Tungi ko‘kimtir, zim-ziyo osmonda oqish bulutlar suzib borardi. To‘lin oy atrofini ham ko‘kimtir bulutlar o‘rab olgan. Kishi tikilib qarasa, go‘yo bulutlar emas, balki to‘lin oy suzayotganga o‘xshardi, atrofidagi yulduzlar bamisoli sochib yuborilgan bir hovuch javohirday ko‘rinardi: to‘lin oy asta-sekin cheksiz samo uzra yuksalib borar va o‘zi bilan birga yulduzlarni ham ortidan ergashtirib ketayotgandek edi.
Ochiq deraza raxida boshini ortiga tashlagancha osmonga tikilib o‘tirgan qiz o‘zini samodagi ajib tovlanishlardan boshi biroz aylangandek his etdi. Qizning yonida yigit turardi.
— Bu qanday rang ekan-a, hech ajratolmayapman! Tolya, siz ajrata olasizmi?
— Kisa, nimaning rangini?
— Sizga necha marotaba aytishim kerak, ismimni bunday atamang deb…
— Uzr-r, Ksenya Andreevna.
— Men bulutlar ortida qolgan osmonning rangini aytayapman! Hayratomuz rang-a! Ham qo‘rqasan, ham hayratga tushasan kishi. Haqiqatan ham bu samoviy, yerda bunaqasi uchramaydi. Zumradga o‘xshaydi.
— Osmonda ko‘rinayaptimi, demak, u samoviy. Qiziq, nima uchun u zumrad bo‘larkan — Zumradning o‘zi nima — Ranglar qorishmasimi — Men uni hech ko‘rmaganman. Bu so‘z shunchaki yoqib qolgan, xolos.
— Ha. Ehtimol, bu zumrad emasdir, balki shunga o‘xshash narsadir… bunaqasi, ochig‘ini aytsam, faqat jannatda uchrasa kerak. Bu ajoyibotni ko‘rib turib, jannat, farishtalar, Arshi a’lo borligiga qanday ishonmaslik mumkin?..
— Sambit daraxtida sap-sariq noklar..
— Tolya, siz judayam aynib ketgansiz, Marya Sergeevna, esi past qiz har qanday yosh yigitdan afzalroq, deb haq gapni aytgan ekan.
— Kisa, u juda to‘g‘ri aytibdi.
Qiz egniga olachipor gulli chit ko‘ylak kiyib olgandi, oyog‘ida esa arzon poyabzal. Uning boldiri va tizzalari to‘la, sochlari kalta qilib qirqilgan, boshini ko‘rganni rom etadigan bir nozik tarzda xiyol ortiga tashlagandi… Yigit bir qo‘lini qizning tizzasiga qo‘yib, ikkinchi qo‘li bilan uning yelkasidan quchdi va labidan bo‘sa oldi. Qiz o‘zini uning og‘ushidan asta bo‘shatdi-da, qo‘lini tizzasidan olib qo‘ydi.
— Tinchlikmi, xafa bo‘ldingmi?
Qiz boshini deraza kesakisiga tiradi, shunda yigit qizning labini tishlagancha yig‘lavoray deb turganini ko‘rdi.
— Senga nima bo‘ldi?
— Ey, o‘z holimga qo‘ying…
— Ayt, nima bo‘ldi o‘zi?
Qiz shivirlab dedi:
— Hech narsa…
U deraza raxidan sakrab tushdi-da, yugurib ketdi.
Yigit yelka qisib qo‘yarkan:
— Jinni bo‘lganmi u! — deb qo‘ydi.
1940 yil, 3 oktyabr
Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi
«Kitob dunyosi» gazetasidan olindi.