Yakshanba kuni ertalabki toat-ibodatdan so‘ng ikki avliyo – ulardan birini Oneto, ikkinchisini Kotib deb atashardi – “Miller” firmasining qora charm sirilgan oromkursilariga qulaygina joylashib olib, pastga – Yerga qaradilar-da, bu ajoyib-g‘aroyib odamlar qavmi nimalar bilan mashg‘ulligini aniqlashga urindilar.
– Menga shuni ayt-chi, Kotib, – so‘radi avliyo Oneto uzoq muddatlik sukunatdan keyin, – sen o‘z hayotingda baxtli edingmi?
– Shuyam gap bo‘libdi-yu! – kulib javob qildi hamsuhbati. – Yerda hech kim baxtli bo‘lolmasligini bilib turib so‘raysan-a!
Shunday deya u cho‘ntagidan bir quti “Malboro” chiqardi.
– Chekasanmi?
– Rahmat, bajonidil, – dedi avliyo Oneto, – odatda ertalablari o‘zimni chekishdan tiyaman-ku, biroq bugun bayram sharafiga… Har qalay, o‘ylashimcha, ayrim hollarda…
– Sen o‘zing-chi, shu “baxt” deganlarini aqalli biron marta his qilganmisan? – uning gapini bo‘ldi Kotib.
– O‘zim-ku, his qilmaganman, biroq aminmanki…
– Yaxshisi, sen anavilarga qara, qara! – xitob qildi avliyo Kotib, pastga imlab. – Ular bir necha milliard, bugun yakshanba, buning ustiga, ayni subhidam – eng yoqimli payt, ob-havoning ham yaxshiligini qara – oftob charaqlab turibdi, biroq jazirama emas, mayin shabada, daraxtlar bilan o‘t-o‘lanlarning ayni gullab-yashnagan payti. Ustiga ustak, ularning Yerida “iqtisodiy mo‘jiza” – go‘yo barcha murod-maqsadiga yetgan. Xo‘p, o‘sha milliardlar orasidan aqalli bittagina baxtiyor odamni ko‘rsat-chi menga, aqalli bittasini – undan ko‘pini talab ham qilmayman. Agar topib bera olsang, seni qoyilmaqom tushlik bilan mehmon qilaman.
– Yaxshi, – dedi Oneto va shoshilmasdan nigohi bilan pastdagi chumoli uyasidek g‘ujg‘on o‘ynagan mitti sayyorani elak-elak qila boshladi. Birdaniga omadning kulib boqishiga umid qilish kulgili edi: bu ishda kamida bir necha kunlik serzahmat tadqiqot yuritish kerak bo‘ladi. U buni yaxshi tushunardi, biroq baribir tavakkal qilishga to‘g‘ri keladi. Kotib miyig‘ida kulganicha uning harakatlarini diqqat bilan kuzatib turdi (miyig‘ida kulgisi zaharxanda emas, beg‘araz kulgi edi, aks holda uning nimasi avliyo bo‘ldi!)
– Omadni qara, topganga o‘xshayman! – Oneto oromkursidan sapchib turib birdaniga qichqirib yubordi.
– Qani, qaerda?
– Ana, maydonda! – shunday deya adirlikdagi oddiy bir shaharchani barmog‘i bilan nuqib ko‘rsatdi. – Ana, odamlar cherkovdan chiqib kelyapti-ku… ana, qizaloqni ko‘ryapsanmi?
– Oyoqchalari qiyshiq qizaloqmi?
– Ha-ha… Faqat diqqat bilan qara, nazardan qochirma.
Rostdan ham og‘ir hastalikdan keyin to‘rt yashar Norettining oyoqchalari andak qiyshiq, ingichka, nimjon bo‘lib qolgan edi. Uni onasi qo‘lidan yetaklab ketayotgan edi. Ko‘rinishlaridan kambag‘algina oila ekani aniq-ravshan sezilib turar edi. To‘g‘ri, qizaloqning egnida gul qadalgan oppoqqina yakshanbalik ko‘ylak edi, lekin bu ham onaga, aftidan, anchagina qimmatga tushgani ayon edi.
Cherkov eshigi oldi gul sotuvchilar bilan gavjum edi. Ayrimlari avliyolar tasvirlangan ikonalar va medallarni sotmoqda, aftidan, shaharning avliyo homiysiga bag‘ishlangan bayram nishonlanmoqda edi. Boshqa birlari havo shari bilan savdo qilayotgandi. Uning bosh ustida turli rangdagi havo sharchalarining ajib guldastasi muallaq parvoz qilib turar va salgina epkinda go‘zal tebranar edi.
Mana, qizaloq havo sharchalari sotuvchisining oldida qotib qoldi-da, onasiga butkul mulzam qiluvchi bir tabassum bilan unsiz iltijoga limo-lim ko‘zlarini qadadi. Bu qarashda shunaqangi qizg‘in xohish-istak, shunaqangi qalb iztirobi va ishtiyoqi zuhurlanib turar ediki, qarshisida do‘zax hukmdori ham chidayolmay qolgan bo‘lardi. Ehtimol, bunday favqulodda kuchga faqatgina bola nigohi ega bo‘ladi (balki kaltak yegan itning nigohi ham!), chunki ular kichkintoy, zaif-ojiz va ma’sum-beg‘ubordirlar.
Shuning uchun ham ruhshunoslik ilmini yaxshigina biladigan avliyo Oneto qizaloqqa e’tibor qaratdi. U shunday mulohaza yuritdi: sharchaga ega bo‘lish istagi shu qadar kuchliki, agar Xudo berib onasi bu istakni qondirsa, qizaloq, shak-shubhasiz, baxtli bo‘ladi – ehtimol bu baxt uzoq davom etmas, ko‘pi bilan bir-ikki soatga cho‘zilar, lekin baribir u chinakamiga baxtli bo‘ladi. Ana o‘shanda u garovda yengib chiqadi.
Avliyo Oneto pastda, shaharcha maydonidagi manzarani aniq kuzata olardi, biroq qizaloq onasiga nima degani-yu, onasi unga nima deb javob qilganini eshitolmasdi. Bu hech kim hech qachon tushuntirib berolmaydigan g‘alati ziddiyat edi: jannatdagi avliyolar baayni qudratli teleskopdan qarayotgandek yer yuzida nimalar bo‘layotganini aniq-tiniq ko‘rib turardilar. Biroq yerdagi shovqin-suron, baqir-chaqir, umuman, tovush va ovozlar tepaga yetib kelmasdi (har qalay, keyinroq amin bo‘lamizki, favqulodda kamdan-kam uchraydigan holatlar bundan mustasno). Bu avliyolarning asab tizimini ko‘cha harakatlarining yovvoyi shovqin-suronlaridan asrab-avaylash maqsadida ko‘rilgan chora bo‘lsa kerak-da.
Ona Norettining qo‘lchasini siltadi, shunda Oneto daf’atan qattiq qo‘rqib ketdi. Chunki odamlar orasida anchagina keng tarqalgan qabihlik qonuniyatiga muvofiq ravishda hammasi kutilganiga batamom zid yakun topmog‘i mumkin edi.
Zotan, Norettining ma’sum nigohlarida ayon ko‘rinib turgan sidqidil o‘tinch oldida jahonning eng mustahkam zirh bilan qoplangan lashkarlari ham ojiz qolishlari muqarrar edi, ammo-lekin muhtojlik bundan istisno. Muhtojlik unga bemalol bardosh berishi mumkin: huvillagan bo‘m-bo‘sh cho‘ntakda yurak ham, mehr-shafqat ham yo‘q! Qandaydir bir kichkintoy qizaloqning dardi-dunyosi, xohish-istagi bilan hisoblashib o‘tiradimi u!
Yaxshiyamki, Norettini o‘rnidan qo‘zg‘otishga onaning kuchi yetmadi. Qizaloq o‘sha-o‘sha onasidan ko‘z uzmay tikilib turaverdi va bu qarashning kuchi, agar bunaqasi mumkin bo‘lsa, yanada qat’iyatliroq, yanada qaysarroq mohiyat kasb etdi. Avliyo ko‘rdiki, ona sotuvchiga nimadir deb, qo‘lida bir necha chaqalarni sanadi-da, uzatdi. Qizaloq esa, jajji barmoqchasi bilan och-sariq sharchaga ishora qildi. Sotuvchi bog‘lamdagi eng tarang, eng chiroyli bir sharni chiqarib uzatdi.
Endi Noretti onasi bilan yonma-yon odimlar ekan, o‘ziga ishonmay ko‘zlarini katta-katta ochib, qadamlariga mos ravishda ipcha ustida quvnab sakrayotgan sharchaga termulardi. Ana shunda avliyo Oneto quv tabassum qilib avliyo Kotibni tirsagi bilan turtib imladi. Kotib ham tabassum qildi: avliyolar garovda hamisha yutqazishga tayyor, agarda bu insoniy g‘am-kulfatni zig‘ircha kamaytira olsa!
Sen kimsan, ey Noretti, yakshanba kuni subhidamda qadrdon shaharcha maydonini qo‘lidagi sharcha bilan kesib o‘tayotgan qizaloq? Sen – cherkovdan chiqib kelib, baxtiyorlikdan porlab turgan kelinchaksan, sen – erishilgan g‘alabani nishonlayotgan malikasan, sen – hayratdan o‘zligini yo‘qotgan olomon yelkasiga ko‘targan g‘oyatda go‘zal va xushovoz xonandasan, sen – olamdagi eng boy va go‘zal ayolsan, sen – ulkan va baxtiyor muhabbat, gul, musiqa, oy, o‘rmon va quyoshsan, sen – shularnng barchasisan… Chunki oddiygina bir shishirilgan sharcha seni shunday baxtiyor qila oldi. Va sening bemajol betob oyog‘ing endi kasal emas, endi u Olimpiadada lavr gulchambariga burkangan yoshgina sport ustasining chayir va chopqir oyog‘i!
Avliyolar oromkursining tirsaklagichi osha ona bilan qizaloqni kuzatishda davom etdilar: ular butun shahar bo‘ylab o‘tib, chekkadagi g‘ariblar mahallasiga kirdilar. Ona uyga kirib ketdi – uning ishlari ko‘p edi – Noretti esa, sharcha ipini qo‘lida mahkam tutgan ko‘yi tosh ustiga o‘tirdi-da, nigohlarini shardan yo‘lovchilarga ko‘chirdi, aftidan, barcha bebaho xazinasiga havas bilan qarayotgandek tuyuldi. Garchi quyosh nurlari xo‘mrayishgan baland binolar orasida qolgan bu jinko‘chaga tushmasa-da, qizaloqning tabiatan unchalik chiroyli bo‘lmagan, lekin oydin ruhsori atrofni yorishtirib-nurafshon qilib turar edi.
Qizning yonidan uch nafar bolakay o‘tayotganida, garchi o‘taketgan bezori bo‘lsalar-da, hattoki ularni ham qandaydir bir kuch qizaloqqa o‘girilib qarashga majbur qildi. Qizaloq ham ularga qarab kuldi. Shunda uchovlondan biri nihoyatda tabiiy bir harakat bilan labida tutab turgan tamakini oldi-da, uni havo sharchasiga bosdi. Sharcha paq etib yorilib, haligina osmoni-falakka mag‘rur bo‘y cho‘zgan ip uchidagi bujmayib shaklini yo‘qotgan bir hovuch yelimcha bilan birga qizaloqning tizzasiga kelib tushdi.
Noretti nima bo‘lganini daf’atan tushunmadi va ovozlari boricha xoholab kulgan ko‘yi qochib ketayotgan uch takasaltangning ortidan hang-mang bo‘lib qarab qoldi. Nihoyat, sharchasining endi yo‘qligini, hayotidagi yagona quvonchidan mahrum etishganini anglab yetdi. Yuzchasi g‘alati tarzda tirishib, uni yengillatish imkonsiz bo‘lgan og‘ir dard-alam qamrab oldi.
U shunday ho‘ngrab yig‘ladiki, xuddi mutlaqo tuzalmas dahshatli fojea ro‘y bergan-da, endi uni hech nima bilan ovutib bo‘lmaydi. Osoyishta jannat ma’volariga, haligina aytganimizdek, yerdagi shovqin-suronlar yetib bormas edi: na motor tovushlari, na o‘q ovozi, na odamlarning oh-faryodlari, na atom bombasining portlashi… Biroq qizaloqning jon-jahdi bilan yuragi o‘rtanib yig‘lashi jannatning barcha burchaklarida eshitildi va uni butun tag-tugi bilan larzaga keltirdi. Garchi jannat abadiy osoyishtalik va shodlik maskani deya to‘g‘ri aytilsa-da, har qalay, hamma narsaning cheki-chegarasi bor! Adolat posbonlari inson iztiroblariga loqayd qarashlari mumkinmi, axir!
Sharchaga bog‘liq lavha oromijon huzur-halovat og‘ushiga cho‘mgan avliyolar uchun kutilmagan zarba bo‘ldi. Mangu yorug‘lik saltanati ustida soya paydo bo‘lib, yuraklarni beixtiyor ezib yubordi. Qizaloq qayg‘usini qanday qilib aritish mumkin?
Avliyo Kotib o‘z do‘sti Onetoga jimgina tikildi.
– Naqadar qabihlik! – xitob qildi avliyo Oneto va endigina tutatgan tamakisini uloqtirib yubordi.
Erga tushar ekan, u o‘zidan uzun, mo‘jizaviy jilvalangan yorug‘ iz qoldirdi. Va pastda – yerda ko‘pchilik yana uchar likopchalar haqida gapira boshladilar.
Rus tilidan OTAULI tarjimasi