Jek London. Kish o‘g‘li Kish (hikoya)

– Mana men katta va issiq oltita odeyal, katta va pishiq oltita arra, Gudzon kompaniyasi ishlagan o‘tkir va uzun oltita pichoq; buyuk usta Moguma ishlagan ikkita qayiq; chanaga qo‘shadigan unta kuchli, chidamli it va uchta miltiq beraman, bittasining tepkisi sinib qolgan, lekin juda yaxshi miltiq, tuzatsa bo‘ladi.
Kish jim bo‘ldi va diqqat bilan unga tikilib o‘tirgan odamlarga ko‘z tashladi. Buyuk baliq ovi payti kelgandi, shunda u Gnobdan qizi Su-Suni o‘ziga xotinlikka so‘radi. Bu iltimosni u Yukondagi muqaddas Georgiy missiyasida qildi, bu yerga o‘shanda yuz millab uzoqlikda yashaydigan qabila odamlari to‘plangandi. Ular shimoldan, janubdan, sharqdan va g‘arbdan, hatto Totsikakatdan va uzoq tana-naudan kelganlar.
– So‘zimga quloq ber, ey, Gnob! Sen tana-nau qabilasining boshlig‘isan, men Kish o‘g‘li Kish bo‘lsam, tlungetlar qabilasining boshlig‘iman. Shuning uchun ham qizing menga xotin bo‘lib, bola tug‘sa, qabilalarimiz o‘rtasida do‘stlik paydo bo‘ladi, tana-naular bilan tlungetlar uzoq yillargacha qon-qardosh bo‘ladilar. Men gapimni aytdim, aytganimni albatta bajaraman. Sen nima deysan, ey Gnob?
Gnob gerdayib boshini irg‘atib qo‘ydi. Yonoq suyaklari chiqqan, ajin bosgan yuzida hech qanday fikr ifodasi ko‘rinmadi, lekin u do‘rillagan yo‘g‘on ovoz bilan:
– By bilan hali gap tamom bo‘lmaydi, – deganda ko‘zlari cho‘g‘dek chaqnab ketdi.
– Yana nima kerak? – deb so‘radi Kish. – Nahotki men yaxshi qalin bermagan bo‘lsam? Nahotki tana-nau qabilasida biron qizga bundan ham ko‘proq qalin berilgan bo‘lsa? O‘shanday qiz bo‘lsa, nomini ayt menga!
Davrani masxarali shivir-shivir bosib ketdi-yu, Kish ko‘pchilik oldida sharmanda bo‘lganligini sezdi.
– Yo‘q, yo‘q, do‘stim Kish, gapimni boshqacha tushunding, – deb Gnob muloyimlik bilan qo‘lini ko‘tardi. – Yaxshi haq berding. Haqiqiy bahosi shu. Men hatto tepkisi siniq miltiqqa ham roziman. Lekin gap bunda emas. Kuyovning o‘zi qanday odam?
– Ha-ha, o‘zi qanday odam? – deb g‘azab bilan takrorladilar davrada o‘tirgan kishilar.
– Aytishlariga qaraganda, – deb yana xirillagan ovoz bilan gap boshladi Gnob, – aytishlariga qaraganda, Kish ota-bobolarining yo‘lidan ketmayotgan emish. Aytishlaricha, u e’tiqodini yo‘qotib, zulmatda adashib yurganmish, u qo‘rqoq bo‘lib qolganmish.
Kishning rangi o‘chdi.
– Yolg‘on! – deb qichqirdi u, – Kish hech kimdan qo‘rqmaydi.
– Aytishlaricha, – deb davom etdi keksa Gnob, – Kish Katta uydagi oq tanli odamning gapiga kirarmish, oq tanli odamning tangrisiga bosh egarmish, oq odamning tangrisi esa qonni yomon ko‘rarmish.
