Qo‘rqinchli tun zulmatida o‘zimni qo‘lga olishga harakat qilib, bu temir qafasda ayqash-uyqash fikrlarimni jamlashga urindim. Ruhim ozod bo‘lishi uchun shu to‘rt devor ichidan chiqish yo‘lini qidirardim. Har bir lahzada borlig‘im qamalganini his qilar, ichimdagi qo‘rqinch butun a’zoyi badanimni egallagandi. Yolg‘iz o‘zim iztirobdaman. Uying, oilang, yaqinlaringdan uzoqda bo‘lsang, uyqudan zarracha lazzat topolmaysan ekan.
Ko‘zimni yumishga harakat qilaman-u, lekin “tiq” etgan tovushdan dahshatga tushib uyg‘onaman. Onamning og‘ushida uxlashni xohlayman, chunki faqat o‘sha yergina tinch va xotirjam. Soyaga o‘xshayman. Oilamga bo‘lgan sog‘inch hissi meni adoyi tamom qilmoqda, qo‘rqinch butun vujudimni egallagan, nadomat meni parchalamoqda.
Bu yerga kelishim sabablari haqida o‘ylasam, o‘zimga savol bera boshlayman. Nega tubanlashdim, nega yomonlarga qo‘shildim? Ancha ilgari otam menga nasihat qilib, yomonlarga quloq solmasligim, ularga qo‘shilmasligimni ko‘p bor ta’kidlardi. Uning so‘zlari hamon esimda: “Saad, sen yaxshi bolasan, onangdagi soddalik senga ko‘chgan-qo‘ygan, shu sababli seni aldash juda oson…”
Mahkamada menga chiqarilgan hukmni eslasam, har gal ho‘ngrab yig‘layman.
Qanday dahshat! Endi hayotimning uch yili jonni oluvchi sukunatda o‘tadi. Boshimga tushgan kulfatdan dahshatga tushib sudyaga baqirdim: “Men gunohkor emasman! Ular menga “bu o‘yin, hazil bilan tugaydi” deb aytishgan”. Haqiqatda ham bu menga hamma aybni to‘nkab, ularning qochishi uchun o‘ylab to‘qilgan yomon o‘yin edi. Xayolga cho‘mishdan boshqa ishim yo‘q. Xayollar esa qalbimga ozor berib, ruhimni ezardi. Ular menga do‘stlaridan birini qo‘rqitmoqchi ekanliklarini, unga zarar yetkazmay, faqat tahdid qilishlarini aytishdi. Bu ishni esa men bajarishim, ya’ni unga tahdid qilishni zimmamga olishim lozim edi. Boshida ozgina ikkilandim, ammo oldimda raqsga tushayotgan shaytonlar “bu faqat o‘yin, mazax” deb meni kuldirishdi.
Shu kechada meni qamoqqa olib ketuvchi “tomosha” bo‘layotgani mutlaqo aqlimga sig‘masdi. Men o‘tib ketayotgan o‘sha bechora odamga faqat tahdid va mazax qilish uchun bu ishga qo‘l urdim. U bor kuchi bilan o‘zini himoya qila boshlagach, meni qattiq qo‘rquv qamrab oldi. Nima qilishni bilmay turgan edim, birdan “yomon do‘stlar” bostirib kelishdi-da, men hatto ismini ham bilmagan o‘sha yigitga tashlanib, ketma-ket urib ketishdi. Men uning qonga belanib, yerga yiqilganini ko‘rdim. Ammo uni himoya qilishga vaqt juda qisqalik qildi, tez yordam mashinasi chaqirishga ham ulgurmadim. Undan oldin politsiya mashinasi keldi-da, men hali hushimni yig‘ib olmasdan turib, qo‘llarimni orqaga qilib kishan taqishdi-yu, mashinaga o‘tqazishdi.
Shu lahzalarda “yomon do‘stlar”dan birortasini ko‘rmadim, ular allaqachon g‘oyib bo‘lib ulgurishgandi.
Ular men tanimaydigan yigitga tashlanib, niyatlariga yetishdi, men esa bu ishda vosita edim, xolos. Tergov ishlari boshlanganda ham mening ishim yopilmadi. Yigit ayblashda istisno qilmadi, men unga qo‘limni tekkizmagan bo‘lsam ham, meni ulardan biri deb hisobladi.
Menga hukm o‘qildi. Onamning yig‘i ovozi butun mahkamani tutdi, ayniqsa, sudya oldida yanada ko‘tarildi: “O‘g‘lim hali yosh, hayotda hech nimani bilmaydi”. Otam esa ko‘zyoshlarini berkitishga urinardi.
Har gal otamning ko‘zlari menga tushganda, u tabassum bilan boshini qimillatar, go‘yo: “Qo‘rqma, Saad, biz yoningdamiz!” demoqchi bo‘lardi.Onam endi meni himoya qilolmas, vaziyat undan ham, mendan ham kuchliroq chiqdi. Endi temir panjaralar va ovoz ham eshitilmaydigan devorlar ortida nima qilaman? Faqat o‘ldiruvchi g‘am-g‘ussa, qo‘msash va dahshatli xotiralar.
Tongning ilk shu’lalari xuddi menga: “Bizni ko‘rishga sening ham haqing bor”, deyayotganday. Har tongni kutib olish va nurli kunni shomga kuzatishga nahot imkonim yo‘q. Ko‘ylagim achchiq ko‘zyoshlarimdan namlandi. Chuqur uh tortishlar va sanog‘i yo‘q savollar….
Meni bu shafqatsiz qamoqda, qo‘msash, yolg‘izlik, erksizlik va nafrat qiynadi, chunki ikki oydan beri hech kim meni ko‘rgani kelmadi. Qaysidir sabablarga ko‘ra, menga uchrashuv taqiqlangan ekan. Sababini bilishga esa haqim yo‘q. Jinoyatchi mahbuslarning qarashlari meni juda qo‘rqitardi. Lekin vaqt o‘tgan sari ularga o‘rganib qoldim va ahamiyat bermay qo‘ydim. Narigi tomondagi mahbuslar baland ovozda kulishar, ularga qarab o‘zimcha bir nimalarni g‘o‘ldirardim. Bu vaqt o‘tkazishdan boshqa narsa emasdi. Bu yerda kulish qanchalar ahmoqona!
O‘sha kunni hech yodimdan chiqarmayman. To‘satdan orqamdan kimdir: “Sen Saadsan, shundaymi?” dedi. Hayron qoldim. Men bu yerda hech kimni tanimayman-ku. Lekin u o‘ylashga izn ham bermay so‘zida davom etdi: “Hayron bo‘lma, ikkinchi kameradagi do‘sting Roshid menga tarixingni so‘zlab berdi”. G‘azabim qo‘zidi, lekin o‘zimni bosib kamera tomon ketdim. U yerda bitta odamdan boshqa hech kim yo‘q. U ham bo‘lsa, nariroqda namoz o‘qish uchun joynamoz to‘shayotgan ekan, u menga qarab tabassum qilgandi, butun vujudimni mamnunlik chulg‘adi. Uning oldiga o‘tirishim bilan o‘rtamizda do‘stona suhbat boshlandi.
Ikkimiz ham yo‘qotgan narsamizni topgandek bo‘ldik. U shunday shaxs ediki, bu inson bilan gaplashib butun g‘am-g‘ussa, tashvishlarni biroz bo‘lsa-da unutardim. Men unga qamoqqa tushishim sababini aytib berganimdan so‘ng, u ham o‘z tarixini so‘zlay ketdi: “Mening jinoyatim senikidan og‘irroq. Men shahvoniylikka, ayshu ishratga berilib, oilamga beparvo bo‘ldim. Buning hammasi o‘g‘limning qing‘ir yo‘ldan ketishiga va uni yo‘qotishimga sabab bo‘ldi. Rafiqamda kurashishga hech qanday kuch-quvvat yo‘q edi. U mendan ko‘rgan barcha jabru sitamlarga sabr qilar va o‘g‘lining gullagan yoshligida so‘lib borishini mahzun holda kuzatardi. Men esa boshi berk ko‘chaga kirib qolgandim, butun dunyo men uchun go‘yo faqat tonggacha davom etadigan ayshu ishrat va ziyofatga aylangan edi. Shunday, o‘g‘lim Saad. Bu qamoq menga hayotning ma’nosi nimadan iboratligini o‘rgatdi, ozodlik, erkinlik qadrini, borliq qadrini, vaqt qimmatini o‘rgatdi”.
Kunlar asta-sekin, shoshilmasdan o‘tar, so‘ngra undan-da zerikarli kechalar kelardi, har bir kun sovuq takroriy hodisalar bilan cho‘zilardi. Bularning bari qalbimga qo‘rquv solib, zulmat meni butunlay kemirar edi. G‘am-anduh va hasrat sharpasiga aylandim, bu hislar meni hech tinch qo‘ymas, faqat hali hayot changalida ekanligim ozgina bo‘lsa ham kuch berar edi.
Bu tong o‘zgacha bo‘ldi. Men xursand edim. Hatto Abu Yosir – qamoqdagi do‘stim va boshqa kameradagi o‘rtoqlarim tinmay kulishimdan, hazillashishimdan hayron bo‘ldilar. Sababi qamoqxona xizmatchilaridan biri menga uchrashuv uchun ruxsat berilganini xabar qilgandi. Men oilam bilan uchrashaman, ularni juda sog‘indim. Abu Yosir: “Saad, yuzingga qon yugurdi, ko‘zlaringda sevinch va baxt nurlari porlamoqda! Uyingdagilar qachon seni ko‘rgani kelishadi?” deb so‘radi. “Indinga, dushanba kuni” dedim. “Ikki kun hech narsa emas, bir zumda o‘tib ketadi. Yaqin insonlaringni ko‘rib xursand bo‘lasan”, dedi u.
Yakshanba tezroq kelishi uchun ushbu kecha ko‘proq uxlashga harakat qildim. Qaniydi dushanbagacha uxlasam! Lekin erta tongdan qandaydir g‘ashlikni sezdim. O‘ylaganim haq bo‘lib chiqdi, bir nechta mahbus meni o‘rtaga olib “Roshidga nima bo‘lgan? Saad, sen o‘zingni nega undan olib qochasan?” deb so‘roqqa tutishdi. Men uning qabihligini, shu yerga kelishimga u sababchiligini aytdim. Shundan keyin ular meni shafqatsizlarcha do‘pposlashdi. Ko‘zimni ochib shifoxonada ekanimni angladim. Hali o‘zimga kelmasimdan shifokordan so‘radim: “Oilam meni ko‘rishga kelmoqchi edi-ku?!”
U menga qarab tabassum bilan dedi: “Durust, lekin sen hozir faqat dam olishing kerak!” Undan tashvishlanib so‘radim: “Bugun qanday kun?” U vazminlik bilan: “Tinchlan, bugun seshanba”, dedi.
Bor ovozim bilan baqirib yubordim: “Nima? Men dushanbani kutgan edim. Ota-onamni, singlimni va ukalarimni juda sog‘indim. Iltimos, men ularni ko‘rishim kerak”. Lekin u tepamga osilgan dori shishasidan qo‘limga osma ukol qildi. Yig‘lab yubordim. Alahsiray boshladim. U mendan uxlashimni talab qildi, chunki tanam va ko‘nglimdagi og‘riqni esdan chiqarishim zarur edi.
Qanchalik azob chekayotganligimni faqat o‘zim bilardim. Yurak qafasidagi og‘riq kuchli, uning ustiga bor vujudimni g‘am-alam egallagan. Shuning uchun shifoxonada o‘n kundan ortiq qolib ketdim. U yerdan chiqqanimdan so‘ng bir hafta o‘tsa hamki, uydagilardan hech qanday darak yo‘q edi.
Ahvolim yanada yomonlashdi. Ovqat yemay qo‘ydim. Mutlaqo sukut saqlardim. Kechqurun do‘stimga yolg‘izligim va qora xayollarim haqida so‘zlab berdim, ammo u menga yordam bera olmadi. Shunda qamoqxona xizmatchisi e’tiborsiz ohangda meni ko‘rgani kelishganini va uning oldiga tushib borishim kerakligini aytdi. Unga uzoq tikilib “Menga aytyapsizmi?” dedim.
U jahli chiqib: “Besh yuz o‘n beshinchi senmisan, axir, tezroq qimirla!” dedi.
Bu mening raqamim. Tez o‘rnimdan turdim. Bu yerga kelganimda mening ismim ham narsalarim bilan birga omonat sandiqqa tashlab qo‘yilib, shu raqamga almashgandi. Qamoqxona xodimi qo‘limni kishanlab, mashinada olib ketdi. Uchrashuv binosiga yetib kelganimizda qamoqxona xodimi meni katta zalga olib kirib, oynali to‘siq oldiga o‘tirishimni aytdi. Bu qanday lahzalar ediki, onamni uzoqdan ko‘rdim, u men tomon yurib emas, balki uchib kelmoqda edi. O‘rnimdan turib to‘siqqa yanada yaqinlashdim. Uning ortidan otam, kichkina singlim va ukam keldi. Onam meni bag‘riga bosmoqchi bo‘lar, “bolam, bolajonim” deb zor-zor yig‘lardi. So‘ng tiz cho‘kdi. Men to‘siq ortida butunlay ojiz edim. Qani endi boshimni onamning mehribon ko‘ksiga bossam? Bu g‘amgin ko‘zlar orqasida otamni ko‘rdim, u o‘zini tutishga harakat qilardi. Gapirmoqchi bo‘lardimu bo‘g‘zimga nimadir tiqilgandi. “Onam, onajonim, mehribonim mening… Men notavon bolangiz uchun aziz ko‘zyoshlaringizni to‘kmang. Ular meni battar azobga soladi”, deyolmasdim.
Onam o‘rnidan turib, ko‘z yoshlarini artib: “Ey, mening aziz o‘g‘lim Saad, jonim fido bo‘lsin senga!” dedi.
La’nati to‘siq darchasidan onamning qo‘llarini ushlayman. Shu payt oyna oldiga kichkina singlim yaqinlashdi. Unga tabassum bilan kulib qaradim-da, ukamga ham yaqinlashishga ishora qildim.
Singlim tutilib-tutilib “Saad akajon, bu yerda nima qilyapsiz? Sizni juda sog‘indim”, derdi.
Ko‘zimga yosh olib: “Biz yana oldingidek birga bo‘lamiz. Senga xohlagan o‘yinchog‘ingni olib beraman”, dedim.
Uchrashuv vaqti tugaguncha oilam bilan gaplashdim. Vaqt juda tez o‘tib ketdi. Qamoqxona xodimlaridan biri kelib meni kameraga olib ketishga shaylandi. Undan yana biroz vaqt berishini iltimos qildim. U rad etdi-da, qarshilik ko‘rsatishimga qaramay, meni torta boshladi. Onam va singlim yig‘lar, otam esa: “Saad, qo‘rqma, o‘g‘lim, hukmni o‘zgartiramiz!” derdi.
Qo‘riqchilar qurshovida qamoqqa olib boradigan joyga o‘tdim. Dahlizda ota-onam, ukam va singlimni uzoqdan ko‘rdim. To‘satdan kichkina singlim men tomon yugurib kela boshladi, qator turgan askarlar yonidan o‘tib: “Saad akajon, qayerga ketyapsiz? Sizni qayerga olib ketishyapti? Biz hammamiz sizni kutyapmiz!” deb baqira boshladi.
U bu so‘zlarni ho‘ngrab yig‘i aralash gapirardi. Askarlar oldida uni bag‘rimga bosib mahkam quchoqladim. Ularning ba’zilari ushbu manzaradan o‘zini tutolmay, ko‘zlari yoshlandi.
Politsiyachi oilam bilan xayrlashishga monelik qilmadi. Hammalarini bir-bir quchoqlab, bag‘rimga bosdim. Ota-onamning poyqadamlarini yig‘lab o‘pdim.
Bu achchiq va alamli, lekin qaynoq mehrga to‘la lahzalar edi. Qamoqdagi eng baxtli kunim!
Endi zulmat sharpasi ortiq meni cho‘chitmasdi. Men juda oddiy narsani – ota-onam, ukalarim, yaqinlarim diydorini xohlardim, xolos, undan ziyodini emas.
Men shu onda yangi orzular og‘ushida suzib, o‘zimga berilgan hayotni faqat va faqat yaxshilik qilish uchun sarflashga ahdu paymon qildim.
Arab tilidan Shahlo Ahmedova tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 7-son