Jek London. Tun farzandi (hikoya)

Atrofni qorong‘ulik chulg‘agan bo‘lsa-da, havo dim edi. Bunaqasi hatto San-Frantsiskoda ham kamdan-kam bo‘ladi. Eski Alta-Ino klubining ochiq derazasidan ko‘chaning g‘ovur-g‘uvuri shundoqqina quloqqa chalinadi. Ichkarida poraxo‘rlikka qarshi kurashish va agar unga barham berilmasa, shahar jinoyatchilarga to‘lishi to‘g‘risida bahs ketardi. Bashariyatning tubanliklari, xusumatlari, axloqiy buzuqliklariga har turli misollar keltirildi. Oxirida kimdir o‘tgan kungi voqeani yodga oldi va o‘sha mash’um kunning tunida ringda o‘ldirilgan mashhur navqiron bokschi O’Brayen nomini hech kim tildan qo‘ymadi. Bu ism ichkaridagilarni jonlantirib yubordi. O’Brayen to‘g‘riso‘z, xushxulq yigit edi. Ichmas, chekmas, so‘kinmas va yosh ma’budlar singari ko‘rkam edi. Hatto ringga ham ibodat kitobchasi bilan ko‘tarilardi. Kitobcha kiyimxonadan, paltosining cho‘ntagidan chiqdi… vafotidan so‘ng.
U beg‘ubor va xushsurat, qaysiki, odamni tark etib, o‘rnida tuyqus keksalik paydo bo‘lganda uni beixtiyor o‘ziga rom etadigan yoshlikning timsoli edi. Bu kecha biz ushbu umrning bahoriga intildikki, Orzu kela solib, barchamizni deraza ortida g‘azab-la shovqin solayotgan shahardan olislardagi o‘zining saltanatiga olib ketdi. Barduel bizga o‘qib bermoqchi bo‘lgan Toroning misralarida bunday kayfiyatning yellari birmuncha esib turardi. Lekin aynan u emas, taqirbosh, xo‘ppasemiz Trifden kechamizning xayoliy qahramoni sifatida namoyon bo‘ldi. Avvaliga uning hikoyasini eshitib o‘zimizdan, ovqatdan so‘ng necha stakan viskining boshiga yetdi ekan, deb so‘radik, biroq keyin bu haqida o‘ylamay ham qo‘ydik.
— Bu voqea ming sakkiz yuz to‘qson sakkizinchi yilda bo‘lgandi, o‘shanda o‘ttiz beshda edim, — so‘z boshladi Trifden. — Bilib turibman, xayollaringizda chamalab ko‘ryapsizlar… nimayam derdim, haqiqatdan yuz o‘girolmaysan — hozir qirqdan o‘tdim, afti-angorimga qarab esa o‘n yil ko‘proq berish mumkin. Shifokorlar ham aytishyaptiki… jin ursin, bu oq xalatlilarni!
U tagi chuqurroq stakanni og‘ziga olib kelib, hovurini bosish uchun asta simirdi.
— Ammo men yosh edim… qachonlardir. Ha, o‘n ikki yil avval sochlarim siyqa emas, quyuq, o‘zim esa baquvvat, kelishgan, xipcha edim. Eng uzun kun ham men uchun g‘oyat qisqa tuyulardi. Sen eslaysanku, Milner, biz sen bilan anchadan beri osh-qatiqmiz. O‘zing ayt, zap azamat emasmidim?
Milner bosh silkidi. U Trifden kabi tog‘ muhandisi bo‘lib, Klondaykda rizqini terib yurardi.
— Sen haqsan, qariya, — dedi Milner. — O‘sha oqshom qandaydir muxbir tannoz to‘polon ko‘targanida o‘rmon kesuvchilarni boplab ta’zirini berganing sira yodimdan ko‘tarilmaydi. U paytda Slevin safarda edi, — batafsilroq tushuntirdi bizga Milner, — uning ish boshqaruvchisi o‘zining gumashtalarini Trifdenga ro‘baro‘ qilgandi.
— Endi esa ahvolimga qaranglar, — dedi alamnok Trifden. — Oltin vasvasasi meni ne ko‘ylarga soldi. Cho‘ntagimda necha millionlar borligi yolg‘iz Yaratganga ayon, qalbim esa bo‘m-bo‘sh, tomirlarimda bir tomchi-da qaynoq qon oqmaydi. Endi men naq meduzaman — bir tog‘ora sovuq ilviragan xamir… Vuy-y!
Uning ovozi qaltirab ketdi va yana tasalli uchun viskiga talpindi.
— U vaqtlar ayollar mendan ko‘z uzishmasdi. Hozirgacha oila qurmaganim g‘alati ko‘rinadi… Hammasi o‘sha qizni deb… Aynan o‘sha haqda so‘zlab bermoqchiman. Men uni oq tanlilar istiqomat qiladigan jami maskanlardan ming mil — balki, undanda uzoqroqdir — olislarda uchratdim. U menga hozirgina Barduel o‘qib bergan Toroning misralaridan — ilohlar, yorug‘ kunda dunyoga kelganlar hamda qora tunda tug‘ilgan maloikalardan parcha keltirgandi.
