Karel Chapek. Chaqaloq voqeasi (hikoya)

— Hamonki komissar Bartoshek haqida gap ochilgan ekan, — dedi pan Kratoxvil, — uning boshidan kechgan, ammo matbuotda uncha yoritilmagan bir voqea esimga tushib ketdi; men chaqaloq voqeasini aytmoqchiman. Xullas, voqea bunday bo‘lgan edi. Bir kuni politsiya mahkamasiga, komissar Bartoshekning oldiga bir juvon zor qaqshab yig‘lagancha kirib keldi. Bu ayol davlat amloklari boshqarmasida maslahatchi bo‘lib ishlovchi pan Landaning xotini edi. Juvonning ko‘zlari jiqqa yosh, entikib-entikib nafas olardi. Ko‘p yig‘laganidan qovoqlari shishib ketgan, yanoqlarida xol-xol dog‘lar paydo bo‘lgan edi. Bartoshekning ayolga rahmi keladi va bu qari bo‘ydoq politsiya amaldoriga xos usulda baholiqudrat unga tasalli bera boshlaydi:
— Qo‘ying, bo‘ldi, nima, eringiz kallangizni olarmidi, azbaroyi xudo? Hali uxlab tursin, apoq-chapoq bo‘lib ketasizlar: mabodo yana g‘alva ko‘taradigan bo‘lsa, yoningizga pan Goxmanni qo‘shib yuboraman, bir zumda eringizning esini kiritib qo‘yadi. Endi, o‘zingiz ham, tasadduq, eringizning rashkini keltiradigan ish qilmang-da!
— Politsiya mahkamalarida, ma’lumingiz bo‘lsinkim, oilaviy mojarolarni ko‘pincha shu tarzda bartaraf qilishga odatlanishgan.
Lekin bu xonim boshini sarak-sarak qilib, shunday o‘ksib-o‘ksib yig‘lardiki, ko‘rgan odamning yuragi ezilib ketardi.
— Eh, jin ursin. — Pan Bartoshek masalaga boshqa tomondan yondoshmoqchi bo‘ladi. — Ha-a, hali u sizni tashlab qochib ketdimi? Gapimga ishoning, bari bir qaytib keladi kasofat, e, sadqayi ko‘z yoshingiz ketsin-e o‘sha ablah!
— Pa-aan… komissar, — dedi yig‘i aralash juvon, — mening bolam… ko‘chada… O‘g‘irlab ketishdi… mening bolamni!
— Be, qo‘ysangiz-chi, — deydi komissar ishonqiramay. — O‘g‘rilar nima qiladi bolani? O‘zi qochib ketgandir biron yoqqa…
— Yo‘-o‘q, qochmagan… U qocha olmaydi axir!.. — deb yum-yum yig‘laydi betaskin ona. — Mening Rujenkam atigi uch oylik chaqaloq.
— Hali shunaqa deng, — deydi bolalarning qay vaqtdan yura boshlashi haqida hech qanday tushunchaga ega bo‘lmagan pan Bartoshek. — Unda menga ayting-chi, qanday o‘g‘irlagan bo‘lishlari mumkin uni?
Pan Bartoshek, bolangiz topiladi, deb azza-bazza, qayta-qayta qasam ichaverib terlab ketdi va nihoyat bu yosh onadan voqea qanday bo‘lganligini bir amallab bilib oldi.
Voqea bunday bo‘lgan ekan: pan Landa o‘z nazoratidagi amloklarni ko‘zdan kechirish uchun jo‘nab ketgan ekan. Uyda yolg‘iz qolgan pani Landova qizalog‘i Rujenka uchun chiroyli oshxo‘rak tikmoqchi bo‘libdi-yu buning uchun shohi mato tanlagani magazinga yo‘l olibdi; Rujenka yotgan aravachani ko‘chada qoldirib do‘konga kiribdi, xarid qilib qaytib chiqsa, aravachayam, Rujenkayam yo‘qmish. Pan Bartoshekning yarim soat kuyib-pishib surishtirib bilgani faqat shu bo‘libdi.
