Ernest Xeminguey. Maestro bilan muloqot

ERNEST XEMINGUEY VA MAESTRO
yoxud bashariy kasblarning eng mushkuli borasida suhbatlar

Minneapolis universiteti jurnalistika fakulteti bitiruvchisi, yigirma ikki yoshli Arnold Samuelson mashhur adib Xeminguey bilan uchrashish istagiga tushadi. U olis Michigan shtatidan yo‘lga chiqib, Floridagacha bo‘lgan salkam ikki ming chaqirimli masofani goh piyoda, goh to‘g‘ri kelgan ulovlarda bosib o‘tadi.
Yigitcha orzusidagi mashhur adibga ro‘para bo‘larkan, tili so‘zga kelmay bir zum dovdiraydi. Keyin:
— Mister Xeminguey, menga yozuvchilikni o‘rgatsangiz, — deydi dabdurustdan.
— Bo‘pti, o‘rgatamiz, — deydi adib miyig‘ida kulib.
So‘ngra omadi kelganiga ishonqiramay turgan yigitchani o‘zining mashhur “Pilar” yaxtasiga soqchi qilib olib, kuniga bir dollardan moyana tayinlaydi.
Shundan so‘ng Arnold Samuelson rosa bir yil davomida Xeminguey bilan birga bo‘ladi. U bilan damba-dam baliq oviga chiqib ketib, ochiq dengizda bir necha kunlab suhbatidan bahramand bo‘ladi. Bo‘sh vaqtlarida skripkada kuylar chalib berib, Maestro laqabini orttiradi. Va har gal dengiz safaridan qaytarkan, uychasiga qamalib olib, ustozidan eshitganlarini batafsil qog‘ozga tushirib boradi. Ayni choqda o‘zining qissa va hikoyalarini gazeta, jurnallarga to‘xtovsiz yuborib turar, yozganlari hadeganda yorug‘lik ko‘rmayotgan bo‘lsa-da, niyatidan qaytmasdi.
Nihoyat, “Motor-boating” nomli ovchilar jurnali uning ilk hikoyasini bosadi. Hikoya Xemingueyga ma’qul bo‘ladi.
— Ana endi sen ham yozuvchi bo‘lding, Maestro! — deydi u tirishqoq shogirdini yelkasiga qoqib.
Oradan yillar o‘tib, “Darbadarlar Meksikasi” romanini chiqarishga muvaffaq bo‘lgan Arnoldni yana birinchi bo‘lib Xeminguey qutlaydi: “Siz bilan faxrlanaman, Maestro!” deya telegramma yo‘llaydi.
“Ernest Xeminguey bilan yonma-yon” nomli navbatdagi yirik asari bosmadan chiqqanida esa Maestro, ya’ni Arnold Samuelsonning o‘zi ham, ustozi ham dunyodan o‘tgan edi…
Quyida Ernest Xemingueyning “Maestro bilan muloqot” asari juz’iy qisqartishlar bilan bosilyapti. Muallif shogirdi Arnold Samuelsonga maslahatlar tarzida yaratgan mazkur asarini birinchi marta “Eskvayr” jurnalining 1935 yil oktyabr sonida e’lon qilgan edi…

* * *

— Unutmang, Maestro, bir o‘tirishda haddan ko‘p yozib yubormaslik yozuvchilikning ustuvor qoidasidir. Ko‘nglingizda yig‘ilib qolgan gaplarni birvarakayiga to‘kib solmang. Hatto qissangizning eng qiziq joyiga kelib qolsangiz-u, davomida nima bo‘lishini bilib, ko‘rib turgan bo‘lsangiz ham, yozishdan tiyila oling. Qog‘oz, qalamni chetga surib qo‘yib, o‘zingizga dam bering. Kechasi miriqib uxlab, ertasiga o‘zingizni tiniqqan his etsangiz, stolga o‘tiring. Biroq ishni kecha to‘xtab qolgan joyidan emas, qayta boshidan ko‘chirish bilan boshlang. Har kuni shunday qiling. Asaringiz hajmi kattarib qolgach esa, uning oxirgi ikki faslini diqqat bilan o‘qib chiqib, asar ruhiga kirgach, ularni hafsala bilan qayta oqqa ko‘chiring. Haftada kam deganda bir marta qo‘lyozmangizning muqaddimasiga qayting. Hammasini bir boshidan yozib chiqing. Ana shundagina sizda yaxlit asar paydo bo‘ladi. Qissa bitgach, matndan olib tashlanishi kerak bo‘lgan jumlalarni, so‘zlarni qidirib toping. Eng asosiysi aynan nimalarning keraksiz ekanligini anglab yetishda.
Ha, yozuvchilik degani ko‘tara og‘ir mehnat. Biroq, ruhingizni tushirmang. Og‘irlikka og‘ir, lekin iloj qancha. Men, masalan, “Alvido, qurol!”ning birinchi qismini sal kam ellik marta qayta ko‘chirganman. Buning uchun qancha sabr-toqat kerakligini tasavvur qilavering…
Yana muhim bir gap, hech qachon o‘zingiz yaxshi bilmagan mavzuga qo‘l urmang. Mutlaqo xayolotni nazm ko‘taradi, nasr emas. Nasrda tasvirlayotgan joyingiz, odamlaringizni yaxshi bilmasangiz, fosh bo‘lishingiz muqarrar.

* * *
— Aytaylik, qissangizning bir qismini yozib tugatdingiz. Ertaga nimalar qog‘ozga tushishini bilasiz. Lekin, ertadan keyin nimalarni yozishingiz siz uchun qorong‘u… Bundan cho‘chimang. Indin yozilajak narsalar ertangi ishingizdan keyin oydinlashadi.
Endi mutolaa haqida… Qaysi adiblarni sevib o‘qiysiz?
— Stivensonni, Toroni… Hammasini birdan aytib berolmayman-ku…
— “Urush va tinchlik”ni o‘qiganmisiz?
— Yo‘q…
— Juda yaxshi roman. Albatta o‘qing. Hozir men xonamga o‘tib, birinchi navbatda o‘qib chiqishingiz shart bo‘lgan kitoblar ro‘yxatini tuzib beraman… Kishida mehnatkashlikdan burun salohiyat ham bo‘lishi shart. Mabodo, siz o‘zingizda iste’dod yo‘qligini payqab qolsangiz, qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz?
— Qaydam? Kishi o‘zida qobiliyat bormi, yo‘qligini bilishi mumkinmi?
— Aslo. Iqtidor kutilmaganda chaqmoqdek yarq etib chaqnashi uchun yozuvchi tinmasdan mehnat qilishi kerak. Zero, iste’dodingiz bo‘lsa, ertami, kechmi o‘zini namoyon etadi. Garchi yozuvchilik barqaror daromad manbai bo‘lmasa-da, sizga muntazam ijod qilib turishlikni maslahat beraman.
— O‘tgan yili men bir qancha shtatlarda darbadar kezdim. Og‘ir yuk ulovlarini boshqardim. Bunaqa hayot tarzi ijodkor uchun yaxshi tajriba maktabi bo‘lishi mumkinmi?
— Mumkin. Bu mening ham boshimdan kechgan. Hozir esa oilamga bog‘lanib qolganman. Bundan tashqari o‘z shaxsiyatingizni o‘rganmoqchi, o‘zingizni sinab ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, biror yerda muqim qo‘nim topib, hayotning achchiq-chuchugini totib ko‘rishingiz, o‘zligingizni anglab yetishingiz kerak. Oddiy shart-sharoitlardan-da mahrum daydilarning kulbalaridan ham yozishga arzigulik nimalardir topa bilish kerak. “Geklberri Finning sarguzashtlari”ni o‘qiganmisiz?
— Judayam ilgari.
— Yana qayta o‘qing. Bu ajoyib roman Amerika adabiyotining ibtidosidir. Stiven Kreynning “Moviyrang mehmonxona”sini o‘qigan chiqarsiz?
— O‘qimaganman.
— Mana sizga ro‘yxat. Har bir o‘zini hurmat qilgan yozuvchi mutolaa qilishi shart bo‘lgan asarlar.
Stiven Kreyn — “Moviyrang mehmonxona”, “Ochiq kitob”.
Gyustav Flober — “Bovari xonim”.
Jeyms Joys — “Dublinliklar”.
Stendal — “Qizil va qora”.
Somerset Moem — “Bashariy ehtiroslar yuki”.
Lev Tolstoy — “Urush va tinchlik”, “Anna Karenina”.
Tomas Mann — “Buddenbroklar”.
Jorj Mur — “Idealizmning inkor etilishi”.
F.M.Dostoyevskiy — “Aka-uka Karamazovlar”.
Eduard Kammingo — “Mahobatli xona”.
Sharlotte Bronte — “Jen Eyr”.
Genri Jeyms — “Amerikalik”.
Mabodo ushbu asarlarni o‘qimagan bo‘lsangiz, badiiy saviyangiz haminqadar ekan. Bu asarlarda yozuvchilik san’atining turli uslublari mujassam. Ular shunday mahorat bilan yaratilganki, romannavislik bundan keyin erishib bo‘lmaydigan cho‘qqidek tuyuladi.
— Romanni boshlashdan avval uning syujet rejasini tuzib olish, shu reja asosida boblar, fasllarga ajratish kerakligi to‘g‘risida o‘qiganman…
— Bekor gap. Basharti reja asosida yozar bo‘lsangiz, kitobxon sizni bir zumdayoq fosh etib qo‘yadi. Qalamingizni reja emas, mantiq boshqarsa boshqa gap. Ba’zida asaringiz xotimasi sizga oldindan ma’lumdek tuyuladi. Lekin qo‘lga qalam olishingiz bilan hammasi boshqa tomonga ketib qolishi hech gapmas…
— Yozuvchi o‘z faoliyatini gazetalardan, arzon-garov nashrlardan boshlashi kerak, deyishadi.
— Bu safsataga ishonmang. Yozuvchi bo‘lishga ahd qildingizmi, pul topishni boshqa bir kasb-kordan axtarishingizga to‘g‘ri keladi. Darvoqe, boy bo‘lishni istagan kaslar yozuvchilikni havas qilmay qo‘yaqolsin.
…Har kuni mashq qilib turish lozim. Ko‘rgan-kechirganlaringizni qog‘ozga batafsil tushirib borishga intiling. Masalan, Flober Mopassanga shunday maslahat beradi. Biron narsani, aytaylik, bandargohdagi yuk vagonini, dengiz bo‘g‘ozida guvillayotgan qasirg‘ani, bezovta mavjlanayotgan dengiz suvlarini qalamga oling. Bularning bariga ruhiy taassurotlaringizni singdiring. Agar har kuni mana shunday yozib borishni odat qilsangiz, ularni jon deb o‘qib chiqqan bo‘lardim.
— Bir kunda nechtagacha so‘z yoza olasiz?
— Har xil. Ba’zan bir o‘tirishda ancha-muncha qog‘oz qoralab qo‘yaman. Ba’zida bir necha kunlab qo‘lim kelmay, qiynalib yuraman.
— Bernard Shou, yozuvchi o‘zini har kuni kam deganda mingta so‘z yozishga majburlashi kerak, deydi.
— Yo‘q, bu judayam ko‘p. Basharti shu zaylda ishlasangiz, ko‘p o‘tmay iyig‘ingiz chiqib ketib, bo‘lar-bo‘lmas narsalarni yoza boshlaysiz. Bir kunda besh yuzta so‘z yoza bilsangiz ham, bu bir yilda yuz sakson ming so‘z, ya’ni ikkita katta roman degan gap bo‘ladi.
— Nima bo‘lgandayam yozuvchilikka ishtiyoqim baland. Lekin, har safar yozishga o‘tirarkanman, o‘zimni g‘oyatda nochor, noshud his qila boshlayman.
— Bu hali hech gapmas. Men har gal qo‘limga qalam olsam, loaqal ikki satr xat bitishgayam ojiz kimsaning holiga tushaman. Yozuvchilik naqadar zahmatli ish. Bashariy kasblarning eng mushkuli!
— Hikoya o‘qishli chiqishi uchun nima qilish kerak?
— Qiziq bir voqeani qog‘ozga tushirib, uni ta’sirchan bayon etishni ko‘plar eplay oladi. Hamma gap hadeganda ko‘zga tashlanmaydigan osuda, jo‘n voqealardan qiziqarli, sermazmun, hissiyotli hikoya yarata olishda.
— Asarlaringiz shaxsiy hayotingizdan olib yozilganmi?
— Yo‘q. Men ularni o‘ylab topganman… Biror tanishimning yoshi, ismi, nasl-nasabini o‘zgartirib, uni umrida ko‘rmagan mamlakat fuqarosi qilib, iloji boricha ishonarli personajga aylantiraman. Uni murakkab voqea-hodisalar girdobiga tashlayman. Qolgani qahramonimning tabiatidan kelib chiqib davom etaveradi. Agar o‘ylab topish, kashf etish hadisini egallab olsangiz, ko‘nglingizga siqqancha yozaverishingiz mumkin.
— Mendayam shunday iqtidor paydo bo‘larmikan?
— Bu faqat o‘zingizga bog‘liq. Mehnatidan qochmasangiz va yana eng muhimi ko‘pchiligimizga tekkan kasallik — buyuk yozuvchilik da’vosini o‘zingizga yaqinlashtirmay, adabiyot zahmatidan rohatlanib izlanaversangiz, kam bo‘lmaysiz.
— Kishi to‘g‘ri yo‘l tanlaganini oldindan bilishi mumkinmi?
— Mumkin. Ko‘pincha ich-ichidan sezib turadi.
— Bilasizmi, men ko‘pincha chiroyli so‘z izlab qiynalaman.
— Bu ham ko‘pchilikka tekkan kasallik… Siz hamisha atrofingizdagi odamlar, tanish-bilishlaringiz so‘z boyligidan o‘z lug‘atingizni yaratib olishingiz kerak.
Oddiy, jo‘n so‘zlar eng maqbul so‘zlardir…

Rus tilidan Ilhom Hafizov tarjimasi.