Bular Golstedga o‘rnashib olganimdan so‘ng yuz berdi. Golsted soyi qanchalik oltin to‘la o‘ra ekanligi xayolimga ham kelmagandi. Qoyatog‘dan Katta Bandiko‘l orqali sharqqa “yurish” qildim. Shimolda Qoyatog‘ nafaqat tog‘ tizmasi, balki o‘tib bo‘lmas chegara, devordir. Qadimda darbadar ovchilar bu tog‘dan kamdan-kam o‘tishgan, ammo bunday yuragi butunlarning aksari yo‘ldayoq bandalikni bajo keltirishardi. Shuning uchun ham bu mashaqqatli yo‘l hisoblanar va men ushbu yo‘lni bosib o‘tishga bel bog‘ladim. Bunday jasurlikdan har kim faxrlansa arziydi. Hozir ham hayotimdagi boshqalardan ko‘ra shu ishimdan ko‘proq g‘ururlanaman.
Men o‘zga olamga tushib qolgandim. Uning bepoyon kengliklarini hali birov tekshirmagan, biror oq tanli odam oyog‘i tegmagan, hindu qabilalari esa bu yerlarda o‘n ming yillar ilgarigi ibtidoiy sharoitda kun ko‘rishardi… Negaki ular o‘shanda ham hozirgidek oq tanlilar bilan ba’zi-ba’zi hollardagina savdo munosabatlariga kirishishardi. Vaqti-vaqti bilan alohida hindu guruhlari shu maqsadda tog‘dan o‘tishardi. Lekin Gudzonov ko‘rfazi Kompaniyalariga ham manzilga yetib, bu joylarni egallash nasib etmadi.
Endi qizga qaytaylik. Men agar Kaliforniyada bo‘lganida daryo hisoblanadigan, nomsiz, birorta xaritaga kiritilmagan soy bo‘ylab yuqoriga ko‘tarildim. Ko‘z o‘ngimda goh baland tosh devorlar bilan o‘ralgan, goh yalang xushmanzara vodiy namoyon bo‘ldi. Yaylovlardagi o‘t-o‘lanlar odambo‘yi cho‘zilgan, maysazorlar gullarga burkangan, har-har yerdagi qoraqarag‘aylarning shox-shabbalari tarvaqaylab ketgandi. Yelkalariga zalvorli yuklar ortilgan itlarim batamom kuchdan qolishdi, panjalari qontalash bo‘lib ketdi. Men qanday bo‘lmasin hindular qo‘nalg‘asini izlashga tushdim. Ulardan chana va it haydovchilarni yollab, birinchi qor bilan yo‘lda davom etish umidida edim.
Meni kuzning oxiri bo‘lsa-da bu yerlarda gullarning ochilib turgani hayron qoldirdi. Chamasi, men subarktik Amerikaning qayeridadir, Qoyatog‘dan yuqoriroqda turgandim, haqiqatda esa hammayoqda boshdan-oyoq yashil gilam to‘shalgandi. Qachon bo‘lmasin bu o‘lkalarda oqlar paydo bo‘ladi va bu dalalarga bug‘doy sepishadi.
Nihoyat, gulxan tutuniga ko‘zim tushdi, itlarning akillashini eshitdim — hindularniki — va qo‘noqqa yetib bordim. Bu yerda taxminan, besh yuztacha hindu bo‘lib, go‘shtni surlashga mo‘ljallangan ustunlar sonidan kuzgi ov mavsumi omadli kelganini tushundim. Xuddi shu yerda uni, Lyusini uchratdim. Uni shunday chaqirishardi. Hindular bilan faqat imo-ishora orqali gaplasha oldim. Meni ulkan vigvamlar — gulxan yonib turgan tarafi ochiq chodirga boshladilar. Vigvam olovrang bug‘u terisidan edi. Ichkarida ozodalik va saranjomlik hukm surardi. Bunday sarishtalikni hali bironta hindu chaylasida ko‘rmagandim. Yotarjoy yangi kesilgan qoraqarag‘ay shoxlariga to‘shalgandi: bir quchoq mo‘yna ustidan oppoq parquvdan tayyorlangan adyol solingandi. Bundayin adyolni birinchi ko‘rishim edi. Uning ustida oyoqlarini chalishtirgancha Lyusi o‘tirardi. Qorachadan kelgan, yong‘oqrang. Uni qiz deb atadim. Yo‘q, u ayol edi, shukuhli, kamolotga erishgan bug‘doyrang amazonka. Ko‘zlari esa moviy edi. Ha, mana o‘shanda meni nima sehrlagan: uning ko‘zlari, ko‘m-ko‘k — nigohlarida daryo moviyligi-yu, samo ko‘kligi qorishib ketgandi, go‘yo. Ayniqsa, ularda quyosh nurlariga cho‘mmagan qaynoq xushchaqchaqlik jilvalanar, ularda chuqur insoniylik bilan birga… qanday tushuntirsam ekan… cheksiz nazokat bor edi. Tag‘in nimani aytsam ekan? Bu moviy ko‘zlarda donishmand-faylasuf xotirjamligi yanglig‘ otashin azobni ham, g‘am-anduhni ham, osudalikni ham o‘qidim.
Birdan Trifden hikoyasini to‘xtatdi.
— Birodarlarim, sizlar, balki, meni ortiqcha ichib qo‘ydi, deb o‘ylayotgandirsizlar. Aslo. Bu kechlikdan keyin beshinchisi. Men mutlaqo hushyorman va tantanavor ruhdaman. Axir, hozir men bilan o‘tmishdagi baxtiyor yoshligim gaplashyapti. Ayni zamondagi “qariya Trifden” emas, yoshligim tasdiqlamoqdaki, bu ko‘zlar bir paytlar men ko‘rgan eng ajib ko‘zlar edi: shunday xotirjam va shu bilan bir vaqtda ma’yus, dono va sinchkov, ko‘hna va jo‘shqin, mamnun va iltifotli. Yo‘q, do‘stlarim, ularni tasvirlagani so‘z topolmayman. Kelinglar, yaxshisi, u haqida gapirib bera qolay, o‘zlaring tushunib olaverasizlar…
Lyusi o‘rnidan qo‘zg‘almay, qo‘l uzatdi. “Yot kishi, — dedi u, — siz uchun xursandman”.
Qo‘pol shimoli-g‘arb lahjasini bilasizlarmi? Qay ahvolga tushganimni faraz qilaveringlar. Men oq tanli ayol kishini uchratdim, lekin uning lahjasi… Dunyoning narigi burchagida oq tanli ayolga duch kelish ajoyib, biroq, Xudo xayringni bergur, uning lahjasi ko‘ngilni g‘ash qilar, quloqni buzuq ohangdek batang qilardi. Baribir ayol jozibali edi. Quloq soling, o‘zlaring amin bo‘lasizlar.
U ishora bergandi shu zahotiyoq hamma chiqib ketishdi. Hindular unga qabila boshlig‘iga bo‘ysunganday so‘zsiz bosh egishardi. U erkak hindularga men uchun chodir tikishni va itlarimga g‘amxo‘rlik qilishni buyurdi. Buyruq bajo keltirildi. Ular hatto mokasinimning bog‘ichiga ham qo‘l tekkizishmadi. Ular bu ayolda Itoat Etish Kerak Bo‘lgan sardorni ko‘rishardi. Bu yerlardan ming mil narida yovvoyilar qabilasini oq tanli ayol boshqarmoqda, degan o‘ydan larzaga keldim.
“Yot kishi, — dedi u, — o‘ylashimcha, siz bu vodiyga qadami yetgan ilk oq tanlisiz. O‘tiring, gurunglashamiz, keyin esa taomga. Qayoqqa yo‘l oldingiz?”
Yana uning talaffuzi g‘ashimga tega boshladi. Bunga e’tibor qilmanglar. Ishontirib aytamanki, parquv adyolga cho‘kib, bu dilbar ayolga quloq bergancha o‘zim ham buni o‘ylamay qo‘ydim.
Bu vodiyda bir haftacha bo‘ldim. U yoqlarda qolishni uning o‘zi taklif etdi. It, chana va haydovchilarni va’da qildi. Uning chodiri boshqalarnikidan alohida, daryoning yuqori qirg‘og‘ida bo‘lib, bir nechta hindu qizlar uning xizmatida edi. Biz u bilan suhbatlashardik, tinmay suhbatlashardik, bu to birinchi qor tushib, chana yurgizishga imkon bo‘lmaguncha davom etdi. Lyusining aytishicha, u chegarada tug‘ilgan ekan, qashshoq ko‘chmanchilar oilasida. Bilasizlarmi, ularning hayoti qanaqa: mehnat, mehnat, boshi-keti ko‘rinmaydigan qora mehnat…
“Men olamning go‘zalligini payqamasdim, — so‘z boshladi Lyusi. — Bunga vaqtim yo‘q edi. Bilardim, u yonimda, kulbamiz atrofida, ammo non pishirishim, supurib-sidirishim, har xil yumushlarni bajarishim kerak edi. Gohida o‘lgudek erkinlikni istardim, ayniqsa, bahorda, qushlar navosi aqldan ozdirayozganda. Yaylovlarda oyoqlarim shabnamdan ivimaguncha yugurgim, o‘rmonga kirib, uzoq-uzoqlarga ketgim, dovonga chiqib, u yerdan olislarga tikilgim kelardi. Daralarda, ko‘llar bo‘yida sang‘ishni, qunduzlar, olachipor gulmohilar bilan do‘stlashishni, olmaxonlar, quyonlar, turli jonivorlar orqasidan pisib borib, ularni kuzatishni, sir-asrorlaridan voqif bo‘lishni xohlardim. Menga shunday tuyulardiki, garchi vaqtim bo‘lganida ham maysalar ustida yotib, jonzotlar biz odamlar bilmagan narsalar haqida pichirlashayotganiga quloq solgan bo‘lardim”.
Trifden stakanini to‘ldirmagunlaricha kutib turdi.
— Bir safar esa shunday degandi:
“Meni yovvoyi hayvonlardek oy nurida, yulduzlar hamrohligida tunlari daydish istagi qiynardi, zulmatning muzdek bahmali badanimni erkalashi uchun ortimga qaramay yugurgim kelardi. Qaysidir oqshom, og‘ir, jazirama kunduzdan so‘ng — shu kuni nimaga qo‘l urmay, ishim yurishmadi — butunlay holdan toydim. Otamga ahyon-ahyonda tunlari sayr qilgim kelayotganini bildirdim. U ajablanib menga baqrayib turdi-da, ikki dona xapdori berdi va joyimga yotib, miriqib uxlab olishimni maslahat berdi. Shundan buyon o‘z istaklarimni birovga ishonmayman”.
Ularning xo‘jaligi og‘ir ahvolga tushib, oila kambag‘allikka yuz tutdi va ular Sietlga ko‘chib o‘tishdi. U yerda Lyusi ish kuni asrga tatigulik va mehnati og‘ir, tinkani quritadigan fabrikadan ish topdi. Bir yil o‘tib, arzon restoranga ofitsiant sifatida ishga kirdi.
“Azaldan, — dedi bir kuni menga Lyusi, — xayolparastroqman. Lekin qozon-tovog‘u fabrika va arzongarov restoranlarda xayolparastlikka o‘rin bor deb o‘ylaysizmi?”
O‘n sakkizga to‘lganda Junoda restoran ochmoqchi bo‘lgan kishiga turmushga chiqdi. U kishining ozroq jamg‘armasi bo‘lib, Lyusiga boyvachchadek ko‘ringandi. Lyusi uni sevmasdi — buni doimo ta’kidlardi — ammo qiz charchagandi, mashaqqatli mehnat joniga tekkandi. Buning ustiga Juno Alyaskada joylashgan. Lyusi bu mo‘jizaviy o‘lkaga ko‘chib o‘tishga jon-dili bilan rozi bo‘ldi. Biroq umidlari sarobga aylandi. Eri arzon restoran ochdi. Tez orada Lyusi uning nima sababdan uylanganini anglab yetdi: maqsad — tekin xizmatkorga ega bo‘lish ekan. Lyusi barcha yumushlarni — mijozlarga xizmat ko‘rsatishdan tortib idish-tovoq yuvishgacha bir o‘zi bajarishiga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, kun bo‘yi jiz-biz qilardi. Shu tarzda to‘rt yil yashadi.
Iflos qovoqxonaga bandi qilingan va naqd to‘rt yil mobaynida zahmat chekishga majbur bo‘lgan bu yovvoyi, ibtidoiy sezgiga moyil, ozodlikka tashna o‘rmon mavjudotini ko‘z oldingizga keltiraveringlar!
“Hammasi shunchalar ma’nisiz ediki, — dedi u. — Kimga kerak bunaqa hayot? Men nima uchun dunyoga keldim? Nahot yashashning ma’nosi ishlash, ishlash va yana ishlash bo‘lsa? Yotganingda ham charchagan bo‘lsang, uygonganingda ham charchoqni his qilsang, kunlar bir-biriga ikki tomchi suvdek o‘xshash bo‘lsa, bundan nima naf?” Ba’zi riyokorlardan mangu hayot haqida eshitgan bo‘lsa ham o‘zining yerdagi hayoti boqiylikning garovi bo‘lishiga ishonmasdi.
Ideal hayot orzusi uni tinch qo‘ymasdi. U bir qancha kitoblarni o‘qib chiqqan bo‘lsa-da — aynan qaysilarini, bilmayman — “Dengiz bo‘yi kutubxonasi” turkumidagi romanlar bo‘lsa kerak, ular ham orzularini oziqlantirardi, xolos.
“Gohida, — derdi Lyusi, — oshxonadagi dim havodan boshim shunday aylanardiki, agar musaffo havodan bir sipqormasam, hushimdan ketayozardim. Derazadan boshimni chiqarib, ko‘zimni yumardim va tasavvurimda ajib manzaralar paydo bo‘lardi. Shunday tuyulardiki, asta yurib ketyapman, atrofimda esa sukunat, ozodalik: na chang, na g‘ubor. O‘tloqlarda jilg‘alar shildirab oqadi, qo‘zichoqlar chopqillab yurishibdi, sabo gullarning muattar hidini barchaga ulashayapti, borliq quyosh nurlariga cho‘mgan. Sigirlar tizzabo‘yi suvga tushib olishgan, soyda qizlar cho‘milishyapti, badanlari oppoq, nafis. Xayolimda Arkadiyadaman. Bu o‘lka haqida qaysidir kitobda o‘qigandim. Balki — orzu qilardim — yo‘lning muyulishida birdan sovutlari quyoshda yaltirayotgan ot mingan ritsar yoki qorday oppoq otda malika peshvoz chiqar. Nariroqda qandaydir qasrning minoralari gavdalanadi. Yoki keyingi burilishda nuqradek oppoq, favvorali afsonaviy saroyni ko‘raman deb, o‘y surardim… Ko‘zimni ochgach esa oshxonaning bo‘g‘iq nafasi tag‘in yuzimga urilar, Jeykning, erimning ovozini eshitishga majbur edim: “No‘xotni nega suzmayapsan? Kun bo‘yi kutib o‘tiramanmi?” Sohir o‘y-orzular! Ehtimol, mast arman-oshpaz janjal ko‘tarib, oshxona pichog‘ini bo‘ynimga tiraganda, men esa temir hovoncha bilan boshiga tushirganimda, ammo undan avval qo‘limni qizib turgan pechda kuydirib olganimda ularga hammadan ko‘ra yaqinroq turgandirman.
Men behalovat, quvnoq hayotni, chiroyli buyumlarni orzu qilardim… ammo xayolimga tez-tez shunday fikr kelardiki, peshonamga baxt bitilmagan, qismatim faqat pishir-kuydiru qozon-tovoq yuvishdan iborat. Ayni damda Junoda aysh-ishrat avjiga chiqqan. Boshqa ayollar o‘zlarini qanday tutayotganlarini ko‘rdim, lekin ularning hayot tarzi zarracha bo‘lsada meni o‘ziga jalb eta olmadi. Men pok bo‘lishni istardim; bilmadim, nima uchun. Idish-tovoq yuvib o‘lasanmi yo anov ayollardekmi — baribir emasmi?”
Trifden bir zumga og‘ziga talqon solib oldi, fikrini bir joyga to‘plamoqchiday edi.
— Ha, mana qanday ayolni uchratgandim: u yovvoyi hindular qabilasining sardori edi, bir necha ming kvadrat mil territoriyaga egalik qilardi. Bu osongina amalga oshgandi, garchi uning o‘ziga qozon-tovoqlar ichida yashab, shu yerda rixlatga ketishdek tuyulsa-da.

“Isyon ko‘tarish soati yetib kelgandi. O‘sha kunlari so‘zlari haligacha yodimda bo‘lgan gazeta parchasi qo‘limga bexos tushib qoldi”. U menga Toroning “Inson faryodi” kitobidan parcha keltirdi:
“Yosh qarag‘aylar jo‘xorizorda yildan-yilga bo‘y cho‘zadi, bu men uchun quvonarli hol. Biz hindularni madaniylashtirishimiz lozim, deb aytamiz, lekin bu ularning hayotini o‘nglamaydi. Jangovor hamda mustaqilligicha qolib, o‘rmonda tanholikda kun ko‘rayotgan hindu o‘zining Xudosi bilan aloqani yo‘qotmadi. Vaqti-vaqti bilan onda-sonda uchraydigan, o‘ziga xos muloqot — tabiat-la tillashish baxti unga nasib etadi. Unga yulduzlar yaqinroq, bizning mayxonalarimiz esa begona. Qalbining o‘chmas nuri xira ko‘rinadi, chunki u bizdan olislarda. U ko‘zni qamashtiradigan, biroq zararli va uzoqqa bormaydigan sham alangasi bilan raqobatga kirishgan nursiz, ammo himmatli yulduzlar yog‘dusiga monand.
Qardoshlik orollari aholisining kunduz yorug‘ida dunyoga kelgan ilohlari bo‘lgan. Ammo ular tunda tug‘ilgan Xudolarga nisbatan juda qadimiy emas…”
Lyusi bularni so‘zma-so‘z aytdi, jumlalar uning og‘zidan shukuhli eshitilardi.
“Ana shunaqa. Qolgani yertib olingan ekan, — qo‘shimcha qildi Lyusi achchiq alam bilan. — Bu faqatgina gazeta parchasi edi, xolos. Toro — buyuk donishmand. U haqida ko‘proq bilishni istardim”.
Lyusi jimib qoldi, ont ichamanki, bir daqiqadan so‘ng: “Men unga munosib umr yo‘ldosh bo‘lardim”, — deganida uning yuzi go‘daknikidek beg‘ubor edi.
Keyin, so‘zida davom etdi:
“Bu jumlalarni o‘qib bo‘ldimu menga nima bo‘lganini anglab yetdim. Men tun farzandi edim. Umrim bo‘yi kunduz bolalari orasida bo‘ldim, aslida esa zulmatga tegishli edim. Mana, ne bois bunday hayot — qozon kavlash, idish-tovoq orasida ivirsish ko‘nglimga o‘tirishmaydi, mana ne bois oy shu’lasi ostida yalang‘och bo‘lib chopgim keladi. Junoning iflos mayxonalari men uchun emasligini tushunib yetgandim. Ana shunda o‘zimga-o‘zim: “Bas, yetar”, — dedim, aftodahol ust-boshimni yechib, tashqariga chiqdim. Jeyk to‘xtatishga urindi.
— Nima qilmoqchisan?
— O‘rmonga ketaman, o‘z makonimga.
— Hech qayoqqa ketmaysan, — yelkamdan tutib, ushlab qolmoqchi bo‘ldi. — Oshxonadagi haroratdan aqlingni yo‘qotibsan. Biror kulfatga yo‘liqmasingdan meni eshit.
Meni esa unga revolver o‘qtaldim, kichkina kolt-44 va: “Mana mening javobim”, — dedimda jo‘nab qoldim”.
Trifden stakanni bo‘shatib, yana quyishlarini so‘radi.
— Bilasizlarmi, keyin u nima qildi? U paytda yigirma ikki yoshda edi. La’nati to‘rt yilini oshxonada o‘tkazdi, endi esa barcha yo‘llar ochiq edi. Bu safar ishratxonaga borib o‘tirmadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri sohilga. Menimcha, Alyaskada suv yo‘li bilan sayohat qilishni afzal ko‘rishadi. Ayni shu damda hindular qayig‘i Dayiga jo‘nayotgandi — bunday nusxadagi qayiqni ko‘rgansizlar, yog‘ochni o‘yib yasaladi, ensiz, chuqur, uzunasiga oltmish fut. Lyusi hindularga qo‘lidagi bor chaqani uzatib, qayiqqa o‘tirdi.
“Sohir xayolot? — dedi u. — Sohir xayolot ijobati ilk daqiqalardanoq boshlandi. Qayiqda mendan tashqari uchta oila ham bor edi. Qimirlashning iloji bo‘lmasdi. Oyoq tagida it va bolakaylar o‘ralashishar, qayiq oldinga siljishi uchun hamma birma-bir eshkak eshishi lozim edi. Ikki tomonimiz esa qorli tog‘lar bilan o‘ralgan, ulardan ham yuksakroqda bulutlar onda-sonda quyoshni yashirib turishadi. Sukunatni aytmaysizmi! Hayratomuz osoyishtalik! Ora-sira uzoq-uzoqlarga, daraxtlar orasidagi ovchilar qarorgohidan chiqayotgan tutun yuqoriga o‘rlaydi. Bu sayohat bog‘ sayrini eslatar, orzularim haqiqatga aylanishiga ko‘z tika boshlagandim. Qandlaydir mo‘jiza yuz berishini kutardim va bu chindan-da ro‘yobga chiqdi.
Oroldagi ilk qo‘nalg‘amiz, baliq ovlayotgan shumtakalar, hindulardan biri turgan joyidayoq paykon otib qulatgan bahaybat bug‘u! Hamma yoq gulga burkangan, qirg‘oqdan nariroqda o‘tlar odam bo‘yi, qalin, dirkillab turibdi. Bir qancha qizlar bilan tepalikka chiqib, maymunjon va turfa xil ildizmevalar terdik, nordon, lekin xushxo‘r. Bir joyda meva bilan qorin to‘yg‘azayotgan ulkan ayiqqa yo‘liqdik. U hurkib ketib, bo‘kirdi va bizga o‘xshab ura qochdi. Gulxan atrofidagi o‘yin-kulgi, bug‘u go‘shtining so‘lagingni oqizadigan hidi! G‘aroyib! Nihoyat men o‘z qondoshlarim bilan birga edim, mening joyim ularning orasida edi. O‘sha oqshom uyquga ketar ekanman, chodirning bir chetini ko‘tarib, viqorli tog‘lar ortidan jilmayib qarayotgan yulduzlarga tikildim, tunning shivir-shiviriga quloq soldim va umrimda ilk bora o‘zimni baxtiyor sezdim. Ertaga ham, uning ertasiga ham, umrbod shunday bo‘lib qolishini bilib turardim. Ortga qaytmaslikka qaror qildim. Qaytmadim ham.
Xomxayollar! Bularning nima ekanligini ertasi kuni bildim. Biz eniga o‘n ikki-o‘n besh mildan kam bo‘lmagan daryoning vahimali irmog‘idan suzib o‘tishimiz kerak edi. Irmoqning o‘rtasiga yetganimizda dovul ko‘tarildi. Tunni qirg‘oqda katta bo‘ribosar bilan yolg‘iz o‘tkazdim, negaki biror kimsa tirik qolmagandi”.
— Faraz qiling, — dedi Trifden hikoyasini to‘xtatib, — qayiq ag‘darilib cho‘kib ketdi. Ichidagilarning barchasi halok bo‘ldi. Birgina Lyusi itning dumiga ilakishgancha qirg‘oqqa chiqib jon saqlab qoldi. Ko‘zini ochganda jimitdek qumloq sayozlikda edi.
“Hayriyatki, bu orol bo‘lib chiqdi, — dedi u. — Men o‘rmon oralab ichkariroqqa yuraverdim. Ko‘rgan odam nimanidir axtaryapti, deb o‘ylashi tayin edi. Asta qadam sanayverdim. Ichimda qo‘rquvdan asar ham topilmasdi. Axir, men tun farzandi edim. O‘rmonning vahimasi meni qo‘rqitolmasdi. Orolga tushganimning ikkinchi kuni izlaganimni topdim. O‘rmon ichidagi tor so‘qmoqda yarim vayrona kulbaga ko‘zim tushdi. U anchadan beri huvillab yotgan ko‘rinardi. Tom o‘pirilib tushgandi. Karavot ustidagi ko‘rpa-yostiq chirib bitgan, o‘choq yonidagi xum va qozonni is bosib ketgnandi. Eng qizig‘i hali oldinda edi. Daraxtlar orasidan nima topganimni xayolingizga ham keltirolmaysiz. U yerda qachonlardir daraxtga bog‘langan sakkizta ot skeleti yotardi. Otlar, aftidan, ochdan o‘lgan, ulardan bir uyum suyak qolgandi, xolos. Har bir otning beliga xurjun ortilgan ekan, shekilli, suyaklar orasida kanop qopchiqlar ivirsib yotardi, bu qopchiqlarda esa bug‘u terililari, ularning ichida esa… siz o‘zingiz nima bor deb o‘ylaysiz?”
Lyusi engashib qoraqarag‘ay novdalari tagidan teri xurjunni oldi. Og‘zini yechib umrimda ko‘rmagan bir dunyo oltinni qo‘limga to‘kdi: bu yerda katta miqdordagi oltin qum zarralari bor edi, rangidan sofligi va biron marta yuvilmaganligi bilinib turardi.
“Sen tog‘ muhandisiman deding, — murojaat qildi menga Lyusi, — bu yurtni yaxshi bilarkansan. Mana shu rangdagi oltin olinadigan birorta soy nomini ayta olasanmi?”
Mum tishlab qoldim. Oltinga hech qanaqa kumush aralashtirilmagan, toza edi. Oltin sifatini Lyusiga aytdim.
“To‘ppa-to‘g‘ri, — tasdiqladi, — men bir untsiyasini o‘n to‘qqiz dollardan pullayapman. Eldorado oltinlariga o‘n yettidan ortiq berishmaydi, asl bahosi esa o‘n sakkizga yaqin. Suyaklar orasidan sakkiz qop oltin topdim, har birida yuz ellik funtdan !”
— Chorak million dollor! — hayqirib yubordim.
— O‘zimning xomcho‘tim bo‘yicha ham shuncha. Mana sizga xayolot! Shuncha yil moldek ishladim, ozodlikning ta’mini tatib ko‘rishim bilanoq — uch kun ichida bir dunyo sarguzasht! Bu oltinlarni qo‘lga kiritgan odamlarga nima bo‘lgan ekan? Men tez-tez bu haqida bosh qotirardim. Yuk ortilgan otlarini daraxtga bog‘lab, yer yuzidan izsiz yo‘qolishgan. Ularning qismati nima bilan tugaganini birov bilmaydi, shunday ekan men, tun farzandi, o‘zimni ularning haqqoniy merosxo‘ri xisoblayman”.
Trifden sigara tutatib o‘yga cho‘mdi.
— Bilasizlarmi, keyin u qanday yo‘l tutdi? U hamma boylikni yashirdi, faqatgina o‘ttiz funt oltinni cho‘ntagiga joylab sohilga qarab ketdi. Sohilga yaqinroq joydan suzib o‘tayotgan qayiqni to‘xtatib, Dayidagi Pet Xili faktoriyasiga jo‘nadi. Kerakli aslaha-anjom sotib olib, Chilkut dovonini oshib o‘tdi. Bu ming sakkiz yuz sakson sakkizinchi yili, Klondayk oltin koni ochilmasidan sakkiz yil avval, Yukon sohillari o‘lik sahroga evrilmasidan ilgari bo‘lgandi. Lyusi hindulardan hayiqardi, shunday bo‘lsa-da ko‘lni suzib o‘tib, quyi Yukonda birinchi uchragan qo‘nalg‘a tomon daryo bo‘ylab pastga tushdi. Bir necha yil sargardon yurdi. Keyin esa biz uchrashgan joyga kelib o‘rnashdi. Bu joylar unga yoqib qoldi. O‘zi aytganidek, bu maskanda “vodiy yuragida tizza bo‘yi alvonrang gulsafsarlar orasida savlat to‘kib turgan erkak bug‘u”ni ko‘rgandi. U hindular orasida yashab qoldi, ularga tabiblik qildi, ishonchga kirdi va asta-sekin ularga yo‘lboshchilik qila boshladi. Shundan beri faqat bir marta issiq o‘rnini tark etdi: yosh hindular guruhi bilan Chilkutdan o‘tib, yashirib qo‘ygan oltinlarini kovlab oldi-da makoniga qaytdi.
“Mana, shu o‘lkada kunimni ko‘ryapman, yot kishi, — hikoyasini tamomladi Lyusi, — manavi esa mening eng bebaho xazinam”.
Lyusi bo‘yniga osib olgan bug‘u terisidan tikilgan nishonsimon xaltachani olib, uni ochdi. Ichidan yog‘ bosgan shoyiga o‘ralgan, vaqt o‘tib sarg‘aygan, yag‘iri chiqib ketgan, Toroning jumlalari yozilgan gazeta parchasini chiqardi.
— Xo‘sh, baxtlimisiz? Hayotingizdan mamnunmisiz? — so‘radim. — Chorak million dollar bilan Shtatlarda ham ishlamay yashashingiz mumkin. Sizga bu yerda ko‘p narsa yetishmasa kerag-ov.
— Unchalik emas, — javob berdi Lyusi. — Men Shtatlardagi bironta ayol bilan o‘rin almashmasdim. Mening joyim shu yerda, o‘zimga o‘xshaganlar orasida. To‘g‘ri, shunday daqiqalar bo‘ladiki, — uning ko‘zlarida yuqorida aytilgan nadomatni ko‘rdim, — yonimda Toro bo‘lishini astoydil xohlayman.
— Sabab?
— Unga turmushga chiqish uchun. Bora-bora o‘zimni yolg‘iz his qilyapman. Men ham ojizaman, oddiy ayolman. Boshqa toifadagi ayollar, xuddi men kabi uydan qochib ketib, hayratlanarli jasurliklar ko‘rsatgan, masalan, askar yoki dengizchi bo‘lgan ayollar to‘g‘risidagi mish-mishlar qulog‘imga chalingan. Ular alomat ayollar. Ular erkakshoda ayollar, chin ma’nodagi ayol kishida bo‘ladigan ehtiyojga muhtoj emaslar. Ular muhabbat o‘tida yonmaydilar, bola ko‘rishni xohlamaydilar. Men bo‘lsam, aynan ushbu toifadanman. O‘zingiz baho berib ko‘ring, nahot erkakka o‘xshasam?
Mutlaqo. U zig‘ircha bo‘lsa-da er kishiga o‘xshamasdi. U to‘lachadan kelgan, moviy ko‘z, dilbar, qoramag‘iz ayol edi.
— Nahot men ayol kishi bo‘lmasam? Ha, men ham boshqa ayollarga o‘xshayman. Shunisi g‘alatiki, tun farzandi bo‘la turib, sevgiga kelganda o‘z-o‘zimga o‘xshamay qolyapman. O‘ylashimcha, inson doimo o‘zi kabilarni sevadi. Menda ham shunday bo‘ldi.
— Nahot biron … — og‘iz ochdim.
— Aslo, — gapimni bo‘ldi. Nigohlaridan bildimki, haqiqatni gapirayotgandi. — Bir martagina er qildim — endi uni xayollarimda “Ho‘kiz” deb atayman. U hozir ham Junodagi qovoqxonasida bo‘lsa kerak. O‘sha yoqlarga yo‘lingiz tushsa, yo‘qlab qo‘ying. Uning men aytgan laqabga qanchalik loyiq ekanligiga o‘zingiz ishonch hosil qilasiz.
Ikki yil o‘tib “Ho‘kiz”ni izlab topdim. U chindanda Lyusi ta’riflagandek ekan. Boqibeg‘am, baqaloq — haqiqiy ho‘kiz. U arang oyoq sudrab, o‘zining yemakxonasida mijozlariga yugirib-elardi.
— Yoningizda suyanch bo‘lgani ayol kishining qo‘li yetishmas ekan, — dedim unga.
— Qachonlardir bo‘lgan ham edi.
— Vafot etdimi?
— Ha, vafot etdi. U har doim oshxonaning bo‘g‘iq havosi sabab aqlidan ozishini takrorlayverardi. Shunday ham bo‘ldi. Kunlarning birida menga revolver o‘qtaldi-da, sivashlar bilan qayiqda qochib ketdi. Dovul turib, hammasi suvga g‘arq bo‘ldi.
Trifden yana stakanni to‘latib, anchagacha sukut saqladi.
— Xo‘sh, ayolga nima bo‘ldi? — esga soldi Milner. — Eng qiziq joyida to‘xtab qolding-ku. Keyin nima bo‘ldi?
— Keyinmi, — davom etdi Trifden, — keyin o‘zining aytishicha, boshqa hammasida yovvoyiligicha qolgan bo‘lsa-da, turmush o‘rtog‘ini o‘z irqidan bo‘lishini istardi. U menga rafiqa bo‘lishni xohlayotganini muloyimgina, ro‘yrost tushuntirdi.
— Yot kishi, — dedi u, — ko‘nglimdagi inson bo‘lib chiqdingiz. Modomiki, kuzda Qoyatog‘ni ishg‘ol etib, bu yerlarga qadam ranjida etibsizmi, demak, bizning turmush tarzimiz sizga ma’qul ekan. Qarang, qandlay go‘zal joylar. Bundan yaxshisini topolmaysan. Shu yerlarda qolsangiz bo‘lmaydimi? Men sadoqatli xotin bo‘laman.
U javobimni kutardi. Tan olishim kerakki, ichimda jon deb turardim. Men oshiq bo‘lib qolgandim. Lek, ko‘rib turganingizdek, bo‘ydoqman. Ortimga o‘girilib, aytishim mumkinki, Lyusi meni o‘ziga rom eta olgan yagona ayol edi. Biroq bo‘lib o‘tgan voqealar menga o‘ta bema’ni tuyuldi. Suyukli ayolim bor, deya jentlmenlardek qulog‘iga lag‘mon ildim.
— U seni kutayaptimi? — so‘radi Lyusi.
— Bo‘lmasamchi.
— Seni sevadimi?
— Sevganda qandoq.
Shu bilan hammasi tugadi. Lyusi qaytib bu mavzuga to‘xtalmadi… faqat bir safargina… ichidagi to‘fonni ushlab turolmadi.
— Birgina qosh qoqsam bo‘lgani, — dedi rahnamo, — sen bir qadamga-da joyingdan jilolmaysan… Ha, bir og‘iz so‘zim kifoya — bu yerda umrbod qolib ketasan. Yo‘q. Men bunday qilmayman. Agar sen xohlamas ekansan, seni ushlab turolmayman. Mening muhabbatim ham senga kerak emas ekan.
Lyusi chodirdan chiqib, yo‘lga otlanishimga ko‘maklashishlarini amr etdi.
— Jo‘nab ketayotganing yuragimga o‘t solyapti, — dedi u vidolashayotib. — Seni sevib qoldim. Agar fikringni o‘zgartirsang, yonimga qayt.
Men uni o‘pgim kelardi, axir, men uning ishqida yonardim, biroq yuragim betlamasdi. Keyin, bunga qanday qaraydi, bilmayman. Uning o‘zi yordamga keldi.
— Mendan bo‘sa ol, — dedi u, — bo‘sa ol, keyin eslab yurish uchun.
Biz Qoyatog‘ etagidagi qorli vodiy bag‘rida og‘iz-burun urishtirdik. Lyusini yo‘l chetida qoldirib, itlarim izidan chopib ketdim. Dovonni ishg‘ol etib, Katta Bandiko‘ldagi ilk uchragan postga yetib kelgunimcha bir yarim oy muddat kerak bo‘ldi.

Deraza ortidagi shahar olislardagi to‘lqinlardek shovullardi. Ofitsiant naychali stakan keltirdi. Jimjitlikda Trifdenning ovozi dafn qo‘ng‘irog‘idek ingradi:
— O‘sha yoqlarda qolganimda yaxshi bo‘larmidi. Ahvolimga qaranglar.
Biz uning oq oralagan soqol-mo‘yloviga, yaltirboshiga, salqigan ko‘zlariga, osilgan lunjlariga, baqbaqalariga nazar tashladik. Bu siyrat qachonlardir kuchli, zuvalasi pishiq, sobitqadam bo‘lgan, endilikda esa nihoyatda zerikarli va farovon turmushdan moy bog‘lagan, hayotdan to‘ygan, sharti ketib, parti qolgan insonning in’ikosi edi.
— Hali ham kech emas, qariya, — Barduelning tovushi bazo‘r eshitildi.
— Xudo haqqi, qo‘rqoqligimdan afsus chekaman! — Trifdenning nidosi otilib chiqdi. — Uning yoniga qaytsam bo‘lardi. Hozir ham o‘sha yerda. Men bel bog‘lab, tog‘u-toshlarda u bilan boshqacha hayot kechirishim mumkin edi… Bu maskanlarda qolish — o‘z joniga qasd qilish bilan barobar! Lekin ahvolimga razm solinglar: o‘zim bor-yo‘g‘i qirq yettida bo‘lsam-da munkillagan choldan farqim qolmagan. Eng yomoni shundaki, — stakanni qo‘liga olib, unga tikildi, — bunday tarzda o‘z joniga suiqasd qilish jasorat talab qilmaydi. Men o‘zboshimchaligimcha qoldim. Olis safar o‘yidan etim jimirlaydi; tonggi ayoz, muz qoplagan chanalar dahshatidan yuragim orqaga tortadi.
Odatdagidek stakanning peshonasini labiga olib bordi. Keyin birdan g‘azab olovida stakanni polga urib chilparchin qiladigandek taraddudlandi. Ammo g‘azab o‘rnini avvaliga ikkilanish, so‘ng o‘ychanlik egalladi. Stakan boz ko‘tarilib, labga tegar-tegmas tosh qotdi. Trifden xirillab, hasrat-la jilmaydi, biroq so‘zlari tantanavor yangradi:
— Tun Farzandi uchun qadah ko‘taraylik! U chinakamiga benazir ayol edi!

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi