I
Kutilmaganda yomg‘ir quyib berdi. Bir zumda paydo bo‘lgan loyqa sel chuqur jarliklarnn yuvib, keksa archalarni tag-tomiri bilan qo‘porib, yo‘lidagi toshlarni surib-supurib, daralar osha sharqirab oqardi. Dahshatli bu oqim ana shunday shiddat bilan borib, Baydamtolga qo‘shilardi.
Pishqirib, quturib oqayotgan daryo o‘zini qo‘yishga joy topolmay, dara bo‘ylab shovqin solardi. Qosh qorayib qolgan bo‘lsa-da, ahyon-ahyonda o‘rkach-o‘rkach vahimali qora to‘lqinlarniig jon-jahdi bilan qirg‘oq tomon tashlanishini ko‘rish mumkin edi. Shiddatkor to‘lqinlar kuch bilan toshlarga urilar va parcha-parcha bo‘lib, yana shovullaganicha qaytib ketardi.
Yana sal o‘tmay suv bilan qoya to‘qnashib, darani gulduros ovozlar qoplab olardi. To‘lqinlar sig‘ishmayotganday bir-birining ustiga mingashardi. Goho-goho ayg‘ir kabi olishib, osmonga sapchishardi. Daryo tepasidagi po‘lat simga osib qo‘ygan lyulkani hozir uzib ketayotganday tuyulardi. To‘lqinlanib oqayotgan daryo tepasidagi ulkan qora qoyalar qovoqlarini solib hech narsa bilan ishi bo‘lmaganday e’tiborsiz turishardi. Unchalik katta bo‘lmagan hovlida it g‘ingshirdi. Qorong‘i deraza ostiga o‘tirib olgan kuchuk, yelkasini yalab ketayotgan achchiq sovuq iztirobidan bo‘lsa kerak, tobora qattiqroq uvillardi. Shamol uning ovozini baland daralar osha uzoq-uzoqlarga olib ketardi.
Asya uxlay olmadi. Ayniqsa, chaqmoq chaqib, go‘yo birov deraza ostiga kelib gugurt chaqqandek, bir zumda hamma yoq yorishib ketar, yomg‘ir seli oqib tushayotgan oyna ortidan uvadaga o‘xshagan sur bulutlar mo‘ralaganda ko‘ziga alvasti ko‘ringanday, uning yuragi orqasiga tortib ketardi. Ular, hatto Asyaning ko‘ziga oynani chertayotgandek bo‘lib tuyulardi. Asya qo‘rqqanidan qo‘lidagi ochiq kitobni ko‘ksiga bosdi. Vahima ichida ko‘zini yumdi-da, nafas chiqarmay tashqariga sekin quloq soldi. Devorning shunday orqaginasida gidrotexnik Bektemirning oilasi yashardi. U yoqdan onda-sonda gangir-gungur gapirishgan va yo‘talgan ovoz eshitilib turardi. Bu Bektemirning otasi keksa Asilboyning sharpasi edi. U obdon azob chekar, aftidan bugun cholning suyaklari yana qaqshab og‘rib azob berayotganga o‘xshaydi. U kuchukni bir necha bor baqirib-chaqirib so‘kib oldi:
– Ket, yo‘qol, Boykuren, yo‘qol bu yerdan! Ovozingni o‘chir, kasofat, o‘lging kelyaptimi? O‘chir ovozingni!
So‘ng Asilboy Asya yotgan xona eshigiga yaqinlab keldi-da, yo‘talganicha jahl bilan gapira boshladi:
– Hali ham yotmadingmi, Asya? Chirog‘ing hamon yonib turibdi, dam olsang bo‘lmaydimi, qizim? Kitobni o‘qishga keyin ham vaqt topilar. Yo qo‘rqyapsanmi?
– Yo‘g‘-e, otajon! Siz tashvishlanmang, yotib o‘xlayvering, issiqroq o‘ranib oling, – dedi Asya.
– Qani endi uyqu kelsa?! Yomg‘ir ham jonga tegdi, yer yutgur kuchukning ovozini aytmaysanmi, dard ustiga chipqon bo‘ldi…
Orqadan xunob bo‘lib gapirayotgan kelinining ovozi eshitildi:
– Voy xudo-ey, jimgina yota qolmadi bu chol, axir bolani uyg‘otib yuborasiz-ku?! It bilan nima ishingiz bor, akillab-akillab o‘zi jimib qoladi!..
Ammo qulog‘i og‘irlashib qolgan Asilboy bu gaplardan keyin ham tinchimadi. U to‘shaklarini qaytadan tuzatayotib yana qattiqroq g‘o‘ldirab gapirdi:
– Ey xudo, o‘zing panohingda asra! Nahotki falokat yuz bersa! Baydamtolning quturib oqayotganini qarang! Lyulkani simdan uzib ketguday bo‘lsami, qidirib topib bo‘bsan. Xudo, muncha qahring kelmasa, voy belim, belginam sinib ketyapti!
Ertalab quyosh tog‘lar orasidan tig‘ urishi bilanoq, Bektemir otni egarlab, dara tomon yo‘l oldi. U tog‘dagi yirtqichlar yuradigan so‘qmoqqa qo‘yib kelingan qopqonni tungi suv oqimi olib ketmadimikan, deb u yerga ertaroq yetib borishga shoshilardi.
Yomg‘ir ham tinib qoldi, ammo suvga botgan kigizdek og‘ir bulutlar yer ustida muallaq osilib turardi. Bir kechadayoq cho‘qqilarni va tizma tog‘larni qoplab olgan oppoq qor ko‘kish tortib erib yotgan edi. Qor uyumlari oralab daradan esayotgan achchiq izg‘irin kishi badanini junjiktirardi. Yer bag‘irlab yotgan o‘t-o‘lanlar va butalar suvga botgan boshlarini silkitib-qoqib, qaddilarini rostlayotgan edilar.
So‘qmoq yo‘l sirpanchiq bo‘lgani uchun Bektemir otini sekin yo‘rttirib borardi. U ot jilovini bo‘sh qo‘yib yuborib, o‘z ishlari haqida xayol surib ketdi. Kutilmaganda ot taqqa to‘xtab qoldi, «chu-chu»lab haydasa ham o‘rnidan qo‘zg‘almadi. «Bu nimasi bo‘ldi, biron narsani sezyaptimi?» – o‘yladi Bektemir va chor atrofga nazar tashladi… So‘qmoqdan bir necha qadam narida bir odam yotar edi. Bektemir bu tasodifdan lol bo‘lib, turgan joyida qotib qoldi. U odam jarlik ostida, suvning kovlab ketgan yerida yer quchoqlab yotardi. Boshida va kurtkasining yirtig‘idan ko‘rinib turgan qo‘lida qotib qolgan qon izlari bor edi.
«Tirikmi yo o‘likmi?» – Bektemir otdan tushmay ehtiyotlik bilan yaqinroq kelib: «Bu kim bo‘ldi ekan?» – deya qaradi:
Baydamtolda hech kim yashamaydi, bu yaqin o‘rtada qishloq ham yo‘q. To‘g‘ri, ba’zan ovchilar kelib turishadi, ularning hammasi tanish kishilar bo‘lib, har gal kelganlarida ov haqida Bektemir bilan maslahatlashish uchun, albatta gidrologiya punktiga tushishadi. Bu odam esa ovchiga ham o‘xshamaydi. Yana sochini ham shaharliklarnikiga o‘xshatib oldirgan, kiyimlari yoqqa botgan, bilagida soati…
Bektemir unga sinchiklab qaradi. Bu kishining butun tun bo‘yi yomg‘ir ostida qolib ketgani ko‘rinib turardi. Gavdasining yarmini jarlikdan oqib tushayotgan loyqa suv ko‘mib yuborgan. Ko‘rinishidan yosh yigitga o‘xshaydi. Kiyimining tizzasi va tirsagidan yirtilganiga qaraganda u qattiq olishgan, yuqoriga emaklab chiqishga intilgan. U hozir ham jarlik tubidan xuddi emaklab chiqayotgandek bo‘lib yotibdi: o‘ng qo‘li oldinga uzatilgan, barmoqlari toshni timdalab – tirmashganicha turibdi. Qayerdan va qaysi tomondan keldi ekan u? Buni aniqlash mushkul – yomg‘ir izlarni yuvib ketgan.
Shu mahal yotgan odam kutilmaganda qo‘zg‘alib, sekingina ingradi.
«Xayriyat tirik ekan hali!» – sevinib ketdi Bektemir va otdan sakrab tushib, uning qo‘lini ushladi.
– Hoy o‘rtoq, menga qara!
Ammo u javob bermasdi. Bektemir mashaqqat bilan uni chalqancha yotqizdi, yoqalarini yechib, ko‘kragiga qo‘lini qo‘ydi. Yuragi hali urib turardi. Bektemir uning kissalarini kovlab ko‘rdi, komsomol biletidan boshqa hech narsa topmadi. Biletning suvga botgan varaqlari bir-biriga yopishib, siyohlari yoyilib ketgan edi. Bektemir quyidagi uch so‘zni o‘qiy oldi, xolos: «…Aliyev Nurbek… 1930…»
– Qiziq!– boshini chayqadi Bektemir. So‘ng Nurbekni egarga beozor o‘ngarib olish uchun otni qulayroq joyga yetaklab keldi.
II
«Penitsillin «tugayapti, nima qilish kerak?» – Nurbekning bu yerda eshitgan birinchi so‘zi shu bo‘ldi. Bu so‘zlar xuddi uzoqda gapirilgandek qulog‘iga arang chalindi. Ammo bu so‘zlarni kim so‘zladi, u kimga tegishli, buni Nurbek anglamasdi. U har qancha urinsa ham ko‘zini ocholmadi, majoli qurib, o‘zini allaqanday zulmat ichiga qulab tushgandek his etdi.
Keyinroq Nurbek kimdir og‘ziga suv quyayotganini sezdi. Og‘zidan oqib tushayotgan muzdek suv uning qo‘yniga tushganda u sekin ko‘zini ochdi. Bu safar u, kimdir birov boshida engashib turib:
– Qarang, Asilboy ota, ko‘zini ochdi! – deganini aniq eshitayotgan edi.
Nurbek gapirayotgan kishi yo qiz bola yoki yosh juvon ekanini ovozidan bildi. Biroq shunda ham uning yuzini ko‘rmasdi: ko‘z oldini tumandek qorong‘ilik qoplab olgan, hech narsa ko‘rinmasdi. «Bu ehtimol tushim bo‘lsa kerak»,– o‘yladi Nurbek. Shu payt ikkinchi bir kishi gapga aralashdi, u har holda keksaroq ko‘rinardi.
– Ha, qizim, u yana hayotga qaytdi!– dedi-da, yengil tortib nafas oldi.– Sen savob ish qilding, Asya! Mana buni xudoning qudrati-yu, dorining ko‘magi deydilar!
Ular yana nimalar haqidadir pichirlashib gapirishdilar-da, so‘ng chiqib ketishdi. Chol eshikni ehtiyotlik bilan yoparkan:
– Damini olsin, bechora!–dedi.
Asta-sekin bemorning ko‘z oldi ravshanlasha boshladi. Nurbek unchalik katta bo‘lmagan, yangi oqlangan ozoda xonaga hayron bo‘lib ko‘z yugurtirib chiqdi. U qanday qilib bu yerga kelib qolganini bilmasdi, lekin xonada biron madaniyatli kishi yashashini darrov sezdi. Javonlarda tartib bilan terib qo‘yilgan kitoblar, stol ustida esa allanimalar yozilgan qog‘oz taxlog‘liq turardi. Burchakdagi shkafda Nurbekka notanish bo‘lgan qandaydir priborlar qo‘yilgan. Devorda alpinistlarning ko‘zoynagi osig‘liq turibdi. Asta egilib deraza tomon qaragan edi, ko‘zi tumbochka ustidagi oyna va ko‘pchilik bo‘lib oldirilgan suratga tushdi. Suratning tepasiga «Geografiya fakulteti» degan so‘zlar yozilgan. Derazadan tog‘ cho‘qqilari, moviy osmonning bir parchasi ko‘zga tashlanib turardi. Qayerdadir yonginasida, go‘yo uyning yonboshida daryo to‘xtovsiz shovullab turardi.
– Hech narsani eslolmayman!– pichirladi Nurbek va oynaga tikilganicha qarab qoldi. Ranglari siniqib, yuzlari ichiga cho‘kib ketgan, ko‘pdan beri soqol-mo‘yloviga ustara tegmagan, boshi bint bilan o‘rab bog‘langag kishi karavotda yotgan bo‘yicha oynadan unga tikilib qarab turardi.
– A-a! – baqirdi Nurbek. Uning yuzlari og‘riq va dahshatdan o‘zgarib ketgan edi. Go‘yo u qandaydir jirkanch va vahshiy bir qiyofani ko‘rgandek bo‘ldi. Nurbek qo‘li bilan yuzlarini berkitib, ingraganicha teskari o‘girilib yotdi. Eshik ochilganda esa qo‘rquvdan cho‘chib ketib, qo‘llarini yuzidan oldi. Xonaga uzun sochlarini orqasiga tugib olgan, egnida chang‘ichilar kostyumi va oyog‘iga qalin charmli tog‘ botinkasi kiyib olgan bir qiz kirib keldi.
– Qalay, durustmisiz? – oddiy bir ohangda bemordan hol-ahvol so‘radi va qo‘lidagi choynakni stolga qo‘ydi. Nurbek qip-qizarib ketdi. Yoningda qiz bola tursa-yu, yigit bo‘la turib karavotda yalpayib yotsang, qiziq tuyular ekan. U turishga harakat qilib ko‘rdi.
– Siz nima qilyapsiz?! Yoting, turish mumkin emas sizga!
Nurbek qizga javob bermoqchi edi, lekin ulgura olmadi, qovurg‘asi tagida qattiq sanchiq turib, kutilmaganda nafasi bo‘g‘ilib, yo‘tal tutib qoldi. Nurbek ikki bukilib ko‘kragini changallagancha xirillab yotgan edi. Qiz qo‘rqib ketganidan nima qilishini bilmay, xonada gir aylanardi. Oxiri, kelib Nurbekning boshini tutdi. Yo‘tal to‘xtagach, yengil nafas olib, bemorning manglayini sochiq bilan arta boshladi.
– O‘pkangiz qattiq shamollagan. Siz o‘zingizni ehtiyot qilishingiz kerak. Kechadan beri hushsiz yotibsiz. Haroratingiz ham baland. Bugun ham o‘ttiz to‘qqiz.
Yoting… Bu yerda o‘zingizni o‘yingizdagidek his etavering… Men bo‘lsam, radiobudkada bir necha daqiqa aylanib qolibman…
Nurbek yo‘taldan so‘ng ham o‘ziga kelmadi, qizga nimani aytishni, nima deb javob qaytarishni bilmay, xijolat tortib dovdiragancha qarab turardi, xolos. Erkaklarga o‘xshash kiyinib olgan bu qiz negadir minut sayin unga yaqinroq va tanishroq bo‘lib tuyular, go‘yo Nurbek uni ko‘pdan beri ko‘rib yurgandek edi. U qorachadan kelgan, oddiy qirg‘iz qizi edi. Uning yumaloq yuzi, chiroyli keng peshonasi tog‘ shamoli va quyoshdan pishgan edi. Taranglashgan qalin lablari hozir kulib yuborayotganday, hamisha mayin tabassum bilan balqib turardi. Bularning hammasi kishida bolalarcha soddalik va ezgulik tug‘dirardi. Faqat uning ko‘zlaridan jiddiylik va o‘ychanlikni sezib olish mumkin edi. U unchalik katta bo‘lmagan semiz va baquvvat qo‘llari bilan ko‘rpani tuzatib, Nurbekning oyoqlarini yaxshilab o‘rab Qo‘ydi.
– Karavot qisqaroq, yostiqni balandroq qo‘yib beraymi?
– Yo‘q, yo‘q, tashvishlanmang… Kechirasiz, singilcham, men hozir qayerda yotibman?
Qiz ajablanib, qoshlarini chimirdi.
– Bu yer gidrologiya punkti!
– Gidrologiya punkti deysizmi?
– Ha! Siz Baydamtol daryosi haqida eshitgandirsiz? Sizni Bektemir og‘a topdi. Siz uni taniysizmi?
– Yo‘q, eslayolmayman!..
– U bizning gidrotexnigimiz.
– Bu yerda odam yashaydimi?
– Ha, yashaydi. Lekin juda ozmiz – Bektemir og‘aning oilasi va men, xolos.
– Siz bu yerda ishlaysizmi?
– Ha, gidrologman.
– Menga qilgan yaxshiliklaringiz uchun rahmat, singlim, biroq… – Nurbek gapirolmay tutilib qoldi. So‘ngra sir boy bermay, so‘radi: – Sizning ismingiz nima?
– Asya. Sizning nomingiz – Nurbek-a, shunday emasmi? Siz Baydamtolga biron-bir muhim ish bilan kelgan bo‘lsangiz kerak?
Nurbek Asyaning so‘zlariga javob bermadi. Teskari qarab boshini ko‘rpaga o‘rab oldi, lekin shu zahotiyoq qo‘rpani irg‘itib tashlab, qizga ho‘mrayib qaragan holda:
– Men jinoyatchiman! – dedi. Asya qo‘lidagi choynakni sekin yerga qo‘ydi.
– Siz jinoyatchi?! Qanday jinoyatchi, qanaqasiga? Demak, siz qochib kelib, tog‘da berkinib yotibsizmi?!
– Ha, singlim! Siz odamni qutqardik deb o‘ylarsiz… Bu to‘g‘ri, mening o‘rnimda boshqa har qanday kishi bo‘lganda ham umrining oxirigacha o‘zini sizdan qarzdor deb bilardi… Ammo, men dom-daraksiz yo‘qolib ketganimda, agar toshqin daryo mening suyaklarimni uzoq-uzoqlarga oqizib ketganida, men o‘zimning mana shu achchiq taqdirimdan juda xursand bo‘lardim.
Asyani qo‘rquv bosgan edi, lekin u o‘zini darrov qo‘lga olib, bemorni tezroq tinchitishga harakat qildi.
– Qo‘ying, tinchlaning? Siz hayajonlanmasligingiz kerak. O‘rningizdan qo‘zg‘almang!
– Ketmang, singlim! Sizdan o‘tinib so‘rayman, gaplarimga quloq soling! – Aftidan u Asyani o‘zining gaplarini eshitmay ketib qolishidan qo‘rqardi. – To‘xtang, Asya, men sizga hammasini aytib beraman yashirmasdan…
III
Ilk bahor kunlaridan birida Nurbek zavod darvozasidan tashqariga chiqdi, bo‘ynidagi jundan to‘qilgan sharfini olib cho‘ntagiga soldi-da, keng yelkalarini rostlab, ko‘kragini to‘ldirib-to‘ldirib chuqur nafas ola boshladi. U ko‘rish mumkin bo‘lgan hamma narsaga: ko‘chalarni, zavod korpuslarini, havo va parklarni – jamiki narsaga quvonch bilan nazar tashlardi.
Nurbek bo‘ychan, kelishgan yigit edi, hozir ham boshini yuqori ko‘tarib, lablarini qisib atrofga mag‘rur boqib turishi o‘tkinchilarning ko‘ziga, ayniqsa, yaqqol tashlanib turardi.
U, ayniqsa, bugun bahorning yaqinlab kelayotganini yaxshi his qilayotgan edi. Havo nam va yopishqoq osmon sarg‘ish bulutlar bilan qoplanib, quyosh ko‘rinmayotgan bo‘lsa ham, asfaltlarda qorlar erib ketayotgan edi. Pastqam o‘tloqlardan esa suvlar jildirab oqib, ariqlarga borib quyilayotgan edi. Bahor darakchisi – o‘rik, uning devorlar orqali ko‘chalarga yoyilib ketgan shoxlaridagi to‘lishgan kurtaklari nozik hid tarqatardi.
Nurbek trolleybusga o‘tirdi. Uning bahor haqidagi o‘y-xayollari hali tarqamagan. Yaqinlashib kelayotgan kunlar Nurbek uchun qiziqarli va alohida ahamiyatt ega. U qo‘riq yerlarda tashkil etilgan olisdagi baland tog‘li sovxozlarga mexanik bo‘lib boradi. Zavod partiya tashkilotining sekretari uning xarakteristikasiga: «Malakali, aqlli mexanik, shuning uchun ham zavod partiya tashkiloti unga zavod ishonchini oqlashiga to‘la ishonch bildiradi», deb yozgan edi.
Obkomning putyovkasi qo‘lida, erta-indin klubda xayrlashish marosimi o‘tkaziladi, unda qancha iliq so‘zlar, yaxshi istaklar aytiladi, muzika, tantsa, kulgi, qo‘l siqishib ko‘rishish, so‘ngra… so‘ngra… Bularping barini, qalbiga jo qilib olgan quvonchli voqealarning hammasini ta’riflab berish Nurbekka qiyin… Bir so‘z bilan aytganda – oldinda yangi porloq hayot, yangi ish, yangi do‘stlar!..
Nurbek qo‘riq yerlarni zabt etuvchi shonli yoshlarimizning biri bo‘lib tayinlanadi. U yerda, asrlar bo‘yi odamzod qadami yetmagan tog‘ bag‘irlarida ekinlar boshoqlaydi, yo‘llar yotqiziladi va shunda xalq: «Bu bizning ovulimiz, bizning maktabimiz, bizning ustaxonamiz…» deb faxr bilan tilga oladi. Nurbek bu haqda o‘ylar ekan, uning qo‘llari kuchga to‘lib, hoziroq ishni boshlashga oshiqardi.
IV
Bahor toqqa juda kechikib keldi. Shudgordan tashqari, sovxozda ishlar boshdan oshib yotgan edi. Texnikaga yoqilg‘i keltirish, remont ustaxonasini jihozlash, uy, oshxona, hammom qurish va boshqa qanchadan-qancha ishlar. Axir yangi, kimsasiz yerda hammasi ham muhim, hammasi ham kerak. Birini qildingmi, orqasidai ikkinchisi, uchinchisi chiqaveradi. Biroq, mexanizatorlar shudgor qilib, ekin ekishni muhim va asosiysi deb hisoblar edilar.
Ma’lum bo‘lishicha, bu kimsasiz, yovvoyi tog‘ oraliqlarini inson izmiga bo‘ysundirish shunchaki yengil bir ish emas ekan. Ammo mavjud qiyinchiliklar Nurbekning ruhini tushira olmadi. U avvalgiday shoshib-pishgan, qizg‘in va serg‘ayratligicha qoldi. Bunga yana serzardalik, nima desa aytganini qildira oladigan kabi yangi xarakter xislatlari ham qo‘shildi. U hamma ishni o‘z qo‘li bilan bajarishni, o‘z didiga o‘tiradigan qilib ado etishni istardi. Agar, mabodo uning qo‘l ostidagi kishilardan birontasi belgilangan topshiriqni bajara olmasa, u bundaylarga bo‘sh kelmasdi: «Qanaqa odamsan! – baqirib berardi u, odatdagidek, – shu oddiy ishni ham uddalay olmayapsanmi?.. Senga o‘xshaganlarni bu yerga kim yubora olishi mumkin… Qani nariroq tur, o‘zim qilaman!»
Nurbek qanday ishga kirishmasin, uni albatta, oxiriga yetkazmasdan qo‘ymasdi. Aftidan Nurbeksiz umuman biron ishni bajarish mumkin emasday tuyulardi. Qachon qarama, belini mahkam bog‘laganicha chopib yuradi. “Palatkalarni ham o‘zi buzib, buldozerlarni o‘zi boshqarib boradi, tog‘lardan ko‘chib tushgan qor uyumlarini kurab, ustaxonadagi stanoklarni ham o‘zi montaj qiladi…
Faqat yomg‘ir uzoqqa cho‘zilib, ishga chiqmay palatkalarga kirib olingan paytda uning boshiga birdan g‘amgin o‘ylar kelardi. Unga shu narsa qorong‘i edi: nega u hanuzga qadar biron kishi bilan yaqindan aloqa bog‘layolmadi, nega uning bemalol dardlasha oladigan samimiy, dilkash do‘stlari yo‘q? Ishda bo‘lsa odamlar unga bo‘ysunadi, hech qachon aytganini ikki qilmay, izzat-hurmat qilayotganday bo‘lib ko‘rinadi, ish kuni tamom bo‘ldimi, hatto u bilan hech kim gapirishmaydi ham… Shunday paytlarda Nurbek chamadondan fotosuratlarni olib, chiroqning xira yorug‘iga tutib uzoq vaqt termilib qarardi.
Oynagul suratda ham chiroyli edi. Fotosuratdan uning sevimli atir hidi anqib turardi.
Oynagul ministrlikda sekretar bo‘lib ishlardi. U yumshoq yo‘lkalardan va to‘shab qo‘yilgan gilam ustidan yurishga ko‘nikib qolganidanmi yoki tug‘ma go‘zallikmi, uning yengil va ohista qadam tashlab yurishlari g‘oyat latofatli edi.
Nurbek qo‘riq yerlarga ketishga qaror qilganini aytib, yonidagi putyovkasini ko‘rsatganda, Oynagul Nurbek kutganidek uning bo‘yniga osilmadi.
– Sen yaxshi o‘ylab ko‘rdingmi? – so‘radi Oynagul, peshonasini tirishtirib.
– Ha, nima edi?
– Shunday o‘zim… – dedi va sekingina qo‘shib qo‘ydi:– Demak sen meni faqat so‘zdagina sevar ekansan-da… – Oynagulning qalin kipriklari yosh bilan namlanib, ko‘zlari yana go‘zallik kasb etgan edi. Nurbek dovdirab qoldi, u buni kutmagan edi.
– Nima keragi bor buni, Oynaxon? Sovxozga ketsa meni esdan chiqarib yuboradi, deb o‘ylamagin sen! Men u yerlarda sen bilan birga hayot kechirishimizni orzu qilaman.
Albatta, Oynagul qo‘riq yerga borish haqida tezda bir qarorga kelmagan edi. Buni Nurbek ham unga maslahat solmagan edi. Avvalo joylashib, uy olish, keyin esa turmush qurish haqida so‘z bo‘lishi mumkin edi.
Nurbekni kuzatayotib, Oynagul uyga o‘zining fotosuratini taqdim etdi:
– Boraver, Nurbek, – dedi u zarda bilan lablarini cho‘chchaytirib. – Bilaman, agar hayolingga biron narsa kelib qoldimi, sira ham fikringdan qaytmaysan. Agar u yer yoqmay qolsa, o‘zingni qiynab o‘tirma, qaytib kelaver, men kutaman seni… Yana zavodda gap qilishadi, deb o‘ylama, buning uncha ahamiyati yo‘q… Ish hamma vaqt topiladi… Ha, aytganday, har ehtimolga qarshi, tentirab yurma, rayonda mening tog‘am ishlaydi, mana uning adresi. Tortinib o‘tirma, unga murojaat qilaver, hammasiga yordamlashadi u…
Biroq ma’lum bo‘lishicha, Oynagul unga adashib boshqa adresni bergan ekan. Uning tog‘asi qo‘shni rayonda, janubdagi dovonda ishlar ekan. Nurbek buni keyinchalik mahalliy kishilardan so‘rab bilib oldi.
Sovxoz kundan-kunga ko‘z o‘ngida yuksalib, obod bo‘lib bormoqda edi. Nurbek bo‘lsa hamon o‘sha kunni – Oynagul bilan o‘z taqdirini birlashtiruvchi porloq kunni orziqib kutayotgan edi.
V
Toqqa bahor ancha kechikib keladi, uni orziqib kutish kerak, biroq, u o‘z husn-jamolidan nishona ko‘rsatdimi –darhol yer yuzini gul va ko‘katlar sepi qoplab oladi.
Pastda, vodiyda maysalar unib chiqadi, nihollar qomatini rostlab yaproq yozib, soya tashlay boshlaydi. O‘shanda bahor navbatni yozga berib, o‘zi esa yer betini cho‘lg‘ab olgan ko‘k-yashil tusdagi guldor ko‘ylak barini ko‘tarib sudraganicha tog‘ sari yo‘l oladi.
Tog‘ zonasining bahori o‘zgacha tabiatga, o‘zgacha go‘zallikka ega.
Ertalabdan qor yog‘adi, tushdan so‘ng quyosh chiqib, qorlar erib bug‘lanadi, bir kunlik gullar gullaydi, kechga kelib esa yer selgib, ariq va jilg‘alar tun bo‘yi muzlab chiqadi. Ertasiga ertalab cho‘qqilardan qarasang, ko‘z ilg‘amas kenglikdagi naqadar musaffo tog‘ bahorinn ko‘rib, qalbing quvonchlarga to‘ladi. Charaqlab turgan osmon dengizida kichkinagina dog‘ ham ko‘rinmasdi. Yer esa yoshgina qiz kabi yasangan – yam-yashil, shabnam bilan yuvilib, go‘yo uyalib kulib turardi… Agar qiyqirsang, ovozing uzoq vaqt jaranglab cheksiz va yuksak tog‘ tizmalari bo‘ylab toza havoda yiroq-yiroqlarga taralib ketadi… Hech qanday qor ham, tuman ham, yomg‘ir va shamol ham bahorni to‘xtata olmasdi, u yashil olov kabi alangalanib tog‘dan toqqa, cho‘qqidan cho‘qqiga yonib o‘tib, tobora yuksalib, mangu muzliklar sari bormoqda edi.
Odamlar hamma yerda bahorgi ekishni ertaroq tugallash bilan band. Tog‘li yerlarda esa bu, yanada muhim edi,–muddatdan sal kechikdingmi, ekinlar pishib yetilmay qolardi yoki tungi sovuq urib ketardi.
…Nurbek sovxozning uzoq uchastkalaridan biri – chegaradagi «Katta soyga» kechqurun yetib keldi. U mototsikldan tushmasdanoq, qiya tepalikda to‘xtab qolgan traktorni ko‘rdi. Nurbek achchiqlanib tupurib, mototsiklni o‘chirdi va traktor tomon yugurib ketdi. Olisdan jahli chiqib baqirdi.
– Ey, sen traktorni nega yotqizib qo‘yding! Yana sindirdingmi?
Yosh traktorchi Juman qo‘lidagi papirosni oyoq ostiga olib tepkilab tashladi.
– Traktorning hamma yeri taxt! – o‘zini oqlamoqchi bo‘lganday javob berdi u. – Biroq bu yerda haydash xavfli, og‘a.
– Nima deyapsan? – Nurbek unga tomon tashlandi. Sal bo‘lmasa mushti bilan solib yuborguday bo‘lib. – Aqling joyidami seni?
– E-e… O‘rtoq mexanik, tushunasizmi…
– Ha, aniqroq qilib gapir! Traktor qachondan beri yurmay turibdi? Senga aytyapman!
– Bir soatdan beri…
Nurbek mushti bilan havoni kesib:
– Kim ruxsat berdi senga? Kim? Qanday ahmoq?
– Traktor ag‘darilib ketadi deyapman-ku. Ishlash xavfli!
– Qayoqqa ag‘dariladi? Nega mahmadonalik qilyapsan?
Buning ustiga brigadir kelib qoldi. Nurbek Trofimovning boshidan oyog‘igacha g‘azab bilan nazar tashlab oldi va afsuslanganday boshini chayqab:
– Buni sizdan hech qachon kutmagan edim! Traktorning bo‘sh turganligi uchun partbyuroda javob berasiz!
Katta, keng gavdali Trofimov, odati bo‘yicha dag‘al mo‘ylovini vazminlik bilan silab, bosh irg‘ab hammasini ma’qullaganday:
– Traktorni to‘xtatishga majbur bo‘ldik, o‘rtoq mexanik,– bosiq ovoz bilan gapirdi u.– Kutdik, siz yoki agronom kelib qolsalaring, maslahatlashamiz deb o‘yladik… Mashinani haydashga relef imkon bermaydi. Nishablik… Qiyalikni bir ko‘ring-a… Traktor sirg‘alib tushib ketishi mumkin, kishilarning ham boshiga yetishimiz mumkin! Sezyapsizmi, traktorning qanday turishini!
Nurbek traktorga o‘tirib olib yon bag‘ir muyushga bir qarab oldi-da, shoshqaloqlik bilan qo‘l siltab:
– Ortiqcha ehtiyotkorlik! Bu g‘ildirakli traktor emas, zanjir g‘ildirakli traktorlar bu qiyaliklardan yuraveradi va hech qachon ag‘darilmaydi!
– Men, xudoga shukur, tog‘larda yigirma yillar chamasi ishlayapman, Nurbek Aliyevich. Har xil voqealar yuz berdi! Siz bo‘lsangiz hali bu yerlarga yangi kishisiz. Ishoning menga, bu yerda traktor bilan ishlash mumkin emas, juda xavfli.
Mensimaslik ham evi bilan-da! Demak bundan ko‘rinadiki, Nurbek o‘z ishini eplayolmayotgan ekan-da?! Buning ustiga yana Juman brigadirning so‘zlarini ma’qullab qo‘shib qo‘ydi:
– Brigadir to‘g‘ri aytadi. Haqiqatan ham xavfli!
– Agar xavfli bo‘lsa o‘tovda, uyda o‘tiraverish kerak edi!– Tish orasidan javob qildi Nurbek.– Qo‘riq yerga qo‘rqoqlarning keragi yo‘q! O‘zingiz ayting-chi o‘rtoq Trofimov, partiya bizni nima uchun yubordi bu yerga? Agar biz qandaydir kichkina bir tepalikka chiqishdan qo‘rqsak, topshiriqni qanday qilib bajaramiz!
– Yo‘q, o‘rtoq mexanik,– e’tiroz bildirdi Trofimov.– O‘zini baloga giriftor qilish emas, balki oqilona ish tutish kerak. Axir bu jiddiy ish-ku.
– Siz nimani taklif qilasiz? Qo‘l qovushtirib o‘tirishnimi?
– Nima keragi bor shunaqa so‘zlarni, o‘rtoq mexanik. Qachon biz qo‘limizni qovushtirib o‘tiribmiz. Bu yerni haydash noqulay ekan, bo‘lmasa boshqa yerga o‘taylik.
– Maslahatingiz uchun rahmat! Demak, biz yer haydash o‘rniga, u yerdan-bu yerga ko‘chib yurishimiz kerak ekan-da? Bir minut vaqt hozir qanchalik qimmat ekanligini o‘ylab ko‘rdilaringmi? Ikkinchi bir yerga ko‘chib o‘tamiz deguncha o‘nlab gektar yerni haydab qo‘yish mumkin. Qolaversa, sizlarga yana shuni eslatib qo‘yishim kerakki, hammamizda ham plan, grafik va marshrut bor. O‘zboshimchalik qilishga haqimiz yo‘q.
– Nega bunday ekan, o‘rtoq mexanik? Planga tuzatish kiritish mumkin emasmi? Men sizga yana eslatib aytyapmanki, bu tik tepalikda traktorda yurishni hech kim xohlamayapti. Istagan kishingizdan so‘rab ko‘ring! – dedi Trofimov to‘planib turgan traktorchilarga ishora qilib. Ularning birontasi ham churq etmay turardi. Ammo qovoq osib turishlaridan mexanikning aytgan gaplarini ma’qul ko‘rmayotganliklarini uqib olish mumkin edi.
– Har kimning joni o‘ziga aziz,– dedi Trofimov traktorchilarning fikrini ifodalab,– bunday yonbag‘irliklarda hazillashib bo‘lmaydi, o‘rtoq mexanik!
– Noto‘g‘ri aytasiz! Siz boshqalarni ham qo‘rqoq qilib qo‘yibsiz. Men – sovxozning mexanigiman, qaysi mashinadan qayerda foydalanishni mening ixtiyorimga qo‘yib beraveringlar. Men aminmanki, bu yonbag‘irlikni hech qanday hadiksiramasdan haydayverish mumkin. Bo‘lmag‘ur gaplarga quloq solmaslik kerak! Siz – kommunistsiz, o‘rtoq Trofimov, qiyinchiliklardan qochish kerak emas, balki kurashmoq kerak.
– Qiyinchiliklar sen yashab turgan zamonga nisbatan men bosib o‘tgan davrda ko‘p edi, yosh yigit! – brigadir tutaqib ketdi u Nurbek tomon yaqinlab kelarkan, o‘zini g‘azabdan arang bosib keskin burilib odimlab ketdi. Uning orqasidan boshqalar ham keta boshladi. Nurbek yolg‘iz o‘zi qoldi. Bu unga juda qattiq botib, qalbi alam va iztirobdan achishib og‘riyotgan edi. Nurbek o‘rnidan sakrab turib, Trofimovga yetib oldi va uning yengidan ushladi:
– Men sizga darhol traktorni yurgizishni buyuraman!
Trofimov Nurbekning boshidan oyog‘igacha jimgina nazar tashlab oldi-da, keyin undan qo‘lini tortib olib, yurishda davom etdi.
…Allaqachon yarim kechadan oshib qolgan, tunamoq uchun baland tog‘ qoyalari orasiga bulutlar suzib kelishmoqda, ular to‘p-to‘p bo‘lib, o‘zaro uchishib, endigina uyquga bosh qo‘ygan edilar. Tevarak-atrof suv sepganday jimjitlik. Uzoq-uzoqlarda traktornipg gurillagan ovozi arang eshitilardi. Brigadadagi kishilarning hammasi uyquga ketgan. Faqat Nurbek uxlagani yo‘q. Achchiq va chidab bo‘lmas alam o‘tlari uning qalbini tirnab o‘rtayotgan edi. U ilondek to‘lg‘anib, sezdirmasdan xo‘rsinib, allanimalar deb g‘o‘ldirardi. Ha, Trofimov uni bugun sharmanda qildi, butun xalq o‘rtasida sharmanda qildi! «Yo‘q, bunga jim turib bo‘lmaydi! Nima bo‘lsa ham o‘zining haq ekanligini isbotlashi kerak, faqat shundagina o‘z obro‘-e’tiborini tiklab olishi mumkin!»
Nurbek sekin o‘rnidan turib ovoz chiqarmay palatkadan tashqariga chiqdi. U yoq, bu yoqqa qaradi, hech kimsa yo‘q. O‘g‘rilardek engashib, u nariga chopib ketdi va jarlik soyasida g‘oyib bo‘ldi.
Oradan bir oz o‘tgandan so‘ng, qiya tepalikda, traktorning yonida cho‘ntak fonari bir-ikki yonib o‘chdi va birdan tun tinchligini buzib, pulemyot otilganday «ta-ta-ta-ta!» degan ovoz eshitildi. Bu traktorning ovozi edi. Oradan sal o‘tmay, traktor bir me’yorda, so‘niq ovozda tirillay boshladi. Birdan chiroq yonib, shu bilan bir vaqtda traktor ham o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Nurbek richagni bosganicha hayajonlanib, ilgariga tikilib qarardi. Traktor tepalik bo‘ylab yurib ketdi.
«Ha, texnika inson qo‘l ostida, faqat uni boshqara bilish kerak, shunda u inson qo‘li qayerni ko‘rsatsa o‘sha tomonga ketaveradi. Buning uchun esa botirlik, jasurlik va qat’iylik kerak! Mana buning yaqqol misoli – boshqalar jur’at qilolmagan yerdan traktorni Nurbek haydab bormoqda!», – yo‘q, traktor qulab ketmaydi! Bu behuda gap. Sizlar uchun endi qizarishga to‘g‘ri keladi! – xitob qilardi Nurbek, hayajonidan titroq bosib.
Traktor haqiqatan hali tik tepalik sari yurib borayotgan edi. «Ular nimadan qo‘rqishdi? – o‘yladi Nurbek. – To‘g‘ri, hadeb bir tomonga engashib o‘tiraverish u aytganday oson gap emas ekan, ammo bu sal narsa, chidasa bo‘ladi!»
Oldinda yassi do‘nglik ko‘rindi. Traktor radiatori bilan yuqoriga ko‘tarildi, u hozir ag‘darilib kyotayotganday, biroq Nurbek traktorning yurish tezligini oshirib, bir zarb bilan bu do‘nglikni ham bosib o‘tdi. Kartaning oxiriga yetib traktorni orqaga burdi. Endi Nurbek g‘alabaga qat’iy ishonch hosil qilgan edi:
– Men sizlarga ko‘rsatib qo‘yaman, kim ekanligimni!– qichqirdi u chiranib, badxohlik bilan.– Ertalabgacha bu qiya tepalikning hammasini haydab qo‘yaman, agar zarur bo‘lsa, bu tog‘larning hammasini cho‘qqilari bilan birga qo‘shib haydab tashlayman! Ertaga ko‘rib ishonch hosil qilasan, Trofimov, qaysi birimiz haq ekanligimizga!
Nurbek ikkinchi krugni ham bosib o‘tdi. O‘zida mislsiz kuch paydo bo‘lganini his qildi, ko‘z o‘ngida go‘yo traktor bilan birga qo‘shilib qudratli po‘lat gavda turganday tuyuldi.
Oldinda yana tepalik ko‘zga tashlandi.
– Hechqisi yo‘q! – O‘zini tinchlantirardi Nurbek. Traktor zo‘riqib-bo‘kirib yurib borayotgan edi, birdan yonboshga qarab og‘a boshladi.
– Hechqisi yo‘q! – o‘ziga dalda berardi Nurbek… Qo‘li richagda, uchinchi skorost… La’nati traktor bo‘lsa, hamon ingrab-bo‘kirganicha qiyshayib, og‘ib borayotgan edi. Traktorni epchillik bilan birdan yuqoriga burib olish kerak edi, aks holda u ag‘darilib ketardi! Nurbek oldinga tashlanib, o‘ng tomondagi richagni kuch bilan o‘ziga tortdi. Traktor zanjirli g‘ildiraklari bilan tuproq ichida keskin burildi va bunday tepalikda yurishga qodir emasday tumshug‘ini osmonga ko‘targancha turib qoldi. Nurbekning boshiga gup etib qon urdi: «Nima qilish kerak? Tezroq motorni o‘chir! Qani, tezroq! Motor jimib qoldi! Nima qilish kerak?»
Biroq endi kechikilgan edi. To‘xtab qolgan traktor shu zahotiyoq g‘ijirlab ovoz chiqarib, sekin-asta plugni ostiga olib ezib, orqa tomon tislanayotgan edi. U endi ag‘darila boshlay degan edi, Nurbek kabinadan sakrab tushdi. Keyingi voqealar esa ana-mana deguncha bo‘lib o‘tdi. Traktor pastlikka tomon tezlashganidan-tezlashib dumalab borayotgan edi. Tog‘ etagiga yetganda kuchli zarb bilan qoyaga borib urildi.
– A-a-a-a! – deb baqirib yubordi Nurbek, lekin u o‘z ovozini eshitmasdi. Traktor katta toshga borib urilishi bilan lop etib olov chaqnadi, qoya va mashinadan otilib chiqqan parchalar hushtak chalib atrofga sochilib ketdi. Yer larzaga kelib shu zahotiyoq hamma yoqni birdan zulmat qoplab oldi.
Nurbek oyoq yalang, ko‘ylakchang, qo‘llariga fonar ko‘tarib chopib kelayotgan odamlarni ko‘rdi. U go‘yo yer surilib cho‘kib borayotganday bir depsinib oldi. Odamlar bo‘lsa yaqin kelib qolishgan edi, qo‘rqinchli baqiriq-chaqiriq ovozlari eshitilmoqda edi.
– Nega sakradim, men? – Dahshat ichida shivirladi Nurbek, – traktor bilan birga majaqlanib ketsam bo‘lmasmidi?
U qochishga joy topolmay gangib turdi-da, so‘ng hovliqib, o‘qday yugurib ketdi.
Nurbek orqasiga qarashga botinolmasdi. U boshini yelkalari orasiga olib, qo‘li bilan yashirar, qoqilib ketib, gursillab yiqilib tushar va shu zahotiyoq yana o‘rnidan sakrab turib, quyon kabi g‘izillab chopardi.
«Tezroq! Tezroq yugur! Yetib qolishdi. Eshityapsanmi» «Ushla, ushla!.. Xoinni tut, mahkamroq ushla!..» degan ovoz eshitildi.
Nurbek bor kuchi bilan qochardi. Uning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmasdi, o‘nqir-cho‘nqir demay chopib borardi. Ammo oyoq, bu la’nati oyoq xuddi balchiqqa botib qolgandek yerdan ajralmasdan bir-biriga o‘ralashib, nafas olish ham og‘irlashib, a’zoyi badani yonib achishardi. Nurbek toqat qilolmasdan ko‘ylak yoqalarini yirtib yubordi.
* * *
Ertalabdan ikki burgut ko‘kda parvoz qilardi. Ahyon-ahyonda erinchoqlik bilan qanot qoqib qo‘yar va yana yuksaklikda aylanib yurardi. Ular chamasi tarang va egilmas qanotlarini sal-sal tebratib, havoda yengil va erkin parvoz qilib yurishgan edi.
Bu cheksiz bo‘shliqqa faqat burgutlargina hukmron edi. Ular bu hokimlikka monand harakat qilganday vazmin va osoyishta uchishardi. Tog‘i toshlar ham, qorlar ham, daryolar ham uning keng qanoti ostiga jo bo‘lgan. Ular yer yuzida bo‘layotgan jamiki narsalarni, hatto mayda zarrachalarga qadar ravshan ko‘rib turadilar.
Mana, tog‘ oralig‘ida allaqanday qo‘g‘irchoq kattaligidagi maxluq paydo bo‘ldi.
«…Odam! Qara, odam-ku!» – qag‘illab tovush berdi burgutlardan biri. «Ko‘ryapman, bu odam!» qisqagina javob qildi ikkinchisi.
Soylikda odam paydo bo‘ldi, ammo burgutlar hamon vazmin va osoyishta parvoz qilishardi. Odamning paydo bo‘lishi ularni hech ham bezovtalantirmadi. Axir, u qushlarning uyasini buza olarmidi? Yo‘q, bu odam o‘z soyasidan o‘zi qo‘rqadi. U qochoq yoki bo‘lmasa qandaydir yo‘ldan adashgan baxtsiz bir kishi. Bu uning ishonchsizlik bilan omonat qadam tashlashidan, daydib yurishu, qo‘rquv aralash ko‘z qarashlaridan aniq sezilib turardi. U tez-tez seskanib tushar, atrofga alanglab qarab, yana jim qolar edi. Bunday kishi chiqib bo‘lmaydigan qoyalardagi burgut inlariga yetib borib, ular bilan yakkama-yakka kurasha olarmidi? Bu kishida maqsadga erishish uchun kuch va iroda bormikin, dadil kurashishga qodir ekanmikin! Yo‘q, burgut uyasiga qo‘l solmoq uchun u kishining o‘zi ham dovyurak burgut bo‘lmog‘i kerak! Ha, g‘alaba ochiq kurashda hal bo‘ladi. Burgutlar yuzma-yuz olishishni yoqtirishadi. Dushman ularning uyasiga qo‘l solmoqchi bo‘lib intilganda, ular dushmanga qarshi: «To‘xta! Orqangga qayt!» deb qichqirishadi, so‘ng darg‘azab bo‘lib qur-qurlashib «Tayyor bo‘l!» – deganday bir-birlariga xabar qilishadi-da, cheksiz balandlikdan tosh kabi quyiga otiladi. Ular shuvillagancha havo bo‘shlig‘ini yorib o‘tib, dushman ko‘kragiga changal uradi-da, uni o‘lim holatiga keltiradi. So‘ng burgutlar o‘z inlari tepasida uzoq aylanishib, goh quvonch bilan, goh g‘azab bilan, gohida esa achinish bilan ancha vaqtgacha qur-qurlashib aylanib uchib yurishadi…
Bu odam bo‘lsa bunday jangni xayoliga ham keltirmasdi, u o‘z yo‘lida davom etayotgan edi.
Kun yarim bo‘lganda u kishi katta dovonga yetib oldi. Uning uzoqlashib, tezda ko‘zdan g‘oyib bo‘lib borayotganini ko‘rgan burgutlardan biri: «Odam ketdi!..» deb qur-qurlaganida, ikkinchisi ham unga «Ketdi», deb qisqagina javob qildi.
VI
Nurbek dovon tepasiga chiqib olguncha charchab holdan ketgan edi. U qalin qor kechib, balki hali hech qachon inson oyog‘i yetmagan yerlarda yurib bormoqda edi. Dovondan kuchli va muzdek shamol esardi. Mana uning tuz totmaganiga bir sutka bo‘lay deb qoldi. Iloji boricha tezroq tushish kerak, balki vodiyda chorvadorlarning o‘toviga duch kelib qolar. Dovondan butun tog‘ manzarasi ko‘zga yaqqol tashlanib turardi. Pastda, katta daryo oqmoqda. Biroq Nurbek u yerda inson yashaganligini ko‘rsatuvchi biror belgini uchratmadi. U madorsizlanib, sekin toshga o‘tirdi-da, qo‘li bilan yuzlarini berkitdi. «Bu huvillab yotgan notanish tog‘larda odam qayerdan bo‘lsin!–o‘ylardi Nurbek.– Nahotki, faqat men kabi ahmoqlar yashasa!» – u boshini yana ham quyi solib ko‘zlarini berkitib oldi…
Kuchli esayotgan shamoldan olov yo o‘chib qolishi, yoki yana ham alangalanib yonishi mumkin. Avvalgi qizishib yongan Nurbek hozir moyi tamom bo‘lib qolgan chiroq kabi so‘nib qolgan edi. Endi u – qochoq, bir burda non haqida, o‘zini himoya qilish haqida xayol suruvchi, xilvat joy topib, o‘t yoqib jon saqlashni o‘ylovchi kishi.
«…Oynagulimning tog‘asi qayerda yasharkin?» «…Rayonga qachon yetib olaman? – o‘ylardi Nurbek. – Aytishlariga qaraganda mana shu dovondan keyin yana ikki kunlik yo‘l. U yerga yetib borsam, ozroq bo‘lsa ham, undan pul qarz olaman-da, shaharga qaytaman va Oynagul oldida, endi qo‘riq yer haqida, hatto og‘iz ham ochmayman!» deb qasam ichaman.
Nurbek o‘rnidan turdi va pastga, daryo tomonga qarab sekin yura boshladi. Dovon tepasidan pastga tushish unchalik qiyin emasday, hammasi ko‘zga tashlanib turardi. Lekin u birmuncha vaqt o‘tgandan keyin, o‘zini ustma-ust qalashib yotgan qoyalar orasida ko‘rdi va ko‘ziga shu ulkan toshlardan bo‘lak atrofda hech narsa ko‘rinmasdi. Nurbekni vahima bosdi. U bu toshli qoyalardan tezroq chiqib olishga intilib, deyarli yugurib borardi. Ana-mana deguncha qorong‘ilik tushib, kech kirib qolgan edi. Nurbek boshini ko‘tarib qaradi, tepasida qovoq osib turgan past bulutlarni ko‘rdi. U yurishini yana tezlatdi. Momaqaldiroq gulduradi, toshlarning ustiga yirik-yirik yomg‘ir tomchilari shitirlab tusha boshladi. Keyin izg‘irin shamol esib, uning orqasidan kuchli do‘l yog‘ib selga aylandi. Osmonni qalin bulut qoplab olib, u namlikni so‘rib olayotganday og‘irlashib, pastga tomon yaqinlab kelgandi. Hamma yoqni zulmat qoplab olgan. Nurbek o‘zini qayerga olib qochishni bilmasdi. Qulayroq joy topib olish uchun olazarak bo‘lib bezovtalanardi. Yashin esa u qayerda, qay ahvolda deganday qiziqib, yonginasidagi qoyalar ichiga yorib kirib, yeru ko‘kni bir daqiqa yoritardi. Go‘yo dev qahqaha urib kulganday momaqaldiroq gumburlardi.
Nurbek butunlay o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. U qayerga borishini, nima qilishini bilmasdi. Cho‘qqidan ko‘chib ketgan ulkan tosh guldurab shovqin solib Nurbekning boshi uzra yumalab kelayotgan edi. Uning izidan esa yana bir qancha toshlar qo‘shilib, yo‘lda uchragan narsalarni ezib-yanchib borardi. Nurbek orqasiga tisarildi-da, pastga tomon uchib ketdi…
VII
Oradan bir necha kun o‘tgandan so‘ng Nurbekning birinchi marta hovliga chiqishi edi. Biroq uning shikastlangan oyog‘i hali ham og‘rib turardi. Nurbek oqsoqlanib yurar, yo‘tali ham hali qolganicha yo‘q.
To‘planishgan va kirib-chiqib yurgan kishilar Nurbekka o‘sha mash’um voqeani hech qachon eslatmaslikka ahdlashib olgandek edilar. So‘z ochish payti kelib qolganda ham, uning oldida shu vaqtga qadar bu xususda gapirishganlarini eshitmadi. To‘g‘ri, Asya o‘z fikrini to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning yuziga ayta qoldi:
– Sizning o‘rningizda men bo‘lganimda, bunday qilmagan bo‘lardim! Kimki mas’uliyatdan qo‘rqar ekan…– Asya aytmoqchi bo‘lgan fikrini oxirigacha gapirolmadi va Nurbekka ayanchli holatda qaradi-da, chuqur nafas oldi,– Siz hammasini ochiq gapirib berdingiz, men sizning shunday qila olganingizga sira ishonmayman!..
Nurbek o‘zini bir oz tetikroq his qildi. «Asya meni to‘g‘ri tushundi, – deb o‘yladi u. – Demak, men u aytganday yomon odam emas ekanman-da. U menga ishonadi. Boshqalarga ham ishonarmikan?»
Lekin bir zumdan keyin unda yana boshqacha fikr tug‘ildi: «Nega ular xabar qilishib, meni tutib berishmadi? Yoki ular mening sog‘ayishimni kutishayotganmikin? Mening jinoyatchi ekanligim noto‘g‘rimi, axir? Ha, men tamom bo‘lgan odamman! Menga rahm-shafqat qilib turishga o‘rin yo‘q, men jazoga tortilishim kerak!..»
Oynagul haqida o‘ylaganida miyasiga yana boshqa fikr keldi: «Yo‘q, men bu yerdan tezroq ketishim kerak. Bunday hayot jonimga tegdi. Oynagulning oldiga qaytib boraman, u bilan tinch va baxtli hayot kechiramiz».
Nurbek kechalari ko‘z yummay, ro‘y bergan voqeani kishilarga qanday tushuntirishni, o‘sha paytda motorning nega o‘chib qolganini o‘ylab yotardi. Oddiy traktorlar baland tog‘li yerlarda ishlay olmasligi aniq. Unda tog‘li rayonlarda ishlovchi traktorlarni takomillashtirish borasida qandaydir fikrlar mavjud… Ha, endi buning nima keragi bor… U endi ishga yana qayta oladimi, kishilarning yuziga qanday qaraydi?
Har kuni ertalab Asya bilan gidrotexnik Bektemir yo‘g‘on sim arqonga o‘rnatilgan lyulkaga o‘tirib lebedkaning ikkala tomonidagi chig‘iriqni aylantirib, tros bo‘ylab bir zumda daryoning narigi tomoniga o‘tib olishardi. Keyin ular daryo sohili bo‘ylab, yuqoriga, Baydamtolning qorli havzalari tomon ketishardi. Asya u yerda o‘zining kuzatish ishlarini olib borardi. Nurbek ularni, to daryodan o‘tadigan yergacha kuzatib qo‘yib, so‘ng o‘zi orqaga qaytardi. U qariyb butun kunni Asilboy bilan birga o‘tkazardi. Chol, o‘g‘li Bektemirga sira ham o‘xshamasdi. U juda ulfat, gurung qilishni yaxshi ko‘radigan odam edi. Uning yoshi yetmishlarga borib qolgan bo‘lsa ham, ertadan kechgacha tinim bilmasdi, qachon qaramang g‘ivirlab, xo‘jalik ishlari bilan band bo‘lardi. Bu novcha, qotma va bir oz bukchaygan cholning ko‘zlari xuddi yosh bolalarning ko‘zlarini eslatardi. Aftidan ular qandaydir yangi, ajoyib narsalar izlayotganday olamga zavq bilan boqardi.
Bugun Asilboy uning qo‘lidan ushlab oldi-da, sirli qiyofada: «Yur-chi bu yoqqa, senga bir narsani ko‘rsataman», dedi. U Nurbekni uncha katta bo‘lmagan tepalikka olib chiqdi. Tepalikning quyosh tushib turadigan tomoniga bir qancha yosh olma daraxtlari ekilgan. Nihollarning birida pushti gul ochilgan edi.
– Bu birinchi ochilishi! – dedi shivirlab Asilboy.– Nihollarni shahardan Asyaning o‘zi olib kelgan. O‘shanda men hayron bo‘lib, qizim, bularni nega olib kelding? Ular bu yerning sovug‘iga bardosh bera olarmidi? Bekor ovora bo‘libsan, qizim, ular bu yerda yashay olmaydi! – desam, u – siz qayerdan bilasiz, nega unday deyapsiz? Sinab ko‘rish kerak, o‘rganish kerak…– dedi. O‘shanda men rosa uyalib qolgan edim… Mana, endi ko‘ryapsanmi, oradan ikki yil o‘tdi… Birinchi nishona ko‘rsatdi… Asya, hali buni bilmaydi. Ko‘rsa bormi, quvonchdan boshi osmonga yetadi… Bo‘lmasamchi, bu chakana ish emas-ku… Baydamtolga kishilar ko‘chib kelganda, ularning bog‘-rog‘lari bo‘ladi!..
Ertalab, quyosh tog‘ tizmalaridan endigina mo‘ralab, uning nurlari daryo yuzidagi yengil tumanga qadalganda, Nurbek, har galgidek, Asyani daryo yoqasiga kuzatib qo‘yishga chiqdi. U Asyaning Baydamtolga yaqinlashganda har gal ham nimadandir hayajonlanishini endi aniq sezib oldi. U birdan hushyor tortib, boshini sekingina yuqori ko‘tarib olib, Nurbekni ortda qoldirgancha sohil sari chopib ketardi. U daryoning qirg‘og‘ida yarmi suvga botib turgan xarsang toshni yaxshi ko‘rardi. U tosh oldiga g‘izillab chopib borardi-da, uning bir chekkasida turib, quyoshning dastlabki nurlarini qarshilagancha, daryo suvining oqishini havas bilan tinglardi. U odatdagidek Baydamtolning to‘lqin otib, yelib-yugurib oqishini ko‘rsatib, nimanidir aytib qichqirardi. Lekin uning so‘zlari eshitilmas, tovushini daryoning shag‘illagan ovozi bosib ketardi. Ba’zan uning so‘zlari uzuq-yuluq quloqqa chalinib qolardi: «Ey-y-y! Nurbek!.. Qara… Baydamtol…»
– Nima deyapsan? Eshitilmayapti, Asya!
Qiz kaftlarini bir-biriga urib, chapak chalib kulardi.
Lekin Asya bugun o‘sha tosh tomon yugurmadi.
– Balki, sen zerikayotgandirsan, Nurbek? – dedi va to‘xtab Nurbekning ko‘zlariga diqqat bilan boqdi. – Sen u kitobni o‘qib bo‘lgandirsan? Butunlay sog‘ayib ketganingdan keyin, biz bilan qoyaga chiqasan. Men olib borayotgan tajribalarimni senga ko‘rsataman. U yerda ko‘p ajoyib narsalarni ko‘rish mumkin. – Asya o‘ylanib turdi-da, keyin qo‘shib qo‘ydi: – Bugun esa sen Gertsenning «Bыloye i dumы» degan kitobini topib o‘qi, u mening sevimli kitobim. Men kurashchilarni, yuksak maqsad sari intiluvchi, kuchli kishilarni sevaman!
– Ma’qul, Asya.
Asya yana bir nimalar demoqchi edi-yu, lekin ular daryo yoqasiga yetib qolishgandi. Nurbek uning lyulkaga chiqib olishiga yordam berdi.
– Biz tezda qaytamiz! – qichqirdi qiz. Ular daryoning narigi sohiliga o‘tib olgach, Asya Nurbekka qarab: «Uyga bor! Bu yerda turma! Shamollab qolasan!» degandek qo‘l siltadi. U uzoqlashar ekan, yo‘l-yo‘lakay yana bir necha bor to‘xtab, unga qo‘l silkib qo‘ydi.
Nurbek ularning muyulishdan o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lib ketgunga qadar daryo bo‘yida kutib turdi. Keyin u orqasiga qaytish o‘rniga, tosh qiya bo‘ylab, daryo yoqasiga tushdi va suv bo‘yidagi toshga borib o‘tirdi.
Baydamtol odatdagidek shovqin solib, hayqirib oqardi.
Daryoning qirg‘oq bilan tutashgan sayoz yeridagi kichik-kichik to‘lqinlar Nurbekning oyog‘iga qadar o‘rmalab kelardi. Go‘yo ular Nurbekka: «Ket, yaqinlashma!» deb aytayotgandek tuyulardi. Nurbek qo‘zg‘almay o‘tiraverdi. G‘azablangan to‘lqinlar uning etigiga loyqa ko‘pik qoldirib borib kelardi. Nurbek kulimsirab qo‘ydi.
Baydamtol daryosi tizma tog‘lardan boshlanadi. U yerlar mangu qor va muzliklar bilan qoplangan. Agar inson mangu muzliklarni eritishni eplay olganda edi, Baydamtolni ham boshqara olardi. Bu hali muammoligicha qolib kelmoqda, ammo kimki bu masalani hal qilishga bel bog‘lagan ekan, u haqiqiy jasur va botir inson sanaladi.
Nurbek o‘rnidan turib, hayajonlangan bo‘yicha daryoning suv yalab ketgan sayoz yeridan yurib, Baydamtolning shiddatli oqishiga nazar tashlab borardi.
Asya bu to‘g‘rida hikoya qilganda butunlay o‘zgarib ketardi. Uning osoyishta, o‘ychan ko‘zlari chaqnab, g‘ayratga to‘lib allanimalar yorqin ko‘rinayotganday tuyulardi. «Sen bir ko‘z oldingga keltirib ko‘r-a, Nurbek! Shunday bir vaqt keladiki, dehqonlarimiz qizib-yonib yotgan havodan rahm-shafqat so‘rab, iltijo qilib yomg‘ir kutmaydilar. Daryo oqimini o‘z izmiga bo‘ysundirgan inson dalalarga qancha suv kerak bo‘lsa, shuncha suvni yetkazib beradi».
Keksa Asilboy esa Baydamtolning kelajagi haqida gap ketganda, yoqasini ushlab hayratlanardi.
– Voy, tavba! – deya boshini chayqardi,– hozirgi yoshlarning qilayotgan ishining chegarasi yo‘q! Sen bir o‘ylab ko‘r, ular shunday katta ishlarga qo‘l urishyaptiki! Xudo nasib qilsa, Asyamiz aytganini qiladi. Muqaddas kishilar yo‘q deyishadi, ammo u, mening nazarimda, kishilar uchun muqaddas bo‘lib qoladiganga o‘xshaydi… Qor va suvlarnn o‘z hukmiga bo‘ysundirmoq hazilakam ishmi! Kulganlar kulaversin, lekin men Asyaga o‘xshagan yoshlarimizning har qanday ishlarni amalga oshira olishiga ishonchim komil. Kimki xalq uchun, xalq yo‘lida xizmat qilar ekan, u har doim o‘z muddaosiga erishadi… Unga xalq ko‘makdosh bo‘ladi…
Nurbek osma ko‘prik oldiga kelganda to‘xtab qoldi va: «Asya tezroq qaytsa edi! Vaqt muncha sekin o‘tyapti-a»,– deb xayol surib qoldi. Lekin o‘z fikridan o‘zi cho‘chib ketdi. U Asya haqida ko‘pdan beri o‘ylayotganini eslab qoldi. «Nega?–o‘zidan-o‘zi so‘radi Nurbek. –Nahotki Asyani sevib qolgan bo‘lsam? Nima, sen aqldan ozib qoldingmi, bunday bo‘lishi mumkin emas! Men uning to‘g‘risida shunchaki o‘ylayapman, bu menga shunday tuyulyapti! Muhabbat bunday kelmasa kerak. Men uni juda hurmat qilaman, o‘z tug‘ishgan singlim, o‘rtog‘imdek hurmat qilaman, lekin bizning o‘rtamizda sevgining bo‘lishi mumkin emas… Ha, shunday! Jim bo‘l, esingdan chiqar, xayolingga ham keltirma buni!»
Ammo ulkan toshning ko‘chmog‘i uchun birgina kichik tosh ham sabab bo‘laveradi. Nurbek necha bor Asya to‘g‘risida o‘ylamaslikka harakat qilib ko‘rdi. Lekin bundan hech narsa chiqmadi. Aksincha, qiz haqidagi xayollari qayta-qayta takrorlanaverdi. U nima qilishini bilmasdi. Nurbek behuda cho‘chib tushmagan edi. «Asilboyning yoniga borib, u yoq-bu yoqdan gaplashsam, balki o‘tib ketar», – degan qarorga keldi. Lekin chol bilan uning bugungi suhbati sira yopishmadi.
– Nima bo‘ldi bugun senga, yoki biror narsangii yo‘qotdingmi? – deb so‘radi hayron bo‘lib, Asilboy yo‘nilgan g‘o‘lachalarni bir tomonga olib qo‘yarkan, hayajonlangan Nurbekka diqqat bilan ko‘z tikib.
– Yo‘q! – Nurbek po‘ng‘illagancha xonaga kirib ketdi. U Gertsenning kitobini olib ikki sahifa o‘qidi, keyin uni yopib qo‘yib, derazadan toqqa tomon tikilib qoldi. «Shu topda nimanidir yo‘qotgandayman! – dedi ovoz chiqarib Nurbek. – Nima edi bu, qiziq, eslash kerak!» Shu payt:
– Asya qachon qaytarkin-a?– degan savol uning og‘zidan beixtiyor chiqib ketdi – Bas! – Nurbek stolni mushti bilan urdi.– Uning hayoti va ishiga xalaqit berishga sening haqing yo‘q! Bunday qila ko‘rma, uning tinchligini buzma.
Nurbek uydan otilib chiqib, yana daryo tomon yo‘l oldi. U suv yalab turgan o‘sha sayoz yerdagi toshga o‘tirdi va qo‘llari bilan boshini qisdi.
«Sevaman deb aytishga qanday tiling bordi! – o‘yladi Nurbek. – Asya bu kimsasiz tog‘larda xalq uchun bebaho ish qilish istagi bilan yashamoqda… Sen-chi, sen kimsan? Asya meni hech qachon sevmaydi, albatta! Uning uchun boshqa, o‘ziga munosib kishilar bor!..»
To‘lqinlar, Nurbekning oyog‘iga kelib urilgan to‘lqinlar yana «Ket, yo‘qol bu yerdan!» – deyayotganday tuyuldi.
VIII
Tun. Dara zulmatday qop-qorong‘i. Tog‘larning tepasida g‘uj-g‘uj yulduzlar chaqnamoqda, ular go‘yo atrofini kul bosgan laxcha cho‘g‘ singari edi. Pastda esa tinim bilmay Baydamtol hayqirardi.
Nurbek eshikdan chiqqanda, dara bo‘ylab esayotgan shamol uning qalpog‘ini uchirib ketdi. U qalpog‘ini yerdan olib bosibroq kiyib oldi-da, osma ko‘prik tomon shoshilib yurib ketdi. U ko‘prik oldiga kelib, jimgina turib qoldi va o‘girilib qaradi-da:
– Xayr, Asya! Indamasdan ketib qolganim uchun jahling chiqmasin. Shunday bo‘lgani ma’qul.
Nurbek lyulkaga chiqdi.
Asilboyning aytishiga qaraganda, daryoning narigi sohiliga o‘tib olib, oqim bo‘ylab pastga tomon yurilsa, keyin daraga burilib dovondan oshib o‘tgach, tosh yo‘lga ikki sutkadan keyin chiqib olish mumkin bo‘larkan. U yerdan esa katta yo‘l orqali to‘g‘ri shaharga borish mumkin.
Nurbek lyulkaga joylashibroq o‘tirdi va chig‘irni aylantira boshladi. Roliklar g‘ijirlab lyulka o‘rnidan qo‘zg‘ala boshladi. Lyulkani siljitish uncha oson emas ekan: chig‘ir ikki kishiga moslashtirilgan edi. Nurbek o‘zini tezda tolib qolganday his qildi. U nafasini rostlab olib, lyulka bortidan pastga qaradi, qo‘rqqanidan ko‘zlarini yumib, chig‘irning tutqichiga yana-da mahkamroq yopishib oldi. Pastda qandaydir aql bovar qilmaydigan allanarsalar ko‘zga tashlanardi. Jarlik qorong‘i, past-baland qirg‘oqlarga urilib, ko‘pirib, dahshat bilan guvillardi suv. Go‘yo dara tun zulmati bilan kurashayotgandek. Ular bir-birini shapir-shupur suvga bosishar, lekin ikkalasi ham bir-biriga bas kelolmayotganday tuyulardi. Nurbek pastga boshqa qaramaslikka qaror qildi va chig‘irni iloji boricha tezroq aylantirdi. Mana, u yarim yo‘lni bosib o‘tdi. Daryoning narigi sohili ravshanroq ko‘rina boshladi. Nurbek juda charchab qolgan bo‘lsa ham o‘ziga sira dam bermasdi. Yana bir zo‘r berdi va… nimadir qarsillab ketdi. Chig‘iriq sekinlab, lyulka shu joyidayoq to‘xtab qoldi. Nurbek o‘rnidan turib, trosdan chiqib ketmadimikin degan xayol bilan roliklarni paypaslab ko‘rdi, ammo hammasi joyida edi. Nurbek qo‘l fonarni yoqib chig‘irni ko‘zdan kechirdi va holsizlanib o‘tirg‘ichga o‘tirib qoldi.
– Nima qilish kerak? – g‘o‘ldiradi u.
Keyin bilsa, tros o‘raladigan barabanning o‘qi sinib ketgan ekan. Bu chig‘irni bir tomonlama aylantirish tufayli yuz bergan ekan. Agar asbob bo‘lganda edi, uni tuzatish uncha qiyin emasdi. Lekin uni qayerdan olish kerak? Lyulka quturgan daryoning qariyb qoq o‘rtasida to‘xtab qolgan. Nima qilmoq kerak? Bu turishda erta tongacha havoda laqillab o‘tirish mumkin, ammo ertalab… ertalab bu yerga Asya bilan Bektemir keladi. Bu esa uyat, sharmandalik-ku! Ularga shu ahvolda ko‘ringuncha o‘lgan yaxshiroq. Nima bo‘lsa ham daryoning narigi qirg‘og‘iga o‘tib olish va tezroq bu yerdan yo‘qolish kerak.
Nurbek lyulkani qoldirib, yuqorigi osig‘liq trosni ushlab qirg‘oqqa o‘tishga jazm qildi. Ha, ha, xuddi shunday qilish kerak, faqat yuqori tros bilan quyi tros orasi uning bo‘yidan baland bo‘lmasa bo‘lgani, aks holda yuqorigi trosga osilib, oyoq osti tayanchsiz qolishi mumkin.
Biroq uyat o‘limdan qattiq!
Nurbek o‘rnidan turib, trosni ikki qo‘llab ushladi va lyulka bortidan chiqdi.
Uning qulog‘iga daryoning shag‘illagan ovozi eshitilar, ayniqsa, yuragining gupillab urishi aniq sezilib turardi. Baxtiga troslar orasi ayni maqsadga mos ekan. Faqat qo‘li tolib chiqib ketmasa bo‘lgani, juda oz – to‘rt metrcha qoldi! Sim tilib ketgan kaftlari qonab, lovillab achishayotgan bo‘lsa ham shoshma, sekin harakat qil!
Mana, qirg‘oq. Nurbek sakrab yerga tushdi.
– O‘tdim! O‘tib oldim! – xursand bo‘lganidan qichqirib yubordi va yerni hidlab mehr bilan shivirladi: – Yer, yer! Endi istagan joyga bora olaman.
Nurbek bir sakrab oyoqqa turdi va katta-katta qadam tashladi. U osma ko‘prikka qarab olish uchun bir zum to‘xtab, joyida dong qotib qoldi, dahshatli xayoldan nafasi ichiga tushib ketdi. Koshki hech narsa yuz bermagan bo‘lsa, faqat lyulka o‘z o‘rnidan siljib, yolg‘iz cho‘qqayib daryo ustida tebranib qolgan bo‘lsa.
– Bu qanday bo‘ldi? – bo‘g‘iq ovoz bilan shivirladi Nurbek va hayajon bilan qorong‘ilikka tikilgancha olg‘a tashlandi. – Bu nimasi, chig‘irni sindirib ketyapmanmi? Ular meni o‘limdan saqlab qoldi, davolashdi, men bo‘lsam minnatdorchilik bildirish o‘rniga zarar keltirib qochyapman!
Nurbek yerga o‘tirdi, qo‘llari bilan boshini ushlab ko‘zini yumdi. U ertaga nima bo‘lishini tasavvur qilardi.
…Ertalab gidrologlar osma ko‘prikka kelishadi va lyulkaning daryo o‘rtasiga borib qolganligini ko‘rishadi. Demak, kechasi kimdir undan foydalanganu so‘ng shu bo‘yicha tashlab ketib qolgan. Biroq bu kim bo‘lishi mumkin? O‘zimiznikilarning hammasi shu yerda. Eh-ha, Nurbek qayerda?.. Tushunarli!.. Bo‘lmasa-chi, uning yo‘li ham shu yoqdan… Lekin har qanday sharoitda ham ishni bir minut kechiktirish mumkin emas!l Ular qirg‘oq chig‘iri yordami bilan lyulkani tortib olishga harakat qilib ko‘radilar. Lekin u o‘rnidan qimirlamaydi, chunki siljituvchi tros sinib qolgan barabanga mahkam o‘ralgan. Ular arqon ko‘prikning ishdan chiqqanini ko‘rib qattiq xafa bo‘lishadi. Buni kim qildi? Ablah, Nurbek!
– Men undan hech qachon buni kutmagan edim! – past ovoz bilan deydi Asya labini tishlab.
– Ha uying kuygur, zoti past! Nima qilib qo‘yding-a?–og‘ir xo‘rsinib oladi Asilboy.
– Men o‘ldiraman bu daydi itni! – otiladi Bektemir yerdagi toshni olib.
Xo‘p, keyin-chi, keyin nima bo‘ladi? Asya hech qachon o‘z ishini to‘xtatmaydi. Biroq u nima ham qila olardi?
Faqat birgina yo‘l bor. Asbob topish kerak-da, trosdan yana lyulkaga qaytib borish kerak. Lekin bu aytishga oson, shuncha masofani tros bo‘ylab bosib o‘tib bo‘larmidi, axir u qirg‘oqdan to lyulkaga qadar o‘ttiz metrdan kam emas, agar qo‘ling bo‘shab ketsa bormi, o‘lish hech gapmas. Baydamtol shu zahotiyoq oqizib toshlarga olib borib uradi, ha, ularning qaysi biri bunday xavfli ishga borishi mumkin? Asya! U hech narsa oldida to‘xtamaydi, u ishning bir minut ham to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymaydi!..
– Yo‘q, men uni halokatga itarmayman! – Nurbek o‘rnidan irg‘ib turib, osma ko‘prik tomon zing‘illab chopib ketdi. U hali chig‘irni sozlash uchun qanday tadbir ko‘rib, qanday tuzatish kerakligi haqida aniq bir tasavvurga kelolmagan bo‘lsa-da, biroq bu yerdan ketib qolish mumkin emasligini sezib turardi.
Nurbek ko‘prik oldiga yugurib bordi, og‘ir nafas oldi-da, peshonasini metall ustunga bosdi. Uning miyasida faqat bir fikr hukmron edi: «Nima qilmoq kerak? Chig‘irni qanday tuzatish mumkin? Qanday? Biror kimsa na javob beradi va na aks-sado! Baydamtol, bag‘ri tosh daryo, hech bo‘lmasa bir og‘iz so‘z aytsang-chi? Yo‘q, sen eshitmaysan, yovvoyi hayqirig‘ing bilan quloqlaring bitib qolgan!.. Nima qilay… Axir men insonman-ku, mening ismim – Inson!.. Men buni tuzatishim, yo‘l topmog‘im kerak!»
– Topdim! – xitob qildi Nurbek. – Topdim!..
Ha, Nurbek tadbir topgan edi! U hozir tros orqali daryoning narigi tomoniga o‘tadi. U daryoning narigi tomonida yashikda asboblar turganligini ko‘rgan edi. Undan kerakli asboblarni olib, beliga bog‘lashi va yana shu tros bo‘ylab, lyulkaga qaytib kelishi, lyulkani ta’mirlab bo‘lgach, bu qirg‘oqqa qaytib kelishi kerak edi. U ko‘prikning yoniga boshqa yaqinlashmaydi, yaxshisi, boshi oqqan tomonga ketadi, balki daryoning quyirog‘idan biror sayoz joy topilar… Ey, bu uncha o‘ylaydigan narsa ham emas, hozir asosiy masala u emas, muhimi hozir – o‘ylangan fikrni amalga oshirmoq, bosh masala – Asyaning ulkan ishiga xalal bermaslik!
– O‘z fikrimdan qaytmayman! – dedi Nurbek qat’iy qilib va ishonchsizlik bilan qo‘shib qo‘ydi: – Biroq bilolmadim uddasidan chiqa olarmikinman, bunday og‘ir ishni bajarish uchun kuch-quvvatim yetarmikin?.. Bu yerdan lyulkagacha olti-etti metr, bu yo‘lni bosib o‘tganman, hozir yana u yerdan o‘taman, biroq lyulkadan u qirg‘oqqacha tros bo‘ylab o‘ttiz metr yurishim kerak! Bu juda uzoq yo‘l! Juda uzoq! Xo‘sh, nima bo‘pti, hammasiga tayyorman, Asya!
Nurbek ustunga chiqib yuqorigi trosni ushladi. Pastki trosni esa oyog‘i bilan paypaslab topdi. O‘ng oyog‘i bilan birinchi qadamni tashladi, kurash boshlandi.
U birinchi qadamni tashlaganda pastdagi quturib oqayotgan daryoning dahshatli shovqin-suroni unga bozor joyida dorbozlarning o‘yinida chalinadigan nog‘ora va karnay-surnaylarning aralash-quralash ozozidek bo‘lib tuyuldi.
Nurbek sayoq dorbozlarni yoshlik kezlaridayoq ko‘rgan edi. Ular qariyb terak bo‘yi balandlikda arqon ustida yurishadi. Ularga har bir daqiqada o‘lim tahdid solayotganday bo‘lardi, ammo u dovyurak kishi esa ko‘kka sig‘inib: «Yo pirim, yo ollo!..» deb iltijo qilardi.
«Opa! – qo‘rqib ketgan Nurbek o‘shanda onasining ko‘ylagi bariga yashirinib.– Ketamiz, opa, bu yerdan ketamiz!» deyardi va u hatto yuragi dov bermay tomosha ham qilolmagan edi.
Endi bo‘lsa, Nurbekning o‘zi dorboz. Nurbek ham dorbozchilar singari havoda o‘sha dor arqonidan yo‘g‘on bo‘lmagan tros bo‘ylab bormoqda.
Lyulkaga yetib borganda Nurbek majolsizlanib o‘zini bortga otdi. Bir qism yo‘l bosib o‘tildi. Lekin shu kichkina g‘alaba ham qanchalik qimmatga tushdi! Trosning simidan tilinib, yulqilangan kaftlaridan qon oqar, o‘pkasi ko‘kragiga sig‘mas, xuddi poygada chopaverib hansirab, kishnab ketgan otlar singari qovurg‘alari bo‘rtib chiqqan edi. Oldinda esa hali uzoq, bundan ko‘ra yuz barobar og‘ir va uqubatli yo‘lni bosib o‘tish kerak.
«Orqangga qayt, baxti qora, hali ham kech emas, halok bo‘lasan!» – dedi ichki bir ovoz unga.
– Yo‘q, men oxirigacha ahdimda turaman! – javob qaytardi ovoz chiqarib Nurbek.
U o‘rnidan turdi, kamzulining astarinn yirtib qo‘lini o‘radi. Yana kurash boshlandi.
U birinchi qadamni bosishi bilanoq childirmaning baka-bangi, karnayning uvvos tortib jar solishi eshitildi.
Biroq bu gal Nurbek avvalgiga nisbatan tezroq holdan toya boshladi. U qo‘rqqanidan pastga qaray olmasa ham, tasodifan oyog‘ining ostiga ko‘z qirini tashladi. Daryoning kuchli oqimi to‘xtagandek tuyuldi, uniig boshi aylanib, ko‘zi tinib ketdi. Go‘yo hamma narsa – tog‘lar ham, tun ham, daryo ham, hammasi ulkan suv girdobida gir aylanib, undan uzoqlashar va doira hosil qilib yana unga yaqinlashardi. Har qancha bo‘lsa-da, Nurbek o‘zini tutib oldi. U boshini yuqori ko‘tardi, lekin shamol uni yulib ketayotgandek bo‘ldi. Shamol to‘satdan uning ko‘kragidan olib, chalqancha ag‘darib tashladi. Oyog‘i trosdan sirg‘alib chiqib ketdi. Lekin u yuz mashaqqatlar bilan oyog‘ini yana trosga qo‘yib oldi. Yelkasidan issiq ter oqib tusha boshladi. Nurbek bosh aylanishi qolar degan umidda ko‘zlarini chirt yumib oldi, ammo, u yana ko‘zini ochganda hech narsa ko‘rmagandek, yana avvalgicha hamma narsa gir aylanib, ko‘ngli aynay boshladi, o‘zini yo‘qotayozdi. U o‘zini ajoyibotlar dunyosiga kelib qolganday his qildi. Bu yangi dunyoda u o‘z hayotini qaytadan boshlagandek edi.
Hammasi, o‘tgan va yangi yuzaga kelgan narsalarning barchasi uning ko‘z oldida suzib yurar va turnaqator bo‘lib tizilishib o‘tar edi. Ammo uning o‘zi to‘xtashi mumkin emas, olg‘a, faqat olg‘a intilishi kerak, aks holda halokat yuz berishi mumkin, degan yagona fikr hukmronlik qilardi. Shuning uchun u odimlay boshladi, sekin, imillab bo‘lsa ham olg‘a siljiyverdi.
Achchiq ter uning yuzidan og‘ziga oqib tushardi. Qo‘liga o‘ragan lattalari allaqachon titilib, kaftlari qavarib ketdi, barmoqlari uvusha boshladi, gavdasi esa haddan tashqari og‘irlashib pastga torta boshladi. «Agar daryoga o‘zimni otsam nima bo‘larkin? – o‘yladi Nurbek. – Bari bir men o‘lgan odamman, menga bari bir emasmi». Ko‘prik-chi? Uni kim tuzatadi? Demak, ertaga Asya Baydamtolning boshiga borolmaydimi? Demak, uning xalq uchun qilgan barcha mehnatlari barbod bo‘ladimi?»
Nurbek o‘zini o‘nglab, yana bir-ikki qadam olg‘a bosdi.
«Asya! – xayolan murojaat qildi, u qizga. – Sening jahling chiqmasin, xafa bo‘lma, men munosib kishi emasman, jinoyatchiman, irodasiz qochqinman, lekin seni sevaman! Menga ishongin, xudo haqi, men seni sevaman! Ha! Hatto o‘zimdan yashirib yurganimga ham iqrorman!..»
Nurbek daryonint o‘rtasiga kelgach, boshqa siljishga majoli kelmay qoldi. Oyoq-qo‘llarining madori qurib, hushdan ozayozgan edi. Yana buning ustiga negadir pastki tros salqi bo‘lib qolgandi, U pona qoqib mahkamlagan edi-ku! Balki bu odamning og‘irligi bilan bo‘shab qolgandir. Nurbek oyog‘i tagidagi trosning sekin-asta pastga tushib ketayotganini sezib seskanib ketdi, ko‘kragini to‘ldirib nafas olgan edi, birdan yo‘tal tutib qoldi. Yo‘tal uni yana og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Nurbekning ko‘kragi achishib og‘riyotganidan nafas olishi ham og‘irlashgan edi. Qonga belangan qo‘llaridan kuch ketib, oyoq ostidagi tros borgan sari pasayib ketmoqda edi. Nurbek sim ustida tebranib, u yoqdan-bu yoqqa chayqalardi.
– Ajal! Ajal! – deb g‘olib kelganday Baydamtol shovullab oqardi, go‘yo o‘z o‘ljasini kutayotganday edi. Nurbekning qo‘llari endi unga itoat qilmay qo‘ygan edi. Toqatsizlanib turgan Baydamtol yana:
– Ajal! Ajal! – deb g‘azab bilan o‘shqirdi.
– Suv! Bir qultum suv! – so‘radi Nurbek chanqoqdan tutoqib.
«Boshingni eg, daryodan olib ich suvni! Suv ko‘p, sening chanqog‘ingni qondirishga yetadi, bosh eg!» – kimdir makkorlik bilan qulog‘iga shipshitgandek bo‘ldi.
Nurbek oxirgi kuch bilan barmoqlarini qisdi. Shu payt u qo‘lida soatining chiqillab ishlayotganini eshitdi. Bu g‘ayri tabiiy bo‘lib ko‘rinsa ham, haqiqatda eshitilayotgan edi. Daryoning quloqni kar qilgudek gulduragan ovozlari orasida bir me’yorda aniq, jaranglagan «tik, tik, tik,» tovushi ham ravshan eshitilib turardi. Ana shu har bir sekund urishi bilan birga hayot ham o‘tayotgan edi. Hayot! Kishi hayoti! Shu qisqa bir daqiqa ichida u hayotning nima ekanligini uqib oldi…
Zo‘r iroda kuch bilan u boshini birdan ko‘tarib oldi va butun daraga qarab tantanavor qichqirdi:
– Men yashayman!
…Nurbek qirg‘oqqa chiqib olganidan so‘ng, o‘zini yerga tashladi va qariyb bir soatga yaqin jonsiz kishi kabi qimirlamasdan chalqanchasiga yotdi. U iziga qaytishda asboblarni oldimi, yo‘qmi, ammo asosiy ish bitdi, Tortilib qolgan tros bo‘shadi. Qirg‘oqda chig‘iriq yordamida Nurbek lyulkani joyiga olib keldi. Tongda u ishini tugatdi.
Nurbek suv bo‘yiga tushib, etigi bilan suv kechdi va faqat endigina suv ichishga o‘zini haqli deb bildi.
U suvni katta-katta qultumlar bilan sekingina icharkan, bolalarcha kulib qo‘ydi. Bugun u hayotida birinchi marta chinakam kurash va g‘alabaning lazzatani tushundi. Bu safar u faqat o‘zi uchun, o‘z shuhrati va qahramonligini quruq namoyish qilish uchun emas, balki katta orzular uchun, yuksak maqsad yo‘lida xizmat qilayotgan Asya uchun jasorat ko‘rsatdi.
– Ha, men baxtliman! – dedi Nurbek. – Ertalab Asya Baydamtol o‘zanlari sari yo‘l oladi. Yo‘l ochiq, ko‘prik tuzatilgan!..
Nurbek zavqlanganidan qumlik ho‘l qirg‘oqdan chopib ketdi. U uyga kelib, qo‘liga qalam olib bir varaq qog‘ozga egri-bugri qilib yozdi:
«Asya, men qayoqdan kelgan bo‘lsam, o‘sha yoqqa ketyapman. Balki biz hech qachon uchrashmasmiz, lekin men seni qanday go‘zal bo‘lsang shundayligingcha umrbod qalbimda saqlayman. Jahling chiqmasin, mendan kulma, Asya, sen men uchun… Xayr, omon bo‘l… O‘zingni ehtiyot qil… Ha, sal bo‘lmasa unutayozibman, men Gertsenning kitobini o‘qib ulgurolmadim, kechir, men uni o‘zim bilan birga olib ketyapman, axir bu sening sevimli kitobing, kurashchan inson haqidagi kitob-ku… Mening tasodifan sen bilan bo‘lgan uchrashuvim hayotimdagi eng qiyin va eng baxtli kunlar bo‘lib qoladi. Rahmat senga, Asya, barcha yaxshiliklaring uchun… Sen menga ko‘p narsalarni o‘rgatding… Sen meni Baydamtol ustidan g‘alaba qilishing uchun dunyoda hammadan ko‘proq tilak tilovchi do‘sting deb hisobla… Men aminman, Asya, Baydamtol zabt etiladi!..»
IX
Asilboy ertalab barvaqt turib, hovlini aylanib yurdi, otini suvning bo‘yiga yetaklab keldi va uni cho‘miltirmoqchi bo‘lib paqirlab suv quya boshladi. Tog‘ ortidan quyosh ko‘tarildi. Asilboy qo‘lini peshonasiga qo‘yib quyosh tomon astoydil tikilib qoldi. U yuzlariga sachragan ariq suvidan seskanib ketdi va qo‘lidagi paqirni tushirib yubordi. Asilboy Asyaning derazasi yoniga yugurib bordi va kuchining boricha uni taqillatdi.
– Asya, tur tezroq, u ketdi!
Hech narsani anglay olmagan Asya hovliga yugurib chiqdi:
– Nima gap, otajon?
– Qara-chi, qizim, u yoqqa! – g‘urur bilan dedi Asilboy uzoqlashib ketayotgan kishini qo‘li bilan ko‘rsatib. Odam dovon tomon ketayotgan edi. – Bu Nurbek! – tushuntirdi Asilboy.
– Nurbek! Nurbek! – Bor kuchi bilan qichqirdi Asya. Aftidan, u yugurmoqchi bo‘ldi, lekin shu zahotiyoq to‘xtab, sezingan, beixtiyor va hayajonlangan tusda, xuddi har galgidek ertalab qoya tosh oldiga yugurib borib, Baydamtolning go‘zalligiga mahliyo bo‘lib turgandek, dong qotib qoldi. – Shunday bo‘lishini bilgan edim! – shivirladi Asya.
Nurbek katta qoya orasiga yashirindi. Asya u bilan faxrlanar, ayni choqda uni qo‘msab yurak-bag‘ri o‘rtanib yonayotgan edi. U ko‘z yoshi qilmaslik uchun yuzini teskari burib oldi va so‘radi:
– Ota, bu yerdan sovxozgacha uzoqmi?
– Dovondan narida, anchagina yo‘l, lekin bahuzur borsa bo‘ladi.
Asil Rashidov tarjimaci