Men o‘shanda, garchi buning uchun yoshim o‘tinqirab qolgan bo‘lsa-da, rassomlik san’atidan saboq olishga jazm etdim — ko‘nglimda avvaldan ham shunday havas bor edi — Tambov viloyatida yer-mulkim bo‘la turib, butun qishni Moskvada o‘tkazdim. Meni shogirdlikka olgan rassom no‘noq, iste’dodsiz, ammo o‘ziga yarasha dongdor ham edi; u san’at ahliga xos barcha zohiriy ko‘rinishga ega edi: sochini yelkasigacha jingalak qilib o‘stirgandi, tishiga trubka qisib yurardi, kalta, qizil barqut kamzul, uringan, kulrang, uzun etik-kalish kiyardi — men ulardan judayam jirkanardim — muomalada hecham istihola qilmasdi, o‘zganing mehnatiga mutakabbirlarcha chap ko‘z bilan qarab, huddi o‘zicha so‘zlanayotgandek: «Chizganingiz bag‘oyat ajoyib, bag‘oyat maroqli… Bir so‘z bilan aytsak, bu siz uchun ulkan muvaffaqiyatdir…» deb qo‘yishga odatlangan bir kimsa edi.
Men Arbat xiyobonidagi «Praga» restoraniga yondosh «Poytaxt» musofirxonasida yashardim. Kunduzi rassomnikida yoxud o‘z xonamda ishlardim, kechani ko‘pincha ovqati arzon restoranlarda, turmushi it yotish mirza turishdan iborat daydi san’atkorlar orasida, yoshu qarisi bir xilda pivo va qisqichbaqaga mukkasidan ketgan yangi-yangi tanishlarim bilan o‘tkazar edim… To‘g‘risi, juda zerikarli va ko‘ngilsiz hayot kechirardim! O‘sha o‘larday befarq, tepsa-tebranmas irkit rassomni, uning vayronaga aylangan, changga belangan, turli-tuman soxta bezaklar uyumi to‘la ustaxonasini; o‘sha qol-qorong‘i «Poytaxt» musofirxonasini o‘ylasam, faqat ensam qotadi… Esimda ushbu lavhalar qattiq saqlanib qolgan: derazaga qor to‘xtovsiz uriladi. Arbat tomondan qo‘ng‘iroqlarini jaranglatib o‘tayotgan ko‘nkalar — ot qo‘shilgan tramvaylarning taraq-turuq tovushi keladi, kechasi esa xira yoritilgan restoranda pivo va yana allaqanday raddibaloning achimsiq isi anqiydi… Cho‘ntagimda birmuncha pulim bo‘laturib, nima sababdan shundayin ayanch bir tarzda yashaganimni haligacha tushunib yetolmayman.
Bahorda, mart kunlarining birida, xonamda rasm chizish bilan mashg‘ul edim; tosh yo‘ldan eshitilayotgan nag‘al tovushlari qyshdagidan boshqacharoq, ko‘nkalardan taralayotgan musiqaviy sadolar ham o‘zgacharoq tuyular edi… Noxosdan kimdir dahliz eshigini taqillatdi. Baland ovozda: «Kim?» deb so‘radim. Ammo javob bo‘lmadi. Bir oz kutdim, keyin tag‘in; «Kim u?» deya qichqirdim. Yana jimlik. So‘ng yana eshik taqilladi, borib eshikni ochdim; ostonada kulrang etikli, uzun va to‘g‘ri bichiqli kulrang palto kiygan, qishki kulrang shlyapali novchagina bir qiz turar, ko‘zlari shaddod boqar, yuzida, uzun-uzun kipriklarida, shlyapa ostidan chiqib, sochilib yotgan soch tolalarida qor va yomg‘ir nuqralari yaltirar edi. U mendan ko‘z uzmasdan:
— Men mutaassib bir qiz — Muza Graf bo‘laman, — dedi. — Sizning judayam ajoyib kishi ekanligingizni eshitdim-u, tanishgani kelaverdim. Qarshiligingiz yo‘qmi?
Men juda hayron bo‘lib, ammo, albatta, rasamadi nazokat bilan javob berdim;
— Boshim osmonga yetdi, juda mamnunman. Faqat oldindan aytib qo‘ymog‘im lozim, ya’ni, men to‘g‘rimda eshitganlaringiz aslida boshqacharoq; aslida, hen qanaqa ajoyiblik joyim yo‘q, men — oddiy bir rassomman.
— Buning hech bir ahamiyati yo‘q, muhimi, meni eshik oldida tutib turmang, ichkariga taklif qiling, — dedi u menga tik qarab, — tashrifimdan boshingiz osmonga yetgach, eshigingizni ham ochib qo‘ying-da, jonginam.
U xonaga kirib, o‘zini xuddi onasining uyida yurgandek tuta boshladi, chetlari zarhallangan, ba’zi joylari qoraygan ko‘zgu ro‘parasiga borib, boshidan shlyapasini oldi, sarg‘ish sochlarini tuzatgan bo‘ldi; paltosini yechib stulga tashladi, yengil jun matodan tikilgan katak-katak ko‘ylagi darhol e’tiborimni tortdi, u divanga borib o‘tirarkan:
— Kalishim bilan etigimni yechib qo‘ying, — deb buyurdi. — Yo‘q, avval paltomdagi dastro‘molni olib bering.
Unga dastro‘molni uzatdim, u artinib bo‘lib, oyoqlarini men tomonga cho‘ziltirdi.
— Men sizni kecha, Shoraning kontsertida ko‘rgan edim, — bepisand dedi u.
Men mamnunlik va esankirashdan ahmoqona iljayganimcha — bu qanaqa mehmon o‘zi, yopiray — itoatkorona qiyofada uning qo‘njli kalishlarini birin-ketin yechib qo‘ydim.
Qizning vujudidan haliyam tashqarining beg‘ubor havosi ufurib turar, bu hid xayolimni parokanda qilar, uning ruxsoridagi karashma, bebok nigohlaridagi nozu istig‘no, uzun va chiroyli qo‘llaridagi maftunkorlik xatti-harakatlaridagi mardona shaddodlik bilan qo‘shilib, dilimni badtar hayajonga solar, o‘rtantirar edi.
U divanga qulayroq o‘rnashib, bemalol-bepisanda o‘tirib oldi, nazarimda, hali-beri ketadiganga o‘xshamasdi. O‘ylanqirab, luzumli bir gap topolmasdan, u men to‘g‘rimda kimdan nimalarni eshitgani, o‘zi kim, qayerda va kimlar bilan istiqomat qilishini so‘ray boshladim. U shunday javob qildi:
— Siz haqingizda kimlardan qanday gap eshitganimni aytib o‘tirmayman. Bu yerga kelishimning birdan-bir sababi — sizni kecha kontsertda ko‘rib, yoqtirib qoldim, shu xolos. Siz nihoyatda chiroyli va yoqimtoysiz. O‘zimga kelsak, men — doktorning qiziman, uyimiz ham bu yerdan unchalik uzoq emas. Prechistenskiy xiyobonida.
Uning so‘zlarida qandaydir qisqalik, keskirlik va nogihoniylik bor edi. Men uni jalb etish uchun biror munosib gap topolmaganimdan keyin:
— Choy-poy ichasizmi? — deb so‘radim.
— Ichaman, albatta, — dedi u. — Agar cho‘ntagingiz ko‘tarsa, Belovning ranet olmasidan xarid qildiring, uning rastasi shundoqqina Arbatda joylashgan. Faqat mehmonxona xodimini tezroq yuboring, men juda besabr qizman.
— Aksincha, siz mutlaqo sipo ko‘rinasiz.
— Ko‘rinish ham gap bo‘ldi-yu…
Mehmonxona xodimi bir qog‘ozxalta olma hamda biqirlab qaynab turgan samovarni olib kelgach, u o‘rnidan turib choy damladi, piyola va qoshiqchalarni boshqatdan tozalab artdi… Bir piyola choy ichib, olma yeb bo‘lgach, divanga chuqurroq o‘rnashib oldi, so‘ng meni qo‘llarini yozib ishora qilgan ko‘yi og‘ushiga chorladi:
— Endi beri keling.
Yoniga borib o‘tirdim. U meni quchoqlab oldi, shoshilmasdan, ohista o‘pdi. Keyin bir muddat tikilib qoldi va xuddi men uning lutflariga munosib ekanligimga ishonch hosil qilgandek, ko‘zlarini jimgina yumdi hamda uzoq, sidqidillik bilan yana o‘pishdi.
Mana shunday, — dedi u yengil tortgan odamday, — hozircha shu ham kifoya. Ertaga bir gap bo‘lar.
Musofirxona bo‘lmasiga allaqachon qorong‘ilik oralagan, faqatgina ko‘chadagi chiroqlarning g‘ira-shira yog‘dusi ko‘zga chalinar edi. Ayni daqiqalardagi hola timni, quvonchimni bayon etishga til ojiz. Qayerdan keldi bu nogahoniy baxt! O‘tib borayotgan ko‘nkalar qo‘ng‘irog‘ining yod bo‘lib ketgan bir xildagi jarangi va otlar tuyog‘ining taraq-turuq tovushi tushimda eshitilayotgandek tuyuldi.
— Indinga men siz bilan «Praga» restoranida birga ovqatlanishni istayman, — dedi u, — men u yerga hozirgacha bir marta ham kirmaganman, shuningdek, tajribasiz bir qizman. Shu tobda men to‘g‘rimda nimalarni o‘ylab o‘tirganingizni tasavvur qilaman, ammo, aslida, siz — mening birinchi sevganim, birinchi muhabbatimsiz.
— Qanaqa sevgi-muhabbat?
— Bo‘lmasa, bularni qanday atash lozim?
…Shundan keyin o‘qishni ham tashlab yubordim. Rassomlikka havasim ham barham topdi.
Biz u bilan hech ajralmasdan yashar, har xil ko‘rgazmalarga, kontsertlarga, tasviriy san’at tomoshaxonalariga borar, hatto, ba’zan-ba’zan ommaviy ma’ruzalarni tinglashga ham qatnab turar edik. May oyida, uning xohishi bilan, Moskva yaqinidagi qo‘rg‘onga, eski bir chorboqqa ko‘chib bordim: u har kuni oldimga kelar, tungi soat birda yana uyiga — Moskvaga qaytib ketar edi. Umrim bino bo‘lib chorbog‘da yashamagandim, shunday chorbog‘ egasi bo‘lishni xayolimgayam keltirmagandim. Moskva yaqinida, shunday ajoyib iqlimda, bizning cho‘llarimizdagi qo‘rg‘onlarga mutlaqo o‘xshamagan, ko‘m-ko‘k daraxtzorlardan iborat qo‘rg‘onda hech bir ish qilmasdan boyonlardek yashashimni esa, aslo kutmagan edim.
Atrof qarag‘ayzor o‘rmon, uzzu-kun yomg‘ir yog‘adi. Ahyon-ahyonda yorqin zangorliklar uzra oppoq bulutlar to‘planadi, tevarakni mayin bir shovqin qoplaydi, keyin quyosh nurlari orasidan shaffof yomg‘ir tomchilari duvillab to‘kiladi, o‘rmonzor tepasida xushbo‘y qarag‘aylarning hovuridan yuksalgan ulkan bug‘ paydo bo‘ladi… Atrof rutubatli: shalabbo o‘t-o‘lanlar, daraxtlar tanasi oydindagidek yaltiraydi… Qo‘rg‘on tevaragidagi daraxtzorlar shunday haybatliki, bu yerdagi onda-sonda qaqqayib turgan chorbog‘lar juda kichkina ko‘rinar, xuddi issiq iqlimli mamlakatlardagi ulkan daraxtlar ostidagi mo‘jaz uychalarga o‘xshab ketar edi. Yarmigacha daraxtlar soyasi tushib turgan hovuz esa ulkan ko‘zguni eslatardi… Mening istiqomatgohim o‘rmonzor yoqasida, bog‘ etagida joylashgandi. Yog‘ochdan qurilayotgan uy hali batamom bitkazilmagan, taxta devordaridagi yoriq-teshiklar ham berkitilmagan, farshining taxtasi randalanmagan edi: xonada hech qanaqa jihoz yo‘q, faqat birgina qopqoqsiz pechka shaltayib ko‘zga tashlanar edi. Karavotim ostida pala-partish yoyylyb yetadigan poyabzallarim doimiy namgarchilikdan po‘panak bosib ketgandi.
Kechalari yarim tungacha zimiston bo‘lar edi; o‘rmonzor uzra g‘arb osmonidan har doim ko‘ringuvchi nimyorug‘lik oydin kechalarda oy yog‘dulari bilan o‘shanday osuda, harakatsiz, ajoyib va afsungar bir holatda qo‘shilib ketardi. To‘rt tarafda hokim bo‘lgan ana shu xotirjamlikni, ana shu sokinotni, musaffo osmon va havodagi ana shu osoyishtalikni seza turib, endi hech ham yomg‘ir yog‘masligi mumkin, deya ishonar edim. Ammo Muzani bekatga kuzatib qo‘yib, o‘rnimga cho‘zilishim bilanoq, birdan yomg‘ir boshlanganini, tomni taraqlatib shovqin solayotganini eshitardim, tashqaridagi qorong‘ilik bag‘rida chaqmoqning qiyrixon shu’lalarini ko‘rardim…
Ertalabki binafsharang zaminda, rutubat og‘ushidagi xiyobonlarda olachalpak ko‘lankalar va quyoshning tig‘dor nurlari jilvalanar, pashshatutarlarning chug‘ur-chug‘uri, sayroqi qorayaloqlarning besaranjom nag‘masi yangrar edi. Choshgohga tomon tag‘in o‘rmonzordan bug‘ yuksalar, tag‘in bulutlar to‘dalanar va yana yomg‘ir shovillab qolardi…
Shom oldidan hammayoq ravshan tortib, botayotgan pastak quyoshning oltinrang, billuriy nuri barglar orasidan o‘tyb, titrab o‘ynarkan, so‘nikayotgan kunduzdan xabar berdi. Shu payt men Muzani kutib olgani bekatga yo‘l oldim. Poyezd kelib to‘xtashi bilan bir to‘da chorbog‘chilar yo‘lak sari yopirildi: parovozdan toshko‘mir va o‘rmonzorning g‘uborsiz hidi anqidi, nigohim olomon ichida kelayotgan, qo‘lida turli-tuman yegulik, ichimligu mevalardan qappaygan to‘rxalta, qog‘oz qopchiqlar ko‘targan Muzaga tushdi… Uyga kelgach, yuzma-yuz o‘tirib, bir-birimizga mehribonliklar ko‘rsatib, yayrab ovqatlandik. Kechki payt, uning shaharga jo‘nab ketishi oldidan, bog‘da sayr qildik. U shundoqqina yonimda, boshini yelkamga qo‘yib olgan ko‘yi, bu xuddi tushida ro‘y berayotgandek, beixtiyor yurib borardi. Atrofda qora ko‘zguli hovuz, yulduzlar sari qo‘l cho‘zgan, asriy, iltijoli daraxtlar… Bir qarashda ko‘lni eslatadigan dalalarda daraxtlarning uzun, poyonsiz ko‘lkalari yoyilgan; jimjit, bepoyon va fusunkor oydin kecha…
Iyun oyida Muza men bilan Tambov viloyatidagi qishlog‘imga bordi, garchi nikohsiz bo‘lsa ham, bir uyda yashay boshladik, xo‘jalik ishlarini u o‘z gardaniga oldi. U uzun kuz kunlarini aslo zerikmasdan, kelajak tashvishlari va kitob mutolaasi bilan o‘tkazib yubordi. Qo‘ni-qo‘shnilardan biznikiga tez-tez kelib, mehmon bo‘lib turadigan odam Zavistovskiy degan so‘qqabosh kimsa edi: u sariqbashara, nimjon va qo‘rqoq, sozandalikdan ham xabari bor, biznikidan ikki chaqirim narida turadigan, kambag‘allashgan zamindor edi. Qish boshlandi, u biznikiga deyarli har kuni kelardi. Men uni bolalikdan bylardim, endi esa, u nusxaga shunday o‘rganib qoldimki, hatto, u kelmasa, tun g‘alati o‘tayotgandek tuyulardi. U men bilan shashka o‘ynardi, Muza bilan esa to‘rt qo‘llab royal chalardi.
Rojdestvo hayiti oldidan tasodifan zarurat tufayli shaharga jo‘nadim. Oy chiqqan bir pallada shahardan qaytib keldim. Uyga kirib, Muzani topolmadim. Samovar qarshisida anchagacha tanho o‘tirgach, xodimadan:
— Dunya, beka oyim qayerda? Sayrga chiqib ketdimi? — deb so‘radim.
— Bilmadim. Ular ertalabdan buyon uyda yo‘qlar, — dedi.
— Kiyindilaru jo‘nab qoldilar, — javob qyldi yemakxonadan boshini xam qilib o‘tib borayotgan enagam.
«Ha-ha, Zavistovskiynikiga ketgan, — deb o‘yladim, — to‘g‘ri, ular tezda birgalashib kelib qolishadi, hozir soat yetti bo‘lib qoldi…» Keyin xosxonamga kirdimu bir pasda tosh qotib uxlab qoldim — kun bo‘yi yo‘l yurib, o‘larday sovqotgan edim. Bir soatlardan so‘ng kallamga nogahonda kelgan tahlikali fikrdan ko‘zim yarq etib ochildi: «Axir u meni tashlab ketgan bo‘lsa-chi! Meni bu yerda uxlatib qo‘yib, o‘zi bekatga ketgan — uning qo‘lidan har ish keladi! Yo‘q, ehtimol, u hozir qaytib kelgandir». Uyni aylanib chiqdim — yo‘q, kelmabdi. Uyat-e, shalpaygan xizmatkorlarni ham g‘aflatda qoldiribdi!..»
Soat o‘nga yaqinlashdi, nima qilarimni bilmasdim, hayron-sargardon edim: oxiri, mo‘ynador, kalta po‘stinimni kiydim-da, negaligini o‘zim ham bilmagan holda, qurolimni oldim, so‘ng Zavistovskiy qo‘rg‘oni tomon katta yo‘l bo‘ylab borarkanman, shunday o‘ylardim: «Ataylab qilayotgandek, hozirgacha u sariqbashara ham kelmadi, oldinda esa menga azob beradigan, shubhalar bilan qiynaydigan butun bir qayg‘uli tun bor! Nahotki, Muza ketgan, nahotki, u meni tashlab ketsa! Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas!» Qorliklar orasidagi iz tushgan yo‘ldan g‘irchillatib odim tashlab borardim: chap tarafimda, pastakkina, g‘arib oy yog‘dusida dalalarning qorli manzarasi oqarib ko‘rinardi… Katta yo‘ldan qayrilib, Zavistovskiyning ayanchli qo‘rg‘oni sari shitob yurdim: dala bo‘ylab uning hovlisiga olib boradigan xiyobonning ikki chetida yalang‘och daraxtlar qaqqayib turar, eski hovlining chap tarafida qiltillagan uy ko‘rinar edi. Uy qop-qorong‘i… Muzlab yotgan zinapoyadan ko‘tarilib, qoplamasi ko‘chib, osilib yotgan og‘ir eshikni ming azob bilan ochdim — dahlizda qizarib yonayotgan pechkaga ko‘zim tushdi, uy issiq, qorong‘i… Zal ham shunday qorong‘i edi.
— Vikentiy Vikentich! — dedim.
Bo‘lma eshigi ovozsiz ochildi, faqat oy nuri va uch tavaqali ko‘zguning aks shu’lasi tushib turgan ostonada piymali Zavistovskiy ko‘rindi.
— E-e-e… Bu sizmidingiz… Kiring, kiravering, marhamat… men, ko‘rib turganingizdek, chiroq ham yo‘q, tunni mana shunday qorong‘ilikda o‘tkazyapman… — deya g‘o‘ng‘illadi u.
Ichkariga kirib, do‘ngayib turgan divanga borib o‘tirdim.
— Tasavvur qila olasizmi, azizim, Muza qayoqqadir g‘oyib bo‘libdi… — dedim.
U indamadi. So‘ng eshitilar-eshitilmas bir ovozda:
— Ha, ha, to‘g‘ri, men sizning ahvolingizni tushunaman… — dedi.
— Ya’ni, nimani tushunasiz? — deya keskin so‘radim.
Xuddi shu asnoda, xuddi Zavistovskiyga o‘xshab ovoz chiqarmasdan, unikiga o‘xshash piyma kiygan, yelkasiga shol ro‘mol tashlab olgan Muza yotoqxona tomondan biz o‘tirgan bo‘lmaga kirib keldi.
— Qurolingiz yoningizdami, — so‘radi u, — agar otmoqchi bo‘lsangiz, uni emas, meni oting!
Shunday dedi-yu, qarshimga, boshqa divanga o‘tirib oldi.
Men uning piymali oyoqlariga, kulrang yubkasi ostidagi tizzalariga ko‘z tashladim. Derazadan muttasil sepilayotgan zarrin shu’lalarda hammasi ayon ko‘rinardi. Birdan: «Men sensiz yashay olmayman, mana shu birgina tizzalaring uchun, yubkang va piyma-etiklaring uchun jonimni ham berishga tayyorman!» deya xitob qilgim kelib ketdi.
— Hammasi ravshan, hammasi tugadi, — Muzaning sovuq, qat’iy ovozidan hushimga keldim. — Endi nayrangbozlik qilish behuda, — dedi u.
— Odam ham shuqadar shafqatsiz bo‘ladimi, — deya ingraganday, ohista deDim.
U Zavistovskiyga o‘girildi-da:
— Qani, papirosdan uzat, — dedi.
Zavistovskiy itoatkorona egilganicha Muzaga tamakidonini ochdi, cho‘ntagini timirskilab, gugurt axtara boshladi.
— Siz men bilan sizlashib gapirishyapsiz, — dedim nafasim qisilib, — mening oldimda u bilan senlashib so‘zlashmasligingiz ham mumkin-ku!
— Nega endi, buni qanday daxli bor, — u qoshlarini chimirib, papirosni labidan uzoqlashtirarkan, kibor bilan so‘radi.
Yuragim gupillab urar, bo‘g‘zimga tiqilgudek hapriqar edi. Shartta o‘rnimdan turdim-u, gandiraklaganimcha uydan chiqib ketdim.
Tohir Qahhor tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 12-son.