Jek London. Intiho (hikoya)

Morgansonning tomog‘idan so‘nggi bekon* tishlami sarimoyday o‘tib ketdi. U hayotida biror marotaba oshqozonini bunday siylamagandi. Oshqozon Morganson uchun e’tibordan xoli va uni kam bezovta qiluvchi narsa edi, o‘zi ham oshqozon masalasida ko‘pam qayg‘uravermasdi. Lekin hozir uzoq ochlikdan so‘ng tuzlangan bekon bo‘lagi nafsini qondirdi.
Ochlikdagi ko‘rinish Morgansonning yuzini tark et adiganga o‘xshamasdi, aft-angori so‘lib, yonoq suyaklari turtib chiqqandi. Nursiz moviy ko‘zlari javdirar; ularda nochorlik oldidagi qo‘rquv namoyon edi. Nigohida yoqimsiz ko‘ngilsizliklar, ikkilanish, vahima sezilib turardi. Tabiatan yupqa lablari yana bir qavat po‘st boylagandi.
Morganson o‘tirib olib mundshtugini chiqazdi, hafsala bilan ko‘rikdan o‘tkazib, kaftiga nuqib-nuqib ko‘rdi, garchi ichida tamaki bo‘lmasa-da. So‘ngra tyulen terisidan tikilgan tamaki xaltasini teskari ag‘darib, tamaki qoldiqlarini terib, astardan borini sidirib oldi. To‘plagan tamakisi angishvonacha chiqmadi; cho‘ntaklarini titkiladi, barmoqlariga tamaki qoldiqlari aralash bir chimdim qo‘qim ilindi. Uvoqdayini ham ko‘zdan qochirmay tamaki zarralarini ajratib oldi, adoqsiz oylar davomida cho‘ntak tubida yashirinib-chigallanib yotgan mayda jun astar tolalari ham ularga qo‘shilib ketgandi.
Nihoyat, oradan o‘n besh daqiqa o‘tgach, Morganson mundshtukni yarmigacha to‘ldira oldi, xolos. Uni gulxandan tutatib olib, adyol ustiga o‘tirdi. Mokasin kiygan oyoqlarini olovda toblab, har bir yutum tutundan lazzatlangancha tamaki burqsita boshladi. Chekib bitirgach, zaiflashib yonayotgan gulxan alangasiga o‘ychan tikilib qoldi. Asta-sekin ko‘zlaridagi xavotir qat’iyat bilan almashdi. Boshiga tushgan musibatdan qutulish yo‘lini axiyri topdi. Lek bu oson yo‘llardan emasdi. Morgansonning basharasi shafqatsiz va vahshiy tus oldi. Yupqa lablari yanada jipslashib, qisildi.
Endi oyoqni qo‘lga olish lozim. Morganson arang qaddini rostlab, chodirni yig‘ishtirishga tushdi; o‘ralgan adyolni, tovani, miltiq va boltani chanaga joylab, barini arqon bilan bog‘ladi; keyin qo‘lini olovga tutib, qo‘lqopini kiydi. Oyoqlari zir qaqshar, chananing old qismiga o‘tayotganda oqsoqlanayotganini sezdi. Yelkasiga arqon tashlab, chanani joyidan qo‘zg‘atish uchun bor kuchi bilan tortdi-yu, beixtiyor og‘riqdan bukchayib qoldi: adoqsiz yo‘lda arqon yelkalarini shilib yuborgandi.
Yo‘l Yukonning muz o‘zanidan o‘tardi. To‘rt soatdan so‘ng daryoning burilishigacha yetib oldi, aylanib o‘tib, Mintoga kirib keldi. Morganson chanani tashqarida qoldirib, qovoqxonaga kirdi.
– Bir stakanga yetadimi? – so‘radi oltin qumlardan bo‘shab qolgan to‘rvani peshtaxtaga tashlab.
Qovoqxona egasi avval unga, keyin to‘rvaga tikilib qaradi va peshtaxtaga shisha bilan stakanni olib qo‘ydi.
– Qo‘yaver, shundog‘am kelishib ketamiz, – deya qovoqxona sohibi.
– Yo‘q, olmaganingga qo‘ymayman, – dedi o‘jarlik bilan Morganson.
Qovoqxona egasi to‘rvani tarozi ustiga olib borib, silkib ko‘rdi; atigi bir necha oltin qum zarrasigina to‘kildi, xolos. Morganson uning qo‘lidan to‘rvani olib, teskari ag‘dardi. Ehtiyotkorlik bilan oltin zarrachalarni taroziga sidirib tashladi.
– Yarim dollarlik chiqar, deb o‘ylovdim.
– Jinday yetmadi, – dedi qovoqxona egasi. – Hechqisi yo‘q! Boshqa birortasidan hissasini chiqarib olarman.
Morganson, xijolatomuz, stakanga bir qultum viski quydi.
– Qani, quy, quy, tomoqni jizillatsin, – dedi qovoqxona egasi unga dalda berdi.
Morganson stakanni labigacha to‘ldirdi. U viski tilini kuydirib, tomog‘ini silab-siypayotganidan va yoqimli iliqlik bilan oshqozoniga quyilayotganidan huzurlanib, stakandagini maydaladi.
– Zangilami*, deyman? – so‘radi qovoqxona egasi.
– Ha, ozroq, – javob qildi Morganson, – lekin hali ochlikdan o‘lganimcha yo‘q. Dayiga yetib olay, et olib, o‘zimga kelib olaman.
– Voy, boyaqish-ey, – dedi xayrixohlik bilan qovoqxona egasi, – na itlaring, na aqchang bor, buning ustiga zangila ham orttirvolgansan. Sening o‘rningda bo‘lsam ignabarg damlamasidan bosib-bosib ichardim.
Yarim soat o‘tgach, Morganson qovoqxona sohibi bilan xayr-xo‘shlashib,yo‘lga chiqdi. Qiyilib ketgan yelkasiga arqonni tashlab, daryo o‘zani bo‘ylab yugurgilab cho‘zilgan chana izidan janub tomon yurdi. Bir soat o‘tar-o‘tmas to‘xtadi. O‘ngdan daryoga kichkina dara tutashgandi. Morganson chanalarni to‘xtatib, oqsoqlana-oqsoqlana dara bo‘ylab yarim milcha yurdi. Bu yerdan daryogacha uch yuz yard bor ekan. Oldinda teraklar qoplagan tubanlik.
