Onasi kunduzi Layloni qo‘shniga qoldirib, o‘zi ishga ketadi. U tikuvchilik tsexida ishlaydi. Laylo qo‘shnining qizi Maryam bilan o‘ynaydi. Ona-bola Maryamlarning uyidagi bir xonada yashaydi. Laylo besh yoshda, Maryam esa undan bir yosh katta.
Bir kuni Maryamning tog‘asi qo‘g‘irchoq olib keldi. O‘sha kuni qizaloqlar qo‘g‘irchoq bilan rosa o‘ynadi. Qo‘g‘irchoq Layloning yonida edi, u esa butunlay o‘ziga qolishini xohlardi. Biroq Maryam:
– Istaganingcha o‘yna. Faqat qo‘g‘irchoq meniki, – dedi.
Layloning ko‘ngli og‘ridi. Kunbotarda onasi kelgach, yugurib yoniga bordi:
– Oyi, oyi, menga ham Maryamnikidek qo‘g‘irchoq olib berasizmi?
– Yo‘q, olib bermayman, – dedi onasi.
– Nega?
– Chunki sen yaxshi qiz emassan.
– Oyi… Men yaxshi qizman-ku!
– Yaxshi qiz bo‘lsang, unda nega ko‘zlaring har narsaga qarayveradi? Hali uni, hali buni xohlayman, deysan.
– Agar gaplarimga quloq solsang, zo‘r narsa olib beraman, degandingiz-ku? Ana, endi qo‘g‘irchoq olib bering, xuddi mana bunaqasidan.
– Men, qo‘g‘irchoq, demaganman.
– Nima unda?
– Ham kerakli, ham senga yoqadigan narsa olib beraman.
– Nima?
– Etik!
– Etik?
– Ha, etik. Qulay va chiroyli etik. Uni qishda – sovuqda, qor va yomg‘irli havoda kiyasan. Oyoqlaring issiqqina yuradi. Bemalol yugurishing, o‘ynashing mumkin. Maktabga borasan. Qo‘g‘irchoq faqat o‘yinchoq, hech qanday ishingni qilib bermaydi.
Laylo bu gapga ko‘ndi, ammo sabr qilolmadi, onasining chodrasidan tortdi:
– Etik sotvolishga hozir boraylik!
– Charchaganman. Dam olish kunida birga borib, etik sotvolamiz, – dedi onasi.
Laylo yig‘lashga tushdi. Hiqilladi.
Onasining jahli chiqdi:
– Agar gapimga kirmay meni xafa qilsang, hech qachon etik olib bermayman!
O‘sha kuni ona-bola uzoq gaplashib o‘tirishdi. Axiyri etik sotvolgani ertasi kuni borishga kelishishdi.
Onasi ishdan vaqtliroq qaytdi. Laylo yo‘lakda o‘tirar, ko‘zi eshikda edi. Onasini ko‘rib, yoniga yugurdi, oyoqlarini quchoqladi:
– Ketdik, oyijon! Etik sotib olishga ketdik!
Onasi Layloning qo‘lidan tutdi, ko‘chaga chiqishdi. Bir necha poyabzal do‘koni joylashgan ko‘chaga yetib kelgunga qadar ko‘chama-ko‘cha uzoq yurishdi. Ular do‘konlar oldida to‘xtab, oynadevor ortidagi poyabzallarni ko‘zdan kechirardilar. Kuz bo‘lishiga qaramay oynavand peshtaxtalarda yozgi oyoq kiyimlarni ham ko‘rish mumkin edi. Qishki poyabzal va etik ham bor edi. Laylo ilk uchragan etikni sotib olishni istadi, unga barchasi yoqardi, boshqa joyda etik bo‘lmasa-chi, degan xavotirda edi.
– Do‘konlarda etik ko‘p. Pishiq va chiroylisini topmagunimizcha aylanishimiz kerak. Shoshilishdan foyda yo‘q, – dedi onasi.
Ko‘chama-ko‘cha, do‘konma-do‘kon uzoq yurdilar. Biroq onasiga poyabzallarning birortasi ma’qul kelmasdi. Laylo ochqadi, onasi ham. Yazdi pirogidan olib, bo‘lishib yedilar. Laylo oldinlab ketdi, bir do‘konning oynavand peshtaxtasida etikcha ko‘rib qoldi. Onasi yetib keldi. Poyabzal unga ham yoqdi. Olib berishga rozi bo‘ldi. Etik chiroyli no‘xatrang edi. Laylo kiyib ko‘rdi, oyoqlariga loyiq keldi.
– Yurib ko‘r-chi, – dedi onasi.
Laylo yurdi. Qo‘rquv va quvonch bilan yurdi. Yangi etikchasi bilan yerni bosgisi kelmas edi. Onasi so‘radi:
– Loyiqmi?
– Ha.
– Qutlug‘ bo‘lsin, – dedi sotuvchi.
– Faqat biroz kattaroq, oyog‘imda liqillayapti, – dedi Laylo.
Sotuvchi kuldi. Onasi:
– Kattamas! Qishda qalin junpaypoq bilan kiyasan, ozroq bo‘sh joy qolishi kerak. Agar etik kichkina bo‘lsa, maktabga borganingda sig‘may qoladi. Oyog‘ing tez o‘sadi.
Etikning pulini to‘ladilar. Sotuvchi poyabzalni qutichaga solmoqchi edi, Laylo uyga kiyib ketishni xohladi. Onasining havo sovisa kiyasan, deyishiga ko‘nmadi. Yig‘lab yuborguday ahvolga tushdi.
– Qo‘ying, kiyib ketaversin, xursand bo‘lsin. Qutichaga esa shippagini solib beraman, – dedi sotuvchi.
Onasi rozi bo‘ldi. Laylo qutichani quchoqlab oldi, ular yo‘lga tushishdi. Laylo baxtiyor edi, onasi ham. U ilgarilab-ilgarilab borardi. Yo‘l yurarkan, etik ichida oyoqlari liq-liq qilib ovoz chiqarardi. Laylo bir necha qadam yurar, to‘xtar va etiklariga qarardi. Tezroq uyga borib, yangi poyabzalini Maryamga ko‘rsatgisi kelardi.
Qorong‘i tusha boshladi. Onasi juda charchagan, boshi og‘rirdi.
– Avtobusda ketamiz, – dedi u.
Ular bekatda to‘xtadilar. Avtobus kelgach, bo‘sh joylardan biriga o‘tirishdi. Ko‘cha gavjum edi. Oqshom cho‘kdi. Yo‘lning ikki tomonidagi do‘konlarning chiroqlari yondi. Avtobus odamlarning nafasi bilan issiq edi. Laylo onasining ko‘ksiga bosh qo‘ygancha ko‘zlarini etikchalaridan uzolmasdi. Avtobus beshikday ohista-ohista tebranib, mashinalar oralab ketib borardi. Layloning qovoqlari asta-sekin og‘irlashdi, ko‘zlari yumila boshladi va uxlab qoldi. Haydovchi shogirdining ovozi keldi:
– Ko‘prik bekati!
Avtobus to‘xtadi. Ona-bolaning yonida semiz va gavdali ayol o‘tirgan edi. U kiyim to‘la savatlarini ko‘tarib, shoshilgancha o‘rnidan turdi. Joy tor edi. Savat Layloning etikchasiga tegib o‘tdi. Bir poyi oyog‘idan sirg‘alib, o‘rindiqqa tushib qoldi. Ayol ketdi. Yana bir necha yo‘lovchi tushdi. Avtobus qo‘zg‘olib, yo‘lida davom etdi. Ona mudrardi. Avtobus bir maydonni aylandi. Haydovchi shogirdi ovoz berdi:
– Ahmadi maydoni!
Avtobus to‘xtadi. Pinakka ketgan ona sakrab o‘rnidan turdi. Layloni uyg‘ota olmadi. Avtobus yurishga hozirlandi. Ona qizini quchoqlab, avtobusdan tushdi. Piyodalar yo‘lkasiga o‘tdi. Avtobus ketdi. Laylo hamon uyg‘onmagan, onasining quchog‘ida edi. Ular ko‘chaga o‘tib olishdi. Yo‘l uzun va qing‘ir-qiyshiq edi. Onasi xalloslar, charchagandi. Layloni uyg‘otmoqchi bo‘lardi-yu, bunday qila olmasdi. Uyga yetib kelguncha bu holatga ko‘nikib qoldi. Uy yo‘lagiga kirgach, Layloning etigini yechib qo‘ymoqchi bo‘lib, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bir poyi yo‘q! Tezda Layloni xona burchagiga yotqizdi va iziga qaytdi. Birma-bir qarab chiqdi, piyodalar yo‘lkasiga o‘tdi, bekatga bordi. Avtobus allaqachon ketib bo‘lgan, etik esa yo‘q edi. Ortga qaytdi.
Tun cho‘zilgandan-cho‘zildi. Ona o‘rin soldi. Bir poy etik uy burchagida edi. Ona etikchaning yo‘qolgan poyini xayolidan chiqarolmadi: agar Laylo uyg‘onib, etigining yo‘qolganini bilsa, qanday holga tushadi, deb o‘ylardi u.
Kechasi chiptachi avtobusni tozalashga kirishdi. O‘rindiqlar tagini supurar ekan, bir poy etik chiqib keldi. O‘lchamiga qaradi. Afsuslandi. Etik bolalarniki ekan, kimdir yangi sotib olgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Yap-yangi edi. Egasi topilsa, qaytarib berishni ko‘ngliga tugdi. Ammo bolani tanimaydi – kuniga ota-onasi bilan ko‘plab bolalar avtobusga chiqib-tushadi. Qaysi biriniki ekanini qayerdan biladi? Haydovchi shogirdi etikni chiptachiga berdi. Chiptachi yo‘lovchilar bilet sotib olish uchun kelganlarida ko‘rishi uchun xonasiga – oyna ortiga qo‘ydi. Ehtimol, egasi topilib qolar?!
Ertasi kuni ona barvaqt uyg‘ondi. Tahorat olib, namoz o‘qidi. Qo‘shniga yo‘qolgan etik haqida gapirib berdi. Qizini omonat qoldirib, uydan chiqdi. Asta-sekin tong yorisha boshladi. Yana ko‘chani qarab ketdi, piyodalar yo‘lkasini ko‘zdan kechirdi, etik ko‘rinmasdi. Bekatda to‘xtadi. Kech qolayotgan edi, avtobus kelgach, ishga jo‘nadi.
Ertalab avval Maryam uyg‘ondi. Layloni qidirib xonalariga kirdi. U hamon uxlab yotardi. Maryam xona burchagidagi etikni ko‘rdi. Uni qo‘liga olib, ko‘zdan kechirdi.
– Turaqol, tong otib ketdi! – deb dugonasini uyg‘otdi.
Laylo uyg‘onib, ko‘zlarini ishqaladi.
– Qanday ajoyib etik! Chiroyli ekan, – dedi Maryam hayratlanib.
– Onam olib berdi, – dedi Laylo.
– Bir poyi qani?
– Bilmadim…
Qizlar etikning bir poyini izlab, butun uyni ostin-ustin qilib yuborishdi. Hovlidan Maryamning onasi baqirdi:
– Uyning to‘s-to‘polonini chiqarmay, bu yoqqa kelinglar!
– Layloning etigini qidiryapmiz, – dedi Maryam.
– Behuda izlamanglar! Etik oqshom ko‘chada yo‘qolibdi. Laylo uxlayotganida oyog‘idan tushib qolibdi.
Laylo yig‘lashga tushdi. Bir poy etikni bag‘riga bosgancha tashqariga chiqdi. U hovlining bir chetiga o‘tirib, hiqillab yig‘lardi. Maryam Layloga sekin dedi:
– Yur, ketdik ko‘chaga, etigingni topib kelamiz.
Ular tashqariga chiqishdi. Maryam qayerga ketayotganini onasiga aytmadi. Ko‘chada uzoq yurishdi. Yo‘lga chiqib olishdi.
– Balki, etiging yo‘lda tushib qolgandir?
Ular piyodalar yo‘lkasining har qarichini diqqat bilan qarab, gaplashib ketardilar.
Maryamning onasi qizlarning uyda yo‘qligini ko‘rgach xavotirga tushdi. Boshiga chodrasini tashladi-da, ko‘chaga otildi. Kelayotgan har yo‘lovchidan “Ikki qizni ko‘rmadingizmi?” deb so‘rardi. Ularning ayrimlari ko‘rmaganini aytsa, ba’zilari “Bu tomonga ketishdi”, deyishardi. Laylo va Maryam yo‘lkani ko‘zdan kechirib ketaverdilar, ketaverdilar. Uylaridan juda uzoqlashib ketdilar.
– Maryam, orqaga qaytaylik, – dedi Laylo.
Maryam quloq solmadi. Yurib-yurib bir chorrahaga kelib qolishdi. Ular qayerga borishni bilmasdilar. Uyga qaytmoqchi bo‘ldilar, biroq yo‘lni yo‘qotib qo‘yishgandi. Laylo yig‘i boshladi. Maryam ham yig‘lamoqdan beri turardi.
Yo‘lkadan o‘tib borayotgan bir keksa ayol qizaloqlarni ko‘rib, adashib qolganliklarini tushundi.
– Uylaring qayerda? – so‘radi ayol.
Bolalar uylari qayerda ekanligini bilmasdi.
– Ko‘changizning nomini eslab ko‘ring-chi!
Maryam biroz o‘ylanib turgach:
– Ko‘chamizning nomi… nomi Surush, – dedi. – Ammo qanday borilishini bilmayman.
Ayol bolalarning qo‘lidan ushlab, o‘tgan-ketgan yo‘lovchilardan Surush ko‘chasini so‘rab ketaverdi. Bu paytda Maryamning onasi qo‘rquv va xavotirda piyodalar yo‘lkasida yugurar, hamma joyni birma-bir qarab chiqardi. Ro‘parasida bolalarni yetaklab kelayotgan ayolni ko‘rdi-yu, quvonib ketdi. Ayolga rahmat aytdi. Laylo va Maryamni uydan beruxsat chiqib ketganliklari uchun koyib berdi.
Bir necha kun o‘tdi hamki, biror kimsa etik haqida so‘rab kelmadi. Chipta sotuvchi etikni nozimxona tashqarisiga, ko‘proq ko‘z tushadigan ro‘paradagi devorga suyab qo‘ydi.
Odamlar kelardi, ketardi. Etikka ko‘zlari tushib, “Qaysi bolaning etigi ekan, yo‘qotib qo‘yib, izlab yurgandir?” derdi bir-birlariga.
Laylo kunduzlari bir oyog‘iga etik, ikkinchi oyog‘iga shippak kiyib olardi, ba’zan bir poy etikni Maryam kiyardi.
Laylo onasi ishdan qaytdi deguncha uning yoniga yugurib borar va bir savolni takrorlardi:
– Oyijon, etigimni topmadingizmi?
– Yo‘q, ona qizim! Senga boshqa etik olib beraman!
– Qachon?
– Qo‘limga pul tushsin, biror dam olish kunida!
Laylo bir poy etikni u yoqdan-bu yoqqa ko‘tarib yurar, Maryam va qo‘shni bolalar quvlashmachoq o‘ynardi.
Etikni bir necha bor tashlab yubormoqchi bo‘lishdi, biroq bundan nima naf?
Chipta sotuvchi har vaqt yolg‘iz qolsa, etikka qarardi. Bir kuni egasi topilar, deb umid qilardi. Har oqshom xonasini yopib, uyiga ketmoqchi bo‘lsa, ichkariga olib kirib qo‘yardi. Bir gal yodidan ko‘tarildi va etikcha tuni bilan devor chetida qolib ketdi.
Erta tongda mahalla supuruvchisi piyodalar yo‘lagini tozalayotganda etikni ko‘rdi. Ko‘z yugurtirdi. Yana joyiga qo‘ydi. Egasi bola ekanligini va uni yo‘qotib qo‘yganligini tushundi. Etikning sohibi topilishi so‘rab duo qildi.
Bir o‘yinqaroq bola maktabdan qaytarkan, piyodalar yo‘lagida koptok o‘rniga hamma narsani tepib, irg‘itib borardi. Etikka yetib kelguniga qadar yo‘lda ko‘rgan har narsani – karton quti, tosh, meva po‘chog‘ini etigi bilan bir necha qadamgacha tepib kelardi. Etikka qaradi, uni qattiq tepdi; o‘ynadi va surib ketaverdi, ketaverdi. Ana shunday zarbalarning birida etik borib, chiqindili suvga tushdi. Bola pastga qaradi va qo‘l siltab nari ketdi. Suv etikni oqizib ketdi. Etik axlatlarga aralashdi.
Mahalla supuruvchisi ariq ichidan axlatlarni olib tashlab, suv yo‘lini ochdi. Etikcha ko‘ziga issiq ko‘rindi. Elas-elas esladi: saharda ko‘cha boshidagi devor chetida turgandi. Supuruvchi etikni suv jo‘mragi tagiga qo‘ydi. Yuvdi. Egasi topilguncha tursin deb masjid devoriga suyab qo‘ydi. Har o‘tganda uni ko‘rar, egasi topilsin-da, deb duo qilardi. Bir necha kun o‘tdi hamki, etik qarovsiz edi. Kuchli shamol va yomg‘ir kelib, uchirib yubordi.
Etik loy va iflos bo‘ldi. Bolalar tepardilar va o‘ynardilar. Egasiz etikni ko‘rgan bolalardan biri uni uyiga olib kelib, akasiga berdi. Akasi shippak ishlab chiqarish korxonasida ishlardi. U yerda eski shippak va charm etiklarni tegirmonga solardilar. Maydalab, eritib, qolipga quyardilar, so‘ng yangi shippak va etiklar yasardilar.
Layloning onasi har kuni bir oyog‘i yo‘q bolani ko‘rardi. Hamisha uylari oldida bizbizak sotar va o‘ynayotgan bolalarni tomosha qilib o‘tirardi.
Onasi uyga kelganda:
– Laylo, bu etik senga kerak emas. Yur, birga borib, uni ko‘cha boshidagi bir oyoqli bolaga beramiz, – dedi.
– Agar etigimni unga bersam, menga boshqa etik olib berasizmi? – deb so‘radi Laylo.
– Ha, olib beraman! Albatta, olib beraman! Vaqt topolmaganim bois shu paytgacha sotib ololmadim.
– Qachon vaqtingiz bo‘ladi?
– Hafta oxirida. Do‘konlarga shunday chiroyli etiklar kelibdiki, asti aytma!
– U bolaga etikni o‘zim bermoqchiman!
– Mayli. Faqat, xafa qilib qo‘yma.
– Xo‘p!
Laylo va onasi bir poy etikni olib, bolaning yoniga ketishdi. Onasi beriroqda qoldi, Laylo bolaning ro‘parasida to‘xtadi va dedi:
– Salom!
Bola jilmaydi:
– Salom! Bizbizak kerakmi? – dedi.
– Yo‘q, bu etik senga. Yap-yangi. Uning bir poyi yo‘qolgan. Har qancha izlamaylik, topa olmadik. Buni tashlab yuborish hayf.
Bola xafa bo‘ldi:
– Kerak emas! – dedi.
Onasi ularning yoniga keldi:
– Olaqol, o‘g‘lim. Biz qo‘shnilarmiz. Begona emasmiz. O‘tgan yili qishda kerosinimiz tugab qoldi, kelib onangdan olgandik. Esingda yo‘qmi? O‘ylaymanki, bu bir poy etik bir kuningga yaraydi. Tashlab yuborsang, hayf bo‘ladi.
Bola ikkilanib rozi bo‘ldi.
– Xayr! – dedi qizcha va onasiga ergashdi. Onasi shivirladi:
– Xudo biladi, xafa bo‘lmadimikan, ishqilib?!
Bola etikni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. Oyog‘iga loyiqmi yoki yo‘qmi – ko‘rmoqchi bo‘ldi. Etik o‘ng poy ekan, uning esa shu oyog‘i yo‘q edi! Hech kerak emas.
Kulgisi qistadi.
Bola etikni nima qilishni o‘ylardi. Bir kambag‘al tuzfurush eski-tuski poyabzallarni yig‘ib yurar, o‘rniga tuz berardi. Bola etikni unga uzatdi, tuzfurush etikka qaradi:
– Yap-yangi ekan, boshqa poyi qani? – dedi.
– Yo‘qolgan. Qo‘shnimizning qiziniki. Har qancha izlamasin, topilmadi.
Tuzfurush etikni oldi va aravasidagi eski poyabzallar ustiga qo‘ydi.
Shippak ishlab chiqarish korxonasi ham shu mahallada edi. Tuzfurush yirtilgan yoki eskirgan oyoq kiyimlarni olib kelib, shu korxonaga sotardi. Layloning etigi ham ularga aralashib ketgandi.
Tuzfurush qo‘li bo‘shab, xaltasini yerga qo‘ymoqchi bo‘lgan paytda bir savatga ko‘zi tushdi. U tegirmon labida turardi. Etikning boshqa poyi o‘sha yerda edi! Uni tegirmonda maydalashga keltirib qo‘yishgandi. Tuzfurush xaltasidagi etikni oldi, xuddi o‘sha etikning poyi ekan.
Etik poylariga razm soldi. Jilmaydi va o‘ziga-o‘zi dedi:
– Topildi! Endi juft bo‘ldi!
Korxona ishchisi tuzfurushga qaradi va dedi:
– Nima bo‘ldi?
– Etikning poyi topildi.
– Egasini taniysanmi?
– Ha, u bir bolaniki. Uylari yuqori ko‘chada.
Tuzfurush etikni bolaga keltirdi. Bola etikni olib, Layloning uyiga oshiqdi. Eshikni taqillatdi. Eshik yoniga Laylo keldi. Bola etiklarni unga berdi va dedi:
– Qara, etiging topildi!
Laylo xursand bo‘ldi, quvonganidan hatto qayerdan va qanday qilib topilganini so‘ramabdi ham. Uyga yugurdi, “Maryam, Maryam! Etigim topildi, etigim topildi” deb qichqirdi. Qaytib eshikka qaradi. Bola esa ketib bo‘lgandi.
Fors tilidan Bashorat Otajonova tarjimasi.
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 2-son