Jovanni telefon qo‘ng‘irog‘i tovushidan uyg‘onib ketdi. Go‘shakni ko‘tarsa, bosh muharrir ekan.
– Darhol Ortika vodiysiga jo‘na! U yerda ko‘chki ro‘y bergan. Goro hududi yaqinida. Butun bir qishloq ko‘chki tagida qolgan emish, qurbonlar bo‘lishi ham mumkin. Qolganini borganda bilib olasan. Vaqtni bekorga ketkazma. Shoshmasang bo‘lmaydi.
Bu unga yuklangan birinchi jiddiy topshiriq bo‘lib, Jovanni mas’uliyatdan biroz cho‘chirdi. Ammo o‘zini qo‘lga olib, safar vaqtini chamalab ko‘rdi. Bu yoqdan ikki yuz kilometrlik yo‘l, taxminan uch soatda yetib oladi. Peshinda u yerda taftish olib boradi va maqola tayyorlash uchun ma’lumot yig‘adi. Bu ish unga hali katta shuhrat keltiradi.
Jovanni fevralning sovuq tongida mashinada yo‘lga chiqdi. Ko‘chada hech zog‘ yo‘qligidan foydalanib qo‘rqmay gazni bosdi. Yo‘lning yon tomonidan uni tepaliklar qarshi oldi, so‘ng yengil tuman orasidan qor bilan qoplangan cho‘qqilar ko‘rindi.
Jovannining xayoli tog‘ ko‘chkisi xabarida edi. Balki bu falokat yuzlab odamlarning yostig‘ini quritgandir? Agar shunday bo‘lsa, har kuni ikki ustundan xabar yozsa bo‘ladi. Jovanni aslida bag‘ritosh emas, lekin shuncha odamning boshiga tushgan ko‘rgilikdan qalbi sira o‘rtanmadi. Boshqa gazeta muxbirlarining raqobatlashishi mumkinligi haqida o‘ylaganida esa xayoliga yoqimsiz fikrlar keldi. Uning ayyor va ishbilarmon raqiblari allaqachon falokat sodir bo‘lgan yerga borib, qimmatbaho ma’lumotlarni yig‘ib ulgurishgandir. Jovanni oldinda ketayotgan mashinalarni ko‘zdan kechirdi. Hoynahoy, ular Goroga, halokat sodir bo‘lgan yerga ketishayotgandir. Yo‘ldagi barcha mashinalar unga shubhali ko‘rinar, ularga yetib olish va ichidagi odamni ko‘rish uchun gazni bosardi. Hozir qandaydir muxbirni ko‘raman, deb turganida, ular qishloq aholisi, ijarachi, dallol yoki ruhoniy ham bo‘lib chiqardi. Ularning yuzi g‘amgin va mudroq, xuddi bu dahshatli ofat ular uchun zarracha ahamiyatga ega emasdek.
Jovanni mashinani ravon yo‘ldan chap tomonga, tor va chang bosgan Ortika vodiysining yo‘liga burdi. Allaqachon tong otganiga qaramay, atrofda kulfat alomati ko‘rinmaydi: u tasavvur qilgan askarlar ham, tez yordam mashinalari ham, yordamga yetib kelgan yuk mashinalari ham ko‘rinmacdi. Hamma qishki uyquda, faqat qishloqdagi ba’zi uylarning mo‘risidan tutun chiqib turardi.
Yo‘l chetidagi ustunlarga “Gorogacha yigirma kilometr, o‘n to‘qqiz kilometr, o‘n sakkiz kilometr qoldi” deb yozilgan, ammo hech qanday fojia alomati ko‘rinmasdi. Jovanni ko‘chki boshlangan yerni topish uchun tog‘ning tik yonbag‘irlarini ko‘zdan kechirdi, ammo hech nimani ilg‘amadi.
U Goroga peshinga yaqin yetib keldi. Bu g‘alati qishloq taraqqiyotdan yuzlab yillar orqada qolib ketganday. Qarovsiz va abgor bu maskan tog‘lar changalida qolgan, dov-daraxt ko‘rinmaydi, faqat yakkam-dukkam uylargina ko‘zga tashlanardi, xolos.
Markaziy maydon bo‘m-bo‘sh. Qiziq, deb o‘yladi Jovanni taajjublanib, odamlar hoynahoy halokatdan vahimaga tushib, tumtaraqay qochib qolishgan yoki uylariga berkinib olishgan. Yoki ko‘chki chetroqda bo‘lgani uchun hamma o‘sha yoqqa ketdimikan? Quyoshning xira nuri mehmonxonaning tashqi devorini yoritib turardi. Jovanni mashinadan tushdi, mehmonxonaga borib oynali eshikni ochdi, ichkaridan baland ovozlar qulog‘iga chalindi, xuddi quvnoq odamlar stol atrofida chaqchaqlashib o‘tirgandek.
Mehmonxona egasi haqiqatan katta oila davrasida nonushta qilayotgan edi. Bunday mavsumda mijozlar aftidan kelishmasa ham kerak. Jovanni ichkariga kirishga izn so‘radi va o‘zini jurnalist deb tanishtirdi va ko‘chki haqida surishtirishni boshladi.
– Ko‘chki? – dedi chorpahildan kelgan, baquvvat mehmonxona egasi xushmuomalalik bilan. – Bu yerda hech qanday ko‘chki bo‘lgan emas. Balki bir piyola choy icharsiz? Marhamat, keling, uyalmang! Biz bilan birga o‘tiring, aziz mehmon! Zal biroz sovuqroq.
U Jovannini davraga qo‘shilishga undadi stoldagi ikki o‘smir bola, oila a’zolarining gapidan kulib, davrani qizdirib o‘tirardi. Xo‘jayin Jovanniga o‘tirishni astoydil so‘radi, bu mavsumda vodiyda issiq ovqat va uy topish qiyin ekanligini uqtirdi. Jovanni esa bezovta edi, albatta, ovqatlanishni istaydi, ammo uning maqsadi ko‘chkining qayerda bo‘lganini bilish. Nega goroliklar ko‘chki haqida hech nima bilishmaydi? Boshlig‘i unga aniq ko‘rsatma berdi-ku?
Stol atrofidagi ikkala bola otasi bilan tortishib, Jovannining savoliga javob bermoqchi bo‘lishdi.
– Ko‘chki? – dedi o‘n ikki yoshli bolakay gap nima haqda ketayotganini anglaganday. – Ha-da, ko‘chki, bilishimcha, u yuqoriroqda, Sant-Elmoda sodir bo‘lgan, – bolakay otasidan ko‘ra jo‘yali gap aytginidan quvonib ketdi. – Sant-Elmoda, bu xabarni kecha Naynov aytdi.
– Naynov nimaniyam bilardi, – e’tiroz bildirdi otasi. – Jimgina o‘tirsang-chi. Oxirgi ko‘chki bolaligimda, Gorodan ancha pastda sodir bo‘lgandi. Balki janob o‘sha ko‘chkini ko‘rgandir, bu yerdan o‘n kilometr narida, yo‘l yaqinida.
– Dada, axir aytdim-ku, ko‘chki Sant-Elmoda bo‘lgan deb!
Agar Jovanni gapni bo‘lmaganda, ular tortishishda davom etishardi.
– Mayli, men Sant-Elmoga uni ko‘rgani ketyapman, – dedi Jovanni.
Mehmonxona xo‘jayini va bolalar yangi rusumdagi mashinasini tomosha qilish uchun uni maydongacha kuzatib qo‘yishdi.
Goroni Sant-Elmodan bor-yo‘g‘i to‘rt kilometrlik masofa ajratib turibdi, ammo shu masofa ham Jovanniga juda uzoqdek tuyuldi. Ilonizi yo‘l tik va shunchalik tor ediki, mashinani tez-tez orqaga haydab, burilishga to‘g‘ri keldi. Vodiy borgan sari qorong‘i va vahimali ko‘rina boshladi. Faqatgina olisdan jaranglagan qo‘ng‘iroqdan u yengil tortdi.
Sant-Elmo Gorodan ham kichkina ekan, tashlandiq va ayanchli bir qishloq. Soat o‘n beshtakam bir, ammo atrofga qarasa, qorong‘i tushayotgandek tuyulardi; balki osmono‘par tog‘larning soyasi vodiyga tushayotgandir. Bu yerlar ko‘chkilar tufayli tashlandiq bo‘lib qolganmikan?
Jovanni yana bezovtalana boshladi. Ko‘chki qayerda bo‘lgan, axir? Balki boshlig‘i shoshib qolib, xabarning to‘g‘riligini bilolmagandir yoki manzilning nomini aytishda adashgandir? Vaqt ayovsiz o‘tmoqda, u esa gazetadagi ishidan quruq qolishi mumkin.
Jovanni mashinani to‘xtatdi va bir boladan ko‘chki haqida so‘radi, bola uni darrov tushundi.
– Ko‘chki? Anavi yerda! – dedi bolakay va qo‘li bilan yuqorini ko‘rsatdi. – U yoqqa yigirma daqiqada yetib olsa bo‘ladi.
Bola Jovannidan mashinadan tushishini so‘radi va ogohlantirdi:
– U yerga mashinada borolmaysiz, piyoda yurish kerak, u yoqqa faqat bir so‘qmoq olib boradi.
Bola uni boshlab borishga rozi bo‘ldi. Ular qishloqdan o‘ng tomondagi tog‘ so‘qmog‘i bo‘ylab tepaga ko‘tarilishdi. Jovanni bolaga ergashib, halloslab qoldi va undan biroz nafas rostlab olishni so‘radi. Ozgina yursa, ko‘chkini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi va bu haqida birinchi bo‘lib gazetasida xabar chiqaradi. Hamkasblaridan hech kim hali ko‘chki bo‘lgan yerga kelmagan. Faqat odamlarning u yoqqa shoshilmayotgani g‘alati. Demak, jabrdiydalar yo‘q, hech kim yordam so‘ramagan ekan-da? Kimsasiz, huvillagan imoratlargina buzilgan shekilli.
– Mana shu yer, – dedi bola nihoyat va tog‘ tizmasida turib, barmog‘i bilan ko‘chki bo‘lgan yerni ko‘rsatdi. Yon tomondagi qizg‘ish yer ko‘chki bo‘lganidan dalolat berardi. Cho‘qqidan yer bo‘lagi ajralib, vodiy ichkarisigacha tushgan, pastda yirik xarsangtoshlar yig‘ilib yotibdi, ular taxminan uch yuz metrdan o‘pirilgan. Ammo pastda qishloq yoki uy borligiga ishonish qiyin edi. Faqat tik qoyada ildiz otgan o‘simliklar bor.
– Janob, ko‘prikni ko‘ryapsizmi? – so‘radi bola, xarsanglar orasida, vodiyning ichkarisida yotgan ko‘prik xarobalarini ko‘rsatib.
– Bu yerda hech kim yo‘qmi? – hayratlandi Jovanni atrofga qarab. Hech kim ko‘rinmaydi. Faqat bo‘rtib chiqqan qoyalar, jilg‘adan namlangan qiyaliklar, allaqanday devorlar qoldig‘i va toshlar uyumi bor, hammayoq qo‘ng‘ir rangda, osmonni esa asta-sekin bulutlar qoplamoqda.
Bola unga angrayib qaradi.
– Bu ko‘chki qachon sodir bo‘lgan? – uni savolga tutdi Jovanni.
– Kim biladi! – dedi bola. – Ba’zilar uch yuz yil, ba’zilar to‘rt yuz yil ilgari sodir bo‘lgan deydi. Ammo hozir ham yer o‘pirilib-o‘pirilib turadi.
– Jin ursin! – baqirib berdi Jovanni g‘azabdan. – Buni nega boshida aytmading?
Uch yuz yillik ko‘chki, qara-ya, bularni qancha odamlar ko‘rgan, hatto Sant-Elmoning diqqatga sazovor geologik yerlardan biri sifatida sayohat kitobchalarida ham ko‘rsatilgandir! Tor vodiydagi devorlar qoldig‘i ehtimol rimliklar davridagi ko‘prik xarobalaridir. Qanday bema’nilik, hademay kech tushadi. Ko‘chkidan esa haliyam darak yo‘q.
Jovanni so‘qmoqdan shoshib pastga tushdi, bolakay yig‘lamsirab, choychaqadan quruq qolganidan cho‘chib unga ergashdi: bechora bola Jovannining nimadan jahli chiqayotganini tushunmasdi va ko‘ngli yumshashiga umid qilib, yalingannamo yugurardi.
– Janob ko‘chkini qidiryapti! – derdi o‘tgan-ketganga Jovannini ko‘rsatib. – Men janob anavi eski ko‘prikni qidiryapti deb o‘ylagandim. Bizda yana qayerda ko‘chki bo‘lgan?
– To‘xtang, to‘xtang! – dedi nihoyat uyining eshigi yonida narsa sotib o‘tirgan, bir kampir uning gapini eshitib. – Hozir erimni chaqirman!
Bir zum o‘tib, yog‘och boshmoqlarning to‘qillashidan so‘ng eshik bo‘sag‘asida ellik yoshlardagi, xunuk va g‘amgin kishi paydo bo‘ldi.
– Voh, ko‘chkini ko‘rgani kelishibdi-da! – dedi u baland ovozda. – Sayohatga kelishgani yetmagandek, yana tekin tomoshani ko‘rishga ham keladigan bo‘lishibdi-da! Marhamat, kelsinlar, ko‘rsinlar!
Bu kinoyali gaplar Jovanniga qarata aytilgan bo‘lsa-da, boshqalarga va hatto so‘zlovchining o‘ziga ham daxldor.
U Jovannining qo‘lidan ushladi va tor yo‘lakdan sudrab ketdi. Bu yo‘l ham boyagisiga o‘xshaydi, faqat qizg‘ish toshlar bilan to‘silgan. Jovanni paltoga yaxshiroq o‘ranish uchun chap qo‘lini ko‘tardi-yu (sovuq tobora kuchayib borardi), soatiga ko‘zi tushdi: soat beshu qirq besh, kech tushayapti, ko‘chki haqida esa zarracha ham ma’lumotga ega emas, qayerda bo‘lganini ham bilmaydi. Ishqilib, manavi yoqimsiz kimsa uni kerakli joyga olib borsin-da.
– Endi ko‘nglingiz joyiga tushdimi? Mana qarang! O‘sha la’nati ko‘chkingizni to‘yib tomosha qiling! – dedi dehqon to‘xtab, tashlandiq yerga nafrat bilan qarab. Jovanni bir necha yuz metr kvadratli maydonchaning chetida turardi. Bu tik tog‘ etagida mashaqqatli mehnat evaziga qarichma-qarich tekislanib, yovvoyi tabiatdan tortib olingan zaminning kichik bir bo‘lagi edi, xolos. Mana shu ochiq yerning taxminan chorak qismini tuprog‘u-tosh uyumi bosib qolgandi. Balki yomg‘ir, nam mavsum yoki boshqa sabab tufayli tog‘ning bir bo‘lagi pastga, maydonga sirg‘alib tushgandir.
– Ko‘rdingizmi, endi ko‘nglingiz joyiga tushdimi? – deb koyindi dehqon. Shuncha mehnat qilib tekislagan yerini ko‘chki bosib qolganidan uning fig‘oni falakda edi.
Jovanni bu arzimas ko‘chkiga tikilib qoldi. Holbuki vaqt o‘tar va qosh qorayayotgandi, u esa jurnalga qo‘ng‘iroq qilishi kerak.
Jovanni dehqonga qaramay, undan uzoqlashdi va mashinani qoldirgan joyga yugura ketdi, u yerda mashinasining g‘ildiragini paypaslayotgan uch cho‘ponni ko‘rib, “ko‘chki qayerda o‘zi?” deb alamidan baqirdi, bunga xuddi ular aybdorday. G‘ira-shirada tog‘lar ko‘rinmay qoldi.
Binoyidek kiyingan bir novcha erkak nariroqdagi cherkov zinasida tamaki chekib o‘tirardi, o‘rnidan turib, Jovannining yoniga keldi:
– Sizga buni kim aytdi? Bunday xabarni kim yetkazdi? – o‘sha kimsa Jovanni bilan salomlashib o‘tirmay, uni so‘roqqa tutdi. – Ko‘chki haqida gapirib yurgan kim ekan?
Xuddi ko‘chki haqidagi xabar jahlini chiqargandek u dag‘dag‘a bilan savol berardi. Ha, deb o‘yladi Jovanni. Bu tushunarsiz voqeada qandaydir sir borga o‘xshaydi. Ma’muriyat ham ogohlantirilmagan, qutqaruvchilardan ham darak yo‘q. Agar oddiygina ofat tafsilotini bilish o‘rniga, dunyodan chetdagi ovloq yerlarda, qandaydir g‘aroyib va hayratli fitnani fosh qilsa-chi?
– Ko‘chkimish! – Jovannining javobini kutib ham o‘tirmay boyagi daroz ijirg‘anib o‘zi yana gap qotdi. – Qanday safsata! Birov aytgan cho‘pchakka laqqa tushibsiz-da!
Gapini gapirib, u ortiga burildi-da, nari ketdi.
Uning vajohatidan cho‘chib, Jovanni biror nima so‘rashga jazm etolmadi.
– Anavi kishi nimalar deyapti o‘zi? – Jovanni cho‘ponlardan biriga yuzlandi.
– E-e… – dedi-da, cho‘pon yigit kulib yubordi, – bunga ancha bo‘lgan. Yaxshisi, gapirmay qo‘yaqolay. Boshimga g‘alva orttirib olaman.
– Undan qo‘rqasanmi? – deb e’tiroz bildirdi sherigi. – U yolg‘onchi-ku, sen buni yashirmoqchimisan? Ko‘chkini ko‘chki deb atash kerak-da!
Jovanni voqeani bilishga oshiqdi, cho‘pon tushuntira boshladi. Anavi kimsaning Sant-Elmodan sal narida sotish uchun ikki uyi bor ekan, ammo u yerlarda tuproq yumshoq, ertami-kechmi devorlar o‘pirilib tusharkan, allaqachon yoriqlar paydo bo‘libdi, ularni ta’mirlash uchun ancha mehnat, xarajat kerak emish, buning ustiga istalgan vaqtda ko‘chki bosib qolishi mumkin ekan. Bu haqda avvallari ko‘pchilik bilmas ekan, ammo mish-mish tez tarqalibdi, shu sabab endi o‘sha uylarni hech kim sotib olishni xohlamay qolibdi. Shuning uchun o‘sha daroz kishi ko‘chki haqida kim gapirsa ensasi qotarmish.
Shuncha sir-sinoat nima uchun kerak? Ahmoq va sirli odamlar orasidagi g‘amgin oqshom. Salqin shamol esyapti. Odamlar tarqala boshladi, g‘arib uylarning eshiklari g‘ichirlab yopiladi, uch cho‘pon mashinani tomosha qilishdan charchab, yo‘lariga ravona bo‘lishdi.
Ko‘chki haqida endi so‘rab-surishtirish befoyda, deb o‘yladi Jovanni. Hammanning javobi shundog‘am ma’lum, kimdir uni yana arzimas joyga olib boradi, yo‘q, bular gazeta uchun yangilik emas. Har kim ko‘chkini o‘z qarichi bilan o‘lchaydi, kimningdir yeriga tog‘dan harsangtosh o‘pirilib tushgan, kimningdir o‘rasiga tuproq to‘lib qolgan, xullas, har kimning o‘z “ko‘chki”si bor, ammo bular Jovannini zarracha qiziqtirmaydi, unga gazetaning uch ustunini to‘ldiradigan shov-shuvli va obro‘ keltiradigan xabar kerak.
Cheksiz sukunatni olisdan eshitilgan ko‘ng‘iroq jarangi buzdi. Yetar, bas. Jovanni mashinaga minib, motorni o‘t oldirdi-da, chiroqlarni yoqib, tushkun kayfiyatda yo‘lga tushdi.
Tuturiqsiz mashmasha, deb o‘yladi u. Kimningdir kaftdek ekin maydonigami, uyiganmi rahna solgan arzimagan ko‘chki haqidagi mish-mish tog‘dan shahargacha yoyilib, ulkan fojea tusini olibdi-ya. Hayotda shunaqasiyam bo‘larkan-da. Ishda esa hamma aybni Jovanniga yuklashadi. Uning zarracha aybi yo‘q, ishiga quruq qo‘l bilan qaytyapti.
Mashina Sant-Elmodagi kulbalaru, egri-bugri yo‘llarni ortda qoldirib, nishabdan pastlay boshladi. Atrofda hech zog‘ yo‘q. Ulovning ostida shag‘al g‘ichirlaydi, uning ikki chirog‘i zulmat qo‘ynidagi tor vodiyni yoritib borayotir, g‘amgin qoyalar, jonsiz daraxtlarning qorasi ko‘rinyapti. Jovanni xuddi nimanidir kutayotgandek hech qayoqqa shoshmay bir ma’romda olg‘a ketib borardi.
To‘satdan mashinaning motori to‘xtab qolganday bo‘ldi, Jovanni ortidan nimadir gurillab kelayotganini eshitdi, balki bu sarobdir, qandaydir shovqindan yer silkindi. Birdan Jovannining yuragini cheksiz hayajon egalladi, bu g‘alati tuyg‘u shodlikni eslatardi.
Italyan tilidan Abror Umarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 8-son