Morganson terakzor oralab Yukon daryosi tomon yurdi. Yo‘l qariyb daryo yoqasigacha cho‘zilgan ekan. Morganson u yoqqa tushib o‘tirmadi. Selkerkka ketaverishdagi qor bosgan janubiy yo‘l chanalar iziga to‘lib ketgan, oldinda yana bir chaqirimcha masofa ko‘zga tashlanardi. Shimoliy, Minto yo‘nalishidagi yo‘lni esa taxminan chorak milgacha o‘rmon qoplab olgandi.
Morganson xuddi o‘sha aylanma yo‘ldan ortiga qaytdi. Yana la’nati arqonni ortmoqlab, dara bo‘ylab chana tortdi. Qorning namligidan chana tortish mushkul edi. Chanaga qor yopishaverib dam-badam to‘xtashga to‘g‘ri kelar va yarim mil yurmay Morgansonning nafasi bo‘g‘ziga tiqilib qolardi. Tun qora ko‘rpasini yoyganda chog‘roq chodirini tiklab, temir pechini o‘rnatib, shox-shabba yig‘ishga ulgurgan edi. Sham ham tugab bitgandi. Bir finjon choyga qanoatlanib, adyolini ustiga tortdi.
Subhi sodiqda Morganson qo‘lqopini kiyib, quloqchinini bostirib, Yukon tomon yo‘l soldi. Yelkasida miltiq. Bugun ham pastga tushmadi. Naq bir soat kimsasiz yo‘lni kuzatdi, qizish maqsadida depsinib, kaftini kaftiga urib turdi. Keyin nonushta qilgani chodirga qaytib keldi. Tunuka qutidagi quruq choy ham oz qolibdi, besh damlamga yetadi. Dekchasiga bir chimdimgina choy tashladi. Bor-yo‘q oziq-ovqat zaxirasi yarim qopchiq un-u og‘zi ochilgan qutidagi xamirturushdan iborat edi. Morganson pech ustida non pishirib, shoshmasdan nonushtaga o‘tirdi. Har bir luqmadan lazzatlanib tanovul qildi. Uchta nonni paqqos tushirib, to‘rtinchisiga qo‘l cho‘zdi-yu ikkilanib qoldi; qopchiqni ko‘tarib salmoqlab ko‘rdi. “Ikki haftaga yetadi”, – dedi ovoz chiqarib o‘ziga o‘zi. Kulchalarni nariroq surib: “Balki, uch haftaga ham yetar”, deb qo‘shib qo‘ydi.
Keyin yana qo‘lqopini kiyib, quloqchinini tushirib, miltiqni yelkasiga osib, qirg‘oqning yuqori tomoniga ketdi. Birovga ko‘rinmaydigan panaga o‘tib, atrofni ko‘zdan kechirdi. Badaniga sovuq o‘tmaguncha bir necha daqiqa qimir etmay o‘tirdi; so‘ng miltiqni tizzasiga qo‘yib, kaftlarini bir-biriga ishqab qizitgan bo‘ldi. Sanchiqli og‘riqlarga oyoqlari dosh berolmay qoldi. Endi qirg‘oqdan yiroqlashib, daraxtlar orasida u yoqdan-bu yoqqa borib kela boshladi. Biroq bu tentirashlar uzoqqa cho‘zilmadi. Har besh-o‘n daqiqa orasida Morganson qirg‘oq labiga kelib, odam qorasi ko‘rinarmikan, deb diqqat bilan razm solardi. Qanchalik benihoya tuyulmasin, qisqagina kun tun bilan almashardi. Yo‘l esa o‘sha- o‘sha xilvatligicha qolardi.
Kunduz kuni poyloqchilik oson o‘tdi. Havo iliqlashib, qor yog‘di. Qilt etgan shabada yo‘q. Qor parchalari yulduzchalar kabi miltillab yerga qo‘nardi. Morganson boshini tizzalari orasiga oldi va butun vujudi quloqqa aylandi. Na itlarining akillashi, na chanalar g‘ichir-g‘ichiri, na ularning haydovchilari hayqirig‘i eshitilardi. G‘ira-shirada Morganson chodiriga qaytdi. O‘tin maydalab, ikkita kulchani paqqos tushirdi-yu, ko‘rpa ostiga kirib ketdi. Tuni bilan inqillab, alahsirab chiqdi. Yarim kechasi turib yana bitta kulchani yeb bitirdi.
Kundan-kun sovuq zabtiga ola boshladi. Garchi Morganson bosib-bosib ignabarg damlamasidan ichsa-da, endilikda to‘rt dona kulcha bilan bo‘sh qop tik turmasdi. Kunlik tanovuldagi kulchalarni oltitaga ko‘paytirishiga to‘g‘ri keldi – uchtasi saharlikda, uchtasi kechlikda. Kunduzi bir tishlam ham non tishlamasdi. Suyuq, lekin qaynoq choy bilan cheklanardi, xolos. Orada zangilaga qarshi ignabarg damlamasidan ichib turdi. Kunlar shu tarzda quvlashmachoq o‘yinini davom ettirardi.
Beshinchi kuni yo‘l jonlandi. Janub tomonda qora nuqta ko‘zga tashlandi va u borgan sari kattalashaverdi. Morganson hushyor tortdi. Miltiqni shay holatga keltirishga tushdi: stvoldan o‘qni olib, o‘rniga yangisini joyladi. Tepkini saqlagichga tushirib, qo‘lqopini tortib qo‘ydi. Qora nuqta yaqinlashavergach ma’lum bo‘ldiki, u hindu ekan. Morganson taraddudlanib qoldi. Tepkini ko‘tardi va yana saqlagichga tushirdi. Morganson hafsalasi pir bo‘lib, miltiqni tizzasiga qo‘ydi. Hindu yonginasidan o‘tib ketdi va daraxtlar orasida g‘oyib bo‘ldi.
Morgansonning xayoliga yalt etib bir fikr kelib qoldi. Daraxt shoxlari yerga tegay-tegay deb turgan joyga o‘tdi. Yo‘g‘on shoxlarni bolta bilan yo‘nib, tirgak uchun ikkita chuqur kertik yasadi. Keyin miltiqni tirgakka qo‘yib, yo‘lni kuzata boshladi. Yo‘lning bir qismi uning nishoni ostida edi. Morganson miltiqni narigi tirgakka joyladi; bu vaziyatda u o‘rmon do‘ngligigacha bo‘lgan sayhonlikni nishoni ostida kuzata olardi.
Morganson sira pastga tushmasdi. Yo‘lda ketayotgan kishining qirg‘oq yuqorisida allakim berkinib olib, uni kuzatayotgani xayoliga ham kelmasdi. Oppoq qor ko‘rpasi hali yumshoqqina edi. Chana izlari hech yerda yo‘ldan chetga chiqmagandi.
Tunlar uzayib, Morgansonning kunduzgi navbatchiligi qisqardi. Bir safar kechasi qo‘ng‘iroqchalarini jaranglatib yo‘ldan chanalar o‘tib qoldi. Morganson bu cherkov jomi monand sadolarga quloq bergancha ming o‘kinch bilan non chaynab o‘tirdi. Sodir bo‘layotganlarning bari uning istak-xohishlarining chappasi edi go‘yo. Izg‘irinning do‘zaxiy azoblariga dosh berib o‘n kun sabot-la yo‘ldan ko‘zini uzmadi. Biroq barchasi zoye ketdi. Faqatgina bir hindu o‘tib ketdi, xolos. Endi esa, kechasi, poylash zarur bo‘lmagan pallada odamlar, itlar, chanalar g‘izillab o‘tishmoqda va ular janub tomon, dengiz, serquyosh o‘lkalar, tamaddun o‘chog‘i tomon yo‘l olishgan edi.
Pistirmada ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutgancha chanalar borasida shunday xayollarga borardi. Chanalarda hayot deb atalmish ne’mat bor edi, unga atalgan ne’mat. Uning vujudidagi hayot so‘nib borayotibdi. Gohida chodirga tashrif buyurgan o‘lim askarlarini quvib solmoqda. Chalaqursoqlikdan majolsizlanib borar, safarni davom ettirolmasdi. Ko‘pdan beri kutayotgan chanalarda uning tiriklik shamiga alanga berishi mumkin bo‘lgan yegulik bor edi. Chanalarda yana mullajiring ham bor ediki, ular dengiz, quyosh, taraqqiyotni va’da qilardi. Dengiz, quyosh, taraqqiyot – bularning barchasi tiriklikning manbai. Bu fikr unga tinchlik bermay qo‘ydi va asta-sekin o‘zini hayotbaxsh ne’matlar ortilgan chanalarning xo‘jayiniday his eta boshladi.
Un ham oxirlab qolgandi. Morganson avvalgi me’yorga o‘tdi – ertalab ikkita kulcha, kechqurun ikki kulcha yerdi. U tobora madorsizlanib borar, izg‘irin ham chimdib-chimdib olardi. Shunga qaramay Morganson kunba- kun yo‘lni, to hamon qasdma-qasdiga huvillab jonsiz holatda yotgan yo‘lni kuzatishda davom etardi. Hademay kasallik keyingi bosqichga o‘tdi: shish endi tovonigacha yetdi. Tunlari soatlab ko‘ziga uyqu kelmasdi. Shish tizzalariga o‘tganda butun badani aziyat cheka boshladi.
Ayamajiz birdan tevarak-atrofni iskanjaga oldi – havo qirq, ellik, oltmish daraja noldan pastga tushib ketdi. Garchi Morgansonda termometr bo‘lmasa-da, bu o‘lkalarda muqim yashovchilar kabi u ham havo haroratini tevarakdagi alomatlarga qarab aniqlay olardi – suvni qorga sepganingda vishillashidan, izg‘irinning butun badaningga nish sanchishidan yoxud ilang-bilang o‘rlayotgan hovurning shitob-la muzga aylanishidan, ba’zan qirov singari chodirning dag‘al matodan tikilgan devorlariga inishidan. Qirg‘oq yuqorisidagi poyloqchiligini tashlamay u ayoz bilan besamar olishardi. Sovuq uning vujudiga qilich tishlarini botirib olayotgandi. Burni va yonoqlari sovuqdan qorayib ketdi, so‘l panjasi boshmaldog‘ining birinchi bo‘g‘imidan voz kechaverish lozimligini qo‘lqopni yechmayoq tushunib yetdi.
Ayni ayoz uni chodirga haydab kirgizgan kunlari yo‘l mazax qilayotganday jonlandi. Birinchi kun uchta, ikkinchi kun ikkita chana qorni g‘archillatib o‘tib ketdi. Mana, ikki kun mobaynida u poyloqchilikka chiqqan esa-da, sovuq bilan jangda yengilgandi. Ikki safar ham chodirga kirib ketgandan so‘ng yarim soatlar chamasi vaqt o‘tib chanalar yo‘lni jonlantirgandi.
Shundan keyin ayozning popugi xiyla pasaydi. Lekin ahvol o‘sha- o‘sha. Naq bir hafta qo‘riqchilik qilgan Morgansonning ko‘zi biron mavjudotga tushmadi. Morganson kunlik tanovulini tag‘in ikkita kulchaga kamaytirdi. Gohida bu sezilmasdi ham. Turib-turib haligacha nafas olayotganidan ajiblanardi. Bani basharning shunchalar zahmatu azoblarga dosh berishi mumkinligini tasavvuriga sig‘dirolmasdi.
Yo‘lda yana tiriklik nishonalari paydo bo‘lganda ularni ishg‘ol etish Morgansonning qo‘lidan kelmasdi. Yigirma kishidan iborat shimoliy- g‘arb politsiya otryadi chanalarda, itlarini akkilatishib o‘tib ketishdi. Morganson tarashaday tirishib sassiz o‘tirar, azamatlar esa yo‘l chetida yashirinib olgan odamning hayot shami so‘nayotganidan bexabar edilar.
Morganson sovuq olgan boshmaldog‘idan xavotirlanardi. Qo‘lqopini yechib qo‘lini qo‘ltig‘iga tiqib olish odat tusiga kirdi. Yo‘lda ko‘rindi. Morganson uni o‘tkazib yubordi: xat tashuvchi anchayin taniqli shaxs, g‘oyib bo‘lganini bilishsa, Morgansonni darrov qo‘lga tushirishadi.
Oxirgi un-urpoq sarflab bo‘lingan kun chor atrofga yoyilgan va uvadasi chiqqan oppoq ko‘rpa ustiga momiqqina yangisi to‘shaldi. Qor yog‘ayotgan palla havo iliydi. Morganson qimir etmay qirg‘oq tepasida misoli o‘ljasini poylayotgan o‘rgimchakdek och-nahor va sabot bilan sakkiz soat vaqtini havoga uchirdi. Ammo o‘ljadan darak bo‘lmadi. Kulbai vayronasiga qanday yetib olganini ham bilmay, ignabarg damlamasidan bir-ikki ho‘pladi-da qiyshayib qoldi.
Ertasiga taqdir unga muruvvat ko‘rsatdi. Tong sahar kulbadan chiqiboq to‘rt yuz yard narida yurgan bug‘uga ko‘zi tushdi. Morganson ilkis tomirlarida qon tezoblik bilan yugurgilayotganini his etdi. Keyin esa vujudini tushuniksiz madorsizlik egalladi, tomog‘i qaqrab ketdi. O‘ziga kelib olish uchun bir zumga qorga yotib oldi. Keyin miltiqni to‘g‘rilab, bug‘uni asta mo‘ljalga oldi. Birinchi o‘q nishonga tegdi, bunga ishonchi komil. Biroq bug‘u yuqoriga, tepalik tomon chopib ketdi. Morganson g‘azablanib, daraxtlar orasida lip-lip ko‘zga tashlanayotgan hayvonning ortidan ketma-ket o‘q uzaverdi. Bu hol toki u hayot-mamoti uchun zarur bo‘lgan o‘qlarni havoga uchirayotganini anglamaguncha davom etdi.
Zimdan kuzata boshladi. Bug‘uning yo‘nalishini belgilayotib, o‘rmon ichidagi yalanglikda qulab yotgan qarag‘ayni payqab qoldi. Xayolan “qochoq”ning yo‘nalish chizig‘ini tortayotib, bug‘u aynan shu qarag‘ayning yon-veridan o‘tadi, degan to‘xtamga keldi. Yana bitta o‘qning bahridan o‘tsa o‘tibdi-da. Qaltiroq qo‘llari bilan miltiqni mahkamroq siqib, qarag‘ay uzra bo‘shliqni nishonga oldi. Bug‘u old oyoqlarini ko‘tarib sakragan kez Morganson varanglatib o‘q uzdi. Bug‘u havodayoq jonsizlanib, qorga quladi.
Morganson tepalik tomon otildi, to‘g‘rirog‘i, otilmoqchi bo‘ldi. Ko‘zini ochganda hushidan ketganini tushundi. Ming azob bilan o‘rnidan turdi, sekin-asta odimlay ketdi. Vaqti-vaqti bilan nafasini rostlab, biroz o‘ziga kelish uchun to‘xtadi. Nihoyat, qulab yotgan qarag‘aygacha arang sudralib yetib keldi. Uning yonida bug‘u jonsiz yotardi. Morganson jasad ustiga og‘ir cho‘kdi va butun boshli qo‘shinni yer tishlatgan bahodirday og‘zini yig‘ishtirolmay qoldi.
Asabiy kulgusini bosib, ov pichog‘ini chiqardi va darhol ishga kirishdi. U bug‘uning terisini shilib o‘tirmadi, teri-perisi bilan to‘rt bo‘lak qilib nimtaladi. Bu naq Klondayk o‘lkasini to‘ydiradigan bir dunyo go‘sht edi.
Go‘shtni bir yoqlik qilgach, yuz qadoq vaznli bo‘lagini tanlab olib, chodir tomon sudrab ketmoqchi bo‘ldi. Ammo buning uddasidan chiqolmadi. Shunda yigirma qadoqligini tanlab oldi-da, to‘xtamasdan chodirga sudrab olib keldi. Bir parcha go‘shtni qovurib, nafsini qondirdi. Keyin esa beixtiyor oyoqlari o‘zining postiga boshlab ketdi. Qorda yangi izlar paydo bo‘libdi: bug‘u bilan andarmonligida chanalar o‘tgan ko‘rinadi.
Lekin u aza tutib o‘tirmadi. Chanalar avvalroq o‘tib ketmaganidan xursand edi: bug‘u rejalarini o‘zgartirib yubordi. Bir qadoq go‘sht ellik tsent turadi, Mintogacha esa uch chaqirimdan ziyodroq yo‘lni bosib o‘tishi kerak. Endi noz-ne’matlar ortilgan chanalarni kutib o‘tirishga hojat yo‘q: bug‘u ularning o‘rnini bosa oladi. U go‘shtni sotib, Mintoda bir nechta it, yegulik va tamaki xarid qiladi hamda itlar uni janubga – dengiz, serquyosh o‘lkalar, tamaddun o‘chog‘i tomon olib ketadi.
Oshqozoni boz surnay chala boshladi. Muttasil davom etayotgan zolim ochlik chidab bo‘lmas maylga aylandi. Qo‘nalg‘asiga yetib keldi-yu bir bo‘lak go‘shtni qovurib yeb oldi, keyin quruqshagan shamadan to‘ldirib, naq ikki marta mundshtuk burqsitdi va yana bir parcha go‘shtni paqqos tushirdi. So‘ng o‘zida g‘ayrioddiy kuch-quvvatni his qildi. Tashqariga chiqib shox-shabba yig‘ib keldi. Shundan keyin yana go‘sht bo‘lagidan bahramand bo‘ldi. Go‘sht nafsini qitiqlar, yegani sari ishtahasi ochilardi. Morganson o‘zini tiya olmas – dam-badam go‘shtga qo‘l uzatardi. Kichikroq bo‘lakni kesmoqchi bo‘lar, lekin qo‘llari o‘ziga bo‘ysunmasdi.
Kunduzi uning miyasiga yirtqich hayvonlar ozuqa zaxirasini g‘ajib tashlaydilar, degan o‘y kelib qoldi-yu bolta va arqonni olib, tepalik tomon odimladi. Go‘shtni yashirish uchun o‘ra kavlashga madori yetmasdi; bunga naqd bir kun ketadi. Bir qancha daraxt g‘o‘lalarini jips bog‘lab, balandgina taxtasupa yasadi. Ko‘zlagani ko‘nglidagidek chiqmagan esa- da, bundan ortig‘i qo‘lidan kelmasdi. Go‘shtni yuqoriga ko‘tarish uchun o‘lardek zo‘riqish zarur edi. Shu yerda Morganson hiyla ishlatdi: arqonni daraxtning baland shoxidan oshirib irg‘itdi-da, bir tomoniga zalvorli go‘sht bo‘lagini bog‘lab, narigi uchiga bor vaznini tashlab, yuqoriga tortdi.
Chodirga qaytib, o‘zining yolg‘izlikdagi bazmi jamshidini davom ettirdi. Hamtovoqlarga muhtojlik sezmasdi: o‘zi-yu oshqozoni – bor- yo‘q ulfatlar shugina. U go‘shtni bo‘laklab, qadoqlab yeb bitirardi. Achchiqqina qilib choy damladi. Bu so‘nggi quruq choy edi. Hechqisi yo‘q, ertaga Mintodan sotib olaveradi. So‘nggi shamani ham chekib tugatdi. Nima bo‘pti! Ertaga qo‘lida asl tamaki bo‘ladi. Oxirida bir parcha go‘shtni tanovul qilib, uxlashga yotdi. U shunchalar kam go‘sht yediki, go‘yo ko‘p yesa, qorni yorilib ketadiganday edi. Ammo baribir ustidagi adyolni irg‘itib tashlab, yana kavshanishga tushdi.
Ertalab uyg‘onish Morganson uchun do‘zax azobiga aylandi: uyqusi o‘limdek qattiq edi. Qulog‘iga tushuniksiz tovushlar eshitildi. Qayerdaligini bir zumga unutib, tovadagi go‘sht burdalariga ko‘zi tushmaguncha alanglayverdi. Yana tushuniksiz tovushlar qulog‘iga chalingandagina barchasiga tushundi; bo‘ralab so‘kingancha o‘rnidan turdi. Darmonsizlikdan oyoqlari chalishib ketdi. Og‘riq zo‘ridan bukchayib qoldi. Keskin harakat qilmaslikka tirishib chodirdan chiqdi.
Go‘sht qoldirilgan tepalikdan ora-chora uvillayotgan bo‘rilarning irillab g‘ajishayotgani quloqqa chalindi. Og‘riqni ham pisand qilmay, Morganson qadamini jadallatdi va tahdidli hay-haylab baqirdi. Bo‘rilar ko‘zdan yo‘qoldi, ular bir gala ekan. Taxtasupa qorda oyog‘i osmondan bo‘lib yotardi. Yirtqichlar go‘shtni paqqos tushurganlaridan va egasiga chaynab-g‘ajib tashlangan sarqitlarnigina qoldirganliklaridan o‘zlarida yo‘q shod bo‘lishsa kerag-ov.
Morganson falokat qanday yuz berganinin taxmin qildi. Bo‘rilar go‘sht isini olishgan. Ulardan biri taxtasupaga o‘zini otgan. Morganson bu so‘yloqtishlar shunchalik balandga sakray olishini xayoliga ham keltirmagandi. Bo‘rilar birin-ketin sakrayverishgan va natijada shundog‘am omonot turgan taxtasupa qulab tushgan.
Shularni tasavvuridan o‘tkazgan Morgansonning nigohi bir onga qahrli tus oldi; keyin yana sabr-bardosh ifodasi yuzaga qalqdi. Qirtishlab tozalangan va g‘ajib tashlangan suyaklarni bir yerga to‘play boshladi: hartugul iligi bor-ku. Qorda timirskilanib, qorinlari qappaygach, bo‘rilar mensimay qoldirib ketgan ozroq go‘shtni topib oldi.
Tushgacha qolgan-qutgan sarqit suyaklarni chodirga tashidi. Chodirda ham tunov kuni olib kelgan go‘shtdan o‘n qadoqcha qolgandi. Oziq-ovqat zaxirasiga nazar tashlab, o‘zicha: “Ikki-uch haftaga yetadi”, deb qo‘ydi.
Morganson ochlik vodiysida kun o‘tkazishga ko‘nikib qoldi. Miltiqni artib-tozalab, bor o‘q-dorini sanab ko‘rdi – yettita qolibdi – va o‘zining doimiy postiga bordi. Tag‘in kun bo‘yi kimsasiz yo‘lga ko‘z tikib, besamar vaqt o‘tkazdi, nainki kun bo‘yi, balki butun xafta mobaynida shu tarzda kunni kech qilib, o‘zini ovutib yurdi. Aksiga olib yo‘lda bironta tirik jon ko‘rinmasdi.
Go‘sht uni oyoqqa turg‘izgan bo‘lsa-da, kasallik butun vujudini siquvga ola boshlagandi. Bundan keyin quruq suyakning o‘zidan qaynatma sho‘rva tayyorlab, tirikchilik qilishni o‘rganib oldi. Suyaklarni yanchib, yana va yana qaynataverdi. Ayniqsa, go‘shtli qaynatma joniga oro kirdi. O‘sha, bug‘uni otgan kundan buyon ancha-muncha et oldi.
Keyingi hafta Morgansonning hayotida yangi tashvish tug‘ildi: bugun qanday sana ekanligini bilgisi kelib qoldi. Bu o‘y xirapashshaday miyasiga o‘rnashib oldi. U o‘ylay-o‘ylay, hisoblay-hisoblay har safar hisobdan adashib ketaverdi. Shu o‘y bilan uyg‘onar, uzzukun shu o‘y miyasini parmalar va kechasi ham shu o‘y bilan uyquga ketardi. Ba’zida tunlari mijja qoqmay tong ottirardi. Aslida bu unchalik ahamiyatga ega bo‘lmasa-da, Morgansonning ochlikdek, yashashga bo‘lgan ishtiyoqdek xavotiri alangalanaverdi. Oxir-oqibat bu o‘z kuchini ko‘rsatdi ham. Morganson shaharga tushishga jazm etdi.
Mintoga kirib kelganda qora tun o‘z pardasini tortib ulgurgandi. Lekin bu ham uning foydasiga edi: qorong‘uda birov uni tanib qolmaydi. Qaytishda esa oy yo‘lini yoritib turadi. Huv o‘sha kungi qovoqxona eshigini ochib to‘g‘ri kiraverdi. Ichkarida atigi bir necha dona sham yog‘du sochib tursa-da, xonadagi yorug‘lik ko‘zini qamashtirib yubordi. Morganson haddan tashqari uzoq muddat zim-ziyo qo‘nalg‘ada yashagandi. Nihoyat, ko‘zlari yorug‘likka o‘rgangach, pech atrofida o‘tirgan uch erkakka ko‘zi tushdi va o‘sha ondayoq hammasiga tushundi: uchovlon chanada sayohatga chiqishgan, faqat boshqa tarafdan kelishgan. Ertaga chodir yonidan o‘tishlari turgan gap.
Hayron bo‘lgan qovoqxona sohibi hushtak chalib yubordi.
– Allaqachon murdaga aylangansan, deb o‘ylovdim.
– Nechun?
Morganson gapirishni unutib qo‘ygandi. Hozir ham o‘zining ovozi begonadek va xirildoq tuyuldi.
– Ikki oydan ziyodroq sendan biron xat-xabar bo‘lmadi, – tushuntirdi qovoqxona egasi. – Bu yerdan janub tomon yo‘l solding-u, Selkerkka yetib bormading. Qayoqlarda qolib ketding, o‘zi?
– Kemalar shirkati uchun yog‘och kesib yurdim, – Morganson to‘qigan yolg‘oniga o‘zi ham ishonqiramadi.
U hanuz ovozini izmiga bo‘ysundirolmay halak edi. Peshtaxtaga yaqinlashib, tirsagi bilan suyandi. Obdon o‘ylab, keyin aldash lozimligini juda yaxshi tushunardi; zohiran sovuqqon va beparvo ko‘rinsa-da, yuragi taka-puka bo‘lar, ichida dovul qo‘pgan edi. Anov uch og‘a-iniga yeb qo‘ygudek qarashdan o‘zini tiyolmadi. Axir, ular hayot deb atalmish ne’matning sohiblari.
– Jin ursin seni, qay go‘rga yo‘qolding? – so‘roqni davom ettirdi qovoqxonachi.
– Narigi sohilda edim. O‘ziyam bir dunyo o‘tin kesdim.
Qovoqxonachi tushungansimon bosh silib kulib qo‘ydi.
– O‘sha tomonlarda daraxt kesishyapti, deb eshitgandim. Demak, o‘sha sen ekansan-da. Xo‘sh, biron nima ichasanmi?
Morganson ikkala qo‘li bilan peshtaxtaga chippa yopishdi. Ichasanmi,deydi-ya! Morganson sal qolsa bu xaloskorning oyoqlarini yalashgacha borardi. U javobga og‘iz juftlagan edi, ammo qovoqxonachi uning royishini kutib o‘tirmay shisha uzatdi.
– Nima yeb tirikchilik qilding? Nazarimda, hatto novda kesadigan ahvolda emassan. Ko‘rinishing ham havas qilgudek emas, og‘ayni.
Morganson tashnalik bilan o‘ziga mushtoq qilgan shishaga qo‘l cho‘zib, qult etib yutinib oldi.
– Zangilaga yo‘liqishimdan avval o‘rmon kesishni boshlagandim. Undan tashqari bug‘u ovladim. Ana shunaqa, yashashim chakki emas. Faqat bu dard o‘lgur boshga bitgan balo bo‘ldi. – Stakanni to‘ldirib, ilova qildi: – Ignabarg damlamasidan ichib turibman. Ancha nafi tegdi.
– Quy yana, – manzirat qildi qovoqxona egasi.
Och qoringa ichilgan ikki stakan viski zaif tanada shu zahoti o‘z ishini ko‘rsatdi. Morganson hushiga kelganda pech yonidagi yashikda o‘tirgan edi. Oradan bir asr o‘tib ketganday tuyuldi. Daroz, qorasoqol, yag‘rindor kishi qovoqxona egasi bilan hisob-kitob qildi. Morgansonning ko‘z o‘ngini tuman qoplagan bo‘lsa-da, qorasoqol qalingina pul dastasidan bittasini ajratib olganini ko‘rdi.
Tuman bir zumga tarqadi. Bu yuz dollarlik pullar edi. Hayot! Uning hayoti! U pullarga chang solib, qorong‘u burchakka otilishdek yengib bo‘lmas istakni tuydi.
Qorasoqol qo‘zg‘aldi: ortidan jo‘ralaridan biri ham o‘rnidan turdi.
– Ketdik, Olson, – dedi qorasoqol norg‘ul, yuzi qizil, malladan kelgan yo‘ldoshlariga.
Olson esnab, kerishgancha o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Nima, darrov yotmoqchimisizlar? – dedi ranjigansimon qovoqxona egasi. –Hali erta-ku.
– Ertaga Selkerkda bo‘lishimiz lozim.
– Rojdestvoning birinchi kunida-ya!
– Kunduzi yo‘l yurish xiyla osonroq.
Uchovlon chiqib ketishdi. Ana shundagina Morgansonning ongiga ularning so‘zlari yetib bordi. Mana bugun qanday kun ekan – Rojdestvo arafasi! Ayni shuni bilish uchun Mintoga qadam qo‘ymaganmidi, axir. Lekin hozir xayolini manavi uch siymoyu yuz dollarlik bir dasta pul bosib ketdi.
Eshik qarsillab yopildi.
– Bu Jon Tomson, – dedi qovoqxonachi. – U Oltingugurt soyida va Bonanzada ikki millionlik oltin qazib olgan. Pullar unga shundoq ham oqib kelaveradi. Endi yotsam bo‘laveradi. Balki yana picha otvolarsan?
Morganson bosh chayqadi.
– Bayram uchun, – oyoq tirab oldi qovoqxona egasi. – Tashvish tortma. O‘tinlarni sotib bo‘lishing zahoti to‘layverasan.
Morganson mastligini oshkor etmay xayrlashib, yo‘lga chiqishga o‘zida iroda topa bildi. Oydin kecha. U kumush sukunat ichra yuz dollarlik dasta pulga evrilgan tiriklik va hayot xayolotida ketib borardi.
Morganson uyg‘onib ketdi. Hali tun qora pardasini yig‘ishtirmabdi. U egni-boshini yechmayoq qotib qolgan ekan. Dik etib o‘rnidan turib, olov yoqib, suv qaynatdi. Dekchaga qarag‘ay ignabargidan sepayotib subhning ilk oqishtob shu’lalarini payqadi-yu, miltig‘ini olib, qirg‘oq tomon shoshdi. Pistirmaga o‘rnashib olgandagina shifobaxsh damlamasidan ichmagani esiga tushdi. Xayoliga, Jon Tomson Rojdestvoning birinchi kunida yo‘lga chiqsa kerak, degan o‘y keldi.
Tong otdi. Havo sovuq va ochiq. Morganson, ayoz oltmish darajadan past bo‘lmasa kerak, deb taxmin qildi. Og‘ir qutb sukunatini sassizgina epkin ham buzishga jur’at etgani yo‘q. Tuyqus Morganson qaddini rostladi. Solqigan oyoqlarini og‘riq xippa bo‘g‘di. Yiroqdan allakimlarning hayqirig‘i, itlarning akillashi elas-elas yaqinlashardi. Morganson qo‘llarini beli-biqini aralash ura boshladi. Oltmish daraja sovuqda tepkini bosish uchun qo‘lqopni yechishning o‘zi bo‘ladimi?
Ular o‘rmon do‘ngligi ortida ko‘rinishdi. Oldinda Morganson ismini bilmaydigani. Ortidan chanaga qo‘shilgan sakkizta it. Jon Tomson yonboshda tayoq ko‘magida ularni yo‘lga solib kelmoqda. Eng oxirida shved Olson. “Xushro‘y barzangi”, deb o‘yladi Morganson nigohlari bu devqomatning egni-boshida sirpanar ekan. Odamlar va itlar qorasi oq gilamda aniq-tiniq namoyon bo‘larkan. Ular surat singari yassi ko‘rinar, turnaqator harakatlanishardi. Morganson qurolni tirgakka qo‘yib otishga chog‘langan zamon barmoqlari uvishib qolganini sezdi. Odamlar va itlar borgan sari yaqin kelaverishdi. Pag‘a-pag‘a bug‘ ularning og‘zidan chiqayotgan hovur ekanligini ko‘rdi. Oldindagi ellik yardga yaqinlashganda Morganson ko‘rsatgich barmog‘ini tepkiga qo‘ydi.
Gumburlagan tovush yangradi; oldindagi odam sulayib, oyog‘i osmondan bo‘ldi. Morganson hovliqib, Jon Tomsonni nishonga oldi. Biroq o‘q hato ketdi. Jon gandiraklab, chanaga mindi. Morganson nishonni yuqoriroq olib, yana o‘q uzdi. Jon Tomson chalqanchasiga ag‘anadi.
Morganson bor diqqat-e’tiborini Olsonga qaratdi. Olson Minto tomon jiddu jahd-la yugurardi. Itlar esa ko‘ndalangiga uzala tushib yotgan o‘lik yoniga kelib to‘xtashdi. Morgansonning o‘qi yana xato ketdi; Olson keskin burilib, dam chapga, dam o‘ngga tashlanardi. Morganson uning ortidan ikkita o‘qni paydar-pay qo‘yib yubordi. Tegmadi. Tepkini tavakkal bosmoqchi bo‘ldi, lekin o‘zini qo‘lga oldi. Atigi bir dona o‘q qolibdi. Bu safar yanglishishga haqqi yo‘q.
Morganson zo‘r diqqat bilan qochoqni kuzatar edi. U olg‘a siljiyotgan Olsonga miltig‘i milini to‘g‘riladi. Barmog‘i uvushib qolibdi, tepkini sezmadi.
– Tangrim, o‘zing madad ber! – nido qildi va tepkini bosdi.
Olson yuztuban yiqildi, zarang yo‘lda bir necha marta o‘mbaloq oshdi. Qo‘llari yordamida turishga chirandi, birozdan keyin qimirlamay qoldi.
Morganson qurolni tashladi (so‘nggi o‘q sarflab bo‘lingach, nimagayam yarardi) va yumshoq qor ustida pastga tayg‘onib ketdi. Ish bitdi, yashirinishning zarurati yo‘q. U oqsab-to‘qsab, yovuzlarcha qo‘llarini musht tugib chanalariga otildi. Biroq itlarning irillashi uni joyiga mixladi. Eshakday yo‘lboshchi it hurpayvolib, Morgansonga tishlarini irjaytirgancha yo‘lda ko‘ndalang yotgan jasad ustida bo‘y ko‘rsatdi. Qolgan yettitasi ham hurpayib irillashardi. Morganson chanaga bir qadam yaqinlashishga urinmoqchi edi, butun to‘da unga tashlandi. Dam tahdid, dam erkalash bilan itlarni tinchlantirmoqchi bo‘ldi. Yo‘lboshchining oyoqlari orasida o‘likning dokadek oppoq yuziga ko‘zi tushib, tiriklik nishonasi ayozga osongina joy bo‘shatganiga tang qotdi. Jon Tomsonning tanasi chanadagi yuklar ustida, boshi esa lash-lushlar orasida qiyshayib yotardi. Morganson faqat dikkayib qolgan qora soqolni ko‘ra oldi, xolos.
Bu iblis malaylari yaqin yo‘latmasligiga amin bo‘lgach, Morganson qalin qor kechib, chanalarni aylanib o‘tmoqchi bo‘ldi. Yo‘lboshchi unga tashlandi, butun to‘da ham shatak qayishga o‘ralashib, rahnamolari ketidan sapchishdi. Oqsoq oyoqlari Morgansonga jadalroq harakatlanishga imkon bermasdi. Itlar o‘rab olayotganini ko‘rib chekinmoqchi edi, yo‘lboshchi it bir hamla bilan oyog‘iga tish botirdi. Boldirini tishlab uzib olay desa-da, baribir qutulib keta oldi.
U itlarga haqoratlar yog‘dirdi, ammo yuvoshlantirolmadi. Butun to‘da irillab, unga tashlanishga chog‘lanardi. Shu choq Morganson lop etib Olsonni eslab qoldi. Qayrilib, yo‘l bo‘ylab keta boshladi. G‘ajib tashlangan oyog‘i parvoyiga ham kelmadi. Yaradan qon sharillab oqardi – qon tomiri jarohatlanibdi, lekin o‘zining bundan xabari yo‘q.
Hammasidan ko‘ra Morgansonni shvedning dokadek oqargan afti ajablantirdi. Kechagina lolarzordek qip-qizil edi. Hozir esa marmar kabi oppoq. Oq-sariq sochlar va kipriklar marmar haykalga mushtaraklik kasb etmoqda. Bu odamni bir necha daqiqa ilgari tirik yurganini tasavvur qilish qiyin. Morganson jasadni tintishga tushdi. Na pul chandilgan belbog‘, na oltin to‘la xalta topildi. Parkaning* ko‘krak cho‘ntagida chog‘roq karmon qappayib turibdi. Ichidagi borini titkilab ko‘rdi – ajnabiy muhrli va markali maktub, bir qancha kvitantsiya, qandaydir hisob- kitoblar, ma’lumotnomalar, sakkiz yuz dollarga akkreditiv… Bor-yo‘g‘i shu. Puldan asar ham yo‘q.
Morganson chanalari yoniga qaytib bormoqchi bo‘ldi-yu, biroq o‘rnidan jilolmadi: oyog‘i yerga yopishib qolibdi. Qarasa, oyog‘i muzlagan qizil ko‘lmakda turganini ko‘rdi. Bir siltash bilan bu alvon muz kishandan xalos bo‘ldi va chanalar tomon oshiqdi. Bahaybat yo‘lboshchi irillab oldinga talpinar, butun to‘da unga taqlid qilardi.
Morganson nochorlikdan o‘kirib yubordi. Bu go‘yo qaltis hazilga o‘xshardi. Qattol qismat uning ustidan mag‘zava to‘kib yuborgandi go‘yo. Hatto Jon Tomson ham soqolini hilpillatib, uning ustidan kulayotir.
Aqldan ozgan Morganson chanalar tegrasida tentirardi. Goh o‘kinib,goh ho‘ngrab chanalardagi hayot ne’matlarini itlardan yalinib-yolvorib so‘rardi. Keyin tinchib qoldi. Qanday ahmoqgarchilik! Hozir chodirga borib, boltani olib keladi-da, itlarning boshini majag‘lab tashlaydi. Hali ko‘rsatib qo‘yadi bu itdan tarqaganlarga!
Chodirga borish uchun quturgan itlarni uzoqdan aylanib o‘tish lozim edi. Morganson yumshoq qorda yura yuboshladi-yu, boshi aylanib, taqqa to‘xtadi. Agar yana bir qadam qo‘ysa, yiqilishidan qo‘rqdi. Shu vajdan oyoqlari qalt-qalt titrab, uzoq turib qoldi. Pastga ko‘z tashladi – oyoq osti qirmizi gilam tus olibdi. Yarasidan qon oqishi to‘xtamagandi. It shunchalik chuqur tishlaydi, deb kim o‘ylabdi deysiz!
Bosh aylanishi o‘tib ketgach, jarohatini tekshirmoq uchun engashdi. Oppoq qor unga tashlanayotganday tuyuldi va u musht yeganday orqaga tislandi. Vahima butun vujudini egallab oldi – qulab tushmasa go‘rga edi – u zo‘r berib qaddini rostladi. Milt-milt yiltillayotgan oppoq qor rangga kirdi.
O‘ziga kelganda Morganson qorda yotardi. Boshi aylanmas, ko‘z oldini qoplagan tuman tarqalib ketibdi. Shunday esa-da, o‘rnidan turolmadi: majoli yetmadi. Jismi jonsiz edi. Ming mashaqqat-la yoniga ag‘darildi. Chana va serrayib yotgan qorasoqol Jon Tomsonni ko‘rdi. Yo‘l boshlovchi ko‘ppak ko‘ndalang yotgan egasining yuzini yalab-yulqardi. Morganson qiziqsinib kuzataverdi.
It betoqat bo‘lardi. Ora-sira o‘likni uyg‘otmoqchiday vovullardi. Axiyri o‘tirib, kallasini ko‘kka cho‘zdi-da, uvilladi. Ortidan butun gala motam kuyini boshladi.
Qorda uzala tushib yotgan Morganson ortiq hech narsadan qo‘rqmasdi. U o‘zining o‘lik tanasini qay yo‘sinda topib olishlarini tasavvur qildi. Xo‘rligi kelib ko‘zidan yosh oqdi. Lekin vahima uni tark etgandi. Jang tugadi. Ko‘zini ochmoqchi bo‘ldi. Ammo muzlab qolgan kipriklarini bir-biridan ajratolmadi. Qaytib ko‘zini ochishga urinmadi. Endi baribir emasmi?! Jon taslim qilish bunchalik yengil kechadi, deb o‘ylamagan ekan.
Azob-uqubatlarga to‘la shuncha umrini kurash va qiynoqda o‘tkazganiga o‘zidan achchiqlandi. O‘limni ro‘kach qilib, uni laqillatishibdi. O‘lim hech narsa emas ekan. Barcha tortgan azoblari o‘lim deb atalmish ne’matni boshlab keldi. Hayot o‘limga tuhmat qildi. Qanday bedodlik!
Keyin esa qahr-g‘azab chekindi. Endi, haqiqat ayon bo‘lgach, yolg‘on va munofiqlik ahamiyatsiz edi. Uni mudroq yenga boshladi, orom va ozodlikni va’da qilib, shiringina uyqu bosdi. Olislardan itlarning ulishi elas-elas qulog‘iga chalindi. Vujudini chirmab olgan ayoz zig‘ircha-da og‘riq bermayapti, degan o‘y shuuridan yilt etib o‘tdi. Keyin shuuri xira tortdi, ortidan kipriklaridagi dur oralab qaboqlarini yorib o‘tayotgan nur ham so‘ndi. So‘nggi og‘ir xo‘rsiniq ila ruhi yengillashib, abadiy uyqu saltanatiga ko‘chdi.
_______________
Bekon – dudlangan cho‘chqa go‘shti
Zangila – milk kasalligi.
Parka – shimoliy xalqlarning qishlik mo‘ynali kiyimi.

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi