Dino Butstsati. Eynshteyn bilan iblisvachcha (hikoya)

Kuz oqshomlarining birida Albert Eynshteyn Priston (Nyu Jersi shtati) yo‘lkalari bo‘ylab kezib yurar ekan, bir g‘ayritabiiy voqeani boshidan kechirdi. Uning o‘z holiga tashlab qo‘yilgan o‘y-fikrlari bu damda zanjiridan xalos bo‘lgan it misoli daydishar, o‘z sohiblarini nazar-pisand qilishmasdi. Qizig‘i shundaki, ayni befayz va behalovat lahzalar Eynshteynni umr bo‘yi intilgan-u, ammo ro‘yobiga umidi so‘ngan orzusi bilan qovushtirdi. Kiprik qoqqudek fursat ichida u makon evrilishiga guvoh bo‘ldi, uning nigohi, xuddi siz ushbu varaqni chor tarafdan ko‘rib turganingizdek, o‘zga olamni birbutun qamrab oldi.
Garchi, insoniyat ko‘zlari ilg‘ay oladigan makondan o‘zga o‘lchamda ham olamlar mavjudligi allaqachonlar isbotini topgan bo‘lsa-da, bunga hamon inson tafakkuuri uchun jumboq bo‘lmish voqelik deya, shubha bilan qarab kelinadi. Go‘yoki o‘sha olam bilan biz yashayotgan olam o‘rtasida ko‘rinmas bir devor bordek o‘zining uchqur tafakkuri qanotida tobora ko‘kka yuksalib borayotgan inson nogahon shu devorga peshonasini uradi-da, parvoz nihoya topadi. Na Platon, na Pifagor, na Dante, bugun hayot bo‘lganlarida ham, ushbu devorni ishg‘ol qila olishmagan bo‘lardi, illo, bizning miyamiz bunday haqiqatlarni sig‘dirishga qodir emas.
Zotan, dunyoda o‘sha begona olam sarhadlarini tajriba va uzluksiz riyozat orqali egallash mumkin, deya fikr qilguvchilar ham yo‘q emas. Yer yuzida paravozlar suron solib kezar, domna pechlari guvillar, urush va o‘lim vahshati davom etar, so‘lim xiyobonlar oshiq-ma’shuqlar bo‘salari tovushiga bezabonlarcha some’lik qilar, bir so‘z bilan hayot oqimi o‘z yo‘lida oqar ekan, qandaydir darveshnamo olimlarning mislsiz riyozatlari orqasida bir lahza o‘sha makon chegaralariga qadam qo‘yganlari, uning sir-sinoatlaridan voqif bo‘laroq, ko‘z yumguncha o‘tgan vaqt orasida ortga qaytganlari, inson oyog‘i yetmagan cho‘qqini zabt etganlari haqida afsonalar yuradi.
Biroq ushbu buyuk hodisotdan kimsa xabar topmaydi, birov u qahramonni tabriklamaydi ham, na tantanalar, na intervyular uyushtiriladi, na qahramonga biror nishon berishadi. Chunki bunday hodisalar xoslar uchun maxsus. Qahramon bu haqda bor-yo‘g‘i “Men u dunyoga borib keldim”, deyishi mumkin, vassalom. Axir unda o‘zga olamda bo‘lganini tasdiqlovchi na biror surat, na hujjat-dalil bor.
Voqean, shunday hodisa ro‘y berib qolgudek bo‘lsa, o‘z tafakkurimiz vositasida o‘sha o‘zga olamga tirqish topa olsak – biz uchun mavhum bir formuladan boshqa narsa bo‘lmagan, bizdan tom ma’noda tashqarida bo‘lgan olam ayni chog‘da hayotimizning o‘ziga aylanadi. O! U lahzalarda o‘zligimizdan, qayg‘u, quvonch, tashvish atalmish yuklarimizdan birato‘la xalos bo‘lamiz. Inson tafakkuri naqadar bepoyon-a!
Xuddi shunday voqea, osmon billuriy ranglarga chulg‘angan, shahar chiroqlari go‘yo Zuhro yulduzi bilan bahs boylashgandek, u yer, bu yerda miltillay boshlagan ajoyib kuz oqshomlarining birida professor Albert Eynshteyn bilan ham sodir bo‘ldi. Uning qalbi – o‘sha sir-sinoatga boy bir parcha go‘sht – Xudoning marihamatini his qildi. Zero, Eynshteyn donishmand odam edi. Dunyo havaslariga parvo qilmasdi. Ammo ayni lahzalarda u o‘zini odamlar izdihomidan yuksaklarda his qildi. Non ushog‘iga intizor gado favqulodda bir xumcha oltin topib olgandi go‘yo.
Go‘yo Eynshteynning nomunosib o‘ylariga jazodek, sirli haqiqat qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunchalik kutilmaganda, daf’atan ko‘zdan yo‘qoldi. Ayni damda professor hozir bo‘lgan makonining o‘ziga tamomila notanish ekanini anglab qoldi. U chetlari jonli devor bilan to‘silgan uzun yo‘lak bo‘ylab ketib borar, atrofida imorat tugul biror tirik jon ko‘rinmasdi. Yo‘lak oxirida sariq-qora zebra tusida bo‘yalgan, shiftini sharsimon chiroq yoritib turgan benzakalonka ko‘rinardi, xolos. Yon tarafdagi skameykada, chamasi mijoz yo‘qligidan zerikibgina bir zanji o‘tirardi. Uning egnida ish kombinizoni, boshida esa beysbol shapkasi bor edi.
Eynshteyn uning yonidan indamay o‘tib ketmoqchi edi, biroq zanji o‘rnidan turib u tomon odimladi.
-Janob!-dedi u.
Zanji o‘rnidan turgach, barzangi kelbati, xushbichim yuzi, bor bo‘y-basti bilan mukammal bir afrikalikni o‘zida mujassam etgani ko‘zga tashlandi. Tun qorong‘usida jilmayar ekan, marjondek tishlari yarqirab ko‘rinardi.
-Janob,-dedi u,-sizda gugurt topilmaydimi?-va cho‘g‘i so‘ngan sigareta bilan unga yaqin keldi.
-Chekmayman,-Eynshteyn javob bera turib to‘xtadi, to‘g‘rirog‘i uni qiziqish va hayronlik to‘xtatgan edi.
Shunda zanji so‘radi:
-Balki menga aroq puli berarsiz?
U mirzaterakdek naynov, navqiron, ustiga-ustak surbetgina edi.
Eynshteyn cho‘ntaklarini timiskiladi.
-Bilmadim-da… Yonimda sariq chaqa ham topilmasov… Sayrga pul olib chiqadigan odatim yo‘q…Rosti gap afsusdaman…-der ekan ketishga chog‘landi.
-Shunisiga ham qulluq,-dedi zanji,-ammo, ma’zur tutasiz…
-Yana nima?-malollandi Eynshteyn.
-Siz menga keraksiz. Bu yerga asli shuning uchun kelganman.
-Men kerakman?! Nima gap o‘zi?!
-Menga keraksiz,-takrorladi zanji,-bir muhim ish yuzasidan. Buni faqat qulog‘ingizga aytishim mumkin.
Ayni damda tun pardasi yanada quyuqlashgan, bunga sari zanjining tishlari olldingidan ham oppoqroq ko‘rinardi. Zanji Eynshteynning qulog‘iga engashdi.
-Men – jon olguvchi farishtaman,-shivirladi u,-joningni olgani keldim.
Eynshteyn bir qadam ortga chekindi.
-Menimcha,-dedi u ovozi jiddiylashib,-menimcha, ko‘proq ichib qo‘yganga o‘xshaysan, og‘ayni.
-Men – o‘lim farishtasiman,-ta’kidladi zanji,-qara…
U jonli devordan yam-yashil bir novdani sindirib oldi. Oradan lahza o‘tmay uning qop-qora qo‘llarida yashnab turgan barglarning rangi siniqdi, so‘lishga tushdi, so‘ng esa kulga aylandi. Zanji bir puflab kaftidagi kulni ko‘kka sovurdi.
Eynshteyn boshini egdi.
-Jin ursin. Demak, kunim bitibdi-da…Qanday qilib – shu ahvolda, tun qorong‘usida, yo‘lning qoq o‘rtasidami?!..
-Menga shunday buyurilgan.
Eynshteyn atrofiga olazarak boqdi, tirik jondan nishon yo‘q edi. Hammasi avvalgidek: uzun yo‘lak, pastlikda chiroqlar mo‘ltiraydi, chorraha tomondan avtomobillar qizil ko‘zlarini tikadi.
Falak gumbazida yulduzlar jimiri, Zuhro yulduzi quyi ingan.
Eynshteyn chuqur tin olib dedi:
-Menga qara, birodar, bir oy muhlat berolmaysanmi? Tugata olmagan bir muhim ishim bor, shuni yakunlagan kunim kelsang degandim. O‘tinaman faqat bir oygina…
-Kashf etmoqchi bo‘lgan narsangni,-ta’kidladi “zanji”,-men bilan boradigan joyingda so‘zsiz topasan.
-Bu boshqa-boshqa narsalar: u dunyoda mehnatsiz topilgan kashfiyotning qiymati nima bo‘lardi. Mening kashfiyotim esa odamlar uchun koni foyda. O‘ttiz yildan beri shuning ustida ter to‘kaman. Orzuyim ushalay deganda-ya…
“Zanji” ishshaydi.
-Bir oy deysanmi?..Mayli, ammo muddating yetgandan so‘ng qochib qolishni xayolingga ham keltirma. Osmonga chiqsang oyog‘ingdan, yerga kirsang qulog‘ingdan tortib olaman.
Eynshteyn yana nimadir demoqchi bo‘lib boshini ko‘targanida, suhbatdoshidan asar ham topmadi.
Bir oy deganlari hijrondagi oshiq uchun qanchalar ko‘p muddat bo‘lsa, ajalini kutayotgan bechora uchun soniyadan-da qisqa ekan. Soniya nima bo‘pti bir nafas singari shiddatkor va aniq. Mana u o‘tdi-ketdi. Eynshteyn va’dasiga vafo qilib, belgilangan joyga yo‘l oldi. O‘sha benzakalonka, o‘sha skameyka, unda “zanji” o‘tiribdi. Faqat bu safar u kombinizoni ustidan harbiylar kamzulini kiyib olgan: axir havo sovib qolgan-da.
-Men keldim,-dedi Eynishteyn uning yelkasiga turtib.
-Qalay, ishlaringni bitirdingmi?
-Yo‘q, tugata olmadim,-og‘ir xo‘rsindi olim,-menga yana bir oy muhlat ber! Qasam ichaman. Bu safar tugataman. Ishon, kunu tun quldek ishladim, baribir ulgurmadim. Ammo arzimagan ish qoldi.
“Zanji” orqa o‘girib o‘tirgan holatida yelka qisdi.
-Siz – Odam bolalari, hammangiz bir go‘rsiz. Sizga mudom nimadir yetishmaydi. Sira birovdan minnaddor bo‘lmaysiz. Bir soniya ortiqroq yashash uchun tiz cho‘kib oyoq o‘pishga-da tayyorsiz. Bahona topishni-ku qiyib qo‘yasiz.
-Men qilayotgan kashfiyot o‘ta murakkab. Hali inson zotiga nasib etmagan…
-Bo‘ldi, bilaman, bilaman,-gapni shart kesdi “zanji”, -hikmat toshi yaratmoqchisan, shundaymi?
Shundan so‘ng har ikkisi jim qolishdi. Sertuman, sovuq kuz oqshomi etni junjuktiradi. Bunday tunda uyda yotganga ne yetsin.
-Men nima qilay endi?-so‘radi Eynshteyn.
-Bo‘pti ketaver…Lekin bir oy ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadi.
Chindan ham bir oy ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi. Vaqtning bu qadar ochofatligi shunda bilindi.
O‘sha dekabr tunida izg‘irin esar, yakkam-dukkam chirindi xazonlarni o‘ynatar, olimning bosh kiyimi ostidan chiqib turgan oppoq sochlariga changal solardi. O‘sha benzakalonka, bu safar skameykada boshiga qalin salla o‘ragan o‘sha “zanji” sovuqning zo‘ridan dildirab o‘tirardi.
Eyniishteyn unga yaqin kelib, yelkasiga dadil turtdi.
-Men keldim.
“Zanji”ning sovuqdan tishlari takirlar, kamzo‘liga o‘ranib olgandi.
-Ha, senmisan?
-Men.
-Demak, tugatibsan-da?
-Xudoga shukur, tugatdim.
-Yuz yillik o‘yini intiho topibdi-da! Har holda armoning qolmagandir? Boqiylik sirini ochgandirsan?
-Ha,-Eynshteyn jilmayib javob qilar ekan, yo‘talib qo‘ydi,-nafsilamrini aytganda hammasi joyiga tushdi.
-Ketdikmi bo‘lmasam? Safarga tayyormisan?
-Albatta, kelishganmiz-ku.
“Zanji” ilkis sakrab turdi va shunday qahqaha otdiki, faqat iblisgina bunday kulishi mumkin edi. Keyin o‘ng qo‘lining kursatkich barmog‘i bilan Eynishteynning qorniga bir turtgan edi, u muvozanatini yo‘qotib, oyog‘ida zo‘rg‘a turib qoldi.
-Yaxshi, yaxshi keksa qaroqchi…uyingga jo‘na, tez bo‘l, yugur, bu sovuqda o‘pkangni oldirib qo‘ymasingdan… Hozircha menga keraging yo‘q.
-Meni qo‘yvormoqchimisan? Unda bu ko‘rsatgan hunaringni qanday tushunish kerak?
-Bularning barisi ishingni tezroq tugatishing uchun edi, vassalom. Men maqsadimga erishdim…Seni shunday qo‘rqitmaganimda, kim bilsin yana qancha cho‘zar eding?!
-Mening ishim?.. Buning senga nima qizig‘i bor?
“Zanji” tirjaydi.
-Menga-ku kerak joyi ham yo‘g‘-a… Ko‘rmaysanmi, rahbariyat, yer osti dunyosining hukmdori – ustozim iblis… Uning aytishicha, avvalgi kashfiyoting ham shaytanat dunyosi uchun katta foyda bergan. Bunda shaxsan sen aybdor bo‘lmasang ham, shunday bo‘lgani rost. Senga bu yoqadimi, yoqmaydimi ixtiyoring o‘zingda, janob professor, lekin kashfiyoting jahannamga mislsiz foyda olib keldi… Endi yangi kashfiyotingdan foydalanishni o‘ylayapmiz.
-Bo‘lmagan gap!-norozi chinqirdi Eynishteyn.-Dunyoda undan bezararroq narsa bor ekanmi? Bu shunchaki formula, mutloq mavhumiyat xolos…
-Yashshavor,-qichqirdi iblisvachcha, yana olimning qorniga turtar ekan.-Yashshavor, azamat! Seningcha meni bu yoqqa o‘ynagani yuborishganmi? O‘ylaysanki, ular xato qilishganmi?.. Yo‘q-yo‘q, sen yaxshi ishlading. Zulmatdagi og‘alarim sendan xursand bo‘lishadi endi!.. Eh sen bilganingda edi!..
-Nimani, nimani bilganimda edi?
Ammo iblisvachcha g‘oyib bo‘lgan, atrofda na banzakalonka, na skameykadan nishon bor edi. Yolg‘iz tun, izg‘irin shamol va uzoq chorrahadagi avtomobil chiroqlarigina ko‘zga tashlanardi…

Rus tilidan Uzoq Jo‘raqulov tarjimasi

* * *

Eynshteyn bilan uchrashuv

Kuz oqshomlaridan birida Albert Eynshneyn ishdan so‘ng Prinston xiyobonlarini aylangani chiqib, ajib hodisaga duch keldi. Hech sababsiz, bamisoli ipidan yechib yuborilgan itga o‘xshab, olimni tafakkuri bir jismdan ikkinchisiga uchib-qo‘narkan, tuyqus u butun umri davomida besamar intilib kelgan ezgu maqsadiga erishganligini idrok etdi. Siz hozir ushbu kitobni nechog‘lik ravshan ko‘rib turgan bo‘lsangiz, sanoqli lahzalarda uni shundoq ko‘z o‘ngida “Fazoning egilish holati” degan tabiat hodisasi yuz berdi. Inson aql-zakovati fazoning egilishini nainki bo‘yi, teranligi va eni barobarida, balki bizga mutlaqo noma’lum, sir-sinoatli to‘rtinchi o‘lchamida bilib olishga ojizlik qiladi, deb hisoblanadi. Garchand uni mavjudligi isbotlangan esa-da, u hamon tasavvurimizda tilsimligicha qolib kelmoqda. Go‘yoki girdimizni qandaydir g‘ov-g‘arovlar to‘sib olgan-u, xayolot singari bepoyon inson tafakkuri tobora yuksala borib, ilkis o‘sha to‘siqqa urilib to‘xtaydi. Hayot bo‘lganda na Pifagor, na Aflotun va na Dante undan oshib o‘ta olardi. Zero, ushbu haqiqat xayolotimizni hadsiz sarhadlariga-da sig‘may ketadi.
Uzoq izlanishlar va izchil tadqiqotlardan so‘ng olimlar fazoning egilishini idrok etish mumkin, degan xulosaga kelishdi. Hayot davom etar ekan, urushlar millionlab odamlarni umriga zomin bo‘layotgan bir paytda, istirohat bog‘lari va so‘lim go‘shalarda sevishganlar haliyam visol onlaridan lazzatlanishmoqda. Ba’zi bir olimlar o‘zlari tug‘ma daholigidan quvvatlanib, baayni ularni ilohiy bir qudrat tubsiz jarliklardan olib o‘tganu, oniy lahzalarda yana ortiga keltirib qo‘yganidek, ular Olam yaralishining aql bovar qilmas sirlar kaliti — fazoning egilishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, hayrat barmog‘ini tishladilar.
Ushbu Fenomen ovoza qilinmadi, kashfiyotchilar sharaflanmadi, olamshumul voqea sir saqlandi. Zero, uning inkishof etishi alohida bir shaxsnining sa’y-harakatiga bog‘liq ediki, u daholarga xos kamtarlik bilan shunchaki: “Kamina fazoning egilish holatini idrok etdi”, deb qo‘ya qolardi. Xolbuki unda isbot o‘laroq na rasmiy hujjat, na fotosurat va na shu kabi daliliy ashyolar mavjud edi.
Bunday paytlarda inson aql-zakovati shiddat va shijoat-la shu choqqacha atigi abstrakt formulalardan iborat bo‘lgan hamda ong-shuurimizdan tashqarida tug‘ilib, komillikka erishgan sir-tilsimli olamni bir kunjidan ignani ko‘zidekkina yo‘l topib, u yerga kirib oladi-da, o‘ziyam mana shu hayot javhariga evrilib, tashvishu g‘avg‘olari bir holicha kunpayakun bo‘ladi. Bamisoli mangulikka daxldordek, bir o‘zimiz ham tafakkurimizni qudrati ilohiyasi o‘laroq arshi a’loni ko‘z ilg‘amas qatlariga dovur yuksalib boramiz.
O‘sha xushhavo oqshomda Albert Eynshteyn hayotida aynan shu hodisa ro‘y berdi. Osmon gumbazi binafsha rangda bo‘lib, ko‘cha fonuslari Zuhro yulduzi bilan bahslashayotgandek porlar, vujudimizni sir-jumboqli uzvi bo‘lgan Yurak Parvardigor marhamati ila bir maromda tepar edi. Eynshteyin donishmand inson edi. Kibr-havoga berilmasdi, lekin shu topda u ham mutakabbirlik domiga tushdi, zotan, g‘irt qashshoq odam ham tuyqusdan boyib ketsa, bosar-tusarini bilmay qolmasmidi!
Qasma-qasdiga, tabiat feomeni qanchalik shiddat-la ro‘y bergan bo‘lsa, shunchalik tezlikda badar ketdi. Eynshteyn ikki yog‘iyam manzarali butadan iborat notanish joyda turardi. To‘rt tomoni ham yaydoq yalanglik o‘rtasida devorlari sariq-qora ranglarga yo‘l-yo‘l qilib bo‘yalgan va tomidagi sharsimon fonus girdini yoritib turgan yoqilg‘i quyish shoxobchasi hamda yonginasidagi yog‘och o‘rindiqda mijozlarni kutayotgan habashni uchratish mumkin edi. U egniga korjoma, boshiga esa beysbolchilarning qalpog‘ini kiyib olgandi.
Habash yonidan o‘tib ketayotgan Eynshteynga peshvoz chiqib:
– Janob! – dedi.
U barvasta, bag‘oyat xushbichim, yuzi issiq, afrikaliklar singari sarvqomat edi. Tunda uning tishlari bodroqday oqarib ko‘rinardi.
– Janob! – dedi zanji yana, – sizda gugurt topiladimi? – o‘chiq sigaretasi bilan olim yoniga keldi.
– Chekmayman, – to‘xtab javob qildi Eynshteyn. Uning yuzida taajjub zohir bo‘ldi.
– Ehtimol, tomoq ho‘llashga puldan cho‘zarsiz?
Habash yosh, barvasta va shu bilan birga surbet ham edi.
Eynshteyn cho‘ntaklarini kovlab ko‘rdi.
– Men… xijolatdaman. Pulim yo‘q ekan, olib yurishga odatlanmaganman. Rosti, judayam afsusdaman…. – degancha ketmoqqa shaylandi.
– Shunisigayam rahmat, lekin… ma’zur tutgaysiz…
– Senga nima kerak o‘zi? – dedi olim bir parda ko‘tarilib.
– Aslida o‘zingiz keraksiz. Sizni kutib o‘tirgan edim.
– Meni? Nima bo‘lyapti o‘zi?
– Sizda ishim bor. Muhim maxfiy ish bilan kelganman. Buni faqat qulog‘ingizga aytishim mumkin.
Uning tishlari oldingidan ham oppoq bo‘lib ko‘rinardi. U olimning qulog‘iga englashdi.
– Men Azroilman, – dedi u shivirlab, – Ajal farishtasi bo‘laman, seni joningni olgani keldim.
Eynshteyn seskangancha ortiga tisarildi.
– Sal oshirib yubormadingmi? – dedi u o‘zini dadil tutishga urinib.
– Kamina – O‘lim farishtasiman, – qaytardi u. Mana qara…
U manzarali butadan shoxcha sindirib oldi. Sanoqli lahzalarda butoqcha yaproqlari so‘lib, qovjirab, ustiga tuproq yoqqandek tusga kirdi. Habash bir purkashi bilan butkul kuyib kulga aylandi.
Eynshteyn qayg‘uga cho‘mdi.
– Jin ursin! Demak, paymonam to‘libdi-da… Axir qanday qilib? Kimsasiz joyda, allamahalda-ya?
– Menga amr qilingan.
Eynshteynning ko‘zlari olazarak u yoq-bu yoqqa qaradi, tirik jon ko‘rinmaydi.
O‘sha xiyobon, tungi yoritqichlar va olis chorrahada to‘xtab turgan ulovlarning chiroqlari. U osmonga qaradi, tim ko‘kda yulduzlar miltillaydi. Zuhro yulduzi ufq ortiga boqib bormoqda.
– Quloq sol, – dedi unga olim yalingannamo. – Menga bir oy muhlat ber. Katta ishga qo‘l urganman! Iltimos, atigi bir oygina.
– Sen o‘z kashfiyoting natijasini u yoqqa borgach, bilib olaverasan, biroq hozir oldimga tush!
– Ular tamoman boshqa-boshqa narsalar: bosh qotirmasdan ham narigi dunyoda bilishimiz mumkin bo‘lgan kashfiyotlarning qadr-qimmati necha pul bo‘lardi? O‘ttiz yildan beri olib borayotgan tadqiqotlarimga katta qiziqish bilan qarashmoqda. Kamina olamshumul yangilik yaratish ostonasida tursa-yu…
Habash xunuk irjayib qo‘ydi.
– Bir oy dedingmi? Mayli, lekin yanagi safar yashirinib qolaman, deb yurmagin tag‘in. Yerning qa’riga bekinsang ham baribir qulog‘ingdan tortib olaman.
Eynshteyn undan yana nimanidir so‘ramoqchi bo‘ldi, bu paytda iblisning qorasi o‘chgan edi.
Sevimli kishing bilan ayriliqdagi bir oy ham uzoq tuyuladi, basharti senga o‘ttiz kundan keyin o‘lasan deyishsa, bu muhlat qosh bilan kiprik orasichalik ham bo‘lmay qoladi. Bir oy oqar suvdek o‘tib ketdi. Muddat tugagan kechada Eynshteyn uchrashuv joyiga jo‘nadi. U o‘sha yoqilg‘i quyish shoxobchasining oldidan chiqib bordi. Bu gap habash korjomasining ustidan kiftiga harbiy bichimdagi eski shinelni tashlab olgandi. Zero sovuq hali zabtiga olayotgandi.
Eynshteyn habashning yelkasiga qo‘lini qo‘yib:
– Men keldim, – dedi.
– Ishing nima bo‘ldi? Tutatgandirsan?
– Yo‘q, tugatolmadim, – dilgirlik bilan javob qildi olim. – Menga tag‘in bir oy vaqt ber! Ont ichib aytamanki, bu safar tamomlayman. Ishon, kunlarni tunlarga ulab mijja qoqmay ishlayapman, lekin ulgura olmadim. Endi ko‘pi ketib ozi qoldi.
Habash aytganida turib, yelka qisib qo‘ydi.
– Baringiz bir go‘rsiz! Noshukrsizlar! Oyog‘imga bosh urib yalinib-yolvorishni bilasiz. Bahona topishga ustasizlar.
– Ammo-lekin hozir nihoyatda murakkab tadqiqot bilan mashg‘ulman. Hali shu choqqacha hech kim…
– Aytmasang ham bilaman, – uning gapini bo‘ldi O‘lim farishtasi.
Poyonsiz Koinotning kaliti asrorini izlayapsan, shundaymi?
Ikkovlari jim qolishdi. Qish oqshomida hammayoq besaru befayz edi. Shunday sovuqda ko‘chaga chiqish ham malol keladi kishiga.
– Endi nima qilamiz? – so‘radi Eynshteyn.
– Bo‘pti, boraqol… Lekin bilib qo‘y, vaqt lip etib o‘tib ketadi.
Darhaqiqat, u oqar suvday o‘tib ketdi. Ilgari vaqt to‘rt haftani bu qadar tez komiga yutib yubormas edi. Ayozi suyakka ignadek sanchiladigan o‘sha dekabr oqshomida achchiq shamol so‘nggi yaproqlarni kimsasiz xiyobonda uchirib o‘ynar, daho beretkasining chetlaridan hurpayib chiqib turgan oppoq sochlari titrab ketardi. Olim yana yoqilg‘i quyish shoxobchasining oldidan chiqdi. Endi habash quloqchinini boshiga bostirib kiyib, cho‘k tushgancha pinakka ketgandi.
Eynshteyn yaqin borib hadik bilan uning kiftiga turtib:
– Men keldim, – dedi.
Sovuqdan qunishib olgan habashning tishi-tishiga tegmasdi.
– Ha-a, senmiding?
– Menman, menman.
– Haytovur tamomlabsan-da.
– Xudoga shukr, tamomladim.
– Asrimizning olamshumul o‘yini nihoyasiga yetibdi-da? Qidirgan narsangni topdingmi o‘zi? Doru dunyoning murvatlarigacha yechib olib, yana butlab qo‘ygandirsan?
– Ha, – dedi jilmaygancha Eynshteyn va tomoq qirib qo‘ydi – bu yog‘iga Koinotning taqdiridan ko‘nglimiz to‘q, desak ham bo‘laveradi.
– Ketdikmi bo‘lmasa? Har qalay ko‘chishga tayyordirsan endi?
– Albatta. Axir kelishganmiz.
Shunda Azroil o‘rnidan sapchib turib habashlarga xos guldurak ovozda xoxolay boshladi. So‘ngra ko‘rsatgich barmog‘ini Eynshteyn qorniga nuqdi. Olim zo‘rg‘a oyoda turardi.
– Bo‘pti, bo‘pti, qari tulki… uyingga borishing mumkin, o‘pkangni sovuqqa oldirib qo‘ymayin, desang, oyog‘ingni qo‘lingga olib yugur… Hozircha menga keraging yo‘q.
– Meni qo‘yib yuboryapsanmi? Unda bu tomoshaning nima keragi bor edi?
– Ishingni tugatib ol, degandim-da… Bor gap shu. Agar seni qo‘rqitmaganimda, kim bilsin, ishingni qachongacha cho‘zar eding…
– Ishimni? Buni senga nima daxli bor?
Habash kulib yubordi.
– Menga-ku daxli yo‘g‘-a… Anavi, yerning tagidagi zabti zo‘r iblislarga bu juda muhim… Aytishlaricha, ular sening dastlabki kashfiyotlaringdan zap foydalanganmish… Garchi bunda sen aybdor bo‘lmasang ham, bilib qo‘yganing ma’qul. Muhtaram professor, senga yoqadimi-yo‘qmi, baribir aytishim shart: o‘shanda ixtirolaring do‘zax egalariga juda qo‘l kelgandi-da o‘ziyam. Endi bo‘lsa yangi tadqiqotlarga mablag‘ ajratyapmiz…
– Qo‘ysang-chi! – dedi Eynshteyn jig‘ibiyron bo‘lib. – Bu olamda formulalardan ham bezavol narsa bormikan? Axir ular bor-yo‘g‘i sof abstraktsiya, g‘irt ob’ektiv…
– Ofarin! – Iblis barmog‘ini yana olimning qorniga tiragancha qichqirib yubordi. – Qandingni ur, azamat! Bundan chiqdi, meni sening oldingga shunchaki maymun o‘ynatgani yuborishgan ekan-da?! Seningcha, ular yanglishishgan, shundaymi? Yo‘q, sen o‘z ishingni qoyilmaqom qilib bajarding. Yerning qa’ridagilar sendan mamnun bo‘lishmoqda! Eh, hali sen bilganingdami!…
– Xo‘sh, bilganimda nima bo‘lardi?
Eynshteyn o‘girilib qaraguncha, Iblis g‘oyib bo‘lgandi. Yoqilg‘i quyish shoxobchasi ham, yog‘och o‘rindiq ham endi o‘rnida yo‘q edi. Faqat Nyu-Jersi shtatining Prinston shahrida tun tobora quyuqlashib borar, muzdek shamol esib, olis-olislarda mashinalarning chiroqlari milt-milt qilar edi.

Rus tilidan Ilhom Hafizov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 6-son.