“…Ozodlik deganlari shumi? Turgan-bitgani qo‘rquv va tahlika-ku!” Bu so‘zlarni ko‘nglidan kechirgan novcha, qotmadan kelgan odam adoqsiz qishloq yo‘lida ketib borarkan, butun borlig‘ini qamrab olgan vahimadan xalos bo‘lmoqqa oshiqardi. Bir oz avval miyasidan boshqacha o‘ylar kechayotgandi. Hammasi qabriston tarafga burilganidan keyin boshlandi. Nogoh kimdir uni orqadan chaqirgandek bo‘ldi. O‘girilib qaradi. Hech zog‘ ko‘rinmasdi. Yana o‘sha ovoz. Bu safar juda yaqindan eshitildi. Yana odam qorasini ko‘rmadi. Yurishini sekinlatgan payti ortidan qadam tovushlarini eshitdi. Keskin harakat bilan qayrilib boqdi va…
Xudo haqqi, nimadir ko‘rdimi-ko‘rmadimi, xuddi yuragining ichiga birov bir parcha muz tiqib qo‘ygandek bo‘ldi. Keyin esa qo‘rquvdan o‘zini yo‘qotdi.
Turmadan chiqqanlar ozodlikda yurganlardan ko‘ra jasurroq bo‘lishadi, qo‘rquv, vahima kabi hislarga o‘rinsiz narsalardek qaraydilar. Ilgari u ham shunaqa deb o‘ylardi… Shu oqshomga qadar. Avvaliga orqadan ovoz eshitganida qaragisi ham kelmagandi. Chunki bu pallada kimdir u bilan hazillashishga jur’at etolmasligiga amin edi. Ammo, so‘nggi marotaba orqasiga o‘girilib, izma-iz kelayotgan farishtasifat, o‘zidan ikki baravar uzun, oppoq libosga burkangan qanotli mavjudot unga yetay-etay deb turganini ko‘rdi-yu, oyoqlariga titroq kirdi, badanini sovuq ter bosdi. Shundan keyin orqasiga qayrilmadi va qochishga tushdi. Tahlika ichida past ovozda so‘kinganini ham sezmay qoldi. Hibsdaligida ham bunaqa qo‘rqqan paytini eslolmaydi. Qamoqda kechgan o‘n besh yillik umri davomida birov uning iziga tushishga jur’at qilolmagandi. Biroq, shu muddat ichida bunaqa bahaybat va antiqa, qanotli odamga duch ham kelmagan edi. O‘zi bu maxluq qayerdan paydo bo‘lib qoldi va nima uchun uning payiga tushdiykin?
Qishloq yo‘li uncha uzoq emasdi. Ammo, qorong‘i bo‘lgani uchunmi, juda cho‘zilib ketgandek tuyuldi. Baxtga qarshi uch kundirki qishloqda chiroq yo‘q edi. Kecha kechqurun turmadan chiqib, kirakash mashinaga o‘tirganida ham qishloqqa tun yarmidan oqqanda kirib borishni ko‘zlagandi. Odamlarning ko‘ziga ko‘rinmagani ma’qul. Birortasi ko‘rib qolgudek bo‘lsa, “Mirzamatning o‘g‘li bor-ku, Zahimaning nishonlisi Yovarni pichoqlagan yigit, o‘sha turmadan qaytibdi” degan ovoza bir zumda butun qishloqqa tarqaladi. Har xil gap so‘zlar ko‘payadi: “Nega qaytibdi? Qaysi yuz bilan qaytibdi?” Axir roppa-rosa o‘n besh yil oldin sudda ham qarindosh-urug‘lari unga rosa malomat qilishgandi-ku: “Bizni sharmanda qilding, yuzimizni yerga qaratding, bitta qizni deb odam o‘z amakivachchasini ham o‘ldiradimi?”
