Ellik yil mobaynida Pon-l’ Evek ayollarining Oben xonimga ko‘zi kuyib keldi.
Yiliga yuz frank evaziga Felisite pazandalik va oqsochlik qilar, parranda boqar, kuv pishib sariyog‘ olar, ayol boshi bilan otni egarlab aravaga qo‘sha bilardi. Shuniyam aytish joizki, anchayin so‘xtasi sovuq bekaga u itdek sodiq edi.
Xonimning suqsurdekkina eri kasodga uchrab, sho‘rishu nadomatlarni ko‘tara olmadi. 1809 yilda omonatini topshirgach, undan voyaga yetmagan ikki bola hamda bir dunyo qarz qoldi. Shunda tul xonim Jefos va Tukdagi nari borsa besh ming frank daromad keltirayotgan fermalarini qoldirib, qolgan amlokini sotdi-da, Sen-Melendagi uy-joyidan bozorning orqasidagi deyarli ta’mirtalab bo‘lmagan hovlisiga ko‘chib o‘tdi.
Oraliq va tor ko‘chalar o‘rtasidagi tomi cherepitsa bu uydan shundoq daryo bo‘yiga chiqish mumkin edi. Poli noravon xonalarda hamma qoqilib-surinib yuradi. Kambar dahlizdan o‘tib boriladigan “zal”ning derazasi yonidagi kajava oromkursida Oben xonim uzzukun qo‘qqayib o‘tiradi. Oqqa bo‘yab chiqilgan devor yoqalab arg‘uvon og‘ochidan yasalgan sakkizta kursi terib qo‘yilgan. Barometrning tagidagi ancha uringan fortepyano ustida karton qutilar bor. Sariq marmardan Lyudovik XV uslubida yasalgan kaminning har ikki yog‘ini cho‘ponlar hayotini eslatuvchi gobelenlar bezab turibdi. Eng ko‘rinarli joyga Vesta ehromiga o‘xshash soat ko‘rk bo‘lib tushgan. Poli chorbog‘ sathidan pastligi bois uyning har kunjidan mog‘or isi anqiydi.
Ikkinchi qavatdagi ilk keng-mo‘l xona “boyvuchcha” xonimniki; devorlariga nimrang gulqog‘oz yopishtirib chiqilgan xonaga “to‘ra”ning po‘rim libosdagi surati ilib qo‘yilgan. Keyingi chog‘roq xonada ikkita bolalar karavoti yalang turibdi. Yakkash qulflog‘lik turadigan mehmonxona bo‘lib, u g‘ilof kiygizib chiqilgan mebellarga to‘lib ketgan. Obnus og‘ochidan yasalgan yozuv stoli uch yoqdan kitoblaru ish qog‘ozlari bilan qurshab olingan. Odran chizgan ajoyib manzaralar Obenlarning o‘tmishda serhasham hayot kechirib kelishganidan darak beradi.
Derazasiyam yashil o‘tloqqa qaragan uchinchi xona bo‘lsa, Felisitening xos xonasi edi.
Bomdod ibodatini qazo qilmaslik uchun Felisite tong oqargandan turib olar va shomga dovur tinim bilmasdi. Kechki xo‘rakdan so‘ng idish-oyoqlarni saranjomlab, eshik-tirqishlarni yopib chiqar, o‘choqdagi cho‘qqa kul sepgach, tasbeh o‘girgan ko‘yi pinakka ketardi.
Bozor-o‘charda hech kim Felisitechalik talashib-tortishmasdi. Ozodalikda oqsochlar orasida undan o‘tadigani topilmas edi: u o‘ta pokizalik bilan ro‘zg‘or tutar, ushoqlarniyam bitta-bitta terib og‘ziga solardi. Vazni o‘n ikki funtlik o‘zi yopgan non unga yigirma kunga yetardi. U yil bo‘yi sochlarini boshining orqasiga to‘g‘nog‘ich bilan sanchib qo‘yar va ustidan chit ro‘mol o‘rab yurardi. Qolgan engil-boshi – kulrang paypoq, alvon yubka hamda koftasining ustidan bog‘lab qo‘yiladigan peshbanddan iborat edi.
Chuvak yuz, ovozi shang‘i ayol edi u. Yigirma besh yoshida qirqqa kirganga o‘xshab ko‘rinardi. Ellikdan oshgach, uning yoshi nechadaligini ham bilib bo‘lmay qoldi. Qomatini g‘oz tutib shoshilmasdan qadam tashlasa ham yakkash damduz edi va har qanday ishni yog‘och avtomatdek bajarib ketaverardi.
II
Har bir kishi hayotida bo‘lganidek, u ham shaydolikni boshidan o‘tkazdi.
G‘isht teruvchining otasi havozadan tushib ketib halok bo‘lgach, sal o‘tib onasiyam omonatini topshirdi. Keyin opa-singillar har yoqqa tarqalib ketishdi. Uvoqday qizchani bag‘ritosh bir fermer ishga oldi; u sho‘ring qurg‘ur yetimchani dalaga mol boqqani haydab yuborar, bola faqir juldur kiyimda sovuqda dirillab podachilik qilar, chanqaganda cho‘kkalab ko‘lob suvidan ichardi. Boyaqishni nohaqdan-nohaq nuqul do‘pposlashardi. Oxiri, arzimagan o‘ttiz su o‘g‘irlaganlikda ayblab, uni haydab yuborishdi. So‘ngra qizaloq parrandachilik fermasiga ishga kirdi. Bu yerda qizni urib-so‘kishmas, shuning uchun ko‘plar unga hasad qilishardi.
Avgust oqshomlaridan birida bo‘y yetgan qizni tanishlari yayrab kelasan, deb Kolvilga olib borishdi. Daraxt shoxlaridagi rang-barang chiroqlar, olaquroq liboslarining yoqasiga ipak to‘r va bo‘yniga tilla butcha taqib olib, qo‘l-oyoqlarini cholg‘u usuliga moslab raqs tushayotgan yigit-qizlarni ko‘rib Felisitening boshi aylanib ketdi. U iymanganidan davraning bir chetida turar, sal nariroqda esa bashang kiyinib olgan bir yigit aravaning chetiga suyangancha qizdan ko‘z uzmasdi. U tamaki tutatgancha qizning oldiga keldi-da, uni raqsga taklif qildi. So‘ng olma sharobi, qahva, obinon bilan mehmon qildi va chiroyli durra olib berdi. Kecha oxirida yigit qizni kuzatib qo‘ydi. Sulivorning etagiga yetganlarida u qizga tegajoqlik qila boshladi. Kapalagi uchib ketgan qiz baqirib yubordi. Yigit o‘zini tiyib, orqasiga qaytib ketdi.
Kechga yaqin Bomon yo‘lida ketib borayotgan Felisite zichlab pichan ortilgan ulovni quvib o‘tmoqchi bo‘ldi va nogoh aravakashni tanib qoldi – u Teodor edi. Guyo o‘rtalaridan hech gap o‘tmaganday, u qizga yaqin kelib undan “o‘shandagi gustohligi uchun” uzr so‘radi. Qiz nima deyishiniyam bilmas, bir ko‘ngli qochib qolsammi derdi. Biroq yigit bu yil hosil mo‘l bo‘layotgani, uning otasiyam Kolvildan Ekodagi fermasiga ko‘chib o‘tgani, shuningdek u yerlik dongdor kishilar haqida bir bog‘dan, bir tog‘dan kelib rosa vaysadi.
Bu gaplarga javoban Felisite cho‘zib:
– Ha-a-a! – deb qo‘ya qoldi.
Shuningdek, yigit ota-onasi uni uylantirib qo‘yishmoqchiligini, lekin sira shoshilmayotganini, ko‘ngliga yoqqan qizni olmoqchiligini aytdi. Qiz uyalib boshini quyi soldi. “O‘zing menga tegarmiding?” – deb so‘radi u qizdan. Felisite jilmaygancha, birovlarning ustidan kulish yaxshi emas, dedi.
– Xayolimgayam kelgani yo‘q! – dedi yigit.
Yo‘l-yo‘lakay yigit qizni bag‘riga tortdi; u ham moneliksiz yonma-yon ketaverdi. Ular odimlarini sekinlatishdi. Sarin yel esib turar, boshlari uzra yulduzlar imlashayotganga o‘xshardi. Pichan ortilgan arava chayqalgancha boshvoqsiz ketib bormoqda. Otlar o‘z-o‘zidan o‘ngga burilishdi. Yigit tag‘in qizni quchoqladi, Felisite bo‘lsa uyalib ketganidan o‘zini panaga oldi.
Hafta o‘tib, Teodor qizni xilvatdagi yolg‘iz daraxtning yoniga kelishini so‘radi. Felisite gah desa qo‘liga qo‘nadigan oyimtillalardan emas edi. Cho‘ponlikdan ko‘zlari pishib ketgan or-nomusli qiz o‘z ma’sumaligini saqlay bilardi. Uning tish-tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatishi Teodorning ehtirosini battar alangalatib yuborar, u hansiragancha murodini hosil qilishga intilardi (ehtimol, uning his-tuyg‘ulari samimiy bo‘lgandir). Axiyri u “Men senga uylanaman!” degancha qizni avrashga tushdi. Felisite laqqa tushib qolishdan qo‘rqar edi. Shunda yigit xudoni o‘rtaga solib qasam ichdi.
Ko‘p o‘tmay u qizning oldiga bosh egib keldi. O‘tgan yili ota-onasi uni askarlikka berishmoqchi bo‘lgani, bugun-erta olib ketishlari mumkinligini, u bo‘lsa harbiyga borishdan o‘lguday qo‘rqishini aytdi. Yigitning yuraksizligini Felisite vafodorlikka yo‘yib, Teodorni yanayam qattiq sevib qoldi va kechasi uning oldiga qochib bordi. Yigit, o‘laman Sattor, sendan boshqani demayman, sensiz dunyo qorong‘i, o‘zimni o‘ldiraman! – deb qizning ishonchini qozondi. “Prefekturaga borib gap nimadaligini surishtirib bilaman. Yanagi yakshanbada kechasi o‘n bir – o‘n ikkilar oralig‘ida oldingga borib hammasini tushuntirib beraman”, dedi.
Belgilangan vaqtda qiz uning oldiga chopdi. Biroq oshig‘ining o‘rniga uni yigitning oshnasi kutib turardi. “Endi Teodorni bosh-qa ko‘rmaysiz”, – dedi u. – Askarlikni bo‘ynidan soqit qilish uchun u tuklik Leuse degan boyvuchcha kampirga uylanib olgandi.
Felisitening ko‘ziga dunyo tor ko‘rinib ketdi. U ayyuhannos solar, dardu alamini xudoga to‘kib, o‘krab-o‘krab yig‘lardi. Qiz saharga dovur yaydoq dalada jig‘ibiyron bo‘ldi. Andak o‘ziga kelgach, fermaga qaytib, ishdan ketmoqchiligini aytdi. Oyning adog‘ida haqini olib, bor-yo‘g‘ini ro‘moliga tugdi-da, Pon-l‘ Evekka qaytib ketdi.
Qovoqxona yonidan o‘tayotib, o‘ziga oshpaz izlab yurgan beva xonim bilan gaplashib qoldi. Garchi pazandalikni eplay olmasa-da, u o‘zini chaqqon va kamsuqum ko‘rsatib, xonimning mehrini qozonishga muyassar bo‘ldi.
– Yaxshi, sizni olaman! – dedi Oben xonim.
Hash-pash deguncha Felisite Obenlarnikiga ko‘chib o‘tdi.
Boshida Obenlarning “yashash tarzi” hamda rahmatli uy sohibining yodi Felisiteni jonsarak ahvolga solib qo‘ydi. Nazarida bekaning yetti yashar o‘g‘li Pol va endigina to‘rtga kirgan qizi Virginiya unga xuddi qimmatbaho narsadan yasalgandek tuyulardi. Oqsoch ularni suyib erkalatar, ot bo‘lib yelkasiga mindirib yurardi. Ammo xonim: ”Bolalarni hadeb cho‘lpillatib o‘pavermang-da!” – degach, uning qattiq ko‘ngli o‘ksidi. Biroq kek saqlab o‘tirmadi, nima bo‘lgandayam bu yerda u o‘zini xushbaxt hisoblardi. Chunki boyoqishning alamli kechmishi turmush ummonining osuda girvatida bir lahzada g‘arq bo‘lib ketgandi.
Payshanba kunlari xonimnikiga do‘stlari boston o‘ynagani tashrif buyurishardi. Ularning kelishiga Felisite hamma narsani tax-batax qilib qo‘yardi.
Har dushanba ertalabdan torko‘chada yashovchi eski-tuski sotuvchi qasaba maydoniga singan va yaroqsiz temir-tersaklarini chiqarib yoyib qo‘yar edi. Qasaba bir pasda otlarning kishnashi, qo‘y-qo‘zilarning ma’rashi, cho‘chqalarning “xur-xuri”, ulov g‘ildiraklarining quruq taqir-tuquriyu, odamlarning g‘ovur-g‘uvuriga omuxta bo‘lib ketar edi. Oldi-sotdi ayni avjiga chiqqan choshgohda bozorga daroz, qirg‘iyburun jefoslik keksa ziroatchi Robelen oldi soyabonli qalpog‘ini gardaniga tushirib olgancha kirib kelardi. Sal o‘tib bu yerda girdig‘umdan kelgan tuklik shirmoyyuz baqaloq fermer Lebar kulrang kurtka va temir tepkili etikda paydo bo‘lardi.
Ular Felisiteni pishloq yoki tovuqqa ko‘ndirmoqchi bo‘lishar, biroq qiz ularni boplab uyaltirib qo‘yar, shunda qizga bo‘lgan hurmati yanayam jo‘sh urgancha ikkalasi ham ortiga qaytib ketishardi.
Ko‘pdan beri Oben xonimni ko‘rgani xonumonidan ayrilib, Falezdagi bir tutamgina yerida yashab kelayotgan amakisi Markiz de Gremanvil kelib turardi. U hamisha nonushtaga o‘tirilganda oyoqlari bilan jihozlarni ifloslaydigan pudel*ini yetaklagancha kirib kelardi. Markiz o‘zining aslzodalarga xos sulukatini saqlashga zo‘r berar, har safar “Rahmatli padari buzrukvorimiz” degancha shlyapasini xiyol ko‘tarib qo‘yardi. Tarki odat – amri mahol deganlaridek, u ustma-ust musallas ichib, noshoyon hazillari bilan barchaning g‘ashiga tegardi.
Felisite bo‘lsa:
– Bo‘ldi-da, janob Gremanvil! Boraqoling endi! – deb uning kavushini to‘g‘rilab qo‘yarkan, ketidan eshikni qulflab olardi.
U Obenlarning keksa gumashtasi janob Buryoga ochiq chehra bilan peshvoz chiqardi. Doimo bo‘ynini oq galstuk va jabo* bezab turadigan, egniga serbar dolchintus syurtuk tashlagancha, barmoqlarini bukib burunaki hidlash pepatasi hamda kalboshiga borib taqaladigan janobning butun andomini ko‘rib Felisite g‘alati bir holatga tushar edi.
Buryo “boyvuchcha xonim”ning xonasiga soatlab qamalib olib, hisob-kitob ishlarini yuritardi. Hammasidan ham o‘z qadr-qimmatini yerga urishlaridan qo‘rqardi. U sud hakamlariga chuqur ehtirom ko‘rsatar, lotin tilini yaxshi bilishi bilan iftixor etardi.
Bolalarda ilm-ma’rifatga rag‘bat uyg‘otish uchun janob Buryo ularga suratli jug‘rofiya kitobi sovg‘a qildi. Suratlarda dunyoning tomonlari, boshiga parranda patidan bargak taqib olgan odamxo‘rlar, qiz bolani o‘g‘irlab qochayotgan maymun, sahrodagi badaviylar hamda garpun bilan kit ovlash manzaralari o‘z aksini topgandi.
Pol suratlarda nimalar tasvirlanganini Felisitega izohlab berdi va shu bilan oqsochning sabog‘i barham topdi. Latif husnixati hamda qalamtaroshini etigining qo‘njiga ishqalab charxlashi bilan nom qozongan miskin meriya xizmatchisi Guyyo bolalarga ta’lim berardi.
Havo ochiq kunlari Obenlar erta tongdan o‘zlarining Jefosdagi fermasiga jo‘nab ketishadi. Pastqamlikka dovur enib ketgan ferma hovlisidan olisdagi dengiz bo‘z rangda yastanib yotadi.
Ular oldingi dala hovlidan qolgan yolg‘iz uychaga borib qo‘nishdi. Felisite savatdan yaxna go‘sht olib stolga qo‘ydi. Shu yerda sut ham bor edi. Devorga ilakishib qolgan gulqog‘ozlarni shamol tortqilab o‘ynardi. G‘amgin xotiralardan dili xufton bo‘lgan Oben xonimning boshi quyi solingan. Pol bilan Virginiya ham oyisining ra’yiga qarab indamay o‘tirishardi.
– Hovliga chiqib o‘ynay qolinglar! – dedi oyisi.
Ular chopqillab ketishdi.
Pol xirmonga chiqib qush ovlaydi va suvini loyqalatib ko‘lmaklarga tosh otib o‘ynaydi, katta-katta vino birmillarini do‘mbira qilib chaladi. Virginiya bo‘lsa quyonlarga xo‘rak beradi va o‘tloqdan bo‘tako‘z terib, uqasiga ipak to‘r urilgan rangin ishtonchada u yoqdan-bu yoqqa chopqillab o‘ynaydi.
Kechki kuz kunlaridan birida ular o‘tloqlardan o‘tib uyga qaytishardi. Ko‘kning bir kunjini hilol yoritgan. Tuk daryosining qayirmalari uzra bo‘yinbog‘simon tuman yoyilib bormoqda. O‘tloqda dam olib yotgan yaydov buqalar o‘tgan-ketganga xotirjam qaraydi. Bir mahal uchinchi yaylovda yotgan buqalar o‘rinlaridan turib kelib ularni o‘rab olishdi.
– Qo‘rqmanglar! – deya Felisite ularni tinchlantirdi.
U afsun o‘qiyotgandek pichirlab, yonginasidagi buqaning sag‘risini silay boshladi; jonivor hurkib nari ketdi va shunda boshqalari ham tisarilmoqqa tushdilar. Biroq keyingi daladan dahshatli bo‘kirik eshitildi. Ular tumanda buqani ko‘rmay qolishgandi. Bitta ho‘kiz lorsillab ayollar ustiga bostirib kelaverdi.
– Yo‘q, yo‘q, unday emas-da axir! – baqirdi Felisite.
Baribir qochib qolmasa bo‘lmasdi, chunki buqa pishqirgancha ularning ortidan quvlab kelar, zalvorli tuyoqlar bosqon kabi yerga gursillab tushardi. Felisite to‘xtab orqasiga o‘girildi, so‘ngra jonholatda ajriqni tuprog‘i bilan qo‘porib olib, buqaning yuz-ko‘ziga otdi. G‘azabdan ko‘zlari qonga to‘lgan maxluq shoxdor boshi bilan hezlangancha bo‘kirib yubordi. Oben xonim esa bu paytda bor kuchi bilan yaylovning etagidagi baland g‘ovdan bolalari bilan birga oshib o‘tishga urinar, Felisite bo‘lsa ortga tisarilish barobarida hamon buqaga qarab tuproq otar edi.
– Bo‘laqoling! Tezroq! – deya baqirgancha oqsoch ularni shoshiltirardi.
Beka oldin Virginiyani, so‘ngra Polni zovurga itarib yubordi, keyin halloslab chopgancha yaylovning yon bag‘riga yetib borib, katta qiyinchilik bilan yuqoriga tarmashib chiqib oldi.
Buqa Felisitening yuz-ko‘zlariga so‘lak sachratib, uni qoziqg‘ovgacha taqab bordi – sal bo‘lmasa ho‘kiz uni yorib tashlardi. Biroq ayol epchillik qilib qoziqlar orasidan o‘tib olgan, bahaybat ho‘kiz esa merovlangancha bir joyda tosh qotgandi.
Voqea anchagacha Pon-l‘ Evekda og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurdi. Bundan Felisite mag‘rurlanib ketmadi; ko‘rsatgan jasorati xayolining ko‘chasiga ham kelmagandi. Fikri yodi Virginiyada edi uning: kuchli qo‘rquvdan qizchaning asablariga shikast yetgandi. Vrach Pupar uni dengiz bo‘yiga olib borishni maslahat berdi.
U zamonlarda Truvilni hammaning ham cho‘ntagi ko‘taravermasdi. Oben xonim so‘rab-surishtirib, bu ham kamdek janob Buryo bilan maslahatlashib oldi-da, olis safar taraddudini ko‘ra boshladi.
Yo‘lga tushmaslaridan burun jamadonlarni Lebarning aravasiga ortib jo‘natib yuborishdi. Ertasiga Lebar yetaklab kelgan otlardan biriga Felisite bilan Virginiya, ikkinchisiga esa Lebar va Oben xonim minib olishdi. Janob Leshaptuaning shalpangqulog‘iga bo‘lsa Pol o‘tirar ekan, u eshakni yemish va suvdan qantarib qo‘ymaslikka va’da berdi.
Iyig‘i chiqib ketgan yo‘lning sakkiz chaqirimini ikki soat deganda zo‘rg‘a bosib o‘tishdi. Ulovlar to‘pig‘igacha loyga botib ketar, orqa oyoqlarini siltab otib shaltoqdan chiqib olar, ba’zan o‘nqir-cho‘nqirlarga munkib ketib, so‘ng yo‘lida davom etardi. Goho Lebarning baytali bir joyda taqqa to‘xtab qolar, to ot yurib ketmaguncha u sabr-toqat bilan kutib turar va yo‘lning chetida joylashgan zamindorlar haqida so‘zlar ekan, qissadan hissa chiqarishga harakat qilar edi. Tuk qishlog‘idan o‘tayotganda esa deraza tokchalaridagi xonaki gullarni ko‘rib, iyak qoqqancha dedi:
– Shu uyda Leuse degan boyvuchcha xonim yashaydi. Yosh bir yigitga ro‘zg‘or ishlarini qildirish o‘rniga…
Felisite gapni oxirigacha eshita olmay qoldi; ulovlar yo‘rtib ketishdi.
Kichik karvon g‘ovni aylanib o‘tib, shaltoqqa tushib ketmaslik uchun ikkita bolakay chiqib olgan uy bo‘sag‘asining labiga borib to‘xtadi.
Bekani ko‘rib Lebarning kampiri o‘zida yo‘q xursand bo‘ldi. U mehmonlarga dasturxon yozdi, ularni jo‘ja go‘shti, filyo, qonli kolbasa, ko‘piradigan olma vinosi, olxo‘ri arog‘i hamda mevali tort bilan siylarkan, mehmonnavozlik uy bekasining Oben xonimga yuzlanib, “haliyam so‘limginasiz”, Virginiyaning boshini silagancha “huriliqoning o‘zi bo‘pti”, Polga qarab “suqsurdekkina yigit”ga aylanganini aytib maqtaganlari bilan bo‘linib-bo‘linib turdi.
Er-xotin Lebarlar uzoq vaqt Obenlar xonadonida xizmat qilishgani bois ularning avlod-ajdodlari ham yodga olib o‘tildi. Lebarlar singari ferma ham almisoqdan qolgan edi. Tomining to‘sinlari chirib, devorlarini qurum bosgan, chang-g‘ubordan polining rangi o‘chib ketgandi.
Katta eman shkafda turli-tuman ish qurollari va uy-ro‘zg‘or buyumlari, chunonchi – ko‘zalar, idish-tovoqlar, bo‘ri ovlanadigan qopqonlar, jun qirqiladigan qaychilar saqlanardi. Huqna qilinadigan katta narsani ko‘rib bolalar kulib yuborishdi.
Fermaga qarashli har uchala hovlidagi daraxtlarning tagida qo‘ziqorin o‘sib yotibdi. Daraxt butoqlariga chirmashib chiqib ketgan manzarali omyola o‘simligining ikki-uch dastasini shamol uchirib yerga tushirgan. Dolchintus duxobaga o‘xshab ketadigan poxol yoyilgan notekis tomlarni kuchli dovullar ham ko‘tarib keta olmaydi. Biroq aravaxona butkul to‘kilib tushgan. Oben xonim uni ta’mirlash kerakligini ko‘ngliga tugib, otlarni egarlashni buyurdi.
Ular Truvilgacha yana yarim soat yurishdi. Kichik karvon qosh qoraymasdan Ekor qoyadan oshib o‘tishi lozim edi.
Bir necha daqiqada ular Dovud kampirning sohilbo‘yidagi “Oltin qo‘zichoq” musofirxonasi hovlisiga kirib borishdi.
Tez orada Virginiya dengiz sohilida o‘zini yaxshi his qila boshladi. Iqlim o‘zgarishi va dengizda cho‘milish qizchaga ijobiy ta’sir etayotgandi. Cho‘milish libosini o‘rniga u yengil ko‘ylakcha kiyib oldi.
Peshinda ular eshakka mingashgancha Enekvil yo‘nalishidagi Qora qoya sari yo‘lga tushishdi. Ular ortlarida goh yaylov, goh haydalgan dalalarni qoldirib ketishardi. Onda-sonda yo‘l chetidagi tikanli butalarning quvragan shoxlari sokin chayqalardi.
Ular o‘ng tomonda Gavr, chap tomonda esa Dovil shaharlari ko‘rinib turgan o‘tloqda dam olgani to‘xtashdi, shundoq qarshida dengiz yastanib yotibdi. Ko‘zgudek silliq ummon quyoshda yaltirab ko‘zni qamashtiradi, garchi osuda mavjlansa-da, uning mudroq shovullashini ilg‘ash mumkin. Qaylardadir chug‘urchuqlar chug‘urlaydi va bularning hammasi behaddu bepoyon gumbaz bag‘riga singib boradi.
Oben xonim ishpechini yoniga qo‘yib nimadir tikib o‘tiribdi, Virginiya qiyoq o‘tlarni eshib allanimalar to‘qiydi, Felisite bo‘lsa ularning oldiga quchoq-quchoq xushbo‘y lavanda terib keladi, yolg‘iz Pol dilgirlikdan uyini sog‘ingan.
Goho ular qayiqda Tukning narigi sohiliga suzib o‘tib chig‘anoq terishadi. To‘lqinlar qaytgan kezlarda qirg‘oqqa dengiz kirpisi, meduza va suv o‘tlari chiqib qoladi; bolalar shamol olib qochayotgan pag‘a-pag‘a ko‘piklar ketidan quvlashadi. Mudroq bosgan to‘lqinlar sohil qumlarini tekislash bilan ovora.
Sohil nigoh ilg‘agulik qadar olislarga cho‘zilib borgan, zero quruqlikdan otchoparga o‘xshab ketadigan keng o‘tloqdan iborat “Botqoqlik” chegara vazifasini o‘taydi. Ular kelgan yo‘llaridan qaytisharkan, qir-o‘ngirlarning yonbag‘irlaridan har qadamda bosh ko‘tarib chiqadigan katta-yu kichik uylarning hammasi birgalikda Truvil shaharchasini tashkil etadi.
Jazirama issiqda ular ostona hatlab chiqishmaydi. Charog‘on quyosh chiypardalar orasidan yo‘l-yo‘l tasmachalar holida ichkariga nur sochadi. Shaharcha taraf jimjit. Pastda ham zog‘ ko‘rinmaydi. Teran jimjitlik kishi ruhiga osoyishtalik bag‘ishlaydi. Olis-olislardan kemalarni ta’mirlovchi ustalarning bolg‘a va uskunalarni taqillatib urgani quloqqa chalinadi. Dengizdan esayotgan shamol eritilgan smola isini olib keladi.
Hammadan ham ular baliqchi kemalarning sohilga qaytishini tomosha qilishni yaxshi ko‘rishadi. Kemalar po‘kak belgilarni chetlab o‘tib qirg‘oqqa yaqinlashaveradi. Yelkanlar tushirib qo‘yilgan esa-da, fok-macht aniki hamon pufakday shishib turibdi. Barkaslar to‘lqinda chayqalgancha langar tashlashga shaylanmoqda. Kemalar to‘xtagach, dengizchilar tipirchilayotgan baliqlarni qirg‘oqqa irg‘ita boshlashdi. Turnaqator aravalarning yonida turishgan ayollar savatlarini ko‘targancha erlari tomon oshiqishadi.
Bitta ayol Felisitega, u yoqda singling kelib seni kutib o‘tiribdi, dedi. Oqsoch sevinganidan orqasiga qarab chopdi.
Eshikni ochishi bilan ko‘zi Nastaziga tushdi.
Nastazi go‘dagini ko‘ksiga bosib, o‘ng qo‘li bilan ikkinchisini yetaklab kelgan, yungalarning matroscha qalpog‘ini boshiga qiya qo‘ndirgancha to‘ng‘ichi dastini beliga tirab olgan edi.
Singlisi churvaqalarini yetaklab olgancha goh o‘choqboshida, goh hovlida hadeb ko‘zga tashlanavergach,Oben xonim ularning kovushini to‘g‘rilab qo‘ydi. Yaxshiyam Nastazining eri ko‘rinmadi.
Jiyanlariga qattiq bog‘lanib qolgan Felisite ularga adyol, ichki-yim, pechka sotib olib berdi. Ular andishasizlik bilan xolasining yelkasiga minib olishgandi. Oqsochining bag‘ri kengligi bekaning zardasini qaynatib yubordi; bu ham yetmaganday jiyanining Polni “senlab” chaqirishi bekani quyushqondan chiqarib yubordi. Havo aynib Virginiya yo‘tala boshlagach, Oben xonim Pon-l‘ Evekka qaytishga qaror qildi.
Xonim o‘g‘lini kollejda o‘qitmoqchiligini aytib, janob Buryoga maslahat soldi va Pol nufuzli bilim yurtlaridan sanalgan Kann kollejiga qabul qilindi. Katta shaharda ko‘p do‘stlar orttirishi mumkinligidan yigitcha behad mamnun edi.
O‘g‘lim o‘qib odam bo‘lishi kerak, deb Oben xonim barcha mashaqqatlarga chidashga tayyor edi. Virginiya ham asta-sekin akasini unuta bordi. Felisite anchagacha bolaning sho‘xliklarini qo‘msab yurdi, biroq u endi o‘ziga yangi ovunchoq topib olgandi: iydi Mavluddan boshlab u kunda qizchani ilohiyot saboqlariga olib boradigan bo‘ldi.
III
U jome’ eshiklari poyida tizzalarini xiyol bukib, baland ravoqli ibodat zaliga kirib borar, ikki qator o‘rindiqlar orasidan xoli joy topgach, beka bilan yonma-yon o‘tirgancha atrofga bir qur nazar solib chiqardi.
Klirosning o‘ng yog‘ini o‘g‘il, chap yog‘ini qiz bolalar to‘ldira boshladi. Analoyyonidan sarrohib joy oldi. Vitrajlardan birida Bibi Maryamning boshi uzra Muqaddas Ruh qanot qoqib turgan bo‘lsa, bosh-qasida esa Bibi Maryam sabiy Iso poyida tiz cho‘kkan holda tasvirlangan, shohsupaning tabarruk soyasida esa ajdahoni nayza sanchib mahv etayotgan Arxangel Mikoilning yog‘och sanami bor edi.
Sarrohib avval Sirri Ilohiydan muxtasar bayon qildi.
Felisite ko‘z o‘ngida ravzai rizvonu Bobil minorasi, Nuh tosh-qini-yu cho‘g‘ga aylangan shaharlar, yer yutib borayotgan lak-lak odamlaru chil-parchin etilgan sanamlar birma-bir namoyon bo‘la boshladi. Dam hush, dam behush manzaralar, bir yoqdan xudo taolo uning ham qalbini o‘z toatiga moyil etayotganidan darak bersa, ikkinchidan, gunohga botayotgan bandalariga nisbatan qahri nihoyatda qattiqligidan ogohlantirmoqda edi.
Oqsoch ayol Isoyi Masiho chekkan jabru jafolar haqida eshitib, izillab yig‘lamoqqa tushdi. Sabiylarni joni jahonidan ortiq ko‘rgani, och-yupunlarga yemak-kiymak ulashgani, so‘qir ko‘zlarni ochgani, silai rahmda bemisl bo‘lgani hamda yo‘qsil bir oilaning shaltoq og‘ilxonasida dunyoga kelishni ixtiyor qilgani uchunmi?
Erga urug‘ sepish, ekin-tikinni sabr-toqat bilan parvarishlash – Taborak Injilda bayon etilgan oddiy turmush tashvishlari hamda uy-ro‘zg‘or anjomlari bu ayol uchun begona emas edi. Xudoning biru borligi jumlai mo‘minlarni rushdi hidoyatga yo‘llaydi. Shundan beri Felisite qo‘zichoqlarni avvalgidan-da ko‘proq yaxshi ko‘radi, tangriga qurbonlikka atalgani bois Uni hamda Muqaddas Ruhning timsoliga aylangan kabutarlarni alohida muhabbat qo‘yib ardoqlaydi.
Felisite Muqaddas Ruh haqida dudmal tasavvurga ega edi: zero u nainki parranda, balki o‘t-olov qushi – samandar edi, obbaholam u ilohiy saboh hamdir. Ehtimol, qorong‘i kechalarda botqoqliklar labida uchib-qo‘nib yurgan ul hilqatdan ziyo taralar; balki u qora bulutlarni haydab soluvchi shamol yoxud qo‘ng‘iroqlar ovoziga ilohiylik bag‘ishlovchi sasdir-sadodir. Ayni shu lahzalarda u jomening tosh devorlaridan ufurayotgan soya-salqindan rohatlanib, unda hukm surayotgan huzur-halovatdan zavq-shavqqa to‘lib bormoqda edi.
U aqidalarga mutlaqo tushunmas, ularni tushunib yetishga-da intilmasdi. Muallim rohib savol-javoblar yordamida bolalarga saboq berar, bu vaqt mobaynida Felisiteni mudroq bosib pinakka ketar, dars tugab bolalar shosha-pisha og‘och boshmoqlarini taqillata boshlashidan uyg‘onib ketardi.
Ustoz rohibning Ilohiyot saboqlarini tinglab borarkan, oqsoch ham ancha-muncha narsaga tushuna boshladi. Beg‘ubor bolaligi birovlarning eshigida mol boqish bilan o‘tgan yetimchaga kim ham rahnamolik qilardi. Endi bo‘lsa u hamma narsada Virginiyaga iqtido qilar, qizchaga qo‘shilib ro‘za tutar, istig‘for aytardi. Isoyi Masiho chormixlangan kunni ikkalasi birgalikda g‘am-g‘ussaga cho‘kib nishonlashardi.
Virginiyani daf’atan cho‘qintirishga olib borishganda uni teran hayajon chulg‘ab oldi. Qizchaning boshmog‘i va qo‘lqopini kiygizib, qo‘llariga tasbeh va haftiyak tutqizib qo‘yish ham oqsoch uchun o‘ta muhim vazifa edi. Uning his-tuyg‘ulari jo‘shib, qizaloqni kiyintirishda bekaga qarasha boshladi.
Butun peshin ibodati mobaynida uning joni halakda bo‘ldi. Janob Buryo gavdasi bilan klirosning bitta yog‘ini to‘sib qo‘ygandi. To‘g‘rida esa hijobi ustidan oq bargakdan gulchambar taqib olgan qizlar qorli dalaga o‘xshab oqarib ko‘rinadi. Felisite ancha naridan o‘z nuri diydasiday mo‘tabar qizchani zingil qaragancha butun diqqatini bir nuqtaga jamlab turganidan tanib qoldi. Qo‘ng‘iroqcha chalinib, boshlar quyi solindi va atrofga teran sukunat cho‘mdi. Xonishchilar organ sadolari ostida namozxonlarga qo‘shilib, “Tangriga atalgan qo‘zichoqni” kuylashga tushdilar. So‘ngra o‘g‘il bolalar viqor bilan yurib ketdi va ularning ketidan qizlar ham ergashishdi. Ular qo‘l qovushtirib charog‘on mehrob poyiga qadam-baqadam yaqin kelib, sarrohibning oyoqlari ostiga tiz cho‘kishar va uning ridosi etagini tavof qilishgach, yana shu tartibda joylariga borib turishardi. Navbat Virginiyaga kelganda Felisite uni yaxshiroq ko‘rib olish uchun pastga egildi. Tangriga ishqi chinakamligidan taxayyulining komilligi o‘laroq shu topda uning o‘zi qizchaga evrilib qolgandek bo‘lib tuyuldi. Qizchaning orazi go‘yo unga ko‘chib o‘tgandek, baayni ko‘ksida ham sabiyning jajji yuragi tepayotgandek, hattoki egniga ham qizaloqning libosini ilib olgandek edi. Virginiya og‘izchasini ochib, chashmani yulib olgan lahzalarda Felisite hushidan ketishiga sal qoldi.
Felisite ertasiga tong payti jomega kirib bordi va ruhoniyga alohida istig‘for keltirmoqchiligini aytdi. U garchand astoydil tavba-tazarru keltirgan esa-da, baribir kechagidek qalbi taskin topmadi.
Oben xonim qizini barkamol qilib voyaga yetkazmoqchi edi. Guyyo unga na musiqadan, na ingliz tilidan yetuk bilim bera oldi. Shundan so‘ng Oben xonim uni Gonflyordagi ursulinkalar pansionida o‘qitishga qaror qildi. Virginiya itoat etishga majbur edi. Felisite og‘ir bir so‘lish oldi – u bekani bag‘ritoshlikda ayblardi. Ehtimol, beka haqdir, axiri bu narsalarga umuman tushunmayman, deb o‘zini ovutgan bo‘ldi u.
O‘shanda ko‘cha eshigining oldiga eski izvosh kelib to‘xtadi – oyim-qizni olib ketgani pansion rohibasi kelib edi. Yuklarni ulovning tomiga joylarkan, Felisite jilovdorga tegishli ko‘rsatmalar berib, o‘tirg‘ichning tagiga olti banka murabbo, besh-o‘n dona nok hamda bir dasta binafsha solib qo‘ydi.
Virginiya oyisi bilan xayrlasharkan, o‘pkasi to‘lib ho‘ngrab yubordi; u oyisini mahkam quchoqlab olgandi, beka esa jigargo‘shasining peshanasidan o‘pib qo‘yarkan, hadeb:
– Bo‘ldi, bo‘ldi, yetar! – deb takrorlardi.
Pillapoya yig‘ib olingach, izvosh joyidan jildi. Ayriliqni ko‘tara olmagan beka hushidan ketib yiqildi. Kechqurun uning ko‘nglini tinchitgani uyiga Lormolar, Leshaptua xonim “o‘sha oyimtilla” Roshfeylar, de Gupvil va Buryo janoblar kelishdi.
Avvaliga ayriliq sabab bekaning ko‘ngliga qil ham sig‘may yurdi. Yaxshiyam u haftada uch marta qizidan maktublar olib turar, uning xatlariga javob yozar, chorbog‘ni aylanib, bir oz mutolaaga berilar, shu asnoda vaqtini o‘ldirar edi.
Ertalablari Felisite odatan Virginiyaning xonasiga kirib, hamma yoqqa ko‘z solib chiqardi. U endi qizaloqning sochini o‘rib, boshmog‘ining bog‘ichlarini bog‘lab qo‘ya olmasligi, uni to‘shakka o‘zi yotqizib so‘lim chehrasiga mehr bilan boqolmasligi hamda qo‘lchasidan tutib ko‘chaga chiqolmasligidan nadomat chekardi. Bo‘sh o‘tirmaslik uchun u ipak to‘r to‘qib ko‘rdi; ammo panjalari dag‘alligidan nafis ip tolalari dam-badam uzilib ketaverdi. U sarang ahvolga tushib qoldi, uyqusizlik dardiga yo‘liqdi, o‘zi aytganidek, “dunyodan etak silkidi”.
“Dilining g‘uborini yozish” uchun u bekadan uyga ba’zi-ba’zida jiyanim Viktor kelib tursa maylimi, deb so‘radi.
Yakshanba kunlari peshin ibodatidan keyin kirib keladigan shirmoy yuz, ko‘ylagining oldi ochiq jiyanidan yam-yashil dalalarning ifori taralib turardi. Felisite jiyani bilan baqamti o‘tirib tushlik qilar edi. U tejamkorlik vajidan kam yeb-ichar, lekin bolaning og‘iz-burnidan tiqqani-tiqqan edi. Oxiri jiyani dong qotib uxlab qolardi. Shom ibodatiga jom chalinishi hamon Felisite uni uyg‘otar; ust-boshini tozalab, bo‘yinbog‘ini taqib qo‘yar va onalarga xos iftixor bilan Viktorning qo‘liga tayangancha cherkovga yo‘l olardi.
Viktorni ota-onasi har safar unga xolangnikidan bir quti shakarmi, bir kulcha sovunmi, bir shisha aroqmi undirib kel, hech qursa ozroq pul so‘ra, deb tayinlashardi. Bola har gal xolasiga ko‘ylagi yo shimini ko‘tarib kelar, xola ham jiyanini yana ko‘rishga bahona topilganidan boshi osmonga yetardi.
Avgustda otasi Viktorni o‘zi bilan birga dengiz safariga olib ketdi. Yozgi ta’til payti edi. Biroq Virginiya bilan Polning ta’tilga kelishi oqsoch ayolning ko‘nglini ko‘tardi. Lekin Pol tegma nozik bo‘lib qolgan, Virginiya ham ancha ulg‘ayib, endi unga mulozamat ko‘rsatishga to‘g‘ri kelardi. Aka-singil bir-biridan uyaladigan yoshga yetgan edi.
Viktor kemada Morl, Dyunkerk va Brayton port shaharlarida bo‘ldi. Safardan qaytishda u albatta Virginiyaga nimadir olib kelardi. Dastavval u qizga chig‘anoqlardan yasalgan quticha sovg‘a qildi, keyin finjon va uchinchi safar o‘yinchoq shaklidagi shirinkulcha olib keldi. Endi Viktor ham bo‘y-basti kelishgan, mo‘ylabi sabz urib, munis va pokdomon, ko‘zlari kulib turadigan yigit bo‘lgandi. U oldi soyabonli charm qalpoq kiyib, uni lotsmanlarga xos gardaniga tushirib olib, safar taassurotlarini hikoya qila boshlardi; hikoyasi tushuniksiz atamalarga to‘lib ketar edi.
1819 yil 14 iyul dushanbada (ayol bu sanani unutmagandi) Viktor xolasiga indin paketbotda Gonflyordan Gavrgacha, u yerdan shxunada ikki yillik dengiz safariga jo‘nab ketyapman, dedi.
Bu xabardan Felisiteni g‘am bosdi. Chorshanbada u bekaning kechki ovqatini berib bo‘lgach, yog‘och taglik boshmog‘ini oyog‘iga ilgancha Gonflyorgacha bo‘lgan to‘rt milyalik yo‘lga tushdi.
Kemalar portida bilmasdan chapga emas, o‘ngga qarab keta boshladi va verflar orasida adashib yana ortiga qaytdi. Port ishchilari, shoshilmasangiz jiyaningizni ko‘rolmay qolasiz, deyishdi. U yo‘g‘on zanjirlarga qoqilib-surinib, ta’mirtalab kemalarga to‘lib ketgan dokni chetlab o‘tdi-da, port labiga tushib bordi. Kemaga ortilayotgan otlarni ko‘rib o‘takasi yorilay dedi.
Sohildagi boshqa otlar hurkib kishnay boshladi. Dengizni ko‘rib vahima bosgandi jonivorlarni. Olma vinosi solingan idishlar, savat-savat pishloqlar, qoplardagi don-dunlar oralab yo‘lovchilar turtinib-surtinib o‘tishar, hammayoqni g‘ovur-g‘uvur, kema sardorining so‘kingani, tovuqlarning “qa-qa”lagani tutib ketgan. Ancha narida langar moslamasiga suyanib turgan yosh dengizchini ko‘rib, tanisa-tanimasa “Viiktoo!” deya chaqirdi. Yigitcha boshini ko‘tarib qaradi, ayol u tomonga talpingani hamon trapni yig‘ib olib qo‘yishdi.
Ayollar qo‘shiq aytib kemani ochiq dengizga kuzatmoqda edilar. Zalvorli to‘lqinlarning bosimidan kema korpusi qisirlab ketdi. Yelkanlar shamolda qappayib, palubadagilarni to‘sib qo‘ydi. Oyning shu’lasida ummon sirti kumushdek yarqirab, kema sohildan uzoqlasha borgani sayin kichiklashib, asta-sekin yo‘qolib ketdi.
Felisite kalvariy yonidan o‘tib bir joyga borib to‘xtadi: ko‘zlarini osmonu falakka qaratgancha xudoga yolvorib, eng aziz kishisi – omonat jiyanining hayotiga panoh so‘radi, ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kib Parvardigorga uzoq tavallo qildi. Garchi butun shahar osuda uyquda bo‘lsa-da, biroq bojxona xodimlari sergak turishardi. Shlyuz raxnamolaridan tinimsiz quyilayotgan suvning shaldirashi sharshara shovullashini eslatadi.
Soat ikki. Bu paytda monastirgayam kiritishmaydi. Aytgan vaqtdan kechikib borsa bekadan rosa gap eshitishini o‘ylab darhol yo‘lga tushdi va mehmonxona malaylari endi-endi ko‘z uqalab uyg‘onayotganda Pon-l‘ Evekka kirib bordi.
Felisitening xayolidan hanuz jiyani ko‘tarilmasdi. Bola paqir endi oylab ummonlarda suzadi! Avvallari xolasi undan ko‘p ham xavotir olavermas edi. Zotan odamlar Angliyadan ham qaytib kelishayapti, biroq olis Amerika, mustamlaka orollar – bularning hammasi dunyoning odam oyog‘i yetmagan bir chekkasida edi.
Shu-shu Felisite yalang jiyanini o‘ylaydi. Kun qiziganda boyoqishni tashnalik qiynayapti, deb ichi achisa, momaqaldiroq gumburlab, yildirim chaqqanda, bolani chaqmoq urib o‘ldirmasaydi, deb qo‘rqardi. Mo‘rikonda shamol uvillab, uyning tomini ko‘tarib ketgan kezlarda esa xuddi ularning kemasi halokatga uchrab, Viktor machta og‘ochiga osilib jon saqlayotgandek bo‘lardi. Ba’zan ayolning yodiga suratli jug‘rofiya kitobi tushib, go‘yo jiyanini odamxo‘rlar g‘ajiyotgan, yo bo‘lmasa maymunlar o‘rmonga sudrab ketayotgan, yoxud u kimsasiz sohil bo‘yida joni uzilayotgan holda namoyon bo‘lardi. Lekin bu haqda u hech kimga og‘iz ochmasdi.
Oben xonim bo‘lsa nuqul qizining g‘amini yer edi. Rohibalar Virginiyani yoqimtoygina, lekin ramaqijon ekan, deyishdi. Jinday dilgirlik ham qizchaga yomon ta’sir qilardi, shu bois u musiqa sabog‘ini ham yig‘ishtirib qo‘ydi. Beka rohibalarga, qizimning ahvolidan xabar berib turinglar, deb tayinladi. Bir gal monastirdan xabar kelmay qolsa bo‘ladimi. Beka tahlikaga tushib u yoqdan-bu yoqqa tanda qo‘yar, oyog‘i kuygan tovuqday tipirchilar edi. E xudo, bu ne ko‘rgulik! To‘rt kundan beri na xat, na xabar bor.
Xonimga taskin berish uchun oqsoch o‘zidan qiyos keltirdi.
– Bekam, hadeb ezilavermang, mana menga yarim yildan beri xat kelmaydi.
– Kimdan kelmaydi?
– Kimdan bo‘lardi, jiyanimdan-da! – ochiqko‘ngillik bilan dedi Felisite.
– E, ha, o‘sha jiyaningizdanmi? – bepisand qo‘l siltadi Oben xonim.
– “Bilmabmanam!… Darvoqe, jiyaningiz bilan mening necha pullik ishim bor! Yalangoyoq, dengizchilarning bir malayi-da o‘sha, shungayam ota go‘ri qozixonami! Mana mening qizim… Axir bu…”, – degancha beka xonada yura boshladi.
Kichkinaligidan bag‘ritoshlik, bemehrlikka ko‘nikib kelgan Felisite baribir o‘ksindi, lekin keyinchalik buni unutib yubordi. Jigargo‘shasini deb xonim aqlini yo‘qotib qo‘yishi tabiiy hol edi.
Virginiya ham, Viktor ham oqsoch ayol uchun birdek ardoqli edi. Ularning ikkalasiga ham xuddi o‘z onalari singari mehr-muhabbat qo‘ygan va har ikki yoshni ham oldinda bir xil qismat kutayotgan edi.
Aptekachi gazetadan Viktor xizmat qilayotgan kema Gavanaga yetib borgani haqida o‘qidim dedi. U yerliklar sigara chekishdan boshqa nimaniyam bilardi, deya o‘yladi oqsoch. Hoynahoy, Viktor ham shu topda habashlar bilan birga tamaki burqsitib yurgandir. Ayol andilik bilan “Gavana degani bu yerdan uzoqmi? Zarurat yuzasidan orqaga quruqlikdan qaytsa bo‘ladimi?”, – deb so‘radi. Janob Buryo stolga dunyo xaritasini yoyib qo‘yib, merovlangancha turgan Felisitega bir fursat masxaraomuz tikilib qoldi-da, so‘ng qalamining uchini arang ilg‘anadigan tuxumsimon nuqtaga nuqidi va “Mana o‘sha joy!”, – dedi.
Felisite xaritaga engashdi, kesishgan rangin chiziqlardan ko‘zlari jimirlab ketdi: u angrayib qoldi.
– Nimanidir so‘rashdan istihola qilyapsiz-a? – dedi janob Buryo.
– Menga Viktor qo‘ngan uyni ko‘rsatsangiz?
Buryo aksa urib yubordi, keyin qo‘llarini bir-biriga urib o‘zini to‘xtata olmay kula boshladi – ayolning go‘lligi uning zavqini keltirib yuborgandi. U nega kulayotganini Felisite tushunmas, hatto shu topda ayol jiyanining suratini ko‘rishdan ham xomtama bo‘layotgandi. Hamin qadar avom edi u.
Ikki haftadan so‘ng Lebar odatdagidek to‘g‘ri o‘choqboshiga o‘tib, oqsochning qo‘liga kuyovidan kelgan maktubni tutqazdi. Lebar-da savodsiz edi, shu bois ayol xatni bekasiga olib bordi.
Oben xonim ishpechini chetga surib qo‘yib, xatga bir ko‘z yugurtirib chiqdi-da, ohista dedi:
– Sizga yozishlaricha,… E xudo, jiyaningiz… olamdan o‘tibdi. Xatda boshqa hech narsa deyilmagan.
Felisite kursiga qulab tushdi, boshini yog‘och to‘siqqa qo‘ygancha, bir zumda qizarib ketgan ko‘zlarini yumib oldi. Uning boshi va qo‘llari osilib tushgan, ko‘zlarini bir tuqtaga tikkancha dam-badam:
– Voy sho‘rlikkina-ya! Voy bechora-ya! – deya bot-bot takrorlardi.
Lebar unga qarab chuqur so‘lish oldi. Bekaning yelkalari xiyol silkinib qo‘ydi.
U Felisitega, Truvildagi opangiznikiga borib kelsangiz, bir oz yengil tortarmidingiz, dedi.
Felisite nima foydasi bor degandek qo‘l siltab qo‘ydi.
Oraga jimlik cho‘kdi. Uni yolg‘iz qo‘yish joizligini fahmlagan Lebar eshikka talpindi.
– Ularga baribir! – dedi oqsoch o‘zicha.
So‘ng boshini tag‘in osiltirgancha, o‘ziyam anglamagan holda sochidagi piltakachlarini o‘ynab o‘tiraverdi.
Hovlida ustiga kirlar yoyib qo‘yilgan xoda ko‘targan ayollarni ko‘rib, o‘zining kirlari kechadan buyon jomashovda ivib yotganini esladi-da, xonadan chiqdi.
Kir yuvish jihozlari Tuk sohilida yotardi. U yengini shimarib, birmilda ivib yotgan kir-chirlarini daryo bo‘yiga ag‘darib tashladi-da, bor kuchi bilan kaltaklay ketdi. Kuchli zarb sadosi atrof-javonibga yoyilib borardi.
Tevarak huvillab yotibdi; shamol daryo suvini mavjlantirar, o‘siq o‘t-o‘lanlar xuddi cho‘kib yotgan o‘likning sochlariga o‘xshab eshilib-eshilib chayqalardi. Felisite tishini-tishiga bosib, bo‘g‘ziga tiqilib kelayotgan xo‘rsiniqni tashiga chiqarmay kechgacha chidab yurdi, ammo kechqurun xonasiga kirib kelgach, o‘zini to‘shakka yuztuban tashladi-da, yuz-ko‘zlarini yostiqqa bosib his-tuyg‘ulariga erk berib yubordi.
Oradan ancha o‘tib, kema sardori Viktorning o‘limini tafsilotlarigacha so‘zlab berdi. Viktor sariq bezgakka chalingan, kasalxonada undan nihoyatda ko‘p qon olib yuborishgan. Oyoq-qo‘llaridan to‘rtta doktor bosib turgan yigit bir lahzada jon bergan.
– Ana! Tag‘in bittasi tayyor! – degan bosh vrach o‘shanda.
Ota-onasidan xo‘rlik-zorlik ko‘rib katta bo‘lgan edi u. Shu bois Felisite ular bilan aloqani uzib yuborgan, ular ham jim bo‘lib ketishgandi. Oqibatsizlikdanmi yoki qashshoqlarga xos bag‘ritoshlikdanmi, harqalay, ular Felisiteni ham unutgan edilar.
Bu orada Virginiyaning sog‘lig‘i yomonlashaverdi: nafas bo‘g‘ilishi, yo‘tal, muttasil et uvishishi, yonoqlaridagi dog‘lar kasallik jiddiyligidan darak berib turardi. Janob Puparning maslahatiga ko‘ra Virginiyani Provansga olib boradigan bo‘lishdi. Pon-l‘ Evekda iqlim mo‘tadil bo‘lganda, Oben xonim qizini u yoqqa zinhor jo‘natmasdi.
Izvoshchi bekani har seshanbada Provansga olib borib keladigan bo‘ldi. Monastir chorbog‘idan Sena daryosi shundoq ko‘zga tashlanib turadi. Virginiya oyisining qo‘ltig‘idan olib, uzum barglarini bir-bir bosgancha odim tashlardi. Ba’zan bulutlar orasidan oftob mo‘ralab qolar, shunda qiz ko‘z-yuzlarini jiyirib, Tankarvil qal’asidan Gavr mayog‘igacha cho‘zilib ketgan olis ufqqa tikilib qolardi. Keyin ona-bola yam-yashil butalar chirmab olgan shiyponchada dam olgani o‘tirishardi.
“Manavi vinodan tatib ko‘rgin-a”, – deydi oyisi unga ichimlik solingan idishni uzatarkan. “Sarxushlanib qolmayin tag‘in”, – degan ishtibohda Virginiya ajoyib malagadan ikki ho‘plamgina totib qo‘yardi, xolos.
Virginiya endi tuzalayotgan, kuch-quvvatga enib borayotgan edi. Kuz hadik-xavotirsiz o‘tdi. Felisite bekaga dalda berardi. Bir safar qosh qorayganda u qayergadir yumush bilan ketib qaytib kelsa, ko‘cha eshigining oldida janob Puparning kabrioleti turgan ekan. Tabib ostonada turgancha yo‘l tadorigini ko‘rayotgan Oben xonimni kutmoqda edi.
– Hamyonim bilan qo‘lqopimni uzatib yuboring, tezroq! – dedi beka oqsochga.
Virginiya zotiljam bo‘lgan, ehtimolki tuzalmasdi ham.
– Og‘ir yotibdi, – ta’kidladi vrach Pupar.
Qor bo‘ralab yog‘ar, havo juda sovuq edi. Oben xonim bilan janob Pupar shom g‘ira-shirasida yo‘lga tushdilar.
Felisite xudodan o‘zi va bekasining diliga umid, Virginiyaning dardiga shifo so‘rab sham yoqqani cherkovga chopdi. U yerdan chiqasolib kabrioletning ortidan yugurdi va bir soatda unga yetib oldi. “Hamma yoqni ochiq-sochiq tashlab qayoqqa ketyapman o‘zi? Tag‘in o‘g‘ri tushib…”, degan hadikda aravadan sakrab tushib qoldi.
Ertasiga so‘fi azon aytmasdan Felisite doktornikiga jo‘nadi. U monastirdan qaytib kelib, kasal ko‘rgani qishloqqa ketgandi. Felisite qovoqxonada monastirdan xabar kelishini kuta boshladi. Xat-xabar bo‘lavermagach, erta tongda Lizedan kelayotgan dilijonga o‘tirib, Provansga jo‘nab ketdi.
Monastir toqqa tik ko‘tarilib boradigan jinko‘chaning adog‘ida joylashgandi. Yetay deganda Felisitening qulog‘iga g‘alati ovozlar chalinaverdi – bu motam sadolari edi.
“Birontasi omonatini topshirgandir-da!” degan xayolga bordi u. Yetib borgach esa eshikni qattiq qoqa boshladi.
Iyig‘i chiqib ketgan boshmog‘ini shapillatgancha kimdir kelib eshikni ochdi. Odamjon rohiba g‘amboda siyoqda,“Virginiya hozirgina dorilbaqoga ko‘chish qildi”, – dedi. Avliyo Leonar jomlari yanayam baralla jaranglamoqqa tushdi.
Felisite binoning uchinchi qavatiga ko‘tarildi.
Nozik qo‘lchalari ko‘ksiga chalishtirib qo‘yilgan Virginiya og‘zini ochgancha tepaga qarab yotardi; boshi uzra, garchi uning yuzlaridek oppoq bo‘lmasa-da, biroq andomi singari qilt etmay turgan pardalar orasidan qop-qora but osib qo‘yilgandi. Oben xonim esa qizining oyoqlarini quchgancha unsiz yig‘lab o‘tirardi. Xonani uch tomondan shamlar yoritib turar, mayyitning o‘ng yog‘idan abatissa joy olgandi. Rohibalar kelib Oben xonimni tashqariga suyab chiqib ketishdi.
Felisite ikki kecha murdaning yonidan jilmadi. U nuqul bir xil suralarni takrorlar, to‘shakni muborak suv bilan poklab, mayyitdan ko‘z uzmay o‘tirardi. U ertasiga murdaning tusi gezarib, lablari ko‘karib ketganini, burni ham so‘rrayib, qovoqlari ichiga tortib chuqurlashganini ko‘rdi. Ayol tiyrak bo‘lgan qizchaning yuz-ko‘zlaridan o‘pib qo‘ydi. Basharti shu tobda Virginiya ko‘zlarini katta ochib yuborganda ham, Felisite xoriqulodda bu hodisadan dahshatga tushib qolmas, buni oddiy bir hol deb qabul qilgan bo‘lar edi.
Felisite murdani yaxshilab kiyintirdi: sochlarini tarab o‘rib qo‘ydi; so‘ng tobut ichiga kafan to‘shab, qizni yotqizdi-da, boshiga chambar qo‘ndirdi. Virginiyaning sochidan anchaginasini qirqib olib, o‘z ko‘kraklari orasiga yashirdi, zero qizning oq malla sochlari yoshiga nisbatan nihoyatda uzun edi.
Oben xonimning xohish-istagiga ko‘ra marhumaning jasadini Pon-l’ Evekka dafn etadigan bo‘lishdi. Beka usti yopiq izvoshda tobut ortilgan ulovning ortidan izma-iz borar edi.
Janoza o‘qib bo‘lingach, mayyitni qabristonga yetkazgunlaricha chorakkam bir soat vaqt o‘tdi. Hammadan oldinda Pol yig‘lab borar, undan orqaroqda janob Buryo, yanayam keyinroqda Pon-l’ Evek peshvolari, boshlariga motam matosi tashlab olgan ayollar hamda Felisite ohista qadam tashlashardi. Shu chog‘da ham u so‘nggi bor izzat-ikrom ko‘rsatolmagan jiyanini o‘ylab borar va bamisoli Virginiya bilan birga Viktorni ham so‘nggi yo‘lga kuzatayapmiz, deb xayol qilar edi.
Og‘ir musibatdan Oben xonim adoyi tamom bo‘ldi.
U navha qilib xudoga zorlandi: “Bag‘rimdan jigargo‘shamni yulib olib, yuragimni so‘zon aylading, beayb, begunoh qizimni qaro yerga tiqding, axir uning vijdoni pok, hech kimga yomonlik qilmagan bo‘lsa? – deb aytib yig‘ladi. Avval boshdan bolamni janubga olib ketib, u yerlik shifokorlarga qaratganimda, ehtimol o‘lmasmidi? Ey xudo, ertaroq jonimni olaqolsang-chi, zora qizalog‘im bilan topishsam…” deb o‘ngida ham, tushida ham tangriga tavallo qildi. Beka yalang bir xil tush ko‘rib chiqardi – olis dengiz safaridan qaytib kelayotgan eri unga yig‘lab-siqtab, menga Virginiyani tutib ketish buyurilgan, ikkovlashib uni hech kim topa olmaydigan joyga yashirib qo‘yishimiz kerak, deb zor qaqshar edi.
Birda Oben xonim yuragini hovuchlagancha chorbog‘dan chopib keldi. Beka:“Hozirgina u yoqda erim bilan qizimni uchratdim (hatto ular turgan joyni ham ko‘rsatdi), ular lom-lim demasdan menga qarab turishardi”, – dedi.
Shundan keyin beka hamma narsaga etak silkib, oylab xonasida qamalib o‘tirdi. Felisite unga og‘ir botmaydigan ohangda “o‘zingizni ehtiyot qilishingiz kerak, nainki Pol, balki “uning” yodini e’zozlash uchun”, – dedi.
– “Uning” dedingizmi? – xuddi og‘ir uyqudan uyg‘ongandek qayta so‘radi Oben xonim, – E-ha!.. Darvoqe, siz uni unutmabsiz!
Beka oqsochiga zinhor-bazinhor qabristonga bormaslikni tayinlagan va hozir ham shunga ishora qilayotgandi.
Felisite qabristonga har kuni borar edi. U soat to‘rtda uydan chiqib, jin ko‘chalar oralab tepalikka ko‘tarilib, qopqadan ichkariga va u yerdan to‘g‘ri Virginiyaning qabri tomon borar edi. Yodgorlik lavhasining tepasida pushti marmardan ustuncha o‘rnatilgan, lavha bilan gulzor girdini zanjir o‘rab olgan. Felisite cho‘kkalab gullar tagini yumshatdi, yangi qum sepib yana sug‘orib ham qo‘ydi. Oben xonimning o‘ziga ham ruxsat berilgach, u bu yerga tez-tez kelib turadigan bo‘ldi: qabriston bekaning dili hushiga aylandi.
Keyin bo‘lsa yaknasak yillar almashinib kelaverdi: Paxsa, Iydi kulli avliyo va Uspeniye kabi katta sayillar o‘zining shukuhi, ko‘lami bilan yodda qolardi. Obenlar xonadonida yuz bergan voqealar, chunonchi 1825 yilda ikki bo‘yoqchi yo‘lakni bo‘yab chiqqani, 1827 yilda tomning bir cheti qulab tushib kimnidir bosib qolay degani, 1828 yilning yozida xonim odamlarga osh berganigacha hammasi unutilmagan edi. Bu paytga kelib janob Buryo sirli ravishda g‘oyib bo‘lgan, eski qadrdonlari – Guyyo, Lebar, Leshaptua xonim, Robelen, Gremanvil amakilarning qazosini xudo birin-ketin qaritgan edi.
Bir oqshom malpost chiptachisi Pon-l’ Evekka Iyul inqilobi haqida xabar keltirdi. Sal o‘tib, shu choqqacha Amerikada konsullik vazifasini o‘tab kelgan baron de Larsoner yangi superfekt etib tayinlandi. Rafiqasi, qayinegachisi va uch nafar yoshlari o‘tinqirab qolgan qizlaridan iborat edi baronning oilasi. Qizlar yengil libosda sayr qilgani tez-tez chorboqqa chiqib turishardi. Bundan tashqari ular uyda bitta habash xizmatchi bilan to‘tiqush ham asrashardi.
Bir kuni ular Oben xonimnikiga mehmonga tashrif buyurishdi. Felisite uzoqdan mehmonlarning qorasini ko‘rib, bekani ogohlantirgani uyga qarab chopdi. Biroq bekaning xayoli mudom o‘g‘li bilan band edi.
Pol bo‘lsa qo‘lini sovuq suvgayam urmas, otameros boylikni sovurib, uzzukun mayxonadan chiqmasdi: u tovonigacha qarzga botib borar, oyisi ularni to‘lash bilan ovora edi. Xonimning oh-vohlari o‘choqboshigacha yetib kelar, Felisite esa joyidan jilmay bekasiga ip yigirib berardi.
Ba’zan oqsoch bekaning qo‘ltig‘idan olib uzumzorda sayr qilarkan, ular nuqul Virginiya haqida gaplashishar, bir-birining ko‘nglini ko‘tarishga sa’y qilishardi.
Virginiyaga tegishli narsalar ikkita bolalar karavoti bor xonaning devoriy shkafiga joylangan edi. Oben xonim kamdan-kam hollardagina u yerga kirardi. Yoz kunlaridan birida u xonaga kirishi bilan shkafdan kuya uchib chiqdi.
Virginiyaning ko‘ylaklari ilib qo‘yilgan bo‘lmaning tepasidagi javonda uchta qo‘g‘irchoq, serso3 o‘yini, idish-tovoqlar va tog‘oracha bor edi. Oben xonim bilan Felisite shkafdan qizining kiyim-kechaklarini chiqarib karavotning ustiga yoyib tashlashdi. Charog‘on oftob nurlari ostida ulardagi dog‘lar yaqqol bilinib turar, liboslar kiyilmaganligidan ularning taxiyam buzilmagandi. Ularga judolikning qayg‘uli nuqsi soya solib turar edi.
Xonaga iliq moviy nur taralgan, butun borliqqa ingan teran sukunat kishiga huzur-halovat bag‘ishlaydi. Banogoh ular momiqqina dolchintus duxoba qalpoqcha topib olishdi. Qalpoqchani kuya ilma-teshik qilib tashlagan, uning kiygulik joyi qolmagandi. Felisite bekadan, qalpoqchani esdalikka olib qolsam maylimi, deb so‘radi. Bir zumda ikkalasining ko‘zlari yoshga to‘ldi. Beka quchog‘ini ochdi – oqsoch o‘zini uning bag‘riga otdi. Ular bir-birini mahkam quchgancha piqillab yig‘lashar, bir-birining dardini aritishni istardi.
Bunaqasi ilk marotaba yuz berayotgani bois Oben xonim o‘zini anchayin sipo tutib turdi. Felisite bekadan shu qadar minnatdor ediki, go‘yoki beka bu bilan oqsochiga buyuk ehtirom ko‘rsatayotgandi. Ushbu lahzalardan e’tiboran u xonimga yukunadigan bo‘ldi, u bekaga itdek vafodor edi. Endi Felisitening qalbi bani odamlarga ezgu amallar ko‘rsatish ishqi bilan yonadi.
Birdan ko‘chadan baraban sadolari eshitilib qoldi: polk safarga otlanayotgandi. U ko‘cha eshik ostonasidan turib askarlarni olma sharobi bilan siylashga tushib ketdi. U vaboga chalinganlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatar, toliqqan polyak askarlariga qarashardi. Hatto ulardan bittasi unga uylanmoqchiyam bo‘ldi. Biroq ayol uni jerkib berdi. Bir kuni erta bilan qaygadir borib keldi-da, oshxonaga kirib olib o‘zi tayyorlagan vinegretni paqqos tushirayotgan askarning ustidan chiqib qoldi.
Polyaklar jo‘nab ketishgach, Kolmish degani paydo bo‘ldi. Aytishlaricha, u 93-yilning xunrezliklarida qatnashgan ekan. U daryo bo‘yidagi to‘kilib bitgan cho‘chqaxonadan qo‘nim topgandi. Bolakaylar yoriq-tirqishlardan mo‘ralab, cholga tosh otishar, boyaqishning “quv-quv” yo‘taldan butun vujudi larzaga tushardi. Sochlari yelkasiga tushgan, ko‘zining jiyaklari elikib, sillasi qurib bitgan qariya qo‘lidagi naq kalladay shishni avaylab ushlab yotadi. Felisite unga top-toza ichkiyim topib berdi, olachig‘ini supirib-sidirdi. U, beka ko‘nganda, bechora cholni issiqqina novvoyxonaga yotqizib qo‘yardim, deb o‘yladi.
Chol saratonga chalingani ma’lum bo‘lgach, oqsoch uni kunda yuvintirib qo‘yar, obinonlar bilan siylar, og‘ilning kungayiga poxol to‘shab avaylab yotqizardi. Sho‘rlikni og‘zidan tupugi sachrab, titrab-qaqshab Felisitega minnatdorchilik bildirarkan, ayol ketayotganda xuddi undan ayrilib qolayotgandek, ortidan qo‘llarini anchaga dovur uzatib turardi. U omonatini topshirgach, oqsoch cherkovga borib, marhumning yodiga duoi-fotiha tilovat qildirdi.
O‘shanda Felisitega baxt kulib boqdi: tushlik payti de Larsoner xonimning habashi to‘tiqushni ko‘tarib kelib qoldi. Qush osma qulf-cha bilan mahkamlanadigan qafasning cho‘p qo‘ndoqchasida o‘tirardi. Baronessa bir enlik qog‘ozga eri prefekt etib tayinlangani va shu bois bu yerdan ko‘chib ketayotgani uchun to‘tiqushini hurmat-ehtirom yuzasidan Oben xonimga hadya qilmoqchiligini aytgan edi. To‘tiqush anchadan beri oqsochning xayolini band etib kelardi: zotan u Amerikadan keltirilgan, demakki shu kalomning o‘ziyoq unga Viktorni eslatib turar va u ba’zi-ba’zida habashdan qushni so‘rab qo‘yardi; hatto bir daf’a:
– Bekadayam shunaqa qush bo‘lganda, u bizga nechog‘lik sevinch bag‘ishlashi mumkin edi, – degandi.
Habash birda bu gapni bekasining qulog‘iga yetkazgandi. Bekasi ham to‘tiqushni ko‘ch-ko‘roniga qo‘shib ko‘tarib keta olmas, endi u shu yo‘sinda qushdan osongina qutilib qo‘ymoqchi edi.
IV
Uning laqabi Lulu edi. patlari yashilvoriydan kelgan, chaqa tangadek lojuvard peshonasi hamda zarhal bo‘yinchasi o‘ziga biram yarashib turardiki…
U qo‘ndoqchasini cho‘qilagani-cho‘qilagan edi; o‘zining patini yulib, tezagini har yoqqa sochar, suvdondagi suvni sachratib o‘ynardi. Beka bezor bo‘lib, qushni Felisitega berib qo‘yaqoldi.
Felisite qushni so‘zlashga o‘rgatmoqchi bo‘ldi; tez orada u bemalol: “Hoy bolajon! Kamtarin qulingiz, taqsir! Salom Meg‘iy!” deb so‘rashadigan bo‘ldi. Qush eshik oldidan joy oldi. Odamlarning “Jako!” deb chaqirishiga u javob bermas, vaholanki to‘tilar shu nom bilan atalardi. Uni “G‘ulg‘un” deyishdi, “To‘nka!”deya masxaralashdi. Bu laqablar ayolning yuragiga xanjardek botardi. Lulu bo‘lsa allaqanday kajbahslik bilan indamay turaverardi.
Shunga qaramay to‘tiqush g‘ala-g‘ovurni yaxshi ko‘rardi; bozor kunlari gap-gashtaklarning “qaymog‘i bo‘lgan” oyimtilla Roshfeylar, janob de Gupvil hamda xonadonning kunda shundalari – aptekachi Onfrua, janob Varyon va kapitan Mate hammasi birgalikda qarta o‘ynashar, Lulu bo‘lsa jinnilik qilib jazavaga tushgancha qanotlarini derazaga ura boshlardi.
Buryoning andomi qushga nihoyatda kulgili tuyulsa kerakki, to‘ti uni ko‘rgan zahoti o‘zini to‘xtata olmay kula boshlar, uning kishilarnikiga o‘xshab ketadigan qahqahasi hamma yoqda aks-sado berar, qo‘ni-qo‘shnilar ham derazalaridan boshlarini chiqarib unga qo‘shilib xaxolab ketishardi. Tag‘in to‘tiqush meni ko‘rib qolmasin, degan xavotirda janob Buryo betini shlyapasi bilan bekitgancha, devor yoqalab chorbog‘ darichasidan kirib borardi-da, ichkariga sho‘ng‘ib ketardi.
Boshini go‘sht do‘konidagi bolaning savatiga suqqani uchun Lulu undan boplab chertki yedi; shu-shu u payt poylab, ko‘ylagining ustidan bo‘lsayam bolani cho‘qib-cho‘qib oladi. Garchand qahri qattiq bo‘lmasa-da, chakka sochlarini o‘stirib yelkasi va qo‘llariga allanimalarni chizib olgan so‘xtasi sovuq Fabyu, bir kun kelib boshchangni sapchaday uzib tashlayman, deb qushga dag‘dag‘a qildi. Aksincha Fabyuga Lulu yoqardi, u ermak uchun qushni so‘kishga o‘rgatmoqchi bo‘ldi. Dahshatga tushgan Felisite uni oshxonaga olib kirib qo‘ydi. Zanjirchasi yechib qo‘yilgan qush endi bemalol uyni aylanib yurardi.
Lulu changaksimon tumshug‘ini zinaning chetiga tirab, avval o‘ng, so‘ngra chap oyoqchasini ko‘tarib pastga tusha boshlardi. Ishqilib bunaqangi mashqdan to‘tining boshi aylanib pastga dumalab ketmasa go‘rga edi, deb qo‘rqardi Felisite.
Keyin Lulu birdan og‘rib qoldi: na yeya oladi, na gapiradi. Ma’lum bo‘lishicha, tovuqlarga o‘xshab tilining ostidan o‘simta o‘sib chiqqan ekan. Felisite shishni yulib olib tashlagach, to‘ti tuzalib ketdi. Janob Pupar bexosdan uning tumshug‘iga tutun puflab yubordi; boshqa safar Lormo xonim zontigining uchini unga nuqib, rosa g‘ashiga tegdi.
Nima bo‘ldi-yu, bir kuni to‘ti yo‘qolib qoldi. Ochiq havoda o‘ynab yayrasin deb Felisite Luluni chorboqqa qo‘yib yuborgan, o‘zi birrovga ko‘chaga chiqqan edi. Qaytib kelib qarasa – to‘tiqush yo‘q! Oqsoch hammayoqni tintib chiqdi – butalar orasini, tomlarning ustini, daryo yoqasini axtardi, bekaning:
– Ehtiyot bo‘lsangiz-chi, nima balo, esingiz joyidami o‘zi? – deb baqirganigayam qaramasdan, chordoqlarni chiqib ko‘rdi. Pon-l‘ Evekdagi chorbog‘larning bariga kirib chiqdi.
Oldidan kim chiqsa: ol tahoratingni, ber kavushimni deganday, to‘tiqushini so‘roqladi. Bilmaganlarga uni tasvirlab berdi. Bir payt xayoliga birdan yashilpat parranda tegirmon ortidagi tepalik atrofida uchib yurgandek bo‘lib tuyildi. Biroq u yerda ham to‘tiqush yo‘q ekan! Xat tashuvchi, hozirgina qushni Sen-Melendagi Simon kampirning do‘konida ko‘rdim deyishi bilan oyog‘ini qo‘lga olib o‘sha yoqqa yugurdi. U yerdagilar munchoq yo‘qotgan soqovdek g‘o‘ldirayotgan ayolning gaplariga mutlaqo tushunishmadi. Nihoyat boshmog‘ining iyig‘ini chiqarib, sillasi qurib g‘am-g‘ussaga botgancha uyga kirib keldi; so‘ngra o‘rindiqqa – bekasining yoniga cho‘kib, boshiga ne savdolar tushganini bir boshdan so‘ylay ketdi. Bir mahal g‘ozday yengil narsa kiftiga kelib qo‘nganday bo‘ldi – bu Lulu edi! “Qayoqlarda daydib yurib eding? Bir aylanib uchib kelay debsan-da!”
Bu ko‘rgulikdan Felisite ba’zo‘r o‘nglanib oldi, – to‘g‘rirog‘i o‘shandan so‘ng u qaytib o‘ziga kelmadi.
Ko‘p o‘tmay kunlar sovib, u tumovga chalindi, qulog‘i og‘riydigan bo‘ldi. Uch yildan keyin quloqlari kullan tom bitib, hatto cherkovda ham baqirib gapiradigan holga keldi. U pokdomon inson edi, zero u zig‘irdek gunoh ish qilgan taqdirdayam, u ma’siyat hisoblanmas va bu narsa Felisitening yuzini g‘amgin eta olmasdi. Shunga qaramay, u cherkovga borib istig‘for keltirdi.
Quloqlari shang‘illab, esi kirdi-chiqdi holga kelgan oqsochni beka bo‘lar-bo‘lmasga urishaverardi.
– Xudo urdi-ketdi, namuncha galdirsiz-a!
Koyishlarga tushunmagan Felisite:
– Shunday, xonim, – degancha kalovlanar edi.
Bularsiz ham aqli qosir ayolning miyasi aynib boraverdi: buqalar bo‘kirishi va jom sadolarini u endi eshitmas, nazarida jumlai jahon ko‘laga – sharpalarga o‘xshab sassiz-sadosiz harakatlanayotgandi. U endi Luluninggina ovozini eshitardi.
Go‘yo ayolning dilini xushlamoqchiday, Lulu urquchning tovushini chiqarar, ro‘paradagi baliqfurushga o‘xshab baqirib-chaqirar, duradgorning arrasidek vizillar, ittifoqo ko‘cha eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qolsa, Oben xonimga taassub qilib:
– Felisite, eshikka qarang, eshikka! – deb qichqira boshlardi.
Lulu nuqul o‘ziga yod bo‘lib ketgan uchta iborani qaytarardi. Garchi ayol poyintar-soyintar javob bersa ham, og‘zidan chiqqan har bir kalomga butun qalb qo‘rini to‘kib solardi. Shu paytgacha o‘zini butunlay yolg‘iz sanab kelgan ayolga Lulu endi jigargo‘sha yoki sevikli yor misoli edi. Qush uning shahodat barmog‘iga chiqib olib, dudoqlaridan cho‘qilar, boshidagi durrasini tortqilab o‘ynardi. Ayol xuddi enagadek unga engashgan lahzalarda, kallapo‘shining qanotlari to‘tining qanotchalari bilan bir maromda tebranishga tushardi.
Osmonni qora bulutlar chulg‘ab, momoqaldiroq qarsillagan lahzalarda, to‘tiqush o‘zining qadrdon o‘rmonlari va jala-yomg‘irlarni eslagan bo‘lsa ajabmas. Suvning shildirashidan yuragi hapqirgan to‘ti jinniga o‘xshab o‘zini har yoqqa ura boshlar, hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilib derazadan chorboqqa uchib chiqardi-da, ko‘lmak suvda ag‘anab-yayrab, hayal o‘tmay tag‘in ichkariga uchib kirar, kaminning panjarasiga qo‘nib olib, goh tumshug‘i, goh dumini likillatgancha o‘zini quritardi.
1837 yilgi qish qahratonida Felisite to‘tiqushni sovuqdan saqlash uchun kamin oldiga keltirib qo‘ydi, biroq ertalab uni o‘lib yotgan holda topdi: to‘ti boshini osiltirgancha qafasda qotib yotar, oyoqlari bilan inining temir cho‘plarini changallagancha jon bergan edi. U miyasiga qon quyilib o‘lgan bo‘lishi mumkin. Hoynahoy, unga dorilangan kashnich berishgan degan shubhaga bordi ayol, ashyoviy dalillar yo‘q bo‘lsa-da, u Fabyudan gumon qildi.
Yig‘layverib bekani xit qilib yuborgach, xonim:
– Bo‘ldi-da endi! Namuncha diydiyo qilmasangiz! Shunchalik yaxshi ko‘rarkansiz, qushning jasadidan tulum yasatib olaqoling, – dedi.
Oqsoch to‘tiqushga mehr qo‘yib qolgan dorixonachiga maslahat soldi. U gavrlik Felashe degan ustaga xat yozib berdi. Javob xati yetib kelgach, qushning jasadi yo‘lda yo‘qolib ketmasin deb, Felisitening o‘zi uni Gonflyorgacha yetkazib beradigan bo‘ldi.
Yo‘l chetidagi olmalarning shoxlari yalang‘och, zovur suvlari muzlab yotardi. Fermalar hovlisidan qo‘riqchi itlar akillagancha chopib chiqishardi. Felisite savatini bilagidan o‘tkazib olib, sovqotgan qo‘llarini plashining ichidagi ixchamgina saboga tiqib tosh yo‘lning o‘rtasidan jadal ketib borardi. U o‘rmonni kesib chiqib O-Shenni ortda qoldirdi va yana ancha yo‘l yurib, nihoyat Sent-Gatenga yetib keldi.
Malpost chang-to‘zon ko‘tarib, quyunday yelib kelardi. Juvon chetga chiqmayotganini ko‘rib, chiptachi derazadan boshini chiqarib qaradi. Jilovdor bo‘lsa to‘rt ot qo‘shilgan ulovni osonlikcha to‘xtata olmasligiga ko‘zi yetib jon holatda baqirar, hurkib ketgan otlar yanayam tezroq chopardi. Olddagi ikki ot ayolga sal tegib o‘tdi; jilovdor tizginni qattiq siltadi; ulov ayolga judayam yaqin kelgan lahzada u qo‘lidagi uzun qamchisini jahl bilan qiyalatib uning boshiga urdi. Felisite yerga yuztuban yiqildi.
U hushiga kelib, daf’atan savatini ochib qaradi – yaxshiyam Luluga shikast yetmabdi. Biroq o‘ziga nimadir bo‘lgan, o‘ng yonog‘i lovullardi. Qo‘lini betiga tegizdi – yonog‘idan qon oqayotgandi.
Felisite yo‘lning chetidagi tosh uyumiga borib o‘tirdi va ro‘molini yechib yarasiga bosdi. Keyin har ehtimolga qarshi savatiga solib olgan nondan ushatib yedi. Savatdagi qushga nigohi tushib, jarohatini ham unutib yubordi.
Felisite oqsab-to‘qsab Ekemonvil qoyasiga chiqib olgach, Gonflyor chiroqlariga, tun zulmatida miltillayotgan sanoqsiz yulduzlarga boqdi. Olisdagi bepoyon dengizni tuman og‘ushiga olgan. Uning oyoqlari madorsizlikdan irodasiga bo‘ysunmasdi. G‘am-g‘ussada kechgan bolaligi, sarobga aylangan muhabbati, jiyanining qaytmas bo‘lib ketishi, Virginiyaning vafoti – hammasi sohilga qaytayotgan dolg‘alar kabi jolalariga qo‘shilib uning tomog‘idan bo‘g‘a boshladi.
U Gavrga suzib ketayotgan kema sardori bilan gaplashib, nima jo‘natayotganini aytib o‘tirmay, unga manzili yozilgan qog‘ozni berdi.
Felashe to‘tiqushni o‘zida saqlab yurdi. U tulumni yasab kelasi hafta jo‘natib yuboraman, deb anchagacha aldab yurdi. Yarim yil o‘tib, tulumni qutiga joylab jo‘natib yubordim, degan xabar bilan qush izsiz yo‘qoldi. Felisitening nazarida, Lulu endi hech qachon qaytib kelmaydiganga o‘xshardi. “Hoynahoy, o‘g‘irlab ketishgan,” degan xayolga bordi u.
Nihoyat, to‘tiqush qaytib keldi – qoyilmaqom tulum bo‘lgandi-da o‘ziyam! Lulu arg‘uvon og‘ochidan yasalgan poyaga mahkamlangan butoqda bitta oyog‘ini ko‘targancha boshini xiyol burib, tumshug‘ida yong‘oq tishlab turardi. Usta hoyu-hashamga qiziqsa kerak, shekilli, yong‘oqqa tilla suvi yugurtirib chiqqan edi.
Felisite qushni o‘zining xosxonasiga bekitib qo‘ydi. Mehrobga ham, ashqol-dashqol bozoriga ham o‘xshab ketadigan xosxona sig‘inish buyum-anjomlariga to‘lib ketgandi. Narsalarning ko‘pligidan javon yaxshi ochilib-yopilmasdi. Bitta deraza chorboqqa, ro‘paradagi dumalog‘i bo‘lsa hovliga qarab ochilardi. Yig‘ma karavotning yonginasidagi stolning ustida suv solingan ko‘za, bir juft taroq hamda siri ko‘chgan likopchada bir kulcha havorang sovun yotardi. Devorga tasbeh va medallar, bokirai muhtarama Bibi Maryam surati, kokos yong‘og‘idan yasalgan kropilo – suv sachratgich mixga osib qo‘yilgan edi. Ustiga movut to‘shab qo‘yilgan komod go‘yo shohsupa-yu, uning ustida Viktor sovg‘a qilgan chig‘anoqli quticha va gulchelak, koptok va husnixat daftari, shuningdek, suratli jug‘rofiya kitobi hamda Virginiyaning boshmoqchalarigayam joy topilgandi. Ko‘zguning yonidagi mixga bo‘lsa, Felisite o‘sha momiq qalpoqchani tasmasidan ilib qo‘ygan edi. U ko‘z qorachig‘idek asrab kelayotgan buyumlar ichida janob Obenning syurtugi ham bor edi. Oben xonim keraksiz deb topgan eski-tuskilarning barini Felisite o‘zining xonasiga kiritdi.
Komodning bir burchidan sun’iy gullar hamda graf d‘Artuaning surati o‘rin egallagandi.
Taxtachaga mahkamlab qo‘yilgan Lulu kaminning ustida turibdi. Felisite har tong uyg‘onarkan, mutlaqo xotirjam va beg‘am holda kechmishining ahamiyatga molik bo‘lmagan voqealarigacha eslab ketardi. Hech kim bilan gaplashmay, xuddi oyparastga o‘xshab qandaydir karaxt holatda yashab kelmoqda edi u. Faqat Isoyi Masiho Vujudi sharafiga o‘tkazilayotgan marosim kunlarida unga jon kirib qolardi. Felisite uyma-uy kirib shohsupani bezatishga qo‘ni-qo‘shnilardan sham va poyandoz terib chiqardi.
Cherkovda bo‘lsa, u zimdan qarab farishtani o‘zining to‘tiqushiga qiyoslar hamda ularning o‘rtasida ozroq o‘xshashlik topardi. Felisitening nazdida, farishta ham qirmizi qanotchalar va jajji zumrad vujuddan iborat Luluga quyib quygandek o‘xshab ketardi.
Felisite sanam sotib olib, uni ilgari graf d‘Artuanning portreti turgan joyga osib qo‘ydi. Endi ayol Muqaddas Ruhga ham, Luluga ham birdek buyuk ehtirom ko‘rsatadigan bo‘ldi. Malikul Mutlaq kabutarlardan payg‘om eltuvchi sifatida foydalana olmasdi, chunki ular gapira olmaydilar. Indallosini aytganda, Tangri shu maqsadda Luluning ajdodini tanlagan. Felisite sanamga topinish barobarida, vaqti-vaqti bilan to‘tiqushga ham nazar solib qo‘yar edi.
U sochini qirdirib tashlab monastirga ketmoqchi bo‘lganida, Oben xonim bunday qila ko‘rmang, dedi.
Obenlar xonadonida muhim voqea ro‘y berdi: Pol uylandi.
U qayerlarda ishlamadi deysiz: notarius xodimi, savdo idorasi hamda bojxona xizmatchisi, soliq noziri va o‘rmon xo‘jaligi idorasida ish yurituvchi… O‘ttiz olti yoshida xuddi Yaratganning O‘zi kushoyish bergandek, o‘ziga munosib ish topib oldi: egri soliqlar sho‘basiga xizmatga kirdi. Polning jonbozligiga tan bergan inspektsiya nazoratchisi uni o‘z qanoti ostiga olib, unga o‘z qizini berib qo‘ya qoldi.
Anchayin quyilib qolgan Pol xotinchasini olib oyisini ko‘rgani keldi. Lekin yosh xotin Pon-l‘Evek rasm-rusumlarini nazar-pisand qilmadi, u yerda necha kun turgan bo‘lsa, Felisitening g‘ururini yerga bukib keldi. U qaytib ketgachgina, Oben xonim yengil tin oldi.
Hafta o‘tib janob Buryoning quyi Bretani musofirxonasida qazosi yetgani haqida xabar keldi. U o‘z joniga qasd qilgandi. U o‘ziga bildirilgan ishonchni suiste’mol qilib, ijara to‘lovlarini o‘zlashtirib yuborgan, o‘rmon og‘ochlarini xufiyona sotgan, hujjatlarga soxta imzo chekkan, bu ham yetmaganday, dozyullik ayol bilan “donlashib” yurib, undan noqonuniy farzand orttirib olgan ekan.
Oben xonim bu sho‘rishu g‘avg‘olarni ko‘tara olmadi. 1853 yilning martida ko‘kragi qattiq og‘riy boshladi, qurum bosgandek qo‘ng‘ir tus olgan tili kalimaga kelmay qoldi. Tabib bo‘g‘ilishga qarshi zuluk soldi, u ham naf bermadi. Bor-yo‘g‘i to‘qqiz kun yotgach, kuni bitib omonatini topshirdi.
Chechakdan cho‘tirlashgan betlari tuproq yoqqandek tusda esa-da, qonsiz chakkalarini yopib turgan tiyra sochlari bekani bir oz yosh ko‘rsatardi. Kalondimog‘ligi va kekkaymaxonligi vajidan uni so‘nggi yo‘lga uzatgani juda kam odam keldi.
Felisite bekasiga shunchalik kuydiki, bu dunyoda birov uningchalik so‘zona bo‘lmagandir. Xonim undan oldin vafot etganini oqsoch miyasiga sig‘dira olmayotgandi. Xonimning o‘limi aslo bo‘lishi mumkin bo‘lmagan favqulodda hodisa edi uning uchun.
Buzansondan Pon-l‘Evekka o‘n kunda yetib kelgan merosxo‘rlar darrov ishga kirishib ketdi. Hamma yoqni tintib chiqqan kelin mebellarning bir qismini o‘ziga ajratib olib, qolganini chiqarib sotdi va hammasi tezda ortlariga qaytib ketishdi.
Bekaning kajava oromkursisi, ish stolchasi, sakkizta kursi va isitgichi birdan g‘oyib bo‘ldi. Gravyuralarning bo‘shab qolgan devordagi o‘rni to‘rtburchak bo‘lib sarg‘ayib turardi, xolos. Merosxo‘rlar bolalar karavotlari, shkafdagi Virginiyaga tegishli narsalarning barini olib ketishdi. Alamiga chidolmagan Felisite “oh-voh!” qilib, o‘zini har yoqqa urdi.
Ertasi kuni ko‘cha eshikda “Uy sotiladi!” degan e’lon paydo bo‘ldi: bu xabarni dorixonachi baqirib oqsochning qulog‘iga yetkazganda, u gandiraklagancha o‘tirib qoldi.
Boyoqish Luluni xilvat go‘shasidan mosuvo etish unga judayam og‘ir edi. Dilgir nigohini undan uzolmay, ayol Muqaddas Ruhga iltijo qilar, majusiylar kabi to‘tiqushning poyiga cho‘k tushib yukinardi. Chiroq nurlari derazadan to‘g‘ri tulumning shisha ko‘ziga tushib, u favqulodda suratda chaqnab ketgan lahzalarda Felisitening qalbi zavq-shavqqa to‘lib ketardi.
V
Bekaning vasiyatiga ko‘ra Felisite yiliga uch yuz sakson frank nafaqa oladigan bo‘ldi. Tomorqa sabzavot bilan ta’min etsa, bekaning kiyim-kechaklari unga umrining oxirigacha yetib ortadi: chiroq yo shamga bo‘lsa mutlaqo zarurat yo‘q edi – tovuq qo‘noqqa chiqmasdan u uxlagani yotardi.
Sotuvga qo‘yilgan Obenlarga tegishli eski mebellarni ko‘rmayin ham, kuymayin ham deb Felisite deyarli ko‘chaga chiqmay qo‘ydi. Gonflyor yo‘lida yomon yiqilganidan beri u oyog‘ini sudrab bosar, jismi kuchdan qolayotgan edi. Do‘konchasida qarib-chirib borayotgan Simon kampir har tong unga o‘tin yorib, quduqdan suv tortib bergani kelardi.
Felisitening ko‘zlari yaxshi ko‘rmay qoldi. Derazalari yaxshi ochilmaganidan, u yalang nimqorong‘i uyda o‘tirardi. Ko‘p yillar o‘tib ketsa hamki, uyni sotib yoki ijaraga oladigan kishi chiqmadi. Tag‘in merosxo‘rlar quvib yuborishmasin deb, Felisite uni ta’mirlashgayam harakat qilmadi. Tomidan chakka o‘tgani uchun qish-qirovli kunlarda to‘shagining bosh tomoni qurimas edi. Pasxadan so‘ng uning sog‘ligi yomonlashib qon tupura boshladi.
Simon kampir uni doktorga ko‘rsatdi. Felisite “Menga nima bo‘layapti o‘zi?” degan tashvishga botdi. Qulog‘i tom bitganidan “O‘pka yallig‘lanishi” degan tanish so‘zlarnigina eshitdi, xolos.
– Ha, bekamni dardidan ekan! – dedi u siniq ovozda.
Bekasiga ergashish vaqti kelganida u hech qanday g‘ayri savqi tabiiylik ko‘rmadi.
Shohsupalarni tiklash kuni yaqinlashmoqda edi. Bittasi yakkash tepalik yon bag‘rida, ikkinchisi pochtaning oldida, uchinchisi-ko‘chaning o‘rtarog‘ida qad ko‘tarib turardi. Uchinchi shohsupaning o‘rni xususida ancha-muncha tortishuvlar bo‘ldi, biroq oxiri ayol qavmlar Oben xonimning hovlisini tanlashdi.
Bo‘g‘ilish va bezgak Felisitening sillasini quritmoqda edi. U shohsupani bezashda qatnasha olmasligidan o‘kinar: “Qaniydi men ham uning poyiga nimadir qo‘ya olsam?” – deb orzumand bo‘lardi. Shunda birdan yodiga to‘tiqush keldi. Qo‘shni ayollar: “Bo‘lmaydi! Bu shakkoklik!” deyishdi. Biroq ruhoniy rozilik bildirib, bu bilan Felisiteni xushbaxt qildi. Qazoim yetgach, birdan-bir sarvatim – Luluni o‘zingizga olsangiz, deb oqsoch undan iltimos qildi.
Ruhulloh Vujudi bayrami arafasida Felisite tinmay yo‘tala boshladi. Shanba kuni kechga borib avzoyi buzildi: o‘qchib-o‘qchib qayt qildi. Tongga borib ahvoli battar yomonlashgach, ruhoniyni chaqirib kelishdi.
Tanasiga zaytun moyi surish marosimida uchta jafokash ayol ishtirok etdi. Bir mahal Felisite Fabyuga aytar gapim bor edi, dedi. Fabyu bu paytda bayram liboslarini kiymoqda edi. Noxush manzarani ko‘rib uning ta’bi tirriq bo‘ldi.
– Ma’zur tuting, – dedi qo‘l cho‘zishga o‘zida zo‘rg‘a kuch topa olgan Felisite unga, – shu choqqacha qushni siz o‘ldirgansiz, deb yurgandim.
Ana xolos! Fabyudek musichai beozor bandani qattollikda ayblashsa-ya. G‘azabi qaynab g‘alva ko‘tarmoqchiyam bo‘ldi u.
– Ko‘rmayapsizmi, axir u esini yeb qo‘ygan-ku! – Felisite alahsiray boshlagach, jafokash ayollar chiqib ketishdi.
Sal o‘tib Simon kampir Luluni ko‘tarib keldi-da, Felisitega tutdi:
– Qani, endi u bilan vidolashing!
Garchi to‘tiqushdan asar ham qolmagan bo‘lsa-da, qurt-qumursqalar uni hanuz kemirmoqda edi: Luluning bitta qanoti singan, qursog‘idan kanop loslari osilib tushib yotardi. Felisite endi bularni ko‘rmayotganiga qaramay, tulumning chaqadek peshonasidan o‘pib, yonog‘iga bosdi. Shohsupaning poyiga eltib qo‘yish uchun Simon kampir Luluni qo‘liga oldi.
VI
Yobonlardan yoz ifori taraladi: arilar va qo‘ng‘izlarning g‘o‘ng‘illab uchgani eshitiladi; daryo suvi quyoshda yarqirab ko‘rinadi; tomlarning cherepitsalari tandirday qizigan. Simon kampir mudragancha Felisitening tepasida o‘tiribdi.
Kampirni jom sadolari uyg‘otib yubordi – shom ibodati o‘qib bo‘lindi. Felisite alahsiramay qo‘ygan, fikri-yodi bayramda bo‘lib, nazarida uning o‘ziyam unda qatnashayotganga o‘xshardi.
Ko‘cha maydonidan toliblar, xonishchilar va o‘t o‘chiruvchilar o‘tib borishardi. Hammadan ilgarida qo‘lida oybolta tutgan darbon hamda katta bir xochni boshi uzra ko‘tarib olgan ponomar ikkalasi odimlashmoqda. Keyinroqda o‘g‘il bolalarni kuzatib kelayotgan erkak muallim va toliba qizlarga biriktirilgan rohibani ko‘rish mumkin; jingala sochlari huru g‘ilmonlarnikiga o‘xshab ketadigan uchta jajji qizaloq atirgul gulbarglarini sochish bilan andarmon; cherkov xorining yetakchisi cholg‘uchilarga qarab qo‘lini silkib-silkib odimlaydi; ikki nafar cherkov xizmatchisi ichiga kundur tutatib qo‘yilgan idishni ko‘tarib olishgan; ular har qadamda muqaddas sila tashlanadigan sovg‘adonga qarab qo‘yishadi; siladonni bo‘lsa xushbichim jubbaga o‘ranib olgancha, ustiga qirmizi duxoba yopilgan taxtiravonda o‘tirib ketayotgan ruhoniy qo‘lida tutib borardi; taxtiravonni cherkov jamoasining to‘rt nafar a’zolari kiftlarida ko‘tarib yurishardi. Namoyishchilar oqimi devorlari oppoq uylar oralig‘idan chiqib kelishmoqda edi. Nihoyat marosim ishtirokchilari tepalik yonbag‘riga yetib borishdi.
Felisitening chakkalarini sovuq ter qopladi. Simon kampir sochiq bilan terni artib tashlarkan, bir kun ungayam qazovu qadar yetib kelishini eslab qo‘ydi.
Miltiq ovozidan derazalar zirillab ketdi. Odamlar tabarruk ehsonlarga shukrona keltirmoqqa boshladilar. Felisite Simon kampirga qarab:
– Lulu yaxshimi? – deya bazur so‘radi.
Jon talvasasi boshlandi, – Felisitening g‘arg‘arasi jadallashib, ko‘ksi tez-tez ko‘tarilib tushaverdi. Og‘zi ko‘pirib, vujudini qaltiroq bosdi.
Mana, sozlar chalinib, hammayoqni bolalarning qo‘ng‘iroqday jarangli hamda erkaklarning past xonishi tutib ketdi. Vaqti-vaqti bilan kuy-qo‘shiqlar tinib, guyo mollar podasi yaylovdagi o‘t-o‘lanlarni bosib-yanchib o‘tayotgandek, odamlarning gul chechaklarni oyoqlar ostida qoldirib qadam tashlashlari bo‘g‘iq sado berardi.
Hovliga ulamolar kirib kelishdi. Qani, derazadan bir qarab boqay-chi, degan maqsadda Simon kampir kursiga chiqdi, – u shohsupadan-da yuksakka ko‘tarilib ketgandi.
Shohsupani anvoyi gul-chechaklar bilan o‘rab chiqishgan, girdiga esa ingliz ipak to‘ri ko‘rk bo‘lib tushgan. O‘rtaga azizu avliyolarning xoki turobi saqlanadigan ixcham sag‘ana qo‘yilgan, uning ikki qunjida ikki to‘p po‘rtahol ko‘chati va yana hamma yog‘ini aylantirib kumush chiroqpoyalar, shuningdek og‘zidan tarovatli xushbo‘y lavanda, gortenziya, atir gullar dasta-dasta bo‘lib chiqqan chinni guldonlar terilib turardi.
Balandligi ikki qavatli uydek shohsupadan nishab yo‘lak orqali poyondoz to‘shalgan maydonga tushib kelish mumkin. Qopqog‘i binafshasimon tojga o‘xshab ketadigan zarhal qanddon, yasama yo‘sinlarning ustida yarqirab turgan olmoslardan qilingan zebigardon, sirtiga tabiat manzaralari chizilgan ikkita xitoyi parda kishi diqqatini tortadi. Atirgullarga ko‘mib tashlangan Luluning tirnoqdek lojuvard manglaychasigina ko‘rinib turar edi.
Cherkov jamoasi a’zolari, xonishchilar hamda bolalar hovlining uch tomonidan joy olishdi. Sarrohib pillapoyalardan asta-sekin ko‘tarilib borib, ipak to‘rning ustiga cho‘g‘dek yonib turgan katta oltin siladonni qo‘ydi. Hamma baravar chuqur ta’zim bajo keltirdi. Borliq sukunat og‘ushiga cho‘mdi. Zanjirchalar bilan bog‘lab qo‘yilgan idishlar havolanib kundur isi tarata boshladi.
Felisite yotgan xonaga ham moviy tutun sizib kirdi. Uning burun kataklari kerilib, ilohiy bir farahda kundur isini ichiga tortishga tushdi, so‘ngra u ko‘zini yumib oldi. Dudoqlari tabassumga mo-yil shamoyilga kirdi. Yurak urishi dam-badam zaiflashib, baayni suvi tugab borayotgan favvoradek, uni o‘chayotgan aks sadodek tushuniksiz, ilg‘ash qiyin bo‘lgan holatga yaqinlashmoqda edi.
Felisite jon taslim qilayotgan so‘nggi lahzalarda unga arshi-a’lo lang ochilib, uning toqidan bahaybat to‘tiqush uchib chiqib boshi uzra parvoz qilayotgandek tuyuldi.
Ruschadan Ilhom Hafizov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 1-son.
___________________
* Vesta ehromi – qadimgi rim mifologiyasida Vesta – xonadon chirog‘i va olov ma’budasi; Vesta ehromida mangu olov yonib turgan (Barcha izohlar tarjimonniki).
* Funt – og‘irlik birligi, 453,6 gramm (izohlar tarjimonniki).
* Boston – qarta o‘yininig bir turi.
* Pudel – jussasi va tusi turli ko‘rinishda bo‘lgan xonaki it zoti.
* Jabo – XVIII-XIX asrlarda Frantsiya, Ispaniya va Rossiyada rusum bo‘lgan erkaklar ko‘ylagining o‘ziga xos yoqasi.
* Birmil – bochka (neologizm).
* Filyo – baliq yoki biqin go‘shtidan tayyorlanadigan mazali taom.
* Omyola – daraxt va g‘ovlarga chirmashib o‘sadigan manzarali o‘simlik.
* Fok-machta – kemaning old qismidagi machta.
* Kliros – nasroniylar jome’sidagi xor a’zolari joyi.
* Analoy – nasroniylarning pravoslav cherkovida ilohiy kitoblar qo‘yiladigan stolcha.
* Vitraj – rangli shisha qoplangan ramka.
* Arxangel – Injilda farishtalar va maloikalarning sarkori.
* Ursulinka – rohibalikka tayyorlanayotgan qizlar.
* Lotsman – dengizchilikda maxsus bilim va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis.
* Paketbot – uncha katta bo‘lmagan dengiz aloqa-yo‘lovchi kemasi.
* Shxuna – ikki yoki uch machtali yelkanli kema.
* Verf – kemalar quriladigan va ta’mirlanadigan korxona.
* Dok – kemalar sozlanadigan joy.
* Shlyuz – suv sathning baland, pastligiga ko‘ra kemalar yo‘nalishini tartibga solib turadigan gidrotexnik inshoot.
* Kabriolet – bitta ot qo‘shilgan, jilovdorning joyi bo‘lmagan ikki g‘ildirakli yengil izvosh.
* Abatissa – katoliklarning ayollar monastri xodimasi.
* Malpost – yo‘lovchi va pochta tashishga mo‘ljallangan pochta ulovi.
* Superfekt – shahar va prefekturaga tayinlanadigan yuqori doiradagi hukumat rahbari.
* Serso – yengil va yupqa halqachani bir-biriga otib, tayoqcha bilan tutib olish o‘yini.
* Prefekt – Frantsiya va boshqa Yevropa davlatlarida oliy hukumat amaldori.
* Sabo – cho‘ntaksiz plash va paltolarda ichiga qo‘llar tiqib olinadigan yengsimon narsa.
* Malpost – yo‘lovchilar va pochta yuklari tashiladigan ulov.
* Kropilo – diniy marosimlarda muqaddas suv sepiladigan idish va cho‘tkasi.
* Ponomar – pravoslav cherkovida past darajali ruhoniy.