Kish boshini quyi soldi, jahldan uning qo‘llari musht bo‘ldi. Davrada o‘tirganlar uni masxara qilib xaxolab kulib yubordilar, qabilaning folbini, buyuk kohini shaman Madvan Gnobning qulog‘iga bir narsalar deb pichirladi. Keyin u gulxan yoritib turgan joydan qorong‘ulikka sho‘ng‘idi-da, u yerdan xushbichim bir bolani yetaklab chiqdi, uni Kishning yoniga olib kelib, Kishning qo‘liga pichoq tutqazdi.
Gnob oldinga egildi.
– Kish! Ey Kish! Sen odam o‘ldirishga jur’at qila olasanmi? Bunga qara, bu bola Kits-Nu, mening qulim. O‘ldir uni. Kuchli qo‘llaring bilan bu bolaning qonini to‘k.
Kits-Nu uning pichoq urishini kutib, dir-dir titrar edi. Kish bolaga qarab turdi, mister Braunning olijanob ta’limlari esiga tushdi-da, mister Braun aytgan do‘zaxida alanga urib turgan olovni ochiq ko‘rdi. Pichoq qo‘lidan tushib ketdi. Bola yengil tin olib, gulxan yoritib turgan davradan chiqdi, bechoraning tizzalari bukilib-bukilib ketardi. Gnobning oldida katta bir it yotardi, by it tishlarini irjaytirib bolaga tashlanmoqchi bo‘ldi. Lekin shaman uni tepib yubordi, buni ko‘rib turgan Gnobning miyasiga yangi fikr keldi.
– Menga qara, ey Kish! Sen bilan mana bunday muomala qilsalar, nima qilarding? – dedi-da, Gnob itga bir parcha baliq tutdi, it ovqatga og‘iz ochgan edi, Gnob tumshug‘iga kaltak bilan bir soldi. – Shundan keyin, ey Kish, sen mana bunday qilardingmi?
It yerga cho‘zilib, Gnobning qo‘lini yaladi.
– Menga qapa! – Gnob Madvanning qo‘liga suyanib, o‘rnidan turdi. – Men juda qarib qoldim. Juda qari bo‘lganligimdan senga shunday demoqchiman: otang Kish buyuk odam edi, u yoydan otilgan o‘qlarning kuyini yaxshi ko‘rardi, uning qanday nayza otishini, dushmanlarining kallasini uzganlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Sen otangga o‘xshamabsan. Sen Qapg‘a yo‘lidan qaytib, Bo‘riga sajda qila boshlaganingdan beri qondan qo‘rqadigan bo‘lib qolding, xalqim ham qondan qo‘rqsin, deysan. Bu yaxshi emas. Men Kits-Nudek bola chog‘imda bizning tuprog‘imizda birorta ham oq tanli odam yo‘q edi. Lekin ular, oq tanli odamlar, birin-ketin kelaverdilar, hozir ko‘payib ketishdi, ular tinib-tinchimagan odamlar.
Ular qorinlari to‘ygandan keyin ertangi kunni uylamay, gulxan oldida yotmaydilar. Xuddi qarg‘ish tekkandek, doim zahmat chekadilar, o‘zlarini azob-uqubatga giriftor qilib yuradilar.
Kish esankirab qoldi. U mister Braunning bir vaqtlar yashagan Odam degan kishi haqidagi hikoyasini sal-pal esladi. Demak, mister Braun haq gapni aytgan ekan-da.
– Bu oq tanlilar hamma yerga suqilaveradilar, nimani ko‘rsalar, shunga changal soladilar, ko‘zlari esa ko‘p narsalarni ko‘radi. Borgan sari ko‘payib ketyapti ular; biz indamay qarab o‘tiraversak, ular vatanimizni bosib oladilar, bu tuproqda Qarg‘a qabilasiga joy qolmaydi. Ana shuning uchun ulardan birortasi ham qolmaguncha, ularga qarshi kurashmog‘imiz kerak. Shundagina barcha yo‘llar, yerlar bizniki bo‘ladi, ana shunda, ehtimol, bizning bolalarimiz, bolalarimizning bolalari farovonlikda yashaydilar, ularning suyaklari yog‘ bilan qoplanar. O‘sha payt kelganda Bo‘ri bilan Qapg‘a kuch sinashib ko‘radi, buyuk g‘arb-zarb bo‘ladi, lekin Kish hamma bilan birga jangga chiqmaydi, o‘z qabilasini jangga olib kirmaydi. Shuning uchun qizimni unga berolmayman. Gnobning, tana-nau qabilasining boshlig‘ining so‘zi shu.
– Lekin oq tanlilar muruvvatli va qudratlilar, – deb javob berdi Kish. – Oq tanli odamlar bizni ko‘p narsaga o‘rgatdilar. Oq tanlilar bizga odeyallar, pichoqlar va miltiqlar berdilar, ilgari bu narsalarni o‘zimiz qilolmasdik. Ular kelmasdan ilgari qanday yashaganimiz esimda. Men u vaqtlarda hali tug‘ilmagan edim, buni otam so‘zlab bergan. Ovda nayza bilan bug‘u ovi qilish uchun unga yaqin o‘rmalab borardik. Endi qo‘limizda oq tanlilar miltig‘i bor, biz endi ovni shunday uzoqdan turib o‘ldira olamizki, bunday masofadan chaqaloqning chinqirib yig‘lagani ham eshitilmaydi. Baliq go‘shti va har xil o‘simliklar mevasini yerdik, boshqa yegulik narsa yo‘q edi, ovqatni tuzsiz yerdik. Endi orangizda xoh baliqni, xoh go‘shtni tuzsiz yeydigan bironta odam bormi?
Oraga jimlik cho‘kmasidanoq Madvan irg‘ib o‘rnidan turmaganda, bu so‘zlarga ko‘p odamlar ishonishi mumkin edi.
– Avval bir savolga javob ber, Kish. Katta uyda yashaydigan oq tanli senga odam o‘ldirib bo‘lmaydi degan. Oq tanlilar qon to‘kayotganini bilmaymizmi? Nahotki Koyokukedagi yoki Nuklukaytodagi buyuk jangni esimizdan chiqarsak! Nuklukaytodagi jangda uchta oq tanli Totsikakat qabilasidan yigirma kishini o‘ldirmaganmidi? Oq tanli Meklrot tana-nau qabilasining uch odamini o‘ldirgani nahotki yodimizdan ko‘tarilgan deb o‘ylasang! Endi ayt, ey Kish, nima uchun shaman Braun odam o‘ldirib bo‘lmaydi deb ta’lim beradi-yu, uning birodarlari qon to‘kadilar?
Kish bu mushkul savolga qanday javob berish to‘g‘risida o‘ylar ekan, Gnob chiyillab qoldi:
– Yo‘q, yo‘q, javob bermay ham qo‘ya qol, buning hech darkori yo‘q, boshqalar patini yulib tamom qilguncha, Brauning Qarg‘ani qo‘lida mahkam tutib turmoqchi. – Gnobning ovozi ko‘tarila bordi. – Tana-nau qabilasida qurol ko‘tarishga qobil birorta odam qolguncha yoki o‘g‘il tug‘ib berishga qobil birorta qiz qolguncha, Qarg‘aning bitta ham pati yulinmaydi.
Gnob gulxan oldida o‘tirgan baland bo‘yli, baquvvat yigitga yuz o‘girdi.
– Su-Suning akasi Makamuk, sen nima deysan?
Makamuk o‘rnidan turdi. Uning yuzida uzunasiga tushgan yara o‘rni bor edi, yuqori labi burishib, doim irjayib turardi, bu esa ko‘zlarining vahshiyona chaqnab turganiga sira mos tushmas edi.
U quvlik qilib, ochiq javob berishdan o‘zini olib qochdi:
– Bugun, – dedi u, – savdogar Meklrotning uyi oldidan o‘tib qoldim. Eshigida quyoshga qarab kulib turgan bir bolani ko‘rdim. Bola menga xuddi Meklrotnikiga o‘xshagan ko‘zlari bilan qaradi-da, qo‘rqib ketdi. Onasi yugurib kelib, bolani ovuta boshladi. Uning onasi — Ziska, tlungetlar qabilasining qizi.
Uning so‘zlarini ko‘pchilikning g‘uvuri bosib ketdi. Lekin Makamuk qo‘lini ko‘tarib, hammani jim qildi-da, ko‘rsatkich barmog‘i bilan Kishni ko‘rsatdi.
– Kuningiz shunga qoldimi! Siz tlungetlar o‘z qizlaringizni boshqalarga berib, xotin olish uchun Tana-nau qabilasiga, bizning oldimizga kelasizlarmi? Qizlarimiz o‘zimizga kerak, Kish, Qapg‘a Bo‘ri bilan jangga chiqadigan kungacha o‘zimiz juda ko‘p yigitlarni o‘stirishimiz kerak.
Hammaning ma’qullagan ovozi orasida Gnobning chinqirig‘i eshitildi.
– Sen nima deysan Su-Suning sevgan akasi, Nossabok?
Nossabok baland bo‘yli, xushbichim yigit, toza qonli hindu edi, uning burni cho‘ziq, peshonasi keng, lekin xuddi ko‘z qisayotgandek, bir ko‘zi doim uchib turardi. O‘rnidan turganda hozir ham qovog‘i turtib, ko‘zini yopib qo‘ydi. Biroq bu gal Nossabokka qarab hech kim kulmadi, hamma jiddiy vaziyatda o‘tirardi.
– Men ham savdogar Meklrotning uyi oldidan o‘tdim, – dedi u, singlisining tovushiga o‘xshagan ingichka yoqimli ovoz bilan. — O‘sha yerda hindularni ko‘rdim. Yuzlaridan ter oqar, charchaganlaridan oyoqlari titrardi, takror aytay: men hindularni ko‘rdim; yelkalaridagi xodalarning og‘irligidan ular ingrar edilar. Bu xodalardan savdogar Meklrot o‘ziga ombor qurdiryapti. O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim buni, ularning o‘tin yorayotganlarini ham ko‘rdim, shaman Braun bu o‘tinlarni uzun qish kechalari yoqib, o‘zining Katta uyini isitadi. Bu xotinlar ishi, tana-nau qabilasining erkaklari hech vaqt bunday ishlarni qilmaydilar. Biz erkaklar bilan qarindosh bo‘lishga tayyormiz, lekin tlungetlar erkakmi, xotin-ku ular.
Oraga og‘ir sukunat cho‘kdi. Hammaning ko‘zi Kishda edi. U tevarak-atrofiga qaradi, davradagilarning har bittasi yuziga uzoq tikildi.
– Xo‘p, – dedi u pinagini buzmay. – Xo‘p, – deb takrorladi u yana. Keyin shart orqasiga burildi-yu, boshqa hech narsa demay qorong‘ulikda g‘oyib bo‘ldi.
Kish yerda o‘rmalab yurgan bolalar va irillab yotgan itlar orasidan o‘tib, manzilning bir boshidan ikkinchi boshigacha kezib chiqdi, shunda gulxan oldida ishlab o‘tirgan bir ayolni ko‘rdi. U yovvoyi tok tomiridan shilib olingan toladan qarmoq ipi eshmoqda edi. Kish chigil tolalarni tartibga tushirayotgan epchil qo‘llarning ishiga uzoq qarab turdi. Baquvvat, ko‘krakdor, qaddi-qomati kelishgan va serfarzand bo‘la oladigan qizning ishlab o‘tirishini ko‘rish kishiga zavq berardi. Endi uning qoracha yuzi so‘nayotgan gulxanning xira yorug‘ida oltin kabi yaltirardi, uning sochlari qarg‘a qanotlariga o‘xshab ketar, ko‘zlari esa xuddi haqiq kabi charaqlab turardi.
– Ey, Cy-Cy! – dedi u nihoyat. – Bir vaqtlar menga kulib qapap eding, bunga ko‘p bo‘lgani yo‘q, yaqindagina edi…
– Shuning uchun kulib qapap edimki, u vaqtlarda sen tulungetlar qabilasining boshlig‘i eding, – deb tez javob berdi qiz, – u vaqtlarda azamat va kuchli yigit eding…
– Hozir-chi?
– Bunga ancha bo‘ldi, u baliq ovining birinchi kunlarida edi, – dedi shoshib Su-Su. – Shaman Braun yomon yo‘lga boshlamasdan oldin edi.
– Axir aytdim-ku senga…
Su-Su bas degandek qo‘lini ko‘tardi, bu ishora Kishga Su-Suning otasini eslatdi.
– Nima deyishingni bilib turibman, ey Kish! Javob ham qilyapman. Suvdagi baliq ham, o‘rmondagi hayvon ham o‘ziga o‘xshatib bola tug‘ishi odat. Bu yaxshi. Xotinlar ham shunday. Ular ham o‘ziga o‘xshatib tug‘ishi kerak, ayollar hali qizlik chog‘idanoq onalik azobini, ko‘kraklarining og‘rig‘ini sezadi, mitti qo‘llar uning bo‘ynini quchayotganini tuyadi. Mana shu sezgi uni yenggan vaqtda, qiz o‘z bolalarining otasi bo‘la oladigan biror yigitni maxfiy tanlaydi. Seni ko‘rganimda, azamat va kuchli yigit ekaningni ko‘rganimda, men ham o‘zimni shunday sezgan edim. Ikki kishi uchun ovqat topib berishga qobil ovchi va ojizlik paytlarimda meni himoya qila oladigan jangchi ekanligingni bilardim. Lekin shaman Braun o‘lkamizga kelmasdan va seni yomon yo‘lga boshlamasdan oldin shunday eding…
– Bu to‘g‘ri emas-ku, axip Sy-Cy! Men undan faqat yaxshi narsalar o‘rgandim…
– Odam o‘ldirib bo‘lmasliginimi? Shunday deyishingni bilardim. U vaqtda o‘zingga o‘xshagan qon to‘kmaydiganlarni tug‘diraver, lekin bunday gaplar bilan tana-naular oldiga kelib yurma, ko‘p o‘tmay Qarg‘a Bo‘riga qarshi jangga otlanadigan kun kelishi ayon. Buning qachon bo‘lishini men bilmayman, bu erkaklar ishi, lekin shu kungacha men jangchilarni tug‘ib o‘stirishim kerakligini bilaman.
– Su-Su, – deb yana gap boshladi Kish. – So‘zimga quloq sol…
– Yigit kishi meni tayoq bilan urib bo‘lsa ham gapiga quloq soldirgan bo‘lardi, – deb uni masxara qilib kuldi Su-Su. – Sen bo‘lsang… ma, mana buni ol, – deb Su-Su bir siqim tolani uning qo‘liga tutqazdi. – Men o‘zimni Kishga baxshida qilolmayman, lekin u mana buni ola qolsin. Bu unga mos keladi. Bu xotinlar ishi.
Kish tolalarni uloqtirib yubordi, g‘azabdan qoracha yuziga qon quyildi, qorayib ketdi.
– Yana bir gapni ham aytib qo‘yay, – deb davom etdi Su-Su. – Eskilardan qolgan bir odat bor, sening otang ham, mening otam ham shunday qilib kelganlar. Jangda kim o‘lsa, g‘olib uning skalpini* shilib olardi.
Bu juda yaxshi. Lekin sen Qarg‘adan yuz o‘girganing uchun bundan ham ziyodroq qilishing kerak: menga skalp emas, odamning boshini, ikki kishining boshini olib kelasan, ana o‘shanda qo‘lingga tola emas, guldor kamar bilan qin beraman, uzun rus pichog‘i ham sovg‘a qilaman. Shunda senga yana kulib qaraydigan bo‘laman, keyin ishlarimiz yurishib ketadi.
– Xo‘-o‘p, – dedi o‘ylanib Kish. – Xo‘-o‘p…
Keyin o‘girildi-yu, qorong‘ulik ichiga kirib g‘oyib bo‘ldi.
– Yo‘q, Kish, – deb qichqirdi Su-Su, uning orqasidan. – Ikkita emas, kamida uchta kalla olib kelasan.
Lekin Kish o‘z aqidasidan qaytmadi; yangi yo‘lidan chiqmadi, o‘z qabila odamlarini ruhoniy Jekson Braun ta’lim bergan yo‘ldan yurishga majbur qildi. Baliq ovi davom etarkan, u tana-nau qabilasi odamlariga hech e’tibor bermadi, haqoratlarga quloq solmadi, boshqa qabila xotinlarining masxara qilib kulishlarini pisand qilmadi. Baliq ovi tugagach, Gnob kuydirilgan va qotirilgan baliqdan zaxira qilib, o‘z qabilasi bilan Tana-nau daryosining yuqori oqimi tomon ovga jo‘nadi. Kish ularning yo‘lga otlanishini kuzatib yurdi, lekin missiyada birorta ham ibodatni tark qilmadi, bu yerda Kish doim ibodat qilar va yo‘qon, jarangli ovozi bilan xorga qushilar edi.
Uning yo‘g‘on tovushi ham, boshqa bir qator fazilatlari ham Jekson Braun hazratlarini juda quvontirardi, u yangi dinga kirganlar ichida Kishni eng ishonchli kishi deb hisoblardi. Meklrot esa bunga shubha qilardi; u ma’jusiylarning yangi dinga kirganligiga ishonmas va buni yashirib o‘tirmas ham edi. Lekin mister Braun masalaga keng qarardi. Bir kun, kuzning uzoq tunlaridan birida u o‘zining haqli ekanligini shunday qizg‘inlik bilan isbot qila boshladiki, nima deyishini bilolmay qolgan savdogar:
– Xudo haqi, Braun, agar Kish yana ikki yil shu dindan qaytmasa, men ham haqiqiy xristian bo‘lib ketaman, – dedi.
Paytdan foydalanib, mister Braun suhbatdoshining qo‘lini mahkam qisdi, endi o‘lgandan keyin Meklrotning joni qayoqqa ketishi Kishning xatti-harakatiga bog‘liq bo‘lib qoldi.
Kunlardan bir kun, birinchi qop yoqqanda muqaddas Georgiy missiyasiga bir xabar keldi. Tana-nau qabilasidan o‘q-doriga kelgan bir kishi, Su-Su ko‘nglini jasur, yosh ovchi Ni-Kuga berdi degan xabarni keltirdi. Bu yigit qari Gnobga katta qalin beribdi. Xuddi o‘sha kun Jekson Braun hazratlari daryo tarafga olib boradigan so‘qmoq yo‘lda Kishni uchratdi. Kishning chanasiga uning eng yaxshi itlari qo‘shilgan, chanada bir juft eng katta va chiroyli chang‘i turardi.
– Yo‘l bo‘lsin, ey Kish? Ovga emasmi? – deb so‘radi mister Braun, hindular nutqiga taqlid qilib.
Kish anchagacha uning ko‘zlariga tikilib turdi, keyin itlarini haydadi. Lekin bir necha qadam bosgandan keyin, u orqasiga qayrilib, missionerga yana tikilib qaradi-da:
– Yo‘q, ovga emas, to‘ppa-to‘g‘ri jahannamga ketyapman! – dedi.
O‘rmon ichidagi kichik bir maydonchada uchta g‘arib vigvam ko‘zga tashlanadi, ular go‘yo bir xildagi, yoqimsiz manzaradan yashirinmoqchi bo‘lgandek qop ichiga ko‘milib olgan. Maydoncha atrofi qalin o‘rmon bilan o‘ralgan. Ularning ustidan ochiq moviy ko‘k yuzini to‘sib, quyuq tuman pardasi bosib yotadi. Qop va sokinlikdan o‘zga na g‘ir etgan shamol bor, na tiq etgan tovush. Bu manzilda hatto odatdagicha ivirsib yurgan odamlar ham ko‘rinmaydi, chunki ovchilar bir gala bug‘uning izidan tushib, yaxshi ov qilib keldilar. Ancha vaqtgacha cho‘zilgan muhtojlik o‘rnini farovonlik egalladi, ovchilar bug‘u terisidan yopilgan o‘z vigvamlarida kuppa-kunduz kuni uyquni urib yotardilar.
Vigvamlardan biri oldidagi gulxan yonida besh juft chang‘i turibdi. Mana shu gulxan oldida Su-Su o‘tiradi. Boshida olmaxon terisidan tikilgan quloqchin, quloqchinning bog‘ichi bo‘ynidan aylantirib mahkam bog‘langan. Lekin qiz qo‘lqopsiz, chevar qo‘llari bilan igna sanchmoqda; Su-Su och-qizil hoshiyali qayish kamarga chizilgan naqshning so‘nggi gullarini tikib tugatmoqda.
Qayerdadir, vigvamlar orqasidan itlarning qattiq hurgani eshitildi-da, yana darrov jimlik cho‘kdi. Su-Su o‘tirgan joyga yaqin turgan vigvam ichida, otasining uyqusirab xirillab qo‘ygani eshitildi. «Yomon tush ko‘ryapti», deb o‘yladi Su-Su va kulib qo‘ydi. – Otam qarib qolyapti, unga bug‘uning keyingi kuragini bermaslik kerak edi, shunday ham juda ko‘p ovqat yegandi.
U kamarga yana bitta munchoq qadadi, ipning uchini tugdi-da, gulxanga shox tashladi. Keyin anchagacha gulxanga qarab o‘tirdi, birdan allakimning qorni g‘arch-g‘urch bosib kelayotganini eshitib, boshini kutardi.
Qarshisida og‘ir yuk ko‘targanidan sal egilib, Kish turardi. Yuk oshlangan bug‘u terisidan tikilgan qopga solingan edi. Yelkasidagi yukni tap etib qor ustiga tashladi-da, gulxan oldiga o‘tirdi. Ular bir-birlariga qarab, anchagacha jim o‘tirdilar.
– Uzoq yo‘ldan keldingmi, ey Kish! – dedi Su-Su nihoyat. – Yukondagi muqaddas Georgiy missiyasidan keldingmi-a?
– Ha, – deb parishonlik bilan javob berdi Kish, kamarga ko‘z tashlab, uning katta-kichikligini chamalab ko‘pap ekan. – Pichoq qani? – deb so‘radi u.
– Mana, – deb Su-Su pichoqni qo‘ynidan olib ko‘rsatdi, pichoqning tig‘i o‘t yorug‘ida yaraqlab ketdi. – Yaxshi pichoq.
– Ber bu yoqqa, – dedi Kish amirona.
– Yo‘q, ey Kish, – deb kulib yubordi Su-Su. – Bu pichoqni taqib yurish senga qismat qilmagandir, ehtimol.
– Ber bu yoqqa, – dedi yana boyagidek Kish. – Menga qismat qilgan.
Su-Su ko‘zlarini suzib, bug‘u terisidan tikilgan qopga qaradi-yu, uning ostidagi qop asta qizarayotganini ko‘rib qoldi.
– Bu nima, qonmi, Kish? – deb so‘radi Su-Su.
– Ha, qon. Kamar bilan rus pichog‘ini bu yoqqa ber.
Kish uning qo‘lidan pichoqni shartta tortib olganda, birdan Su-Suni qo‘rquv, shu bilan birga allaqanday shirin hayajon bosdi. Qiz unga mehr bilan qaradi va birdan ko‘kragi og‘rib ketgandek, mitti qo‘llar bo‘ynini quchib olgandek bo‘ldi.
– Kamar oriq odamga atalgan ekan, – dedi qovog‘ini solib Kish, qornini ichiga tortib, kamarni beliga bog‘lar ekan, kamar uning qorniga zo‘rg‘a uchma-uch keldi.
Su-Su iljaydi, ko‘zlarida yana ham ko‘proq mehr ko‘rindi. Yana jajji qo‘llar bo‘ynidan quchayotganini sezgandek bo‘ldi. Kish chiroyli yigit edi, kamar esa kaltalik qildi, axir u ancha ozg‘in odamga atalgan edi-da. Ey, baribir emasmi. Su-Su hali ko‘p kamar tikib berishi mumkin.
– Qon-chi? – deb so‘radi y borgan sari umidvor bo‘lib. – Qon-chi, Kish? Bu, axir… bular… kallami?
– Ha.
– Bu kallalar hozir tanidan judo qilinganga o‘xshaydi-ku, a? Bo‘lmasa qon qotib qolgan bo‘lardi.
– Hozir sovuq emas, qon issiq, yangi oqizilgan qon.
– Ey, Kish! – dedi sevinchga to‘lib Su-Su. – Bularni menga olib keldingmi?
– Ha, senga.
Kish bug‘u terisining bir chetidan tutib, uni ochib yubordi, kesilgan boshlar qop ustida dumalab ketdi.
– Uchtami? – deb shivirladi zo‘r hayajonda u. – Yo‘q, kamida to‘rtta.
Su-Su dong qotib qoldi. Mana oyog‘i ostida kallalar yotibdi. Biri chiroyli Ni-Kuning kallasi, biri yuzini ajin bosgan keksa Gnobning, yana biri yuqori labi qiyshayib qolgan Makamukning kallasi, eng keyingisi doim ko‘zini qisib turadigan Nossabokniki. Mana ular gulxan yorug‘ida yerda yotibdi, har biri atrofidagi qop esa tobora qizarib borardi.
Gnobning kallasi ostidagi qop gulxan issig‘ida erib ketdi-da, otasining boshi Su-Suning oyog‘i ostiga dumalab keldi. Lekin qiz qimirlamadi, Kish ham ko‘zlarini qizdan uzmasdan qimir etmay o‘tirardi.
O‘rmon ichida allaqayerda daraxtdan to‘p etib yerga qop tushdi, daraga aks-sado tarqaldi. Lekin ular hali ham jim o‘tirardilar. Bir tutam kun tez tugab borardi, manzilni asta-sekin qorong‘ulik bosib bordi. Shu vaqt Gnobning iti gulxan oldiga o‘rmalab keldi. U haydab yuborishmasmikan deb nariroqda to‘xtadi, keyin yaqin keldi. Itning burun teshiklari kerildi, yunglari tikkaydi. U hid kelayotgan tarafga bexato bordi va xo‘jayinning kallasi oldida to‘xtab, uni ehtiyotlik bilan hidlab ko‘rdi-da, qip-qizil uzun tili bilan yalandi. Keyin yerga yotib, tumshug‘ini osmonga ko‘tardi-da, bo‘riga o‘xshab uzoq uvulladi.
Shunda Su-Su o‘ziga keldi. U rus pichog‘ini yalang‘ochlab, diqqat bilan qizga tikilib turgan Kishga qaradi. Kishning yuzida jiddiyat va qat’iyat ifodalari bor edi, unga qarab Su-Su taqdiri hal bo‘lganligini angladi. Su-Su quloqchinni yechib tashladi-da bo‘ynini ochib, o‘rnidan turdi. Keyin atrofga: o‘rmonga, osmonda miltirab turgan yulduzlarga, manzilgohga, qorda turgan chang‘iga — umrida har kun ko‘rib kelgan mana shu qadrdon narsalarga bir-bir nazar tashladi. Yengil shamol qizning sochlarini to‘zitdi, u og‘ip tin oldi va yuzini shamolga tutdi.
Keyin Su-Su endi hech vaqt tug‘ilmaydigan bolalari haqida o‘yladi-da, Kish oldiga kelib:
– Men tayyorman! – dedi.

_____________
* Skalp — amerika hindularining o‘zi o‘ldirgan odam boshidan sochi bilan terisini shilib olish odati bo‘lgan. Sochi bilan birga shilib olingan bosh terisini skalp deyishardi.

Rus tilidan F. Abdullayev tarjimasi