Faqir Boyqurt. Uchoq chiptasi (hikoya)

– Senga aytyapman, ketma. Nima, turkchani tushunmaysanmi?– Oysha jufti halolining miyasini qoqib qo‘liga berardi.– Ketma!
Mojaro qasabaning eng chekkasidagi polizda yuz berayotgan edi. Pomidor, kartoshka, baqlajonu garmdorilar, choyyaproq, oddiy karam, gulkaram va bodringlar to‘linoyning asal yorug‘ida tovlanib yilt-yilt qilib turardi.
– Ketmaysan, dedimmi, ketmaysan, bilib qo‘y, otamning adashi!
Mana, yetti yildirki, etikdo‘z Shokirning o‘rtancha qizi Oysha, tandirchi Shokirga erga tekkan. Xotinmisan xotin – qon bilan sutning o‘rtasi! Ko‘kraklari tarang va tirsillagan, gilos lablari bo‘rtiq-bo‘rtiq. Ammo eri Olmoniyada ishlay boshlagandan buyon hayotida quvonch qolmadi. Dirkillab turgan kelinga yolg‘izlik oson emas! Ikki o‘g‘il, bir qizi bor. U bolalarini juda yaxshi ko‘radi, jon-jon deb yana bitta tug‘ib bergan bo‘lardi, ammo er bo‘lmishning qarshiligini qarang!
Hozir u bir oylik ta’tilga kelgan. Biroq to‘rt kundan so‘ng Olmoniyaga qaytib ketishi kerak. Vaqt esa uchoqning soyasi kabi, lip etdi, o‘tib ketdi. Ular bironta kunlarini, bironta tunlarini zoye ketkizishmadi. Ammo Oysha eriga to‘ygani yo‘q. Avvalgidan battar havasi ortdi. Ular polizning ichkarisidagi qo‘riqchi-shiyponda uxlashardi. Qorong‘i tunlar ham, oydin kechalar ham bo‘ldi. Kunduzi ham yo‘lini topgan paytlari bo‘lardi. “Jannati hayot, – deya hazillashib qo‘yishardi ular.- Ba’zida tushlikdan keyin ham dam olamiz. Xo‘jayinlarga o‘xshab”.
– Ketma, ketma, senga aytyapman, otamning adashi. Men sensiz yasholmayman, hech iloji yo‘q, otamning adashi. Sensiz kechalarda butun vujudim yonadi, sen esa yo‘q bo‘lasan. O‘g‘illarim va qizimni o‘paman, xolos… Nima, dunyoning hamma pulini toparmiding! Ketma! Turk tilida aytyapman senga! Yoki u yoqda yurib ona tilimizni unutdingmi? Endi senga tarjimon kerakmi yoki? – Oysha ehtiros bilan shivirlar, bir to‘linoyli, sepkildor yuzli samolarga qarab, bir erini o‘pib.
Shokir boshini sal ko‘tarib chalqancha yotardi, tishlarida sigaretasi bilan.
Kecha salqin edi. Oysha erini eski ko‘rpa bilan o‘rab qo‘ydi. Er butun dunyoni unutib o‘z fikrlariga cho‘mdi.
“Odamlar turli idoralarda har xil boshliqlar, kattakonlar, amaldorlarga yalinib, Olmoniyaga ketishga ruxsat bering, deb navbatlarda tiqilib yotishipti. Birov eshik taqillatgan, birov birovning qo‘lini o‘pgan… porani-ku tilga olmasa ham bo‘ladi – har qadamda kimningdir jig‘ildonini yog‘lash kerak. Meniki bo‘lsa: “Ketma, otamning adashi… Turkchani tushunmay qolganmisan?” deb qaysarlik qiladi. Men ikki yil ishlab kelib, mana shu polizni sotib oldim. Lekin hali qarzimning yarmi bor. Hali odam bo‘lganimcha yo‘q. O‘sha-o‘sha “tandirchi Shokir” deb chaqirishadi. Yana ikki yil ishlab kelsam, butun qarzimdan uzilib, molxonasi bilan bir uy ham sotib olardik. Hollandiya sigirlari kuniga o‘ttiz litrlab sut beradi. Bir litr sut sakkiz – o‘n lira. Sotging kelmasa yog‘ini olasan yo bo‘lmasa pishloq pishirasan. Ana undan keyin maza qilib yashaysan.”
– Menga sigirlaring ham kerakmas, molxonang ham, faqat ketma!..
“O‘zi etikdo‘zning qizi. Otasi ham kambag‘al, qiziga yordam berolmaydi. Bu yolg‘iz qiz emas, o‘g‘illari ham bor. Men bo‘lsam tandirchiman, ro‘zg‘orim yanada nochorroq. “Ikki yalang‘och hammomda topishgan” deguvchilar bizdaylarni nazarda tutsa kerak. Uning ham, mening ham bisotimizda hech vaqo yo‘q. Bir-birimizni sevib qolib, oila qurganmiz. Uch bola orttirdik, birdan-bir quvonchimiz – shu! Xotinga qo‘yib bersam, u yana uchini tug‘adi. Endi buning hadeb bir gapni takrorlayverishini qarang:“Ketma, otamning adashi”, “Ketma, otamning adashi”…“Ketma” deyishdan osoni bormi? Ro‘zg‘or-chi, ro‘zg‘or nima bo‘ladi? Temirning narxi oshdi. Ustaxona va uylarning ijarasi ham ko‘tarildi. Go‘sht bilan nonning bahosi ham kundan-kunga ortib ketyapti. Erta-indin bolalar maktabga borishadi. Kiyim-bosh, kitob-daftar, jild va boshqa narsalar uchun puldan cho‘zishing kerak. Hozircha hammamiz sog‘-salomatmiz, xudoga shukur, ammo ertaga kasal bo‘lmaymiz deb kim ayta oladi? Ana unda doktorlaru dorilar uchun ham bir saxiylik qilmasang bo‘lmaydi. Men kasal bo‘lsam tandirni kim yasaydi?. Odam bundoq kelajagidan amin bo‘lolmaydi. Qarab tursang, erta-indin qizing ham bo‘y yetib qoladi: sepini tayyorla. O‘g‘illaring uchun qalin puli hozirlashing kerak. Shuncha ko‘p boylikni qayoqdan topasan?! Bu esini yegan xotin: “Ketma, ketma”lab bir gapni chaynayveradi. Biz axir ikkimiz hammasini bahamjihat o‘ylab, bir qarorga kelgandik-ku! Men u rozi bo‘lgandan keyin Olmoniyaga yozilgandim. Bizni unchalik qattiq shilishmadi. Ikki yil nari-beri qilib ishlab keldim. Yana ikki yilgina terlab harakat qilsam yomon bo‘ladimi?..”
Sigaretasini oxirigacha so‘rib, qoldig‘ini taxta karavot suyanchig‘iga bosib ezdi. Shamol esa daryo tomondan shakarqamishlar va oddiy qamishlar shitirini olib keldi. Qurbaqalar vaqilladi. Olis-olis kichik botqoqlarda chiyabo‘rilar uvilladi. Tungi osmonda na bir shingil bulut, na qittay tutun bor edi. Faqat zarhal doira ichida kattakon o‘n to‘rt kunlik oy suzib borardi. Bolalar allaqachon uyquga ketishgandi. U Oyshani bag‘riga tortdi. Ular ehtiros bilan quchishdilar, so‘ng yangitdan bahslasha ketdilar:
– Senga aytyapman, ketma. Nahotki, gapim tushunarsiz bo‘lsa? – xuddi cho‘t qoqqanday takrorlardi juvon.
– Boshqa aytadigan gaping qolmaganday, muncha bir gapni pin-g‘illayverasan!
Yotishda ham, turishda ham, qalampirli bug‘doy palov pishirib kelib, erining oldiga qo‘yganda ham, tuxum qaynatib kelganda, loviyali go‘sht, kartoshka, sharbat keltirganda ham Oysha qo‘shig‘ini yana qayta boshlayverardi:
– Ketma. Sensiz yasholmayman.
Bu chin haqiqat edi. U rostdan ham erisiz hech nima qilolmasdi. Hali ketishiga birmuncha vaqt bo‘lishiga qaramay ich-etini mushuk tirnay boshlagan edi. O‘g‘li magnitofonni yo qizi priyomnikni qo‘ydi deguncha, uning asabi o‘ynab ketar, bolalariga tarsaki tushirar yo mushtlab qolar edi. Hech narsaga qo‘l urgisi kelmasdi. Qo‘liga oshpichoq olar va shu ondayoq joyiga uloqtirar, chelak ko‘tarib jo‘nab qolardi. O‘roq ko‘tarib o‘t o‘rishga borardi-da, uni tashlab, baqlajon o‘tashga o‘tib ketardi. Kun o‘tgan sayin fe’li aynashi avjiga chiqaverdi. Polizda bodringlar qurib, gulzorda gullar so‘lib borardi, ammo hech birini sug‘orishga qo‘li bormasdi. Kulbalari iflos bo‘lib, atrof axlatga to‘lib borar, u hatto supurgisi ham kelmasdi.
Sochlarini piyozdog‘ yog‘lari bosib, kir bo‘lib ketgan, ammo u ikki chelak suv keltirib, qozonda qaynatib olgisi ham kelmasdi. Umuman hayotdan bezgan, yashagisi kelmasdi. O‘zini jazirama sahroda yakka-yolg‘izday his qilardi. Ustiga-ustak bu yerning erkaklari uni ko‘rganda mahliyo bo‘lib angrayib qolishar, nigohlari ko‘kraklarida olma-kesak bo‘lardi. Hammasidan ham dahshatlisi tunlar edi – u yoqqa ag‘anar, bu yoqqa ag‘anar, uyqu degani loaqal bir ko‘ziga ham qo‘nay demasdi.
– Ketma, yolboraman, ketma. Menga hech nima kerakmas: barqut ko‘ylaklaring, neylon koftalaring, plissirovka qilingan yubkalaring, xol-xol gulli nimchalaring… Menga yashil paltolaring ham, gunafsharang shimlaring ham kerakmas. Faqat sen yonimda, qo‘l uzatsam yetadigan joyda bo‘lishingni xohlayman. Ilgari men yolg‘iz qolish og‘irligini bilmagandim. Ketma, cho‘ring bo‘lay, ketma!
– Senga qolsa faqat sevishaversak-sevishaversak. Ikkimiz ham chuvrindi qashshoqlarmiz. Qanday yashaymiz. Bor-yo‘g‘i yana ikki yilgina qoldi. Men qaytib kelaman, deb firmaga va’da berganman. Yurt-doshlar bilan shartlashib olganmiz. Bitta oila ketadi va biz besh kishi ularning o‘rnini egallaymiz. Bor-yo‘g‘i yana ikki yilgina. Men minibus (kichik avtobus) sotib olaman. Bizning davrimizda endi tandirsozlik bilan kun kechirib bo‘lmaydi. Bu ishga yaroqli sog‘lig‘im ham qolmadi. Yana bu yerda endi sabzavotni mashinaga ortib bozorga borish kerak. Bir muhtojlikdan qutulib, oyoqqa turib olaylik. Keyin gardanimizda qarzimiz ham qolmaydi. Yana ikki yil chidagin, yerimizning tepa tomoniga uy ham qurib olamiz. O‘zing bilasan, olmonlarning markasiga bizdan juda ko‘p pul almashib olish mumkin. Markaning qadri ortyapti. Agar xohlasang, hammangizni uchoqqa o‘tqazib Olmoniyaga olib ketaman. Oilali ishchilarning imtiyozlari bor. Chipta bor-yo‘g‘i to‘rt yuz marka. Ozgina pul ishlab olay, keyin chipta olamiz. Yana ikki yilgina chidagin. Tissen qanaqa firmaligini bilasanmi, balki, bunaqasi butun dunyoga boshqa yo‘q. Olmonlar: “Xudoday har narsaga qodir”, deyishadi. Men ishlayotgan shaharda ularning o‘n mingdan ortiq ishchilari bor. Men qaytib bormasam, albatta, ular o‘lib qomaydi, mensiz ham parvo qilmay ishlayverishadi. Ammo men kadrlar bo‘limining boshlig‘iga, pochta pul o‘tkazmalari bo‘limi boshlig‘iga so‘z berganman. Ularning menga munosabati juda yaxshi. “Mayster”ning xotiniga zardo‘zi kavush olib kelishga va’da berganman. Hamma turklar ularga hadya olib boradi, faqat men hech nima obormaganman. Juda uyalaman. Men o‘zimiz uchun ko‘p narsalarni o‘ylab qo‘yganman. Chidagin…
Oysha boshini ko‘tarib eriga qattiq musht tushirdi.
– Men senga “ketma” desam, sen menga “firmaga va’da berganman…” deysan. Men “ketma” deb turibman-u, bu kishim “mayster”dan uyalarmishlar, buni qara-ya! Mendan-chi, mendan uyalmaysanmi, otamning adashi? Ketma, men sensiz yasholmayman. Sen bolalarning bunday quvnoqliklariga qarama! Sen ketishing bilan boshlari egilib qoladi. Ularga og‘ir, menga bundan-da og‘ir. Ketma, xudo xayringni bersin, ketma, bo‘lmasa seni qarg‘ayman. Qolsang iting bo‘lishga ham roziman, ketma…
– Unday dema, adashimning qizi, men chiptani borishga ham, kelishga ham olib qo‘yganman. Adanagacha sakkiz yuz ellik marka to‘lab qo‘ydim! Nima bo‘pti, yana ikki yilgina ishlab qaytaman. Yolg‘izlik menga oson deb o‘ylaysanmi? Sen meni har xil mayin so‘zlar bilan yupatishing kerak, sen bo‘lsang ko‘nglimni buzyapsan. Yaxshi emas bu.
Shokir xotiniga o‘girildi, yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. Oysha tunlik chit ko‘ylakda edi. Erining pinjiga tiqildi: naq qo‘zichoqday yuvosh, itoatkor… Shokir mehr bilan uni quchoqladi, erkalay boshladi. Ketishiga hammasi bo‘lib to‘rt kun qolgan edi. “Sevib to‘yib olish kerak, – o‘ylardi u, – shunda yot eldagi birinchi kunlaring yengilroq o‘tadi.”
Oysha yulduzlar charog‘onligi so‘na boshlaganda uyg‘ondi. U erini sekingina o‘pib qo‘ydi, burnini ko‘ksiga botirdi. U hamon uyg‘onmasdi. “Ketma, otamning adashi”, dedi-da, shiypondan pastga tushdi. O‘choqqa o‘t yoqdi. Eski choygumda suv qaynatib keldi. Eri Olmoniyadan olib kelgan yangi choy idishga choy damladi. Sandiqdan katak-katak gulli dasturxonni chiqarib olib kelib yozdi, non ushatib qo‘ydi. Polizdan garmdori, bodring uzib yuvdi, qirqib-qirqib darsturxonga qo‘ydi. Uch-to‘rtta kartoshka va tuxum pishirib keldi. Saryog‘, pishloq keltirdi. Hammasini chiroyli qilib dasturxonga tuzadi. Xuddi shu payt quyoshning gardishi ko‘rindi. Bolalar hali dong qotib uxlashardi. Ammo Shokir uy-g‘ondi. Kechasi ko‘ylak-ishtonini yerga uloqtirgan edi. Oysha ularni yerdan axtarib topib tepaga uzatdi. Shokir pastga tushdi, zig‘ir matosidan tikilgan shimini rezinka bilan yelkasiga tortib kiydi. Butaning ortiga o‘tib keldi. Oysha uni qo‘lida sochiq va sovun bilan kutib turardi. Suv quyib turdi. Shokir sochiq bilan quloqlarini, qo‘ltiqlarini astoydil tozalab artdi. Kostyumi xoda mixiga osig‘liq edi. Unga qo‘l cho‘zdi-yu, kiyish fikridan qaytdi. Oysha bolalarining boshi ostidan ikki yostiqni asta sug‘urib olib, chang-cho‘plarini yaxshilab silkitib qoqdi-da, erining biqiniga keltirib berdi.
– O‘tir, otamning adashi.
Ustiga “Ofiyat bo‘lsin!”(“Yoqimli ishtaha”) deb yozilgan finjonlarni qo‘ydi.
– Mayda piyoz yegim kelyapti,ammo olib kelishga hol yo‘q.
– Ko‘k piyoz to‘g‘rab beraymi?
– Boshini olmasdan keltir. Shunaqasidan sug‘urib olginki, achchig‘i ko‘zdan yosh chiqazib yuborsin.
– Men ham o‘shanaqasidan yegim kelyapti… ko‘zdan yosh chiqaradiganini, – Oysha lablarini chapillatdi. U polizdan uncha katta ham, kichik ham bo‘lmagan to‘rt bosh piyoz olib keldi. Chit ko‘ylagining etagi ko‘tarilib sonlari ochilib ketdi. U etagini to‘g‘rilab oldi. Uzun sochlarini orqaga, kiftlariga tashladi. Indamay, ishtaha bilan nonushta qildilar. Toros tog‘lari ortidan quyosh ko‘tarildi. Shokir yana bir bor cho‘zildi.
Oysha choydishga yana qaynoq suv quydi. Xuddi shu asno bolalar ham uyg‘onishdi. Bolalar yuvinib kelib tamaddi qila boshlashdi. Qizaloq esa yuvinib o‘tirmadi.
– Voy isqirt-ey!– Achchig‘i keldi Oyshaning.– Sen butunlay iflos qiz bo‘lasanmi, deyman? Sochlaring ham taralmagan. Qiz bola degan shunaqa bo‘ladimi?
– Hechqisi yo‘q, shunday yuraversin, – dedi Shokir, sigaretasini maza qilib burqsitarkan. – Mayli, isqirt bo‘laqolsin. – U qizini tutib olib, yoshlanib turgan og‘riq ko‘zchalarini o‘pdi. – Men o‘g‘illarimni ham, qizimni ham – uchchovini birday yaxshi ko‘raman.– Ammo bu quruq gap edi. Aslida u hammasini har xil yaxshi ko‘rardi. Shunchaki xotinining, sen o‘g‘illariningni ko‘proq yaxshi ko‘rasan, deb qilgan ginasi yodiga kelib qolgan edi. U qo‘llarini o‘g‘illarining boshlariga qo‘ydi. – Xo‘sh, shumtakalar, ahvollar qalay?
– Bor, Semra, hech bo‘lmasa yuzingni yuvib kel, – bolalar choy ichib bo‘lishlari bilan Oysha qiziga amr qildi.
Birinchi bo‘lib Shokir o‘rnidan turdi.
– Metin, Mehmed, – baland ovoz bilan o‘g‘illarini chaqirdi u. – Hozir men polizni yaxshilab sug‘oraman, so‘ng chiptani kompostirlash uchun Adanaga ketaman.
Bu so‘zlar Oyshaning yurak-yuragini tilib yubordi.
Qo‘shni polizlardan turli ovozlar eshitilardi. Qo‘shnilar otlarini egarlashar, ustiga savat-qoplarini ortishardi. Shokir suv tiqilib qolgan ariqqa bordi, uning cho‘kichi ariq yonida yotardi. Metin bilan Mehmed unga ergashishdi.
Oysha dasturxondagi kir idishlarni patnisga taxladi. Qizini yuvintirdi. Sochiq bilan yuz-qo‘llarini artib qo‘ydi. Kulba oldidagi o‘choqqa o‘t oldirdi. Tumda suv qaynatdi. Bir to‘p kiyim-kechaklarni yuvib, butalar ustiga yoydi. Quyosh endi qattiq qizdira boshlagandi. Oysha choyshab va yostiq jildlarni yuvishga kirishdi.
Shokir butun poliz bo‘ylab o‘g‘illari bilan yelib-yugurar, kartoshka, pomidor, loviya va bamiya* ekinzorlarini sug‘orardi. Jon-jahdi bilan ishlab, yuragiga in qurgan hazinlikni bosishga urinardi.
Oysha og‘zida kuchli achchiq his qilar, ayni chog‘da yuragidagi alam hech pasaymasdi. “Bu shayton chiptasini kompostir qilgani Adanaga ketarmish,- zardasi qaynardi uning. – Men bo‘lsam, qip-qizil ahmoqqa o‘xshab uni qolishga unnab yotibman.”
U xoda oldiga borib, unda osig‘liq turgan kostyumning ichki cho‘ntagidan kompostirlanmagan chiptani chiqarib oldi. Hali aqlini yo‘qotmagan paytida ko‘ngliga bir ish qilishni tugib qo‘ygan edi. Hozir hech ikkilanmay o‘sha qarorini amalga oshirdi: chiptani gurillab yonayotgan olovga otdi. “Mana, endi ko‘ramiz qanday qilib ketarkansan, otamning adashi!” Chipta gur etib yonib, zumda zig‘irday kulga aylandi. Oysha kosovni olib, o‘choqni tita boshladi.
Shokir o‘g‘illarini bag‘riga bosib, ularga Olmoniya haqida hikoya qilardi.
– Ikkinchi jahon urushida butun mamlakatni bombalab, tosh ustida tosh qoldirishmadi. Bir tomondan – inglizu amerikalilar, ikkinchi tomondan – ruslar. Chunki bu la’nati fashistlar qo‘shnilariga hujum qila boshlagan edi. Frantsiyani, Polshani, boshqa mamlakatlarni talon-taroj qilishdi, butun dunyoni o‘zlariga bo‘ysundirmoqchi edilar.
Keyin ularni bosh ko‘tarolmaydigan qilib ko‘mib tashlashdi.
Shtutgart munitsipal muzeyidagi vitrina ostida shaharning urush tingandan keyingi fotosurati bor. Bironta butun qolgan uyi yo‘q, boshdan-oyoq vayrona. Hozir shahar qandayligini bir ko‘rsangiz edi! Hammayoqda kashta-kashta gul polizlari, maysazorlar, asfalt. Kompaniyalar va firmalar yoppasiga katta-katta oyna qoplangan uylar qurib olishgan. Ming-minglab fabrika karnaylari naq osmonga tiraladi. Boshqa shaharlarda ham bundan kam emas. Ularning qabristonlari xuddi istirohat bog‘lariga o‘xshaydi.
Men hammangizga u yerni ko‘rsatsam deyman. Ammo oyingiz tomog‘imga pichoq tirab: “Ketma, ketma” deya tixirlik qilyapti. Ertalabdan kechgacha aytgani bitta qo‘shiq…
Oysha uzoqdan eriga qarab-qarab qo‘yardi. “Endi hech qayoqqa ketmaysan. Yetadi, ikki yil azob tortganlarim!”
Shokir tushga yaqin poliz sug‘orishni tugalladi. Oyoq-qo‘llarini yuvdi. Yog‘och shiypon tagiga kirdi. Ho‘l sochiq bilan yaxshilab artindi. Toza ko‘ylaklarini kiydi. Bolalar ham yuvinib-taranib kelishdi. Oysha yana dasturxon yozdi.
Pomidor va garmdorilari bilan bug‘doy palov suzib keldi.
Shunday yeyishdiki, birpasda laganning tagi yiltirab qoldi. Oysha hammalarining oldiga non ushatib qo‘yib, yana laganga ozroq osh suzib keltirdi.
– Metin, Mehmed, sizlarni ham Adanaga olib ketaymi?
Yana ikki yil sabr qilsanglar, minibus olib kelaman. Adanaga, Mersinga borib kelaveramiz. Bugun – Toshuchiga, ertaga – Yumurtaliqqa. Bir kunda borib kelaverish mumkin. Yangi uyga televizor olib kelamiz: ko‘rib, yayrab o‘tirasizlar! Katta derazalarni ochib qo‘yamiz. Oyingiz beton ayvonga suv sepib qo‘yadi – salqinginada o‘tiramiz. Stol, stul, pichoqlar, sanchqilar va qoshiqlar. Har xil idishlar.
O‘sha yerda, ayvonda ovqatlanamiz. Uyga elektr tushiramiz:
Oqshomlarimiz yop-yorug‘ bo‘ladi. Uchchovingizga bittadan velosiped oberaman. Minib maktabga borib kelaverasizlar.
Semra, xudo xohlasa, institutga kiradi. Hayot hayot emas, huzur-halovat bo‘ladi. Xohlasanglar Olmoniyaga boramiz. Hammamiz birgalikda uch-to‘rt yil ishlab kelamiz. Hollandiya shundoq yonginasida. Amsterdam, Rotterdamda bo‘lamiz.
Gaaga, Madurodam, Sheveningen – juda chiroyli shaharlar deyishadi. Hollandlarning qand-qursu shirinliklari shunaqanggi zo‘r bo‘ladiki, mazasi allamahalgacha og‘zingdan ketmaydi.Bozor kunlari u yoqqa ham borib kelamiz, shirinliklarini totib ko‘ramiz. Chegaralarda hatto pasportingga ham qarashmaydi.. Hech qanaqa viza-piza kerakmas. Albatta u yerda ham bu inflyatsiya degani bor. Kundan-kunga hamma narsa qimmatlashib borayotir. Ammo biz baribir borib-kelamiz. Men faqat shu ikki yil ichida ozgina ter to‘kib kelay. Sizlar bir oz ulg‘ayaturinglar, so‘ng maktabga boradigan bo‘lasizlar. Agar o‘sha yoqda qolib ketadigan bo‘lsak, sizlarni darhol maktabga yozdirib qo‘yaman… – Shokir ilhomlanib ketganidan bolalarga xuddi tengdoshlariday gapira boshlagan edi. Keyin birdan dik etib turdi, yana bir bor yuvindi, xodadagi mixdan kostyumini oldi va yelkasiga tashladi. U shunday erkin, siqilmasdan yurishni yoqtirardi. Ko‘prikboshigacha yayov borish kerak, undan u yog‘iga bir yo‘nalishdagi taksiga chiqib olishi mumkin.
– Xayr, adashimning qizi! – U xotiniga va bolalariga qo‘lini silkitdi.
– Xayr, otamning adashi!
U bog‘ eshigidan chiqdi-yu, ichki cho‘ntagini paypasladi. Ichida hech nima yo‘qday tuyuldi. Cho‘ntakka qo‘lini tiqdi. Xudoga shukur, pasport joyida ekan. Bu juda bebaho narsa, kumush bilan oltindan ham qimmat. Sal angraysang, zumda ilib ketishadi. O‘sha ilib ketgan odam Olmoniyaga sening o‘rningga ketadi. Pasport joyida. Ammo chipta qani? Shokir talvasaga tushib hamma cho‘ntaklarini titkaladi. Chipta yo‘qligini ko‘rib, ortiga o‘girildi va tez, deyarli yugurgancha uyga qaytib kirdi. Bir tirgovuchda osig‘liq turgan kichkina sumkani yulib oldi va uni kavlay boshladi.
– Chiptam qani, Oysha? – deb baqirdi. –Pasport joyida, chipta esa yo‘q. Qayoqqa yo‘qoldi, la’nati?!
– Ko‘rmadim.
– Nima-nima?
– Ko‘rmadim, deyapman.
Chipta hamon topilmasdi.
– Bilmadim. Aytayapman-ku, ko‘rmadim, deb.
– Rostdan bilmaysanmi?
– Men uni yoqib yubordim!- tan oldi Oysha, chetga qarab.
– Yoqib yubording?
– Ha. Olovga otdim, yonib ketdi.
– Rostdanmi?
– Rostdan.
Shokir yiqilib tushmaslik uchun xodani quchoqlab ushlab oldi. Esankirashi g‘azab bo‘roni bilan almashindi. U to‘ppa-to‘g‘ri xotinining ko‘kragiga mushti bilan bir tushirdi. Yana ustma-ust mushtladi. Oysha tirnoqlarini ishga solib, qo‘lidan kelgancha qarshilik ko‘rsatdi. Yoqalashib ketishdi. Ularning urishishiga uzoqdan qo‘shnilar qarab-qarab qo‘yishardi, ammo hech kim aralashmadi. Oyshaning yuzlari ko‘mko‘k bo‘lib ko‘karib ketdi. Shokirning burni kattakon qizil garm-doriga o‘xshab qoldi. Bir-biridan o‘lguday xafa bo‘lib ajrashdilar. Kech kirdi, hech kim kechki tamaddi haqida o‘ylamas edi. Kechasi Oysha yovg‘on sho‘rva qilib bolalarini to‘yg‘azdi. Kattakon non pichoqni qo‘liga olib shiyponga chiqdi va uxlagani yotdi. Pichoqni to‘shak ostiga yashirib qo‘ydi. Ko‘klardan yana to‘linoy o‘z yog‘dularini to‘kdi. Shokir yarim kechasi shiyponga chiqdi.
– Men senga, ketma, deb aytdim. Agar ketsang qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketaman. – U non pichoqni chiqardi va eriga uzatdi.- Yaxshisi, sen o‘zing meni so‘yib ket. Qip-qizil qonimni to‘k. Ammo bir o‘zimni tashlab ketma.
– O‘chir,– Shokir kafti bilan uning og‘zini yopdi.– Qanday qilib boshqalarning xotinlari bir o‘zi yashaydi? Nima deyayotganingni o‘ylasang-chi!
– Boshqalar bilan mening ishim yo‘q. Men yasholmayman. Ketma.
Shokirning yuragi ezilib, pichoqni yulqib oldi va polizga uloqtirdi.
– Bo‘pti, jin ursin seni, hech qayoqqa ketmayman. Lekin bilib qo‘y, adashimning qizi, sen chiptani emas, mening o‘zimni yoqib yubording.
– Ketma.
Tuproqlar uzra tun qorong‘isi mayin-mayin to‘shaldi. Yuksakda samolarning sepkildor yuzi jilmayardi. Qurbaqalar vaqillardi. Chiya-bo‘rilar uvillab-uvillab qo‘yishardi. Kakkular shoshilmasdan muhabbat sharafiga o‘z qo‘shiqlarini kuylashardi.
____________
* Bamiya – meva beruvchi kanoplar oilasiga mansub o‘simlik, mevasi xomligida ovqatga solinadi, urug‘idan qahvasimon qiyom qilinadi

Turkchadan Miraziz A’zam tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 4-son