Rost, Zahimaning unda ko‘ngli bor edi, ammo Yovar oraga tushdi-yu, ish buzildi. Ota-onasi qizini Yovarga beradigan bo‘ldi. Qizning ko‘ngli bilan esa hech kim hisoblashib o‘tirmadi. Yovarning katta akasi Ilyos, onasi Kubroxonim shu qizni kelin qilmasak qo‘ymaymiz, deb ikki oyoqlarini bir etikka tiqib olishdi. Shundan keyin esa… orada xunrezlik yuz berdi. Qarindoshlar orasida qon da’vosi tushishiga uning o‘zi sababchi bo‘ldi. Sud paytida qizning, Yovarning akalari unga “Turmadan chiqsang, qishloqqa qaytib o‘tirma, bu yerda seni tirik qo‘ymaymiz”, deyishgan edi.
Yo‘l-yo‘lakay hammasini o‘ylab keldi. Biroq, qishloqqa kech qaytishining o‘n besh yil avvalgi sud zalidagi tahdidlarga hech qanday aloqasi yo‘q edi. U endi hech bir bandadan qo‘rqmaydi. Qamoq unga qo‘rqmaslikni, jasurlikni o‘rgatdi. Diydasini qotirdi. Turmadagi safdoshlari unga bejiz “Temir odam” degan laqab qo‘yishmagandi. Chunki asablari temirdek mustahkam edi. Temir odamni mahv etishga kimning quvvati yetardi? U birinchi navbatda Zahimani ko‘rmoqchi edi. Axir sevgisini o‘n besh yilki, yuragida ardoqlab, saqlab kelardi. Endi o‘sha tutqun muhabbat ham erkinlikka chiqmoqni istaydi. “Mening qalbimda ham, miyamda ham faqat erkin, ozod sevgi yashaydi. Men qishloqqa o‘sha sevgini deb kelyapman”.
Boya qabristonga yetgunicha ana shunday shirin, sirli hislar qurshovida qushdek uchib keldi. Qishloqda faqat birrov onasi bilan ko‘rishadi, xolos. Zahimani olib, shu oqshomning o‘zida Rossiyaga jo‘naydi. Yonida bileti ham bor. Bo‘lmasa, bu yerlarga qaytib kelmasdi ham. Uni qishloqqa sudragan ham ana shu sevgi. Ozodlikdan ham shirinroq bo‘lgan sevgi. Qiziq, hozir Zahima nima qilayotgan ekan? Ba’zan miyasiga turli noxush o‘ylar kelar, shunda yuragi g‘azab va nafratga qorishgan rashk bilan to‘lib toshar, kimdir ayni chog‘da Zahima haqida biror yomon gap yetkazgudek bo‘lsa, uni pichoqlashga ham tayyor edi. U o‘z muhabbatini bir yo‘la o‘ldirish yoki qayta tiriltirish shavqida yonardi, vassalom.
Yo‘l ham tugay demasdi. G‘alati. Xuddi chirildoqlar ham uxlayotgandek, itlar, mushuklar, shoqollar ham ko‘zga ko‘rinmaydi. Tiq etgan sado yo‘q. Hammayoq soqov sukunat, basir zulmat qo‘ynida. Qishloq ham shunaqa o‘limtik bo‘ladimi?
Shu fursatda boyagi qo‘rqinchli ko‘lanka uni chaqirdi:
– Shu paytgacha birov mendan qochib qutulmagan. To‘xta!
Temir odam yana qo‘rqib ortiga boqdi. Hech kim ko‘rinmasdi. Qorong‘i, kimsasiz yo‘lning qo‘rquvi yanada shiddatli tus oldi. Qadamlari bir oz sekinlashdi. Yo‘q, orqadan kimdir kelayotgandi. Kimningdir zalvorli qadam izlari uni zimdan kuzatib kelardi.
“Bu nimasi? Men alahsirayapmanmi yoki kimdir meni ta’qib qilyaptimi? Yovarning qasosini olmoqchimi?”
– Senga aytyapman, to‘xta! Mendan qocholmaysan!
Yana o‘sha ovoz. Ko‘rinmas ovoz! Yo Rabbiy! Bu ovoz qayerdan kelyapti, o‘zi?
U daf’atan qadamini tezlatdi. Og‘zidan uchayotgan so‘kishlar ham qaltislashdi.
– Voy enangni… Mendan nima istaysan o‘zi, la’nati? Menga topshirib qo‘yganing bormidi, dayus? Senga aytyapman, meni tinch qo‘ymaydigan bo‘lsang falon-pistondaqa qilaman, – deya go‘yoki o‘ziga taskin bermoqchiday so‘kindi.
Qara-ya! O‘n besh yil turmada “avtoritet” bo‘lgan odam, kelib-kelib qishloq yo‘lida bir ko‘lankadan qo‘rqib o‘tirsa-ya? Kim o‘zi bu ko‘lanka? Kunduz bo‘lganida-ku, naq enasini ko‘ziga ko‘rsatib qo‘yardi-ya! Basharasini ezg‘ilab, ichagini boshiga salla qilmasmidi?
Mana, o‘z hovlisining darvozasiga ham yetib keldi. Darvozani bir zarbada ochib, o‘zini ichkariga oldi. Bu ularning hovlisi, bu yerga hech qanaqa ko‘lanka-po‘lanka kelolmaydi. Har qalay o‘z uying — o‘lan to‘shaging-da! Temir odam xom g‘ishtdan tiklangan pastak uyning chap tarafidagi tutning bir shoxini sindirib oldi-da, orqasiga o‘girildi. Yo‘l bo‘yi uning ketidan qolmay kelgan qo‘rqinchli ko‘lankadan nom-nishon yo‘q.
Temir odamni sovuq ter bosdi. “Men yaxshigina alahsiradim, chog‘i”, deya o‘yladi. Uyning tog‘ tomonga qaragan (tog‘ sarisidagi) derazadan zaifgina shu’la ko‘zga tashlanardi. Temir odam yosh boladek quvonib ketdi. “Onam hali uxlamabdi”.
Eshikni ochib, ichkari kirdi. Onasi burchakdagi sandiq yonida, eski chorpoyada yotgan edi.
– Oyi, men keldim. Oyi deyapman, turing o‘rnizdan.
Onaizor ustidagi adyolni jahd bilan uloqtirib, turmoqqa chog‘landi. Temir odam tiz cho‘kib, onasining oyoqlaridan quchdi.
– Oyijon, men qamoqdan chiqdim.
– Aylanib ketay bolaginamdan. Onaginang o‘rgilsin, bir og‘iz xabar qilmapsan-da, a? O‘n besh yildan beri yo‘lingga ko‘z tikaman-a, qo‘zichog‘im. Bu qorong‘i zimistonda qanday kelding, o‘g‘lim. Uch kundan beri to‘kni uzib qo‘yishgan. Go‘ristondagi go‘rcho‘p bo‘li-ib o‘tiribmiz-da, bolam. Kunduzginada kemapsan-da, onaginang qoqindiq.
– Oyi-i, nimadan qo‘rqaman? Yosh bolamanmi? Aytgancha, Zahima yaxshimi? Qayerda hozir?
– …
– Nega jimsiz oyi? Nima… erga tegib ketdimi? Kimga?..
– …
– Hozir yorilaman, oyijon, gapirsangiz-chi?
– Zahima… qo‘shni qishloqda, – dedi onaizor arang o‘zini qo‘lga olib.
– Demak… tegib ketibdi-da! Kimga tegdi? – Temir odam g‘azabdan o‘zini bosolmay yer mushtladi.
– Anavi… rahmatli amakivachchang…. Yovarning akasiga… Ilyosga! – onaning ovozi titrab ketdi.
– Oh yaramaslar, benomuslar! Men hali u itvachchaga ko‘rsatib qo‘yaman. – Shunday deya uydan o‘qdek uchib chiqdi.
– Onang o‘lsin bolam, qayoqqa? Xudodan qo‘rqqin, jon bolam. Yana bir baloni boshlamagin, jon o‘g‘lim. To‘xtasang-chi, vaqti bemahal qayoqqa ketding?
Temir odamning qulog‘iga bu gaplar yetib bormadi. Oshxonada osig‘liq turgan go‘sht chopadigan boltani olib, shartta ko‘zdan yo‘qoldi. Boyagi qo‘rquvdan urvoq ham qolmagandi. Uning ko‘zlari yo‘lbarsnikidek vahshiyona chaqnab zulmat bag‘riga sanchildi. Shu lahzada o‘sha benomuslardan biriga duch kelgani hamono chopib tashlashga ahd qilgandi.
Nomus tufayli qamoqqa tushganlarga turmada ayricha munosabatda bo‘lishadi. Onasi, singlisi yoxud xotinini oyoqosti qilganlarning adabini berib, panjara ortiga tushganlarga hamisha alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatishadi. Turmaning ana shunday yozilmagan qonunlari kishiga o‘zgacha kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Bemalol nafas olasan, hatto o‘zingni qamoqda ekaningni ham unutib qo‘yasan, izzat-hurmating joyida bo‘ladi, daxlsizlik huquqing ta’minlanadi. Temir odamning jinoyati boshqacha xususiyatga ega edi. Ochig‘i, unga avvaliga qanday maqom berishga ham ikkilanib qolishdi. Temir odamni nimaga qamashgandi o‘zi? Bir qarashda uning jinoyati nomus kategoriyasiga to‘g‘ri kelmasdi. Bu holatni shunchaki qotillik deyish mumkin edi, xolos. Qamoqdagi dastlabki oylar Temir odam uchun bir oz qiyin kechdi. U qotillikni nima uchun, kim uchun sodir etganini ham aniq-tiniq izohlab berolmagandi.
“Razborka” uzoqqa cho‘zildi va nihoyat, Temir odamning irodasi va kuchi soyasida turma hayotining yozilmagan qonunlari qatoriga qo‘shimchalar kiritildi: sevgi tufayli sodir etilgan jinoyatlar ham nomus kategoriyasiga kiritilsin. Zahimaga bo‘lgan telbavor muhabbati uni o‘n besh yil muddatda ozodlikdan mahrum etdi. O‘n besh yil. Valloh-billoh, bu o‘n besh yilda dunyo va undagi narsalar bir necha bor turlandi, ammo uning Zahimaga bo‘lgan sevgisi bir misqol ham ozaygani yo‘q. Uning qalbida birgina niyat bor: uni qidirib topish va u bilan qo‘shilib Rossiyaga qochish. To‘g‘ri, bir necha marta qishloqqa xat yozdi (garchi, xat yozishni jini suymasa-da), ammo javob qaytmadi. Yo xatlar yetib bormagan, yoxud unga yetkazishmagan. Nima qipti? Kutish lozim. Uning nazarida Zahima ham xuddi shunday fikrda bo‘lishi, erga tegmasligi, uni kutishi lozim edi. Unga “ha” degandi, sevgisini qabul qilgandi, “sevaman” degandi. Lekin ota-onasi Temir odamdan ko‘ra boyroq, savodliroq bo‘lgani uchun qizni zo‘rlab Yovarga unashtirdilar. Yovarni o‘ldirdi, ehtimol, boshqa odam bo‘lganida o‘ldirmasmidi? Yovar ko‘ra-bila turib o‘z amakivachchasiga nisbatan nomardlik qilgani uchun jazosini oldi.
Endi uning akasi nomardlik qipti. Temir odamning lablari titrardi. Tun zulmatida ko‘ziga Zahimadan bo‘lak hech kim ko‘rinmasdi.
Ilyoslarning uyi qishloqqa kiraverishda, tegirmonning o‘ng tarafida edi. Tegirmondan bir necha yuz metr narida kichkina bir yemakxona bor edi. Yemakxona hovlisidagi manqal o‘chirilgan bo‘lsa-da, u yerdan tutun buruqsib turar, allaqanday badbo‘y is kuygan go‘sht hidiga qo‘shilib atrofga taralardi. Aftidan, bir oz avval bu yerda kimlardir o‘tirib ovqatlangan, suyak-savoqlarni yon-atrofga irg‘itishgandi. Yaqin-oradagi qishloq chiqindixonasidan kelayotgan noxush islar ko‘ngilni ozdirgudek bo‘lardi. Bu is yemakxonaning yonidan o‘tib ketayotgan Temir odamning asab torlarini taranglashtirib yubordi. Kerakli hovlini topib borgach, eshikni zarb bilan tepib ochdi. Ayvonga qanchalik shiddat bilan otilib chiqqan bo‘lsa, kutilmagan shovqindan ichkari uyda uxlayotganlar shunchalik tez oyoqqa turishdi. Ilyos ich kiyimda bir qo‘lida moychiroq bilan eshikni ochar-ochmas, bir musht bilan yerga dumaladi. Temir odam esa qichqirib yubordi.
– Haromi, hoziroq seni burdalab tashlayman.
Moychiroq yerga tushib chil-chil sindi. Uy ichidagi palos yona boshladi. Uyda bir zumda qiyomat qo‘pdi. Zahima nima hodisa yuz berganini tushunolmay qoldi. Uyga bemavrid bostirib kirgan begona odamning niyati erini o‘ldirish ekanini payqab, qo‘rquv va dahshat ichida joyidan sapchib turdi. Avvaliga bolalarini o‘ylab, o‘zini ularning ustiga otdi. Bu odam kim bo‘lishidan qat’i nazar ularni o‘ldirish uchun kelgani aniq edi. Bemahalda boshqa kim ham birovning eshigini buzib kirardi?
Ilyos Temir odamning bolta ushlagan qo‘lidan mahkam changallab olgandi. Temir odam yana bor ovozida bo‘kirdi:
– Benomus itvachcha! Seni o‘ldiraman!
– Zahima shundagina bu ovoz egasini tanidi va oldinga otildi, kuchi boricha qichqirdi:
– Uni o‘ldirma! Qonsiragan bo‘lsang, mana, meni chop!
– Sen bolalarni olib qochsang-chi! Ajdarni chaqir, bu it hammamizni o‘ldirmoqchi!
Xonada yakkama-yakka olishuv boshlandi. Zahima yana chinqirdi:
– Bizga rahming kelsin, erimni o‘ldirma!
Shu tobda atrof yaraqlab ketdi. Chiroq yongandi. Hamma turgan yerida bir zumgina qotib qoldi. Zahima Temir odamning ko‘zlariga tik boqdi:
– Mana men! Shu kerakmidi senga? O‘ldirma uni!
Temir odamni, go‘yo tok urgandek bo‘ldi. U chap tizzasini hushsiz, yuztuban yotgan Ilyosning yelkasiga bosgancha, boltani uning boshi uzra ko‘tarib turardi. Qo‘lidagi qurolni endigina mo‘ljalga urishga chog‘langan payti chiroqlar yondi-yu, daf’atan Zahimaning ochiq siynasiga ko‘zi tushdi. Yuragiga kimdir igna qadagandek bo‘ldi. Avvaliga Zahimani tanimadi, boshqa uyga kelib qoldimmikin, degan xayolga ham bordi. Ammo, ro‘paradagi ayol Zahima edi. O‘n besh yil avvalgi sohibjamol, kokili to‘pig‘ini o‘pgan, xipchabel, ofatijon malak emas, jin chalgandek ko‘rimsiz bir ayol turardi qarshisida. Faqat uning ovozigina o‘zgarmay qolgandi. Ana shu ovoz uni to‘xtatib qoldi.
Ayolning qoqsuyak yelkalari, ma’nosiz, ich-ichiga botib ketgan ko‘zlari atrofidagi son-sanoqsiz ajinlar, yuzlarini to‘sib turgan parishon sochlaridagi oq tolalar qo‘qqisdan yonib qolgan chiroq nurida uning butun vujudini ilma-teshik qilib yubordi. Yerga to‘shalgan palosning lovullab yonayotgani, olov bolalari tarafga surilib borayotganini ko‘rgan Zahima birdan hamma narsani unutib, chinqirib yig‘layotgan bolalarini tashqariga olib chiqmoqqa oshiqdi, ammo kuchi yetmadi. Olov esa xuddi och bo‘riday, bu torgina kulbada boyagina dunyoning ishlaridan bexabar yotgan, keyin olatasirdan uyg‘onib, ko‘z oldilaridagi dahshatli sahna qarshisida dir-dir titrayotgan bolalarni yutmoqqa chog‘langan edi. Erini behush, bolalarini nochor ahvolda ko‘rgan Zahimaning boshi aylanib ketdi va uyning o‘rtasida muvozanatni yo‘qotib, yiqilib tushdi.
Temir odam shu asnoda mumday eriy boshladi, qo‘llari bo‘shashdi. Zahimaning paxmoq, oq oralagan sochlari suyaklari chiqib turgan ochiq yelkalarini bekitmoqchidek behol to‘lg‘anardi. Peshonasidagi ajinlar, yuz-ko‘zlaridagi g‘am-g‘ussa, so‘lg‘inlik uning o‘tgan o‘n besh yil davomida muddatidan ancha avval qariy boshlaganini ko‘rsatardi. Temir odamning o‘n besh yil avvalgi muhabbati ham birdaniga keksaya boshladi va uning ichida o‘ziga ham ma’lum bo‘lmagan g‘alati bir tuyg‘u bosh ko‘tardi.
Axir, shu sevgi emasmidi, umrining eng gullagan o‘n besh yilini panjara ortida kechirishga majbur qilgan kuch? Yo Rab, u go‘zal, pariruxsor Zahimadan asar ham qolmabdi-ku? Bu ne balo edi? Axir, insonning aqldan ozishi hech gap emas ekan. Nahotki, shu ta’viya dovrug‘i yetti iqlimga doston bo‘lgan malaksiymo Zahima bo‘lsa?
Zahima hozirgina unga nima dedi? “Sevgimiz haqqi hurmati, uni kechir, dedimi? Yo Alloh, endi nima qilmoq kerak?”
Birdan hamma-hammasi boshqacha tus oldi. Parvardigorning hikmatini ko‘ring! Temir odam ko‘z ochib yumguncha Zahimani qo‘lida ko‘tarib, hovliga tushdi. Uni astagina quduq yoniga yotqizib, yana osmonga o‘rlayotgan alanga ichiga o‘zini urdi. Bolalarning yurakni larzaga keltirguvchi qichqiriqlari quduq yonidagi tarashalar ustida abgor yotgan Zahimani hushiga keltirdi. Ayol jon holatda o‘rnidan turib, ixtiyorsiz faryod soldi:
– Voy do-od, musulmonlar, bolalarim kuyib kul bo‘lde-e-e! Yordam beringlar! Bolalari-i-m!
Ammo, shu asnoda ko‘rdiki, Temir odam har ikki bolasini qo‘ltig‘iga qistirgancha uydan chiqib kelyapti. Salgina ilgari bu xonadonga qotil qiyofasida kelgan bu odam endi xaloskorga aylangan edi. U to‘ppa-to‘g‘ri quduq tepasiga kelib, bolalarni Zahimaning qarshisiga o‘tqizib qo‘ydi. Ayol ikki jigarbandini bag‘riga bosgancha, paydar-pay yalab-yulqashga tushdi. Bu manzarani kuzatib turgan Temir odamning qovoqlariga ko‘z yosh qadalib achishtira boshladi va indamay darvoza tarafga odimladi. Ammo, Zahimaning nogahoniy nolasi uni to‘xtatib qoldi.
– Voy do-od! Bolalarim yetim qoldi! Kim bor, qutqaringlar! Dadasi-i-i-i!
U bir lahza taraddudlanib qoldi. Keyin bir oz o‘ylanib turgach, ilkis ortiga qaytdi va yana to‘ppa-to‘g‘ri otash bag‘riga o‘zini urdi. Hamon behush yotgan Ilyosni ko‘tarib, tashqariga olib chiqdi va Zahimaning oyoqlari ostiga irg‘itgancha, o‘zini la’natlab ko‘chaga otildi.
Ilyosning uyi o‘t ichida qolgandi. Sal bo‘lmasa, olov narigi xonaga ham o‘tayozgandi. Qishloq ahlining deyarli teng yarmi shu hovliga to‘plangan, hech kim nimalar yuz berayotganini anglolmasdi. Erkaklar yong‘inni o‘chirishga urinishar, ayollar Zahimaga tasalli berib, bolalarni ovutishar, ba’zilar esa Ilyosni o‘ziga keltirish uchun yuziga shapatilashardi. Qo‘qqisdan Ilyos hushiga keldi. Sakrab turdi-da, hali olov tutashmagan narigi xonaga o‘zini urdi. Ko‘p o‘tmay qo‘shotar miltiqni ko‘tarib chiqdi. Odamlar uning nima qilmoqchi ekani tushunolmay turishardi, boshqalar esa hamon o‘t o‘chirish bilan mashg‘ul edilar. Zahima erining maqsadini payqab, uning yo‘lini to‘sdi. Yalinchoq ovozda pichirladi:
– Nima qilyapsiz, u bizni qutqarib qoldi-ku!
– Yo‘limdan qoch, qanjiq, – qora quzg‘undek hurpayib olgan Ilyos miltiq qo‘ndog‘i bilan xotinining yelkasiga aylantirib urganida, sho‘rlik ayol orqasi bilan yiqildi.
Yonayotgan uydan shiddat ila uzoqlashayotgan Temir odamning bo‘g‘zidan kutilmagan hayqiriq otilib chiqdi. Ho‘ngragancha yig‘lab yubordi. Qayoqqa borayotganini o‘zi ham bilmasdi. Dunyo va undagi bor narsalarni bo‘ralab so‘kar, orqasiga qaramasdan tez-tez yurib borardi. Sevgi yo‘q narsa ekan! Yolg‘on ekan! Hamma narsa qo‘rqqulik ekan. U faqatgina sevgidan qo‘rqmasdi. Yo Rabki, u ham mudhish va qo‘rqinchli narsa ekan. Demak, dunyoda ozodlikdan ham qo‘rqinchli narsa bor ekan-da? U sevgi, ha sevgining o‘zginasi…
Kutilmaganda… Temir odamning kulgisi keldi. O‘z-o‘zidan kula boshladi.
Boya qishloqqa kelayotganida uni izma-iz ta’qib qilgan sharpa yana ortida paydo bo‘lganini his qildi. Ammo, bunga ahamiyat bermadi. Bir martagina orqasiga qarab qo‘ymadiyam. U kular, uyatsiz so‘zlar bilan so‘kinardi.
Kel, kelaver, qani qo‘lingdan nima kelarkin, Shayton! Men sendan qo‘rqadiganlardan emasman. Endi men uchun hamma narsa keksaygan, o‘z ma’nosini, go‘zalligini, tarovatini yo‘qotgan. Sevgi ham qarirkan-da, sevgi ham o‘larkan-da? Sevgi ham qo‘rqinchli tus olarkan-a? Temir odam xuddi o‘z-o‘ziga gapirayotgandek g‘alati ovozda g‘o‘ldirab borardi.
Buni qara-ya! Shaytonning ko‘lankasi! Xeh, odamni ja qo‘rqitib yubording-ku? Oladiganimni olib bo‘ldim bu dunyodan, endi meni nima qilmoqchisan?
Xuddi shu asnoda orqadagi ko‘lanka tarafdan ikkita o‘q ovozi eshitildi. Temir odam yuztuban yerga quladi va qaytib o‘rnidan turmadi.
Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi