Ob-havosiga sal-pal chidasa bo‘ladigan qish kunlarining birida, peshindan keyin Lom yo‘liga aylangani chiqdim. «Aylangani chiqdim» so‘zlarini eshitganda oldinga va orqaga siljuvchi har xil odamlar orasida odob saqlab asta-asta ketayotgan, modaga muvofiq kiyingan, tanishlar uchraganda nazokat ila jilmayib, ehtirom-la ta’zim bajo aylab, tinmay shlyapalarni ko‘tarib qo‘yishlarni tushunadigan do‘stlarni ogohlantirib qo‘yay, ularning umidi puchga chiqadi: bu yo‘l u qadar yoqimli ko‘rinishga ega emas. Sofiyadan har xil yo‘nalishda yam-yashil dalalar bo‘ylab sariq tasmalarday tarqalib ketuvchi katta yo‘llar orasida Dunay bo‘yidagi Lom shahri bilan tutashtiruvchi bu yo‘l eng kimsasiz va boshkent odamlari mensimaydigan tarafdir. Sofiyaliklar sharqqa va janubga boradigan yo‘llarda aylanib yurishni afzal ko‘radilar. Lom yo‘lini faqat dehqonlarning gursillagan odimlari jonlantiradi: har payshanba, ya’ni bozor kuni, olomon turnaqator manzara hosil qilib shovqinlagancha Sofiyaga talpinadi.
Lekin bu yo‘lning bir bebaho ustunligi borki, uning boshqa kamchiliklarini ortig‘i bilan qoplab yuboradi: odam bu yo‘lda mazza qilib yolg‘izlanishi, to‘g‘rirog‘i, o‘zini erkin his qilishi mumkin. Balki, bu mening nazarimda shundaydir. Chunki ko‘pincha odam shahar shovqini va yugur-yugurlaridan bir daqiqaga bo‘lsa ham qutulgisi, toza havodan erkin nafas olgisi keladi, mazza qilib fikr va xayollarga berilgan xolda, jamiyat rasm-rusumlari iskanjasidan forig‘ bo‘lib, hoxlagan yerida tentirab yurgisi keladi, goh u yon, goh bu yonga qarab, hech kerak bo‘lmasa ham, birovga ta’zim qilib, birovning ta’zimiga javob qaytarib, turmush behalovatligi, yolg‘on va munofiqlik (tilyog‘lamalik) teatrida qatnashish, beixtiyor buning ishtirokchisi bo‘lishdan qochgisi keladi. Shu nuqtai nazardan karaganda Lom yo‘li — benihoya go‘zal joy, favqulodda ishonarli boshpanadir.
Yana bir zo‘r tomoni shuki, bu yerda ko‘z o‘ngingizda bag‘oyat ajoyib, tasvirlash imkoni bo‘lmagan panorama, betakror ko‘rinishlar yastanib yotadi! Ko‘zlarni maftun etuvchi, ko‘ngillarni antiqa shodlik bilan to‘ldiruvchi manzaralar! Bu yerda shunday yengil-engil tin olasizki! Bu yerdan keng Sofiya tekisligi uzra ajib tog‘lar silsilasi butun yaxlitligi bilan, ko‘rki-jamoliyu go‘zalligi bilan qad rostlagancha ko‘rinib turadi. Bu yerda ko‘hna tizmalar (Stara-planina) yap-yaqin, uning son-sanoqsiz past-baland tepaliklarini rohatlanib tomosha qilasiz — bitmas-tuganmas tizmalari ufqning butun shimoliy qismini egallab yotadi! Olis-olislardan bir qaraganda bu unchalik baland bo‘lmagan va o‘rmonsiz tog‘ cho‘qqisi xuddi bir xil va hech nimasi bilan e’tiborga loyiqmasga o‘xshab ko‘rinadi; ammo musavvirning oshiq nigohi unda shunday kutilmagan tafsilotlar, shunday bir nafislik, chizgilar, shakllar, ranglar, burilmalarni ko‘rishi mumkinki… Ayniqsa, quyosh uni yon tomondan yoritganda tabiatning bu komil asari qarshisida zavqdan nafasi tiqilib qolishi hech gap emas. Ko‘hna tizmalar janubdagi bahaybat va salmog‘i og‘ir Vitoshaning butunlay teskarisi. Gogol, Xudo rus kishisini xuddi bir nimtadan uch-to‘rt bolta zarbi bilan biroz qo‘pol qilib yaratganga o‘xshaydi, deb taxmin qilganiday, Vitosha haqida ham shunday xayolga boradi kishi.
Tabiat! Men qachon uning qarshisida to‘xtasam, yuragim iyib oqib ketganday bo‘ladi, butun borlig‘im eng yaxshi, sokin kechinmalar bilan to‘lmagan payti bo‘lmaydi. Faqat u bilan birga bo‘lgan paytlarimdagina ichimdagi qabih xavotirlar va kundalik mayda-chuyda manfaatlarning ovozi o‘chadi. Inson tabiat bilan apoq-chapoqlikda yolg‘iz va qushday erkin bo‘ladi, bolaga aylangan paytlari oz bo‘lmaydi, bu dunyoda borligidan anglashilmas quvonch his qiladi, Olloh go‘zal, yorug‘, ulug‘vor qilib yaratgan barcha narsalardan hech qanday to‘siqsiz, to‘yguncha orom oladi, undan lazzatlanadi, uni sidqidildan yaxshi ko‘radi! Agarki Xoluq insonni chala qilib yaratgan bo‘lsa, agar ayblari, hirslari, buzuqliklari, ruhiy va jismoniy qusurlari oliy komillikdan juda uzoqda bo‘lsa, unutmangki, tabiat — uning eng mukammal asaridir; unda Yaratganning mag‘rur muhri bor, uning o‘ziday, uning asliday ko‘rinishga ega, uning o‘ziday ulug‘, uning o‘ziday mangu, uning o‘ziday ilohiy va mehribondir.
Men fevral oyida Lom yo‘li bo‘ylab sayrga chiqqandim, bu sayr ruhimda chuqur va o‘chmas taassurot qoldirdi. Kul rangidagi quyuq bulutlar butun osmonni qopladi, ammo shunday balandlikda, tog‘ tizmasining oppoq cho‘qqilari bulutdan xoli qoldi. Anchagina kuchli, lekin sog‘lom va yoqimli bir izg‘iriq; ob-havo tinch; sal-pal ko‘kargan kuzgi arpapoyalar bilan yonma-yon cho‘zilib ketgan yo‘lda aravalar zarang qilib yuborgan izlarning oxiri ko‘rinmaydi. Bu izlarning qoq o‘rtasidan bir so‘qmoq o‘tganki, u ham yurilaverib qotib ketgan. Bu so‘qmoq bo‘ylab ketishning u qadar og‘irligi yo‘q. Qish sovuqlari qamragan kengliklar mungli sukut ichra mudraydi; faqat «qa-qa»lagancha qarg‘alar galasi uchib o‘tadi yo telegraf simlariga qo‘nadi va yo yerga inadi. Oqsochli Vitosha va Ko‘hna Tizmalarning qorli cho‘qqilari o‘z sovuq osmonlaridan kafanlari yirtilib har yer-har yeri ochilib qolgan o‘lik dalalarga qandaydir og‘ir, anglashilmas, jiddiy nazar bilan qarab turishardi. G‘arb tomonda, uncha tik bo‘lmagan past-baland Visker tizma tog‘larining yonbag‘irlari uzoq-uzoqlarga qarab ketgan, u yoqlarda bulutlar dasta-dasta bo‘lib butun ufq bo‘yi to yergacha osilib tushgani ko‘rinib turardi. U tomondan kelayotgan quruq va sovuq shamolga qarab u yerda qor yog‘ayotganini fahmlash qiyin emasdi. Yo‘lda hech zog‘ yo‘q edi. Butun manzara sirli go‘zallikka to‘la — qish osmoni ostida allaqanday she’riyat ufurib turardi. Go‘zallik, she’riyat… Gap qishning jozibasiz va ma’yus manzarasi ustida ketayotganda, ehtimol, bu ikki so‘z g‘alati eshitilar. Go‘zallik va she’riyat hayot tushunchasi bilan bog‘liq, ular odamda yorqin ranglar, charog‘onlik bayrami, billur jilg‘alarning shildir-shildiri, sokin soyalarda pichirlashayotgan yaproqlar, oydin kechalarning sehrlovchi jimligi haqidagi tasavvurni jonlantiradi. Ammo o‘lik sukunat-chi, hech qanday harakatning yo‘qligi, miq etgan bir ovoz, insoniy haroratning yo‘qligi-chi? Mayitli tobut ko‘rinib turganda go‘zallik tuyg‘usi uyg‘onadimi? Go‘zallikning bironta unsuri bo‘lmagan joyda she’riyat nafasi seziladimi? Bilmadim, ammo bu g‘amgin qish manzarasida shunday go‘zallik, shunday she’riyat mavjud ediki, shoirning qalami, musavvirning mo‘yqalami buni gavdalantirishga kirishsa, barcha urinishlar zoye ketardi; ular ko‘klamning shodliklarga to‘la manzarasini boy ohang va qirralari bilan tasvirlashda qiynalmay nozik san’at shakllarini yaratgan bo‘lsalar-da, men aytgan go‘zallik va she’riyatni yaratishda anchagina qiynalgan bo‘lardilar. Bu qish manzarasining go‘zalligi va she’riyati shunchaki his qilinar, idrok etilar, fikr go‘zalligiday, g‘oyaning kuchiday ko‘ngildan joy olar edi.
Bu hazin manzara butunicha shoirona niyatlarga uyg‘un edi, necha kundan buyon mening xayolimdan ketmay yurgan rejamga mos kelardi. Men teran o‘ylarga cho‘mib temiryo‘l bekatidan bir chaqirimcha beridagi qorovulxonaga yetib bordim.
Visker tomondan esayotgan namchil shamol yuzlarimga mayda qor uchqunlarini ura boshladi. Keyin havoda chir-chir aylanayotgan va bir-biri bilan to‘qnashayotgan pag‘a-pag‘a qorlar izma-iz keldi. Endi quyuq bulutlar mening boshim ustida qalashdi. Qosh qoraya boshlashi bilan sovuqning qahri oshdi. Shu asnoda bir qari dehqon ayolni uchratib qoldim. U nimagadir ulgurmay qolgan, hassasini to‘qillatib, oshiqqancha tez-tez kelardi. Yo‘limiz baravarlashganda, men to‘xtab unga salom berdim. Alik olib, u ham to‘xtadi. “Iloyo tan-joningiz sog‘ bo‘lsin”, — deb qo‘ydi.
Musichadekkina, juda qari ayol edi. Kiyim-kechak va latta-puttalar tuguniga o‘xshab ketadigan bir yuk botiq ko‘kraklari ustidan kesishgan iplar bilan sirtiga bog‘langani sababli, tomirlari bo‘rtgan, qoqsuyak qo‘llari bo‘sh qolgan edi.
— Qayoqdan kelyapsiz, buvijon? — so‘radim men.
U men bilmaydigan bir qishloqning otini aytdi.
— U bu yerdan uzoqmi?
— Men kallai saharlab yo‘lga chiqqandim… Uzoq, tog‘larda yashaymiz.
Demak, roppa-rosa o‘n soat yo‘l yuribdi, men uni uchratganimda ham deyarli chopib ketayotgan edi!
Men beixtiyor yoshini so‘raganimda:
— Yetmishlarga bordim-ov, — dedi. — Ha, shunday, taqsir, yetmishlardaman.
Uning aft-angori ham buni tasdiqlar edi. Voy Xudoyim-e, yillar, og‘ir mehnat, mahrumiyatlar iskanjasida oh-vohsiz o‘tgan qiyinchilik va mashaqqatlar uning yuzida naqadar chuqur yemiruvchi izlar qoldiribdi-ya!
Bu qoqsuyak, tinka-madori qurib qorayib, tuproq rang bo‘lib ketgan yuzni hamma yo‘nalishda xunukdan xunuk chuqur ajinlar qoplagan edi: hayot o‘zining barcha shafqatsiz jabru jafolarini shu yuzda aks ettirgan, ayolga xos biron bir insoniy nafislikka o‘rin qoldirmagandek tuyulardi. Bu yuz, holi-joni qolmagan va g‘azabi qaynagan ho‘kizlarday allaqanday jirkanch ifodali mash’um bir niqobga o‘xshab ko‘rinardi.
«Qoray, teri, chida, jon!» — necha-necha asrlar bo‘yi davom etgan qullik, azoblar, ta’rifga sig‘maydigan uqubatlar bulg‘or xalqining qalbidan mana shu dahshatli so‘zlarni sitib chiqardi. Bu ayanchli yuzni ko‘rganda beixtiyor shu so‘zlar aqlga kelardi. Faqat uning xira va so‘nik nigohli ko‘k ko‘zlarida endi bu qo‘rqinchli niqobni jonlantirib yuboruvchi allaqanday iliq, beozor, ma’yus bir nur paydo bo‘ldi.
Birdan qayerdadir juda yaqin joyda allaqanday hayvon pixilladi. Men atrofimga alangladim.
— Nimani qidiryapsan, ey janob? Bolachaning yig‘isi bu, — dedi u, sirtidagi yukini ko‘rsatib.
Zo‘rg‘a eshitiluvchi, bo‘g‘ilgan, zaif ovoz takrorlandi.
— Bolani qayoqqa olib ketyapsiz, buvijon? Kimning bolasi u? – deb so‘radim undan, bola uniki emasligini tushunib.
— Kelinimning bolasi! — javob berdi u xo‘rsinib, yig‘lab yuborishiga sal qoldi. Keyin: — Ko‘ryapsanmi, janob? Hali u zig‘irdak, kechagina tug‘ildi.
— Kecha? Uni qayoqqa olib ketayapsiz?
— Sofiyaga obketayapman. Onasi kechaning o‘zida uzildi. Men saharlab yo‘lga chiqdim, qorong‘i tushguncha yetib olay deb shoshilib ketyapman. Ham qichqiradi… ham yig‘laydi… Hali bir martayam emgani yo‘q. Yetim qoldi…
Kampir menga titroq ovoz bilan oilasidagi g‘amgin voqealarni gapirib berdi.
Kecha kelini ko‘zi yoriyotganda vafot etibdi, bundan ikki oy oldin uning eri, kampirning navqiron o‘g‘li qandaydir noma’lum bir kasallikdan o‘lgan ekan. Bor-yo‘g‘i o‘n xonadonli qishloqda yangi tug‘ilgan chaqaloqni emiza oladigan bironta ham juvon topilmabdi, bola esa ochlikdan o‘lay deyapti. Uy sovuq, o‘tin yo‘q, shamol ko‘ylaklarning tagigacha kirib, badanni muzlatadi… g‘am-g‘ussa va qashshoqlik. O‘zi bolani Sofiyaga olib borishga ahd qilibdi: balki, kimdir olar! U yerda hech kimni tanimaydi, faqat bir karvonsaroyning boshlig‘ini biladi, qachonlardir u yerda bir qo‘nib o‘tgan.
— Na otasi, na onasi bor… Ollohning huzuriga ketishdi. Men, qo‘lidan bir ish kelmaydigan kampir, uni parvarish qilolmayman. Ertaga o‘zim o‘lib qolishim ham hech gap emas… Mana, kimgadir berishga shaharga obketayapman! — xo‘rsinib takroradi u. — Olgisi kelgan bir odam topilib qolar! Yo‘qsa sho‘rlik ochlikdan o‘lib qoladi, hanuzgacha emizilmagan.
Latta-puttalar ichida bo‘g‘ilib ketgan chaqaloq, xuddi kampirning gaplarini tasdiqlaganday, qattiq, avvalgidan o‘tkirroq ovoz bilan chinqirib yubordi, ammo shu ondayoq yana jim bo‘lib qoldi. Men ko‘karib ketgan boshchasining latta-puttalar bekitolmagan va keskin oqshom sovug‘idan saqlolmagan bir qismini ko‘rdim.
— Balki, Sofiyada xudoning roziligi uchun shu qoshiqday bolachani asravolishga ko‘nadigan yaxshi odamlarni bilarsan?
Men, bola qizmi, o‘g‘ilmi, deb so‘radim.
— Qiz, — javob berdi kampir.
U nochor ko‘zlarimdan yordam berolmasligimni anglab, menga ta’zim qildi va chopa-chopa ilgarilab ketdi.
Bola lattalar ichida big‘illardi; sovuq havoda gupillab yog‘ayotgan qorning pag‘a-pag‘a uchqunlari ochiq qolgan bir burdagina yumshoq boshchasiga urilayotgandirki, uning ovozi oppoq keng dalalarda goh tinib, goh taralib borar edi.
Men bo‘lsam qorli kengliklararo sirtida bola bilan yo‘q bo‘lib borayotgan pastgina bo‘yli kampirdan ko‘zlarimni uzolmay mixlanganday turgan joyimda qotib turardim.
O‘shal daqiqada ko‘nglimni to‘latib yuborgan og‘ir o‘ylar va ilojsiz azoblarni hech qachon unutmayman. Men shundoq yonginasida momaqaldiroq guldurab gangib qolgan odamga o‘xshardim. O‘zgartirib bo‘lmaydigan, ayovsiz, shafqatsiz hayotning bu qo‘rqinchli fojiasi, qahri qattiq turmushning bu haqiqati, odam har kuni har qadamda to‘qnash keladigan ming-minglab odamlarning biri yuragimni ildiz-ildizigacha zirqiratib yubordi. U endi menda katta baxtsizlikni ko‘rganda har qanday odamda ham uyg‘onadigan ayanch va hamdardlikni emas, allaqanday boshqa, bundan dahshatliroq, bundan kuchli va azobliroq, qandaydir axmoqona bir ish qilgan odamning vijdon azobiga yaqin turadigan ichki g‘alayonli xavotirga o‘xshash bir tuyg‘uni uyg‘otdi. Hozirgina, shul daqiqada, mening qalbim shirin xayollarning yengil to‘lqinlarida jon koyitmay suzayotgan bir paytda, to‘satdan shundoq burni burnimga to‘qnash kelgan bir odamning chorasiz musibati, menga Dunyoviy Yovuzlik shaxsi oldida, atrofimda ho‘ngrayotgan, ko‘zyoshlari sel bo‘lgan, quturgan dengizga o‘xshab butun borliqni yutib yuborayotgan buyuk dunyoviy dard-alam qarshisida mening jinoiy manmanligim, mening xudbinligimga qarshi otashin norozilikday, ta’naday ta’sir qildi… Shunda boshqalarning boshidagi ofat haqida o‘ylashga yo‘l bermaydigan to‘q va farovon hayotimiz ko‘z o‘ngimda shunday jirkanch bo‘lib ko‘rindiki! Biz ko‘nglimizda shunday e’zozlaydigan va avaylaydigan nozik ruhiy ehtiyojlarimiz va didlarimiz menga baxtsiz xalqning og‘ir taqdiridan shafqatsizlarcha kulishga o‘xshab ko‘rindi.
Ayanchli ahvolda halok bo‘lgan ota, ko‘zi yoriyotganda o‘lgan ona, ikkovining ham hech qanday tibbiy yordam ko‘rmaganligi, ochlik-yalang‘ochlikda, shunday bir sovuq paytda kechagina, ehtimolki, bugun kechasi tug‘ilgan baxti qaro yetimcha, shunday osongina va ko‘zga tashlanmay yo‘qolgan butun bir mehnatkash oila — bular xalq ommasining kundalik hayotidagi doim bo‘lib turadigan oddiy bir hodisa, xolos. Va bu omma sabr-toqat bilan, tovush chiqarmay mashaqqat bilan og‘ir kun kechiradi, taraqqiyotimiz, madaniy yutuqlarimiz, nozik ruhiy lazzatlar, ezgu maqsadlar va ahvolni yaxshilash zarurligi to‘g‘risidagi balandparvoz gaplarga qiziqmaydi. U hatto bizdaylar borligini xayoliga ham keltirmaydi, ishlaganda, qiynalganda va o‘layotganda bizga zarracha muhtojligi ham bo‘lmaydi…
Yuragimda bunday qizg‘in tuyg‘ular uyg‘onishi uchun menda asosli sabablar bormidi? Kutilmaganda og‘ir taassurotlar iskanjasiga tushib qolganim uchun azob-uqubat chekayotgan bashariyatning ko‘p qismini tashkil etuvchi birodarlarimiz oldidagi mas’uliyatimiz kuchini juda oshirib yubormadimmi? Ozchilikni tashkil qiluvchi biz, imtiyozli guruhlarga, shaharlarda yugur-yugur, dabdaba, olijanob quruq gaplar bilan ovunib yurish imkonini bergani, ammo taqdir hamma narsadan mahrum qilgan juda katta ko‘pchilikning yarasiga malham qo‘yishda tamoman kuchsiz bo‘lgani uchun madaniyatimiz aybdormi? Bilmadim. Ammo o‘shal daqiqada bu tuyg‘u va fikrlar seli meni shunday shiddat bilan bosgan ediki, men uning oqimidan qutulolmas edim, achchiqlangan qalbim yovuzlikni sharhlashni, tushuntirib berishni qat’iyan talab qilar edi va men hammasini ijtimoiy tuzumda, bizning qarshimizda qad ko‘targan Buyuk Yolg‘onda ko‘rar edim… Va men ongsiz ravishda jahoniy haqiqat, umumbashariy ma’murlik, baxt-saodatni orzu qilgan xayolparast-tolstoychilar, muruvvatli tush sohiblari va boshqa qoyilmaqom xomxayollarga nazar tashladim.
O‘z-o‘zimga tinmay savol berardim: bu baxti qaro kampir bugun kimga yalinadi, kimga bolamni asrab ol, deydi? Bu katta, uning uchun begona shaharda qayoqqa bosh uradi? Kim o‘ziga qabul qiladi bu qizbola bechorani, agar bugun o‘lmay qolsa, kim boqib oladi, o‘lay deb turgan yetimcha uchun biron mehrli ona yuragini topolmasa, bir iliq beshik, bu sovuqda qotib qolgan qoshiqdakkina gavdachaga hayot haroratini oqizishga tayyor bir ko‘krakni topolmasa, kampir sho‘rlik nima qiladi? Bola uchun na boshpana, na mehr-shafqat topolmaganidan keyin — gap bizning jamiyatimiz haqida borayotgani uchun shunday hol yuz berishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi — bir oyog‘i yerda, bir oyog‘i go‘rda turgan bu qari kampir unga qanday qarasin, uni qanday ulg‘aytirsin? Butunlay zoye ketadigan urinishlar kabi, hech hal qilib bo‘lmaydigan muammolar ham bo‘ladi. Bunday muammolar qarshisida mardlik va jasorat ham o‘rnini butunlay kuchsizlikka bo‘shatib berar, inson taqdirning achchiq qarori oldida qo‘li hech qanday ishga bormay qolar ekan. haqiqiy hayotning mash’um sharpasini ko‘rmaslik uchun undan o‘zini olib qochar, o‘zini ko‘rmaslikka olar ekan.
Kampir mendan taxminan yarim kilometrcha uzoqqa ketib ulgurgan edi, men bo‘lsam dam-badam orqamga o‘girilib, oppoq laylak qor to‘rlari orasida uning tez-tez o‘zgarayotgan shaklchasini ko‘rardim. Keyin birdan orqaga qaytdim: unga yetib olish kerak! Nega? Negaligini o‘zim ham bilmasdim, lekin nimadir qilishim, unga yordam berishim kerakligini, bolaning taqdiriga g‘amxo‘rlik qilishim, hech bo‘lmaganda shu sovuq kechada biron yerga joylashtirishim kerakligini sezdim. Mening shaxsiy shart-sharoitlarim yaqin kishim, birodarim uchun chinakamiga o‘z manfaatlarimdan kechib, fidoyilik qilish burchini ado etishga hech qanaqasiga yo‘l bermas edi. Balki, bu bir bahonadir… Inson o‘zining toshbag‘irligini odob-axloqning istagan bir niqobi ostiga yashirishga moyil bo‘ladi. Ammo u o‘zining ichidagi hakam, Ilohiy Qozi — Vijdonni alday oladimi? Aslo. U faqat vijdon azobining shiddatini bir oz pasaytirishi, ozgina tizginlashi mumkin… Bu xolis qozi ham o‘zaro kelishuvga, murosaga moyilroq bo‘ladi. Men ham o‘zimcha bir murosaga keldim: kampir bugun kechasi boshpana va ozgina sut topib, bolani to‘yg‘azishi uchun hozir unga bir qadar pul beraman, ertalab esa u yoq-bu yoqdan kerakli ma’lumotlar qidiraman, hech bo‘lmasa bir kun yashab turishiga imkon topaman, shu tariqa uni muqarrar o‘limdan saqlab qolaman.
Ko‘nglimda shunday cheksiz rejalar bilan kampirning izidan yugurdim. Qor kuchaygandan kuchayib borar, men endi uning sharpasini arang farqlar edim. U shlagbaum oldida to‘xtadi; bildimki, u qorovul bilan gaplashyapti. U ushlanib qolgan vaqt bizni ayirib turgan masofani ikki baravar qisqartirishga yordam berdi. Shamol qor uchqunlarini uchirar, gohida ularni burqiratib tikka ko‘tarardi. Temiryo‘l ko‘tarmasiga yetib, shlagbaumdan o‘tganimda kampirning katta yo‘ldan o‘ngga burilganini va so‘qmoq bo‘ylab shoshgancha o‘rmon yalangligiga yo‘nalganini ko‘rdim. Bu yetmish yashar kampir qandaydir serharakat qizaloqday qiynalmay yugurardi! Men uni qichqirib to‘xtatmokchi bo‘ldim, ammo kuchli shamol ovozimning sadolarini yon tomonga surib ketardi. Nihoyat u ko‘hna turk istehkomining chap tomonidagi Konyuvitsaga yetdi va Knyajevsk daryosi bo‘yiga tushdi. Ikki-uch daqiqada men bu daryo ko‘prigiga yetdim. Ammo har yoqqa olazarak bo‘lganimdan foyda chiqmadi. Kampir eski bir mahallaning tor ko‘chalarida g‘oyib bo‘lgan edi. Mening qidirish va tentirashlarimdan bir natija chiqmadi: men uning izini va yaxshilik qilib quvonish imkonini butunlay boy berdim. Shamol qattiq jazavasi tutib qorbo‘ronga aylangan, shiddatli tezlik bilan hufton qorong‘isida qor bulutlarini u yoqdan bu yoqqa quvar, eshik va derazalarni taqillatar, shu asno mening nazarimda g‘azabi oshib ketgan tabiiy kuchlarninng qo‘rqinchli guvillashlari ichida sovuq izg‘irindan qotib qolgan va ochlikdan o‘layotgan qoshiqdakkina bolachaning zorlangan va qiynalib ketgan yig‘isi eshitilayotganday bo‘lardi…
Men Avliyo Kral yonidan o‘tayotganimda, ezilib, nomusdan adoyi tamom bo‘lib, beixtiyor cherkovga kirdim va uzoq-uzoq ibodat qildim…
Ruschadan Miraziz A’zam tarjimasi