Donolik yoshu qariga birdek yarashadi. Donishmandlikni izlashda yoshning ahamiyati yo‘q. Axir, ko‘ngilni sog‘lom tutishning erta-kechi bo‘lmaydi-ku! Hayotni o‘rganish, falsafani anglashning vaqti hali yetib kelmadi yoki o‘tib ketdi, deyish baxtiyorlikni boy berish yo uni kechiktirish bilan barobar. Shu sababli, yoshu qari donishmandlikni izlamog‘i darkor. Yosh bo‘la turib ham dono bo‘lish mumkin. Biz shuurimizga baxtiyorlik olib keladigan ish bilan mashg‘ul bo‘lib, xotirjamlikka erishamiz.
O‘limning biz uchun xatarli joyi yo‘q. Buni tushunishga odatlan. O‘lim biz o‘ylaganchalik qo‘rqinchli emas. Undan ustun kelishning yagona yo‘li – mangu hayotga ketishdan oldin umrboqiylikni qo‘lga kiritishdir. O‘limdan qo‘rquvchi kishi nodondir. U jon og‘rig‘ini o‘ylab emas, o‘lim kelajak sari tobora jadal ilgarilayotgani uchun ham undan qo‘rqadi. Aslida, o‘lim tabiatdagi hodisa kabi bir ko‘rinishdan ikkinchisiga o‘tishdek gap. O‘lim biz uchun hech narsa. Gap shundaki, biz tirik bo‘lganimizda u bizga yaqinlasha olmaydi. U kelganida esa biz allaqachon ketib bo‘lgan bo‘lamiz. Bir vaqtlar insonlar o‘limni eng shafqatsiz iblis deb bilishgan. Vaqti kelib esa o‘lim ularga hayotdagi iblislardan qutulishning yagona chorasi bo‘lib ko‘ringan.
Donishmand odam hayotini qadrlaydi va uning poyoniga yetishidan u qadar ham iztirobga tushmaydi. Odamlar mo‘l-ko‘l ovqatdan ko‘ra, oz bo‘lsa ham mazali taomni afzal ko‘rganlari kabi, donishmand odam ham uzoq emas, ma’noli hamda xushvaqt umr kechirishni ma’qul ko‘radi.
Shuni esdan chiqarmasligimiz kerakki, kelajak tamomila bizning ixtiyorimizda emas. Uning kelishiga qat’iy ishonish yoki kelmasligidan tashvishlanib, umidsizlik girdobiga g‘arq bo‘lishimiz yaramaydi.
Unutmaylikki, kuchli xohish ko‘p hollarda cheksiz nafratga sabab bo‘ladi. Qanoat esa xotirjamlik va baxtiyorlikning kalitidir. Xohishlarimizning ba’zilari tabiiy. Ba’zilari esa asossiz. Tabiiy xohishlarimizning ham ma’lum qismigina zarur. Qolganlariga ehtiyoj yo‘q. Buning fahmiga yetib, ularni ajrata oladigan kishi ulardan tanasini sog‘lom tutish va tafakkurini boyitishda foydalanadi. Bu asnoni hayotning mazmuni va umrning xayrli davomi deb biladi. Biz doimo ko‘nglimiz va tanamizning ehtiyojini bosadigan narsalarni qidiramiz. Azoblanganimizdagina huzur-halovatni istaymiz. Shu sababli ham huzurni hayotning eng muhim pallasi deb bilamiz. U bizning eng oliy istagimiz bo‘lib, har qanday tanlovning, shu bilan birga, nafratning asosidir. Huzur har qanday narsaga baho berishda bosh hakamdir. Afsuski, huzur-halovat hamisha ham haq bo‘lavermaydi. Ammo, dunyodagi eng ulug‘ huzur-halovat qanoatli bo‘lishdir.
Non va suv och qorin va qaqrab ketgan lablar uchungina halovatlidir. Ehtiyojlarini me’yorida ushlab turgan kishi ortiqcha muammolarga duch kelmaydi.
Huzur-halovat – bu tanadan og‘riqni daf qilish va ko‘ngil bezovtaligidan xalos bo‘lishdir. U shohona taomlar tortilgan to‘kin dasturxon emasligini yodimizdan chiqarmaylik.
Huzur-halovat ko‘ngilni besaranjom qilayotgan o‘y-xayollardan xalos etguvchi, bizni ulardan himoya qilguvchi hamda oldimizdagi to‘siqlarga asosli iloj topguvchi idrokdir. Shu sababli ham fazilatlar orasida eng yaxshisi mulohazakorlikdir. Idrok, iftixor hamda adolat farovon hayotning ajralmas bo‘lagidir.
Mana shu fikrlarga suyangan odam o‘lim qo‘rquvidan batamom xalosdir. Bunday odam yaxshi narsalarga va ezgulikka qanchalik tez erishish mumkinligini biladi va bunga oson erishadi. Shuningdek, iblis kuchining me’yorlari ham unga ma’lum va u bundan unchalik ham xavotirga tushmaydi. Ba’zilar uchun qochib-qutulib bo‘lmaydigan, hukmdor hisoblangan taqdirni u mensimaydi. Sababi, hayotdagi voqeliklarning aksariyati ehtiyoj, qolganlari tasodif va yana bir qismi o‘zimiz bois ro‘y berishidan u yaxshi xabardor. U ehtiyojni, mas’uliyatni yemiradigan kuch hamda uni o‘tkinchi deb bilgani sabab, unga bo‘ysunmaydi. U nodonlarcha zavqu shavqqa burkangandan ko‘ra, dono bo‘lib, faqir holda hayot kechirishni ma’qul ko‘radi.
Sen mening aytganlarimni yodingda tut. O‘zing va senga o‘xshaganlar bilan birgalikda, bularga amal qil. Shunda hech qachon na o‘ngingda, na uyqungda hech narsa seni bezovta qilmaydi.
Ingliz tilidan Shuhrat SATTOROV tarjimasi
Epikur milloddan avvalgi 341-270 yillarda Afinaning Samos orolida yashab ijod etgan qadimgi yunon faylasufi hamda epikurianizm falsafa maktabining asoschisidir.
Epikurianizm ta’limotiga ko‘ra, falsafa insonga baxtga erishish, osuda hayotni qo‘lga kiritish, tinch hamda erkin bo‘lish, og‘riqlardan qutulish va qadrdon do‘stlar davrasida o‘z hayotidan qoniqib yashashi uchun yo‘llanmadir. Epikurning qayd etishicha, huzur-halovat va dard ezgulik hamda yovuzlikni aniqlashdagi o‘lchovlar hisoblanadi. O‘lim tana hamda qalb harakatining nihoyasidir. Insonning erishgan yutuqlari yoki uning boshiga yog‘iladigan balolarning xudoga daxli yo‘q. Bular inson harakatining oqibatidir. Borliq – nihoyasiz va abadiydir. Olamda sodir bo‘lguvchi voqealar bo‘sh makondagi atomlarning o‘zaro ta’siri hamda harakatiga bog‘liq.
Epikurning qarashlari o‘sha zamon olimlarining u qadar diqqatini tortmagan. Ayniqsa, Demokrit uning fikrlariga shubha bilan qaragan. Boisi, determinizm (narsa va hodisalarning sababiy bog‘lanishlari haqidagi materialistik ta’limot) borasidagi bir qator keskin mulohazalari Demokritnikidan farq qilgan.
Epikur asos solgan maktab kichkina bo‘lsa ham, bu maktab rivoji uchun u butun umrini bag‘ishlagan.
Epikur falsafasi jamiki yaxshilik hamda yomonlik huzur-halovat va azob tufayli tug‘iladigan tuyg‘ular bois yuzaga keladi, degan nazariyaga asoslanadi. Ushbu nazariyaga ko‘ra, nimaiki yaxshi bo‘lsa, u halovatdir, nimaiki yomon bo‘lsa, u azobdir. Huzur-halovat hamda azobni Epikur yaxshilik hamda yomonlik o‘rtasidagi axloqiy tafovutning asosi, deb hisoblaydi. Ba’zi bir o‘rinda huzur-halovatdan voz kechib, azoblanishni tanlash, yanada lazzatliroq huzur-halovatga erishishga xizmat qilishini ta’kidlaydi. Huzur-halovat istash hamda izlash orqali o‘lim qo‘rquvidan hamda ma’budalar jazosidan xalos bo‘lib, xotirjamlikka erishish epikurianizm ta’limoti nazariyasining asosiy qoidalaridan biridir.
Epikurning uchtagina xati to‘liq holda, Diogenning “Mashhur faylasuflar” asari ham-da Vatikan kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmalar orqali, shuningdek, uning papi-rusga yozilgan “Tabiat xususida” nomli asaridan bir nechta parchalar bizgacha yetib kelgan.
Tarjimondan
“Sharq yulduzi” jurnalining 2011-yil, 3-sonidan olindi.