Dog‘an Nadi. Shunchaki gaplar (hajviya)

Aslida o‘tgan ishga salovat dey­dilar-u, lekin o‘sha ishni bilib qo‘ygan yaxshi. Hukumat noibligiga nomzodlardan biri Qora dengiz bo‘yidagi viloyat ahli bilan uchrashuvga boribdi. Uchrashuvda nutq so‘zlayotganda saylovchilardan biri luqma tashlab, uning gapini bo‘libdi:

– Noiblikka nomzodimiz savodli bo‘lishini istaymiz!

Boshqa bir ovoz unga e’tiroz bildiribdi:

– Nima, aqldan ozganmisan? Axir, nomzodimiz professor-ku, hatto bir zamonlar vazir bo‘lgan.

– Men buni bilmayman. Bilganim shuki, biz unga besh yuztacha xat yozdik. Agar savodi bo‘lganda, hech qursa, bittasiga javob yozardi.

* * *

Bir kishi o‘g‘li takasaltang bo‘lgani uchun doim:

– Sen odam bo‘lmaysan, – deb koyirdi.

Yillar o‘tib, o‘g‘il ulg‘a­yib, xalq noibi bo‘lgach, otasidan so‘rabdi:

– Dada, nuqul odam bo‘lmaysan, derdingiz, endi nima deysiz?

– Men senga noib emas, odam bo‘lmaysan, degan edim.

* * *

Sher ovchilari juda lofchi bo‘ladi-da! Ulardan biri:

– Bir kuni ro‘paramdan kap-katta sher chiqib qolsa bo‘ladimi? Ishonasizmi, yonimda qurol yo‘q. Qo‘limdan nima ham kelardi? Ahvolimni tushungandirsiz. Tabiiyki, sher meni paqqos tushirdi, – dedi.

– Axir, siz hayotsiz-ku? – e’tiroz bildirdi davradagilardan biri.

– Ha, lekin shu ham hayotmi? – javob beribdi ovchi.

* * *

Bizda yagona qog‘oz fabrikasi borligida qog‘ozning narxi bir navi edi. Lekin ikkinchisi qurilganidan so‘ng (axir, sanoatimiz rivoj­lanib borayotgani sir emas) qog‘ozning bahosi ancha qimmatlashib, hatto jahon bozoridagi o‘rtacha narxdan ham oshib ketdi. Endi uchinchisi qurilarmish (axir, sanoatimiz rivojlanib borayotgani sir emas-ku). Hurmatli quruvchilar! Xudo xayringizni bersin, o‘tinib so‘raymiz, uchinchi qog‘oz fabrikasini qurish qaroringizdan qayting!

* * *

Ovora bo‘lasiz! Biz muvaffaqiyatimizni qo‘ldan beradiganlardan emasmiz. Yashash qimmatligi bo‘yicha Yunonis­tonning bizdan o‘zib ketishiga yo‘l qo‘­yib bo‘ladimi? Bizning milliy burchimiz Ovrupo Kengashining ma’ruzasiga alohida e’tibor berishdan iborat. Bu qandaydir anglashilmovchilik, albatta. Yunonlar o‘z pulini qadr­sizlantirish uchun qandaydir hiyla ishlatgan. Shunday bo‘lsa-da, inson turmushi qimmatligi bo‘yicha bizning oldingi o‘rinda ketayotganimiz aniq.

* * *

Italiyalik professor, arxeolog Istanbulga kelganida Rimga amerikalik do‘sti kelgani haqida so‘zlab beribdi. Professor uni shaharning diqqatga sazovor joylariga olib borganida, shubhasiz, Kolizeyni ham ko‘rsatibdi. Amriqolik mehmon mashhur xarobalarni ko‘rgach, xo‘rsinib debdi:

– Bay-bay! Rim ikkinchi jahon urushida qattiq bombardimon qilinib, buncha talofat ko‘rgani haqida eshitmagan ekanman.

* * *

Ikki og‘ayni ish axtarib yurganida bir rahmdil kishi ularga maslahat beribdi:

– Samsungga boringlar, Chorshanba tumanidagi dengizning Chalti burnida yovvoyi otlar to‘dasi daydib yuradi. Ikkitasini tutib, bu yerga keltirsangiz, pulini olasiz.

Og‘aynilar o‘sha manzilga borsalar, haqiqatan jonzotlar kengliklarda o‘tlab yurgan ekan. Og‘aynilar arang ikkita otning bo‘yniga arqon solib minib, orqaga qaytibdilar. Tikka ko‘tariladigan qiya yo‘lda og‘aynilardan biri otdan yiqilibdi. Ikkinchisi esa, ot ustida og‘aynisiga qarab qichqiribdi:

– Omading bor ekan, yomon tushmading. Men esa, qayerda, qanday yiqilishimni bilmayman.

* * *

Olti yuz nafar mirshab besh soat davomida Sulton Ahmad qamoqxonasini ostin-ustin qilib, hamma kovaklarni tintib chiqishibdi. Lekin zarracha qora dori topilmabdi.

Bu xabarni chop etgan ro‘znoma qo‘shib qo‘yibdi: “Manfaatdor idoralar bundan juda mamnun bo‘ldilar”.

Yo Parvardigor! Agar bu yerda “mamnun bo‘ladigan” joyi bo‘lsa, bu maxbuslar qora dorini yaxshilab yashirib qo‘yganidadir.

* * *

Bu hikoyat davlat ishlarida loqaydlik faqat bizda emas, balki boshqa joylarda ham borligini ko‘rsatadi.

Chikago shahrida ikki yigit mashinasini sariq, ya’ni munitsipalitet mashinalari rangiga bo‘yab, uni munitsipalitet qurilishlaridan birining oldiga haydab kelib, qo‘rg‘oshin trubalarni unga yuklay boshlaganlarida mirshab “uddaburonlarni” ushlab olibdi.

Muvaffaqiyatga erishishga ishongan o‘g‘rilar mirshabning ulardan shubhalanganidan ajab­­lanadilar. Mirshab esa oshiq­mas­dan:

– Sizlar chaqqonlik bilan harakat qildinglar. Agar sizlar chindan ham munitsipalitet ishchilari bo‘lganingizda, bunchalik g‘ayrat bilan ishlamasdingiz, – deb izoh beribdi.

Muhsin G‘aniyev tarjimasi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 40-son