Korney Chukovskiy. Chexov (badia)

http://n.ziyouz.com/images/chexov.jpg

I

U saxovatli boylar singari mehmondo‘st edi. Ziyofat berishni joni dilidan yaxshi ko‘rardi. Qishloqqa borib joylashishi bilanoq bir dunyo mehmonlarni huzuriga chorlardi. Kimlargadir bu telbalikdek tuyulishi mumkin: axir u ko‘p yillik qashshoqlik changalidan endigina qutulgan, oilasini – onasi, ukasi, singlisi, otasini boqish tashvishida ne ko‘ylarga tushmagandi deysiz, ertangi kun uchun hozir ham sariq chaqa g‘amlab qo‘ymaganiga qaramay, uyini boshdan-oyoq mehmonlarga to‘ldiradi, ularni to‘ydiradi, ko‘nglini oladi va yana tekin davolaydi!
Bir gal xilvat ukrain qishlog‘idan dalahovli olgan edi, hali uni borib ko‘rmasdan, sharoitini bilmasdan turib, Moskvadan Peterburgdan, Nijniydan har xil odamlarni u yerga taklif qila boshlagandi.
Moskva atrofidagi dalahovliga joylashishi bilanoq uyi mehmonxonaga aylanib ketardi. “Barcha xonalarda bir necha kishidan bo‘lib divanda uxlardik,– deb eslaydi ukasi Mixail, – hatto pichan ichida yotardik. Iste’dodining muxlislari bo‘lgan yozuvchilar, qizlar, qishloq oqsoqollari, mahalliy tabiblar, qandaydir uzoq qarindoshlar”, taklif etilgan yoki o‘zicha kelgan kishilar uning uyida haftalab uymalashib yotishardi.
Ammo unga bu ham kamlik qilardi.
“Ivanenkoni kutyapmiz. Suvorin keladi, Barantsevichni ham taklif etaman”,– deb to‘qson ikkinchi yilda Natalya Lintvarevaga Melixovodan xabar beradi.
Ayni zamonda uni ham kelishga da’vat etadi. Keyingi xatlariga qaraganda, bu uch kishidan boshqa yana Lazarev-Gruzinskiyni, Yejovni, Leykinni ham taklif qiladi, Levitan esa ayni shu kunlarda uning uyida mehmon edi!
Sakkiz kishi, ammo bu ham hammasi emas: uning uyida “munajjim” Olga Kundasova, sozanda Marian Semashko, Lika Mizinova, Musina- Pushkina (uni ba’zan Drishka, ba’zan Chirildoq deb ham atashardi), torjkalik qandaydir Lesova bilan Klara Mamuna, oilasining do‘stlari, tag‘in qanchadan-qancha kunda-shundalar va juda ko‘plab kimligi noma’lum tasodifiy qo‘noqlar har doim uymalashib yurishardi.
Bunday sanog‘i yo‘q odamlar, albatta, uni toliqtirib qo‘yishardi ham. “Pasxa arafasidagi jumadan boshlab bugungacha uydan mehmon uzilmaydi… loaqal biron satr yozolmadim”. Ammo bu holat uning tiyiqsiz mehmondo‘stligiga xalal berolmaydi. Ana shu arzi hol bitilgan xatning o‘zida u Kundasovani huzuriga taklif qiladi, keyingi kuni Vladimir Tixonovni, undan keyin Leykinni , keyin Yasinskiyni chorlaydi, keyingi kunlarda unikida Suvorin, Shchepkin-Kupernik, taganroglik Selivanov-Krauzelar mehmon bo‘lganini maktublar orqali bilib olamiz.
Bu da’vatnomalarda xushchaqchaqlik, hazil-huzil, sho‘xchan kayfiyat hukmron, u maktublarning mag‘iz-mag‘iziga o‘z atrofida ufurib turgan shodlik, quvnoqlik, yoshlik ruhini singdirib yuboradi.
“Xo‘sh-sh, janob,– deb yozgan edi u “Shimol” muharririga.– Siz suratimni ham bosib chiqarib, nomim mashhur bo‘lishiga hissa qo‘shdingiz, minnatdorchilik uchun Sizga o‘z issiqxonamda yetishtirilgan rediskalardan besh bog‘lamini sovg‘a qilaman. Tezlik bilan huzurimga (Peterburgdan! Olti yuz chaqirim yo‘l bosib! – K.Ch.) kelishingiz va bu rediskalarni yeyishingiz zarur”.
Me’mor Shextelni qanday chaqirganini ko‘ring:
“Agar kelmasangiz, cholvoringizning bog‘ichi ko‘chada, odamlar o‘rtasida yechilib ketsin deb tavallo qilaman…”
Vodevillar yozuvchi Bilibinga ham shunday ohangda maktub yo‘llagan:
“Zudlik bilan uylanishingiz va xotiningizni olib huzurimga, ikki haftaga dalahovliga kelishingiz zarur… Tiniqib dam olishingiz va g‘aroyib tentakka aylanishingizga kafolat beraman…”
Chexov ana shunday samimiy, ulkan hayotsevar, quvnoq kishi edi. Vujudida odamlarga ulkan muhabbat qaynab-toshib yotardi.
Do‘stlari va tanishlarini huzuriga chorlar ekan, xuddi kurort reklamalariga taqlid qilgandek, ularni kutayotgan huzur-halovat haqida ko‘tarinki ohangda to‘lib-toshib yozar edi:
“Nihoyatda tengi yo‘q joy, quvnoqlik, farovonlik hukmron, odamlar ko‘p…”, “Qrimga qaraganda yuz baravar issiq va go‘zal…”, “Rohatijon izvosh, chidamli otlar, afsonaviy yo‘llar, har jihatdan ajoyib odamlar”, “Tengi yo‘q qumloq”.
U do‘stlarini huzuriga astoydil taklif qilar ekan, kelmay qolsa-chi, degan fikrni o‘ylab ham o‘tirmasdi. “Men Sizni arqonga bog‘lab sudrab olib kelaman”,– deb yozgan edi u nasrnavis Shcheglovga. Darhaqiqat, aksari da’vatnomalari rostakamiga arqonga aylanib ketar, ularning bag‘riga cheksiz-chegarasiz xohish-istaklar singdirilgan bo‘lardi.
“Muvaffaqiyatlardan boshingiz aylanib, kelmayotganingiz uchun Sizni ko‘rishga toqatim yo‘q”,– deb yozgan edi tanishlaridan biriga.
Boshqasiga:
“Kelmay qolsangiz, shunday dilsiyohlik bo‘ladiki, Sizni jazolash uchun barcha do‘zax azoblari kamlik qiladi”. Uchinchi maktubda Lika Mizinovadan shunday so‘raydi: “Biznikiga kelmasangiz Siz uchun qanday og‘ir jazolar o‘ylab topishimizni bilasizmi?” Va ustingizdan qaynoq temir eritmasini quyib yuboramiz, deb po‘pisa qiladi.
Sumsklik tanishlaridan birining singlisiga yozadi:
“Agar u kelmay qolsa, tegirmonga solib maydalayman”. Bunday favqulodda shiddatli taklifnoma va iltimoslarni u chuqur o‘ylab o‘tirmasdan yozib yuboraverardi. Go‘yo ular bo‘lmasa kuni o‘tmaydigandek, turli-tuman odamlarni – u to‘pori, janjalkash Gilyarovskiy yoki mayda gap, ko‘ngli bo‘sh Yejov bo‘ladimi,– surishtirib o‘tirmasdan, taklif qilaverar edi…

II

Ulkan mehmondo‘stlik odatini Chexov umrining oxirigacha saqlab qoldi. O‘pka sili vujudini yeb bitirgan, bir oyog‘i to‘rda, bir oyog‘i go‘rda bo‘lib yurganda ham Moskvaga qisqa muddatga kelgan paytida xonadoni shu zahotiyoq odamlarga to‘lib ketar, ertalabdan kechga qadar bir daqiqa xoli qolmas edi. “Butun kun bo‘yi oldidan odam uzilmasdi”,– deb eslaydi V. Nemirovich-Danchenko va shu zahotiyoq uning tasavvurga sig‘maydigan ehtiroslarini ta’kidlaydi: “Bu holat uni toliqtirmas edi, chamasi bunday toliqish azoblari unga huzur bag‘ishlardi…”
Odamlar bilan nihoyatda tez tanishib, do‘stlashib ketish odati tufayli u Moskvaga ko‘chib kelgandan keyingi bir-ikki yil ichida deyarli butun Moskva ahli va shahardagi barcha jamoa vakillari bilan tanishib ulgurdi, bundan tashqari Babkino va Chikino, Voskresensk va Zvenigorodni, xullas atrofini o‘rab turgan jo‘shqin hayot manzaralarini juda katta hafsala bilan qisqa fursatda o‘rganib chiqdi.
Shuning uchun ham yoshlikdagi maktublarida mana bunday satrlarni ketma-ket o‘qishimiz mumkin:
“Hozir poygada bo‘ldim…”, “Zobitlar bilan edim, ichdim va uxladim…”, “Rohiblar huzurida mehmon bo‘ldim”, “Oyna zavodiga boraman…”, “Butun yoz bo‘yi Nozdrevga o‘xshab, yarmarkalarni kezib yuraman”, “Jamoat hakamining qamoqxonasini ko‘rdim”.
U nihoyatda dilkash kishi edi, har qanday odam bilan bir lahzada til topishib keta olardi. Yuzlab va minglab kishilarning tarjimai holi, turish-turmushi, gap-so‘zlari, kasbu koriga astoydil qiziqib yashamaganda saksoninchi va to‘qsoninchi yillardagi rus hayotining ulkan qomusiga aylangan, Chexovning mayda hikoyalari deb ataladigan tengi yo‘q asarlarni yarata olarmidi?
Birdan mo‘jiza yuz berib, ko‘p jildli asarlaridan joy olgan mayda hikoyalaridagi qahramonlarning hammasi – politsiyachilar, doyalar, aktyorlar, tikuvchilar, mahbuslar, oshpazlar, taqvodorlar, tarbiyachilar, zamindorlar, ruhoniylar, tsirk xodimlari (o‘sha davr ta’biri bilan aytganda tsirkchilar), barcha idoralardagi turfa amaldorlar, shimoliy va janubiy guberniyalarning dehqonlari, generallar, hammomchilar, muhandislar, ot o‘g‘rilari, monastir xizmatchilari, savdogarlar, hofizlar, askarlar, sovchilar, fortepyano sozlovchilar, o‘t o‘chiruvchilar, sud tergovchilari, dyakonlar, professorlar, podachilar, advokatlar Moskva ko‘chalariga chiqib kelishsa bormi, bunday rang-barang odamlar to‘dasi shahardagi eng katta maydonga ham sig‘magan bo‘lardi. Boshqa kitoblar, masalan, Goncharov asarlari Chexovniki bilan qiyoslansa, xuddi sahroga o‘xshab ko‘rinadi – ularning har yuz betiga bittadan odam to‘g‘ri keladi…
Chexov hikoyalarida to‘lib-toshib yotgan odamlar qiyofasini bir kishi yaratganiga hatto ishonging ham kelmaydi, ko‘pdan-ko‘p shuncha odamni ko‘rish, eslab qolish va turli-tuman qiliqlari, xatti-harakatlari, kulishi, yuz tuzilishi, kiyim-boshi, qayg‘u va quvonchlarini yurakka jo qilib, mangulikka muhrlab qoldirish uchun ikkita emas, balki minglab favqulodda o‘tkir ko‘z kerak bo‘lar edi.
Bu odamlar orasida u naqadar xurram yurardi! Ularni naqadar yurakdan sevardi! U o‘ta hazilkash, quvnoq edi, birinchi suhbatdayoq har qanday odamni miridan-sirigacha bilib olar va darrov yoqtirib qolardi, hammaga ishonch bilan munosabatda bo‘lardi, yuragi saxovatga to‘la edi, o‘zidagi yuksak ma’naviy boyliklarni jon deb boshqalarga ulashib bergisi kelardi…
Aytaylik, Siz qisqa yoz oylarida dalahovlida ijarada turdingiz, yoz mavsumi o‘tib, shaharga qaytganingizdan keyin hovli egasini batamom unutib yuborasiz. Chexov esa janubdagi notanish Lintarevlarning dalahovlisiga borishi bilanoq hali durustroq tanishmasdan turib olti kishidan iborat oila a’zolarining hammasini qadrdon odamlarim deb ta’rifladi, uzoq yillargacha ularni eng yaqin do‘stlari davrasiga qo‘shib yurdi, o‘z ta’biri bilan aytganda, bu oilada “so‘nmaydigan chiroq yondirdi”.
Salgina oldin, Moskva atrofida, uch yil davomida dalahovlida turgan paytida Kiselevlar oilasi bilan ham shunday bo‘lgan edi. Ularning bolalari, hatto mehmonlari, qarindoshlarigacha, yaqin do‘stlariga aylantirib olgandi.
Asarlarini chop etuvchi noshirlarning hammasi bilan, hatto Vukol Lavrov va Sablinlar bilan do‘stona munosabat o‘rnatgandi. Aleksey Suvorin haqida-ku gapirmay qo‘yaqolaylik.
U ko‘pchilik ichida rohatlanib yurar, hatto bir necha kishi bilan birgalikda asar yozishni orzu qilar, buning uchun mutlaqo noqulay odamlarni hammualliflikka taklif qilishga ikkilantirib o‘tirmas edi.
“Gap bunday, Korolenko… Birgalikda ishlaymiz. Drama yozamiz. To‘rt ko‘rinishli. Ikki haftada”.
Holbuki, Korolenko umrida bironta drama yozmagan, teatrga hech qanday aloqasi yo‘q ijodkor edi.
Bilibinga:
“Keling, birgalashib ikki qismli vodevil yozamiz! Birinchi ko‘rinishni Siz yozasiz! Ikkinchisini men…
Gonorar o‘rtada”.
Suvoringa:
“Keling, “Yudif” operasi ohangida “Olofern” tragediyasini yozamiz… Yudif Oloferni sevib qoladi. Uni shunga majbur qilamiz… Syujet to‘lib yotibdi. “Sulaymon”ni yozsak ham bo‘ladi, Napoleon III bilan Yevgeniyni yoki Elbadagi Napoleonni olish mumkin”.
Bir necha yildan keyin yana unga:
“Birgalashib ikki-uchta hikoya yozamiz… Siz boshini, men esa oxirini…”
Hatto u kasbi huquqshunos, badiiy ijodga mutlaqo layoqati yo‘q Goltsev bilan birgalikda drama yozishga ham rozi: “Agar sen xohlasang bas, yozib tashlaymiz. Men xohlayapman. O‘ylab ko‘rgin-chi”.
Buyuk san’atkorning yaqin do‘stlari, ayniqsa yosh mualliflar bilan hamkorlik qilish haqidagi orzulari chin yurakdan aytilgan bo‘lib, birinchi imkoniyat tug‘ildi deguncha bu g‘oya amalga oshishi mumkin edi.
Shepkina-Kupernik xotirlaydi:
“Bir paytlar Anton Pavlovich men bilan sherikchilikda bir pardali pesa yozmoqchi bo‘ldi, hatto katta bir monologni yozib chiqdi ham”.
A.S.Suvorin Chexovning birgalikda drama yozish haqidagi taklifiga rozi bo‘lganda esa, o‘z ta’biricha, qo‘l qovushtirib o‘tirmasdan katta g‘ayrat-shijoat bilan ishga kirishib, uzundan-uzoq xatida bo‘lajak pesada ishtirok etadigan o‘nta xarakterni batafsil tavsiflab chiqdi, reja amalga oshmadi, albatta, ammo bu masalada uning aybi yo‘q.
U ko‘pchilik bo‘lib sayohat qilishni yoqtirardi. Eronga Suvorinning o‘g‘li bilan, Afrikaga Maksim Kovalevskiy bilan, Volgaga Potapenko bilan, Donetsk cho‘llariga Pleshcheev bilan jo‘nashni rejalashtirgandi.
“Bahor bayrami arafasida Babkinoga borish masalasida men boshliq qaroqchilar to‘dasi shunday qarorga keldik: boramiz!” deb yozgan edi u Aleksey Kiselevga.
“Ba’zan shunday xayolga boraman: bir guruh bo‘lib chet elga ketsak bo‘lmaydimi? Bu ham arzon, ham juda ko‘ngilli ish bo‘lar edi-da”,– deb yozgan edi 1894 yilda Lintvarevaga.
Ko‘pchilik bilan birga bo‘lish va xilma-xil ermaklarni o‘ylab topish, dilxushlik qilish, xushchaqchaqlikda vaqt o‘tkazishni u nihoyatda sevar edi…
Qog‘ozga o‘ralgan kattakon tarvuzni shahar mirshabining qo‘liga tutqazib, o‘ta jiddiy qiyofada: “Bomba!… tez uchastkaga olib bor, ko‘zingga qara, ehtiyot bo‘l” deyish yoki patlari qahva rangli kaptarlarini hovlidagi xuddi shunday rangli mushukdan tarqagan deb farishtadek beg‘ubor, sodda yosh yozuvchi qizni ishontirish yoki Mixailning xotinini bezorilarga o‘xshatib kiyintirib, unga “chuvalchang tashish kasali bilan og‘riydi” deb tibbiy tashxis qog‘ozi yozib berish kabi bolalarcha beg‘ubor hazillarni o‘ylab topishdan sira erinmasdi.
Bir mast shoir boshini yorib olgan edi. Chexov yosh yozuvchini ergashtirib, uni davolashga boradi. “Bu kishi kim bo‘ladi?” – “Feldsher”. “Unga ham haq to‘lanadimi?” “Albatta”. “Qancha?” “O‘ttiz tiyin”.
Yosh yozuvchiga ehtirom bilan uchta tanga uzatishadi.
Mana shunday bolalarcha beg‘ubor quvnoq hazil-huzillari, masxarabozligi, hozirjavobligi bilan Chexov yana bir kulgisevar, xushchaqchaq buyuk yozuvchi Dikkensga juda o‘xshab ketadi.
Kunlardan birida Chexov artist Svobodin va boshqa do‘stlari bilan kichkina Axtirka shaharchasiga boradi. Mehmonxonaga joylashadilar. Iste’dodli, jo‘shqin tabiatli Svobodin mansabdor graf qiyofasiga kirib, butun mehmonxonani ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradi. Chexov esa malay rolini o‘z zimmasiga olib, grafning tantiq yugurdagi obrazini shunday qotirib ijro etadiki, bu o‘yinga bevosita guvoh bo‘lgan odamlar hatto oradan qirq yil o‘tgandan keyin ham zavqlanib, maroq bilan eslashar va kulgidan o‘zlarini to‘xtata olmas edilar.
Yoki u poyezdda onasi, singlisi va violonchelchi Semashko bilan ketyapti. Vagonda moskvalik mashhur shekspirshunos Storojenko ham bor edi. Yaqinginada o‘quv yurtini tamomlagan Chexovning singlisi sevimli professorga xushomad qila boshlaydi. “Masha,– deb yozadi Chexov maktubida,– butun yo‘l davomida o‘zini men bilan Semashkoga begona, notanish odamdek tutdi… Ana shu maydakashligini jazolash uchun men grafinya Kellerlarnikida oshpazlik qilganman, qanchadan-qancha marhamatli janoblarni ko‘rganman deb baland ovozda gapira boshladim, har gal biron narsa ichishdan oldin onamni duo qilib, menga Moskvadan tezroq boshqa yaxshi bir joy (xizmatkorlik – K.Ch.) topib bergin deb iltijo qilar edim. Semashko kamerdiner rolini qotirib bajardi”.
Bunday maynavozchiliklarga Chexov boshqalarni jon deb qo‘shardi. Tish doktori rolini bajarganda, ukasi Mixail ayol ko‘ylagini kiyib, mehribon hamshira qiyofasiga kirar va mijozlarni xonaga navbatma-navbat chorlab turardi, mijozlar o‘rnida babkinolik besh-olti kishi ishtirok etardi. Shu paytgacha bu kishilar o‘zlarida aktyorlik layoqati borligini xayoliga ham keltirishmagan, albatta, ammo Chexov o‘z hozirjavobligi, yoqimtoyligi bilan ularni shu darajada rom qilib olgan ediki, o‘yinga qo‘shilib ketishganini o‘zlari ham sezmay qolishardi. Mijozlar orasiga ukasi Aleksandr ham qo‘shilgach, Chexov uning og‘ziga ko‘mir maydalaydigan kattakon qisqichni solar va “jarrohlik”ni boshlab yuborardi, Sergeenkoning so‘zlariga qaraganda, tomoshabin bo‘lib o‘tirganlar kulaverib yumalab qolishardi. “Nihoyat, tomosha avj nuqtasiga chiqadi. Ilm tantana qiladi. Anton so‘kinib, “bemor”ning og‘zidan og‘rigan katta tish (po‘kak tiqin)ni sug‘urib oladi va o‘tirganlarga ko‘rsatadi”.
Bunday paytlarda bu baland bo‘yli, kelishgan, nozik, serharakat, qo‘y ko‘zlari chaqnab turgan quvnoq kishi hammani ohanrabodek o‘ziga tortib olardi… Shunday hazil o‘yinlarda u yakkaxon bo‘lishni xohlamasdi. Butun ermaklari ko‘pchilik qatnashgandagina kutilgan samarani berardi..
Hatto keksa va toliqqan qariyalarni ham bunday g‘ayritabiiy hazillarga tortishdan tiyilmas edi. Chexovning Moskvadagi xonadonida mehmonlari doirasida bo‘lib o‘tgan to‘s-to‘polonga tasodifan guvoh bo‘lgan qariya Grigorovich uzoq vaqtlargacha bu g‘alati shodiyonani unutolmay yurgan. Yoshlarning misli ko‘rilmagan beboshliklariga beixtiyor sherik bo‘lib qolgan oqsoqol yozuvchi – “Anton Goremika”ning muallifi keyinchalik kulgili bir tarzda qo‘llarini yuqori ko‘tarib: «Chexovlarnikida nimalar bo‘layotganini tasavvur ham qila olmaysiz! Vakxanaliya, chinakam vakxanaliya!”– deb xitob qilgan edi.
Uning qarindoshlari va yaqin kishilariga yozgan maktublariga ko‘z yugurtiring… Qandaydir qofiyaboz o‘z she’rida uni «veterinariya vrachi» deb ta’riflagan ekan, “bu muallifni hech qachon davolashga musharraf bo‘lgan emasman”,– deb qayd qiladi Chexov…
Xatlarida u o‘zini goho Guniyada Yanos, goh Bokl, goh graf Chernomordik, goh Povsekakiy, goh Arkadiy Garantulov, goh Don Antonio, goh akademik Toto, goh Shiller Shekspirovich Gyote kabi nomlar bilan atar edi.
Bu yerda gap faqat laqablarda emas, ularni tug‘dirgan quvnoq “vakxanaliya”lar muhim.

Sh

Chexovning shu yillardagi hikoyalarida quvnoq vakxanaliya hukmron. “Boku qa’ridan chiqayotgan neft kabi menda vodevilga mos syujetlar to‘lib-toshib yotibdi”,– deb tan olgan edi Anton Pavlovich saksoninchi yillarning oxirida.
Unda qaynab yotgan ijodiy kuchlar har qanday odamni hayratda qoldirardi. “Obrazlar quvnoq olomonga o‘xshab vujudiga yopirilib keladi,– eslaydi Vladimir Korolenko.– Go‘yo uning ko‘zidan o‘tkir zakovat va quvnoqlik quyulib turgandek tuyuladi”.
U Korolenko bilan tanishgan zahotiyoq:
– Kichik hikoyalarni qanday yozishimni bilasizmi?– deb so‘ragan edi.– Mana bunday.
U stolga qaradi va birinchi duch kelgan narsani qo‘liga oldi – bu kuldon edi, uni oldimga qo‘ydi va gapini davom ettirdi:
– Xohlasangiz – ertaga hikoya tayyor bo‘ladi… Sarlavhasi – “Kuldon”.
Shunda Korolenkoga kuldon atrofida “hali aniq shaklga kirmagan, ammo yumor bilan tirik qandaydir noaniq obrazlar, holatlar, sarguzashtlar” aylanib yurgandek tuyulgan edi.
Uning o‘sha davrlarda yozilgan sonsiz-sanoqsiz, ammo mutlaqo rang-barang hikoyalariga jo bo‘lgan qudratli iste’dod mavjlari juda erkin va yengil yozilgani hammani hayratga solardi. Ilk yoshligida, o‘n-o‘n ikki yil davomida Chexov xuddi kechayu kunduz to‘xtamasdan mahsulot chiqaradigan fabrikaga o‘xshab tinimsiz ishlagan edi, albatta, dastlabki paytlarda juda yuzaki hikoyalar yozilgandi, oradan ko‘p vaqt o‘tmay, u ana shu sur’atni bir lahza bo‘shashtirmagan holda xuddi konveyer kabi uzluksiz birin-ketin o‘nlab tengsiz mahorat bilan bitilgan nodir hikoyalar yaratdiki, boshqa yirik iste’dod egalari, aytaylik, Vasiliy Sleptsov bu asarlardan bittasini yozish uchun kam deganda yarim yillab vaqt sarflagan bo‘lardi. Chexov esa ularni hech qanday qiynalmasdan, deyarli har kuni, birin-ketin yozib bitirgan edi. “Orden” ham, “Jarrohlik”, “Yilqibop familiya”, “Albion qizi”, “Qopdagi bigiz”, “Tirik solnoma” ham, “Dorixonachi ayol”, “Ayollik baxti” va yana boshqa yuzlab hikoyalari ham yaratilganidan beri odamlarni tinimsiz kuldirib kelmoqda.
“Ilovalar ichida Chexovning ikki kitobchasini ham o‘qidim,– deb yozadi bir dehqon Maksim Gorkiyga.– Xotinim onasi bilan o‘qidi: natija bir xil – yig‘lashadi, xoxolab kulishadi. Ham kulgili, ham yurakka yaqin!”
… Yaqinda, Moskvada, tibbiyot institutining talabasi kechki navbatchilikda o‘qish uchun mendan Chexovning qaysidir bir jildini so‘rab oldi. Menga aytishicha, uni o‘qib, kechasi bilan kulaverib, hiqichoq tutib qolibdi. “Navbatchilik tugadi, uyga ketish kerak, biz esa bosh ko‘tarmay o‘qiymiz va tentaklarga o‘xshab kulamiz”,
Chexovning kulgili asarlari qanchadan-qancha jahoniy falokatlardan, uchta urushdan, uchta inqilobdan eson-omon o‘tdi. Yon-atrofimizda qancha saltanatlar tanazzulga uchradi, qancha hashamdor ismlar unutilib ketdi, qancha shuhrat qozongan kitoblar esdan chiqdi, qancha adabiy oqimlar va qoidalar o‘zgardi, ammo Chexovning bir kunda yozilgan hikoyalari hamon hech narsa bo‘lmagandek navqiron umr kechirib kelmoqda, nabiralarimiz ham ularni o‘qib, xuddi bobolari va otalari kabi yayrab xandon tashlab kulmoqdalar. To‘g‘ri, bu hikoyalarga burnini jiyirib, nafrat bilan yuqoridan qaraganlar ham bo‘ldi. Ammo ular shunchaki ermak deb hisoblagan narsalar zanglamaydigan po‘lat bo‘lib chiqdi…

IV

Rossiyadagi buyuk iste’dod sohiblarining eng baxtlilaridan biri, faqat zamondoshlarinigina emas, balki bo‘lajak millionlab avlodlarni ham mangu tirik quvnoq asarlari bilan zavqlantira olgan adib “la’nati raseyya voqeligi” tug‘dirgan mung to‘la g‘azab ichra yig‘laganda ham odamlar ustidan qudratli hukmronligini o‘rnata olgan edi.
Hatto shu yillarda hech qanday yig‘i-sig‘ini tan olmaydigan yosh Maksim Gorkiy ham bu saltanatga asir tushganini tan oladi. Chexovning “Jarlikda” hikoyasi matbuotda paydo bo‘lgandan keyin u Poltava gubernasidan maktub jo‘natadi:
“Mujiklarga “Jarlikda”ni o‘qib berdim. Bu qanday ajoyib chiqqanini bir ko‘rganingizda edi. Xoxollar yig‘lashdi, men ham qo‘shilib yig‘ladim”.
Chexovga hamdard bo‘lib yig‘laganini Gorkiy necha martalab ta’kidlagan edi.
“Kitoblaringizni o‘qib qanchalik g‘alati holatlarni boshdan kechirdim, necha martalab yig‘ladim”,–deb yozgan edi u Chexovga yo‘llagan ilk maktubida.
Yana bir necha yildan keyin:
“Yaqinda “Vanya tog‘a”ni ko‘rdim, asablarim mustahkam bo‘lsa-da, ko‘rdim-u, xuddi ayol kishiga o‘xshab yig‘ladim”.
Gorkiy “Vanya tog‘a”ni juda yoqtirardi, uni ko‘rgani bir necha marta borgan edi; dramaning o‘ttiz to‘qqizinchi qo‘yilishi munosabati bilan u Chexovga Moskvadan shunday yozadi:
“Tomoshabinlar yig‘ladi, aktyorlar ham yig‘ladi”.
Chexovga xos hasrat tuyg‘usi shu darajada kuchli ediki, hatto ellik martalab mashq qilgan mohir aktyorlar ham pesa voqealari butunlay yod bo‘lib ketganiga qaramay, o‘ttiz to‘qqizinchi marta qo‘yilganda tomoshabinlarga qo‘shilib ko‘z yoshi to‘kadilar!
O‘sha davr odamlari Chexovning hasratlariga naqadar hamdard edilar! Ular uchun naqadar go‘zal, hayotbaxsh, shoirona, yuksak edi bu tuyg‘ular! Va eng muhimi, ta’kidlayman, ular favqulodda qudratga ega edi: Har xil boshqotirg‘ich dahshatli voqealarsiz, faqat sokin va bosiq lirikaning o‘zi bilangina odamlarni shunchalik yig‘lata oladigan boshqa shoirni butun dunyo adabiyotidan topib bo‘lmaydi!..
Bir so‘z bilan aytganda u hasratni ifodalashda ham quvonch haqida yozganidek qudratli edi! Inson tuyg‘ularining bunday qarama-qarshi qutblarini tasvirlaganda yuraklar ustidan ulug‘vorlik bilan hukm yurita olardi. Loqaydlikni butun vujudi bilan yomon ko‘rmaganda u buyuk san’atkor darajasiga ko‘tarila olmas edi; faqat bir marta, to‘qsoninchi yillarning boshlarida hayotida qisqa muddatli loqaydlik mayli sezildi, u ham aslida loqaydlik emas, mayda-chuyda tashvishlardan tug‘ilgan toliqish tuyg‘usi edi, shunda xuddi tuzalmaydigan og‘ir kasalga chalingandek, o‘zidan nafratlanib ketgandi…
Hayotga muhabbat, borliqdagi barcha hodisalarni ikir-chikirlarigacha bilishga tuganmas ishtiyoq ulkan ehtirosga aylanib, har doim dilida jo‘sh urib turardi. O‘zining eng qayg‘uli qahramonlaridan biri aytganidek: “Men qisqa umrim davomida insonga xos barcha fazilatlarni egallashga tayyorman. Men gapirishni, o‘qishni, zavodda bolg‘a urishni, vaxtada turishni, yer haydashni xohlayman. Neva bo‘ylari, dalalar, dengizlar, tasavvurimga sig‘adigan butun borliq meni o‘ziga chorlaydi”,– deyishga haqli edi.
Bu shunchaki xomxayol emas, butun umr davom etgan beg‘ubor nodir hissiyot edi.
“Ochig‘ini aytsam, ko‘nglim har xil narsalarga tinimsiz talpinadi,– deb yozgan edi u 1894 yilda Suvoringa,– oxiri ko‘rinib qolyaptimi deyman… Qandaydir kuch, to‘g‘rirog‘i, oldindan his qilish tuyg‘usi meni shoshiltirayotganga o‘xshaydi…” “Yashagim keladi, qandaydir kuch meni o‘ziga tortadi. Ispaniya yoki Afrikaga ketgim keladi”.
Keyinroq, 1900 yilda, o‘lim to‘shagida yotganda, yosh yozuvchiga shunday degandi:
“Sizning o‘rningizda bo‘lib qolsam, Hindistongami, yana kim bilsin, qayoqqadir jo‘nar edim, yana ikkita fakultetni bitirgan bo‘lardim”.
Tolstoy “Insonga qancha yer kerak?” rivoyatida odam bepoyon hududlarni egallashni xohlasa ham aslida unga dafn uchun ajratiladigan uch arshin yer yetadi, deb isbotlagani ma’lum. Ammo Chexov bu shafqatsiz mulohazani katta ehtiros bilan rad etadi.
“Uch arshin tirikka emas, o‘likka kerak,– deb yozgan edi u “Malinazor”da. – Odamga uch arshin yer, chorbog‘ emas, butun yer shari, borliq tabiat kerak, toki u ana shu kengliklarda o‘zining kimligini, o‘z ruhiy erkinligini to‘la namoyon eta olsin”. Zero, «quyosh bir kunda ikki marta chiqmaydi, hayot ham ikki marta berilmaydi».
To‘rt devor ichidan chiqmaydigan, hayotni faqat Tuchkov ko‘prigidan turib kuzatadigan, mehmonxona bo‘lmasidan joy olib, o‘ng tomonidagi qo‘shni xonada qandaydir nemis ayoli kerosin o‘choqda kotlet pishirishini, chap tomonida qizlar pivo shishasini stolga taraqlatib urishini eshitib divanda yotadigan yozuvchilarni u qanchalik masxara qilgan edi. Bora-bora bu yozuvchi hamma narsaga “mebelli xonalar” nuqtai nazaridan qaraydigan va “faqat nemis ayollari, qizlar va iflos salfetkalar” haqida yozadigan bo‘lib qoladi.
Chexovning o‘zi o‘ttiz yoshida Vladivostokda, Gonkongda, Seylonda, Singapurda, Hindistonda, Arxipelagda, Istambulda bo‘lgan, bu sayohatlardan keyin hordiq chiqarib ulgurmasdan turib Venaga, Venetsiyaga, Rimga, Neapolga, Monte-Karloga, Parijga qarab yo‘l olgan edi.
“Dam olib ulgurmadim, qandaydir ko‘rinmas kuch meni yana sirli diyorlarga chorlamoqda”.
Loaqal yarim yil bir joyda turib qolsa, xatlari yangi safarlarga mushtoq orzularga to‘lib ketardi.
“Ko‘nglim kengliklar va balandliklarni qo‘msaydi”.
“Men kemada sayr etishni, umuman erkinlikni juda, juda, juda xohlayman”.
“Chamamda, bu yil ham palubani hidlamasam, chorbog‘imni yomon ko‘rib qolaman”.
Bu borada minglab rejalar tuzadi:
“Huzurimda Lev Lvovich Tolstoy bo‘ldi, Amerikaga birga borishga ahdlashdik”.
“Kovalevskiyni orziqib kutyapman, birga Afrikaga boramiz”,
“Shahzodalar oroliga, Istambulga, yana Hindiston va Saxalinga borolsam qaniydi”.
“Hozir Shimoliy Qutbga, Yangi Yer tomonlarga jon deb yo‘l olgan bo‘lardim”.
U bunday kezishlardan qanchalik rohatlanganini o‘ziga xos qaynoq ehtiros bilan bayon etgandi:
“Amur bo‘ylab minglab chaqirim suzib bordim, million manzaralarni kuzatdim… To‘g‘risi, shunchalik ko‘p boyliklarni ko‘rib, shu qadar rohat oldimki, endi o‘lim ham qo‘rqinchli tuyulmaydi”.

V

Uning tabiatga munosabati zamin “boyliklari” va “chiroyi”dan shunchaki foydalanishdangina iborat emas edi. Faqat san’atkor ko‘zi bilan qarab, manzaralardan zavq olishning o‘zi uni qanoatlantira olmasdi, u vujudida qaynab yotgan bunyodkorlik, yaratish ishtiyoqi bilan tabiatni sevar edi. Yon-atrofidagi yerlar qarovsiz qolishiga toqat qilolmas va uni gullab-yashnatish uchun shunchalik shavq bilan mehnat qilardiki, unga qarab, o‘z kitoblarida mehr bilan tasvirlangan o‘rmonchilar yoki bog‘bonlarning qiyofasini aynan ko‘rish mumkin edi. “Vanya tog‘a”dagi ko‘chat ekish ishqibozi Astrov obrazini yaratar ekan, Chexov, aslini olganda o‘z shaxsiy portretini chizgan edi.
Daraxtlarni jonidan sevgan xayolparast o‘rmonchi obrazi Chexovga nihoyatda yoqib qolganidan bir necha yil ichida bu obrazga uch marta qayta murojaat qilgandi. Dastlab Suvoringa yozilgan xatda bu o‘rmonchi bolaligida o‘z hovlisiga yosh qayin ko‘chatini ekib parvarish qilgan “manzarachi” Korovin qiyofasida paydo bo‘ladi. “Daraxt qulf urib o‘sib, shamolda chayqaladigan va yerga ozgina soya sola boshlaganda Korovinning qalbi g‘ururga to‘ldi: bitta daraxt yaratish uchun u xudoga ko‘mak bergan, yer yuzida bitta daraxt ko‘payishi uchun o‘z hissasini qo‘shgan edi!”
Keyinroq Korovin zamindor Mixail Xrushchovga aylandi. U ham o‘rmonni jon-dilidan yaxshi ko‘radi, har bir daraxtni avaylab asrash uchun yelib yuguradi, shu tufayli qo‘shnilari unga sehrgar deb laqab qo‘yishadi. Chexov bu o‘rmon himoyachisi va daraxtlar do‘sti obrazini katta bir pesaning markaziy qahramoniga aylantiradi va aynan sehrgarga o‘xshab shunday xitob qiladi: “O‘z qo‘lim bilan ekilgan ko‘chatlar o‘rmonga aylanib, guvillab turganini eshitsam… agar ming yildan keyin odamlar farovon yashasalar-u, shunga ozgina hissam qo‘shilsa, nihoyatda baxtiyor bo‘lardim”.
Bularning hammasini Chexov bemalol o‘zi haqida aytishi mumkin edi, chunki u har bir ishda bo‘lgani kabi yerga ishlov berishga mohir edi. Hali gimnaziyadaligidayoq Taganrogdagi hovlisida bir necha tup uzum ko‘kartirgandi, uning soyasida o‘tirib dam olishni juda yaxshi ko‘rardi. Vayrona bo‘lib yotgan shipshiydam Melexovoga ko‘chib borganidan keyin bu yerga ming tupdan ko‘p olcha ko‘chati ekdi, kesilib ketgan o‘rmonzor o‘rnini archa, chetan, arg‘uvon, qayrag‘och, qarag‘ay, dub va zarang daraxtlari bilan to‘ldirib tashladi. Oz fursatda Melexovo qulf urib yashnab ketdi.
Bir necha yildan keyin Qrimga kelgach, bo‘m-bo‘sh taqir maydonchani bog‘-bo‘stonga aylantirib qo‘ydi, katta ishtiyoq bilan gilos, tut, xurmo, sarv, nastarin, malina, olcha ekib, o‘zining ta’biri bilan aytganda, bog‘ni gullatib yubordi: “Qanchalik yaxshi, qanchalik rohatbaxsh va shoirona. Quvonib ketasan!”.
U albatta, o‘z xursandchiligini boshqalar bilan baham ko‘rishni yoqtirardi. Bog‘ yaratsinlar degan umidda Taganrogdagi qarindoshlariga turli o‘simliklarning urug‘ini muttasil jo‘natib turardi. Qo‘shnim ham menikidek bog‘ yaratsin deb unga ko‘chatlar sovg‘a qilishni tark etmasdi.
“Duel” asarida tekinxo‘r Layevskiyning tubanligini ko‘rsatar ekan, birinchi navbatda uni o‘z bog‘iga “loaqal bironta ko‘chat ekmagani va bironta maysani undirmagani” uchun qattiq qoralaydi…
Undagi ekish, o‘tkazish, o‘stirishga bo‘lgan ishtiyoq umri bo‘yi susaymadi. Xotinining aytishiga qaraganda, u o‘z huzurida gullarni uzgan yoki sindirgan odamlarni yoqtirmas ekan. O‘z xatlarida bog‘bonlik – eng sevimli mashg‘ulotim” deb tinimsiz ta’kidlashni yaxshi ko‘rardi. 1900 yilda Menshikovga yozgan xatida: “Agar yozuvchi bo‘lmaganimda, bog‘bonlik qilishim mumkin edi”, deb tan olgandi.
Bir yildan keyin xotiniga:
“Jonginam, hozir ham adabiyotni tashlab, bog‘bonlikka o‘tib ketsam juda yaxshi ish qilgan bo‘lardim, bu umrimni o‘n yilga uzaytirardi”, deb yozadi. U Taganrog shahridagi boshqarma boshliqlaridan biri bilan: “Meni shahar bog‘iga bog‘bon qilib ishga olmaysizmi?” – deb nihoyatda jiddiy ohangda hazillashgan edi.
Do‘stlari va qarindoshlariga o‘ta muhim narsa haqida xabar berayotgandek “sumbulgullar va lolalar yerni yorib chiqayapti”,– deb yozadi.
“Pechakgullar, chirmovuqlar, kungaboqarlar osmonga bo‘y cho‘zdi”.
“Atirgullarim biram ajoyib ochiladiki… Atirgullarimning bahosi yo‘q”.
Yaltaga ekilgan kameliya ochilgan kuni bu haqda xotiniga telegramma jo‘natishga shoshiladi.
U har bir gul, har bir jonli mavjudotdagi fazilat, alohida sifatlarni nozik his qilar edi. Ayrim gul-chechaklarni jondan sevishi, ba’zilarini esa mutlaqo yoqtirmasligi buni ochiq ko‘rsatadi. Faqat odamlarga emas, hatto gullarga ham u befarq munosabatda bo‘la olmasdi.
“Sizning olti yuz dona kartoshkagulingiz bor,– deb yozgan edi u 1884 yilda Leykinga.– Turqi sovuq, ilhom baxsh etolmaydigan shuncha gulni nima qilasiz? Bu gul zodagonlarga, to‘ralarga o‘xshab ko‘ringani bilan ichki mazmunga ega emas. Mag‘rur, ammo ko‘rimsiz boshlarini tayoq bilan urib tushirgim keladi”.
Chaman bo‘lib ochilgan olchazorlarni hamma narsadan yaxshi ko‘rardi.
O‘lim arafasida yozib bitirilgan shoirona pesasida “oppoq gulga to‘lgan”, “navqiron”, “baxti kulgan” olchazorni asosiy qahramonga aylantirishi bejiz emas.
Chexov yangi pesasiga “Olchazor” deb nom qo‘yganini quvonchdan yashnab, shodon qahqaha bilan Stanislavskiyga aytganda, Konstantin Sergeevich hayratda qolgan, ammo “qandaydir nafis, yurakdan chiqqan narsa haqida gap ketayotganini” shu zahotiyoq anglab olgan edi.
“Qora rohib”dagi bog‘ ham nihoyatda go‘zal, dilga yaqin bo‘yoqlarda chizilgan. U buyuk bog‘bon Pesotskiyning ulkan baxtini o‘zida mujassam etadi.
Chexov bu ikki asarida – pesada ham, qissada ham qahramonlar hayotida yuz bergan fojealarni ular bir umr mehr qo‘yib yaratgan bog‘ning halokatga uchrashi bilan bog‘liq holda tasvirlaydi. Bog‘bon Pesotskiy uchun bog‘ning barbod bo‘lishi o‘lim bilan teng edi.

VI

U yerni yashnatish, ko‘chat ekishdan tashqari ijodiy faoliyatga doir barcha mehnat turlariga qaynoq ehtiros bilan munosabatda bo‘lardi. Nihoyatda hayotsevar, serharakat, jo‘shqin qalbli inson bo‘lgani tufayli hayotni tasvirlash bilan birga uni qayta qurishga, bunyodkorlikka tinimsiz intilardi.
Goh Moskvada qiroatxonasi, kutubxonasi, ma’ruzaxonasi, teatri bo‘lgan Xalq uyi tashkil etish uchun yelib-yuguradi.
Goh yana shu Moskvada teri kasalliklari kasalxonasi qurish tashabbusi bilan chiqadi va bunga erishadi.
Goh Qrimda ilk biologik stantsiya qurish g‘oyasini ilgari suradi.
Goh Saxalindagi barcha maktablar uchun kitoblar yig‘a boshlaydi va ularni ko‘p miqdorda jo‘natadi.
Goh yana shu Moskva yaqinida dehqon bolalari uchun birin-ketin uchta maktab qurishga kirishadi, ayni zamonda dehqonlarga ibodatxona va o‘t o‘chirish saroyi qurib beradi. Keyinroq, Qrimga ko‘chib borgandan keyin u yerda to‘rtinchi maktabni ham bunyod etadi…
“Agar har bir odam o‘zining bir parcha yerida imkoni boricha biron narsa qurganda edi, yerimiz qanchalik gullab-yashnagan bo‘lardi!”– degan edi u Gorkiyga. Va yondaftariga shunday yozgandi: “Musulmonlar elga nafi tegsin deb quduq qazishadi, hayotimiz izsiz o‘tib ketmasligi uchun har birimizdan maktab, quduq yoki boshqa biron xotira qolsa qani edi”.
Taganrogdagi Petr Birinchi haykali Chexovning sa’y-harakati bilan o‘rnatilganini ko‘pchilik bilmaydi ham. Buning uchun u Parijda haykaltarosh Antokolskiy bilan muzokaralar olib borgan va haykalni shaharga hadya qilishga uni ko‘ndirgan, haykal tayyor bo‘lgach, Marsel porti orqali Taganrogga olib kelishga muvaffaq bo‘lgan, unga eng ko‘rimli joyni tanlagan, bu ulug‘vor obida shaharga keltirilganida hammadan ko‘ra o‘zi ko‘proq quvongan edi… Bunday ishlar Chexovning vaqtini ko‘p olib qo‘yardi. Aytaylik, u maktab qurilayotgan kezlarda shaxsan o‘zi toshtaroshlar, pechka quruvchilar, yer qazuvchilar, duradgorlar bilan birma-bir gaplashar, barcha materiallarni o‘zi sotib olar va qurilishni shaxsan o‘zi nazorat qilardi. Shu yillardagi maktublarini o‘qigan kishi uni mohir quruvchi muhandis deb o‘ylashi mumkin edi: ularda taxlangan taxtalar, ustunlar, tsement, poydevor va hokazolar haqida ko‘p martalab gap boradi. Bino havasni keltirardi: golland pechkalari o‘rnatildi, har bir o‘qituvchiga kaminli katta xonalar ajratildi. Har qanday ishdagi kabi bu qurilishga ham Chexov butun kuch-g‘ayratini ayamay sarflar va buni o‘z burchim deb bilardi. Bu ishlarga, hasadgo‘y mahalliy rahbarlar, tovlamachi quruvchilar hamda savodsiz dehqonlarning loqayd munosabatini aytmay qo‘ya qolaylik.
Qadrdon shahri Taganrogda jamoat kutubxonasi qurishga kirishganda ham ko‘pchilik yoqasini ushlab qoldi. Sababi, xilvat, chekka shaharchada shunday ish qilish mumkinligi odamlarning tushiga ham kirmagan edi. Chexov bu kutubxonaga o‘zining ikki mingtadan ko‘p noyob shaxsiy kitoblarini hadya qildi. Ularning ko‘piga dastxatlar yozilgan bo‘lib, katta ahamiyatga molik edi. Mazkur kutubxonada mashhur fan va san’at arboblari asarlarining galereyasini tashkil etdi, o‘n to‘rt yil mobaynida bu yerga muntazam ravishda o‘zi sotib olgan behisob kitoblarni yuborib turdi.
To‘qsoninchi yillarning oxirida, Nitstsadan shunday maktub yo‘llagan edi: “Kutubxonada chet el bo‘limini ochish uchun barcha frantsuz mumtoz adiblarining asarlarini sotib olib, shu kunlarda Taganrogga jo‘natdim. Jami 70 muallif, 319 jild”.
Barcha frantsuz mumtoz adiblari! Uch yuz o‘n to‘qqiz jild!
Vabo paytida qishloq shifokori sifatida bajargan ishlari-chi! Yigirma besh qishloq aholisiga yordamchilarsiz, bir o‘zi xizmat ko‘rsatishni tasavvur qiling! Hosil bitmagan yillarda och qolgan odamlarga bergan yordamlari! Aholini ro‘yxatga olish paytidagi xizmatlari! Moskva atrofidagi dehqonlarga ko‘p yillar davomida beminnat tibbiy xizmat ko‘rsatish!
Unga hamshiralik qilgan singlisi Mariya Pavlovnaning guvohlik berishicha, u: “O‘z chorbog‘ida har yili, mingtadan ko‘p bemor dehqonni bepul davolar, buning ustiga, har biriga tekin dori-darmonlar yetkazib berar edi”.
Men uning oqko‘ngilligini ta’kidlayotganim yo‘q, balki vujudi ulkan ehtirosga to‘la bo‘lgani, odamlar ahil va baxtli yashasinlar deb hayotga katta ehtiros bilan faol aralashishni yoqtirishi haqida gapirayapman.
U hali yosh yigitligida – 1888 yilda Xoroldagi taqir xutorni qarzga olmoqchi bo‘lib, Peterburgga – Pleshchevga xat yozgan edi:
“Agar omadim chopib, shu joyni sotib olsam, Xorol qirg‘og‘iga qator uychalar qurib, ularni adabiyot maskaniga aylantirgan bo‘lardim”.
Bunday maskanni u bunyod etolmadi, qanchalar orzu qilganiga qaramay, bir kechalik qulay qo‘nimgohlarni ham, bemor muallimlar uchun mevazor bog‘i, polizi, asalarilari bo‘lgan sanatoriyani ham, bu haqda Gorkiy o‘z esdaliklarida yozgan edi, qura olmadi. Shunga qaramay, u qilishga ulgurgan narsalarning o‘zi yetib ortadi. Vafotidan keyin undan butun dunyoda nom qozongan yigirma jildlik nasriy asarlar bilan birga to‘rtta qishloq maktabi, Lopasnyugacha bo‘lgan ravon yo‘l, butun bir shaharga yetarli kutubxona, Pyotr sharafiga o‘rnatilgan haykal hamda yalang yerga ekib ko‘kartirilgan o‘rmon va ikkita ajoyib mevazor bog‘ qoldi.
Chexovning nomiga yo‘llangan maktublar yetti mingtaga yaqin… Ularning ko‘pchiligida: “Chexov yuborgan pullar uchun rahmat”, “Ishga joylashishim uchun ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorman”, “Pasport olishimga ko‘maklashgani uchun minnatdorchilik bildiraman” singari dil so‘zlari yozilgan.
Boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi. Chexovning odamlarga munosabati shunday ediki, u boshqalardan juda oz narsa olar, ko‘pincha hech narsa olmas, o‘zi esa muttasil hech qanday hisob-kitobsiz hamma narsasini berib yuboraverardi.
1884 yilda talaba qiz Yumashevaga: “Siz uchun kichkina bir ish topib qo‘ydim, maoshi arzigulik bo‘lmasa ham, jilla qursa, ma’ruzalar tinglashingizga yetadi”,– deb yozgan kunidan boshlab, yigirma yil davomida, to so‘nggi nafasigacha birovlarning hojatini chiqarish uchun yelib-yugurishini tark etmadi. Agar men bularning yoniga Belousovlar, Kruglovlar, Mendelevichlar, Gurlyandovlar, Kiselevlar, Lixachevlar, Ostrovskiylar, Lazarevskiylar, Petrovlar yozgan she’rlar, romanlar, hikoyalar va qissalarni chiqarish uchun turli tahririyatlar bilan erinmay talashib-tortishganlarini ham qo‘shsam, qulog‘igacha ishga botib ketgan yolg‘iz bir odam haqida emas, balki butun ishlari a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan, barcha xodimlari va adabiy maslahatchilari ter to‘kib mehnat qilayotgan ulkan bir adabiy jamoani ko‘z oldingizga keltirgan bo‘lardingiz.
Havaskor yozuvchi Shavrova unga uch-to‘rtta emas, birvarakayiga to‘qqizta hikoyasini jo‘natadi. Tasavvur qiling: to‘qqizta hikoya! Ularni sinchiklab o‘qiydi, tahrir qiladi, tahririyatlarga tarqatib chiqadi va shundan keyin havaskor yozuvchidan iltimos qiladi:
“Yana yigirmata hikoya yozib jo‘nating. Ularni yayrab o‘qiyman”. Ijodi bamisoli “Boku qa’ridagi neft kabi qaynab-toshib yotgani” uchun u qo‘lyozmalarga loqayd baho berish bilan kifoyalanib qola olmas, yordam so‘rab murojaat qilgan har qanday muallif ijodiga o‘ziga xos shiddatli ehtiros bilan aralashar, o‘z topilmalari va timsollarini saxiylarcha ulashib ketaverardi.
Qo‘liga kimdir yozgan “Xonanda” hikoyasi tushib qoladi:
“Xonanda”ning o‘rtasini boshiga, boshini o‘rtasiga ko‘chirdim va xotimasini butunlay yangidan yozdim”.
“Gap bunday: qo‘lim qichishib turibdi, Zilbergroshning oxirini qayta ishlash uchun menga bermaysizmi?”.
Yozuvchi Lazarev-Gruzinskiy o‘zining “Eski do‘st” vodevilini unga jo‘natgan edi, Chexov dastlab uni tanqid qila boshlaydi, so‘ng sabri chidamaydi va Lazarev-Gruzinskiy uchun o‘zi yozishga kirishib ketadi. Yozuvchini bir chekkaga chiqarib qo‘yib, o‘zi mualliflikka o‘tib ketgani bayon qilingan maktubi (1889 yil 1 noyabr) saqlanib qolgan.
“Men shunday qilgan bo‘lardim,– deb yozadi u Lazarevga,– “Livorno”da qalin do‘stining xotinini ko‘rib qolgan erkak unga maslahat bera boshlaydi: “Onajonim, uni qahva bilan siylab tur, men bir daqiqaga bankka yugurib borib, qaytib kelaman”, sahnada ayol bilan Gorshkov qoladi… Qaytib kelgan er singan idishlarni va stol tagiga kirib olib, qo‘rqqanidan qaltirab o‘tirgan eski do‘stini ko‘radi. Hayratga tushgan Gorshkovning xursand bo‘lib: “Begoyim, sizdan ajoyib tragik aktyor chiqadi! Siz “Medeya”ni o‘ynashga munosibsiz!” degan so‘zlari bilan voqea tamom bo‘ladi.
Gruzinskiy uchun butun bir ko‘rinishni yozib beradi, o‘z varianti yaxshiligiga muallifni ishontirish uchun qahramonini shunday so‘zlatadi:
“Ilgarigi aktrisalar qanaqa edi! Loaqal Lepoperellovani eslang! Iste’dod, qaddi-qomat, go‘zallik, olov! Bir gal, agar yanglishmagan bo‘lsam, sening bo‘lmangga kelganimda, shunda u bilan birga yashar eding, u rol mashq qilayotgan edi…” Va hokazolar.
Asosan iste’dodi yo‘q kishilar yozgan va tinimsiz oqib kelib turadigan sonsiz-sanoqsiz qo‘lyozmalar ustida u ana shunday usulda ishlar edi. O‘zining qanchadan-qancha ijodiy quvvatini o‘zgalar uchun sarflab yuborardi.
Ba’zan Chexov siymosida mujassam bo‘lgan “adabiy agentlik”ning Parijda ham maxsus bo‘limi bor edimi, deb o‘ylab ketasan. Nega deganda, u 1898 yilda Melixovodan Ivan Shcheglovga yozgan edi:
“Frantsuzlar har yili kuzda bir pardali rus pesalarini sahnada o‘ynaydilar… Saxovatli bo‘lib, bechora Frantsiyaga shafqat ko‘rsating! O‘zingiz yozgan bir pardali pesalardan 2-3 tasini, hatto to‘rttasini tanlab olib, mana bu manzilga jo‘nating…”
Shunday taklif bilan u V.Bilibinga va P.P.Gnedichga ham murojaat qilgandi.
Umuman, bu “agentlik”ning vazifasi ko‘p edi. Masalan, u yoki bu yozuvchining kitobini sotib oling, deb turli odamlarni majbur qilardi. “Katta bilim yurti”ning inspektori bilan uchrashib, maktab kutubxonasi uchun Shcheglovning barcha asarlarini sotib olmaguncha uni hol-joniga qo‘ymagandi. Vokzaldagi kitob do‘koni yonida turganida Maslovning kitobini sotib olishga yosh bir yigitni ko‘ndirgan edi. Lazarev-Gruzinskiyning yangi kitobini Shavrovga zo‘rlab oldirgandi. Teatr bilim yurtida dars beruvchi A.P. Lenskiy notiqlik san’atining eng yaxshi namunalari jamlangan o‘quv qo‘llanmasini xarid qilishi uchun qanchalik jon koyitgan edi!

VII

Boshqalarning pesalarini ham u favqulodda ishtiyoq bilan teatrlarga taqdim etardi. Saksoninchi yillarning oxirlarida, Maliy teatr va Korsh bilan arang til topishganiga qaramay, do‘stlari – dramaturglarga deyarli rasmiy ohangda maktublar jo‘natgandi:
“Agar yozda drama yozib bitirsangiz, – degan edi ularning birida,– uni Moskvada – Maliy teatrda qo‘yilishini xohlaysizmi? Rozi bo‘lsangiz, hamma yugur-yugurlarni menga qo‘yib bering”.
Boshqasiga yozadi:
“Maslovning pesasi bormi? Men uni Korshda qo‘ygan bo‘lardim”.
Maslov pesasini teatrda qo‘ydirish uchun Korshning oldida egilib-bukilishini kutib o‘tirmaydi. Maslov biron-bir pesa yozganmi-yo‘qmi, hali bunisi noma’lum. Ammo Maslovning xohishini avvaldan biladi, hatto u yordam so‘rashni xayoliga keltirmagan bo‘lsa ham, unga do‘stona madad berishga shoshiladi.
Uchinchi maktubda uchinchi muallifga:
“Siz pesalar yozasizmi? Yozing va uni Moskvada qo‘yish vakolatini menga bering. Repetitsiyalarda qatnashish, gonorarini olib berish singari barcha ishlarni o‘zim bajaraman…”– deb murojaat qiladi.
Suvorin “Tatyana Repina”sini yozib tugatgach, haqiqatan ham pesani qo‘yish uchun unga vakolat beradi. Chexov o‘zining o‘nta pesasiga qaraganda, ana shu birovning asarini ro‘yobga chiqarishga ko‘proq kuch sarflab, yelib-yuguradi…
Keyinroq, bir necha yil o‘tib, o‘zining asarlari MXATda qo‘yila boshlagandan keyin ham, u boshqalarni teatrga yetaklab kelish odatini tark etmadi. Gorkiy MXATga atab “Meshchanlar” va “Tubanlikda”ni yozib bergani uchun rus dramaturgiyasi aynan Chexovga minnatdorchilik bildirishi lozim. “Barcha yaxshi yozuvchilarni Badiiy teatr uchun pesa yozishga ko‘ndirdim,– deb yozgan edi Chexov 1901 yilda xotiniga. – Gorkiy yozib berdi; Balmont, Leonid Andreev, Teleshov va boshqalar yozishga kirishdi. Har bir muallif hisobidan menga loaqal 1 so‘mdan maosh tayinlansa durust bo‘lardi…»

VIII

Bularning hammasi adabiyotga aloqador ishlar. Aslida uzoq va yaqin odamlarining barcha kundalik turmush tashvishlarini yechish uchun beg‘araz intilish Chexovga xos yuksak fazilat edi.
«Marhamat qilib, bironta muammongiz bo‘lsa, iymanib o‘tirmasdan menga ayting, xizmatingizga tayyorman»,– deb yozgan edi u Lintvarevaga.
Faqat undan emas, o‘nlab odamlardan surishtiradi:
“Agar xohlasangiz Sizga taklif etilayotgan mulkni bajonidil borib ko‘raman”,
“Siz uchun baliq ovlanadigan anjomlar sotib olishimga ruxsat berasizmi?”
Hatto Leykindan so‘raydi:
“Bironta topshirig‘ingiz yo‘qmi?”
“Ma’lum vaqtdan keyin,– eslaydi Sergey Shchukin,– so‘ragan narsangni unutib yuborasan, u esa qo‘qqisdan iltimosingni bajardim, falonchidan bunday javob bo‘ldi, deb qolganida esingga tushadi va uni ortiqcha tashvishda qoldirganing uchun xijolat bo‘lib yurasan”.
Suvorinning qiyin bir ishini bitirishi bilanoq yana boshqa topshirig‘ing bo‘lsa, xijolat tortmasdan aytaver, deb iltimos qiladi.
“Agar do‘zaxga borish kerak bo‘lsa, boraman. Marhamat qilib, mendan tortinib o‘tirmang”.
Hatto og‘ir paytlarda yordam so‘ragan do‘stlariga minnatdorchilik bildiradi.
“Tortinmasdan menga murojaat qilganing uchun rahmat,– deb yozadi Savelevga 1884 yilda.– Meni qiynab qo‘yaman deb o‘ylab o‘tirma… Marhamat, tortinma va sira xijolat bo‘lma…”
Ular aslo xijolat bo‘lmas va tortinib o‘tirishmasdi…
1903 yilning oxirida, bir necha oy umri qolgan, qimirlashgina emas, hatto nafas olishi ham og‘irlashgan bir sharoitda yaltalik Varvara Xarkevich undan Moskvaga soatini olib ketib, yaxshi ustaga tuzattirib berishini iltimos qiladi. Moskvaga kelgach, u buzuq soatni Kuznetskiydagi soatsozga olib boradi, usta soatni ikki hafta yurgizib sinab ko‘radi va Chexov keyingi gal xabar olganda, u hech narsaga arzimasligini ma’lum qiladi. Chexov bu haqda Varvara Xarkevichga xat yozadi va soatni sotib, yangisini xarid qilishga bajonidil tayyor ekanligini bildiradi. Ayol, albatta, bunga rozi bo‘ladi. Umri tugab borayotgan og‘ir xasta bu soatni erinmay magazinga eltadi, uni pullab, yangisini xarid qiladi. “Ajoyib soat duch kelib qoldi… Uni yuz yillik kafolati bilan eng yaxshi usta Buredan sotib oldim. U uzoq savdolashib, oxiri ko‘ndi”,– deb yozadi Chexov bu haqda…
Yaltadagi Mehribonlik uyiga keladigan bemorlarga ko‘rsatgan saxovati haqida katta kitob yozish mumkin… Silga chalingan ko‘pgina bemorlar shu kezlarda cho‘ntagida sariq chaqasi bo‘lmasa ham Odessa, Kishinyov yoki Xarkovdan Yaltada Chexov yashayotganini bilgani sababli “Chexov joylashtirib qo‘yadi. Chexov ko‘rpa-to‘shak, ovqat va dori-darmon bilan ta’minlaydi” degan ilinjda yopirilib kelaverishardi. Adib ularning qurshovidan chiqa olmasdi. U qiynalganidan ingrab yuborar, o‘zi ham og‘ir xastalik azobini cheksa-da, ertadan-kechgacha bu nochor bemorlarni joylashtirish bilan band bo‘lar, ular orasida yahudiylar bo‘lsa, Yaltada turishiga ruxsat olish uchun jonini jabborga berar edi.
To‘la asarlar to‘plamini nashriyotga sotganidan xabar topib chigirtkadek yopirilgan tilanchilardan qutula olmasdi. Puli kam edi. Yeb to‘ymas noshir uni vijdonsizlarcha chuv tushirgandi. Qolgan ushoqdek ozgina pulini o‘nlab bemorlarga ulashib chiqardi.
“Har kuni sarflanayotgan pulimning hisobi yo‘q, hisobi yo‘q,– deb yozgan edi u Olga Leonardovna Knipperga o‘sha kunlarda.– Kecha bittasi yuz so‘m so‘rab oldi, bugun biri xayrlashish uchun keldi, unga o‘n so‘m berdim, yana biriga yuz so‘m berildi, boshqasiga yuz so‘m va’da qildim, uchinchisiga ellik so‘m, hammasiga ertaga yetkazish kerak”.
“Bir yaxshi tanishim “jumagacha” deb 600 so‘m oldi. Mendan doimo jumagacha deb so‘rashadi”.
Bunday isrofgarchiligi uchun ba’zan o‘zini-o‘zi koyisa-da, imkoni bor paytda hech qachon hech kimning qo‘lini quruq qoldirmas, zero “qaytimsiz qarz berish” uning azaliy kasbiga aylanib ketgandi. Buni ko‘pchilikdan mutlaqo maxfiy tarzda amalga oshirgani uchun hatto ba’zi yaqin kishilari, jumladan Badiiy teatrning artisti Vishnevskiy uni “qizg‘anchiqlikda” ayblab yurardi!
“Xalatim yo‘q,– xabar bergan edi xotiniga.– Avvalgi xalatimni kimgadir sovg‘a qilganman, kimgaligi esa esimda yo‘q”.
Moskva yaqinidagi qishloqda yashaganida, o‘qituvchi qo‘shnisiga aytgan edi:
“O‘rdaklarim juda ko‘p. Keragidan ortiq. Ularni oling. O‘rdaksiz yashab bo‘ladimi?…”
1904 yil 2 iyunda, o‘lim to‘shagida yotgan paytida, Chexov qaysidir bir dyakonning o‘g‘li, qandaydir talabani bir universitetdan ikkinchisiga o‘tkazish tashvishiga tushib qoladi.
“Bugun,– deb yozadi u dyakonga,– katta bir janobni rektor oldiga jo‘natdim, ertaga boshqasi bilan gaplashaman. Men iyulning oxirida yoki avgustning boshlarida qaytib kelaman, shunda sizning istagingizni – u amalga oshishiga chin yurakdan tilakdoshman,– ro‘yobga chiqarish uchun qo‘limdan kelgan barcha harakatni qilaman”.
Chamasi, bu uzrli sabab bilan Chexov yordam berolmagan yagona iltimos bo‘lsa kerak. Chunki u xatda ko‘rsatilgan muddatgacha yeta olmadi, Chexov roppa-rosa bir oydan keyin vafot etdi…

IX

Rossiyada talabchan va injiq bir tanqidchi bo‘lgan edi. U uzoq yillar davomida Chexovning genial ijodiga yomon ko‘z bilan qarab, uni yaramas yozuvchi hisoblab keldi.
Hatto hozir, oradan ko‘p vaqt o‘tgandan keyin ham, uning buyuk san’atkor haqida aytgan o‘ta keskin va yovuz fikrlarini o‘qiganda xafa bo‘lib ketasan. “Latta”, “puch gap”, “bemaza”, “chaynalgan qozonsochiq”, “sirkali shirach”, “katta yolg‘on” – Chexovning deyarli har bir yangi asariga u beradigan odatdagi baholar ana shu qabilda bo‘lardi.
Chexovning “Ivanov” pesasi hali matbuot yuzini ko‘rmasdan turib, uni “Masxarabozov”, “yaramas qo‘shiqcha” deb hisoblagan edi. Hatto Rossiyaning cheksiz-chegarasiz kengliklari haqida Gogoldan keyin bitilgan va jahon adabiyotida tengi yo‘q lirik madhiya – “Cho‘l”ni ham u “bema’ni ermak” deb atagandi, Chexovning ilk durdonalari bo‘lmish “Yovuz niyatli kishi”, “Sud arafasidagi tun”, “Tez yordam”, “San’at asari” kabi butun dunyoga mashhur hikoyalarni ham u masxaromuz ohangda “yomon va yaramas”ga chiqargan edi. “Erksiz o‘yinchi” haqida esa “soxta pesacha, almisoqdan qolgan maza-matrasiz hazil” deb yozgan edi. “Ko‘ngil izhori”ni “o‘taketgan ahmoqona pesa” deb atagandi.
Qizig‘i shundaki, Chexovning butun ijodini chiqitga chiqarayozgan qattiqqo‘l, mudom tirnoq ostidan kir izlaydigan bu tanqidchi Anton Pavlovich Chexovning o‘zi edi. U o‘zi yozgan pesalarini “qo‘shiqcha”lar deb, hikoyalarini “latta” va “puch gap” deb baholashdan hayiqmasdi.
Bizga uning qarindoshlariga, do‘stlari va tanishlariga yo‘llagan to‘rt yarim mingga yaqin xatlari yetib kelgan, ibratli jihati shuki, ularning birontasida o‘z yozganlarini ijod namunasi deb hisoblagan emas. U adabiy xizmatlarini dabdabali va balandparvoz baholarga munosib ko‘rmas edi. Bir yozuvchi ayol uni mag‘rur san’atkor deb ataganda, darhol bu yuksak unvonni rad etishga shoshilgandi:
“Nega siz meni mag‘rur san’atkor deb atadingiz? Faqat kurkalargina mag‘rur bo‘ladi”.
U deyarli hamma xatlarida, ayniqsa adabiy faoliyatining dastlabki o‘n yili davomida, yuksak saviyada yozilgan hikoyalarini badiiyatga aloqasi yo‘q deb hisoblagan va ularni kamsitib, haqoratomuz ohangda gapirishdan to‘xtamas edi:
“Bir bemaza zerikarli va yaramasgina vodevilchani… qoralab bitirdim”, “Achimsiq bir narsani qoralashga harakat qilyapman”, “Yomondan yomon hikoyani tirnab o‘tirgan paytimda xatingizni oldim”, “Qissa to‘qiy boshladim”, “Bir ilojini qilib, ikkita hikoyani boplab qo‘ydim”, “Betamiz komediyani uloqtirib yubordim”.
Adabiy faoliyatidagi qudratli va murakkab jarayonlar haqida gapirganda, barcha darsliklardan joy olgan “Zerikarli voqea”, “Bahs” yoki ”Vanka” tilga olinadimi yoxud chinakam tolstoychasiga yozilgan “Ziyofat” ko‘zda tutiladimi, bundan qat’i nazar, u yuqoridagi iboralarni astoydil ishlatadi.
Keyinchalik u bunday qo‘pol so‘zlarni ishlatmaydigan bo‘ldi, ammo o‘z ijodini qattiqqo‘llik bilan tergashda davom etdi.
“Pesani yozib bitirdim. U “Chag‘alay” deb ataladi. Ko‘ngildagidek chiqmadi. Ochig‘ini aytganda, men dramaturg deyishga arzimayman”.
“Zerikarli narsa,– deb yozadi u o‘zining “Chiroqlar” hikoyasi haqida,– safsatabozlik ko‘payib ketgan…” “Yozganimni o‘qiganimda ko‘nglim aynab ketadi. Toqat qilib bo‘lmaydi!”
Saksoninchi yillarning oxirlarida o‘ziga tengdosh barcha yozuvchilar orasida birinchi o‘ringa chiqqaniga qaramay, xatlarida “rus nasrida men o‘ttiz yettinchi, rus san’atida esa umuman, to‘qson sakkizinchi qatorda turaman” deb tinimsiz ta’kidlar edi. Ammo tabiiyki, bu raqam ham o‘z-o‘zini maqtashdek tuyulgan shekilli, ayni shu kezlarda Taganrogdagi qarindoshiga yozgan maktubida o‘ziga nihoyatda kamtarona baho beradi. Unda bastakor Chaykovskiy haqida gapirar ekan: “U mashhurlik jihatidan “Piter va Moskvada ikkinchi o‘rinda turadi,– deb yozadi Chexov.– Birinchilik Lev Tolstoyda, men esa 877 qatorda turaman”.
… U o‘zining adabiy faoliyati qanchalik og‘ir zahmatlar ichida kechayotganini o‘zgalar bilishini aslo xohlamasdi. Favqulodda ulkan kuch bilan mehnat qilar va ahyon-ahyondagina eng yaqin odamlariga nihoyatda qiynalib yozishi haqida gapirib qolar edi.
“Qissa yozayapman, kecha-kunduz u bilan bandman, ko‘p ter to‘kdim, zo‘riqqanimdan telba bo‘layozdim… Yozaverganimdan tirsaklarim og‘rib, ko‘z o‘ngimda kim bilsin, allaqanday narsalar aylana boshladi”. Bunday e’tiroflar juda oz, ammo u o‘zining o‘taketgan yalqovligi haqida jar solib, tinimsiz gapirar edi: “Genial dangasaman…”, “Misli yo‘q yalqovlik…” “Yozuvchilar ichidagi eng yalqovi men bo‘laman” “Tomirlarimda xoxollarga xos yalqovlik qoni oqadi…”, “Odatdagidek dangasaman…”, “Kunlarni bayramona o‘tkazyapman… Men xoxolman, dangasaman. Yalqovlik menga sharob kabi kayf beradi…”, “Butun tuyg‘ularim ustidan xoxollarga xos yalqovlik hukmronlik qiladi…”
“Imkondan tashqari” og‘ir mehnati haqida o‘zgalar xabar topmasligi uchun o‘z xatlarida kam nasib etadigan hordiq chog‘larini odatdagi doimiy xushchaqchaqlik sifatida ta’riflar edi.
1888 yilda “Qorong‘ilikda” to‘plami uchun Fanlar akademiyasining Pushkin nomidagi mukofotiga sazovor bo‘lgandan keyin yozgan bir xatida:
“Bu, chamasi, qisqichbaqa ovlaganim uchun berildi”,–deb qayd etadi.
Albatta, nihoyasi yo‘q bunday biqiqlik boshqalarni o‘z ma’naviy olamiga kiritishni xohlamaganligi bilan izohlangani ma’qul. “Yonimda mening samimiyatimga muhtoj yoki shunga munosib odamlar yo‘q”,– deb ochiqchasiga tan oladi navbatdagi bir maktubida. Azaldan atrofini qurshagan kishilar orasiga singib ketish odati ijodkor sifatida shaxsiyatiga, adabiy izlanishlariga, rejalariga ham to‘la ko‘chib o‘tgani uchun u yuqoridagidek hazil-huzillar vositasida o‘zgalarni o‘z shaxsiy dunyosiga yaqinlashtirmaslikka intilar edi. Asarlari haqidagi beo‘xshov hazillari, kinoyalari begonalar ma’naviy olamiga aralashmasligi uchun qalqon vazifasini bajarardi.
Ammo bularning hammasi faqat chinakam ijodkorlardagina bo‘ladigan “muqaddas qoniqmaslik” tuyg‘usi bilan bog‘liq.
Ana shunday qoniqmaslik 1887– 1889 yillarda katta shon-shuhratga erishganini ilk marta his qilgan chog‘ida butun kuchi bilan namoyon bo‘lgan edi.
Hech kutilmaganda katta shon-shuhratga erishdi. Kechagina u kichik matbuotning Popudoglo, Bilibin, Lazarev, “Emiliy Punov”, Kicheev va boshqa uchinchi darajali yozuvchilari orasida ko‘zga ko‘rinib-ko‘rinmay yurgan edi. Ammo shu davrda Peterburgda dastlab bitta-ikkita, keyinroq butun boshli adabiyot bilimdonlari va zarshunoslari uning ijodiy zakovati haqida zavq bilan gapira boshladilar, nihoyat u Peterburgga kelgan chog‘da, hech kutilmaganda, uni shunchalik quvonch bilan kutib oladilarki, keyinchalik o‘zi bu haqda “maqtov eshitaverib ikki oygacha boshim aylanib yurdim”,– deb tan olgan edi.
“Yaqinda Piterdan keldim. U yerda shuhrat ichida cho‘milib, xushomad so‘zlaridan mast bo‘ldim”.
“Peterburgda eng mashhur yozuvchiga aylandim”,– deb xabar beradi u qarindoshlariga.
Bu xushyoqar so‘zlar unga yorqin istiqbol va’da etishdan tashqari, eng muhimi, bolaligidan beri ezib kelgan og‘ir muhtojlik yukidan ham xalos qilardi. Talabalik davridan boshlab singlisi va ukasini, otasi va onasini boqish zimmasiga tushgan edi, mana nihoyat, birinchi marta erkin nafas olib, o‘n yillarga cho‘zilgan erksiz majburiyatdan qutulgandi.
Bundan tashqari, kutilmagan shuhrat uni eng atoqli rus ziyolilarining noyob davrasiga olib kirdiki, buni “Sverchka” yoki “Budilnik”dagi safdoshlari tasavvur ham qila olmasdi. Endi uni qandaydir Kicheev, Lazarevlar emas, Grigorovich, Vladimir Korolenko, Terpigorev, Sergey Maksimov, Leskov, Yakov Polonskiy, Pleshcheev, genial Chaykovskiy o‘z davrasida qadrdon do‘st sifatida kutib oladigan bo‘ldilar.
“Cho‘l” qissasi qo‘lyozmasini endigina o‘qib chiqqan Pleshcheev unga shunday yozadi:
“Bu shunday mo‘jiza, shunday go‘zal she’riyatki, sizga bundan ortiq hech narsa deya olmayman va telbalarcha xursand bo‘lganimni aytishdan boshqa bironta e’tiroz bildirishga qodir emasman. Ko‘pdan beri bunchalik huzurlanib biron narsa o‘qimagan edim… Garshin o‘qib esidan ketayozdi… Boborikin sizdan nihoyatda xursand, sizni hozirgi yozuvchilar ichida eng iste’dodlisi deb hisoblaydi”.
“Sizning otashin muxlisingizman”, – deb maktub yo‘llaydi unga Petr Chaykovskiy.
Polonskiy unga: “Anton Pavlovich Chexovga iste’dodining muxlisidan”,– degan dastxat bilan kitobini taqdim etadi.
Ba’zi jurnal tanqidchilari bir yozuvchini Chexov bilan yonma-yon qo‘ymoqchi bo‘ladilar, ammo Grigorovich bunga:
«U Chexovni chaqqan burganing oyog‘ini o‘pishga ham arzimaydi!” – deb keskin e’tiroz bildiradi.
Omadi kulgan ana shu baxtiyor kunlarda Chexovning iste’dodi favqulodda ko‘lam kasb etib, gullab-yashnadi. Shu davrga xos qaynoq muammolarni ko‘targan va poytaxt teatrida zo‘r muvaffaqiyat bilan sahnalashtirilgan “Ivanov” dramasidan keyin siyosiy tuzumning gunohsiz qurbonlari oldidagi shaxsiy aybdorlik tuyg‘usi Garshinga xos iztirob bilan tahlil etilgan “Tutqanoq” hikoyasini, so‘ng “Zerikarli tarix”ni e’lon qiladi. Hatto Chexov ijodi mohiyatini to‘la anglay olmagan va har doim raqobat ko‘zi bilan qarab kelgan Mixaylovskiy bu asar haqida maqola yozib, uni shu paytgacha Chexov yozgan narsalar ichida “eng yaxshisi va eng yorqini “ deb atagan edi.
Ayni shu kezlarda “Qorong‘ilikda” kitobining birinchi nashri bosmadan chiqadi. “Menga aytishlaricha,– deb yozadi Piterdan Pleshcheev,– kitobingiz g‘aroyib hodisaga aylandi, uning nusxalarini chop etib ulgurisholmayapti”.
Do‘stlari va hasadgo‘ylar bu muvaffaqiyatni ko‘rib, uni Potyomkin deb atay boshladilar. “Omadi kulgan darbadar” deb takrorlardi u o‘zi haqida.
1889 yilda poytaxtda rassom Semiradskiy asarlarining ko‘rgazmasi ochilgan va u chizgan yalang‘och sohibjamol Frina surati katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.
“Piterda hozir ikkita qahramon paydo bo‘ldi,– yozadi Chexov,– Semiradskiyning yalang‘och Frinasi va to‘kis kiyingan men”.
Ammo muxlislari shunchalik ulug‘lashlariga qaramay (ulardan biri uni barcha yozuvchilar orasidagi fil deb atagan edi), u hamma yuksak baholayotgan ijodiga nisbatan shafqatsiz munosabatini zarracha o‘zgartirmadi. 1889 yilning oxirida, adabiy faoliyatining eng baxtiyor kunlarida, ijodini sarhisob qilar ekan, ochiq xatlaridan birida asarlarida juda ko‘p xatolarga va nojo‘yaliklarga yo‘l qo‘ygani, qancha qog‘ozlarni isrof qilgani, akademiklik mukofoti, Potyomkincha yashash tarzi o‘z yo‘liga, ammo jiddiy adabiy qimmatga ega bir satr ham durust narsa yozolmagani haqida gapiradi. “Uzoq bir joyga yashirinib olib, besh yil qattiq ter to‘kib ishlashim kerak. Ko‘p o‘rganishim, hammasini boshidan qayta o‘rganishim lozim, chunki men mutlaqo savodsiz adabiyotchiman”.
Boshqa xatida bundan ham keskin fikr yuritadi:
“Qilayotgan ishlarim hech narsaga arzimasligini o‘ylab, o‘zimdan qanoat hosil qilolmayman… Tuyg‘ularim vaqtni behuda sarflayotganimni aytib turibdi”.
Yana bir xatidan ko‘chirma:
“Yo‘q, biz zarur narsalar haqida yozolmayapmiz!”
“Shunday bo‘ladiki, o‘zimdan o‘zim tushkunlikka tushib ketaman. Kimga va nimaga yozayapman? Xalq uchunmi? Bu xalq uchun men kerakmanmi yoki yo‘qmi – tushuna olmayman”.
“Chexovni o‘qish me’damga tegib ketdi”.
“Muvaffaqiyat qozonganim… o‘zimga yoqmaydi, qoralaganlarim bemazaligidan xafa bo‘lib ketaman, yaxshi narsalar esa omborlarda latta-puttalardek qalashib yotibdi”.
Bu “omadi kulgan” ijodkor eng yuksak shuhratga erishgan chog‘larida o‘zining u yoki bu adabiy asaridan ham, ularning butun g‘oyaviy yo‘nalishidan ham qoniqmaslik azobini tortib yashadi. Dastlabki muvaffaqiyatni qo‘lga kiritishi bilanoq u uzlatga, noma’lum joylarga chekinishni, u yerlarda besh yil qora mehnat bilan band bo‘lib, odamlarga foydasi tegadigan biron narsa yaratishni xohlab qoldi. Ayni shu kezlarda u “zamonaviy belletristika hech kimga kerak emas” deb qayd etadi. Boshqa bir o‘rinda fikrini shunday oydinlashtiradi: hatto uning eng yaxshi namunalari ham “shilliqqurt va eshakqurtlarni ko‘paytirish uchun shaytonga ko‘mak beradi”.
U ana shu yillarda o‘z davridagi rus hayoti manzaralarini tasvirlash uchun butun qalb qo‘rini belletristikaga bag‘ishlagan edi, ammo bu ham ko‘ziga “bachkana”, “keraksiz”, “ahmoqona” narsa bo‘lib ko‘rinadi. Nihoyat, mana shu “telbalik”dan qutulishga qaror qiladi:
“Me’damga tegib ketgan adabiy mehnatdan boshqa hamma ishni jon deb bajaraman”.
Usta san’atkorning o‘z sevgan mashg‘ulotidan voz kechib, uni inkor etishi, chamasi faqat ruslarga, buning ustiga faqat buyuk iste’dodlarga xos xususiyat bo‘lsak kerak. Gogol yoki Tolstoy singari qudratli shaxslarning ayni ijod cho‘qqisiga ko‘tarilib, shon-shuhratga ko‘milgan pallada o‘zi yaratgan buyuk javohirlardan nafrat bilan yuz o‘girishi va ularni hech narsaga arzimaydi deb e’lon qilishi, odamlarga nafi ko‘proq tegadigan boshqa ish bilan shug‘ullanaman deb san’atni inkor etishi boshqa biron mamlakatda ko‘ringan emas.
Mana endi shunday holat, uzoq davom etmasa-da, Chexovda ham yuz berdi. Faqat u Gogol bilan Tolstoyga o‘xshab bu haqda namoyishkorona tarzda butun Rossiyaga, qolaversa, butun dunyoga jar solib o‘tirmadi, Chexovga xos biqiqlik, o‘z tuyg‘ularini birovga bildirmaslik odatiga muvofiq jimgina, shov-shuvsiz, darang-durung qilmasdan belletristikani tark etmoqchi bo‘ldi.
Balki belletristikaning keraksizligi haqidagi bunday achchiq mulohazalar san’atkorda tez-tez bo‘lib turadigan va bir necha daqiqa ichida o‘tib ketadigan o‘z kuchiga ishonmaslik, mahoratidan qoniqmaslik, umidsizlik tufayli tug‘ilganmikin?..
Yo‘q, bu uzoq davom etgan, teran ildizga ega tuyg‘u edi. Shunday bo‘lmaganda, Chexov zamonasida aytilganidek, “ahmoqona harakat”, bugungi ibora bilan ta’riflanganda fidokorona jasoratga jur’at etmagan bo‘lardi. Men bu o‘rinda uning katorgaga yuborilgan mahbuslar turmushini o‘rganish uchun Saxalin oroliga qilgan safarini nazarda tutmoqdaman.

X

Chexov haqida yozilgan har xil asarlarning mualliflari odatda biri ikkinchisidan qolishmay, u 1890 yilda bunday xavfli va toliqtiruvchi yo‘lga nima uchun otlangani sababi tushunarli emasligini ko‘p ta’kidlaydilar.
Holbuki, o‘zidan hamda yozgan asarlari, erishgan muvaffaqiyatlaridan qoniqmaslik tuyg‘usi ana shu paytlarda uning butun vujudini egallab olganini eslash kifoya. Aynan mana shu mashaqqatli, xavfli, toliqtiruvchi safarga bel bog‘lab ezgulik yo‘lida xizmat qilish niyati har jihatdan ishi yurishib, asarlari sevib o‘qilayotgan muallifni olis yo‘lga chorlagan edi.
Keyinchalik singlisi Mariya Pavlovnaning guvohlik berishicha, shu yillarda Saxalin oroliga surgun qilingan mahbuslar og‘ir ahvolda yashayotgani haqida ko‘p gap-so‘zlar bo‘lib turar edi. Ko‘pchilik g‘azablanganini aytish, hasrat chekishdan nariga o‘tmas va tabiiyki, ularning hech qanday nafi tegmas edi… Odamlar surgunda azob chekayotganidan xabar topgan Anton Pavlovich xotirjam o‘tirishi mumkin emasdi. Shuning uchun og‘ir safarga azm qilgandi.
Hayotni tasvirlash bilangina cheklanish uning tabiatiga yot edi, u hayotni tubdan o‘zgartirishni xohlardi. O‘zini ayash nimaligini bilmaydigan bu odam ana shu qaltis pallada ham oddiy dil amrini bajardi. Boshqa ko‘pgina yozuvchilar shuhrat qozonib, turmush bo‘yinturug‘idan xalos bo‘lgach, Parij yoki Rimda sayru tamosho qilishni qo‘msab qolishardi, Chexov esa buning o‘rniga og‘ir katorga mehnatini bo‘yniga oldi…
Saxalin sayohatiga u uzoq muddat tayyorgarlik ko‘rdi, bu la’nati orol haqida kutubxonalardagi barcha ilmiy asarlardan tashqari, gazeta, jurnallarda chop etilgan maqolalaru, xabarlargacha sinchiklab o‘rganib chiqdi. Saxalinning o‘simlik va hayvonot dunyosi, tarixi, etnografiyasiga doir materiallarni hamda oroldagi turmalar tarixi bilan batafsil tanishdi, chunki u rus katorgasiga qarshi vazni yengil oddiy publitsist emas, balki har jihatdan puxta bilimdon olim sifatida kurashishga bel bog‘lagan edi.
U o‘z xatlarida bahor toshqinlarida aravada yurib qiynalganlari, piymasi ivib ketgani, otlarga madad bo‘lsin deb ana shu ho‘l piymada ko‘p martalab suvga sakrab tushganlari haqida kuyunib yozadi. Bu xatlarni o‘qish juda og‘ir. “Daryoda suzib ketyapman, yomg‘ir savalaydi, shamol ko‘z ochirmaydi, yuklar ivib ketdi, piymam yana muzlab qoldi”. Buning ustiga aravaning taqir-tuqiriga o‘rganmaganidan uyqusizlik azobidan qiynalishlar.
Bularning hammasiga qaramasdan, u faqat olg‘a, olg‘a intiladi; albatta, navbatdagi bir bekatda tanishlaridan biriga: “Sayohat nihoyatda ko‘ngilli o‘tmoqda… Hammaga ham shunday kezishlar nasib etsin”,– deb maktub yo‘llamasa, u Chexov bo‘la olmas edi.
Bu o‘rinda ham boshidan o‘tayotgan azoblar va jasoratlarni boshqalarga bildirmaslik istagi hukmron. Haqiqatan ham ana shu sayohat katta jasorat namunasi edi.

XI

U Saxalinga qaysidir tashkilot yoki mashhur badavlat gazetaning yo‘llanmasi bilan emas, balki o‘z shaxsiy hisobidan, hech qanday tavsiyanomasiz, biron-bir imtiyozga ega bo‘lmagan oddiy bir fuqaro sifatida yo‘lga chiqqan edi. U yomg‘irda ivib, o‘nqir-cho‘nqir so‘qmoqlarda tizzadan suv kechib bir necha chaqirim yo‘l bosib, qandaydir bir general bilan xilvat hujrada tunab qolsa, generalga issiq joy solib, ko‘rpa-to‘shak berishar, u darhol ho‘l ichki kiyimlarini almashtirib olardi, Chexov esa jiqqa ho‘l kiyimlari bilan polda yotishga majbur edi!
Saxalinda bo‘lgan oylarida shunchalik ko‘p ishlarni zimmasiga yuklab olganidan mahbuslar emas, u ko‘proq ixtiyoriy mahbusga aylanib qoldi.
Bo‘lajak kitobiga material to‘plar ekan, aql bovar qilmaydigan og‘ir ishga qo‘l urdi – Gretsiyaga qaraganda ikki marta katta bo‘lgan orol aholisini ro‘yxatga olib chiqdi. Butun bir jamoa zo‘rg‘a uddalaydigan bu ulkan vazifani uyma-uy yurib, bir turma kamerasidan ikkinchisiga o‘tib, hech qanday yordamchisiz yolg‘iz o‘zi bajardi.
Qamoqxona orolga qilingan mazkur safar tufayli sog‘lig‘ini butkul yo‘qotdi. Buning ustiga qaytayotgan vaqtida shamollab qoldi va avvalgidan ko‘proq yo‘taladigan bo‘ldi. Ayni shu damlarda unda sil kasali boshlangan, agar jiddiy davolansa tuzalib ketadigan ahvolda edi. Buning o‘rniga u bir necha oy davom etgan o‘ta og‘ir mashaqqatga o‘zini urdi, bu esa, o‘z navbatida jiddiy asoratlarga olib keldi va yozuvchining bevaqt o‘limini tezlashtirdi.
Ustiga ustak, mazkur safar uni butunlay xonavayron qildi, yo‘lda bor pulini sarflab bitirdi (ba’zi kirakashlarga ikki-uch baravar haq to‘lashga to‘g‘ri keldi, yo‘lda duch kelgan tasodifiy noinsof, hamrohlar bo‘lsa uni to‘nab ketishdi) va yana qaytadan muhtojlik kunlari boshiga tushdi. Hatto sayohatdan to‘rt yil o‘tgach, u shunday yozgandi:
“Sayohatga va ishlarimni bitirishga sarflagan behisob pul va vaqtlarimning o‘rnini o‘n yilda ham to‘ldira olmayman”.
Yana keyinroq, tasodifan xilvat bir go‘shada chidab bo‘lmaydigan o‘limtik sharoitga tushib qolgan vaqtida Gorkiyga maktub yo‘llab kechikkan dil armonlarini bayon qiladi:
“O, bu juda dahshatli, xuddi mening Sibirga qilgan sayohatimga o‘xshaydi!”.

XII

Kim bilan kurashdi qilmasdan shafqat?
Faqat o‘zi bilan, o‘zi bilan faqat.
B.Pasternak

Chexov bilan qay bir tarzda uchrashgan kishilarning deyarli hammasi o‘z xotiralarida undagi teran xalqchil fazilatlarni alohida ta’kidlab ko‘rsatganlar: u o‘zini ulug‘lashni va takabburlikni aslo yoqtirmas edi. Ayni zamonda u butun mamlakat izzat-ikrom ko‘rsatib turgan paytda o‘ziga nasib etgan yuksak shon-shuhratni sezmasligi ham mumkin emasdi.
Sirasini aytganda, shuhratini sezmasdi deyish kamlik qiladi. Aksincha, unga qarshi kurashardi, uni turmush tarzidan chiqarib tashlagandi; mutlaqo oddiy, kamsuqum odam sifatida yashash huquqi uchun, kerak bo‘lsa, janjallashishga ham tayyor edi.
Bamisoli ko‘zga tashlanmay yurishni, xizmatlarini hech qachon, hech kimga pisanda qilmaslikni o‘ziga dasturulamal qilib olganga o‘xshardi: «Men haqimda yozishganda noqulay ahvolga tushib qolaman», deb ochiq tan olgandi.
Iste’dodi o‘zi bilan o‘zgalarni ajratib turadigan to‘siqqa aylanishini aslo xohlamas va hech qanday imtiyozga intilmas edi. Bilimdonlik qilib birovga aql o‘rgatishga, kekkayishga yo‘l qo‘ymasdi. «O‘zim haqimdagi narsalarni o‘qish, ayniqsa matbuot uchun biron narsa yozib berish men uchun chinakamiga azobdan iborat» deb ming martalab e’tirof etgandi.
To‘qsoninchi yillarda «Hafta» gazetasi tahririyati undan tarjimai holiga doir ayrim ma’lumotlarni so‘raganda muharrirga dangal javob bergandi: «Bu meni o‘tmas pichoq bilan bo‘g‘izlashgandek gap. O‘zim haqimda hech narsa yoza olmayman».
«Umumjahon illyustratsiyasi» (Peterburgdagi jurnal) uni «yuksak iste’dodli yozuvchi» deb atab, bu iborani peshlavhaga chiqarganda qattiq achchiqlangan edi. Chexov muharrirga maktub yo‘llab, bunday sifatlashdan noroziligini bildirgan va yozuvchi uchun beriladigan eng yuqori baho kamtarlik deb ta’kidlagandi.
To‘la asarlar to‘plami nashrga tayyorlanganda, noshirga maxsus murojaat etib, suratini ham, tarjimai holini ham chop etmasliklarini iltimos qilgan va so‘zini o‘tkazgandi…
«Parijda mashhur skulptor Bernshtam haykalimni ishlamoqchi bo‘ldi, – 1899 yilda Iordanovaga xabar beradi u, – men bunga ko‘nmadim». 1901 yilda xotiniga yozadi: «S.A.Tolstaya Tolstoy bilan birga suratga tushirdi. Uni senga yuboraman, ammo undan nusxa ko‘chirish uchun hech kimga ruxsat bera ko‘rma, xudo saqlasin».
Ko‘pchilik bilan tushgan suratlariga razm solsangiz, ikki-uchta istisnodan tashqari u har doim orqa tomonda, soyada, nari borsa yon tarafda turganini ko‘rasiz. Qandaydir guruhlar orasida birinchi shaxs sifatida o‘rtada turishga, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishga sira toqati yo‘q edi. Yoshlik yillarida ko‘ngli bo‘sh ukasi uchun yozib bergan qoidaga o‘zi ham bir umr qat’iy amal qilib yashadi:
«Chinakam iste’dod egasi har doim odamlar orasida bo‘ladi, o‘zini namoyish qilmaydi».
V.I.Nemirovich–Danchenko xotiralarida qayd etishicha, u «o‘z asarlari haqida gapirishni yoqtirmasdi. Boshqa mavzuda gaplashaylik. Topgan narsangizni qarang!.. Iste’dodi haqidagi maqtov so‘zlarga toqat qilolmasdi». Bu holat maktublarida ham ochiq ko‘rinib turadi, u o‘zgalarning ijodi haqida ko‘p gapiradi, ammo o‘zinikini tilga olmaydi ham.
Agar yosh yozuvchilar Chexovning tarjimai holini mukammal o‘rganib, uni o‘zlari uchun namuna qilib olsalar yomon bo‘lmasdi, chunki u bosib o‘tgan yo‘l har qanday ijodkor uchun kamtarlik darsligi bo‘la oladi.
1900 yilning yanvarida Fanlar akademiyasi uni faxriy a’zolikka saylaydi. O‘sha davr yozuvchilari uchun bu eng yuksak unvon edi. Ammo bu sharafga ham u e’tiborsiz qaraydi. Faqat bir marta hazillashib uyiga yozgan xatiga «Akademik Toto» deb imzo chekkan va bu yuksak unvonni xotinining pasportiga yozib yuborishga sal qolgan edi.
«Avval seni faxriy akademikning xotiniga aylantirmoqchi bo‘ldim, so‘ng o‘ylab-o‘ylab shifokorning xotini bo‘lganing ma’qul degan to‘xtamga keldim».
Shifokor – ko‘zga tashlanmaydigan, o‘rtamiyona unvon bo‘lgani uchun ham u bu kasbni hech narsa bilan almashtirishni xohlamas edi. «Yozuvchini avvaldan tanimagan odamlar uni suhbatdoshlari orasida deyarli sezmay qolardi», – deb guvohlik beradi ruhoniy S.Shchukin. «Qandaydir davralarda uni boshqalardan ajratish qiyin edi», deb eslaydi Suvorin u haqda yozgan ta’ziyanomasida. Holbuki, Chexov saksoninchi yillarda unga:
«Bizda hech kim oddiy odamlarni yoqtirmaydi… Bu juda yaramas hodisa», – deb shikoyat qilgan edi. Olomon orasida, «oddiy odamlar davrasida» ko‘zga tashlanmaslik uchun astoydil harakat qilgan boshqa bironta mashhur yozuvchi bormikin dunyoda? U biron marta ham sahnada yoki do‘stlar davrasida o‘z asarlarini o‘qib bergan emasdi. Spektakllarga borganda ham doim teatrning eng orqa o‘rinlarida o‘tirar edi.
Minglab kitoblarini taqdim qilgandan keyin kutubxona xodimlariga: «Marhamat qilib, meni kutubxonaga dahldor ekanimni hech kimga bildirmaysizlar», – deb shart qo‘ygan edi.
Ana shu kutubxona foto suratini so‘ragan paytda u Alfons Dodening suratini yuboraman deb va’da qilgandi. Stanislavskiy, «Olchazor»ning repetetsiyasi paytida Chexov rejissyor stoli yonida o‘tirishga rozi bo‘lmasdan, tomosha zalida, oxirgi qatorlardan biridan joy olganini va ko‘pchilik uni pesa muallifi ekanini hatto sezmay qolganini aytgan edi. Buni ko‘pchilik yaxshi biladi.
Qandaydir bir jurnal yaqin xodimlarini sanab, uning nomini yirik harflarda e’lon qilganda ham u nihoyatda darg‘azab bo‘lgani ma’lum…
U hamma tomonidan e’tirof etilib, «Arxiyerey» va «Kelin»ni yozgan paytlarida ham hatto eng yaqin kishilariga ijodga aloqador ishlari va rejalari haqida gapirgan emas.
«Azizim» – deb yozadi u xotiniga, – bularning hammasi shunchalik jonimga tegib ketdi, chamasi bulardan sen ham, boshqalar ham allaqachon bezor bo‘lgansizlar, faqat sen azbaroyi mulozamat yuzasidangina bular haqida gapirasan…»
«Senga hozir yozayotgan hikoyalarim haqida hech narsa aytmayman, sababi ularda biron yangilik yoki qiziqarli narsaning o‘zi yo‘q. Yozasan, qayta o‘qiysan, ko‘rasanki, hammasi aytilgan, almisoqdan qolgan, nihoyatda eski gaplar». Hamma yerda va har doim o‘zining shuhrati, ustunligi boshqalarning hamiyatiga tegmasin deb harakat qilish uning asosiy tashvishiga aylangandi. Vladimir Alekseevich Tixonov degan iste’dodi o‘ziga yarasha yozuvchi bilan tanishligi bor edi. Ular qiyoslansa, Chexovni Elbrus cho‘qqisiga, uni esa chog‘roqqina tepalikka o‘xshatsa bo‘ladi. Shunga qaramay, Chexov bu yozuvchiga har doim yaxshi mulozamat ko‘rsatib kelgan:
«Qadrdonim Vladimir Alekseevich. Sizni qishloqqa taklif qilmayman, bundan foyda yo‘q. Siz Navuxodonosor kabi mag‘rur va dimog‘dor, takabbursiz. Agar sizni shahzoda Koburgskiy yoki Misr valiahdi chorlaganda borgan bo‘lardingiz, arzimas rus adabiyotchisining da’vatnomasini o‘qiganda esa istehzo bilan kulib qo‘ya qolasiz. Afsus. Mag‘rurligingiz huzurimga kelishingizga yo‘l bermaydi, shunga qaramasdan bizda naqadar ajoyib qaymoqlar, barra kaboblar borligini, may oyida qanday bodringlar, rediskalar yetilishini eslatib qo‘yaman!»
Aslida «arzimaydigan rus adibi»ga yuqoridan qarab, ranjitib qo‘ymaslik uchun Chexov o‘zini arzimas yozuvchi deb ataydi, uni o‘ziga yaqin ijodkor o‘rnida ko‘rib tengma-teng munosabatda bo‘ladi.
Unda yana shunday odat bor edi: qandaydir uchinchi darajali yozuvchi bilan gaplashib qolsa, xudo ko‘rsatmasin, Chexov o‘zini mendan katta olayapti deb o‘ylamasligi uchun «Siz bilan biz» degan birikmani ko‘p ishlatardi. «Suvorining qo‘liga yomon pesa tushib qolsa, – deb yozadi ana shu Tixonovga, – u muallifni yomon ko‘rib qoladi, siz bilan biz esa g‘azabimizni ichimizga yutishdan boshqaga yaramaymiz; shundan xulosa chiqaramanki, Suvorin hakamlik yoki haydovchilikka munosib, biz (men, Siz, Sheglov va boshqalar)ni esa tabiat aybdorlar va quyonlarga aylantirib qo‘ygan».
Vagner uni belletristlar orasidagi fil deb atagandan keyin Chexov Tixonovga quyidagi maktubni yo‘llagandi:
«Men Vagnerdan boshqacharoq fikrdaman, bizning hammamiz yakka-yakka holda hech qanday «fil» yoki boshqa bironta hayvon bo‘la olmaymiz… Bizni Chexov, Korolenko, Sheglov, Barantsevich, Bejetskiy emas, aksincha, qandaydir artelga o‘xshatib «saksoninchi yillar» yoki «XIX asrning oxiri» deb ataydilar…»
Chamasi, Chexov do‘stlaridan qarzga pul olmayotgani uchun uzr so‘ragan yagona odam bo‘lsa kerak.
«U bir necha kunga» deb pul olib, muddatida qaytarishga shoshilmaydigan qarzdorlarga nisbatan ham o‘ta nazokat bilan munosabatda bo‘lardi. Hatto bir gal qarzdor do‘sti hijolatda qolmasligi uchun o‘zim, ya’ni Chexov katta va’dabozman, deb ishontirishga uringan edi.
U, jumladan belletrist Yejovga shunday yozadi:
«Marhamat qilib meni yovuz sudxo‘rga chiqarib qo‘ymang. Mendan qarzga olgan yuz so‘m haqida bosh qotirib o‘tirmang, aslida o‘zim yuz so‘m qarzdorman va uni tezda qaytarmoqchi emasman. Ularni to‘lab bitirganimdan keyingina sizdan o‘zim talab qilaman, ungacha qarzingizni eslatib meni bezovta qilmasligingizni so‘rayman»…
1894 yilning aprelida chorbog‘ida qo‘qqisdan ko‘ngli ozib, xushdan ketib qolayozgan edi. Shunda bunday paytlarda hech kimning xayoliga kelmaydigan fikr ko‘nglidan o‘tadi:
«Begonalar oldida yiqilib, o‘lib qolsam naqadar ko‘ngilsizlik bo‘ladi».
Hatto o‘layotganda ham atrofidagilarga ozor yetkazmaslikni xohlaydi.
Boshqalardagi ana shunday nazokatni yuksak qadrlardi.
«Dasturxonga qaylani to‘kib yubormaganing emas, – deb yozadi u, – aksincha, kimdir bexosdan shunday qilib qo‘ysa, buni sezdirmaganing yaxshi tarbiya ko‘rganingni bildiradi».

XIII

Chexov tabiatidagi mayinlik, nafosat va kamtarlikka mahliyo bo‘luvchilarning ko‘pchiligi bu fazilatlar tug‘maligidan tashqari, o‘zi ta’riflaganidek, «o‘rgatish» mahsuli ekanligini to‘la anglab, his eta olmagan edilar.
«O‘zimni o‘rgatishim kerak», – deb yozgan edi u Saxalinga qilgan qahramonona sayohati arafasida.
«O‘rgatish», o‘zini tarbiyalash, o‘ziga nisbatan misli yo‘q ma’naviy talablar qo‘yish va ularni qanday bajarayotganini qat’iy nazorat qilish – hayotining asl mazmuni shundan iborat edi, o‘zini-o‘zi tarbiyalab borish va murosasiz ichki tarbiyachi tufayli shaxsiyati kamolga yetganini yaxshi bilar va buni nihoyatda qadrlardi. Faqat shu yo‘l – o‘zi ustida tinimsiz ishlash, og‘ir mehnat evaziga u ma’naviy go‘zallikka erishgan edi. Shaxsiyatidagi barcha fazilatlarni o‘zi tarbiyalab, kamolotga yetkazgani haqidagi e’tirofi tasodifan bizgacha yetib kelgan. Xotini uning fe’l-atvoridagi yumshoqlik, ko‘ngilchanlik haqida 1903 yilda maktub yozgan edi. U shunday javob qaytaradi:
«Senga shuni bildirishim lozimki, tabiatan mening xarakterim keskin, jahldorman va hokazo, va hokazo, ammo o‘zimni qo‘lga olishga o‘rganganman, chunki to‘porilik qilish madaniyatli odamga munosib emas. Ilgari nima ishlar qilganimni kim biladi deysan?»
«Oilamdagilarga asabiy muomalada bo‘lganimdan afsuslanaman. Umuman, men asabiy odamman. Ko‘pincha qo‘pollik, adolatsizlik qilib qo‘yaman», – deb o‘smirligida ukasiga ko‘nglini yorgandi.
Yoshligida o‘zini o‘tga, suvga urib yurganiga qaramay, tabiatidagi jizzakilikni yengishga qodir bo‘lgan, zamondosh yozuvchilarning birontasiga ham nasib etmagan yuksak nazokat va halimlikni tarbiya tufayli o‘zida shakllantira olgan kuchli, irodali bu insonning tarjimai holi nihoyatda ibratlidir.
Undagi afsonaviy kamtarlik, oddiylikka intilish, shon-shuhratdan qochish mayli ana shu o‘zini-o‘zi «o‘rgatish» natijasidir.
U o‘zini umr bo‘yi, ayniqsa saksoninchi yillarda qattiq tarbiyalab bordi. Aynan o‘sha davrdagi xatlarida «tarbiya ko‘rmagan», «odobli», «tarbiya ko‘rgan odamlar», «tarbiyalash» kabi so‘zlar tez-tez ishlatiladigan bo‘ldi. U 1883 yilda yozadi:
«Bizdagi janob aktyorlarda hamma narsa bor, faqat birgina odob yetishmaydi».
Keyinroq:
«Omma yomon tarbiyalangan…»
«Tarbiya ko‘rgan va sevib qolgan odam… bunga yo‘l qo‘ymaydi».
«Senda birgina kamchilik bor… U ham bo‘lsa – mutlaqo tarbiya ko‘rmaganingdir».
«Biz tengsizlikni mutlaqo sezdirmay yo‘qota olamiz. Bu borada tarbiya va madaniyatga ko‘p narsa bog‘liq».
«Men ikkiyuzlamachi, soxta, tarbiyasiz ziyolilarimizga ishonmayman…»
Qullar darajasidagi muhitda o‘sib-ulg‘aygan va uni jonidan battar yomon ko‘rib qolgan, kelajakda unga qarshi butun g‘azab-nafratini kitoblari bag‘riga singdirishga muvaffaq bo‘lgan bu olijanob inson hali o‘smirligidayoq insonni chiritib yuboradigan tor manfaatparastlik tuyg‘ulariga qarshi g‘olibona kurashish uchun eng avvalo o‘zini ana shu illatlardan poklash zarurligini anglab yetgan edi. Uning nazarida manfaatparastlik ildiz otgan inson vujudida ikki illat yashaydi: biri takabburlik qilib o‘zidan ojizlarni tahqirlash bo‘lsa, ikkinchisi o‘z qadr-qimmatini yerga urib, kuchli odamlar oldida egilib-bukilib yashash. U aynan ana shu illatlarni vujudidan butunlay sitib chiqarishga azmi-qaror qilgan edi. Qo‘pollik, takabburlik, kibr-havo, dimog‘dorlik, kekkayish, manmanlik, maqtanchoqlik, o‘rinsiz g‘urur singari turli shakl-shamoyilda namoyon bo‘ladigan birinchi toifadagi illatlarni u bamisoli qizdirilgan temir bilan kuydirgandek tag-tomiri bilan yo‘q qilishga erishdi, ikkinchisini bartaraf etish esa oson emasdi. Kambag‘al oilada tug‘ilib, nochorlikda kun kechirgan, bir paytlar mansabdorlarga qulluq qilib, har bir puldorga egilishga mahkum etilgan bu odamning yuksak ulug‘vorlik darajasiga yetishmog‘i uchun po‘latdek mustahkam iroda egasi bo‘lish lozim edi. Uning o‘zi Suvoringa yo‘llagan mashhur xatida shunday yozadi:
«G‘o‘r bir yigitcha (ya’ni Chexov –K.Ch.), qashshoq dehqonning o‘g‘li, sobiq do‘konchi, qo‘shiqchi, gimnaziyachi va talaba, mansabdorlarga egilishga, popning qo‘lini o‘pishga, o‘zgalarning fikriga bo‘ysunishga, bir parcha non uchun ta’zim qilishga o‘rgatilgan, necha bor ma’naviy jarohat olgan, darslarga kalishsiz qatnagan, urishqoq, jonivorlarga kun bermaydigan, boy qarindoshlarinikida ovqatlanishni yaxshi ko‘radigan, hech qanday sababsiz xudoga va odamlarga munofiqlik qiladigan, va nihoyat past tabaqaga mansubligini anglab yetib, o‘z yuragidagi qullik tuyg‘usini qatralab sitib chiqargan ana shu yigitcha go‘zal tonglardan birida tomirlarida qullarning qoni emas, chinakam insonlarning qoni oqayotganini anglab yetgani haqida hikoya yozing».
Hayratda qoldiradigan e’tirof! Tabiiyki, Chexov haqida yozadiganlarning hammasi bu so‘zlarni zavq bilan qayta-qayta takrorlashni yaxshi ko‘radilar…
Garchi iste’dodsiz bo‘lsa ham nomdor, nufuzli tanqidchi 1888 yilda uni mehmondorchilikka chorlaydi. U Chexov haqida anchagina narsalar yozgan edi, shu bois yosh yozuvchi o‘zi bilan tanishish va kelajakda Moskvadagi obro‘li gazetalarda nomi ulug‘lanishidan umidvor bo‘lib yugurgilab keladi deb xomchut qilgan edi. Ammo hamma joyga hech qanday takallufsiz boraveradigan Chexov mazkur taklifni keskin rad etadi. Tanqidchi xafa bo‘ladi. Chexov esa yaqin do‘stlaridan biriga tanqidchi o‘rinsiz ranjiyotganini aytadi.
«Unikiga bora olmas edim, – deb yozadi u, – sababi u bilan tanish emasman. Ikkinchidan, yozuvchining asarlarini o‘qimasdan turib, yubileyida qatnashmaganim kabi o‘zim yoqtirmagan odamlarnikiga ham borishni istamayman. Uchinchidan, Makkani ziyorat qilishga hali o‘zimni tayyor deb bilmayman…»
Tabiatidagi halimlik tufayli bu xatni yozgan deyish kamlik qiladi. Bu yerda jangovarlik, shiddat bor. Yozuvchilik g‘ururini himoya qilishga to‘g‘ri kelganda bunday tuyg‘u Chexovni doimo hayajonga solar edi… Shunday paytlarda u hech qanday murosa-yu madorani tan olmasdi. G‘ururi yo‘q yozuvchilardan butun vujudi bilan nafratlanardi.
Viktor Burenin nasrnavis Yasinskiy haqida «Novoye vremya» gazetasida haqoratomuz maqola e’lon qilgan edi. Yasinskiy esa go‘yo hech narsa bo‘lmagandek, shu gazeta bilan yana hamkorlik qilaverganidan darg‘azab bo‘lgan Chexov bu yozuvchi haqida shunay yozadi: «U Novoye vremya»da qatnashishni bas qilmasdan o‘z yuziga o‘zi tufurdi. Dunyodagi bironta mushuk qo‘liga tushgan sichqonni Burenin Yasenskiyni mazah qilganga o‘xshatib o‘ynatmagan edi… Xo‘sh, bundan nima chiqdi? Hamma narsaning o‘z maromi bor. Agar Yasinskiyning o‘rnida bo‘lsam, «Novoye vremya» tugul butun Malaya Italyanskayada (gazeta tahririyati joylashgan bino – K.Ch.) ham burnimning uchini ko‘rsatmagan bo‘lardim».
Yoki uning Suvorin bilan ko‘p yillik munosabatlarini eslaylik. Shu davrlarda Suvorinning oldiga tushadigan odam kam edi. Rossiyadagi eng mashhur gazetaning noshiri sifatida ko‘pdan-ko‘p nufuzli kishilar bilan aloqa o‘rnatgan va eng muhimi, hisobsiz boylik egasi edi u. Biz quyida keltiradigan sabablarga ko‘ra, Chexov bilan u qalin o‘rtoqqa aylanib ketgandi. Albatta, raqiblar, soxta do‘stlar va hasadgo‘ylar Suvorin bilan do‘stligidan foydalanib, mo‘may pul orttirishga harakat qiladi, deganga o‘xshash ig‘volarni tinimsiz tarqatardilar, chunki nimanidir ko‘zlamasdan turib Suvorin bilan do‘stlashadiganlar shu yillarda deyarli yo‘q edi.
Chexovni yaqindan bilmaganlar bu ig‘voga so‘zsiz ishonardilar, zero Suvorin tabiatan homiy bo‘lishni yoqtirardi. O‘ziga qadrdon yozuvchilar uchun hamyoni doim ochiq edi. Maslov, Skalkovskiy, Yasinskiy, Gippius, knyaz Baryatinskiy, Merejkovskiy, Potapenkolar uchun juda ko‘p pullarini sovurib yuborgandi. Oz fursat ichida birgina Amfiteatrovga o‘n sakkiz ming so‘m hadya qilgan edi. Yaxshi ko‘rgan xodimi va qadrdon do‘sti hech shubhasiz uning sahovatidan bahramand bo‘layapti degan gapga hamma ishonardi. Darhaqiqat, ular do‘stlashgan dastlabki daqiqalardayoq Chexovning pulga muhtojligini ko‘rgan Suvorin unga katta bo‘nak olishni taklif qilgandi, ammo Chexov Suvorinning bunday xotamtoyligidan foydalanishga uzil-kesil chek qo‘yish uchun o‘ta nazokat bilan unga maktub yo‘llaydi:
«Sizga ochiqchasiga aytib qo‘ya qolay, «Novoye vremya»da ishlay boshlaganimda o‘zimni Kaliforniyada yurgandek his etgan va ko‘p pul topish uchun uzluksiz yozishga qaror qilgan edim, buni hech qanday yomon joyi yo‘q, albatta, ammo Siz bilan yaqindan tanishganimdan keyin va Siz mening o‘z odamim bo‘lib qolganingizdan keyin menda hadiksirash mayli nihoyatda avj olib ketdi va faqat qalam haqi uchungina gazetada ishlash istagi meni butunlay tark etdi… Oramizdagi munosabatlarimizni qandaydir manfaatdorlik tuyg‘usi xiralashtirib qo‘yishidan, men uchun faqat noshir sifatidagina zarur odamga aylanib qolishingizdan qo‘rqa boshladim…»
Albatta, bunga odatdagi holat deb qarash mumkin: mag‘rur kambag‘al o‘zining ma’naviy mustaqilligini boy bermaslik uchun badavlat do‘stining iltifotidan voz kechmoqda. Ammo oradan uch yil o‘tar-o‘tmasdan mag‘rur kambag‘al bilan puldor boy o‘rtasidagi pul munosabatlarida mutlaqo g‘alati ahvol yuzaga keladi. O‘sha davrdagi gazeta-jurnallar tinimsiz ko‘pirtirayotgan yuqoridagi gaplar yolg‘on bo‘lib chiqadi. Ikki o‘rtadagi do‘stona munosabatlardan Chexov emas, aksincha badavlat homiy katta pul ishlayotgani ma’lum bo‘ladi.
Suvorin o‘n ikki yil davomida Chexov asarlarining yagona noshiriga aylangan edi. Albatta, uning xatti-harakatlaridan faqat boylik orttirish-u manfaatparastlikni izlash insofdan bo‘lmaydi. Ammo unga qarashli noshirlik firmasi mohiyat-e’tibori bilan ko‘proq pul orttirishni ko‘zlab ish yuritishga mahkum etilgandi. Shunga ko‘ra Chexov o‘z asarlari uchun Suvorin nashriyotidan boshqalarnikiga qaraganda ikki baravar kam haq olardi, ayni zamonda Suvorinning doimiy intizomsizligi va kitoblarni katta tanaffuslar bilan chiqarishini nazarda tutsak, bu muallifni talashdan boshqa narsa emasligini sezamiz.
Nihoyat, Chexov bu nozik nuqtani anglab yetdi, ammo shunda ham unga homiy bo‘lib qolaverdi, chunki u Suvorin o‘ziga homiy bo‘lishini xohlamasdi. Bu do‘stlik ma’naviy zarardan tashqari (uning gazetasi ochiqdan-ochiq jaholatparastlik yo‘liga o‘tib olgandi) unga juda og‘ir iqtisodiy zarba berdi. Suvorinni qurshab olgan qullarcha xushomadgo‘ylik, manfaatparastlik va mahalliychilik muhitida faqat Chexovgina o‘z insoniy qadr-qimmatini yerga urmasdan mag‘rur saqlab qola oldi.
U qullarcha itoatgo‘ylikdan o‘zini baland tutdi… Saxalinga qilgan safaridan keyin o‘z oldiga nihoyatda qat’iyat bilan ikki vazifa qo‘ygan edi:
«Ishlash kerak, qolgani bekorchi gap. Eng muhimi – odil bo‘lish kerak, boshqasini eplash qiyin emas».

XIV

1894 yilda «Russkiye vedomosti» gazetasida Chexovning «Rotshildning skripkasi» nomli genial hikoyasi bosildi. Unda bayon qilingan dil nolasini na Mixaylovskiy, na Protopopov, na shu davr adabiy jarayonidagi boshqa mashhur kishilar anglab yetdilar.
Shu yillarda kimdir yurak yutib mana shu hikoya orqali rus adabiyoti jahon ahamiyatiga molik nodir san’at asari bilan boyidi, deb aytganda, bu jiddiy fikrni bosib chiqarishga hech qaysi matbuot nashri jur’at etmagan bo‘lardi. Shunga qaramay, «Rotshildning skripkasi» Chexov asarlarining eng sarasi, qaymog‘i hisoblanadi. Unda Chexov dunyoqarashi va mahoratiga bog‘liq juda ko‘p fazilatlar katta kuch bilan o‘zaro mujassam bo‘lib ketgan. Bu fazilatlarning eng birinchisi shuki, undagi Pushkinga xos mumtoz til va syujet soddaligi, har bir so‘zga yuklangan aniq joziba, kompozitsiyaning go‘zalligi va mukammalligi o‘quvchini hayratda qoldiradi. Ayni zamonda hikoyadagi teran ma’noli obrazlarning mohiyati hamda ajoyib ichki qurilmasiga xos nazokatni chuqur his qilmagan, ular o‘rtasidagi nozik bog‘lanishlar orqali sizib chiqadigan yozuvchining niyati, ideallari, intilishlari, muhabbati va nafratini to‘la-to‘kis idrok etmasdan turib fikr yuritishga uringan o‘quvchi asar mazmunini birdaniga anglay olmaydi…
Endi ana shu hikoyaning obrazlar silsilasi, ichki ziddiyatlarni Chexov yaxshi ko‘radigan adabiy usullardan biri – antiteza darajasiga qanday ko‘tarila borishi xususida so‘z yuritamiz. Bu uslubga xos xususiyatlar “Rotshildning skripkasi”dagi qattiqqo‘l va to‘pori meshchan siymosida to‘la mujassamlashgan. Hikoya oxirida bu qahramon ko‘z o‘ngimizda mutlaqo boshqa odam qiyofasida ko‘rinadi.
Mohiyat-e’tiboriga ko‘ra hikoya qahramoni birinchi sahifalardanoq Chexov ko‘plab yaratgan rahm-shafqatsiz, qo‘pol odamlar orasidagi eng yovuzi va tubani sifatida taassurot qoldiradi.
Zero, har bir kishida, hatto eng yovuz kimsada ham otalik tuyg‘usi bo‘lishi tabiiy. Ammo hayotda insonlik tuyg‘usidan butunlay mahrum, zoti past, toshbag‘ir odamlar ham ko‘p. Ana shunday kishilardan biri hikoyadagi Yakov Ivanov. Bir paytlar uning qizi bo‘lgan edi, ammo u bevaqt vafot etib ketgan, bu diydasi qattiq odam esa uni eslab, qayg‘urish o‘rniga ana shu farzand dunyoda bo‘lganini ham unutib yuborgan. Xotini bu haqda yuragi ezilib gapirganda: “Senga shunday tuyuladi!” deb dakki beradi u. O‘lib ketgan bolasini biron marta eslamaslik, hatto buni xayoliga keltirmaslik uchun odamning diydasi naqadar tosh bo‘lishi kerak!
Uning xotiniga muomalasi faqat shafqatsizlikdan iborat. “U biron marta xotinini erkalagan emas, biron marta unga loaqal ro‘molcha hadya etishni yoki xayit kunlarida shirinlik sotib olishni xayoliga keltirgan ham emas, buning o‘rniga har doim baqirib dashnom beradi, isrofgarsan deb so‘kadi, musht o‘qtaladi”. Ayol qazosi yetib o‘layotgan paytida zolim eridan qutulayotgani uchun o‘zini ne chog‘li baxtiyor sezib, quvonganiga ajablanmasa ham bo‘ladi.
Bu yovvoyi shu darajada vahshiyki, na oila, na vatan, na do‘st, na tabiatni tan oladi. Umri maftunkor, katta daryo yoqasida o‘tsa-da, uni hatto sezmagan ham. Keksaygan chog‘ida, kam deganda ellik yil ichida biron marta daryo bo‘yiga bormagani yoki borgan bo‘lsa ham unga zavqlanib tikilmaganidan o‘zi taajjubga tushadi.
U tashqi dunyodan butunlay ajralib qolgan; o‘z vujudiga ko‘milib, zulmat qo‘ynida yashaydi. Loaqal biron marta birovga qarab jilmaygani yoki bir og‘iz yaxshi so‘z aytganini eslolmaydi. Insoniy tuyg‘ulardan begona bu murtad atrofidagi odamlar va qo‘shnilari o‘lsa xursand bo‘ladi, hatto ular kam o‘layotganidan g‘ijinib yuradi.
To‘g‘ri, kasbi tobutsoz. Atrofidagilarning o‘limi unga daromad keltirishi tabiiy, ammo dunyoda ko‘proq odam o‘lganiga sevinib yashash uchun naqadar tuban bo‘lish kerak! Ana shu Yakov Ivanov hali xotini o‘lmasdan burun unga tobut yasash taraddudini ko‘ra boshlaydi. Hali ayol tirik, o‘z oyog‘ida turibdi, u esa hech narsa bo‘lmagandek, uning bo‘yini o‘lchashga tushadi, xasta ayol og‘irlashib, to‘shakka yotib qolganda uning ko‘z o‘ngida tobut sozlashga kirishib ketadi.
So‘ng yondaftariga yozib qo‘yadi:
“Marfa Ivanovnaning tobuti – 2 so‘m 40 tiyin”.
So‘ng puliga achinganidan xo‘rsinib qo‘yadi: u o‘taketgan qurumsoq, har bir sarflangan tiyin uni xonavayron qilayotgandek ko‘rinadi, misli yo‘q isrofgarchilikka qo‘l urayotgandek titrab-qaqshaydi… Foydani qo‘ldan chiqarib yuborayotgani haqidagi xomxayollar faqat g‘arib kulbasidagina emas, bema’ni hisob-kitoblariga hech qanday aloqasi bo‘lmagan tabiat qo‘ynida yurganida ham uni tark etmaydi. Go‘zal manzaralardan zavq olish o‘rniga yana aljirab, kirim-chiqimlar haqida xomcho‘t qilishdan o‘zini to‘xtatolmaydi.
“Daryoda baliq ovlasa bo‘ladi, tutilgan baliqlarni chayqovchilarga, bekatdagi amaldorlar va do‘konchilarga sotib, tushgan pullarni bankka qo‘yish kerak; qayiqda dala hovlilarga suzib borib skripka chalish mumkin, odamlar pulni yog‘dirib tashlaydi, yana kichik kemachalarda yuk tashishni ham o‘ylab ko‘rish kerak, bu – tobut yasashdan ko‘ra ming marta yaxshi; g‘oz boqishni aytmaysizmi, ularni qishda so‘yib, Moskvaga jo‘natilsa qani, birgina pati yiliga o‘n so‘mdan daromad keltiradi. Ammo u g‘aflatda qoldi, bironta rejani ham amalga oshirolmadi. Qanday isrofgarchilik! Oh, qanday isrofgarchilik-a! Agar hammasi birdan qilinsa-chi? Baliq ovlash, skripka chalish, kemani yurgizish, g‘oz boqish – pulni tagida qolib ketadi-ku! Ammo bularning birontasi hatto tushiga ham kirmadi! Orqangga qarasang, faqat isrofgarchilikni ko‘rasan; ular shunchalik ko‘pki, o‘ylasang dahshatga tushib ketasan…”
Ammo hikoyada bu savdoyi, qurumsoq odamning o‘z isrofgarchiliklari haqidagi xayollari o‘quvchiga sezilmagan holda manfaatparastlik, xudbinlik doirasidan chiqib, bora-bora butun insoniyat hayotidagi ulkan isrofgarchiliklar haqida beorom o‘ylarga ulanib ketadi.
Yakov o‘z g‘amgin mulohazalarini davom ettiradi: “Nima uchun odamzod bunday isrofgarchilik va zararlarsiz yashay olmaydi? Qayinzor va qarag‘ayzorlar nega behuda kesilib ketyapti? Nega yaylovlar bekorga toptalaadi? Nega odamlar vaqtini keraksiz ishlarga sarflashadi?.. Nima uchun ular doim bir-biriga halaqit berishadi? Bular qanchalik ziyon keltiradi axir! Naqadar dahshatli ziyon! Agar xasad va adovatsiz yashaganda, odamlar bir-biriga qanchalik katta foyda keltirgan bo‘lardi?…”
Xadsiz-hisobsiz isrofgarchiliklar, ma’naviy zararlar haqida g‘amgin o‘ylar bilan yashagan bu to‘pori odamning mulhazalari o‘sha davr Rossiyasida yashagan har qanday insonning shaxsiyatini toptab, mayib-majruh qilib tashlagan dahshatli voqelikka qarshi isyonkorona (amaliy harakatsiz, albatta) o‘y-fikrlar darajasigacha ko‘tarilib boradi.
Shu tufayli Yakov obrazi ko‘z o‘ngimizda murakkab, ziddiyatlarga to‘la – yovuz qurumsoq va ayni zamonda umumxalq baxtini izlovchi insonparvar donishmand sifatida namoyon bo‘ladi.
Dunyo hikoyachiligida bir odam shaxsiga bunchalik favqulodda qarama-qarshiliklar hamda chinakam hayotbaxsh tuyg‘ular singdirib yuborilgan, ham ijobiy, ham salbiy xususiyatlari, manfiy va musbat qutblari chatishib ketgan asarlar juda kam. Yakov obrazini yaratish bilan Chexov o‘sha davr tanqidchilari talab qilganidek qahramonlarni zo‘rma-zo‘raki yovuzlar yoki taqvodorlarga ajratish mayliga qarshi namoyishkorona bosh ko‘targan edi.

XIV

O‘z asarlarida yuksak darajada haqiqatga intilish Chexovning “chirigan raseya voqeligiga” (Belinskiy shunday degan bo‘lardi) qarshi kurashi uchun buyuk xizmat qildi.
1888 yilda Chexov shu davr odamlarining barcha hayotiy munosabatlariga singib ketgan katta yolg‘onga qarshi ulug‘ kurashga kirishgan kezlarida “Shimol xabarlari” jurnali uchun “Ziyofatlar” hikoyasini havola qiladi. Uni o‘qigan jurnal muharriri yosh yozuvchiga hikoyangiz g‘oyadan mahrum deb xabar beradi.
“…Hikoyangizda biron-bir yo‘nalishni ko‘rmayapman”,– deb yozadi u.
Chexov darhol inkor qiladi:
“Hikoyaning boshidan oxirigacha men yolg‘onga qarshi kurashayapman-ku! Bu g‘oyaviy yo‘nalish emasmi?”
Chexovning so‘zlari muharrirni qanoatlantirmadi, albatta. Ko‘rinib turibdiki, u Chexovga xos “yolg‘onga qarshi aybnoma”ni faqat shaxsiy axloqqa aloqador hodisa deb hisoblaydi. Holbuki,”Ziyofatlar”da tasvirlangan ommaviy yolg‘onchilikda Chexov Rossiyaga xos vahshiylikni ko‘radi, chunki yolg‘on shu davr ijtimoiy hayotini butunlay zaharlab bo‘lgan edi. “G‘ilof bandasi”dagi mashhur xotimani eslab ko‘ring. Unda munofiqlik va ikkiyuzlamachilikka asoslangan butun ijtimoiy tuzumga nisbatan kuchli aybnoma baralla yangrab turadi:
“Qanday aldayotganlarini ham ko‘rib, ham eshitib turasan… va bu yolg‘onga toqat qilayotganing uchun seni ahmoqqa chiqarishadi, haqorat va tahqirlarga chidaysan, halol, erkin odamlar tarafida turganingni ochiq aytolmaysan, o‘zing ham bir burda non, issiq joy, sariq chaqaga qimmat qandaydir mansab uchun yolg‘on gapirishga, qulluq qilishga majbur etilgansan,– yo‘q, endi bu ahvolda yashab bo‘lmaydi!”
Yolg‘onni chexovchasiga fosh etilishida ana shunday ulkan siyosiy ma’no yashirin. Chexov bunday aybnomalarni o‘z asarlarining “asosiy g‘oyaviy yo‘nalishi” deb hisoblashga mutlaqo haqli edi. “Ijtimoiy axloq,– deb ta’kidlaydi u,– har bir kishi yuksak aqidalarga tayangandagina kuchli bo‘ladi”.
Chexov hech qachon shaxsiy axloqni ijtimoiy axloqdan ajratib qaragan emas. Shaxsiy hayotda baxtsiz bo‘lgan odamlar Chexovning e’tiqodiga ko‘ra, ijtimoiy adolat uchun otashin kurashchi bo‘la olmaydilar.
Shu tufayli u liberal mahmadonalarning restoranlarda o‘tirib, mast holda xalqqa nisbatan otashin muhabbat haqida nutq so‘zlashlaridan qattiq nafratlanar edi.
Chexov o‘z kundaligiga shunday yozadi:
“Tushlik paytida sharob ichib valdirashadi, xalq ongini oshirish, vijdon, erkinlik va hokazolar haqida gap sotishadi, stol atrofida esa frak kiygan kechagi krepostnoy qullar xizmat qilishadi, kucherlar sovuqda qotib ko‘chada ularni kutib o‘tirishadi – shuning o‘zi muqaddas ruhga xiyonat emasmi?”
Umumrossiyaga xos yolg‘on hammadan ko‘ra qora xalq ongiga chuqur singib ketgan edi. Shunday bo‘lsa ham jaholat va nodonlik ichida qolgan ana shu yagona ijtimoiy kuch, Chexovning nazarida, haqiqatga intiluvchi va unga teran sadoqat saqlovchi odamlar sifatida gavdalanadi.
“Mening hayotim” hikoyasidagi bo‘yoqchi Misail shunday deydi:
“Unga (ya’ni mujikka – K.Ch.) qaraganingda baribir yuragida Mashada ham, doktorda ham yetishmayotgan eng zarur va noyob nimadir borligini his qilasan. Jumladan, u yer yuzidagi asosiy narsa haqiqat deb biladi va o‘zini ham, xalqni ham qutqaradigan najot faqat haqiqatda deb ishonadi, shuning uchun u jahonda hamma narsadan ko‘ra adolatni yaxshi ko‘radi”.
Chexov “Xizmat ishlari bilan” hikoyasida ma’nisiz va ma’rifatsiz ishlardan bezib ketsa-da, “bu dunyoda yolg‘on bilan yashab bo‘lmaydi” deb hisoblaydigan e’tiqodi baland keksa dehqon obrazini tasvirlaydi.
Shunday ekan, Chexov asarlaridagi haqiqatparastlik zaminiga muallif shaxsiyatiga xos bo‘lgan chuqur xalqona milliy xususiyatlar singib ketganligini sezish qiyin emas.
Agar Chexov haqiqatning kuchiga qattiq ishonmaganda va har qanday yolg‘onga qarshi murosasiz kurashmaganda hech qachon bu qadar dadil, shafqatsiz darajada haqqoniy asarlarini yaratolmas va o‘z davrining eng buyuk realist yozuvchisi bo‘la olmas edi…

“Zamondoshlar” (Moskva, 1962 y.) kitobidan qisqartirib olindi.
 Ortiqboy Abdullayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 4-son