* * *
– Allo, allo, allo… Yo‘q, siz boshqa joyga qo‘ng‘iroq qilayapsiz, undan ko‘ra, go‘shakni qo‘yib qo‘ying… Yo‘q, bu xonadon… Allo… xonim, aksincha go‘shakni siz qo‘yib qo‘yishingiz kerak. Allo, xonim, allo…
Alohida-alohida ulang… yo‘g‘e men doktor Shmidt emasman… bu nol yetti emas, nol sakkiz… allo…
Naqadar kulgili…Menga nuqul adashib qo‘ng‘iroq qilishadi, men bo‘lsam ularga javob qaytaraman. (Go‘shakni joyiga qo‘yadi, qo‘lini olib ulgurmasdanoq qo‘ng‘iroq chalinadi.)
Allo, siz mendan nima xohlaysiz o‘zi? Axir men nima qila olishim mumkin?.. Nima uchun siz men bilan bunaqa ohangda gaplashyapsiz?.. Sizningcha men aybdormanmi?.. Nima uchun?..
Hech ham unaqa emas, hech ham!.. Allo… xonim… Men umuman gaplasha olmayapman…
Meni nuqul uzib qo‘yishyapti.Telefon tarmog‘iga nimadir bo‘lgan shekilli, o‘sha ayolga aytib qo‘ysangiz, qaytadan ulansin. (Go‘shakni qo‘yishi bilanoq, yana qo‘ng‘iroq jiringlaydi.) Allo… allo… Bu senmisan?.. Sening o‘zingmisan?.. Ha…
Juda ham yomon eshitilyapti… Sen juda ham olisdasan, olisda… Allo, shunchalik ham bo‘ladimi? Bir vaqtning o‘zida tarmoqda shuncha ovozlarni eshitib turibsan. Qaytadan qo‘ng‘iroq qil. Allo… Qay-ta-dan… Qaytadan deyapman. Xonim, go‘shakni qo‘yib turing… Yaxshi…Men doktor Shmidt emasman deb aytdim-ku. Allo…
(Go‘shakni joyiga qo‘yadi. Yana qo‘ng‘iroq jiringlaydi.)
Allo… Xayriyat-e… Bu senmisan? Ha, endi juda ham yaxshi eshitilyapti. Endi juda yaxshi! Allo… Allo… Ha… Shuncha ovozlar orasida sening ovozingni eshitish qanchalik azob ekanligini bilsang edi. Ha, ha, yo‘q… Haqiqatdan ham, haqiqatdan ham yaxshi bo‘ldi. Meni qaytib kelganimga o‘n daqiqalarcha bo‘ldi. Bugun sen qo‘ng‘iroq qilmaganmiding? A, yo‘q, yo‘q, men Martanikida mehmondorchilikda edim va o‘sha yerda tushlik qildim. Hozir soat o‘n birdan o‘n besh daqiqa o‘tgan bo‘lsa kerak. Sen uydan qo‘ng‘iroq qilyapsanmi?.. Unday bo‘lsa, elektron soatga qaragin-chi… Men ham shunday deb o‘ylagandim. Ha, ha, azizim. Kecha kechqurun o‘rnimga cho‘zilib, tezroq uyquga ketish uchun dori ichib oldim… Yo‘q… Bor-yo‘g‘i bir dona xolos… Soat to‘qqizda… Boshim biroz og‘ridi. Ammo tezda o‘zimni qo‘lga oldim… Marta keluvdi, u bilan birgalikda nonushta qildik. Men u-bu xarid qilish uchun do‘konga borib keldim. Maktublarni hammasini sariq portfelga joylab qo‘ydim. Men nima?.. Tetikman… Men senga ont ichib aytamanki, tetikman. Keyin nima qildim? Keyin kiyinib oldim va meni olib ketish uchun Marta keldi. Bor gap shu. Hozirgina men uning oldidan keldim. U juda ham ajoyib ayol, meni juda hurmat qiladi. Haqiqatdan ham u olijanob inson. Ha, uning tashqi ko‘rinishi shunaqa bo‘lgani bilan o‘zi juda ham yaxshi ayol. Har doimgidek sen haqsan… Ustimda pushtirang ko‘ylak va mo‘yna. Boshimda esa qora shlyapa. U hali ham boshimda… Yo‘q… yo‘q… Men hech qachon chekmaganman… Lekin hozirning o‘zida uch donasini chekib tugatdim… Rost gapirayapman… Men ham… Sen naqadar oliyjanobsan… Sen ham hozirgina keldingmi? Sen kun bo‘yi uydamiding? Qanaqa yig‘ilish haqida gapirayapsan? A, ha. Sen o‘zingni ehtiyot qil, ko‘p ham urintirmagin o‘zingni… Allo… allo. Uzib qo‘ymanglar. Azizim… Allo… Agar bizni uzib qo‘ygudek bo‘lishsa, sening o‘zing menga hozirning o‘zidayoq qo‘ng‘iroq qilgin. Albatta. Allo… Yo‘q, eshityapman… Xatlarimizni portfelga joylab qo‘yganman, olib ketish uchun istalgan paytda birortasini jo‘natishing mumkin. Ha albatta, oson emas… Azizim… Uzr so‘rashingga hojat yo‘q. Bu shunchaki tabiiy hol, xolos. Ayb mening o‘zimda, sen juda ham olijanobsan. Men o‘zimni bunchalik irodali va matonatli bo‘laman deb sirayam o‘ylamaganman… Mendan hayratlanishga hojat ham yo‘q. Men xuddi telbalarga o‘xshab qolganman, shosha-pisha kiyinib ko‘chaga chiqaman va yana shunday qaytib kiraman. Balki ertaga bugungiday irodali bo‘la olmasman… Senmi? Yo‘g‘e… Yo‘q, azizim, yo‘q… Men seni mutlaqo ayblamoqchi emasman… Men, men… Nima? Bu hammasi tabiiy hol… Shunday bo‘lishi mumkin edi. Aksincha, biz hech qachon bir-birimizni aldamaymiz deb so‘z bergan edik-ku… Agar buni sen mendan berkitib yurganingda edi, buni menga nisbatan qilingan bir jinoyat hisoblab, aslo kechirmagan va kechira olmagan bo‘lardim. Bu menga juda qattiq zarba bo‘lardi. O‘sha fikrlarni anglab yetib, ko‘nikma hosil qilish uchun menda vaqt ham, imkon ham bor edi… Qanaqa komediya?.. Allo… Kim?.. Men artistlik qilayapmanmi? Men-a?.. Bunaqangi ishlarga qodir emasligimni sen yaxshi bilasan-ku. Mutlaqo yo‘q. Yo‘g‘-e, men butunlay xotirjamman… Nima bo‘lganida ham sen o‘zing buni sezgan bo‘larding deyapman… Mening ovozim nimanidir yashirayotgan odamning ovoziga o‘xshayotgan bo‘lsa?.. Yo‘q, men bundan buyog‘iga yana ham dadil va qat’iyatli bo‘lishga ahd qildim, bunga erishaman ham. Ko‘rasan, hali qarab turgin… Baribir emas… Yo‘q… Inson ro‘y berishi mumkin bo‘lgan baxtsizligu kulfatni oldindan sezib tursa ham baribir dovdirab, esankirab qolishi turgan gap. Yo‘q, menimcha, sen oshirib yubording chog‘i… Har holda, sening bu fikringga ko‘nikish uchun menda imkon ham, muddat ham bor edi o‘shanda. Sen avvalida meni shunga tayyorlading. O‘zingcha dalda berishga harakat qilding. Bizning muhabbatimiz juda ko‘p to‘siqlarga, qarama-qarshiliklarga duch keldi va ularga chidab ham berdi. Endi bo‘lsa, ikkisidan birini tanlash kerak, besh yil davomida erishilgan baxtdan voz kechish yoki hammasini qaytadan boshlash. Ertangi kunga ishonchsizligim men uchun juda ham qimmatga tushgan. Allo… Cheksiz baxt… Yo‘q, men bundan sira afsusda emasman. Sen xato o‘ylayapsan… Men o‘z qilmishimga yarasha jazoimni olayapman. Men bir afsonaviy baxtga intildim va o‘shanda men go‘yo bir telba edim. Jonim… mehribonim… azizim… eshitgin… sevgilim… Ijozat ber, aytishim kerak bo‘lgan gaplarimning hammasini aytib bo‘lay… Iltimos… Sen o‘zingni ayblama, hammasiga men o‘zim aybdorman… Ha… ha… O‘sha Versalda yakshanba kungi telegrammani bir eslagin… Ha… ana o‘shanda sening oldingga birinchi bo‘lib men o‘zim bormoqchi edim… Hatto seni bir og‘iz so‘z aytishingga ham qo‘ymadim… Menga hammasi baribir… Yo‘q… yo‘q… yo‘q… Bu borada sen nohaqsan… Birinchi bo‘lib men qo‘ng‘iroq qilgandim. Yo‘q o‘shanda seshanba kuni edi. Seshanba, ishonchim komil. Seshanba, 27 kun. Sening telegrammang esa dushanba kuni kechqurun yetib kelgandi. Yigirma oltinchida… O‘sha kunlarni men yoddan bilishimni bilasan-ku. Onangmi? Nima uchun? Tashvishlanma. Hozircha men o‘zim ham bilmayman… Ha… ehtimol.
O, yo‘q, albatta birdaniga emas. Senchi? Ertagami? Bunchalik tez hal bo‘ladi deb o‘ylamagandim. Hozir, bir daqiqa… Bu axir juda ham oson-ku… Portfel ertaga ertalab qorovul ayolning qo‘lida bo‘ladi. Jozef kelib olib ketadi. Menmi? O‘zing yaxshi bilasan. Balki hech qayerga bormasman. Ehtimol bir necha kunga shahar tashqarisiga, Martanikiga borib kelarman. Ha, kuchukchami? U shu yerda. U juda ham bezovta, kun bo‘yi xonadan dahlizga, dahlizdan xonaga kirib chiqib yurdi. Quloqlarini ding qilgancha ko‘zlarimga tikilib gaplarimni diqqat bilan tinglaydi. U hamma yerdan seni izlaydi. Unga seni topishiga go‘yoki yordam bermayotganimdek u mendan o‘pkalayotganday edi… Menimcha, sen uni olib ketganing ma’qulroq. Agar ana shu tilsiz jonivor baxtsiz bo‘lgudek bo‘lsa… Yo‘q… yo‘q… O, men uni ko‘chaga aylanishga olib chiqolmayman. Shuning uchun ham u sen bilan yashasa yaxshi bo‘lardi… Yo‘q… Tez orada u meni unutadi, qo‘yadi.
…Ko‘ramiz, ko‘ramiz, bu unchalik ham murakkab ish emas… Sen unga bu mening do‘stimning iti deb aytasan. U Jozefni juda yaxshi ko‘radi. Shuning uchun ham uni olib ketish uchun Jozefning o‘zi keladi. Men uning bo‘yniga qizil bo‘yinbog‘ bog‘lab qo‘yaman. Unda hech qanaqa raqam yo‘q. Yaxshi, kutib turamiz. Ha, ha, ha, azizim… Tushundim… Yaxshi azizim. Qanaqa qo‘lqop? Sen mashina haydaganingda ishlatadigan mo‘ynali qo‘lqopingmi? Bilmayman, men ularni ko‘rmadim. Hozir u yoq, bu yoqni qarab ko‘rarman… Kutgin… Bizni uzib qo‘yishmasin…
(U stol ustidagi lampa chiroq yonida turgan qo‘lqopni olib ehtiros bilan lablariga bosadi. So‘ng yonoqlariga bosgancha telefon go‘shagini olib gapira boshlaydi.)
Allo… allo… Yo‘q… Men uni javonning ichidan ham, hamma yerdan izlab ko‘rdim, lekin hech qayerda yo‘q… Quloq sol. Yaxshi… Men uni yana izlab ko‘raman, topilishiga ishonchim komil… Mabodo topilib qolgudek bo‘lsa, qorovul ayolga qoldirib ketaman… Portfelning ichida bo‘ladi… Ha jonim… Maktublarimnimi, sen ularni yoqib yubor… Ushbu gaplarim g‘irt bema’nilik bo‘lsa ham, sendan bir narsani iltimos qilmoqchiman, u ham bo‘lsa shuki, maktublarimni yoqib bo‘lganingdan keyin, kulini bir vaqtlar men senga sovg‘a qilgan, toshbaqa suyagidan yasalgan qutichaga joylab qo‘ygin. Bu ishim g‘irt be’manilik ekanligini o‘zim ham fahmlab turibman… Meni kechir. Men juda kuchli va matonatli edim. (Yig‘laydi) Mana… bo‘ldim… hasrat qilib bo‘ldim… Men o‘sha qutichani o‘zim bilan birga saqlab yurmoqchiman, xolos… Sen juda ham olijanob insonsan… Nima?
(Quyidagi so‘zlarni aktrisa o‘zi yaxshi biladigan tilda so‘zlashi mumkin.)
Singling, opangning qog‘ozlarini oshxonadagi plitaning ustiga qo‘yib yoqib yubordim. Avvaliga o‘sha qog‘ozlarning ichidan sen aytgan rasmlarni olib qolmoqchi edim, ammo sen… Yaxshi… Ha! Sen hozir haqiqatdan ham xalatdamisan?.. Uxlamoqchimiding?.. Bunchalar ham yarim kechgacha o‘tirib ishlamasang… Axir ertaga barvaqt turishing kerak bo‘lsa, ertaroq yotib uxlashing kerak-ku. Allo… Allo… A, shundaymi? Men baland ovozda gapiryapmanmi? Endi eshitayapsanmi? Sen meni yaxshi eshityapsanmi, deyapman? Qiziq, men seni juda ham yaxshi eshityapman-ku, xuddi yonginamda o‘tirib gapirayotgandaysan? Ammo… Allo… Allo… Ana endi seni butunlay eshitmayapman.
Ana endi yaxshi, faqat sening ovozing juda olisdan kelayotganday. Sen meni yaxshi eshityapsanmi? Yaxshi… Hamma ishni ham o‘z vaqti soatida bo‘lgani ma’qul. Yo‘q… Go‘shakni qo‘yib qo‘ymagin. Allo… Xonim men hali gapimni tugatganim yo‘q… Hozir ham gaplashayapman… Men seni eshityapman… Men seni juda ham yaxshi eshityapman. Ha, bu albatta yaxshi emasdi. Men har qancha urinib ko‘rmay, baribir yaxshi eshitilmasdi, nazarimda, sen go‘yoki o‘lib qolgandek eding. Ha, yaxshi, juda yaxshi. Bizni bunchalik uzoq gaplashib olishimizga qo‘yib qo‘yganlariga hayronman, odatda, uch minut o‘tgach, uzib qo‘yib, so‘ng boshqa tomonga ulab yuborishardi. Ha, ha, men oldingidan ancha yaxshi eshityapman. Lekin telefoningdan qanaqadir shovqin eshitilayotgani uchun sening telefoning emasday tuyulyapti. Bilasanmi, shu tobda men seni g‘oyibdan bo‘lsa-da aniq-tiniq ko‘rib turgandayman.
(U ko‘rayotganlarini taxminan tasvirlab berishga harakat qiladi. Bo‘ynidagi sharfini qanaqaligini aytib bermoqchi bo‘ladi.)
