(Bu aslida kino bo‘lishi kerak edi)
Daraxtlar orasidan ko‘rib turganingiz — bizning qishloq Aliquli bo‘ladi. Manavi esa bizning qabriston. Ya’ni, qishloqning “tashrif qog‘ozi”. Undan sal narida yana bir qabriston bor. Ajablanmang. Dunyoda bundan ham ajabtovur qishloqlar bor. Endi bizning qishloqqa qolganda qitmirligingiz qo‘zimay tursin-da. Ha, biz tomonda ikkita qabriston, bitta “tashrif qog‘ozi” bor. Chunki odamlarimizning ozodligi boshlanadigan yer qishloqning kiraverishida. Bu g‘aribgina qabrlar o‘z ajali bilan o‘lgan hamqishloqlarimizga tegishli. Narigisi esa o‘z ajali bilan o‘lmagan odamlarga tegishli. Har ikkisining o‘z qorovuli bor.
– O‘v, Ali, ja ko‘zingni yog‘ bosib qolibdimi? Qizingni uzatibsan, to‘yga ham aytmading.
Bu o‘z ajali bilan o‘lganlar qabrini qo‘riqlaydigan Yetim Ali bo‘ladi. Qizini erga bergan esa narigi qabriston qorovuli Uzun Ali. Ma’lum bo‘ladiki, Uzun Ali qizini erga berganida Yetim Alini to‘yga aytishni unutgan. Yana adashib-netib yurmang. Bizning qishloqda ko‘pchilikning oti Ali. Bu laqablarni esa ularni bir-biridan ajratish uchun emas, ijtimoiy mavqeiga ko‘ra berishgan.
Anavi ko‘rib turganingiz o‘rtancha amakim Yetim Alining uyi. Anavi esa amakimning ijod mahsuli — o‘g‘li bo‘ladi. Hamma qishloqdoshlarim kabi amakimning ham mol-holi, eshak-aravasi, bola-chaqasi va tabiiyki, xotini bor. Amakimning yonidagi hovli katta amakimniki. Lekin, kinoda siz uni ko‘rmaysiz. Oldindan shunga kelishganmiz. Katta amakim juda ehtiyotkor odam, uning bunaqa ishlarga, ya’ni kinoga tushishga tobi yo‘q.
Ko‘ylagining old cho‘ntagiga ruchka qistirib olgan anavi oliftanamo bola o‘rtancha amakimning katta o‘g‘li. Yaqinda uylangan, shundan bo‘lsa kerak, ancha ochilib qolgan.
Ruchkasiga e’tibor bermang. Bechora amakivachchamning yozish-chizishga hecham hushi yo‘q. Besh harfli otini yozganida sakkizta xato qiladi. Ko‘ylagi ham amakimniki. Esimni tanibmanki, shu ruchka shu ko‘ylakning cho‘ntagidan tushmaydi. Ehtimol, bu ruchka olinganidan beri birorta harf yozmagandir. Ruchka uning ilmga, demokratiyaga xayrixohligi belgisidir.
Hovlining bir chetida xo‘rozning patini yulayotgan juvon amakimning yangi kelini, ya’ni Uzun Alining qizi bo‘ladi. Manavi esa amakimning qo‘shnisi Kachal Ali. U ertalab hovliga chiqib, eski, shaloq kursiga o‘tirgancha esnayapti. Uning bu esnashi eshik oldida yotgan itning pashsha tutayotgan paytiga to‘g‘ri keladi.
– Xotin, bu qo‘shnimiznikida nima tahlika?
– Bilmaysizmi, Yetim Ali qiz nevarasining tug‘ilgan kuniga borarkan.
– Qaysi… haligi Bokuda ministr bo‘lib ishlaydigan kuyovining uyiga borarkanmi?
– O‘g‘li ministir emas. Ministirning pomushnigi.
– E, nima farqi bor? Bari bir bizning qishloqqa bir tiyinlik nafi tegmasa… O‘zi kimga tortdi bu bola?
– Kimga bo‘lardi? Dadasiga-da! Har-har zamonda tilvizordan gapirib turadi-ku!
Yana amakimning hovlisi. Bu qora mo‘ylovli yigitni bilasiz. Amakimning “firt” etib burnidanmi, boshqa joyidanmi tushgan bu yigit, boyagi Uzun Alining qizini chimildiqqa olib kirgan. Hozir o‘sha kelinchak ana, xo‘rozning patini yulyapti. Xalati ostidan oppoq to‘piqlari ko‘rinib turibdi. Shu choq kelinchak erining haris nazarini payqab, nozli ibo bilan etagini pastroq tushiradi.
Amakivachcham Rum Qaysaridek viqor bilan eshak tarafga yuradi. Eshak uni ko‘rishi bilan orqa o‘girib shataloq ota boshlaydi. Amakivachcham bunga parvo qilmay, eshakni to‘qimlaydi.
Mana, amakimning hammomi. Amakim cho‘milyapti. Xotini uning yag‘rinini ishqalayapti. Amakim aytadi:
– Kuyoving oldida uyatli bo‘ldik. Bir o‘zimizni ko‘rsatib qo‘ymasak, bo‘lmas.
– Kuyinmang. Begona emas-ku. Mana, yo‘lga chiqyapsiz-ku! Borsangiz, rosa suyunib qoladi. Bitta tovuqni dimlab ham beraman. Kelin tozalayapti. Uzoq yo‘l. Bilib bo‘ladimi? Ana Mashadi Nisobek. Uyam o‘g‘linikiga ketayotganida yaxshi ovqat yemagan ekan, yo‘lda yiqilib o‘libdi, bechora.
Amakimga bu gap yoqmaydi, yomon qaraganini ko‘rib xotini ham tilini tishlaydi, indamay yelkasidan suv quyadi.
Birdan amakimning kichkina o‘g‘li eshikni ochib, “dada” deydi.
– Tur yo‘qol, pishirib qo‘yibdimi senga?
Kichkina amakivachcham eshakning yechilib qochgani va dorga osilgan ko‘ylakning yengini chaynayotganini aytmoqchi bo‘ladi. Siz ko‘p o‘tmay, shu epizodni ko‘rasiz. Qiyomat-qoyim qo‘padi. Bir amallab ko‘ylakni eshakning og‘zidan tortib olishadi.
Amakim yetti yil avval o‘z qizini katta akasiga, ya’ni boya men otini tilga olgan ehtiyotkor amakimning badqovoq olim o‘g‘liga bergan edi.
Mana, o‘sha kalondimog‘ kuyov kabinetda kursida yastanib o‘tiribdi. Katta bir vazirlikning mas’ul xodimlaridan. O‘zining aytishicha, bosh qashishga qo‘li tegmaydi.
Shuning uchun o‘g‘lining tug‘ilgan kunini ham shaharda nishonlamoqchi. Oldidagi qog‘ozlarning qalashganidan ishi ham ko‘pligini payqash mumkin. Hozir telefonda gaplashyapti. Taxminan mana bu gaplarni aytyapti:
– Ha, ha. Yo‘q, hamma narsa yetarli. Shukur. Ha, hozir bosh qashishga ham vaqt yo‘q. Yo‘g‘-e, qanaqa restoran? Bizniki bunaqa narsalarga qiziqmaydi. Aytgancha, bir uyimizni ko‘rib ketishsa yomon bo‘lmasdi. Ehtimol, ahvolimizni ko‘rib, kattaroq, yaxshiroq uy berishsa. Bilasan-ku, mening boshqa bir rejam ham bor. Ha, shunga o‘xshash. Yana ko‘ramiz-da, so‘z berishgan-ku!
Manavi amakimning kichkina supraqoqdi bolasi. Qo‘shnining qizi sochiga taqib yurgan archa o‘yinchog‘iga qiziqib qarayapti. Uni avaylab, silab ham ko‘radi.
– Bu nima?
– Yomg‘ir.
– Yomg‘ir? Qayerdan olding?
– Akam Bokudan olib keldi.
– Bokuda yomg‘ir shunaqa bo‘larkanmi?
Yana amakimning hovlisi. Qaysari Rumga kelbat beradigan amakivachcham (Xudo bo‘ydan ham bergan-da!) eshakni hozirlab qo‘ygan. Amakim bir necha yil ilgari ish haqi o‘rniga jamoa xo‘jaligidan berilgan kostyumni kiyib olgan. Kostyumning yenglari va shimning pochalari kaltaligi bilinib turibdi. Lekin top-toza. Soqoli amakimni ziyolisifat ko‘rsatib turibdi.
Sofdil, sodda amakimning xotini, kelini, o‘g‘li va qo‘shnilar uni kuzatgani chiqishgan.
– Qizimga ayting, bolani shamollatib qo‘ymasin. Xudo xohlasa, sunnat to‘yini qishloqda qilamiz, – deydi amakimning xotini.
– Menga yomg‘ir olib keling, – deydi amakimning kichkina qizchasi.
Amakim, uning o‘g‘li va yukli eshak yo‘lda. Amakim eshak ustida xuddi sarkardalardek mag‘rur ketib borayotir. Yo‘l-yo‘lakay qo‘ni-qo‘shni bilan xayr-xo‘sh qiladi.
Mana amakim avtobusda.
Bu yer amakivachchalarimning “sakkizinchi”dagi ikki xonali uyi. Oyog‘ida jun paypoq kiyib olgan, boshiga ro‘mol o‘ragan bu juvon amakimning qizi. U oshxonada kechki ziyofatga tadorik ko‘ryapti. Amakimning o‘g‘li aytishiga qaraganda, kechqurun vazir muovini ham kelarmish.
Bu ayol esa amakim qizining qo‘shnisi, boringki, xizmatkori desa ham bo‘ladi. Yuz-ko‘ziga chizib tashlangan bu erka bolakay amakimning nevarasi, bugun tug‘ilgan kuni nishonlanadigan O‘rxon bo‘ladi…
Amakim mingan avtobus va amakim. U yonidagi hamrohiga allanimalarni kula-kula gapirib ketyapti. Qo‘lini havoda muallaq tutib nimanidir ko‘rsatyapti. Nevarasining bo‘yi bo‘lsa kerak.
Mana, dala o‘rtasidagi yemakxona. Yo‘lovchilar shu yerda tushib, tushlik qiladilar. Amakim avtobusdan tushadi. Shu choq savatidagi tovuq uchib chiqadi va qaqaqlagancha o‘zini qamishzorga uradi. Amakim uning orqasidan yuguradi. Yuki qo‘lida, yelkasida yamoq xurjun, tovuqni quvadi.
Qamishzorni uzoq aylanadi. Tovug‘ini tutib olguncha ancha vaqt o‘tadi. Amakim minib kelgan avtobus jo‘nab ketadi va uning o‘rniga xuddi o‘shanga o‘xshagan ikkinchi avtobus kelib to‘xtaydi. Peshlavhasidan ko‘rinadi, bu avtobus poytaxtdan amakimning tumaniga ketyapti. Tovuq tuxum qo‘yib, qamishzordan chiqadi. Qoqoqlab amakim tarafga keladi. Amakim uni ushlab, savatiga soladi.
Ko‘rib turibsizki, amakim boshqa avtobusga minadi. Bo‘sh o‘rindiqlardan biriga o‘tiradi. Oldindagi odam bilan bir oz suhbatlashib, uning hamyurti ekanini biladi.
– Ie, qay taraflarda so‘raymiz, oshna?
– Bokudan kelyapmiz-da!
– Biz bo‘lsak Bokuga ketyapmiz, – deydi g‘ururlanib.
– Unaqada nimaga bu avtobusga chiqdingiz?
Amakim adashib qolganini tushunadi. Xurjunini yelkasiga tashlab, avtobusdan tushadi.
Shahardagi barcha xonadonlardagi kabi amakivachchalarim uyi ham temir eshikli. Hozir shu eshikning qo‘ng‘irog‘i chalinadi. Amakimning qizi shosha-pisha ro‘molini to‘g‘rilab, eshikni ochadi. Bo‘sag‘ada amakim ko‘rinadi. Amakimning qizi avval o‘zini yo‘qotib qo‘yadi, keyin o‘zini otasining quchog‘iga otadi.
Salom-alikdan keyin amakim qishloq, sigir-buzoq, qozon-tovoqdan gapiradi. Nevarasi O‘rxonni quchog‘iga olib o‘tiradi. U bilan bekinmachoq o‘ynaydi. Shifonerning ichiga kirib bekinadilar.
Amakimning o‘g‘li keladi va qaynatasini ko‘rib, hafsalasi pir bo‘ladi.
Amakimning o‘g‘li xotini bilan narigi uyga o‘tib, allanarsalarni muhokama qiladilar. Ko‘p o‘tmay, amakimning qizi kelib otasiga aytadiki, shahar odatiga ko‘ra tug‘ilgan kuni nishonlanayotgan bolaning bobosi bekinib o‘tirishi kerak. Ziyofatning oxirida uni mehmonlarga “syurpriz” qilib ko‘rsatishadi. Amakim “syurpriz” nimaligini bilmasa ham, zarur, bama’ni narsa ekanini bilib, bunga rozi bo‘ladi.
Hozir amakim shifonerda, mehmonlar kelishgan. O‘yin-kulgi, xursandchilik. O‘rxon sekin shifoner eshigini ochib, bobosining yoniga kiradi va uning quchog‘ida o‘tiradi.
Ko‘rib turibsizki, ziyofat avjida. Mehmonlar yeb-ichish bilan mashg‘ul, qadahlar jaranglaydi. To‘rda savlat to‘kib o‘tirgan kishi “zamministr”. Dastavval, uning sharafiga qadah ko‘tariladi. “Katta” viqor bilan bosh irg‘ab qo‘yadi. Navbat O‘rxonga keladi. “Qush bo‘lsin, qafasda bo‘lmasin”, “Katta yigit bo‘lsin”, “Ota-onasining baxtiga sog‘ bo‘lsin” va hokazo. Mehmonlardan biri majlis qahramonini so‘raydi.
O‘rxon yo‘q, hamma bezovta. U yoq-bu yoqni qidira boshlaydilar. Mehmonlardan biri tasodifan shifoner eshigini ochadi. O‘rxon amakimning quchog‘ida o‘tiribdi. Amakim mehmonlarga qarab kula boshlaydi. Sariq-miriq tishlarini ko‘rdingizmi?
O‘rxon ham, mehmonlar ham uning kulgisiga qo‘shiladi. Amakivachchamning qosh-qovog‘i amakimning kulgisini kesadi.
Ziyofat nima bilan tugagani uncha ahamiyatli emas. Sahar. Amakim vokzalda. Tugunchasini oldiga qo‘yib ochadi. Yangi kelini kecha tugunchasiga solib bergan tovuqning bir sonini sug‘urib yeydi. Kutish zalidagi televizordan amakimning o‘g‘lini ko‘rsatishadi. U nima haqdadir kuyib-pishib gapiradi. Amakim mamnun jilmayadi. Ko‘zlari yoshlanadi. Atrofdagilarga nimanidir tushuntiradi. Oldida o‘tirgan yirtiq ko‘ylakli bir kimsa unga yaqinlashadi. Amakimning kulgisi va yemagiga qo‘shiladi, tovuqning yana bir oyog‘ini olib g‘ajiy boshlaydi. Amakimning xursandchiligi davom etadi va tugunchasini yangi tanishi tarafga suradi. Yana uch-to‘rt kishi amakimning himmatidan bahramand bo‘ladi.
Amakim tashqariga chiqadi. Yomg‘ir yog‘ib turibdi. Amakim yomg‘irga qarab sevinadi. Kichkina qizchasining buyurtmasini eslaydi. Keyin kulimsirab-kulimsirab vagon (avtobus ham bo‘lishi mumkin) tarafga ketadi.
Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi