Ivan Turgenev. Nodon (hikoya)

Dunyoda bir nodon bo‘lgan ekan.
Shu nodon uzoq vaqt davru davron suribdi, biroq u tez orada odamlar hamma yerda uni kaltafahm, paytavaquloq deb atashlarini bilib qolibdi.
Bundan nodon qattiq iztirobga tushibdi va bu ko‘ngilsiz gaplarga chek qo‘yishga bel bog‘labdi.
Xo‘p o‘ylabdi, nihoyat, uning qovoq kallasiga bir fikr kelibdi… Nodon o‘ylamay-netmay shu fikrini amalga oshirmoqchi bo‘libdi…
Ko‘chada ketayotsa, oldidan bir tanishi chiqib qolibdi va mashhur bir rassomni maqtab gapiribdi.
Shunda nodon shartta uning gapini bo‘libdi:
— E, qo‘ying-e! U rassom allaqachon oyoqdan qolgan… Shuniyam bilmaysizmi? Sizdan kutmagan edim buni… Essiz, hayotdan orqada qo¬lib ketibsiz.
Nodonning tanishi bu gapni eshitib, vahimaga tushibdi va darhol uning gapini ma’qullabdi.
Boshqa tanishi unga bir yozuvchini maqtabdi:
— Bilasizmi, qoyilmaqom kitob yozibdi, o‘qib chiqdim, antiqa!
Bu gapdan nodonning fig‘oni falakka chiqib ketibdi:
— Suf sizga-e! Uyalmaysizmi shunday degani? O‘sha siz maqtagan kitob uch pulga qimmat, undan allaqachon hamma yuz o‘girgan. Hali xabaringiz yo‘qmi? Juda orqada qolgan odam ekansiz.
Bu gapdan nodonning tanishi qo‘rqib ketib, uning gapiga qo‘shilibdi.
Nodon terisiga sig‘may ketayotsa, uchinchi tanishini ko‘rib qolibdi. Tanishi unga bir do‘stini maqtabdi:
— Falonchi bahosi yo‘q odam-da! Bunaqa oliyjanob odam dunyoga bir keladi.
— E, og‘zingizga qarab gapiring! — debdi nodon uning og‘ziga urib. — O‘sha siz ko‘klarga ko‘tarib maqtayotgan odam uchiga chiqqan muttaham! Butun qarindosh-urug‘ini kafangado qildi. Kim bilmaydi buni? Siz orqada qolib ketibsiz!
Bu tanish ham qo‘rqib ketibdi-yu, nodonning gapiga qo‘shilib, do‘stidan tonibdi. Xullas, shu-shu nodonning oldida kimni va nimani maqtashmasin, hammasini qoralab yomonga chiqaraveribdi.
Ba’zan deng u o‘ksib:
— Siz hali fozil odamlar borligiga ishonasizmi? — derkan. Nihoyat, tanishlari nodon to‘g‘risida:
— Zahar! Zapti tez! Lekin kallasi joyida! — deb gapira boshlashibdi.
Ba’zilar:
— Tili-chi, tili, tilini aytmaysizmi?! Baloi azimda o‘ziyam! — deb qo‘shimcha qilibdi.
Ish shu darajaga borib yetibdiki, bir gazetaning noshiri nodonga tanqid bo‘limini bosh¬qarishni taklif etibdi.
Endi uning kuni tug‘ibdi. Kattani katta, kichikni kichik demay — hammani barobar tanqid qila boshlabdi.
Bir vaqtlar fozillarga qarshi ayyuhannos sol¬gan nodon endilikda fozil bo‘lib qoldi, yosh-yalang undan hayiqadi, uning oldida qo‘l qovushtirib turadi.
Xo‘sh, sho‘rlik yoshlar nima ham qilsin? Gapning po‘st-kallasini aytganda, bunchalik izzat-hurmat qilmasliklari kerak edi… biroq shunday qilmay ko‘rishsin-chi, qoloqqa chiqib qolishadi!
Nodonning joyi qo‘rqoqlar orasida.

Ruschadan Mirziyod Mirzoidov tarjimasi