Sharfingning rangi qizil, chap tomondan boshlab o‘ralgan. Ko‘ylagingning yenglari shimarilgan. Chap qo‘lingda telefon go‘shagi, o‘ng qo‘lingda avtoruchka, bloknotga rasmlar chizayapsan, shundaymi? Boshchalar, yurak, yulduzlar… Sen jilmayyapsanmi? Quloqlaring o‘rnida ko‘zlaring joylashgan… (U tezda kaftlari bilan yuzini bekitadi.) O, azizim… Faqat men tomonga qaramagin…
Men qo‘rqaman? Yo‘q, aslo qo‘rqmayman. Bu undan-da battarroq… Faqat men yolg‘iz yotishga o‘rganmaganman. Ha… ha… ha… ha… ha… So‘z beraman senga. Men… men… men… senga va’da beraman. Sen juda ham olijanob yigitsan… Bilmayman. Men o‘zimni ko‘zguga solib ko‘rishni yoqtirmayman… Men vannaxonadagi chiroqni o‘chirishdan qo‘rqaman. Kecha kechqurun ko‘zguga boqib, go‘yo qari kampirga duch kelib qolganday bo‘ldim. Sen juda ham yaxshi insonsan… Lekin azizim, aslida ham shunday. Mening yuzim chiroylimi? Qanaqasiga chiroyli bo‘lsin? Ayniqsa, rassomlar shunaqa deyishsa yomon… Sen menga qarab turib, mana bu yoqimsiz basharani qaranglar, deganing menga xush yoqardi o‘shanda… Ha mo‘tabar zot, men hazillashdim, sen juda ham soddasan-a…
Baxtimga sen uquvsizroq bo‘lganing uchun ham meni sevib qolgansan. Agar sen meni sevmaganingda va meni uquvim bo‘lganida telefon degan mato ovozsiz, o‘zidan iz qoldirmaydigan dahshatli qurolga aylangan bo‘lardi… Menmi? Jahlim chiqayapti? Allo… allo… allo… Jonim nega jim bo‘lib qolding? Allo… allo… Jonim… (Qaytadan raqam teradi.) Allo jonim… (Qaytadan raqam tera boshlaydi.) Allo… allo… jonim… Bu raqam xato terilgan. Meni nol to‘rt olti bilan ulashayapdi. Menga esa nol to‘rt yetti kerak… Otey… (Kutadi.)
Allo… Otey, bu nol to‘rt yettimi? A! Jozef bu sizmisiz? Bu menman… Men xonim bilan gaplashayotganimda bizni uzib qo‘yishdi. Uyda yo‘qmi? Ha… Ha… Bugun u qaytib kelmaydimi?
O, xudoyim-ey, naqadar parishonxotirman-a, u restorandan qo‘ng‘iroq qilayotganida bizni uzib qo‘yishdi. Endi esa uni uyiga qo‘ng‘iroq qilayapman.Meni kechiring Jozef, minnatdorman, minnatdorman… Yaxshi, tuningiz xayrli o‘tsin, Jozef. (U go‘shakni joyiga qo‘yarkan, o‘zini yomon his qila boshlaydi. Yana qo‘ng‘iroq ovozi.) Allo… allo azizim… Bu senmisan? Bizni uzib qo‘yishdi… Yo‘q, yo‘q men kutayotgandim… Qo‘ng‘iroq jiringlaganda men go‘shakni ko‘targandim, hech kim gapirmadi. Albatta, albatta…
Sen yotib uxlamoqchimisan?.. Qo‘ng‘iroq qilganing uchun rahmat. Sen juda ham yaxshi insonsan. (Yig‘laydi. Pauza.) Yo‘q, men eshityapman… Nima?.. Uzr, albatta bularning bari shunchaki bir tentaklik, xolos. Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q mendan aslo xavotir olmagin, hammasi joyida. Ont ichamanki hammasi joyida. Yo‘q, balki senga shunday tuyulgandir. Hech narsa bo‘lgani yo‘q. Sen xato o‘ylayapsan. Hozir ham ilgarigiday gaplashyapman-ku… Faqat… Bilasanmi? Uzundan uzoq gaplashishni to‘xtashishni ham, go‘shakni o‘z joyiga qo‘yishni ham unutib, o‘zingni bo‘m-bo‘sh zulmat ichra his etganing holda… (Yig‘laydi.) Sevgilim, menga quloq sol, men senga hech qachon yolg‘on gapirmaganman… Ha, men bilaman va senga ishonaman… Men shunga ishonaman. Yo‘q, aynan shunga. Men hozirgina senga yolg‘on gapirdim. Hozirgina… shu tobda… Mana o‘n besh daqiqa bo‘libdiki, senga yolg‘on gapirib o‘tiribman. Men shu narsani aniq bilamanki, endi kutishga ham, umid qilishga ham hojat yo‘q. Baxtsiz odamga yolg‘ondan zarracha foyda yo‘q. Hatto sening foydang uchun ham yolg‘on gapirish mening qo‘limdan kelmasligini yaxshi bilasan… O, yo‘q… Aslo xavotir olma… Tashvishlanishga hojat yo‘q. Ustimdagi ko‘ylagim va Martanikida ovqatlanganim haqida aytgan gaplarim mutlaqo yolg‘on edi.
Men tushlik ham qilganim yo‘q. Ustimdagi ko‘ylagim ham pushtirang emas. Shu tobda men ichki ko‘ylagimni ustidan harir mato tashlab olib, sening qo‘ng‘irog‘ingni kutar ekanman, o‘zimning aqldan ozayotganimni sezgan holda, u yoqdan bu yoqqa yura boshlayman. Shundan so‘ng, matoni yelkamga tashlagancha ko‘chaga chiqib, taksi to‘xtatib derazangning tagiga borib seni kutgim keldi… Bilmayman… Ammo sababini bilmasam ham kutardim, kutardim, kutardim… Sen haqsan… Ha… Ha… Eshityapman… Men esa hushimni yig‘ib oldim… Eshityapman, qasam ichib aytamanki, gaplaringni eshitib o‘tiribman. Yo‘q, men hech narsa yeganim yo‘q… Ahvolim og‘ir bo‘lgani uchun ham hech narsa yeya olmadim… Kecha kechqurun yaxshi uxlashim uchun uyqu dori ichmoqchi bo‘ldim. O‘zimcha ozroq ichsam uxlab qolaman, agar me’yoridan ko‘proq ichgudek bo‘lsam qaytib uyg‘onmayman, ya’ni o‘laman! (Yig‘laydi.) Shunda iliq suv yordamida o‘n ikki donasini ichib, toshday qotib uxlabman va tush ko‘ribman. Tushimda sen yonimda yo‘q emishsan… Men birdaniga uyg‘onib ketib, o‘rnimdan sakrab turibmanu yolg‘iz o‘zim yotganimni, boshim sening yelkangda emasligini anglab, endi yasholmasam kerak deb o‘ylabman. Men xuddi jon berayotgan odamday, badanim sovub, o‘zimni juda ham yengil his eta boshladim. Tanholikda o‘lim topishga irodam yetmasligiga amin bo‘lganimdan so‘ng Martaga qo‘ng‘iroq qildim. Azizim, jonim, soat to‘rtlar edi chamamda… Isitmam qirqlar atrofida edi… Dori yordamida hayotdan ko‘z yumish juda ham qiyin bo‘lar ekan. Doza masalasida doim xato bo‘ladi. Do‘xtir menga dori yozib berganida Marta mening yonimda edi va sen bilan bemalol gaplashib olishimiz uchun, men uni uyiga ketishga ko‘ndirdim. U yaqindagina ketdi.
Endi o‘zimni juda yaxshi his etyapman, haqiqatdan ham yaxshiman, boshim umuman og‘rimayapti. Ha,sen haqsan. Faqat biroz alahsirayotgandayman. O‘ttiz sakkizu uch…
Bularni hammasi asabdan… Mutlaqo tashvish tortma… Men naqadar ehtiyotsizman-a… Axir sen bilan bir kunga xayrlashayotganday, bemalol jo‘nab ketishing uchun umuman tashvishga qo‘ymaslikka so‘z bergandim-ku… Ha… Ha… Yo‘q… Mening bu ishim g‘irt ahmoqlikdan boshqa narsa emasdi… Ha… Ha… Albatta tentaklik-da… Shu tobda eng mushkul ish go‘shakni joyiga ilib qo‘yib, yolg‘iz qolishdir… (Yig‘laydi.) Allo… sizni yana uzib qo‘yishdi shekilli…
Sen juda ham ochiqko‘ngil va olijanob insonsan… Mening bechoraginam… Dilingni og‘ritib qo‘ydim shekilli… Yo‘q, gapiraver… Men shunchalar qiynaldimki, hatto polda yotib olib, u yoqdan bu yoqqa ag‘anar ekanman, o‘z ovozimni o‘zim eshitib, yana o‘zimga keldim, tinchlandim. Bilasanmi, biz birga yonma-yon yotganimizda, men boshimni o‘zim istagan joyga qo‘yib, sening nimalarnidir hikoya qilib berayotgan ovozingni hozirgina telefondan kelayotgan ovozingga o‘xshatib yubordim…
Razolat… Yo‘q aksincha, sen emas, men razilman. Axir sening oldingda men qasam ichgandim-ku. Men… Nimalar deyapsan?.. Sen haligi… Sen menga cheksiz baxt ato etgansan… baxt… boshqa narsa emas… Lekin azizim, seni bu gaplaring mutlaqo noto‘g‘ri… Men sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan mana shu ishni oldindan, sezganman va kutganman. Dunyodagi ko‘pgina ayollar o‘z sevganlari bilan bir umr birga bo‘lamiz deb o‘ylaydilar, ajralish ular uchun juda katta fojea hisoblanadi… Men bo‘lsam sening o‘sha sevgilingning suratini stolimiz ustida yotgan jurnalda ko‘rgan kunimdanoq, hammasini fahmlaganman… Bularning hammasi faqat ayollarga xos bo‘lgan oddiy hol. Men hammasini oldindan bilgan bo‘lsam-da, sen bilan bo‘ladigan so‘nggi kunlarimizni barbod qilmaslik uchun bu haqda senga hech narsa demadim… Endi meni o‘zgartirishga urina ko‘rma, men qanday bo‘lsam shundayligimcha qolaman… Allo… Qulog‘imga qandaydir musiqa ovozlari eshitilyapti… Musiqa ovozlari eshitilyapti deyapman… Unda sen qo‘shningning devorini taqillatib vaqt allamahal bo‘lganini, musiqa ovozini o‘chirish kerakligini aytib qo‘ysang bo‘ladi-ku. Qo‘shning sening hech qachon uyda bo‘lmasligingni bilib yarim kechasigacha musiqa eshitishga o‘rganib qolgan, shekilli. Yo‘q, kerak emas… Ertaga ertalab Martaning vrachi keladi… Yo‘q, u juda yaxshi vrach, boshqa shifokor chaqirib, uni ranjitishning keragi yo‘q… Tashvishlanma, men bor gapni aytayapman. Martaning o‘zi senga xabar beradi. Tushunaman, tushunaman, yo‘q, bu gal o‘zimni qo‘lga olishga, dadilroq bo‘lishga urinib ko‘raman… Ammo… O, ming chandon zo‘r… Ammo hozir, shu tobda qo‘ng‘iroq qilmaganingda o‘lib qolishim ham mumkin edi… Yo‘q… To‘xtab tur…To‘xtab tur… Biror chorasini topishga urinib ko‘ramiz… (U yoqdan bu yoqqa yura boshlaydi. Past ovozda ingraganday bo‘ladi.) Kechir meni, mening ushbu holatim kechirib bo‘lmaydigan darajada turgan-bitgani azobdan iborat… Sen juda ham bardoshli, chidamlisan… Lekin shuni bilib qo‘yginki, men azob chekayapman, qiynalayapman, aqldan ozayapman… Bizni bog‘lab turgan telefon simi men uchun so‘nggi imkondir… O‘tgan kuni kechqurun… u paytda hali uxlayotgandim… Men telefonni o‘zim bilan to‘shagimda olib yotgandim…
Ha, o‘zim ham bilaman. Bu albatta qanchalik kulgili bo‘lmasin, bizni bog‘lab turgan yakkayu yagona imkon bo‘lgani uchun ham shunday qildim… Telefon simi… Sen yana bir bor qo‘ng‘iroq qilaman, deb va’da berganding-ku… Tasavvur qilyapsanmi, men ko‘p tushlar ko‘ribman. Sen o‘z qo‘ng‘irog‘ing bilan bir tarsaki urib, ovozimni o‘chirib qo‘ygan emishsan… O‘sha tarsaki zarbidan yer uzra yiqilib tushibman, yana bir tushimda esa kimdir meni bo‘g‘ayotgan emish… va shunda to‘satdan dengiz tubiga tushib qolgan emishman. O‘sha yerdan to‘g‘ridan to‘g‘ri sening Oteydagi uyingga borsa bo‘lar ekan. Meni boshimga g‘avvoslarning skafandri kiydirilgan, uning simlari esa seni qo‘llaringga ulangan emish. Men ularni uzib yuborma, deb senga yolvorayotgan emishman. Naqadar be’mani va telba teskari tushlar-a?.. Agar o‘sha tushlarim haqida birovga ovoz chiqarib gapirib berguday bo‘lsam, go‘yo ular o‘ngimda ham sodir bo‘ladiganday dahshatga tushasan kishi. Hozir ayni paytda hech narsadan qo‘rqmayapman, chunki sen bilan gaplashib, ovozingni eshitib o‘tiribman. Mana besh yildirki, men sen bilan qalban, xayolan va ruhan yashab kelayapman, sen bilan birgaman, sen bilan nafas olayapman va doim seni kutib yurgan bo‘laman. Agar sen kechikkudek yoki ushlanib qolgudek bo‘lsang, xuddi o‘lib qolganday tuyulasan va o‘zim ham o‘lib qoladiganday bo‘laveraman. Chunki, sening ovozing mening og‘riqli dilimga xuddi malhamday, bebaho malhamday tuyuladi. Hozir sen bilan gaplashib turganim uchun ham nafas olayapman. Ko‘rgan tushlarim unchalik ham ahmoqona emas shekilli… Agar sen hozir telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ygudek bo‘lsang, bu ishing bilan telefon simini qirqib tashlagandek bo‘lasan!
Ha, sevgilim, birinchi kecha har holda uxladim. Do‘xtirning aytishiga qaraganda, bularning hammasi asablarning zo‘riqishidan ekan. Odamlar odatda birinchi kechasi yaxshi uxlashadi, kutilmagan og‘riq kutilmagan zarbaga o‘xshasa-da, har holda chidasa bo‘ladi. Ikkinchi kecha esa chidab bo‘lmaydigan darajada dahshatli bo‘lib, uchinchi kecha esa bir necha daqiqadan keyin boshlanadi. Sen go‘shakni joyiga qo‘yib qo‘yganingdan keyin erta, indin va yana son-sanoqsiz keyinlar, mazmunsiz bo‘m-bo‘sh kunlar… O, xudoyim-ey, men qanday qilaman, kunlarim qanday o‘tarkin? Yo‘q, hech ham alahsirayotganim yo‘q, es-hushim ham joyida. Bularning hammasini aniq ko‘rib, anglab turibman…O‘zimda kuch topib senga yolg‘onlar to‘qishdan boshqa yaxshiroq choram yo‘q edi!
…Masalan, men tush ko‘rdim deylik. Baribir ham uyg‘ongach, turib kiyinib, yuvinib bo‘lib, albatta ko‘chaga chiqardim, lekin qayoqqa ham borardim… Mening yakkayu yolg‘iz insonim, qadrdon insonim sen. Menga boshqa yumushning o‘zi yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Ha, meni kechir… Men doim sen bilan band bo‘lganman va barcha harakatlarim faqat sen uchun bo‘lgan… Martami, uni dunyosi mutlaqo boshqa… Jonim, bu xuddi suvsizlikda baliqni qanday yashashi bilan qiziqishday gap… Menga hech kimning keragi yo‘q deb avval ham aytganman… Ermak, ovunish, ko‘ngil yozish haqida gapirayapsanmi? Men bir narsani aniq tan olishim mumkin. U ham bo‘lsa, o‘sha tish do‘xtiri asab tolalarimni o‘ldirib bo‘lgandan keyin menga hech kim kerak bo‘lmay qoldi… Mening bu gaplarim shoirona bo‘lmasa-da, o‘sha sen meni tashlab ketgan dahshatli kuningdan boshlab, men butunlay yolg‘izman… yolg‘izman… tanho o‘zim yolg‘izman… Axir senga aytdim-ku, tashlab ketgan kuchuging mana ikki kundirki dahlizdan jilmaydi. Agar silamoqchi bo‘lsam, meni o‘ziga yaqinlashtirmaydi. Menimcha, biroz vaqt o‘tsa u meni tishlab olishi ham mumkin. U ba’zida tishlarini g‘ichirlatib, irillab ham qo‘yadi. Seni ishontirib aytamanki, keyingi paytlarda u boshqacha bo‘lib qolgan… Men undan qo‘rqaman… Martagami?… Senga aytdim-ku, u hech kimni o‘ziga yaqinlashtirmayapti deb. Marta uni bir amallab tashqariga olib chiqdi. U hatto eshikni ochishga ham qo‘ymaydi. Ha shunday qilinsa, to‘g‘ri ish bo‘ladi. Ishon, men undan qo‘rqayapman. U hech narsa yemayapti ham, yotgan joyidan qo‘zg‘almayapti ham. U menga shunday qarash qiladiki, ko‘rib etim jimirlab ketadi. Qayerdan ham bilay sababini… Balki meni senga yomonlik qilgan deb o‘ylayotgandir… Bechoragina jonivor, hatto undan ranjishga haqqim ham yo‘q. Men uni yaxshi tushunaman. U seni yaxshi ko‘radi, yoqtiradi. Seni intizor bo‘lib kutayapti, ammo sendan darak yo‘q… U bularning bari uchun meni ayblayapti shekilli. Sen Jozefni jo‘natishga harakat qil, o‘ylaymanki, u Jozef bilan ketadi. Ah, men… Baribir ham… u meni e’zozlamasdi. Qanaqasiga? Buning kimligini ahamiyati yo‘q… Misol uchun tunov kuni bir tanish ayolni uchratdim, ismi “S” harfidan boshlanadi… B.S. Ha, shunday, u Anri Marten shaharchasida yashaydi…
U mendan sening hali akang ham bormi, uni nikoh to‘yi haqida gazetalarda yozishgandi, deb so‘radi. Nahotki, sen meni undan xafa bo‘ldi deb o‘ylagan bo‘lsang… Axir bularning hammasi bor gap-ku… Qanaqa ko‘rinishda edim? Yuragim to‘la ta’ziyalar bilan… Ishontirib aytamanki, uyda mehmonlarim bor deb bahona qilib tezroq ketishga shoshildim… Vaziyatni chigallashtirma… Hammasi jo‘ngina va oddiy… Agar odamlarga nisbatan e’tiborsizroq bo‘lgudek bo‘lsang, ular seni ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Men bo‘lsam, asta-sekin o‘z do‘stlarimning bahridan o‘tdim… Men sen bilan bo‘ladigan lahzalarimning bir daqiqasini ham behudaga ketkazishni xohlamasdim. Bu haqida odamlarning nima deyishlari men uchun ahamiyatsiz… Nima bo‘lganda ham adolatli bo‘lish kerak… Bizning munosabatlarimizni begona odamlar hech qachon tushunishmaydi… Sen… Sen ba’zi bir narsalarni ularga majburlab o‘rgata olmaysan ham. Bunaqa paytlarda eng yaxshisi menga o‘xshab hammasiga qo‘l siltab qo‘ya qolgan ma’qul, tamom vassalom.
Odamlar faqat ikki narsanigina tushunishadi, u ham bo‘lsa, muhabbat va nafrat. Ajralish o‘z nomi bilan ajralishdir, uni boshqacha atash mumkin emas. Odamlar bu narsalarga mutlaqo yuzaki qarab munosabatda bo‘lishadi… Ularga sen bu gaplarni majburlab tushuntirolmaysan-ku… Bu borada eng ma’qul yo‘l menga o‘xshab hammasiga qo‘l siltab qo‘ya qolish, tamom-vassalom… Mutlaqo… (U kutilmagan qattiq og‘riqdan ingrab yuboradi.) O!… Yo‘q, hechqisi yo‘q… Men shu topda sen bilan go‘yoki shunchaki gaplashib o‘tirganday gapirayapman, gapirayapman va birdaniga hammasi tugaganini sezib qolyaman! (Yig‘laydi.) O‘z o‘zingni aldashni nima keragi bor?.. Ha… Ha… Yo‘q… Odamlar qadim zamonlarda ham bunaqa hollarga tushishgan, hatto es-hushlaridan ayrilib, bergan va’dalarini unutishib, sevganlariga erishish uchun hammasini qaytadan boshlashgan. Bir qiyo boqishning o‘zi hammasini o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan… Bugungi telefonlar davrida hammasi tugadimi, tamom tugadi… Aslo tashvishlanma… Inson hech qachon o‘z joniga ikki marta qasd qilmaydi… Mangu uyquga ketish uchun bir martasining o‘zi kifoya… Yo‘q, men to‘pponcha sotib olishimni sen tasavvur qilolasanmi o‘zi? Senga yolg‘on so‘zlashim uchun menda kuch yo‘q, mador yo‘q, ular qayerdan ham bo‘lsin… Men kuchli va irodali bo‘lishim kerak… Odatda shunday hollar bo‘ladiki, yolg‘on yaxshilikka xizmat qiladi… Misol uchun sen mening dardimni yengillatish uchun yolg‘on so‘zlaydigan bo‘lsang, men senga yolg‘on gapirayapsan, deb ayblamayman-ku… Sening yolg‘on gapirayotganingni sezdim deyapman. Masalan, sen hozir uyda bo‘lmaganingda, bu haqda aytgan bo‘larding… Yo‘q, yo‘q, azizim… Quloq sol… Men senga ishonaman… Axir men senga ishonmayman deb aytmadim-ku… Nima uchun ranjiyapsan?.. Yo‘q, xafa bo‘layapsan… Ranjiganing ovozingdan bilinib turibdi… Agar azbaroyi menga rahming kelganida seni yanada qattiqroq sevgan bo‘lar edim… Allo… Allo… Allo… (U tez va past ovozda gapirgancha go‘shakni sekin joyiga qo‘yadi.) O, xudoyim, shunday qilginki, u menga qo‘ng‘iroq qilsin! (Telefon jiringlaydi. U go‘shakni oladi.) Bizni uzib qo‘yishdi. Aytmoqchimanki, agar sen oq ko‘ngilliging sababli menga yolg‘on gapirganingda, men buni albatta payqagan va seni yanada kuchliroq sevgan bo‘lardim… So‘zsiz… Sen aqldan ozayapsan… Sevgilim… jonim… azizim… (U bo‘yniga telefon simini o‘ray boshlaydi.) Bu ishim har qancha dahshatli bo‘lmasin, baribir qilishim kerak… Yo‘q, bunga mening irodam yetmaydi… Ha shu tobda biz ikkalamiz gaplashayapmiz, go‘yo bir-birimizga juda ham yaqinmiz, bir-birimizni pinjimizga suqilib kirib olganmizu birdaniga bizni ikki tomonga ajratib yuborishdi. Qarabsanki, yana o‘sha yerto‘lalaru kanalizatsiyalardan iborat bo‘lgan butun bir shahar oramizda paydo bo‘ladi… Inson ovozining telefon simlari orqali o‘tishini aytib hayratga tushganim esingdami?.. Men telefon simini bo‘ynimga o‘radim… Sening ovozing mening bo‘ynimni chirmab olayapti… Shu tobda stantsiya tasodifan hammasini uzib qo‘ymasaydi deb qo‘rqaman!
…O, azizim, seningcha men seni yaxshi bilmayman, qanday qilib seni boshingga shunday fikr kelishi mumkin? Ushbu operatsiya mendan ko‘ra senga qiyinroqdir. Yo‘q… yo‘q… yo‘q… Marselgami? Jonim, quloq sol, istardimki, agar indin kechqurun ikkovingiz Marselga kelmoqchi bo‘lsangiz… o‘tinib so‘rardimki, sizlar… bir vaqtlar ikkalamiz tunab qolgan mehmonxonada tunamasangiz. O‘tinaman sendan. Ranjimayapsanmi?.. Bunday deyishimning sababi shundaki, hamma narsa go‘yo tuman ichra ko‘rinayotganday bo‘lsa-da, ammo tasavvurimdan o‘chib ketmagan va hech qachon o‘chmasa ham kerak… Tushundingmi?…
(U o‘rnidan zo‘rg‘a turib,telefonni qo‘liga olgancha to‘shagi tomon boradi.)
Shunday qilib… yana… beixtiyor “hozircha xayr” deb yuborishimga sal qoldi. Ishonchim komil… Hech kim, hech qachon, hech narsani bilmaydi… O, ha… Shunday bo‘lgani ma’qulroq… (U telefonni ko‘ksiga bosgancha to‘shakka cho‘ziladi.) Azizim… sevgilim… Men mard va dadil bo‘laman… Go‘shakni tezroq joyiga qo‘y… Tezroq, tezroq… Axir, tezroq qo‘ysangchi… tezroq… Men seni sevaman… sevaman… sevaman…sevaman… sevaman… (Telefon go‘shagi uning qo‘lidan sirg‘alib polga tushadi…)