Moskvada, deylik, Molchanovkada “imperatorlar teatrining sobiq artisti” istiqomat qiladi. So‘qqabosh, yoshi o‘tgan, yuzi yapasqi, qotmadan kelgan. Ashuladan saboq beradi. Hech bir yil yo‘qki, ayni dekabr oyida bu ayolning boshiga bitta ish tushib turmagan bo‘lsin.
Bir kuni yakshanbada, ya’niki, juda sovuq, quyoshli tongda, dahliz tomondagi qo‘ng‘iroq jiringladi.
– Anna! Eshikka qara! – hadiksirabgina qichqirdi u oshpaz ayolga, yotoqxonadan turib.
Oshpaz ayol eshikka shoshildi, borib ochdi va o‘zini biroz orqaga oldi – ro‘parasida bashang kiyingan, yasan-tusanni o‘rniga qo‘ygan mehmonlar – mo‘ynaga burkangan, oq qo‘lqopli ikkita oyimtilla, egniga yalangqavat shinel ilgan, oyog‘ida ich-ichigacha muz o‘tib ketgan yupqa poyabzal po‘rim talaba turardi. Talaba mehmonlarga shunchaki hamrohlik qilgani o‘z-o‘zidan ayon edi.
Oynadagi muz naqshlar orasidan o‘tib, ichkariga g‘ira-shira yog‘du taralib turgan qahraborang sovuq mehmonxonada mehmonlar uzoq kutib qolishdi, so‘ng uy bekasining ildam qadam tovushlari eshitildi va ular peshvoz chiqish uchun shosha-pisha o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi. Nima gapligidan xabardor ayol juda hayajonda – yuziga quyuq qilib upa surtib, yirik, qoq suyak qo‘llariga atir purkab olgandi…
– Sizlarni kuttirib qo‘yganim uchun, Xudo haqi, meni afv etinglar, – dedi u, shoshib chiqqanidan yurak urishiga zo‘rg‘a bardosh bergancha jozibali tabassum va oqsuyaklarga xos xotirjamlik bilan.
– Tashvishga qo‘yganimiz uchun bizni afu eting, – dedi talaba uning so‘zini bo‘lib va o‘zgacha izzat-ikrom ila yaltoqlangancha uning qo‘lini o‘pa turib. – Huzuringizga bizdan muruvvatingizni darig‘ tutmassiz degan umidda tashrif buyurgandik. An’anaviy adabiy-vokal-musiqa oqshomini uyushtiruvchi qo‘mita bizga iltifot ko‘rsatib, beshinchi Moskva gimnaziyasi tarbiyalanuvchilarining foydasiga, rojdestvo bayramining uchinchi kuni o‘z iltifotli ishtirokingiz bilan ushbu oqshomda qatnashishingizni sizdan iltimos qilishni topshirdi.
– Janoblar, mumkin bo‘lsa, meni shundan xalos etsangiz! – maftunkorlik bilan gap boshladi ayol. – Gap shundaki…
Biroq oyimtillalar ayolni shunaqangi muloyimlik va odob bilan, shunaqangi hamjihatlik ila o‘rtaga olishdiki, shugina bir urinishdayoq u hatto bosh tortishni qo‘yavering, bir og‘iz yo‘q deyishga ham botinolmayotgandi…
Shu voqeadan so‘ng oradan roppa-rosa uch hafta o‘tdi.
Shu uch hafta ichi Moskva ishlaydi, savdo-sotiq bilan shug‘ullanadi, vaqtichog‘lik qiladi, biroq o‘zining eng rang-barang barcha yumushlariyu qiziqishlari va o‘yin-kulgilari orasida u faqat birgina muhim 27 dekabr kechasini pinhona kutib yashardi. Shaharning har bir chorrahasida barcha rang va o‘lchamdagi son-sanoqsiz afishalar ko‘zga tashlanardi: “Tubanlikda”, “Ko‘k qush”, “Uch opa-singillar”, “Suv parisi”dagi Shalyapin, “Qor qiz”dagi Sobinov, Shor, Kreyn va Erlix, Zimin operasi, Igor Severyanin kechasi… Biroq endi beshinchi Moskva gimnaziyasining tarbiyasi qoniqarsiz o‘quvchilari foydasiga o‘tkaziladigan adabiy-vokal-musiqa oqshomining iltifotli ishtirokchisi ismi sharifi katta-katta harflar bilan yozilgan mo‘jazgina afishadan ko‘z uzib bo‘lmasdi. Bu vaqt ichida ishtirokchining o‘zi unga ko‘z tutib turgan Moskvaning ishonchini oqlash uchun tinmay, astoydil ishlardi – goh uni, goh buni, yana boshqasini yodga solar, kuylaydigan qo‘shig‘ini saralardi, ovozini sinovdan o‘tkazardi… Endi kunlar favqulodda tez o‘tib borar va bu tezlik uni vahimaga solardi: bu dahshatli kecha ko‘z ochib-yumguncha kelib qoladi!
Ayol dars berishni to‘xtatdi va hech kimni qabul qilmadi, ko‘ksovdan, tumovdan yuqtirib olmaslik uchun o‘zi ham uydan tashqariga chiqmadi. Tomoshabinlarga nimani taqdim etsa ekan? Bu savolga javob topish hatto o‘z ishining ustasi bo‘lgan artist uchun ham qanday mushkul ekanini odamlar qaydan bilsin! Bu yerda nechog‘lik sezgirligu nechog‘lik did, tajriba va uddaburonlikni ko‘rsata bilish kerak. Uzoq va mashaqqatli shubha-gumonlardan, ikkilanishlardan so‘ng ayol eski, o‘zining ajralmas repertuarida to‘xtadi va muammo harholda o‘z yechimini topgandek bo‘ldi – tasdiqdan yana o‘sha uchta narsa o‘tdi: biri – haddan ziyod baxtga tashna va baxtdan taqvodorlarcha yuz o‘girgan mehribon ayol qalbining kuchi va dardi, undagi pinhona ehtiros, alladek yoqimli, ma’yus frantsuzcha maftunkor qo‘shiq; boshqasi – tovushdagi ohangdorlikning bor go‘zalligini va rusning jasoratini namoyon etuvchi qo‘shiq; va nihoyat – har doimgidek alohida hayratga solishi mumkin bo‘lgan va “shavq bilan”, yoshlardek, sho‘x-o‘ynoqi ijro etilib, yana xuddi shunday shiddat bilan qarsaklar zarbidan butun tanobiyni larzaga keltirgudek eng yuqori, ingichka ovozda keskin tugallanuvchi uning: “Men sendan bo‘sa olgan bo‘lardim, biroq oyni ko‘rib qolishdan qo‘rqaman” shoh qo‘shig‘i! Bundan tashqari ayol, tomoshabinlar talabiga binoan, o‘n ikkita narsaga tayyorgarlikni boshlab yuborgandi… Kunlar ko‘z o‘ngida bir-birini quvlab lip-lip o‘tib borar va uning qalbida o‘zining kun-soati yaqinlashib qolganini sezdiruvchi tuyg‘u yetilib kelayotgandi. Biroq u tinim bilmay ishlardi. Mana, oxiri o‘sha so‘nggi, hal qiluvchi kun ham yetib keldi.
27 dekabr kuni erta tongdan u jonini jabborga berib ishladi. Ertalab yana bitta, eng so‘nggi tayyorgarlik ko‘riladi. U endi estradada kuylagandek, ovozni baralla qo‘yib, bor san’atkorona ta’sirchanlik bilan kuylar, dasturning boshidan-oxirigacha cholg‘uvchi unga hamrohlik qilardi – va u mehnatlari zoye ketmaganini his etdi! Biroq oqshom uni nima kutayapti – Xudo biladi. G‘alabami yoxud halokat? Uning yuzi o‘tday yonar, qo‘llari esa muz edi… Mashqlardan so‘ng u o‘z yotoqxonasiga yo‘l oldi, yechindi va o‘ringa yotdi. Annushka unga odatdan tashqari qandaydir baliqning donador ikrasini, sovuq jo‘ja va o‘tkir sharob olib keldi: barcha katta artistlar sahnaga chiqish oldidan mana shu tarzda nonushta qilishardi. Tamaddi qilib bo‘lgach, u pardalarni berkitib chiqib ketishni va uyda mutlaqo tinchlik saqlashni tayinladi-da, ko‘zini yumdi, qorong‘ida, biron-bir harakatsiz kechqurungi oltigacha bir, ikki, uch soat hech nimani o‘ylamay, hech nimadan hayajonlanmay yotdi. Oltida sapchib turdi; dahliz qo‘ng‘irog‘ining yoqimsiz ovozi eshitildi – ro‘parada sartarosh turardi!
Ayol gup-gup urayotgan yuragiyu lovullab yonayotgan quloqlari, yonoqlari va muzdek qo‘llari bilan o‘ziga rosa qirq tomchi tinchlantiruvchi iforli valeriana suyuqligidan tomizdi-da, yasan-tusan qilib, qurbon bo‘lish uchun hozirlanishga kelgan qariqizdek, xalatda, sochlari yoyiq holicha oyna oldiga kelib o‘tirdi. Oshxonadagi plita ustida qo‘lini oldindan ilitib olgan sartarosh kirib keldi-da, dalda bergandek:
– Bugun havo bo‘lakcha! Sovuq yaxshigina bo‘lsa-da, baribir kishiga yoqyapti! – dedi.
U ham artistlardek fe’l-atvorga ega bo‘lgani bois uni yetarli darajada tushunib, ayoldagi artistlarga xos hayajonga hamdard bo‘lgan ko‘yi o‘zini oldinda turgan voqealarning ishtirokchisi deya his etib, nafislik bilan shoshilmay ishlardi. U o‘zining yengil-elpi, beparvo gaplari, hazil-huzuli va umuman, bunday ishlarda bor pishiq-puxtaligi, shuningdek, ayolning bo‘lajak muvaffaqiyatiga qat’iy ishongan holda uni asta-sekin yupatib, unga bor kuch-quvvatini, jur’atini, umidini qaytarib berayotgandi… U o‘z ishini yakunlab, unga har tomondan turib nazar tashlar ekan, bir jingalak soch va bir turmak bundan ortiq bo‘lmasligiga ishonch hosil qilgach, ketdi, oshxonadagi soat esa jimgina yettini ko‘rsatib turardi, uning yuragi yana taka-puka bo‘la boshladi: sakkiz yarimda ayolni olib ketishga kelishadi!
Soat sakkiz bo‘ldi, biroq u hali ham tayyor emasdi. U yana tomchili doridan ichdi, bu safar gofmannikidan, ayol o‘zining eng yaxshi ichko‘ylagini kiydi, yonog‘ini qizilga bo‘yab, yuziga upa surtdi… O‘zining gumburlagan ovozi bilan uni hayratda qoldirib, soat sakkizu o‘ttizda yana qo‘ng‘iroq yangradi: kelishdi! Anna alpon-talpon dahliz tomonga yugurdi, hayajon bosgandan, u ham o‘zini yo‘qotgandi – eshikni darrov ochishga qurbi yetmayotgandi…
Ular – bu safar ikki talaba – ijaraga olingan, juda baquvvat qirchang‘i ot qo‘shilgan, almisoqdan qolgan ulkan yengil aravada kelishgandi. Ular sarpoychan bo‘lib, oyoqlari ham sovuqdan tosh qotgandi. Mehmonxona har doimgidek sovuq va kerosin hidi anqib turgan chiroq yonib turardi. Ular mehmonxonada xuddi kuyovjo‘ra kabi yaltiragan silliq boshlaridan moyning xushbo‘y isini taratib, ko‘krakka katta-katta oq selondan kapalaknusxa bandni qo‘ndirib olgancha, bitta mundirning o‘zida sabr-toqat bilan kutib o‘tirishardi. Ular muloyimlik va chidam bilan, indamay, har tomondan berkitib tashlangan eshik, ko‘k va qizil chiroqlar shu’lalari miltillagan muzli oynalarga, royalga, devordagi mashhur qo‘shiqchilarning suratlariga qarab o‘tirishar, deraza ortidan tramvayning bosiq jiringlagan, g‘ildiraklarining gumburlagan ovozi, eshik ortidagi Annushkaning va artistning xavotirli qadam tovushlari quloqqa chalinardi… Shu zaylda o‘n besh, o‘ttiz, qirq daqiqa vaqt o‘tdi… Nihoyat qo‘qqisdan eshiklardan biri lang ochildi. Ular bab-baravar irg‘ib o‘rnilaridan turishdi, artistka esa maftunkor va beparvo tabassum bilan ularga peshvoz chiqib keldi:
– Xudo haqi, janoblar, meni kechiringlar, sizlarni kutdirib qo‘ydim… Nima, vaqt bo‘ldimi? Unday bo‘lsa, men tayyorman, qani, ketdik bo‘lmasa…
Hatto yonoqlaridagi qizil bo‘yoq va upaning orasidan ham to‘q qizil dog‘ lovullab turardi, og‘zidan esa marvaridgul tomchi dorisining, qo‘lidan yog‘upaning, havorang harir ko‘ylagidan xushbo‘y atir hidi dimoqqa urardi. Ayol raqs kechasiga otlangan Azroilga o‘xshardi. Ayolning hamma tomoni jingalaklanib, shishirilgan kulrang, murakkab va baland qilib turmaklangan sochlariga qandaydir ispanchami-ey, qora to‘r tashlangan, ko‘kraklari oldinga turtib chiqqan, yalang‘och yelkalariga oq qo‘ng‘iroq yungli kalta echki po‘stini solig‘liq edi… Talabalar ham shosha-pisha ayolning orqasidan dahlizga otilishdi. Ulardan baland bo‘yli, oriqqinasi ayolning kalish-etigini qo‘liga oldi-da, chaqqonlik bilan cho‘kkalab, uning olmos to‘qa qadalgan atlas qora poyabzalini kiydira boshlagandi, ayol yordamlashish uchun ich kiyimining jimjimali to‘ridan ushlab etagini tortmoqchi bo‘lib engashganida, qo‘ltig‘idan achchiq badbo‘y hid anqib ketganini sezdi…
Ayol yashin chaqnab turgan bulut va allaqanday musofirxona to‘g‘risida kuylardi – “bizni bu musofirxonaga Parvardigorning o‘zi yubordi” – va yana o‘zgacha bir dabdaba bilan “Men sendan bo‘sa olgan bo‘lardim-u…”. Birinchi qatorda o‘tirgan tanqidboz mo‘ysafid kinoya bilan qiqirlab kula boshladi-da, boshini burdi – nihoyatda ochiq-oshkora: har narsa qilsang qil-u, faqat o‘pmagil… Baribir ahmoq bo‘lgani qoldi: artistka ulkan muvaffaqiyat qozondi, uni tinmay sahnaga taklif qilishardi va tomoshabinlarning talabiga binoan takrorlashni so‘rashardi – bular ayniqsa oyoq ostida turib olib, vahima bilan qichqirayotgan va cho‘mich kabi bukilgan kaftlarini bir-biriga urib qarsak chalayotgan hushyor yoshlar edi.
Rus tilidan Dildorxon Aliyeva tarjimasi