Ming to‘qqiz yuz o‘ttiz uchinchi yilning 9 noyabr kuni mehribon Provansning o‘zi kabi qadimiy va rahmdil Grass shaharchasida sokin, iliqqina kech kuzning oddiygina kunlaridan biri edi. Men o‘n yil davomida bu yerlardan hech qayoqqa chiqmay, yashab kelyapman…
Bunday kunlarda qo‘lim ishga bormaydi. Shunga qaramay, odatimga ko‘ra, men ertalabdan yozuv stoli yonidaman. Nonushtadan keyin ham shu yerga o‘tiraman. Derazadan tashqariga qarasam, yomg‘ir yog‘adigan. Yo‘q, bunaqa kunda ishlay olmayman. Bugun kinoteatrda kunduzgi namoyish bo‘ladi, o‘sha yoqqa boraman.
“Belveder” joylashgan tog‘dan pastga tushayotib, shaharga razm soldim. Uzoqdagi Kannga, bunday kunlarda elas-elas ko‘rinadigan dengizga, Esterelning tuman bosgan cho‘qqilariga qararkanman, “Balki shu daqiqalarda Yevropaning bir chetida mening taqdirim hal bo‘layotgandir?” degan savol beixtiyor xayolimdan o‘tdi.
Kinoteatrga kirganimda Stokgolmga ketgan xayolim yana unutildi. Tanaffusdan keyin “Bebi” degan quvnoq bema’nigarchilik boshlansa, men ekranga qattiqroq tikilaman: Aleksandr Ivanovichning qizi Kisa Kuprina tomosha berayotgan ekan. Biroq qorong‘iliqda qandaydir bezovtalik bo‘layotganini sezib qoldim. Qo‘lchiroq yoqilib, kimdir yelkamga qo‘lini qo‘ydi-da, hayajon va tantana bilan shivirladi:
Stokgolmdan qo‘ng‘iroq qilishyapti…
Shu paytgacha o‘tgan hayotimning arqoni uzilib ketgandek bo‘ldi.
Uyga odatdagidan tezroq yurib ketyapman, dilimda Kisaning o‘yinlarini oxirigacha ko‘rolmay qolganim armonidan bo‘lak hech narsa yo‘q, menga hozirgina aytilgan xabarga beg‘amlik bilan ishonmayapman. Yo‘q, ishonmaslik mumkin emas: mening tinchgina, bunday paytlarda Grassning tepasidagi tog‘ yonbag‘irlarini qoplab yotgan zaytun bog‘lar orasida ko‘rinmay yotgan nimqorong‘i uyim pastdan tepasigacha charaqlatib yoritilgan edi. Yuragim ma’yusgina ezildi… Hayotimda qandaydir burilish sodir bo‘ldi, chog‘i…
* * *
Kechki payt “Belveder”da telefon qo‘ng‘iroqlari tinmadi. Butun Yevropadagi poytaxtlardan kimlardir, turli tillarda baqirib-chaqirib meni tabriklashar, pochtachilar deyarli butun dunyodagi mamlakatlardan (Rossiyadan tashqari!) tabrik telegrammalarini peshma-pesh keltirib turishardi. Bular kamlik qilganidek, uyim dastlabki tashrif buyurganlarning, fotosuratchi va jurnalistlarning shiddatiga chidab berdi… Daqiqa sayin, soat sayin ko‘payib borayotgan tashrifchilar har tomondan qo‘l uzatib qo‘limni siqishadi, hammasi hayajonda, hammasi bir so‘z aytadi. Ularning yuz-ko‘zlarini eslab qololmayman, hammasi aralashib, chaplashib ketgandek. Fotosuratchilar rang-quti o‘chgan qandaydir bir telbaning tasvirini butun dunyoga yoyish ilinjida chiroqlarini oldinma-keyin chaqnatishadi, bundan ko‘zlarim qamashadi. Bir tomonda jurnalistlar savollarga ko‘mib tashlashdi.
— Rossiyadan qachon chiqib ketgansiz?
— Yigirmanchi yil boshidan emigrantman.
— Qaytib borishni o‘ylaysizmi?
— Yo, Xudoyim-ey! Nega endi qaytishim kerak ekan?
— Sizni Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan birinchi rus yozuvchisi, deyishadi. Shu to‘g‘rimi?
— To‘g‘ri.
— Bu mukofotni qachonlardir Lev Tolstoyga taklif qilishganda, u rad etgan ekan. To‘g‘rimi?
— Noto‘g‘ri. Bu mukofot hech qachon, hech kimga taklif etilmaydi. Mukofot berish masalasi hamma vaqt qat’iy sir saqlanadi.
— Siz Shvetsiya akademiyasi bilan yaqindan munosabatda bo‘lganmisiz? U yerda tanishlaringiz bormi?
— Hech qachon, hech kim!
— Qaysi asaringiz uchun mukofot berishdi?
— Hamma asarlarim uchun bo‘lsa kerak.
— Mukofot berilishini kutganmidingiz?
— Nomzodlar orasida borligimni bilardim. Mening nomzodim bir necha marta ko‘rsatilganidan xabarim bor. Asarlarim haqida Byok, Osterling, Agrel kabi taniqli skandinaviyalik tanqidchilarning maqtovli maqolalarini o‘qiganman. Ular Shvetsiya akademiyasi bilan yaqin munosabatda ekanlarini eshitib, mening foydamga biror gap aytishlari mumkinligini taxmin qilardim. Biroq hech nimaga qat’iy ishonmaganman.
— Nobel mukofotlarini berish odatda qanday o‘tadi?
— Har yili ma’lum bir vaqtda: o‘ninchi dekabrda.
— Demak, siz shu vaqtda Stokgolmga yetib borishingiz kerak?
— Ehtimol, oldinroq yetib borarman: uzoq safarga chiqish zavqini tezroq tuygim kelyapti. Emigrant sifatida huquqsizligimdan, barcha emigrantlar kabi “viza” degan narsaga erishish qiyinligidan, mana, o‘n uch yildirki, chet elga chiqolmayman. Faqat bir martagina Angliyaga borib keldim. Bu, qachonlardir tinmay dunyo kezgan mendek odam uchun katta judolikdir.
— Skandinaviya mamlakatlarida bo‘lganmisiz?
— Bo‘lmaganman. Ko‘p marta uzoq safarlarga chiqqanman, faqat sharqqa, janubga. Shimolni esa kelajakka qoldirgan edim…
Shunday qilib, kutilmaganda, meni shiddatli bir to‘lqin o‘z domiga tortib ketdi. Bu to‘lqin tez kunda es-hushidan ajralgan mavjudlikka o‘xshab qoldi: ertadan kechgacha bir daqiqa ham erkinlik, tinim yo‘q. Nobel mukofotining har bir sohibi atrofida bo‘ladigan odatiy tashvishu g‘imir-g‘imirlardan tashqari, men dunyodagi hech qaysi laureat duch kelmagan holatga uchradim, chunki men emigrantman, g‘ayrioddiy holatdaman, butun dunyoni hayratlarga solgan Rossiyadan chiqqanman. Stokgolmning bu qarori Rossiyaning hissiyotlarini haqoratlagan va kamsitgan, milliy miqyosdagi voqea bo‘ldi.
* * *
Uchinchi dekabrdan to‘rtinchisiga o‘tar kechasi men Parijdan uzoqlarda edim. “Shimoliy tezyurar” birinchi klassli alohida kupe. Eh-he, necha yillar bo‘ldi bunday sharoitning hislarini tuymaganimga! Tun yarimdan o‘tganda Germaniyada edik. Poyezdning oxirgi vagoni maydonchasida turibman. Oyning xira yorug‘ida vagon ostidan, yon-veridan Rossiyani eslatadigan nimadir tinimsiz otilib chiqib, shiddat bilan ortga ketardi. Bular qordan ola-chalpoq bo‘lib yotgan tep-tekis yer, qor bosgan qandaydir daraxtlar edi…
Tongda Gannoverga yetdik. Ko‘zimni ochib, deraza pardasini tortsam, oyna muzlagan. Relslarni ham muz qoplagan. Platformada u yoqdan-bu yoqqa o‘tayotgan odamlar mo‘yna qalpoq, po‘stin kiyishgan. Bunday manzaralarni ko‘rmaganimga ancha vaqt bo‘ldi! Yurak unutmas ekan!
Kechqurun bizning poyezdni “Gustav V” paroxodiga chiqarib, Shvetsiya qirg‘oqlariga asta olib ketishadi. Yana savollarga javob berish, fotosuratchilar chirog‘ining tinmay chaqnashi… Shvetsiyada men tushgan vagonni fotosuratchilar va jurnalistlar to‘dasi qamal qilib oladi. Nihoyat, tun qorong‘usida yana yolg‘iz qoldim. Deraza tashqarisida qalin, oppoq qorga burkangan qop-qora o‘rmon ko‘rinadi. Men esa issiqqina kupedaman, qachonlardir Nikolayev yo‘lidan ketayotgandekman…
* * *
Laureatga mukofot berish marosimi doimo 10 dekabrda, kechki roppa-rosa soat beshda boshlanadi.
Shu kuni yotoqxonam eshigi odatdagidan barvaqt taqillatildi: sakkiz yarim bo‘lmasidan uyg‘otinglar, deb qo‘ygandim. Dik etib turdimu bugun qanaqa kun ekanligini esladim. Eng muhim kun! Soat sakkiz. Shimol tongi yorishib kelyapti, derazamdan ko‘rinib turgan kanal qirg‘og‘idagi chiroqlar o‘chmagan, Stokgolmning ko‘z o‘ngimdagi qismi o‘z minoralari, cherkovlari, saroylari bilan Peterburgni eslatadi, tong va kun botish paytida ertaklardagi kabi go‘zal bo‘lib ketarkan.
Men bu kunni barvaqt boshlashim kerak: o‘ninchi dekabr — Alferd Nobel vafot etgan kun, tongdanoq tsilindr kiyib, shahar tashqarisidagi qabristonga borib, uning qabriga, jiyani Emmanuel Nobel qabriga gulchambar qo‘yishim kerak. Kech yotgandim soat uch edi, hozir kiyina turib chayqalyapman. Issiq va achchiq kofe boshlanib kelayotgan tiniq, ayozli kun, kechqurun meni kutayotgan misli ko‘rilmagan marosim — hammasi meni sergaklantirdi…
Tantanaga rasmiy taklif laureatlarga bir necha kun ilgari jo‘natiladi. U (frantsuz tilida yozilgan) shvedlarning barcha marosimlaridagidek o‘zining aniq-tiniqligi bilan ajralib turadi: “Janobi laureatlar Nobel mukofotini olishlari uchun 1933 yilning 10 dekabr kuni, soat to‘rtu ellik minutdan kechikmay Kontsert Zaliga yetib kelishlari so‘raladi. A’lo hazratlari qirollik uyi a’zolari va saroy a’yonlari kuzatuvida Zalga tashrif buyurib, tantanada ishtirok etadilar va roppa-rosa soat beshda har bir laureatga mukofotni shaxsan topshira boshlaydilar. Shundan so‘ng Zal eshiklari yopilib, tantanalar boshlanadi”.
Shvedlarning har qanday taklifiga na bir daqiqa kechikib borish, na ikki daqiqa oldin borish mumkin! Shuning uchun soat uch bo‘lmasdanoq kiyina boshladim. Bir kori-hol bo‘lib qolishi mumkin-da. Masalan, frak-ko‘ylagimning ilmatugmasi dunyodagi hamma tugmalarga o‘xshab birdaniga qayoqqadir g‘oyib bo‘lib qolishi mumkin.
Soat to‘rt yarimda yo‘lga chiqdik.
