni bunday quloq eshitmagan mislsiz xo‘rlash senga nima uchun kerak bo‘ldi? — deb so‘radi stol ustida turgan siyohdondan dilabgor o‘pkalab varaq. — Sening yuvilmas ranging mening oqligimga ham, pokligimga ham dog‘, qog‘ozligimga abadiy isnod! Bu ahvolda men endi kimga kerakman?
— Xafa bo‘lma, — dedi mehr bilan siyohdon. — Seni umuman kamsitishni ham dog‘ qilishni ham istashmagan, faqat kerakli bitik bitishgan. Endi sen oddiy uyumdagi qog‘oz emas, yoziqli maktubsan. Shu damdan e’tiboran sen inson fikrini muhofaza qilasan va sening asosiy vazifang ham, ulug‘ qudrating ham mana shunda.
Mehribon siyohdon haq ekan. Allaqaysi kun yozuv stolini yig‘ishtirayotgan odam vaqt izmidan sarg‘aygan, betartib sochilib yotgan varaqlarni ko‘rdi. U ularni yonib turgan kaminga tashlash istagida yig‘ishtirayotganda, birdan o‘sha “bag‘ri dog‘” varaqni payqab qoldi. Odam zaruratsiz chang bosgan qog‘ozlarni tashlab yubordi-da, yozib to‘ldirilgan o‘sha varaqni tafakkur nomasi sifatida avaylab, ehtiyot qilib stol tortmasiga joylab qo‘ydi.

OQQUSh

Oqqush egiluvchan bo‘ynini yana engashtirib o‘zining suv ko‘zgusidagi shaklu shamoyiliga uzoq razm soldi… U charchog‘ini va butun vujudini qaqshatayotgan qaltiroq boisini endi tushundi. Xayrlashish fursati kelgan edi.
Uning qalbi olis yoshlik yillaridagiday hamon go‘zal va qorday oppoq edi. U o‘zining o‘zlik surati va siyratini hayotning hamma qiyinchiliklari va sinovlaridan bedog‘ va pokiza saqlab yashashni uddaladi.
Endi alvido kunini xotirjam va munosib kutib olishga tayyor edi.
U chiroyli bo‘ynini qayirib, ohista va ulug‘vorlik bilan bir vaqtlar yoz jaziramasi o‘tishini poylaydigan, tagiga kirib soyalashni xush ko‘radigan sohildagi qari majnuntol sari suzib ketdi.
Kech kirdi, kunbotar shafag‘i sokin ko‘l suvini alvon rangga bo‘yadi.
Atrofga cho‘kkan chuqur oqshom sukunatida oqqush qo‘shig‘i taraldi.
Oqqush hech qachon avval bunday yurakdan armonli va o‘ta og‘riqli sog‘inch bilan kuylamagan edi.
U o‘zining tabiatga, osmonga, suvga va yerga bo‘lgan muhabbatini ulug‘ ilhom bilan kuylardi.
— Oqqush kuylayapti, — deya shivirlashdi alvido nolasidan sehrlangan baliqlar, qushlar va jami dashtlar, o‘tloqlar va o‘rmon jonzotlari. — Bu o‘layotgan oqqush qo‘shig‘i.
Butun borliqqa taralgan bu dilbar va g‘amnok qo‘shiq quyoshning so‘nggi nuri bilan birga so‘ndi…

QAQNUS

Bepoyon sahro ustida, so‘ngsiz yuksaklikda ucharkan, qaqnus olis lashkargoh xilvatida yonayotgan gulxanni ilg‘adi. U buyuk hayot sinovi yetganligini va taqdir amriga mardona bo‘ysunish lozimligini tushundi.
Qaqnus dunyoda yashaydigan jami burgutlarning ulug‘i, go‘zallik va patlarining yorqinligida ham unga teng keladigan parranda zoti yo‘q edi.
U qanotlarini keng yozib, tungi osmon qa’rida ulug‘vor parvoz qilarkan, so‘ng u ohista doira yasab yerga, olov sari pastlay boshladi.
Gulxan ustida u olov tili patlarini yamlayotganini, oyoq panjalari charsillab kuyayotganini his qildi. Azaliy burchga sodiq va azoblarga bardoshli qaqnus qo‘rqmasdan gulxan ichiga quladi.
Olov vishillab, chirsillab, uzoq burqsib yondi va nihoyat o‘chdi. Biroq, ko‘p o‘tmay, uyum kul qo‘rini teshib chiqqan zangor olov tilchasi shamolda tebranib, to‘g‘ri yuksakka o‘rladi va uning zangor olov rang qanotlari bor edi.
Bu kulda yangidan tug‘ilgan, osmoni falakda yana besh yuz yil yashaydigan qaqnus bolasi edi…

Ruschadan Shafoat Rahmatullo Termiziy tarjimasi

QOG‘OZ VA SIYoH

Yozuv stoli ustida bir dasta toza va oppoq qog‘oz turardi. Kunlardan birida shu qog‘ozlardan biri batamom dog‘-dug‘ga to‘lib ketdi. Uning bo‘y-basti betartib yozilgan, qing‘ir-qiyshiq harflar bilan birikkan so‘zlarga to‘la edi. Keyin har joyida siyoh tomchilariga ham duch kelish mumkin edi. Kimdir siyohga peroni botirib, bu qog‘ozning yuziga aji-buji so‘zlarni yozib tashlagan, bo‘lar-bo‘lmas, qin-g‘ir-qiyshiq rasmlarni chizgandi.
-Meni bu abgor holga solishdan nima ma’ni topding. Xo‘rlashdan murod nima edi,-dedi g‘ussaga botgan qog‘oz yonida turgan siyohga,-mening oppoq toza yuzlarimni endi ketkazib bo‘lmas dog‘ bosdi. Juda ham xunuklashdim. Bu holda kimga ham kerakman? Kimning ham mushkulini oson qila olaman?
-Podadan oldin chang chiqarmasangchi? Buncha kuyinmasang! -unga muloyimlik bilan dedi siyoh,-Seni xo‘rlashni hech kim xayoliga ham keltirgani yo‘q. Yuzingga yozilgan so‘zlarni nazarda tutayotgan bo‘lsang, u dog‘-dug‘ emas. Kerakli fikr. Ko‘p narsaga yetgan aqling, shunga kelganda oqsadimi? Bugundan boshlab sen shunchaki oddiy qog‘ozmassan! Inson fikri bitilgan eng nodir qog‘oz parchasiga aylanding. Seni parchalab, yirtib tashlashga yo olovda yoqib, kulingni ko‘kak sovurishga hech kimning haddi sig‘maydi. Chunki muhim fikr yozib qo‘yilgan.
Siyoh haqiqatdan ham rost so‘zlayotgandi. Shu dam xonaga kirib kelgan bir odam yozuv stoliga yaqinlashib, uning ustidagi sochilib yotgan qog‘ozlarni tartibga kelib, sarg‘ayib qolgan, ammo biror so‘z ham yozilmagan, belgi ham qo‘yilmagan yuzi toza varaqlarni olib, gurillab yonayotgan pech ichiga tashladi. Boyagina o‘zining «tasqara»ligidan ozorlanayotgan yozuvli qog‘ozni esa stol tortmachasini olib, allaqanday g‘ilof iichga joylashtirdi-da, so‘ng chiqib ketdi.

IPAK QURTI

Bir yaproqqa yopishib olgan kichkinagina qurt atrofni kuzatar ekan, xuddi o‘zi kabi nafas olib-chiqarayotgan darrandayu parrandalarning g‘imirlab yurganini, ayrimlarining sakrab yo yugurayotganini, ayrimlarining esa qanot qoqib, ko‘kak parvoz qilayotganini ko‘rib, xo‘rsindi. U faqat o‘zinigina kamsitilgan sanab, na yugura olishi, na ucha olishi mumkinligini o‘ylab, siqila boshladi. U mashaqat bilan bir bargdan ikkinchisiga o‘rmalab borguniga qadar ham ko‘p vaqt kerak bo‘lardi. U tukdan iborat juda ham mo‘rt, ojiz oyoqlarini harakatga kelib, u bargdan bu barga o‘rmalarkan, dunyo shu ekan-da deb ylardi. Shu ko‘yi taqdiridan zorlanmas, boshqalarga ham havas qilmasdi. Har bir jonzot o‘z ishini bajargan ma’qul, derdi. Shuning uchun u uzzukun ingichka, ipak ip yigiraverib, o‘ziga pishiq uycha-pilla yasab oldi. U o‘z fikriga tayanib, ishini davom ettiraverdi, ma’lum vaqt kelguniga dovur issiqina uychasidan tashqariga chiqmadi.
– Keyin-chi?-o‘z-o‘ziga savol berdi bir kuni u.-keyin nima qilaman?
-Sabr qil, o‘zing guvohi bo‘lasan,-javob eshitildi allaqayerdan.
Ipak qurti bunga ajablansa-da, sabr qilishga qaror qildi. Bir kuni esa uyqudan uyg‘onganida esa tamoman o‘zgarganini, qurtligidan asar ham qolmaganiga amin bo‘ldi. Bosh-oyoq «ichak» o‘rnida endi yelkalaridan silliq, chiroyli qanot o‘sib chiqqan, boshida uzun shoxlar paydo bo‘lgan, oyoqlari ham bor edi. U «uycha»sini osongina ikkiga ayirib, yorug‘ dunyoga yuzlandi-yu, pilla ichidan chiqdi va kuch to‘plab, qanotlarini parvozga shayladi.
«Sabr qilganning mukofoti bu»-o‘yladi o‘zicha xursand bo‘lib.

INSONGA HAMMASIDAN HAM ENG MUHIMI NIMA?

Bir kuni Aql bilan Ezgulik o‘zlaridan qaysi birlari insonga eng muhimligi to‘g‘risida tortishib qolishibdi. Ular bir qarorga kela olmay, oxiri aka-uka birga yashaydigan bir uyga kelishibdi. Aka-uka mehnatkash, shu bilan birga ahil, totuv yashar ekan. Aql to‘ng‘ich akani, Ezgulik esa ukani tanlabdi. Shundan so‘ng akaning fikri o‘zgarib, debdi:
-Endi har birimiz alohida yashashimiz kerak.
Uka o‘ylanib qolibdiyu, ammo akasiga qarshi chiqsa, uning ranjishini o‘ylab, rozi bo‘libdi.
Oylar ketidan yillar o‘tibdi. Aka davlat orttiribdi, ammo hamon yolg‘iz yashar emish. U boylik yig‘ishga qiziqib, odamlarga ham qo‘shilmay qolgan ekan. Shuning uchun na do‘st, na tanish-bilishi bor emish. Uka esa aksincha, kambag‘al bo‘lsa-da, do‘stu birodarlarining hisobi son-sanoqsiz ekan. Ular har kun Ukani yo‘qlab, oldiga kelar, o‘z navbatida u ham do‘stu yorlaridan yordamini ayamas ekan.
Aql va Ezgulik aka-uka hayotiga aralashib, noto‘g‘ri ish qilishganini tushunibdi. Ammo bu qay tarzda sodir bo‘lganini bilmay, sababini aniqlash uchun Donishmand oldiga borishibdi va bo‘lgan voqeani gapirib berishibdi.
-Aql Ezgulikdan ayro bo‘lsa, bosh tanasiz qolganday gap. Ezgulik Aqldan yiroqlashsa, tana boshsiz qoldi degani. -tushuntirdi Donishmand. Shundan so‘ng Aql va Ezgulik aka-ukalarning oldiga borib, qaytadan birga yashashlarini, bir-birlariga yordam berishlarini o‘tinib so‘rashibdi. Shundan so‘ng hamma Aka-Ukani hurmat qiladigan bo‘lishibdi. Ular haqida biror davrada gap ketguday bo‘lsa, odamlar shunday deyisharkan: «Baxtli yashashni Aka-Ukalardan o‘rganish kerak, ular ham aqlli, ham cheksiz ezgu xislatga ega».

Rus tilidan Umid Ali tarjimasi

QOPLON

– Oyi! – dedi daraxtning uchiga chiqib olgan maymun bolasi, hansirab qichqirgancha. – Anovi ona sherni ko‘ryapsizmi? U bag‘oyat go‘zal ekan!
Ona maymun o‘ljasini poylayotgan yirtqichni ko‘zdan pana qilayotgan novdani sekin surib, unga razm soldi.
– Bu sher emas, qoplon-ku, – izoh berdi ona. – Terisining ranggiga qara.
– Ajabo, judayam chiroyli ekan! Ko‘z uzolmaysan-a, – xitob qildi maymun bolasi. – xuddi qora atirgullar sochilganga o‘xshaydi.
Chindan ham olisdan jazirama oftob tig‘ida sarg‘aygan o‘t orasida kutilmaganda ajib paxmoq gullar o‘sib chiqqanday tuyulardi.
– Qoplon o‘zining qanchalar maftunkorligini biladi va bundan tuzoq sifatida foydalanadi, – davom etdi ona maymun. – Notanish jonivorning yorqin terisi jilosini ko‘rganlar uning ortidan ergashadilar va yirtqichning o‘ljasiga aylanadilar.
Go‘zallik ba’zida yovuzlik uchun xizmat qiladi.

AYIQChA VA ARILAR

Ona ayiq ishiga andarmon bo‘lib, orqasini o‘girishga ulgurmagan mahal jonsarak o‘g‘li, volidasi tomonidan betayin sho‘xligi uchun jazo tariqasida uyda o‘tirishga mahkum qilinganini unutib, yon-veriga qaramasdan o‘rmonga otildi. Bu yerda o‘ziga tortuvchi iforlar bor! Harqalay, tabiat qo‘yni diqqinafas kulba emas. Quvonchdan terisiga sig‘may ketayotgan ayiqchaning g‘ayrati jo‘shib, to burunni qitiqlaydigan yoqimli hid anqib turgan daraxt kovagiga duch kelmagunga qadar kapalaklar ortidan quvib yuraverdi.
Atrofga olazarak nigoh tashlagan ayiqcha ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas uchib yurgan arilarga diqqat qildi. Ba’zilari kovak atrofida yurakka g‘ulg‘ula soladigan ovoz bilan xuddi soat miliday g‘o‘ng‘illab aylanar, ba’zilari inlariga to‘lib-toshib qaytar, lip etib, kovakka kirib ketardi-da, tag‘in ortga qaytib o‘rmon tomon oshiqardilar. Bu manzaraga maftun ayiqchaning qiziqishi ustunlik qilib, o‘zini gunohdan tiyib turolmadi. Tezroq kovak ichkarisida nimalar yuz berayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqlikka shoshdi. Avvaliga ayiqcha burnini suqib hidladi, so‘ng qo‘lini uzatib, issiq va yopishqoq narsani his qildi. U qo‘lini tortib olganida panjalari asalga bo‘kkandi.
Qo‘lidagi shirin bolni yalab, huzurlanishga ulgurmagan ham edi, quturgan arilar galasi burni, og‘zi, qulog‘i demay yopirilishdi… chidab bo‘lmas og‘riqdan darg‘azab ayiqcha panjalari bilan arilarni haydab, noiloj o‘zini himoya qilmoqlikka urindi. Bundan ularning battar vajohati qo‘zib, ayiqchaga ayamay, nayza sanchishdi. Azoblayotgan dard dastidan bechoragina nima qilarini bilmay, yerga dumaladi va og‘riqdan xalos bo‘lmoqlikka intildi, biroq bu yordam bermadi.
Qo‘rquvdan butkul o‘zini unutib, uyi tomon tum-taraqay qochdi. U yig‘lagancha ona bag‘riga otildi. Ona ayiq quloqsiz bolasini sho‘xligi uchun tartibga chaqirib, xo‘jako‘rsinga bir koyigan bo‘ldi-yu, tag‘in onalik mehri iyib, ari chaqqanidan shishib, achishayotgan joylariga loy surtib qo‘ydi.
O‘shandan beriki, ayiqcha shirin bolning achchiq badali borligini yaxshi biladi.

DAHShATLI HAYVON

O‘rmondagi hatto eng jasur va dadil jonivorlar tushkunlikka tushib, anchadan beri keng quloch yoygan qalin, qari daraxt yonidan o‘tganlarning bari nega aql bovar qilmas balolarga giriftor bo‘layotgani haqida o‘ylab-o‘ylab o‘ylariga yetolmas va bu jumboqni yecholmay garang edilar.
Bir-biridan dahshatli mish-mishlar o‘rmalab qolgandi. Aytishlaricha, o‘rmonda butun jonivorlarga qiron keltiradigan maxluq paydo bo‘lganmish.
Butun o‘rmon ahli mashvaratga yig‘ilib, tulkiga murojaat etdi:
– Tulkijon, oramizda eng ayyori va epchili o‘zingsan. Iltimos, bunda qanday sinoat yashirin? Sendan o‘zgasi qari daraxtda kim in qurib olganini bilishni udda qilolmaydi.
Bunday hurmat-e’tibordan boshi ko‘kka yetgan tulkixon ko‘p yalintirib o‘tirmadi. Garchand taklifga bajonidil ko‘ngan bo‘lsa-da, el manfaati uchun o‘z jonini qurbon qilmoqlikni aslo xohlamasdi.
Biroz bosh qotirgan malla muttaham mash’um daraxt yoniga qadrdon dugonasi tinib-tinchimas qarg‘ani yuborishga qaror qildi.
Daraxt girdidan aylangan qarg‘a qalin barglar orasidan ikki alangani, ora-orada tez-tez qanotlarini qoqib qo‘yayotgan maxluqni ilg‘adi.
Tulki o‘sha ondayoq barchani yig‘ib, yangilikni e’lon qildi:
– Boshimizga kulfat yog‘ilibdi, do‘stlarim. Bu maxluqning nomi ajdaho deb ataladi. Hali hech kim uning so‘yloq tishlarini ko‘rmagan va yovvoyi chinqirig‘ini eshitmagan. Bu achchiq qismatni men tatib ko‘rishni istamasdim, sizga ham maslahat bermayman, – deya qo‘shni o‘rmonga yashagani ketibdi. Uning ortidan indamay boshqalar ham ergashibdi.
Azim daraxtning qalin shoxlari orasiga singib ketgan katta ko‘zli ukki go‘yo barcha jonivorlar qirilib ketganday, o‘rmonning nega jim-jit bo‘lib qolganiga hech aqli yetmay qunishib o‘tirardi.
Ha, qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinar, deb to‘g‘ri aytgan ekan.

ONA ShER

O‘tkir uchli nayzalarini mahkam ushlagancha oyoq uchida ildamlayotgan ovchilar to‘dasi tobora o‘ljaga yaqinlashib kelardi. Bolalarini emizayotgan ona sher notanish isni darhol oldi va xatar yaqinligini sezdi. Biroq kech bo‘lgandi. Ovchilar allaqachon uni o‘rab olishgandi.
Qurollangan odamlarni ko‘rgan ona sher shoshib qoldi. Qochib qolmoqchi bo‘ldi-yu, biroq bu niyatidan qaytdi: go‘daklarining ovchilarga oson o‘lja bo‘lishini o‘ylab, ularni ko‘zi qiymadi.
Ona bolalarini o‘z hayoti evaziga qutqarib bo‘lsa-da, asrab qolishga qaror qildi. Jonivor o‘ziga qarab otilgan o‘tkir nayzalardan dovdiramaslik uchun boshini egdi va odamlar tomon dadil sakradi, go‘yo o‘zini qochayotgan qilib ko‘rsatib, ovchilarni boplab chalg‘itdi.
Pirovardida, ojiz shervachchalarning joni omon qoldi.

Rus tilidan Shahnoza Rahmonova tarjimasi