— Gapingizga qaraganda, pani Landova, — deb xulosa chiqardi pan Bartoshek, — buning uchun xafa bo‘ladigan tomoni yo‘q; o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, chaqaloqni o‘g‘irlashga kimning ham ko‘zi uchib turibdi? Odatda bunaqa go‘daklarni birovlarning eshigi tagiga tashlab ketishadi. Mening ish tajribamda ham shunday bir hodisa bo‘lgan edi; aksar payt chaqaloqni pullash qiyin bo‘ladi; lekin aravacha uchun biron nima undirish mumkin; parto‘shakcha uchun ham — parto‘shakchasi bo‘lgandir, albatta? Faqat shu deb o‘g‘irlik qilgan bo‘lishlari mumkin. Taxminimcha, kimgadir aravacha bilan parto‘shakcha kerak bo‘lib qolgan. Menimcha, bu ayol kishining ishi. Negaki, chaqaloq solingan aravachani itarib yurgan erkak odam darrov hammaning e’tiborini tortadi. O‘sha o‘g‘ri ayol chaqaloqni biron yerga tashlab ketgan bo‘lishi mumkin, — deb pan Bartoshek yosh onani yupatmoqchi bo‘ldi, — axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, emizikli chaqaloqni boshiga uradimi? Ko‘nglim sezib turibdi, biz shu bugunoq o‘sha qushchangizni topib qo‘lingizga topshiramiz.
— Mening Rujenkaginam ochqab qolsa nima bo‘ladi? — derdi onaizor zor qaqshab. — Uni boqadigan payt o‘tib ketdi…
— O‘zimiz uni boqamiz, — deb so‘z berdi komissar, — siz bemalol uyingizga boravering.
Pan Bartoshek fuqaro kiyimidagi bir ayg‘oqchini chaqirib, unga ayolni uyiga kuzatib qo‘yishni buyurdi.
Shu kuni tushdan keyin komissarning o‘zi pani Landovaning uyiga keldi.
— Xullas, gap bunday, muhtarama pani, — dedi u, — aravacha topildi. Endi faqat chaqaloqni topish qoldi. Bo‘sh aravachani biz bir uyning darvozaxonasidan topdik, u uyda hech qanaqa chaqaloq yo‘q ekan. To‘g‘ri, bir ayol farrosh xotinning oldiga kelib, ruxsat bersangiz, shu yerda bolamni emizib olsam, debdi, hm… m… shunday deyishga debdi-yu darrov jo‘nab qolibdi… Jin ursin, — dedi u birdan boshini sarak-sarak qilib, — axir u ayol aravachani emas, aynan chaqaloqni o‘g‘irlagan bo‘lib chiqadi-ku. Demak, azizim pani, hamonki bola o‘sha o‘g‘ri xotinga kerak ekan, u chaqalog‘ingizga ziyon yetkazmaydi, uni yeb ham qo‘ymaydi; xullasi kalom, qayg‘urmasangiz ham bo‘ladi.
— Lekin men o‘z Rujenkamni qaytarib olishni istayman, — dedi pani Landova ayanch bilan.
— Unday bo‘lsa, pani, bizga bolangizning fotosurati kerak yo bo‘lmasa, uning alohida belgilari haqida gapirib bering, — dedi komissar endi ovoziga rasmiy tus berib.
— Voy, qiziq ekansiz-u, pan komissar, — deb yig‘lab yubordi pani Landova, — bolalarni bir yoshga to‘lmaguncha suratga olish mumkin emasligini nahotki bilmasangiz? Buning xosiyati yomon bo‘larmish — keyin bola o‘smay qolarmish…
— Hm, — deb to‘ng‘illab qo‘ydi komissar, — unda, hech bo‘lmasa, chaqalog‘ingizni aniqroq ta’riflab bering.
Onaning ta’rifi juda mufassal bo‘ldi: Rujenkaginamning sochlari ipakdek mayin, burunchasi — tugmachadek, ko‘zlari biram chiroyli-biram chiroyliki! Og‘irlig‘i to‘rt kilo-yu to‘rt yuz to‘qson gramm. Qizg‘ish rangli dumbachalarida kuldirgichlari bor, oyoqchalaridagi bo‘g‘inlarini aytmaysizmi…
— Qanaqa bo‘g‘inlar? — dedi komissar hushyor tortib.
— Shunaqangi shirin bo‘g‘inlarki, o‘pib-o‘pib olging keladi! — dedi ona piq-piq yig‘lagancha. — Barmoqchalariyam shunaqa shirin-shirin. Oyijonisiga qanday kulib boqishini ko‘rsangiz edi!..
— Meni kechirasiz, xonim, — deya e’tiroz bildirdi pan Bartoshek, — bunaqa ta’rif bo‘yicha biz bolani topa olmaymiz axir! Alohida belgilari yo‘qmi uning?
— Boshidagi chepchigi pushtirang lenta bilan bog‘langan, — deb ho‘ngrab yig‘lab yubordi ona. — Qizaloqlarning chepchigiga doim pushtirang lenta tikishadi! Xudo xayringizni bersin, komissar, Rujenkamni qidirib toping!
— Tishlari qanaqa uning? — deb yana aniqlamoqchi bo‘ldi pan Bartoshek.
— Voy, qanaqa tish? Axir u endi uch oyli bo‘ldi-ku! Voy, uning oyijonisiga qanday kulib boqishini ko‘rsangiz edi! — Pani Landova tiz cho‘kdi: — pan komissar, qizchamni topib berasiz-a? So‘z bering!
— Harakat qilamiz, — deya g‘o‘ldiradi o‘zini o‘ng‘aysiz his qilgan pan Bartoshek, — iltimos, turing o‘rningizdan. Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, o‘sha xotin nima qilarkan uni o‘g‘irlab? Bitta murg‘ak chaqaloqdan nima naf ko‘rish mumkin?
Bu gapdan hayron qolgan pani Landovaning og‘zi ochilib qoldi.
— Voy, axir boladan shirinroq, boladan go‘zalroq narsa yo‘q-ku bu dunyoda! Nahotki sizda, pan komissar, onalik mehridan asar ham bo‘lmasa?
Pan Bartoshek o‘zidagi bu kamchilik haqida gapirishni lozim topmadi va shosha-pisha gapni boshqa yoqqa burdi:
— Nazarimda, bunday o‘g‘irlikka faqat o‘z bolasidan ayrilib qolgan, ammo bolali bo‘lishni judayam xohlagan ayolgina jazm qilishi mumkin. Buni, bilasizmi, ba’zida qovoqxonalarda yuz beradigan voqeaga qiyos qilish mumkin: agar biron xo‘randa adashib sizning qalpog‘ingizni kiyib ketsa, siz ham birovning qalpog‘ini kiyib olib uyingizga jo‘naysiz. Lekin men bu sohada ba’zi choralarni ko‘rib qo‘ydim: odamlarimga Praganing qayerida kimning uch oyli chaqalog‘i nobud bo‘lganini surishtirib bilishni va borib tekshirib ko‘rishni buyurdim. Ammo siz bergan ta’riflar bo‘yicha chaqaloqni tanib olishimiz juda mushkul bo‘ladi.
— Lekin men taniyman-ku uni, — deb piqillay boshladi yana pani Landova.
Pan komissar yelkasini uchirib qo‘ydi.
— Mayli, shunday bo‘lsa ham, — dedi u o‘y surib, — jonimni tikib garov o‘ynaymanki, o‘sha xotin biron manfaatni ko‘zlab o‘g‘irlagan bolani. Mehr yo muhabbat tufayli bola o‘g‘irlash, muhtarama pani, juda siyrak uchraydigan hol; asosan — pul deb o‘g‘irlik qilishadi. Bo‘ldi-da, endi, ko‘p obidiyda qilavermang, jin ursin! Biz qo‘limizdan kelgan hamma ishni qilib ko‘ramiz.
Pan Bartoshek politsiya mahkamasiga qaytgach, o‘z xodimlariga dedi:
— Qani, aytinglar-chi, qay biringizning uch oyli jinqarchasi bor? Bo‘lsa, menga olib kelib ko‘rsatinglar.
Bir politsiyachining xotini o‘zining chaqalog‘ini olib kelib komissarga ko‘rsatdi. Pan Bartoshek bolaning yo‘rgagini yechib ko‘rsatishni buyurdi va dedi:
— Voy bo‘-o‘, hamma yog‘i shiptir-ku! Ha, mana — boshida sochi bor, bo‘g‘inlari ham… Mana bu buruncha bo‘lsa kerak-a? Tishlariga kelsak — bittayam yo‘q… Ayting-chi, azizam, bir chaqaloqni ikkinchisidan qanday farq qilib bo‘ladi?
Politsiyachining xotini bolasini bag‘riga mahkam bosgancha faxr bilan dedi:
— Axir bu mening Manichkaginam-ku! Ko‘rmayapsizmi, pan komissar, qizimiz xuddi quyib qo‘ygandek otasining o‘zginasi?
Pan komissar politsiyachi Goxman tomonga ishonqiramay ko‘z qirini tashladi; Goxman mo‘ylabini dikkaytirib, ajin qoplagan so‘lg‘in lunjlarini shishirib, dilbandini o‘qlovsifat barmoqlarini o‘ynatib erkalar va kuchuk bo‘lib vovullardi.
— Yo‘q, men bir narsa deyolmayman, — g‘o‘ldiradi komissar, — menimcha, burni ham sira o‘xshamaydi, balki keyinchalik kattalashar… Yaxshisi, men saylgohga borib, u yerdagi jinqarchalarni ko‘zdan kechiraman… Sirasini olganda, yigitlarimiz har qanday bezori va yalangoyoq daydilarni bir qarashdayoq tanib oladi. Ammo lekin mana bunaqa yo‘rgaklangan jimitlarni, bilmadim, qandoq tanisa bo‘larkin.
Bartoshek taxminan bir soatdan keyin mutlaqo hafsalasi pir bo‘lib qaytib keldi.
— Menga qarang, Goxman, — dedi u o‘z yordamchisiga yuzlanib. — Axir bu g‘irt bema’nilik-ku — hamma go‘daklarning basharasi bir xil! Chaqaloqning tashqi qiyofasini tasvirlovchi so‘zlardan hech bir naf yo‘q. Nima, “Ayol zotidagi uch oyli chaqaloq qidirilmoqda, boshidagi sochlari ipakdek mayin, burni tugmachadek, ko‘zlari chiroyli, dumbasida kuldirgichlari bor, vazni to‘rt kilo-yu to‘rt yuz to‘qson gramm”, deb e’lon beramizmi? Shuning o‘zi kifoya qilarmikin?
— Pan komissar, menga qolsa, chaqaloqning vazni haqida eslatmagan bo‘lardim, — deb jiddiy tarzda maslahat berdi Goxman, — nega desangiz, bu jinqarchalar, ichi kelishiga yoki onasini emishiga qarab, dam og‘irroq, dam yengilroq bo‘lishi mumkin.
— Yo Iso alayhissalom, — deb yubordi komissar, — men qayoqdan bilibman bularni? Axir bizning sohamiz emas-ku emizikli bolalar! Menga qarang, — dedi u birdan ko‘ngli yorishib, — nima deysiz, agar bu ishni bironta boshqa organga, masalan, “Ona va bolani himoya qilish” bo‘limiga oshirib yuborsak, qandoq bo‘larkin-a?
— Lekin o‘g‘irlik sodir bo‘lgani aniq-ku, — deb e’tiroz bildirdi Goxman.
— Ha, o‘g‘irlik sodir bo‘lgan, — deb to‘ng‘illab qo‘ydi komissar. — E xudo, agar biron kishining soatini yo boshqa qandaydir foydali narsasini o‘g‘irlashganda edi — nima qilish kerakligini bilardim; lekin o‘g‘irlangan chaqaloqni qanday qidirish mumkin — aqlim bovar qilmaydi!
Shu payt eshik ochilib, bir politsiyachi pani Landovani xonaga boshlab kirdi. U yig‘lardi.
— Pan komissar, — deb murojaat qildi politsiyachi, — mana bu xonim ko‘chada bir ayolning bolasini qo‘lidan tortib olmoqchi bo‘lib janjal ko‘tardi, sal bo‘lmasa, yumma talashib urishib ketay dedi. Shuning uchun uni bu yoqqa boshlab keldim.
— Bu nima qilganingiz, pani Landova? — deb Bartoshek qonunni buzgan ayolga tanbeh bera boshladi, — bizni qiynab yubordingiz-ku!
— Axir u mening Rujenkam edi! — deb ho‘ngrab yubordi juvon.
— Hech ham Rujenka emas! — dedi politsiyachi. — U ayolning familiyasi Roubalova, Budechskaya ko‘chasida turarkan, qo‘lidagi chaqaloq uch oyli o‘g‘il bola edi.
— Ana, ko‘rdingizmi, nodon ayol! — dedi achchig‘lanib pan Bartoshek. — Agar yana bizning ishimizga aralashadigan bo‘lsangiz, biz bolangizni qidirishdan voz kechamiz, bildingizmi? Shoshmang-chi, — dedi u bir nimani eslab. — Qizchangiz nima deb chaqirganingizda quloq solardi?
— Biz uni Rujenka deb chaqirardik, — deb bir ingrab qo‘ydi yosh ona. — Yana shakarim, oppog‘im, oltinim, farishtam, qo‘zichog‘im, oftobim, jajjiginam… deb chaqirardik uni.
— Shu so‘zlarning hammasiga u quloq solarmidi? — dedi hayron qolgan komissar.
— U hamma-hamma gapni tushunadi! — deb ishontirmoqchi bo‘ldi ona ko‘zyoshlarini tiyolmay yig‘larkan. — Biz unga barmoqlarimizni o‘ynatib, kuchukcha bo‘lib akillasak, mushukcha bo‘lib miyovlasak yoki uni qitiqlasak, shunaqangi qiqirlab kuladiki…
— Sizga shuni aytishim kerakki, pani Landova, hamma urinishlarimiz zoye ketganidan afsuslanaman. Chaqalog‘i o‘lgan oilalarda sizning Rujenkangiz topilmadi; odamlarim hammayoqni kezib chiqishdi.
Pani Landova bir nuqtaga tikilgancha qotib qoldi. Keyin birdan ko‘ngli yorishib gapira boshladi:
— Pan komissar, men Rujenkamni topib bergan odamga o‘n ming krona beraman. Hammayoqqa ovoza qiling… qizchamning daragini topgan odam o‘n ming oladi…
— Men buni sizga maslahat bermasdim, muhtarama pani, — dedi pan Bartoshek ishonqiramay.
— Siz bemehr odam ekansiz! — dedi yosh juvon mungli ohangda. — Men Rujenkam uchun o‘z jonimni tikishga ham tayyorman!
— Ixtiyoringiz, — deb g‘o‘ldirab qo‘ydi pan Bartoshek. — Mayli, e’lon qilishim mumkin, faqat, xudo haqqi, o‘tinib so‘rayman sizdan, boshqa xalaqit qila ko‘rmang bizga!
— Juda og‘ir ish, — deb xo‘rsinib qo‘ydi u pani Landova xonadan chiqib ketganidan keyin. — Mana, ko‘rasiz, rosa mashmasha boshlanadi endi.
Darhaqiqat, mashmasha boshlandi: ertasi kuni uchta ayg‘oqchi agent har qaysisi bittadan big‘-big‘ yig‘layotgan uch oyli qizaloqni ko‘tarib keldi, yana bir ayg‘oqchi — bizga tanish bo‘lgan Pishtora esa, eshikdan boshini kabinetga tiqib irshaygancha dedi:
— Pan komissar, o‘g‘il bola kerak emasmi? Arzonroqqa topib berardim.
— Hamma balo shu mukofot pulida, jin ursin, — deb so‘kindi pan Bartoshek. — Bunaqada hali mahkamamiz qoshida yetimxona ochishimizga to‘g‘ri keladi… Padariga la’nat!
“Padariga la’nat! — deb ijirg‘anardi u o‘zining bo‘ydoqlik hayoti o‘tadigan makoniga yo‘l olarkan. — Hayronman, endi qandoq toparkinmiz u jinqarchani?”
Uyda uni xodimasi qarshi oldi. U suyunchi so‘ramoqchi bo‘lganday, og‘zi qulog‘ida, shaqillab gapira boshladi:
— Pan komissar, — dedi u salom berish o‘rniga, — siz bir kirib ko‘ring Boyvuchchangizni.
Kitobxonga ma’lum bo‘lsinkim, Boyvuchcha — bu Boksyor zotli urg‘ochi it bo‘lib, u qaysiyam bir nemis bo‘ribosari bilan zino ish qilib qo‘ygan edi. Kezi kelganda, shuni aytishim kerakki, bu turli toifadagi itlar qanday qilib bir-birini tanirkin, deb hayron qolaman; masalan, tozi it taksa zotidan bo‘lgan itning it ekanligini qaysi belgilariga qarab bilib olarkin — aslo tushunolmayman. Biz odamlar bir-birimizdan tilimiz va dinimiz bilan farq qilamiz-u, ammo bir-birimizni yeb qo‘yishga tayyormiz. Xullasi kalom, bu Boyvuchcha tushmagurning ko‘zi yoribdi — u nemis bo‘ribosaridan naq to‘qqizta kuchuk bola tug‘ib, endi dumini likillatib mas’ud kayfiyatda uzala tushib yotgan edi.
— Anavini qarang! — deb labi labiga tegmay tinimsiz bijillardi uy xodimasi, — shuncha farzand ko‘rganidan gerdayib yotishini ko‘ring. Voy tavba! Rost-da, nega gerdaymasin? Ona-ku axir!
Pan Bartoshek o‘ylanib qoldi va:
— Ona deysizmi? — deb so‘radi. — Nima, hamma onalar ham o‘zlarini shunday tutishadimi?
— Voy, bo‘lmasam-chi! — dedi bunday savoldan ajablangan uy xodimasi. — Siz bironta onaning oldiga borib, uning bolasini bir maqtab ko‘ring — bilasiz!
— Qiziq! — deb qo‘ydi pan Bartoshek. — Bo‘pti, men sinab ko‘raman.
Ikki kundan keyin Katta Pragada yashovchi hamma bolali onalarning dili yayrab, ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib ketdi. Ular bolalarini aravachaga solib yo qo‘lda ko‘tarib ko‘chaga chiqqanlarida shu zahotiyoq oldilariga bashang kiyingan politsiyachi yoki boshiga qora kotelok kiygan g‘oyat sertakalluf odam kelib, ularning shirin-shakar bolalariga kulib boqar va uni erkalab, asta iyagini qitiqlagancha maqtov so‘zlar aytardi:
— Vuy, muncha shirin bola ekan-a! Qanchali bo‘ldi?
Qisqasi, bunday mulozamatlar barcha onalar uchun haqiqiy bayram bo‘lgandi.
Shu kuniyoq soat o‘n birlarda agentlardan biri komissar Bartoshekning huzuriga rangi quv o‘chib, dag‘-dag‘ titrayotgan bir ayolni boshlab keldi.
— Bu o‘sha, pan komissar, — dedi u Bartoshekka, — u bolani aravachada sayr qildirib yurgan ekan; oldiga borib: “Voy-bo‘-o‘, bolangiz qo‘g‘irchoqqa o‘xshaydi-ya, qanchali bo‘ldi?” — degan edim, bu ayol menga o‘qrayib qaradi-da, darrov bolaning yuzini parda bilan to‘sib qo‘ydi. Shuning uchun ham, qani, men bilan yuring-chi, dedim-da, bu yoqqa boshlab kelaverdim.
— Darrov borib pani Landovani chaqirib keling, — deb buyurdi komissar. — Endi siz, oyimqiz, qani, xudo haqqi, menga ayting-chi, o‘g‘irlangan bola nega kerak bo‘lib qoldi sizga?
Oyimqiz ko‘p tixirlik qilmadi, ikki og‘iz gap aytmasdan tilidan ilindi. Bu hali turmushga chiqmagan ayol qaysiyam bir janobdan qizaloq tug‘ibdi. Bola so‘nggi ikki kun davomida tobi qochgan bo‘lsa kerak, kecha-yu kunduz muttasil big‘illab yig‘layveribdi — qorni og‘rigan-da. Uchinchi kecha ona bolasini bag‘riga olib, unga ko‘kragini bergan-u, o‘zi uxlab qolgan; uyg‘onsa, bola o‘lib qolganmish.
— Bir narsa deyish qiyin, — dedi pan Kratoxvil shubhalanganday bo‘lib. — Shunday bo‘lishi mumkinmikin?
— Nega mumkin bo‘lmas ekan, — deb suhbatga aralashdi doktor Vitasek. — Birinchidan, ona ikki kecha deyarli mijja qoqmagan, ikkinchidan, bola oshqozon katari dardi bilan og‘rigan va bir necha kungacha onasini emmagan. Buning natijasida, ona ko‘kragi juda og‘irlashgan; shunga ko‘ra, mast uyquda bo‘lgan ona bexosdan ko‘kragi bilan bolani bosib qo‘ygan va go‘dak nafas ololmay o‘lib qolgan bo‘lishi mumkin. Bunaqa holat yuz berishi mumkin, albatta. Xo‘sh, keyin nima bo‘libdi?
— Xullas, boya men aytganday bo‘lgan, — deb hikoyasini davom ettirdi pan Kratoxvil. — Bu ayol bolasining o‘lib qolganini ko‘rgach, bu haqda cherkovga xabar qilgani ko‘chaga chiqqan, lekin yo‘lda ketaturib, pani Landovaning qizchasi yotgan aravachani ko‘rgan-u cherkovga borish niyatidan qaytgan: uning ko‘ngliga, o‘ynashim bo‘lgan janob begona bola uchun ham boyagi-boyagiday aliment to‘layveradi, degan fikr kelgan. Yana, aytishlaricha, bu ayolning ko‘kraklari qattiq og‘riy boshlabdi, suti ko‘payib ketganidan.
— Bu ham to‘g‘ri, — dedi pan Vitasek bosh irg‘ab.
— Bilasizmi, pan Vitasek, — dedi pan Kratoxvil, — men bunaqa ishlarni uncha tushunmayman. Gapning po‘skallasi, u pani Landovaning aravachasini o‘g‘irlagan-u, keyin aravachani begona bir uyning darvozaxonasiga tashlab ketgan. Rujenkani esa o‘zining marhuma Zdenochkasi o‘rniga qiz qilib olgan. Aftidan, bu ayol sal telbanamo bo‘lsa kerak: o‘lib qolgan qizchasini xolodilnikka qo‘yib qo‘yibdi — kechasi qorong‘ida bir yerga olib borib ko‘maman, degan xayol bilan.
Bu orada pani Landova ham yetib keldi.
— Mana, oyijonisi, — dedi unga pan Bartoshek. — Oling, ana, shirin-shakaringizni.
Pani Landovaning ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi.
— Voy, bu mening Rujenkam emas! — deb ho‘ngrab yig‘lab yubordi u. — Rujenkamning chepchigi boshqacha edi!
— Jin ursin! — deb baqirib berdi komissar. — Oldin yo‘rgagini yechib qarasangiz-chi!
Bolani yozuv stoliga yotqizib, yo‘rgagini yechishdi: shunda pan Bartoshek chaqaloqning oyoqchalarini ko‘tarib turib dedi:
— Endi qarang-chi, dumbachasida kuldirgichlari bormikin…
Pani Landova esa, allaqachon tiz cho‘kib olib, jigarporasining boshidan to tovonigacha yalab-yulqarkan, yum-yum yig‘lagancha derdi:
— Voy, o‘rgilay sendan, Rujenochkaginam, voy oyijoning aylansin sendan, oltinim, oppog‘im, o‘zim girgittoning bo‘lay, popuk qizim…
— O‘tinaman, pani Landova, — dedi bunday manzarani uncha xush ko‘rmagan pan Bartoshek, — bas qiling yig‘ini, bo‘lmasa, azbaroyi shifo, men bo‘ydoqlik hayotimga xotima yasab yuboraman. Endi va’da qilganingiz o‘n ming krona masalasiga kelsak, xonim, siz u pulni yolg‘iz onalarga yordam fondiga bering, kelishdikmi?
— Pan komissar, — deb yuzlandi unga qalbi shavqu zavqqa to‘lgan pani Landova. — Rujenkamni qo‘lingizga olib, unga oq fotiha bering!
— Shu shartmikin? — deb to‘ng‘illadi pan Bartoshek. — Qanaqa qilib qo‘lga olish kerak o‘zi buni? Ha, bunday deng. O, qarang, hozir u yig‘lab yuboradi. Ushlang, oling uni tezroq! Rujenkangiz o‘zingizga buyursin!
Chaqaloq voqeasi shunday tugagan edi.

Qodir Mirmuhamedov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 12-son.