Bu juda qadimda o‘tgan. Zamonlarning zamonida, yer yuzida maysalardan ko‘ra dov-daraxtlar ko‘p bo‘lgan, qurg‘oq yerlardan ko‘ra o‘lkamizda obi hayot mo‘l bo‘lgan davrlarda bir qirg‘iz qabilasi ulkan va muzday daryo bo‘yida yashardi. Bu daryoni Enasoy deb atashardi. U bu yerlardan uzoqda, Sibirdan boshlanadi. U yerlarga otda uch yilu uch oyda yetib borish mumkin. Bu daryoni hozir Yenisey deyishadi, ilgarilari Enasoy deb yuritishgan. U haqda shunday qo‘shiq ham to‘qilgan:
Sendan ulkan daryo bormi, Enasoy,
Sendan aziz tuproq bormi, Enasoy.
Sendan chuqur dard ham bormi, Enasoy,
Sendan ozod quchoq bormi, Enasoy.
Sendan ulkan daryo yo‘qdir, Enasoy,
Sendan aziz tuproq yo‘qdir, Enasoy.
Sendan chuqur dard ham yo‘qdir, Enasoy,
Sendan ozod quchoq yo‘qdir, Enasoy.
Mana shunaqa edi, bu Enasoy daryosi.
Enasoy bo‘yida turli xil elat yashardi. Ular g‘oyat og‘ir hayot kechirardi, chunki ular bir-birlariga doimo adovat ko‘zi bilan qarar edilar. Qirg‘iz qabilasini dushmanlar turli tomondan qurshab olgandi. Goh ular, goh bular hujum qilishar, goho qirg‘izlarning o‘zi ham boshqalarga chovut solib, mollarni haydab ketishar, uylariga o‘t qo‘yishar, odamlarni o‘ldirishardi. Qulay kelib qolganda bir tomon ikkinchi tomon odamlarini o‘ldirib yuborar edi. Zamon shunaqa edi. Odamning odamga ichi achimasdi. Odam odamni g‘ajirdi. Shu darajaga borildiki, hech kimning dehqonchilik qilgisi, mol boqqisi, ov qilgisi kelmay qoldi.
Qaroqchilik bilan kun kechirish oson tuyulardi; qo‘qqisdan bosasan, o‘ldirasan, olasan-ketasan. Bir qotillikka qasdma-qasd o‘n qotillik bilan javob berishga harakat qilishardi. Shu zaylda kun o‘tgan sayin ko‘proq qon to‘kilardi. Odamlarda aql o‘tmaslashib borardi. Dushmanlarni yarashtiradigan, insofga keltiradigan odam yo‘q edi. Dushmanga qiron keltirib, o‘zga qabilaning so‘nggi odamigacha qonini oqizgan, molu mulkini qo‘lga kiritgan odam eng aqlli va uddaburon sanalardi.
O‘rmonda bir g‘aroyib qush paydo bo‘lib qoldi. Inson ovoziga o‘xshash ayanchli ovoz bilan tundan tonggacha sayrar va yig‘lar, shoxdan-shoxga sakrab so‘ylardi; «Katta baxtsizlik bo‘ladi! Katta baxtsizlik bo‘ladi». Shunday bo‘ldi ham, o‘sha qora kun keldi.
O‘sha kuni qirg‘iz qabilasi Enasoy bo‘yida o‘zining buyuk oqsoqolidan judo bo‘ldi. Botir Qulchi ko‘p yillar yo‘lboshchilik qildi, ko‘pgina yurishlarda, jang-jadallarda qatnashdi. Janglarda omon qoldi, lekin ajali yetdi. Qabiladoshlar ikki kun katta g‘am-alamda o‘rtandilar, uchinchi kuni esa botirning jasadini yerga topshirgani yig‘ildilar. Eski odatga ko‘ra, buyuk oqsoqolni Enasoyning o‘nqir-cho‘nqirli qirg‘og‘i bo‘ylab so‘nggi yo‘lga kuzatish lozim edi, toki marhumning ruhi Enasoy daryosi bilan yuksaklikda judolashsin, axir «Ena» – bu ona demak, «soy» esa – bu daryoning o‘zani-ku. Uning qalbi Enasoy haqidagi qo‘shiqni so‘nggi bor kuylasin.
Sendan ulkan daryo bormi, Enasoy,
Sendan aziz tuproq bormi, Enasoy.
Sendan chuqur dard ham bormi, Enasoy,
Sendan ozod quchoq bormi, Enasoy.
Sendan ulkan daryo yo‘qdir, Enasoy,
Sendan aziz tuproq yo‘qdir, Enasoy.
Sendan chuqur dard ham yo‘qdir, Enasoy,
Sendan ozod quchoq yo‘qdir, Enasoy.
Dafn etish lozim bo‘lgan tepalikda yorug‘ jahonning to‘rt tomonini ko‘rsatmoq uchun botirning qabri bosh uzra ko‘tarildi: «Mana sening daryong. Mana sening osmoning. Mana sening yering. Sen biz bilan, hammamiz bir urug‘ odamlarimiz. Osuda uxla. Biz hammamiz seni kuzatgani keldik». Kelajak avlod xotirasi uchun botirning qabri ustiga marmar tosh qo‘yildi.
Botirning jasadini dafn etishga olib o‘tishganda har bir oila o‘z ostonasi oldida u bilan vidolashishadi, oq motam yalovini egib, uv tortib yig‘lashadi, keyin boshqalar bilan birga qo‘shilib yana oq motam yalovlarini egiltirgan holda, aytib yig‘lashayotgan kelgusi o‘tov tomon ilgarilab borishadi va shu zaylda so‘nggi manzilga, to qabristongacha yetib borish uchun motam kunlarida barcha qabiladoshlar o‘tovlarini daryo yoqasiga qator tikishdi.
O‘sha kuni hamma tayyorgarlik ko‘rib bo‘linganda quyosh uyqudan bosh ko‘targandi, uchiga otning dumi bog‘langan tug‘ va botirning urush aslahalari – nayza va qalqoni olib chiqildi. Uning oti dafn etish yopiqlari bilan burkalgan edi. Karnaychilar jangovar kuy chalishga, barabanchilar barabanga tayoqni jon-jahdlari bilan urishga shay edilarki, toki o‘rmon larzaga kelsin, qushlar bulut yanglig‘ osmonga ko‘tarilib, shovqin-suron va nola solsinlar. Yirtqich hayvonlar bo‘kirib-hayqirib chakalakzorlarga chopib qolsin, maysalar yerga qapishib ketsin, sadolar jaranglab, tog‘larni larzaga keltirsin. Motamsaro ayollar sochlarini yoyib, botir Qulchiga aza ochishga shay turishardi. Yigitlar zabardast yelkalarida botirning katta, og‘ir jasadini bezovta qilmay ko‘tarish uchun tiz cho‘kkan edilar. Hamma narsa botirni oxirgi yo‘lga kuzatib qo‘yishga tayyor edi. O‘rmon etagida esa to‘qqizta biya, to‘qqizta ho‘kiz, to‘qqizta to‘qqizlik qo‘y qurbonlik uchun hozirlab qo‘yilgandi. Shunda kutilmagan hodisa ro‘y berdi. Enasoyliklar bir-biriga har qancha dushman bo‘lmasin, oqsoqollarning dafn marosimi kunlarida bir-biri bilan urush qilishni rasm qilmagandi. Mana hozir esa bir to‘da dushman g‘am-anduhga botgan qirg‘oqdagilarni tong chog‘i to‘rt tomondan sezdirmay o‘rab kelib, pistirmalardan barobariga otilib chiqib, hamlaga o‘tdilarki, oqibatda hech kim otga ham minolmadi, qo‘liga qurol ham ola olmadi. Shu tariqa ko‘z ko‘rmagan qirg‘in urush boshlandi. Hammani bir chekkadan o‘ldira boshlashdi. Yengilmas qirg‘iz qabilasini bir hamla bilan qirib tashlash – dushman rejasi ana shunday edi. Hammani bir boshdan qilich damidan o‘tkazishdi, toki bu yovuzlikni eslab hech kim yodga olmasin, qasoskor qolmasin, vaqt esa o‘tmish izlarini qumlar bilan ko‘mib yuborsin. Tuya ko‘rdingmi – yo‘q.
Insonni tug‘ish va o‘stirish qanchalar qiyin, o‘ldirish esa – hammasidan oson. Ba’zi birovlar o‘z qoniga botib qiymalanib yotishar, birovlar esa qilich va nayzadan qutulib qolmoq uchun o‘zini daryoga otar, Enasoy to‘lqinlari orasida cho‘kib ketardi. Daryo yoqalab jarliklaru tikka kesib tushgan qirg‘oqlar bo‘ylab butun bir chaqirim yo‘lda olovga qoplangan o‘tovlar lovullab yonardi. Hech kim qochib qutula olmadi, hech kim omon qolmadi. Hammasi o‘ldirildi va kuydirildi. O‘lib yotganlarning jasadini qirg‘oqdan Enasoyga uloqtirdilar. Dushmanlar: «Endi bu yerlar bizniki! Endi bu o‘rmonlar bizniki! Endi bu mollar bizniki!» – deb quvonishardi.
Ular boy o‘lja bilan qaytishar ekan, o‘rmondan ikki bola – bir o‘g‘il va bir qizning qanday chiqib kelganini payqashmadi. Bu o‘zboshimcha va sho‘x bolalar ota-onalaridan yashirincha ertalaboq yaqin o‘rmonga qo‘lsavat uchun po‘stloq shilgani ketishgandi. Ular o‘ynab yurishib, o‘rmonning ancha ichkarisiga kirib ketishganini sezmay qolishdi. Jang suronini eshitib orqaga qaytgan go‘daklar na otasini, na onasini, na akasini, na opasini tirik topa oldilar. Go‘daklar ota-onasidan va elatidan judo bo‘lib qoldi. Ular bo‘zlab kultepadan kultepaga chopishar, lekin bironta tirik jonni topib bo‘lmasdi. Bir zum ichida yetim bo‘lib qolishdi. Yorug‘ jahonda yakkayu yolg‘iz qoldilar. Uzoqlarda esa jang to‘zoni ko‘kka urilardi, dushmanlar qonli kurash natijasida qo‘lga kiritgan mol va qo‘ylarini haydab ketishardi.
Bolalar tuyoqlar ostidan ko‘tarilgan changni ko‘rib, o‘sha tomonga yugurishdi. Ular qonxo‘r dushman izidan yig‘lab, qichqirib chopishardi. Faqat bolaning qalbigina shunday soddadil bo‘ladi. Jallodlardan yashirinish o‘rniga ularga yetib olishga shoshilishardi. Har nima bo‘lsa ham yolg‘iz qolishmasa, bu vayronadan, la’nati joydan nari ketishsa bas. Bir-birining qo‘lidan ushlab olishgan bola va qizcha ketayotganlar orqasidan quvib jindakkina kutishni, o‘zlari bilan birga olib ketishlarini yolvorib so‘rashardi. Biroq qiy-chuv va tuyoqlarning dupur-dupuri-yu, haydovchilarning hayqirig‘ida bu ojiz ovozlarni kim eshitardi.
Bolalar jon-jahdi bilan uzoq chopishdi. Lekin baribir, yetib olisholmadi. Keyin esa yiqilib qolishdi. Atrofga boqishga, qimirlashga qo‘rqishardi. Hamma yoq vahimali edi. Shu zaylda bir-birining pinjiga kirib ko‘zlari yumilganini bilmay qolishdi.
Etimcha yetti ko‘cha, deb bekorga aytmaganlar. Tun bexatar o‘tdi. Hayvon ularga tegmadi, o‘rmon maxluqlari ko‘tarib ketmadi. Ular uyg‘onishganda tong otgandi. Quyosh nur sochib, qushlar sayrardi. Bolalar o‘rinlaridan turib yana mol haydovchilarning izidan yo‘lga tushishdi.
Yo‘lma-yo‘l meva va ildiz yeb jon saqlashdi. Yo‘l yura-yura uchinchi kuni bir tog‘ tepasida to‘xtashdi. Pastga qarashsa – keng, yam-yashil maysazorda katta tantana bo‘layotibdi. Bu yerda tikilgan o‘tovlarning, gurillab yonayotgan gulxanlarning, gulxan atrofida o‘tirgan odamlarning son-sanog‘i yo‘q. Qizlar halinchak uchib xirgoyi qilishmoqda. Davra tortgan odamlar o‘rtasida polvonlar xuddi burgutday gir aylanib, bir-birini itqitib otishyapti. Dushmanlar o‘zlarining g‘alabasini nishonlashardi.
Bola bilan qiz yaqin borishni ham, bormaslikni ham bilmay tog‘ tepasida turishardi. Lekin go‘sht qovurdoq, non, sarimsoqning yoqimli hidi ufurib turgan gulxan atrofida paydo bo‘lib qolishni istashardi.
Bolalar chidab turisholmadi, tog‘dan tusha boshlashdi. Tantana egalari hayron bo‘lishdi, ularni to‘da bo‘lib o‘rab olishdi.
– Kimsanlar? Qayoqdan keldilaring?
– Biz ochmiz, – javob berdi bola bilan qizcha, – bizga yeydigan bir nima bersangiz.
Ular bolalarning tilidan kim ekanligini darrov payqab qolishdi. Baqirib-chaqirib, shovqin solishdi. Tugatilmagan dushman oilasining omon qolgan a’zolarini hozir o‘ldirish kerakmi yoki xonning oldiga olib borish kerakmi? – deb bahsga tushib ketishdi. Ular bahslashib turganda rahmdilgina bir ayol bolalarga jindek pishgan ot go‘shti uzatdi. Bolalarni xon huzuriga sudrab borishar ekan, ular qo‘llaridagi ovqatni yutoqib yeyaverishdi. Ularni ostonada oybolta ushlab turgan yasovullar xonning baland qizil o‘toviga olib kelishdi. Butun qarorgoh bo‘ylab esa allaqayoqdan paydo bo‘lib qolgan qirg‘iz zotlari haqidagi tashvishli xabar tarqaldi. Bu nimadan darak berishi mumkin? Hamma o‘z o‘yini va tantanani tark etib, ur-to‘polon bilan xonning o‘tovi tomon chopib ketdi. Bu payt xon mashhur lashkarlari bilan qorday oppoq namat to‘rida savlat to‘kib o‘tirardi. U asal qo‘shilgan qimizni simirib, maqtov qo‘shiqlarini sel bo‘lib tinglab o‘tirardi. Xon odamlar nima uchun to‘planishganini bilgach, g‘azabdan quturib ketdi:
– Meni bezovta qilishga qanday jur’at etdilaring? Biz axir qirg‘iz zotini butunlay qirib tashlamagan edikmi? Men senlarni Enasoyning abadiy hukmroni qilib qo‘ymadimmi? Namuncha o‘pkalaringni qo‘ltiqlab yugurib kelmasalaring, qo‘rqoqlar? Qaranglar, oldilaringda kim turibdi! Ey, cho‘tir yuzli Baymoq kampir, – qichqirdi xon. Kampir olomon orasidan ajralib chiqqanda esa unga dedi: – Mana bularni o‘rmonga oborib shunday qilginki, shu bilan qirg‘iz zoti tugasin, xayolda ham qolmasin, nomi abadiy o‘chsin. Boshla, Cho‘tir Baymoq kampir, aytganimni darhol bajo keltir…
Cho‘tir Baymoq kampir jimgina itoat qilib, bola bilan qizni qo‘lidan ushladi-da, olib ketdi. Ular o‘rmon oralab uzoq yurgach, Enasoy qirg‘og‘idagi baland jarlikka yetib kelishdi. Cho‘tir Baymoq kampir bolalarni shu yerda to‘xtatib, ularni jar yoqasiga olib keldi. So‘ng, ularni jarlikka itarib yuborish oldidan shunday dedi:
– O, muazzam Enasoy daryosi! Sening qa’ringga tog‘ni qulatsa, u bir xarsangday jo bo‘ladi. Agar yuz yillik qarag‘ayni tashlasa, uni cho‘pday oqizib ketasan. Kel endi, ikki qum zarrasini – ikki inson bolasini o‘z bag‘ringga olgin. Ularga yer yuzida joy yo‘q. Senga men aytib o‘tirishim kerakmi, Enasoy? Agar yulduzlar odamga aylanib qolsa bormi, osmon ularga torlik qilib qoladi. Agar baliqlar odamga aylanib qolsa bormi, ularga daryo va dengizlar torlik qilib qoladi. Senga men aytib o‘tirishim kerakmi, Enasoy? Ol, bu bolalarni, uloqtirib ket. Qo‘y, ular bu manfur dunyomizni go‘daklikda, toza qalb bilan, bolalik hayosi bilan, yovuz niyat va yovuz ishlar bilan o‘z nomiga isnod keltirishga ulgurmasdanoq tark etishsin, toki, inson azob-uqubatini ko‘rish va boshqalarning ham g‘am-alamiga sababchi bo‘lish ularga nasib qilmasin. Ol bularni, ola qol bularni, qudratli Enasoy…
Bolalar zor qaqshab, ho‘ngrab yig‘lardi. Tik qirg‘oqdan pastga qarash qanchalik dahshatli ekanini ko‘rib turgan bolalarning qulog‘iga kampirning so‘zi kirmasdi. Pastda esa quturgan to‘lqinlar sapchiydi.
– Quchoqlashinglar, bolalar, oxirgi marta xayrlashib olinglar, – dedi Cho‘tir Baymoq kampir. O‘zi esa ularni jarga irg‘itish qulay bo‘lsin uchun yenglarini shimardi. Keyin shunday dedi: — Endi meni kechiringlar, bolalar. Peshonangizga yozgani shu ekan. Bu ishimni hozir o‘z ixtiyorim bilan qilmayotgan bo‘lsam ham, lekin sizlarning baxtingizga…
U gapini tugatmagan ham ediki, yonginasidan bir ovoz keldi:
– To‘xta, dono, oqila kampir, gunohsiz bolalarni juvonmarg qilma.
Cho‘tir Baymoq kampir qayrilib qaradi-yu, hayratda qoldi: qarshisida g‘aroyib ona bug‘u turardi. Uning yirik-yirik ko‘zlari ta’nali va g‘amgin boqardi. U sutdek oq, qorni bo‘taloqning yungidek qo‘ng‘ir yung bilan qoplangan. Shoxlari bo‘lsa go‘zallik timsoli: serbutoq, go‘yo kuzgi daraxtning bir bo‘lak shoxi. Yelini emizikli ayolning ko‘kragidek top-toza va silliq.
– Kimsan? Nega odamga o‘xshab gapiryapsan? – so‘radi Cho‘tir Baymoq kampir.
– Men ona bug‘uman, – javob berdi u. – Shuning uchun odamga o‘xshab gapirdimki, bo‘lmasa sen tushunmaysan, quloq ham solmaysan.
– Nima istaysan, ona bug‘u!
– Qo‘yib yubor bolalarni, donolarning donosi. Sendan iltimos qilaman, ularni menga ber.
– Nima qilasan ularni?
– Odamlar mening ikki egizimni, ikki bug‘u bolasini o‘ldirishdi. Men o‘zimga bola izlab yuribman.
– Sen bularni boqmoqchimisan?
– Ha, donolarning dono ayoli.
– Sen yaxshilab o‘ylab ko‘rdingmi, ona bug‘u? – masxaraomuz kuldi Cho‘tir Baymoq kampir. – Bular axir odam bolasi-ku. Bular katta bo‘lishadi, keyin sening bolalaringni o‘ldirishadi.
– Ular katta bo‘lishsa, mening bolalarimni o‘ldirishmaydi, – javob qildi unga bug‘ular onasi. – Men ularga ona bo‘laman, ular esa mening bolalarim. Axir ular o‘z aka-ukalarini o‘ldirishadimi?
– Eh, nimasini aytasan, ona bug‘u, sen odamlarni bilmaysan, – bosh tebratdi Cho‘tir Baymoq kampir, – ular o‘rmon hayvonlarigagina emas, hatto o‘z-o‘zlariga ham rahm-shafqat qilishmaydi. Bu yetimchalarni senga berardim, shunda mening so‘zlarim qanchalik rostligiga o‘zing guvoh bo‘larding, lekin odamlar baribir qo‘lingdan tortib olib bu bolalarni o‘ldirishadi. Buncha g‘amning senga nima keragi bor?
– Men bolalarni uzoq o‘lkalarga olib ketaman, u yerdan bolalarni hech kim qidirib topolmaydi. Bolalarga rahm qil, donolarning donosi, ozod qil ularni. Men ularga sadoqatli ona bo‘layin. Yelinlarim to‘lib turibdi. Sutim bolalarni orziqib kutyapti. U bolalarga intizor.
– Ha, mayli, shunday bo‘ladigan bo‘lsa, – dedi oxiri Cho‘tir Baymoq kampir o‘ylab turib, – bularni tezroq olib jo‘na. Yetimlarni o‘zingning uzoq yurtingga olib ket. Agar ular uzoq yo‘l yurib toliqib halok bo‘lsa yoki duch kelgan qaroqchilar o‘ldirib ketsa, yoki bo‘lmasa bu odam bolalari sening yaxshiligingga yomonlik bilan javob qaytarishsa, o‘zingdan ko‘r.
Ona bug‘u Cho‘tir Baymoq kampirga minnatdorchilik bildirdi. Bola bilan qizga esa:
– Endi men sizlarning onalaringman, sizlar esa mening bolalarimsizlar, – dedi. – Senlarni uzoq yurtga, qorli tog‘ va daraxtzorlar qo‘ynida joylashgan iliq dengiz – Issiqko‘lga olib ketaman.
Bola va qizcha shodlanib, Shoxdor ona bug‘u ortidan chopqillab ketishdi. Lekin asta-sekin charchab, holdan toyishdi, yo‘l esa olis – dunyoning bu chetidan u chetiga cho‘zilgan. Ona bug‘u bolalarni o‘z suti bilan boqib, kechalari bag‘riga bosib isitmaganda ular hech qayerga ham yetisholmas edi. Ular uzoq yurishdi. Ona yurt bo‘lmish Enasoy tobora ortga chekinib borar, lekin yangi vatan bo‘lmish Issiqko‘lga hali juda uzoq edi. Yo‘l yurishdi, yo‘l yurishsa ham mo‘l yurishdi. Yozu qish, ko‘klamu yoz va kuz, yana yozu qish, yana bahoru, yana yoz va quz qalin o‘rmonlardan, jazirama cho‘llardan, ko‘chma qum sahrolardan, baland tog‘lardan va hayqirib oqqan daryolardan ne mashaqqat bilan o‘tishdi. Ularning izidan bo‘rilar galasi quvdi, Shoxdor ona bug‘u esa bolalarni ustiga mindirib yovuz yirtqichlardan qutqarib ketdi. Ularning izidan tushgan otliq ovchilar o‘q uzib, qichqirishardi: «Bug‘u odam bolasini o‘g‘irlab ketyapti! Ushla! Tut!» va ketma-ket o‘q uzishardi. Shoxdor ona bug‘u bolalarni opichib, g‘izillab uchayotgan o‘qlarga, chaqirilmagan qutqaruvchilarga yetkazmay borardi. U o‘qdan ko‘ra tezroq chopar va shivirlardi:
– Mahkamroq ushlanglar, bolalarim, bosqinchilar!
Oxiri Shoxdor ona bug‘u o‘z bolalarini Issiqko‘lga yetkazib keldi. Ular tog‘ tepasida turib, hayratlanishardi. Chor atrof qorli tog‘lar bilan qoplangan, tog‘lar o‘rtasida ko‘m-ko‘k o‘rmon, ko‘z ilg‘agan hamma joyda dengiz chayqalib shovullab turardi. Ko‘m-ko‘k suv yuzida oppoq to‘lqinlar yugurar, shamol ularni uzoqlardan haydab kelib, yana yiroqlarga haydab ketardi. Issiqko‘l qaydan boshlanib, qayda tugaydi – bilib bo‘lmasdi. Bir chekkasida quyosh bosh ko‘tarsa, ikkinchisida hali tun pardasini yig‘ishtirolmasdi. Issiqko‘lning chor atrofini qancha tog‘ qurshab olgan sanab bo‘lmasdi, u tog‘lar ortida yana shunga o‘xshash qanchadan-qancha qorli tog‘lar bo‘y cho‘zib turibdi.
– Mana shu yangi vataningiz bo‘ladi, – dedi Shoxdor ona bug‘u. – Mana shu yerda yashaysizlar, yer haydaysizlar, baliq tutasizlar, molu hol qilasizlar. Ming yillar tinch-totuv yashanglar. Ha, sizlarning avlodingiz yashaydi, ko‘payadi. Sizlar keltirgan tilni avlodlar unutishmaydi. Ularga o‘z ona tillarida so‘zlash va kuylash yoqimli bo‘ladi. Insonlarga qanday yashash lozim bo‘lsa shunday yashanglar. Men esa sizlar va sizlarning bolalaringizning bolalari bilan hamisha birga bo‘lay…
Mana shunday qilib, bola va qizcha qirg‘iz avlodining ajdodlari sifatida mangu jannatmakon Issiqko‘lda o‘zlariga yangi makon topdilar.
Vaqt tez o‘tib boraverdi. Bola baquvvat yigit bo‘ldi, qiz bo‘yga yetdi. Shunda ular qovushib, er-xotin bo‘ldilar. Shoxdor ona bug‘u esa Issiqko‘lni tark etmasdan, yaqin o‘rtadagi o‘rmonda yashay boshladi.
Bir kun tong mahali Issiqko‘l qo‘qqisdan notinchlanib, shovullay boshladi. Qizni to‘lg‘oq tutib, azoblanmoqda edi. Er esa cho‘chib ketdi. Qoya ustiga chopib chiqdi-da, ovozining boricha chaqira boshladi:
– Qayerdasan, Shoxdor ona bug‘u? Issiqko‘l qanday shovqin solyapti, eshityapsanmi? Qizing tug‘yapti. Tezroq kel, Shoxdor ona bug‘u, bizga yordam qil…
Shunda uzoqdan xuddi karvonlarning qo‘ng‘irog‘iday jarangdor tovush eshitildi. Bu tovush tobora yaqinlashib kelaverdi. Shoxdor ona bug‘u yetib keldi!
U shoxlarida beshik keltirdi. Beshik oppoq qayindan yasalgan bo‘lib, bandida kumush qo‘ng‘iroqcha jaranglab turardi. Bu qo‘ng‘iroq Issiqko‘l beshiklarida hozirgacha ham yangrab turibdi. Onalar beshiklarni tebratar, kumush qo‘ng‘iroq jaranglar, go‘yo Shoxdor ona bug‘u uzoqlardan chopib, shoshib, shoxlarida qayin beshik ko‘tarib kelayotganday tuyuladi…
Shoxdor ona bug‘u yetib keldi-yu, shu payt qizning ham ko‘zi yoridi.
– Bu beshik sizlarning to‘ng‘ichlaringiz uchun, – dedi Shoxdor ona bug‘u. – Hali ko‘p farzand ko‘rasizlar. Yetti o‘g‘il, yetti qiz!
Ota-ona xursand bo‘lishdi. To‘ng‘ich farzandlarini Shoxdor ona bug‘u sharafiga Bug‘uboy deb atashdi. Bug‘uboy o‘sib-ulg‘aydi, qipchoqlar avlodidan bo‘lgan go‘zal qizga uylandi, shu bilan Bug‘uboy avlodi – Shoxdor ona bug‘u avlodi ko‘paya boshladi. Bug‘uboy avlodlari Issiqko‘lda ko‘p va qudratli bo‘lib qoldi. Bu avlod Shoxdor ona bug‘uni muqaddas deb bilishardi. Bug‘uboy avlodlarining o‘tovida eshik tepasiga bug‘u shoxi osib qo‘yilar, bu esa uzoq-uzoqlardan ham o‘tovning Bug‘uboylar avlodiga mansub ekanligidan darak berib turardi. Bosqinchi dushmanlarni daf etganda yoki poyga musobaqalarida Bug‘uboy avlodlarini «Bug‘u» degan bitta laqabning o‘zidanoq anglab olishar, ular esa har doim g‘olib chiqishardi. O‘sha kezlar Issiqko‘l o‘rmonlarida oppoq shoxdor bug‘ular bo‘lardi, go‘zallikda hatto ko‘kdagi yulduzlar ham ularga rashk qilardi. Ular shoxdor ona bug‘uning bolalari edi. Ularga hech kim tegmasdi, hech kim hurkitmas edi. Bug‘uboy avlodlari bug‘uga duch kelgan joyda otdan tushib, unga yo‘l berardi. Oshiqlar suygan qizlarini suluvlikda go‘zal oq bug‘uga qiyos qilishardi…
Bug‘uboy avlodining oshib-toshib ketgan mashhur bir boyi to o‘lguniga qadar shu odat saqlanib qoldi. Uning ming-minglab qo‘ylari, ming-minglab yilqilari bo‘lib, mollariga qaraydigan qancha-qancha cho‘ponlar ham uning izmida edi. O‘g‘illari unga katta ma’raka qilishdi. Ular bu ma’rakaga yer yuzining hamma ma’lum va mashhur kishilarini chaqirishdi. Mehmonlar uchun Issiqko‘l qirg‘og‘iga bir ming bir yuzta o‘tov tikdilar. Qancha mol so‘yildi, qancha qimiz ichildi, qanchalab qashqarcha noz-ne’matlar berildi, sanog‘iga yetib bo‘lmasdi. Boyning o‘g‘illari gerdayib yurishardi: Axir otadan bitmas-tuganmas meros qolganligini, farzandlar otani hurmatlab, uning xotirasini qanday e’zozlashlarini odamlar ko‘rib qo‘ysin-da… («E bo‘tam, odamlar aql o‘rniga boyligini ko‘z-ko‘z qilishsa, bu qanday yaramaslik».)
Marsiya aytuvchilar esa marhumning o‘g‘illari taqdim etgan arg‘umoqlarda yelib, sovg‘aga berilgan suvsar telpak va shoyi to‘nlarga o‘ralib, marhumni va uning merosxo‘rlarini ko‘klarga ko‘tarib maqtashardi.
– Bu olamda bunday baxtli hayot va shukuhli ma’rakani ko‘rgan bormi? – deb kuylardi biri.
– Dunyo bino bo‘lgandan beri bunaqasi hali bo‘lmagan! – derdi ikkinchisi.
– Hech qayerda bo‘lmagan! Faqat bizdagina ota-onalarni shunday hurmatlashadi, ota-ona shon-sharafini yuksak tutishadi, ularning muqaddas nomini ulug‘lashadi, – kuylardi uchinchisi.
– Ey, qaqildoq marsiyachilar, nima deb valdirayapsiz! Olamda bu hotamtoylikning ta’rifiga loyiq so‘z, marhumning shon-shuhratiga teng keladigan shuhrat bor ekanmi? – kuylardi to‘rtinchisi…
Ular shu zaylda kecha-kunduz kim o‘zarga bahslashardi. («E-e, bo‘tam, hofizlar hamdu sano o‘qishda bahslashsa, qanday yaramaslik, ular qo‘shiqchidan qo‘shiq kushandasiga aylanishadi».)
Dovruq solgan ma’raka ko‘p kunlik bayramday o‘tdi. Boyning maqtanchoq o‘g‘illari boshqalarni lol qoldirishni, shuhratlari olamga yoyilishini orzu qilishdi. Yana buning ustiga mangu uyquga ketgan shavkatli otalari Shoxdor ona bug‘u avlodidan ekanligini hamma bilishi uchun uning qabriga bug‘u shoxini o‘rnatishni o‘ylab topishdi. («E bo‘tam, qadimgi odamlardan qolgan gap bor: boylik – takabburlikni, takabburlik esa telbalikni tug‘diradi».)
Boyning o‘g‘illarni ota xotirasiga ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan yodgorlik o‘rnatishni istashgani uchun ham hech nima ularga to‘sqinlik qila olmadi. Aytilgan so‘z – otilgan o‘q. Ovchilarni yo‘llashdi. Ovchilar bug‘u otib, shoxini tanasidan ayirishdi. Bug‘u shoxlarining tepaga taralib turishi ko‘kda parvoz qilayotgan burgutning qanotlariga o‘xshardi. Bug‘u shoxlari o‘g‘illarga yoqib tushdi: ularning har biri o‘n sakkiz butoqqa bo‘lingan – demak, o‘n sakkiz yoshda ekan. Yaxshi! Ular shoxni qabr ustiga o‘rnatish uchun ustalarga farmon berishdi.
Qariyalar hayratda qolishdi:
– Bug‘uni o‘ldirishga qanday haddingiz sig‘di? Shoxdor ona bug‘u avlodiga qo‘l ko‘tarishga kim jur’at etdi?
Boyning merosxo‘rlari ularga javoban:
– Biz o‘z yerimizdagi bug‘uni o‘ldirdik. Bizning saltanatimiz ostidagi yerlarda nimaiki qimirlagan, uchgan tirik jonzot bo‘lsa, pashshadan tortib tuyagacha – hammasi bizniki. O‘zimizga qarashli jamiki narsalarni nima qilish-qilmaslikni o‘zimiz yaxshi bilamiz. Yo‘qolinglar! – deyishdi.
Xizmatkorlar qariyalarni qamchi bilan savalab, otga teskari mindirishdi-da, sazoyi qilib haydashdi.
Hamma balo shundan boshlandi. Shoxdor ona bug‘u avlodlarining boshiga katta baxtsizlik tushdi. Deyarli har bir kishi o‘rmonlarda oq bug‘ularni ovlashga tushib ketdi. Bug‘uboy avlodidan bo‘lgan har bir kishi o‘z ajdodlari qabriga bug‘ushox o‘rnatishni burch deb bilar edi. Bu ish endi marhumlar xotirasiga bo‘lgan muqaddas vazifa, alohida hurmatga aylandi. Kimki bug‘u shoxlarini topolmas ekan, endi uni odam o‘rnida sanamay qo‘yishdi. Bug‘u shoxlari bilan savdo qilish, ularni oldindan g‘amlab qo‘yish odat tusiga kirib qoldi. Shoxdor ona bug‘u avlodlari orasida shunday kishilar paydo bo‘ldiki, ular bug‘u shoxlaridan o‘lja yig‘ishni va pullashni hunar qilib oldilar. («E bo‘tam, pul hukmron bo‘lgan joyda ezgu so‘zga o‘rin yo‘q. Go‘zallikka o‘rin yo‘q».)
Issiqko‘l o‘rmonlarida bug‘ularga qirg‘in keldi. Ularga shafqatsiz bo‘lishdi. Bug‘ular qadam yetmagan joylarga qochdi, lekin u yerda ham qo‘yishmadi. Ovchilar tozilarni qo‘yib pistirma tomon haydashar, o‘zlari esa pistirmalarda berkinib yotib, yaqinlashgan bug‘ularni bexato otib olishardi. Bug‘ularni to‘da-to‘dasi bilan qirishdi, shox butoqlari eng ko‘p bo‘lgan bug‘uni kim otarga garovga bog‘lashardi.
Bug‘ular g‘oyib bo‘ldi. Tog‘larni tark etdi. Na tunda, na tongda bug‘u ovozi eshitilardi. Na o‘rmonda, na yaylovda uning qanday irg‘ishlab, qanday sapchishlarini, shoxlarini yelkasi ustiga tashlab, parvozdagi qushday jarliklardan qanday sakrab o‘tishlarini endi hech kim ko‘rmasdi. Butun umri bo‘yi bug‘u nima ekanligini ko‘rmagan yangi insonlar tug‘ildi. Faqat u haqidagi ertaklarni eshitib, qabrlar ustidagi shoxlarni ko‘rishdi, xolos.
Shoxdor ona bug‘uga nima bo‘ldi?
U odamlardan ranjidi, juda qattiq ranjidi. Aytishlaricha, son-sanoqsiz o‘qlar va tozilar dastidan bug‘ularga kun qolmagan, ularning eng so‘nggi avlodi barmoq bilan sanarli darajada oz qolgan chog‘da Shoxdor ona bug‘u eng baland cho‘qqiga ko‘tarilib, Issiqko‘l bilan vidolashibdi va so‘nggi bolalarini ulkan dovon ortiga, boshqa yurtlarga, boshqa tog‘larga boshlab ketibdi.
Mana, olamda qanday ishlar bo‘ladi. Mana, ertak ham tugadi. Xoh ishon, xoh ishonma.
Shoxdor ona bug‘u esa ketishi oldidan, «Bundan buyon bu yerlarga aslo qadam bosmayman», debdi…
Asil Rashidov tarjimasi.