Bunday paytda shahar chiroqlari laureatlar sharafiga, yana bir hisobda, yaqinlashayotgan Rojdestvo va Yangi yil munosabati bilan charaqlatib qo‘yiladi. Mukofotlarni topshirish marosimlari o‘tkaziladigan ulkan “Musiqa uyi” tomon oshiqayotgan avtomobillar oqimi shunchalik tig‘izki, boshiga mo‘yna qalpoq kiygan va bizni olib borayotgan zabardast haydovchi o‘ziga yo‘l topishga qiynalib qoldi. Bir saf bo‘lib kelayotgan laureatlar kortejini ko‘rib qolgan politsiyachilar boshqa avtomobillarni to‘xtatib qo‘yib, jonimizga oro kirdi.
Biz, laureatlar ham “Musiqa uyi”ga olomon ichida kirib bordik, lekin vestibyulda bizni ajratib oldilar-da, qandaydir yo‘laklar bilan boshlab ketishdi. Shuning uchun biz estradada paydo bo‘lganimizga qadar Parad zalida nimalar bo‘lishini odamlardan eshitdim, xolos.
Zal kengligi va balandligi bilan hayratga soladi. Hammayoq gullar bilan bezatilgan, odamlar liq-liq: marvarid va brilliantlar bilan bezalgan yuzlab ayol liboslari, yuzlab fraklar, yulduzlar, ordenlar, rango-rang tasmalar va tantana belgilari. O‘n minuti kam beshda Shvetsiyaning vazirlar mahkamasi to‘laligicha, diplomatik korpus, Shvetsiya akademiyasi va Nobel qo‘mitasi a’zolari, boshqa taklif etilganlar — hammasi joy-joyiga o‘tirib, jimgina kutyapti. Rosa beshda udaychi (jarchi) fanfara chalib, monarx kelayotganidan xabar berdi. Fanfara tovushi tinib, qayerdandir, osmondan quyilayotgan milliy madhiyaning go‘zal ohangi yangradi va monarx merosxo‘r shahzoda bilan qirollik uyining boshqa a’zolari kuzatuvida Zalga kirib keldi. Ularning ortidan a’yonlar va saroy ahllari kelishardi. Biz, to‘rt nafar laureat bu paytda estradaga yondashgan kichik zalda kutib turibmiz.
Mana, biz ham chiqadigan vaqt keldi. Estradadan yana fanfaralar tovushi yangradi va biz haqimizda yozilgan ma’lumotlarni o‘qib eshittiradigan akademiklar ortidan ergashdik. Men ziyofatda birinchi bo‘lib nutq so‘zlashim kerak ekan, shuning uchun hozir taomilga ko‘ra estrada (sahna to‘rida laureatlar o‘tiradigan joy)ga safning oxirida chiqyapman. Meni akademiyaning doimiy kotibi Per Galstrem boshlab boryapti. Shu yerda zalning, uni to‘ldirib o‘tirgan odamlarning yasanganidan hayratga tushdim. Ta’zim bilan chiqib kelayotgan laureatlarni qarshilab hamma, shu jumladan, monarxning o‘zi, qirollik uyi a’zolari, saroy a’yonlari o‘rinlaridan turishdi.
Estrada ham ulkan ekan, qandaydir mayda-mayda, qizg‘ish tabiiy gullar bilan bezatilgan. O‘ng tomonga akademiklar uchun, chap tomondagi birinchi qatorga laureatlarga atab to‘rtta kreslo qo‘yilgan. Tepadagi devordan Shvetsiyaning milliy bayrog‘i polotnolari salobat to‘kib turibdi. Odatda, estradaga laureat yashaydigan mamlakat bayrog‘i osib qo‘yiladi. Qiziq, mendek muhojir uchun qanaqa bayroq ilingan ekan? Sovet bayrog‘ini osish mumkin bo‘lmagani uchun Shvetsiya bayrog‘ini ilishibdi. Olijanob ish!
Tantanalarni Nobel jamg‘armasining raisi ochdi. U qirolni va laureatni tabriklab, ma’ruzachiga navbat berdi. Odatga ko‘ra, u o‘z so‘zini butkul Alfred Nobelga bag‘ishlaydi. Bu yil uning tug‘ilganiga yuz yil to‘ladi. Keyin har bir laureatni ta’riflaydigan ma’ruzalar o‘qiladi. Har ma’ruza o‘qib tugatilgach, ma’ruzachi laureatni estradadan tushib, qirol qo‘lidan mukofotni olishga taklif etadi. Mukofot Nobel diplomi solingan papka va katta oltin medal solingan qutichadan iborat. Medalning bir tomoniga Alfred Nobel tasviri zarb qilingan, ikkinchi tomoniga laureatning ismi tushirilgan. Antraktda Betxoven va Grig musiqalari yangradi.
Grig — men sevib tinglaydigan kompozitorlardan biri. Per Galstrem men haqimdagi ma’ruzani o‘qishdan oldin Grigning yangragan musiqasini huzur qilib tingladim.
Oxirgi daqiqa meni to‘lqinlantirib yubordi. Galstremning nutqi go‘zal bo‘lishi bilan birga samimiy ham edi. U nutqini tugatgach, mayin tabassum bilan menga frantsuz tilida murojaat etdi:
— Ivan Alekseevich Bunin, marhamat qilib, zalga tushib, Oliy hazratlari qo‘llaridan Shvetsiya akademiyasi Sizga atagan 1933 yil mukofotini qabul qilsangiz.
Shundan keyin zalga cho‘kkan jimjitlik ichida men estradadan yurib, zinapoyalardan asta pastga tushib, qirol tomon yurdim. U menga peshvoz chiqdi. Bu paytda zalni to‘ldirib o‘tirganlar oyoqqa qalqdilar. Hamma nafasini ichiga yutib, qirol menga nima deyishiyu, men qanday javob qilishimni kutib turdi. Qirol meni va men orqali butun rus adabiyotini tabriklab, iltifot bilan qo‘limni siqib qo‘ydi. Men unga ta’zim qilib, frantsuz tilida javob qaytardim:
— Oliy hazrat, mening chuqur va samimiy minnatdorligimni qabul qilishdek marhamatingizni so‘rayman.
Tovushim qarsaklar ichida yo‘q bo‘lib ketdi.
Qirol laureatlarni tantanalarning ertasiga o‘z saroyiga taklif etib qutlaydi, bugun kechqurun tantanalar tugagach, Nobel qo‘mitasi uyushtiradigan ziyofatga olib ketishadi.
Ziyofatda taxt vorisi raislik qiladi.
Biz yetib borganimizda, u yerda akademiyaning hamma a’zolari, qirol uyi a’zolari va saroy a’yonlari, diplomatik korpus, Stokgolmning badiiy dunyosi va boshqa taklif etilganlar kutib turishardi.
Stolga birinchi juft bo‘lib mening xotinim bilan valiahd yaqinlashishdi. Xotinim stol o‘rtasiga, uning yoniga o‘tirdi. Mening o‘rnim malika Ingrid yonida (u hozir Daniya qirolichasi), qirolning ukasi shahzoda Yevgeniy ro‘parasida (aytgancha, u Shvetsiyaning taniqli rassomlaridan hisoblanadi).
Valiahd ziyofat nutqlarini boshlab berdi. U Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlab, juda chiroyli gapirdi.
Keyin gapirish navbati laureatlarga beriladi.
Shahzoda o‘z joyida turib gapiradi, laureatlar esa ziyofat berilayotgan zalning ichkarisiga qo‘yilgan, Shvetsiyaning qadimiy me’morchilik usullari bilan yasalgan kattakon minbar ortiga o‘tib so‘zlaydilar. Radio bizning so‘zlarimizni ana shu estradadan butun Yevropaga olib eshittiradi.
Men frantsuz tilida so‘zlagan nutqning aniq matni quyidagicha:
— Oliy hazratlari, muhtarama xonimlar, muhtaram janoblar! To‘qqizinchi noyabr kuni bu yerdan olis bir joyda, Provansalning qadimiy shaharchasidagi telefon qo‘ng‘irog‘i menga Shvetsiya akademiyasining qaroridan xabar berdi. “Bu — mening hayotimdagi eng ta’sirli voqea bo‘ldi”, degan odatiy gaplarni hozir sizlarga aytsam, nosamimiylik qilgan bo‘laman. Ulug‘ faylasuflardan biri to‘g‘ri ta’kidlaganidek, xursandchilik hissiyoti, u qanchalik kuchli bo‘lmasin, xuddi shunaqa kuchli qayg‘u oldida hech narsa emas. Xotiramda o‘chmas iz qoldiradigan ushbu bayram kuniga qayg‘u aralashtirishni hecham istamagan holda, men keyingi o‘n besh yil davomida tortgan qayg‘ularim xursandchiliklarimdan ancha o‘tib tushdi, deb aytishga jur’at etaman. Bu qayg‘ular shaxsiy emas, butunlay boshqacha! Biroq shuni qat’iy ta’kidlashim mumkinki, mening yozuvchilik hayotimdagi xursandchiliklar ichida zamonaviy texnikaning kichkina mo‘jizasi bo‘lmish telefonning Stokgolmdan Grassga uzatilgan qo‘ng‘irog‘i menda eng ko‘p qoniqish hosil qildi. Sizning vatandoshingiz Alfred Nobel adabiyot uchun ta’sis etgan mukofot yozuvchi mehnatining eng oliy nishonidir! Shuhratparastlik deyarli hamma odamga, har bir muallifga xos xislat, va men ham o‘ta vakolatli, qatiqqo‘l hakamlar qo‘lidan ushbu mukofotni olganimdan g‘ururlanaman.
Biroq, o‘sha to‘qqizinchi noyabrda men o‘zim haqimda o‘ylaganmidim? Yo‘q, bu o‘ta xudbinlik bo‘lardi. Eng birinchi tabrik va telegrammalar oqimi hayajonlarini qizg‘in tarzda kechirib bo‘lgach, tungi yolg‘izlik va jimjitlikda Shvetsiya akademiyasi qarorining ahamiyati haqida o‘yladim. Nobel mukofoti ta’sis etilgandan buyon sizlar uni birinchi marta, o‘z vatanidan quvg‘in bo‘lgan odamga berdingiz. Men kim bo‘libman? Frantsiyaning mehmondo‘stligidan foydalanib, unga o‘z minnatdorchiligini ko‘ksida saqlab yurgan bir quvg‘inman. Akademiyaning janobi a’zolari, o‘z shaxsiyatimni va asarlarimni bir chetga surib qo‘yay-da, sizlarning bir ishorangizning o‘zi qanchalar go‘zal ekanligini aytishga ijozat etsangiz.
Dunyoda butkul mustaqil sohalar ham bo‘lishi kerak. Shubha yo‘qki, ushbu stol tevaragida turli-tuman dunyoqarashlarning falsafiy va diniy e’tiqodlarning vakillari o‘tirishibdi. Biroq, hammaning boshini qovushtirib turgan mustahkam bir narsa bor. Bu — fikr va vijdon erkinligi, biz undan o‘z madaniyatimiz bilan qarzdormiz. Yozuvchi uchun bunday erkinlik — aksioma, aqida. Sizlarning ishora esa, akademiyaning janobi a’zolari, erkinlikka muhabbat Shvetsiyaning haqiqiy milliy madaniyati ekanligini yana bir karra isbotladi.
Nutqimni yakunlash uchun yana bir necha so‘z: sizlarning qirollik uyingizga, mamlakatingiz, xalqingiz va adabiyotingizga shu kundan boshlab mehrim tushib qolgan emas. San’atga va adabiyotga muhabbat Shvetsiya qirollik uyi uchun ham, sizlarning olijanob xalqingiz uchun ham doimo an’ana bo‘lgan. Sharafli jangchi asos solgan Shvetsiya sulolasi dunyodagi eng shuhratli sulolalardan biridir. Qirol oliy hazratlari, ritsar-xalqning ritsar-qiroli, begona yurtlardan kelgan, Shvetsiya akademiyasining e’tiborini qozongan erkin yozuvchiga yurakdan chiqqan va ehtirom to‘la hissiyotlarini izhor etishga ijozat bergaysiz.
1933 yil
Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi