Har yili erta bahorda, olchalar gulini to‘kib, barg yozayotgan paytda shu voqea yodimga tushadi… — deb gap boshlardi kampir.
Bunga o‘ttiz besh yil bo‘ldi. Unda otam hali tirik edi. Biz uch kishi — otam, men va singlim birga yashardik. Onam esa bundan yetti yil avval olamdan o‘tgan, men o‘shanda endigina o‘n uch yoshga to‘lgan edim. Men o‘n sakkizga, singlim o‘n oltiga to‘lganda otam Yapon dengizining sohilida joylashgan Sirosita shahridagi o‘rta maktablardan biriga direktor qilib tayinlandi, biz o‘sha yoqqa ko‘chib ketdik. Shaharda bizbop uy hadeganda topilavermadi, noiloj, shahar chetida, shundoq tog‘ yonbag‘rida yolg‘iz qaqqayib turgan butxonaning ichkarisidan ikkita xonani ajratib, o‘sha yerda tura boshladik. Biz u yerda otamni Matsuega ishga o‘tkazgunlariga qadar olti yil yashadik. O‘sha yili kuzda, yigirma to‘rt yoshga to‘lganimda Matsueda turmushga chiqdim. U paytlarda bu kech turmushga chiqish sanalardi. Men onamdan juda yosh ayrilgan edim. Otamning yumushi boshidan oshib yotgani sababli oila tashvishlari bilan uncha ishi yo‘q edi. Mensiz ro‘zg‘orimiz parokanda bo‘lib ketishi turgan gap edi. Shu vajdan ham men ularni yolg‘iz tashlab ketolmasdim, shuning uchun barcha kelgan sovchilarga rad javobini berishga majbur edim. Loaqal singlimning sog‘lig‘i yaxshi bo‘lganida ham mayli edi. Afsuski, singlim tamomila mening aksim edi: u juda chiroyli, sochlari uzun bo‘lsa ham salomatligining mazasi yo‘q edi. Biz Sirositaga ko‘chib kelganimizdan so‘ng oradan bir yil o‘tgach, singlim dunyodan ko‘z yumdi. Men o‘shanda yigirma yoshda, u esa o‘n sakkizda edi. Men sizga xuddi o‘sha paytlar haqida so‘ylab bermoqchiman.
Singlim ko‘pdan beri kasal edi. U buyrak sili bilan og‘rigan ekan, kasalini aniqlashganda, vaqt o‘tgan edi, ikkala buyrak ham tamoman zararlanib, ishdan chiqibdi. Vrach otamga singlimning kasali og‘irligini, yuz kun ham umr ko‘rmasligini aytibdi. Oradan bir oy o‘tdi, ikki oy o‘tdi, belgilangan vaqt ham yaqinlasha boshladi, bizning esa jimgina kutishdan boshqa ilojimiz yo‘q edi. Singlim bu darddan tamomila bexabar, o‘zida yo‘q xursand, hatto oxirgi paytlarda to‘shakdan turmagan bo‘lsa ham, qandaydir qo‘shiqlarni xirgoyi qilar, hazillashar va menga erkalanardi. Lekin mening es-hushim faqat bir narsada: qirq kunlardan so‘ng bularning hammasi barbod bo‘ladi… Ana shuni eslaganimda, tomog‘imga bir narsa tiqilib, etim junjikib ketardi. Nazarimda, bunday og‘ir musibatga chidolmay jinni bo‘lib qoladigandek edim. Mart ketidan aprel va nihoyat, may ham yetib keldi, ammo hammasi avvalgidek davom etardi. Ammo o‘sha kunni — mayning o‘rtalaridagi qaysidir bir kun edi — aslo esimdan chiqarmayman.
Dalayu tog‘lar yashil maysalarga burkandi, kunlar isib, odamlar yengil kiyimlarga o‘ta boshladi. Ko‘m-ko‘k maysalar kishi bahridilini ochardi, qayoqqa qarama, tabiat uyg‘onib, o‘z sepini yoyishga taraddud ko‘rmoqda. Qo‘limni orqamga qilib, xiyol egilgancha, boshimda turli o‘y-xayollar bilan dalalarni kezib yurardim. Bo‘lmag‘ur xayollar miyamni chulg‘ab olgan, bu noxush fikrlar nafasimni ichiga tushirib, yuragimni siqar edi. Shu payt ko‘pchigan tuproq qa’ridan, qayoqdandir, bamisoli do‘zaxning ichidan gum-gum degan suronli sado eshitildi, go‘yo chohi jahannamda bahaybat nog‘ora chalinmoqdayu bu sado o‘sha yoqdan kelayotganday edi. Nima gap bo‘layotganiga tushunolmay, o‘z-o‘zimga: «Nahotki aqldan ozayotgan bo‘lsam?», dedim-da, azbaroyi qo‘rqqanimdan turgan joyimda qotib qoldim, so‘ng bor ovozim bilan qichqirgancha maysalarga yuztuban yiqilib, ho‘ngrab yubordim. Meni qattiq qo‘rqitgan bu g‘alati tovushning nimaligini keyin bildim: u yapon flotiga qarashli harbiy kemalardan otilgan snaryadlarning ovozi ekan.
Zambaraklarning gulduragan dahshatli ovozi qirg‘oq bo‘yiga joylashgan Sirosita shahri ahlini ko‘pdan bezovta qilar va ularni dahshatga solardi. Es-hushim singlimda bo‘lgani uchun nima bo‘layotganiga tushunib yetolmasdim, tamomila gangib qolgan edim. Nazarimda bu o‘q ovozlari va portlashlar qandaydir baxtsizlikning darakchisiday edi, go‘yo o‘sha jahannamdagi nog‘ora tovushiga o‘xshardi. Men yuztuban yotgancha uzoq yig‘ladim. Kun botgandan keyin o‘rnimdan turdim-da, behol butxonaga ketdim…
— Opajon! — deb chaqirib qoldi singlim. U juda ozib, quvvatsizlanib qolgan, aftidan, kuni bitib borayotganini o‘zi ham sezar edi. Har qalay, u avvalgiday men bilan hazillashmas, o‘ziga ortiqcha diqqat-e’tibor talab qilmasdi. Bularning hammasi meni yanada qattiqroq ezardi.
— Bu xat qachon keldi?
Ko‘ksimga bir narsa urilgandek bo‘lib, rangim dokadek oqarib ketganini sezdim.
— Qachon keldi? — deya qayta so‘radi u, chamasi, mening birdaniga oqarib ketganimga e’tibor bermagandek.
Bir amallab o‘zimni o‘ngladim-da:
— Yaqinda, sen uxlab yotganingda. Sen tushingda kulayotgan eding, men xatni asta yostig‘ing yoniga qo‘ydim. Nahotki sen hech narsani sezmagan bo‘lsang? — dedim.
— Yo‘q! — deya singlim kulib yubordi, kulgidan uning durdek oppoq tishlari yaraqlab, oqshom g‘ira-shirasi tusha boshlagan xonani yoritib yuborgandek bo‘ldi.
— Men buni o‘qib chiqdim. Qiziq! Tamomila menga notanish bir kishi yozibdi.
Bu qanaqasi, nahotki u xat yozgan odamni tanimasa?
Bu xat egasini men juda yaxshi tanirdim. Uning ismi M. T. Ya. edi. Yo‘q, men uni hech qachon ko‘rgan emasman. Voqea bunday bo‘lgan edi: bundan bir necha kun burun singlimning javonini ochib, pastki tortmasidan yashil lenta bilan mahkam bog‘langan bir dasta xat topib oldim. Birovlarning xatini o‘qish odobdan emas, albatta, lekin men o‘zimni to‘xtatib turolmadim, lentani ochib, xatlarni o‘qishga tutindim.
Xatlar o‘ttiztacha bo‘lib, hammasiga bir xilda M. T. Ya. deb imzo chekilgan edi. Jo‘natuvchining ismi ko‘rsatiladigan yerga esa qizlarning ismi yozilgan edi. Bularning hammasi singlimning eng yaqin dugonalari bo‘lib, shuning uchun biz — na otam, na men shu vaqtgacha singlimning yigit kishi bilan xat yozishib yurganini sezmagan edik.
M. T. juda tadbirli va ehtiyotkor ekan. U singlimning barcha dugonalari ism-familiyasini yaxshi bilar, har xatida navbat bilan ularning ismini qo‘yib xat jo‘natar edi. Ikki yoshning bunchalar jur’ati va botirligi meni hayratga solardi: agar qattiqqo‘l otam sezib qolsa nima bo‘ladi? Miyamga kelgan bu fikrdan qo‘rqib ketdim. So‘ngra xatlarni yaxshilab taxladim-da, bir boshdan o‘qiy boshladim. Qandaydir shirin, orziqtiruvchi bir tuyg‘u vujudimni qamrab oldi. Men bu ikki yoshning bolalarcha sodda sevgisidan kulardim, nazarimda ro‘paramda yangi bir dunyo ochilgandek edi.
Ha, mening o‘sha paytda endigina yigirma yoshga to‘lganimni ham unutmang, mening ham o‘sha yoshdagi barcha qizlarda bo‘ladigandek, o‘zimga yarasha hech kimga ishonmaydigan yurak sirlarim bor edi. Men bir xatning ketidan ikkinchisini o‘qishda davom etdim, ular nazarimda go‘yo beg‘ubor, tiniq, tezoqar suvga o‘xshardi. Mana, nihoyat, oxirgi xatni qo‘limga oldim, maktub bultur kech kuzda yozilgan edi. Birdaniga bo‘g‘zimga bir narsa tiqilgandek bo‘ldiyu oyoqlarim bo‘shashib ketdi, shu darajada hayajonda edim.
Buni qarang, ikki yoshning sevgisi men o‘ylagandek shunchaki bir havas emas, balki ancha jiddiy tus olgan ekan. Xatlarni yoqib yubordim. Bu sirositalik bechora shoir M. T. bo‘lib, singlimning kasalligini bilgandan so‘ng u bilan aloqani uzishga qaror qilgan edi. Bunchalar berahm bo‘lmasa odamlar! «Bir-birimizni unutaylik», deb yozibdi yigit beparvo va loqayd. Haqiqatan ham, u singlimni unutib yuborgani rostga o‘xshaydi, chunki ortiq xat yozmagan edi. Agar men shunday ketaversam, bechora go‘zal singlim yuragida bir dunyo dard-hasrat bilan olamdan ko‘z yumishi turgan gap edi. Hech kimga bildirmay bir ish qilmoqchi bo‘ldim. So‘ng bu sirni ko‘nglimda saqlashga qaror qildim. Keyin esa singlimga yana ham qattiqroq rahmim keldi, har xil o‘ylar ichida qoldim; meni og‘ir, mudhish xayollar gangitib qo‘ygan edi; hayotim go‘yo do‘zaxning o‘zginasi edi, o‘sha paytda qanchalar azob chekkanimni faqat ayol zotigina his qilishi mumkin. Xuddi men o‘zim aldanib qolganday aziyat chekardim. Gapning sirasini aytganda, o‘zim ham sal g‘alatiroq edim o‘sha paytlarda.
— O‘qib bering-chi hech narsaga tushunmayapman. Nima gap o‘zi?
Hamma narsani bilib turib bilmaganga olishimdan noqulay ahvolga tushib qoldim.
— O‘qib beraymi? — dedim sekingina xatni olaturib.
Barmoqlarimning titrashi meni yanada xijolatga solardi. Axir xat mazmunini o‘qimay turib ham juda yaxshi bilardim, lekin nachora, endigina ko‘rib turgandek o‘qib berishdan boshqa ilojim yo‘q edi.
Ovozimni chiqarib o‘qiy boshladim:
— «Men sendan kechirim so‘rashim kerak. Shu kungacha zinhor yozmayman, deb keldim, chunki o‘z-o‘zimga ishonmas edim. Men bir bechora kambag‘alman, buni o‘zing ham yaxshi bilasan, buning ustiga, favqulodda bir salohiyatga ham ega emasman. Shuning uchun men o‘z taqdirimni sening taqdiring bilan bog‘lay olmayman. Bu gaplarning hammasini shunchaki chiroyli balandparvoz so‘zlar deb o‘ylama, ishonaver menga. Ojiz va bechoraligim o‘zimning ham jonimga tegdi, axir, muhabbatim yo‘lida quruq so‘zdan boshqa nima ham qila olardim? Shu o‘tgan kunlar, hatto kechalari ham tushimda, doimo xayolimda sen bo‘lding. Biroq men o‘z hayotimni sening hayoting bilan bog‘lashim kerakmas. Ayni mana shu chidab bo‘lmaydigan o‘y ajralishimizga majbur qildi. Sen qanchalar baxtsiz bo‘lsang, mening ham senga bo‘lgan muhabbatim shunchalar kuchayib boradi, o‘rtamizdagi masofa shuncha qo‘l yetmas bo‘lib uzoqlashadi. Tushunyapsanmi? Men seni aldayotganim yo‘q, rost. Qalbimdagi burch va mas’uliyat hissi meni shunday qilishga majbur etmoqda. Mana endi bularning hammasi xato ekanini ko‘rib turibman. Xato ekan. Meni kechir! Senga xudbinlarning xudbini sifatida qarabman, sendan yuz o‘girmoqchi bo‘libman. Bilasanmi, men nimani o‘ylar edim? Axir o‘zimiz bu dunyoda ojiz va yolg‘iz bo‘lsak, shundan boshqa ilojimiz ham yo‘q, xususan, men uchun munosib yashashning yo‘li — senga umrbod vafo qilmoqdir. Men buni chin ko‘ngildan aytyapman, ishonsang bo‘ladi. Insonning nimaga qurbi yetsa, iloji boricha shuni qilishga urinishi kerak ekan, buni men endi anglab yetdim. Mayli, qilgan ishing arzimas bo‘lsin. Masalan, momaqaymoqdan guldasta yasab yorga taqdim etish — bu chinakam jasoratdir, haqiqiy er yigitning ishidir. Men endi seni tashlab qo‘ymayman. Har kuni she’rlar to‘qib, senga yuborib turaman. Har kuni uyingning yonida nay chalaman. Faqat sen uchun. Ertaga kechqurun soat oltida mening nayimdan sen uchun harbiy marsh yangraydi. Har holda nayni yaxshi chalaman-ku. Hozircha birdan-bir qo‘limdan keladigani shu. Ustimdan kulma. Kulsang ham mayliga. Tezroq tuzalsang bo‘lgani. Xudo ham bizning muhabbatimizni kuzatib turgandir. Men bunga ishonaman. Biz uning suygan bandasimiz — sen va men. Ajoyib er-xotin bo‘lamiz.
Men-chi, intiq edim,
Derazam ortida mana nihoyat
Shaftoli gulladi,
Gulladi bog‘da.
Odamlar gullarni oq rangda, deydi.
Nechun gullar qizil mening bog‘imda?
Men ijod qilyapman, ishlarim yomon emas. Ertagacha xayr. M. T.«
— Rahmat! — dedi singlim asta. — Xatni siz yozganingizni men yaxshi bilaman-ku, axir.
Uyalganimdan o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim. Sochlarimni bitta-bitta yulib, xatni mayda-mayda qilib tashlagim kelardi. Ehtimol shunday ahvolga tushgan odamni yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadi, desalar kerak-da. Rost, bu xatni men yozgan edim. Men singlimning iztiroblariga loqayd qarab turolmasdim. Shuning uchun M. T.ning yozuviga taqlid qilib qo‘limdan kelganicha she’r to‘qib, xat jo‘natib turmoqchi va har kuni kechqurun soat oltida yashirincha boqqa chiqib nay chalmoqchi bo‘lgan edim.
Sharmandalikdan lavlagim chiqib ketdi. Axir men o‘z xatimda bir balo qilib she’r ham to‘qigan edim-da.
— Xijolat bo‘lmang… — dedi singlim negadir jilmayib, hatto bir oz ko‘tarinki ruhda… — Yanglishmasam, ko‘k lenta bilan bog‘lab qo‘yilgan xatlarni o‘qiganga o‘xshaysiz, shundaymi? U yerda yozilgan gaplarning hammasi yolg‘on. Men butunlay yolg‘iz edim, shuning uchun o‘zimni ovutish maqsadida burnog‘i yil kuzdan boshlab o‘zimga-o‘zim xat bitib pochta qutisidan jo‘natib turdim. Shuning uchun ham meni ovutishning hojati yo‘q. Yoshlik — shunday ajoyib va go‘zalki, men buni betob bo‘lganimdan keyin yana ham chuqurroq his qila boshladim. O‘z-o‘ziga xat yozish — bu pastkashlik, albatta. Uyat! Umuman, tentaklikning o‘zginasi. Agarda men birorta yigit bilan uchrashib turishga jur’at qilganimda edi! Sevgan yigitingning kuchli qo‘llari seni quchganda juda yoqimli bo‘lsa kerag-a? Men birorta yigitni sevish u yoqda tursin, shu paytgacha biron-bir yigit bilan so‘zlashganim ham yo‘q. Menimcha, siz ham shunaqasiz. Biz o‘ta dono ekanmiz, hamma xatomiz ham ana shunda. O‘lim — eh, qanchalar jirkanch narsa! Eh, esiz mening qo‘llarim, barmoqlarim, sochlarim! Naqadar jirkanch!..
G‘am, qo‘rqinch, quvonch tuyg‘ulari — bari qo‘shilib qalbimni chulg‘ab oldi. Nimalar bo‘layotganiga aqlim bovar qilmasdi, yuzimni singlimning so‘lg‘in yuziga bosgancha ho‘ngrab yig‘lar edim. Shu payt, ha, ayni shu paytda qayerdandir mayin kuy eshitildi. Uning qanday kuy ekanligini anglab bo‘lmasdi, juda sekin eshitilardi, lekin bu nay ovozi ekaniga shubham yo‘q edi. Biz jimgina kuyga quloq soldik. Soatga qarasam, olti bo‘libdi. Bir-birimizni mahkam quchgancha qandaydir qo‘rquv ichra qimir etmay bu g‘alati ovozga quloq soldik, ovoz bog‘ ichidan — olchalar orasidan kelmoqda edi!
Xudo bor ekan! U barini ko‘rib turibdi! Men o‘sha daqiqada bunga yana bor ishondim.
Oradan ikki kun o‘tgach, singlim vafot etdi. Vrach singlimning yonida boshini quyi eggan ko‘yi uning nafas olishiga quloq tutardi. Chunki singlim sal avval goh sekin nafas olib turgan edida. Biroq men ajablanmadim. Nay ovozini aniq eshitganimga imonim komil edi. Balki men behuda ishongandirman, o‘sha kuyni bog‘da otam chaldimikan, degan o‘y ham xayolimga keldi. Axir hamma narsa bo‘lishi mumkin-ku! U ishdan qaytib kelgach, qo‘shni xonada bizning suhbatimizni eshitib, men bilan singlimga rahmi kelib, nay chalgan bo‘lsa-chi?
Ehtimol… Otam hayotligida o‘n besh yil davomida bu gapni so‘rashga yuzim chidamadi, so‘ng esa bu voqea taqdir taqozosi bilan ro‘y berganiga ishonch hosil qildim.
Ruschadan Shafoat Inog‘omova tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1983 yil, 10-son.