Siz umrida salom bermagan odamni ko‘rganmisiz? Shaxsan men ko‘rganman. Bashir odamga umuman salom bermaydi. Salom tugul, ozg‘in, ko‘rimsiz qad-qomati bilan shunaqa yurib qo‘yadiki, go‘yo G‘arb bilan Sharq orasidagi chegarani shu belgilab bergan yoxud Sho‘ro hukumatini shu odam ag‘dargan-ov, degan xayolga ham borasiz. Faqat qovog‘idan qor yog‘ilib turadi. Ehtimol, xotinidan erta ajraganidan yoki bo‘lmasa o‘g‘lining uzoqda ekanidan DARDI IChIDA bo‘lsa kerak. Har holda, birovning ko‘ziga baqrayib qarab, g‘o‘ddayib o‘tib ketadi.
Meni mayda gaplikda ayblashingiz ham mumkin. Lekin, bu faqat mening fikrim emas-da! Bashirning salom bermasligi deyarli har kuni qishloqda muhokama etiladi. Agar sho‘rlik amerikalik bo‘lganida uning masalasi allaqachon xalqaro doiraga ko‘tarilgan bo‘lardi. Qishloqda esa har kim har xil taxmin va farazlarni o‘rtaga solsa-da, yakuniy xulosaga kelinmagan edi.
Chunki qishlog‘imizda salom berishni bolalikdan o‘rgatib boradilar. Ya’ni, salom — tarbiyaning boshi. Qishloq xotinlarining bayonotiga ko‘ra, Bashir kechasi ajina, jinlar bilan oldi-berdi qilarmish.
Aytsam ishonmaysiz, meni lofchiga ham chiqarasiz, ammo haqiqat shuki, Bashir bir marta menga salom berdi. Tasavvur qilyapsizmi? Umrida birovga kulib qaramagan, qoqsuyak yelkasida oltmish yilning yukini orqalab yurgan oqsoqol men bilan salomlashdi. Endi bu ro‘parangizdan chiqib qolgan begona odam cho‘ntagingizga yuzta “ko‘ki”dan solib, ko‘z qisib ketganday gap edi. Bu hol sizni qanchalik taajjubga solishi mumkin bo‘lsa, men ham hozir ana shunday holga tushib qolgandim.
O‘shanda aravaga xashak yuklayotgan edim. Esim og‘ib, aravaga yuklangan xashak bog‘larini qaytadan yerga tushira boshlaganimni ham sezmabman.
Avvaliga yo‘lni kesib o‘tib, bog‘ tomonga tushib keldi. Boshini u yon-bu yonga ham burmay, to‘ppa-to‘g‘ri kelib tepamda turdi. Asli uni ko‘rganim ham yo‘q edi. Faqat qurigan o‘t-alaflarni yanchib kelayotgan qadam tovushlarini eshitdim. Sigaret hidi kelib turgan nafasini o‘ng qulog‘imning tagida his etdim. Shoshib qoldim.
– Salom jiyan. Charchamayapsanmi? – deb so‘radi shivirlab.
U mening taajjubdan olayib ketgan ko‘zlarimga ham qaramadi. Qo‘lidagi “Astra” sigaretini sarg‘aygan barmoqlari orasida o‘ynatib, cho‘nqayib tutning soyasidan joy oldi. Ancha payt jim qoldi. Bir-birimizga tikilib qoldik. Hozir o‘z holiga o‘zi hayron edi, xuddi to‘satdan tilga kirgan soqov singari. Bir payt yerga qarab gap boshladi.
– O‘sha taraflarda bizning o‘g‘ilni ham ko‘rib turasanmi?
Boya aytganimdek, Bashirning o‘g‘li qishloqdan ketganiga ko‘p bo‘ldi. Askarlikdan qochib, hozir Rossiyaning qaysi bir shahrida daydib yurganini eshituvdim.
– Yo‘q, – dedim, – men boshqa shaharda turaman.
Bir oz yana jim qoldi. Uning keyingi gaplari sizga ham g‘alati tuyulishi mumkin.
– Bu qanday qarindoshlik bo‘ldi? Qanaqa amakivachchasizlar? Nahot musofirlikda bir-biringizning holingizdan xabar olmasangiz?
Uning savoldan ko‘ra ko‘proq ta’naga o‘xshab ketuvchi bu gaplari meni tamoman shoshirib qo‘ydi.
Mening ham o‘zimga yarasha aql-hushim bor. Besh yil bekorga universitet tuprog‘ini yalaganim yo‘q. Kimsan Dono boboning nevarasi bo‘lsam. Aha!!! Barmoq o‘rniga ketmon dastasini tishlab, o‘yga toldim. Masala ravshan. Bashir otaning salomi bejiz berilmaganga o‘xshaydi. Demak, uning o‘g‘li mening amakivachcham, o‘zi menga amaki bo‘p chiqadi. Uyga borib, yana so‘rab ko‘rish kerak. Qariyani kuttirib qo‘ygim kelmadi:
– Gap undamas, biz boshqa-boshqa shaharda turamiz, – dedim.
– Oralaring bizning uydan Aliaskar mahsido‘zning do‘konicha bormi?
– Yo‘q, – dedim, – ancha uzoq.
– Unda Humbat semizning uyigacha ekan-da? Ha, mayli, sog‘ bo‘lsalaring bas. Bu og‘ayningni shu yil boshini ikkita qilsam devdim, – deya gapirayotib o‘rnidan turdi va sigaret hidi ufurib turgan nafasini yuzimga yopishtirdi. – Ho‘kiz ham tayyor. – U keyingi gapini qulog‘imga engashib aytdi, – Pulini berib qo‘yganman, – shunday deb qo‘shni bog‘da o‘tlab yurgan mollarni ko‘rsatdi. Orasida bitta ola tana ham ko‘rinardi, – lekin bir ishda yordaming kerak, jiyan.
Qiziq, unga qanaqa yordam berishim mumkin? Sovchilik bo‘lsa, bu ishni dadamga aytgan bo‘lardi. Nima bo‘lganda ham, favqulodda salom menga qimmatga tushishini angladim. U ham mening ahvolimni tushundi, chamamda.
– Bilasanmi, men anavi tanani ham olganman, ham olganim yo‘q, – dedi pichirlab.
– Tushunmadim, bu nima deganingiz? – so‘radim istar-istamas.
– Manov mollarning egasini taniysan-a? Mamadali rais. Qishda qor so‘rasang bermaydi. U bilan kelishgan edik — men unga qishda xashak beraman, u esa bitta tana berishi kerak. O‘tgan qishda xashakning hammasini unga berdim. Endi esa g‘irromlik qilyapti. “Biz kelishgan paytimizda hali kichkina edi. Endi katta bo‘ldi. Bu zotdor tanalardan. Uning kattarishiga sening xashaging emas, zotdorligi sabab, uni molbozorga chiqarib sotmoqchiman”, deydi. Keyin yana fikri o‘zgardi, “Bunaqa zotdor tana hech kimda yo‘q, uni urug‘liqqa opqo‘yaman, sening o‘sha daydi bolangni deb shunaqa zo‘r molni so‘yib yuborish uvol”, deydi ablah.
Pul quturtirgan buni. Lafzidan tongani mayli, bolamni daydi dedi-ya! Sen o‘qigan odamsan! Yozib-chizib turarmishsan, o‘zing ayt, bu qanaqa bedodlik? Sen shu ishda menga yordam qilolasanmi?
Qishloqda raislikka umuman aloqasi bo‘lmasa-da, shirkatda yuqoriroq lavozimda ishlagani uchun shu nomga sazovor bo‘lgan Mamadali tog‘ani yaxshi tanirdim.
– Qanaqa yordam?
– Gap shundaki, ertaga qishloq oqsoqollarining majlisi bo‘ladi. Hammasi unga yon bosadi. Bilasan, u hozirgi hukumat odamlari bilan yaxshi tanish. Organda qarindoshlari ishlarmish. Men bir besavod odamman, yonimda tursang, hammasi sendan qo‘rqadi.
Uning gaplarini hali idrok etib ulgurmasimdan, “Demak, borasan-a?” dedi-da, ketib qoldi. Nima qilishni bilmay qoldim. Sho‘rlik umrida birinchi marta birovga salom berib, unga hasbi holini aytgan, inchunin, meni o‘ziga yaqin tutib, katta odam bilib yordam so‘ragandi. Shuni hisobga olib, eski klubda o‘tadigan yig‘ilishga yo‘l oldim.
Avvaliga tananing egasi, Mamadali rais gapirdi. Masalani o‘z foydasiga hal etishlarini so‘rab, navbatni Bashirga berdi. Bashir ham o‘z navbatida tanani buzoqligidan yaxshi bilishi, uning tarbiyasiga katta ulush qo‘shgani, o‘z tomorqasida o‘tlab katta bo‘lgani haqida shunaqa to‘lqinlanib gapirdi, hatto ko‘z yosh qilib ham oldi va cho‘ntagidan kir ro‘molcha chiqarib, yoshini artdi.
Bunaqa otashin nutq uchun har qancha qarsak chalinsa bo‘lardi. Chunki u majlis ahlining e’tiborini to‘la-to‘kis o‘ziga qaratgan edi. Deputatlikka nomzodi qo‘yilgan bo‘lsa, hamma unga ovoz berishi tayin edi. Faqat, Mamadali bir-ikki yo‘talib qo‘ygach, majlis ahli sergak tortib unga qaradi.
Mamadali qani sen gapir, degandek Mamish cho‘ponga o‘girildi. Mamish cho‘pon aytdiki, tana oshib borsa, ellik manatlik yem yegandir, lekin hozir bu tanani bozorda kamiga besh yuz manatga pullasa bo‘ladi. Ancha-muncha gap-so‘zdan keyin yana Mamadali so‘z oldi. Gap boshlashdan ilgari hammaga bir-bir ko‘z tashlab chiqdi. Eng oxiri uning nigohlari Bashirga qadaldi. Bashir o‘zi o‘tirgan stul barobarida kichrayib qolgandek edi. Majlis ahlining bir ko‘zi Bashirda bo‘lsa, bir ko‘zi Mamadalida edi. Bu uzoq muddat davom etgan jimlikdan ko‘pchilik Mamadali Bashirga rahm qilib tanani unga berar, degan xayolga borgandi.
– Bilasizki, mol — o‘z oti bilan mol. Tilla yoki olmos emas. Topiladi. Shuning uchun bu masalada bosh qotirib, hammani ishdan qoldirish yaramaydi.
Bu gaplardan keyin yana bir muddat jimlik cho‘kdi. Bashir ham sekin-sekin kattara boshladi. Ko‘zlarida minnatdorlik uchqunlari chaqnay boshlagan, mamnun nigohlari bilan hamqishloqlariga boqardi. Bir-ikki mening tizzamni ham nuqilab qo‘ydi. Chamasi, bog‘da Mamadalining unvoniga o‘zi yog‘dirgan ta’nayu malomatlardan xijolat chekardi. Klub ham allanechuk yorishib ketgandek bo‘ldi. Chuqur nafas olib, Mamadali yana so‘zida davom etdi:
– Gapning qisqasi, ola sigirning bolasini Bashirga bersam. Bir-ikki oyda katta bo‘ladi. Inshoolloh, kuzgacha buqaga keladi. Kelgusi yilda bitta erkak buzoq tug‘ib bersa, masala hal. O‘g‘lini bemalol uylantirsa bo‘ladi.
Majlis ahli ham Mamadalining bu taklifini ma’qulladilar. Yig‘ilish tugagach, Mamadali menga bir tirjayib, yonimdan o‘tib ketdi.
Bashirning g‘azabi qaynagan edi. “Molxonangga o‘t qo‘yaman, sigirlaringning hammasini burdalab tashlayman”, derdi asabiy ohangda. Uning bu dag‘dag‘alari tuman sudiga qadar davom etdi. Shikoyat arizasini ham menga yozdirdi.
– Yoz, onasini emsin, bu Mamadalini quloq deb yoz, yot unsur de. Sovetlarning dushmani deb yoz.
– Bashir amaki, – dedim, (O‘zi meni jiyan deydi-ku!) – Sovet tamom bo‘lganiga o‘n yildan oshdi. Endi hukumat yangi bo‘lgan.
– Hukumat yangi bo‘lsa, sud, pirokuror eski, yigirma besh yildan beri ishlaydi, hammasini taniyman. Yoz, jiyan. O‘tgan yil qishloqning hamma ekin yeriga g‘alla ektirdi. Pulini esa kissaga urdi. Kuyovi hokimiyatda poraxo‘rning biri, o‘g‘li olibsotar.
Xullas, Bashir menga bir quloch maktub yozdirdi va qog‘ozni to‘rt buklab, yirtiq kamzulining ko‘krak cho‘ntagiga solib, tumanga ketdi.
Shu bilan qishloqqa keyingi yilning kuzagida keldim. Bog‘imizdagi qurigan xas-xashakni yig‘ishtirib yurgandim. Bashir yana bog‘ning bir chetidan o‘tib qoldi. O‘zi oldinda, orqasidan o‘ziday ozg‘in bir g‘unajinni ergashtirib, allanarsalarni g‘uldirab borardi.
– Ha, Bashir amaki, nima bo‘ldi? – deb so‘radim.
Javob bermadi va asabiy qo‘l siltadi. Bir-ikki qadam yurib, ortiga qayrildi.
– Tamom bo‘ldi, – dedi.
“Nima tamom bo‘ldi, salom-alikmi?”, degim keldi. U bir oz yurib yana to‘xtadi. Yuzimga tik qaradi.
– Hammasi sotilgan, itvachchalar, – dedi. – Senga ham qoyil emasman. Bu it emganlarning orasida bir o‘zimni tashlab ketding.
– Nima bo‘ldi o‘zi?
– Nima bo‘lardi, o‘g‘lim o‘sha tomonda bir o‘ris marjaga uylandi. Unga unashilgan qiz boshqasi bilan qochib ketdi. Men esa buqa qidiryapman, buqa! Anavi itdan tarqagan ham buqasini g‘unajinimga yaqin yo‘latmaydi, – dedi va xirillab kuldi. Keyin g‘unajinini ko‘rsatib, – manavi qirchang‘idan qaysi ovsar buqa bahra topardi, – deya kula-kula yo‘lida davom etdi.
Bashirning oyoqlari ostidan Mamadali raisning insofi qadar yengilgina chang ko‘tarildi.
Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi