U katta darvoza oldida qaddini rostladi. Darvozaning ikki tomonida bahaybat-bahaybat ikki kishi turar, ularning vajohati nihoyatda g‘azabli edi.
U qo‘llarini siltab, barmoqlarini o‘ynatdi, qo‘llarining kishanband emasligiga, orqasiga qarab o‘zining ozod ekanligiga va uni endi hech kim ushlab turmayotganligiga ishonch hosil qilishga urinib ko‘rdi. So‘ng olg‘a qarab qadam tashladi. Uning ko‘zlari bugungi yorug‘, ozod quyoshning yondiruvchi nurlari bilan to‘qnashdi.
Avvalgidan yanada kuchliroq bo‘lgan quyosh nurlarini to‘sish uchun qo‘lini peshonasiga qo‘ydi. Orqasidan mash’um qo‘l cho‘zilib kelib, tomog‘idan bo‘g‘ib, kunduzsiz tuncha, zimistonga qaytarishlaridan qo‘rqib, shamolga qarama-qarshi jadal odimladi.
Ozodlik sevinchi va hurriyat quyoshi qadrdon oilasi va farzandlarini esga soldi. U ortga qaramas, olg‘a, faqat olg‘a odim tashlar edi.
Ko‘zlari ham nadomatdan, ham chin ozodlik sevinchidan chaqnar edi.
Arab tilidan Murtazo Saydumarov tarjimasi