Ismoilbek Gasprinskiy. Sultonlar suhbati

MUKOLAMAI SALOTIN
(ROSTI RASTI)

-1-
“TARJIMON” 22-DEKABR 1906. 144-SON

Samarqandda.
Samarqand — ilm va adabning qubbasi!
Qadimiy shaharlarning eng eskisi, eng go‘zal shaharlarning eng go‘zali, mashhur shaharlar ichra eng mashhuri, ilm o‘chog‘i sanalguvchi shahar, jahongirlarga beshik bo‘lgan shaharlarning eng buyugi, dunyoni hayratga solgan ulug‘ baldalarning eng muazzami, salom, Samarqand!
Mashina pishqirdi, vagonlar to‘xtadi, tushdim. Samarqandga yetib kelgan edim. Ikki kun shaharni aylandim. Eng nafis va eng latif mahorat bilan bunyod qilingan qadimiy imoratlarni, madrasa, masjid va turbalarni, chinni devorlarga ikki qulochlik rangorang chinni naqshlar bilan kufiy yozuvida bitilgan oyatlarni sayr va mutolaa qildim. Shohi Zinda yonidan Afrosiyob obidasini tomosha qilgandan so‘ng Temur shoh maqbarasiga keldim. Oqshom cho‘kkan edi… Samarqandda nimaiki ko‘rgan bo‘lsam juda go‘zal, nimaiki ko‘rgan bo‘lsam juda xarob. Masalan, Bibixonim madrasasi aqllarni hayratga soladigan darajada latif imorat. Shu bilan birga chinnilarining ahvoliga insonning yig‘lagisi keladi.
Temur shoh maqbarasi… Naqadar ta’sirli obida… Chin saddidan Oqdengizga qadar, qahraton Sibirdan jazirama Hindga qadar cho‘zilgan xududda yashab kelayotgan turkiy xalqlarni bir tug‘ ostiga jamlagan va buyuk bir turkiy davlat qurgan Temurning so‘nggi makonidir bu obida… Anchagina unniqib qolgan, ba’zi joylrai o‘pirilgan, ba’zi toshlari ko‘chgan, naqshin yozuvlari nuragan, eshiklari ochilib, unutilishga yuz tutgan turbai oliya…
Fotiha o‘qib ichkariga kirdim. Bir necha pog‘ona bosib pastga tushdim… Rahbari ruhoniysi (ma’naviy yo‘lboshchisi) Sayyid Baraka hazratlari ila yonma-yon yotibdi. Qabr toshlarini ziyorat va tomosha qilar ekanman, Temur shohning tarixi va zamonasida ro‘y bergan voqealar silsilai nuroniy (nurli silsila) bo‘lib ko‘z o‘ngimdan o‘ta boshladi.
Na qadar buyuk ishlar… Naqadar buyuk shaxs… Na qadar ajoyib davron… Va xarobaga aylangan makon! Dunyo aslı shundoq ekan!
Qalbimdagi turli tuyg‘u va o‘ylarga ko‘milib, boshim aylanib turganimda birdan Sayyid Baraka hazratlarining qabri ustidagi tosh ko‘tarila boshladi. Qo‘rqib, jon havlida zina sahniga otildim va burchakka suyanganimcha qotib qoldim… Tosh ko‘tarilishda davom etdi va ortidan qordek oppoq soqolli bir pir ko‘rindi. Maqbaraning ichi nurdan charog‘on bo‘ldi. Yo, Rab! Bu ne hol?!
Taajjub shiddatidan ichimda qo‘rquvdan asar qolmadi. Men nimqorong‘i joyda turgan edim. Porlagan nur men turgan joyga yetib kelmas edi. Chiqib ketish yoki qolish haqida o‘ylashga qurbim yetmas, turgan joyimda qotib qolgan edim.
Sayyid Baraka hazratlari Temur shohning sag‘anasiga qo‘lini qo‘yib: “O‘g‘lim!” deyishi bilan tosh qimirlab, piriday oppoq soqolda Temur shoh chiqib keldi. Ikkovlari ham o‘z qabrtoshlarining ustiga o‘tirdilar. Temur pirining yuziga boqdi. Pir ham unga boqib “O‘g‘lim, yana bir davron keldi!” deya so‘z qotdi.
Oraga bir daqiqalik sukunat cho‘kdi. Maqbaraning ichi xuddi katta bir fonus yoritayotgandek charog‘on edi. Shunga qaramay, men turgan joydan maqbaraning har burchi ochiq-ravshan ko‘rinmas edi. Xonada jussador bir zot ham paydo bo‘ldi. Uning qayerdan va qay tarzda chiqib kelganligini payqamay qoldim. U qabr toshlar orasidan o‘tib Temurning qarshisiga kelib to‘xtadi. Sayyid Baraka: “Sulton Abdul Azizxon!” deya kelgan odamga yuzlandi. Temur boshi bilan ma’qulladi va o‘tirishga joy ko‘rsatdi. Uning ortidan yana bir zot ko‘rindi. Pir hazratlari: “Nasriddinshoh” deya tanishtirgan bo‘ldi. Unga ham o‘tirishga joy ko‘rsatildi. Yana bir zot namoyon bo‘ldi. Pir: “Amir Nasrulloxon!” deya tanishtirdi. Shu tarzda Xidiv Ismoil Posho, Otaliq G‘ozi Yoqubxon, Ho‘qand xoni Xudoyorxonlar ham maqbaraga tashrif buyurishib, ko‘rsatilgan joylarga o‘tirishdi. Ularning ortidan ko‘rinishidan ulamoga o‘xshash uch kishi kirib kelib joylashishdi. Cherkes papoqli keksa bir mo‘ysafid ham kirib kelgan onda pir hazratlari: “Shayx Shomil!” dedi. Temur shoh o‘rnidan turdi. To‘planganlar ham o‘rinlaridan turishdi. Shayxga o‘tirish uchun joy ko‘rsatildi.
Amir Temur boshini egib o‘tirardi. Sultonlar ham ma’yus bir holda qarab turishardi. Ba’zilarining ko‘zlaridan yosh qalqa boshladi. Majlis tinch va sukunatga g‘arq bo‘lgan edi.

-2-
“TARJIMON” 25-DEKABR 1906. 145-SON

Sultonlar majlisi bir-ikki daqiqa tinchlik va sukunat ichra kechgandan so‘ng majlis xuzuriga marhum ulamodan Shayx Jamoliddin (Afg‘oniy) hazratlari chiqib keldi va qo‘lidagi qora qo‘ozga yashil rangda yozilgan kitobni ochdi… Sayyid Baraka hazratlari “Xutbai siyosiy!” dedi. Shayx o‘qiy boshladi:
“Milodiy o‘n to‘qqizinchi asr hijriy o‘n to‘rtinchi asrga teng keladi. Dunyo madaniyatida va siyosat olamida ko‘plab inqilob va o‘zgarishlar yuz berdi: paraxod, telegraf, temir yo‘l va ish uchun turli tuman mashinalar ixtiro qilindi. Kitobat, o‘qish va maorif dunyoda misli ko‘rilmagan darajada yoyildi. Davlat va mamlakatni idora qilishning qonun-qoidalari tamoman o‘zgardi. Hukmdorlarning xohishiga ko‘ra boshqarish usuli to‘xtatilib, millatning istak va xohishlariga ko‘ra boshqarish tizimiga o‘tila boshlandi. Sanoat rivojlanib sakkiz-o‘n ming ishchi mehnat qiladigan fabrikalar ishga tushdi. Oʻq va qalqonlar unut bo‘ldi. Bir kilometrdan turib nishonga urish mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘lar, to‘rt-besh kilometr naridan turib toshdan bino bo‘lgan qal’alarni qulatish, parchalab tashlash mumkin bo‘lgan to‘plar ixtiro qilindi. Ammo bu o‘zgarish va inqiloblarni Ovrupoliklar yaratmoqda. Sharq islom davlatlari esa eski holda yashab kelmoqda. Fikr eski, siloh eski, boshqaruv tizimi eski, sanoat va tijorat eski, harbiy qonunlar eski, qal’a imoratlari eski, dengizda kemalar eski, xullas, nimaiki bo‘lsa hammasi eski, qoloq… Shu sababli Ovrupo xalqi va bundan o‘rnak olgan ruslar dunyoni egallab olishga kirishdi. Islom mamlakatlarini sel toshqinlari va dengiz to‘lqinlari kabi domiga yuta boshladi. Sanoat va iqtisodi bilan bizning mulkdorlarni sindirdi. Yurtdan baraka ketdi. Intizomli qo‘shinlari bilan bizning tartibsiz qo‘shinlarimizni toru mor qildi. Quvvatdan asar qolmadi…”
Xutba bu nuqtaga kelganida Temur shoh qo‘l ko‘tardi. Notiq to‘xtadi. Sohibqiron Sulton Abdulazizxonga qarab:
-Rum sultoni, bu holga qarshi qanday tadbir ko‘rdingiz? – dedi.
Sukut.
-Ovrupoliklarning ilm, iqtisod va siyosat bobida ustun qilgan sabablarga murojaat qilindimi?
Sukut.
— Bir vaqtlar Usmonli sultonlarining himoyasini orzu qilgan Ovrupo hukmdorlari kuch to‘plab, taraqqiyot sari harakat qilayotgan paytda Istanbul nima bilan mashg‘ul edi?
Sukut.
-Sultonlik davringizda ahvol qanday edi? Shaxsan nimalarni amalga oshirdingiz?
-Harbiy sohaga e’tibor berdim, flotni kuchaytirdim.
— Bular bilan qanday ishlar amalga oshirildi?
Sukut.
— Boy berilgan yerlar bo‘ldimi?
— Belgrad qal’asi… Sibir, Ruminya qo‘ldan ketdi, Jabali Lubnonda (Liviyadagi bir viloyat) imtiyozli boshqaruv tizizmiga o‘tildi.
— Rumeli kuchsizlashgan bo‘lsa, Anado‘luda qanday tadbirlar olindi?
Sukut.
— Anado‘luni necha bor ziyorat qildingiz?
Sukut.
— Butun umringizni Istanbulda o‘tkazdingizmi?
— Ha.
Temur shoh shayxga qaradi. Shayx xutbani davom ettirdi.
– Asrning sultonlari, zamonning o‘zgarishiga qarshi nomiga taqlidiy harakat bilan cheklandilar. Bu harakat ishga yaramadi. Masalan, Eron hukmdori Nasriddinshoh… Jami qirq yil huzur-halovat ichida hukmronlik qildi. Usmonli davlati kabi muammolarga duch kelmadi. Ammo qirq yilda na to‘g‘ri-durust qo‘shin barpo qildi, na xalqni taraqqiyotga boshlovchi qonun-qoidani yoʻlga qo‘ya oldi. U o‘lgan paytda Eron xalqi ingliz va rus istlochilari qarshisida nodon va sargardon bolib qoldi. Temur shoh Nasriddinshohga qaradi. Boqdi ammo bir og‘iz so‘z aytmadi. Shayxga ko‘z qirini tashlab davom etishiga ijozat berdi.
— Bu asrda rus hukmdorlari bir tomondan Istanbulga ko‘z tikkan bo‘lsa, ikkinchi tomondan Turkiston va Movaraunnahrni qo‘lga kiritish payiga tushgan edilar. Turkistonning xon va amirlari shu darajada g‘ofil va bexabar edilar-ki, rus to‘plari boshida portlagandagina “Bu nima?!” deb xayron bo‘ldilar. Lekin kech bo‘lgan edi. Rus qo‘shinlari sahrolar oshib shaharlarni istilo etayotgan paytda xonlar bir-birlari bilan kurashib, musulmon qonini to‘kish bilan band edilar. Qoraqush (rus gerbidagi ikki boshli burgut nazarda tutilgan) kelib Toshkent va Samarqand minoralariga qo‘ngan paytda uni hurkitadigan na biron to‘p, na da bir miltiq topildi. Hozirgi kunda bir nachalnik butun Turkistonni bir barmog‘ida o‘ynatmoqda. Ruslarning dushmani bo‘lgan inglizlar xonlarga qurol-yarog‘ va harbiy maslahatchilar bermoqchi bo‘ldilar ammo uni qabul qiladigan kishi topilmadi. Xatto Nasrulloxon Buxoriy ikki ingliz elchisini qatl qildirib, zamonning eng kuchli va eng boy davlatini xafa qildi, o‘rtaga sovuqlik soldi.
Shoh Temur Buxoro amiri Nasrulloxonga qaradi.

-3-
“TARJIMON” 8-YaNVAR 1907. 3-SON

Nasrulloxon buyuk Amir Temurning nazari diqqatidan qayon qochishni bilmay: “Taqsir… Taqsir… Buxoroi sharifga Faranglardan, nosarolardan kishi qabul qilmoqni maqbul ko‘rmagandik…” dedi.
— Ey, o‘g‘il! Kelganlar, ingliz edi, ular senga nasroniylikni taklif qilgani emas, ma’rifat, qurol-yarog‘ va yordam taklifi bilan kelgan edi-ku… Elchiga o‘lim yoʻq degan gapni bilmasmiding?!
— Taqsir… Ko‘p xatolar qildim. Tushundim… Ammo o‘lgandan keyin tushunib yetdim. Umaro va ulamodan hech kim menga to‘g‘ri yoʻlni ko‘rsatmadi.
— Bu nima deganing? To‘rt tomoningga ayg‘oqchilarni yubormaganmiding? Boshqa o‘lkalarda nima ro‘y berayotganidan xabardor emasmiding?
— Yoʻq, taqsir… Ba’zi hajga borib kelgan hojilar bo‘lardi xolos.
Temur shoh shayx Jamoliddinga ko‘z tashladi. Hazrati shayx javoban dedi:
— Hijriy o‘n uchinchi asrning hukmdorlarida umumiy bir kasallik bor edi. Hammalari dunyoda bo‘lib o‘tayotgan voqealardan bexabar edilar. Xabarni faqat laganbardor va madhiyabozlardan olar edilar. Ular esa o‘z foydalarini ko‘zlab “Sizday podshoh olamda yoʻq!”, “Shavkatingizga teng keladigan yoʻq!”, “Sizni yengadigan hukmdor yoʻq!”, “Butun dunyo barbod, faqat sizning diyoringiz dilshod!” kabi maqtovlar bilan hukmdorlarning sirtini siypar edilar. Ular ham bunday maqtovlarga qonib, hovuchlab ehsonlarni beraverardi. Ammo odil va to‘g‘riso‘z bir sayyoh chiqib chet davlatlardagi turmush va maorifdan, o‘lkaning kuch-qudratidan xabar bersa “Sen kofir yurtini maqtamoqdasan” deya pisand qilmas edilar. Ho‘qand boylaridan birining Makarya (Nijniy Novgorod yaqinidagi mavze) va Moskvani kezib ruslarning harbiy qudratini va intizomini bayon qilgani uchun boshidan judo qilingani ma’lum…
Shoh Temur boshini qimirlatib ishorat qilgan edi hazrati shayx xutbasini davom ettirdi:
— Asr sultonlari orasida fidoiy va himmati baland Sulton Mahmudi mujaddid va xalq orasidan yetishib chiqqan Shayx Shomil Dog‘istoniy hamda Otaliq Gʻoziy Yoqubxon ham bor edi. Taraqqiyparvar Farangistonning harbiy usuli va davlat boshqaruvining maqbul tomonlarini o‘zlashtirgan holda mamlakatning kuch-qudratini yangilagan zot Sulton Mahmud edi. Bu podshoh ehtimol yana-da ko‘proq foydali ishlarni qila olardi. Ammo davrining mutassiblari “Bizga Farang qonun-qoidalari kerak emas. Eski qilichimiz bor, to‘p kerakmas!” degandek barcha yangiliklarga qarshi chiqdilar. Shuningdek, Ruslar bilan uch Ovrupa davlati birgalashib Sulton Mahmudga qarshi urush ochgan edi. Jangu jadal va balolarga to‘la murakkab zamon bo‘lishiga qaramay ham urushga ham mamlakatdagi qonunchilik va boshqaruv tizimini yangilashga kuch topa olayotgan edi.
Sohibqiron Temur o‘rnidan turdi va yana qaytib joyiga o‘tirdi. Sultonlar ham o‘rnidan turib Sulton Mahmudga hurmat ko‘rsatdilar va yana joylariga o‘tirdilar.
Shayx Jamoliddin xutbasini davom ettirdi.
— Oʻz davrining yagonasi Shayx Shomil edi. Bu odam shaxsiy g‘ayrati va notiqlik mahorati bilan, o‘n tilni mukammal bilishi bilan, Dog‘istonning tarqoq xalqini yakvujut qildi. Asrning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan Rossiyaga qarshi ellik yil betinim kurashdi. Otaliq Gʻoziy Yaqubbek esa besh-o‘n otliq bilan birga Farg‘onadan Koshg‘arga o‘tib Xitoy hukumati zulmidan ezilgan musulmonlarni haraktga keltirdi. Sharqiy Turkistonni Xitoy tasarrufidan ozod qilib, zamonaviy harbiy qo‘shin tashkil qilgan edi. Xonlik e’lon qilib Angliya va Usmonli davlatidan ko‘mak olish yoʻllarini qidirdi. Biroq vafot etgach ishini davom ettiradigan o‘zidek farzandlari bo‘lmagani uchun ko‘p o‘tmay Xitoy bu xonlikni qo‘l ostiga olib o‘g‘illarini Rossiyaga qochishga majbur qildi.
Asr tarixida ismi bitilgan yana bir zot Misrlik Ismoil Posho edi. Bu zot g‘oyat ma’rifatli, bir necha tilni biladigan, Farangistonni o‘z yurti qadar biladigan kishi edi. Ammo fe’li sog‘lom emas edi. Bu zot bepoyon Misrni yeb tamom qildi. Shu qadar isrofgar ediki, Misrni boshdan oyoq Farangistonga qarzdor qilib qo‘ydi. Oxiri foiz berilmas holga keltirdi. Misrning Angliya nazoratiga o‘tishining bosh sababi shu edi.

-4-
“TARJIMON” 22-YaNVAR 1907. 7-SON

Shayx Jamoliddin hazratlari xutbasini davom ettirdi:
— Kattayu kichigida bir nav tamballik va tushunchasizlik va boxusus, siyosiy g‘aflatga mahkumlik kasali mavjud edi va bu tarix sahifalariga bitilgan. Agar hozirgi zamondan ko‘zlarini olib o‘tmishga nazar solsalar ko‘pgina hol va xatolari ayon bo‘ladi.
Moskva knyazi Ivan Grozniy yoki Dahshatli Ivan, Qozon xonligiga hujum qilgan, Qozonni qamal qilgan paytda Qirim xoni yordam qo‘lini uzatmadi. Holbuki, Qirim xoni agar nomigagina bo‘lsa ham Qirim, Kursk, Tula tomonlarda bo‘y ko‘rsatganda edi, Grozniy Qozonga ham Qirimga ham urush ocholmagan bo‘lardi. Ivan Grozniy bu holni bilganidan Qozonga yurushni boshlamasdan oldin Qirim va Qozon xonlarining orasiga sovuqlikni solib o‘zi tashqaridan kuzatib turdi.
Xonlarning bu g‘aflati siyosiylarining natijasida Qozon istilo qilinib yer bilan yakson qilindi. Masjid va madrasalar yoqildi. Dindorlar nosarolashtirildi. Dinidan qaytmaganlar boshini olib bolta kirmas o‘rmonlarga qochib qutildi. Ikki asr so‘ngra Qirim xonligi ham istilo qilinib, mislsiz qiynoqlarga mubtalo bo‘ldi. Bularning g‘aflatlarini kechirib bo‘lmaydi, albatta. Ammo Istanbulning mudrashiga na aql na mantiq javob bera oladi! Ivan Grozniy Qozon xonligiga yurish qilgan paytda Usmonli davlatida shu qadar katta kuch va siyosat bor ediki, agar bir barmog‘ini qimirlatsa ham Grozniy Qozonga qaytib qarashga ham botinolmaydigan bolar edi.
Turkiy xalqlarning eng old qal’asi, eng muhim nuqtasi Qozon istilo qilinganda yordam berilmagani bois Rus qo‘shinlariga Istanbul va Samarqandning yoʻli ochib berilgan edi. Qozon Turkiston va Rum diyorining “qoravul qal’asi” edi. Faqat qadri va ahamiyati bilinmagan edi. Buyuk sulton va shohlarning…
Xutba shu yerga yetganda Amir Temur hazratlari qo‘l ishorati bilan notiqni to‘xtatib, boshini yana-da pastroq egib, teran o‘yga toldi. Majlis ahli ham qabriston sukunatiga cho‘mgan edi.
Ma’lum muddat shu zaylda o‘tdi. So‘ngra Amir Temur boshini ko‘tarib shunday dedi:
— Ey, umaroi kirom, fuzaloi banom! Tarix va millat nazarida mening ham qabohat va qusurotim bor. Ammo mening zamonam va siyosatim bilinmay, anglashilmay qolgan edi. Haqimdagi gap-so‘zlar tuhmat darajasiga yetib borgan edi. “Ko‘p jon qatl qildi. Ko‘plab taxtlarning kulini ko‘kka sovurdi. Rossiyani, Eronni, Turkiyani, Hindistonni bosib oldi, qirg‘inbarot qildi. Haddan ziyod zulm qildi…” derlar. Lekin insonlar tushunmaydilar. Haqqa ayon, harakatlarim, jahongirlik, qonxo‘rlik, bosqinchilik, shuhratparastlik uchun emas edi… Mendan muqaddam, necha asrlar bahodir millatim, o‘lim va qirg‘in ila bitmas turklarim, o‘zbeklarim noahllar qo‘l ostida ezilmoqda, diyor diyorga ayrilib, viloyat viloyatga, qo‘shin qo‘shinga qarshi dushman bo‘lgan edi… Idil qipchoqlari Ozarbayjonni, ular esa Usmonlini, Koshg‘arliklar o‘zbeklarni va o‘zbeklar Xurosoniylarni, ya’ni og‘a o‘z inini, qardosh qarindoshini tanimas holga kelgan edi. Yoshligimda Kesh to‘qaylarida bir kenagaz begi bo‘lgan paytimda xalqimning bu ahvoli ko‘nglimni dog‘lar, ko‘zimni yoshlar edi… Hukmronlik davrim, turkiylarni birlashtirish, buyuk Turkistonni insho qilishga sarf qilingan edi. Bunga bir qadar erishdim ham. Saddi Chindan Marmar dengiziga qadar, muzli Dashti qipchoqdan issiq Hind dengizigacha qo‘l ostimga kirgan edi. Turkiston behad buyuk edi. Bir chetidan boshqa chetigacha yuz kunlik yoʻl edi. Buni hazm qilolmaydigan podshoh va xonalr behisob edi. Bu holda, ulkan davlat va birlashmagan xalqni zabt va idora qilmoq uchun shiddatli tadbirlar mutlaq lozim edi. Mening zamonamda na telegraf bor edi na temir yoʻl. Osiylarga bergan jazolarim zulm emas edi. Makon va zamonga mos tadbirlar edi. Ammo na foyda…
So‘z bu nuqtaga kelganida piri Sayyid Baraka hazratlari “Etar, o‘g‘lim!” dedi. Amir Temur o‘rnidan turib chuqur bir oh chekdi. Majlis ahli dovdirab darhol oyoqqa turdi. Men ham qo‘rquvdan nima qilarimni bilmay maqbara tashqarisiga yugurdim.
Tinchlik… Sukunat… Oqshom oxirlabdi… Samarqand osmonini minglab yulduzlar qoplabdi… Mehmonxonaga qaytdim. Uxlay olmadim. Tong otgach yana maqbaraga bordim.
Toshlar o‘z joyida, tinchlik, sokinlik hukumron edi…

Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi