Gyote. She’riyat va haqiqat

Birinchi qism

HAYoTIM HAQIDA

Der nicht Geschundene wird nicht erzogen[1]

Co‘zboshi

Mazkur asarga so‘zboshi sifatida quyida bir do‘stimizning maktubini keltirib o‘tmoqchiman, ochig‘ini aytganda, bunday qiyin ishga qo‘l urishimga aynan shu xat turtki bo‘lgan, desam yanglishmayman.

“Aziz do‘stim, biz Sizning jami o‘n ikki jilddan iborat she’riy asarlaringizning barchasini olganmiz, ularni o‘qib chiqib, tanish va notanish ma’lumotlardan voqif bo‘ldik, ha, mana shu to‘plam sharofati bilan ancha-muncha unutilgan narsalar ko‘z o‘ngimizda qaytadan jonlanib, namoyon bo‘ldi. Mazkur o‘n ikki jildga yaxlit bir asar sifatida qarab, undan muallif va uning iste’dodi to‘g‘risida tasavvur hosil qilish kishiga huzur bag‘ishlaydi. Shu bois uning jonli, sermazmun yozuvchilik hayot yo‘lini belgilab bergan ushbu o‘n ikki jild o‘tgan yillar uchun kamlik qiladiganday tuyulishi tabiiy. Shuningdek, ayrim asarlarning yuzaga kelishiga ko‘pincha o‘ziga xos voqealar sabab bo‘lgani, qolaversa, ularda ham muayyan zohiriy voqea, hodisalar, ham botiniy dadil ta’limiy bosqichlar aks etganligi, shu bilan birga, ma’lum bir muvaqqat ma’naviy va estetik tamoyillar, qonun-qoidalar hamda e’tiqod va axloq normalari ham mujassam ekanligi sir emas. Biroq umuman olganda, mazkur sa’y-harakatlar mahsuli go‘yo bir-biri bilan o‘zaro bog‘lanmay qolgandek taassurot qoldiradi, hattoki ular bir yozuvchining qalamiga mansubmi-yo‘qmi, degan shubha ham uyg‘otadi.

Do‘stlaringiz bu orada o‘z izlanishlarini davom ettirib, Sizning turmush va tafakkur tarzingiz bilan yaqindan tanishishga, bu boradagi ayrim jumboq va ba’zi bir muammolarga javob topishga muvaffaq bo‘lishdi, bunda ularga eski, qadrdon xayrixohlik va kechikkan aloqa-munosabatlar qo‘l kelib, uchragan to‘siq-qiyinchiliklarni yengishda jozibadorlik baxsh etgani aniq. Shunga qaramasdan, do‘stona maslak va qarashlarimizdan kelib chiqib, yuzaga keladigan u yoki bu masalalarda muxlislaringizni qo‘llab-quvvatlaysiz, degan yoqimli tuyg‘udan dilimiz taskin topadi.

Birinchi masala shuki, Siz ma’lum bir sababga ko‘ra tartib berilgan o‘z she’riy asarlaringizni kelgusi yangi nashrda tadrijiy tarzda jamlab, ijodingizga xizmat qilgan hayotiy va ruhiy holatlarni, Sizga ta’sir ko‘rsatgan misollarni, shuningdek, o‘zingiz amal qiladigan nazariy tamoyillarni ma’lum bir o‘zaro bog‘liqlikda taqdim etsangiz. Ehtimol, bu bilan nainki torroq, balki yanada kengroq doirada yoqimli va foydali ish qilingan bo‘lur edi. Yozuvchi to umrining oxiriga qadar ham o‘z muxlislari bilan kelajak haqida suhbatlar qurishdek fazilatlarni boy bermasligi lozim. Hamonki, ma’lum bir yoshga yetganda kutilmagan, kuchli ta’sirchan asarlar bilan maydonga chiqish har kimga ham nasib etavermas ekan, unda ong tiniqlashib, bilim mukammallashgan bir paytda juda qizg‘in, qiziqarli va jonli ijod qilish maqsadga muvofiqdir, toki bu san’atkordan ta’lim olib kelayotgan o‘quvchilarning bilimlarini yanada oshirishga xizmat qilsin”.

Shu qadar samimiyat ila bitilgan bu talabnoma kaminada qiziqish uyg‘otdi, chunki biz ilgarilari adashmaslik uchun o‘z yo‘limizdan havas va ishtiyoq bilan borib, boshqalarning talablarini rad etib kelgan bo‘lsak, keyinchalik qandaydir xayrixohlik bizlarni to‘lqinlantirib, mehr bilan yangi bir faoliyat sari yo‘naltirishi ayni muddao bo‘ldi. Shuning uchun ham men darhol ishga kirishdim, o‘n ikki jilddagi katta va kichik she’riy asarlarimga yilma-yil tartib berib, belgi qo‘yib chiqa boshladim. Bunda ular yaratilgan davr hamda mavjud shart-sharoit va holatlarni xayolan tasavvur qilib ko‘rishga harakat qildim. Tez orada bu ishning unchalik oson emasligi ayon bo‘ldi, chunki avval e’lon qilingan narsalar orasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun mufassal ma’lumotlar va izohlar zarur edi. Qolaversa, eng avval boshlab qo‘yilgan, lekin oxiriga yetkazilmagan mashqlarim, hattoki ba’zi bir yakunlangan narsalarimning qoralamalari ham butkul izsiz g‘oyib bo‘lgan edi, natijada barchasini butunlay qayta ishlashga va boshqa bir shaklga keltirishga to‘g‘ri keldi. Bundan tashqari, ilm-fan va boshqa o‘zimga birmuncha begona tuyuladigan sohalarda, san’at sohasida o‘zim yozgan yoki do‘stlarim bilan hamkorlikda e’lon qilingan narsalarni ham birma-bir qaytadan eslashga urinib ko‘rdim.

Menga xayrixoh kishilarning talablarini bajo keltirish uchun bularning barchasini asta-sekin ana shu maqsadga yo‘naltirmoqchi bo‘lib, mana shunday sa’y-harakatlar va fikr-mulohazalarga berildim: chunki o‘sha juda puxta o‘ylab qilingan talablarni qondirish yo‘lida ichki kechinmalar, tashqi ta’sirotlar va o‘zim bosib o‘tgan nazariy hamda amaliy bosqichlarni navbatma-navbat tasvirlashga harakat qilganim sayin torgina o‘z shaxsiy hayotim bir yoqda qolib, keng olam sari yuz tutdim. Shu tariqa menga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatgan yuzlab ma’lum va mashhur kishilarning siymolari ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi, natijada nafaqat bir vaqtning o‘zida yuz bergan voqea-hodisalar, balki ulkan siyosiy jarayonlarning oqimi va rivojlanishiga ham alohida e’tibor qaratdim. Zotan, tarjimai holning asosiy vazifasi ham aslida shu – insonni o‘zi yashagan davrga xos bo‘lgan shart-sharoitlar, mavjud qiyinchiliklar va qulayliklar ichra tasvirlashdan va uning inson sifatida dunyoqarashi qay tarzda shakllanib borganini va u san’atkor, shoir, yozuvchi bo‘lsa agar, ana shu dunyoqarashni zohiran qanday aks ettira olganini ko‘rsatib berishdan iborat. Lekin bu uncha-muncha odamning qo‘lidan keladigan ish emas, zero, individ, ya’ni shaxs o‘z-o‘zini va o‘z asrini yaxshi bilishi, o‘zini o‘zi shakllantirib, o‘z taqdirini o‘zi belgilay olishi lozim ekan, garchi barcha mavjud shart-sharoitlar ostida ham asli nas­liga tortib, yaxshi-yomonni davr, zamon o‘zi bilan birga olib ketsa-da, baribir bemalol aytish mumkinki, har bir inson o‘n yil oldin yoki keyin dunyoga keladimi, bundan qat’i nazar, o‘z ta’limi va tashqi ta’siri jihatidan butunlay boshqa odamga aylanib qolishi ham shubhasiz.

Bizning mazkur bayonimiz shu yo‘l bilan, ya’ni shu xildagi fikr va mulohazalar, urinish, tajriba va kechinmalar, shunday xotira, esdaliklar va muhokamalar asosida yuzaga keldi. Unga xuddi shu nuqtai nazardan yondashilib foydalanilsa, o‘rinli va haqqoniy ish bo‘lur edi. Qolgan narsalar haqida esa, ayniqsa yarim she’riy, yarim tarixiy talqinlar xususida so‘z aytish uchun hali hikoyamiz davomida ko‘plab fursat topiladi.

BIRINChI  KITOB

Men 1749 yilning 28 avgustida, kunduzi, soat millari o‘n ikkiga zang urgan paytda Frankfurt-Maynda dunyoga kelgan ekanman. Tug‘ilish chog‘imda omadli bo‘lganman: Quyosh Parizod burji ostida o‘zining kunduzgi eng yuqori nuqtasida bo‘lgan. Yupiter va Zuhro unga samimiy boqib, Merkuriy ham bundan chetda turmagan, Saturn bilan Mars esa beparvo bo‘lishgan. Faqat endigina to‘lishgan Oy bor kuchi bilan aks nur taratib, tug‘ilishimga monelik qilgan, xolos.

Munajjimlar men uchun juda qulay deb hisoblagan mana shu jihatlar harqalay kaminaning hayotini saqlab qolgan bo‘lsa ham ajab emas: chunki doya kampirning no‘noqligi sababli deyarli o‘lik tug‘ilib, takror-takror urinishlar tufayligina tirik qolgan ekanman. Lekin mening yaqinlarimni qattiq tashvishga solgan bu voqea hamshaharlar uchun ibratli bo‘lgan, negaki o‘shanda jamoa oqsoqoli lavozimini egallab turgan bobom Yohann Volfgang Tekstor bundan tegishli xulosa chiqarib, akusher (doya)ni ishga olgan, doyalik saboqlarini tashkil qilgan, bu tashabbus, albatta, mendan keyin dunyoga kelgan ko‘pchilik go‘daklar uchun foydali bo‘lgani aniq.

Agar mundoq eslab ko‘radigan bo‘lsam, navqiron yoshlik chog‘larimizda boshqa birovlardan eshitganlarimizni o‘zimizning kuzatuvchan tajri­balarimiz tufayli ko‘rgan yoki bilgan voqealarimiz bilan chalkashtirib yuborgan paytlarimiz ham ko‘p bo‘lgan. Bu haqda aniq bir nima deyolmayman-u, ammo-lekin eski bir uyda yashaganimiz esimda: u aslida buzilib, qayta solingan ikkita uydan iborat edi. U yerdagi aylanma zina alohida-alohida xonalarga olib chiqardi, qavatlarning har xilligini esa zinapoyalar ko‘zdan pana qilib turar edi. Pastda joylashgan keng uy dahlizi biz bolalar, men va singlim uchun eng sevimli joy bo‘lib, uning eshigi yonidagi yog‘och panjara orqali bemalol ko‘chani tomosha qilish va ochiq havodan bahramand bo‘lish mumkin edi. Ko‘pchilik uylarda uchraydigan, aslida qushlar uchun mo‘ljallab qurilgan bunday qafaslar Geräms deb atalardi. Unda ko‘pincha ayollar bir nimalarni tikib-chatib yoki to‘qib o‘tirishar, oshpaz xotin tayyorlayotgan salatlarini sarxillab, ko‘zdan kechirar, qo‘ni-qo‘shni xotin-juvonlar bir-birlari bilan nimalarnidir maslahatlashib, gapga tushib ketishar, shu tariqa ko‘chalar bu yerdan turib, yilning yaxshi faslidagi janubga xos ajib manzara kasb etardi. Hamma bu yerda o‘zini emin-erkin his etar, bir-birlarini yangiliklardan xabardor qilardi. Bolalar ham mana shu panjara qafas orqali qo‘shnilarning bolalari bilan tanishib, birga o‘ynashardi. Ro‘paramizda yashaydigan uch aka-uka fon Oksenshtaynlar bilan ham xuddi shu tarzda tanishganman. Ular vafot etib ketgan sobiq jamoa oqsoqolining o‘g‘illari edi. Bizlar bir-birimiz bilan chiqishib, apoq-chapoq edik, ko‘p vaqtimizni birga o‘tkazardik, aka-ukalar ham menga hazil-huzul qilishni yaxshi ko‘rishardi.

Oilamizdagilar ko‘pincha har xil qiziqchiliklar, ba’zan turli-tuman sho‘xlik va shumliklar haqida ham so‘ylab berishardiki, ularni yaxshi eslab qolardim. Shunisi ajablanarliki, odatda yolg‘iz turadigan va jiddiy, tuppa-tuzuk odamlar o‘zlari bilib yo bilmasdan, meni sho‘xlik qilishga undar edilar. Ulardan birini aytib beray. Bizga yaqin joyda kulolchilik bozori bo‘lardi. Ota-onamiz u yerdan nainki oshxonaga kerakli kulolchilik buyumlarini, balki biz bolalar o‘ynashimiz uchun mo‘jazgina idish-tovoqchalarni ham xarid qilishardi. Ajoyib kunlarning birida, tushdan keyin uydagi jimjitlikdan foydalanib, o‘yinchoq idish-tovoqchalarimni oldim-da, sekin panjara  qafas tomon yo‘naldim. U yerda o‘yinchoqlarimni birpas o‘ynab o‘tirdim, ko‘nglim to‘lavermagach, nima bo‘ldi-yu, tovoqchaning bittasini olib, ko‘chaga qarab uloqtirdim, uning mayda-mayda bo‘lib singanini ko‘rib, o‘zimda yo‘q xursand bo‘lganimdan chapak chalib yubordim. Mening bu qilig‘imni aka-uka Oksenshtaynlar kuzatib turishgan ekan, menga qarab: “Yana!” deb qichqirishdi. Men hech ikkilanmay yana bittasini irg‘itdim, tag‘in qiyqiriq ustiga qiyqiriq: “Yanayam ko‘proq!” Shu alfozda barcha idish-tovoqchalar, xumchalar, hatto kichkina qahvaqaynatkichni ham tosh yotqizilgan ko‘chaga uloqtirib, chil-chil qildim. Qo‘shni aka-ukalar qarsak chalib, meni olqishlashdi, ularni qoyil qoldirganimdan o‘zim ham benihoya xursand edim. Qarasam, hammasini sindirib bo‘pman, qo‘shnilar esa hamon qichqirishda davom etishardi: “Yana, yana!..” Men oshxonaga chopib bordim-da, qolgan likopchalarni opkelib, ularni ham ko‘chaga uloqtirdim. O‘ziyam zo‘r tomosha bo‘ldi-da; men likopchalarni sindirish bilan ovora, aka-ukalarning esa bundan sira ko‘ngli to‘lmasdi. Keyin kimdir kelib, meni to‘xtatib qoldi. Shu qadar ko‘p sopol buyumlar sinib, bo‘lar ish bo‘lgan edi, bunga sababchi ayyor, mug‘ombirlar esa bu voqeani umrlarining oxiriga qadar eslab, qotib-qotib kulib yuradigan bo‘lishdi.

Buvimiz, aslida hammamiz u kishining uyida yashardik, dahliz yonidagi kattakon xonada istiqomat qilar, biz bolalar o‘yinga berilib ketib, ular o‘tirgan oromkursigacha, ba’zan kasal bo‘lib yotganlarida, to karavotlari oldiga yetib borib qolganimizni ham bilmay qolardik. Buvim chiroyli, ozg‘ingina, hamisha oppoq va orasta kiyinib yuradigan ayol edi. Ochiq, samimiy, yumshoq muomalali, mehribon, boshqalarga hamdard va xayrixoh inson sifatida xotiramda saqlanib qolgan.

Uyimiz joylashgan ko‘chani Hirshgraben[2] deb atashardi, ammo unda na biron-bir chuqur, o‘ra yoki xandaq ko‘rinmaganidan, buning ma’nosini tushuntirib berishlarini istardik. Bizlarga hikoya qilishlaricha, uyimiz joylashgan joy aslida bir vaqtlar shahardan tashqarida, hozirgi ko‘chamiz o‘rnida esa qachonlardir o‘ra, chuqur bo‘lgan, unda birqancha bug‘ular saqlangan ekan. Garchi o‘sha zamonlarda kenas (knyaz), hukmdor va qurolbardorlarning shahar tashqarisida ov qilish huquqlari tanazzulga uchrab, ovlariga xalaqit berib turishganiga qaramay yoki shahar dushmanlar tomonidan qamal qilingan paytlarda ham, hayvonlar bu yerda boqilib, parvarish qilingan ekan, chunki qadimiy urf-odat, an’anaga ko‘ra, senat har yili bir bug‘uni so‘ygizib, go‘sht-yog‘ini xalqqa tarqatib kelgan. Bu odat bizga juda ma’qul bo‘ldi va hozir ham yovvoyi qushlar va hayvonlar saqlab boqiladigan ana shunday beozor hududlar yoki qo‘riqxonalarning bo‘lishini chin dildan istadik.

Uyimizning shundoqqina orqa tarafida, ayniqsa, yuqori qavatdan turib, to shahar devorlariga qadar cho‘zilib ketgan ko‘z ilg‘amas bog‘-rog‘lardan iborat ajoyib manzara ko‘zga tashlanardi. Biroq shu yerlardagi jamoaga qarashli maydonlarning chorbog‘larga aylantirilgani va ot bozoridan to bu yerlardagi  uylar, imoratlar va katta-katta bog‘largacha barcha-barchasi allaqachon o‘zlashtirilib, egali bo‘lib ketgani oqibatida ko‘cha muyulishida joylashgan bizning uy va yana boshqa ba’zi bir hovlilar qisqarib, torayib qolgan edi, natijada hovlimizning  xiyla baland  devorlari ortida bizlar o‘zimizni qo‘l uzatsa yetgudek ana shunday jannatmonand go‘shalardan go‘yo mosuvo bo‘lganday his qilar edik.

Uyimizning uchinchi qavatida bir xona bor edi, uni Gartenzimmer[3]deb atashar, bu bilan go‘yo deraza oldidagi kamgina o‘simliklar butun bir bog‘ning o‘rnini bosganday bo‘lardi. U yer mening sevimli joyim edi, jon-jon deb o‘tirardim. Xonadan bog‘-rog‘lar, shahar devorlari va uzun tuproq g‘ovlar osha yuqorilab cho‘zilib ketgan ajoyib manzarali, serhosil pasttekisliklar ko‘zga tashlanardi. Men u xonada yoz oylarida odatda dars tayyorlab o‘tirardim, goho momaqaldiroq gumbirlab qolsa, ovozining tinishini kutar, kechki paytlari botayotgan quyoshni tomosha qilib to‘ymas edim. Ayni choqda qo‘ni-qo‘shnilarning bog‘larda gullarga qarab yurishganiga, bolalarning o‘ynayotganiga, jo‘ralarning chaqchaqlashib o‘tirganiga ko‘zim tushib, kegli[4] o‘ynayotganlarning shovqin-suronini tinglab o‘tirarkanman, vujudimni chulg‘ab olgan yolg‘izlik tuyg‘usi va bundan hosil bo‘lgan qandaydir g‘am-g‘ussa, nimanidir qo‘msash, sog‘inch hissi mendagi jiddiylik va oldindan sezish, bilish qobiliyatiga vobasta bo‘lib, o‘z ta’sirini tez orada yanada yaqqolroq namoyon qildi.Ustiga-ustak uyning eski, burchaksimon, g‘adir-budur, beso‘naqay holati qorong‘i, huvillagan, vahimali ko‘p joylari bilan bir bo‘lib, murg‘ak bola qalbida qo‘rquv va qaltiroq uyg‘otar edi. Baxtga qarshi o‘sha davrda shunday bir tarbiyaviy “qoida” mavjud ediki, uning vazifasi bolalarni oldindan sezish, payqash qobiliyatidan erta mahrum qilib, ularni ko‘zga ko‘rinmas narsalardan qo‘rqmaslikka o‘rgatish hamda vahima, dahshatlarga ko‘niktirishdan iborat edi. Shu bois biz bolalar yotoqxonada o‘zimiz yolg‘iz uxlashimiz lozim edi, bordi-yu buning uddasidan chiqolmay, kechasi sekingina o‘rnimizdan turib, xizmatkorlar yoki oqsochlar pinjiga kirishga urinadigan bo‘lsak, yo‘limizda tungi xalatini teskari kiyvolgan otamiz bexosdan paydo bo‘lar va bizni qo‘rqitib, yana yotog‘imizga olib kelib qo‘yar edi. Buning bola ruhiyatiga naqadar yomon ta’sir ko‘rsatishini tasavvur qilish qiyin emas. Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinar, degan gap bor, ikki o‘t orasida qolgan bola sho‘rlik qo‘rquvdan qanday qilib xalos bo‘la olsin? Ammo tabiatan quvnoq  va dilkash onamiz bu muammoning yaxshi ibratli yechimini o‘ylab topdi. U kishi o‘z maqsadiga bizlarni rag‘batlantirish, taqdirlash orqali erishdi. O‘shanda ayni shaftolilar pishgan palla edi, onam ularning bolday mazasini maqtab, og‘zimizning suvini keltirarkan, agar tunda qo‘rquvni yenga olsak, ertalab bizni siylashga va’da berardi. Qarabsizki, bundan ikkala tomon ham birday mamnun edi.

Uy ichiga kiraverishdagi tanobiyni otamiz qator Rim prospektlari bilan bezatib chiqqan edi. Ular Piranezining ayrim o‘tmishdoshlari tomonidan o‘yma naqshlar bilan mohirona ishlangan qimmatli asarlar bo‘lib, har gal ko‘rganimda e’tiborimni o‘ziga jalb qilardi. Bu yerda men har kuni Piatstsa del Popolo (gazeta maydoni), Kolizey, Pyotr cherkovi va maydoni, Engelsburg (farishtalar qasri) singari va yana boshqa ko‘plab diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega edim. Ushbu manzaralarning har biri menda chuqur taassurot qoldirardi. Odatda o‘z fikrini qisqa va lo‘nda bayon qiladigan padari buzrukvorim ba’zan lutf qilib, ular haqida muxtasar hikoya qilib berardi. Uning italyan tiliga va o‘sha mamlakat bilan bog‘liq jamiki narsalarga mehr-muhabbati nihoyatda baland edi. O‘sha yoqdan olib kelgan mo‘jazgina marmar va boshqa ma’danlardan iborat bo‘lgan tabiatshunoslik to‘plamini goho bizga faxr bilan ko‘rsatardi. Ko‘p vaqtini italyan tilida yozayotgan sayohatnomasi ustida ishlash bilan o‘tkazar, yozganlarini erinmay tahrir qilar va oqqa ko‘chirardi. Italyan tilining bilimdoni janob Jovinatstsi otamizga bu borada yordamlashib turardi. Otam durustgina qo‘shiq ham aytardi, onam esa pianino chalib, unga jo‘r bo‘lardi. Shu tufayli bo‘lsa kerak, Solitario bosco ombrosoni[5] hali o‘zim yaxshi tushunmay turib, tezda yodlab olganman.

Umuman olganda, otamiz o‘ziga xos murabbiylik, ustozlik salohiyatiga ega bo‘lgan, ishdan bo‘sh vaqtlarida ko‘rgan-bilganlarini boshqalarga ham bajonidil o‘rgatib kelgan. Masalan, onam bilan turmush qurgach, u kishini nainki pianino chalish va qo‘shiq aytish, balki tirishqoqlik bilan yozish-chizishga ham o‘rgatgan, shu bois onam italyan tili bo‘yicha ham muayyan bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan.

Odatda biz bolalar qo‘limiz bo‘shadi deguncha, buvijonimizning oldiga qarab chopardik, chunki u kishi yashaydigan xona keng va yorug‘ bo‘lib, turli xil o‘yinlar o‘ynashimiz uchun joy yetarli edi. Bundan tashqari, buvimiz bizlarni har xil mayda-chuyda narsalar bilan ovuntirishni bilar hamda tansiq luqmalar bilan siylab turardi. Rojdestvo oqshomlaridan birida buvim qilgan barcha muruvvat va xayru saxovatlarining gultojisi sifatida bizlar uchun qo‘g‘irchoq teatri tomoshasini tashkil qildirib, ko‘hna uyimizga yangi bir olam olib kirdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu kutilmagan tomosha o‘g‘il bolalarda kuchli taassurot qoldirdi va bu ta’sir uzoq vaqt saqlanib qoldi.

Avvaliga unsiz ishtirokchilar ijrosida qo‘yilgan mazkur mo‘jazgina sahna tomoshasi mashqlar natijasida bora-bora jonli, qizg‘in dramatik jo‘shqinlik kasb etib, u mehribon buvijonimiz tomonidan biz bolalar uchun vasiyat qilingan so‘nggi mulk ham bo‘lib qoldi. Kundan-kunga zo‘rayib borgan xastalik oqibatida bizlarni tashlab ketgan buvijonimizning vafoti butun xonadon uchun og‘ir yo‘qotish bo‘ldi va ko‘pgina o‘zgarishlarga olib keldi.

Buvijonimiz hayotligida otam uyda biron-bir o‘zgarish yoki yangilanish qilishga botinolmay yurgan bo‘lsa-da, katta qurilishlarga zimdan tayyorgarlik ko‘rayotgani barchaga birday ma’lum edi. Boshqa ko‘plab qadimiy shaharlar kabi Frankfurtda ham yer, joydan yutish maqsadida yog‘och imoratlar ustiga nainki ikkinchi, balki keyingi qavatlarni ham qurish aholi o‘rtasida odatga aylangan edi. Buning oqibatida o‘zi shundog‘am tor ko‘chalar yanayam vahimali va qandaydir qo‘rqinchli tus olardi. Nihoyat, shunday bir qonun joriy etildiki, unga ko‘ra, kimki yangi uy qurayotgan bo‘lsa, faqat ikki qavat uchungina ruxsat berilib, qolgan binolarning vertikal, ya’ni tik bo‘lishi talab qilinadigan bo‘ldi. Otam uchinchi qavatdagi yaqqol ko‘rinib turgan xonani yo‘qotmaslik uchun, tashqi me’moriy ko‘rinishga ahamiyat bermay, faqat ichki jihozlarga e’tibor qaratib, ungacha ham ko‘p kishilar qo‘llagan hiylani ishga soldi, ya’ni uyning ustki qismlariga tirgovuch tirab qo‘yib, ostki qismlarini birin-ketin buzib tashlab, yangitdan qurishga kirishdi. Bu nayrang aslida eski uyning butunlay yo‘q bo‘lishiga olib kelsa-da, tashqaridan qaraganda yangi qurilishning go‘yo ta’mirlash ishlaridek taassurot uyg‘otishiga xizmat qilar edi.

Shunday qilib, otamiz buzish va tiklash ishlarini asta-sekin olib borishni mo‘ljallagandi, chunki qurilish texnikasini juda yaxshi tushunar, ayni choqda oilani nazorat qilib turishni ham esdan chiqarmagan edi. Ushbu “yangi” davr biz bolalar uchun ajib va kutilmagan yangiliklarga boy bo‘ldi. Avvallari o‘qish va ishlashimiz uchun bizga torlik qilgan xonalar, turli xil o‘yinlar o‘ynagan yo‘laklarimiz, doimo ozoda saqlashimiz lozim bo‘lgan devorlar, bularning hammasini g‘isht teruvchi ustaning, suvoqchining cho‘kichi-yu, duradgorning oyboltasi ostida birin-ketin yo‘q bo‘layotganini ko‘rib turish, bu orada tirgovuch tiralgan xoda, to‘sinlarga muallaq osilib o‘yinqaroqlik qilishlar-u dars tayyorlash hamda aytilgan ishlarni bajarishga majburlik – bularning barchasi yoshlarni ancha-muncha dovdiratib qo‘yib, yana o‘zlariga kelishlari oppa-oson kechmadi. Ammo bu noqulayliklar tezda unut bo‘ldi, chunki o‘yin maydoni ilgariga qaraganda xiyla kengaygan, buning ustiga xoda-taxtalar uzra sakrab o‘ynash ham mumkin edi.

Otamiz dastlab o‘z rejasini qat’iy amalga oshirib bordi, biroq keyinchalik tomning bir qismi olib tashlanib, to‘shalgan kleyonkalarga qaramasdan, yomg‘ir tomchilari to bizning o‘rinlarimizgacha o‘tib ketavergach, o‘z bolalarini xayrixoh do‘stlari ixtiyoriga vaqtincha bo‘lsa-da, berib turishga majbur bo‘ldi.

Bu, albatta, o‘z navbatida ba’zi bir noqulayliklarni ham keltirib chiqardi, chunki shu paytgacha uyda alohida yashab, ozoda yurgan bolalar birdaniga ko‘pchilik orasiga tushib qolib, bema’ni va ablah kimsalar bilan ham yuzma-yuz kelishga majbur bo‘lib, ulardan himoyalanishga o‘zlarini ojiz sezishgan.

Bu paytda men o‘zim tug‘ilib o‘sgan jonajon shahrim bilan endi-endi tanishayotgan edim: shahar bo‘ylab bora-bora emin-erkin, ba’zan o‘zim yolg‘iz, ba’zida esa quvnoq do‘stlarim bilan birga u yoqdan bu yoqqa borib-kelib, sayr qilib yurardik. Tevarak-atrofdagi ana shunday jiddiy va diqqatga sazovor joylardan olgan taassurotlarimni bayon qilish uchun avvalo o‘zim tug‘ilib o‘sgan maskanni tasvirlab berishim kerak bo‘ladi. Mayn daryosining katta ko‘prigi mening eng sevimli sayrgohim edi. U o‘zining uzunligi va mustahkamligi hamda chiroyli ko‘rinishi tufayli azal-azaldan diqqatga sazovor inshootlardan biri, binobarin, aslzodalar hokimiyati tomonidan o‘z fuqarolari uchun ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik ifodasi bo‘lmish birdan-bir, yagona obida ham hisoblanadi. Haqiqatan ham ushbu go‘zal daryo o‘zani bo‘ylab dam yuqoriga, dam quyiga nazar tashlarkanman, ko‘prik o‘rtasidagi quyosh nurida ajabtovur yaltirab turgan oltin xo‘rozga har gal ko‘zim tushganda, qalbim cheksiz quvonchga to‘lardi. Odatda shundan so‘ng, Zaksenhauzen tomonga qarab yo‘l olardik va bir kreytser (eski tanga pul) evaziga daryo bo‘ylab sayrni davom ettirardik. Daryoning bu tomonida uzum bozori, yuklarni tushirayotgan kranlar ko‘zga tashlanardi, ayniqsa, savdo kemalarining sohilga kirib kelishi, ulardan har xil va ba’zan g‘alati, g‘aroyib yo‘lovchilarning tushib kelishlari bizga nihoyatda qiziq tuyulardi. Shahar ichkarisiga kirishingiz bilan sizni Zaalhof samimiy qarshi oladi, bu yerda qachonlardir kayzer buyuk Karl va uning vorislarining qasri bo‘lganligi ehtimoldan xoli emas. Sanoatlashgan hunarmandlar shahrida bozor kunlari, ayniqsa, Varfolomey cherkovi atrofida juda tiqilinch, tirband bo‘ladi. Bu yerlar azaldan sotuvchilar, mayda savdogarlar va do‘kondorlarning talashib-tortishib savdo qiladigan asosiy joyi bo‘lgan, shu boisdanmi, yaqin-yaqinlargacha ham bu yerlarga biron-bir tuzukroq muassasa bino qilishning iloji bo‘lmagan. Cherkov yonidan o‘tgan, oxiri temir panjaralar bilan tugaydigan yo‘l yoqasida joylashgan do‘konlar biz bolalarni o‘ziga ohanrabodek tortardi, chunki bizlar u yerdan arzimagan bir battsen (tanga, chaqa)ga turli xil hayvonlarning rasmlari solingan rang-barang zarhal varaqchalar sotib olardik. Ammo tiqilinch, tor va iflos bozor maydoni bo‘ylab odamning yurgisi kelmasdi. Hali-hanuz esimda, maydonga tutash qassobxonalarning go‘sht sotiladigan tor va xunuk peshtaxtalari oldida dahshatga tushib, qochib ketganman. Ryomerberg esa buning butunlay aksi edi. Yangi shahar tomon olib boradigan Kräm ko‘chasidan o‘tgan yo‘ldan yurish yoqimli edi, biroq bizlarni Libfrau cherkovi yonidan Zeilga[6] olib chiqadigan bironta ko‘chaning yo‘qligi ranjitar va biz har gal Hazengasse yoki Katarinenpforte ko‘chalari orqali aylanib o‘tishga majbur bo‘lardik. Ammo biz bolalarning e’tiborimizni o‘ziga ko‘proq jalb qiladigan narsalar ham yo‘q emasdi, bular asosan, shahar ichida joylashgan mitti shaharchalar, qal’alar ichidagi qal’alar, toshdevorlar bilan o‘ralgan monastir hududlari, shuningdek, necha-necha asrlardan beri saqlanib kelayotgan Nyurnberger Hof, Kompostell, Braunfels singari qal’aga o‘xshash makonlar edi. Ularning tamal toshi Shtallburg zamonidan boshlab qo‘yilgan bo‘lib, bu qo‘rg‘onlardan o‘z vaqtida turar-joylar va kasb-hunar maskanlari sifatida foydalanib kelingan. O‘sha davrlarda Frankfurtda deyarli hech qanday me’morchilik obidalari bo‘lmagan: hamma narsalar uzoq o‘tmishni, shahar va uning tevarak-atrofida yashovchi aholi uchun notinch kechgan zamonlarni eslatib turgan. Qadimiy shahar chegaralarini belgilab turgan darvozalar va minoralar, yana va yana darvozalar, minoralar, toshdevorlar, ko‘priklar, tuproq g‘ovlar, xandaqlar butun shaharni qamrab olgan va ularning barchasi jamoat xavfsizligini ta’minlash zarurati yuzasidangina, hattoki keng va chiroyli ko‘chalar, maydonlar ham hech qanday tartib posbonining ishi emas, balki barchasi zulm va tasodif tufayligina bunyod etilgani yaqqol va ravshan ko‘rinib turibdi. Eski yilnomalar, yog‘och o‘ymakorligi namunalari, masalan, Frankfurtning qamal qilinishi haqida hikoya qiluvchi o‘yma naqshlar, suratlar bolalar qalbida qadimshunoslikka muayyan havas uyg‘otadi, ayni choqda yana bir xohish, chunonchi, qandaydir qiziqish yoki go‘zallikka da’vo qilmagan insoniy holatlar o‘zining bor bo‘y-basti, xilma-xilligi va tabiiyligi bilan namoyon bo‘ladi. Shunday qilib, shahar devorining ichki yo‘lagi bizning eng sevimli sayrgohlarimizdan biriga aylangan edi, biz bu yerga yil mobaynida bir necha marta kelib, shu atroflarni aylanib chiqardik. Bog‘-rog‘lar, hovlilar va ulardagi uylar, binolar to Svinger[7] qadar cho‘zilib ketgan; bunda ko‘pminglab kishilarning uy-ro‘zg‘or bilan bog‘liq mayda va pinhoniy holatlarini kuzatish mumkin edi. Boyning hashamatli chorbog‘idan tortib, oddiy fuqaroning mevazor bog‘igacha, fabrikalar, (gazlamalarni) oqartirish maydonlari va shunga o‘xshash ko‘pgina muassasalardan tortib, to qabristonga qadar – zotan, shahar hududining o‘zida kichik bir olam mavjud edi – har qadamda muttasil o‘zgarib boradigan xilma-xil, ayni choqda bizning bolalarcha tasavvurimizga sig‘maydigan g‘alati, g‘aroyib tomoshaning guvohi bo‘lish mumkin edi. Chunki o‘sha cho‘loq iblis[8] do‘stini deb kechasi Madridda tomlarni qo‘porib tashlagani bilan, bu yerda, quyosh charaqlab nur sochib turgan ochiq osmon ostida ko‘z o‘ngimizda bajarilgan ishlarga qiyoslaganda, u do‘sti uchun haqiqatan ham hech nima qilmagan. Bu   yo‘ldagi turli xil minoralar, zinalar va darvozachalardan o‘tib olish uchun zarur bo‘lgan kalitlar esa to‘qimachilik fabrikasining xo‘jayinlari qo‘lida edi va biz ularning odamlariga yaxshilab xushomad qilishimizga to‘g‘ri kelgan.

Ryomer deb ataladigan ratusha bizlar uchun yana bir boshqa ma’noda ahamiyatliroq edi. Uning gumbazli keng zallari ichida sal bo‘lmasa yo‘qolib qolay derdik. Bir kuni kengashning sessiyalari o‘tkaziladigan o‘ta jo‘n, biroq ulkan xonasiga ham kirishga muvaffaq bo‘lganmiz. Ma’lum bir qismi panel bilan qoplangan devorlari oppoq, shuningdek, gumbazi ham oppoq, ammo bu yerda surat yoki qandaydir san’atdan asar ham yo‘q edi. Faqat devorning qoq o‘rtasiga shunday qisqacha yozuv bitilgan edi:

Bir odamning fikri
Yo‘q odamning fikridir:
Har ikkovin ham haqqoniy
Tinglamoq  darkor.

Mazkur majlis a’zolari uchun mo‘ljallangan o‘rindiqlar qadimiy usulga ko‘ra, yerdan bir pog‘ona baland qilib o‘rnatilgan edi. Shunda biz senatimizda joriy etilgan tartib-qoidalar nima uchun o‘rindiqlarga bog‘liq ekanini osongina anglab oldik. Chap qo‘ldagi eshikdan to ro‘paradagi burchakka qadar, birinchi o‘rindiqda sheffen (sud maslahatchisi – tarj.)lar o‘tirishardi, burchakda esa oqsoqolning o‘zi o‘tirardi, uning oldiga kichkina stolcha qo‘yilgan; oqsoqolning chap tomonidan boshlab, to derazalarga yetguncha ikkinchi o‘rindiq egalari joy olishgan; derazalar yonidan bu yoqqa qarab, uchinchi o‘rindiqni hunarmandlar egallashgan; zalning o‘rtasida esa bayonnoma tuzuvchi kotib uchun stol qo‘yilgan edi.

Ryomerda bo‘lgan chog‘imizda bir gal burgomistrning qabul marosimida ham qatnashganmiz. Biroq bizlar uchun eng qizig‘i, kayzer saylovi va unga toj kiydirish marosimi bilan bog‘liq udumlar edi. Nazoratchilarning ko‘nglini ovlab, kayzer huzuriga olib chiqadigan keng, yorug‘, devorlariga freskalar solingan, biroq panjara bilan bekitib, o‘ralgan zina pillapoyalaridan yuqoriga ko‘tarilganmiz. Devorlariga to‘qqizil, qirmizi gulqog‘ozlar qoplangan, dabdabali, jimjimador zarhal hoshiyalar bilan bezatilgan saylovchilar xonasi bizda chuqur taassurot qoldirdi. Eshik tepasiga ham turli xil naqsh, gul, bezaklar ishlangan bo‘lib, unda kayzerning bayramona libosidagi, imperiyaning nishonlariga ko‘milgan, g‘aroyib narsa o‘ynayotgan yosh bolalar yoxud homiy ruh, ilohlar tasvirlangan edi. Biz bularning barchasini diqqat bilan ko‘zdan kechirib, bir kunmas-bir kun toj  kiydirish marosimini ham o‘z ko‘zlarimiz bilan tomosha qilishimizga umid bog‘ladik. Xona devorlariga ma’lum bir balandlikda gir aylanasiga jami kayzerlarning portretlari ham ishlangan ekan, ularning faoliyatlari haqida bizga ozmi-ko‘pmi hikoya qilib bergan xizmatchi do‘stimizdan mamnun bo‘lib, zalni tark etdik.

Buyuk Karl to‘g‘risida ertaknamo afsonaviy gaplarni ko‘p eshitganmiz, ammo cheksiz chalkashliklarga chek qo‘ygan Rudolf fon Habsburgning mardligi, jasorati haqidagi tarixiy hikoya bizlarni nihoyatda qiziqtirib qo‘ydi. Shuningdek, Karl To‘rtinchi ham e’tiborimizni o‘ziga tortdi. Biz uning o‘z raqibi, muqobil kayzer Gyunter fon Shvartsburgga frankfurtliklarning sadoqati uchun ulardan hech qanday xafa bo‘lmagani haqida, qolaversa, Goldne Bulle[9] va Halsgerichtsordnung[10] to‘g‘risida ham eshitgan edik. Maksimilianni esa insonparvar va xalqparvar bo‘lgan, deb eshitganmiz. Ma’lum bo‘lishicha, u o‘zi Germaniyaning so‘nggi imperatori bo‘lishini bashorat qilgan ekan, haqiqatan ham tarixda shunday bo‘lgan, faqat uning o‘limidan keyin, Ispaniya qiroli Karl Beshinchi bilan Frantsiya qiroli Frants Birinchi o‘rtasida kimni saylash masalasi muallaqligicha qolgan. Bu haqda yana bir mish-mish gap ham yuradi: emishki, bir kayzerning portreti sig‘adigan joy ortib qolgan ekan, bu harholda tasodifdek tuyulsa-da, biroq vatanparvarlik ruhidagi kishilarni xavotirga solgan.

Atrofni aylanib bo‘lgach, sobor (bosh cherkov)ga borishga, do‘st va dushmanlari tan bergan o‘sha shovvoz Gyunterning u yerdagi qabrini ziyorat qilishga  otlandik. Qabr  ustidagi  g‘aroyib  tosh  bir  xilda  qo‘yilgan, uning shundoqqina yonida joylashgan, konklav (kardinallar kengashi – tarj.) huzuriga olib boradigan eshik biz uchun hadeganda ochilavermadi, yuqori mutasaddilar bilan gaplashganimizdan so‘nggina nihoyat, ichkariga kirishga muvaffaq bo‘ldik, lekin buni tasavvur kuchi bilan xayolan ko‘z oldimizga keltirganimizda, yanayam yaxshiroq bo‘larkan: negaki, eng qudratli hokim, hukamolar muhim masalalarni hal etish uchun to‘planishgan Germaniya tarixidagi bunday g‘alati xonani birinchi marta ko‘rib turishimiz edi, chunki unda na hashamat, na rasamad bor edi, buning ustiga hammayoqda to‘sinlar qalashib yotardi.

Hafsalamiz pir bo‘lib turgan bir paytda, ratushada Goldne Bulleni xorijlik mehmonlar bilan birgalikda ko‘rishimizga ijozat berilganini eshitib, ko‘nglimiz ko‘tarildi.

Bolalar, albatta, oxirgi toj kiydirish marosimlari haqidagi hikoyalarni jon quloqlari bilan tinglashardi: chunki bu marosimlarni o‘z hayotidagi muhim voqea deb hisoblamagan keksa frankfurtlikni topish ham amri mahol. Ayniqsa, Karl Yettinchiga toj kiydirish marosimi juda dabdabali bo‘lgan, o‘shanda Frantsiya vakili ajoyib ziyofatlar bergan, biroq pirovardida kayzer Myunxenda o‘z qarorgohini joriy etish masalasida xiyla mushkul ahvolda qolib, shaharliklarga shaxsan murojaat qilishga majbur bo‘lgan ekan.

Frants Birinchining toj kiyish marosimi ham undan qolishmagan, bunda, albatta, imperator ayol Mariya Terezaning hissasi katta bo‘lgan. Uning go‘zalligi Karl Yettinchining munosib jiddiy qiyofasi va ko‘k ko‘zlari ayollarda qanchalik katta taassurot qoldirgan bo‘lsa, marosim qatnashchilari bo‘lgan erkaklarni shunchalik o‘ziga maftun qilgan. Shu ma’noda ular bir-birlari bilan baslashishgan deyish ham mumkin. Hammasi osoyishta bir vaziyatda o‘tgan: chunki Aaxen sulhi[11] barcha ixtiloflarga chek qo‘ygan. O‘sha tantanalar haqida gapirganda, bo‘lib o‘tgan harbiy yurishlar to‘g‘risida, jumladan, Dettingendagi jangni ham, go‘yo bu barcha xavf-xatarlar baxtiyor va betashvish odamlar uchun baayni ko‘ngilochar “tadbirlar” sifatida xizmat qilganday, o‘zgacha huzur bilan eslashgan.

Ana shunday vatanparvarona tanglik sharoitida oradan yarim yil o‘tib-o‘tmay, birdaniga yarmarkalar boshlanib qolib, barcha bolalarning dilida favqulodda g‘alayon bosh ko‘tardi. Qisqa vaqt ichida shaharda shu qadar ko‘p do‘konlar qurilib, kuchli to‘lqinlanish, jonlanish yuzaga kelganki, ulardagi mollarni ortish-tushirish jarayonlari dastlabki paytlarda odamlar ongida kuchli qiziqish uyg‘otib, mulkka bolalarcha goh u tarzda, goh bu tarzda ega bo‘lishning cheksiz xohishini keltirib chiqardi. Ayni choqda dunyo ishlab chiqaradigan, dunyo aholisi o‘rtasida o‘zaro almashinadigan jamiki mahsulotlar to‘g‘risida ham muayyan tasavvur hosil bo‘la boshladi.

Odatda bahor va kuzda bo‘lib o‘tadigan bunday g‘aroyib tantanalar qadim zamonlardan to bizgacha yetib kelgan an’ana va udumlarni yana bir bor qizg‘in va jonli ravishda namoyon qilishga kirishdi. Yarmarka ishtirokchilarini kuzatib boriladigan kunda butun xalq oyoqqa turib, serqatnov ko‘chalari va ko‘prikdan o‘tib, Zaksenhauzen tomon oshiqardi. Odamlar derazalar oldiga to‘p-to‘p bo‘lib uymalashib olishar, go‘yo olomon atayin tiqilinch qilish uchun, tomoshabinlar esa bir-birlarini tomosha qilish uchungina ko‘chaga chiqqanday taassurot qoldirardi, chunki ular kutgan va ko‘rmoqchi bo‘lgan tomosha aslida kech kirib, qorong‘i tushgandan keyingina sodir bo‘lar edi.

O‘sha qadimgi notinch zamonlarda yarmarkaga keladigan savdogarlar yo‘lda o‘zboshimcha qaroqchilar hujumiga uchrab, bir zumda bor-budlaridan ajrab qolishlari ham hech gap emas edi, shuning uchun hukmdorlar farmoniga muvofiq, ularni qo‘lda qurol bilan to Frankfurtga qadar kuzatib, qo‘riqlab borish joriy etilgan. Ammo ba’zan shaharliklar bilan yarmarkaga kelayotganlar o‘rtasida urush-janjallar chiqib turgan. Azaldan davom etib kelayotgan bunday nifoqlarni tinch yo‘l bilan bartaraf etish yuzasidan bitimlar tuzilib, muzokaralar olib borilgan va shu tariqa odamlarda ishonch-umid uyg‘otishga erishilgan.

Bu orada o‘z bo‘linmalarini shahar darvozalari oldiga qo‘yib chiqqan shaharliklar kavaleriyasi imperiya tarkibidagi shaharlar va davlatlar tomonidan kuzatish, qo‘riqlash uchun tegishli vakolat berilgan otliqlar va gusarlarga duch keladi. Kechga tomon tomoshatalab odamlar oqimi tobora ko‘payib boradi. Qosh qorayib, oqshom cho‘kkach, Nyurnberg pochta aravasi ham yetib keladi va uni yosh-yalanglar qiyqirib kutib olishadi. Mavjud urf-odatga ko‘ra, uning ichida kampir o‘tirgan bo‘lishi kerak edi, biroq bir-birlarini turtib-surib, arava ortidan intilgan olomonning g‘ala-g‘ovuri ostida buni aniqlashning imkoni bo‘lmaydi.

Yana bir boshqa, ajoyib bayramlardan biri hushtakbozlar sudi deb ataladi. Ushbu marosim ilgarilari muhim savdo shaharlarining aholisi bojlarni to‘lashda bir oz yengillik berilishini so‘rab, kayzerga murojaat qilgan zamonlarni yodga soladi. Kayzer ularning talabini qondiradi, biroq bu imtiyoz yillik bo‘lib, uni har yili yangilab turishga to‘g‘ri kelgan. Mazkur jarayon Varfolomey yarmarkasi, ya’ni kuzgi yarmarka boshlanmasidan oldin, oqsoqolga ramziy sovg‘a-salomlar olib kelib, topshirishni taqozo etardi. Mabodo oqsoqol kayzer tomonidan tayinlanmagan va uni shaharning o‘zi saylagan bo‘lsa ham, bu imtiyozlar saqlanib qolavergan. Boj erkinligi bilan bog‘liq bunday udum, marosimlar Alt-Bamberg, Nyurnberg, Vorms va boshqa shaharlarda to hozirgacha ham davom etib kelmoqda. Bibi Maryam tavalludi arafasidagi kun ommaviy sud majlislari o‘tkaziladigan kun sifatida belgilab qo‘yilgan. Kayzer zali, bir pog‘ona balandda sheffenlar, o‘rtada oqsoqol o‘tiribdi, o‘ng tarafdan esa tomonlarning ishonchli vakillari o‘rin olgan. Kotib baland ovozda hukmlarni o‘qiy boshlaydi, vakillarga hujjatdan nusxalar tarqatiladi. Shunda birdaniga g‘aroyib musiqa sadolari yangrab, o‘tmish zamonlarni eslatadi. Uch nafar hushtakbozdan biri sibizg‘a, ikkinchisi pommer yoki goboy[12] chalib, uchinchisi bas ovozda jo‘r bo‘ladi. Ularning egnida havorang-zarrin palto, boshlarini bekitib olishgan, hamrohlari ham xuddi shunday kiyingan. Sud majlisi vaqtincha to‘xtatiladi, hushtakbozlardan bir kishi vakil sifatida oldinga chiqib, ramziy sovg‘alarni – chiroyli qilib yo‘nib, silliqlangan, qalampir to‘ldirilgan yog‘och qadah oqsoqolga taqdim etadi, uning ustidagi g‘alati qilib kesilgan, ipak bilan tikilib, zeb berilgan bir juft qo‘lqop berilajak va qabul qilinajak imtiyozlarga ishora edi. Bulardan tashqari, yana oq tayoqcha va mayda kumush tangalar ham taqdim etilardi. Vorms shahridan kelgan vakil hatto fetr (a’lo nav yupqa namatsimon mato – tarj.) shlyapa ham taqdim qilgan ekan.

Vakil so‘zini aytib, sovg‘alarni topshirib bo‘lgach,  oqsoqol  tomonidan muayyan imtiyozlar belgilanadi, shundan so‘ng, hushtakbozlar hamrohlari bilan qanday kelgan bo‘lsa, shunday davrani tark etadi, sud esa o‘z ishini davom ettiradi. Bu orada ikkinchi va uchinchi vakillarga ham so‘z beriladi, masalan, Nyurnberg shahri o‘zi va hamkor shaharlar uchun har yili ana shunday virtuoz vakillarni safarbar qilishni o‘z zimmasiga olgan edi.

Biz bolalar bunday bayramlarga nihoyatda qiziqar edik. Odatda bayramdan so‘ng, qadah va tayoqcha, bir juft qo‘lqop yoki eski vayspfennig – mayda kumush tangalarni qo‘lga kiritish maqsadida bobomizni ko‘rgani borardik. Albatta, bunday ramziy marosimlarning mazmun-mohiyatini o‘tgan asrlarni tasavvur qilmasdan, avlod-ajdodlarimiz, ota-bobo­larimizning urf-odat, udum va an’analarini esga olmasdan turib, tushuntirib berish qiyin, zero, hushtakbozlar va vakillar hamda ajib sovg‘a-salomlar tarixi bundan yaqqol dalolat berib turibdi.

Ana shunday qadimiy bayramlar ketidan biz bolalar uchun quvonchga to‘la yana bir ajoyib shodiyona kirib kelardi, chunonchi, bu bayram shahar tashqarisida, ochiq osmon ostida o‘tkazilar edi. Mayn daryosining o‘ng sohilida chor atrofi ozoda qilib o‘ralgan, tevaragida azim jo‘ka daraxtlari ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan oltingugurtli chashma bo‘lardi, undan sal narida mana shu shifobaxsh chashma sababli bir vaqtlar bunyod etilgan shifoxona ham bor edi. Yilning ma’lum bir kunida shu yaqin atrofda joylashgan yaylovlarga har tomondan cho‘pon-cho‘liqlar yetib kelishadi, bayram boshlanib, bazmu jamshid allamahalgacha davom etadi. Shaharning boshqa bir tarafida ham xuddi shunday maydon, chashma va jo‘ka daraxtlari bor. U yerga troitsa bayrami munosabati bilan qo‘y-qo‘zilar haydab olib kelinadi, shu bilan birga, bechora yetim bolalar ham taklif qilinadi, maqsad ularni tashqi olam bilan oshno etish, shu tariqa ham ma’naviy, ham jismoniy jihatdan chiniqtirishdir. Qishloq hayotiga oid mana shunday ajoyib bayramlar, sayru-sayillar bolalik xotiramda o‘chmas bo‘lib saqlanib qolarkan.

Bu orada uyimiz ham tayyor bo‘lgan, endi hammamiz yana jamuljam bo‘lib, o‘zimizni yaxshi his qilar edik. Uy endilikda yetarli darajada kengaygan, yorug‘ va shinam, bir qancha derazalar osha bog‘-rog‘lar manzarasini bemalol tomosha qilish mumkin edi. Ichki pardoz ishlari ham tez orada o‘z nihoyasiga yetkazilib, tartibga solish qolgandi, xolos.

Bular eng avvalo, otamning charm yoki yarim charm muqovali kitoblar to‘plami bo‘lib,  uning ish kabineti devorlarini bezab turishi lozim edi. Ular orasida lotin yozuvchilarining chiroyli qilib chiqarilgan holland nashrlari, shuningdek, Rimdan olib kelingan ko‘pgina antiqiy narsalar hamda nainki amaliy, balki ilmiy huquqshunoslikka oid asarlar ham bor edi. To‘plamdan eng zo‘r italyan shoirlarining kitoblari ham o‘rin olgandi, ayniqsa, Tasso ijodiga otamning mehri baland edi. Shuningdek, bu yerda safarnomalarning eng so‘nggi nusxalarini ham uchratish mumkin edi, muallif uning Kaysler hamda Nemayts haqidagi boblarini mehr bilan, berilib tuzatar va yana to‘ldirishda davom etardi. Bulardan tashqari, har xil zarur qo‘llanmalar, turli-tuman tillardan lug‘atlar, va yana boshqa ko‘plab foydali va yoqimli narsalar muhayyo edi. Mazkur to‘plamning ikkinchi yarmi toza, ozoda, chiroyli  pergament muqovali kitoblardan iborat bo‘lib, ular boloxona bo‘lmasiga alohida qilib terib qo‘yilgan edi. Otamiz yangi chiqqan kitoblarga buyurtmalar berish, ularni qabul qilib, taxlab joy-joyiga qo‘yish ishlarini ham alohida mehr bilan bajarardi. Bu borada u yoki bu asar haqida muayyan ma’lumot beradigan ilmiy-ommabop xabarlar, e’lonlarni ham ko‘zdan qochirmas, qolaversa, yuridik dissertatsiyalar to‘plami ham yil sayin kengayib borar edi.

Ilgari eski uyimizda har yer-har yerda osig‘liq turgan rasmlar ham hammasi endi chiroyli, zarhal ramkalarga solinib, otamning ish kabineti yonidagi alohida xonaning devorlariga simmetrik tarzda ilib qo‘yildi. Otam doim bir fikrni ko‘p takrorlab yurguchi edi, uningcha, vafot etib ketgan san’atkorlarga kamroq murojaat qilib, ko‘proq tirik insonlar ijodi bilan shug‘ullanish maqsadga muvofiq bo‘larkan, chunki o‘tganlar ijodiga baho berishda juda ko‘p noto‘g‘ri, xato fikr, xulosalar o‘tib ketmasligiga kafolat berib bo‘lmas ekan. Uning tasavvuriga ko‘ra, rasmlarni Rayn sharobiga qiyos etish mumkin ekan, zero, sharob vaqt o‘tgan sayin kuchayib, yanayam mazaliroq bo‘lgani kabi, san’at asarlarining ahamiyati, qadr-qiymati ham yil sayin tobora oshib boraverarkan. Shu ma’noda u ko‘plab qadimgi, eski rasmlarning qoramtir yoki ko‘proq jigarrang tusga kirishi natijasida hosil bo‘lgan ulardagi uyg‘unlik, hamohanglik muxlislar tomonidan e’tirof etilib, ko‘proq qadrlanishiga ham urg‘u berdi. Ammo otam ishontirib aytdiki, u yangi rasmlarning kelgusida qorayib qolmasligidan hecham xavotirga tushishni xohlamas, chunki ularning shu tarzda qadr-qimmati oshishi haqidagi fikrga qo‘shilolmas ekan.

Padari buzrukvorimiz ana shunday nuqtai nazar va qarashlar asosida ko‘p yillar mobaynida frankfurtlik jami san’atkorlar ijodi bilan shug‘ullanib keldi: ular orasida rassom Hirt eman va qoraqayin o‘rmonzorlarini, qishloq manzaralarini ayniqsa, chorva mollari bilan omixta qilib, mahorat bilan tasvirlagan, yana Trautmann Rembrandtdan ibrat olib rasmlar chizgan, Shyuts esa Rayn yerlari mavzuiga murojaat qilgan bo‘lsa, Yunkern ijodini gullar, mevalar va natyurmortsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, qolaversa, u niderlandiyaliklardan ulgi olib, o‘z asarlarida insonlarning sokin hayot tarzini mohirona aks ettirgan. Yana bir ajoyib san’atkor, darmshtadtlik saroy rassomi, Brinkmanning shogirdi Zeekatts edi, u Gyotelar xonadonining oilaviy suratini chizgan musavvirdir.

Uydagi qolgan boshqa xonalar ham nihoyat, birin-ketin tartibga keltirildi, derazalarga ilgarigi yumaloq oynalar o‘rniga silliq toshoynalar o‘rnatilib, xonalar yop-yorug‘ bo‘ldi. Otamning kayfiyati ham, garchi oilada ba’zan u-bu kamchilik chiqib qolgan paytlarda u qadar bo‘lmasa-da, harholda avvalgidan yaxshiroq edi. 1755 yilning 1 noyabrida Lissabonda ro‘y bergan kuchli zilzila favqulodda voqea sifatida bolalar qalbini ham ilk bor chuqur larzaga soldi. Ulkan go‘zal qarorgoh, bandargohlar va savdo-sotiq shahri dahshatli musibatga uchradi, bahri ummon quturib, kemalar chilparchin, uylar, turar-joylar, cherkovlar vayron bo‘ldi, minoralar qulab, qirol saroyining bir qismini suv yuvib ketdi, yer yorilib, olov purkay boshladi, hammayoq tutun ichida qolib, xarobazorga aylandi. Bir daqiqa avval sog‘-salomat yurgan oltmish ming odam zumda halok bo‘ldi, tasodifan omon qolganlar esa tabiiy ofat yetmaganday, yashirinib-pusib yurgan yoki mana shu ofat tufayli ozodlikka chiqqan jinoyatchi guruhlarning qurboniga aylandi.

Mamlakatning katta hududlariga xabarlar tarqab ulgurmayoq, ofatning o‘zi yetib bordi: ayrim joylarda kuchsiz yer silkinishlari davom etib turdi. Xudojo‘y taqvodorlar pandu nasihat, faylasuflar taskin aytish, ruhoniylar esa duo o‘qish bilan bu dahshatli voqeaga o‘z munosabatini bildirdilar. Butun jahonning diqqat-e’tibori bir muddat shu nuqtaga qaratildi, dunyoning to‘rt tarafidan jabrdiydalarga hamdardlik va xayrixohlik bildirilgan xat-xabarlar to‘xtovsiz oqib kela boshladi. Ehtimol, dahshatli iblisning vahshatlari ham yer yuzi bo‘ylab bunchalik tez tarqalmagan bo‘lardi.

Bolalarga ushbu voqealarning barchasi ta’sir qilmay qolmadi, albatta. Diniy aqidalarda yer va osmonni yaratgan, o‘z panohida asraguvchi Tangri dono hamda mehribon, deya talqin etiladi, shunday ekan, uning aybdor va aybsizlarni baravar halokatga mahkum etganini qanday tushunish mumkin? Bu savolga javob topishga murg‘ak qalblarning urinishlari behuda edi, zotan, bunday hodisa oldida nafaqat ular, balki donishmandlar, olimlar va qonun bilimdonlari ham ojiz edilar.

Kelasi yozda Ko‘hna Ahd (Tavrot) shu qadar batafsil ta’rif-tavsiflagan Xudoning qahr-g‘azabiga o‘zimiz ham bevosita guvoh bo‘ldik. Bir kuni to‘satdan kuchli do‘l yog‘ib berdi, ustiga-ustak momaqaldiroq dahshatli gumburlab, chaqmoq chaqdi, uydagi derazalar dirillab, yangi qo‘yilgan oynalar chil-chil bo‘ldi, yap-yangi jihozlar, nodir kitoblar va boshqa qimmatbaho buyumlar ishdan chiqdi, bundan nihoyatda qo‘rqib ketgan bolalarni xizmatkorlar panaroq joyga olib borib, o‘zlari muk tushib, darg‘azab Tangridan rahm-shafqat so‘rab, unga nola qila boshladilar. Otam esa vahimaga tushmadi, o‘zini yo‘qotmay, darhol derazalarning tavaqalarini oshiq-moshig‘idan sug‘urib tashladi, garchi bu bilan bir nechta oynalarni sinishdan asrab qolgan bo‘lsa-da, ammo hayal o‘tmay do‘l ketidan sharros yoqqan yomg‘ir natijasida xonalarning ichi va zinalar suvga to‘ldi.

Bu kabi hodisalar oqibatida otamizning biz bolalarga o‘zi bermoqchi bo‘lgan dars saboqlari ham bir oz ortga surildi. Padari buzrukvorimizning yoshligi Germaniyaning o‘sha davrdagi peshqadam o‘quv dargohlaridan biri bo‘lgan Koburg gimnaziyasida o‘tgan. O‘qish davrida tillarni chuqur o‘rgangan, chunki bu ilmiy tarbiyaning bir jihati hisoblanardi, so‘ngra Layptsigda o‘zini butunlay huquqshunoslik ilmiga bag‘ishlagan va nihoyat, Gissenda „Electa de aditione hereditatis”[13] degan mavzuda dissertatsiya yoqlagan va mazkur ilmiy ish huquqshunoslar tomonidan hali ham yuqori baholanib keladi.

O‘zlari qilishga ulgurmagan ishlarning farzandlari tomonidan amalga oshirilishini ko‘rish barcha otalarning ezgu istagidir. O‘z bilimlariga ishonibmi yoki o‘sha davrdagi muallimlarga unchalik ishonqiramagani tufaylimi, otam biz bolalarga hartugul o‘zi dars berishni niyat qilib, juda zarur bo‘lgan ayrim hollardagina haqiqiy o‘qituvchilar ko‘magiga tayanadigan bo‘ldi. Bunga allaqachon tomir otgan pedagogik diletantlik (yuzakichilik) va umumta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilarning o‘z ishiga sovuqqonligi hamda o‘ta rasmiyatchiligi sabab bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Shu bois o‘z kasbining ustasi yoki fidoyisi bo‘lmagan kishilar berayotgan sifatsiz darslardan voz kechib, bilim olishning boshqa bir oqilona yo‘lini qidirgan bo‘lsa ham, ehtimol.

Otamiz o‘zi tanlagan yo‘ldan borib, hayot kechirgan, men ham xuddi shunday yo‘ldan borishim lozim edi. U mening tug‘ma qobiliyatlarimni go‘yo o‘zida yetishmagandek, nihoyatda qadrlardi, chunki o‘zi barcha narsaga o‘zining favqulodda tirishqoqligi, asoslilik va takrorlash tufayli erishgan edi. Ko‘pincha hazillashibmi yoki chinmi, agar sening qobiliyatlaring menda bo‘lgandami, ularning qadriga yetib, butunlay boshqacha yo‘l tutgan bo‘lardim, derdi.

Tez anglash, takrorlash va yodda saqlab qolish tufayli yaqin orada otam va boshqa ustozlar bergan darslarni o‘tib bo‘ldim, ammo biror narsani chuqur o‘rgandim, deyolmasdim. Grammatika menga yoqmas, unga bebosh qonun deb qarardim, qoidalar esa istisnolar shu qadar ko‘pligidan kulgili tuyular, chunki ularning barchasini qaytadan maxsus o‘rganishimga to‘g‘ri kelardi. She’rlardan iborat lotin tili darsligi bo‘lmaganda agar, bilmadim, holim ne kechardi. Ularni yod olib, o‘zimcha xirgoyi qilib yurardim. Nomigagina yozilgan bu yuzaki she’rlarning bemaza qofiyalaridagi jo‘g‘rofiy nomlar shunchaki eslab qolishda qo‘l kelardi, masalan:

Ober-Issel: balchiq joy
Obod yurtga chaplar loy.

Nutq tuzilishi va matal, iboralarni tez anglab, mazmun-mohiyat va tushunchalarni ham bir zumda fahmlab olardim. Nutqdagi ayrim kamchiligimga qaramasdan, ritorik narsalar yoki ma’lum mavzu yuzasidan beriladigan topshiriqlarni bajarishda hech kim mening oldimga tusholmasdi. Yozgan insholarim otamga zo‘r quvonch bag‘ishlar va buning uchun ko‘pincha u kishining pul mukofotlariga ham sazovor bo‘lardim.

Sellariusning darsligidagi o‘sha she’rlarni yodlashim kerak  bo‘lgan xonada otam singlimga italyan tilidan dars o‘tardi. Vazifamni tezda bajarib bo‘lgach, italyancha so‘zlarga quloq solib o‘tirardim va bu til menga xuddi lotin tilidan shodon chekinishday tuyulardi.

Xotira va kombinatsiyada peshqadam bo‘lgan bolalar bilan bab-baravar edim, shuning uchun otam mening biror oliy o‘quv yurtiga borishimni ham kutmagan. U menga tez orada o‘zi yoqtirgan Layptsigda avval huquqshunoslikka o‘qishimni, so‘ng boshqa bir universitetga kirib, doktorlik dissertatsiyamni himoya qilishim lozimligini tayinladi. Ikkinchi o‘qish masalasida qayerni tanlashim unga baribir edi, faqat Gyottingenni, bilmadim, nimagadir yoqtirmas edi: men esa aynan o‘sha yerga qattiq ishonardim va undan umidim katta edi.

Bundan tashqari, Vettslar bilan Regensburgga, hech bo‘lmasa Venaga va u yerdan Italiyaga borishim lozimligini uqtirib, yana shuni ham takroran aytdiki, avvalo Parijni ko‘rishim zarur ekan, chunki Italiyaga borib kelgach, hech narsaning qizig‘i qolmas emish.

Kelajak yoshligimning ushbu ertagi ko‘p takrorlandi, zero, u Italiya haqidagi hikoya bilan boshlanib, Neapol safarnomasida nihoyasiga yetdi. Undagi jiddiylik va shirasizlik goh tarqaganday, goh jonlanganday tuyular va biz bolalar qalbini bu jannatlarni ko‘rish orzusi qamrab olgandi.

Tobora ko‘payib borgan xususiy darslarimni qo‘shni bolalar bilan baham ko‘ra boshladim, biroq ular bilan birgalikda o‘tgan bu darslar meni qoniqtirmadi; o‘qituvchilar beparvo, loqayd, o‘z ishiga mas’uliyatsiz edi, qolaversa, sheriklarimning shumliklari o‘zi shundog‘am arzimas, nochor dars soatlarini yo‘qqa chiqarardi. Saboqlarga rang-baranglik baxsh etib, darslarning qiziqarliligini ta’minlaydigan xrestomatiyalar hali bizgacha yetib kelmagan edi.

O‘jar Kornelius Nepos hamda va’z-nasihatlar va diniy darslar tufayli yanayam ma’nosiz tuyulgan Injilning biz yoshlar uchun hech qanday qizig‘i yo‘q edi; buning aksi o‘laroq, o‘sha davrdagi nemis shoirlarining mutolaasidan so‘ng, qalblarimizni qofiya va she’rga bo‘lgan qandaydir tashnalik chulg‘ab olgandi. Bu hissiyot menda ancha avval paydo bo‘lgan, chunki vazifalarimni bajarishda ritorik munosabatdan ko‘ra poetik yondashuv qiziqarliroq ko‘ringan edi. Biz bolalar odatda yakshanba kunlari uchrashib turardik va har birimiz o‘zimiz yozgan she’rlardan o‘qib berishimiz lozim bo‘lardi. Xuddi o‘sha paytda qandaydir g‘aroyib voqea sodir bo‘ldi-yu, uzoq vaqt halovatim yo‘qoldi. Men o‘z she’rlarimni, qanday bo‘lmasin, har doim eng yaxshi deb hisoblardim. Biroq tez orada shuni sezdimki, aslida bemaza narsalar olib keladigan raqobatchi sheriklarim ham xuddi ana shunday holatda bo‘lib, o‘zlarini birovdan sira kam deb o‘ylashmas ekan. Bunday ishlarga noqobil, ammo o‘zi yaxshi bir bola bor edi, bilishimcha, uning she’rlarini murabbiy yozib berarkan, u esa ularni nainki zo‘r deb hisoblar, balki o‘zim yozganman deb yurar, buni menga o‘zi har doim ochiq-oydin aytar edi. Shunda ko‘nglimdan balki men ham vasvasaga uchib, adashayotgandirman, ehtimol, o‘sha she’rlar haqiqatan ham menikidan yaxshiroqdir, kim biladi, bolalar oldida o‘zimni zo‘r qilib ko‘rsatishga urinib, chindan ham nohaqlik qilayotgandirman, degan o‘y kechdi va bu narsa meni juda uzoq vaqt qiynab, bezovta qilib yurdi. Ha, o‘shanda ishlarim ham picha yurishmay qolgan. Nihoyat, beg‘amlik va izzattalablikdan bir oz taskin topib, qolaversa, bizning holimizdan xabar topgan ota-ona va muallimlarimiz oldindan tayyorgarliksiz bergan vazifani muvaffaqiyatli bajarib, barchaning maqtoviga sazovor bo‘lganimdan keyingina ko‘nglim tinchib, o‘zimga kelganman.

O‘sha davrlarda hali bolalar uchun kutubxonalar tashkil qilinmagan edi. Kattalar bolalarcha kayfiyatda bo‘lib, yosh avlodga ta’lim berish qulayroq, deb hisoblardilar. Amos Komeniusning „Orbis pictus“[14]idan boshqa shu xildagi kitob hali qo‘limizda yo‘q edi. To‘g‘ri, Bibliya (Injil)ning misgar usta Merian tomonidan mis bilan ishlov berilgan, yarim formatda bosilgan salmoqli jildiga ham tez-tez ko‘zimiz tushardi. Bundan tashqari, Gottfridning “Yilnoma”si bor edi, bu kitob ham o‘sha usta tomonidan mis bilan ishlangan bo‘lib, bizni dunyo tarixidagi eng g‘aroyib hodisalar bilan tanishtirar edi. „Acerra philologica“[15]  esa har xil masallar, mifologiyalar hamda ajib va g‘aroyib narsalar bilan oshno etardi. Oradan ko‘p o‘tmay, Ovidiyning “Evrilishlar”i bilan baqamti bo‘lib, birinchi kitoblarini o‘qib-o‘rganib chiqdim, natijada ko‘plab muhim voqea, hodisalar va ajoyib manzaralarning shohidi bo‘lish bilan birga, har doim o‘z sevgan ishim bilan mashg‘ul bo‘ldim.

Qadimiy narsalardan yana Fenelonning “Telemax”i bilan yangi cherkov tarjimasi orqali tanishishga muyassar bo‘ldim, garchi u o‘ta nomukammal bajarilgan bo‘lsa-da, harholda menga yoqdi. “Robinzon Kruzo”ning o‘z vaqtida kelib qo‘shilishi ham mutlaqo tabiiy edi, jumladan, “Felzenburg oroli”[16] xususida ham xuddi shunday deyish mumkin. Lord Ansonning “Olamga sayohat”i esa haqiqatning ustunligi ertaklar olamining boy fantaziyasiga uzviy bog‘lanib ketganligi bilan jozibali edi. Bu kitobni o‘qigan paytlarimizda beixtiyor globusga barmoqlarimizni tekkizib, o‘sha ajoyib dengizchi bilan birga xayolan dunyo kezardik. Shundan so‘ng, yana bir talay boshqa asarlar bilan ham tanishdim, garchi ularni mukammal deb bo‘lmasa-da, o‘tgan zamonlarning ruhi va ko‘rsatgan xizmatlari haqidagi xolisona hikoyalari tufayli qadrli deyish mumkin edi.

“Xalq kitoblari” yoki “Xalq asarlari” deb nomlangan o‘sha kitoblarni chiqargan nashriyot Frankfurtning o‘zida ma’lum va mashhur bo‘lib ketdi, kitoblar esa bozori chaqqonligidan o‘ta sifatsiz siyohshimgich qog‘ozga bir xil harflar bilan deyarli o‘qib bo‘lmaydigan holda bosila boshlandi. Biz bolalar shirinlik o‘rniga o‘rta asrning ushbu qimmatli qoldiqlarini bir necha kreytser evaziga kitobfurushdan xarid qilolganimizdan baxtiyor edik. Shu tariqa, Oylenshpigel, to‘rt Haymon bolalari, sohibjamol Meluzina, imperator Oktavian, go‘zal Magelona va Fortunatusdan tortib, to abadiy yahudiygacha, barchasi bizlarning xizmatimizda edi. Buning afzalligi shunda ediki, basharti mazkur asarlar titilib ketguday bo‘lsa ham, darhol yana yangisini sotib olib, o‘qishda davom etaverardik.

Xuddi yozda ayni oilaviy safarga chiqqan paytingizda havo to‘satdan aynib, momaqaldiroq gumburlab, kayfiyatingiz bir zumda buzilgani kabi xastaliklar ham kutilmaganda yoshlikning eng go‘zal fasliga to‘g‘ri kelib qolar ekan. Mening hayotimda ham xuddi shunday bo‘ldi. Fortunatusni xazina va sehrli qalpoqchasi bilan endigina sotib olgan edim, birdaniga ko‘nglim behuzur bo‘lib, isitmam ko‘tarildi, bu chechakning alomati ekan. Unga qarshi emlash bizda doim katta muammo bo‘lib kelgan, garchi mashhur yozuvchilar buni aniq va ishonarli tarzda tavsiya qilishganiga qaramasdan, nemis shifokorlari bu borada amaliyotga qo‘l urishga hamon ikkilanib kelishadi. Mavhum fikrlovchi inglizlar esa kelib, o‘ziga to‘q va bid’atdan xoli bo‘lgan oilalarning bolalarini mo‘may haq evaziga chechakka qarshi emlashdi. Biroq ko‘pchilik mudom eskicha fikrda edi: kasallik ko‘plab oilalarni qamrab oldi va talaygina bolalarning hayotiga zomin bo‘ldi, shunda ham ayrim ota-onalargina sinalgan vositadan foydalanishga jur’at qildilar. Dard bizning xonadonga ham yetib kelib, meni o‘z iskanjasiga oldi. Butun a’zoyi badanimga chechak toshib, yuzimni bekitib olib, bir necha kun yotib qoldim. Dard yengillashi uchun qimirlamay yotishimni maslahat berishdi. Bir amallab buni uddaladim, ammo meni iloji boricha issiq saqlashga harakat qilishganidan ahvolim og‘irlashdi. Oradan ancha vaqt o‘tib, bir kuni nihoyat, xuddi yuzimdan niqob olib tashlangandek, o‘zimni yengil his qildim, badanimda chechak izlari qolmagan, biroq yuz tuzilishim sezilarli darajada o‘zgargan edi. O‘zim yorug‘ olamni yana ko‘rib turganimdan, badanimdagi dog‘lar yo‘qolganidan xursand edim, lekin boshqalar menga o‘sha kunlarni eslatishdan o‘zlarini tiyayolmadilar. Ayniqsa, sho‘x-shaddod, tili burro xolam meni ko‘rishi bilan: “Jin ursin! Qarindosh, yuzing buncha xunuk bo‘lib ketibdi!” desa bo‘ladimi. So‘ng, bir vaqtlar meni faxr bilan qo‘lida ko‘tarib olib yurganini eslab, gapirib ketdi, shunda men odamlarga ulashgan quvonchimiz bir kun kelib o‘zimizga jazo bo‘lib qaytishini tushunib yetdim.

Yoshlik – beboshlik deganday, meni na qizamiq va na shamolchechak chetlab o‘tdi va har gal odamlar menga eson-omon qutulganingga shukur qilgin, deyishardi. Ammo afsuski, orqavarotdan boshqa bir nima sezdirmay pusib kelar va bu narsa meni chuqur o‘yga toldirardi. Ana shu azoblardan qutulish uchunmi, o‘zim ham sabr-chidamga bir oz ko‘nikdim, qolaversa, nasroniylarning bag‘rikenglik ta’limoti ham tavsiya etganidek, menga ayniqsa, sabot-matonatli, bardoshli insonlarning fazilatlari taqlid qilishga loyiq bo‘lib tuyuldi.

Oilaviy dard-iztiroblar haqida gap ketar ekan, shu o‘rinda yana bir ukamni[17] xotirlab, esga olib o‘tgim keladi, u mendan uch yosh kichik bo‘lib, xuddi shu xastalikka duchor bo‘lgan edi. Uning tabiati nozik, o‘zi kamgap va qaysar edi. Umri qisqa ekan, bolalik davrini yashab o‘tolmadi. Mendan keyin tug‘ilib, uzoq yashash nasib etmagan singillarimdan biri benihoya chiroyli va yoqimtoy edi, u ham ko‘p o‘tmay, bizlarni tashlab ketdi, oradan yillar o‘tib, birgina singlim bilan ikkovimiz qoldik.

O‘sha kasalliklar va boshqa yoqimsiz to‘siq va kamchiliklar barchasi bir bo‘lib, ikki baravar og‘ir oqibatlarga olib kelgan: chunki otamiz ta’lim-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha muayyan taqvim tuzib olgan, shekilli, har qanday boy berilgan narsaning, masalan, darslarning o‘rni bevosita to‘ldirilishini xohlar va kim sog‘ayib chiqsa, unga ikki barobar ko‘p vazifa topshirar edi. Albatta, buni bajarish menga qiyinchilik tug‘dirmagan, o‘sib-ulg‘ayishimga ma’lum darajada monelik qilardi, xolos.

Bundayin didaktik va pedagogik mushkulotlardan qochib, odatda bobomiz va buvimiz huzuridan panoh topardik. Ular yashayotgan xonadon Fridbergergasseda joylashgan bo‘lib, u yer bir zamonlar qasr bo‘lgani ko‘rinib turardi: chunki kirib borishingiz bilan ikki tomoni qo‘shni uylarga tutashgan kungurali kattakon darvozaga ko‘zingiz tushadi. Torgina yo‘lakdan o‘tib, tevarak-atrofi baland-past binolar bilan o‘ralgan keng hovliga chiqiladi. Odatda biz o‘sha binolar ortidagi yastanib yotgan, juda yaxshi saqlangan, xiyla uzun va keng bog‘ tomon yugurgilab borardik, yo‘laklar tokzorlar bilan ihotalangan, ikki chetidagi jo‘yak va gulpushtalarda oshxonabop o‘simliklar va turli-tuman gullar erta bahordan to kuzga qadar barq urib o‘sib yotardi. Janubga qaragan devor bo‘ylab yaxshi hosil beradigan shaftoli daraxtlari qator tizilib ketgan, bizlar uchun man etilgan mevalari yoz bo‘yi g‘arq pishib, ko‘zimizni kuydirar edi. Ammo biz u tarafga iloji boricha qadam bosmas edik, chunki shirintomoqlikni qondirolmasligimizni yaxshi bilardik va shuning uchun qarama-qarshi tomonga yo‘l olardik, u yerda qorag‘at butalari ko‘z ilg‘amas uzoqlarga  cho‘zilib ketgan, mevalaridan to kuzga qadar birday bahramand bo‘lar edik. Bulardan tashqari, baland tarvaqaylab o‘sgan keksa tut daraxti ham bor edi, uning mevasini yaxshi ko‘rardik, bargi esa ipak qurtlari uchun ozuqa ekanini bilib olgan edik. Ushbu sokin, tinch go‘shada har kech bobomning gulzor va mevazorlarni astoydil parvarish qilib yurganini ko‘rish mumkin edi, og‘irroq ishlarni esa bir bog‘bon bajarardi. Bobom go‘zal chinnigul chamanzoriga erinmay qarab, uni kengaytirish uchun bor kuch-g‘ayratini ayamasdi. Shaftoli daraxtlarining hosildorligini yanada oshirish uchun shoxlarini shpalera (ustuncha)larga yarim doira shaklida chiroyli qilib bog‘lab chiqardi. Lola, giatsint (sunbul) va boshqa turdosh o‘simliklarning piyozlarini saralash va saqlash bilan ham o‘zi shug‘ullanar, bu ishlarni hech kimga ishonmasdi. Yana bir narsani yaxshi eslayman, bobom turli xil atirgul navlariga kurtak payvand qilishning ham hadisini olgan edi. Bu ishlarni bajarishda gul tikanlaridan saqlanish uchun qo‘llariga o‘sha almisoqdan qolgan charm qo‘lqoplarni kiyib olardi, bunaqa qo‘lqoplar esa bisyor edi, chunki ularni har yilgi “hushtakbozlar sudi”da beminnat olib turardi. Egnida rido, jubbaga o‘xshagan uy xalati, boshida esa ezilgan, g‘ijim qora baxmal shapka bo‘lar, shu turishida bobom Alkinos bilan Lertsni[18] eslatardi. Bobom bog‘dorchilik ishlarini ham xuddi xizmat vazifasi kabi muntazam, aniq va puxta bajarar, har doim pastga tushishdan oldin idoradagi zarur ishlarini bitirib, hujjat va qog‘ozlarini ham tartibga keltirib qo‘yardi. Ertalab ratusha – shahar boshqarmasiga borib kelar, so‘ng tamaddi qilib olgach, o‘tirgan joyida bir oz mizg‘ib olar, xullas, bir-biriga o‘xshash kunlar shu tarzda o‘tib borardi. U kishi kamgap, birovga qattiq gapirmasdi, jahllari chiqqanini ham eslolmayman. Tevarak-atrofidagi hamma narsalar eski, qadimiy edi. Panel (yog‘och-taxta) qoplangan kabinetida qandaydir yangilik bo‘lganini bilmayman. Kutubxonasida huquqshunoslikka oid asarlardan tashqari faqat ilk safarnomalar, dengiz bo‘ylab sayohatlar hamda kashf etilgan mamlakatlar haqidagi kitoblar bor edi. Umuman olganda, bu yerdagidan boshqacha bo‘lishi mumkin bo‘lgan qandaydir sokin va abadiy tinchlik holatini tasavvur qilolmasdim. Bu hurmatli qariyaga nisbatan izzat-ikromimizni  yanada  oshirgan  narsa, uning o‘zi va o‘z taqdiriga taalluqli voqea, hodisalarni bashorat qilish qobiliyatiga bo‘lgan qat’iy ishonchimiz edi.  Chunonchi, bobom buvimdan boshqa hech kimga ichidagini ochiq-oydin yorilmasdi, lekin biz barchamiz ro‘y beradigan voqea, hodisalarning xosiyatli tushlar orqali uning o‘ziga oldindan ayon bo‘lishini yaxshi bilardik. Misol uchun, hali u shahar kengashining yosh a’zolaridan biri bo‘lgan paytlarda rafiqasiga sheffen (sud maslahatchisi)ning o‘rni bo‘shab qolishi va u o‘ziga nasib qilishini aytadi. Haqiqatan ham tez orada sheffenlardan biri miyasiga qon quyilib o‘lgach, saylov va soqqa bilan ovoz berish belgilangan kuni uydagilarga mehmonlar va tabriklash uchun keluvchilarni kutib olishga tayyorgarlik ko‘raverishni tayinlaydi va o‘sha kuni haqiqatda ham hal qiluvchi oltin soqqa uning foydasiga chiqadi… Ushbu voqea tushida qanday ayon bo‘lganini keyinchalik shunday tushuntirib bergan: shahar kengashining odatdagi yig‘ilishi bo‘layotganmish, shunda haligi o‘lgan sheffen birdaniga o‘rnidan turib, pastga tushibdi-da, uning oldiga kelib, iltifot bilan: mening o‘rnimni egallashingiz mumkin deb, eshikdan chiqib ketibdi.

Sobiq oqsoqol vafot etganda ham xuddi shunga o‘xshash hodisa yuz bergan. Bunaqa paytlarda kayzerning oqsoqol tayinlash huquqidan foydalanishiga imkon bermaslik uchun odatda yangi oqsoqol saylovini zudlik bilan o‘tkazishga harakat qilinardi. Bu gal idoraga yarim tunda vakil kirib kelib, navbatdan tashqari yig‘ilish ertasiga ertalabki paytga belgilanganini ma’lum qiladi. Shunda kutilmaganda vakilning chirog‘i o‘chib qolib, sham qoldig‘ini berib turishlarini so‘raydi. Bobom: unga butun sham beringlar, axir u meni deb yuribdi, deydi. Farishtalar omin deganmi, ertasi kuni soqqa bilan ovoz berish bobom foydasiga hal bo‘lib, u bir ovozdan oqsoqol etib saylanadi.

Bizga ma’lum bo‘lgan boshqa tushlar va karomatlar ham xuddi shunday jo‘n, oddiy bo‘lgan. Hanuz esimda, bolaligimda bobomning kitoblari va yozma taqvimlarini titkilab o‘tirib, bir kuni bog‘dorchilikka oid allaqanday yozuvlarni topib olganman: bugun tunda N. N. oldimga kelib, shunday-shunday dedi… ism va vahiy shifr bilan yozilgan edi. Yoki shunga o‘xshash yana bir izoh: bugun kechasi ko‘rdim… qolgan so‘zlar shifrlangan bo‘lib, o‘shanda hech narsani anglayolmaganman.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, hech qanday bashorat qilish qobiliyatiga ega bo‘lmagan shaxslar ham ba’zida o‘z muhiti doirasida bir lahza bo‘lsayam, ayni choqda o‘zidan uzoqda sodir bo‘layotgan kasallik yoki o‘lim holatlarini qandaydir hissiy tuyg‘u yoki ishora, alomat vositasida oldindan sezib, payqay olishgan. Ammo ulardagi bunday qobiliyat bolalari yoki nabiralariga o‘tmagan, ular ko‘proq serg‘ayrat va xushchaqchaq, quvnoq odamlar bo‘lishgan.

Kezi kelganda, fursatdan foydalanib, bizlarga yoshligimizda ko‘p yaxshiliklar qilgan bunday kishilarni minnatdorlik bilan eslab o‘tmoqchiman. Melber ismli vofurush bir odamga turmushga chiqqan ikkinchi xolam shular jumlasiga kiradi. Ular shaharning bozorga yaqin bo‘lgan eng gavjum, tiqilinch yerida turishardi. G‘ala-g‘ovur ichida yo‘qolib qolishdan qo‘rqib, biz bolalar ushbu manzarani ularning uyida derazadan tomosha qilib o‘tirardik. O‘shanda do‘konlardagi behisob turli-tuman mahsulotlar orasidan aynan qizilmiya (dukkakli o‘simlik, shirinmiya deb ham ataladi – tarj.) va undan tayyorlanadigan yumaloq-yassi jigarrang pishiriqlarni yoqtirib qolganmiz. Shu xolam juda quvnoq ayol bo‘lgan. Onam yoshligida ozoda kiyinib, nafis yumushlar bilan mashg‘ul bo‘lishni yoki kitob o‘qishni yaxshi ko‘rgan bo‘lsa, xolam qo‘ni-qo‘shnilarning oldiga borib, qarovsiz  qolgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilishni, ularning sochlarini tarab, ko‘tarib olib yurishni yoqtirgan, shu jumladan, menga ham ko‘p vaqtini ajratgan. Toj kiydirish marosimi singari bayramlar boshlandi, deguncha uyga sig‘may qolardi. Kichkina qiz bola paytidan boshlab, mana shunaqangi tadbirlarga qatnashib kelgan. Bir kuni davraga sochilgan pullarni terib olib, kaftida tutib tursa, kimdir qo‘liga bir urib, pullarni tushirvorgan ekan. Yana bir kuni kayzer Karl Yettinchi ko‘chadan foytunda o‘tib borayotgan bo‘lgan, hamma odamlar jim, u esa yo‘l chetida turgan ko‘yi kayzerga qarab bor ovozi bilan vivat![19] deb qichqirgan, shunda kayzer ham boshidan shlyapasini olib, unga minnatdorchilik bildirgan ekan. Xolam uyda ham doim xushchaqchaq edi, biz bolalar ularnikida  ko‘plab  quvnoq damlarni birga o‘tkazganmiz.

Yana bir xolamiz Sankt Katarina cherkovi ruhoniysi Shtark bilan turmush qurgan edi. Pastor[20] o‘z e’tiqodi va rutbasiga mos ravishda ko‘pincha yolg‘iz yashar, uning ajoyib kutubxonasi bor edi. Men u yerda avvalo, Homer bilan nasriy tarjima orqali tanishganman, u janob Lyonning “Eng g‘aroyib sayohatlarning yangi to‘plami”da “Troya davlatining zabt etilishi haqida Homer bayoni” degan sarlavha ostida berilgan edi. Mazkur lavhalar mening ongimga shu qadar salbiy ta’sir ko‘rsatganki, men uzoq vaqt Homer qahramonlarini faqat mana shu obrazlar qiyofasida tasavvur qilib yurdim. Voqealarga kelsak, menga juda yoqqan, ularning ta’rifiga so‘z yo‘q edi, faqat asarda Troyaning egallanishi haqida lom-mim deyilmagani va asarning Hektor o‘limi bilan shunday xira, nursiz, loqayd tarzda tugashi hafsalamni pir qilgan edi. Bu haqda pochchamga aytgan edim, u menga Vergiliyni tavsiya qildi va men uni o‘qib, to‘la qoniqish hosil qildim.

Biz bolalarga boshqa darslar bilan bir qatorda muntazam ravishda diniy saboqlar ham berib borilishi o‘z-o‘zidan tushunarli edi. Biroq cherkovga oid protestantlik[21] aslida quruq pand-nasihatning bir ko‘rinishi edi, xolos: aqlli, bama’ni ma’ruzalar haqida hech kim o‘ylamas, ta’limotning o‘zi esa na vujudga, na qalbga malham bo‘la olardi. Shuning uchun ham qonuniy cherkov tarkibidan ajralib chiqishlar yuzaga kelgan. Separatizm va piyetizm tarafdorlari, herrnhuter (mazhab a’zosi)lar va mamlakatdagi indamaslarning barchasi Tangriga yanada yaqinlashish niyatida bo‘lishgan, biroq bunga umumdiniy yo‘l bilan emas, balki nasroniylik orqali erishish ko‘proq mumkin bo‘lib tuyulgan bo‘lsa, ehtimol.

Bu haqdagi fikr va qarashlar to‘g‘risida har xil gaplar quloqqa chalinardi: chunki ruhoniylar ham, qavmlar ham ikki qarama-qarshi guruhga bo‘lingan edi. Ajralib chiqqanlar son jihatidan ozchilikni tashkil etsa-da, ammo ularning fikrlash tarzi o‘ziga xosligi, samimiyligi, qat’iy va mustaqil ekanligi bilan o‘ziga jalb etardi. Bunday fazilatlar va ularning ifodasi haqida esa har xil gap-so‘zlar yurardi. Ayniqsa, xudojo‘y bir tunukasoz ustaning o‘z kasbdoshi savoliga bergan javobi juda mashhur bo‘lib ketgan edi. O‘sha hamkasbi aftidan, ustani mot qilmoqchi bo‘lib, undan piring kim, deb so‘ragan. O‘z ishiga mohir temirchi usta shunda quvnoqlik bilan piri sifatida Dovud payg‘ambarning nomini tilga olgan ekan.

Shu va shunga o‘xshash gaplar bolalarda ham o‘ziga yarasha taassurot qoldirgan va ularni xuddi shu singari fikr va qarashlarga undagan bo‘lsa, ajab emas. Xullas, olam go‘zalligi va har xil ezguliklar nasib etib, Yaratganning ilgarigi g‘azablari ham unut bo‘lgach, ularda yer va osmonni yaratgan va o‘z panohida asraguvchi ulug‘ Tangriga bevosita yaqinlashish fikri tug‘ilgan, biroq bu yo‘l o‘ta g‘alati va g‘aroyib edi.

Bolalar umuman birinchi diniy aqidaga amal qilishgan. Tangri tabiat bilan bevosita aloqada va insonga ham xuddi shunday munosabatda, unga va yulduzlarning harakatlanishi, kun va yil fasllari, o‘simlik va hayvonlar uchun ham g‘amxo‘rlik qiladi. Bu haqda nasroniylarning diniy kitobi – Injilda aniq va ravshan aytib o‘tilgan. Ammo bolalar bir narsaga tushunolmay, izlanadi va unga Ko‘hna Ahd (Tavrot) tarzida mehrob barpo etmoqchi bo‘lishadi. Tabiiy mahsulotlar dunyoni muqoyasa tarzida namoyon etishi va ular uzra alanga yonib, o‘z yaratuvchisi tomon intilgan inson ko‘nglini ifodalashi lozim edi. Shunday qilib, mavjud bo‘lgan va tasodifan ko‘paygan tabiatshunoslik to‘plamidan eng yaxshi palla va nusxalar izlanadi, ammo ularni qanday joylashtirish muammosi ko‘ndalang turardi. Otamizning qizil rangda loklangan, zarrin gullar bilan chiroyli qilib bezatilgan musiqiy pulti bor edi. U chorqirra ehrom shaklida bo‘lib, kvartetlar uchun juda qulay edi. Bolalar uni o‘zlariniki qilib olib, tabiat to‘plamini bosqichma-bosqich qilib joyladilar va bu manzara juda quvnoq va muhim ahamiyat kasb etdi. Tonggi quyosh chiqayotgan payt ilk ibodat qilinishi lozim edi, faqat yosh ruhoniy qanday alanga oldirishni bilmasdi. Ammo unda chekiladigan shamcha bor edi, u langillab yonmasa-da, harholda burqsib xushbo‘y hid taratar edi. Ha, bu o‘rtamiyona yonish va bug‘lanish ko‘ngildagi istakni alangaga qaraganda ko‘proq ifodalay oladigandek tuyuldi. Quyosh ham allaqachon yotog‘idan ko‘tarilgan, lekin qo‘ni-qo‘shnilarning uylari sharq tomonni to‘sib turardi. Nihoyat, quyosh tomlar uzra ko‘rindi va darhol yondiruvchi oyna bilan chiroyli chinni idishning eng tepasida turgan chekiladigan shamcha alanga oldirildi. Hammasi ko‘ngildagidek, toat-ibodat ham mukammal bo‘ldi. Mehrob uyda o‘zi uchun ajratilgan xonaning muhtasham ziynati bo‘lib qoldi. Har bir kishi unda yaxshilab bezatilgan tabiatshunoslik to‘plamini ko‘rar, bolalar esa undagi yashirin sirni yaxshi bilishardi. Mehrob o‘sha tantananing takror bo‘lishini qo‘msardi. Baxtga qarshi, quyosh eng qulay joyga ko‘tarilgan chog‘da chinni idish qo‘lda emasdi. Bolalar chekiladigan shamchalarni musiqiy pultning yuqori yuzasiga qo‘ydi, ular yoqildi va ibodat shunchalik kattalashdiki, ruhoniy o‘z qurboni qanchalik ziyon keltirganini ham sezmay qoldi. Shamlar langillab, qizil lok va chiroyli zarrin gullar ham yonib, yovuz ruh g‘oyib bo‘lgandek edi, faqat uning qorayib ketgan, ketkazib bo‘lmaydigan oyoq izlari qolgan edi, xolos. Buni ko‘rib, yosh ruhoniy sarosimaga tushdi. To‘g‘ri, u zararni ajoyib pog‘onalar orqali qoplashni bilardi, biroq unda endi yangi qurbonlar  uchun jasorat yetishmas va qanchalik xavfli bo‘lmasin, bu tasodifga shu singari yo‘ldan borib, Tangriga yaqinlashish uchun ishora va ogohlikka da’vat deb qarashni istardi.

Olmon tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 1-son

___________________

[1] Der nicht Geschundene wird nicht erzogen – Bu aslida yunoncha hikmatli so‘z bo‘lib nemischaga so‘zma-so‘z tarjima qilingan ma’nosi: kimki qiynalib ko‘rmasa, odam bo‘lmaydi (Barcha izohlar tarjimonniki – M. A.).

[2] Hirshgraben (Hirschgraben) – Hirsch – bug‘u, Graben – chuqur, o‘ra, xandaq (nem.).

[3] Gartenzimmer (nem.) – derazalari bog‘ tomonga qaragan xona.

[4] Kegli – tippa-tik qo‘yib teriladigan shisha shaklidagi chillaklarni shar bilan urib yiqitish o‘yini.

[5] Solitario bosco ombroso (ital.) – Soya-salqin, qalin o‘rmoncha. Italyan shoiri Petro Metastazio (1698-1782) qalamiga mansub she’r, o‘sha davrda nihoyatda ommalashib, tez-tez qo‘shiq qilib kuylangan.

[6] Kräm, Zeil – Frankfurtda joylashgan ko‘chalarning nomlari.

[7] Svinger (Zwinger) – Shaharning ichki va tashqi devorlari o‘rtasidagi bo‘sh joy.

[8] Cho‘loq iblis – Farang adibi Lesajning “Cho‘loq iblis” (1707) nomli ijtimoiy-tanqidiy romanidagi bosh qahramon.

[9] Goldne Bulle – Karl IV tomonidan Frankfurtda 1356 yildan boshlab joriy etilgan qonuniy hujjat, unda jumladan, kayzer saylovlari tartibi ham o‘z ifodasini topgan.

[10] Halsgerichtsordnung – Germaniyada o‘rta asrlarda joriy qilingan jinoyat va jinoiy-protsessual qonunlar to‘plami (1532 yilda kayzer Karl V tomonidan chiqarilgan).

[11] Aaxen sulhi – Avstriyaning merosxo‘rlik tartib-qoidalari bo‘yicha urushlariga chek qo‘ygan (1748).

[12] Pommer, goboy – yog‘ochdan yasalgan, puflab chalinadigan musiqa asboblari.

[13] Electa de aditione hereditatis (lot.) – Meros mulkni qabul qilish haqida ayrim mulohazalar.

[14] Orbis pictus (lot.) – Komenius tomonidan 1658 yilda nashr qilingan suratli darslik.

[15] Acerra philological (lot.) – 17, 18 asrlarda tez-tez chop etilgan antik antologiya.

[16] Felzenburg oroli – Yohann Georg Shnabelning utopik romani.

[17] Ukasi Hermann ham chechak kasali bilan og‘rib, bevaqt vafot etgan.

[18] Alkinos va Lerts – Homerning “Odisseya” nomli epik dostonidagi obrazlar. Gyote bobosini mansabiga ko‘ra qirol Alkinosga, bog‘dorchilik ishlari bilan shug‘ullangani uchun Odisseyaning otasi – Lertsga o‘xshatgan.

[19] Vivat! – Yashasin! (lot.).

[20] Pastor – protestant mazhabidagi ruhoniy.

[21] Protestantlik  –  G‘arbiy Yevropada XVI asrdan boshlab katolitsizm (nasroniy dinining Rim papasi boshliq mazhabi)dan ajralib chiqqan turli nasroniy mazhablarning umumiy nomi.