Jubron Xalil Jubron. Qayrilgan qanotlar (qissa)

Ushbu kitobni quyoshga kiprik qoqmay qaraydigan, barmoqlari tap tortmay olovni ushlaydigan, ko‘rlar shovqini va qichqirig‘i orasidan mangu ruh qo‘shig‘ini eshitadigan Meri Elizabet Xaskelga bag‘ishlayman.

MUQADDIMA

Muhabbat o‘zining sehrli nurlari bilan ko‘zlarimni ochib, otash nigohi-la qalbimga ilk bor o‘t qalaganda o‘n sakkiz yoshda edim. Go‘zalligi mening ruhimni uyg‘otib, kunlarim — orzu-umidlar, tunlarim — to‘ylar singari o‘tadigan yuksak tuyg‘ular jannatiga olib kirgan birinchi ayol Salma Karamiy bo‘ldi.
Mehribon va sohibjamol Salma menga sevgi sirini ochib, go‘zallikka sajda qilmoqni o‘rgatdi.
Ruhiy hayot dostonidan ilk she’rni o‘qib bergan o‘sha bo‘ldi.
O‘zining nazokati bilan yigitni o‘smirlik beg‘amligidan ilk bor uyg‘otgan, latofati bilan yurak torini chertib, ishq azobiga duchor qilgan qizni kim eslamaydi? O‘shanda xuddi birdan uyg‘onganday, o‘zida to‘satdan hamma narsa o‘zgarib qolganini his etgan ajib onlarni kim sog‘inmaydi? Yurakni larzaga solgan o‘sha alam to‘la quvonchli, shirin dardlarni unutib bo‘larmidi?!
Har bir o‘smirning hayot tongotarida kutilmaganda o‘z Salmasi paydo bo‘ladi. U yigitning maroqsiz kunini quvonch bilan, zavqsiz tunini musiqa bilan to‘ldirib, uning ehtiyojiga sururiy shavq baxsh etadi.
Men tabiat chaqirig‘i bilan kitoblardan olgan taassurotlarim o‘rtasida gangib turgan paytimda muhabbat Salma Karamiy lafzi bilan qalbimga shivirlayotganini eshitib qoldim. Mening hayotim Odam Atoning jannatdagi turmushi singari yolg‘iz, bo‘m-bo‘sh va sovuq bo‘lib turgan bir pallada Salma xuddi olovli quyunday ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi. Salma Karamiy sir va mo‘jizalarga to‘la yuragimning Momo Havosi bo‘ldi. U ko‘zimni ochib, hayotim mohiyatidan meni ogoh etdi. Birinchi odam o‘jar ayolning aybi bilan jannatdan quvildi. Salma bo‘lsa, dilbar Salma, maftunkor yuragining nazokati bilan meni soflik va muhabbat jannatiga olib kirdi. Lekin birinchi odamning boshiga tushgan musibat mening boshimga ham tushdi. Uni jannatdan haydagan o‘tli shamshir o‘z tig‘ining yarqirashi bilan meni dahshatga solib, hali taqiqlarni buzib, yaxshilik va yovuzlik mevalaridan tatimay turib, meni muhabbat jannatidan mahrum qildi.
Mana bugun, oradan qancha alamli yillar o‘tib, go‘zal tushlardan faqat achchiq xotiralar qoldi. Bu xotiralar ko‘rinmas qanotlar misol boshim uzra charx urib, qalbim qa’ridan g‘am-anduhlarim ohini qo‘zg‘ab, kipriklarimni og‘riq va umidsizlik yoshlariga g‘arq qilmoqda… Salma bo‘lsa, ma’suma va gulruxsor Salma oqshom shafag‘ining ortiga ketdi. Bu dunyoda undan qolgan bor narsa — mening ko‘ksimdagi zirqiratuvchi og‘riq va sarv soyasidagi marmar taxtadir, xolos. Faqat shu ko‘ksimu tosh yodgorlikkina odamlarga Salma Karamiy haqida so‘zlab berishi mumkin. Lekin qabrlar qo‘riqchisi bo‘lgan sukunat xudo tomonidan tobut zulumatiga yashirilgan sirni qattiq asraydi. Uning tanasi zarralarini o‘ziga singdirgan sarv yaproqlari esa shovullab turishi bilan tuproq o‘z bag‘rida nimani yashirayotganini aytayotganday. Buni faqat tomoqqa tiqilib qolgan nafas va yurak og‘rig‘i aytib berishi mumkin. Aytganda ham ana shu yurak og‘rig‘i siyoh tomchilariga aylanib, sevgi, go‘zallik va o‘lim fojiasini bayon etishi mumkin.
Yoshlikdagi jo‘rajonlarim, Bayrut bo‘ylab tarqalib ketgan qadrdonlarim! Agar qarag‘ayzor xiyobon yonidagi ana shu qabristonga yo‘lingiz tushib qolsa, shoshilmay qadam bosing, qattiq odimlar tashlab, tuproq ostida uxlayotganlar oromini buzmang. Salma Karamiy qabri uzra mening nomimdan uning xoki poyiga ta’zim bajo keltiring. Nafas rostlab, meni ham yod etib, ayting: “Bu yerda taqdirning bevafo o‘yinlari tufayli vatanini tark etib, begona yurtlarga ketgan o‘smirning orzulari ko‘milib yotibdi, bu yerda uning umidlari puchga chiqdi, quvonchlari yo‘qoldi, ko‘zyoshlari quridi va tabassumi so‘ndi. Mana shu tilsiz qabrlar bilan majnuntollar va sarvlar orasida uning dard-alamlari yanada ko‘paydi, mana shu mozor ustida har kecha uning ruhi xotiralarini izlab uchib yuradi. Bu ruh hasrat va og‘riqdan chirqirayotgan yolg‘izlik sharpalariga nido qilarkan, daraxtlarning novdalari bilan birgalikda marsiya o‘qib, kechagina hayot lablarida g‘amgin nola bo‘lgan, bugun esa yer qa’rida sokin sirga aylangan abadiyat qo‘shig‘ini kuylamoqdadir”.
Yoshligimning aziz do‘stlari, qalbingiz sevgan ayollar nomidan iltijo qilaman, mening qalbim ardoqlagan ayol qabriga gullar qo‘yingiz, zero, har bir gul so‘lib borayotgan atirgul barglariga tong ko‘zidan tomgan shudring tomchisi monand yaltirab turgusidir.

UNSIZ QAYG‘U

Sizlar, ey odamlar, yoshligingiz tongotarini xotirlaysizlar, xayolan o‘sha damlarga quvonch bilan qaytasizlar. Lekin u damlar aslo qaytib kelmasligidan afsuslanasizlar. Men bo‘lsam o‘sha damlarni, ozodlikka chiqqan singari zindon devorlarini va kishanlarim azobini yaxshi eslayman. Sizlar bolaligingiz va o‘smirligingiz orasida o‘tgan yillarni oltin davr deb hisoblaysiz. Bu davrning taqdir o‘yinlari bilan aloqasi yo‘q: o‘sha yillar xuddi gullab turgan bog‘larga shoshayotgan asalari singari tashvish va hayajonga to‘la boshlar uzra uchib o‘tadilar. Men bo‘lsam o‘smirligimni sirlar pallasi, unsiz iztiroblar davridan boshqacha atay olmayman. Yuragimga berkingan bu iztiroblar u yerda bo‘ron kabi quturib, borgan sari kengayaverdi; lekin bu tuyg‘ular tashqariga otilib chiqishga yo‘l topolmadi. Tosh yurakka muhabbat bostirib kirguncha shunday davom etaverdi. Yurakni zabt etgan ishq esa uning darvozasini ochib yubordi va qalbning eng olis burchaklarini ham nur bilan to‘ldirib yubordi. Muhabbat mening tilimga erk berdi va men so‘zlash qobiliyatiga musharraf bo‘ldim. Qovoqlarim jarohatlandi, ko‘zyoshlarim tirqirab oqdi, tomog‘im yirtilib, undan ayanchli ingroq otilib chiqdi.
Biz o‘yinqaroq sho‘x damlarimizga guvoh bo‘lgan, beg‘ubor shivirlarimizni tinglagan dalalar va bog‘lar, maydon va ko‘chalarni tez-tez yodga olamiz. Shimoliy Lubnonning bu ajoyib go‘shasini men ham eslayman. Kundalik turmush tashvishlaridan sal chalg‘idimmi, bas, osoyishta maftunkor vodiy ko‘z oldimga keladi, osmonga yelka tirab turgan tog‘larni ko‘raman. O‘zimni odamlar g‘ala-g‘ovuridan chetga olgan zahotim irmoqlarning shildirashiyu yaproqlarning shivirlashi uriladi quloqlarimga. Lekin ona ko‘kragini qo‘msagan go‘dakdek, men bugun sog‘inib eslayotgan barcha go‘zalliklar ruhimni qiynoqqa solardi. Zero, ruhim qafasga solingan lochindek his qilardi o‘zini. U ko‘kda erkin parvoz qilayotgan qushlarni ko‘rganda tushadigan ahvolga tushardim men ham; xuddi shular ko‘ksimni tutqunlik azobi va xayollar dog‘i bilan to‘ldirar, yuragimni shubhalar bilan to‘qilgan iztiroblar to‘riga chirmab tashlardi. Shahardan tashqariga chiqdim deguncha sababsiz sog‘inch bilan qaytardim, bulutlarga nigohim tushsa dilimni g‘am bosardi; qaldirg‘och chug‘urini yoki irmoqcha shildirashini eshitsam, bilmadim, nima uchundir qalbimni hasrat hissi egallardi.
Bexabarlik — baxt beshigi, baxt esa huzur-halovat manbaidir, deyishadi. Balki o‘lik tug‘ilganlar, yer yuzida sovuq murda bo‘lib yashayotganlar uchun bu to‘g‘ridir. Biroq butunlay bexabarlik uyg‘ongan hissiyotga yor bo‘lsa, u tubsiz jarlikdan dahshatliroq va o‘limdan achchiqroq bo‘ladi. Ta’sirchan, his-tuyg‘uga beriluvchan o‘smirda tajriba yetishmasa, u eng baxtsiz mavjudotdir. Zero, u ikki qudratli kuch o‘rtasida ruhan ikkiga bo‘linadi: ulardan biri sirli kuch bo‘lib, o‘smirni bulutlar ortiga olib ketadi, tuman ichra borliq go‘zalliklari orzu-umidlariga oshno qiladi; ikkinchisi esa zohiriy kuch sifatida uni zamoniga bog‘lab qo‘yadi, ko‘zlarini tuproq bilan to‘ldirib, ko‘rib bo‘lmas zulmat ichra dahshatga tushib, tentirab yurishga mahkum etadi.
Qayg‘uning qo‘llari — ipakdek mayin ko‘rinsa-da, kuchli — yurakni ezg‘ilaydi, yolg‘iz qoldirib, azob beradi. Yolg‘izlik — ruhdagi har qanday shiddatning hamrohi singari qayg‘uning yo‘ldoshidir. O‘smirning qalbi ana shunday hissiyotlar ta’sirida endigina ochilgan oq nilufar guli singari titroqqa tushadi, tong nurlariga qalbini ochib beradi, shom sharpasi tushishi bilan gulbarglarini yopib oladi. Bordi-yu, o‘smirda ozgina ozuqa beradigan qiziqishlar yoki u tuyg‘ularini o‘rtoqlashadigan do‘stlari bo‘lmasa, hayot uning uchun zindonga aylanadi. Bunday joyda o‘smirning nigohi faqat devorlarda osilib turgan o‘rgimchak to‘rlariga tushadi, quloqlariga esa burchaklarda o‘rmalab yurgan hasharotlarning chirillashi eshitiladi, xolos.
Yoshlikda meni qamrab olgan qayg‘uga kelsak, uni vujudga keltirgan narsa qiziqishlarga bo‘lgan ehtiyoj emas, holbuki, ular menda yetarli darajada edi, do‘stlarga bo‘lgan ehtiyoj ham emas, zero ular menda hamma joyda bor edi. Bu narsa menda yolg‘izlik va uzlatga mayl uyg‘otgan qalbning tabiiy xastaligi belgilari edi. Xuddi shu narsa mendagi o‘yin-kulgi va ermakka bo‘lgan maylni so‘ndirdi va yoshligim qanotlarini qayirdi. O‘z hayotimning qayg‘uli sokinligida arvohlar siymosini, bulutlar ko‘chkisini va shoxlar soyasini aks ettiradigan, lekin sho‘x daryo bo‘lib dengizga quyilish uchun yo‘l topolmaydigan tog‘ ko‘liga o‘xshab qoldim.
O‘n sakkiz yoshga to‘lgunimga qadar mening hayotim ana shunaqa edi. Nihoyat tog‘ cho‘qqisiga ko‘tarilib, dunyoga nazar solganimda, ko‘z o‘ngimda odamlarning yo‘llari, ularning dard va alam to‘la hayotlari, g‘am va tashvishlarining iztiroblari, qonun va an’analarning o‘nqir-cho‘nqirlari namoyon bo‘ldi.
O‘sha yili men qaytadan tug‘ilganday bo‘ldim. Chunki homilasi qayg‘udan urchimagan, beboklik bilan tug‘ilgan va shirin xayollar og‘ushida bo‘lgan odamning turmushi hayot kitobining oppoq, bo‘m-bo‘sh sahifasiga o‘xshagan bo‘ladi.
O‘sha yili falak farishtalari menga sohibjamol ayol mujgonlari ostidan qarayotganini his qildim va jahannam iblislari jinoyatchi ko‘ksida jazavali raqs tushayotganini ko‘rdim. Farishtalar va iblislarning hayotdagi yaxshi va yomon qilmishlarini kuzatmagan odamning yuragi ilmlardan uzoq, qalbi esa hissiyotlardan ozod bo‘ladi.

TAQDIR TAQOZOSI

Shu ajoyib yilning bahorida men Bayrutda edim. Hamal oyi. Shahar bog‘larida maysalar ko‘kargan, gullar ochilgandi. Bodom va olma daraxtlari oppoq muattar liboslarga burkanib, uylar orasida yashnab turishardi. Shu turishda ular tabiat tomonidan shoirlar va orzumandlarga qayliq va kelinchaklikka tanlangan yasatig‘liq parilarni eslatardi.
Bahor hamma joyda go‘zal, lekin u Suriyada betakror… Bahor — noma’lum xudoning ruhi — yerni shiddat bilan aylanadi, lekin Suriyada qadamini sekinlatadi, qayrilib qararkan, bepoyon bo‘shliqlarda uchib yurgan podshohlar va payg‘ambarlar ruhlari bilan suhbatlashadi. Yahudiya irmoqlariga jo‘r bo‘lib, Sulaymonning mangu madhiyalarini kuylaydi, Lubnonning kedrlari bilan birgalikda o‘tmish shon-shuhrat alyorlarini takrorlaydi.
Bayrut yilning boshqa fasllariga qaraganda, bahorda yanada go‘zalroq bo‘ladi. Yozgi chang-g‘ubor yo‘q bo‘lganday, qish to‘plagan kir-chirdan asar ham qolmagan. Yomg‘irsiz va jaziramasiz esa, Bayrut soyda cho‘milib, badanini quyosh nurlarida toblash uchun chiqqan malakka o‘xshaydi.
Hamal oyining mast qiluvchi ana shunday kunlarining birida do‘stimni ko‘rgani bordim. U odamlar g‘ala-g‘ovuridan chetroqda, shahar tashqarisida yashardi. Bir-birimizning sirlarimiz va orzu-umidlarimiz haqida gurunglashib o‘tirganimizda unikiga yana bir mehmon keldi. Bu oltmish besh yoshlardagi muhtaram qariya edi. Yuzlarini ajin qoplagan, oddiy kiyimdagi bu kishi o‘zini ancha sipo tutardi. Men hurmat bilan o‘rnimdan turib, salomlashmoqchi bo‘lganimda, do‘stim: “Muhtaram Foris afandi Karamiy” deb tanishtirdi. So‘ng maqtov so‘zlari bilan meni ham tanishtirdi. Qariyaning nigohi jonlandi; oppoq sochlari tushib turgan keng peshonasini barmog‘ining uchi bilan artarkan, nimanidir xotirlaganday bo‘ldi, so‘ng jilmaydi-da, menga peshvoz yurdi:
— Sen eski qadrdon do‘stimning o‘g‘lisan, u mening yoshlikdagi hamrohim edi, — dedi qariya. — Seni ko‘rganimdan juda xursandman. O‘g‘li qiyofasidagi otani uchratish naqadar katta baxt.
Uning iliq so‘zlaridan qalbim junbushga kelib, qariyaga mehrim uyg‘ondi. Unda meni o‘ziga tortuvchi nimadir bor edi. Biz o‘tirdik va qariya otam bilan do‘stlashgan yillari haqida gapira ketdi. O‘zini allaqachon tark etgan yoshligini esladi. Chollar xayolan o‘tgan yillar voqealariga qaytadilar, yurtini sog‘ingan darvesh singari ajdodlari uyini qo‘msab, ular haqida gapiruvchini, shoir misoli eng go‘zal dostonini o‘qib berishni yaxshi ko‘radilar. Ular jon-tanlari bilan o‘tmish puchmoqlarida yashaydilar, zero, hozirgi kun ularga parvo qilmay yonlaridan o‘tib ketadi, kelajak esa ko‘z o‘ngida o‘lim tumani va qabr zulmatiga burkangan holda gavdalanadi.
Uning hikoyalari va xotiralari bilan vaqt bir zumda o‘tdi-ketdi. Foris Karamiy ketishga otlandi. Xayrlasharkan, qo‘limni qisib, yelkamdan quchdi.
— Otangni ko‘rmaganimga yigirma yildan oshdi, — dedi u. — Shunchalar olis ayriliqning o‘rnini to‘ldir, biznikiga tez-tez borib tur, aziz mehmonim bo‘l.
Men ehtirom bilan ta’zim bajo keltirib, albatta borib turaman, deb va’da berdim.
Foris Karamiy ketishi bilan do‘stimdan u haqda surishtira boshladim. U xavfsiraganday gapirib berdi:
— Bayrutda boylik bunchalik saxovatli qilgan, saxovat esa badavlat aylagan bunaqangi odam yo‘q. Bu dunyoga kelib hech kimga ozor yetkazmagan holda oxiratga rixlat qiladigan kamdan-kam odamlarning bittasi mana shu kishi bo‘ladi. Biroq bunday odamlar hamisha baxtsiz bo‘ladilar. Chunki aldashni bilmaganliklari uchun ular kishilarning hiyla va nayranglaridan o‘zlarini himoya qila olmaydilar… Foris Karamiyning yakkayu yolg‘iz qizi bor. U otasi bilan shahar tashqarisidagi hashamatli uyda yashaydi. Qiz ham otasi singari ko‘ngli juda ochiq inson, go‘zallik va nazokatda kamdan-kam ayol u bilan tenglasha oladi. Lekin u ham baxtsiz bo‘ladi — otasining beqiyos boyligi uni dahshatli, tubsiz jarlik yoqasiga keltirib qo‘ydi.
Shu so‘zlarni aytarkan, do‘stimning yuzida alam va afsus aks etdi.
— Foris Karamiy, — dedi u, — olijanob va halol qariya, lekin irodasi bo‘shligi munofiq va fitnachi tamagirlar makri oldida uni ko‘r va kar qilib qo‘ydi. Qiz esa, har qancha aqlli va ruhi tetik bo‘lmasin, hamma sohada otasining o‘zgaruvchan istaklariga bo‘ysunadi. Ota bilan qizning hayotidagi bu sirni munofiq baxillik bilan ayyorona yovuzlikni o‘zida mujassamlashtirgan bir odam payqab qoldi. Bu — arxiyepiskop. U Injil so‘zlari bilan niqoblanib, o‘z gunohlarini olijanoblik qilib ko‘rsatmoqda. U din va mazhablar mamlakatida ma’naviy hukmdor, odamlarning jonlari uning oldida titrab turadi. Qassob pichog‘i ostida jonivorlar bo‘yin egganlariday, kishilar unga bo‘yin egadilar. Ana shu arxiyepiskopning jiyani bor. Uning qalbi esa yovuzlikning ayni uyasi — chayonlar in qurgan mag‘ora va botqoqlikning o‘zginasi. Arxiyepiskopning ridoga o‘ranib, o‘z akasining o‘g‘li va Foris Karamiyning qizi ro‘parasida turib, gunohkor qo‘li bilan ular boshi uzra nikoh chambarini ko‘tarishga va bokira badanni chiriyotgan murdaga sirlar va afsunlar zanjiri bilan bog‘lab, ilohiy ruhni chirigan mavjudot bilan axloqsizlik qonuni zug‘umi yordamida birlashtirib, kunduzning yuragini kechaning ko‘ksiga qo‘yadigan kunga uncha ko‘p vaqt qolgani yo‘q. Foris Karamiy va uning qizi haqida senga aytib berishim mumkin bo‘lgan gaplar — mana shular. Bu haqda mendan boshqa hech narsa so‘rama. Chunki o‘limni eslab o‘limni yaqinlashtirgan singari baxtsizlikni eslash — uni yaqinlashtirish demakdir.
Do‘stim derazaga o‘girildi va cheksiz bo‘shliqqa razm soldi. U go‘yo bepoyon samo zarralari orasida kunduz va kecha sirlarining yechimini izlayotgandek edi.
— Va’da berganimdek, Foris Karamiyni borib ko‘raman, — dedim. — Uning otam bilan do‘st bo‘lgan yillari haqidagi hikoyalarini tinglash naqadar maroqli.
Do‘stimning afti o‘zgardi. Go‘yo oddiy so‘zlarim uning qalbini larzaga soldi, ongida dahshatli fikrlar uyg‘otdi. U achinish, azob va qo‘rquv bilan ko‘zimga uzoq qarab turdi. Bu qarash inson qalbining qa’ridagi uning o‘ziga ham noma’lum bo‘lgan narsalarni o‘qiy oladigan payg‘ambarning nigohi edi. Uning lablari yengil titradi, lekin hech narsa demadi. Men eshik tomon qadam qo‘ydim-u, orqaga o‘girilib, shuni his qildimki, uning ko‘zlari meni xuddi o‘shanday g‘alati ifoda bilan kuzatib turibdi. Shu daqiqalarda u nimani o‘ylayotganini men keyinchalik tushundim.

QASR BO‘SAG‘ASIDA

Bir necha kundan keyin, yolg‘izlikdan zerikib, maza-matrasiz kitoblardan ko‘zim charchagach, dilijonlardan birini to‘xtatib, Foris Karamiy uyiga qarab yo‘l oldim. Bayrut aholisining eng sevimli sayrgohi bo‘lgan qarag‘ayzor yaqinida izvoshchi yo‘ldan burildi-da, yam-yashil o‘simliklarga burkangan, tevaragida uzumzorlar, hamal gullaridan yashnab turgan, tollar soyasiga ko‘milgan xiyobon bo‘ylab arg‘umoqlar yo‘rg‘alab ketdi. Bir necha daqiqadan so‘ng izvosh muattar hid taralayotgan atirgullar va yosumanlar qurshovida, tikanli butalar bilan o‘rab olingan yolg‘iz uy oldida to‘xtadi.
Bog‘ tomonga bir-ikki qadam qo‘ygan ham edimki, darvoza oldida Foris Karamiy paydo bo‘ldi. U meni sevinch bilan qarshi oldi, salomlashib, uyga taklif etdi. Men bilan yonma-yon o‘tirib, g‘amxo‘r otalardek so‘rashishga tushdi. Menga daxldor bo‘lgan hamma narsani, o‘tmishim, kelajagim haqida qiziqib so‘radi. Men unga xuddi o‘sha ruhda — yoshlar o‘z qo‘shiqlarida kuylagandek, orzu-umidlarga to‘la ohangda javob berdim. Yoshlikning qanotlari she’riyat patidan to‘qilgan, asablari xayollardan tashkil topgan bo‘ladi; yoshlik ular yordamida osmonu falaklarga ko‘tariladi. U yerdan dunyo kamalak ranglarida tovlanib ko‘rinadi, hayot esa ulug‘vor va shon-sharaf madhiyalarida yangraydi, lekin tajriba bo‘roni she’riyat parvozli qanotlarni qayiradi, shunda yoshlik yerga – hammani qiyshiq qilib ko‘rsatadigan qing‘ir ko‘zgusimon dunyoga qaytib tushadi.
Shu payt baxmal parda ortidan kutilmaganda bir qiz paydo bo‘ldi. Nafis oq ipakdan ko‘ylak kiygan bu qiz ohista yonimizga keldi. Men o‘rnimdan turdim; qariya ham turdi.
— Bu mening qizim Salma, — dedi Foris Karamiy va ismimni ham aytdi. — Vaqt do‘stimni mendan yashirib qo‘ygan edi. Mana, u o‘g‘li qiyofasida ro‘paramda paydo bo‘ldi. Hozir bizlar bilan bo‘lmasa-da, men uni hamon ko‘rib turgandayman.
Qiz diqqat bilan ko‘zlarimga qaradi. Go‘yo mening kimligimni bilmoqchiday, bu yerga kelishimning sababini aniqlamoqchiday tikildi. Keyin menga oppoq, nilufarday nozik qo‘lini uzatdi. Kaftining qo‘limga tegishidan qalbimda g‘alati tuyg‘u uyg‘ondi; bu hissiyot shoir xayolida ilhom uyg‘otguvchi she’riy fikrni eslatdi. Salmaning kelishi bilan qo‘noqxonada qandaydir ilohiy ruh paydo bo‘lganday jimgina o‘tirardik. Xuddi shuni his qilganday, qiz tabassum bilan menga murojaat qildi:
— Otam sizning otangiz haqida ko‘p gapirardi. Agar siz ham otangizdan shunday gaplarni eshitgan bo‘lsangiz, demak, ushbu uchrashuvimiz ilk marta emas.
Uning gaplari cholni quvontirdi va otaning yuzida tabassum o‘ynadi.
— Tabiatan va tarbiyasiga ko‘ra, Salma idealist — xayolparast, — dedi u. — Qizim hamma narsani ruhlar olamiga chulg‘angan holatda tasavvur etadi.
Foris Karamiy men bilan shunday jo‘shib, shunday e’tibor berib gaplashdiki, go‘yo menda sehrli dunyoni kashf etganday edi va o‘sha dunyo bilan xotiralar qanotida o‘z hayotining bahoriga qaytganday his qilardi o‘zini.
U mendan nigoh uzmas, ko‘z o‘ngida yoshligini gavdalantirardi; men bo‘lsam uni kuzatib turib, kelajak haqidagi orzularga g‘arq bo‘lardim. Uning nigohi meni mevalari osilib turgan kuz daraxtini xuddi nozik niholdek himoya qilayotganga o‘xshardi. Ildizlari yer qa’riga chuqur botgan keksa daraxt o‘z hayotida jazirama yozni va qahraton qishni, vaqt bo‘ronlarini sinab ko‘radi. Nozik va nimjon nihol esa faqat bahorni ko‘rgan va ertalabki epkin esishidan ham qaltirab turadi.
Salma esa sukut saqlagancha goh menga, goh otasiga qarardi. U go‘yo hayot romanining birinchi va so‘nggi bobini o‘qiyotganga o‘xshardi.
Kun tugab borar, uning nafasi maysazor va bog‘larda to‘xtab qolar, botib borayotgan quyosh Lubnon tog‘lari cho‘qqilarida otash bo‘sasidan iz qoldirardi. Uyi ana shu tog‘ etaklarida joylashgan Foris Karamiy g‘aroyib voqealarni gapirib berishda davom etar, men o‘z yoshligim navolari bilan uni yayratib o‘tirardim. Salma bo‘lsa, deraza yonida o‘tirgancha g‘amgin ko‘zlari bilan bizga qarar, indamasdan bizning suhbatimizga quloq tutardi. Aftidan, u go‘zallik tovushsiz va so‘zsiz ham ifodalanadigan samoviy nutq in’omiga sohib ekanini biladiganga o‘xshardi. Bunday o‘lmas nutq in’omi sokinligida — tinch ko‘l qa’rining mangu sukunatida irmoqlar qo‘shig‘i jamlanganidek, barcha odamlar tovushi mujassamdir. Go‘zallik sir bo‘lib, uni qalbimizgina ilg‘aydi. Go‘zallik hukmiga bo‘ysunib, qalbimiz shodlikka to‘ladi va kengayadi, ong esa hayratga tushib, uni ifodalashga so‘z topolmaydi. Bu — ko‘ruvchi hislari bilan ko‘rinuvchi adolat o‘rtasidagi zarralarning yashirin oqimidir; bu — insonning tashqi qiyofasini yoritguvchi muqaddas qalblarning nurlanishidir: hayot shu tariqa urug‘ qa’ridan ranglarga va gullar atriga burkanib paydo bo‘ladi; bu — erkaklar va ayollar o‘rtasidagi bir-birini tushuna bilishdir. U birdan paydo bo‘lib, buyuk intilishga turtki beradi — muhabbat deb ataluvchi ma’naviy yaqinlik ana shu. Salmaning ruhi mening ruhimga ochildimikin? Uni menga dunyodagi eng go‘zal qilib ko‘rsatgan shu emasmikin? Yoki barchasiga sabab yoshlik sarxushligimikin?! Odatda sarxushlik xayolda mavjud bo‘lmagan siymolar va qiyofalarni gavdalantiradi. Yoxud yoshlik ko‘zlarimni ko‘r qildimiki, Salma ko‘zlarining chaqnashini, lablarining shirinligini va qomatining nozikligini tasavvur etdim. Yoinki uning go‘zalligi chindan ham ko‘zlarimni ochib, sevgining quvonchiyu alamlarini tatib ko‘rishimga imkon berdimi? Bilmayman. Faqat shuni bilamanki, meni oldinlari sira bilmagan bir tuyg‘u qamrab oldi, bu — butunlay yangi tuyg‘u, qalbimga ruhday kirib keldi-yu, mangulik boshlanishi oldidan bo‘ladigan to‘fon ustidan ko‘kka yuksaldi. Xuddi shu narsa mening quvonchlarim va baxtsizliklarimga sabab bo‘ldi.
Salma bilan birinchi uchrashuvim ana shunday bo‘ldi. Falak o‘z irodasi bilan kutilmaganda meni yoshlikka xos bo‘lgan shubhalar qulligidan qutqardi, mendek ozod bir o‘smirni muhabbat sayriga jalb etdi. Holbuki, muhabbat bu dunyoda yagona ozodlikdir, zero u qalblarni na inson qonunlari va urf-odatlariga, na tabiat qonunlari va amriga bo‘ysunadigan yuksak cho‘qqilarga ko‘taradi.
Xayrlasharkan, Foris Karamiy samimiy tarzda dedi:
— Endi yo‘lni bilasan. Biznikiga kelib tur. Bu uyni ham otang qatori ko‘r, Salmani esa singling deb bil. Shundaymasmi, qizim?
Salma, “ha” degandek, bosh irg‘adi. Keyin menga xuddi begona yurtda do‘stini uchratgan baxtsiz xorijlikday qaradi.
Foris Karamiyning so‘zi Salma bilan meni muhabbat taxtiga yetaklagan birinchi kuy bo‘ldi; samoviy madhiyaning muqaddimasi bo‘ldi va so‘ngra qayg‘uli marsiyasiga aylandi; u bizning qalblarimizni jasorat bilan to‘ldirgan kuch yanglig‘ olov va yoruqqa yaqinlashtirdi; u kosa bo‘lib bizga Kavsar suvidan va yovshanning achchiq sharbatidan tutdi.
Qariya men bilan boqqa chiqdi. U bilan xayrlasharkanman, yuragim shunday orziqdiki, odatda, tashna odam ko‘zadan suv ichayotganda lablari shunday titraydi.

OQ ALANGA

Hamal oyida Foris Karamiy uyida tez-tez bo‘lib, Salma bilan ko‘rishib turdim. Biz aynan shu bog‘da, bir-birimizga yuzma-yuz o‘tirib gaplashardik. Men uning go‘zalligidan zavqlanardim, iqtidoriga tahsinlar aytib, sassiz qayg‘usiga quloq tutar, ko‘rinmas qo‘llar meni shu qiz tomonga tortayotganini his qilardim. U bilan har bir uchrashuvimizda uning qiyofasida yangidan-yangi ajoyib belgilar kashf etardim, uning ruhining yangi oliy sirini topardim. Salma mening ko‘z o‘ngimda kitobga aylanib borardi: satrma-satr ko‘z yugurtirib, ularni yoddan o‘qirdim, shoshilib tinimsiz takrorlardim-u, oxirigacha sira yetib borolmasdim.
Xudo qalb go‘zalligiga qo‘shib qomat go‘zalligi bilan ham yorlaqagan ayol — ham oshkora, ham jumboqdir. Uning haqiqati shu ayolga mehr-muhabbat bilan qaragan odamgagina oshkora ko‘rinadi. Lekin uni so‘z bilan ta’riflashga oshiquvchilarga tuman ichra yashirindir.
Salma Karamiyning qalbi ham, qomati ham go‘zal edi. Salmani bilmaganlarga uni qanday ta’riflash mumkin? O‘lim qanotlari soya solgan qalb bulbul chah-chahini, atirgul shivirini, irmoq sharqirashini tasavvur qila oladimi? Kishanband qilingan tutqin ertalabki shabada epkinidan zavqlana oladimi? Lekin sukut saqlash so‘zlashdan qiyinroq emasmi, axir? Nahotki, ortiq darajada e’zozlash menga Salmaning siymolaridan birini oddiy so‘zlar bilan tavsiflashni taqiqlaydi? Nahotki, u qanday bo‘lsa, men shundayligicha oltin satrlarda tasvirlay olmasam? Och qolgan kishi sahroda tentirab yurarkan, agar falak unga g‘amxo‘rlik qilmasa, qotgan nonga ham qanoat qiladi.
Oppoq ipak ko‘ylakda, nozik va sarvqomat Salmaga qarab, xonaga derazadan oy nuri kirib keldimi, deb o‘yladim. Uning bir tekis ohista harakati Isfahon kuyi ohangini eslatdi. Salma yumshoq va nafis tovushda gapirardi. Qirmizi lablaridan yengil uchgan ovoz gul yuzidagi shabnam singari sal havo epkinidan titrab ketardi. Uning yuzi esa…. Salma Karamiyning chehrasini kim ham tasvirlay olardi? Xotirjam, g‘amgin chehrani, rangparlikning tiniq pardasi ortiga yashiringandek, ayni paytda ochiq turgan chehrani qanday so‘zlar bilan tasvirlab bo‘ladi? Uning qalb sirlarini birin-ketin oshkor qilayotgan belgilarini tavsiflashga, unga qarab turgan kimsaga bu dunyo bilan bir qatorda boshqa dunyo ham borligini eslatishga til qani!
Salmaning jamoli odamlar tomonidan go‘zallik uchun belgilangan qonunlarga javob bermasdi. To‘g‘rirog‘i, Salma g‘alati edi. Shirin orzu va xayolot singari, aniqlash va o‘lchashga sig‘maydigan ilohiy tafakkur kabi, rassom mo‘yqalami uchun betakror, haykaltarosh qalamtaroshi uchun gavdalantirib bo‘lmaydigan qiyofa misoli g‘ayrioddiy edi. Salmaning go‘zalligi tillarang sochlaridagina emas, balki uni qamrab olgan ma’sumalik shavkatida, shahlo ko‘zlarida emas, balki ulardan yog‘ilayotgan nurda, qirmizi lablarida emas, ularga xos shirinlikda, oq tomog‘i va bo‘ynida emas, balki boshini sal engashtirib turishida edi. Salma butun vujudidagi mutanosiblik takomili bilangina go‘zal emasdi, balki oliyhimmat aql-idroki bilan sohibjamol edi. Uning oliyjanob ruhi oq alanga misoli yer bilan cheksizlik o‘rtasida parvoz qilardi. Salmaning go‘zalligi nimasi bilandir ulug‘vor dostonlar, o‘lmas tasvirlar va kuylar yaratgan daholarga yaqindir. Buyuk daholarning qismati esa baxtsizlikdir. Zero, ularning ruhlari har qancha yuksalmasin, ularga libos bo‘lib xizmat qiluvchi ko‘zyoshlaridir.
Salma kamgap edi, tez-tez o‘yga tolardi. Lekin uning sukut saqlashi ham musiqaga o‘xshab, suhbatdoshini olis-olis orzular dunyosiga olib ketardi. Ana shu olis orzular dunyosida quloqqa uning yurak urishi eshitilar, ko‘zga tafakkur va tuyg‘ular siymosi chalinardi.
Salmaning fe’l-atvorini yorqinroq ajratib ko‘rsatadigan belgilaridan biri uning alam to‘la chuqur qayg‘u-hasrati edi. Go‘yo bu qayg‘uni u qandaydir parda misol o‘ziga tashlab olgan, gullab turgan daraxtning tonggi tumandagi aksi singari uning qalbi ana shu pardaga o‘tganday edi. Aynan qayg‘u qalblarimizni yaqinlik rishtalari bilan bog‘ladi. Bizning har birimiz ikkinchimizning yuzda uning yuragi nimani his qilayotganini ko‘rib turardik, o‘z ko‘ksimizda uning tovushining yashirin aks-sadosini eshitardik, go‘yo xudo bizlarni bir-birimizning yarmimiz qilib yaratgan edi-yu, faqat birlashibgina ma’sumlik va soflik bilan birgalikda bir butunlikni hosil qilardik, ajralishganda esa har birimiz qalbimizda og‘riqli yo‘qotishni his etardik.
Qayg‘u va hasratdan azob chekayotgan qalb xuddi shunday dard bilan qiynalayotgan va uning his-tuyg‘ulariga sherik bo‘lgan boshqa qalb ila tutashganda yurtidan uzoqlarda daydib yurgan darvesh o‘ziga o‘xshash quvg‘indi birodarini uchratganiga quvongani singari yengil tortadi. Agar yuraklar qayg‘u azoblari tufayli yaqinlashishgan bo‘lsa, quvonch hashamati va dabdaba ularni ajrata olmaydi. G‘am-hasrat rishtalari qalblarni baxt-saodat va quvonch rishtalaridan ko‘ra mahkamroq bog‘laydi. Ko‘zyoshlari bilan yuvilgan muhabbat — sof, go‘zal va abadiydir.

BO‘RON

Bir necha kundan keyin Foris Karamiy meni kechlik ovqatga taklif qildi. Men uning huzuriga o‘sha samoviy nasibaga qalbdan sog‘inch bilan bordim. Bu nasibani Salmaning qo‘liga samo tutqazgan edi; biz qalbimiz bilan tatiydigan shu samoviy nasibaga borgan sari ko‘proq ehtiyoj sezamiz; bu sehrli non-nasibaning mazasidan Imrul-qays, italiyalik Dante, yunonistonlik Sapfo ham tatib ko‘rishgan edi. Shu ta’m ularning ichini yondirib, yuraklarini eritgan edi. Zero nonning xamirini qorganda xudolar unga bo‘salar lazzatini va orzular alamini qo‘shib, hushyor, ta’sirchan qalblar quvonchi va azobi uchun tayyorlashgandi.
Salma bog‘da edi. U bog‘ning bir burchagida yog‘och kursida o‘tirar, boshi bilan daraxt tanasiga suyangan edi. Oppoq kiyinib olgan Salma shu joylarni qo‘riqlayotgan afsonaviy farishtaga o‘xshardi. Unga qarab titroq tuyg‘u bilan borarkanman, muqaddas olovga yaqinlashayotgan sehrgarday his qilardim o‘zimni. Hatto uning yoniga o‘tirganimda ham bir og‘iz so‘z ayta olmadim, tilim tanglayimga yopishganday, lablarim tosh qotganday edi. Men sukut saqlardim, zero chuqur va cheksiz hislar so‘zga erk berganda, o‘z kuchining zarralarini yo‘q etadilar. Lekin men shuni sezdimki, Salma sukunatda qalbim da’vatiga e’tibor berib, mening ko‘zlarimda o‘z qalbining titroq in’ikosini ko‘rayotir.
Tez orada uydan Foris Karamiy chiqib, bizlarga qarab yo‘naldi. Odatdagidek, men bilan sevinch-la salomlashdi-da, qo‘lini uzatdi. Bu bilan u men bilan qizining ruhimizni bog‘lab turgan sirga fotiha berganday bo‘ldi.
— Xush kelibsan, o‘g‘lim, uyga marhamat, — dedi u jilmayib. — Dasturxon bizga muntazir.
Biz o‘rnimizdan turib, unga ergashdik. Salma zimdan menga qarab qo‘ydi. Uning bu qarashida nozik bir nazokat bor edi. Go‘yo “o‘g‘lim” degan so‘z uning qalbida shirin hissiyot uyg‘otgandi. Onaning qo‘li go‘dakning nozik badanini silagandek, Salmaning mehrini menga qaratgandi.
Ovqatlanarkanmiz, tansiq taomlardan huzur qilardik, ko‘pdan beri asrab qo‘yilgan sharobdan tatib ko‘rardik. Qalblarimiz esa biz bilmagan holda olis dunyolarda uchib yurar, kelajak haqida orzu qilib, uning qo‘rquv va dahshatlariga tayyorlanardi. Fikr-o‘ylari bilan bir-birlariga aslo o‘xshamaydigan uchovlon, aslida ich-ichidan o‘zaro sevgi rizoligi bilan bog‘liq, uch ochiq qalb sohibi, uch zaif va begunoh, hissiyotga boy va tajribasi kam inson — ko‘ngil bog‘larida yuz bergan fojia qahramonlari ana shunday edilar. O‘z qizini jondan sevguvchi olijanob ota uni faqat baxtli qilish orzusida edi. Kelajagiga ishonmagan yigirma yoshli qiz o‘zini baxt kutayaptimi yoki qayg‘u deb fol ochib o‘tirardi. Qalbi beorom yosh orzumand, hali hayotning na gulobini, na og‘usini tatib ko‘rmagan yigit esa ishq va muhabbat osmonida parvozga tayyorlanib, qanot qoqmoqda, lekin ojizligidan yerdan ko‘tarilishga kuchi yetmaydi. Shahar chetida oqshom sukunatiga burkangan uyda to‘kin dasturxon atrofida o‘tirgan haligi uchovlon ana shunday odamlar edi. Ularning har uchalasi ham mazali ovqatlardan tanovul qilib, sharobdan no‘sh etardilar, lekin taqdir ular uchun g‘am-anduh va azob-uqubat tayyorlab qo‘yganini bilishmasdi.
Eshik ochilib, xonaga oqsoch kirib kelganida biz hali ovqatlanardik.
Oqsoch Foris Karamiyga murojaat qilib:
— Janob, tashqarida bir kishi sizni so‘rayapti, — dedi.
— Kim ekan? — so‘radi qariya.
— Arxiyepiskopning qaroliga o‘xshaydi, taqsir.
Foris Karamiy sinov nazari bilan qiziga qaradi. Payg‘ambar biror ishora kutayotganda osmonga shunday qaraydi.
Keyin:
— Mayli, kirsin, — dedi.
Oqsoch ko‘rinishi dabdabali, kiyimiga zar jiyak tikilgan, mo‘ylovining uchlari tepaga buralgan kishini boshlab kirdi. U ta’zim bajo keltirdi va Foris Karamiyga murojaat qildi:
— Hazrati oliylari muhim ishlar haqida gaplashib olish uchun tashrif bilan ehtirom ko‘rsatishingizni so‘raydilar. Sizni olib ketish uchun shaxsiy izvoshini yubordilar.
Qariya o‘rnidan turdi. Uning rangi o‘zgargandi. Yuzidagi tabassum o‘rnini tashvish qoplagandi.
— Umid qilamanki, qaytib kelgach, seni shu yerda ko‘raman, — dedi u menga qarab. — Salmaga yaxshi suhbatdosh bo‘lasan va ajoyib hangomalaring bilan uni zeriktirmay o‘tirasan, deb o‘ylayman. Shundaymi, Salma? — dedi u qiziga, jilmayib.
Salma bosh egdi. Yonoqlari qizarib ketgandi. Uning ovozi nay tovushiday mayin jarangladi:
— Mehmonni zeriktirmaslikka harakat qilaman, ota.
Qariya arxiyepiskop qaroli kuzatuvida tashqari chiqdi. Izvosh ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha Salma deraza oldida turdi. Ot tuyoqlarining do‘piri tingandan keyin u yonimdagi yashil baxmal qoplangan oromkursiga o‘tirdi. Oppoq ko‘ylagida u ertalabki shabadada sal engashib turgan nilufarni eslatardi.
Falak Salma bilan kimsasiz uyda qolishimizni ixtiyor etdi. Shu tariqa sukunatga cho‘mgan daraxtlar qurshovidagi uyda, go‘zallik, bokiralik va muhabbat sharpalari daydib yurgan go‘shada ikkalamiz qoldik.
Ancha vaqtgacha indamay o‘tirdik. Esankiragan bir holatda, kim oldin gapirarkan deb bir-birimizni poyladik. Lekin sevilgan qalblarni faqat gapirilsagina tushunish mumkinmi? Nima, faqat tildan uchgan tovushlar, labdan ko‘chgan iboralar qalblar va onglarni yaqinlashtiradimi? Nima, tovushlar harakati va tovushlar jarangidan paydo bo‘luvchi so‘zdan ko‘ra oliy va sof narsa yo‘qmi? Nahotki, sukut saqlaganda yuraklar shivirlamasa, nur taratayotgan qalblar tutashmasa? Axir, bizni o‘z-o‘zimizdan ajratayotgan narsa jimjitlik emasmi va biz cheksiz ruhning bepoyon bo‘shliqlarida parvoz qilib, farishtalarga yaqinlashmaymizmi hamda badanlarimiz tor zindonlardan afzal bo‘lmagan dunyoning bor-yo‘g‘i olis quvg‘in maskani ekanini his qilmaydimi?
Salma menga shunday qaradiki, uning kipriklari qalb sirlarini oshkor qildi.
— Boqqa chiqaylik, — dedi u sirli xotirjamlik bilan. — Daraxtlar orasida o‘tiramiz. Hademay tog‘lar cho‘qqisi uzra oy ko‘rinadi…
— Oy ko‘tarilib, bog‘ni yoritgunga qadar shu yerda kutganimiz yaxshi emasmi, Salma? — so‘radim men. – Hozir qorong‘ilik daraxtlar hamda gullarni yashirib turibdi va biz hech narsani ko‘rmaymiz.
— Daraxtlar va gullarni ko‘zdan yashirayotgan zulmat muhabbatni yashirishga qodir emas, — dedi Salma.
Salma bu iborani derazaga o‘girilgan holda juda g‘alati ifoda qildi. Men sukut saqlagancha eshitganim ibora haqida o‘ylar, aytilgan so‘zlar ma’nosini tushunishga, ifodasining asl mohiyatini anglashga urinar edim. Salmaning ko‘zlari yana menga qadaldi, go‘yo afsuslanib, o‘zining sehrli nigohining kuchi bilan meni o‘z e’tirofini unutishga majbur qilmoqchiday bo‘ldi. Lekin ko‘zlarining jodusi menga shunday ta’sir o‘tkaza olmadi — Salmaning so‘zlari ko‘ksimdan yanada chuqurroq joy oldi va umrim oxirigacha qalbimda yashab, tuyg‘ularimni hayajonga solib o‘tdi.
Bu dunyoda mavjud bo‘lgan barcha ulug‘vor va go‘zal narsalar yagona fikrdan yoki inson ichidagi yagona hissiyotdan tug‘ilgan. O‘tmishning hali-hanuzgacha ma’lum bo‘lgan barcha kashfiyotlari erkak ongida sirli fikr yoki ayol ko‘ksida nafis tuyg‘u sifatida paydo bo‘lishidan oldin ham mavjud edilar. Barcha buyuk inqiloblar — qonlar daryo bo‘lib oqqan paytlar va ozodlikka ma’budaga sig‘inganday sig‘inilgan zamonlar – minglab kishilar orasida adashib yurgan birgina odamning ongidagi darbadar xayoliy tafakkur edi. Taxtu tojlarni qulatib, saltanatlarni parchalagan buzg‘unchilik urushlari yolg‘iz odamnigina yashirin tashvishga solgan g‘oya edi. Insoniyat hayotini tubdan o‘zgartirgan yuksak ta’limotlar atrofidagi fuqarolardan ajralib turgan yakka-yolg‘iz kishining she’riy orzusi edi. Birgina fikr ehromlarni tikladi, birgina tuyg‘u Troyani yakson qildi, bittagina g‘oya Islomga shon-shuhrat keltirdi, birgina so‘z Iskandariya kutubxonasini kuydirib kul qildi.
Bir fikr tun sukunatida insonni harakatga keltiradi va uni shon-shuhratga burkaydi yoki telbaga aylantiradi. Ayol ko‘zlarining bir onlik nigohi erkakni baxtiyor yoki baxtsiz qiladi. Hukmdorning og‘zidan chiqqan birgina so‘z boyni xonavayron qilib, kambag‘alni badavlatga aylantirishi mumkin. O‘sha sokin kechada Salma Karamiyning lablaridan uchgan birgina iboradan men dovdirab, quturgan dengiz to‘lqinlari bilan osmon oralig‘idagi sarson kema misoli o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi chorrahada adashib qoldim. To‘la ma’noga ega birgina ibora meni yoshlik va yolg‘izlikning g‘aflat uyqusidan uyg‘otib, hayot va o‘lim hukmron bo‘lgan muhabbat sahnasiga olib keldi.
Biz chorbog‘ yo‘lagiga chiqdik. Shabadaning yengil epkinlari yuzimizni silab o‘tdi, oyoqlarimiz ostida gullar va maysalar mayin shivirladi. Yosuman butasiga yetib borgach, indamay so‘riga o‘tirdik. Uxlayotgan tabiat o‘z nafasi bilan bizni o‘rab oldi. Butun borliq bizning nafas olishimizga quloq solayotgandek edi.
Ana, Sanno tog‘i uzra oy ko‘tarildi, tepaliklar va sohilni nurga to‘ldirdi. Vodiy yonbag‘rida, xuddi bo‘shliqdan o‘sib chiqqanday, qishloq paydo bo‘ldi. Kumushrang nur ostida butun Lubnon yigit misoli gavdalandi.
Lubnon G‘arb shoirlari uchun Dovud, Sulaymon payg‘ambarlar bilan birga yo‘qolib ketgan afsonaviy mamlakat, Odam va Havo quvib chiqarilgan jannatdir. Ular uchun Lubnon bu tog‘li o‘lkaning nomi emas, balki bir majozdir, qalbda asralayotgan tuyg‘uni ko‘rsatuvchi, serviqor chinorlar, mis va marmar minoralar, vodiylarida o‘tlab yuradigan ohular podasini eslatuvchi ramzdir. Menga esa o‘sha oqshom Lubnon xayoliy orzu bo‘lib ko‘rindi.
Yuziga tushib turgan oy shu’lasida go‘zallik va muhabbat ilohasi Astartani qadrlovchi usta qo‘li bilan yaratilgan marmar haykalga o‘xshab ketgan Salma menga murojaat qildi:
— Nega jimsan? O‘z hayoting haqida gapirib bersang-chi…
Men uning porlab turgan ko‘zlariga qarab, to‘satdan tilga kirgan soqovdek gap boshladim:
— Men jim turibmanmi? Shu yerdaligimizdan beri senga gapirayapman — uydan chiqqanimizdan boshlab sen bilan gaplashayapman! Gullar shiviri-yu, sukunat kuyini ilg‘ab turgan shu sening nozikta’b qalbing ruhim yig‘isini va yuragim ingrashini eshitolmadimi?
Qiz qo‘llari bilan yuzini berkitib, lo‘nda-lo‘nda aytdi:
— Men seni eshitdim… Ha, eshitdim… tun qa’ridan chiquvchi hayqiriqni ham, kun yuragida paydo bo‘luvchi guldurosni ham eshitdim…
Men unga darhol javob qaytardim. O‘zimni butunlay unutib, kimligimni va qayerdan ekanligimni esdan chiqarib, Salmadan boshqa hech narsani o‘ylamay, faqat uning yaqinligini his qilib, dedim:
— Men ham seni eshitdim… Zarralari bilan samoni harakatga keltirayotgan va zaminni larzaga solayotgan ulug‘vor, jon oluvchi va jon beruvchi ohanglarni eshitdim!
Salma ko‘zlarini yumdi va uning qirmizi lablarida g‘amgin tabassum paydo bo‘ldi.
— Endi men bilaman, — shivirladi Salma, — shunday narsa borki, u osmondan balandroq, dengizdan chuqurroq. U shunday narsaki, hayotdan, o‘limdan va vaqtdan kuchliroqdir. Men kecha bilmagan narsamni endi bilaman, bu haqda orzu ham qilolmasdim…
Shu daqiqadan boshlab Salma men uchun do‘stdan azizroq, singlimdan yaqinroq, sevgilimdan qimmatliroq bo‘lib qoldi. U ongga intilguvchi oliy tafakkur, yurakni qamrovchi nozik tuyg‘u, go‘zal orzu — qalbimning ajralmas yo‘ldoshiga aylandi.
Muhabbat — uzoq davom etgan o‘zaro aloqalar va mustahkam bog‘lanib qolganlikning mevasi deb hisoblovchilar nodondirlar. Chinakam sevgi — ruhiy ahd-paymon farzandi; bir tug‘ilmagan sevgi hech qachon tug‘ilmaydi.
Salma boshini ko‘tarib, nigohini olis ufqqa qadadi, cheksiz bo‘shliq uzra Sanno tog‘i ko‘rinib turardi.
— Kecha sen menga aka eding, — dedi u, — va men beparvo otamga ergashib huzuringga kelardim. Endi yaxshi bilaman: shunday tuyg‘u borki, do‘stlik rishtasidan mustahkamroq va teranroqdir. Men ular ustidan hukmron emasman. Ular kuchli, hayajonga soluvchi va qo‘rqinchlidir, mana shu narsa qalbimga quvonch bag‘ishlaydi va g‘am bilan to‘ldiradi.
— Bizni qo‘rqitib, yuraklarimizni titroqqa soluvchi shu tuyg‘u emasmi, — xitob qildim men. — Xuddi shu tuyg‘u oyning yer tevaragida, yerning quyosh atrofida, quyosh va galaktikalarning tangri atrofida harakatini boshqarayotgan qudratli kuchning bir qismi emasmi?
Salma barmoqlari bilan sochimni tarab qo‘ydi; uning quvonchdan yorishib ketgan ko‘zlarida xuddi nargiz yaprog‘idagi shudringga o‘xshab yosh yaltirardi.
— Bizning boshimizga tushgan bu voqeaga kim ham ishonardi? — shivirladi Salma. — Quyosh botishi bilan oy chiqishi oralig‘ida biz haqiqatni shubhadan ajratuvchi to‘siqlar va g‘ovlarni oshib o‘tganimizni kim tushunadi? Birinchi uchrashganimiz hamal oyi — bizlarni hayotning muqaddaslar muqaddasiga olib kelganiga kim ishonadi?
Qiz egilgan boshimni mayin siladi. Men uning nozikkina qo‘lini dafna chambariga ham, shoh tojiga ham almashtirmasdim.
— Bunga hech kim ishonmaydi, — dedim. — Muhabbat — yil fasli yordamisiz ochiladigan yagona gul ekanini odamlar bilishmaydi. Lekin ilk bor uchrashuvimiz hamalda yuz berganmidi? Axir hayotning eng muqaddas sirli olamiga endi qadam qo‘ydikmi? Inson hayoti ona qornida boshlanmaydi va mozorda tugamaydi. Tug‘ilishimiz bizlarni kunlar va tunlar tutqunlariga aylantirishidan oldinroq tangri qo‘li ikkalamizni birlashtirgan edi!
Oy nuri va yulduzlar yog‘dusi bilan yoritilgan cheksiz bo‘shliqda muhabbat-la yo‘g‘rilgan va rizolik bilan birlashgan ko‘plab qalblar bor…
Salma barmoqlarini sochlarim tolasidan asta bo‘shatdi va qandaydir uchqunlar chaqnagandek bo‘ldi. So‘nggi shabada ularni ilib, uchirib ketdi. Men uning qo‘llaridan ushladim-da, mehrobni o‘pib, fotiha olish uchun talpinayotgan fidoyi taqvodordek, issiq lablariga labimni bosib, uzoq bo‘sa oldim.
Shu tariqa oradan bir soat o‘tdi. Uning har bir daqiqasi muhabbat va ehtiros yiliga teng bo‘lganidek tuyuldi menga. Biz ikki kabutarday oy shu’lasi yoritib turgan, dov-daraxtlar va maysalar bilan qoplangan tun sukunatida o‘tirgandik. Va xuddi shu mahal, inson shirin muhabbat og‘ushidan boshqa dunyodagi bor narsani unutishga tayyor turgan paytda tuyoq tovushlari eshitildi va shiddat bilan yaqinlashib kela boshladi. O‘zimizni unutgan ajoyib damlarimiz buzildi — hushimiz joyiga keldi, shirin uyqudan uyg‘ongandek, xayollar dunyosidan yerga tushib, sarosima va halokat o‘rtasidagi chorrahada qotib qoldik.
Qariya arxiyepiskop huzuridan qaytib kelardi. Biz bog‘ni tark etib, unga peshvoz chiqdik. Izvosh darvoza oldida to‘xtadi, undan Foris Karamiy tushdi. U boshini egganicha asta qadam tashlab, og‘ir yukdan zo‘rg‘a yurayotganday, Salmaga yaqinlashdi. Uni yelkalaridan quchib, yuziga shunday g‘amgin boqdiki, go‘yo qizining siymosini so‘nggi bor ko‘rayotganday edi. Uning ajindor yonoqlariga ko‘zyoshlari oqib tushardi.
— Tez orada, qizim, juda tez kunda, — dedi u o‘limga hukm etilgan kishi ovozida, — sen otang uyini tark etasan. Boshqa erkak bag‘ri uchun otang bag‘rini tark etasan. Bog‘imiz qadam tovushlaringni sog‘inadi, otang senga begona bo‘lib qoladi. Taqdir taqozosi shunday ekan, bolam, tangri seni yorlaqasin va o‘z panohida asrasin!
Bu so‘zlarni eshitib, Salmaning yuzi quv oqardi. Go‘yo o‘lim arvohiga duch kelganday, nigohi qotib qoldi. Lablaridan ingroq otilib chiqdi, tanasi azob bilan titradi; so‘ng ovchi o‘qidan yaralangan qushday yerga qulab tushdi va tipirchilay boshladi.
— Nima dedingiz? — xitob qildi qiz chuqur alam bilan. — Bu nima deganingiz? Men qayoqqa ketishim kerak?
Qiz otasiga shunday tikildiki, go‘yo shu nigohi bilan o‘z ko‘ksida yashirinib yotgan sirlar pardasini ochib tashlamoqchi edi…
— Men tushunaman, — deya ingradi Salma. — Hammasini tushunaman… Arxiyepiskop sizning sevgingizdan qanotlari qayrilgan qushlar uchun qafas to‘qidi… Siz shunga rozi bo‘ldingizmi, ota?
Chol qiziga nima deyishini bilolmay qoldi. Javob o‘rniga chuqur xo‘rsindi; yuzi azobdan bujmayib ketdi. Ular bog‘da meni yolg‘iz qoldirib ketishdi. Shunda tanamga tushgan g‘ulg‘ula bo‘ron kuzgi yaproqlarni o‘ynaganday, hislarimni o‘ynay boshladi.
Men xayrlashishim kerak edi va Salma hamda uning otasi orqasidan ergashdim. Xirapashsha bo‘lib ko‘rinmaslik uchun uy sohibining qo‘lini qisdim, suvga cho‘kayotgan yulduzga termulgandek Salmaga bir tikildim-da, chiqib ketdim. Men bog‘ darvozasiga yetganimda, qariya ortimdan chaqirib qoldi. U shoshilib kelardi. Orqaga qaytdim. Foris Karamiy qo‘limni kaftiga oldi.
— Kechir meni, o‘g‘lim, — dedi u ovozi titrab. — Mening aybim tufayli bu oqshom sen uchun ko‘zyoshlari bilan tugadi. Lekin biz yana uchrashamiz, shunday emasmi? Axir, iztirobdan ko‘ngli g‘ash choldan bo‘lak hech kim qolmaydigan bu uyga tez-tez kelib turmaysanmi? Gullayotgan yoshlik so‘nib borayotgan keksalikdan quvonmaydi — tong shom bilan uchrashishga shoshilmaydi. Lekin har bir tashrifing otang bilan do‘stlikda o‘tgan yoshlik kunlarimga qaytaradi. Salma men — qari cholni yolg‘iz qoldirib ketayotgan bo‘m-bo‘sh uyda seni nahotki boshqa ko‘rmasam?
So‘nggi so‘zlarini u pichirlab aytdi. Men xayrlasha turib engashdim, qo‘limga bir necha tomchi ko‘zyoshi tomdi. Ich-ichimdan bir seskanib tushdim — cholga farzandlik mehrim tovlandi, ko‘ksimda nozik va g‘amgin tuyg‘u jo‘sh urdi, nimadir nafasimni bo‘g‘ib, yuragimga og‘riq sanchildi. Boshimni ko‘targanimda ko‘zimdagi yoshni ko‘rib, hamdardlik bildirganday engashib peshonamdan o‘pdi. Uning lablari titrar edi.
— Xayrli tun… Xayrli tun, o‘g‘lim! — dedi u va uyiga yo‘naldi.
Yoshlikning yig‘isi — yurakni to‘ldirgan ortiqcha rutubatdir. Qarilik ko‘z yoshlari esa hayotning qovoqlar tagidan oquvchi so‘nggi tomchilari, quvvatsiz tanada nochor kuch qoldiqlaridir. Yoshlik ko‘zlaridagi yoshlar atirgul bargidagi shudring tomchisiga o‘xshaydi. Keksalik yonog‘idagi yoshlar umr qishi yaqinlashuvi bilan shamol uchirib ketuvchi sarg‘aygan kuz yaproqlarini eslatadi.
Foris Karamiy ichkari kirib ketdi, men bog‘dan chiqdim. Salmaning ovozi quloqlarimdan ketmas edi. Uning go‘zalligi ko‘z o‘ngimdan arimasdi. Otasining ko‘zyoshlari qo‘limdan anchagacha qurimadi. Men u yerdan xuddi Odam Ato jannatdan chiqqanday chiqdim, lekin men uchun butun dunyoni jannatga aylantirishi mumkin bo‘lgan yuragim Momo Havosi yonimda yo‘q edi… Men o‘zimni yangidan tug‘ilganday his qilgan shu kechada ko‘zlarimga birinchi bor o‘lim basharasi ko‘rinib ketdi.
Quyosh dalalarga xuddi ana shunday hayot baxsh etadi va ularni halok qiladi.

HAYoT ChORRAHASI

Tun qorong‘isida inson yashirincha qilgan hamma narsa kun yorug‘ida oshkor bo‘ladi. Sukunatda shivirlab aytilgan so‘z odamlar orasida mish-mishlarga sabab bo‘ladi.
Bugun biz qilingan ishni uyda yashirishga har qancha urinmaylik, ertaga u ko‘chaga yoyiladi.
Tun sharpalari shu tariqa arxiyepiskop Bulos G‘olib nima uchun Foris Karamiyni uyiga chaqirganini hammaga e’lon qildilar. Bu xabar yellar qanotida shahar bo‘ylab tarqaldi, mening quloqlarimga ham yetib keldi.
O‘sha oydin kechada arxiyepiskop Bulos G‘olib qashshoqlar va beva-bechoralar haqida gaplashgani chaqirgani yo‘q. Aslo undaymas. U shaxsiy hashamatli izvoshini jiyani Mansurbek G‘olib uchun Salmaning qo‘lini so‘rash niyatida yuborgan edi.
Foris Karamiy badavlat odam edi. Uning Salmadan boshqa merosxo‘ri yo‘q edi. Shuning uchun ham Bulos G‘olib aynan Salmani tanlagandi. Na qizning go‘zalligi, na olijanob qalb sohibasi ekanligi, balki boylik, otasining afsonaviy badavlat ekanligi arxiyepiskopning shunday qarorga kelishiga sabab bo‘ldi. Bulos G‘olib jiyanining kelajagi haqida qayg‘urardi, chunki Mansurbek xotinining behad boyligi yordamida Bayrut a’yonlari orasida munosib o‘rin egallashi mumkin edi.
Sharqda ruhoniy darg‘alar o‘z amaliga ko‘ra faxr-iftixor va hokimiyat bilan qanoatlanmaydilar, balki qarindosh-urug‘lariga biror yaxshilik qilishga, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin ularni biror amalga mindirishga intiladilar. Ular esa odamlar ustidan hukmron bo‘lib olgach, zo‘ravonlik va talon-tarojga erk beradilar. Hurmat-ehtiromdan amir foydalanadi. U o‘lganidan keyingina bunday imtiyoz to‘ng‘ich o‘g‘ilga o‘tadi. Diniy rahnamolarning yaxshi nomi va shon-shuhratini ular hali tirikligidayoq ukalari va jiyanlari suiiste’mol qila boshlaydilar. Nasroniy yepiskopi, musulmon imomi va hindu brahmani ham bu borada sira bo‘sh kelmaydilar.
Arxiyepiskopning iltimosiga qariya chuqur sukut saqlash va ko‘z yoshlari bilan javob berdi. Qo‘shni xonadonga yoki podsho saroyiga ketgan qizidan ayrilib qolish haqidagi fikrdan kim dahshatga tushmagan, qayg‘urmagan deysiz? Tabiat qonuniga ko‘ra o‘z farzandidan judo bo‘lgan onaning iztiroblarini bir tasavvur qilib ko‘ring-a? Qizini uzatgan ota-ona his etgan tuyg‘u o‘g‘lini uylantirgandagi quvonch hissidan qolishmaydi. O‘g‘ilni uylantirganda uyda yangi inson paydo bo‘ladi, qizni uzatganda esa oiladan aziz jigargo‘shang chiqib ketadi. Bu voqealar kishi qalbida shirin va achchiq tuyg‘ular uyg‘otishi tabiiy.
Salmaning otasi, baribir, arxiyepiskop irodasiga bo‘ysundi. Foris Karamiy aslida bu nikohga qarshi bo‘lsa-da, ruhoniy kuch bilan uning roziligini oldi, nikohga ko‘ndirdi. U Mansurbekni oldin uchratgan, odamlardan uning ochko‘z, buzuq va shafqatsiz ekani haqida ko‘p eshitgandi.
Lekin Suriyada1 qaysi nasroniy yepiskopning gapini rad etishi mumkin, dindosh birodarlari ko‘z o‘ngida obro‘si bir pul bo‘lmaydimi uning? Ma’naviy hukmdor izmiga qarshi borib, pok nomini kim ham asray oladi? Qariya Bulos G‘olib irodasiga bo‘ysunmaganda Salmaning sha’niga dog‘ tushmasmidi, unga qarshi shubha va ig‘volar avj oldirilmasmidi? G‘iybatlar qanchadan-qancha bokira qizlar nomini tuproqqa bulg‘amadi, deysiz? Axir, tok zangining yuqori qismidagi uzum boshi tulki uchun “puf sassiq” emasmi?
Salma Karamiyga taqdir shuni taqozo etdi, baxtsiz sharq ayollari karvonida nochor cho‘ri misoli yetaklab ketdi. Shu tariqa olijanob ruh muhabbatning oppoq qanotlarida, oy shu’lasi va xushbo‘y gullar hididan to‘yinib endi ucha boshlaganida to‘rga tushib qoldi.
Otalarning boyligi qariyb hamma joyda bolalariga baxtsizlik keltiradi. Otaning mehnati bilan to‘plangan va onaning tejamkorligi bilan ko‘paytirilgan omborlar merosxo‘rlar uchun tor va qorong‘i zindonga aylanadi. Pul siymosidagi ko‘rinishiga odamlar topinayotgan o‘sha buyuk xudo dahshatli iblisga aylanib, dillarga qayg‘u, yuraklarga halokat olib keladi. Salma Karamiy ko‘plab o‘z singillariga o‘xshab otalari boyligi va kuyovlari ochko‘zligining qurboniga aylandi. Agar Faris Karamiy boy bo‘lmaganida Salma ham barchamizga o‘xshab oftob nurlaridan yayrab yashagan bo‘lar edi.
Kunlar o‘tib borar, muhabbat meni tark etmasdi. Sevgi tun bo‘yi menga baxt qo‘shig‘ini kuylar, tongotarda uyg‘otib, hayot ma’nosini va turmush sirlarini ochib berardi. Yuksak ishq hasad nimaligini bilmaydi, chunki u saxovatlidir, tanaga ham iztirob yetkazmaydi, zero qalbning qa’rida yashirinib yotadi. Kuchli ehtiros zerikish, jonga tegish nimaligini bilmaydi. Mustahkam bog‘liqlik ma’naviy tashnalikni qondiradi.
Sehrli jodular yerni men uchun lazzat manbaiga, hayotni esa ajoyib ro‘yoga aylantirdi. Ertalablari dalalarni aylanib yurarkanman, mangulik ramzi bo‘lgan tabiatning uyg‘onishini ko‘rdim. Dengiz sohilida o‘tirganimda to‘lqinlar menga abadiyat qo‘shig‘ini kuylab berdilar. Shahar ko‘chalarida sayr etayotib, baxtli kishilarni uchratdim. Mehnat ahli chehrasida bunyodkorlik nashidasini his etdim.
Bu kunlar sharpalarday o‘tib, tuman misol tarqalib ketdilar. Ulardan menga iztirobli xotiralar qoldi, xolos. Bahorning go‘zalligini, tabiat uyg‘onishini ko‘rib o‘rgangan ko‘zlarim endi faqat atrofimni kurshab turgan qahr-g‘azabni sezmoqda; to‘lqinlar qo‘shig‘ini tinglagan quloqlarim faqat dengiz qa’ri ingrog‘ini va tubsizlik yig‘isini eshitayotir; odamlar mehnatidan va tamaddun ulug‘vorligidan quvongan qalbim faqat kambag‘allar baxtsizligini va yetim-esirlar chekkan azobni his etmoqda. Muhabbat onlari naqadar go‘zal, o‘sha dam orzulari munchalar shirin; qayg‘u kechalari munchalar ma’yus va uning dahshatlari naqadar buyuk!
Haftaning oxirida tuyg‘ularim og‘ushida sarxush bir holda Salma Karamiy uyiga yo‘l oldim. Muhabbat bilan sayqal berilgan bu koshonaning ta’rifiga til ojiz… Darvozadan o‘tib, so‘lim boqqa kirganim zamon, qandaydir kuch irodamni o‘ziga bo‘ysundirib, meni ertaklar dunyosiga boshlaganday bo‘ldi, uyning oldiga borganimdagina o‘zimga kelib, asta qaradim.
Salma yosuman butasining soyasidagi o‘rindiqda, xuddi tangri irodasi bilan men uchun baxtiyorlik va azob onlari boshlangan o‘sha oqshomdagiday o‘tirardi. Men indamasdan unga yaqin bordim. Paydo bo‘lganimdan hayratlanmadi ham, aftidan meni kutayotgan edi. Uning yoniga o‘tirgach, Salma nigohini menga bir qadadi-da, chuqur xo‘rsinib, uzoq ufqqa tikildi. U yerda esa oqshom cho‘kib kelayotgandi…
Nihoyat, Salma menga o‘girildi, sovuq, titrayotgan qo‘lini kaftimga qo‘ydi. Uning shivirlab so‘zlashi ochlikdan sillasi qurib, gapirolmay qolgan odamning xirillashiga o‘xshardi.
— Menga bir qara, do‘stim! Sabr-toqatli va e’tiborli bo‘l — sen eshitishga tashna bo‘lgan barcha narsani yuzimdan uqib olasan… Menga bir qara, sevgilim… e’tibor ber, og‘ajon!
Uning yuzidan ko‘z uzmay, uzoq tikildim…
Qizning kechagina kulib turgan ko‘zlarini g‘am qoplagandi. Oftob tabassumidan quvnaguvchi oq nilufar gulbarglari misoli oppoq badani sarg‘ayibdi, umidsizlik pardasi bilan qoplanibdi. Shirinlik atri taratuvchi lablari kuz guliday so‘libdi. Nafis bo‘yni dilini hayajonga solayotgan o‘ylar yukidan egilibdi.
Men ko‘rdim — Salma hayron qolarli darajada o‘zgaribdi. Lekin o‘z qayg‘usi bilan u yanada go‘zallashibdi. Xuddi pag‘a-pag‘a bulutlar oy tegrasini qurshab, unga tag‘in ham maftunkorlik va ulug‘vorlik baxsh etganday. Uning sirlari har qancha iztirobli bo‘lmasin, qalbini bezab turgan tuyg‘ulari yuziga latofat berib turibdi. Agar u gapirmasa, o‘y va tuyg‘ularini yashirsa, bunchalik yoqimli bo‘lolmasdi. Salma o‘sha oqshom hayot alami va qalb toti qorishib ketgan oliy sarhushlik esa limmo-lim kosaga o‘xshardi. Hali o‘zi ham bilmay turib, buni men o‘zimda bilmasdim, shafqatsiz er zulmiga duchor bo‘lish uchun sevimli ota uyidan ketadigan, yovuz qaynona cho‘risiga aylanish uchun mehribon ona bag‘rini tark etadigan sharq ayolini tajassum etardi.
Men Salmaning yuzidan ko‘z uzmasdim; uning to‘xtab-to‘xtab nafas olayotganini eshitib o‘tirar, qalbida nimalar yuz berayotganini tushunib, u bilan birga iztirob chekardim. Mana, vaqt to‘xtab qoldi, borliq yo‘q edi go‘yo… Men faqat uning katta-katta ochilgan ko‘zlarini ko‘rib turardim, ular go‘yo qalbim qa’riga qarab turishardi, sovuq, titroq qo‘llari bilan meni paypaslayotganini his etdim… Birdan qiz meni hushimga keltirdi.
— Keling, gaplashib o‘tiraylik, qadrdon do‘stim, — dedi Salma. — Hali butun dahshatlari bilan boshimga yopirilmagan kelajakni bir tasavvur qilib ko‘raylik. Otam hozir to so‘nggi manzil-mozorimgacha yonimda bo‘ladigan odam huzuriga ketdi. Falakning gardishi bilan mening dunyoga kelishimga sabab bo‘lgan inson umrim oxirigacha amrida bo‘ladigan kishim bilan uchrashgani ketdi. Shahar markazida yoshligimning g‘amxo‘ri bo‘lgan qariya bilan yashashimga yo‘ldosh bo‘lguvchi yigit uchrashadilar. Bugun otam bilan kuyov to‘y kunini belgilaydilar. Agar bu uzoq muddat bo‘lsa-da, kutishimga oz qoldi. Vaqt hukmronligi naqadar buyuk! Bundan roppa-rosa bir hafta burun mana shu yosuman tagida muhabbat mening qalbimga tashrif buyurgandi, ruhimni yoritgan edi, xuddi o‘sha damda ilohiy taqdir Bulos G‘olibning uyida kelajagim haqidagi ilk so‘zni aytgan edi. Otam bilan kuyov to‘yim uchun gulchambar to‘qishgan damda esa, men yonimda seni ko‘rib turibman. Hozir sening qalbing suvga tashna qush misoli boshim uzra charx urmoqda. Tashnaligini qondiradigan buloqni esa dahshatli ajdarho qo‘riqlab yotibdi. Munchalar qorong‘i bo‘lmasa bu tun, munchalar mubhamdir uning sirlari!
Umidsizlik menga qora sharpa bo‘lib ko‘rindi. U bizning muhabbatimizning bo‘g‘zidan olib, uni beshigidayoq bo‘g‘a boshladi.
— Muhabbatim qushi o‘sha buloq tepasida charx uraveradi! — deya xitob qildim men. — Aylanaveradi, toki holdan toyib halok bo‘lmaguncha yoki parcha-parcha qilinib, uning to‘ymas jig‘ildonida yo‘q bo‘lib ketmagunicha!
Hayajonlangan qiz sasi titroq kumush torlar singari jaranglab chiqdi:
— Yo‘q, do‘stginam! Qo‘ying, qushcha yashayversin. Mayli, yarim tunga qadar bulbul sayrayversin. Sayrayversin, toki bahor o‘tib ketmaguncha, dunyo yo‘q bo‘lib, mangulik butunlay tugamaguncha. Uning qo‘shig‘ini o‘chirma — u menga jon baxsh etadi, qanot urishini to‘xtatma — uning silkinishi yuragimdan g‘am-anduh tumanini haydaydi.
— Qushcha tashnalik va qo‘rquvdan halok bo‘lishi mumkin, — dedim men xo‘rsinib.
— Ruh tashnaligi to‘yingan jismdan yuksakdir, — shivirladi qiz titroq lablari bilan. — Yurakdagi hadik jism oromidan yengildir. Menga quloq sol, sevgilim! Men yangi hayot bo‘sag‘asida turibman. Biroq bu hayot to‘g‘risida hech narsa bilmayman. Xuddi ko‘rga o‘xshab, devorni ushlab yuraman, chunki yiqilib tushishdan qo‘rqaman. Men — cho‘riman: otamning boyligi meni qullar bozoriga olib keldi va meni erkaklardan biri sotib oldi. Men uni sevmayman, chunki uni bilmayman: sevgi bilan bilmaslik bir-biriga ziddir. Ammo men sevishni o‘rganaman, e’tiborli bo‘laman va bo‘ysunaman, uni baxtiyor qilishga urinaman. Men unga ojiza ayol kuchli erkakka baxsh etishi mumkin bo‘lgan hamma narsani baxsh etaman. Sen bo‘lsang yoshsan, hayoting hali oldinda, yo‘ling keng va ravon, gullar to‘shalgan. Sen hayot sahnasiga yuragingni qo‘lingda yonayotgan mash’aladay tutib kirasan. Sening o‘ylashga va his qilishga haqqing bor, istagan ishingni qila olasan, o‘z nomingni hayot kitobiga yoza olasan, chunki sen erkaksan. Sen baxtli bo‘lasan, zero, ota qashshoqligi seni qullikdan xalos etadi. Kambag‘alning qizlar sotiladigan qullar bozorida qiladigan ishi yo‘q. Umr yo‘ldoshingni o‘zing tanlaysan, u uyingga kirishdan oldin yuragingda o‘z o‘rnini topadi, turmush o‘rtog‘ing bo‘lishdan avval xayolingda sen bilan birga bo‘ladi.
Salma bir oz tin oldi.
— Bizning yo‘llarimiz mana shu hayot chorrahasida ajralib ketarmikin? Seniki shon-shuhratga, meniki esa ayol majburiyatlarini bajarishga eltarmikin? — dedi hayajon bilan Salma. — Bizlar ko‘rayotgan shirin tush shu tariqa tugarmikin? Dengiz bo‘zto‘rg‘ay bo‘zlashini yutarmikin, shamol atirgul yaproqchalarini sochib yuborarmikin, oyoqlar may to‘la qadahni bosib yancharmikin? Nahotki o‘sha oqshom bizlarga oy behuda nur sochgan bo‘lsa, nahotki o‘sha yosuman ko‘lankasida qalblarimiz bekorga uchrashgan bo‘lsa? Yoki biz yulduzlar sari uchishga shoshildikmikin va toliqqan qanotlarimiz bizni tubsiz jarga qulatdimikin? Yoxud uxlayotgan muhabbatni uyg‘otishdimi va u bizni o‘z g‘azabi bilan jazoladimi? Nafas olishimiz tun epkinini hayajonga soldimikin yo? Bundan u bo‘ronga aylanib, bizni kukun misoli uchirib yubordimikin? Nahotki taqiqlanganiga qaramay, mevadan tatib ko‘rganimiz uchun bizni jannatdan quvishayotgan bo‘lishsa? Qo‘pollik yoki ayyorlik qildikmi — shuning uchun bizga do‘zax xavfi bormi?.. Yo‘q! Yo‘q! Bizning oniy uchrashuvimiz asrlardan ulug‘vorroqdir. Qalbimizni yoritgan ziyo zulmatdan kuchliroqdir. Hayot bizni mahv etdi, lekin o‘lim tiriltiradi!
— Ayol yuragi yoshiga qarab o‘zgarmaydi, — ishontirardi meni Salma, — u tabiat ta’siriga bo‘ysunmaydi. Uzoq vaqt jon berish talvasasida bo‘lsa-da, hech qachon o‘lmaydi. Ayol yuragi cho‘lga o‘xshaydi. Erkak tomonidan jang maydoni sifatida tanlangan bu cho‘lda u daraxtlarni qo‘porib tashlaydi, maysalarga o‘t qo‘yadi, toshlarga qon sachratadi, tuproqni suyak va bosh chanoqlari bilan to‘ldirib tashlaydi. Lekin yer baribir sukut saqlaydi, tinch va xotirjam bo‘ladi; unda bahor bahorligicha qoladi, kuz-kuzligicha, asrlar tugaguncha shunday davom etaveradi… Endi biz nima qilamiz, taqdir o‘z so‘zini aytib bo‘ldi-ku, axir? Nima qilish kerak? Ayt menga, nima qilay — qanday ayrilay va uchrashuvni qayerdan izlay? Sevgi bir darvesh edimi, kechqurun bizga mehmon bo‘ldi-yu, tong otishi bilan jo‘nab ketdimi? Bu hafta bizlar uchun sarxushlik soati edimi va nihoyat tafakkurimiz musaffo bo‘ldimi… Boshingni ko‘tar, sevgilim! Ko‘zlaringni yaxshilab ko‘ray. Biror narsa desang-chi, azizim, ovozingni eshitay, jonim. Ayt menga, ayt, meni unutmaysanmi? Hayotim kemasini dovul cho‘ktirganda ham meni eslaysanmi? Tun qorong‘usida qanotlarim silkinishini seza olasanmi? Nafasim to‘lqinlari yuzing va bo‘yningni mayin silab o‘tganini his etasanmi? Og‘riqlardan qattiq ingraganimda dardu fig‘onimni eshitasanmi? Tonggi tumanda tarqab ketadigan tun sharpalari orasida mening sharpamni ko‘rasanmi? Ayt menga, sevgilim, ayt, ko‘zlarimning, qalbimning quvonchi, ruhim qanotlari, endi men uchun kim bo‘lasan?
— Sen uchun kim desang, o‘sha bo‘laman, — dedim qalbimdan.
— Meni sevishingni istayman, — dedi Salma. — So‘nggi kunimgacha, shoir o‘zining g‘amgin o‘ylarini sevganday sevishingni istayman. Yo‘lchi buloqning tiniq suviga boqib, uni ichishdan oldin aksini ko‘rib, o‘zini taniganday, yorug‘ dunyoni ko‘rmay, ona qornida o‘lgan go‘dak singari meni eslab yurishingni istayman. Sen men haqimda rahmdil shoh o‘z tutquni haqida o‘ylagandek o‘ylashingni istayman. Bilasanmi, o‘sha tutqun shoh afv berishini kutmay jon bergan ekan. Menga og‘a bo‘l, do‘st bo‘l. Otamni ziyorat qilib tur, men bu uyni tark etgach, unga begona bo‘lib qolaman. U yolg‘iz bo‘lib qoladi.
— Sening istagingni bajo keltiraman, Salma, — dedim men. — Ruhim sening qalbingni o‘ziga singdiradi, yuragim go‘zalligingga oshyon bo‘ladi, ko‘ksim — qayg‘ung qabriga aylanadi. Ekinzor bahorni sevganday sevgumdir seni, gul oftob nuri bilan yashaganday, men sening ruhing bilan yashayman. Vodiy qishloq cherkovlari qo‘ng‘iroqlari jarangiga aks-sado berganday nomingni takrorlab yashayman. Sohil to‘lqinlar hikoyasini tinglaganiday, men qalbing nidosini tinglab yashayman. Yurtidan haydagan yolg‘iz quvg‘indi vatanini, kambag‘al noz-ne’mat to‘la dasturxonni, taxtdan ag‘darilgan shoh shon-shuhratlarini, sho‘rlik mahbus ozodlik kunlarini qo‘msaganiday, seni sog‘inaman, Salma. Urug‘ sochuvchi dehqon bo‘liq boshoqlar va bug‘doy g‘aramlarini, jonkuyar cho‘pon yam-yashil maysazor va sharqiroq soylarni o‘ylaganday, seni o‘ylayman, Salma!
Qizning nigohi qorong‘ulikka qadalgandi; “uh” tortib qo‘yar, uning yuragi dengiz to‘lqinlariday goh tez-tez urar, goh sekinlashardi.
— Ertaga, — dedi u, — voqelik — ro‘yoga, haqiqat — xayolga aylanadi. Shaydo ko‘ngil issiq og‘ushlardan qoniqarmikin, xayolot chashmasidan tashnaligini qondira olarmikin?
– Ertaga, — dedim men, — taqdir seni oilaning sokin bag‘riga boshlaydi, meni esa tutun burqsiyotgan va kurash ketayotgan hayot sahnasiga tashlaydi. Seni husnu jamoling va bokiraliging baxtiyor qiladigan yoring uyi kutmoqda, meni esa g‘am-anduh. Seni hayot kutayotir, meni — talvasa; seni — xotirjamlik, ahd ila paymon, meni — yolg‘izlik va uzlat. Ammo o‘lim soya solgan vodiyda men muhabbat sharafiga haykal tiklayman va unga topinaman; suhbat quraman; u sevgim haqida suhbatdosh bo‘lib tavba-tazarrumni eshitadi, qo‘shiqchi bo‘lib ko‘nglimni ko‘taradi, sharob bo‘lib chanqog‘imni bosadi, kiyim bo‘lib tanimni isitadi. U meni ertalablari uyg‘otib, olis cho‘llarga boshlaydi, tush paytlari daraxtlar soyasiga yetaklab keladi, u yerda men qushlar bilan birga jaziramadan jon saqlayman, kechqurunlari botayotgan quyoshga boqib, tabiatning yorug‘lik bilan xayrlashuvini kuzataman. Kechalari u meni og‘ushiga olib, ro‘yo qanotlarida sevishganlar va shoir ruhi yashaydigan osmonu falaklarga olib ketadi. Bahor chog‘i biz u bilan birga qir-adirlar kezib qo‘shiq aytamiz, binafsha va moychechaklar qoplagan joylardan o‘tamiz, nilufar va nargis gullarining kosachalarida to‘planib qolgan yomg‘ir suvlaridan chanqog‘imizni qondiramiz; yoz oylari maysazorga cho‘zilib, boshimizni poxol bog‘lamiga qo‘ygancha ochiq osmonga tikilib oy va yulduzlar bilan suhbat quramiz; kuzda uzumzorlar oralab, uzum to‘la savatlar yonida o‘tirib, tillarang kiyimini yechayotgan daraxtlarga, sohilga intilayotgan qushlarga suqlanib qaraymiz; o‘choq yonida o‘tirib bir-birimizga qadimgi afsonalardan, mamlakatlar va xalqlar tarixidan so‘zlab beramiz. Muhabbat mening yoshlikdagi ustozim, balog‘at yoshimdagi tayanchim, keksalikdagi do‘stim bo‘ladi. Muhabbat umrimning oxirigacha men bilan birga bo‘ladi, o‘lganimdan keyin esa Tangri qo‘li meni sen bilan qovushtiradi.
Bu so‘zlar qalbimning eng to‘ridan otilib chiqar, gulxan singari goh pasayib, goh avj olib, chorbog‘ning burchaklariga singib ketardi.
Salma jimgina tinglab o‘tirar, ko‘zyoshlaridan yuzi namiqqan edi.
Sevgi qanot ato etmaganlar parvoz qilolmaydi, osmonu falakka ko‘tarila olmaydi; tilsimli dunyo ular uchun berk, hozir u yerda Salmaning va mening ruhlarim tentirab yuribdi. Kimni muhabbat o‘z e’tiqodiga buysundirgan bo‘lmasa, uning va’zlarini tinglashga qodir emas. Bu kitob ular uchun yozilmagan; unga ko‘z yugurtirib, satrlararo arvohlar va ximeralarni ko‘rolmaydilar…
Salma boshini orqaga tashlab, qo‘llarini oldinga cho‘zdi; lablari titrab ketdi, ko‘zlari katta-katta ochildi, yuzini mavhumlik va umidsizlik azobi qopladi.
– Ne gunohim bor edi, yo Tangrim, ne gunohim bilan g‘azabingni keltirdim? – xitob qildi Salma. – Shu qadar dahshatli jinoyat sodir qildimmi, abadiy qasosingga mahkum etibsan? Sen kuchliga ojizani qiynash ne uchun kerak? Shu ulug‘vorliging bilan taxting poyida emaklab yurganni toptash shartmi? Sen uni o‘zing mehr bilan yaratding, yana shunday mehr bilan uni halok qilmoqchisan! O‘ng qo‘ling bilan o‘zingga yaqinlashtirib, chap qo‘ling bilan ortga itqitasan. Ey Tangrim, muhabbat bilan mening ko‘zimni ochding va ko‘r qilding, yana muhabbat bilan. Yuragimga oq atirgulni o‘tqazgan o‘zing, uning yon-veriga tikonlarni qadagan ham o‘zing. Ruhan meni o‘zim sevgan yigit bilan bog‘lading-u, men tanimaydigan kimsani menga erlikka ravo ko‘rding. Bu hayot-mamot kurashiga qanday bardosh beray, o‘limimga qadar qanday sodiq va sof qolay? Sening izmingga bo‘ysunaman, Tangrim! Noming mangu barqaror bo‘lsin!
Salma jim qoldi. U so‘zini davom ettirayotgan qiyofada edi. Boshini egdi, qo‘llari holsizlanib osilib qoldi, yelkasi bukchaydi. Bo‘ron uzib tashlagan daraxt shoxi ana shunday yerda bemajol yotadi, u endi qurib-qovjirashga mahkum. Men uning muzdek qo‘llarini issiq kaftimga oldim-da, ko‘zlarimga, lablarimga bosdim. Salmani tag‘in qanday ovuta olardim? Mening o‘zim shafqatsiz iztirobda edim…
Shu oqshom hech qaysi birimiz boshqa biror so‘z aytmadik. Dard va alam yukidan tillarimiz kalimaga kelmay qoldi. Bizlar toshdek qotib, lol turardik. Bir-birimizga dil izhori qilishni boy bergandik. Asablarimiz shu qadar taranglashgan, ruhiyatimiz shunchalar zo‘riqqan ediki, biror so‘z aytish u yoqda tursin, hatto nafas olgudek bo‘lsak ham yuragimiz tars yorilib ketadimi, degan xavotirda edik.
Tun yarmidan og‘di. Sukunat yanada vahimali tus oldi. Sanno tog‘i ortidan kemtik oy ko‘tarildi. Jimir-jimir qilayotgan yulduzlar qurshovida u atrofini xira shamlar yoritib turgan o‘lim to‘shagida yotgan murdaning burushgan yuziga o‘xshab ko‘rinardi. Shu topda Lubnon ham yillar yukidan bukchaygan cholni eslatardi. U g‘am-anduh yukidan uyqusi qochib qiynalayotgan, taxtidan tushirilgan qirolga o‘xshardi. Tog‘lar, daraxtlar va daryolar kechayu kunduz davomida o‘z qiyofasini o‘zgartiradilar. Fikri va hissiyoti o‘zgarib turuvchi odam ham shunday. Terak kunduzi kelinchakka o‘xshaydi, ko‘ylagi yelda hilpirab turadi, kechqurun esa osmonga o‘rmalayotgan tutunga o‘xshab ko‘rinadi. Kunduzlari taqdir zarbasi ustidan kulayotgan bahaybat pahlavonni eslatuvchi qoya – kechalari ochiq osmon ostida quruq yerda o‘tirgan kambag‘al bechorani eslatadi. Ertalab kumush eritmasiday yaltirab, mangulik qo‘shig‘ini kuylab oqayotgan irmoq kechalari bolasini yo‘qotgan ona misoli bo‘zlab yig‘laydi. Bundan bir hafta burun, to‘lin oy kechasida biz quvonchdan yayrab o‘tirardik, Lubnon esa bor go‘zalligi bilan savlat to‘kib turardi. Endi bo‘lsa osmonda kemtik oy tentirab yuribdi, bizning yuraklarimiz og‘riqdan ingrar edilar. Bir vaqtlar ulug‘vor ko‘ringan tog‘lar bukchayib, xira tortganday ko‘rinardi.
Biz o‘rnimizdan turib, xayrlasharkanmiz, o‘rtamizda ikkita ulkan arvoh paydo bo‘ldi: biri – sevgi arvohi, boshlarimiz uzra kattakon qanotlarini yoydi, ikkinchisi – umidsizlik arvohi, tirnoqlari bilan bo‘ynimizga yopishdi; biri ho‘ngrab yig‘lar, ikkinchisi yovuzona kulardi. Men jonsarak bir ahvolda Salmaning qo‘lini o‘pdim; u menga yaqinlashib, lablarini sochim tolasiga bosdi, keyin o‘rindiqqa o‘tirdi.
— Rahm qil, yo Tangrim, barcha qayrilgan qanotlarga quvvat ber!
Bog‘dan chiqarkanman, esim og‘ayotganini his qildim; ko‘l yuzasini tuman to‘sganday shuurimni qalin parda qopladi. Yo‘l bo‘yida yerdan chiqqan arvohlarday daraxt soyalari raqsga tushardi, oyning xira nurlari shoxlar orasida ingichka kamon o‘qlari misol titrar, xuddi jin ruhlari kabi yuragimni nishonga olayotganday bo‘lardi.
Butun borliq, hayotning bor ma’nosi, qalbning barcha sirlari menga yovvoyi, dahshatli, badbashara tarzda ko‘rinib ketdi. Menga dunyoning go‘zalligini va yer mavjudotlarining quvonchlarini ko‘rsatgan o‘sha ma’naviy yorug‘lik olovga aylanib, yuragimni kuydira boshladi. Masrur ovozlarni birlashtirgan o‘sha qo‘shiq uni ilohiy madhiyaga aylantirib, ushbu damda sherning o‘kirigidan dahshatliroq na’raga, tubsiz uchurumning qichqirig‘iga aylandi.
Uyda men o‘zimni to‘shakka otdim, ovchi o‘qidan yaralangan qush, odatda, yerga o‘zini shunday tashlaydi. Qalbim dahshatli haqiqat va bosiriqli tush o‘rtasida tipirchilardi. Xayolimda Salmaning so‘zlarini takrorlardim: “Rahm qil, yo Tangrim, barcha qayrilgan qanotlarga quvvat ber!”

O‘LIM TAXTIDA

Hozirgi kunda nikoh – yigitlar va qizlarning otalari o‘rtasida tuziladigan kulgini qo‘zg‘atuvchi va alamdan yig‘latuvchi bitimdir. Birinchilar, ya’ni yigitlar, bu bitimda yutib chiqadilar, ikkinchilar, ya’ni otalar, hamisha yutqizadilar. Qizlarni esa bir buyum-mol singari bir qo‘ldan ikkinchi qo‘lga beradi; shu bilan ular bor quvonchidan mahrum bo‘ladilar, ularning qismati eski jihoz singari uylarning qorong‘i burchaklarida ohista so‘nish bo‘lib qoladi.
Hozirgi tamaddun ayolning aqlini biroz oshirdi, lekin uning azoblarini ham ko‘paytirdi, erkakning hirs-mayllari uchun yanada kengroq yo‘l ochib berdi. Kechagina u baxtiyor cho‘ri edi, bugun baxtsiz bekaga aylandi. Kechagina u ko‘r, kunduzi yorug‘da yurardi, bugun esa ko‘zi ochiq tun qorong‘isida yurmoqda. U o‘zining nodonligi bilan go‘zal, soddaligi bilan mehribon, ojizligi bilan kuchli edi. Endi bo‘lsa o‘zining nazokati bilan badbashara, dunyoqarashida yuzaki, xatti-harakatlarida rejali bo‘lib qoldi. Ayolda go‘zallik va oqilalik, nazokat va mehribonlik, tana ojizligi bilan qalb quvvati mutanosibligi uyg‘unlashadigan kun kelarmikin? Men ma’naviy ravnaq — insoniyat yo‘li deb hisoblayman. Kamolotga yaqinlashuv asta-sekin bo‘ladigan, lekin muqarrar jarayondir. Agar ayol bir sohada oldinga siljisa-yu, boshqa sohada orqada qolsa, bu shuning uchunki, tog‘ cho‘qqisiga olib boruvchi tik qiyalikda qaroqchilar pistirmasi va bo‘rilar g‘ori ham uchrab turadi. Bu ko‘tarilish – uyg‘onish oldidan mudrab qolishday bir gap; o‘tgan avlodlar xoki bu yerda kelajak urug‘lari bilan qorishib ketganidadir. Ajoyib shijoat va mayl tug‘diradigan bu ko‘tarilishda qariyb hamma shaharda ayolni – kelajak qizi ramzini uchratish mumkin. Bayrutda shunday ramz Salma Karamiy edi; biroq u dunyoga ancha barvaqt kelgan ko‘plab qizlardan biri sifatida o‘z davrining qurboni bo‘ldi.
Mansurbek Salmaga uylangach, ular Ras-Bayrut dahasining boylar va shahar a’yonlari yashaydigan sohildagi muhtasham uyga ko‘chib o‘tdilar. Foris Karamiy o‘zining eski uyida bir o‘zi qoldi. To‘y kunlari o‘tdi, dabdabali tantana kechalari ortda qoldi, asal oyi tugadi, uning achchiq ta’mi qoldi, xolos. Bu shonli olishuvlardan so‘ng olis cho‘llarda qolgan kallalar uyumini eslatadi. Sharq to‘yining tantanavor jarangi kuyov va kelinlar qalbini yuksak osmonlarga olib chiqadi, ular ko‘kda burgutlar-la qanot qoqadilar, lekin tez orada og‘ir tegirmon toshlariday dengizlar qa’riga cho‘kadilar. Ularning quvonchi dengiz sohilidagi to‘lqinlar yuvib ketadigan izlar singari mustahkam emas.
Bahor va yoz o‘tdi, kuz kirdi va mening Salmaga bo‘lgan muhabbatim, dastlab yigitning hayot tongotarida go‘zal ayolga qiziqishi sifatida yetim bolaning mangulikka ketgan onasi ruhini o‘ziga xos ko‘r-ko‘rona sevishga aylandi. Butun vujudimni qamrab olgan tuyg‘u g‘am-anduhga evrildi. Ko‘zimdan yosh oqizgan ehtiros telbalikka aylanib yuragimni qon qaqshatdi. Hamdardlik ingrog‘i ko‘ksimni to‘ldirib, ehtirosli duoga qo‘shildi. Ana shu duo bilan ko‘kka iltijo qildim, Salma uchun baxt, eri uchun quvonch, otasi uchun osoyishtalik tiladim. Lekin mening toat-ibodatlarim va iltijolarim behuda ketdi — Salmaning baxtsizligi shunday ruhiy xastalik ediki, uni faqat o‘lim bilan davolasa bo‘lardi. Uning eri dunyoda hamma narsani tekinga oladiganlardan biri edi. Hayotni yoqimli qiladigan hamma narsa uning jon-dili edi; bunaqalar o‘zida bor narsa bilan kifoyalanmasdi, hamisha birovning mulkiga ko‘z tikadilar, o‘z umrlarining oxirigacha ochko‘zlik bilan yashaydilar. Undan Faris Karamiy uchun osoyishtalik so‘rash ham befoyda edi. Chunki kuyov kelinning qo‘lini olishi bilan ulkan sep-sidirg‘a sohibi bo‘ldi. Lekin bechora qariyani unutdigina emas, o‘z holiga tashlab qo‘ydi. Ayni chog‘da cholning qolgan boyligini ham o‘zlashtirib olish uchun unga o‘lim tilardi.
Mansurbek fe’l-atvori bilan arxiyepiskopni eslatardi; aftidan u amakisining kichik nusxasi edi. Bulos G‘olib o‘z maqsadlariga rohiblik kiyimini niqob qilib erishardi, ko‘ksida osilib turgan oltin xoch himoyasida ochko‘zlik qilardi. Uning jiyani bularning hammasini qo‘pol va oshkora amalga oshirardi. Arxiyepiskop ertalablari cherkovga borar, qolgan vaqtini yetim-esirlardan pul undirishga sarflardi, jiyani esa umrini aysh-ishratda o‘tkazardi.
Yakshanba kunlari arxiyepiskop cherkov minbaridan o‘zi ishonmaydigan narsani targ‘ib qilardi, haftaning qolgan kunlarini siyosiy nayranglarga bag‘ishlardi. Mansurbek bo‘lsa, dam olish nimaligini bilmas, amalga olinish va xizmat martabasiga ko‘tarilish ilinjida yurganlar orasida amakisining nufuzini pullash bilan ovora edi. Biri o‘z qing‘ir ishlarini tun qorong‘isidan foydalanib amalga oshiruvchi o‘g‘ri, ikkinchisi kun yorug‘ida dadil harakat qiluvchi yolg‘onchi edi.
Chorva mollari yirtqich og‘zida yoki qassob pichog‘i tig‘ida halok bo‘lgani singari xalqlar o‘g‘rilar va yolg‘onchilar dastidan o‘lib ketadilar. Sharq millatlari shu tariqa o‘zlarini munofiq qusurli tarafdorlariga baxshida etadilar; ortga qaytib esa jarga qulaydilar va taqdir zarbalari ostida kulga aylanadilar. Agar men o‘z hikoyamni bechora ayol tarixi va sevgiga duchor bo‘lgan iztirobli yurak xom-xayollariga bag‘ishlashga qaror qilgan ekanman, baxtsiz millatlar haqida gapirishga nima majbur qilayapti? Baxtsiz va ezilgan xalqlar haqida o‘ylaganimda nega ko‘zlarimga yosh qalqiydi. Eng gullagan yoshida o‘lim hayotdan olib ketgan ojiza ayolni eslab gapirganimda nechun yig‘lagim kelaveradi. Lekin shu ayol ezilgan millatning ramzi — emasmi, axir? Jon shiddati va tan kishanlari bilan tilka-pora qilingan ayol hukmdorlar va din xizmatchilari qiynagan millatga o‘xshamaydimi? Sohibjamol ayol go‘riga olib ketuvchi sirli bo‘ronlar millat hayotini tuproq bilan ko‘mguvchi dovul emasmi? Millat uchun ayol — chiroq uchun olovday gap. Agar chiroqda moy kam bo‘lsa, alanga kuchsiz bo‘lmaydimi?!

* * *

Kuz o‘tdi, shamol daraxtlar bargini uchirib ketdi, zerikarli, yig‘loqi qish kirdi. Men Bayrutda qoldim, do‘stlarim bilan orzu-armonlarga ko‘milib yashardik. Orzular bizni yulduzlarga olib uchsa, armonlar yuragimizni qora yerga urardi.
G‘am-anduh-la ko‘milgan qalb yolg‘izlik va uzlatda orom olgisi kelardi; u yarador ohu podadan qochib, g‘orda yashirinib tuzalib ketishi yoki o‘limini kutganday to‘dadan uzoqlashib, yolg‘izlikni qo‘msab qoladi.
Bir kuni menga Floris Karamiy betob ekanini aytishdi. Men uzlatdan voz kechib, uni ko‘rgani bordim. Ozib-to‘zib ketgan chol to‘shakda yotardi. Ich-ichiga tushib ketgan ko‘zlari zulmat cho‘kkan o‘rani eslatardi. Ularning tublarida azob va og‘riq arvohlari daydib yurganday edi. Yaqindagina quvonch va ezgulik aks etib turgan yuzini ajin bosib, xiralashgandi. Yirik-yirik qo‘llari shu qadar ozib ketgan ediki, barmoqlarining bo‘g‘imlari yaqqol ko‘zga tashlanib turardi.
Sog‘lig‘ingiz qanday, deb ko‘ngil so‘radim. U burishgan yuzini menga o‘girdi, lablarida g‘amgin jilmayish ko‘rindi, qayerdandir olislardan eshitilayotgan ojiz tovushda dedi:
— U yerda, eshik ortida Salma. Dalda ber unga. Ko‘z yoshlarini artib, bu yoqqa boshlab kir. Yonimda o‘tirsin…
Salma divanda, yuzini yostiqqa bosib yotgan ekan. Otasining tinchi buzilmasin deb, ho‘ngrab yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tutib turardi. Men asta unga yaqinlashib, nomini aytib chaqirdim. Nafasim zo‘rg‘a chiqdi. U asabiy titrab ketdi, xuddi dahshatli tushdan uyg‘onib ketganday bo‘ldi, ohista o‘rnidan turdi. Menga g‘alati qarash qildi, mening nega bu yerdaligimni tushunmay, arvoh deb o‘yladi, shekilli.
Chuqur sukutda bir necha daqiqa o‘tdi. Bu sukunat bizlarni baxtdan mast bo‘lgan damlarimizga qaytarganday edi. Salma barmog‘ining uchi bilan yoshini artdi.
— Ko‘rayapsanmi, zamon naqadar o‘zgargan, — dedi o‘kinib Salma. — Ko‘rayapsanmi, taqdir bizni qanday aldadi, mana shu dahshatli mag‘oraga olib keldi? Kecha bizlarni bahor muhabbat bilan bog‘lagan joyda, ayni qishda, jon berayotgan kishi to‘shagi yonida uchrashdik. Qanday ravshan edi o‘sha kun va qanchalar qop-qora bu kecha!
Shu iboraning oxirini men zo‘rg‘a eshitdim. Salmaning bo‘g‘ziga tiqilib kelgan yig‘i uning gaplarini chuvalashtirib yubordi. U qo‘li bilan ko‘zlarini berkitdi.
— Biz bo‘ron oldida minoralarday dadil turamiz, — shivirladim men uning sochlariga tikilib, — g‘animlar qilichini ko‘kragi bilan to‘sgan jangchilardek turamiz. Mag‘lub bo‘lsak jafokashlarday jon beramiz, g‘olib kelsak qahramonlarday yashaymiz… Jabru sitamlar oldida bosh egmay yashagan jonlar qiynog‘i tinchlik va osoyishtalik bo‘lgan joyga qochishdan ko‘ra mardonalikdir. Chiroqqa urilib, o‘sha zahoti o‘lib ketadigan parvona qorong‘i uyasida uzoq yillar tinchgina yashaydigan ko‘rsichqondan ustundir. Qish sovug‘iga va tabiat injiqliklariga bardosh berolmaydigan urug‘lar yerga ildiz otib, hamal go‘zalligidan quvona olmaydilar. Quyoshga tik boqib, toshloq yo‘ldan dadil qadam tashlab boraylik: qoyalar orasida sochilib yotgan kalla suyaklari va butalar orasidan o‘rmalab chiqadigan ilonlar bilan nima ishimiz bor! Agar qo‘rquvdan yarim yo‘lda to‘xtaydigan bo‘lsak, tun arvohlari bizni yovuzona qichqiriq bilan qarshi oladilar. Agar cho‘qqiga dadil chiqib borsak, biz bilan birga makon ruhlari g‘alaba madhini kuylaydilar! O‘zingni qo‘lga ol, Salma, ko‘zyoshlaringni art va qayg‘ungni yashir. Otang bizlarni kutayapti, oldiga kiraylik. Sen — uning hayotisan, uning sog‘lig‘i — sening tabassumingda.
Salmaning nigohida nazokat va alam bor edi.
— Mendan sabr-bardoshli va qat’iyatli bo‘lishni sen talab qilayapsanmi? Axir o‘zingning ko‘zlaring umidsizlik va iztirob bilan limmo-lim-ku? O‘zi och kambag‘al boshqani to‘ydira olmaydi. O‘zini davolay olmagan kimsa boshqa bemorni davolay oladimi?
Salma otasining yotoqxonasiga kirdi. Men unga ergashdim. Biz bemorning bosh tomonida o‘tirdik. Qiz zo‘raki jilmaydi, qariya o‘zini tetik ko‘rsatishga harakat qildi. Qizning baxtsizligidan yurak-bag‘ri ezilgan kasal otaning, padarining betobligidan larzaga tushgan sevguvchi qizning dardu alamlari muhabbat va o‘lim oldida birlashdi.
Menga o‘zim uchun ham, ular uchun ham alam qilardi. Taqdir uchalamizni birlashtirgan edi, u bizlarni kuydirib kul qildi.
Qariya o‘girilib qiziga qo‘lini uzatdi.
— Qo‘lingni qo‘limga qo‘y, — dedi ota qiziga.
Salma unga qo‘lini tutdi. Ota qizining qo‘lini erkalab, barmoqlari bilan qisdi.
— Yashash meni charchatdi, bolaginam, — dedi ota. — men uzoq umr ko‘rdim. Hayot lazzatlaridan benasib bo‘lmadim, vaqtimni behuda o‘tkazganim yo‘q. Bolaligimda kapalaklar ketidan quvishni yaxshi ko‘rardim, o‘smirligimda sevdim. Yoshim ulg‘ayganda pul topdim — hamisha omadim chopgan, oshig‘im olchi edi. Men onangni yo‘qotganimda, Salma, sen hali uch yoshga ham to‘lmaganding. Onang menga bebaho xazina — seni qoldirdi. Sen juda tez ulg‘ayding, chehrangda onangning yuzi aks etdi. Yurish-turishing, xatti-harakating bilan onangni eslatib turarding. Men endi qaridim, munkaygan cholga aylandim, chollarning dunyosi esa o‘limning yumshoq qanotlarida bo‘ladi. Qayg‘uni quv, qizginam, men seni voyaga yetkazdim, o‘lganimdan keyin ham sen bilan bo‘laman. Bugun o‘lamanmi, ertagami yoki keyinroq, baribir, yoningda bo‘laman… Hayotimiz kunlari kuzgi yaproqlarga o‘xshaydi, har tomonga uchib ketadi. Agar men mangulikka sal oldinroq ketsam, demak, faqat shuning uchunki, mening ruhim onang bilan uchrashishni sog‘inib qolgan…
Qariya qo‘lini yostig‘i tagiga tiqib, oltin suvi yugurtirilgan ramkadagi eski suratni oldi.
— Yaqinroq o‘tir, qizim, — dedi u yodgorlik suratdan ko‘zini uzmay. — Sening onang mana shunaqa edi. Bu uning qog‘ozda aks etgan soyasi, xolos.
Salma otasiga yaqinlashdi, ko‘zyoshini artdi, tasvirdagi chehrani yaxshiroq ko‘rish uchun unga tikildi — u xuddi ko‘zgudagidek, o‘z aksini ko‘rib turardi. “Ona! Onajon!” deya shivirladi Salma, so‘ng suratni titrayotgan lablariga bosdi…
“Ona” — inson lafzidan aytiladigan eng nafis so‘z bu, eng yoqimli murojaatdir bu. Muhabbat va umidga to‘la bu qisqa so‘z inson yuragining eng nafis ifodasidir. Ona — hayotdagi hamma narsa shu birgina so‘zda mujassam, boshingga g‘am tushsa, hamdard bo‘ladi, umidsizlikda ishonch uyg‘otadi, o‘zingni jonsiz sezsang kuch bag‘ishlaydi; u nazokat, rahm-shafqat manbai; onasini yo‘qotgan odam, ko‘kragiga bosh qo‘ygan insondan, ko‘zi bilan himoya qilgan, qo‘li bilan oq fotiha bergan kimsani yo‘qotadi.
Tabiatdagi hamma narsa onalik ramzidir. Quyosh – yerning onasi, uni o‘z harorati bilan isitadi, nuri dengiz to‘lqinlari shovullashi, irmoqlar shildirashi, qushlar sayrashi bilan allalaydi; yer – daraxtlar va gullar onasi, ularni o‘stiradi, oziqlantiradi; ular esa o‘z navbatida shirin mevalar va hayotbaxsh urug‘lar onasidir; butun mavjudotning onasi esa go‘zallik va muhabbat hosilasi — mukammal, abadiy so‘nmas ruhdir.
Salma Karamiy onasini bilmasdi, u go‘dakligidayoq o‘lib ketgandi, lekin uning suratini ko‘rishi bilan “Onajon!” deb xitob qildi. Urug‘ yer bag‘rida yashirin bo‘lganidek, bu so‘z ham qalbimizda yashirin, u qayg‘u va quvonch paytidagina tildan otilib chiqadi. Xushbo‘y hid atirgul yuragidan ana shunday otilib chiqib, atrofga yoyiladi.
Salma onasi suratidan ko‘z uzmay tikilar, uni ehtiros bilan o‘par, so‘ng ko‘ksiga bosardi. Keyin otasi yoniga cho‘kdi. Foris Karamiy uning sochini siladi.
— Sen onangning qog‘ozdagi siymosini ko‘rding, xolos, — dedi u. — Endi diqqat bilan eshit, men senga uning bir suhbatini aytib bermoqchiman.
Salma boshini ko‘tardi. Butun vujudini quloq qilib otasini tinglashga tayyorlandi.
— Onangni otasi qazo qilganida seni hali ko‘krakdan ayirishmagandi, — deb boshladi qariya. — Bu yo‘qotishdan onang juda qayg‘uda edi. Dafn marosimidan qaytishimiz bilan, onang mana shu xonada yonimga o‘tirib, qo‘llarimni kaftiga oldi.
— Otam o‘ldi, Foris, — degandi o‘shanda onang, — lekin yonimda sen borsan, bu menga dalda beradi. Otasi o‘lganda onang shunday degan edi, Salma. Men bu dunyoni tark etsam, sen ham shunday deyishing kerak.
— Onam otasidan judo bo‘lganida, — dedi anduh bilan Salma, — uning yonida siz bor edingiz. Siz bu olamdan ko‘z yumsangiz, ayting yonimda kim bo‘ladi? Onamning otasi vafot etganida, uning yonida sodiq va sevimli, munosib eri bor edi. Uning otasi olamdan ko‘z yumdi, lekin yonida qizchasi bor edi. Sizga biror narsa bo‘lsa, mening yonimda kim bo‘ladi, otajon? Siz menga ham ota, ham ona edingiz, bolaligimda do‘stim, yoshligimda ustozim bo‘ldingiz — bunday yo‘qotishni kim qoplay oladi?
Salma yosh to‘la ko‘zlarini menga o‘girib, o‘ng qo‘li bilan yengimni ushladi.
— Mana, mening yakkayu yolg‘iz do‘stim, otajon, — dedi u.– Siz vafot etsangiz, mening yonimda faqat shu bo‘ladi. Lekin bundan menga qanday naf bor, uning o‘zi ham iztirobda-ku, axir? Iztirobdan o‘zi tars yorilay deb turgan yurak boshqaga qanday dalda berishi mumkin? G‘amdan ado bo‘lgan ko‘ngil boshqaning qayg‘usidan yengil tortarmidi? Qanotlari qayrilgan kabutar ucholmaydi. Bu — mening do‘stim, lekin o‘z qayg‘um bilan uni g‘amga g‘arq etdim. Bu — mening akam, hamma akalar singari u ham qayg‘umga hamdard bo‘la oladi, lekin boshimga tushgan tashvishimdan qutqara olmaydi. Biz birgalikda yig‘laymiz, bundan ko‘zlarimiz yoshi yanada achchiqlashadi, yurak dardimiz yanada kuchayadi.
Salmaning har bir so‘zi mening hayajonimni oshirardi; his-tuyg‘ularim ko‘ksimga sig‘may ketardi… Qariyaning boshi yostiqqa cho‘kib borardi, uning toliqqan qalbi shamolda titrayotgan chiroq alangasini eslatardi.
– Qo‘y endi, men xotirjam omonatimni topshiray, jon qizim, — deya shivirladi qariya, qizining gapdan to‘xtashiga imo qilib.– Onang meni chaqirayapti, Salma, endi men bora qolay, qizim. Hamroh shamol esib qoldi, kema yelkanlarini ko‘tardi va suzishga tayyor. Rulga yopishib uni to‘xtatishga urinma, qizim! Men tirikligimda seni sevardim, bolaginam, o‘lganimda ham sevaman. Senga madad berish va himoya qilish uchun ruhim hamisha yoningda bo‘ladi.
Qariya menga o‘girildi. Ko‘zlari yarim yumuq edi. So‘zlaridan o‘lim ufurib turardi.
— Sen, o‘g‘lim, Salma uchun aka bo‘l. Axir, sening otang menga ota o‘rnida edi. Qizimning yonida bo‘l, nima bo‘lishidan qat’i nazar, uning do‘sti bo‘l. Uning g‘am chekishiga yo‘l qo‘yma. O‘lganlar uchun aza tutish — adashgan bolalarimizning odati. Qizimga qiziq-qiziq voqealardan gapirib ber, hayot madhini kuyla — ovunib, g‘am-anduhni unutadi… otangga ayt, meni xotirlasin. Undan so‘rasang, yoshligimda qanday bo‘lganimni aytib beradi… Shuni bilib qo‘ysinki, uni sening qiyofangda so‘nggi nafasimgacha yaxshi ko‘rganman…
Chol jilmayib qoldi, nigohi ikkalamizga qarab turardi.
— Do‘xtirni chaqirmanglar, — shivirladi u, — bergan hapdorilar tutqunlik onlarimni uzaytiradi, xolos. Qullik davrim o‘tdi — ruhim erkinlik kengliklariga intilmoqda. Agar gunohim bo‘lsa, jon taslim qilmay yotganim bilan uni yuvolmayman, bordi-yu, sof bo‘lsam ham jannat eshiklari men uchun muddatidan oldinroq ochilmaydi. Fol ochish bilan yulduzlar yo‘nalishini o‘zgartib bo‘lmaganidek, kishilar ibodati bilan tangri irodasini qaytarib bo‘lmaydi. Men o‘lgach, do‘xtirlar va ruhoniylar bilganlarini qilishsin. To‘lqin to‘lqinni chaqiradi, ammo kema, baribir, sohilga qarab suzaveradi…

* * *

Shu dahshatli tunda Foris Karamiy zulmat talvasasiga tushib, so‘nggi bor ko‘zini ochdi. Uning nigohi Salmaga qadaldi. Qizi uning to‘shagi yonida tiz cho‘kib turardi. U nimadir demoqchi edi, lekin aytolmadi, chunki uni o‘lim ovozdan mahrum etgandi. U faqat nafas oldi, shivirlashi zo‘rg‘a eshitildi:
— Tun o‘tdi… Tong otdi… Salma… Salma…
Uning boshi ko‘ksiga tushdi, rangi oqardi, lablarida jilmayish qotib qoldi. Foris Karamiy jon berdi.
Salma otasining qo‘llarini ushladi. Muzdek edi… Qo‘llar singan qanotlardek osilib turardi.
— Rahm qil, yo tangrim, — shivirladi Salma yerga ta’zim qilib, — barcha qayrilgan, singan qanotlarga rahm qil!

* * *

Foris Karamiy vafot etdi, mangulik uning jonini o‘z og‘ushiga oldi. Mansurbek uning boyligiga ega bo‘ldi, qizi o‘z baxtsizligining asirasiga aylandi…
Men bo‘lsam, xom xayollar va tashvishlarning ayqash-uyqash yo‘llarida adashib yurardim, vaqt meni yirtqich o‘ljasini tilka-pora qilganday azoblardi. Kitob o‘qib, ovunay deb har qancha harakat qilmay, foydasi bo‘lmadi, qaytanga olovni o‘chiraman deb unga moy quyayotganday bo‘lardim. Avlodlar safida men negadir faqat qora soyalarni ko‘rardim, qo‘shiqlarida faqat ingrash va yig‘ilarnigina eshitardim. “Iova kitobi” men uchun Dovudning ajoyib oyatlaridan go‘zallroq, “Ieremiyaning yig‘isi” Sulaymonning “Qo‘shiqlar qo‘shig‘i”dan yaxshiroq, Barmakiylar fojeasi Abbosiylar ulug‘vorligidan yaqinroq, Ibn Zurayka qasidalari Xayyom ruboiylaridan yoqimliroq, “Hamlet” — butun frantsuz adabiyotidan ustunroq edi.
G‘am-alam ko‘zimizni shu qadar xiralashtirib qo‘yadiki, biz faqat qo‘rqinchli arvohlarnigina ko‘ramiz. Xuddi shunga o‘xshab, umidsizlik quloqlarni kar qilib qo‘yadi va biz faqat hayajonlangan yuraklarimizning urishinigina eshitamiz, xolos.

ISO MASIH BILAN ASTARTA O‘RTASIDA

Bayrut chekkasidan Lubnon tog‘lari etaklarigacha cho‘zilgan bog‘lar va adirlar o‘rtasida eski butxona bor. Qoyaga o‘yib ishlangan bu kichik ibodatxonani tol, zaytun va bodom daraxtlari to‘sib turadi. Bu muqaddas joy katta yo‘ldan yarim chaqirimcha chetroqda. Uning mavjudligini kamdan-kam odam biladi. Suriyadagi bunga o‘xshash diqqatga sazovor tarixiy joylar unutilgan. Ular arxeologlar ko‘zidan yiroq bo‘lgani uchun ham darveshlar va savdoyi oshiqlar uchun boshpana bo‘lib qolgan.
Mazkur butxonaga keluvchilar uning sharqiy devoridagi, aftidan finikiylar tomonidan ishlangan naqshni ko‘radilar. Taqdir taqozosi bilan bu barelefning ayrim chiziqlari o‘chgan, yil fasllari uning rangini o‘zgartirib yuborgan. Lekin unda sevgi va go‘zallik ma’budasi Astarta1 ning tasvirini ilg‘asa bo‘ladi. Muhtasham taxtda o‘tirgan ma’buda atrofidan yettita yalang‘och qiz joy olgan. Ular turli holatda tasvirlangan. Qizlardan biri qo‘lida mash’ala, ikkinchisi — kifara, uchinchisi — ladandon, to‘rtinchisi — sharobli ko‘za, beshinchisi — atirgul shoxi, oltinchisi — dafna chambari, yettinchisi — o‘q-yoy ushlab turibdi. Ularning yuzlari itoatkorona Astartaga qaratilgan.
Boshqa devorda ancha keyinroq ishlangan barelef aniq ko‘rinib turibdi: xochga tortilgan Iso atrofida motamsaro ona Mariya Magdalena, yana ikkita ayol unga aza tutishayapti. Ushbu barelef Vizantiya uslubida, aftidan, beshinchi yoki oltinchi asrda ishlangan.
G‘arbiy devorda — ikkita dumaloq deraza, kechqurunlari shu derazalar orqali butxonaga quyosh nuri tushadi, bareleflar tilla bilan qoplanganday ko‘rinadi.
Butxona o‘rtasida to‘rtburchakli ustun bo‘lib, qirralari qadimiy o‘yma naqsh bilan bezatilgan; naqshning u yer-bu yerida qotib qolgan qon ko‘zga tashlanadi, demak, qadimgi ibodatchilar bu joyda qurbonlik so‘yganlar, qonga sharob, gul yog‘i va moy qo‘shib naqshga ishlov berganlar.
Ibodatxonada jimlik hukm surar, bundan kishini vahima bosardi, unda sehrli maftunkorlik bor edi, u qadimgi voqealarni so‘zsiz hikoya qilar va bundan qalblar larzaga tushardi. Chunki bu hikoyalar xalqlar hayotidan so‘zlardi, bir e’tiqoddan ikkinchisiga o‘tishlarni bayon etardi. U shoirni bu dunyodan olis dunyoga jalb qilardi, faylasufni inson e’tiqodli qilib yaratilgan va u ko‘zga ko‘rinmaydigan narsani ham ilg‘ay olishga qodirligiga, xayolidagini so‘zda, ohangda va haykallarda ifodalay olishga ishontirishga urinardi.
Ana shu ko‘zdan nari butxonada men oyda bir marta Salma Karamiy bilan uchrashib turardim. Biz soatlab devorlardagi tasvirlarni kuzatardik, bundan ko‘p asrlar burun Golgofada xochga tortilgan qahramon haqida o‘ylardik, Astarta siymosidagi go‘zallikka sig‘inib yashashgan va sevishgan finikiyalik yigit va qizlar qiyofasini tasavvur qilishga urinardik.
Bizning uchrashuvlarimizni so‘z bilan ifodalash qiyin. Zero bu uchrashuvlar lazzat va azobda, quvonch va qayg‘uda, umid va afsusda o‘tardi. Odamni inson, hayotni esa mangu jumboq qiluvchi hamma narsa shu visol damlarida aks etardi. Buni eslashni o‘zi juda ham og‘ir.
O‘sha eski butxonada uchrashib, biz shundoq eshik oldida, yelka bilan devorga suyanib o‘tirardik. O‘tmishni eslab, hozirgi kunimiz to‘g‘risida gaplashardik, kelajak haqida dahshatga tushib fikr yuritardik. Yuragimizga tosh bo‘lib cho‘kkan dardimizni baham ko‘rardik; bir-birimizga dalda beradigan so‘zlarni topishga intilib, umid cho‘ntaklarini shirin xomxayollardan tozalashga urinardik. Nihoyat hayajonlarimiz bosilib, ko‘zyoshlarimiz qurirdi, yuzimizga rang kirardi; dunyodagi hamma narsani unutib, sevgi sharobidan sarxush bo‘lib, bir-birimizga quchoq ochardik… Esimda, Salma sochlarim tolasini o‘par, men uning barmoqlarini lablarimga bosardim…
Uchrashuvlarimizda zavq-shavq va shikoyatlardan tashqari boshqa narsalar ham bo‘lardi. Tez-tez, buni o‘zimiz ham sezmagan holda umumiy mavzudagi suhbatga o‘tardik: gap bu g‘alati dunyoda nimalar bo‘layotgani to‘g‘risida, adabiyot va yozuvchilar haqida, kitoblar yutug‘i va kamchiligi, falsafiy va ijtimoiy muammolar haqida borardi. Salma ayollarning jamiyatdagi o‘rni, o‘tmishning uning dunyoqarashiga ta’siri, hozirgi zamon nikohi, unga xos kamchiliklar xususida bahslashishni yaxshi ko‘rardi. Esimda, bir safar shunday degandi: “Yozuvchilar va shoirlar ayolni tushunishga harakat qilayapti, lekin ayol qalbining sirlari ularga begona. Chunki ular ayolga lazzatlanish pardasi orqali qarayaptilar, qaraganda ham faqat badanini ko‘rayaptilar, yoxud bu xilqatni nafrat mikroskopi ostida tekshirib, faqat bo‘ysunish va ojizlikni his etmoqdalar”.
Boshqa bir safar, qo‘li bilan barelefni ko‘rsatib, dedi: “Ushbu qoya yuragida avlodlar qo‘li bilan ikki ramz o‘yib ishlangan. Ular ayol tuyg‘usini aniq ifodalaydi. Bu ramzlarda ishq bilan iztirob, tantana va qurbonlik o‘rtasida sargardon ayol qalbi sirlari aks etib turibdi. Taxtda o‘tirgan Astarta bilan xoch oldida turgan Mariya o‘rtasida tentirayotgan ayol qalbi sirlari oshkor etilayapti… Erkak shon-shuhrat va buyuklik sohibi bo‘ladi, dong taratadi, lekin buning jazosini ayol tortadi”.
Bizning uchrashuvlarimizni xudo va bog‘lar ustida uchib yurgan qaldirg‘ochlardan boshqa hech kim bilmasdi. Salma izvoshda Posho bog‘i degan joyga kelar va u yerdan kimsasiz yo‘lak bilan visol joyiga yo‘l olardi. U qo‘lida soyabon, ohista kelib ibodatxonaga kirganda, men chinakam ehtirosdan va tashnalik tuyib, o‘sha yerda uni kutib turgan bo‘lardim.
Bizlarni ko‘rib qolishadi deb qo‘rqmasdik, vijdon azobini his etmasdik. Chunki olovda tozalangan va ko‘zyoshlari bilan yuvilgan qalblarimiz kishilar ayb va sharmandalik deb ataydigan tushunchalardan ustun edi; qalblarimiz qullik qonunlari va urflaridan ozod edi. Zero, bunday qonunlar inson qalbi tuyg‘ulari uchun an’nalar tomonidan o‘rnatilgan edi.
Insoniyat yetmish asr davomida chirik qonunlarga bo‘ysunib yashadi, falakning mangu haqiqatlari ma’nosini anglamay yashadi. Inson nigohi shakllarning xira yorug‘ida o‘rganib, quyosh nurlaridan ko‘zi qamashdi. Ko‘ngil xastaligi va yaralari avloddan avlodga o‘tib, inson mijozining ajralmas qismi bo‘lib qoldi. Odamlar endi bunday kasallik va jarohatlarni dard emas, balki yuqoridan yuborilgan tabiiy, olijanob ojizlik deb qaramoqdalar. Bunday illatlardan ozod odamlarni esa majruh, ma’naviy yetuklikdan mahrum deb hisoblaydilar.
Qonuniy eri uyidan chiqib, uchrashuvga borayotgan Salma Karamiy o‘z nomiga dog‘ tushirishga urinayotganlar ojiz, xasta mijozli odamlar qatoriga kiradi; ular uchun sog‘ odamlar jinoyatchilar, ruhan tetiklar esa isyonchilar hisoblanadi; ular kunduzgi kun yorug‘ida yo‘lovchilar oyog‘i ostiga tushib qolishdan qo‘rqib, qorong‘ida o‘rmalab yurgan hasharotlarga o‘xshaydilar.
Nohaq qamalgan mahbus — qo‘rqoq, u o‘z qamoqxonasining devorini buzishi mumkin, lekin bunga botinolmaydi. Salma Karamiy mahbus edi, u ozodlikka chiqishga botina olmadi. Shunday ekan, uni o‘z qamoqxonasi derazasidan yashil dalalarni miriqib tomosha qildi deb ayblash adolatdanmi? Butxonada muqaddas Astarta va xochga tortilgan Iso o‘rtasida men bilan uchrashish niyatida eri Mansurbek uyini tark etgani uchun uni xiyonatchi deb hisoblash kerakmi? Odamlar istaganini gapiraverishsin. Salma ularning chirik qalblari botgan botqoqlikni bosib o‘tib, bo‘rilar uvlashi va ilonlar vishillashi yetmaydigan dunyoga qadam qo‘ydi. Men haqimda ham istagancha gapiraverishsin. O‘limning yuziga tik qaragan kimsa qaroqchilar ko‘ziga qarashdan qo‘rqmaydi; boshi uzra sermalgan qilichni ko‘rgan askar ko‘cha bolalarining unga tosh otishlariga parvo qilmaydi.

QURBON

Bir kuni, iyul oyining oxirlarida, Bayrut aholisi issiqdan jon saqlash uchun tog‘larga yo‘l olganda, men, odatdagidek, butxonaga jo‘nadim; Salma bilan uchrashajagimdan quvonib borardim, yonimda Andaluz shoirlarining she’rlar kitobi ham bor edi. Men ularni o‘qishni yaxshi ko‘rganim uchun qo‘limdan qo‘ymasdim.
Men tanish joyga tong g‘ira-shirasida yetib keldim va odatdagidek eshik oldida o‘tirdim. Bu yerdan limonzorlar oralab o‘tadigan yo‘lak ko‘rinib turardi. Har zamon-har zamonda kitob varaqlab, menga yoqib qolgan she’rlarni o‘qib qo‘yardim; amirlar, shoirlar va askarlarni esladim. Ular Sevilya, Qurdoba, va Garnatani tark etgandilar, bog‘lar, machitlar va qasrlarda o‘zlarining muqaddas orzularini qoldirib ketgandilar, shu ko‘yi qaytib kelolmagandilar.
Kelganimdan bir soatcha vaqt o‘tgach, Salmani ko‘rdim. U butazorlar oralab, soyaboniga suyanganicha butxonaga qarab kelardi. U kelib yonimga o‘tirdi, qarashlari tashvishli edi. Men sergak tortdim, vujudimni g‘alati tuyg‘u qamrab oldi.
Salma fikrimni uqqanday izoh berishga shoshildi.
— Yaqinroq o‘tir, sevgilim, — dedi u sochlarimni silab, — Yaqinroq o‘tir va seni so‘nggi bor to‘yib-to‘yib bag‘rimga bosay. Ayriliq vaqti keldi.
— Bu nima deganing? — xitob qildim men. — Qanday kuch bor bizni ajratadigan?
— Kechagina, bizlarni bir-birimizdan ayirgan o‘sha so‘qir kuch, — dedi Salma. — Tilsiz-zabonsiz, mo‘min-qobil, indamas bir kuch. Ana shu kuch nomidan kishilik qonuni hukm chiqaradi. Xuddi mana shu kuch qullar qo‘li bilan ikkalamizning o‘rtamizga o‘tib bo‘lmas g‘ov soldi. U bunyod etgan iblislar odamlar joniga hokimlik qilmoqdalar. Ayni shu kuch suyaklar va kalla chanoqlaridan tiklangan uyda meni tarki dunyo qilishga mahkum etdi.
— Yoki ering biror narsadan shubhalanyaptimi? Sen uning g‘azablanishi va o‘ch olishidan qo‘rqayapsanmi?
— Erimga baribir. Uni mening qanday vaqt o‘tkazganim qiziqtirmaydi. Erimni ko‘proq qashshoqlik tufayli qullik bozoriga tushib qolgan baxtsiz qizlar qiziqtiradi. Atir sepib, surma qo‘ygan bu sho‘ring qurgur qizlar o‘zlarini qon va ko‘zyoshiga bulg‘angan bir burda nonga sotmoqdalar…
— Unda gap nimada? Mana shu qasrga kelib, xudo nigohi va asrlar arvohlari oldida men bilan o‘tirishingga nima xalaqit berayapti? Yoki mening qalbim sirlariga boqishdan charchadingmi? Joning mendan ajralishni tusab qoldimi?
— Yo‘q, sevgilim, — dedi ko‘ziga yosh olib Salma. — Mening jonim ayriliqni istamaydi, chunki sen uning bir qismisan. Ko‘zlarim ham senga boqishdan charchamaydi, zero, sen uning ziyosisan. Lekin taqdir mening qo‘limni zanjirlab, oyog‘imga kishan urib, hayot o‘pqoniga otdi, sening boshingga ham shunday kunlar tushishini istay olamanmi?
— Aniqroq gapir, — yalindim men, — so‘zlaringda ne sir yashirin? Shubhalarga g‘arq etma meni!
— Hammasini oshkora aytib bo‘lmaydi. — dedi u. — Iztirobdan tilim tosh qotgan bo‘lsa, qanday gapirsin? Agar og‘zimga umidsizlik muhri bosilgan bo‘lsa, uning ochilishi dargumon. Faqat bir narsani ayta olaman: meni o‘z tuzog‘iga yetaklab kelganlar to‘riga tushishdan qo‘rqaman.
— Nima bo‘ldi, Salma? Kimdan qo‘rqayapsan?
Qo‘llari bilan yuzini berkitib, Salma achchiq xo‘rsindi.
— Meni mahkum etishgan mozordan oyda bir bor chiqib ketayotganimni arxiyepiskop bilib qolibdi.
— Bu yerda kim bilan uchrashayotganingni bilarkanmi?
— Agar bilsa sening yoningda bo‘lmasdim. Lekin Mansurbekning amakisi o‘ta gumondor va shubhalanadigan bo‘lib qolibdi. U mening ketimdan kuzatuvchilar qo‘ydi, xizmatkorlariga mendan ko‘z uzmaslikni, har bir qadamimdan ogoh bo‘lib turishni tayinladi.
Salma biroz jim qoldi, keyin ko‘zyoshlarini artib, davom etdi:
— Men o‘zim uchun qo‘rqmayman, suvga cho‘kayotganga shamollash qo‘rqinchli emas. Sendan xavotirdaman. Sen oftob nuriday erkinsan, menga o‘xshab makr-hiyla to‘riga tushmasliging kerak. Menga nima bo‘lishi muhim emas, taqdirning barcha o‘qlari ko‘ksimga qadalib bo‘lgan. Lekin sening hayoting — bu bahor, shon-shuhrat yo‘li sen uchun to‘silishini istamayman.
— Hayot faqat g‘am-anduhdan iborat emas, — e’tiroz bildirdim men. — Quloq sol, Salma. Diqqat bilan tingla. Nima, bizlarni odamlar pastkashligi va yovuzligidan faqat ayriliq qutqara oladimi? Nima, bizlar uchun sevgi, hayot, erkinlik yo‘llari berkmi? Hayot qullariga bo‘ysunish qolgan, xolosmi?
— Buning birgina yo‘li, — dedi u umidsiz bir ovozda, — uchrashib turishni bas qilaylik.
Men uning qo‘llariga yopishdim, jon holatda xitob qildim:
— O‘zgalar irodasiga haddan tashqari uzoq vaqt bo‘ysundik, Salma. Bizlar uchrashgan damlardan boshlab ikkimizni so‘qir yetakchilar boshlab kelayapti. Biz esa ularning sanamlariga tiz cho‘kib kelayapmiz. Men seni taniganimdan buyon Bulos G‘olibning qo‘lidagi ikkita koptokchaga o‘xshaymiz. Bizni istagancha o‘ynab, xohlagan tomoniga itqitib yuboradi. Nima, endi biz uning irodasiga bo‘ysunib, o‘zimizni yer yutgunga qadar chidab yuraveramizmi? Hayot nafasi — Tangri in’omi, uni o‘lim oyoqlari ostiga tashlash — gunoh, erkni qullikka aylantirish ham gunoh. O‘zining hayot shamini o‘chirishi — xudoga shak keltirishdir, axir, jonimizni Yaratganning o‘zi ato qilgan-ku? Xo‘rlovchiga qarshi isyon ko‘tarmay, uning barcha jabru zulmlariga chidayvergan kimsa haqiqatga qarshi yolg‘onning yordamchisidir, gunohsizni kaltaklayotgan jallodning malayidir. Biz bir-birimizni sevamiz, Salma. Sevgi esa qalbi buyuk insonlarga Yaratgan tomonidan ishonib topshirilgan bebaho xazinadir, uni cho‘chqalar titkilab, tepkilashlari nojoiz. Bizning oldimizda keng dunyo, go‘zallik va mo‘jizalarga to‘la, nega endi biz arxiyepiskop va uning malaylari qazigan tor chohda yashashimiz kerak? Bizning oldimizda hayot va o‘sha hayotdagi erkinlik, o‘sha erkinlikdagi huzur halovat: nega endi yelkamizdagi bo‘yinturuqni uloqtirib, oyoqlarimizdagi kishanlarni parchalab, tinchlik va osoyishtalik bor joyga ketmasligimiz kerak? Tur o‘rningdan, Salma, ushbu oddiy cherkovni tark etib, Tangrining buyuk ibodatxonasiga kiraylik! Bu yerdan ketaylik, qullikdan va gumrohlikdan olis-olislarga bosh olib ketaylik. Qaroqchilar qo‘li va iblislar tili yetmaydigan joylarga ketaylik! Sohilga shoshilaylik, tun qorong‘isidan foydalanib, kemaga o‘tiraylik-da, dengiz ortiga boraylik va o‘sha tomonlarda yangi hayot quraylik. Xo‘p degin, Salma, bu daqiqalar shohlar tojidan qimmat, farishtalar siridan qadrlidir. Yura qol!
Salma boshini sergadi.
— Yo‘q, — dedi u sekin. — Yo‘q, jonginam. Taqdir qo‘limga og‘u va yovshon sharbati to‘la kosani tutdi va men uni birdaniga ichib bo‘shatdim, tagida bir necha tomchi qoldi, xolos. Uni oxirigacha ichishim kerak, aks holda kosa tagida nima yozilganini bilib bo‘lmaydi. Sevgiga lim to‘la, isyonsiz va xotirjam yangi hayotga munosib emasman. Qanotlari qayrilgan qushga toshlar orasida sakrab yurish qoldi, xolos. — U endi hech qachon ko‘kka parvoz qilolmaydi. Ko‘zi ojiz odam yaqinnigina ko‘radi, yorqin yoruqqa bardosh berolmaydi. Baxt haqida gapirma, shu birgina so‘z bag‘rimni tiladi. Huzur-halovat haqida lof urma — uning soyasi ham qayg‘u singari dahshatga soladi. Yaxshisi, sen bu yoqqa — falak kuydirib kul qilgan ko‘ksimdagi muqaddas alangaga qara… Bilasanmi, men seni ona yolg‘iz farzandini sevgandek sevaman. Ana shu mehr-muhabbat yo‘lida seni o‘zimdan ham himoya qilishga tayyorman. Olov bilan tozalangan ana shu sevgi meni dunyoning narigi chekkasiga ham qochib ketishdan ushlab turibdi, toki sof va musaffo, yovuz g‘iybatlardan yiroq bo‘lib qol. Oshiq sevgisi intihosida sevgilisiga erishishni istaydi, unga boshqa hech narsa kerakmas… Yoshlik tongotarida kelgan muhabbat esa uchrashuvlar va visol onlari bilan kifoyalanadi, bo‘sa va quchoqlar og‘ushida ulg‘ayib boradi… Kecha arxiyepiskop meni jiyani uyidan tashqari chiqishimni taqiqlamoqchi ekanini eshitib, erga tekkan davrimda qismatimga tushgan ana shu yagona quvonchimdan ham mahrum etishmoqchiligini bilib qolgach, deraza oldida uzoq turib, dengiz ortini kuzatdim, u yerdagi bepoyon mamlakat haqida shaxsiy mustaqilligim, ma’naviy ozodligim to‘g‘risida o‘yladim. So‘ng ho‘ngrab yig‘lab yubordim. Toju-taxtidan, davlati va bor budidan ajralgan shoh xuddi shunday yig‘laydi. Shunda ko‘zyoshlarim orasidan sening yuzing, ko‘zlaring ko‘rinib ketdi. Ular menga tikilib turardi. Birdan esimga aytgan so‘zlaring tushdi: “Askarlar singari dushman qilichlarini ko‘ksimiz bilan to‘sib, bardosh beramiz. Mag‘lub bo‘lsak jafokashlarday jon beramiz, g‘olib kelsak, qahramonlarday yashaymiz. Jabru sitamlar oldida bosh egmay yashagan jonlar qiynog‘i tinchlik va osoyishtalik bo‘lgan joyga qochishdan ko‘ra mardonalikdir…” deganding o‘shanda. Sen bu so‘zlarni o‘lim qanotlari otam uzra soya solganda aytganding. Ular mening esimga kecha, boshim uzra umidsizlik qanot qoqqanda tushdi va men kuchimga kuch qo‘shilganini, ruhim tetiklashganini sezdim. Men uchun qandaydir ma’naviy ozodlik yo‘li ochildi. Bu shunday bir ozodlikki, qayg‘uni yumshatadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, sevgimiz dengiz kabi chuqur, yulduzlar kabi olis, bo‘shliq singari cheksiz bo‘lib ko‘rindi. Shunda men o‘zimda paydo bo‘lgan yangi kuch bilan yoningga yo‘l oldim, sening yoningda bo‘lish baxtiga erishishga chorlayotgan buyuk qudrat qurboni bo‘lishga keldim; sening noming kishilar ko‘z o‘ngida pok va halol bo‘lib qolishi uchun shunday qildim. Men avvallari bu yerda ojiz oyog‘imda og‘ir kishanlar bilan kelardim, bugun esa o‘sha kishanlar og‘irligini va yo‘lning olisligini nazar-pisand qilmaydigan qat’iyat tuyg‘usi bilan keldim. Oldin qo‘rqoq, jonsarak arvoh singari kelardim, bugun esa ruhan kuchli ayol bo‘lib keldim. Bu ayol qurbonlik yukini his qilib va iztirob mashaqqatini bila turib, sevgilisini nodon odamlardan himoya qilish uchun keldi. Avvallari men yoningda soya singari titrab turardim, bugun esa muqaddas Astarta va xochga qoqilgan Iso oldida men kim ekanligimni tan olishga keldim. Men — soyada o‘sgan daraxtman, lekin bugun mening shoxlarim oftob nurlarida birpas erkalanib yayrashadi… Men sen bilan xayrlashgani keldim, sevgilim; va bu vidolashuv muhabbatimiz misoli tantanavor va ulug‘vor bo‘lishini istayman; toki bu muhabbat oltinni eritib, unga yanada yorqinroq porlaydigan tus beruvchi olov singari lovullab tursin!
Salma e’tiroz bildirishimga imkon bermadi; ko‘zlari chaqmoq singari chaqnab turardi, ularning shulasidan miyam karaxt bo‘lib qolgandi. Salmaning chehrasi shu qadar ulug‘vor tus olgandiki, so‘zsiz itoat etishini talab qiluvchi qirolicha aksini olgandi. Va birdan u o‘zini mening ko‘ksimga otdi, avvallari unda bunday ehtirosni sira ko‘rmagandim, qo‘llari bilan bo‘ynimni quchoqladi-da, lablarini lablarimga bosib, cho‘zib-cho‘zib yondirguvchi bo‘salar oldi. Bu o‘pishlardan tanimga jon kirdi, badanimda hayot uyg‘ondi. Qalbimning sirli torlari junbushga keldi, ichki borlig‘im o‘zini oliy qonun ixtiyoriga topshirib, butun dunyoga qarshi isyon ko‘tardi, zero u Salmaning ko‘ksini ibodatxona, uning qalbini esa mehrob deya tan olgan edi.
Quyosh botib, uning so‘nggi nurlari yaqin-atrofdagi bog‘-rog‘larni tark etgach, Salma o‘rnidan turdi va butxonaning o‘rtasiga chiqdi; devorlar va burchaklarga shunday e’tibor bilan qaradiki, go‘yo o‘z ko‘zlarining nuri bilan tasvirlar va ramzlarga yorqinlik bermoqchi bo‘ldi; keyin Isoning xochga mixlangan qiyofasiga yaqinlashdi-da, asta tiz cho‘kib, qon silqiyotgan oyoqlaridan bir necha bor o‘pdi.
— Men Astartaning quvonch va zavq-shavqidan ko‘ra, sening xochingni tanladim, nazaretlik Iso! Men mushku anbar o‘rniga qonim va ko‘zyoshlarim bilan yuvindim. Kavsar o‘rniga yovshan sharbati ichdim. Meni o‘z muridlaring safiga qabul qil va Golgofaga boshla…
Salma menga o‘girildi.
— Endi men arvohlar charx urayotgan o‘sha zimiston mag‘oraga quvonch bilan boraman. Menga achinma, sevgilim. Qayg‘urma, jonim. Xudoning soyasini ko‘rgan bu jonimga iblislarning arvohlari dahshat sololmaydi. Oliy baxtni ko‘rib, uning ziyosida bir zumga bo‘lsa-da, bahramand etilgan bu ko‘zlarim dunyoning har qanday azoblaridan ko‘r bo‘lmaydi.
Shoyi yopinchiqqa o‘ralganicha butxonadan uzoqlashib borayotgan Salmaning izidan qarab qolarkanman, o‘zimni alahsirayotganday his qildim; o‘ylarim sharpalar dunyosida tentirab yurganga o‘xshardi. Ko‘rib turganim olatasir dunyoda esa xudolar taxtlarida o‘tirgan emish, farishtalar odamlarning gunohlarini yozib borayotgan emish, ruhlar yerning g‘amxona — baytulhazani haqida hikoya qilar, jannat parilari esa muhabbat, dardu g‘am va abadiyat qo‘shig‘ini kuylayotganmish.
O‘zimga kelganimda atrofni tun qorong‘isi qoplagandi; ancha vaqtgacha daraxtlar orasida tentirab yurdim. Salma aytgan har bir gapini eslashga urindim. Uning har bir xatti-harakati, imo-ishorasi ko‘z o‘ngimda gavdalana boshladi. U bilan ayriliq muqarrar ekanini anglab yetgach esa, yolg‘izlik iztirobi va sevgi hasratidan miyam karaxt bo‘lib qoldi, yuragim tipirchilay boshladi. Shundagina hur bo‘lib tug‘ilgan inson o‘z ota-bobolari tomonidan yaratilgan shafqatsiz qonunlarga qul bo‘lib yashayotganini tushunib yetdim. Taqdir esa bugunning o‘tmishga bo‘ysunishidan, shu daqiqadagi istak uchun kelajakdan voz kechishdan boshqa narsa emasligini his etdim. Salmani yashashdan ko‘ra o‘lishga majbur qilgan ichki mayllar haqida ko‘p o‘yladim. O‘zini qurbon qilishga tayyorligi bilan isyonkor ruh baxtini qiyoslab, qaysi biri munosibroq va muqaddasroq ekanini anglashga urindim. Lekin o‘zimga faqat bir narsa kashf etdim; halollik va yaxshi niyatlar bilan samimiylikka erishilarkan. Salma esa, samimiyatning timsoli, rostgo‘ylikning namunasi edi.

QUTULISh

Salma erga tekkanidan beri besh yil o‘tdi. Lekin hanuzgacha farzand ko‘rmagandi. U bilan yostiqdoshi o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlaydigan, tabassumi bilan begonalashgan qalblarni xuddi otayotgan tong tun bilan kunni yaqinlashtirganday birlashtiruvchi farzand yetishmasdi.
Tug‘maydigan ayol hamisha erining nafratini uyg‘otadi. Chunki xudbinlik tuyg‘usi erkakka bolalar uning hayotining davomchisi degan o‘yni singdiradi. Shuning uchun ham u yer yuzida mangu yashab qolish uchun avlod qoldirishga harakat qiladi.
Dunyo tashvishlariga ko‘milgan erga tug‘maydigan xotin uni asta-sekin tamom qiladigan o‘limga mahkum etayotganday tuyulardi; naf-rati oshib, undan voz kechadi va erini halok etishga qasd qilgan yovuz dushmani singari unga o‘lim tilaydi. Quloqlariga qadar turmush tashvishlariga botgan, po‘latday sovuq, mozorday to‘ymas Mansurbek G‘olib o‘g‘il ko‘rishni istardi; uning nomi, moli va davlatiga vorislik qiladigan o‘g‘il kutardi va tug‘magani uchun Salmadan nafratlanardi.
Mag‘orada o‘sadigan daraxt meva bermaydi. Salma Karamiy hayotning soyasida yashardi va farzand ko‘rmasdi. Qafasga tushgan bulbul uya qurmaydi, zero poloponlariga qullikni meros qoldirishni istamaydi. Salma Karamiy baxtsizlik asirasi edi va falak unga bolalar tug‘ishni ravo ko‘rmadi. Vodiy gullari — bular quyosh sevgisi bilan tabiat ehtirosidan tug‘ilgan bolalardir; inson bolalari — ota muhabbati bilan ona nafosatidan tug‘ilgan farzandlardir. Salma erining hashamdor va zimiston uyida nafosat nafasini ham, hissiyot haroratini ham sezgani yo‘q. Biroq u tun zulmatida xudodan farzand ato etishini so‘rab ibodat qilardi. Bolasi nozik barmoqlari bilan onasining ko‘z yoshlarini artishini, ko‘zlarining nuri bilan ajal sharpasini quvishini tilardi.
Salma shunday ehtiros bilan ibodat qildi, shunday yolvorib iltijo etdiki, uning yig‘isi bulutlarni teshib o‘tdi, osmon ayolning qorniga shirin nafosat ijro etilgan ohangni ufurdi va nikohdan besh yil o‘tgandan so‘ng uni ona bo‘lishga tayyorladi, bu bilan Salmani xo‘rlik va sharmandalik dog‘idan xalos etdi.
Sahroda o‘sgan daraxt gulladi va meva tugdi.
Qafasdagi bulbul o‘z qanotlari patidan uya yasay boshladi.
Oyoq ostiga tashlangan kifara tong sabosi yo‘liga duch keldi va uzilmay qolgan torlar tebranib ketdilar.
Baxtsiz Salma kishanlangan qo‘llarini ko‘kka ko‘tardi va falakdan mukofot olish ilinjida duolar qildi.
Hayotda hech bir narsa mangulik irodasi-la baxtini tuygan bepusht ayol quvonchi bilan tenglasha olmaydi. Bahor uyg‘onganida bor bo‘lgan butun go‘zallik, tong otishi bilan kelguvchi butun shodlik xudo tomonidan ranjitilgan va kutilmaganda Tangrining o‘zidan afv olgan ayol ko‘ksida mujassamdir.
Ona qornidagi homiladan taralayotgan yog‘dudan ko‘ra yorqinroq va kuchliroq rang yo‘q.
Hamal oyi qir-adirlarga sayqal berib o‘tdi. Ayni shu damlarda Salmaning ko‘zi yorishi kerak edi. Tabiat xuddi u bilan birga quvongandek daraxt kurtaklariga jon ato qildi, gullar va o‘t-o‘lanlarga hayot baxsh etdi.
Bir kuni kechasi, zulmat sharpalari Ras-Bayrutdagi uylar oralig‘iga joylashib olgan paytda Salmani to‘lg‘oq tutdi. Uning to‘shagida hayot-mamot jangi boshlandi. Do‘xtir va doyalar bu dunyoga yana bir mehmonni kutib olishga tayyorlanishdi. Ko‘chadagi yo‘lovchilarning qadam tovushlari tinib, to‘lqinlarning qirg‘oqqa urilish shovqini jim bo‘lib qolgach, Mansurbek uyining derazasidan yurakni ezadigan chinqiriq eshitildi…
Jonning jondan ajralish chinqirig‘i… Fanolik oldidan rahm-shafqat haqida yolvorish chinqirig‘i… Ikki buyuk xilqat — hayot va mamot oyoqlari ostiga tashlangan ojiz Salmaning chinqirig‘i.
Tong otar payti Salmaning ko‘zi yoridi, o‘g‘il ko‘rdi. Chaqaloqning birinchi qichqirig‘idan o‘ziga kelib, ko‘zini ochgan Salma atrofida kulib turgan chehralarni ko‘rdi… Keyin, diqqat bilan qarab, shuni sezdiki, uning to‘shagi yonidagi hayot bilan o‘limning olishuvi hali tugaganicha yo‘q; ko‘zi qamashib ilk bor xitob qildi: “Bolaginam!..”
Doya chaqaloqni shoyi matoga o‘rab, onasining yoniga yotqizdi. Do‘xtir esa Salmaga g‘amgin qarab qo‘ydi, bir necha bor alam bilan, indamay boshini chayqadi.
Tantanavor xitoblar qo‘shnilarni uyg‘otib yubordi, ulardan ayrimlari kiyinmasdan, otani yangi tug‘ilgan o‘g‘il bilan qutlagani chiqishdi. Shifokor bo‘lsa, ona bilan bolaga achinib qarab turardi.
Xizmatchilar voris tug‘ilgani haqidagi xabar bilan Mansurbekni tabriklagani va suyunchilar olgani shoshilishdi. Lekin shifokor endi umidsiz nigoh-la Salma va chaqaloqqa qarar, ulardan ko‘z uzmasdi.
Oftob chiqqanda Salma chaqaloqni ko‘ksiga bosdi; norasida ilk bor ko‘zini ochdi, onasiga qaradi va tipirchilab, ko‘zlarini abadiy yumdi. Do‘xtir uning yoniga borib, jonsiz tanani onasining qo‘lidan oldi; uning ko‘zlaridan ikki yirik tomchi yuziga oqib tushdi. U o‘zicha shivirladi: “Mana musofir, kelishga ulgurmay, bu dunyoni tark etdi…”
Bola o‘lgandi, odamlar bo‘lsa hashamatli mehmonxonani to‘ldirishib unga sog‘lik, uzoq umr tilardilar. Bechora Salma, do‘xtirga qaradi-yu, qichqirib yubordi: “Bolamni bering, bag‘rimga bosay!” U yana bir bor qaradi-da, to‘shagi yonida hayot va o‘lim hamon olishuvda davom etayotganini ko‘rdi.
Bola o‘ldi, lekin uning dunyoga kelganidan quvonayotganlarning qadahlari yanada qattiqroq jaranglashda davom etardi.
Tongotarda tug‘ilib, kun chiqarda o‘ldi — bandalardan kimdir vaqtni chamalab: “Tong otardan kun chiqargacha bo‘lgan muddat mangulikdan qisqadir, deb aytishi mumkin. Rost, xalqlar tug‘ilishi va o‘lishi oralig‘idagi vaqt mangulikka tengdir.”
Fikr misol tug‘ildi-yu, bir nafas olganday o‘ldi-ketdi, soya singari yo‘qoldi, Salmaga onalik tuyg‘usini his qilish imkonini berdi, lekin onasiga baxt bermay, uning to‘shagidan o‘lim changalini aritmay ketdi.
Qisqagina hayot – tun tugashida paydo bo‘lib, kun boshlanishida so‘ndi, xuddi bargga tunda qo‘ngan shabnam misoli nur tushishi bilan uchdi-ketdi.
Xuddi mangulik aytgan so‘zni afsuslanib, o‘z qa’riga qayta olganday…
Xuddi dengiz marvaridni, ko‘tarilgan suv to‘lqinlari bilan qirg‘oqqa chiqarib tashlab, suv qaytganda dengiz qa’riga tortib ketganday…
Xuddi nilufar gul, endigina hayotga yuz ochganda o‘lim oyoqlari toptab tashlaganday…
Salma bu dunyoda hamma narsadan ham ko‘proq kutgan kimsa, kelishga ulgurmay qaytib ketdi, eshikni ochdi-yu, hayotga kirishga ulgurmadi.
Dunyoga kelishi bilan chaqaloq tuproqqa aylandi-qoldi, insonning hayoti, xalqlar hayoti, quyosh, sayyoralar, yulduzlar hayoti ham shunday…
Salma do‘xtirga o‘girildi-da, achchiq xo‘rsindi.
— O‘g‘limni menga bersangiz-chi! — xitob qildi u. — Bering, emizay uni!
Do‘xtir bosh chayqadi.
— Bola o‘lik, — zo‘rg‘a shivirladi u. — Uni qaytarib bo‘lmaydi. Sizga esa hayajonlanish mumkin emas — tanglik hali tugagani yo‘q.
Salma jon holatda chinqirib yubordi va darhol jim bo‘lib qoldi. Yuzini quvonchli tabassum qopladi. Go‘yo u o‘zi uchun nimanidir, shu paytga ma’lum bo‘lmagan narsani kashf qilganday edi.
— Uni menga bering, — dedi Salma xotirjam tovushda. — Bering, o‘lik bo‘lsa ham mayli…
Do‘xtir o‘lik chaqaloqni uning qo‘llariga qo‘ydi. Salma bolasini ko‘ksiga bosdi.
— Meni olib ketgani keldingmi, o‘g‘ilginam, — dedi Salma, devorga o‘girilarkan. — Sohilga yo‘l ko‘rsatish uchun keldingmi? Bu qorong‘u g‘ordan meni olib chiqqani keldingmi, bolam?
Yana bir necha daqiqadan so‘ng deraza pardasi orqali o‘tgan quyosh nurlari harakatsiz yotgan ikki tana ustiga tushdi; onalikning ulug‘vor ruhi kuzgi o‘lim qanotlari bilan ularning o‘rin-to‘shagini qo‘riqlab turardi.
Do‘xtir ko‘zlarida yosh bilan xonadan chiqdi. Mehmonxonada u paydo bo‘lishi bilan quvonchli hayajonlar qayg‘u nolasiga aylandi. Faqat Mansurbekkina biror tovush chiqarmadi, g‘ing demadi, bir tomchi ko‘z yosh to‘kmadi, hech qanday so‘z aytmadi; u tosh haykalday qotib, o‘ng qo‘lida sharob to‘la qadah, serrayib turardi.

* * *

Ertasi kuni Salmaga oppoq nikoh ko‘ylagi kiydirib, qorday oq baxmal bilan qoplangan tobutga qo‘ydilar; chaqaloqning kafani esa yo‘rgak, tobuti — ona quchog‘i, qabri uning sovuq ko‘ksi edi. Dafn marosimi qatnashchilarining juda sekin harakati – o‘layotgan inson ko‘ksidagi yurak urishiga o‘xshardi. Men tobut ortidan ergashib borayotgan olomon orasida edim; mening xayolimdan nimalar kechayotganini, qalbim iztiroblarini hech kim bilmasdi.
Qabristonda arxiyepiskop Bulos G‘olib duo o‘qidi; tund va loqayd yuzli ruhoniylar unga jo‘r bo‘lib, toat-ibodat qildilar.
Tobutni qabrga tushirishganda, kimningdir shivirlagani eshitildi:
— Ikki odamni bir tobutda ko‘mishganini sira ko‘rmagandim…
— Chaqaloq go‘yo onasini shafqatsiz erning zulmidan qutqarish uchun kelganday bo‘ldi…
– Mansurbekka qaranglar, naqadar loqayd nigoh. Birdaniga xotini va bolasini yo‘qotgan kishiga sira o‘xshamaydi…
– Ertaga arxiyepiskop unga Salmadan boyroq va sog‘lig‘i yaxshiroq qayliq topadi…
Go‘rkov mozorni tuproq bilan to‘ldirguncha rohiblar duo o‘qib turdilar. Xayrlashadigan vaqt keldi va odamlar navbat bilan arxiyepiskop va Mansurbek huzuriga kelib, ko‘ngil so‘radilar, hamdardlik bildirdilar. Men bir chekkada yolg‘iz turardim, hech kim kelib hamdardlik bildirmadi, holbuki, Salma va uning o‘g‘li men uchun dunyodagi eng aziz xilqatlar edilar.
Mana, hamma ketdi, qabriston bo‘shab qoldi. Yangi ko‘milgan mozor yonida belkuragi bilan yolg‘iz go‘rkov turardi.
— Foris Karamiy qayerga ko‘milganini bilasanmi? — so‘radim men.
U menga uzoq tikildi, keyin Salmaning qabrini ko‘rsatdi.
— Mana shu chohda men uning ko‘ksiga qizini qo‘ydim, qizining ko‘ksiga esa, Salmaning o‘g‘lini qo‘ydim. Ustidan esa mana shu belkurak bilan tuproq tashladim.
— Shu qabrga mening yuragimni ham ko‘mding, — dedim. — Naqadar qudratli sening qo‘llaring!
Go‘rkov daraxtlar panasiga o‘tib ketgach, kuch-madorim qolmadi va men Salmaning qabriga yiqildim, uning taqdiriga achinib, o‘ksib-o‘ksib yig‘ladim.

Ruschadan Fayzi Shohismoil tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 10-son