Chingiz Aytmatov. Oq yomg‘ir (hikoya)

Yuksak tog‘ qoyalaridan esayotgan muzdek shamol qorong‘i daralar ichidan kuch bilan otilib chiqib, tog‘ etaklariga ravona bo‘lardi. Pastda ovul uyquga cho‘mgan.
Atrof jimjit, derazalardan ko‘rinib turgan chiroqlar sekin o‘cha boshladi. Qirov qoplab, endigina ochilay deb turgan bahor kurtaklari, oy shu’lasida g‘ira-shira kumushdek tovlanib turardi. Faqat shamolning tomga yopilgan qamishlarni shitirlatgan tovushi bilan uyqu aralash uligan it ovozi eshitilardi. Uzoqlardan esa tog‘ daryosining shovullashi va motorlarning guvillashi arang quloqqa chalinardi…
Qorong‘ida ovul chekkasidan ikki kishining gavdasi tez yaqinlashib kelmoqda edi. Ana ular, qadamlarini sekinlatib to‘xtashdi…
– Endi, bu yog‘iga o‘zim… Rahmat, – ayol kishining ovozi eshitildi.
– Kel, kuzatib qo‘ya qolay, tag‘in itlar talab yurmasin,– javob berdi erkak kishining ovozi.
– Men itlardan ko‘rqmayman…
– Shunday bo‘lsa ham…
– Yo‘q, Qosimjon, sen ishga kechikib qolasan.
– Hali vaqt bor, ulguraman, – Qosimjon gugurt chaqdi. Miltillagan alanga bir lahzada qorong‘ida katak ro‘molli qiz bilan egniga sportchilarning charmli kurtkasini, oyog‘iga esa kirza etik kiyib olgan yosh yigitni o‘z bag‘riga tortib olmoqchi edi.
– O, Saodat, hali yana rosa ikki yarim soat vaqt bor, – dedi u, soatiga qarab.
– Hojati yo‘q, Qosimjon, boraver… Biror kishi ko‘rib qolgudek bo‘lsa, gap qilishadi. Bundan tashqari, men juda bezovtalanayapman. Onam nega chaqirtirdi ekan?.. Tobi qochib qolgan bo‘lsa-ya?
– Ha-a, agar shunday bo‘lgan bo‘lsa, uni yolg‘iz qoldirish mumkin emas. Lekin sen ko‘pam siqilaverma, bir ilojini qilarmiz…
Ular yana bir oz turishdi-da, so‘ng ajralishdi: Saodat – uyga, Qosimjon bo‘lsa, tog‘ tomonga yo‘l oldi. Bir oz yurgach, u orqasiga qaradi.
– Agar biror narsa bo‘lsa xabar qil… Men kutaman.
– Yaxshn, – bo‘g‘iq ovoz bilan javob berdi Saodat. U ham bir necha qadam yurgandan so‘ng to‘xtadi-da, orqasiga qaradi. Qosimjon ko‘rinmas edi. Zim-ziyo kecha. Saodat uyiga oshiqdi. U uyiga qanchalik yaqinlashib borar ekan shunchalik qadamini tezlashtirar edi. Oxiri Saodat sabri chidamay yugurib ketdi. Uning miyasi turli xayollar bilan band edi.
Xayolida xuddi u hozir yugurib borib eshikni ochadi-yu, ko‘zlari xiralashib, to‘shakda yotgan kasal onasini ko‘rayotganday edi. «Ona, qadrdonim, qimmatli onam», deb qichqirib yuborgudek bo‘ldi Saodat, lekin ovozi chiqmadi.
Mana tanish darcha ham ko‘zga tashlandi. Birdan o‘ziga qarshi kelayotgan qandaydir soyaga ko‘zi tushdi.
– Senmisan, Saodat? – so‘radi onasi.
– Nima qildi, opa?
– Shunday kechada yolg‘iz o‘zingmisan?
– O‘zim,– dedi Saodat, yolg‘on gapirib.
– Seni qara-ya, xudonnng o‘zi asrabdi, – qo‘llarini ishqalab qo‘ydi Zaynab opa. – Shunday ham bo‘ladimi.
– Yo‘q, men yo‘lovchi aravada keldim, – darrov o‘ylab topdi Saodat.
Qizini quchoqlaganicha Zaynab opa yig‘lab yubordi:
– Kutaverib holdan toydim. Ko‘zlarim teshildi. Kech ham kirdi, sendan hamon darak yo‘q. Yo‘lda biror hodisa ro‘y berdimikan, deb xavotir oldim. Kutib olish uchun endi o‘zim yo‘lga chiqmoqchi bo‘layotgan edim.
– Senga nima bo‘ldi, opa, biz o‘tgan hafta ko‘rishgan edik-ku.
Saodat traktor brigadasida pritsepchi bo‘lib ishlardi, u butun yoz bo‘yi dala shiyponida istiqomat qildi. Shuning uchun ham u har gal uyga kelganda Zaynab opa uchun haqiqiy bayram bo‘lar edi. U qizini shunday sog‘inar ediki, bunday vaqtlarda uning oldidan bir qadam ham jilmas edi. Ular o‘choqqa birga o‘t qo‘yishar, ro‘zg‘or tashvishlari bilan band bo‘lishardi – biri xamir qorsa, ikkinchisi go‘sht pishirar, Saodat sigir sog‘sa, Zaynab opa uning yonida turib, atala pishirardi. Gap deganning keti uzilmasdi. Zaynab opa xizmat qilayotgan kolxozda ham, Saodat ishlayotgan traktor brigadasida ham yangiliklar ko‘p. Saodat qachon ariq bo‘yiga bormasin, Zaynab opa darcha oldida turib unga tikilganicha kuzatib qolardi. Ona o‘z qizining bo‘yga yetib qolganiga sira ishongisi kelmasdi. U Saodatning to‘lishgan, xushbichim yag‘rinlariga mehr bilan qarab turardi. Saodat mayda ko‘zli kumush bilaguzuk taqib olgan tiqmachoqdek bug‘doymag‘iz qo‘llari bilan obkashni mahkam ushlagancha epchillik bilan chiroyli qadam tashlab kelardi. Uning bir tekisda nafas olishi ko‘ylak burmalarini xiyol qabartib ko‘rsatardi.
– Qo‘zichog‘im, ko‘zimning oqu qorasi, nima desang ham o‘zing bilasan, lekin sen bilan maslahatlashmasdan shunday qarorga keldim, – o‘zicha tasavvuridan o‘tkazardi ona.
Bugun ona-bola har qachongidan ko‘ra xursand, bir-birlariga mehribon edi. Saodat onasining behuda chaqirmaganini, unga qandaydir bir muhim narsa aytmoqchi ekanini sezib turardi. Haqiqatan ham Zaynab opa bu gapni aytish uchun ko‘pdan beri tayyorlanib yurardi.
Keyingi kunlarda qizining ko‘ngli nimagadir g‘ash edi. Buning sababi nimada ekan?
Erta bahor kunlarining birida sal-pal qor yog‘ib turgan edi, Saodat halloslaganicha uyga yugurib keldi.
– Opa!–hayajon bilan qichqirdi u ostonadan, – komsomol brigadasi keldi!
– Qanaqa brigada?
– E, bilmaysanmi hali, MTSdan komsomollar brigadasi. Komsomollar yangi yerda ishlashmoqchi. Ularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, opa, mashina va traktorlarda tegirmonning yonginasidan o‘tib ketishdi. Ular o‘zlari bilan omoch va seyalkalar ham olib kelishyapti.
«Muncha u bezovtalanadi?– hayron bo‘lib qoldi shunda Zaynab opa. – Nima bo‘libdi, kelsa kelishibdi-da».
Qizi hamon kuyib-pishib gapirayotgan edi:
– Men ularni qayerni haydashini bilaman, opa. Bizga u yer juda ham yaqin. Toqoy akaning aytishicha, ular bu yil «Eski o‘tov»ning hammasini haydashar emish.
Oradan bir necha kun o‘tgandan so‘ng Saodat MTSga pritsepchi bo‘lib ishga kirish uchun onasidan ruxsat so‘radi. Zaynab opa qizini uydan chiqarishga hech ko‘ngli yo‘q edi, lekin Saodatning o‘jarligi, o‘z aytganida turib olishini bilgan ona bir oz bo‘shashdi.
– Bu yil pritsepchi bo‘lib ishlayman, keyin esa bizni traktorchilikka o‘qitishadi. Axir men, komsomol majlisida so‘z berganman, so‘zimdan qanday qayta olaman.
Biroq ishga Saodatning amakisi Toqoy aka aralashmaganda bu bahona onaga ta’sir qilishi gumon edi.
– Yoshlarning ko‘nglini o‘ksitma, hamma narsa ularga ayon, mayli, borsin! – maslahat solardi u onaga. Saodat ham ketdi. Lekin ko‘p o‘tmay ona qattiq pushaymon bo‘ldi.
U ko‘rdiki, endi Saodat faqat unikigina emas, balki yana qandaydir qudratli bir kuch uni kundan-kun o‘ziga tortayotgan edi.
Ba’zi vaqtlar uning nazarida Saodat o‘zidan ko‘ra aqlliroq tuyulardi. Bu qiz bola uchun ortiqcha emasmikin? Ko‘plar o‘tishi bilan Saodatda onasi tushunmaydigan qandaydir o‘zgacha tashvishlar orta bordi. Nima uchun Saodat unga kelgandan so‘ng onasini naqadar sog‘ingan bo‘lishiga qaramay kallai saharlab turib, sal tong yorishi bilan yana brigadaga oshiqadi?
Qiziq. Saodat ba’zan vazmin, ishchan, erkalik qilib onasiga suykalanar, ba’zan esa birdan ko‘z oldi qorong‘ilashib, onasidan ajrab qolgan bo‘taloq singari g‘amgin bo‘lib qolar va xomushlanib, jimgina o‘tirardi.
– O‘z ishingdan xursandmisan, Saodat? – go‘yo hech narsani sezmagandek so‘rardi Zaynab opa. – Brigadalaringizdagilar qanaqa odamlar o‘zi?
– Juda xursandman! – har vaqt javob berardi Saodat va hayajon bilan o‘z o‘rtoqlari haqida hikoya qilishga kirishib ketardi. Ular uzoq yerlardan kelishgan, mashinani ham yaxshi bilishadi. Hatto shundaylari ham borki, ular mashinalarni zavodda o‘zlari yasaganlar. «Qani, men ham o‘shalarday bo‘lsam» derdi Saodat, ko‘zlari chaqnagan holda. Shunday paytlarda u onasi uchun qandaydir begona va tushunib bo‘lmaydigandek tuyulardi. Saodat onasining ko‘zlaridagi bu tashvish alomatini sezmasdan, o‘zini hayajonga solayotgan hamma narsa haqida, komsomol majlisi, devoriy gazeta-yu, ishyoqmas, dangasa traktorchini qayerdan sudrab kelganliklari haqida va yana boshqa ko‘p narsalar haqida gapirayotgan edi. Lekin Zaynab opa bularning hammasini ham tushunavermasdi.
Ular birga choy ichishdi. Saodat dasturxonni yig‘ishtirib, piyolalarni yuvib, tokchaga olib qo‘ydi. YoTISh vaqti ham bo‘ldi. Biroq Zaynab opa Saodatga diqqat bilan qaraganicha hamon namat ustida o‘tirardi.
– Menga yaqinroq kel, qizginam, o‘tir, – o‘z yonidan joy ko‘rsatdi u. – Sen bilan gaplashib olmoqchiman…
– Gapir, opa, qulog‘im senda.
Zaynab opa o‘z fikrlarini jamlab, gapni nimadan boshlashni bilmay anchagina turib qoldi.
– Sen mening ko‘z ochib ko‘rgan yolg‘iz qizimsan, Saodat, – dedi u qizining yuziga tikilib. – Sen mening ham o‘g‘limsan, ham qizimsan. Mening sendan boshqa hech kimim yo‘q. Sen menga oson deb o‘ylaysanmi? – Onaning ko‘zlarida yosh tomchilari paydo bo‘ldi. – Faqat ishda bir oz unutaman, uyga keldimmi… yolg‘izlik yuragimni yondirib yuboradi… Qayerda qoldi ekan, biror narsa bo‘ldimikan, sog‘mikan… Ishing ayollar qiladigan ish emas, Saodat. Qiz bolaning plug ustida o‘tirishi nimasi… Bu ishingni qo‘y, uyga kel… Kolxozda ish oz emas.
Zaynab opa ko‘z yoshlarini artib og‘ir xo‘rsindi. Uning nima demoqchi ekanini shu gaplarning o‘zidanoq payqab olish mumkin edi. Lekin Saodat onasi asosiy gapni aytmaganini sezib turardi.
– Nima, dala shiyponimizda qizlardan yolg‘iz o‘zimmanmi? Axir, bizning kolxozda boshqa qizlar ham bor-ku. MTSda yana qanchasi bor! Buning ustiga ular ishda erkaklardan qolishmayapti. Nima uchun men ishni tashlashim kerak ekan?
– Sen ular bilan teng bo‘lma! – Zaynabning jahli chiqdi. – Ular ota-onalarining yakka-yu, yolg‘iz bolasi emas.
Saodat onasini mahkam quchoqlagancha ko‘ksiga bosib qotib turdi. Unga rozi bo‘lishdan boshqa gap ham bo‘lishi mumkin emas edi.
– Yaxshi, opa, sening aytganingcha bo‘lsin. Biroq menga u yerda yana bir oz bo‘lishga ruxsat ber. Hademay bahorgi ekish ham tugaydi, o‘shanda butunlay qaytib kelaman. Juda oz vaqt qoldi, sabr qil, opa…
Onaning ko‘ngli tinchidi. Yotish vaqti ham bo‘ldi. Ko‘zi endi uyquga ketgan edi, qandaydir shitirlagan ovoz eshitildi. Zaynab opa ko‘zini ochdi va Saodatning turib sokin deraza tomon borayotganini ko‘rdi. Oyning ko‘kimtir nuri qizning boshi va yelkalarigacha yoritib turardi. Saodat bezovtalanib onasiga qaradi, so‘ngra sekingina deraza oldiga bordi-da, tizzasini qo‘llari orasiga olib sukut saqlab o‘tiraverdi. Aftidan, u nimalarnidir o‘ylayotganday asabiylashib, ko‘ksiga tushib turgan sochlarini yulqib tortardi.
«Nega uxlay olmayapti?» – onaning yuragi yana xavotirdan zirqiray boshladi.
Saodat deraza oynalariga yaqinroq o‘tirib, tog‘ yonbag‘rida ishlayotgan traktor chiroqlarining ahyon-ahyonda yonib o‘chayotganini tomosha qilib o‘tirdi. Uzoqdan eshitilayotgan motorlarning guvillashiga zavq bilan quloq solardi. Traktorlar go‘yo yaqin atrofda ishlayotgandek ularning shovqini goh yaqinlashar, goh qiz diqqatini o‘ziga jalb etganday uzoqlarga ketib qolardi.
«Traktorga quloq solyapti», – o‘zicha o‘yladi Zaynab opa va u ham doim shu guvillagan ovozni eshitadigan bo‘ldi. Uning qizi ham o‘sha yerda, dalada ishlaydi, Saodat uyda bo‘lmagan paytlarda esa ona shu guvillagan tovushni eshitib, ko‘ngli bir oz tinchiganday bo‘ladi. Ha, qizi deraza oldida behuda o‘tirgani yo‘q. U butun vujudi bilan o‘sha yerda, traktorlar zo‘r berib shudgor qilayotgan yerda o‘tirardi. Buni Zaynab opa yaxshi sezardi.
Saodat uzoqdagi chiroqlarga boqib turar ekan, nazarida o‘tkir plug tishlari qo‘riq yer qatlamlarini qiya qilib, mayin tuproqlarni taram-taram ag‘darib borayotganini ko‘rib turganday bo‘ldi. Qachonlardan beri inson qo‘li tegmagan edi bu yerlarga.
Mana endi ular Qosimjon bilan birga inson qadami yetmagan, qarovsiz yerga birinchi bo‘lib jon kiritmoqdalar. Endi bu yerda ekinlar boshoqlaydi. Hademay yo‘llar tushadi. Qadimda ko‘chmanchilar ko‘chib yuradigan «Eski ko‘chmanchi» vodiysidagi tog‘ oralig‘ida uylar qad ko‘taradi, shunda odamlarimiz kelgan kishilarga faxrlanib: «Mana shu daladan o‘tsangiz molxonani ko‘rasiz, undan narida ko‘cha bor, xuddi ana shu yer bizning kolxoz bo‘ladi» deyishadigan bo‘ladi. – «Ha, buning hammasini o‘z qo‘limiz bilan yaratganmiz!» – o‘ylardi Saodat ko‘ngli quvonchga to‘lib. Axir, bu chinakam baxt emasmi, butun hayotingni unga bag‘ishlasang arzimaydimi?!
Yorqin quyosh ostida jimirlab yotgan ko‘kimtir shudgor uning ko‘z o‘ngidan o‘tdi. Saodat ana shu iliq bug‘ bilan to‘yib-to‘yib nafas olardi. Yerning namiqib anqigan hidi uni o‘ziga chorlardi. Oh, qanday yoqimli…
O‘tloqning narigi boshiga borib qaytishda Saodat tezda plug richaglarini almashtiradi. Oynadek yaraqlagan lemex tishlari yer bag‘ridan ko‘tariladi. Ularning har birida quyosh nuri akslanib turardi.
Traktorni qaytara turib, Qosimjon unga qarab kulib qo‘yardi. Saodat esa:
– Bo‘sh kelma, Qosimjon! Bugun birinchilikni olamiz! Bo‘sh kelma!..
«Qosimjon… uchrashganimiz qanday yaxshi bo‘ldi, birga ishlayapmiz! Men dunyoning narigi burchiga bo‘lsa ham orqangdan borishga tayyorman», – shivirlardi Saodat o‘zicha.
Zaynab opaning ko‘ngli xavotirda edi. Nima qilarini, qiziga nima deyishini bilmay og‘ir xo‘rsinib, ikkinchi yonboshiga o‘girilib yotdi. Saodat seskanib ketdi. Ancha vaqtgacha gapirmay jimgina o‘tirdi, so‘ng onasi tomon bir qarab oldi va ohistagina karavot oldiga keldi-da, yotdi. Biroq qiz ham, ona ham uxlay olmadi. Ularning har biri o‘z xayollari bilan band edi.
Zaynab opa qizining bo‘yga yetib qolganini va uning kelgusi taqdiri haqida harakat qilish zarurligini o‘ylardi. Agar o‘z ovulimizdan biror munosib yigit topilsa, u vaqtda qizi doimo o‘z qanoti ostida bo‘lardi. Agar kuyov yolg‘iz bo‘lsa yana yaxshi – ichkuyov qilib olardi. Qiz, hatto sep tayyor ekanidan hali xabarsiz edi. Turli xil kigizlar tayyor, faqat chodir sotib olish qolgan edi.
Saodat esa Qosimjon haqida, u bilan birinchi uchrashganlari haqida o‘ylardi.. O‘sha kezlarda ular bir agregatda ishlashar edi. Har gal ham traktor to‘xtaganda Qosimjon uning oldiga kelib so‘rardi:
– Sen charchamadingmi, Saodat? Bir oz damingni ol. «Nega muncha menga yopishib oldi u? – Jahli chiqib derdi Saodat. – Nima, men yosh bolamanmi?»
Agar Qosimjon undan ahvol so‘ramasa, Saodat yana achchiqlanardi: «Nega u biron narsa demaydi? Xafa bo‘ldimi yoki men uning joniga tegdimmi?»
Kunlardan birida ular qo‘shni chegaraga yaqin joydagi eng baland qoyaga chiqmoqchi bo‘lishdi. Saodat o‘sha kunni hech qachon unutmaydi. Tik qoyaga ko‘tarilish qancha qiyin bo‘lmasin, lekin ular charchashni ham unutib, to‘xtamasdan nima bo‘lsa ham cho‘qqiga chiqib olish uchun qat’iy ahd qildilar. Ikkovlari ham u yerda bir-birlariga qandaydir muhim narsa aytish haqida o‘ylardilar. Axir bu yerda ularning so‘zlarini hech kim eshitmasdi-da: bu yaqin-orada ulardan boshqa biror tirik jon yo‘q. Biroq cho‘qqiga chiqib olganlaridan keyin ham ulardan birontasi ko‘nglidagini ochiq aytishga botinolmadi. Faqat qaytib tushayotganlarida Saodat to‘satdan sirg‘anib ketdi, Qosimjon uni mahkam tutib qolib, o‘pib olmoqchi bo‘lib intildi, ammo bu safar Saodatning jahli chiqmadi. U hech qachon o‘zini shunday baxtli his etmagan edi.

* * *

Zaynab opa lang ochilgan eshik yondoriga suyanganicha uyning ichkarisiga qarab turardi. Uning harakatsiz bosh egib turishidan, taajjublanib xiyol ko‘tarilgan qoshlari va bir-biriga botib ketgan lablaridan sukut saqlab, umidsizlikka berilayotgani sezilib turardi.
U biror qo‘rqinchli narsani kutayotganday ostonaga qadam tashlashga botinmay turdi yoki nimanidir esladi. Balki tog‘dan shamol olib kelayotgan shovqin-suronga quloq solayotgandir. Ko‘ylagining keng va uzun yengi shalvirab osilib turardi. Yonida esa paqirdagi suvlari chayqalib obkash yotardi. Zaynab opa hozirgina ariqdan suv olib qaytgan edi. Zaynab opa u yerga borib Saodatning erga chiqqanini eshitib kelgandi. Ona qalbi chuqur iztirobga to‘lgan. Endi u huvillagan uyda yakka-yu, yolg‘iz. Uning uchun hamma narsa muhayyo, biroq qizining ketib qolishi bilan butun orzu-umidlari havoga uchganday bo‘ldi.
Agar Toqoy akaning qaylig‘i Jiydagul kelmaganida Zaynab opaning shu zaylda qancha turishini kim bilsin. Jiydagulni ko‘rishi bilan Zaynab opa vaysab ketdi:
– Mana, qiz zoti qanaqa ekan? Oh, sho‘rim qursin. Xudo mening nasibamni qiydi, o‘g‘il bermadi. O‘g‘il bo‘lganda o‘z uyini tashlab ketmay, balki qallig‘ini yetaklab kelarmidi.
Jiydagul nimjongina va hamisha mo‘min-muloyim, hozir esa butunlay boshqacha bo‘lib qolgan bu xotinga qo‘rqinch bilan qarab turardi.
– Saodat meni sharmanda qildi! – deyardi Zaynab opa gap orasida. – Qochqin kishidek izzat-ikromsiz ismi-rasmini qilib uzatilmasdan bir darbadarning orqasidan ergashib ketdi. U Saodatni allaqayoqlarga olib ketadi, ko‘rmay ham qolaman.
– Qiziqsiz, Zaynab opa, qizingiz uzoqda emas, shu yerda-ku! – deb Saodatning yonini olardi Jiydagul.
– Bas qil! Mening shu ahvolga tushishimga sizlar ham aybdorsizlar. Uning MTSga borishiga sening Toqoying sabab bo‘ldi. Men bo‘lsam go‘llik qilib, erimning ukasi deb uning gaplariga ishonibman. Bor ayt, agar akasining xotirasi va urug‘imizning sha’ni unga qadrli bo‘lsa, Saodatni yo‘ldan qaytarsin. Bor!
Shu kuniyoq Toqoy aka odatga ko‘ra xotinini Zaynab opani chaqirib kelishga yubordi.
Toqoy aka egachisini kutib, kigiz ustiga to‘shalgan po‘stak ustida qovog‘ini solib o‘tirardi. Barcha oila a’zolari ham u bilan birga o‘tirardi. Uy issiq edi. Qozonda go‘sht, stol ustida esa samovar qaynardi!
– Hammasidan xabarim bor, Zaynab, – gap boshladi Toqoy, hurmat bilan unga piyoladagi choyni uzatayotib. – Sen uchun o‘zim ham xijolat tortyapman. Agar Saodat ahmoqlik qilgan bo‘lsa, men hoziroq otni egarlab, sochlaridan sudrab bu yerga olib kelaman! – Cholning ko‘zlari g‘azabdan chaqnar edi. – Ammo men bunday qilmayman. Undan ko‘ra mening qo‘llarim uzilib tushsin. «Eski ko‘chmanchi»dagi yerlar ko‘pdan beri sening qizingga o‘xshash odamlarni kutardi. Zaynab, men seni tinchlantirishga va ko‘ndirishga harakat qilmoqchi emasman. Lekin bir narsani eslataman. – Toqoy tilining ostiga nosvoy tashlab oldi va qoramtir mo‘ylovini o‘ychan silab qo‘ydi. – Hozir «Eski ko‘chmanchi» yerlari ochilmoqda. Uzing bilasan-ku, bir vaqtlar biz bu ishni uddalay olmagan edik. O‘sha vaqtda biz bu pastqam yerlarni oxiri bir kun o‘zlashtiramiz, deb o‘ylashga ham botina olmagan edik. Boylar bizni siqib, oxiri ana shu «Eski ko‘chmanchi» yerlariga haydab yuborishgan edi. U joylarda yerni haydash ham, sug‘orish ham noqulay edi.
Esingdami, o‘shanda akamni sevib qolib, u bilan bu yerga qochib kelganlaring? Ochlikdan o‘lmaslik uchun, hatto mana shu po‘stakdan ham katta bo‘lmagan yerni haydashga qaror qilgan edik. To‘g‘ri aytasan, yerni qanday tozalaganimiz, toshlarni qo‘lda ko‘tarib tashiganimiz, tog‘ yonidan ariq qaziganimiz va «Ilon qoyasidan» suv ko‘tarilib bu ariqda chiqmagani yodingdami?
Shularni eslaysanmi, Zaynab? Axir quruq qo‘l bilan qoyalarni ag‘darib bo‘larmidi? Mehnatimiz zoye ketib, ekinlar qurib qoldi. Sen o‘shanda qanday yig‘laganingni eslaysanmi, hatto biz erkaklar ham ko‘z yoshlarimizni zo‘rg‘a tutib turgan edik. O‘shanda biz «Eski ko‘chmanchi» yerlaridan kaftdek qismini ham ishlay olmagan edik. Lekin bizga ko‘p yer kerakmidi? Faqat ochlikdan o‘lmaslik uchun… Endi esa bizning bolalarimiz «Eski ko‘chmanchi»ni o‘zlashtirishga bel bog‘ladilar. Agar sen ularni hozir nimalar qilayotganini ko‘rganingda edi… Ular zo‘r ishonch bilan ishlayapti. Ularda bilim bor, mashina bor… Hademay gallamiz daryo bo‘lib oqadi.
Eh, Zaynab, yoshligingda o‘z sevgan kishing uchun har qanday qiyinchiliklarga duch kelgansan. Shunday ekan, nima uchun sening qizing o‘z sevgani bilan turmush qurishga va u bilan birga mehnat qilishga haqli emas ekan, a?
Zaynab opa jim turardi.
– Sen aqlli xotinsan, – davom etardi Toqoy, – tushunishing kerak. Saodat shunday qilmasdan iloji yo‘q edi. Kuyoving Qosimjon esa ota-onasiz darbadar emas, ajoyib yigit, brigadada birinchi traktorchi. Uning ota-onalari shaharda yashaydi. Ularni juda yaxshi, hurmatli kishilar deyishadi. Saodatga kelsak, u onasini unutib ketadiganlardan emas. Yakshanba kuni ular senikiga kelishadi, kuzda esa sen odat bo‘yicha yo‘l ochar qilasan. To‘yni bo‘lsa birinchi hosil yig‘ilib, ular yangi uyga ko‘chib kirgan kuni qilamiz.
Toqoy aka nima degan bo‘lsa Zaynab opa jimgina o‘tirib tingladi. Keyin o‘rnidan turib eshik tomon yo‘l oldi. U bunga rozi bo‘ldimi, yo‘qmi, hech kim tushunmadi.
Toqoy aka mehmonni kuzatishga chiqdi. Tashqarida shunday qattiq yomg‘ir yog‘ayotgan ediki, hatto, tog‘lar ham, daraxtlar ham, nariroqdagi uylar ham ko‘rinmasdi. Hamma narsa suvli tuman bilan qoplanib olgan edi.
– Eh-he, hamma yoqni qoplab olibdi-yu! Ana ko‘rasan, bu oq yomg‘ir kamida ikki-uch kun to‘xtovsiz yog‘adi…
– Oq yomg‘ir deysanmi? – Past ovoz bilan so‘radi Zaynab opa va javobini ham kutmasdan ketib qoldi.

* * *

Zaynab opa uyga kirib kelar ekan, xayol seliga cho‘mganicha burchakka kelib o‘tirdi va yomg‘ir tomchilari oqib tushayotgan derazaga qaradi.
– Oq yomg‘ir! – shivirladi u allanarsani eslaganday. Zaynab opa yo‘lda kelayotiboq, Toqoy har holda haq degan xulosaga kelgandi. Lekin u uyining ostonasiga qadam qo‘yishi bilan, qo‘llari shalvirab, yuragi muzlab ketdi va yana o‘zini yolg‘iz his eta boshladi. Biror ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lmoqchi bo‘ldi-yu, lekin, yuragiga hech narsa sig‘madi. U har vaqt nimadir yetishmayotganligini o‘ylardi. Lekin uning nima ekanligiga sira tushuna olmasdi.
Nihoyat u buni topdi: odatdagidek tog‘ tarafdan kelayotgan motorlarning ovozi eshitilmas edi. Har doim onani traktorlarning ovozi tinchlantirardi, chunki bu ovoz sevimli qizi bilan, uning kelajagi bilan bog‘liq zdi. Zaynab opa xavotirlanardi: «Traktorlar jim, oq yomg‘irning ikki-uch kun yog‘adiganday shashti bor. U bechoralar palatkalarda nima bo‘ldi ekan? Nam, sovuq, pechka yo‘q». Uning yosh kelin-kuyovlarga rahmi keldi. Axir ular chillalik-ku, tezroq yakshanba kela qolsa edi.
Zaynab opa barmoqlari bilan yakshanbagacha necha kun qolganini sanadi. To‘rt kun! Qanday uzoq! U tezroq Saodat va Qosimjonni ko‘rgisi kelardi. Bir oz o‘tirgach, keskin o‘rnidan turdi-da, sandiqdagi oq surpni olib, erkaklar kiyadigan ko‘ylak bichdi. So‘ng pechkaga o‘t yoqdi. Xonada darrov hamma narsa saranjom bo‘ldi. Go‘sht pishguncha Zaynab opa mashinada ko‘ylak tikib bo‘layozdi. Endi u qo‘l qovushtirib o‘tirmasdan bo‘g‘irsoq qovurilayotgan qozon oldida o‘ralashib qoldi. Olovdan qizib ketgan yuzlari qip-qizil bo‘lib, mayda ter tomchilari bilan qoplandi. Biror yaxshilikni kutayotgandek ko‘zlari quvonch bilan porlardi. Aftidan u katta bayramga tayyorlanayotganday edi. Ha, haqiqatan ham shunday. U hoziroq «Eski ko‘chmanchi»ga borishga qaror qildi. Tayyorlanib bo‘lgandan so‘ng, Zaynab opa Saodatning sepi uchun asrab qo‘ygan gulli shol ro‘molni olib keldi-da, ko‘ylak bilan birga qo‘shib xurjunning bir ko‘ziga soldi, uning ikkinchi ko‘zini esa go‘sht va bo‘g‘irsoq bilan to‘ldirdi.
Endi ketaverish mumkin edi, lekin u o‘ylanib qoldi – erga tekkan qizinikiga taklif qilinmasdan borish yarashmasa kerak. Toqoy kuzgacha kutishni maslahat bergan edi. Lekin bu nihoyatda uzoq muddat. To‘g‘ri, Saodat va Qosimjon yakshanba kuni kelishadi. Ammo yakshanbagacha hali to‘rt kun bor… U esa o‘z bolalarini va «Eski ko‘chmanchi»da nimalar qilinayotganini hoziroq o‘z ko‘zi bilan ko‘rgisi kelardi. Bordi-yu, uni kulgi qilishsa-chi? «Nima deb o‘ylashsa o‘ylashaversin, bari bir boraman».
Zaynab opa yangi shoyi ko‘ylagini, mahsi-kalishini, sevgan choponini kiyib, xurjunini yelkasiga tashladi-da, boshiga katta qanorni yopinib uyidan chiqdi.
Tashqarida bo‘lsa oq yomg‘ir yog‘ayotgan edi.

* * *

Kul rang tuman aralash yomg‘irda so‘qmoq bo‘ylab ot ustida xotin kishi sekin yurib borardi. Yer dengizi haydalib tashlangan, katta ariqlar qazilgan, yomg‘ir bilan yuvilib, yer qobig‘ini sekin-asta yorib yashil o‘simlik – birinchi bahorgi bug‘doy unib chiqmoqda. «Eski ko‘chmanchi» yerlari tanib bo‘lmas darajada o‘zgargan. Hosil olish mushkul bo‘lgan bir parcha yer qayerda edi? Suv chiqarib bo‘lmagan ariq qayoqda qoldi?..
Zaynab opa otdan tushib, yonidagi toshga o‘tirdi-da, yig‘lay boshladi. Biroq, endigi ko‘z yoshlar o‘z farzandlarining faxri uchun, ularning ajoyib katta ishlarini ko‘rib quvonch hislariga to‘lgan onaning ko‘z yoshlari edi.

1954 yil

Asil Rashidov tarjimaci