Muqaddima
Oqimtir nur ko‘rimsiz parda ortida tong otayotganidan darak bermoqda. Oyoq og‘rig‘i, bosh og‘rig‘i… go‘yo skafandr butun tanamni siqayotgandek azoblaydi. Mening palatam asta-sekin zulmatdan ozod bo‘lmoqda. Menga aziz bo‘lgan insonlarning suratlarini, bolalar chizgan rasmlarni, kechagina oshnam Rubedan jo‘natgan mittigina velosipedchi haykalchasini va karavotim tepasidagi tokchani tomosha qilaman. Yarim yildan beri shu karavotda yotaverib, o‘zimni dunyodan uzilib qolgan bir maxluqdek his qilar edim.
Qayerdaligimni anglashim, o‘tgan yilning 8 dekabr juma kunida hayotim ostin-ustun bo‘lib ketganini eslashim uchun menga ko‘p vaqt kerak emas.
Shu paytgacha miya sopi haqida eshitmagan ekanman. Aynan o‘sha kuni miyamizning asosiy qismi qanday ekanligini; miya va asab tolalarining qanday bog‘liqligini, yurak-qon tomir tizimining buzilishi yuqorida aytilgan miya sopini ishdan chiqarishini tushunib yetdim. Ilgari buni miyaga qon quyilishi deb atashardi va bundan odamlar shunchaki o‘lib ketaverishar edi. Jonlantirish bo‘limi asbob-uskunalarining rivojlanishi bu azoblarni yengillashtirdi. Tirik qolish ehtimoli bor, lekin siz anglosaks tibbiyotida aytilgan “locked-in syndrome”[1]iga mahkum qilinasiz: boshdan-oyoq falaj bemor o‘z tanasiga qamab qo‘yiladi; u fikrlaydi, lekin bu sezilmaydi, yagona aloqa vositasi bo‘lib faqat chap ko‘zini qisish qoladi. Qarangki, taqdir tomonidan shunday iltifot ko‘rsatilgani haqida eng avvalo bilishi kerak bo‘lgan insonga oxirida xabar berildi. Men yigirma kun hushsiz yotdim va fojianing zalvorini anglashimdan oldin bir necha kun noaniqlik girdobida qoldim. Yanvarning oxirida, aynan shu Berks kasalxonasining derazasidan ilk tong shu’lasi tushib turgan palatada butunlay o‘zimga keldim.
Bu eng oddiy tong. Soat yettidan boshlab har chorak soatda vaqt o‘tayotganidan xabar beruvchi qo‘ng‘iroqlar chalinadi. Tungi oromdan keyin to‘lib ketgan o‘pkalarim shovqin bilan yana ishlay boshlaydi. Sariq choyshabni g‘ijimlab olgan qo‘llarim azob beradi, qizig‘i, ular issiqmi yo sovuq, tushuna olmayman. Ankilozga[2] qarshi kurashib qo‘l-oyoqlarimni hech bo‘lmaganda bir necha millimetrga cho‘zishga harakat qilaman. Bu mening qiynalib ketgan tana a’zolarimga sal bo‘lsa ham yengillik beradi. Skafandr og‘irligi kamayadi va xayollarim kapalakdek uchib ketadi. Hali qilinishi kerak bo‘lgan bir dunyo ish bor. Osmonlarga uchsa yoki zamonlar aro kezsa, Olovlar Makoniga sayohat qilsa Midas podshohining saroyiga tashrif buyursa bo‘ladi. Keyin suyukli yoringizning qoshiga sezdirmasdan uchib borib, shirin uyquga belanib yotgan yuzini asta silash mumkin. Samoviy qasrlar qurish, Oltin mo‘ynani qo‘lga kiritish ham mumkin. Atlantidani kashf qilsa, bolalikdagi orzular va ulg‘aygandagi tushlarni ro‘yobga chiqarsa bo‘ladi. Qisqasi, dam olish uchun chalg‘isa bo‘ladi. Eng asosiysi, nashriyotdan keladigan vakilga bu sarguzashtlarni qanday qilib qimirlay olmaydigan holda harfma-harf aytish usulini o‘ylab topishim kerak. Xayolan har bir jumlani o‘n marta qayta-qayta sinchiklab o‘ylayman, ayrim so‘zlarni olib tashlayman, sifatlar qo‘shaman va o‘zimning tuzgan matnimni so‘zma-so‘z yodlayman.
Soat yetti yarim. Navbatchi hamshira xayolimni bo‘ldi. Belgilangan tartibga binoan u pardalarni ochadi, traxeostomani[3], osma dorini tekshiradi va televizorni yoqadi – yaqinda xabarlar boshlanadi. Hozircha G‘arbning eng chaqqon qurbaqasi haqida bolalar ko‘rsatuvi bo‘lmoqda. Men ham qurbaqaga aylanib qolishni niyat qilsammikan?
O‘rindiq
Bunchalar ko‘p oq xalatlarni hali palatamda ko‘rmagan edim. Hamshiralar va ularning yordamchilari, kineziterapevt[4], psixolog, ergoterapevt[5], nevropatolog, tibbiyot oliygohi talabalari va hatto bo‘lim boshlig‘i, bir gap bilan aytganda, butun kasalxona shu munosabat bilan yig‘ilgan. Ular kirishganda qandaydir narsani karavotim tomonga surishdi, men yangi bemor keldimikan deb, o‘ylabman. Bir necha kun oldin Berkka o‘tkazildim, ammo men bilan nogironlar aravachasi orasida qanday bog‘liqlik borligi hech aqlimga sig‘mas, tasavvur ham qilolmas edim.
Mening ahvolimni hech kim aniq tushuntirib berolmasdi va to‘satdan, shunchaki tasavvur qilingan dalillarga tayanib yaqinda yana harakatga va tilga kirishimga ishonchimni oshirardim. Mening adashayotgan aqlim ko‘p rejalar tuzar edi: sayohat, ishq orzulari, teatr pesasi va men tayyorlagan mevali kokteylning sotuvga chiqishi. Faqat qanday tayyorlanishini mendan so‘ramang, uni unutdim.
Xullas, ular shu zahotiyoq meni kiyintirishdi. “Bu kayfiyatni yaxshilaydi”, – ogohlantiruvchi ohang bilan gapirdi ruhshunos. Haqiqatan, sariq neylon ko‘ylakdan keyin men jonim bilan yana katak ko‘ylak, eski shim va shaklini yo‘qotgan sviterni kiygan bo‘lar edim, ammo bularni kiyish jarayonining o‘zi dahshat. Son-sanoqsiz tutqanoqlardan so‘ng nihoyat, mening bo‘shashgan, bo‘ysunmas tanamga kiyim kiygazishdi, azob chekishga majbur qilishdi.
Bu tayyorgarlikdan so‘ng “marosimni” boshlash mumkin edi. Ikki kishi yelkam va oyog‘imdan ushlab, karavotdan ko‘tarib o‘rindiqqa olishdi. Oddiy bemordan nogironga aylandim, xuddi novillero[6] toreadorga[7] aylanib qolgan kabi. O‘tirgan holatim tutqanoqqa sabab bo‘ladimi-yo‘qmi, shuni bilish uchun meni butun qavat bo‘ylab aylantirib chiqishar, men esa kelajakdagi rejalarim barbod bo‘lgani haqida xayol surib tik o‘tirar edim. Faqatgina bo‘ynim tagiga maxsus yostiqchani qo‘yish qoldi, chunki boshim tik turolmasdi, xuddi afrika ayollarining bo‘ynida bir necha yil piramida holatida turadigan uzuklar yechib tashlanganidek. “Sizga aravacha to‘g‘ri keldi”, – xuddi yaxshi yangilik aytayotgan kabi tabassum bilan gapirdi ergoterapevt. Menga esa bu hukmdek eshitildi. Shu darajada hayratga soladigan haqiqatni eshitdimki, bu haqiqat atom bombasining portlashidan keyin paydo bo‘ladigan ulkan qo‘ziqorinsifat tutunga o‘xshar edi. Jallod qilichidan ham o‘tkir haqiqat.
Hamma ketdi, uchta sanitar meni birvarakayiga ko‘tarib yotqizishdi. Menga ular go‘yo detektiv filmlaridagi hozirgina o‘ldirilgan odam jasadini mashinasining yukxonasiga tiqayotgan jallodlarni eslatdi. Nogironlar aravachasi burchakda turar, ustiga kiyimim tashlab qo‘yilgan edi. Eng so‘nggi oq xalatlining ketishidan oldin unga sekingina televizorni o‘chirib qo‘yishini ishora qildim. “Sonlar va harflar” ko‘rsatuvi bo‘lyapti – otamning sevimli ko‘rsatuvi. Derazalarni ertalabdan beri yomg‘ir to‘xtamay tiqillatar edi…
Ibodat
Alaloqibat nogironlar aravachasining ijobiy tomoni ham bor ekan. Hammasi oydinlashdi. Men boshqa g‘aroyib rejalar tuzmayman va sukut qasamyodidan do‘stlarimni “ozod” qilaman. Ular bo‘lgan voqeadan keyin meni g‘amxo‘rlik bilan o‘rab olishdi. Bu mavzu endi taqiqlanmagan va biz “locked-in syndrome” haqida bemalol muhokama qilar edik. Birinchidan, bu juda kam uchraydigan kasallik. Bu kasallikka chalinish imkoni super lotereyada sovrin yutish imkoni bilan baravar. Berkda bunday kasallanganlar ikkita, buning ustiga kasalligim darajasi hali to‘liq aniqlanmagan. Men boshimni burish imkoniyatiga egaman, bu esa kasallik belgilariga nomuvofiq. Bemorlarda ayni holat hayoti davomida uzayib boraveradi, shuning uchun bu patologiya[8] yetarlicha rivojlanmagan. Bir narsa aniqki, agar asab tizimim yana ishga tushsa, bu sochning o‘sishi tezligi kabi bo‘ladi, ya’ni juda sekin. Shunday ekan, barmoqlarimni qimirlatishimga yillar kerak bo‘lar.
Aslida, kutilishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar nafas yo‘llarida sodir bo‘ladi. Uzoq muddatdan so‘ng me’yoriy holatda, oshqozon zondi yordamisiz ovqatlanish, ovoz naychalarini harakatga keltiradigan tabiiy nafas olish va sekin nafas chiqarishga umid qilsa bo‘ladi. Hozircha og‘zimda doimo to‘planib qolayotgan so‘lakni yutish qo‘limdan kelganida mendan baxtli inson topilmas edi. Tilimni tanglayimning tubiga tiqib, yutinish refleksini uyg‘otmoqchi bo‘lyapman. Shuningdek, devorda osig‘liq turgan xaltachalardagi ladan[9] o‘simligidan tanovul qilaman. Bu sovg‘ani mening toshlarga sig‘inuvchi dindor, sayohatchi do‘stlarim Yaponiyadan olib kelishgan. Ular men uchun hamma ilohiy ruhlarga iltijo qilishdi. Men qanday qilib bo‘lsa ham bu xonada yig‘ilib qolgan ruhlarni tartibga solishim kerak. Mening sharafimga Berton butxonalarida sham yoqishganini yoki Nepal ibodatxonalarida duo o‘qishganini bilganimda, muqaddas so‘zlardan ko‘zlangan maqsadini birdan anglab qolaman. Shunday qilib, o‘ng ko‘zimni kamerunlik Marabuntaga topshirdim, aynan shu ruhoniydan do‘stim afrika hudolarining mening haqqimga duo qilishlarini iltimos qildi. Eshitish qobiliyatimga kelsak, Bordodagi solih yurakli ruhoniylar birodarlik jamiyatiga suyanaman. Ular men uchun doimo duo o‘qishadi va men xayolan ularning ibodatxonalariga uchib borib, samolargacha yetib boradigan munojotlarini tinglayman. Bularning hech qaysisi hali natija bergani yo‘q, lekin bu jamiyatdagi yettita ruhoniyni islomiy mutaassiblar o‘ldirganida quloqlarim bir necha kun og‘rib yurdi. Biroq ulkan, loydan qilingan qal’alar, qum devorlar va hatto Majino[10] chegarasining himoyasi ham mening qizcham Selestaning uyqudan oldin Xudoga o‘qiydigan duosiga dosh bera olmaydi. Meni hamma yomon kasofatlardan asrab turuvchi duo haqidagi shirin xayollar bilan uyquga ketaman.
Cho‘milish
Sakkiz yarimda kineziterapevt paydo bo‘ladi. Chiroyli qomat, yuzi Rim go‘zallarining siymosi kabi… Bridjit xastalikka chalingan qo‘l-oyoqlarimni majburan harakatga keltirish uchun keladi. Bu safarbarlik deb ataladi. Bunday jangovar nomlar ozib ketgan “jangchilar” uchun atalgani odamni kuldiradi: 20 hafta ichida o‘ttiz kilogramm vazn yo‘qotdim. Mazkur baxtsizlikka uchrashimdan bir hafta oldin parhez tutishni boshlaganimda bunday natijaga erishaman, deb hech o‘ylamagandim. Yo‘l-yo‘lakay Bridjit ayrim titrashlar yaxshilik alomatimikin, deb tekshirib ko‘radi. “Kaftimni siqib ko‘ring”, – murojaat qiladi u. Ba’zan xomxayollarga berilaman, go‘yoki barmoqlarimni qimirlata olaman va bor kuchimni yig‘ib siqib ko‘raman. Lekin barmoqlarim qilt ham etmaydi va Bridjit jonsiz qo‘limni maxsus tirgak yostiqchaga qo‘yadi. Quvonarlisi, bosh qismimda o‘zgarish bor: men endi boshimni 90 gradusgacha bura olaman. Endi men ko‘rishim mumkin bo‘lgan maydon kengligi qo‘shni binoning tomidan boshlanib, og‘zimni hatto ocha olmagan vaqtimda o‘g‘lim Teofil tomonidan chizilgan, tilini chiqarib turgan ajoyib Mikkining rasmiga borib tugaydi. Birmuncha mashq natijasida og‘zimga so‘rg‘ich tiqishga erishdik. Ruhshunos aytganidek, bularning hammasi sabr-toqat talab qiladi.
Muolaja yuzni uqalash bilan tugaydi. Yuzim hech narsa sezmaydi, lekin ayrim qismlarida hali asab tolalari tirik. Bridjit o‘zining iliq qo‘llari bilan yuzimni silayotganini o‘shandan sezaman. Sezuvchi chegara og‘zimning yarmidan o‘tadi, men yarim chala tabassum qila olaman. Bu tabassum mening har doimgi kayfiyatimdan dalolat. Misol uchun oddiy yuvinish menda turli xil hissiyotlarni uyg‘otadi.
Gohida juda g‘alati tuyiladi, qirq to‘rt yoshimda meni yuvintirishadi, o‘girib artishadi va yo‘rgaklashadi, xuddi emizikli chaqaloqqa qarashgandek. Go‘yo bolalikka qaytgandek bo‘laman. Hatto bundan zavq ham tuyaman. Ammo, ba’zi kunlarda bularning hammasi dahshatli fojialigini tushunaman va sanitar soqolimni olish uchun surtgan ko‘pikka ko‘zyoshlarim birin-ketin oqa boshlaydi. Har haftalik cho‘milishga kelsak, bu narsa meni ham qayg‘uga soladi, ham rohatlantiradi. Vannaga to‘ldirilgan suvga kirayotgandagi yoqimli lahzalar ketidan yoqimsiz shalpillab cho‘milish keladi. Avvallari vannada uzoq yotardim – qo‘limda xushbo‘y choy yoki viski, qiziqarli kitob yoki gazeta, yotgan joyimda oyog‘im bilan suvning haroratini o‘zgartiraman… O‘tmishdagi xursandchiliklarni eslab, hozirgi dahshatli holatimni anglab, ko‘nglim cheksiz qayg‘uga botadi. Lekin hozir to‘xtab qolish noo‘rin. Sovuqdan titragan holatimda noqulay, qattiq g‘ildirakli stolda palatamga olib ketishdi. Soat o‘n yarimda tayyor bo‘lib, reabilitatsiya xonasiga tushish kerak. Tavsiya qilingan yoqimsiz sport kiyimini rad etib, “kechikkan talaba” kiyimiga qaytaman. Eski sviterlarim cho‘milish kabi qayg‘uli xotiralarni esga solardi, lekin men ularda hali ham davom etayotgan hayot timsolini ko‘raman, bu o‘zligimni yo‘qotishni xohlamasligimdan dalolat edi.
Alifbo
Men alifbo harflarini juda ham yaxshi ko‘raman. Qorong‘i tunda, faqat televizorning yonib turgan mitti chirog‘igina ko‘rinib turgan mahalda, unli va undosh tovushlar men uchun Sharl Trenening[11] farandola[12] kuyi ostida raqsga tusha boshlaydi: “O, Venetsiya, afsonaviy shahar, nafis xotiralarimni senda saqlayman…” Qo‘l ushlashib ular palatamni kezishadi, karavotim atrofini aylanishadi, deraza oldidan o‘tib, devor ustidan yurib eshikkacha borishadi va yana yo‘llarini davom ettirishadi.
E S A R I N T U L O M D P C F B V H G J Q Z Y X K W
Tartibsiz ko‘ringan bu xushchaqchaq namoyish tasodif emas, bularning hammasi mohirlik bilan o‘ylab topilgan. Bularni alifbo deb ham bo‘lmaydi. Har bir harfning frantsuz alifbosidagi qaytarilish chastotasiga qarab o‘rni bor. Xo‘sh, “E” o‘zini birinchi bo‘lib namoyish qiladi, “W” esa eng oxirida qolib ketmay, deb navbatga ergashadi. “B” esa jahl ustida – uni “V” ning oldiga surib qoyishgan, ularni tinmay adashtirishadi. Mag‘rur “J” esa hayratda, nega uni bunchalik uzoqqa qo‘yishdi, qancha jumlalar u bilan boshlanadi-ku! “H” o‘rnini egallab olishiga yo‘l qo‘ygan semiz “G” jahl ustida ko‘rinadi, hech bir-biridan ayrilmas “T” bilan “U” esa yana birga bo‘lib qolganidan xursand edi. Bu tartib katta ahamiyatga ega: men bilan suhbat qurmoqchi bo‘lganlarning ishini yengillashtiradi.
Bu juda sodda tizim: menga harflarni tartib bilan ko‘rsatishadi (variant “ESA…”), men esa hamsuhbatim yozishi kerak bo‘lgan harfga kelganida ko‘zimni qisaman. Agar xato chiqmasa, birpasda so‘z paydo bo‘ladi, keyin tushunish iloji bor bo‘lgan jumla hosil bo‘ladi. Lekin bu – nazariya, ishlatilish usuli, izohli yozuv. Shuningdek, reallik ham mavjud – ayrimlarning vahimasi-yu, o‘zgalarning sog‘lom fikri. Bu kodli usul (xayollarim tarjimasini shunday atashadi) oldida hamma ham teng emas. Boshqotirma va skrabl[13] o‘yinlarini sevuvchilariga yengilroq. Qizlar yigitlarga nisbatan yaxshi uddalaydi. Ayrimlar esa tajribasi mavjudligi tufayli bu o‘yinni yoddan bilishadi va ularga harflar ketma-ketligidan iborat “muqaddas” kitob yoki gaplarim yozilgan yondaftarcha shart emas. Ammo meni o‘ylantiradigan narsa bu uch minginchi yillar etnologlari daftarlarni topib olib, agar bir betning o‘zida chalkash holda yozilgan “Kine homilador”, “Ayniqsa oyoqlarda”, “Bu Artur Rembo” va “Frantsuzlar haqiqatan cho‘chqadek o‘ynashdi” kabi yozuvlarni o‘qib qolishsa, qanday xayollarga borishar ekan? Xato tuzilgan so‘zlar, tushib qolgan harflar, tartibsiz bo‘g‘inlar tushunarsiz chalkashlikni hosil qiladi.
