Genri Slizar. Imtihon kuni (hikoya)

Jordanlar xonadonida to ularning o‘g‘li Diki o‘n ikki yoshga to‘ladigan kunga qadar imtihon haqda og‘iz ochishmagandi. Aynan uning tug‘ilgan kunida missis Jordan ilk bora o‘g‘li yonida imtihon haqida so‘z boshladi, uning tovushidagi xavotir ohangi esa oila boshlig‘ining jahlini chiqardi.
– Buni esdan chiqar! – dedi u qat’iyat bilan xotiniga. – Diki bu imtihondan o‘tib oladi.
Ular nonushta qilib o‘tirishardi, bola qiziqish bilan boshini likopchadan ko‘tardi. Diki ziyrak nigohli, sarg‘ish sochlari tik o‘sgan, harakatlari chaqqon o‘smir edi. Kutilmagan tortishuvga aynan nima sabab bo‘lganini u anglab yetolmadi, biroq u bugun o‘zining tug‘ilgan kuni ekanini bilar va avvalo xonadonda ahillik bo‘lishini istardi. Narsalar saqlanadigan chog‘roq xonaning qayeridadir unga atalgan, tasmalar bilan o‘ralgan paketlarda sovg‘alar ochilishini kutib yotardi, tor oshxonadagi devorga mahkamlangan, avtomatik boshqaruvli pechda esa shirinlik tayyorlanayotgandi. U tug‘ilgan kuni xursandchilik bilan o‘tishini xohlardi, ammo onasining ko‘zidagi nam va otasining xo‘mraygan nigohi uning ertalabki kayfiyatiga monand emasdi.
– Qanaqa imtihon haqida gapiryapsizlar? – so‘radi u.
Onasi ko‘zlarini yerga qadadi.
– Bu shunchaki aqliy qobiliyatlar sinovi, uni hukumat o‘n ikki yoshga to‘lgan bolalar ustida o‘tkazadi. Sening oldingda ham kelgusi haftada shunaqa sinov turibdi. Lekin buning uchun xavotirlanmasang ham bo‘ladi.
– Xuddi maktabdagi imtihonga o‘xshash bir sinov, demoqchimisiz?
– Shunga o‘xshaganroq narsa, – otasi stoldan turayotib tasdiqladi. – Bor, yaxshisi, komikslaringni o‘qi.
Bola mehmonlarga atalgan xonaning burchagiga – go‘dakligidan beri «o‘ziniki» bo‘lgan go‘shaga sekin yo‘l oldi. U stellajdan eng yuqorida yotgan komiksni oldi, lekin, ko‘rinib turibdiki, turfa rangli ajoyib suratlar uni qiziqtirmayotgandi. Shunda u deraza oldiga borib, qalin tuman pardasiga ma’yus tikila boshladi.
– Nega yomg‘ir aynan bugun yog‘adi? – so‘radi u. – Ertaga yog‘sa bo‘lmasmidi?
Otasi oromkursida o‘tirib olganicha, hukumat gazetasini asabiy holda o‘qiyotgandi.
– Yog‘yaptimi, demak – shunday bo‘lishi kerak, bor-yo‘g‘i shu. Yomg‘irdan keyin maysalar yaxshi o‘sadi.
– Nega, ota?
– Chunki o‘sadi, tamom-vassalom.
Diki peshanasini tirishtirdi.
– Bundan tashqari, nega u yashil, maysa?
– Hech kim bilmaydi, – deya cho‘rt kesdi otasi, biroq shu ondayoq qattiq gapirganiga afsuslandi.
Tushdan keyin ular Dikining tug‘ilgan kunini nishonlashdi. Yashnab ketgan onasi o‘g‘liga chipor o‘ramdagi sovg‘ani topshirdi, hatto otasi ham yuzida tabassum bilan uning boshini silab qo‘ydi. Diki onasini o‘pib qo‘ydi va jiddiy qiyofada otasi bilan qo‘l siqishdi.
Keyin o‘n ikkita sham o‘rnatilgan tort olib kelindi, shu bilan bayram tugadi.
Oradan bir soat o‘tib, Diki deraza oldida o‘tirar va quyosh nurlari bulutlarni yorib o‘tishga behuda urinishini tomosha qilardi.
– Ota, – so‘radi u, – quyoshgacha uzoqmi?
– Besh ming mil, – javob berdi otasi.
…Nonushtadan so‘ng Diki yana onasining ko‘zlaridagi namni payqadi. Uning ko‘zyoshlari bola oldida turgan imtihon bilan aloqadorligini, toki otasi to‘satdan shu mavzuni ochmagunicha sezmadi.
– Quloq sol, Diki, – deya boshladi u, endi negadir ancha xo‘mraygan qiyofada. – Bugun sening oldingda bir ish bor.
– Bilaman, dada. Umid qilamanki…
– Umuman, hech nimadan xavotirlanmasayam bo‘ladi. Har kuni bunaqa sinovdan minglab bolalar o‘tishadi. Sening qobiliyatlaring qanaqa ekanligini hukumat bilmoqchi, Diki. Bor-yo‘g‘i shu.
– Maktabda men yaxshi baholar olyapman, – dedi Diki negadir ishonchsizroq tarzda.
– Bu yerda boshqacha. Bu o‘ziga xos tekshiruv. Tushunasanmi, senga ichish uchun bir suyuqlik berishadi, keyin esa maxsus mashina o‘rnatilgan xonaga kirasan…
– U qanaqa suyuqlik? – so‘radi Diki.
– E, shunchaki. Ta’mi yalpizli kulchaga o‘xshashroq. Ular sening haqiqatni so‘zlayotganingga amin bo‘lishmoqchi. Hukumat sening rostgo‘yligingga shubha qilganidan emas bu, lekin shunaqa suyuqlik ichish ishonchni kafolatlaydi.
Dikining yuzida sarosima va qo‘rquv aks etdi. Onasiga qaradi, ammo u o‘z chehrasida tabassumga o‘xshash bir nima namoyon etishga ulgurdi.
– Hammasi yaxshi bo‘ladi, – deya o‘g‘lini ishontirishga urindi u.
– Albatta! – gapni ilib ketdi otasi. – Sen ajoyib bolasan, Diki, sinovdan o‘tasan. Keyin esa biz uyga qaytamiz va bu voqeani nishonlaymiz. Yaxshimi?
– Ha, – qo‘shildi Diki.
Ular Hukumat Maorif Xizmati binosiga belgilangan soatdan o‘n besh daqiqa oldin kirib borishdi. Marmar plitalar ustidan yurib, ustunli ulkan vestibyulni kesib o‘tishdi, ark ostidan o‘tib, lift bilan to‘rtinchi qavatga ko‘tarilishdi.
U yerda, to‘rt yuz to‘rtinchi xonaning ro‘parasida, chiroyli stol ortida belgisiz mundir kiygan bir yigit o‘tirardi. Uning qo‘lida shu soatga belgilanganlar ro‘yxati tushirilgan yondaftar bor edi; yigit Jordanlarni «J» harfidan qarab tekshirib qo‘ydi va keyin kirishga ruxsat berdi.
To‘rt yuz to‘rtinchi xona sud binosini eslatardi: u mahzun, sovuq va rasmiyatchilikka monand bo‘lib, unda qator metall stollar va uzun skameykalar o‘rnatilgandi. U yerda allaqachon kelib ulgurgan otalar o‘z o‘g‘illari bilan navbat kutib o‘tirishardi; lablari nozik bir qorasoch ayol esa anketalar tarqatayotgandi.
Mister Jordan anketani to‘ldirib, uni ayolga qaytarib berdi. Keyin Dikiga yuzlanib, dedi:
– Endi ko‘p kutmaymiz. Sening ismingni aytib chaqirishganida, to‘ppa-to‘g‘ri xonaning oxiridagi anovi eshikdan kiraverasan.
U ayni o‘sha eshik joylashgan tomonni barmog‘i bilan ko‘rsatdi.
Qayerdadir yashirin joylashgan ovoz kuchaytirgich jonlandi – birinchi familiya o‘qildi. Bolalardan biri istamaygina otasidan ajralib, xona oxiridagi eshik tomon sekin yo‘nalganini Diki ko‘rdi.
Beshta kam o‘n birda Jordan familiyasi o‘qildi.
– Omad senga, o‘g‘lim, – dedi otasi Dikiga qaramasdan. – Tekshiruv tugagach, men seni olib ketishga kelaman.
Diki eshikka borib, uning dumaloq tutqichini buradi. U kirgan xona nimqorong‘i bo‘lib, bola o‘z salomiga alik olgan kulrang mundirli amaldorni zo‘rg‘a ko‘rdi.
– O‘tir, – dedi amaldor xushmuomalalik bilan. U o‘zining stoli yonida joylashgan baland stulga ishora qildi. – Sening isming Richard Jordan, shundaymi?
– Ha, ser.
– Sening tasnif raqaming 600-115. Mana buni ich, Richard.
U stoldan plastmassa stakan olib, bolaga uzatdi. Stakandagi suyuqlik yog‘sizlantirilgan sutga o‘xshar va ta’mi otasi aytgan yalpizli kulchaga salgina o‘xshardi, xolos. Diki uni oxirigacha ichib, amaldorga bo‘sh stakanni qaytarib berdi.
Bolani yengib bo‘lmas uyqu bosa boshladi; bu paytda amaldor bir varaq qog‘ozga allanimalarni yozardi. Keyin u soatiga qarab qo‘yib, o‘rnidan turdi; uning yuzi Dikining yuzi bilan bir xil balandlikda bo‘lib qoldi. Amaldor ko‘krak cho‘ntagidan avtoruchkaga o‘xshash qandaydir moslama chiqarib, bolaning ko‘ziga yorug‘lik tushirdi.
– Juda yaxshi, – dedi u. – Men bilan yur-chi, Richard.
U Dikini xonaning burchagiga boshlab bordi, u yerdagi hisoblash mashinasi oldida bittagina tirsakli yog‘och kreslo turardi. Chap tomondagi tirsak qo‘yish joyiga mikrofon mahkamlangandi; bola kresloga o‘tirganida, mikrofon aynan uning og‘ziga to‘g‘ri kelib qoldi.
– Endi xotirjam bo‘lib ol, Richard. Senga turli savollar beriladi, sen esa ularni yaxshilab o‘ylab ol. Keyin mikrofonga qarab javob ber. Boshqa hammasini mashinaning o‘zi bajaradi.
– Yaxshi, ser.
– Endi esa seni yolg‘iz qoldiraman. Qachonki boshlash mumkinligini his qilsang, mikrofonga: «Tayyorman» deya bir so‘z aytsang bas.
– Xo‘p, ser.
Amaldor uning yelkasiga qoqib qo‘yib, chiqib ketdi.
Diki:
– Tayyorman, – dedi.
Mashinaning chirog‘i yondi, mexanizmning g‘ijillashi eshitildi. Keyin ovoz keldi:
– Berilgan raqamlar qatorini to‘ldir: bir, to‘rt, yetti, o‘n.
…Er-xotin Jordanlar uylaridagi mehmonlarni kutish xonasida bir so‘z demasdan o‘tirishardi: ular qandaydir taxmin bildirishdan hayiqishardi.
Tushdan keyingi to‘rtga yaqin telefon jiringlab qoldi. Ayol go‘shakka qarab harakat qildi, biroq eri chaqqonlik qilib qoldi.
– Mister Jordan?
Go‘shakdagi gapiruvchi ovozining ohangi keskin, rasmiy edi.
– Ha, eshitaman.
– Hukumat Maorif Xizmatidan gapiryapmiz. Sizning o‘g‘lingiz Richard M. Jordan, tasnif raqami 600-115, hukumat imtihonidan o‘tib bo‘ldi. Sizga afsus bilan shuni ma’lum qilamizki, uning aqliy rivoji hukumat tomonidan o‘rnatilgan – «Yangi kodeks»ning 5-bo‘limi 84-moddasida ko‘rsatilgan darajadan oshib ketgan…
Xonaning narigi burchagidan ayolning bo‘g‘iq chinqirig‘i eshitildi, garchi u hech nimani eshitmagan bo‘lsa-da, barchasini erining yuz ifodasidan anglagandi.
– …Siz telefon orqali ma’lum qilishingiz mumkin, – go‘shakdagi ovoz davom etardi. – Uning jasadi hukumat tomonidan dafn etilishini xohlaysizmi, yoki o‘zingiz uni alohida qabrga dafn etishni ma’qul ko‘rasizmi? Agar dafn ishlari bilan hukumat shug‘ullangan taqdirda, uning narxi o‘n dollarni tashkil etadi.

Ruschadan Hamidbek Yusupov tarjimasi