Ta’sirchan odamlar tez adashib ketadi. Past ovoz bilan shoshib harflarni terishadi, taxminan bir nechta harflarni o‘zidan qo‘shadi-da, natijada oldingi gapga qovushmaydigan: “Men – notavonman!” degan gapni o‘qib ajablanishadi. Bir tomondan bu foydali bo‘lib chiqadi, chunki ular suhbatlashish mas’uliyatini o‘z zimmasiga oladi va bunday shoshqaloqlarni tezlatish shartmas.
Men ko‘proq mujmal javob beradiganlardan qo‘rqaman. Agar men ulardan: “Ishlaringiz qanday?” – deb so‘rasam, ular: “Yaxshi”, – deb javob berishadi va so‘zni yana menga berishadi. Ular bilan suhbatlashishda alifbo olovli to‘siqqa o‘xshaydi va yanglishib ketmaslik uchun oldindan 2-3 ta savol o‘ylab qo‘yish kerak.
Mehnatkashlar hech ham adashmaydilar. Ular har bir harfni sinchiklab yozishadi va gap tugagunicha iborada yashiringan ma’noni shoshqaloqlik qilib topishga urinishmaydi. Qo‘shimcha so‘z qo‘shish borasida so‘z ham bormaydi. Ishonch bilan aytamanki, ular o‘zboshimchalik bilan “on” ni “chempi” ni ketidan qo‘shishmaydi, “mli” esa “ato” ni ketiga ulashmaydi, “mas” qo‘shimchasi esa “tuga”yoki “chida” ning ketida paydo bo‘lib qolmaydi. Bunday sekin jarayon bezor qiladigan holatga olib keladi, lekin taxmin qilishni yaxshi ko‘radigan ta’sirchan odamlar duch keladigan ma’no buzilishidan saqlaydi. Masalan, bir kuni ko‘zoynagimni olib berishlarini iltimos qilgan edim, ular esa mendan, astagina, ko‘zimga oynak tiqishimning sababini so‘rashdi va men bunday aqliy o‘yinlarning o‘ziga xos jozibasini tushundim…
Imperator ayol
Frantsiyada malika Yevgeniya xotirasi yod etiladigan joylar kam qolgan. Nogironlar aravachasi bemalol, besh qatorlab yuradigan joy, shinamgina Berk kasalxonasining galereyasida Napoleon III ning rafiqasini bu yerning homiysi bo‘lganini eslatuvchi alohida bir ko‘rgazma mavjud. Bu kichkina muzeyning ikkita asosiy yodgorliklaridan biri bu oq marmardan bunyod etilgan, malikaning betakror go‘zalligini o‘zida ifodalagan haykaldir. Malika 94 yoshida, aynan Ikkinchi imperiya qulashidan yarim asr o‘tib vafot etgan. Shuningdek, Berk vokzalining boshlig‘ini yordamchisi “Korrespondent maritim” gazetasining muharririga imperatorning 1864 yil 4 maydagi tashrifi haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tgan xati ikkinchi yodgorlikdir. Malikaga hamroh bo‘lib kelayotgan yosh ayollarni, shahar ko‘chalarida bo‘layotgan tantanali namoyishlarni va malikaning nomini ulug‘ deb biladigan kasalxona bemorlarini tasavvur qilib ko‘rish qiyin emas. Men shu vaqtgacha bu aziz yodgorliklarga ta’zim qilib o‘tish imkonini biron marta ham qo‘ldan boy bermaganman.
Taxminan yigirma marta temiryo‘lchining hikoyasini o‘qib chiqdim. Xayolan g‘ala-g‘ovur ko‘tarib ketayotgan malikaning kanizaklari safiga qo‘shilib olaman va Yevgeniya bir binodan ikkinchi binoga o‘tayotgan damda men uning malla rangli lentalar ulangan shlyapasi va soyaboni ketidan, malikaning iforidan mast holatda ergashaman. Bir kuni men jur’at qilib uning oq-pushti, keng atlas tasmali ko‘ylagi burmalarining orasiga boshimni yashirdim. Bu dam shunchalik shirin, tonggi shudring kabi sof edi. Malika meni haydamadi. U mening sochlarimni mehr bilan siladi va xuddi nevropatoligimning shevasiga o‘xshagan ispancha sheva bilan gapirdi: “Hechqisi yo‘q bolaginam, sabr-toqatli bo‘lish darkor”. Bu inson endi frantsuzlar malikasi emas edi, endi u ilohiy tasalli beruvchi, xuddi umidsizlik chog‘ida yupatuvchi muqaddas Rita kabi edi.
Keyin esa kunning yarmiga kelib, men dardu hasratimni malikaga bayon qilayotganimda, oramizda notanish kishi gavdalandi. Vitrinada bu odamning yuzi ko‘rindi, go‘yo dioksin moddali bochkaga kirib chiqqan odamga o‘xshar edi: burishgan og‘iz, qiyshaygan burun, patila sochlar, dahshatga to‘la nigoh. Bir ko‘zi tikilgan, ikkinchi ko‘zi esa jinoyatchi Qobilning ko‘zi kabi olayib turibdi. Men bir daqiqa bu qorachiqqa tikilib turdim, bu inson aslida mening o‘zim ekanligini keyin anglab yetdim.
Ayni shu damda men eyforiyaga[14] tushib qoldim. Men nafaqat surgun qilingan, falaj, soqov, yarim kar, barcha dunyo rohatlaridan mahrum qilingan edim, shuningdek, tashqi ko‘rinishim ham dahshatli ekan. Kuchli asabiy kulgu meni qamrab oldi. Agar inson taqdirning so‘nggi zarbasidan keyin bularning hammasini hazil deb o‘ylasa, oxiri halokat bilan tugaydi. Boshida Yevgeniya mening xirillashimdan hayratlana boshladi, keyin bu g‘alati xursandchiligim unga ham yuqdi. Biz ko‘z yoshlar paydo bo‘lgunicha to‘xtamay kuldik. Shu payt musiqachilar juft bo‘lib o‘ynaladigan kuy chala boshlashdi va mening shunchalik raqsga tushgim kelayotgan ediki, agar o‘rinli bo‘lganida Yevgeniyani raqsga taklif qilgan bo‘lar edim. Biz plitkali polda gir-gir aylanib raqsga tushgan bo‘lar edik. Bo‘lgan voqealardan so‘ng bu keng galereyaga kelsam, malikaning nozik tabassum bilan menga tikilib turganini ko‘raman.
Chinechitta[15]
Opal sohil bo‘ylari ustidan shovqin ko‘tarib uchadigan yengil samolyotda Berk kasalxonasi ustidan uchib o‘tayotganingizda ko‘nglingiz g‘ayrioddiy hayajonga to‘ladi. Kasalxonaning jimjimador, jumboqli ko‘rinishi, Shimol uylarining usuli ostida qurilgan jigarrang g‘ishtli baland devorlari sirga to‘la, go‘yoki La-Manshning kumushrang suvi bilan uni Berkon shahridan uzib olib sohil bo‘ylariga, yumshoq qumlar qo‘yniga uloqtirib yuborilganga o‘xshaydi. Eng chiroyli devorlarning yuzida, shuningdek, poytaxt jamoat hammomlarida va davlat maktablarida bir yozuvga duch kelasiz: “Parij shahri”. Bu kasalxona Ikkinchi Imperiya davrida ob-havo tufayli Parij kasalxonalarida tuzala olmagan kasal bolalar uchun qurilgan bo‘lib, hududiy mustaqilligini saqlab qolgan. Ya’ni, siz hozirda Pa-de-Kaleda bo‘lsangiz-da, hokimiyat qonunlariga binoan, Sena sohillari bo‘yida hisoblanasiz. Kasalxona ichidagi cheki yo‘q, bir-biriga ulanib, chalkashib ketgan yo‘laklar o‘ziga xos labirint, ya’ni chigallikni hosil qiladi. “Menar” bemorini “Sorrel” da yo‘lidan adashib qolganini ko‘p uchratasiz: mashhur jarrohlarning ismlari asosiy joy nomlari sifatida xizmat qiladi. Ko‘zi dahshatga to‘la, onasidan judo qilingan, baxtsiz bolaning qo‘ltiqtayog‘iga suyanib, fojiali ohangda tinimsiz: “Men yo‘qolib qoldim!” degan so‘zlarining quloqqa tez-tez chalinishi ehtimoldan xoli emas. Men esa sanitarlar aytishganidek, sorrellardan biriman va yo‘llarda adashmayman. Lekin, meni olib kelayotgan odamlar haqida ham bunday fikr bildirib bo‘lmaydi. Yo‘limizdan adashib qolishimizni yaxshilik sifatida qabul qilish menga odat tusiga kirdi. Shu bahona men hali ko‘rmagan yo‘laklar bilan tanishaman, yangi insonlarni uchrataman, yo‘l-yo‘lakay oshxonadan chiqayotgan shirin hidlarni sezib o‘tib ketaman. Men endigina behushlik zulmatidan o‘zimga kelayotgan vaqtlar meni nogironlar aravachasida olib ketishayotganda ko‘zim bir mayoqqa tushgan edi. Biz zina tomon burilayotganimizda qarshimda paydo bo‘ldi: salobatli, mustahkam, o‘zining qizil-oq chiziqlari bilan regbi o‘yinchisining kiyimini eslatar edi. Dengizchilar birligi ramzi, shuningdek, yolg‘izlik halokatiga duchor bo‘lgan kasalxona bemorlarining ramzi bo‘lgan bu mayoqqa men shu zahotiyoq shaydo bo‘ldim. Biz har doim ko‘rishib turamiz. Men uning huzuriga tez-tez borib turaman va meni Chinechittaga olib borishini so‘rayman. “Sorrel” binosining kimsasiz ayvonlarini shunday atayman. Janub tarafga qaragan bu keng ayvonlardan o‘zgacha shoirona jozibaga ega bo‘lgan, kinofilm dekoratsiyasiga o‘xshagan manzara ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Berk atrofi elektropoyezd sahnasi uchun bezatilganga o‘xshaydi. Bir nechta qum tepaliklar qadim G‘arb haqida tasavvurlarni hosil qiladi. Bepoyon dengiz to‘lqinlari esa shunchalik oppoqki, go‘yo soxtaga o‘xshaydi.
Men kun bo‘yi Chinechittada vaqtimni o‘tkazishim mumkin edi. U yerda men zamonlar aro eng buyuk rejissyorga aylanib qolaman. Shahar tomondan men yana “Yovuzlik muhri”[16] filmining birinchi sahnasini suratga ola boshlayman. Sohil bo‘ylarida “Dilijans”[17]ni yana treveling[18] qilaman. Ochiq dengizda esa “Oy yog‘dusida”[19]gi kontrabanda ishtirokchilarining hujumini tasvirga olaman. Yoki bu mo‘jaz manzaralar orasida yo‘q bo‘lib ketaman, shunda do‘stimning muzlab qolgan barmoqlarimni asta silashidan boshqa hech narsa meni bu dunyodan uzilgan ko‘nglimni qaytara olmaydi. Men – yuziga qizil-ko‘k bo‘yoq chizilgan, aqldan ozgan, boshiga portlovchi dinamit bog‘lab qo‘yilgan masxarabozman. Chart etib gugurt chaqmoq vasvasasi xayollarimga bulut kabi o‘rnashib olgan. Keyin esa quyosh bota boshlaydi, Parijga yo‘naltirilgan so‘nggi poyezd ham jo‘naydi va palataga qaytish vaqti keladi. Men qishni intizorlik bilan kutaman. Issiq kiyimlarga burkangan holatda kechgacha shu yerda qolib, quyosh botishiga, mayoq chirog‘ini atrofga umid uchqunlarini sochishiga termulaman.
Sayyohlar
Urushdan so‘ng Berk dahshatli sil kasali qurboni bo‘lgan bolalarni qabul qilar edi, lekin hammasi keyinchalik o‘zgardi. Hozir u yerda keksalik ofatlari, chetlab o‘tib bo‘lmaydigan miya va tana faoliyatining buzilishiga qarshi kurash olib boriladi. Lekin geriatriya[20] – bu yerdagi xizmatlar haqida ma’lumot beruvchi shunchaki bir fragmentdir. Shuning o‘zidagina yigirmatacha behush holatdagi bemorlar, o‘lim darvozasi qarshisidagi cheksiz tun girdobiga tortilgan baxtiqarolar bor. Ular hech qachon palatalarini tark etmaydilar. Har biri shu yerda ekanlikarini bilishadi va jamiyatga zarracha foyda keltira olmayotganlari ularning vijdonini pora-pora qiladi. Qarama-qarshi tomonda esa aqli zaif bemorlarni davolash qismi joylashgan. Yonida esa semizlikdan azob chekayotgan bemorlarning parishon boqishlariga duch kelasiz. Tibbiyot olimlari bu bemorlarning vazn hajmlarini kamaytirishga umid bog‘lashgan. Markazda esa asosiy “qo‘shin”ni tashkil qiladigan mayib bemorlar jamoasi mavjud. Ular sport tufayli yoki yo‘l halokatlaridan, shuningdek, turli xil falokatlaridan jabrlanganlardan tashkil topgan. Berkka bu bemorlar vaqtinchalik tushib qolib, jarohatlangan qo‘l-oyoqlarini davolashadi. Men ularni sayyohlar deb atayman.
Va nihoyat biz – qanoti singan qushlar, ovozi uzilgan to‘tilar, baxtsizlik jarchilari, o‘z inlarini asab davolash bo‘limining boshi berk yo‘lakchasini burchaklariga qurganmiz. Biz – doimo sukunat saqlovchi falaj bemorlar, dardi biznikidan yengilroq bo‘lgan insonlarning ko‘nglida notinchlik uyg‘otamiz. Men buni yaxshi tushunaman. Buning guvohi bo‘lish uchun eng mos joy – kineziterapiya zali. Aynan shu yerga barcha bemorlar davolanish uchun keladi. Bu haqiqatan Mo‘jizalar ko‘chasiga[21] o‘xshar edi: shovqinli, rang-barang.
Qo‘ltiqtayoqlarning, protezlarning taraq-turuqi va turli xil shovqinlar orasida sizga har xil insonlar uchraydi. Misol uchun qulog‘iga zirak taqib olgan, mototsikl halokatiga yo‘liqqan yoshgina erkak; yiqilish tufayli jarohatlanib, qayta yurishni o‘rganayotgan yupqa ko‘ylakli kampir; metroda oyog‘ini uzib olgan daydi (hech kim uni qanday qilib bu ko‘rgilikka yo‘liqqanini bilmaydi). Bu jamoa e’tiborsiz hodimlar nazorati ostida qo‘l-oyog‘ini qimirlatib ko‘rishga harakat qilar, bu mahal meni esa asta-sekin vertikal holatiga keltirishayotgan bo‘lishadi. Har kuni ertalab shu holatda yarim soat turaman, qaddimni “tek” tutib. Menimcha, shu payt men Motsartning “Don Juan”ining so‘nggi sahnasidagi Komandor haykaliga o‘xshasam kerak. Pastda esa odamlar hazil qilishmoqda, kulishmoqda, suhbatlashishmoqda… Mening ham shu xursandchilikda ishtirok etgim keladi, ammo yagona qolgan ko‘zim bilan ularga qarashim bilanoq ular yuzlarini mendan o‘girib oladilar. Birdaniga shiftdagi yong‘in xavfsizligi uchun o‘rnatilgan qurilmani tomosha qilgilari kelib qoladi. “Sayyohlar” yong‘indan juda qo‘rqishsa kerak-da.
Kolbasa
Har kuni vertikalizatsiya[22] seansidan keyin sanitar meni palatamga olib keladi-da, joyimga ko‘tarib joylashtirish maqsadida yordamchilarni kutib turadi. Bu paytgacha esa allaqachon tushlik vaqti kelgan bo‘ladi va sanitar ataylab xushchaqchaq ohangda “Yoqimli ishtaha!” deb xayrlashib ketadi. Bu esa 15 avgustda Rojdestvo[23] bayrami bilan tabriklash yoki ish kunini ayni qizigan pallasida xayrli tun tilash bilan barobar-ku! Sakkiz oy davomida men limon sharbatining bor-yo‘g‘i bir nechta tomchilarini yutdim. Yarim qoshiq yogurt esa nafas yo‘llarimda yo‘qolib qolishiga sal qoldi. Oziqlanish tajribasi, bachkanaroq nomlangan bu tajriba, samarasini bermadi. Lekin xavotirga o‘rin yo‘q, men och qolmayman. Oshqozonimga ulangan jigarrang, shishasimon zond orqali menga yetarlicha ozuqa yetkazilib turilmoqda. Xotiramda saqlanib qolgan bitmas-tuganmas ta’m va hid xotiralarini huzurlanish uchun uyg‘otaman. Kimdir maza qilib ovqat tayyorlay oladi, men esa sinchkovlik bilan masalliqlarni tanlab, xayollarimdan tayyorlayman. Xohlagan vaqtda, hech qanday ovoragarchiliksiz ovqatlanishga o‘tirish mumkin. Restorandan stol buyurtma berishga hojat yo‘q. Qachonki o‘zim ovqat tayyorlasam, albatta ko‘ngildagidek chiqadi. Burgundiyaliklar usuliga binoan qovurilgan mol go‘shti, go‘shtlik shaffof ilvira va me’yorida nordon shaftoli torti. Kayfiyatga qarab o‘zimni o‘zim mehmon qilaman: o‘n ikki dona chig‘anoq, pishirilgan kartoshka bilan cho‘chqa go‘shti, nordon karam va bir shisha tillarang, uzoq yillar davomida saqlangan gevyurts-traminer[24], yoki oddiygina qovurilgan tuxum bilan non. Qanday rohat! Tuxum sarig‘i tomog‘imdan o‘z ilig‘ini taratib o‘tib ketmoqda. Shuningdek, hazm qilish bilan aloqador muammolar hech qachon yuzaga kelmaydi. Albatta, men eng yaxshi mahsulotlardan foydalanaman: eng yangi sabzavotlar, xozirgina tutilgan baliq, yog‘likkina go‘sht. Hammasi qoidaga binoan tayyorlanishi shart. Menga do‘stim Truadan haqiqiy sosiska tayyorlash shartlarini yuborgan edi, ya’ni uch xil go‘sht bir-birining ustiga tahlangan holatda tayyorlanadi.
Shunday sinchkovlik bilan men yil fasllarini almashtiraman. Hozirda men shirin qovunlar mazasidan bahra olayapman. Dengiz chig‘anog‘i va qush go‘shtini kuzga zahiralab qo‘yaman, agar ularni yeyish xohishim meni tark etmasa, albatta. Chunki, shu kunlarda negadir juda o‘zgacha fikrlaydigan, mulohazakor bo‘lib qolganman. Avvaliga, uzoq vaqt oddiy ovqatdan judo bo‘lganim meni mushkul holatlarga soldi. Men ochofat bo‘lib qoldim. Hozirda esa xayollarimning qaysidir burchagida osig‘lik turgan kolbasani bemalol tomosha qila olaman. Lion kolbasasining shakli noto‘g‘ri, juda yupqa va qo‘pol kesilgan. Shirasini chiqarib chaynashingizdan ilgariroq tilda erishni boshlaydi. Bu huzur ham muqaddas narsa, qirq yillik tarixga ega bo‘lgan e’tiqod. U paytlardagi yoshimda men shirinliklarni yaxshi ko‘rishim kerak edi, lekin ko‘nglim ko‘proq kolbasa mahsulotlariga tortar edi. Onam tomondagi bobomga qaraydigan enaga qorong‘u Raspay xiyoboniga har gal kelganida bolalarcha ajoyib erkalik bilan menga kolbasa berishini so‘rar edim. Bu chevar ayol ovqat borasida bolalarga ham, qarilarga ham juda muruvvatli edi. Shunday tashabbuskor yo‘l orqali u bir o‘q bilan ikkita quyonni urdi: meni kolbasa bilan siyladi va bobomning shundoqqina o‘limidan oldin unga turmushga chiqdi. Bu kutilmagan turmush oilamizdagilarga unchalik ham xush kelmadi. Mening xotiramda faqat bobomning ellik franklik pulning yuzida tasvirlangan Viktor Gyugoning jiddiy ko‘rinishi kabi qarashlari saqlanib qolgan, xolos. Lekin o‘yinchoq va kitoblarim orasiga menga sovg‘a qilingan kolbasani jinnilarcha tiqib qo‘yganim yaqqol esimda. Menimcha, hech qachon bundan-da mazaliroq kolbasani hayotimda yemaganman.
Farishta
Sandrinaning oq xalatiga qistirib qo‘yilgan “Logoped” degan so‘z “Farishta” deb o‘qilsa mubolag‘a bo‘lmaydi. Aynan u menga kodlar orqali gaplashishni o‘ylab topdi, aks holda, men bu dunyodan uzilib qolishim hech gap emas edi. Ko‘pchilik do‘stlarim men bilan kod orqali suhbatlashsa-da, afsuski, kasalxonada esa faqat Sandrina va bir psixolog doktorgina shu yo‘l orqali men bilan aloqa qilishadi. Shuning uchun menga oddiy mimika usullari bilan tushuntirishga to‘g‘ri keladi (ko‘z qisish va bosh qimirlatish). Odatda men eshikni yopishni, hojatxonadagi suv tushishini to‘g‘irlashni, televizor ovozini pasaytirishni yoki yostig‘imni balandroq qo‘yishlarini so‘rayman. Ammo har doim ham bu istaklarimga erisha olmayman.
Yolg‘izlik olamida o‘tkazgan vaqtim davomida men bir narsani tushundim, odamlar ikki maqomda bo‘ladi. Ularning ko‘pchiligi mening xohish-istaklarimni tushunishga harakat qilishadi, qolgan mas’uliyatsizroqlari esa men ularga ko‘rsatishga harakat qilayotgan belgilarimni ko‘rmaganlikka olishadi. Misol uchun, tunov kuni bir galvars men ko‘rib turgan Bordo-Myunxen o‘yinini yarmiga kelganda to‘satdan o‘chirdi-da, shafqatsizlarcha “Xayrli tun” deb chiqib ketdi. Noqulayliklar, suhbatlashish imkoniyatidan mahrumlik odamda tushkun kayfiyatini yaratadi. Ammo, kuniga ikki marta Sandrina o‘zining qayg‘urgan ko‘zlari bilan xonamga nazar tashlashi bilanoq hamma yomon ruhlar atrofimdan haydaladi. Shunda ko‘rimsiz skafandr azobi yengillashadi.
Logopediya – bu cheksiz hurmatga sazovor san’at. Frantsuz tovushlarini yuzaga chiqarish uchun tilimiz qancha harakatlarga kelishini tasavvur ham qila olmaysiz. Hozirda men “L” harfini talaffuzida qiyinchiliklarga duch kelmoqdaman. Go‘yo o‘z jurnalining nomini talaffuz qila olmayotgan bechora muharrir. Omadim kelgan kunlari ikkita yo‘tal xurujidan so‘ng nafas olishim kuchga kirib, bir nechta fonemalarni gapirishga urinib ko‘raman.Tug‘ilgan kunimga yaqin Sandrina alifboni dona-dona qilib o‘qishga undadi. Men uchun eng yaxshi tug‘ilgan kun sovg‘asi shu bo‘ldi. Xirillagan ovoz bilan so‘zlanayotgan yigirma oltita harfni eshitib, o‘zimni endi gapirishni o‘rganayotgan g‘or odamidek his qilib ketim.
Ayrim paytlarda mashg‘ulotimizni telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lib qo‘yadi. Men Sandrina orqali biron-bir yaqin odamim bilan aloqaga kirib hayotning bir lahzasini totishga harakat qilaman, xuddi uchib ketayotgan kapalakni tutish kabi. Qizginam Selesta esa poni[25] ustida sayr qilganini gapirib beradi. Besh oydan keyin uning to‘qqiz yoshga kirishini nishonlaymiz. Otam esa to‘qson uch yoshida oyoqda turishning mushkulliklarini mardlarcha yengayotgani haqida aytib beradi. Otam va Selesta menga g‘amxo‘rlik qilayotgan eng suyukli insonlarim. Men ko‘p o‘ylanib qolaman, bu bir tomonlama suhbatlar ularda qanday taassurot qoldirar ekan? Menga-ku ta’siri katta, ko‘nglimni ko‘tarib yuboradi. Ularning mehrga to‘la gaplariga sukunat bilan javob qaytarmaslikni qanchalik xohlayman-a.
Ayrimlar bunday suhbatlarga dosh bera olmaydilar. Agar Sandrina qulog‘imga tutib turgan telefon go‘shagiga qattiq xo‘rsinib qo‘ymasam, muloyim Florans menga gapirmaydi. “Jan-Do, shu yerdamisiz?” – xavotirlanib so‘raydi Florans. To‘g‘risini aytganda, oxirgi paytlarda o‘zim ham bu borada shubhalana boshlayapman.
Surat
Otamni oxirgi marta soqolini olayotganimda ko‘rgan edim. Bu voqea aynan men falokatga uchragan haftada bo‘lgan edi. U kasal edi, shuning uchun men unga qarashga uning Parijdagi, Tyuilri yaqinidagi mittigina xonadonida qoldim. Tongda unga sutli choy tayyorlab berib, bir necha kun davomida uni o‘sib ketgan soqolidan xalos qilishga qaror qildim. Bu voqea butun umrga esimda qoldi. Qizil namat o‘rindiqqa joylashib olib, gazetani boshdan-oyoq sinchiklab o‘qib chiqadigan otam uning qarib ketgan yuziga “hujum qilayotgan” ustaraga qarshi mardonavor chidar edi. Ozib ketgan bo‘ynining atrofiga keng sochiq o‘rab tashlangan, yuziga esa ko‘pik qalin qilib surtilgan. Men uning tomirlari ko‘rinib turgan yuz terisini shikastlamaslikka harakat qilar edim. Otam shunchalik charchagan ediki, o‘tirgan joyida ko‘zlari yumilib ketayotgan edi. Holsiz ko‘rinishda burun suyagi ham bo‘rtib chiqqan, lekin yoshligidan saqlanib qolgan o‘zgacha barno qomati o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q. Qarilarga xos betartiblik hissini uyg‘otadigan turli xil narsalar xonada qalashib ketgan. Bular ancha yillar davomida yig‘ilib qolgan rasmlar bilan bezatilgan eski jurnallar, hech kim tinglamaydigan plastinkalar, g‘alati narsalar va katta oynali ramkaga solingan turli zamonga tegishli rasmlar. Bularning orasida dengizchilar kiyimchasini kiyib olgan otamning bolalikda rasmi ham (urushdan oldin 1914 yil), ot minib tushgan sakkiz yoshli qizimning rasmi ham va mening kichkina golf maydonchasida tushgan oq-qora rasmim ham bor. Rasmda men o‘n bir yoshdaman. Quloqlar dikkaygan. Ko‘rinishimdan sal ahmoqroq, itoatkor o‘quvchiga o‘xshayman. Ko‘rsam, g‘ashim keladi, chunki aynan o‘sha paytlarda uchiga chiqqan dangasa edim-da.
Sartaroshlik ishimni bitirib, hayotimning muallifi bo‘lgan otamga uning sevimli atirini sepaman. Keyin har doimgidek “Ko‘rishguncha” deb xayrlashamiz va stolining ostiga yashirib qo‘yilgan vasiyatnomasi haqida bu gal ham bir og‘iz so‘z aytmaydi. Shundan so‘ng biz boshqa ko‘rishmadik. Men o‘zimning Berkdagi kasalxonamni tark etmayman, unga esa to‘qson ikki yoshida uyining cheksiz zinapoyalaridan tushishiga oyoqlari dosh bermaydi. Ikkimiz ham bir yo‘sindamiz – “locked-in syndrome” : men – o‘zimning “skafandrim”da, u – uyining to‘rtinchi qavatida. Endi o‘zimni ham ertalablari soqolimni olishmoqda. Bir hafta ichida o‘sib ketgan soqolimni tibbiy xodimlardan biri olayotganida xayolimga birdan otam keladi. Umid qilamanki, o‘sha kuni men bulardan ko‘ra sartaroshning vazifasini ehtiyotkorroq bajardim.
Vaqti-vaqti bilan otam menga qo‘ng‘iroq qilib turadi. Mehribon qo‘l qulog‘imga tutib turgan telefon go‘shagidan otamning ozgina qaltiroq bosgan ovozini eshitaman. O‘z o‘g‘lingga qo‘ng‘iroq qilsang-da, u hech gapirmasa qiyin bo‘lsa kerak. U menga golf maydonchasida tushgan rasmimni ham yubordi. Avvaliga men tushunmadim, nima sababdan u bunday qildi? Bu savol agar kimningdir xayoliga rasmning orqa tomoniga qarab ko‘rish fikri kelmaganida javobsiz qolgan bo‘lur edi. Shu payt dam olish kunlarining birida sodir bo‘lgan voqealar esimga tushib ketdi: shamol esib turgan g‘amgin bir joyga toza havodan nafas olish uchun oilaviy bordik. O‘zining tekis, chiroyli yozuvi bilan otam oddiygina qilib: Berk-syur-Mer, aprel, 1963 yil deb yozib qo‘yibdi.
Yana bir o‘xshashlik
Agar Aleksandr Dyumaning kitobxonlaridan qaysi asar qahramoniga aylanib qolishni xohlar edingiz deb so‘rashsa, hech shubhasiz, ular Dartanyanni yoki Edmon Dantesni tanlashgan bo‘lar edi. “Graf Monte-Kristo”dagi dahshatli qahramon – Nuarteni tanlash esa hech kimning xayoliga kelmagan bo‘lar edi. Yozuvchi bu qahramonni tirik nigoh bilan tikilib turadigan murda, tanasining chorak qismi go‘yo go‘rida bo‘lgan odam qiyofasida tasvirlagan. Butkul nogiron bo‘lgan bu qahramon obrazidan insonni titroq bosadi. Hamma dahshatli sirlardan xabardor bo‘lgan kuchsiz, doimo sukunat saqlaydigan bu odam butun umrini nogironlar aravachasida o‘tkazadi. Aloqa qilishining yagona yo‘li bu faqat ko‘zini qisish: bir marta bo‘lsa “ha”, ikki marta – “yo‘q”. Aslida Nuarte bobo (nevarasi uni mehr bilan shunday chaqiradi) “locked-in syndrome”ga chalingan yagona bemor personaji. Baxtsizlik tufayli ongimni o‘rab olgan qalin tumandan aqlim ozod bo‘lgan paytlarda men Nuarte bobo haqida ko‘p o‘ylayman. Yaqinda “Graf Monte-Kristo”ni o‘qigan edim, endi esa kitobdagi voqealar markaziga tushib qolganga o‘xshayman. Tag‘in eng yoqimsiz vaziyatda. Bu kitobni mutolaa qilishim to‘satdan bo‘lmadi. Menda shum fikr paydo bo‘ldi, romanning zamonaviylashtirilgan variantini yozish: albatta, asosiy g‘oya bo‘lgan qasos mavzusi saqlanib qolinardi, ammo voqealar bizning zamonamizda sodir bo‘layotgan bo‘lar edi. Monte-Karlo esa ayol kishi bo‘lar edi. Men bu jinoyatga qo‘l urishimga va shunday buyuk romanni haqoratlashga ulgura olmadim, vaqtim tugadi. Jazo sifatida men baron Danglarga, Fransa De Epinega yoki albatta, Fariaga aylanib qolishga roziman. Durdona asarlar bilan hazillashib bo‘lmaydi. Ammo adabiyot va asab xudolari menga nisbatan umuman boshqa hukm chiqarishdi.
Kechalari Nuarte boboning o‘zini uzun oppoq sochlari bilan kasalxona yo‘laklari bo‘ylab qadimiy, zang bosgan aravachasida sang‘ib yurgani tasavvurimga keladi. Taqdirga ulkan o‘zgartirishlar kiritish uchun men buyuk afsonaga aylanadigan reja tuzmoqdaman, qayerdaki eng asosiy guvoh falaj bo‘lgan kishi emas, qochoq bo‘ladi. Kim biladi, balki bu rostdan ham ro‘yobga chiqar.
Tush
Men hech qachon tushlarimni eslab qola olmayman. Tong otishi bilanoq stsenariydagi voqealar zanjiri uziladi-da, hammasi esdan chiqadi. Lekin nega unda dekabr tushlari xotiramda toshga o‘yilgan naqsh kabi saqlanib qolgan? Balki bu behushlikning bir xususiyatlaridandir. Siz o‘ngingizga qayta olmaysiz, tushlar esa tugamaydi, aksincha, birin-ketin davom etaveradi, xuddi roman-feletonning hodisalari kabi. Bu kecha hodisalarning biri esimga tushdi.
Tushimda laylakqor yog‘ayotgan ekan. Taxminan o‘ttiz santimetr qor avtomobillar mozorini ustini qoplagan. Men eng yaqin do‘stim Bernar bilan sovuqdan titrab, u yerni kezib o‘tyapmiz. Uch kundan beri Frantsiyaga shahardagi umumiy ish tashlash sababli yetib bora olmayapmiz. Biz to‘xtab qolgan joy, Italiya chang‘i kompleksida, Bernar Nissaga boradigan poyezd qidirdi. Ammo sayohatimiz so‘ngida bizni ish tashlovchilar jamoasi to‘xtatib, ayozli ob-havo bo‘layotganiga qaramasdan, yupqa botinka va kostyumda poyezddan chiqishimizni talab qilishdi. Ayanchli manzara. Avtomobillar mozorining ustidan katta ko‘prik o‘tgan. Nazarimda, balandligi ellik metr bo‘lgan shu ko‘prikdan mashinalar ustma-ust qulab, qalashib ketgan va mazkur avtomobillar mozori vujudga kelgan.
Biz nufuzli bir italiyalik kishi bilan uchrashuv belgilaganmiz. U insonning shtab-qarorgohi shu ajabtovur joyda yashiringan. Biz topishimiz kerak bo‘lgan eshik sariq temir eshik bo‘lib, unda “hayot uchun xavfli” degan yozuv bor va tagidan elektr tokidan zarba olgan odamga ko‘rsatiladigan birinchi tibbiy yordam yo‘l-yo‘rig‘i ifodalangan. Taqillatib ko‘ramiz. Eshik ochiladi. Uyning kirish qismi qandaydir “Sante” firmasi boshlig‘ining omborxonasiga kelib qolgandek his qilasan o‘zingni: ilgaklarda pidjaklar, shimlar osilgan, qutilarda ko‘ylaklar – hammasi shiftgacha uyulgan. Qo‘lida avtomat ko‘tarib turgan soqchini sochidan darhol tanib olaman. Bu serbiyalik – Radovan Karajich. “Oshnamning nafas olishi qiyinlashib boryapti”, – dedi Bernar. Karajich menga traxeostoma qo‘yadi. Keyin hashamatli shisha zinadan yerto‘laga tushamiz. Devorlarga qizg‘ish charm tortilgan keng o‘rindiqlar va xira yorug‘lik bu xonaga tungi restoran xususiyatini baxsh etadi. Bernar bu yerning xo‘jayini bo‘lgan “Fiat” yakkahokimligi boshlig‘i Janni Anelli bilan gaplashar edi. Bu paytda esa meni livan talaffuzi bilan gapiradigan yordamchi qiz kichkina mayxona qarshisiga o‘tqizadi. Shisha stakanlarning o‘rniga shiftdan samolyotlarda halokat paytida tushadigan kislorod niqobi kabi plastik naychalar tushdi. Mayxona egasi menga naychalardan birini og‘zimga solishimni ishora qildi. Men aytganini qilaman. Qahrabo rangli, zanjabil mazasini eslatadigan suyuqlik naycha orqali oqadi va oyog‘imdan to sochimning tolasining uchigacha isib ketaman. Biroz vaqt o‘tganidan so‘ng ichishni o‘xtatib, o‘rindig‘imdan tushgim keldi. Lekin to‘xtovsiz ichishni davom ettiraverardim, qilt ham eta olmasdim. Mayxona egasini e’tiborini qaratish uchun unga qo‘rquv to‘la nigohimni tikaman. U menga sirli tabassum qiladi. Ovozlar va yuzlar ayqash-uyqash bo‘lib ketdi. Bernar nimadir der edi, ammo ovozi umuman tushunarsiz edi. Buning o‘rniga Ravelning “Bolero”sini eshitayotgan edim. Meni g‘irt mast qilib qo‘yishgan edi.
Qayerdandir urushga tayyorgarlik shovqin-suronlari eshitilar edi. Yordamchi qiz meni yelkasiga ortib, zinadan tepaga olib chiqayotgandi: “Ketishimiz darkor, hozir mirshablar bostirib keladi”. Tashqarida esa tun, qor esa yog‘mayotgandi. Muzdek shamoldan etim jimirlab ketdi. Ko‘prikka o‘rnatilgan projektor nurlari tashlandiq avtomobillar sirtini yoritib turar edi.
“Atrofingiz o‘rab olingan, taslim bo‘linglar!” – degan baland ovoz eshitiladi. Biz qochib qolishga muyassar bo‘lamiz. Tushlarimda doim qochib ketgim keladi, lekin shunday imkoniyat paydo bo‘lishi bilanoq yengib bo‘lmaydigan karaxtlik ustimdan hukmronlik qilib oladi. Men haykalga, mumiyoga aylanib qolaman. Agar o‘rtada eshik turgan bo‘lsa, bu eshikni ochish uchun kuchim yetmaydi. Bunga sabab faqat mening qo‘rqinchim emas. Men do‘stlarimning ham men kabi shunday sirli tariqat asiriga aylanib qolishidan qo‘rqaman. Men bor kuchim bilan ularni ogohlantirishga urinaman, ammo ming afsuslar bo‘lsinki, mening tushim o‘ngim bilan bir xil – bir og‘iz so‘z ham gapira olmayman.
Kadr ortidagi ovoz
Menda shunday vaqtlar bo‘lganki, “rohatlanib” uyg‘onganman. Ayniqsa, o‘sha yanvarning oxirgi kunlaridan birida hushimga kelganimda qarshimda bir odam egilib, paypoq tikayotgan kabi o‘ng qovog‘imni nina bilan tikayotgan edi. Meni beixtiyor qo‘rquv bosdi. Agar to‘satdan ko‘z shifokori meni chap ko‘zimni ham tikib qo‘ysa-chi? Bu dunyo bilan yagona aloqa vositamni, zindonimdagi bir dona tuynugimni, “skafandr”imdagi birgina tirqishimni-ya!
Ming shukurlar bo‘lsinki, zulmat olamiga meni g‘arq qilishmadi. Shifokor mittigina asboblari ichiga paxta to‘ldirilgan qattiq qutiga soldi-da, sudda qoralovchi jinoyatchiga jazo e’lon qilayotgandek bir jumlagina gapirdi: “Yarim yil”. Men sog‘ ko‘zim bilan savollarga to‘la nigohimni unga qaratdim, lekin umri davomida ko‘z qorachig‘iga qarab kunini o‘tkazgan bu chol ko‘zga qarab fikrni o‘qiy olmas ekan. Bu odam “Menga umuman farqi yo‘q”, degan shifokorlarning turidan. Dimog‘dor, qo‘pol, kekkaygan, bemorlariga farmoni ila soat sakkizda kelishini buyuradi-da, o‘zi soat to‘qqizda paydo bo‘ladi va beshtakam o‘nda, hayotining juda muhim qirq besh minutini ketkizganini anglab, ketib qoladigan shifokor. Ko‘rinishidan Maksvell Smartga[26] o‘xshar edi: keng, yumaloq yuzli, kaltabaqay, kelishmagan gavdasi bor. Oddiy bemorlar bilan kamgap bo‘lsa-da, mendek arvoh kabilardan qisqagina tushuntirish berib qochadi. Alaloqibat, nega o‘ng ko‘zimni tikib qo‘yganini tushundim. Qovog‘im yopilmay qolibdi, bu esa ko‘zning pardasini kasallanishiga sabab bo‘lardi.
Bir necha haftadan so‘ng men o‘ylab qoldim, mabodo kasalxona shunday yoqimsiz ishchini atayin uzoq muddatli bemorlarning tibbiy xodimlarga nisbatan yashiringan shubhalarini aniqlash uchun yollaganmikan? Qandaydir ma’noda u qurbondir. Uni ishdan ketadi, degan gaplar yuribdi. Agar u ketsa men keyin kimning ustidan kulaman? Uning har doimgi: “Ko‘zingiz ikkita ko‘ryaptimi?” degan savoliga xayolan: ”Ha, bitta ahmoqning o‘rniga ikkita ahmoqni ko‘rayapman”, deb javob beraman.
Nafas olishga bo‘lgan ehtiyoj kabi xavotirlanish, sevish va hayratlanish kabi hissiyotlarga ham muhtojman. Do‘stimning xati, tabriknoma ustidagi Baltyus surati vaqt o‘tayotganidan darak beradi. Befarq va hamma narsaga ahamiyatsiz bo‘lib qolishdan qo‘rqib, o‘zimda ozmuncha g‘azab va alam hislarini saqlab qo‘yganman: ko‘p ham emas, kam ham emas, xuddi tez qaynar qozon kabi. Unda xavfsizlik klapini mavjud bo‘lib, bug‘ chiqaradi va shuning hisobidan portlab ketmaydi.
Xo‘sh, tez qaynar qozon… Teatr pesasi uchun yaxshi nom. Bir kun kelib o‘zimning tajribalarimdan kelib chiqqan holda shu asarni yozarman ham. Shuningdek, men uni “Ko‘z” deb va albatta “Skafandr” deb nomlashni rejalashtirayotgan edim. Stsenariy voqealari va bezaklar – hammasi sizga ma’lum. Kasalxona palatasi, yoshi o‘tgan bemor janob D. yurak-qon tomirlarining jiddiy kasallikka yo‘liqishi tufayli yuzaga kelgan “locked-in syndrome” kasalligi bilan qanday hayot kechirishni o‘rgatadi. Pesada yirik reklama agentligining asoschisi bo‘lgan janob D. ning tabbiyot olamidagi sarguzashtlari; xotini, farzandlari, do‘stlari va hamrohlari bilan bo‘lgan munosabatlaridagi o‘zgarishlar haqida gap ketadi. Shuhratparast, hayosiz va shu paytgacha hech ham omadsizlikka duch kelmagan janob D. baxtsizlikka duch keladi, atrofidagi odamlarning ishonchsizligini ko‘radi va yaqinlarini yaxshi bilmaganligini tushunib yetadi. Bu asta sodir bo‘luvchi voqealarni kuzatish oson kechadi, chunki kadr ortidagi janob D.ning ovozi, ichki monologi, har bir vaziyatni tushuntirib turadi. Pesani yozishgina qoldi, xolos. Ohirgi sahna ko‘rinishini ham o‘ylab qo‘yganman. Sahna g‘ira-shira yorug‘lik bilan yoritilgan, faqat o‘rtada turgan karavotgagina nur tushib turibdi. Tun, hamma uyquda. Joyida qimirlamay yotgan janob D. to‘satdan ustiga yopingan ko‘rpasini tushirib birdan sakrab o‘rnidan turadi va sahna bo‘ylab yuradi. Keyin chiroqlar o‘chiriladi va so‘nggi marta janob D.ning ichki monologi, sahna ortidagi ovoz eshitiladi: “Jin ursin, hammasi shunchaki tush bo‘lgan ekan!”
Omadli kun
Bugun tong otishi juda sekin kechdi, go‘yo falak 119-palataga qulagan kabi. Yarim soatdan beri ovqatlanish vaqti kelgani haqida darak beradigan favqulodda xabar apparati bekorga, to‘xtovsiz jiringlamoqda. Men bunday miyani charchatadigan, asabni o‘ynaydigan va zerikarli “bip-bip” deb qaytarilaveradigan tovushni umrim bo‘yi eshitmaganman. Buning ustiga o‘ng ko‘zimni yopib turgan yamoq ochilib ketdi va yopishib qolgan kipriklarim ko‘zimga tegib azoblamoqda edi. Undan ham dahshati esa peshob katetirim chiqib ketgan. Umuman, yomon ahvoldaman. Yordam kutguncha Andri Salvadorning qo‘shig‘ini xirgoyi qilyapman: “Kelaqol, jonginam, buning hammasi o‘tkinchi”. Va nihoyat, hamshira keldi. Odatdagidek televizorni qo‘yishdi. Reklama vaqti. Tele-axborot tarmog‘i “Minitel” savol bermoqda: “Mo‘may pulga ega bo‘lishga tayyormisiz?”
Ilon izi
Kimdir mendan Lurdga ziyoratga borish niyatimiz bormi, deb so‘rasa, men allaqachon borib kelganimni aytaman. Bu voqea 70-yillar oxirida bo‘lgan edi. Jozefina bilan men murakkablashib ketgan munosabatlarimizni o‘nglash uchun birga safarga borishga qaror qildik. Lekin har daqiqada janjallashardik. Ertalab mo‘ljalni olmasdan, yo‘lni tanlamasdan yo‘lga otlanish biz o‘ylagandan-da mushkulroq ekan. Jozefina, xuddi men kabi tuyg‘ular borasida judayam samimiy edi, shuning uchun uning eski, moviy rangli mashinasi oilaviy muammolar bo‘yicha janjallashadigan joyga aylandi. Eksle-term nomli joydan boshlab Jozefinaning tog‘asining villasi joylashgan Shambr de Amurgacha Pireneya sohili bo‘ylab sayr qildik. “Men hech qachon bunday demaganman!” nomli bahslar davomida bosib o‘tilgan izlarimiz ortimizda qolardi.
Bahslarimizning asosiy mavzusi olti yoki yetti yuz betlik, usti qizil-qora muqovadan iborat “Ilon izi” nomli kitob edi. Kitob Sharl Sobraj ismli odamning sarguzashtlari haqida. U Bombey yoki Katmandu yaqinida sayohatchilarni aldab, bor-yo‘g‘ini o‘g‘irlab ketar ekan. Bu nasl-nasabi frantsuz-hind bo‘lgan “ilon”ning tarixi juda uzun edi. Asarda yoritilgan voqealarni aniq eslolmayman-u, lekin Sharl Sobraj personajining menga ko‘rsatgan ta’sirini yaxshigina eslayman. Andorrani o‘qiguncha ba’zida yon-atrofga qarash uchun kitobdan ko‘zimni uzar edim, lekin Pik-dyu-Midi asari qo‘limga tushgach, mashinadan tushib sayr qilishni qat’iyan rad etdim. Buning ustiga o‘sha kuni tog‘ atrofini sarg‘ish tuman qoplagan, bu esa o‘z navbatida sayohat jozibasiga putur yetkazayotgan edi. Jozefina esa yolg‘iz o‘zimni mashinada qoldirib arazlagancha qayergadir ketib qoldi. Balki u meni yomon ko‘zlardan saqlash maqsadida duo o‘qish uchun Lurdga oshiqayotgandir? Men esa dunyoga sehrgarlari bilan tanilgan shaharda hech qachon bo‘lmaganimga ham roziman. Sharl Sobrajni o‘qiyverganimdan xayollarim chalkashib ketdi, Bernadettani Subira bilan, Adura suvini Ganga toshqinlari bilan adashtiraman.
Keyingi kun Tur de Frans dovonidan ko‘tarilguncha mashaqqatli yo‘l kechdik, havo chidab bo‘lmas darajada issiq edi. Mashinani Jozefina haydar, men yonida o‘tirar edim, “Ilon izi” orqa o‘rindiqda yotar edi. Ertalabdan beri kitobga qo‘limni ham tekkizmadim, Jozefina kitobga bo‘lgan ishtiyoqimni noto‘g‘ri tushunib, rafiqamga bo‘lgan qiziqishim yo‘qolgan, deb o‘ylamasin. Biz ayni ziyoratlar mavsumida kelganimiz uchun mehmonxonalar to‘la edi. Lekin men har bir mehmonxonadan joy so‘rab chiqdim. Hammasi menga: “Ming afsus”, degan javobni berishardi. Bunday javobni qanday ohangda aytilishi esa mehmonxona bahosiga bog‘liq edi.
Terlaganimdan ko‘ylagim belimga yopishib qolgan, uning ustiga har bir rad javobidan keyin yangi janjal boshlanish ehtimoli bor edi. Shu payt “Angleter”, “Ispaniya”, “Balkanlar” va yana qaysidir mehmonxonadan ma’yus ohangda: “Ha, joy bor”, degan javob keldi. “Mo‘jiza!”, deb baqirib yuborishimga sal qoldi, lekin vaziyat jiddiy edi. Lift juda ham keng ekan, o‘n daqiqadan so‘ng esa dush qabul qilayotib, vannamiz nogironlar uchun mo‘ljallanganligini tushundim.
Jozefina cho‘milguncha men ustimda sochiq bilan muzlatkich tomon yugurdim. Boshlanishiga yarim shisha suv ichib yubordim. O, shisha! Men lablarim qurib turgan vaqtda shishadan suv ichishning rohatini hech qachon unutmayman. Shampan vinosini olib o‘zim va Jozefina uchun quydim. Hamma vazifalarimni qilib bo‘lganimdan so‘ng sekingina yana Sharl Sobrajning sarguzashtlarini o‘qishga otlanayotgan edim, shampan vinosining kuchidan Jozefinada yana sayohat qilish ishtiyoqi paydo bo‘lib qoldi. “Ilohiy Parini ko‘rgim kelyapti”, dedi katolik yozuvchi Fransua Moriakning mashhur rasmidagidek ikki oyog‘ida sakrab.
Mana biz o‘sha ilohiy joyga qator olib ketilayotgan nogironlar aravachalari ketidan chiqib boryapmiz. Astagina bemorlarni kuzata boshladim. Ulardan birining nigohi menga tushdi, shunda unga tabassum qilgan edim, u bo‘lsa menga tilini chiqardi. Xuddi ayb ish qilib qo‘ygandek quloqlarimgacha qizarib ketdim. Pushti oyoq kiyim, pushti shim, pushti sviter kiyib olgan Jozefina xursand bo‘lib odamlar orasida ketib borar edi. Hamma frantsuz ruhoniylari shu yerga yig‘ilganga o‘xshaydi. Jozefinaning bolaligidagi qo‘shig‘i: “Ilohiy Mariya, gunohlarimizdan kechgin”, qo‘shig‘ini ruhoniylar xor bo‘lib aytishganida quvonchi ichiga sig‘may ketdi. Chetdan ko‘rgan odam o‘zini go‘yo Yevropa chempionatiga tushib qolgandek his qilgan bo‘lar edi. Muqaddas Mariya g‘origa kirish uchun juda uzun navbat turibdi, ruhoniylar esa tinmasdan o‘z qo‘shiqlarini aytishar edi. Men hech qachon bunday karvonni ko‘rmaganman. Xuddi Moskvadagi Lenin maqbarasiga o‘xshardi.
– Menga qara, bunaqa uzun navbatda turishni xohlamayman!
– Afsus, – dedi Jozefina, – bu sendek betavfiqlar uchun foydali bo‘lar edi.
– Aslo bunday emas, hatto bu xavfli ham. Tasavvur qil, vaziyatning eng qizigan paytida kimdir shol bo‘lib qolsa.
O‘nga yaqin kalla men tomonga qarab kim bunday qo‘rqinchli gaplarni gapirayotganini bilish uchun burildi. “Ahmoq”, pichirladi Jozefina.
Hammaning e’tiborini yomg‘ir tortdi. Birinchi yomg‘irlar yerga tushishi bilanoq yer hidi ko‘tarildi. Hamma qatori biz ham Ioan XXIII ning yerto‘lasiga kirdik. Duo o‘qiladigan bu yerto‘lada ruhoniylar soat oltidan to yarim tungacha har ikki-uch soatda almashib ishlashar edilar. Men Jozefinani ketidan bo‘sh joylarni qidirgani yo‘l oldim. Baland tovush jaranglar edi: “ Osmondagi qudratli Xudoga shukurlar bo‘lsin… shukurlar bo‘lsin… bo‘lsin…”
Tilovat paytida oldimda turgan odam, juda e’tiborli ziyoratchi ekan, durbin chiqarib bo‘layotgan voqealarni kuzata boshladi. Boshqa dindorlar esa bunday qilishdan o‘zlarini tiydilar. Jozefinaning otasi hayotga birinchi qo‘ygan qadamini aynan metroda durbin kabi buyumlarni sotish bilan boshlagan ekan. Shu kasbi uni so‘zga chechan qilib, radioga ishga kirishiga sabab ham bo‘libdi. Hozirda esa u o‘z iste’dodini faqat to‘y marosimlari, yer qimirlagani va bo‘lib o‘tgan boks o‘yini haqida gapirayotganida ishlatadi.
Tashqarida yog‘ayotgan yomg‘ir tindi. Salqin havo tushdi. Jozefina “do‘kon aylanaylik”, degan gapni aytdi. Ko‘z oldimga uzun ko‘cha, ketma-ket, bir-biriga zich joylashgan suvenir do‘konlari va tasavvurga sig‘maydigan darajada ko‘p diniy narsalar keldi. Jozefina kollektsiya qilishni yaxshi ko‘rardi: eski atir idishlari, sigir yoki sigirlar to‘dasi chizilgan qadimiy rasmlar, Tokio restoranlarida menyu o‘rniga ko‘rsatiladigan sun’iy ovqatli likopchalar, umuman olganda, sayohat vaqtida topgan hamma narsasini yig‘ib boradi. Ko‘chaning chap tarafidagi to‘rtinchi do‘konda taqvodorlarning tumorlari, Shveytsariya soatlari va pishloq uchun likopchalar orasida uni bir narsa kutib turar edi. Bu narsa chiroyli, yonib turadigan toshli, ajoyib haykal edi.
– Mana mening Ilohiy Pariyim! – mamnun xo‘rsindi Jozefina.
– Men senga shuni sovg‘a qilaman, – dedim. Lekin ko‘nglim sezyaptiki, savdogar “bu yagona nusxa” degan bahona bilan xohlagan narxini aytib yuboradi. Shu kecha biz mehmonxonada bu noyob narsani sotib olganimizni nishonladik, uning yonib turgan toshining shu’lasi quchog‘imizni yoritib turardi, shipga ajoyib nurlar taralardi.
– Bilasanmi, Jozefina, Parijga qaytganimizdan so‘ng ajrashganimiz ma’qulmi deyman.
– Nahotki meni bu haqida bilmaydi deb o‘ylasang-a?
– Lekin, Joze…
U uxlab qoldi. Jozefinaning qiyin paytda birdaniga uxlab qolish iqtidori bor edi. U besh daqiqaga yoki bir necha soatga hayotdan uzilib qolar edi. Bir qancha vaqt devordagi soyalarga tikilib yotdim. Qaysi ahmoq butun xonani olov rangiga bo‘yagan ekan-a?
Jozefina hali hamon uxlar edi. Men esa asta kiyina boshladim. Ko‘nglimda sevimli mashg‘ulotim – tungi darbadarlik xohishi uyg‘ondi. Bu mening mushkul vaziyatlarni yengish usulim edi. To‘xtamasdan to charchagungacha olg‘a qadam bosish darkor. Xiyobonda o‘smirlar bir-biridan qizg‘anib, pivo ichib o‘tirishar edi. Yomg‘irdan saqlanish uchun axlat xaltalarini teshib, kiyib olishgan edi.
G‘orga kirish yo‘li og‘ir panjaralar bilan berkitib qo‘yilgan. Lekin shu yerda turib ham g‘or ichidagi yonib turgan yuzlab shamlarni ko‘rish mumkin. Keyin yo‘lim suvenir do‘konlari joylashgan ko‘chaga tushdi. To‘rtinchi do‘konda xuddi biznikidek Mariya haykalining yangisi qo‘yib qo‘yilgan ekan. Shunda yana mehmonxonaga qaytib uzoqdan xonamizdan porlab turgan nurni ko‘rgim keldi. Qorovulni uyg‘otib yubormaslik uchun zinadan asta ko‘tarildim. “Ilon izi” yostig‘im ustida yotar edi. “Buni qarang-a, – pichirladim men, – Sharl Sobraj haqida unutib qo‘yibman-ku”.
Jozefinaning yozuvini tanidim. 168-betda katta qilib “Men…” deb boshlangan gap butun sahifani egallab, uni o‘qib bo‘lmaydigan holatga keltirgandi:
“Men seni sevaman, yaramas. Jozefinangni qiynamagin”.
Xayriyatki, men bu bobni o‘qib bo‘lgan edim. Muqaddas Pari haykalini o‘chirdim, chunki tong otayotgan edi.
Parda
Men bolalarimni kuzataman, ularning onasi esa bu payt meni nogironlar aravachasida yo‘lakchalar bo‘ylab olib yuradi. O‘zimni arvoh ota kabi his qilsam-da, oldimda yugurib yurgan farzandlarim Teofil va Selesta menga quvonch bag‘ishlaydi. Yurgan yo‘lida Teofil og‘zimdan oqayotgan so‘lakni qog‘oz salfetka bilan artib qo‘ymoqda. Bir tomondan avaylab, mehr bilan artayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan go‘yo to‘satdan hujum qilib qolishi mumkin bo‘lgan xavfli jonzot oldida turgan kabi qo‘rqayotgan edi. To‘xtashimiz bilanoq Selesta qo‘llari bilan boshimni ushlab, peshonamdan o‘pib, tinmay bir gapni jodu qilayotgan kabi takrorlar edi: “Bu mening dadam, bu mening dadam”. Otalar bayramini nishonlayapmiz. Bu baxtsiz holat men bilan yuz berishidan oldin biz bu o‘ylab topilgan bayramni iztirobli taqvimimizga qo‘shmagan edik. Endi esa bu sharafli kun menga, bir burdagina bo‘lib qolgan otaga atab nishonlanmoqda. Men arosatda qolgan edim: ularning kulishini, o‘ynashini ko‘rish men uchun baxt bo‘lsa, ikkinchi tomondan o‘n yoshli bola va uning sakkiz yoshli singlisi uchun bu qo‘rqinchli holat, yomon ta’sir qilishidan qattiq qo‘rqar edim. Biz sohil qirg‘og‘iga joylashamiz – quyosh nuri tushib turadigan, shabada esib turadigan joyni shunday ataymiz. Ma’muriyat oldindan stol va o‘rindiqlar olib chiqishgan edi. Yaqin atrofda xuddi plyajda o‘sadigan daraxtlar ham o‘sgan. Bu joy kasalxona va qizg‘in hayot davom etayotgan shaharning o‘rtasida joylashgan bo‘lib, quyosh nurida orzularga berilib yotsa bo‘ladi… qaniydi, aravacha uchar yelkanli bo‘lib qolsa…
– Kelinglar, “osilgan”[27]ni o‘ynaymiz? – dedi Teofil.
Agar gapirish qobiliyatim yomonlashmaganida, unga falaj holatim ham yetarli ekanligini jon deb aytar edim. Uchli kamon o‘qini mo‘ljalga uzoq olaversangiz ham o‘tkirligini yo‘qotadi. Boshida so‘zlarni hafsala bilan harfma-harf ishora qila boshlayman-da, oxiriga borib jonga tega boshlaydi. Shuning uchun gapni qisqa qilishga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, shu joyida biron bir qiziq, o‘tkir ma’noli gap aytgisi keladi kishi. Lekin noilojlik menga katta qiyinchilik tug‘diradi.
Ettinchi sinflarning milliy o‘yini – “osilgan”ni o‘ynashni boshladik. Men birinchi so‘zni aytaman va ikkinchi so‘zni aytaman, uchinchisida to‘xtab qolaman. To‘g‘risini aytganda, hozir ko‘nglimga o‘yin sig‘mayapti. Men g‘amga botib ketyapman. Oldimda o‘g‘lim Teofil o‘tiribdi, men uning qalin sochlarini siypalolmayman, yuzlarini silay olmayman, bu jajjigina, issiq gavdasini quchog‘imga bosa olmayman! Qanday tushuntirsam ekan? Bu juda dahshat, adolatsizlik, chidab bo‘lmaydigan azob! Oxiri chiday olmadim. Ko‘zimdan yosh chiqdi, xirillagan ovozim eshitila boshladi, Teofil cho‘chib ketdi. Qo‘rqma, bolam. Men seni judayam yaxshi ko‘raman. O‘yiningdan xayolimni uzganim yo‘q. Uning gali nihoyasiga yetdi. Men mag‘lub bo‘ldim. Daftar so‘nggiga osilgan murdaning rasmini chizib qo‘ydi.
Bu payti esa Selesta qum ustida raqsga tushayotgan edi. Bir dona ko‘zimning qovog‘ini ko‘tarish men uchun og‘ir atletikada tosh ko‘tarish bilan baravar. Lekin nazar tashlaganimda shuni tushundimki, qizim haqiqiy akrobat bo‘libdi. U qo‘llarida bemalol turardi, aylanardi, “ko‘prikcha” shakliga kirar, mushuk kabi egiluvchan edi. Kelajakda tanlamoqchi bo‘lgan kasblarini ro‘yxatiga yana bir kasb qo‘shdi: o‘qituvchi, model va gul sotuvchisidan keyin dor o‘yinchisi. “Dengiz qirg‘og‘i”da dam olayotganlarni o‘zining raqslari bilan maftun qilgan Selesta endi qo‘shiq aytishga o‘tdi. Bu hol Teofilga yoqmadi, chunki uning eng yomon ko‘rgan narsasi atrofdagilarning e’tiborini tortish edi. Teofil qanchalik og‘ir-vazmin, bosiq bo‘lsa, singlisi shunchalik sho‘x, hamma bilan kirishimli edi. Hech kim Teofilni baxtli yashaydi deb aytolmaydi, ammo bir narsa aniq – u odamovi bo‘lib hayot kechiradi.
Meni bir savol qiynar edi, Selesta qayerdan buncha ko‘p oltmishinchi yillar qo‘shiqlarini biladi? Ardi Jonni, Silviya, Sheyla, Klo-Klo, Frantsuaza Ardi – o‘sha zamonning bir donayam qo‘shiqchisi esdan chiqmadi. O‘ttiz yildan buyon xayolimizda yangrashdan to‘xtamagan mashhur Rishar Antoni[28] ham shular qatorida esga olindi. O‘tmish voqalarini yana esga solib, Selesta qo‘shiq aytardi. O‘n ikki yoshimda qo‘limga tekkan magnitofonimda Kloda Fransuaning “Bechora boy qizaloq” musiqasini qirq besh marta takror eshitganimdan so‘ng boshqa hech qachon qaytib eshitmagan edim. Selesta boshini aytishi bilanoq, qo‘shiqning har bir satri, misrasi, naqoroti, musiqasi – hammasi birdan yana yodimga tushdi. Ko‘z oldimda plastinkaning usti, qo‘shiqchining yuzi, uning yoqasi tugmalik katak-katak ko‘ylagi yana paydo bo‘ldi. Aynan shu ko‘ylagi o‘sha paytlar men uchun eng katta, ushalmaydigan orzu edi, chunki onam bu kabi ko‘ylaklarni bachkana hisoblardi. O‘sha payshanba hech esimdan chiqmaydi. Men plastinkani otamning amakivachchasidan, og‘zidan “Jitan” sigareti tushmaydigan mehribon polvondan sotib olgan edim. Bu odamning Shimoliy vokzalning yerto‘lasida mittigina do‘koni bor edi. “Dengiz qirg‘og‘ida yolg‘iz kezar, bechora boy qizaloq…”
Vaqt o‘tar, odamlar birin-ketin g‘oyib bo‘lishar edi. Birinchi bo‘lib onam qazo qildi, keyin elektr toki zarbidan Klo-Klo, keyin esa otamning mehribon amakivachchasi vafot etdi, bolalari va uy hayvonlarini yolg‘iz tashlab ketdi. Vaqt o‘tib javonimda yoqasi tugmali ko‘ylak ko‘payib ketdi, mittigina do‘konni esa menimcha, shokoladlar bilan savdo qiluvchi kishi sotib olgan. Qachon bo‘lsa ham kimdandir qarab surishtirib kelishni iltimos qilaman. Axir Berkka poyezd Shimoliy vokzaldan ketadi.
– Ofarin, Selesta! – qichqirdi Silviya.
– Oyi, jonimga tegdi, – nolishni boshladi Teofil.
Soat besh bo‘ldi. Odatda juda yoqimli eshitiladigan qo‘ng‘iroq zarblari oilam bilan ajralish vaqti kelgani haqida xabar bergani uchun go‘yo menga aza ovozidek eshitilmoqda. Mayin shabada esmoqda.
Dengiz shunchalar kengayib ketgan ediki, u yerda cho‘milayotganlar ufqdagi mayda nuqtachalarga aylanishgan edi. Ketishdan avval bolalar sohilda o‘ynab kelishga ketishgan, Silviya hech kim yo‘q paytda jonsiz qo‘limni ushlab olgan edi. Ochiq osmon aksi ko‘rinib turgan qora ko‘zoynagi ortida baxtsiz hayotimizni o‘ylab yig‘layotganini ko‘rmoqda edim.
So‘nggi gaplarimizni aytib olish uchun yana palatamga qaytib kiramiz.
– Ahvollar qanday? – so‘raydi Teofil.
Ahvollar havas qiladigan darajada emas, tomoq qurib qolgan, qo‘llar quyoshdan kuygan, bel esa uzoq vaqt o‘rindiqda o‘tirganim tufayli uvushib qolgan. Lekin kun ajoyib o‘tgani, shubhasiz. Mening cheksiz yolg‘izlik makonimga qilgan sayohatingiz sizda qanday taassurot qoldirar ekan?
Ular ketishdi. Parij tomon yo‘lga chiqib bo‘lishgan bo‘lsa kerak. Men Selesta olib kelgan va shu zahotiyoq devorga osib qo‘yilgan suratga boqib, o‘yga tolaman. Rasmda baliq tasvirlangan: ko‘zchalari ko‘k kipriklar bilan hoshiyalangan, har bir tangachasi har xil rang. Lekin rasmning qiziq tomoni bularda emas, asl mohiyat baliqning cheksizlik belgisiga o‘xshatib chizilganidadir. Quyosh nuri derazadan tushib turardi. Hozir aynan quyosh nuri to‘shagimning bosh tarafiga tushib, kuydiradigan payt, xayrlashuv bilan ovora bo‘lib pardani yopishlari haqida belgi berish esimdan chiqib qolibdi. Mayli, yaqin orada biron-bir hamshira kelib qolar.
Parij
Men uzoqlashyapman. Sekin, ammo to‘g‘ri yo‘l bilan. Xuddi suzishni boshlagan dengizchi sohildan uzoqlashayotgani kabi o‘tmishim asta-sekin o‘chib bormoqda. O‘tmishdagi hayotimning o‘rni hali iliq edi, lekin xotiralar kulga aylanib bormoqda. “Skafandr ichida yashash”ni boshlaganimdan keyin, ikkita katta sayohat uyushtirdim. Bular Parijdagi tibbiy markazlardan ma’lumot yig‘ishdan iborat edi. Juda zamonaviy usulda qurilgan bino oldidan sanitar mashinasida o‘tib ketayotganimizda meni hayajon bosdi. Men aynan o‘sha yerda mashhur ayollar haftalik gazetasida bosh muharrir sifatida ishlar edim. Oldin oltmishinchi yillardan qolib ketgan qadimiy qo‘shni binoni tanidim. Keyin bizning bino: usti oynali, osmondagi bulutlar va samolyotlar aksi ko‘rinib turadigan bino. Zinalarda o‘n yildan beri ko‘rib yurgan odamingizni uchratishingiz mumkin, lekin ismini bilmaysiz. Men qayrilib qaradim, ketayotgan bolali ayoldan keyin tanish odam chiqib qolsa ko‘rmoqchi edim. Ammo taqdir emas ekan. Balki oltinchi qavatdan kimdir meni “mashina”da o‘tib ketayotganimni ko‘rgandir? Har kuni ovqat sotib olgan oshxonamning oldidan o‘tib ketayotganimizda asta yig‘lab yubordim. Men sezdirmay yig‘lashni bilaman, bunday paytlarda atrofimdagilar ko‘zimga nimadir kirib qolgan, shekilli, deb o‘ylashadi.
To‘rt oy o‘tganidan keyin ikkinchi marta Parijga borganimda, menga farqi bo‘lmay qolgan edi. Quyosh ko‘chalarni isitib turar, menda esa hali ham qish fasli davom etmoqda, mashina oynasidan esa suratga olingan xotiralarni tomosha qilayotganga o‘xshar edim. Kino san’atida bu reproyektsiya deyiladi: qahramon mashinasi yo‘lga chiqqandek bo‘ladi, aslida esa yo‘l ko‘rsatilayotgan sahna oldida turgan bo‘ladi. Xichkok filmlari bu usulga minnatdorchilik bildirishi kerak. Hamma narsa o‘z joyida bo‘lgan bo‘lsa ham, bu safargi Parijga bo‘lgan safar menda umuman taassurot qoldirmadi. Gullik ko‘ylak kiygan ayollar ham, rolik uchib yurgan o‘smirlar ham. Avtobusning tarillagan tovushi, Opera maydoni esa Dyufi[29] suratidan chiqib turgandek edi. Baland daraxtlar va osmondagi oppoq paxtalar… Mendan tashqari hamma narsa o‘z o‘rnida edi. Men yo‘q edim.
Sabzavot
“Sakkizinchi iyunda yangi hayotimning boshlanganiga yarim yil bo‘ladi. Shiftda xatlaringiz ko‘payib ketgan, devorlar esa sizlar yuborgan rasmlar bilan to‘lgan. Har biringizga javob berish imkoniyatim yo‘qligi tufayli xayolimga bir fikr keldi. Hayotimda bo‘layotgan voqealarni, yutuqlarimni, umidlarimni umumiy qilib yozaman. Avval men qo‘rqinchli voqea sodir bo‘lmadi, deb o‘ylagim kelgan edi. Behushlik holatidan chala chiqqan holimda ishonchim komil ediki, yaqin orada yana Parij hayotiga qaytaman, lekin ikkita qo‘ltiqtayoq bilan. Shunisiga ham shukur qilgan bo‘lar edim…”
Berkdan do‘stlarimga, tanishlarimga jo‘natmoqchi bo‘lgan birinchi xatim shu jumlalar bilan yakunlandi. Oltmishta manzilga jo‘natilgan bu xat barcha mish-mishlarga barham berdi. Shahar, yuzta og‘izlik va yuzta quloqlik maxluq mendan alamini olishni xohladi. “Flora” kafesi – Parijdagi oliftalar, ta’magirlar gavjum bo‘lgan joy. Shu kafeda mening do‘stlarim tilini tiyib yura olmaydiganlar mening g‘iybatimni qilishibdi. “Eshitdinglarmi, janob B. “sabzavot” ga aylanib qolibdimi?” so‘rabdi g‘iybatchilardan biri. “Albatta xabarim bor, “sabzavot”ga aylanib qolibdi”.
“Sabzavot” so‘zi bularning ko‘ngliga xush kelibdi, shekilli, har ikki gapning birida ishlatishibdi. Ularning fikricha, o‘zimga o‘xshagan “sabzavotlar” bilangina gaplashishdan boshqa choram yo‘q. Zamon tinch, hech kim oldingidek yomon xabar olib kelgan odamni otib tashlamaydi. Men o‘zimga ishonaman va aqliy darajam har qanday soqol o‘stirib olgan faylasufnikidan balandroq ekanini bemalol isbotlab bera olaman.
Shu yo‘sinda umumiy, hamma uchun yoziladigan bu xatlar har oy yaxshi ko‘rgan insonlarim manziliga yuborilaverdi. G‘ururimni bir chetga surib, hammaga bo‘layotgan voqealarni ayta boshladim. Ular shuni tushunib yetdilarki, faqatgina ayrim qiyin vaziyatlarni hisobga olmaganda, mening skafandrimga kirishning iloji bor.
Menga juda ajoyib xatlar kelmoqda. Ularni bosib chiqarib qarshimga, o‘qishim uchun qulay qilib qo‘yishadi. Bu hol odat tusiga kirib qoldi, xat tashuvchi har gal bir og‘iz gap ham gapirmasdan xatni tayyorlab keta boshladi. Har bir xatni o‘zim, sinchiklab o‘qib chiqaman. Ayrim xatlar juda jiddiy kayfiyatda yozilgan. Bu xatlarda hayotning asl ma’nosi, qalb pokligi, tiriklikning mohiyati haqida gap boradi. Eng qizig‘i, bunday chuqur ma’noga ega xatlarni men bilan munosabati unchalik yaxshi bo‘lmagan insonlar yozishgan. Ularning oldingi hayotimdagi beparvo munosabati ortida sof tuyg‘ular yashiringan ekan. Nahot shu paytgacha ko‘r bo‘lganman yoki insonlarning asl qiyofasini ko‘rish uchun falokatga yo‘liqib, baxtsiz bo‘lib qolish shartmi?
Qolgan xatlar kichkina voqealar bayonidan iborat bo‘lib, vaqt o‘tayotganini bildirib turadi. Shomda uzib olingan atirgul, cheki yo‘q yomg‘irli yakshanbalar, uyqudan oldin yig‘laydigan chaqaloq. Farqi yo‘q, bu xatlar uch qatorlimi yoki sakkiz betlimi, uzoq Levantdan keldimi yoki Levallua-Peeridanmi – hammasini xazinadek asrayman. Xohlardimki, bir kun kelib hamma xatlarni bir-biriga ulab, ular uchun kilometrlik tasma hosil qilay. Bu tasma do‘stlik rishtalarining ramzi hisoblansin.
Shunda g‘iybatchilar mag‘lub bo‘lishadi.
Sayr
Issiq havo odamni holdan toydirmoqda. Lekin meni tashqariga chiqqim kelmayapti. Bir necha haftalar, balki oylar ham o‘tdiki, men kasalxona hududini tark etib, dengiz qirg‘og‘iga olib boradigan yo‘l bo‘ylab sayr qilganim yo‘q. So‘nggi marotaba bunday sayr qishda bo‘lgan edi. Sovuq, bulutli kunda qirg‘oqda sayr qiluvchilar shamolga qarshi engashib yurishardi. Endi esa Berk sohilini yozgi ko‘rinishini ko‘rgim kelyapti. Aytishlaricha, kimsasiz cho‘lni eslatib turgan bu joy hozirda odamlar bilan gavjum emish. Tashqariga chiqish uchun “Sorrel” binosidan chiqib, uchta mashinalar to‘xtash maydonini kesib o‘tish zarur. Yo‘l tekis emasligi, g‘adir-budurligi aravachada o‘tirgan odam uchun qanchalik azob. Shuningdek, o‘nqir-cho‘nqirliklar va tinimsiz harakatdagi mashinalar o‘tishim uchun qiyinchilik tug‘dirishi turgan gap.
Dengizga ham chiqib oldik. Quyoshdan saqlovchi soyabonlar, cho‘milish anjomlari, qora ko‘zoynak taqib olgan suzuvchilar yoz kayfiyatini yaratib turibdi: ta’til, xursandchilik, xush kayfiyat. Bu yer kasalxonadan tubdan farq qildi, yurakni siqadigan ko‘rinishdagi cheksiz yo‘laklar yo‘q. Lekin baland-past to‘lqinlar, tumanli ufq o‘sha-o‘sha.
Atrof to‘la oftobdan qoraygan oyoqlar, muzqaymoq ko‘tarib olgan dam oluvchilar, biz esa taxta yo‘lakchadan ketib bormoqdamiz. Men ham o‘zimning maza qib muzqaymoq yalab, quyosh nurlaridan bahra olib yotganimni tasavvur qilib ko‘rdim. To‘g‘risini aytganda, hech kim menga e’tibor bermayotgan edi. Nogironlar aravachasidagi odam berkliklar uchun xuddi Monte-Karlodagilar uchun “Ferrari”da ketayotgan odamdek oddiy holat edi. Bunday omadlilar mendek musibatga yo‘liqqan, singanni oldidan havasimni keltirib o‘tib ketaveradi. Bugun mening hamrohlarim Klod va Bris edi. Klodni men ikki haftadan beri bilaman, Brisni esa yigirma besh yildan beri. Har kuni kelib men haqimdagi shu kitobni yozib boradigan ayolga uzoq yillik do‘stimning men to‘g‘rimdagi aytib berayotgan ma’lumotlarini eshitish juda g‘alati bo‘lar ekan. Mening jizzakiligim, kitoblarga bo‘lgan muhabbatim, mazali ovqatlarni sevishim, usti ochiladigan qizil mashinam – hamma-hammasi haqida aralashtirib gapirmoqda. Qisqasi, o‘tmishda qolib ketgan hayot haqida aytib berayotgan hikoyachi edi.
– Men sizni bunaqa deb tasavvur qilmagan edim, – dedi Klod.
Endi mening atrofimdagi dunyo ikkiga bo‘lindi: meni avval tanigan insonlar va keyin taniganlar. Meni qanday inson bo‘lgan deb o‘ylashgan ekan? Ularga ko‘rsatish uchun palatamda hech bo‘lmaganda rasmim ham yo‘q.
Sohil qahvaxonasining keng zinalari oldida to‘xtaymiz. Zinalar menga “Port de-Otey” metro stantsiyasining kirish joyini eslatdi. Bolaligimda “Molitor” hovuzidan qaytayotib shu metrodan xlorning hidi deb ko‘zlarim yoshlanib chiqib kelar edim. Hovuz bir necha yillar avval buzib tashlandi. Zinalar esa endi men uchun butkul qorong‘i.
– Balki qaytging kelayotgandir? – so‘radi Bris.
Men bor kuchim bilan boshimni qimirlatib qarshilik ko‘rsatar edim. Ekspeditsiyaning asl maqsadiga yetib bormas ekanmiz, ortga qaytish yo‘q. Tezlik bilan eski karusel oldiga boramiz, karuselning musiqasi esa asabimni o‘ynar edi. Yo‘lda esa Fanxioni[30], kasalxonaning yulduzini uchratib qolamiz. Adolat kabi egilmaydigan Fanxio o‘tira olmas edi. Faqatgina turar yoki yota oladigan bu odam aravachasida yonlamachasiga tezlik bilan harakatlanar edi. Ammo bu, bo‘ylari uzun, gavdali, “Fanxioga yo‘l bering!” deb baqirib yuradigan odam asli kim ekan? Umuman, xabarim yo‘q. Nihoyat, sayohatimiz oxiriga, yo‘lak so‘nggiga yetdik. Men bu yerga chiroyli manzarani ko‘rgani kelganim yo‘q. Aslida mening maqsadim sohilning chetida joylashgan taomxonadan chiqayotgan mazali hiddan bahra olish edi. Bu ishtahaochar manzildagi islar huzur bag‘ishlar va hech qaysi tirik inson bu hidlarga befarq bo‘la olmaydi. “O, lya, lya , – orqamdan ovoz eshitildi, – kuyib qolgan cho‘chqa go‘shti sasiyapti, shekilli”.
Men esa qovurilgan kartoshka hidiga hech to‘ya olmayapman.
Birga yigirma
Nihoyat otning ismini esladim. Uning ismi Mitra-Granshan edi.
Vensan, hozirda adashmasam, Abvil degan joydan o‘tib ketayotgan bo‘lsa kerak. Bu shunday joyki, Parijdan mashinada o‘tib ketayotganingizda sayohatingiz cho‘zilib ketgandek tuyiladi. Katta tezlik bilan kelinadigan yo‘l ikkiga bo‘linadi. O‘sha yerdan boshlab yengil va yuk tashuvchi mashinalarning tizilib turishi boshlanadi.
Bu voqeaga taxminan o‘n yil bo‘ldi. Vensan, men va yana bir nechta odamga gazeta (hozirda mavjud bo‘lmagan) muharriri bo‘lish imkoniyati paydo bo‘ldi. Noshirlik ishlariga o‘zini bag‘ishlagan bu gazetaning boshqaruvchisi bemalol o‘z merosini Parijning eng yosh guruhiga, bizga topshirmoqda edi. Biz esa unga qarshi ham siyosiy, ham moliyaviy hujum qilib, besh-olti yil ichida tayyorlagan ijodini undan tortib olish rejasini tuzib qo‘ygan edik. Biz bilan kurashish uchun oxirgi resurslarini tikdi, biz esa yuz foiz jangga kirishdik.
Mana hozir Vensan chorrahadan o‘tib ketmoqda. Sal yurib chapga, Ruan va Krotua tomondan tor ko‘chaga kirib, kichkina qishloqlardan kezib Berkka kelishi kerak. Bunaqa chalkash yo‘llar ko‘nikmagan odamni adashtirib yuboradi. Lekin Vensan yo‘lini yo‘qotmaydi, u bir necha marta kelib meni ko‘rib ketdi. Manzilni osonlikcha topish xususiyatidan tashqari sodiqlik hissiyoti ham Vensanda kuchli edi.
Biz doimo bir xil edik. Saharda ham, kechki payt ham, dam olish kunlari ham va hatto yarim tunda ham beshovimiz o‘n ikkita odam eplay olmaydigan ishni qilar edik. Bir hafta ichida Vensanda o‘nga yaqin rejalar paydo bo‘ldi: uchtasi zo‘r, beshtasi yaxshi, ikkitasi umuman yomon. Meni vazifam Vensanning shoshqaloq xulqini tinchlantirib turish edi. Chunki, u birdan dunyodagi hamma narsani bir vaqtda xohlab qolar edi.
Uning mashina haydayotgan vaqtida asabiylashib oyog‘i titrayotganini va yo‘llardagi tirbandliklardan jahl qilib so‘kinayotganini shu yerdan turib eshitayotgandekman. Katta, qulay yo‘l ikki yildan keyin Berkka yetib keladi, hozir esa qurilish davom etmoqda. Shuning uchun tor yo‘llardan yurishga to‘g‘ri keladi.
Biz hech qachon ajralmas edik. Birga ovqatlanardik, ichardik, uxlardik, sevardik, orzu qilardik – faqat va faqat gazeta bilan va gazeta uchun. Kimning xayoliga ot choptirish poygasiga borish fikri kelgan edi? Sovuq, quruq, toza havoli qish kuni edi, Vensan esa poyga dardida. Na men, na u poygaga qiziqar edik. Bir kuni bir otchopar bizni ippodromda[31] mehmon qilib, ot choptirish “dunyo”siga qiziqtirib qo‘ydi. Uning aytishicha, Mitra-Granshan ismli otning poygada yutishi yigirmadan birga to‘g‘ri keladi, lekin yutsa unga pul tikkanlar juda katta hajmda daromad qilar ekan.
Vensan Berkning yaqiniga kelib ham qolgandir.
Hamma qonunbuzarlar, qimorbozlar, poyga muxlislari yig‘ilib olgan zalda ovqatlanib oldik. Qornimizni to‘ydirganimizdan so‘ng asabiy sigaret cheka boshladik. Hamma to‘rtinchi marta poyga bo‘lishini asabiylashib kutar edi.
Vensan dengiz yoqasidagi xiyobondan burilib, tepaga ketgan yo‘ldan yurmoqda. Oxirgi marta qishda kelganida kimsasiz ko‘ringan Berk sohilini hozirda odam to‘laligida ko‘rib bu joylarni zo‘rg‘a tanidi.
Kutish jarayoniga shunchalik berilib ketibmizki, poyga boshlanib ketganini bilmay qolibmiz. Garov puli tikiladigan joy – kassa biz borishimiz bilan yopildi. Men hatto tahririyatdagi odamlarimiz yig‘ib bergan pulni cho‘ntagimdan chiqarishga ulgurmay qoldim. Mitra-Granshan omadsiz ot bo‘lishiga qaramasdan, uning ismi hamma yoqqa ovoza bo‘lib ketdi va mish-mishlar tufayli hamma aynan shu otga pul tikishga qiziqib qoldi. Endi faqat poygani tomosha qilishgina qoldi… Oxirgi burilishga kelganda Mitra-Granshan uzoqlasha boshladi. Oxiriga borganda esa mo‘jizaviy holatda hamma raqiblarini taxminan qirq metr ortda qoldirib, marradan o‘tib ketdi. Go‘yo qanot chiqargandek. Tahririyatda hamma xursand bo‘lgan bo‘lsa kerak.
Vensan mashinasini kasalxona mashinalar turar joyiga qo‘ydi. Quyosh ko‘zni qamashtirmoqda. Endi esa u meni dunyodan ajratib turuvchi yo‘lni sabr bilan bosib o‘tishi kerak: o‘zi avtomatik holda ochiladigan oynali eshiklar, 7 raqamli lift va 119-palataga olib boradigan dahshatli yo‘lak. Jindek ochiq holda turadigan eshik tavaqasidan hayot bir chetga uloqtirib tashlagan odamlarning yotoqqa mixlanib yotganini ko‘rish mumkin. Bu holat insonni hayratga soladi. Meni ko‘rgani kelgan har bir odam palatamni topguncha boshida yo‘qolib qolishi kerak. Bu ularga ko‘z yoshlarini artib, o‘zlariga kelib olishga yordam beradi. Ular meni ko‘rganlarida avvaliga nafaslarini ushlab turadilar, xuddi suzuvchi suvga sakrashidan oldin nafas ushlab turgandek. Mening oldimga shunday insonlar kelganki, xonaga kirmasdan turib, chiday olmay, Parijga qaytib ketishgan.
Vensan eshikni taqillatadi-da, bir og‘iz so‘z ham gapirmay xonaga kirib keladi. Men qolganlarning hayrat to‘la ko‘zlariga o‘rganib qolgan ekanman, uning tinch nazarini ko‘rib hayron qoldim. Falaj yuzim bilan tashakkur sifatida tabassum qilishga harakat qilaman. Buni sezgan Vensan peshonamdan o‘pib qo‘ydi. U hech o‘zgarmaydi. Malla soch, xo‘mraygan yuz, valliyalik kasaba uyushmasining boshlig‘iga o‘xshar va u hozirda “ruda gazining portlashini qurboni” bo‘lgan do‘stini ko‘rgani kelgan. Gavdali, og‘ir vaznli kurashchi kabi tepamga keldi.
O‘sha kuni Mitra-Granshanning g‘alabasidan keyin so‘z boshladi: “Biz ahmoqmiz. Haqiqiy ahmoqmiz. Tahririyatda bizni o‘ldirishadi”. Bu uning tez-tez qaytarib turadigan iborasi edi.
Ochig‘ini aytganda, Mitra-Granshan voqeasini unutib yuborgan edim. Lekin hozir xayolimga negadir yolg‘izlik hissi va hayotimdagi o‘tkazib yuborgan imkoniyatlarim kelib qoldi va bitgan yarani yana yangiladi: Mitra-Granshan – bu men seva olmagan ayollar, men foydalanishni xohlamagan imkoniyatlar, men qo‘ldan boy bergan baxtli damlar. Shuni anglab yetdimki, hayotim shunday mayda omadsizliklarning zanjiridan iborat bo‘lgan ekan. Poyganing natijasi qanday bo‘lishini bilasan, lekin g‘alabaga erisha olmaysan. Aytgandek, biz bu vaziyatdan hammasiga o‘zimiz to‘lagan holda chiqib ketdik.
O‘rdak ovi
Locked-in syndrome kasalligidan azob chekadiganlarning qiyinchiliklaridan tashqari mening eshitish qobiliyatim ham yomon. O‘ng qulog‘im bilan hech narsa eshitmayman, chap qulog‘imning yevstaxiy naychasi uzoqni juda baland eshitadi. Agar osmondan samolyot o‘tib ketayotgan bo‘lsa men uchun xuddi qulog‘im ostiga kofe pishiradigan apparatni yoqib qo‘yishgandek tuyiladi. Lekin bu shunchaki bir necha lahzalik shovqin. Eshikni yopish esidan chiqib, xonamni tark etishganda, tashqaridan kelayotgan g‘ala-g‘ovurlar undan ham battar meni qiynaydi. Poshnalarning taqillashi, aravachalarning bir-biriga urilib ketishi, tinimsiz gaplashishlar, hamshiralar bir-biriga gap tashlaydi, buning ustiga ularning ovozi birjachilarning to‘ntarish kunidagi ovoziga o‘xshaydi, hech kim tinglamayotgan radio qo‘shiladi, hammasining ovozidan baland bo‘lgan elektr polartgich qo‘shiladi-da, men do‘zaxga tushaman. Bu yerda shundaylar borki, to‘xtovsiz bitta qo‘shiqni qayta-qayta eshitaveradi. Palatada juda yosh qo‘shnim bor edi. Unga zamonaviy texnologik imkoniyatlar bilan qurollantirilgan o‘yinchoq o‘rdak sovg‘a qilishgan edi. Har gal xonamizga odam kirganida o‘zidan judayam baland, yoqimsiz ovoz chiqarar edi. Kuniga sakson marta. Shukrlar bo‘lsinki, bu yosh bolaga uyiga ketishiga ruxsat berishdi, yo‘qsa, men o‘rdakni yo‘q qilish rejamni ishga solmoqchi bo‘lib turgan edim. Baribir bu rejani ko‘z ostimga olib qo‘yganman. Xudo biladi, yana qanday qo‘shnilar menga to‘g‘ri kelarkin. Lekin eng g‘alati qo‘shnim bo‘lgan odam bu komadan keyin o‘ziga kela olmagan bemor. U hamshiralarni tishlar edimiyey, bo‘g‘ibmiyey va hatto bir stakan suvni ham hammayoqni boshiga ko‘tarib so‘rar edi. Boshida bu baqir-chaqir doktorlarni xavotirga solayotgan edi, keyin esa ertami-kechmi baqirganiga e’tibor bermay qo‘yishdi. Nevrologiya bo‘limi qushlar iniga o‘xshab qoldi: tinimsiz shovqin-suron. Keyin esa qo‘shnimni olib chiqib ketishdi, u esa “Qutqaringlar, o‘ldirishmoqda!” deb baqirardi. To‘g‘risini aytsam, qandaydir ma’noda rahmim keldi.
Palatamda yana tinchlik hukm sura boshladi va men yolg‘izlikda xayollarimdagi kapalaklarning uchib yurganini tinglayman. Ularning har bir qanot qoqishini eshitish juda kuchli e’tiborni talab etadi. Sal qattiqroq nafas olish ham ularning ovozini eshitilmaydigan qilib qo‘yadi. Bu juda g‘alati. Mening eshitish qobiliyatim tiklanmagan, lekin kundan-kunga ularni tiniqroq eshita boshlayapman. Menda kapalaklar qulog‘i bo‘lsa kerak.
Yakshanba
Derazadan menga sariq g‘ishtli devor ko‘rinadi, quyosh chiqayotganidagi dastlabki nurlardan ularning rangi yorqinlasha boraveradi. Devor pushti tusga kira boshlaydi. Xuddi qadimgi yunon grammatikasi Rata kabi – to‘rtinchi sinfdan xotiralar. Men qadimgi yunon tili va adabiyoti haqida ko‘p ma’lumotga ega bo‘lmaganman, lekin shu rang menga juda yoqadi, maktab davrlarimdagi Alkiviada iti va Fermopil qahramonlarini yodimga soladi. Bo‘yoq savdogarlari bu rangni “Antik davr pushti rangi” deb atashadi. Bu narsalarning kasalxona plasterining pushti rangligi va palatamdagi eshikning och siyoh rangligi bilan umuman aloqasi yo‘q.
Bugun yakshanba. Vaqt shunchalik sekin o‘tadiki, agar biron bir odam ko‘rish uchun kelmasa hech qanday voqea sodir bo‘lmaydi. Na kineziterapevt keladi, na logoped va na ruhshunos ko‘rgani keladi. Yagona qilinadigan ish – meni yuvintirib, ko‘rinishimni tartibga keltirish. Lekin bu jarayon ham odatdagidan tezroq sodir bo‘ladi. Yakshanba kungi oilaviy o‘tirishlar, baliq oviga sayrga borishlar, qisqasi, ko‘ngilxushliklardan navbatchilik tufayli mahrum bo‘lgan hamshiralar fe’l-atvori o‘zgarib qoladi. Yuvintirish esa juda qo‘pol, og‘riqli jarayonga aylanadi. Uch marta atir sepsangiz ham haqiqatni yashira olmaymiz: biz sasimoqdamiz.
Yakshanba. Agar televizor qo‘yishlarini so‘ramoqchi bo‘lsangiz, vaziyatni qo‘ldan boy bermang. Chunki yana boshqa hamshira kelgunicha uch-to‘rt soat o‘tishi mumkin. Ba’zan esa yig‘latadigan serial yoki bema’ni ko‘rsatuvni ko‘rish o‘rniga umuman hech narsa ko‘rmaganingiz yaxshiroq. Ko‘rsatuvlardagi baland qarsaklar ovozi boshimni og‘ritadi. Men san’at haqidagi yoki tabiat, hayvonlar hayoti haqidagi filmlarni afzal ko‘raman. Men ularni ko‘zimni uzmasdan tomosha qilaman.
Yakshanba. Devorda osig‘liq turgan soat qo‘ng‘iroqlari tantanali jaranglaydi. Har kuni varaqlari uziladigan taqvim esa birpasda avgust kelganini ko‘rsatib turibdi. Bu nima ahvol, nega bu yerda vaqt to‘xtab qolganga o‘xshaydi, tashqarida esa ko‘z ochib-yumguncha o‘tib ketmoqda? Mening tushunarsiz dunyoimda soatlar juda sekin o‘tadi, oylar esa tez. Men hali hech narsaga ko‘nika olganim yo‘q, birpasda avgust kelib qolibdi. Do‘stlarni, ayollarni, bolalarni ta’til shamoli o‘zi bilan birga uchirib ketdi. Xayolan ular hozir dam olayotgan joyga boraman, lekin ko‘nglim boshqacha bo‘lib ketadi. Bretanga arzon velosipedlarda ko‘pgina bolalar to‘dalashib kelishadi. Yuzlarida yorqin tabassum. Ayrimlarining yoshi katta, lekin shunday quvnoq damlarda ular ham bolalarday bo‘lib qolishadi. Kunning ikkinchi yarmida kemada orol bo‘ylab aylangani borishadi. Kichkina motor suv oqimiga qarshi kurashadi. Kimdir kema chetiga yonboshlab olib, ko‘zlarini yumgan holda bir qo‘lini suvga tiqadi. Janub tomonda soya joylarni topish kerak, yo‘qsa, quyosh kuydiradi. Kimdir tabiat rasmini chizib o‘tiradi. Panjasi singan mushukcha bog‘da pana joy qidiryapti, Kamagrada esa buqalar to‘dasi daryoni yorib o‘tmoqda. Har bir oilada onalar bayramga shoshilib tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Men uchun esa o‘tmishda qolib ketgan “marosim” – tushlik ham katta ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lardi.
Yakshanba. Tokchamda yig‘ilib qolgan kitoblar kichkina kutubxonaga aylanmoqda. Aslida keraksiz kutubxona. Chunki hech kim yonimga kelib, bu kitoblarni o‘qib bermaydi. Seneka, Zolya, Shatobrian, Valeri, Larbo – hammasi bir necha metr uzoqlikda mendan, lekin men ularga yetishishimning aslo iloji yo‘q. Qop-qora pashsha burnimga qo‘naveradi. Men kuchim boricha boshimni silkitaman, lekin hech uchib ketmaydi. Hatto Olimpiya o‘yinlaridagi yunon-rim musobaqalari ham bunchalik shafqatsiz bo‘lmagan. Bugun yakshanba.
Gonkonglik qizlar
Men sayohat qilishni yaxshi ko‘rar edim. Shukrki, hayotimda yetarlicha sayohat qilganman. Bu xonada kulrang osmonga boqib, sayohatlarim vaqtidagi voqealar, hissiyotlarni yana qaytadan eslayman. G‘alati tuyg‘u. Nyu-York mayxonasining sassiq hidi. Rangun bozorining kambag‘alligi. Dunyoning turli chekkalari. Sankt-Peterburgning sovuq, yorqin kechalari va Nevada cho‘lining Fernes-Krikdagi jazirama issig‘i. Lekin bu hafta o‘zgacha. Har kuni tongda Gonkongga uchaman. U yerda mening jurnalimning xalqaro nashr muharrirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Men hali hamon “mening jurnalim” degan iborani ishlatmoqdaman, vaholanki, hozirda bu gap xatodir. Bu orzu-niyat meni yashashdan umidimni uzmasligim uchun bog‘lab turgan rishtalardan biridir.
Gonkongda ko‘p yo‘qolib qolyapman. Sababi, bu shaharga biron marta ham tashrif buyurmaganman. Qulay fursat bo‘lishi bilan taqdir meni jazolamoqda. Ketishim oldidan yo kasal bo‘lib qolaman, yo pasportimni yo‘qotib qo‘yaman yoki muhim sabablar bilan boshqa shaharga uchishimga to‘g‘ri kelib qoladi. Qisqasi, Gonkongga ketishimga nimadir to‘sqinlik qilgan. Bir gal o‘rnimga Jan-Pol K. ni yuborishimga to‘g‘ri keldi. U payt hali Jan Bayrut qiynoqxonasiga tushib qolib, aqldan ozmaslik uchun qimmat vinolarning nomlarini sanab o‘tirmagan edi. Menga Gonkongdan radiotelefon olib kelganida dumaloq ko‘zoynak ortidagi ko‘zlari quvonchga to‘la edi. O‘sha paytlar radiotelefon eng zamonaviy buyum hisoblangan. Men Jan-Polni yaxshi ko‘rar edim, lekin Hizbollohning asiriga aylanganidan keyin uni boshqa ko‘rmadim. Hozir esa asir – men, u esa ozod inson. Medok shahrining hamma qasrlarini bilmaganim tufayli o‘zim uchun boshqa mashg‘ulot topishimga to‘g‘ri kelmoqda. Vaqtni qanday qilib bo‘lsa ham o‘tkazish kerak-ku. Jurnalim nashr qilinadigan mamlakatlarni sanashni boshlayman. Hozircha yigirma sakkizta BMT davlatlarini sanab o‘tdim.
Aytmoqchi, mening hamkasabalarim, French touch[32] elchilari, qayerdasizlar hozir? Kuni bilan biron-bir mehmonxonaning pardozxonasida “Ell”[33] ayoli kim ekan, degan savolga xitoy, ingliz, portugal, tayland, chex tilida gaplashib, javob qidirishdan charchamas edinglar-ku? Tasavvur qilyapman, doim bir xil galstuk taqib yuradigan prezident-direktorimiz ketidan neon lampalar bilan bezatilgan, idishchalarda lag‘mon sotilayotgan Gonkong ko‘chalarida ergashib ketmoqdasizlar. Spirumi, Bonapartmi, faqat baland binolar oldida to‘xtab ularga yutib yuborgudek nazar tashlamoqda.
Qayerga ketayapmiz, general? Nahotki, dengiz tubiga dengizosti qanotlarimiz bilan sakrab, Makaoga[34] yo‘l olib, do‘zaxda bir necha dollarimizni yutqizib kelamiz? Yoki Filipp S. sharofati bilan frantsuzlarga tegishli bo‘lgan “Peninsyula” mehmonxonasining “Feliks” mayxonasiga chiqamizmi? Millatchilik tuyg‘usi meni ikkinchi jumlada to‘xtashga majbur qiladi. Men suratga tushishni xush ko‘rmayman, lekin shu koshona qovoqxonadagi o‘rindiqlar suyanadigan joyida, boshqa mashhur frantsuzlarning rasmining orasida meniki ham bor. Albatta, rasm taqdir meni “sabzavot” ga aylantirib qo‘yishidan ancha oldin bo‘lgan. Mening rasmim chiqazilgan o‘rindiq mashhurmi yo‘qmi bilmadim-u, lekin men haqimdagi haqiqatni mayxonachiga ayta ko‘rmang. Yo‘qsa, kalta yubka kiygan xitoylik qizlarning hech biri bu o‘rindiqqa o‘tirmaydi.
Xat
Kasalxona ko‘rinishi qadimgi anglosakslarning maktabini eslatsa-da, oshxonasi hech ham “O‘lik shoirlar jamiyati”[35] ga o‘xshamas edi. Qizlarning nazari qattiq, yigitlarning badanida yozuvlar, barmoqlarida uzuklar bor. Sigaret tutunini og‘izlaridan chiqarmasdan o‘rindiqlarda o‘tirib ko‘cha, mototsikllar haqida bahs olib borishadi. Hammasi o‘zini gunohga botgandek tutadi, go‘yo Berkda o‘tkazishayotgan bema’ni yoshlik davrlari istiqbolsiz kelajaklariga yo‘lni yopib qo‘ygandek. Meni oldilaridan olib o‘tib ketayotganlarida hammasi jim bo‘lib qoladi, lekin men ularning ko‘zlarida hech qanday rahm-shafqat sezmayman.
Ochiq derazamdan kasalxonaning bronza yuragi, har to‘rt soatda osmonni larzaga keltiradigan – qo‘ng‘iroq ovozlari eshitildi. Bo‘sh stakanlar bilan to‘lgan oshxona stolida yozadigan mashinka pushti rang qog‘oz bilan qiyshiq holda turardi. Hozircha qog‘oz bo‘sh, lekin yaqin orada men uchun xat yozib qoldirilishini sezyapman. Kutaman.
Greven muzeyida
Bu kecha Greven[36] muzeyiga tashrif buyurdim. Juda o‘zgarib ketibdi. Bel-Epok[37] usulidagi kirish qismi saqlanib qolgan: qiyshiq oynalar va g‘aroyib ko‘rinishli kabinet. Lekin zamonaviy qahramonlar galereyasi bilan bezatilibdimi – birinchi zaldagi ko‘rgazmalarni tanimadim. Avvaliga haykallarga shahar ruhidagi kiyimlar kiydirilgan deb o‘yladim, lekin yaxshiroq qarasam, bu yengil ko‘ylaklar, kalta yubkalar kiydirilgan haykallar aslida hamshiralar, mototsikl ustida o‘tirgan yigit esa oq xalat kiygan sanitarlar ekan. Qolgan holatida hammasi mehribon, oqko‘ngil, bag‘rikeng, befarq, erinchoq ko‘rinar, men esa ularning qo‘lida shunchaki ko‘pgina bemorlarning biriman.
Boshida ular ko‘zimga juda qo‘rqinchli ko‘rindi. Men ularni qamoqxonaning soqchilari, ustimdan uyushtirilgan fitna ishtirokchilari, deb ko‘rdim. Qo‘llarimni sindirib, aravachaga o‘tqizib, tuni bilan televizor oldida qoldirib, og‘riqli holatda yotqizib ketishgani tufayli men ularni yomon ko‘rib qolganman. Bir vaqt men ularni o‘ldirishga ham tayyor edim. Vaqt o‘tishi bilan jahl yo‘qoldi va yelkamizdagi og‘ir yukni sal bo‘lsa ham yengil qiladigan bu insonlar qadrdon bo‘lib qolishdi.
Men ularning har biriga alohida, faqat o‘zimga tanish bo‘lgan laqab to‘qiganman. Har gal kirib kelishganda laqabini xayolan baqirib aytib qo‘yaman: “Hello, moviy ko‘z!”, “Salom, to‘pori!” Albatta, ular bu haqida hech narsa bilmaydi. Karavotim oldiga raqsga tushib kelib: “Ishlar qanday?”, – deb so‘raydigan bu – David Bovi. “Ishqilib hech narsa bo‘lmasin-da”, – degan gapni qaytaraveradigan, sochi oqargan bolaga o‘xshaydigan professorni tomosha qilish kulgimni qistatadi. Rembo va Terminator, sezgan bo‘lsangiz kerak, mehr-shafqat ko‘rsatmaydi. Termometr degan laqab esa doimo termometrni qo‘ltig‘imda esdan chiqarib qoldirib ketadigan hamshiraga tegishli.
Grevenlik haykaltarosh shimol odamlarining yuzlarini bir xil qila olmabdi, birontasi ham Opal sohillarining shamollari va Pikardiyaning bulutli yerlari orasida yashagan avlodga o‘xshamagan. Ular frantsuz tilida gaplashishadi. Ayrimlari bir-biriga umuman o‘xshamaydi. Ularga mo‘jizaviy holatda husn beradigan o‘rta asrlar rassomining iqtidori kerak edi. Bizning rassomda esa bunday iqtidor yo‘q. Lekin u yosh o‘quvchi hamshiralarning do‘mboqqina qo‘llari va qizil yanoqlarini oddiygina bo‘lsa ham tasvirlagan. Zalni tark etayotganimda hammasini mening jallodlarimni hammasini yaxshi ko‘rishimni aytdim.
Keyingi zalda esa Berkdagi palatamga duch keldim. Xuddi o‘zi. Devorlardagi rasmlar, suratlar, e’lonlarning ranglari yaqinlashganimda bir-biriga aralashib ketdi. Karavotda hech kim yo‘q, faqat ko‘rpalari yig‘ishtirilmagan, g‘ijim edi. Xira yorug‘lik. Bo‘sh karavotning ikki tomonida turgan odamlarni qiyinchiliksiz tanidim. Ular men falokatning ertasi kuni ko‘rgan insonlar edi. O‘rindiqda o‘tirib Mishel chaqqonlik bilan aytilgan har bir gapni yozib borar, Anna-Mariya esa qirqta atirgulni idishga joylashtirar edi. Bernar bir qo‘li bilan Pol Moranning “Attash elchisining kundaligi” kitobini ochiq holda ushlar, ikkinchi qo‘li bilan shamol qilib silkitar edi. Uning cheti temir ko‘zoynagi professional doktor ko‘rinishini berar edi. Florans bolalarning rasmlarini devorga ilar, yuzida g‘amgin tabassum, yelkasidan qora sochlari tushib turibdi. Patrik devorga suyanib o‘yga berilib turardi. Deyarli haqiqiy bo‘lgan bu holatni ko‘rib, har gal do‘stlarim kelganida men his qiladigan mehr, shuningdek, chuqur g‘am tuyg‘ularini ko‘nglimdan o‘tkazdim.
Men muzey bo‘ylab yana boshqa sarguzasht qidirish uchun yo‘limni davom ettirmoqchi edim, lekin muzey qorovuli chirog‘ini to‘g‘ri yuzimga qaratdi. Ko‘zim qamashib ketdi. Uyg‘onsam, tepamda yosh hamshira do‘mboq qo‘llari bilan chirog‘ini menga qaratib savol bermoqda: “Uyqu dorini hozir beraymi yoki bir soatdan keyinmi?”
Maqtanchoq
Men orzu qilib yurgan shimimni birinchi marta kiyib yurish imkoniyatiga ega bo‘lgan joy, Parij litseyida, bir bola bilan uzoq vaqt do‘stlashib yurdim. Uning ismi Olive bo‘lib, tasavvur qilish qobiliyati unda rivojlangani tufayli do‘stligimiz qiziq o‘tgan. Biz doimo kino tomosha qilgani borib, eng zo‘r joylarni egallab, shuningdek, doim yaxshi film ko‘rar edik. Dushanba kuni esa dam olish kunlari bo‘lgan voqealarni “Ming bir kecha”ni gapirib berayotgandek aytib berar edi. Agar u yakshanba kunini Jonni Xallidey[38] bilan o‘tkazmagan bo‘lsa, bunga sabab uning Londonga, “Jeyms Bond” filmining yangi qismini premerasiga ketgani yoki “xonda” rusumli mashinani haydash imkoniyatidan foydalangani sabab bo‘lar edi. Maktab o‘quvchilarining sevimli mavzusi bo‘lgan yapon mototsikllari o‘sha davrda Frantsiyada ham tarqaldi. Xullas kalom, bu do‘stimiz bizni ertalabdan kechgacha biri ikkinchisiga to‘g‘ri kelmaydigan yolg‘onlar bilan laqillatib maqtanar edi. Ertalab soat o‘nda yetim, tushlikda yagona o‘g‘il, kechki payt esa biri muz ustida uchish bo‘yicha chempion bo‘lgan to‘rtta singlisi paydo bo‘lib qoladi. Aslida durustgina amaldor bo‘lgan otasi esa vaziyatga qarab yo atom bombasining kashfiyotchisi, yo “Bitlz” guruhining vakili yoki de Gollning hech kim bilmas o‘g‘liga aylanib qoladi. Olivening o‘zi nega gaplarini bir-biriga mos kelmasligini tushuntirishni rad etar edi. Qachonki yolg‘onlari juda ham oshib ketsa, biz e’tirozimizni bildirishga majbur bo‘lardik, lekin u “Qasam ichaman!”, deb rostgo‘yligini isbotlashga bor kuchi bilan harakat qilar edi. Vaziyatni o‘zgartirib bo‘lmasligini sezganimizdan keyin tinchgina rozi bo‘lib qo‘ya qolardik.
Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, Olive qanchalik tirishqoq bo‘lganligiga qaramasdan na jangovor samolyot uchuvchisi, na josus va na biron bir amir maslahatchisi bo‘la olibdi. U cheksiz iqtidorini dori bo‘yoqchisi sifatida namoyon qilayotgan ekan.
Men Olivega o‘shanda havas bilan qaraganimdan afsusdaman, chunki endi uning turli hikoyalar to‘qish iqtidoriga hasadim kelmoqda. O‘zimga har xil kelajakda sodir bo‘ladigan voqealar o‘ylab topayotgan bo‘lsam ham uning darajasigacha yetib bora olaman, deb o‘ylamayman. Xo‘sh, gohida formula-1 poygachisiga aylanaman. Siz meni Monse yoki Silverstoundagi poygada ko‘rgan bo‘lishingiz kerak. Sirli, markasiz, oq mashina – men bo‘laman. Karavotimda yotgan holimda kabinam to‘g‘risida ikki og‘iz so‘zlamoqchiman. Haydash jarayonida og‘ir shlem kiyilgan boshim katta tezlik tufayli ortga tortiladi. Shuningdek, men tarixiy-harbiy ko‘rsatuvlarda askar rolini o‘ynayman. Men Aleziya, Puate, Marinyano, Austerlitse va Shmen-de-Dam janglarida ishtirok etaman. Normandiyada qattiq jarohatlanganim tufayli Denbenfuga yetib bora olamanmi-yo‘qmi deb shubha qilayapman. Kineziterapevt qo‘lida esa o‘zimni “Tur de Frans” velosiped poygasining ishtirokchisidek his qilaman. U qattiq kuchanish oqibatida charchagan mushaklarimni dam oldirtiradi. Endi esa Turmalga shiddat bilan yo‘l oldim. Yuqoriga chiqayotganimda muxlislarimning olqishlarini eshitayapman, tushayotganimda quloqlarimga kuchli shamol ovozi eshitilmoqda. Tasavvur qila olasizmi, men eng kuchli raqiblarimdan chorak soatga o‘zib ketganman. “Qasam ichaman!”.
A day in the life[39]
Mana nihoyat yo‘limizning so‘nggiga ham deyarli yetib qoldik. Menga faqat eng dahshatli kun bo‘lgan 1995 yilning 8 dekabrini yodga olish qoldi, xolos. Falaj bo‘lganimning birinchi kunidan boshlab sog‘lom holatimning oxirgi daqiqalariga tushib qolgim kelgan edi, hozir esa men uchun qiyin bo‘lsa ham o‘tmishimga sho‘ng‘imoqchiman. Qayerdan boshlashni bilmayman. Nazarimda, o‘tkazgan hamma vaqtim xuddi singan termometr simobining tomchilarini yig‘ish kabi bekor bo‘lgan. Kerakli so‘zlarni topa olmayapman. Hammasi rangsiz, kir, tovushsiz edi: osmon, odamlar, jamoat transportlari bilan to‘lib ketgan shahar. Har bir parijliklar kabi so‘lg‘in kayfiyat bilan men va Florans yangi kunni qarshilab oldik. Men har kungi tongi ishlarimni bugun negadir hafsala bilan bajardim: soqolimni oldim, kiyindim, qahva ichdim. Bir necha hafta oldin men bu kun uchun reja tuzib qo‘ygan edim. Bugun yangi rusumli, nemischa mashinani amalda sinab ko‘rmoqchiman. Mashina firmasining boshlig‘i uni mening ixtiyorimga haydovchisi bilan yuborgan. Kelishilgan vaqtda uyimning oldida intizomli haydovchi metal rangli “BMW” ga suyanib kutib turar edi. Derazadan bu ajoyib mashinaga qarab turib o‘ylanib qoldim, oddiy kiyimlarimda shu mashinani haydasam qanday ko‘rinar ekan? Derazaga peshonamni qo‘yib ko‘chada qanchalik salqin havoligini tekshiraman. Florans asta boshimni silaydi. Yengil bo‘sa bilan shoshilib xayrlashamiz-da, mum isi kelayotgan zinalardan yugurib tushib ketaman. Bu o‘tib ketgan vaqtlardan so‘nggi is bo‘ladi.
I read the news today, oh boy …
Yo‘lda sodir bo‘lgan ikkita falokat haqidagi ma’lumotdan keyin radio “Bitlz” ning “A day in the life” qo‘shig‘ini qo‘ydi. Oxirgi yozib olingan qo‘shig‘i 1970-yilda chiqqan bu guruhning “eski” qo‘shig‘ini yozib olmoqchi bo‘lib yurgan edim. Bulon o‘rmoni bo‘ylab huzur bag‘ishlab “BMW” go‘yo uchar gilam kabi ketmoqda. Haydovchi kelishgan yigit, men unga kunning ikkinchi yarmidagi rejalarimni aytib beryapman: o‘g‘limni olib kelgani onasinikiga borib kelishim kerak. U joy Parijdan taxminan qirq kilometr uzoqlikda joylashgan.
Ne did not notice that the lights had changed…
Iyulda oilamdan ketganimdan keyin o‘g‘lim – Teofil bilan bafurja, erkaklarcha gaplashib olishimga fursat bo‘lmadi. Men uni teatrga, yangi Arias[40] tomoshasini ko‘rishga olib bormoqchiman, keyin Klishi maydonidagi restoranda dengiz mollyuskalarini tanovul qilamiz. Bo‘ldi tamom, dam olish kunlarini birga o‘tkazamiz. Umid qilamanki, shahardagi muammolar bizga xalaqit qilmaydi.
I’d like to turn you on …
Menga qo‘shiqning aynan shu joyi yoqadi, orkestr shu payt baland notalarni chaladi. Xuddi pianino oltinchi qavatdan tushib ketgandek baland tovush. Mana, Levalluaga ham yetib keldik. Jurnal binosining oldida to‘xtaymiz. Men soat uchda haydovchi bilan ko‘rishishga kelishaman.
Mening xatlar stolim ustida bir dona xat turibdi, lekin uning qandayligini bilsangiz edi! Men sobiq sog‘liqni saqlash vaziriga va Frantsiyaning mashhur ayollaridan biri bo‘lgan Simona B. ga tezda qo‘ng‘iroq qilishim kerak. Bunday qo‘ngiroqlar hech qachon to‘satdan bo‘lmaydi. Men hatto o‘ylab qoldim ham, nima qilibmizki, shunday bebaho insonning nazariga tushdik? “Menimcha, unga jurnalda chiqqan oxirgi rasmi yoqmadi”, deb ehtiyotkorlik bilan gapirdi yordamchim. Men aytilgan jurnalning, Simonaning ustidan kulishgan sonini olib, qaray boshladim. Bu yerda bizning kasbimizning siri yashiringan: syujet ustida bir necha hafta ishlashadi, eng tajribali mutaxassislar qo‘li ostidan o‘tadi, lekin hech kim o‘tib ketgan xatoni sezmay qoladi. Men haqiqiy telefon bo‘ronini boshimdan kechiraman. Hech qaysi jurnal unga qarshi bosib chiqarishga jur’at qila olmasligini ta’kidlaydi. Men esa jurnalimiz a’zolari uni avliyo deb bilishlarini tushuntirdim. Odatda, bunday suhbatlarni Anna-Mariya olib boradi, u yulduzlar bilan bahslashayotganda juda sabrlidir. Men esa bu borada Genri Kissinjerdan[41] ko‘ra kapitan Xeddokka[42] o‘xshayman. Gaplashib bo‘lganimdan so‘ng o‘zimni do‘pposlangandek his qildim.
Jurnal muharrirlari “Jamini hisoblash” uchun kasbdoshlari tomonidan Lyudovik XI laqabini olgan Jeronimo uyushtiradigan tushliklarni hech qachon o‘tkazib yubormaydilar. Jeronimoning o‘zi esa bunday tushliklarni “juda ham zerikarli” deb ataydi. Eng oxirgi qavatda binodagi eng oddiy oshxona zali joylashgan bo‘lib, aynan o‘sha yerda boshliq ishchilarning xatti-harakatlarini majlis davomida munozara qiladi. Yoqimli ovoz bilan maqtovlar aytadi-da, so‘ng jiddiy tanbehlar ham beriladi. Yillar davomida boshlig‘imiz qachon maqtaydi va qachon urishadi oldindan sezishni o‘rganib olganmiz. Bir stakan suv ichganimdan tashqari, majlisda yana nima yeganimizni umuman eslay olmayman. Adashmasam, mol go‘shtidan taom tanovul qildik va quturish kasalini yuqtirib oldik. Inkubatsiya davri o‘n besh kun davom etadi, bizning hali kutish uchun vaqtimiz bor. O‘sha paytda e’lon qilingan o‘lim darajasidagi yagona kasallik faqat Prezident Mitteranning kasalligi bo‘ldi. Butun Parij sarosimaga tushib, hafta oxirida o‘lib qolmasmikan, degan savolga javob qidirishdi. Aslida, o‘shanda uning bir oylik umri qolgan edi. Shu kabi tushliklarning eng yomon tarafi shundaki, ularning cheki yo‘q.
Haydovchim bilan ko‘rishganimda quyosh ufqqa botayotgan edi. Vaqtdan yutish uchun ishxonada hech kim bilan xayrlashmasdan shoshib chiqib ketdim. Soat besh.
– Yo‘lda tirbandlikka uchrasak kerak.
– Afsus…
– Men siz uchun qayg‘uryapman…
Shu payt hamma narsaga tupurdim: teatrni ham, Teofil bilan uchrashuvni ham bekor qilmoqchi bo‘ldim. Bir banka tvorog va krossvord bilan qandaydir xonaga qamalib olgim keldi. Lekin kuchim boricha tomog‘imga tiqilib kelayotgan alamni yutishga harakat qildim.
– Katta yo‘lga chiqmaganimiz yaxshiroq.
– Siz nima desangiz shu…
Qanchalik salobatli bo‘lmasin, “VMW” ham Syuren ko‘prigidagi tirbandlikda to‘xtab qoldi. Sen-Klu ippodromini ortda qoldirib, keyin Garshadagi Raymond Puankare kasalxonasidan ham o‘tib ketdik. Har gal o‘sha yerdan o‘tib ketayotganimda bolalik xotiralarim esimga tushadi. Kondorsyo litseyida o‘qib yurgan vaqtimda o‘qituvchimiz toza havoda mashq qilishimiz uchun Vokressondagi Marsh maydoniga olib borar, men esa buni o‘lguday yomon ko‘rar edim. Bir kuni shu kasalxonadan bir bemor to‘satdan yugurib chiqdi-yu, biz ketayotgan avtobus uni bosib ketdi. G‘alati ovoz chiqdi, avtobus motori g‘irchilladi va bemor shu onning o‘zidayoq o‘ldi. Undan faqat avtobus oynasida qon izlari qoldi. Bu voqea qishda, xuddi hozirgidek shom paytida bo‘lgan edi. Bo‘lgan voqeaning ovoragarchiliklari tufayli qorong‘i tushadigan paytgacha qolib ketgan edik. Parijgacha bizni boshqa haydovchi olib bordi. Avtobusda qaltiragan ovoz bilan hammamiz “Penny Lane” qo‘shig‘ini aytar edik. Yana “Bitlz”. Qiziq, Teofil qirq to‘rt yosh bo‘lganida qaysi qo‘shiqlarni eslar ekan?
Bir yarim soat o‘tganidan keyin belgilangan joyga, men o‘n yil yashagan uyga yetib bordik. Katta bog‘imizni tuman bosibdi. Bir paytlar u yerdan quvonch to‘la kulgi ovozlari eshitilar edi. Teofil dam olish kunlari uchun qurollangan sumkachasi bilan eshik oldida bizni kutib turar edi. Men yangi qaylig‘im Floransga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldim, lekin juma kungi ibodat uchun ota-onasining uyiga ketgani esimga tushdi. Yaxshisi, teatrdan keyin qo‘ng‘iroq qilaman. Umrimda bir martagina yahudiylarning bu marosimida ishtirok etganman. Aynan shu yerda, Montenvilda, bolalarimni tug‘dirgan tunislik shifokorning uyida sodir bo‘lgan.
Shu paytdan boshlab hamma narsa chalkashib ketdi.
Ko‘z oldim xiralashib, xayollarim aralash-quralash bo‘lib ketdi. Lekin fikrimni jamlashga harakat qilib, mashinaga o‘tirdim. Chiroqlarni farqiga bormay qolyapman, ming marta o‘tib-qaytilgan yo‘llarni zo‘rg‘a taniyapman. Peshonamdan ter oqayotganini sezdim, yo‘limizdan mashina chiqsa, ko‘zimga ikkita bo‘lib ko‘rinmoqda. Birinchi chorrahada mashinani chetga olib to‘xtadim. Titragan holatda “BMW” dan tushdim. Zo‘rg‘a oyoqda turibman. Shu payt orqa o‘rindiqqa chiqib cho‘zildim. Xayolimda bitta fikr charx uradi: qishloqqa, qaynisinglim Diananing oldiga yetib borishim kerak, u hamshira. Uning uyiga yetib borishimiz bilan Teofildan tezda xolasini chaqirib chiqishini so‘rayman. Bir necha soniyadan keyin Diana yugurib keldi. Meni tekshirishi uchun bir daqiqa kifoya qildi va: “Zudlik bilan shifoxonaga borish kerak”, – dedi. Yo‘l – o‘n besh kilometrlik. Bu safar haydovchi mashinani katta tezlik bilan haydadi. O‘zimni xuddi narkotik moddasini yutib yuborgandek his qilar edim. Lekin o‘lishim mumkinligi haqida o‘ylamasdim. Katta tezlik bilan “BMW” ketar, qolgan mashinalar esa ortimizdan signal chalib qolardi. “To‘xtanglar, hozir yaxshi bo‘lib qolaman, falokatga uchramaylik”, demoqchi bo‘laman, lekin qani endi gapira olsam. Xayolimga ertalab eshitgan “Bitlz” ning qo‘shig‘i keladi.
“And as the news were rather sad, I saw the photograph.”
Mana klinikaga ham yetib keldik. Hammayoq yugur-yugur. Meni deyarli jonsiz holatimda g‘ildirakchali aravachaga o‘tqazishdi. “VMW” eshiklari tovushsiz yopildi. Qachonlardir kimdandir eshitgan edim, yaxshi mashinani ovozidan bilsa bo‘larkan. Yo‘laklardagi neon chiroqlar ko‘zimni qamashtirar edi. Liftda notanish odamlar menga dalda berishmoqchi bo‘ladi, mening xayolimda esa “Bitlz”ning “A day in the life” qo‘shig‘i nihoyasiga yetadi. Pianino oltinchi qavatdan tushib ketadi. U tushishiga qadar esa bir fikr xayolimdan o‘tadi: teatrni bekor qilish kerak, baribir kech qoldik. Hechqisi yo‘q, ertaga kechki payt boramiz. Aytmoqchi, Teofil qayerga g‘oyib bo‘ldi? Men komaga tushdim.
Yangi mavsum
Yoz oxiriga yetmoqda, tunlar esa sovuqlashib ketmoqda. Men yana “Parij kasalxonasi” tamg‘ali qalin, ko‘k ko‘rpaga o‘rana boshladim. Yozgi ta’tilda ko‘rinmay ketgan odamlar yana paydo bo‘ldi: xo‘jalik nazoratchisi, tish do‘xtiri, muxbir, yaqinda jajji Tomning buvisi bo‘lgan hamshira, iyunda bemorlarning karavotini ko‘tarish jarayonida barmog‘ini sindirib olgan odam – hammasi yana qaytadan eski odatlari bilan qishgi mavsumni boshlashdi. Men uchun ham yangi hayot boshlandi va u shu yerda, shu karavot, o‘rindiq, yo‘laklar orasidagina o‘tadi.
Men kenguru haqidagi, gapirish xususiyatimni rivojlantirish uchun logoped tomonidan yodlatilgan qo‘shiqni xirgoyi qilishga urinaman:
Hayvonot bog‘ida kenguru,
Jarlikdan sakrab o‘tdi.
Salobati sochar yog‘du,
Chaqqongina kenguru.
Qishgi mavsumning yangilanishi haqidagi ma’lumotlar menga kam kelmoqda. Yangi adabiy mavsum, yangi o‘quv yilining boshlanishi, Parij mavsumining ochilishi – hammasini tez orada Berkka, ko‘rishga keladigan insonlar aytib berishadi. Yangidan-yangi ma’lumotlar olib kelishadi. Aytishlaricha, Teofil yursa tagiga o‘rnatilgan chiroqlari yonadigan oyoq kiyim kiyib yurgan emish. Qorong‘ilikda uning ketidan yursa bo‘ladi. Men esa hozircha avgustning oxirgi haftasidan bahra olmoqdaman, chunki mening yuragimni boshqa o‘kinch hissi qiynamayapti. Klod g‘ildirakli stolga tiranib, ikki oy davomida har kuni ne-ne qiyinchilik bilan bitgan yozuvlarimizni ko‘zdan kechirmoqda. Ayrim sahifalarini rohat bilan qaytadan o‘qiyman. Qolganlari esa biz kutganchalik chiqmadi. Bu yozuvlardan kitob chiqarmikan? Klodni eshitib turib, uning qora sochlariga, oppoq, quyoshdan ozgina qizargan yuzlariga, ko‘kimtir tomirlari ko‘rinib turgan qo‘llariga boqaman. Yozgi qilingan hamma mehnatimiz esda qoladi. Uning qalin, ko‘k daftari, tekis, bosib yozilgan xati, zahirasi bilan yig‘ib qo‘ygan mo‘yqalamlari, har ehtimolga qarshi qog‘oz salfetkalar va gohida ichidan kofe uchun pul chiqaradigan qizil sumkasi – hammasiga birma-bir nazar tashlayman. Ochiq sumkasidan mehmonxona kaliti, metro chiptasi va buklangan yuz frank pul ko‘rinib turibdi. Bu narsalar go‘yo o‘zga sayyoraliklar yerni o‘rganish uchun kelayotganda o‘zi bilan oladigan eng kerakli buyumlarga o‘xshar edi. Bu holat meni chuqur o‘yga soldi. Qiziq, samoda mening skafandrimni qulfini ochadigan kalit bormikan? To‘xtash joyi mavjud bo‘lmagan, ya’ni cheksiz bo‘lgan metro liniyasi bormikan? Mening ozodligimni sotib olish uchun yetarlicha bo‘lgan mablag‘-chi? Qidirish kerak. Yaxshisi, o‘sha yerga boraman.
Berk sohili, iyul-avgust, 1996 yil
Kitob nashr qilinganidan ikki kun o‘tib Jan-Dominik Bobi vafot etdi.
Mangu umr kechiradigan kapalak – qalbi skafandr ichidan ozodlikka chiqib, uchib ketdi…
Rus tilidan Nilufar Usmonova tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 10-11-sonlar
_____________________
[1] Locked-in-syndrome – tana falaj holatiga tushib qoladigan kasallik.
[2] Ankiloz – bo‘g‘imlarning harakatsizligi.
[3] Traxeostoma – nafas olish uchun o‘pkaga o‘rnatiladigan asbob.
[4] Kineziterapevt – ishdan chiqqan tana a’zolarini ultratovush, uqalash, shuningdek, turli jismoniy mashqlar orkali davolaydigan shifokor.
[5] Ergoterapevt – kasallik turidan qat’i nazar, bemorning harakatlanish qobiliyatini tiklovchi shifokor.
[6] Novillero – buqa jangidagi asosiy qahramon, yosh o‘yinchi (isp.).
[7] Toreador – buqa jangidagi tajribali o‘yinchi (isp.).
[8] Patologiya – kasalliklarni o‘rganadigan ilm.
[9] Ladan – yoqimli iforga ega bo‘lgan o‘simlik.
[10] Majino chegarasi – frantsuzlarning Germaniya chegarasida 1929–1934 yillarda qurgan himoyalovchi tizim.
[11] Sharl Trene – frantsuz xonandasi.
[12] Farandola – Frantsiyaning janubida, Provans shahrida paydo bo‘lgan, tez va bir maqomda o‘ynaladigan raqs.
[13] Skrabl – so‘z o‘yini.
[14] Eyforiya – yaxshi, ko‘tarinki kayfiyat holati.
[15] Chinechitta – Rimdagi filmlar suratga olinadigan shahar.
[16] Yovuzlik muhri (Touch of Evil, 1958 y) – amerikalik Jorj Orsen Uels suratga olgan film.
[17] Dilijans – (Stagecoach, 1939 y) amerikalik Jon Ford suratga olgan film.
[18] Treveling –harakatlanayotgan holatda filmni suratga olish.
[19] Oy yog‘dusida – (Moonfleet, 1955 y) nemis rejissyori Frans Lang suratga olgan film.
[20] Geriatriya – qarilik davridagi kasalliklarni o‘rganuvchi va ularga davo qidiruvchi usul.
[21] Mo‘jizalar ko‘chasi – o‘rta asrlarda kambag‘allar, jinoyatchilar, xulqi buzuq ayollar yig‘ilgan ayrim Parij ko‘chalarining nomi.
[22] Vertikalizatsiya – uzoq yotgan holatda davolanish natijasida vujudga kelgan kasalliklarning oldini olish usuli.
[23] Rojdestvo – xristian dinida Iso payg‘ambarning tug‘ilgan kunini nishonlaydigan bayram.
[24] Gevyurts – traminer – vinoning nomi.
[25] Poni – kichkina ot zoti.
[26] Maksvell Smart – “Get smart” nomli amerikancha serial nomi.
[27] “Osilganlar” – qog‘ozga chizib o‘ynaladigan o‘yin nomi.
[28] Rishar Antonining mashhur “Poyezd ovozini eshityapman” qo‘shig‘i nazarga tutilgan (1962).
[29] Raul Dyufi (1877–1953) – frantsuz rassomi.
[30] Xuan-Manuyel Fanxio (1911–1995) – mashhur argentinalik poygachi.
[31] Ippodrom – ot poygasi o‘tkaziladigan joy, maydon.
[32] French touch (ing) – frantsuz atiri.
[33] Ell (Ell) – ayollar jurnalining nomi.
[34] Makao – Xitoy Xalq Respublikasidagi maxsus ma’muriy tuman.
[35] “O‘lik shoirlar jamiyati” – Piter Uir suratga olgan filmdagi adabiy guruh nomi.
[36] Greven muzeyi – Parijdagi mumdan yasalgan haykallar muzeyi.
[37] Bel Epok (fran. Belle Epoque) – XIX asr va XX asrning boshlarida Yevropa (ayniqsa, Frantsiya va Belgiya) ta’sirida gullagan davr nazarga tutiladi.
[38] Jonni Xallidey (1943-yilda tug‘ilgan) – frantsuz rok qo‘shiqchisi, aktyor va bastakor.
[39] A day in the life (ingl.) – hayotning bir kuni.
[40] Arias – Alfredo Arias nazarga tutilgan – asli argentinalik frantsuz rejissyor.
[41] Genri Alfred Kissinjer (1923-yilda tug‘ilgan) – amerikalik davlat arbobi, siyosatchi, xalqaro munosabatlarga mas’ul kishi.
[42] Kapitan Xeddok – belgiyalik rassom Erjening qalamiga mansub “Pahlavon sarguzashtlari” komiksining so‘kinadigan va ichishni xush ko‘radigan qahramoni.